OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUygʻun Roʻziyev
Asar nomiBaxtiqarolar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Uygʻun Roʻziyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Baxtiqarolar (hikoya)
Uygʻun Roʻziyev

Oltoy oʻlkasiga yuboriladigan mahbuslar roʻyxati e’lon qilinganda Sultonmurod Boʻriboev oʻz ism-sharifini eshitib, avvaliga unchalik e’tibor bermadi. Lekin odatdagidek boshini kaftlari ustiga qoʻyib, shiftga termulgancha xayol surib yotarkan, oʻylanib qoldi: «Bu tagʻin nimasi boʻldi? Qariyb oʻn yildan bu yon qamoqda boʻlsam. Shundogʻam oʻzi hali u turmadan bu turmaga oʻtkazaverib sillamni quritishdi. Endi muhlatimning koʻpi ketib, ozi qolganda Oltoyda balo bormi. Hech tinchlik berishmas ekan-da. Muddaolari nima oʻzi? Shunchalik kechirib boʻlmas jinoyat qildimmi? Axir, odam oʻldirganlar ham yashab yurishibdi-ku. Men-ku, bor-yoʻgʻi kolxozning kamomadiga yoʻl qoʻyibman. Uni ham boʻlsa, yeb-yutganlar kimlar-u, javobgarligi mening gardanimga tushib turibdi. Quruq tuhmatga qoldim. Hali Oltoy ham oxirgi manzil emasdir, ehtimol. Yana undan nariga, keyin undan ham nariga oʻtkazishib, oxiri Sibirga eltib tashlashmasaydi. Eh, tagʻin nimalar yozilgan ekan bu tosh boshimga?"

Shunday xayollar bilan u kechasi deyarli uxlamay chiqdi. Goh xayollar uni butunlay iskanjaga olar, goh «hammasi bir goʻr emasmi» deya qoʻl siltab oʻzini ovutmoqchi boʻlardi. Keyin yuzini uvadasi chiqib ketgan qoʻlansa yostiqqa bosib, oʻzini uxlashga majbur qila boshladi. Lekin uyqu kelmadi. Faqat tongga yaqin birozgina koʻzi ilindi.

Ertalab nima uchundir qamoqxona katta noziri Oltoy oʻlkasiga yuboriladigan mahbuslarni birma-bir suhbatga chaqira boshladi. Navbati kelganda Boʻriboev koʻzlarini uqalab, horgʻin qiyofada nozirning torgina xonasiga kirarkan, beixtiyor unga mehribonlik bilan qoʻl uzatib, jilmayib turgan, moʻylabi oʻziga yarashib turgan, xushbichim va navqiron nozirga koʻzi toʻqnashib taajjublandi. Boʻriboev nozirlarning koʻpini koʻrdi. Ularning gʻazabnok nigohlariga dosh berdi, soʻkinish va haqoratlarini eshitdi, ayovsiz kaltaklarini yedi. Ammo mana bu kabi xushqiyofa nozirni birinchi bor koʻrishi, nafsilamrini aytganda, ayni damda uning jilmayishiga ishonqiramay, bu takalluf ostida qandaydir gʻayirlik bor, degandek sinoat axtarmoqda edi. Nozir esa xuddi yaqin qarindoshini koʻrib turgandek rostakamiga samimiy boqmoqda edi.
— Sulton aka, siz oʻsha «Pobeda» kolxozida ishlagan Sulton akamisiz? — dedi nozir vaziyatni payqab.
— Ha, oʻsha kolxozdanman. Oʻzingiz...
— Tanimadingiz-a? — dedi nozir yanada chiroyi ochilib. — Ha, qayoqdan ham tanirdingiz. Men u paytlarda yosh bola edim. Undan keyin koʻrishib turmagan boʻlsak. Lekin mana bunday alfozda uchrashib qolamiz, deb hech oʻylamagan edim. Nailoj, taqdir ekan. Bolaligimda joʻralarim bilan Toʻsinsoyga borib choʻmilishni yaxshi koʻrardim. Suzishni yaxshi bilmaganimiz uchun biz hovuzning sayozroq joyida choʻmilardik. Siz har kuni mototsiklda oʻsha hovuz yonidagi yoʻldan idoraga qatnar edingiz. Bir kuni jar labidagi daraxtga chiqib, oʻrik termoqchi boʻlganimda bexosdan hovuzning eng chuqur joyiga yiqilib tushganimda choʻkib ketishimga bir bahya qolgan edi.
— E, siz oʻsha Absalom traktorchining oʻgʻlimisiz? — dedi Boʻriboev nihoyat nozirning unga nega bunchalik izzat-ikrom koʻrsatayotganligining mazmunini anglab.
— Ha, Karimman, Sulton aka, oʻsha Karimman.

Sultonmurod hammasini aniq-tiniq esladi. Oʻshanda u armiyadan harbiy xizmatni oʻtab kelgan, omadi chopib, ishlari oʻz-oʻzidan yurishib ketgan, brigadir boʻlib ishlayotgan, ikki yil oʻtar-oʻtmas, yaxshi ishlagani uchun raykomdan mototsikl sovgʻa undirgan edi. Bir kuni mototsiklida hovuz yonidan oʻtib ketayotganida bir toʻda bolalar oldiga yugurib chiqishib, oʻrtoqlaridan biri choʻkayotganligini aytishgan edi. Sultonmurod dengiz flotida xizmat qilib kelgan emasmi, kiyimlarini yechib ham oʻtirmasdan darrov oʻzini suvga otgan va suv ostidan haligi bolakayni topib chiqqan edi. Oʻsha bolakay, mana, endi kuch-quvvatga toʻlib, koʻrkam mundir kiyib qarshisida turibdi. U mahbuslarning boshligʻi, uning hayotini saqlab qolgan odam esa mahbus.

Ular u yoq-bu yoqdan biroz gaplashib oʻtirishdi. Qishloqni, oʻzlari tanigan odamlarni eslashdi.
— Sizga Oltoyga bormaslikni maslahat beraman, — dedi nozir jiddiy qiyofada.
— Maslahatingiz uchun rahmat, lekin ixtiyorim oʻzimda emas-ku, — dedi Boʻriboev miyigʻida kulib.
— Afsuski, shunday. Biz avvalroq bir guruh mahbuslarni u yerga yuborgan edik. Hozir ularning birortasi ham tirik emas. Aytishlaricha, birvarakayiga gazdan zaharlanib oʻlishgan emish. Bunga ishonish qiyin. Bu yerda qandaydir maxfiy sir borga oʻxshaydi. Shunisi aniqki, talabnomaga koʻra u yerga yuboriladigan mahbuslarning tirik qolishi dargumon.
— Lekin men har qanday qiyinchilikka chidaydigan odamman. Qaysi turmaga borsam, hammasida joningiz qattiq ekan, deyishgan.
— Ehtimol shundaydir. Lekin bir oʻylab koʻring-a, ana shu joningizning qattiiqligi hamma joyda sizga pand berib kelayotgan emasmikan?
— Mayli, buni qoʻyaturaylik. Siz qamoqxona boshliqlaridansiz, mahbuslarga doʻst boʻla olmaysiz. Modomiki, odamgarchilik yuzasidan desangiz, agarda siz-u men buni istaganimiz taqdirda ham, bu mash'um roʻyxatdan chiqishning imkoni bor, deb hisoblaysizmi?

Nozir ogʻir xoʻrsindi. Sigareta tutunini ketma-ket tortdi-da, atrofga bir qur qarab olib, deyarli shivirlagan koʻyi gapira boshladi.
— Sulton aka, boshliqmi, xizmatchimi, kimligimdan qat'i nazar, men avvalo insonman. Siz meni hayotga qaytargansiz. Endi ulgʻayib, odam boʻlgan bir davrimda, hayotimni saqlab qolgan insonni koʻra-bila turib oʻz ixtiyorim bilan oʻlimga borishini sira istamayman. Keyin meni vijdon azobida qiynalmaydi, deb oʻylaysizmi? Undan koʻra oʻlganim ming marta afzal. Qutulishning chorasiga kelsak, buning yakkayu-yagona yoʻli qochish. Qonun yoʻli bilan sizni hech kim himoya qilolmaydi. Sizlarni indinga kechqurungi poezdda olib ketishadi. Vagonda ishonchli yigitlar boʻladi. Ular sizga yordam berishadi. Siz qochishingiz kerak, Sulton aka, iltimos.

Boʻriboev hech narsa demadi. Kameraga xomush qaytib keldi-da, oʻyga toldi. «Nahotki shuncha tuhmat va malomatlardan, azob-uqubatlardan abgor boʻlgan shu jismimga endi oʻlim soya tashlab qolgan boʻlsa? Anavi yigit nega qochishimni istayapti? Yaxshiligim evaziga hayotimni saqlab qolib, qarzini uzmoqchimi? Xoʻp, qamoqdan-ku bir amallab qochib ketarman, lekin rostakamiga peshonamga bitilgan boʻlsa, oʻlimdan qochib qutulib boʻlarmikan? Roʻyxatdagilarning hammasi oʻlimga mahkum boʻlsa-yu, yolgʻiz men tirik qolib keta olamanmi? Axir, bu dahshat-ku. Xoʻsh, keyin qanday yashayman? Meni albatta izgʻib axtarishadi. Bir umr kalamushga oʻxshab pana-pastqamda, odamlar koʻzidan uzoqda yashashga toʻgʻri keladi. Bu oʻlgandan ham battar-ku. Agar tutib olishsa-chi? U holda oʻsha zahoti jonimni olishadi. Demak, qochsam ham, qochmasam ham, har ikki tomonda meni faqat oʻlim dahshati kutib turibdi. Nima qilmoq kerak? Aslida, oʻlsam nimani yoʻqotaman? Ortimda armon boʻlib qoladigan nima bor? Faqat... Munavvar, bechora Munavvar. Oʻgʻlim ham zabardast yigit boʻlib qolgandir. Har holda meni bir koʻrishda tanimasa ham kerak. Oʻn yil avval u kichkina bolakay edi. Men-ku arboblarning atrofida oʻralashib, ehtiyotsizlik qurboni boʻlgan bir landovur sifatida qaysidir oʻrmonda chirib ketarman, biroq Munavvarning gunohi nima? Nega endi men tufayli uning ham hayoti barbod boʻlishi kerak? Soʻnggi bor uni koʻrishim va oʻz ixtiyorini oʻziga qoldirishim uchun baribir bu yerdan qochishimga toʻgʻri keladi".

Sultonmurod qamalgach, Munavvar koʻp kuyundi. Tez-tez kelib uning holidan xabar olib turdi. Qaysi qamoqxonaga oʻtkazishsa, ortidan qidirib boraverdi. Gulday goʻzal xotinining qayoqdagi turma nazorat¬chilariga yalinib yurishi esa unga alam qildi. «Endi boshqa kelma, Munav. Mendan xotirjam boʻl. Oʻgʻlimizni ehtiyotlab tarbiya qilsang bas. Oriyatli yigit boʻlsin, hech kimning oldida boshi egik yurmasin. Muddatimni oʻtab, uyga qaytishimni kut. Mana bu sassiq, oti sovuq joylar sening qadamingga arzimaydi", — dedi u bir kuni xotiniga.

Munavvar uning aytganlarini bajardi. Boʻriboev esa jazo muddati tugashini kutib kunlarni, yillarni sanar edi. Yillar esa asrlarga choʻzilib ketardi goʻyo. «Qayoqdanam kolxoz ishlariga aralashib qoldim?» deya afsuslanib qoʻyardi u. Oddiygina ishchi boʻlib yurganida bu gʻalvalar yoʻq edi ehtimol. Ota kasbini qilib duradgorlik qilib yurganida-ku, bu malomatlar yaqiniga ham yoʻlamasdi. Uni kuch-gʻayratiga havas qilib, brigadir etib tayinlashdi. Keyin hisobchilar kursiga oʻqishga yuborishdi. Bir yil oʻqib kelgach, oradan sal oʻtmay hisobchilikka, soʻng bosh hisobchilikka tayinlab qoʻyishdi. Kolxoz hisob-kitoblarining oldindan malamujur joylari bor ekan shekilli, tez orada hamma yoq algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi. Moskvadan kelgan tekshi¬ruvchilar hech ikkilanib oʻtirmay, barcha kamomadni Sultonmurodning boʻyniga osib qoʻya qolishdi. U koʻpi bilan uch-toʻrt yilda qaytib kelsam kerak, deb oʻylagan edi. Lekin koʻproq muddat berib yuborishlarini, shu yillar qatida hayoti izdan chiqib ketishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagandi.

Mahbuslar vagonga chiqishayotganida tun yarimlab qolgan edi. Ivirsib-imillagan mahbuslarni tanbur yonidagi soqchi, tezroq boʻl, degandek bir-ikki turtkilab soʻkindi. Boʻriboevning esa kaftini siqib qoʻydi. Bu hamma narsaga tayyor tur, degan ishora edi. Boʻriboev buni darrov ilgʻadi va qochib ketishga qat'iy ishondi. Soʻng poezd joyidan jilgach, u oʻtirgan koʻyi haligi qoʻlini siqqan soqchidan koʻzini uzmadi. Chamasi yarim soatcha yurishgach, Boʻriboev hojatga chiqish bahonasida tanbur tomonga yurdi. U vagondan chiqishi bilan haligi soqchi eshikni yopdi.
— Hozir hamma uyqusirab qolgan payt. Qochishga juda qulay, shoshiling. Mana bu miltiq bilan boshimga urasiz-da, poezddan sakraysiz. Tezroq boʻling, — dedi soqchi miltigʻini unga berib. — Atrof daraxtzor, ayni muddao. Shalviramay tezroq ursangiz-chi.

Sultonmurod dovdirab qoldi. Oʻziga yaxshilik qilayotganligi uchun uni urishga qoʻli bormadi. Soqchi esa shoshilmoqda edi. Keyin soqchi uning qoʻlidan miltiqni oldi-da, oʻz peshonasiga oʻzi qattiq urdi va gandiraklab yiqildi. Peshonasidan qon sizib chiqa boshladi. Bir odam uni deb shuncha jon fido qilsa-yu, u soʻppayib turaversa noinsoflik boʻlardi. Endi qochmaslikning iloji yoʻq edi. Sultonmurod koʻzini chirt yumib, pastga sakradi. Koptokdek yumalab, ariq yoqasidagi butalarga borib urildi. Boshi aylanib biroz yotgach, shoshilib oʻrnidan turdi va quyuq daraxtzor tomon yurib, tun bagʻriga singib ketdi.

* * *

"Pobeda» kolxozida yashovchilar bu yillar ichida Boʻriboevni deyarli eslaridan chiqarib yuborishgan, ayrimlar uni hatto, oʻlgan boʻlsa kerak, deb yurishardi. Ammo devorlari nurab, boʻyogʻi koʻchganidan eshik-derazalari chiriy boshlagan, pechkasi oʻtinga, tandiri nonga yolchimaydigan bir uyda goʻzalligiga hamma suq bilan qaragan, gulday yoshligini yolgʻizlikda xazon qilgan, sochlariga oq oralab, yuzlariga ajin oʻrmalab qolgan bir ayol uni uzzu-kun eslab, kunlarni sanab yashamoqda edi. U Sultonmurodning oʻnlab manaman degan yigitlar orasidan yorib chiqib olgan jufti haloli Munavvar edi.

Boʻriboev bir necha kunlik yoʻl azobidan keyin kechga yaqin qishloqqa kirib keldi. Soʻng bir chuqurlikda yotib, qorongʻu tushishini kutdi. Qushlarning chugʻuri, qoʻy-qoʻzilarning ma’rashi tinib, itlarning qoʻriqchilik vaqti boshlanganligini bildiruvchi saslari baralla yangrayotgan, atrofga zim-ziyo tun choʻkkan paytda u ehtiyotkorlik bilan uyi tomon yoʻl oldi. Qadrdon uyiga tobora yaqinlashib borarkan, ayni damda dimogʻiga turmaning zax va ter hidlari qorishib ketgan sassiq isi emas, qishloqning toza havosi urilayotganligi goʻyo unga jannat nafasi boʻlib tuyulganidan beixtiyor entikar, yuragi koʻksini yorib chiqqudek gurs-gurs urar edi.

Tabiiyki, bu lahzada eshik ichkarisidan tambalangan, shuning uchun Sultonmurod hovliga devordan oshib tushdi. Hech kim uni payqamaganligiga amin boʻlib, koʻngli taskin topdi. Keyin sekin borib, derazani beozorgina chertdi. Titrab turgan parda koʻtarilgach, avval moychiroqning xira shu'lasi, keyin Munavvarning soʻlgʻin yuzi koʻrindi. Shundoqqina deraza tagida soch-soqoli oʻsgan, aft-angori vahimali odam unga baqrayib turganligini koʻrib, Munavvar qoʻrqib ketdi.
—Kimsiz, nima kerak sizga? — dedi u ortiga chekinib.
— Men keldim, Munav, bu menman, Sultonman, — dedi Boʻriboev shivirlab. — Qoʻrqma, eshikni ochaqol.

Munavvarning vujudi qaltirab ketdi. Keyin koʻzlariga ishonmay, derazaga yaqinroq borib unga tikildi-da, rang-roʻyi oqarib, eshikka yugurdi.

Sultonmurod eshikdan kirgan zahoti Munavvar uning bagʻriga oʻzini tashlab, yum-yum yigʻladi. Sultonmurod esa uni yupatdi. Soʻng ular allamahalgacha suhbatlashib oʻtirishdi.
— Butunlay qutulib keldingizmi? — dedi Munavvar koʻzlari javdirab.
— Shunday desa ham boʻladi, — dedi Sultonmurod talmovsirab.
— Bu nima deganingiz?
— Toʻgʻrisini aytsam... Ular ruxsat berishgani yoʻq. Men qochib keldim.
— Turmadan qochdingizmi? E, parvardigor, nima gunohimiz bor ediki, bizni buncha azoblaydi. Endi nima boʻladi?
— Endi... boshga tushganini koʻz koʻradi.
— U holda sizni qidirib bu yerga kelishmaydimi?
— Kelishadi, butun qishloqdan surishtirishadi. Shuning uchun mening kelganimni hech kim koʻrmasligi, bilmasligi ham kerak. Endi yashirinib yurishga majburman.
—Unda nega qochdingiz? Ikki enlik xat yozib xabardor qilsangiz oʻzim yetib borardim-ku.
— Yetib borolmasding, Munav. Bizni judayam olisga badargʻa qilishayotgan edi. Men... — Boʻriboev chuqur uh tortdi, peshonasini changalladi, — bir gapni senga aytish uchun qochdim. Yana besh kunlik umrim qoldimi-yoʻqmi, bilmadim. Ajal har tomondan iskanjaga olayapti. Shu gapni aytmasdan ketsam narigi dunyoda ham tinchgina yotolmasdim. Taqdirni qara, Munav, ayni gʻayratimiz qaynab-toshgan, orzularimiz gullab-yashnagan, bir-birimizga suyanch boʻlib yashaydigan davrimizda ikkovimizni ikki qirgʻoqqa ayirib tashlashdi. Men davlatga kerakman, men ham davlatning odamiman, deb kerilib yurgan ekanman. Qattiq adashgan ekanman. Davlatning odamlari boshqalar ekan. Menga oʻxshaganlar esa bor-yoʻgʻi bir hovuch puch yongʻoqqa aldanib yuradigan qoʻgʻirchoqlar ekan. Men hayoti barbod boʻlgan bir odamman. Taqdiringni men bilan bogʻlaganing uchun sening ham hayoting parokanda boʻlib ketishini hecham istamayman. Men seni baxtli qilaman deb va’da bergan edim. Lekin, afsus, oʻzim abgor boʻlganim yetmagandek, seni ham baxtsiz qilib qoʻydim. Agar hayotingni boshqa birov bilan bogʻlaganingda, ehtimol bu azoblar boshingga tushmas edi. Hozir gulday ochilib, yayrab yurarmiding. Sen baxtli boʻlishga, umringning soʻngigacha hayotdan zavqlanib yashashga haqlisan. Sen shunday yaralgansan, Munav. Hali ham boʻlsa kech emas. Oʻz taqdiringni oʻzing hal qil. Hayotingni istagancha oʻzgartirishing mumkin. Qanday xohlasang, shunday yasha. Meni norizo boʻlar, deb aslo oʻylama. Sen nimani xohlasang, men bu dunyoda ham, u dunyoda ham hammasiga roziman. Faqat sen baxtli boʻlsang boʻlgani, Munav.

Munavvar yum-yum yigʻlamoqda edi. Lekin sevinchdanmi, alamdanmi, bilib boʻlmasdi. Binobarin, quvonchu iztirob bir lahzada qorishib ketgan edi.
— Men faqat siz bilan baxtliman. Boshqacha hayotning menga keragi yoʻq. Lekin... siz nimalar deyapsiz oʻzi, xuddi olisga ketib qoladigandek vasiyat qilasiz. Nega meni buncha qoʻrqitasiz? — dedi u.
— Zamon qaltis, Munav, odamning pashshachalik qadri yoʻq. Hech kim ertangi kuniga ishonch bildirolmaydi, ayniqsa mahbuslikda.

Boʻriboev boshini xam qilib anchavaqt jimib qoldi. Munavvar esa hamon yigʻlab javrardi.
— Tolmas qayoqda? — dedi Sultonmurod nihoyat boshini koʻtarib.
— Bu yil maktabni bitirib, institutga kirolmadi. Endi kunduzi kolxozda ishlayapti. Kechqurunlari esa traktor parkida kunora qorovullik qilayapti. Bugun navbatchi edi, oʻshanga ketdi.
— Mayli, hozircha unga mening kelganimni aytmay qoʻyaqol. Biroz vaqt hech kimga koʻrinmay turay, keyin biror yoʻlini toparmiz.

Ular kechasi bilan mijja qoqishmadi. Tongga yaqin esa Sultonmurod devor oshib joʻnab ketdi.

Ertalab Tolmas qorovullikdan keldi-da, bir-ikki piyola choy ichib, dalasiga otlandi. Nonushta paytida ham, undan keyingi kunlarda ham onasining koʻzidagi sevinchni ham, sarosimani ham sezmadi. Toʻgʻrirogʻi, nimadir sal gʻalatiroq tuyulsa-da, ahamiyat bermadi.

Ammo kunlarning birida Tolmas qorovullikka ketayotganida yoʻlda Dovulni uchratib qoldi-yu, uning aytgan kinoyaomuz gaplaridan soʻng onasining hatti-harakatlaridagi oʻzgarishlarni oʻylab koʻrdi. Biroq ishongisi kelmas edi.
— Oʻv, Tolmasvoy, buyoqqa kel, ukam, — dedi Dovul oʻshanda traktor parkiga ketayotgan Tolmasni toʻxtatib. U yoʻl yoqasidagi choyxona yonidagi chorpoyada yolgʻiz oʻzi choy ichib oʻtirardi.

Dovulni qishloqda hamma biladi, oʻgʻrilikda nom chiqargan. Tolmas u bilan birga choy ichishni xayoliga ham keltirmas edi, ammo hozir u jiddiy bir gapi bordek salmoqlab chaqirdi. Pichingnamo gaplaridan Tolmasning toqati-toq boʻlayotganini koʻrgach, maqsadga oʻtdi:
— Ukam, gʻashingga tegmasin-u, bir gapni aytib qoʻyishim kerak. Onang oqila ayol ekanligini hamma bilardi, lekin keyingi kunlarda nima boʻlayotganligiga aql bovar qilmaydi. Bir haftadan beri sezib yuribman, kunora yarim kechasi bir kishi devor oshib uylaringga kiradi, saharga yaqin chiqib ketadi. Hech kim koʻrmayapti, deb oʻylaydi shekilli. Lekin men koʻrdim. Oʻzi tunda men hammani koʻrishim mumkin, meni esa hech kim koʻrmaydi. Kasbim shunaqa. Ammo oʻsha kimsaning kimligini taniyolmadim. Oʻgʻri desam, bunaqasini koʻrmaganman. Mana, men ham oʻgʻriman, lekin oʻzimga yarasha gʻururim bor. Faqat erkagi bor, toʻkin-sochin yashayotgan xonadonlarga kiraman. Yolgʻiz ayol yashayotgan uyga kechasi tugul, kunduzi ham qadam bosmayman. Hushyor boʻl, yigit. Otang oriyatli odam, hali qaytib kelsa, oʻzing ham koʻrasan. Agar ota oʻgʻil boʻlsang, uning sha’nini himoya qilishing kerak.

Tolmasning butun tanasi muzlab qolgandek boʻldi. Qoʻllari musht boʻlib tugildi.
— Agar gaplaringiz rost boʻlsa, oʻsha odamni, yolgʻon boʻlib chiqsa, sizni bir yoqlik qilaman. Mening onamni haqorat qilgan odam bu hayotda yashamaydi, — dedi u va ishiga shoshildi.

Shundan soʻng ikki kun mobaynida qoʻli ishga bormay, xayoli parishon boʻlib yurdi. Munavvarga sinchkovlik bilan razm solib koʻrdi. Lekin undan ayb topish oʻrniga qaytanga battar rahmi kelib ketardi.

Yakshanba kuni qorongʻu tusha boshlaganda ovqatlanib oldi-da, yana ishga otlandi. Ammo ketish oldidan oʻzi yotadigan xonadagi derazaning zulfini tushirdi-da, pardani tortib qoʻydi. Qorovulxonada esa fursat yetishini kutib asab torlari uzilay dedi. Hovlida ish kunini tugatib, sassiq moy hidi anqib yotgan turli shakl-shamoyildagi traktorlar ham uning ustidan kulayotganga oʻxshardi. Hozir u traktorlarni gʻajib tashlagudek bir ahvolda edi. Soatning chiqillashi esa goʻyo xonani buzib yuborgudek tuyulardi. U tishlarini qayrab, stolni mushtlardi. Nihoyat, imillab yurayotgan soat millari tungi soat oʻn birni koʻrsatdi. Moʻljalda hali yana bir soatcha vaqt bor edi. Ammo Tolmas toqat qilolmadi. Shu masalani tezroq bir yoqlik qilish istagi unga tinchlik bermasdi. Qorovulxonani qulfladi-da, koʻchaga otlandi. Yoʻl-yoʻlakay u: «Ishqilib yolgʻon boʻlsin, onamning yuzi yorugʻ boʻlib qolsin", — deya iltijo qilib borardi.

Choyxona yonidan oʻtayotganida bu yer hali ham odamlar bilan gavjumligini koʻrib, xayoliga bir fikr keldi. «Bir qultum vino ichib olsam, ehtimol dalda boʻlar", — deb oʻyladi u va qadamini choyxonaga burdi. Yogʻ bosib, kirlab yotgan stollardan bir yonida oʻtirgan Dovul uni imlab chaqirdi. Tolmas uning yoniga borib oʻtirdi.
— Qalay, ukam, biror yangilik bormi? — dedi Dovul miyigʻida kulib.
— Aytarlik hech gap yoʻq, — dedi Tolmas oʻzini beparvodek koʻrsatib.
— Choy olib kelaymi? — soʻradi choyxonachi yigit ularning oldiga kelib.
— Choy emas, may olib keling, — dedi Tolmas. Bunday gapni avval hech qachon aytolmaganligi uchun eti jimirlab qetdi.
— Oqidanmi yoki qizilidan?
— Qizilidan.
— Oʻgʻil bola oqidan ichadi, aroq olib kel, — dedi Dovul stolga musht urib.

Choyxonachi yigit bir shisha aroq va gazakka bodring olib kelib qoʻydi.
— Gazagi toʻgʻralmagan ekan, pichoq olib keling, — dedi Tolmas. Sopining yarmi siniq pichoqni berishgan edi, uni qaytardi. — Buningiz saryogʻniyam kesmaydi , oʻtkir pichoq bering.

Unga tigʻi oʻtkir pichoqni keltirib berishdi. Dovul ikkita piyola toʻldirib aroq quydi.
— Men birinchi marta aroq ichayapman, — dedi Tolmas piyolaga termulib.
— Hechqisi yoʻq, ukam, mening ham birinchi ichishim... bugunning hisobidan, albatta, — dedi Dovul kulib, — qani, oldik.

Ular piyolalarni qayta-qayta toʻqishtirib, bir shisha aroqni ichib boʻlishgach, Tolmas shaxt bilan oʻrnidan turdi.
— Menga qarang, agar haligi aytgan gapingiz yolgʻon boʻlib chiqsa, bugun ertalabgacha mana shu pichoq tomogʻingiz tagida boʻladi, — dedi u va qoʻlidagi yaltirab turgan pichoqni qoʻyniga soldi-da, koʻchaga chiqdi.

Zim-ziyo koʻchada boshi aylanib tez-tez yurib borarkan: «Bugun albatta bir qotillik roʻy beradi, yo oʻsha sharpa oʻladi, yo Dovul", — deb koʻngliga qat'iy tugib qoʻydi. Hovliga yetganida toʻxtab, atrofga biroz razm soldi, hech narsani koʻrib boʻlmasdi. Devordan oshib tushganida yuragi dukillab urib ketdi. «Yolgʻon boʻlib chiqsin-da", — deya iltijo qildi yana u. Keyin derazani ohista itargan edi, ochildi. Sekingina uyga kirdi-da, uydan dahlizga oʻtib, Munavvar yotgan xona eshigiga quloq tutdi. Ichkaridan erkak kishining past ovozda gapirayotgani eshitilardi.
— Munav, qanday ajoyib orzularimiz bor edi. Endi oʻsha orzularga men yetmagan taqdirda ham sen albatta yetishing kerak, — dedi Sultonmurod. Shu payt u «tiq» etgan tovushdan sergak tortdi. — Birov kelmadimikan, Munav?
— Yoʻgʻ-e, kim ham kelardi shu mahalda. Tashqari eshikni qulflaganman.

Tolmas oʻzini ortiq idora qilib turolmadi. Qoni koʻpirganidan yuragi qinidan chiqib ketayozdi. Endi har nima boʻlganda ham intiqom alangasini oʻchirishning imkoni yoʻq edi. U qoʻynidagi pichoqni oldi-da, eshikni shartta ochib, shishasi tutundan qorayib ketgan moychiroq shu'lasidan xira yorishib turgan xonaga bostirib kirdi. Uning kutilmaganda kirib kelgani va dahshatli vajohatidan Munavvar bir zum oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Tolmas esa gʻazabini qoʻzgʻagan mana bu sharmandalikka oʻz vaqtida nuqta qoʻyish uchun Sultonmurodning yoqasidan mahkam boʻgʻib ushladi-da, koʻksiga pichoq urdi. Sultonmurod ingrab yiqildi.
— Shoshqaloqlik qilding, oʻgʻlim, diydoringga toʻymagan edim, — dedi u ingrab.

Tolmasning hayrati oshdi. «Turqi-tarovati aftodahol bu odam qilmishidan uyalish oʻrniga nega meni oʻgʻlim deb, koʻzini loʻq qilib turibdi?» — deya oʻyladi. Munavvar uvvos solib yigʻlab yubordi:
— Nima qilib qoʻyding, bolam, oʻz otangni pichoqlab qoʻyding-ku.

Tolmas boshidan bir chelak muzdek suv quygandak seskanib ketdi.
— Nahotki? — deya javdirab onasiga qaradi u.
— Munav, shundoq ham oʻzi mening kunim bitgan edi. Bir hisobdan shunisi ma’qulroq boʻldimi deyman, oʻz yaqinlarimning yoniga koʻmiladigan boʻldim. Hartugil kimsabilmas yurtlarda oʻligim xor boʻlib qolib ketishidan qoʻrqqan edim. Oʻgʻlimni zinhor aybdor qilishmasin. Oʻzini oʻzi pichoqlab qoʻydi, deb qoʻya qolinglar. Hammasiga men aybdorman. Boshlaringga neki musibat tushgan boʻlsa, bariga men sababchiman. Sizlarni baxtli qilolmadim, ketar chogʻim yana baxtsiz qilib ketishdan xudo saqlasin, — dedi Sultonmurod ingrab va soʻng asta koʻzlarini yumdi.

Ertasi kuni Sultonmurod Boʻriboevni qabrga qoʻydilar. Qabristondan qaytayotganda keksalar uning fojiali oʻlimi haqida bahslashib kelishardi.
— Oʻzini oʻzi pichoqlabdi, deyishayaptiku hamma, — dedi kimdir.
— Nega oʻz joniga qasd qilibdi, biror sababi bordir? — soʻradi yana kimdir qizqsinib.
— Balki xotinidan gap qochgandir... Bironta ishkalning ustidan chiqib qolmadimikan ishqilib? — gap qoʻshdi yana birovi.
— Buyogʻi endi Xudoga ayon, — qoʻl siltadi boshqasi.
— Boʻriboevni oʻgʻli pichoqlab qoʻygan, — dedi hammadan orqada kelayotgan Dovul oʻgʻri sabri tugab.

Hamma toʻxtab unga qaradi.
— Nima uchun pichoqlabdi? — soʻradi kimdir.

— Oriyat uchun.