OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Uygʻun. Alamzadalar (hikoya)
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUygʻun
Asar nomiAlamzadalar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Uygʻun
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Alamzadalar (hikoya)
Uygʻun

Kechaning oltin chechaklari ogʻochlar orasidan nur sepadi. Tarqalib ketgan keng shoxlar yerlarga ola koʻlanka tashlagan. Bogʻchaning oʻrtaligidagi gulzor, elektr shu’lasi ostida ajib bir koʻrinish kasb etgan, mayin yelning qanotiga urilib, tiniq koʻlning yumshoq mavjlari kabi chayqaladi. Qilli muzikaning yoqimli va jozibador ohanglari toliqqan asablarga rohat bagʻishlab oʻynamoqda. Kechaning qoʻyni orom berib allalaganday...

Bogʻning bir chekkasida ovqatxona, yana bir chekkasiga kino joylashgan. Biz kinoning birinchi seansidan chiqqach, ovqatxonaga keldik. Oʻrtogʻim u yoq-bu yoqqa qarab koʻrdi-da, bir chekkani koʻrsatdi.
— Yur, hu anovi yerga borib oʻtiramiz.
— U yer juda chet, qorongʻi-ku?
— Yoʻq, yaxshi, tinch, juda ham qorongʻi emas. Qara, juda koʻrinishlik.

Borib stullarga oʻtirdik. Mahmud xizmatchini chaqirdi.

Kimlardir ovqat yemoqda, kimlardir quruq pivo ichib, suhbat qilishar edi.

Qizargan yuzlar va qisilgan koʻzlar bir-birlariga soʻz ma’qullamoqda...
— Kecha komsomol majlisi boʻldimi? Zarur ishim chiqib qolib, borolmay qoldim.
— Yoʻq, dokladchi kelmagani uchun majlis qoldirildi,— dedi Mahmud va soʻzida davom etdi.— Kecha Firqa tozalashiga bormading, juda qiziq oʻtdi. Hoshimning toza rasvosini chiqardik, butun sirlari ochildi...
— Ha, ha!.. E, attang, bormaganim chakki boʻlibdi-da. Juda qiziq boʻlgandir-a?
— Qiziq ham gapmi, uning qilgan ishlari ajoyib bir roman!..
— Bunga men aslo rozi emasman! Meni nohaq chiqardilar!.. Muttahamlar!..
— Shish... Sekinroq soʻzlang, sekinroq!..

Bu soʻzlar kelgan tomonga ikkalamiz ham baravar yalt etib qaradik.

Semiz, sermoʻylov kishi soʻzida davom etdi:
— Men... men nima? Ular kim yaxshi, kim yomon bilmaydilar. Men nima?! Men oʻn toʻqqizinchi yildan beri partiya safida turib, hech kimga yomonlik qilgan emasman!..

Oq kanoppazdan uzun kamzul kiygan, koʻkragiga yaqinroq qilib eski, kichkina shoyi belbogʻ bogʻlagan, patak soqol, oʻrta yashar yana birovi atrofga ziyrak-ziyrak nazar tashlab qoʻyadi va semizni sekinroq gapirtirishga urinadi.

Oriq, soch-soqollari oʻsib ketgan, devonasifat, eski kostyumli, 27—28 yoshlar chamasida boʻlgan uchinchisi, qovoq ostiga chuqur kirib oʻrnashgan, xayolchan koʻzlarini tikkan nuqtasidan uzmay, tinch va jim tinglardi, faqat krujkadagi tiniq, sargʻish narsani tez-tez shimirib qoʻyardi.

Bir ozdan soʻng ikkalamiz sekingina bir-birimizga qaradik. Mahmud «koʻrdingmi?» degan mazmunda boshi bilan ishora qilib qoʻydi.

Semiz ancha qizib qolgan edi.
— Bilaman! Ular yetol talashadilar! Mendek bir haqiqiy xizmatchini ularning koʻzi koʻrolmaydi. Boʻlmasa aytingchi, Abdusattor aka, mening birovga zararim tekkanmi?!
— Haqiqat, haqiqat,— dedi Abdusattor aka degani va devonasifat yigitga qarab soʻzida davom etdi: — Sultonboev toʻgʻri aytadi. Hech kimning mushugini pisht degan emas, ha! Kim boʻlsa ham, xoʻsh, qoʻlidan kelgan odamgarchiligini ayagan emas. Hali ham shunday! Ha!.. Masalan, axir, oʻzimizning ishimiz bir oz, ya’ni, chatoq «boʻlib qolganda, xudo xayr bersin, koʻp yordamlari tekkan. Masalan, yigirmanchi yillar boʻlsa kerak, mollarni u yoq-bu yoqqa oʻtkazishmas edi... Chunonchi, bir kun shaharga kirish oldidan agentlar, xoʻsh, mollarimizni tutib qoldi. U mahalda Rustamboy akam ijroqoʻm edilar, kelib sekin quloqlariga shipshitgan edik, xudo xayr bersin, oʻelari, xoʻsh, toʻgʻrilab berganlar... Eha, bunaqa yaxshiliklardan bir qanchasini qildilaru, lekin, biz, ya’ni, hech birini qaytara olmadik...

Rustam qoʻliga olgan krujkasini boʻshatgach, dedi:
— Ha... u vaqtlar oʻtib ketdi... Qani oʻsha vaqtlar qaytib kelsa, istaganingni yer, ichar va nimani xohlasang qilar eding. Birov «gʻing» demasdi. Endi-chi? Ha, butunlay boshqa! Bir oz notoʻgʻri ish qilgundek boʻlsang, darrov bilib olib, boplaydilar. Keyingi vaqtlarda apparatni sogʻlomlashtiramiz degan masala chiqib qolib, bizga oʻxshagan koʻp mas’ul ishchilarning chetga chiqib qolishiga sababchi boʻldi. Hozir raykomda, ijrokoʻmda, hatto qishloq shoʻrolarida ham pastdan koʻtarilganlar... Ular, na odamgarchilikni biladilar va na muomalani. Tanqid deb, qittay aybing boʻlsa ham ayamaydilar...
— He, esizgina, u vaqtlar oʻtib ketdi. Yigit jim, hamon ularni tinglamoqda. Abdusattor eski vaqtlarni eslab soʻzga kirishdi:
— Rahmatlik otangiz bilan bizning padarimiz juda qadrdon edilar. Otangiz shaharga — doʻkonlariga tushganlarida, bizning hovliga juda koʻp kelardilar. Inchunun, biz ham sizlarning qishloqlaringizga koʻp borar edik. Shu, men sizga aytsam, Rustamboy aka, Sultonboy akamning xuddi oʻzginasiz-a. Rahmatlik eshikdagi xizmatkor, dalasidagi chorakorlarga, xoʻsh, bir ogʻiz boʻlsa ham yomon gap gapirmas edi-da!..

Ular bizdan uncha uzoq boʻlmasa ham soʻzlari zoʻrgʻa eshitilar edi. Pastroq tovushda, lekin joni-jahdi bilan soʻzlashar, pakana, sershox sada bizni ularning koʻzidan yashirar edi.

Mahmud menga qarab sekin kulgach, quloqlarini «ding» qilib, diqqat bilan ularning soʻzini yana tinglamoqqa kirishdi.

Yigit vaqtning oʻtgani bilan ishi yoʻq, atrofda yuz bermoqda boʻlgan hodisalardan xabarsiz, bir haykal kabi koʻrinar edi.
— Sultonboev!— Abdusattor maroqlanib soʻzlamoqqa boshladi.— Yigirma ikki, yigirma uchinchi yillari xoʻp yaxshi edi-ya? Savdomiz taraq, hukumat idoralarida oʻtirganlarning bir qanchasi sizga oʻxshagan ogʻaynilar edi. Chunonchi, Sa’dullaboev, ya’ni, Sa’dulla boyvachchaning oʻgʻli, esingizdami? Hoʻ ijroqoʻmning, chunonchi, sekretari boʻlib ishlardi, keyin firqadan chiqib ketdi-ku?

Sultonboev bosh silkib, tasdiq qildi.
— U ham hukumat idorasida ishlar edi, ham ukasi orqali savdogarchilik qilar edi...

Semiz nimanidir eslagandek boʻldi va yoʻgʻon gavdasi zavqqa toʻlib ketdi. Qisilgan koʻzlari kulgidan yana battarroq qisildi, lablari yoyilib, qip-qizil, qontalash va sersoqol yonoqlari shishib chiqdi. Semiz, yumaloq qoʻllari bilan krujkaning dastasidan ushlab, shishaga ura boshladi. Xizmatchini qarshisida koʻrgach:
— Yana yarim dyujna pivo!— dedi-da, soʻzida davom etdi:—Ammo, toʻgʻri, u vaqtlarda, siz aytgandek, tegishli joylarda oʻzimiznikilar edi... Har kun bazm... ichkilik... kayfu safo... jononlar... Oh, esiz, u zamonlar oʻtib ketdi.

Boyadan beri tek oʻtirgan majnunsifat yigit uzoq va chuqur bir nafas oldi. Uning lablari sekin qimirlay boshladi:
— Shunday, moziy oʻtib ketdi... Uning etaklariga tarmashib boʻlmaydi endi...

U yana tindi va qaltiroq qoʻllari krujkaga tarmashdi. Krujkani bir sipqarishda boʻshatib, stolga qoʻyar ekan, soʻzida asabiy davom etdi:
— Oʻtib ketdi!.. Oʻtib ketdi!.. Hayotning bahori, lolazori oʻtib ketdi!.. U, millat!.. Millatning holi... he...

U qattiq asabiylashdi, koʻzlarida yosh koʻrindi. Abdusattor esa nimalarnidir oʻylab, koʻzlarini tez-tez ochib-yumib oʻtirardi.

Rustam boʻshagan krujkalarga pivo quyar ekan:
— Xafa boʻlmang, Qurbon afandim,— dedi.
— Yoʻq, men juda asabi mustahkam odam edim. Axir, ilgari jamiyatimiz yaxshi ekanligida, naqadar mahkam odam ekanligim sizlarga ham ma’lum-ku? Faqat turmushning vahshiy toʻlqinlari, zaharli tirnoqlari poʻlatdek, tanlarni moʻmga, olovli yuraklarni qonga aylantirar ekan, na chora?! Men endi avvalgi quvnoq Qurbon emasman! Yoʻq, men endi asablari buzilgan, koʻkraklari chirigan, jafoli, yurak-bagʻri ezilgan, hayotdan begona bir shaxsman... Vatan uchun qurbon boʻlgan Qurbonman! Alamli bir shoirman!..

U jiddiy va shikoyatli soʻzlardi. Bir ozdan soʻng, hayajonini picha bosib, muloyim ovoz bilan ilova qildi:
— Turkiyadan bekor kelgan ekanman, vatanimning bu ayanchli holini koʻrmasdim... kuymasdim...
— Unaqangi umidsiz boʻlmang. Ehtimol, zamon yana bir aylanaru eski qolipiga tushib qolar,— dedi Abdusattor. Soʻng, har kallada bir xayol degandek, oʻylab yurgan orzularini ayta boshladi: — Ha, oʻsha vaqtlar xuddi tushga oʻxshaydi-ya... Savdolar taraq, yurt oʻrtasida obroʻ katta. Tavba... Soʻnggi umid bosmachilardan edi. Yoʻq, u ham boʻlmadi...
— Yoʻq! — dedi yigit, olovlangan koʻzlari bilan.— Mamlakatni idora qilish oson emas! Ilm, ma’rifat kerak! Savodsiz, omiy yalangoyoqlar hech qachon, hech qaerda mamlakatni idora qilgan emaslar!.. Tarixda koʻrilgan ish emas bu!
— Kim biladi. Ishqilib, kambagʻallar, boʻsh kelmaydiganga oʻxshaydilar. Kundan kunga mustahkam boʻlib bormoqdalar. Xususan, xususiy savdoni siqib chiqaryaptilar. Ya’ni...
— Nodon!—dedi Qurbon, Abdusattorning soʻzini boʻlib.— Millatimizning shu ahvolga tushishiga ham sizdek nodonlar sababchi! Bu, yaralangan yurakka tasalli berganingizmi?! Oʻrtangan koʻngilga olov qoʻyish, xolos!

Qurbon yana asabiylashdi, xafa boʻldi, yana koʻzlarida yosh tomchilari paydo boʻldi.

Abdusattor bu soʻzlardan gʻoyatda qattiq ta’sirlandi shekilli, boshini tubanga solib, kipriklarini pirillatib, xomush boʻlib qoldi. Qurbonning koyishi Abdusattorni juda ezib qoʻydi.

Qurbon nafasini rostlab olgach, yana soʻzga kirishdi:
— Har narsani payqab, orqa-oldiga qarab gapirmoq lozim. Mening koʻnglim yarimta boʻlib qolgan. Uncha-muncha qattiq tegadigan gaplarni koʻtara olmayman, Abdusattor aka!.. Siz bunga xafa boʻlmang. Doʻst achitib aytadi, dushman kuldirib.
— Yoʻq, Qurbon afandim, undoq emas... Xoʻsh, men... chunonchi, gapning sirasini aytdim...
— Sirasini ham aslo aytmang!

Rustam, nima uchundir, oʻzidan oʻzi bezovtalandi. Mushtlarini tugib, oʻtirgan yerida tebranib-tebranib qoʻydi.
— Boʻlmaydi!.. Shunday qola berish yaramaydi!
— Nimaga endi shuncha diqqatingiz oshmasa!..
— E, siz tushunmaysiz!
— «Dushmanning sirtida boʻlguncha, ichida boʻl!» deganlar,— dedi Qurbon.— Rustamboyning firqadan chiqib ketishi yaxshi emas, firqada qolishi kerak. Oʻz kishilarimiz orasida ancha e’tibori bor, millat yoʻlida xizmat koʻrsatib kelayotgan odam!..

Abdusattor ham bir narsani tushunganday boʻldi va oʻziga tikilib turgan semiz yuzlardagi xunuk koʻzlarga qaradi.
— Toʻgʻri, firqadan chiqib qolishingiz yaxshi emas, albatta. Xoʻsh, chunonchi, bu ish qanday sodir boʻldi?
— E, bir falokat bosib qoldi. Yoʻq esa bunchalik boʻlmas edi. Hamma ishni qoʻzgʻagan Turdimatning oʻgʻli Boymat boʻldi... Bizning hamqishlogʻimiz, siz taniysiz.
— Xoʻsh?
— Tozalash vaqtida eski masalalarni qoʻzgʻadi.
— Eshitaylik-chi?
— Ha, ularning hovlisi bizning mahallada edi. Otasi bir vaqtlar bizning yerimizda chorakor boʻlib ishlagan. Ocharchilik yillari, ota-onasi oʻlgach, u it emgan, biznikida xizmatchi boʻlib qolgan edi. Keyin, bir oy oʻtmasdanoq, orada janjal chiqib, koʻchaga haydab yuborgan edik...
— Qanday janjal?
— Qanday janjal?— Rustam savolni qaytargach, bir oz oʻylanib qoldi. Soʻng, yana soʻzga kirishdi:— Xayr, aytsam aytib beray.—U qoʻliga olgan pivoni ichdi. yoʻgʻon barmoqlari bilan moʻylovlarini silar ekan, soʻzida davom etdi:—Uning bittayu bitta oʻrta qoʻlday, oʻn olti yashar singlisi bor edi. Uni Gulasal, der edilar. Shu, oy desa oy, kun desa kun edi. Oʻshani, ikki xotin ustiga boʻlsa ham, olmoqchi boʻldim. Lekin, tagi pastni nima qilasan, deb, otam rozilik bermadi. Ammo, shunday bir nozaninni qoʻldan chiqarish, men sizga aytsam, aslo toʻgʻri kelmas edi. Axiri, bir kun, unamaganiga qaramay, oʻldiraman, deb qoʻrqitib, dodi-faryodi, koʻz yoshiga qaramay, zoʻrlab, mehmonxonada uch kecha tongotar qilib chiqdim...

Rustam soʻnggi jumlalarni gʻurur bilan aytdi. Yoʻgʻon boʻyniga qon yugurdi. Orqasini stulga tirab, qoʻpol qomatini tiklar ekan, gumbazday qornini siladi. Xunuk lablari yana yoyildi. Voqeani oʻzicha tasavvur qilib, Abdusattor aka ham zavq bilan jilmaydi. Qurbonning qahrli koʻzlari esa, bir oz yumshadi. Bu qiziq hikoyaning davomiga qiziqqan Abdusattor hikoyaning oxirini eshitishga shoshildi:
— Xoʻsh, keyin nima boʻldi?
— Nima boʻlar edi, bir-ikki kun yigʻlab yurdi. Voqeani bilib qolib, akasi janjal koʻtardi. Ammo, u vaqtlarda kambagʻalning qoʻlidan nima ham kelar edi? Ularning yigʻisiga, janjaliga quloq soladigan zamonmidi? Qizning oʻzini buzuqqa chiqarib, aka-singil ikkalasini soʻkib-soʻkib, bir paqir ham bermasdan, koʻchaga haydab yubordik... Ana oʻsha kunlar xotirasi Boymatning esidan chiqmagan ekan!.. Bundan bir oycha avval, «N» shahrida Boymat rayon partiya komitetining mas’ul kotibi, singlisi esa, oʻsha yerda jenotdelda ishlar emish, deb eshitgan edim. Lekin ular ham qayoqdandir, kimdandir, mening bu yerda ishlashimni eshitishgan ekan. Bundan bir necha vaqt avval, firqa tozalashi oldidan ish berar, deb, ular mening toʻgʻrimda gazetada, xabaringiz bordir, juda yomon maqola ham yozib chiqarishgan edilar.
— E, anovi!
— Ha, muttahamlar oʻz muddaolariga yetishdi, tagimga suv quyishdi. Itvachchalar oʻsha mahallarda ochlikdan oʻlib keta qolmagan ekanlar! Yana, bu mojaro yetmagandek, ustiga-ustak, bultur qoʻyib yuborgan katta xotinim, ikki bolasini yetaklab, menga da’vo qilib, atayi qishloqdan kelibdi. Kooperativda ishlagan vaqtimdagi eski ishlarim ham — hammasi ochildi. Hatto, chet el bilan aloqasi bor, deb chiqqanlar ham boʻldi. Ha, gunohlarni yashirib boʻlmas ekan. Axir, bir kun emas, bir kun sir ochilar ekan.
— Ha, olovning ustiga yopilgan parda yonib ketadi,— dedi Qurbon,— guvohi bor sirlarni yashirmoqqa urinish, daryoga yiqilayotgan kishining sohildagi yakka va baquvvat koʻkatga tarmashganidek ma’nosizdir.
— Bu koʻrgiliklar yetmagandek, meni millatchi, panturkist deb ham ayblayapti...
— Bu bilan siz faxrlanishingiz kerak, ha!
— Salomat boʻlasiz! Maslahatlari uchun qulluq,— dedi zaharxanda bilan Rustam.— Meni partiyadan oʻchirib oʻtirsayu, faxrlanishga balo bormi?!

Rustam gʻazabli va alamzada koʻzlarini krujkadagi tiniq pivoga tikdi. Bularning soʻziga quloq solib oʻtirgan Abdusattor, navbati bilan, yana oʻz dardini ayta ketdi:
— Keyingi vaqtlarda Oʻzbektorgingiz yaxshi ish berib turgan edi-ya. Ha, bir chekkasi, chunonchi, bizga ham yaxshi boʻlmadi. Xoʻsh, endi, shu bilan bosdi-bosdi boʻlarmikin?
— Bu nima deganingiz?—dedi Rustam hushyor tortib va xavotir olib.
— Ya’ni, firqadan oʻchirish bilan sizni tinch qoʻyisharmikin? Yoki?..
— E, ogʻzingizga tosh!..
— Hammasi boʻlishi ham mumkin...— dedi gapga aralashib Qurbon.— Ularning qoʻlidan har narsa keladi... Qamashlari ham, otishlari ham mumkin...
— Nafasingizni buncha sovuq qilmasangiz, afandim,— dedi jahl aralash Rustam.
— Yoʻgʻ-e, unchalikka bormas... Shu jazo bilan kifoyalanishar... Shunda ham yaxshi boʻlmadi... Bizga ham... Rizqimiz qirqildi...— dedi Abdusattor. Ammo, xiyol oʻtmay, yana eski mavzuga oʻtdi:—Xoʻsh, oʻzingiz mudir ekanligingizda borsak, xudo xayr bersin, ozmi-koʻpmi, yuq demas edingiz...
— Qoʻying endi, u vaqtlarni esga solavermang! U vaqtlar bir keldi ketdi... tushdek... Shunday boʻlar ekan-da... Omad kelgan, ishlar yaxshi, daromad katta edi... Ha, endi u daromadlar yoʻq. Qoʻldan omad ketdi... E, boʻldi, ularni eslasang, yonib ketasan kishi! Qoʻlingdan kelsa, hamma raqiblarning kallasini sapchadek uzib tashlasang!—dedi hayajonlanib Rustam.

Idroksiz, paytavafahm Abdusattor, Rustamning yongan yuragini yana ham alangalantirib, soʻzida davom etdi:
— Hoʻ, bundan besh oylarcha avval bergan bir yashik choyingiz hali ham bor, ish berayotibdi. Oʻzi ham juda asl choy ekan, xoʻsh, faqat yoru birodarlargagina sotib, oʻzimiz sizni duo qilib, ichib turibmiz. Doʻkonga ham olib chiqqanim yoʻq, oʻsha olib ketganimcha uyda.

Rustam, boʻgʻilib ketgandek, yoqasining uchiichi tugmasini ham yechib yubordi. Koʻzlariga yana gʻazab quyildi.
— Ha, itning bolasi qilar ishini qildi!
— Ogʻir boʻling! Ilojingiz qancha? Qoʻlingizdan nima ham kelar edi?! Oʻylab qarang! Shu yurganingiz ham gʻanimat!
— Qoʻlimdan har narsa keladi!— semiz qoʻllar stolga urildi. Boʻgʻiq, gʻazabli tovush titradi: — Keladi!.. Nega kelmas ekan? U itvachcha mendan qochib qutulolmaydi! Ilgari oʻldirmagan boʻlsam, endi oʻldiraman! Kallakesarlarga aytib, pul berib boʻlsa ham oʻldirtiraman! Ha!
— Kimni?— dedi Abdusattor gapning fahmiga yetmay.
— Tagimga suv quyganlarni! Boymatni!..
— Tiss, tiss... sekinroq! Devorning ham qulogʻi bor deydilar.

Abdusattor atrofga xavfsirab bir necha bor qarab oldi. Ovqatxonada oʻtirganlarning hammasi oʻzi bilan oʻzi ovora, bularning suhbatiga quloq soladigan hech kim yoʻqdek koʻrindi.

Qurbon lablarini asta qimirlatdi:
— Bitta kishidan oʻch olish bilan ish bitarmidi?
— Dushmanning harna biri kam!
— Shundaymi?
— Shunday! Faqat sizlardan yordam kutaman. Tiss... Hozircha shu yerda boʻlgan gap shu yerda qolsin!.. Sir!..

Gavdalar bir-birlariga qarab engashdilar. Qasoskor koʻzlar bir-birlari bilan uchrashdilar...
— Rejani bajarish mumkin. Ogʻir emas! Siz yordam bersangiz — oʻnggʻay..
— Ie, ie! Nima deyishyapti? Qotillik qilishmoqchimi?!—men hayajonlanib Mahmudga qaradim.
— Jim!—dedi Mahmud qoʻl siltab.

Qurbon ancha oʻylandi. Nihoyat, bir qarorga kelgan kabi ochiq va ishonch bilan dedi:
— Boʻldi, bajaramiz! Hammaning ham boshida bir oʻlim bor!..

Abdusattor ham bosh qimirlatib, qarorni tasdiqladi.
— Ijro etadigan odam topiladi... topamiz... Rustamning semiz qoʻllari pivo toʻla krujkani changalladi. Boshqalar ham krujkalarini koʻtardilar. Uch par gʻazabli, mast va qon bosgan koʻzlar yana necha qayta uchrashdilar. Krujkalarning ovozlari jaranglab ketdi. Lablarini yalashib, krujkalarni stol ustiga qoʻydilar...

Ular qoʻzgʻolganda soat birlar chamasi boʻlib qolgan edi. Ular qoʻzgʻolishi bilan, biz ham qoʻzgʻoldik.

Pivoxonada odamlar juda siyraklashib qolgan boʻlsa ham, qilli muzikaning yoqimli unlari hamon toʻxtamagan edi.

Mahmud bir necha qadam narida ketayotgan harbiy kiyimlik odamni koʻrdi-da, shoshildi, qadamini tezlatdi:
— Xayr, men ketdim, ertaga yana uchrashamiz.
— Nega shoshasan? Qayoqqa? Toʻxta, u kim?
— Tanish bir kishi.
— GPUning odami emasmi?

Mahmud shoshib javob berdi:
— Ha. Jinoyatning oldini olish kerak! Boymatni halokatdan qutqarish kerak! Alamzadalarning dodini berish kerak! Xayr, men ketdim.

Men uning orqasidan bir oz qarab turgach, sekingina uyga yoʻl oldim. «Ha, bu ishga «doʻstim Mahmud aralashsa jinoyatning oldi olinishi muqarrar!»—deb oʻyladim ichimda...

Tun hayajonsiz, tinch uxlaydi. Oltin chechaklar jim, faqat, qum sepilgan yoʻllarga, daraxt va koʻkatlarga nur toʻkmoqdalar. Yumshoq yel sadalarning mayda barglarini tortqilab oʻynaydi, soʻng, ipak etaklarini sudrab, bogʻchadagi gulzor ustidan oʻtib ketadi-da, gʻoyib boʻladi...

1928