OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Usmon Azim. Gʻoz (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUsmon Azim
Asar nomiGʻoz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Usmon Azim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gʻoz (hikoya)
Usmon Azim

Alpomish chohga tushganini bilasiz. Chohga yarador gʻyz qulaganini ham bilasiz. G’ozni otolmagan shakaman mergan oru nomusdan yurak bagʻri ezilib yiqilganini ham bilasiz. Alpomish gʻozni davolab, qanotiga xat boylab, yurtiga elchi qilib uchirganidan ham xabaringiz bor. G’oz yana mergan kulbasi ustidagi togʻning boshiga qoʻnib, qangʻillaganidan ham, kasal yotgan ovchi qoʻliga yoy olganidan ham, shu gʻoz oʻlsa Alpomish xor, Qoʻngʻirot eli zor boʻlishini xudo koʻngliga solgan merganning enasi «hay-hay»lab qushni uchirib yuborganini ham eshitgansiz. Alpomish yurtiga qaytib, Barchin yeriga tasallilar aytib, Yodgor oʻgʻlini bagʻriga bosib, Qoʻngʻirotning koʻnglini yozib oʻtganini ham qulogʻingiz ilib qolgan.

Ammo gʻozni otolmagan shakaman merganning holi ne kechdi? Bilmaysiz.

O’z bolasini baloga topshirib, gʻozni uchirgan bechora kampir bemor farzandining boshida qanday kun koʻrdi? Bilmaysiz...

Mana endi biz ana shu bilmaganingiz haqida yozamiz. Odatimiz shunaqa — birov gapirganini qaytarib yurmaymiz. Zerikmang, deymiz-da, gapdan charchagan dunyoning gapdon bolalari!..

Xullas, bizdan eshiting.

Kampir «hay-hay»ladi. O’q tegmadi. G’oz bir aylanib, oʻtakasi yorilib, «Boysun-Qoʻngʻirotga yetguncha, qanotimni toldirma», deb tangriga yolvorib, balandlab uchib ketdi. Mergan kuni yetganini sezdi — «enamki gʻozni mendan avlo bildi, paymonam toʻlgan ekan, gulim ochilmay soʻlgan ekan», deb oh urib, olam koʻziga qorongʻu koʻrinib, toʻshakka yetmay yiqildi. Kampir bechora «voh, bolamilab, oʻzini farzandining ustiga tashladi, koʻzlarini yoshladi.
— Bolam,— dedi kampir,—qaddingni koʻtar, hali bu togʻning boshidan sela-sela gʻozlar oʻtar, istagan gʻozingni otib olishga kuching yetar...
— Ena, men sezib turibman, bu gʻoz qaytmaydi. Menga boshqa gʻozning nima keragi bor? Otgan oʻqim xato ketmagan mergan edim. Endi or-nomus meni omon qoʻymaydi... Hay, ena! Nodon ena! Bir gʻozni farzandingga ravo koʻrmading — meni oʻldirgan asli sensan.

Mergan shunday deb boʻzladi, bechora enasining jigar-bagʻrini tuzladi. Kampir yigʻlab ichkari kirib, tashqari chiqyapti, bolasining boshida oʻrgilyapti, dili vayron, taqdirning nogahon zulmidan hayron, oʻgʻliga, balki oʻziga madad berib soʻzlayapti:
— Bolam! Jonim bolam! Men ham xudoning bir kuygan bandasiman. Olloq koʻng-limga soldi... U gʻozsiz koʻp yomon boʻlardi, Boysun-Qoʻngʻirot tomom boʻlardi, Alpomish chohda qolardi. Barchinni Ultontoz, olardi... Bir yurt yoʻq boʻlardi, jon bolam! Ammo sensiz menga bu dunyo qorongʻu! Ollohdan bir umringni soʻrab olmasam, enang boʻlib nima qildim,— deb yigʻlayapti.

Mergan kun sayin kuchdan ketib, qoq suyak boʻp qolyapti, soʻnggi kuni armonda — Azroilning sharpasini sezib boryapti... Or-nomus uchun oʻladigan zamonlar ham boʻlgan-da, birodarlar!

Kampirning qilmagan davosi qolmadi. Bir qoʻyi bor edi — chiltonlarga bagʻishlab, soʻyib, elga xom talash etdi. Parilarning jodusi kesilsin deb, bir tovugʻining qoniga paxta bulab, farzandining boshidan aylantirdi. Qirq mulla chaqirib chilyosin oʻqitdi. Nafasi oʻtkir bir parixonni keltirib, bir parcha poʻstakka dam soldirib, boʻsagʻaga koʻmdi. Bemorni qorongʻi xonaga qamab, chiroq yoqdi. Samandar koʻsani toptirib kelib, jar soldirdi... Bemor oʻziga kelmadi.

Qirq daradan narida Boʻlgan kal degich bir folchi bor edi. Zoʻr edi — oʻtirgandan qirq yurim, yugurgandan qirq turum topardi. Birovning ismini eshitsa, umrini matalday aytib, xudo buyur'magan kasallarga umrini qaytib beraverardi.

Kampir shu kalni topib bordi. Qirdan folchining uyiga tushib kelaverdi... Kal kapasidan chiqib kampirga baqiraverdi:
— Qayt! Kampir, qayt! Men fol ochishni tashlaganman! Qayt kelgan yoʻlingga deyapman! Qayt!
— Boʻlgan inim! Ming afsunga toʻlgan inim! Bolamning dardiga davo izlab, qoshingga biyaday boʻzlab q«lyapman! Qayt demagin! Jonimni olsang ol! Molimni olsang ol! Faqat beumid qaytarma...

Shoʻrlik kampir kalning kapasiga yaqin kelolmaydi — betda turib zorillayapti, bechora Boʻlganni ham bir bilgani bordir-da, kampirni yaqin keltirmaydi.
— Molingni ololmayman — talonchi emasman, joningni ololmayman — tangri emasman... Kampir! Qayt! Meniyam qiynayverma!.. Fol ochishni tashlaganman... Ochgan folim teskari chiqyapti. Faqat tangridan umid kut.
— Hech boʻlmasa bir sirni ayt, Boʻlgan inim. Men xudoga nima yomonlik qildimki, yolgʻiz bolamni, koʻzimning oqu qorasini bedavo dardga duchor qildi?
— Koʻzimni yoshlatma, kampir! Soʻrab nima qilasan? Sen fidoyilik qilding! Bu dunyoda fidokorning ishi ogʻirdir... Endi qaytaver, kampir! Boshqa bir soʻz aytmayman. Hammamiz ham bandamiz — xudo boshimizga nimaki solsa, sabru toqat bilan qabul qilishdan boshqa ilojimiz yoʻq...

Kampir bildiki, bu kal boshqa hech narsa demaydi. Koʻngli alagʻda, bechora, yana bolasining qoshiga qirq dara oshib, halloslab chopib keldi. Merganning qirq jonidan yigirmasi uzilgan, rangi za’faron — qoni buzilgan, «armonda ketar boʻldim», deb shiftga qarab yotibdi. Enasining kelganini sezib, burilib qaradi... Birodarlar! Odam degani jon chiqquncha umid qilaverar ekan — mergan enasi bir xushxabar olib keladiganday tikildi. Kampir yerga qaradi: xudo shifo bersa, otday oʻynoqlab ketishini aytdi.

Kampir soʻlayotgan oʻgʻliga qarab, chidab turolmadi. Itni soʻyib, goʻshtidan shoʻrva qildi. Suvarak yemagan dasht kirpisining qonini ichirdi. Hammasini yigʻlab-yigʻlab, «bechora bolam»lab oʻzi soʻydi, oʻzi pishirdi. Togʻ boshiga gʻozlar qoʻnganda, «oʻsha gʻoz» kelganini aytib, farzandini aldab koʻrdi — mergan qushlarning ovoziga bir dam quloq tutib turdi-da, «yoʻq» dedi, qovjiragan lablarini arang qimirlatib.

Endi kampir Luqmoni Hakimni daraklab joʻnadi. Qirq kun yoʻl yurdi, qirq togʻdan, qirq choʻldan oʻtdi, Bir kun qarasa, soqoli beliga tushgan bir moʻysafid oʻtu oʻlanlar bilan gaplashib kelyapti. .
— Sen, jirgʻanoq, sharbat boʻlasan... Qariqiz, sen kasallarni terlatasan... Yulgʻin, pismiq, nega yashirinyapsan? Arilarga asalni kimberadi, tentak! Afsonak! Zaharliman deb xafamisan? Zahring ham dori-ku! O’savermaysanmi?..

Kampir cholga egilib salom berdi. Chol unga bir razm solib qaradi-da:
— Nega menga egilding, odamlarning ulugʻi?—dedi ogʻrinib.— Aksincha, men senga ta’zim etmogʻim darkor edi. Men hayotimda mingta, maqtanib aytsam, oʻn mingta odamni hayotini saqlab qoldim. Sen boʻlsa... E-he!..

Chol kampirning haqiqiy ulugʻvorligini koʻrsatmoqchiday, ikki qoʻlini yoyib butun dunyoni koʻrsatdi. Bechora kampir chidab turolmadi — Luqmoni Hakimga umid bilan tikilib, poyiga yiqilib, yoshiga yoqasi hoʻl boʻlib, xunobasi moʻl boʻlib izillaverdi.
— Men qaydan ulugʻ boʻlay, Luqmoni Hakim! Bir bolamning dardiga davo topolmasam...

Luqmoni Hakimuni yerdan koʻtardi, yoshini artdi, sochlariga ilashgan xaslarni otdi.
— Bir yurtga dorilomonlik bergan odam ulugʻ boʻlmay, men ulugʻ boʻlaymi, kampir! Kampir yana izillab yolvorishga tushdi:
— Agar men ulugʻ boʻlsam, bolamning dardiga davo topib ber, ey, Luqmoni Hakim! Iloyo bu dunyoning yomonidan yomon yashay! Faqat bolam armonda ketmasin!..

Luqmoni Hakim ogʻir oʻyga toldi.
— Sen olam koʻrmagan fidoyilik koʻrsatding,— dedi u nihoyat, chuqur xoʻrsinib.— Endi chidamoqdin boshqa yoʻl yoʻq. Chida, kampir! Neki boshingga tushsa qanoat et!.. E, falak!..

Luqmoni Hakim bir «oh» urdiyu yana oʻt-oʻlanalar bilan gaplashib, dala-dashtni oralab ketaverdi.

Kampir yana bolasining qoshiga chopqillab joʻnadi. Qirq kun yoʻl yurib, qirq togʻdan, qirq choʻldan oʻtib yetib keldi. Bolasi yana umid bilani bosh koʻtarib qaradi. Kampir yoʻldan terib kelgan oʻtlarini fareandiga koʻrsatib: «Luqmoni Hakim berib yubordi», deb xursand qilib, qaynatib ichirdi — mergan oʻziga kelmadi. Tanida tarang tortilgan hayotning rishtalari chirsillab uzilib ketayotganiga quloq tutib, taqdirga tan berib, jimgina yotaverdi. Kampir eshikka chiqadi— yigʻlaydi, ichkari kiradi — kuladi, «ahvoling ancha toʻzuk» deb, tasalli bergan boʻladi. Ammo oʻzining tinchi yoʻq. Ajal eshikni ochsa — eshikdan, ochmasa — teshikdan kiradiganday...

Kampir oʻylab-oʻylab, Boysun-Qoʻngʻirotga — Alpomishning huzuriga joʻnadi. Bolasining azobida esi oʻzida yoʻq — necha vaqt yoʻl yurganini bilmaydi — balki kundir, balki yildir... Kampir Asqar togʻdan chiqib, pastga qaradi. Qirq ming uyli Qoʻngʻirot qirq ming oq oʻtov tikib, qirq ming suruv qoʻyini yaylovda yayratib, har oʻtovning oldida oʻn tulporni boylatib, toʻy qilib — baxshilarni sayratib, omon-omonlikda, xushbaxt zamonlikda umr kechiryapti. Kampir Alpomishning qirq qanot oʻtovini changarogʻiga osilgan yashil baydoqdan bildi. Togʻdan tushdi-da, yasovullaru bakovullarning yonidan shamolday oʻtib, yurt soʻrab oʻtirgan Alpomishning qoshiga bordi.

Birodarlar! Alpomish ham tek yigit emas edi, kampirning kimligini darrov bildi — ikki qoʻli koʻksida, «xush koʻrdik, ena», deb kulib, moʻylovining bir chetini tishlab, koʻnglini xushlab peshvoz chiqdi.
— Bir xizmatga keldim,— dedi kampir.
— Ming xizmatingiz boʻlsa ham, bajo boʻladi, ena!— dedi Alpomish.— Tilang! Kampir ezilib, unsizgina yigʻlashga tushdi. Arkoni davlatga aralashib yurgan

Oybarchin esli xotin emasmi, chopqillab kelib kampirni belidan olib, ustiga atlas koʻylak yopib, toʻrga oʻtqizdi — hol soʻradi.
— Qoʻngʻirot eli!—dedi oʻzini bosib olgan kampir oʻtirganlarga qarab.— Mening kimligimni bilasizlarmi?
— Siz elchi gʻozni oʻlimdan qutqazgan xaloskorimiz boʻlasiz! — dedi hamma bir ogʻizdan.
— Shu gʻozni otolmagan mergangina bir bolam or-nomusda kuyib-qovrilib, bu dunyodan sovrilib ketyapti... Shu bolamning dardiga davo topib beringlar, deb keldim...

Hamma jim qoldi. Nima qilishsin? O’limdan boshqa hamma narsaga davo bor... Ammo oʻlim...

Baribir Alpomish mard edi, birodarlar! Kampirni armonda yolgʻiz qoʻygisi kelmadi. Qoʻngʻirot qaytib Qoʻngʻirot boʻlishiga sababchi bu halol kampirni oʻlim uqubatiga qanday qilib yuzma-yuz qoʻysin?
— Ena,— dedi Alpomish bir toʻlgʻanib,— mening ham birgina oʻgʻlim — koʻzimning oqu qorasi, hayotimning ma’nosi Yodgorim bor. Shuni olib keting. Siz tufayli mening yurtim omon qoldi, Yodgorjonim tufayli sizning farzandingiz ham sogʻayib ketsin. Shu bolamni xayri xudo yoʻliga buyurdim...
— Yoʻq... — dedi kampir koʻzdan yoshi selob boʻlib.
— Oling, ena! Yodgor oʻsha gʻoz togʻ ustiga chiqib, oʻzini oʻgʻlingizga atab qurbon qiladi. Inshoolloh, bolangiz tuzalib ketgay...

Alpomish arkonu davlatning quvvati boʻlib oʻtirgan Yodgorbekka nazar tashladi. Yodgorbek padari buzurukvoriga qulluq etib, xizmatga tayyor ekanligini bildirdi. Barchin kelib, oʻgʻlining boʻyniga osildi.
— Eli uchun qurbonliqqa arziydigan shoʻrlik bolam!— deb aytib yigʻlab boshladi. Alpomish koʻzlarida qalqqan yoshlarini tiyib, bir keskin ishora qildi. O’rtaga sukut choʻkdi. Yodgorbekni peshonasidan oʻpdi.
— Bor, bolam,— dedi soʻng u - Qoʻngʻirot har kimdan qarzini uzib yurmogʻi lo-zim... Bor, yolgʻizim! Bor, Yodgorim! Yurtingni qarzini uz!—Keyin kampirga yuz-landi:—Ena, endi joʻnanglar! Iloyo farzandingiz shifo topsin!

Endi kampir bu mardu maydonlikning oldida lolu hayron, yurak-bagʻri vayron boʻlib oʻtirib qoldi. Uzoq oʻtirdi. Keyin nimadir esiga tushib, yuzi yorishdi.
— Qoʻngʻirot ahli!— dedi u.— Men bir mushtipar kampir esam-da, siz aytgan yoʻlga yurolmayman. Farzand dogʻi nima ekanligini men bechora bilmasam, kim bilsin! Yodgorbekni ham qoʻyinglar — Barchinning baxtiga sogʻ-salomat yashayversin! Faqat bir iltimosim bor. Hozir hammangiz chin koʻngildan xudodan tilangki, mening hech boʻlmasa birgina zorim yaratganning qulogʻiga yetsin!

Qoʻngʻirot eli gurillab, yaratganga yolvorib, doʻo qildi. Kampir yoʻlga tushdi. Alpomish kampirni toʻxtatib, Boychiborga mindirdi. Yoniga qirq yigitni qoʻshdi. Uyigacha eltib qoʻyishni tayinlab, xoʻshlashdi...

Kampir bilan qirq yigit gʻoz qoʻngan toqqa yetganda, kampir Boychibordan tushdi, jilovini qirq botirdan birining qoʻliga tutqazdi. Yigitlar «kasal yotgan joʻramizni koʻrib qaytamiz», deb harchand urinmasinlar, ularni Boysunga joʻnatdi. Hayhotday togʻning boshida bir oʻzi mungʻayib qoldi.

«Xudoyim! Mening nolamga ham bir bor quloq srl! Hech boʻlmasa, Qoʻngʻirotday bir yurtning duosini inobatga ol! Sochim supurgi, qoʻlim kosovlikda umrim kechdi. Bir farzand oʻstirdim. Bir taqdir qushini oʻlimdan saqlab qoldim. Endi bolam oʻladigan boʻlib yotibdi. Togʻdan pastga tusholmay turibman. Qoʻrqamanki, meni benajot qaytganimni sezgan bolaginamning bu dunyoda qarori qolmaydi... Xudoyim! O’zing qoʻllagin! Rahmat nurin boshimdan soch. Meni gʻozga aylantir-da, keyin inon-ixtiyorimni oʻzimga ber!.. Xudoyim!..»

Kampir toʻsatdan havoning bir boʻlakcha toʻlqini uni turtib oʻtganini sezdi. Badaniga ajabtovur vijirlash kirdi. U oʻzining gʻozga aylanganini koʻrib, quvonchidan, gʻaqillab sayrab yubordi.

G’ozning qichqirigʻi merganning qulogʻiga yetdi. Tanidi — oʻsha gʻoz! Quvonib, qayta-qayta gʻanqillab turibdi. Oh, kelarkansan-ku, armonlarda oʻldirgan yolgʻonchining ajal-berdi gʻozi! Kelarkansan-ku!... Mergan yonida beega yotgan oʻq-yoyini olib, toqqa tomon joʻnadi. Ammo kasallik quritgan tanda kuch qayda? Uyining ostonasidan chiqqanida yiqildi... Endi gʻozga yetish gumon. Hay, esiz dunyo! Nasib etmagan ekan-da... Ammo xudo yigitning omadini bersa, nimalar boʻlmaydi! G’oz oʻynab-oʻynab, sayrab-sayrab uchib, oʻq yetar joyga kelib toʻxtadi. Mergan qoʻliga yoyni, sadoqdan oʻqni chiqarib gʻozni moʻjalga oldi. Biroq kasallikdan nuri qochgan koʻzi tinib, boʻshatgan oʻqi gʻoz ustidan — ikki terak boʻyi balanddan oʻtib ketdi. Attang! O’ladigan qul shunday boʻlar ekan-da!.. Ammo gʻoz yana oʻyin koʻrsatdi. Havoga bir balandlab uchdi-yu, qanotlarini ozod yoyganicha suzib kelib, merganning shundoq qarshisiga qoʻndi!

«Xudoyim! Menga mehring shunchalar moʻlmi? Juvonmarg ketishimni istamagan tangrim! O’zing madad ber!..»

Mergan bor kuchi bilan yoyni tortib, oʻqni boʻshatdi. O’q gʻozni tuyrab oʻtib ketdi. Mergan birdan kasallikdan xalos boʻlib, oʻrnidan sakrab turdi. Yugurib gʻozning yoniga bordi. Qush hali jon uzmagandi.
— Ena!—quvonchini ichiga sigʻdirolmay qichqirdi mergan.— Qaerdasan! G’ozni otdim! Ena! Sogʻayib ketdim! Ena!..

Qush bu qichqiriqdan nogoh koʻzini ochdi. Qanotlarini tolpintirmoqqa urindi. Mergan gʻozning koʻzida ajabtovur bir shodlikning sharpasini koʻrib, qichqirishdan toʻxtadi.
— Ena!— deb qichqirdi u endi xavotirlanib.

Qushning qanotlari shalvirab tushdi. Shodlikning sharpasi esa allaqanday sovuqlik bostirib kelayotgan qovoqlari ostiga botdi.
— Ena...

Hech kim javob bermadi. Hikoya tugadi.

Faqat, birodarlar, bir iltimosimiz bor: gʻoz koʻrsalaring otmanglar! Kim bilsin, balki, elchi qushdir, qim bilsin, balki birovning onasidir... Shunaqa gaplar.

«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 8-son