OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Usmon Azim. Sevgi (hikoya)
__NOTITLE__
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUsmon Azim
Asar nomiSevgi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Usmon Azim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm74KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sevgi (hikoya)
Usmon Azim

«
Boshimga tushdi gʻam tigʻi, balo toshi, ajal zaxmi,
Koʻr, ey, hijroni zolimkim, nelar boshimga kelturding.

Alisher Navoiy
»

Abdurahmon Chaganada voyaga yetgan. «Tugʻilib, voyaga yetgan» deb yozmayotganimizning sababi shundaki, uning qaerda tugʻilganini hech kim, hatto oʻzi ham bilmaydi. Voyaga yetgan joyi esa aniq — Chagana, bolalar uyi, maktab, stadion, ularga eltadigan koʻchalar, koʻchalar chetidagi tuproq tomli pastqam uylar, allaqanday noqulay tarzda muvozanat saqlab turgan devorlar, devorlar ortidagi daraxtlari bir-biriga mingashgan bogʻlar... Shu…

Esida qolgani shu. Ammo shunga ham shukur etmoq kerak, chunki Abdurahmon Chaganaga bormaganiga yigirma besh yilcha boʻlib qoldi. Yillar oʻtgani sayin xotira vaqtning beadad kengliklarida choʻzilib yotgan uzun vujudini yigʻishtirib, bir joyga toʻplab olarkan. Endi Abdurahmon Chaganani oʻylasa, yuqoridagi manazara «lip» etib paydo boʻladiyu, orziqtirishga ham ulgurmay, yurakni batamom zabt etgan mayda-chuyda tashvishlar komiga choʻkib ketadi.

O’risiyaning bu shaharchasida Abdurahmon oʻzini begona sezmaydi — hammaga allaqachon el boʻlib ketgan. Ilgari, pivo moʻl mahallari mayxonaga kirsami, oʻ-hoʻ, «Alik! Alik!» deb chaqirganning soni ming edi. Oldiga quritilgan baliqdan ham, muzday pivodan ham surib qoʻyishardi, koʻzlar sarxushlikdan suzila boshlagach, koʻp qatori ashula ham aytardi. Rosti, ashulani hammadan yaxshi aytardi. Qoʻshiq avjlangani sayin uning koʻzlari yumilar, ichi oʻtda kuyayotganday yuzlari bujmayar, labida allaqanday alamli tabassum paydo boʻlar edi. Joʻr kuylayotgan hamshishalar bu tabassumga koʻzlari tushgach, birin-ketin qoʻshiq aytishdan toʻxtashib, unga zavqlanib termulishar, ularning ham yuzlari ohangdan ufurayotgan tushuniksiz azobning nafasini sezib bujmayar; chiday olmasdan boshlarini sarak-sarak etishar edi. Ovozning kengligini tan olguvchi bu yerning qoʻshiqlari Abdurahmon boʻgʻzida pivo shinavandalarining quloqlari oʻrganmagan notanish nolalar, figʻonlar, yolvorishlar, oʻksinishlaru boʻzlashlarga qoʻshilib, afsungar bir holat kasb etardikim, mayxonaga sigaret tutuni va baliq hidi aralash sukunat choʻkardi. Qoʻshiqning eng baland pardalarida shikasta hazinlikka yoʻgʻrilgan zoʻriqish paydo boʻlar, bu zoʻriqish ovozning ojizligidan emas, balki eskigina paxtalik kiygan shu odamning yuragida paydo boʻlgan hasratning zoʻri ekanligini badani vijirlab turgan sukunat ham his eta boshlar edi. Qoʻshiqchining yumuq koʻzlaridan sizgan yoshlar ajinlarning ariqchalaridan oqib, lablariga tushar va qoʻshiqning ta’mi shoʻrga oʻxshab tuyulardi... Bufetchi Roza boʻyalgan gʻar koʻzlariga yarashmagan sipo bir alfozda qoʻshiq tinglar, har dam-har damda shavqini yashirolmay «chyort!.. chyort!..» deb qoʻyar edi. Albatta, qoʻshiq tugaganidan keyin ham sukunatni birinchi boʻlib buzish lazzatidan oʻzini marhum qilmasdi:
— Alik! —deb qichqirardi u peshtaxtaning orqasidan.—Alik! Jonim! B/yoqqa kel! Yigitlar, Alikni toʻppa-toʻgʻri mening quchogʻimga joʻnatinglar-chi! Alik! Jonim! Bu nima qilganing? Yuraklarni qon qilib yubording-ku! — Soʻng odamlarning hazil-mutoyibasi ostida peshtaxtaga suyanib turgan Abdurahmonga shaxt bilan engashardi-da, sigaret isini anqitib, yigitning lablaridan shartta oʻpib olar; sehrgarlarga xos oʻktamlik bilan peshtaxta tagiga engashar, lahza oʻtmay shisha ichida allaqanday oʻrtanib turgan ichimlikni ikki mitti qadahga quyar edi: «Alik! Sen faqat konyak ichishing kerak! Boshqalarga pivo ham boʻlaveradi! Qani, ol! Jonim, ovozing mast qildi-qoʻydi! Boʻldi, endi seni Mashaga berib qoʻymayman...»
— Rahmat, Rozochka... — derdi Abdurahmon, qoʻshiqning hovri ketmagan tovushi titrab...

Endi bu gaplar — pivo koʻp boʻlgan zamonlarning gaplari.

Hozir pivo ham topilmaydi, qoʻshiq ham aytilmaydi. Hamma siyosat bilan mashgʻul. Yaqinda zavodda bir kunlik ish tashlash ham boʻldi. Miting...

Abdurahmon chorak asrdan buyon istiqomat qilayotgan bu shahar oʻttizinchi yillarda qurilgan. Toʻgʻrirogʻi, avval zavod, keyin uning atrofida shaharcha barpo etilgan. Tantanali yigʻilishlarda irod etiladigan ma’ruzalarda, «olovqalb komsomollarning bunyodkorlik qudrati tufayli qad koʻtargan zavod» haqida pinak buzmay soʻzlansa ham, aslida uni «xalq dushmanlari» — zeklar qurgani shahar ahliga ayon. Zavodning birinchi ishchi-xizmatchilari ham oʻshalar. Ularning bitta-yarimi hozir ham barhayot. Odamovi, kamgap bu odamlar ayniqsa yigʻinlardan, uchrashuvlardan qoʻrqadilar. Bir gal zavodning madaniyat uyidagi majlisga pensioner Komarovni qoʻyarda-qoʻymay olib kelishdi. Chol minbarda birpas dovdirab turdi-da, soʻng birdan asabiylashib qichqira boshladi: «Shu gaplar... kimga kerak! Gapirib boʻlmaydi axir! Tushunyapsizlarmi?.. E, jin ursin!..» U hoʻlqasi toʻlib, sahnadan kutilmagan chaqqonlik bilan sakrab tushdi-da, eshikka qarab yoʻnaldi. «Dmitriy Ivanovich! Dmitriy Ivanovich!..» deb chaqirdi hovliqib madaniyat uyining direktori Pashka Chiroyli, «Dmitriy Ivanovich boʻlsam nima boʻpti! Mana, oltmish besh yildan buyon Dmitriy Ivanovichman! — chol bir zum toʻxtadi-da, a’zoyi badani qaltirab, qoʻllarini silkitgancha yana baqira boshladi: — Ertak eshitgilaring kelib qoldimi?! Stalin boʻlganida senlarga ertagini koʻrsatib qoʻyardi!.. Mana shu yerda, — chol depsinib, xuddi oyogʻi turgan joyga ishora qildi, — ota-onam yotibdi! Aka-ukalarim yotibdi! Mana senlarga ertak! He, onangni!..» Chol baqira-baqira, soʻkina-soʻkina koʻchaga chiqib ketdi.

O’shandan keyin Abdurahmonning koʻziga madaniyat uyi allaqanday sovuq koʻrinib qoldi. Madaniyat uyi yoShlar unutib yuborgan lager oʻrnida qurilganini bilsa ham, oʻliklarni qishda bir chetga taxlab qoʻyilganini, keyin, bahor paytida muzi eriy boshlagan murdalarni bir-birining ustiga sarjinday taxlab, oʻrmon chetidagi sayhonlikka koʻmishganini eshitgan boʻlsa ham, baribir, huddi madaniyat uyining poli tagida Komarov cholning ota-onasi, aka-ukalarining murdalari yotgandek tuyulaveradi.
— Alik, Bolshoy teatrimiz sensiz huvillab qoldi... YO «La Skala» bilan shartnoma tuzdingmi? — Har uchrashganda endi Pashka Chiroyli shunday deb hazillashadigan boʻldi. — Jiddiy gap koʻp, Alik... Kel... Sen kelsang, oblastda albatta birinchi oʻrinni olamiz. Moskvaga chaqirishadi. Televidenie!.. Xorijga chiqsak ham ajabmas...

Abdurahmon «xoʻp» deydiyu bormaydi.

Shaharda esa boshqa bosh uradigan joy yoʻq. Kutubxona, qiroatxona, kinoxona, restoran... Kinoxona va restoran kutubxona va qiroatxonadan farqli oʻlaroq — gav-jum. Maxfiy zavod joylashgan maxfiy bu shaharda sirli bir tasodif tufayli madaniy-maishiy hordiq chiqarishning bu ikki maskani kommunistik mehnatdan horigan mehnatkashlarning baxtiga, shundoq bir-birining qarama-qarshisida joylashgan. Xoh-lasang kinoga, xohlasang vinoga — faqat koʻchani kesib oʻtsang boʻldi. Kimdir kinodan chiqib vinoga kiradi, kimdir restorandan chiqadi-da, sharobdan boʻshashgan koʻngli gʻuborini ketkizib, hind kuylari ostida oʻkirib-oʻkirib yigʻlagani kinoxona tomon ravon boʻladi. Kinoxonaga yetolmaganlar esa, muvozanat saqlashday odob doirasidagi vazifalarini ham udda etolmasdan, koʻchaga yotib olishgach, soʻnggi daqiqagacha betaraflikka qat’iy amal etib turgan melisa naryadining qoʻliga tushadi... Umuman, koʻpincha koʻchani kesib oʻtish, ba’zi bir komandirovkaga kelgan yengiltaklar oʻylaganiday, xavf-xatardan xoli ish emas, chunki smena tugagach, negadir zavodning eshigidanoq shirakayf holda chiqadigan mehnatkash xalq aynan shu joyga yetganda kayfning choʻqqisiga chiqadi va tusholmasdan goh kinoxona eshigiga, goh nazoratchi Dasha xoladan sozlab dakki eshitishgach, restoranning bufetiga oqib turadi. Bufetga kuchi yetmaydiganlarni kuchi yetadiganlar mehmon qiladi. Kuchi yetadiganlarning nazariga tushmaganlar ham oʻzlarini yoʻqotib qoʻymaydilar. Choʻntaklarning xotinlar koʻzidan pinhon tirqishlarida ezilib ketgan soʻmlar gʻarratli tashkilotchilarning tashabbusi tufayli qoʻlbola aroqqa, vino deb ataluvchi qandaydir qizgʻish ichimlikka va yana bir balolarga tezlik bilan almashtirib kelinadi. Shaharnyng bu muhtasham markaziga tutashgan hamma tor koʻchalarda bu baxtiyor odamlarning toʻdalari ilhom bilan shishalarni boʻshatishga kirisha-dilar. Keyin ajabtovur hodisalar roʻy beradi. Shahar, goʻyo tortishuv kuchi ta’siridan kutulganday, oʻzini yengil his etadi. Koʻchalar yosuman bir qudratning xushbaxt shamolida lapanglab raqsga tusha boshlaydi. Koʻchalarning oʻng tomoni soʻl tomonda, soʻl tomoni esa oʻng tomonda paydo boʻlib qoladi. Uylarning tartiblari chalkashadi. Masalan: Lenin koʻchasidagi imorat Marks koʻchasidagi imoratning oʻrniga koʻchadi. Negadir Kolyaning xotini Mashaning eri bilan qoʻltiqlashib joʻnaydi. Mashaning eri esa ertalab umuman eri yoʻq Lyudka Bezorining karavotida uygʻonadi. Odamlar tongda bu tabiiy ofatning oqibatlarini tuzatishga kirishadilar. Koʻchalar ogʻrigan boshlarini changallaganlaricha, tongning muzday havosida oʻzlariga kelib, qizarib chiqayotgan quyoshga bema’no termulgan koʻyi mustarlikda qotib turadilar. Imoratlar koʻchalarning karaxtligidan foydalanib, hech narsa koʻrmaganday, temir-beton gavdalariga ajib bir iffatu moʻminlik baxsh etgan holda oʻz oʻrinlariga kelib oʻrnashadilar. Birmuncha soʻkinish, baqirishu chaqirishlardan keyin, singan eshiklaru idishlardan tashqari, hamma narsa oʻrniga tushadi. Oilalar pasportdagi muhrlar asosida birlasha boshlaydilar. Albatta, hech kim oʻzini gunohkor his qilmaydi. Hamma shayton yoʻldan urganligini bir ogʻizdan qayd etadi. Boshqa sabablarni izlab oʻtirishga vaqt ham, toqat ham topilmaydi. Chunki, soat millari oiladagi baxtiyor onlar tugab, shonli mehnat lahzalari tobora yaqinla-shib kelayotganiga kafillik berib, bong uradilar. Mashina ishga tushadi, uskunalar gʻuvillaydi, zavoddagi minglab temir tishli gʻildiraklar baravariga aylana boshlaydi, poʻlatu choʻyanlar olov sachratib, odamlar istagan shaklga kiradi... Ammo, shayton ham boʻsh kelmaydi. U ogʻriyotgan boshlarni rohat-farogʻat sari eltguvchi odatdagi yoʻlni betoʻxtov yaqqollashtirib, koʻngillarga gʻulgʻula solib turadi. Beqarorlikda oʻrtanayotgan koʻzlar bir-birlarini adashmasdan topadilar, choʻntaklarning pinhon tirqishlaridan yana ezilgan soʻmlar chiqib, endi hech kimning vositasisiz, oʻzlarini borib shishalarga almashtirib keladilar... Shayton aralashgandan keyin shunday boʻladi-da!

Abdurahmon bu sodda, gunohi ham, tazarrusi ham samimiy shaharning barcha telbaliklariga allaqachon oʻrganib qolgan. O’rganib qolgangina emas, uning gunohiga ham tazarrusiga ham sherik. Koʻp qatori Shaytonning ham ba’zi gapiga kirib turadi. De-moqchimizki, nima desa, bajargani yugurib ketavermaydi. Toʻgʻri, ich desa — ichadi, lekin kuchqurun, Shayton koʻchalarni qancha hilpiratmasin, iblisning aytganidan chi-qolmaydigan bechora xotinlar «Alik, yur biznikiga, yura qol!.. Ashula aytib berasan...» deb qancha nozik adolar etishmasin — u toʻgʻri uyiga keladi. Mana, yigirma besh yilki, biror tomonga burilmasdan, kechqurun yettida ostonada hoziru nozir. U uyidagilar bilan allaqanday yutoqib, quvonchini yashirolmasdan koʻrishadi: xotini Mashani ham, qizi Lyusyani ham mahkam bagʻriga bosadi. «Dadam har kun ishdanmas, armiyadan - keladi», deydi soʻzga chaqqon Lyusya. Abdurahmon ovqat mahali ham, televizor koʻrib oʻtirishganda ham, xotini va qiziga mehru muhabbat bilan tikilib qoʻyadi. Dunyoda shunday yaqin odamlari, uyi, zavodda obroʻyi borligini oʻylab, quvonadi. «Lyusenka, — deydi u oʻzining baxtidan tamom erib, — bir piyola choy uzat-chi, qizim». Lyusya choy uzatib engashganida, qizini erkalab, betiga ohista urib qoʻyadi.

Bu payt Masha oʻziga yarashgan uzun va keng xitoyi xalatga oʻranib, oliymaqom zotlarga xos sipolik bilan «Rabotnitsa» jurnalini varaqlaydi. Uning oʻzini tutishida haqiqatan ham odamlarni choʻchitmaydigan, aksincha, iydiradigan bir viqor borkim, koʻzni qamashtiradigan darajadagi husni bilan qoʻshilib, yuraklarni tamoman taslim qiladi. Zavodda Mashaning «Malika» degan laqabi bor. U ta’minot boʻlimida ishlagani uchun, oʻz majburiyatlarini unutishni yaxshi koʻradigan boshqa zavodlarga tez-tez komandirovkaga borib turadi. U tashrif buyurgan kuniyoq isyonchilarning hammasi soʻzsiz qurolsizlanib, doʻstlik va hamkorlik haqida shartnomaga qullarcha tavoze bilan qoʻl qoʻyishga majbur boʻladilar. Keyin qadrdon korxonasining obroʻyini tushirgisi kelmagan abjir xodimlardan biri uning sharafiga albatta eng hashamatli restoranda kamtarona bazm beradi. Negadir, bu abjir xodimlarning barchasi ertakdagi shahzodalarga mengzab, bejirim kiyingan va oʻktam boʻladilar. Ularning bu sifatlari ustiga, latifa aytish san’atini ham mukammal egallaganliklarini alohida ta’kidlamoq lozim...

Abdurahmon xotinini oʻrtanib, dilu jigari pora boʻlib yaxshi koʻradi. Mashani birinchi bor koʻrganida qanday titroq ichida qolgan boʻlsa, chorak asrdan keyin ham uni xuddi shunday titroqli harorat bilan sevadi.
— Masha, — deydi u Lyusya boshqa xonaga chiqqan zahoti, — men seni yaxshi koʻraman.
— Rahmat, Alik, — deydi Masha jurnal oʻqigan koʻyi.
— Men seni sochingni, koʻzingni, qulogʻingni, burningni, ogʻzingni... bor turishingni yaxshi koʻraman! —deydi Abdurahmon, ichidan bostirib kelayotgan mehru muhabbatdan zoʻriqib.
— Rahmat, Alik, — deydi Masha avzoyini oʻzgartirmay.
— Masha...
— Jim, Alik... Jim! Qiziq maqola ekan...

Abdurahmon negadir xijolat chekib, bir qadar oʻksinib sukut tortadi. Xayolga choʻmadi...

...Taqdir taqozosi bilan bu shaharga kelib qolgan askar bola bu samoviy mavjudot bilan raqsga tushayotganiga ishonmaydi...

«Sen menga yoqasan, askar...»

«Sen ham...»

«Faqat ehtiyot boʻl, askar. Meni yoqtirganlar oʻzini unutib yuboradi. Men sehrgarman, askar...»

Askar oʻzini unutadi. Baxtiyorlikdan toʻlib unutadi. O’tmish... O’tmishda nima bor? Bolalar uyi, mudom boʻgʻizga tiqilib turguvchi, mittigina yurakni tinmay ezgʻilaydigan bahaybat hasrat... Hech qachon uni koʻrgani kelmaydigan ota-onaning bola xayoli yaratgan goʻzal siymolari... Kutish. Umid. Sogʻinch... Sogʻinch. Sogʻinch... O, albatta, unutadi! Masha, qoʻllaring buncha mehribon! Masha, koʻzlaringda faqat mehru muhabbat! Masha, yuzlaring buncha oppoq! Masha, nega buncha chiroylisan?! Masha! Masha! Masha! Butun dunyo — Masha! O’tmish kerak emas — ketaversin! Vatan? Mening Vatanim—sensan, Masha! Masha! Masha! Masha! Masha! Masha! Masha-a!.. O, nega bu baxtiyor tushdan qoʻpollik bilan tepib uygʻotasan? Men hammasini bilaman, Masha! Senga bir qarashdanoq, vujudingni qaysi iflos oʻralarning burqsigan yagʻmolariga ravo koʻrganingni ayon bilaman... Nega meni buncha bemalol sotasan, Masha?!

«Baribir seni sevaman, Alik»...

Senlar qanaqa sevgini rasm qildilaring oʻzi, Masha?! Boʻldi, ketaman... Padaringga ming la’nat seni, Masha! Axir, Lyusya bilan sendan boshqa shunday keng jahonda hech kimim yoʻq! Sogʻinchda oʻlaman, lekin hech qachon seni kechirmayman, Masha!..

«Men seni sevaman, Alik...»

Shunaqa ham sevgi boʻladimi?..

«Meni kechir... Kechir...»

Necha marta kechirish kerak, Masha!? Oxirgi marta? Shayton yoʻldan urdi? Ha, shayton yoʻldan urdi! Faqat u aybdor!.. Men yigʻlayapman... Sen ham yigʻlayapsanmi? Nega, Masha, Nega?!.

«Seni sevaman...»

Men ham seni sevaman... Men ham seni sevaman... Sevaman! Se-va-man, Masha!..

«Uxla. Hammasi yaxshi boʻladi, uxla...»

Ha, uxlash kerak, Masha. Baxtiyor boʻlish uchun uxlash kerak, Masha... Uxlash kerak. Faqat uxlash kerak...
— Alik... Alik...

Abdurahmon koʻzlarini ochadi. Xotini sochlarini silab erkalatadi.
— Charchabsan, jonim. Tur, karavotga chiqib yot... Men ham hozir... Xoʻpmi? Xoʻp... Xoʻp... Uxlash kerak... Uxlash...

Bu shaharda istibdodini oʻrnatgan Shayton tavsiyasi buyicha yashashgina oʻzini omon saqlab qolishini Abdurahmon yaxshi biladi. O’ylab oʻtirmay — yashayver! Boshingda sarxush tumanlar suzib yursin; koʻchalar mavjlanib, oyoqlaring chalkashsin; kun boʻyi intiq kutgan shishadagi orzung — yagona armoning bilan uchrashganingdan keyin — tamom! — muammolar onasining ... ga kirib ketadi.Sen —gʻolibsan. Hayot peshonasini tirishtirib oʻtiraversin — uning jazosi shu. Pul — koʻp! Bu yer — shimol boʻlganligi uchun bir moyana, maxfiyligi uchun bir moyana, qochib ketishmagani uchun yana bir moyana... Yana nima uchundir mukofot, yana bir balo uchun mukofot... Pul koʻp! Hamma ichadi. Ayollar ham ichadi. Birovning hayotining qizigʻi yoʻq. Barcha — teng! Malikai diloromning boshqalarda ortiq joyi bormi? Qanday qilib Shaytondan zoʻr kelsin? Abdurahmon kechiradi... Ikki-uch kun qovogʻi osilib yuradi. Kulolmasa nima qilsin? Ammo kechiradi. Bu shahar ahli kechirimli. Bugungi gʻiybat ertaga bormay oʻladi. Chunki mast-alast tunlaru mast-alastlik ishtiyoqidagi kunduzlarda gʻaroyib, aqlga toʻgʻri kelmaydigan voqealar shu qadar moʻl boʻladiki, bu gʻaroyibotlar allaqachon biror-bir zotni hayratga solmay qoʻygan. Abdurahmonning oilasida ham har bir muammo, ayniqsa, Mashaning yengiltakligi tufayli yuzaga keladigan dilxiralik faqat tezroq unutilish yoʻli bi-langina hal qilinadi... Ammo, baribir, Masha yaxshi xotin. Ba’zan mehribonlikni shunday joyiga qoʻyib qoʻyadiki, koʻzingdan yosh chiqib ketadi...

Abdurahmonning hali askarlik payti. Vzvodi temir yoʻlda koʻmir tushirayotganda, toʻsatdan Mashani shunday sogʻindiki, toʻppa-toʻgʻri qizning uyiga bostirib keldi. Ust-boshiga koʻmir kukuni oʻrnab qolgan, a’zoyi badani qop-qora... Masha hech ikkilanmasdan, quvonch bilan ichkariga taklif qildi-da, toʻgʻri katalakday moʻ‘jaz vannaxonaga boshlab kirdi. «Yechin, — dedi qiz e’tirozga oʻrin qoldirmaydigan ohangda, — yechin!» O’zi ishchan qiyofada tashqariga chiqib, birpasda qaytib keldi. Paxtalikni yechib, bundan ortigʻiga jur’at etolmay turgan yigit unga uyalinqirab, dovdirab qaradi. Mashaning qoʻlida deyarli yap-yangi sportcha koʻylak-ishton... «Nega serrayib turibsan? Tez yechinib, vannaga tush!..» Abdurahmon bu buyruqning iliq bir jilvasida, qizning xatti-harakatining tabiiyligidan taralayotgan xotirjamlikda unga taqdir ato qilmagan, ammo borligini butun vujudi bilan sezgan... Ona mehri ufurib turganini nogahon his etdi. His etdiyu boʻgʻziga yigʻi tiqilib, vannaga tushdi. Masha ishchanlik bilan uning yelkasini ishqaladi, sochlariga sovun urdi... Xullas, gʻayratga toʻlib choʻmiltira boshladi. Ahyon-ahyonda: «Kiringni qara... kiringni qara...» dab qoʻyar, goʻyo Abdurahmonning kirligidan lazzatlanayotgandek edi. Yigit esa bu notanish mehribonlik ichida oʻzini idora qilolmasdi — koʻz yoshlari boshidan tushayotgan suvga qoʻshilib oqardi. U goʻyo koʻchada tuprogʻu changga botib, soʻng onasining qoʻliga tushgan bolaga oʻxshar va bu tuygʻuni, mana, yoshi yigirmaga yetganida boshdan kechirayotganidan xoʻlqasi toʻlar, yuragi farahbaxsh oromlar qoʻynida erkalanar edi. Masha jiddiy ohangda uni koyirdi: «Qulogʻini qarang! Shoshma... Yuvishni ham bilmaysan! Qulogʻingni boshingni engashtirib yuv! Suv kiradi, axir!.. Noshud! Kel, oʻzim yuvib qoʻyay!..» Abdurahmon uning barcha buyrugʻini jon deb bajarar, boshidagi sovunni yuvib tashlagan boʻlsa ham, koʻzini ochishga jur’at topolmas edi. Yigit allaqanday moviy osmon tagida uchib yurganday, qoʻllari bilan osmonni ushlab koʻrardi. Cheksiz zangorlik xuddi bulutday yumshoq edi. Quyoshning charaqlab turganini yelkasi bilan sezarkan, uning nurlari iliq bahor yomgʻiriday kiftidan oyoqlariga oqib tushayotganidan vujudu ruhi lazzatlanardi. O, u hech qachon bunday baland uchmagandi...

Shunda Abdurahmon taqdir bu qiz bilan uni chambarchas bogʻlaganini, endi u hozirgina duch kelgani — mehr ostonasida itday sadoqat bilan umr kechirishini yuragi zirqirab angladi. Odamning hayotida shunday bir sehrli daqiqalar boʻladiki, bu paytda orzu-umidlar tumanida toʻzgʻib yotgan istiqbol koʻngildan koʻtarilgan his-hayajonlar shamolida gʻuborli pardasini yuzidan ilkis koʻtaradi. Bu yorugʻ dunyoda qanday kun kechirishingiz toʻsatdan ayon boʻladi. Keyinchalik taqdir daryosida oqib borarkansiz, qancha oʻzgartirishga harakat qilmang, u istaklaringiz ustidan kulib, sa’yi harakatlaringizni barbod etarkan, hech narsani oʻzgartirib boʻlmasligiga tobora aqlingiz yeta boshlaydi. Taqdir shuning uchun ham TAQDIR-da! O’, jamiyatu tabiatni oʻzgartirmoqchi boʻlganlar! Qarang, jamiyatu tabiatning besarhad bahri muhitlari hali biz anglab yetmagan, cheksizlikdan ham cheksizlikdagi mangu makonlar sari boshimizdan shovullab, koʻpirib, sohillaridan toshib oqyapti. Har bir mavjida milyon taqdir bir jilvalanadiyu, tubsiz girdibodlarning yalmogʻiz oʻpqonlarida gʻoyib boʻladi. Yoʻq, unga qarshi turib boʻlmaydi, aksincha, uni tushunishga, koʻnglini ovlashga, gʻazabini yumshatishga harakat koʻrgazmoq kerakkim, toki umringiz osoyishtalik qoʻynida oʻstin!

Abdurahmon sagʻir bolaligi diliga joylagan bir hushyor tajribadan kelib chiqib, taqdir bilan oʻynashmoq hech qanday sharaf, obroʻ keltirmasligini angladi. Taqdir isyonkorlarni yoqtirmasligi unga bolalar uyidan ayon edi. Sakkizinchi sinfda oʻqib yurganida, tarbiyachi Shoberdievning yuziga tufladi. Bekorga emas — xudo yetimcha qilib yaratgan boʻlsa ham, husni jamoli ming ota-onali qizdan ham ziyoda, butun bolalar uyining faxri Salima kechasi navbatchilar xonasidan yigʻlab chiqqanidan keyin tufladi. Yosh avlodni kommunistik ruhda tarbiyalovchi odam maktab oʻquvchisiga, buning ustiga, xudo ham rahm-shafqat qilmagan bir bebaxtga koʻz olaytiradimi?.. Olaytiradi. Hamma ham Salima emas. Qanchadan-qancha behimoya qizlar pana-panada yoshlarini arta-arta, taqdirlarini qargʻay-qargʻay, alamlarini ichlariga yutishga majbur boʻldilar. Salima birinchi duch kelgan odamni — Abdurahmonni Lenin xonasiga boshlab kirdi-da: «Quloq sol, — dedi xoʻrsina-xoʻrsina. — Bolalarga ayt, meni anov kal zoʻrlamoqchi boʻldi. Meni senlardan boshqa hech kimim yoʻq. Senlar himoya qilmasang...» O’smirlik! Sen qanday yaxshisan! Qanday besabrsan! Adolat oʻrnatish uchun buncha shoshmasang, pahlavon! Balki dostonlarni oʻqiyverib, oʻzingni Alpomish tasavvur etgandirsan? Balki Kumushining himoyasiga otlangan Otabek edingmi oʻsha paytda? Sen navbatchi tarbiyachi xonasiga otilib kirding, oyna oldida soch tarayotgan Shoberdiev senga burilib qaradiyu, maqsadingni anglaganday, koʻzlarini yumib, labini choʻchchaytirdi. Sen... tupurding. «Ha haromi! — deganicha Shoberdiev choʻntaklaridan dastroʻmolini axtara boshladi. Koʻzlari hamon yumuq edi. — Shoshma... Joyingda qoʻzgʻolmay tur... Haromi!». U yuzini yaxshilab artib boʻlgach, koʻzini ochdi. Abdurahmon uning koʻzi gʻazabga toʻlganini koʻrdi. Sovet pedagogi bunday paytda nima qilishi kerak? Ehtimol, deraza oldida uzoq tik turib, soʻng senga oʻgirilmasdan, ovozi titraganicha: «Rahmat! Toʻgʻri qilding, men ablahga bu ham oz...», — deyishi lozimmidi? Ammo, pedagoglik sha’niga oʻchmas dogʻ tushirgan bu kal kechirim soʻrashni qaerdan bilsin? U toʻsatdan bir sakrab Abdurahmonning qarshisida paydo boʻldi va deyarli shu zahotiyoq bola qornini ushlagancha, kalning kerilib turgan oyoqlari ostiga shilqillab yiqildi. «O’ynashdan boʻlgan enagʻar! Nega bunday qilding? Gapir! Jalabni bolasi, gapir!..» Keyin tepdi... tepdi...

Abdurahmon koʻzini ochganida jamoat jam edi. Bolalar uyi direktori Chorievning mungʻaygan yuzi unga yaqinlashdi: «Bolam... Abdurahmon... oʻzingga keldingmi?.. Bu nima qilganing, bolam! Tarbiyachining ham yuziga tupuradimi?». «Tupuradi», — dedi Abdurahmon, soʻng xonaga nazar tashladi. U-hoʻ! Oq xalatlilar, melisalar, kichkina bolalarning tungi enagalari, Salima... Shoberdiev baqiryapti... «Iltimos qilaman... Bularga bir balo boʻlgan... Psixiatrlar kelib tekshirsin... Kim bilsin, balki zoti-da...» Abdurahmon sekin oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Uni suyamoqchi boʻlgan Chorievga, «oʻzim...» dedi-da, negadir harakatsiz qotib turgan odamlar orasidan oʻtib, Shoberdiev tomon yurdi. Shoberdiev yana shoshganicha koʻzini yumib, labini choʻchchaytirdi. Bola rohat qilib tupurdi. «Men seni duelga chaqiraman! — deb qichqirdi u, — Mard boʻlsang, chiq! Yakkama-yakka!..»

Uni direktorning xonasiga olib kirishganida, koʻylagi yirtilgan, yuzi shilingan, qoʻllari qon yuqi edi. «O’zingni bos, bolam!.. O’zingni bos! Shaytonga hay ber!..» — Bechora direktor shunday deb jalbiraganicha, bir qoʻli bilan uning sochlarini tuzatar, ikkinchi qoʻlini esa silkitib, odamlarga xonadan chiqinglar deya ishora qilar edi. Choriev xonasidagi divanga oʻz qoʻli bilan oʻrin toʻshab, bir mahalgacha bolaga tasalli berib oʻtirdi...

Abdurahmon tong mahali uygʻondi. Choriev gʻira-shira burchakdagi kresloda oʻtirardi. Bola hali uygʻonganini sezdiruvchi biror harakat qilmagan boʻlsa ham, direktor uning koʻzini ochganini payqab ohista gap boshladi: «Bolam, endi kurashaman deb ovora boʻlib yurma! Kurashni menga qoʻyib ber! Sen koʻnglingni boʻlmasdan, oʻqi... Bu gʻurbatxonadan tezroq ketishni oʻyla! Xudo xohlasa, yomonlar jazosini oladi. O’zi... Shoberdiev yaxshi odam emas, bolam. Maorifga xudoni zorini qildim, kerak emas, dedim, yoʻq, majbur qilishdi... Mana endi... Xullas, oʻqish sendan, kurash bizdan, bolam...»

Bir oydan keyin Salima bilan ikkalasini direktor chaqirdi. Uning yuzida odatdagi mehribonlik yoʻq, qarashlari jiddiy edi. «Senlarga bugun bir gapni rasmiy tarzda aytib qoʻymoqchiman, bolalarim. Bugundan boshlab, tarbiyachi Shoberdiev bizning bolalar uyida ishlamaydi. U oʻz vazifasidan ozod qilindi... Xoʻsh...» U bolalarga sinovchan nazar tashladi. Abdurahmon ham, Salima ham bosh koʻtarmay oʻtirishardi. Oraga noqulay jimlik choʻkdi. Direktor shahd bilan oʻrnidan turib, qoʻllarini orqasiga qoʻygancha, xonani ildam aylana boshladi. Soʻng ularning qarshisida keskin toʻxtadi-da, baqira ketdi; «Senlar ularning kimligini bilasanmi! Ildizi yetti qavat yerning ostida!.. Qarindosh urugʻi olamni bosgan! Melisa gapidan qaytib oʻtiribdi. Senlarni eltib jinnixonaga tiqib qoʻyishdan ham qaytishmaydi! Doʻxtirlar bolalarni tekshirish kerak, deydi» ...U oʻrnidan turib, xonani oldingidan ham tezroq aylana ketdi... «Tekshirib boʻlishibdi!.. Ularning aytgani men oʻlgandan keyin boʻladi. Hali men tirik ekanman!,. Bolalarim!.. Abdurahmonjon! Salima qizim! Bu gʻurbatxona meniyam toʻydi-rib yubordi. E, bore, dvb ketay desam, senlardak koʻngil uzolmayman... Iloyo, ulgʻa-yinglar! Unib-oʻsinglar! Baxtli boʻlinglar! Shularni qilganiga bir baxtli boʻlsalaring, oʻlsall goʻrimda tinch yotardim!..» Mehribon Choriev! Dovdir Choriev! Biz hech qachon baxtli boʻlmaymiz. Demak, goʻringizda tinch yotish nasib etmaydi... Ehtimol, yuzdan bittamiz... B,izni xudo qargʻagan. Biz ildizsiz daraxtlarmiz. O, onasi yuz oʻgirgan farzandlar qanday qilib baxtli boʻlsin! Bizni tarafimizni oladigan hukumat qaer-da, jonkuyar Choriev! Ishchi-dehqon hukumati xoʻrlanganlar tarafida edi-ku!.. Shunisiga ham rahmat! Koʻchadan topishib, boqib-bovliganlari uchun ham qulduq! Baxtli bolaligimiz hech qachon esimizdan chiqmaydi...

«Endi boringlar...» Choriev ular bilan negadir qoʻl berib xayrlasharkan, yuzidagi shijoatli ifoda ayanchli bir tusga kirdi. Zoʻriqib jilmaydi: «Boringlar...»

Salimaning yigʻlayotganini Abdurahmon tashqarida sezdi. Qiz koʻz yoshlary aralash bolaga ajabtovur qarash qildi-da, yotoqxonasiga qarab yoʻnaldi. Soʻng yoʻlidan qaytib, Abdurahmonning yoniga bosh ekkancha yurib keldi. «Bu kunlarni hech qachon unutmayman!.. Abdurahmon! Unutmaslikka siz ham va’da bering! Bir kun mabodo... — Qiz «bir kun»ni koʻrmoqchi boʻlganday uzoqlarga qaradi, —uchrashib qolsak, mana shu ahvolimizni eslab, kulaylik. Eng bebaxt kunlarimiz shu kunlar boʻlsin! Omin!..» Bola qizning kaftlari fotihaga ochilganing koʻrib, shoshib yuziga qoʻl yugurtirdi: «Omin!».

Qiziq, bu voqealardan keyin ular bir-birlaridan nimagadir uyalib yurdilar. Abdurahmon qizni uzoqdan koʻrgandanoq turish-turmushidan tabiiylik yoʻqolib, talmovsirab qoladigan boʻldi. Salima ham qizarinib soʻrashar, tezgina xayrlashar, yolgʻiz qolishganda esa, faqat kitoblardan soʻz ochar edi: «O’qituvchi» yaxshi... O’qiganmisiz? «Ona»ni yoqtirmayman... Sizni zeriktyrmaydimi? «Mehrobdan chayonini kutubxonadan olgan ekansiz. Keyin menga bering...» Ammo koʻzlar hamisha bir-birini topadi. Nigohlar kimlarningdir yelkalar, partalar, sinfxonalar, derazalar, maktab hovlisidagi shovqin-suronlar, quyosh nurlariyu sharros yomgʻirlarda baxtiyor gul ochayotgan bahorning quvonchlari, bulutlar, yulduzlar, osmonlar osha uchrashadi, Uchrashadilaru bu jur’atlaridan choʻchib, yana bir-birlarini betoqatu besabrliqda izlagani ajraladilar. Nigohlarning bu qisqa toʻqnashuvi telbavash qoʻllari bilan siniq taqdirlar ustidan yurakni besabr titratguvchi yogʻdular toʻkadi. Sogʻinayotgan, azoblanayotgan, qasamlar ichayotgan, umrini bagʻishlamoqqa tayyor koʻngillar bu lahzada izhorini bayon etmoqqa ulguradi:

«Men seni sevaman»

«Men ham...»

«Men seni jonimdan ham yaxshi koʻraman!»

«Men ham...»

«Seni... meni tashlab ketgan onamdan ham yaxshi koʻraman!..»

«Men ham!.. Men ham!.. Men ham!..»

Amma bu soʻzlar tilga koʻchmaydi. Yurakning alangasida vujudni oʻrtab, toshday qizib yotaveradi.

Abdurahmon koʻzlar allaqachon bir-biriga izhor etgan bu soʻzlarni Salimaga faqat armiyaga joʻnashidan bir kun avval aytishga ulgurdi. Yoʻq, aslida aytgani yoʻq — «O’tgan kunlar» kitobning oq sahifasiga «MYeN SYeNI SYeVAMAN», deb yozdi-da, bolalar uyiga borib, darvoza oldiga oʻrmalashib yurgan «churvaqa»lardan birining qoʻliga tutqazdi: «Salima opangga ber». Xizmat haqiga naq bir choʻntak «Iris» olgan bolakay gʻizillab joʻnadi. Abdurahmon esa qush quvganday shoshilib orqasiga qaytdi.

Ertasi Harbiy Qoʻmitaning idorasidan uni kuzatgani Choriev xotini bilan keldi. Garchi endi Abdurahmon gʻisht zavodida ishlab, yotoqxonada yashab yurgan esa-da, odamshavanda direktor hammani qarindoshi kuzatayotganda, yakkamoxov boʻlib turishdan yomoni yoʻqligini bilib chiqqanda... Bechora Choriev! Har doimgiday mehribonlik bilan goh yigitning yelkasiga qoqib, goh tirsagidan ushlab, betoʻxtov nasihat beradi: «Komandirlaringni gapidan chiqma!.. Yomon bolalarga qoʻshilma!.. Mehnat ikki koʻzdan issiq — mehnatdan qochma... Yoʻgʻon boʻyinlik qilma! Tez-tez xat yoz! Xolang bilan bizni sogʻintirib qoʻyma, jonim bolam...» Abdurahmon esa koʻzlari bilan olomon kezib, Salimani qidiradi. Direktorning dilafkor mehribonligidan tomoqlari achishib, atrofga bildirmasdan nazar tashlaydi. yoʻq... Harbiylar mashinalarga chiqishga buyruq beradilar. Yoʻq... Choriev uni mahkam bagʻriga bosadi, xotini yigʻlab quchoqlaydi, yuzlaridan oʻpadi, qoʻliga kattakon tugun tutqazadi... Yoʻq... Avtobuslarning motori yurgʻiziladi. Oqsoqollardan biri duoga qoʻl ochadi: «...Omin! Oy borib, omon kelinglar!» Olomon sidqidildan, ixlos bilan yuziga fotiha tortadi. Avtobuslar qoʻzgʻoladi... Shunda yigitning harbiy qoʻmita hovlisidan tashqarida, panjaraga suyangancha, kimgadir qoʻl silkiyotgan qizga koʻzi tushadi. Salima! Unga qoʻl silkiyapti!.. Xayr, Salima, xayr! Hech kim seni xafa qilmasin! Baxtli boʻl... Qiz qoʻl silkitganicha, qolib ketadi. Stadion... Bolalar uyi, maktab... Koʻchalar chetidagi tomi tuproqli pastqam uylar... Noqulay bir holda muvozanat saqlab turgan devorlar... Daraxtlari bir-biriga mingashgan bogʻlar... Xayr, Chagana! Yaxshi qol... Koʻzlarni tumanday qoplagan yosh ichidan qanday goʻzal koʻrinasan! Chagana! Unib-oʻstirgan yurt! Ikki yildan keyin koʻrishamiz! Xayr...

Abdurahmon bu ikki yilning yigirma ikki yilga choʻzilishini oʻsha mahali tasavvur ham qila olmasdi. U armiyadan Chorievga bir marta xat yozdi. Ammo bu xatni yozish jarayoni shu qadar mushkul kechdiki, qayta bu ishni takrorlamaslikka qaror qildi. Agar odamlarga oʻxshab yashamoqchi boʻlsa, oʻtmishini — bolaligini tamom unutib yashashi lozimligini ham his etdi. Chunki oʻtmishda koʻngilni gʻashlaguvchi, yurakni gʻussaga toʻldiruvchi xotiralar bisyor edi. Bu xotiralar uning yelkasidan mudom bosib turar, erkin harakatga yoʻl bermas, orzu-umidning qomatini tuproqdan uzdirmasdi. Chagana bilan har qanday aloqa uni xotiralarning gʻamgin tor koʻchalaridan yurishga majburlardikim, Abdurahmon bu koʻchalardan umrbod chiqolmasdan qolib ketishi mumkinligidan qoʻrqdi. Bu koʻchalarning birovga aytib, tushuntirib boʻlmaydigan hasratlari shu qadar koʻpki... Balki shuning uchun ham Abdurahmon mana bu gʻalati shaharning rasm-rusmlarini tezkorlik bilan oʻrganib olgandir?

Balqi shuning uchun ham oʻrislarning ashulasini avji qoyilmaqomda kuylashning uddasidan chiqqandir?

Balki shuning uchun ham bu shahar ahli qatori har oqshom mayi nobdan noʻsh etishga komil ishonch bilan ixlos qoʻygandir?..

Bu yigirma ikki yil ichida Chagana undan yurakda ogʻriq qoʻzgʻamaydigan darajada uzoqlashdi. Abdurahmonning ham, Mashaning ham moyanasi zoʻr, buning ustiga, bu maxfiy shaharchada ta’dlinot yaxshiligidan istagan narsalarini sotib olishar, ta’til oylarida mamlakatning toʻrt tarafidagi eng yaxshi kurortu hordiqxonalarda dam olishar, sayohatlarga chiqishar, ammo ularning oʻrtasida Chaganaga borish haqida shu kungacha hech qachon gap-soʻz boʻlmagan edi. Bora-bora Chagana kichrayib, xira bir koʻlkaga aylandikim, endi uni eslashga ham oʻrin qolmagandi...

Ammo, mana shu dam olish kunida oldinma-keyin gʻaroyib voqealar roʻy bera boshladi.

Ertalab qoʻshnisining xotini Lida kirdi. Qoʻlida gazeta. Abdurahmon tarafga ajabtovur bir qarash qildi-da:
— Masha, mana buni oʻqi, — dedi gazetni dugonasiga uzatib, — bosmachilar bizni-kilarni haydab yuborayotganmish... Qara-ya, ablahlarni...

Masha oʻqishga tutindi. Lida bobillashdan toʻxtamadi:
— Ularni qoloqlik botqogʻidan sugʻirib oldik, feodalizmdan sotsializmga oʻtkaz-dik, odam qildik... Endi Rossiyangga bor emish, endi mening tilimda gaplash emish... Bu vahshiy bosmachilar oyogʻimizni oʻpsa ham oz...

Lida bilan bahslashib boʻlmasdi—u kitob oʻqirdi. Biroq Abdurahmon savol tashlashga jur’at etdi:
— Oyogʻingni kim oʻpmayapti, Lida? —dedi quvnoqlik bilan.
— Alik... Alik!.. —ayolning ovozi ta’nakor jarangladi. —Sen ularning tarafini olma! Ular yaxshilikni bilmaydigan madaniyatsiz xalq! Ovqatni qoʻlda yeyishadi-yu...

Abdurahmon bu ayolning shaddodligidan zavqlanardi. Hozir ham tantanavorlikda qargʻanishidan ilhomlanib, muloyimgina hazilini davom ettirdi:
— Ovqatni qoʻlda yeyishadimi? Voy, madaniyatsizlar-ey!.. Kimlar ekan ular, Lida?
— Sening oʻzbeklaring-da, Alik! Sen u bosmachilarning yurtida yashamasdan toʻgʻri qilgansan! Sirtida qoʻl qovushtirib turishadi-yu, ichida... Pismiq xalq!..

Abdurahmon birdan hazil qilishga kuchi yetmasdan soʻlish tortdi. Nega xafa boʻla-yotganiga oʻzi ham tushunmadi. Eridagi oʻzgarishni istasa darhol sezadigan Masha qoʻshnisiga gazetasini tutqazdi va birpasda malika qiyofasiga kirib, uni kuzata boshladi:
— Kechirasan, Lida... Biz kinoga otlanayotgandik... Kechqurun kir... Abdurahmon anchaga garangsib oʻtirdi. U hamon nega dili siyoh boʻlganini anglayolmasdi. Faqat qattiq haqoratlanganlikning ogʻrigʻini his qilar, ammo bu ogʻriqni Lidaning qaysi soʻzi olib kelganini tushunib yetmasdi...
— Xafa boʻlma, Alik... Lidani javrashini oʻzing bilasan-ku...

Masha erining sochini silab, kutilmagan navozish koʻrsatdi. Uning bu harakati Abdurahmonning xavotirini tasdiqladi, — damak, nimadir boʻlgan... Nahotki... Nahotki... Lida oʻzbeklarni soʻkkani uchun xafa boʻlgan boʻlsa?.. U oʻzining ixtirosidan oʻzi hayratga tushib, chuqur xoʻrsindi. Bu haqoratdan dili xira tortganligi uchun negadir oʻzidan minnatdor ekanligiga yana bir bor hayron qoldi.
— Masha! Yuzta quyib kel...

Eriga quvnoqlik kayfiyati qaytayotganini his qilgan «Malika» yengil qadamlar bilan oshxonaga yoʻnaldi.

Abdurahmon stakanni koʻzini yumib simirdi. Shu asnoda qadrdon doʻsti Nikolay xotini Nadya bilan kirib kelishdi. Stolda yarimta paydo boʻldi. Yarim soatdan soʻng u ertalabki voqeani tamom unutib, «faylasuf»ning — Kolyaning inson umri haqidagi «plastinka»sini balki mingingchi bor qayta eshitib oʻltirardi.
— Insonning umri, — derdi Kolya qizishib,—bu... oqayotgan suv!.. Kim erinmasdan kanal qazsa, suv oʻshaniki! Biz kanal qazmaganmiz! Umrimiz oqib yotibdi. — U ovozini pasaytirdi. — Biz uchun boshqalar kanal qazishgan... Hammamiz uchun bitta! Mana endi bir zavodning ichida oʻn ming odam aralash-quralash boʻlib oqyapmiz. Hammamiz bir xil... Mendan sening farqing yoʻq. Faqat oʻzlariga oson boʻlishi uchun ismu sharifimizni qoldirishgan, xolos...

Kolyaning «plastinka»si bugun oʻzgacha ta’sir qildi. Haqiqatan ham, Kolya, meni sendan farqim yoʻq! Kimlardir qazgan kanal ichiga benomu nishon choʻkib ketamiz! Hech kim bizni eslamaydi, doʻstim! «Xalq dushmanilarining suyaklarini koʻrganmisan? Qabristonlari toʻla suyak! Sochilib yotibdi! Ular ham odam boʻlgan-ku, Kolya! Ular uchun ham bitta kanal qazishganmi? Bizning soʻngaklarimiz ham xuddi shunday sochilib qoladi, azizim Kolya! Hech kim eslamaydi! Hech kim! Biz kimmiz?! Faqat sovrilishga arziymiz, Kolya...

Shu payt yana birdan Abdurahmonning yodiga ertalabki xafachilik tushdi. Sarxush boshini qoʻllari orasiga olib, uzoq xayolga toldi.
— Alik, ashula aytib ber!, — deb iltimos qildi Nadya, ichganida paydo boʻladigan nozli ovozda erkalanib.

Abdurahmon goʻyo yana haqorat eshitganday, sapchib oʻrnidan turib ketdi:
— Tinch qoʻysang-chi!.. ,

Ammo qoʻrslik qilib qoʻyganini tushinib, stul ortidan Nadyani mahkam kuchoqladi:
— Kechir, Nadyusha!.. Kechir! Boshqa safar albatta aytib beraman.

Mehmonlar ketishgandan soʻng Abdurahmon odatdagiday, mayi nobning sarxush quchogʻida qotib uxlab qoldi. Uygʻonganida, shom gʻira-shira koʻlankasini derazadan xonaga tashlagandi. U butun vujudi bilan ogʻirlashayotgan qorongʻilikning zalvorini sezib, oʻrnidan qoʻzgʻoldi. Oshxonaning eshigi tirqishidan tushib turgan yorugʻni koʻrib, oshxonaga kirdi. Masha parishon bir alfozda toʻzigan kalta sochlarini panjalari bilan taragancha, xayollanib oʻltirardi.
— Kir, Alik. Qizingdan kelgan xatni oʻqi.

Shundagina Abdurahmonning koʻzi stol ustidagi xatga tushdi.
— Nima deb yozibdi?
— O’qi...

«Oyi... Xavotir olmanglar... O’qishim yaxshi... Fabrikadan toʻgʻri darsga... Moskva sovuq... Bir oʻzbek bilan tanishib qoldim... Oti — Said... Samarqanddan... Men ham yaxshi koʻraman... Said Samarqandda yashaymiz deydi... Axir, dadam oʻzbek... Saidning hamshaharlari... O’zbekchani bilmasligimga hayron qolishdi... Men baribir oʻzbek qiziman, Chaganalikman, dedim... Dadam... Xafa boʻlmasmikin?..»
— Xafa boʻlmaysanmi, dadasi? — deb xatdagi savolni takrorladi Masha. U hafsalasizlik bilan jilmayib, savol nazari bilan qarab tursa ham, erining nima deyishini oldindan anglab yetgani shundoq aft-angoridan ma’lum edi.

Abdurahmon esa xatga yana bir marta koʻz yugurtirdi. Negadir konvertdagi manzilgoh yovuzini sinchiklab oʻqigan boʻldi. Peshonasini tirishtirib, qoʻllari bilan sochini ezgʻiladi. Soʻng ilkis harakat bilan oʻrnidan qoʻzgʻoldi. Koʻzlarini yumganicha, boshini magʻrurona bir holatda orqaga tashlab:
— Qoniga tortibdi...—dedi.

U bu gapni deyarli shivirlab aytgan boʻlsa-da, ikkalasi ham allaqanday tantanavor ruhni payqashdi.
— O’tir, Alik, oʻtir, — dedi Masha allanechuk xavotirlanib. Abdurahmon shiddat bilan engashdi-da, xotinining boshini bagʻriga bosdi.
— Masha! —dedi u ichida kechayotgan tuygʻulardan lazzatlanib. — Masha... Qizimni qara! Qoniga tortibdi!..

Abdurahmon nega quvonayotganiga oʻzi ham hayronday, bir dam qotib qoldi. «Biror marta sen oʻzbeksan, deb aytmagan boʻlsam... deb oʻyladi u, demak, qoniga tortgan-da!». Keyin oʻzining ham tomirlarida oʻzbekning qoni oqayotganini aniq tasavvur qildi. Aroqdan karaxtlanib yuragidan otilib chiqayotgan qirmizi qo,n butun gavdasi boʻylab bemaqsad yugurayotganini, ammo hozirgi hayajonning bilinar-bilinmas toʻlqiichalari ruhiga koʻchgani sayin, uzoqlardan — sahrolar, oʻrmonlar, togʻlar osha taralayotgan buyuk bir chorlov sadosidan jimirlab, yurakning bir chetida bezga sargʻayib qolgan oʻzlik chorbogʻi sari yoʻnalganini koʻrdi. Abdurahmon birdan bu dunyoga osmondan tushmaganligini, uning ham ildizi borligini; keng jahondagi qaysidir bir chorbogʻning taqdir uzoqlarga oʻtqazgan niholi ekanligini payqadi.
— Masha!..
— Ichasanmi?
— yoʻq... Masha!..

Abdurahmon xotiniga nimadir demoqchi boʻldi, ammo koʻp yillardan buyon koʻnglidagi jarayonlarni soʻzga koʻchirish malakasini yoʻqotib qoʻygan tili aylanmadi. Xotini uning nima demoqchi boʻlganini fahmlaganday, jilmaydi. Soʻng oʻrnidan turdi-da, erining yelkasiga ohista urib, mehmonxonaga boshladi.
— Televizor koʻramiz...

Ammo bu uyda taqdir oʻzining allaqanday tushuniksiz oʻyinini boshlagani ayon edi. Ekran yorishganidanoq diktor qiz «aziz tomoshabinlarni «O’zbekfilm» kinostudiyasida suratga olingan «O’TGAN KUNLAR» filmini koʻrishga taklif» etdi. Masha qaqillab kuldi.
— Alik! Bugun oʻzbeklarniki, shekilli... A, jonim?..

U negadir zavqlanganicha, erining betiga asta-asta urib qoʻydi. Bu hazil Abdurahmonga yoqdi. U eriganini bildirmaslik uchun yuziga jiddiy tus berib, kresloga choʻkdi. «O’tgan kunlar»... «Abdulla Qodiriyning shu nomdagi asari asosida»... oʻqidi u ekrandan. Kutilmaganda, ekranga Qodiriy kitobining mallarang muqovasi suzib chiqdi. Keyin panjaraga suyanib, kimgadir qoʻl silkitayotgan qiz harir gʻuborlar ichidan paydo boʻldi. Salima!..
— Hozirgi koʻringan qiz, — dedi Abdurahmon xotiniga qaramasdan, — men bilan bolalar uyida...

Ammo xonada hech kim yoʻq edi. U yana ekranga koʻz tashlaganida esa, Salima ham gʻoyib boʻlgandi...

Abdurahmon filmni, oʻzi haqida olinganday, qiziqib tomosha qildi. U qahramonlarning har bir harakatidan zavqlanar, dam-badam «uf» tortar, kular va qorongʻidan uyalmay, oshkora yigʻlardi. Endi u oʻrischa ashulalar aytganida tovushida paydo boʻladigan begona nolalarning qaerdan adashib kelganligini oydin bir oʻkinch bilan his qildi. Qoʻshiqdagi hasrat! Ildizidan ayro tushgan za’faron barglarning yiroqdagi chorbogʻi bilan vidolashuvi edingmi sen? Nahotki, shuncha yildan buyon xazonligʻda ado boʻlmagan boʻlsang! Chirib bitmagan boʻlsang!

Abdurahmon xotinini bir mahal uygʻotdi.
— Alik, ichganmisan? — dedi xotini ogʻrinib.
— Yoʻq... Masha, judayam jiddiy gapim bor...
— Ertaga kun yoʻqmi?.. Ichmaganmisan?
— Ichmaganman, Masha, ichmaganman!..
— «Uf» de-chi!
— Mana... U-uf-f!

Masha erining mast emasligiga ishonch hosil qilib, yostiqdan bosh koʻtardi va hozir qandaydir muhim xabar eshitishini koʻngli sezib, hushyor tortdi.
— Masha... Men Chaganaga bormoqchiman.
— Qaerga?
— Chaganaga... O’zbekistonga-da.

Ayol erining boʻynidan mahkam quchoqladi...

Abdurahmon bir haftadan keyin Chaganaga joʻnab ketdi. Masha u xuddi chet elga ketayotganday, izzat-ikrom bilan jomadonni yigʻishtirdi, yigʻlab dildorlik koʻrsatdi. Abdurahmonning koʻz oldida bir daqiqa oʻsha — uni choʻmiltirgan qiz paydo boʻldi...

Tepaliklaru jarlarga, qoyalaru ungurlarga chap berib, tun bagʻriga oralab ketayotgan yoʻlni faralar goh yoʻqotib, goh topadi. Mashina goh kuchanib balandlikka oʻrlaydi, goh erkin nafas olib, pastlikka gʻizillaydi. Abdurahmon ham motorning ovoziga qoʻshilib zoʻriqadi, yengil tortadi; ichi quvonchli bevovtalikka toʻlgan, oʻzini Malla deb tanishtirgan shopirning savollariga allaqanday charaqlab, chaqqon tabassum bilan javob beradi. Mashina derazasidan qorongʻulikka tikiladi. Yulduzlari yarqirayotgan osmon tagida qirlarning bosiq yelkalari elas-elas chizilib koʻrinadi. Yoʻlni har muyulishda kesib chiqayotgan soyda osmon parchasi bir yarq etib oʻtadi. Olisdan bir toʻp yogʻdu dastasi boʻlib tuyulgan qishloqlarning chiroqlari mashina yaqinlashgani sari sochiladi — hovlilarga koʻchadi. Abdurahmon yanada bezovtalanib Mallaga qaraydi.
— Chaganani sogʻinibsiz, aka! Yana sabringizga balli! Biz bir kun koʻrmasak, oʻladigan boʻp qolamiz... Yigirma yil-a! Qoyil!..

Shopir boshini xushvaqtlik bilan sarak-sarak qiladi. Abdurahmon kuladi. Chagana yangiliklaridan soʻraydi, oʻzi bilgan odamlarni surishtiradi.
— Chorievni oʻlib ketganiga besh yil boʻlgandir-ov... Avval direktor boʻlganmi?..

Keyin... Zavxoʻz edi, shekilli. Ha, zavxoʻz edi. O’lganda detdoʻmda qiyomat boʻlgan deyishadi... Ikki yuz bola xor boʻp, yigʻlasa, vahima-da!.. Uch kun maktabga ham borishmaganmish... Yaxshi odamning oʻlimi shunday boʻlsa kerak-da, aka!.. Yoʻldosh deganingiz... Ismu sharifini ayting-da!.. Chaganaga Yoʻldoshdan xudo bergan, aka... Omonov, dedingizmi? Nega bilmaylik, bilamiz-da! Boʻlim boshligʻi! G’irillab yuribdi... Toʻgʻri soʻz odam... Na raykoʻmni qosh-qovogʻiga qaraydi, na obkoʻmni...

Abdurahmon goh ma’yuslanadi, goh zavqlanadi. Koʻnglini toʻldirib kelayotgan turfa rang tuygʻular ichida butun jonu tani rohatlanadi. Qorongʻulik qoʻynida unga sokin bir mehr bilan boqib qolayotgan tepaliklar, qirlardan, qishloqlardan, daraxtlardan, yoʻllarga oʻralashib, undan koʻngil uzolmay oqayotgan soyning suvlaridan, qolaversa, chaganalik manovi shopir yigitning iltifoti suhbatlaridan aziz mehmonga baxshida bir rohat barq uradi. Abdurahmon bu joylar uni sogʻinganini sezadi. Kabina oynasini tushiradi. Bagʻri sogʻinch toʻla havo yuzini silaydi, koʻksiga salqin tanini yutoqib bosadi. Beixtiyor koʻzda qalqqan bir tomchi yoshni mashina ortida yugurib kelayotgan zulmat qoʻyniga — benomu-nishonlik sari uchirib ketadi...
— Chaganani sogʻinibsiz, aka, — deydi yana Malla. Bu safar u bu gapni hazin bir holda aytadi. — Qirq besh daqiqadan keyin Chagana...

Abdurahmon koʻzini yumadi. O’zini bosib olishga harakat qiladi. Ammo bechidamlik qadar oʻrtanish unga halovat lozim koʻrmaydi...
— Eh, Malla!.. Mallaboy!.. — deb shopirning yelkasiga shaxt ila uradi. Bu harakati bilan uni tushunayotgani uchun yigitga minnatdorchilik bildirganday boʻladi...
— Hozir yetamiz, aka, hozir...

Motor yanada gʻayratliroq guvillaydi, shamol sochlariga shiddatliroq chang soladi... Endi yoʻl ravonlashganday edi. Ufqlar olislardan bahaybat maxluqlar kabi vahimali qorayib, yulduzli osmon etaklarini koʻtargancha turgan togʻlarning bilinar-bilinmas yelkalarigacha kengaygan, hatto soy ham qaysi bir koʻprikning tagida holdan toyib qolib ketgandi.

Abdurahmon mashinaning toʻxtaganini payqadi. Allaqanday tepalikda turishardi. Soʻl tarafda — pastlikda, chirogʻlarining soniga qaraganda, chogʻroq qishloq.
— Aka! Joʻrangizni koʻrsatib ketaymi? Yoʻldosh akani aytayapman. Bugun bir choʻponi toʻy qilyapti... Omonov aka hamma choʻponlarining toʻyini oʻzi bosh boʻlib oʻtkazadi... Ana, qarang! — Malla chiroq yogʻdulari toʻlib-toshib turgan hovlini koʻrsatdi. — Toʻyxona... Qozon koʻtardisiga yetib qolamiz...
— Haydang!..

Mashina katta yoʻldan qayrilib, hayal oʻtmay qishloqqa oraladida, betartib sochilib yotgan uylar orasidan aylana-aylana toʻyxona eshigiga kelib toʻxtadi. Eshik oldidagi maydonda kattayu kichik mashinalar; bir-biri bilan suhbatlashayotgan, xayrlashayotgan, toʻyxonaga kirib-chiqayotgan odamlar; uzoqroqda qorongʻidan yorugʻlikka tomon boʻyynlarini choʻzib turgan otlar...
— E, ana, Omonov aka!

Malla shoshilib mashinadan tushdi-da, sariq «RAF»ning yonida qoʻllariga gʻilofli sozlar tutgan kishilar bilan nimanidir gaplashayotgan barvasta gavdali, qunduz telpak kiygan odamga qarab yurdi. Qoʻshqoʻllab koʻrishdi. Abdurahmon yigirma ikki yildan narida qolib ketgan Yoʻldosh bilan uchrashuv bunday oson kechayotganini tasavvuriga sigʻdirolmay, garagsirab oʻtirar, endi oʻzi tomonga yurib kelayotgan odamga peshvoz chiqish lozimligini anglasa ham, oʻrnidan qoʻzgʻololmas edi. Yoʻldosh oʻktam yurib kelib, eshikni ochdi.
— Abdurahmon!.. Joʻrajon, bormisan?!.

U choʻzilib, hali nima qilarini bilmay oʻtirgan Abdurahmonni boʻynidan mahkam quchoqladi.
— Pastga tush, ogʻayni!.. Bir toʻyib quchoqlay!..

Abdurahmon mashinadan qanday tushganini bilmaydi, faqat Yoʻldoshni u ham mahkam quchoqlayotganini, dam bu yelkasiga, dam u yelkasiga navbatma-navbat bosh urib, behad suyunch ichida oʻzbekchilikning taomiliga koʻra koʻrishayotganini sezadi.
— Abdurahmonjon!.. O’zimni detdomim!.. Bor ekansan-ku! Odam ham shunday yoʻqolib ketadimi?!

Bunday nogahoniy uchrashuvlar odamning yodiga nimalarni solmaydi? Yaxshi kunlarning epkiniyu yomon kunlarning izgʻirin xotiralarni bir lahzada larzaga soladi, koʻzlar namlanadi, ovozlar titraydi... Yoʻldosh doʻstini bir qoʻli bilan yelkasidan quchoqlaganicha yoruqqa olib chiqadi.
— Birodarlar!— dedi u bayram kayfiyatini hammaga bildirib, — yigirma ikki yil yoʻqotgan ogʻaynim keldi. Mana! Abdurahmon!.. — U doʻstini yoʻqdan bor etgan sehrgarday, tantanavor qiyofada hammaga namoyish etardi.

Odamlar Abdurahmon bilan koʻrisha ketishdi. Uni kimdir bagʻriga bosdi, kimdir jon-jahdi bilan qoʻllarini silkib koʻrishdi — yuzlarda tabassum, koʻzlarda quvonch...
— Toʻyning egasini chaqiring! Soyib akaga aytinglar! Yoʻldosh detdomning mehmonini oʻzi chiqib, toʻyga taklif qilsin!.. Tez boʻlinglar!

Yoʻldoshning hayqirigʻi negadir odamlarga yoqdi. Hamma harakatga keldi. Ichkaridan yoʻl-yoʻl beqasam chopon kiygan toʻy egasi hovliqib chiqdi.
— Qani mehmon? Omonov akani mehmoni qani?!

U mehmon kimligini allaqachon bilgan, Abdurahmonga qarab quchoq ochib kelayotgan boʻlsa ham, umumquvonchni yana bir pardaga koʻtarish uchun hadeb bu savolni takrorlar edi. Abdurahmon toʻyning egasi uni chin yurakdan bagʻriga bosib koʻrishganini his qildi, oʻpkasi toʻldi...
— Xoliq! Puli koʻp artistlar detdomlar bilan koʻrishmaydimi? Yoʻldoshning hayqirigʻi pasaymasdi. «RAF» oldida turgan moʻylovli barvasta yigit norli yuziga yarashgan tabassum bilan kelib koʻrishdi.
— Xoliqjon! O’yinchilaru sozandalaringga ayt, ichkariga kirishsin! Mening doʻstim sharafiga!.. O’n besh minut!..

Hamma toʻyxonaga kirdi. Toʻy tarqagan hisob—ayollar stollar ustidagi ovqat qoldiqlarini yigʻishtira boshlashgan, har-har joyda uch-toʻrt odam bosh urishtirib oʻtirishibdi... Birpasda dasturxon yozildi, nozu-ne’mat keltirildi, ichimlik...
— Xoliq! Endi bir ayt!.. «Zamonda xoru zorman»ni ayt. Yoʻldosh akangni kuygan jonini qayta kuydir!..

Xoliq ashula boshladi. G’ijjak ingrab joʻr boʻldi, nay havolarga sigʻmay nola etdi... «Ishqingda beqarorman — boisi sen... Zamonda xoru zorman — boisi sen...» (Sobir Termiziy gʻazalidan misralar) deb qoʻshiqchi toʻyxona ustidan yulduzlarga qaragancha, kimgadir ta’na etdi, yolvordi. Soʻngaklarigacha zirqirayotganini his qilgan Abdurahmon soqiy uzatgan aroq toʻla piyolani oldiyu davradagilar bilan urishtirgach, rohat qilib simirdi.
— Yigʻlatasan-a, Xoliq! Shoʻxrogʻidan chal!..

Yoʻldosh raqsga tushib, Abdurahmonga qarab muqom qildi. Abdurahmon Yoʻldoshni — sagʻirlikning azobini birga boshdan kechirishgan bolalik doʻstini yigirma ikki yil mobaynida deyarli eslamaganini oʻylab, uyaldi. Kimdir mehmonni ham oʻyinga tortdi. Abdurahmon davraga chiqishi bilan vujudi oʻzbekcha raqsni unutmaganini his qildi. U berilib yer tepayotgan Yoʻldoshning qarshisiga bordida yarim hazil, yarim chin qabilida yoʻrgʻalab ketdi...

Abdurahmonning Chaganadagi hayoti shunday boshlandi. Toʻydan toʻgʻri Yoʻldoshnikiga keldilar. Ertasi ertalabdanoq qoʻy soʻyildi. Yoʻldosh «detdomlar»ga, yana kimlargadir telefon qildi. Xotiraning chalkash changalzorlarida yoʻqolib ketgan doʻstlar, endi ajinlar oralagan yuzlarini quvonchga toʻldirib, birin-ketin quchoq ochib kirib kelaverdilar. Mehmondorchilik ustiga mehmondorchilik boshlandi... Abdurahmon Yoʻldosh bilan Chagananing torkoʻchalarini ham aylanishga ulgurdi. O’sha — noqulay tarzda muvozanat saqlab turgan devorlar, daraxtlari bir-biriga mingashgan bogʻlar, daraxtlarning devordan oshib chiqib, koʻchaga engashgan shoxlari... Ammo stadion yoʻk,, oʻrnida fabrika... Maktabning oʻrnida ham begona uch qavatli bino qaqqayib turibdi,.. Chagananing tepasida savlat toʻkib turgan Toʻrtchinorga ham chiqdilar. Pastda Chagana ulkan kartada chizib qoʻyilgandek koʻrinadi. «Ishqingda beqarorman—boisi sen!», deb murojaat qildi Yoʻldosh Chaganaga. U chor tarafi togʻlar bilan oʻralgan bu maskanni bagʻriga bosmoqchi boʻlganday, qoʻllarini keng yoydi. Uning kayfiyati Abdurahmonga ham oʻtdi. «Zamonda xoru zorman — boisi sen!..» deb xitob qildi u ham va bu satrning ma’nosi oʻzining taqdiriga naqadar mos tushganligini shu qadara oydin his qildiki, birpas dovdirab qoldi, soʻng chinorning tanasiga suyanib: «Yoʻldosh! Zamonda beqarorman...» dedi ovozi xirillab. Uning koʻnglidan nimalar oʻtayotganini doʻsti oʻzicha tushundi: «E, nima bor senga oʻsha O’risiyada! Chaganaga koʻchib kel. Senu men shu yerning toshini tagida tugʻilganmiz, shu yerda oʻlishimiz kerak...» Abdurahmonning esiga birdan Salima tushdi. Balki u hozir, hoʻv, anov koʻchadan ketayotgandir yoki hoʻv gujum tagidagi uyning derazasidan Toʻrtchinorga qarayotgandir, ehtimol, ularni koʻrib ham turgandir... U Salimani hech kimdan — hatto Yoʻldoshdan ham soʻrab-surishtirmaganini, shu bilan birga soʻrash-surishtirishning hojati ham yoʻqligini, uni O’risiyadan Chaganaga kelgan taqdir Salima bilan ham yuzma-yuz etishini angladi...
— Bugun Xudoyberdi chaqirgan, — dedi Yoʻldosh hovlisidan mashinasini olib chiqarkan. — Hovuzning boʻyiga joy qiladi. Yaxshi bogʻi bor. Bir shakarguftorlik qilamiz...
— Xudoyberdi?..
— O’zimizning detdomdagi Salimaning ukasi-da...

Abdurahmon Yoʻldoshga «yalt» etib qaradi. Mehmondorchiliklarning asoratidan tanda qolgan ogʻirlik birdan arib, kayfiyati koʻtarildi. Yoʻldosh gapini davom ettirdi:
— Kecha Chorinikida xizmat qilib yurgan sariq yigit...
— Ha.
— Xudoyberdi Salimaga seni kelganingni aytsa, rosa quvonibdi bechora... O’rnidan turib oʻtiribdi, seni gapiraverib esi ketganmish...
— Nima, kasalmidi?
— Soʻrama... Besh yil avval eri avariyada oʻlganida infarkt oldi. Ikki oy avval Xudoyberdidan kichik bir ukasi armiyadan nobud boʻlib qaytganda, yana... Yetibdi-da, bechora... Bu dunyosi shu ekan. Abdurahmonboy...

Mashina Chagana markazini oralab borardi.
— Hamma ukalariga oʻzi bosh edi. Ona oʻrniga ona... Keyin sitamu uqubatlar ham odamni yeb tashlar ekan... Shu oʻzimiz bilan detdomda birga boʻlganlardan... Farmon oʻldi. O’qituvchi edi. Majlisda Shoberdiev bilan tashlashib turib oʻlib qoldi...
— Shoberdiev... bormi?
— G’irday yuribdi enagʻar kal! Maktab direktori... Xoʻsh, Alim choʻloq... Bultur vafot etdi... Undan oldin Karim... Togʻdan oʻligini olib kyolishdi. Sharif... O’zini osib qoʻydi.
— O’zini osib qoʻydi? Nimaga?
— Kim biladi deysan! Birov unday deydi, birov bunday deydi... Xudo bilmasa, bandasi bilmaydi, Abdurahmonboy... Hammasi sitamni koʻpligida... Bizni detdoʻmlarni dardga eti yupqa tortib qolganmi deb oʻylayman ba’zan. Tugʻilgandan kulfat ichida yurgandan keyin... Yurak ham yeyilib ketar ekan-da! Tappa yiqilib oʻlib qolyapmiz... Qolganlarning boshi toshdan boʻlsin...

Mashina endi egri-bugri tor koʻchadan borardi.
— Ie!.. Xudoyo, tinchlik boʻlsin endi! Qara, Xudoyberdinig uyini oldida «tez yordam» turibdi...

Abdurahmon koʻchanig adogʻida turgan mashinani koʻrdi.
— Xudoyo, tinchlik boʻlsin, — deb takrorladi u oʻzi ham kutmagan ixlos bilan. «Tez yordam»ning yoniga kelib toʻxtadilar. Yoʻldosh kabinada oʻtirgan shofyor bilan soʻrashdi:
— Ha, Qoʻchqorboy?
— Opani mazasi qochgan shekilli...
— Men hozir...

Yoʻldosh hovliga kirib ketdi. Hayallamay Xudryberdi bilan qaytib chiqdilar.
— Keling, aka, keling... Xush kelibsiz! Marhamat!—Xudoyberdi Abdurahmon bilan koʻrishdi-da, qoʻshni darvozaga qoʻsh qoʻllab taklif qildi.
— Endi boshqa payt kelamiz, Xudoyberdi. Salima yaxshi boʻlaversin... Xudo xohlasa... — dedi Yoʻldosh e’tirozga oʻrin qoldirmaydigan bosiq bir ohangda.

Qaytdilar. Yoʻldosh har dam boshini sarak-sarak etib qoʻyar, Abdurahmon esa, rangi oqargancha sigaret tutatardi.
— Ahvoli qanday?— deb soʻradi u nihoyat.
— Xudo oʻzi madad bermasa... Yomon.

Abdurahmon qoʻllari qaltirayotgani, bu titroq bugun Salimaning ismini eshitganidanoq taniga kirganligini hozir angladi. U dabdurstdan Salima bilan koʻrishib boʻlmasligini ham avvaldan bilishini va bugungi sarguzasht hali davomli ekanligini tushundi. Xayolida allaqanday chigallanib qolgan tugunning tasviri koʻrindi. Bu tugunning bir uchi oʻzining taqdiriga chalkashgani, bir uchi esa Salimaning hovlisi ustida jonsarak hilpirab turgani koʻz oʻngida jonlandi...

Yoʻldoshning uyida mezbon bilan ichdilar... Keyin uzoq gaplashib oʻltirdilar. Abdurahmon ashula aytdi. Baribir yurakning gʻijimi tarqamasdi...

U kechasi bir mahal uygʻondi. Bir deraza oy nuri koʻrpasiga tushib turardi. Tashqari chiqdi. Oydin sukunat. Hovli rohatlanib oyni tomosha qilyapti. Bogʻdagi daraxtlarning soyalari bir-birlariga qoʻshilib bir umumkoʻlka tashkil etgan. Shamol yoʻq... Abdurahmon negadir hayajonlanib bogʻ ichiga qaradi. Bogʻning toʻrida bir parcha joy yorishib turardi. «Tandirning kulini tashlashgan boʻlsa... Choʻgʻ-moʻgʻ qolganir» deb oʻyladi va beixtiyor oʻsha tarafga yurdi. Yaqinlashgani sayin bu taxmini notoʻgʻri ekanligini tobora tushunib bordi, ammo qandaydir kuch uni oldinga boshlardi. Oyoqlari izmidan tashqari qadam tashlar, lablari qurshagan, a’zoyi badanini sovuq ter bosgan edi. U yorugʻlik yaltirab turgan joydan koʻzlarini uzolmay bir alfozda oldinga yurar, qadamining tovushini eshitmas — yuragi hozir yuz berishi mumkin boʻlgan hodisaning sehrli xavotiri bilan toʻla edi.
— Abdurahmon...

Bu tovush koʻkragiga urilib, uni toʻxtatdi. Yigit yorugʻlik kuchayganini va endi yorugʻlik ichida odam turganini koʻrdi.
— Abdurahmon... Qoʻrqmang!

Bu tovushni qaerda eshitgan? Yorugʻlik yanada kuchaydi. Endi qarshisida naq kunduzning parchasi edi. Yorugʻlikning ichidagi odamning esa yuzi ayon koʻrindi. U Salima edi. Ayol daraxtning tanasiga suyanganicha, kulibgina qarab turardi. Abdurahmon birdan qoʻrquvdan xalos boʻlganini tuyib, oldinga yurmoqchi boʻldi.
— Qoʻzgʻolmang!.. Shundoq gaplashaveramiz...

Ayol gapirganda ogʻzini ochmas, labidagi tabassumi ham buzilmas edi. Tovushi allaqanday baxmal toʻlqinlarga oʻralib, quloqqa yoqimli tegardi.
— Sizni bir koʻray dedim...

Abdurahmon gapirmoqchi boʻldi, ammo ogʻzini ochishga ulgurmasidan, oʻz tovushini eshitdi.
— Men ham sizni...

Ayol qoʻlini koʻtarib uning ovozini toʻxtadi.
— Yolgʻon gapirmang... Faqat men sizni koʻray deb yashadim. Faqat yaqindan boshlab...
— Yaqindan boshlab... Nima boʻldi?
— Meni oʻylashga majbur boʻldingiz. O’zim majbur qildim.
— Salima, men sizni televizorda koʻrdim.

Ayol kuldi. Soʻng yuzlarini yarim bekitib, pastga oqib yotgan sochlarini magʻrur bir harakat bilan orqaga tashladi.
— Bilaman...

Abdurahmon ayolning bu gapiga ajablanmadi.
— Kasal holingizga... O’zim borardim...
— Men ketyapman, Abdurahmon...
— Kasalsizu ketaman deysiz.

Ayolning yuzi jiddiy tus oldi. Boshini bir tomonga qiyshaytirib, nimagadir quloq soldi-da:
— Hozir... — deb pichirladi va endi yigitga jovdirab tikildi:—Xayrlashgani keldim... Sogʻingan edim... Chidayolmadim... Keyingi paytlarda koʻp bezovta etganim uchun uzr...

Ayol yana kimgadir «hozir» dedi-da, ma’yuslanib Abdurahmonga qaradi. Uning koʻzlaridan yoshi oqib, tabassumini ushlab qolishga urinayotgan lablariga oqdi. Qaerdandir dastroʻmol olib, yuziga bosdi.
— Qoʻyishmayapti... Birpasga ham koʻnishmaydi-ya!..

Salima hamon goʻzal edi. Hech oʻzgarmagandi. Bolalar uyida qanday boʻlsa, shunday. Abdurahmon koʻnglining oʻsha unut boʻlgan tuygʻular bilan limmo-lim toʻlganini sezdi. Ayolga talpindi.
— Qoʻzgʻolmang! — shivirladi Salima.
— Hech oʻzgarmabsiz!..
— Ataylab... Siz uchun...

Ayol bir zum oʻylanib qoldi. Soʻng yigitga shunday tikildiki, yigit bu nigohda yigirma besh yillik sochlariga oq tushgan sogʻinchni; hasratda yonaverib, kulga koʻchgan armonni; koʻngil eshigi oldida hamon mustar oʻltirgan umidni — arosatda qolgan MUHABBATning tirik vujudini koʻrdi.
— Salima! — dedi u oʻrtanib. Ayol indamadi.
— Abdurahmon... Men hozir ketaman... Siz qoʻrqmang. Xayr...
— Ertaga koʻrgani boraman...
— Unday demang... Xayr... Qoʻrqmasdan borib uxlang.

Salima shunday dedi-da, bogʻ oralab, devorga qarab yurdi. Yorugʻlik unga ergashgani sari xiralashib borardi. Ayol devorga yetganida u tamom oʻchdi. Ammo odamning koʻlkasi oydinda goʻyo havoda uchganday devorga chiqdi.
— Xush qoling... Xayr...

Tovush yigʻi aralash edi. Abdurahmon ham toʻliqib, devordagi koʻlkaga qarab yutinardi-yu tomogʻiga tiqilgan hayajonni bosolmasdi. Lablari shoʻr tortganligini sezdi.
— Xayr...

Koʻlka bir zumda gʻoyib boʻldi. Abdrurahmonga koʻlka devordan koʻchaga oshib tushmaganday, balki osmonga — oyu yulduzlar tarafga uchib ketganday tuyuldi...

Abdurahmon uyga qarab yurdi. Ayvonga chiqarkan, ortiga burilib qaradi. Bogʻ allaqanday hayajondan boʻshab qolgan, olam sukunatida tanglik yoʻqolganday edi. Shunda Abdurahmon oydinlikdan andisha qilib, daraxtlarning koʻlkasida allanechuk bechorahol oʻltirgan gʻussani koʻrdi. «Salimaning gʻussasi...— oʻyladi u.— G’ussasini qoldirib ketibdi... Demak, xudo xohlasa, tuzalib ketadi»... U uyga kirarkan, koʻp yillardan buyon birinchi marta «xudo xohlasa» jumlasi xayoliga kelganidan hayron qoldi.

...Ertalab uni Yoʻldosh uygʻotdi.
— Tez tur! Choy tayyor...

Doʻstining ovozidagi tashvish darrov hushyor tortirdi.
— Tinchlikmi? — deb soʻradi yostiqdan bosh koʻtararkan. Yoʻldosh unga bir zum xayolga botib qarab turgach:
— Xudo Salimani koʻpga qoʻshibdi,— dedi, soʻng choʻnqayib oʻtirdi-da, Abdurahmonning koʻziga qarab:— Aytdim-ku, biz detdomliklarning terimiz yupqa boʻlib qolgan... O’lib ketaveramiz,— dedi alam bilan.

Abdurahmon taqdir unga tushu hushning farqini qoldirmaganini angladi.

Safar qaridi. Salimaning oʻlimidan keyin Abdurahmon joʻnashi lozimlig-ini tushundi. Yana bir-ikki kun mehmonga borgan boʻldi. Ammo oʻtirishlar ham tatimadi.

Yuragining tevaragida allaqanday sovuq boʻshliq paydo boʻlganini payqadi. Doʻstlarning samimiy iltifotlari ham koʻnglida ilgarigidek tugʻyon uygʻotmas, aksincha, muqarrar ayriliq oldidan keladigan hazinlik ogʻushiga solar edi. U yana Chaganani piyodalab aylandi. Xotirasida omon qolgan tor koʻchalarni bir-bir kezib chiqdi. Shaharni qoq ikkiga ajratgan soyga tushdi, bahor sellari keltirib tashlagan toshlarga oʻltirib, bu hazin holatga oʻzini tashlaganicha xayol surdi. Va noxos Chagana bilan xayrlashayotganini, balki bu xayrlashuvdan soʻng qayta koʻrishuv nasib etmasligini ham angladi. Angladiyu soyning ikki betiga tirmashib, togʻlar poyiga qadar yastanib ketgan bu moʻ‘jaz maskan uning Vatani ekanligini jigar-bagʻri qon boʻlib his qildi. U boʻ yerga chorlab kelgani uchun Salimadan... Salimaning ruhidan minnatdor boʻldy. Rahmatlik Salima! Nahotki, unga Vatanini qayta tanishtirgani chorlagan boʻlsa?.. Iloyo, joying jannatda boʻlsin!.. Vatan!.. Qadringni bagʻringdagilar bilishmaydi. Seni sezish uchun yigirma yillab-ayriliqda — afsunu joduga oʻralib, xiyonatu nayrangga toʻla dunyoga sajda etib yashamoq qerak. Seni sezish uchun gʻofillik tumani ichida oqayotgan Vaqt daryosiga umidu shijoatdan ayro vujudni tashlab, behushu vayron umrguzaronlik etmoq lozim. Ammo taqdir otligʻ qudratli bir kuch borkim, u beshafqat qoʻllari bilan onani boladan, yurakni sevgidan, tanni jondan judo etadi, azob-uqubat oʻtiga ayamay uloqtiradi. Vatan! Seni bir lahzaga tanitib, bu taqdir yana meni qaylarga uchirib ketmoqchi? O, taqdirdan ustun kelgan kim? Abdurahmon taqdirga qarshi isyon koʻtarishga oʻzida kuch yoʻqligini payqadi... Safar endi tamom qarigandi.

Ertalab Yoʻldosh dam bolalariga, dam xotiniga hayqirganicha koʻrsatmalar berib, mashinani yoʻlga sozlar, yuklarni joylar, jigʻi-biyroni chiqib Abdurahmonga ham norozilik bildirar edi:
— Yigirma yilda bir kelgan odam-a!.. Borarsan shu O’risiyangga! Nima, seni birov quvib yuboryaptimi? Gapning sarasini aytsam, Abdurahmonboy, u yoqlarda sanqib yurganing yetar! Koʻchib kel. Gala detdom bir boʻlib, bir uyni tikka qilib berarmiz!.. Chet ellik turistga oʻxshaysan-a!..

Hovlining darvozasi taqillab, Yoʻldoshning javrashi boʻlindi. Darvozadagi darchadan ayol kishining boshi koʻrindi-da, yana oʻzini tashqariga oldi.
— Qara!—deb xotiniga zabt etdi hamon shashtidan tushmagan Yoʻldosh. Xotini erining baqirishlaridan negadir yayrab, tashqariga chiqdi. U hayallamay qaytib kirdi-da, Abdurahmonga gʻalati qarash qilib:
— Aka, sizni soʻrashyapti,— dedi.

Yoʻldosh xotiniga bir qarab olib, ishini davom ettiraverdi. Abdurahmon darvozadan tashqari chiqdiyu, hushdan ketadigan bir alfozda qalqib tushdi. Uning qarshisida koʻm-koʻk libosda, boshiga katta qora roʻmol oʻrab olgan... Salima turardi. Xuddi bogʻda koʻringaniday yosh, faqat chehrasida cheksiz gʻussa, Abdurahmonga bir qarab, yana yerga tikilgan nigohida motamning buhudud alami...
— Amaki... Men Hudoyberdi akaning jiyani boʻlaman...

Qiz Abdurahmonning kalovlanib, hech narsa tushunmay turganini koʻrgach:
— Salima opaning qizi... Detdomdagi...— dedi ovozi pasayib.
— Salimaning qizi?...— deb soʻradi Abdurahmon va birdan oʻziga kelib, javdiragancha, qizga hamdardlik koʻrsata ketdi:— Chidamasdan ilojimiz qancha! Xudoyim onangning umrini ham senga bersin! Onang koʻrmagan baxtlarni koʻr! G’am nimaligini bilmagin bu dunyoda!..

Abdurahmon gapirgan koʻyi dili, jigari xun boʻlib borarkan, bu olqashlari Chorievning jonsarakliklariga oʻxshab ketayotganini payqadi... Negadir bu kashfiyoti koʻngliga tasallibaxsh yorugʻlik olib kirganini ham sezdi. Qiz boshini koʻtarmay, uning gapi ado boʻlishini kutib turar, hali vujudini vayron etayotgan judolik dardidan bezovta edi.
— Amaki... Enam siz haqingizda koʻp gapirib berganlar... Kelganingizni eshitib xursand boʻlgan edilar... Togʻamlarnikiga mehmonga kelishingizni eshitib... Mana buni berib qoʻy, menga nasib qilmasa, degandilar...

Qiz endi yigʻlardi... U biroz taraddudlanib turgach, qoʻlidagi gazetaga oʻralgan toʻrtburchak narsani Abdurahmonga uzatdi.
— Bu nima?

Qiz javob bermasdan burildi-da, boshini egganicha, tez-tez yurib ketdi. Tor koʻchaning noilojlikda — mehru shafqatdan mosuvolik ichida oʻrtanib qarab turishidan, Abdurahmon qizning hamon selu sabor yigʻlab ketayotganini angladi. Zolim falak balanddan bemalol boqib turar, toʻymas yer esa koʻchani seskantirib toshlariga toʻkilgan koʻz yoshlarga parvo ham etmay bemalol yotar edi...

Yoʻldosh mashinani koʻchaga olib chiqdi. Abdurahmon uning yoniga oʻtirdi. «Aka, omon boring», deb Yoʻldoshning xotini, bolari bilan duo berdi. Joʻnadilar...

Abdurahmon qoʻlida hamon Salimaning qizi tashlab ketgan narsani ushlab turganini sezdi. Negadir az’oyi badanini xavotir oʻrtab, gazetani ochdi... O, «O’tgan kunlar!» O’sha! U oʻsha malla muqovali kitobni darhol tanidi. O’qilaverib titilib ketibsan-ku! Seni kim bedor kechalarining hasratida toʻzgʻitdi, kitob! Bir bechora yigit sevgisining elchisi boʻlganingcha qaylarda qolib ketding? Sevgining elchisiga nahotki oʻlim yoʻq? Nahotki endi qaytding? Nimalar olib qaytding, bu dunyodan juvonmarg ketgan muhabbatning elchisi?..

Abdurahmon oq sahifani ochdi... Va vaqt gʻuborida xirallashib qolgan «MYeN SYeNI SYeVAMAN», degan yozuvni adoyi tamomlikda oʻqidi. Soʻng... kimningdir bemador qoʻllari titranibgina bitgan «MYeN HAM...» degan yozuvga koʻzi tushdi-da, Yoʻldoshning borligini ham unitib, oʻkirib yubordi.
— Abdurahmonjon!... Bu dunyo koʻydirdi! Bizni kuydirdi, Abdurahmon!—deb nola qildi yoʻldosh. U ham yigʻlardi.

...Tepasida zavodning minoralari qaqqayib turgan shahar har oqshomdagidek sehrli uyinini avjiga chiqargan bir paytda Abdurahmon uyiga kirib keldi. Uyida hech kim yoʻqligidan koʻngli gʻashlanib, xonalarni qayta-qayta aylanib chiqdi, soʻng televizor koʻrgani oʻtirdi. G’ashlik tark etavermagach esa, tashqariga chiqdi. Shimolning salqin yozi osmonga bulut tashlagan — yulduzlar koʻrinmaydi. Ahyon-ahyonda erinchoq bulutlar dim kechaning bagʻriga bir-yarim yomgʻir tomchisini otadi... Abdurahmon shahar markaziga qarab yurdi. Yoʻlni qisqartirish uchun eski park devorining katagidan oshib oʻtdi-da, daraxtlaru qiygʻos oʻsib yotgan oʻtlar orasidagi tanish soʻqmoqdan bemalol yoʻl topib, parkning markazga ketguchi yoʻlga tutashgan qanotiga yetdi. Parkning bu tomoni panjara bilan oʻralgan... Abdurahmon egilib, odam siqquday tirqishdan oʻtmoqchi boʻldiyu, shu koʻyi sehrlanganday qotdi. Koʻchadan Mashaning ovozi kelardi...
— Pasha!.. Shilqimlik qilma!... Abdurahmon oʻzini ichkariga oldi.
— Ochofat ekansan! Shuncha kundan buyon toʻymaganingni qara...

Masha nozlanib soʻzlardi. Shundagina Abdurahmon yoʻlkada — chiroqpana daraxt koʻlkasida bir jonu bir tan boʻlib turgan juftni koʻrdi.
— Men senga ochigʻini aytdim, jonim, Alik kelib qolishi mumkin. Bugun biznikiga borolmaymiz...
— Masha, rostini ayt, Alikni yaxshi koʻrasanmi, yoki meni...

Pasha Chiroyli-ku! Abdurahmon muzlab qolgan vujudidan ixtiyorini bergan boʻlsa ham, negadir Mashaning javobini orziqib, qoʻrqib, umid qilib kutdi...
— Ikkalangni ham yaxshi koʻraman, Pasha! Masha nozlanib kuldi.
— Xayr, u yogʻiga oʻzim ketaman. Ehtiyotkorni...— deb ataylab gapni yarmida toʻxtatdi Masha.
— ...Xudo asraydi!—deb davom ettirdi Pasha Chiroyli va qaqqos otib quldi. Soʻng boʻsa ovozlari... Soʻng Mashaning tuflichalari taxta yoʻlkani tiqillatib tun qoʻyniga singib ketdi... Abdurahmon oʻzini oʻt-oʻlanlar ustiga chalqancha tashladi. Qaysidir yomgʻir tomchisi qorongʻida adashmasdan, uning yuzini topib kelib, peshonasiga tushdi. «Chaganada yashaganimda, vah, peshonam qursin, derdim, keyin...». U keyinini oʻylashga kuch topolmadi. Tun qa’rida oʻzidan kechib, holsizlanib uzoq yotdi. O’rnidan turganida, yomgʻir kuchaygandi. Yuzi hoʻl ekanligini payqadi. Panjara tirqishidan soya kabi sharpasiz oshib oʻtdi-da, allaqanday bukchayib uyiga qarab joʻnadi.

U eshikxonaga kiraverishda oʻziga keldi. Birdan, hozir uyiga kirsa, hamma narsa avvalgiday qolishini angladi. Toʻxtab, sigaret chekdi. Nimalarnidir oʻylab hovlini aylandi. Uydagi boʻz bolalar oʻrnatgan-qoʻlbola turnik yoniga keldi. Sigaretni tashlab, turnikka osildi. Soʻng ohista yerga tushib, yana chekdi. Shoshmasdan tutatdi. Keyin shimining kamarini chiqarib olib, turnikka ilmoq qilib bogʻladi. Tortib sinab koʻrdi, noxos bolalarga xos chaqqonligu gʻayrat bilan yana qoʻsh qoʻllab osildi-da, ilmoqqa boʻynini solib, qoʻllarini boʻshatdi. Abdurahmon tanasi butun ogʻirligi bilan- yerga, yerning tagiga, undan ham naridagi tubsizlik sari uchib ketaetganligini koʻrdi. Boʻynidagi suyagi («umurtkdm!», deb oʻylashga ulgurdi u) «qirs» etib oʻrnidan qoʻzgʻalganini ham sezdi. Kekirdagi chidab boʻlmas darajada ogʻritgancha tepaga tortib, qornini choʻzardi. «Hozir uziladi... Hozir...» Ammo uni tubsizlik sari uchirib ketayotgan dahshatli zalvor oʻylashga yoʻl bermas; Yerdan, osmondan, muhabbatdan, xiyonatdan, bema’nolik va ma’nodan, boshlariga tushayotgan yomgʻir donalaridan, turnikda holsiz qolgan vujudidan ajratib, ogʻirlikning zilligi tagida ezgʻilagancha allaqaylarga shamolday yeldirib borar edi. Abdurahmon birdan bu ogʻirlikdan xalos boʻlganini, suvday quyuq, ammo tiniq havoda erkin suzayotganini payqadi. Oppoq libosli, olti qanotli farishta uni kaftlarida avaylab tutganicha uchib borardi. Abdurahmon farishtani tanidi. Farishta Salimaning oʻzi edi.

Dunyo negadir ingichkalashgandi. Abdurahmon havoning quyuqligiyu dunyoning ingichkaligi ularning tezligi shiddatidan ekanligini tushundi. Oldinda yam-yashil yogʻdularga oʻranib, shafaqlanib yotgan ufq koʻrindi. Doʻzaxmikan?..
— Doʻzax qolib ketdi,— deb nogahon javob berdi Salimaning mehribon ovozi.
— Boʻlmasa... Jannatmikan?
— Jannat ham qolib ketdi,— dedi Salimaning hasratli ovozi. Abdurahmon boshqa savol oʻylamadi. Zotan, endi savolning keragi yoʻq edi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 8-son