OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUygʻun Roʻziyev
Asar nomiOzodlik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Uygʻun Roʻziyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ozodlik (hikoya)
Uygʻun Roʻziyev

Otajon sapchib oʻrnidan turdi. Quloqlariga ishonmay, radio yoniga yashindek uchib bordi va butun vujudi quloq boʻlib tingladi. Diktor gapini tugatgach, u radiopriyomnikni mahkam quchoqlab, chunonam oʻpdi-ki, hatto temir jism ham shu topda saryogʻdek erib ketdi chamasi. Keyin uning miyasiga yarq etgan fikr keldiyu oʻzini eshikka urdi. «Ozodlik! Ozodlik e’lon qilindi! Ozodlik!» deb hayqirgancha qishloq koʻchalari oralab yugurib ketaverdi. Aql bovar qilmaydigan bunday xabarni hali eshitib ulgurmagan odamlar sal boʻlmasa uni jinniga chiqarib qoʻyayozishdi. Hammadan oldin uni etikdoʻzning uyida tomsuvoq qilayotgan bir toʻda hasharchilar koʻrishdi. Ular avvaliga rosa xoxolab kulishdi. Keyin esa hademay bir kor-hol roʻy berishini payqagandek tomdan tushib, loyli qoʻllarini ham yuvmasdan koʻchaga chopishdi. Ular Otajonning uchastka militsiyasi idorasi tomonga yugurib ketayotganini sezishgan edi. Chunki u bilan Stepanning oʻrtasida azaldan kelishmovchilik borligini ular yaxshi bilishardi.

Oʻsha kelishmovchilik boshlangan paytlarda Otajon hali kichkina bola edi. Otajonning otasi Jalol Parchaev urushda qatnashib, Berlingacha borgan, keyin koʻksi toʻla medallar bilan qishloqqa qaytgan edi. Urushdan soʻng u kolxozda yeng shimarib mehnat qildi. Bir oyogʻini urushda yoʻqotib kelgan boʻlsa ham oyogʻi butunlardan koʻra koʻproq ishladi. Soʻng brigadir boʻldi. Kolxozda obroʻsi juda baland edi. Hademay kolxozga rais boʻlish ehtimoli ham yoʻq emasdi. Ammo «qama-qama» avj olgan payt edi.

Nima boʻldiyu, bir kuni yarim tunda militsionerlar kelib, Jalol Parchaevni qoʻllariga kishan solib olib ketishdi. Otajon bola edi. Odamlarning pishqirgan, doʻrillagan ovozlaridan uygʻonib ketdiyu, otasini olib ketishayotganini koʻrib, qoʻrqqanidan «piq-piq» yigʻlar edi. Keyin yonida onasi borligidan taskin topib, uxlab qoldi. Shundan soʻng, har kuni yarim tunda, ayni oʻsha paytda uygʻonib ketadigan boʻldi. Har gal uygʻonganida onasi mijja qoqmay, qorongʻida unsiz yigʻlab oʻtirgan boʻlar edi. Otajonning yuragi siqilardi. Hammasidan ham koʻra maktabda ayrim bezori bolalar: «Sen xalq dushmanining oʻgʻlisan», — deyishganda uning xoʻrligi kelib ketar edi. Ona-bola otani uzoq kutishdi. Ammo otadan dom-darak boʻlmadi.

Oʻshanda Jalol Parchaevni Ivan Nikolaevich Grishkin qoʻliga kishan solib olib ketgan edi. U qishloqda uchastka inspektori edi. Ivan Nikolaevichdan hamma qoʻrqardi. Ayniqsa, undan ham koʻra uning oʻgʻli Stepandan hamma ajaldan qoʻrqqandek qoʻrqishar edi. Stepan ayni kuchga toʻlgan, kelbatidan ot hurkadigan, uzzu-kun mushtlashishni mashq qiladigan yigit edi. U shunchalik tantiq boʻlib ketgan ediki, xohlagan odamini tutib urardi. Hech kim uning mushugini pisht deyolmasdi. Ivan Nikolaevich esa koʻpchilikning oldida oʻgʻlining yelkasiga qoqib: «Boʻlajak inspektor. Savlatini qaranglar, haqiqiy militsioner shunday boʻlishi kerak», — deb maqtanishni yaxshi koʻrardi.

Bir kuni yarim kechada Otajon odaticha uygʻonib ketganida uy ichida erkak kishining ovozi eshitildi. U avvaliga otam qaytib kelibdi, deb xursand boʻlib ketdi. Keyin oʻsha odamning qoʻpol soʻkinganini eshitib, hushyor tortdi va oʻrnidan qimirlamay quloq tutib yotaverdi. Birozdan soʻng oʻsha odamning johil Stepan ekanligini payqadi.
— Sen manavi Xudo qargʻagan yerlardagi eng goʻzal ayolsan. Menga tegsang hayoting iziga tushib ketadi. Hammasi yaxshi boʻladi, — der edi Stepan pishqirib.
— Tushingni suvga ayt. Mening erim bor, bolam bor. Nima haqqing bor mening uyimga bostirib kirishga? Tagʻin yarim kechada!— dedi gʻazab bilan Ra’no.

Stepan masxara qilib kuldi.
— Erim bor deb yuribsanmi hali? U allaqachon xalq dushmani boʻlib ketdi-ku. Ehtimol oʻsha Sibirda oq ayiqlarga yem boʻlgan boʻlsa ham ajab emas. Endi u kelmaydi. Moʻ’jiza yuz berib qaytgan taqdirda ham odam boʻlmaydi. Uni xayolingdan chiqarib tashlayver.
— Bekorlarni aytibsan. Otasi hech kimning dushmani emas. Bu senga, sening otangga oʻxshaganlarning fitnasi. Otasi albatta qaytib keladi. Gitlerning-ki joyini solgan, senga oʻxshaganlarning kunini koʻrsatadi hali.
— Koʻp valaqlayverma. Mayli, kel, xotin boʻlishga koʻnmasang, xushtor boʻlaqol. Vaqti-vaqti bilan koʻnglimni ovlab tursang boʻlgani. Qolganini oʻzimga qoʻyib beraver.
— Meni oʻzingning Marusyalaring bilan adashtirayapsan, yaramas. Tur yoʻqol, yaqinlashma, sariq mashak. Hozir dod solib butun qishloqni oyoqqa turgʻizaman. Sharmandangni chiqaraman.

Stepan hech narsadan tap tortmay unga tashlandi. Shu payt avval ayol chinqirdi, keyin Stepan yuzini changallagancha uvvos solib oʻkirib yubordi. Otajon gʻira-shira yorugʻda Stepan onasining yuziga tarsaki tushirganini koʻrdi. Lekin u bola edi. Qoʻlidan hech narsa kelmasdi. Qoʻllarini musht qilib tugib, yuzini yostiqqa bosgan koʻyi piqillab yigʻladi.

Stepan yuzini changallab, soʻkina-soʻkina chiqib ketdi. U ketaturib: «Bilib qoʻy, men bor ekanman, senlar yorugʻlik koʻrmaysanlar. Bolangni aslo koʻkartirmayman. Yodingdan chiqarma», — deb dagʻdagʻa qildi.

Oradan koʻp oʻtmay Ivan Nikolaevich pensiyaga chiqib, shahardagi uyiga ketdi. Uning oʻrniga oʻgʻli Stepan inspektorlikka tayinlandi. Endi u butunlay oʻziga bino qoʻydi. Aytgani-aytgan, degani-degan boʻlib qoldi.Kimdir bilib-bilmay gʻashiga tekkudek boʻlsa, u albatta toʻpponchasini oʻqtalar edi. Boshqa militsionerlarning toʻpponchasida bir yoki ikki dona oʻq boʻlsa, Stepanning toʻpponchasi oʻqqa toʻla boʻlar, hatto yonida oʻqqa toʻla yana bir magazin turar edi. U forma kiyganidan keyin tantanavor qiyofada yana Jalol Parchaevning uyiga keldi. Ona-bolani yana masxaralab kuldi.
— Chogʻlaringni koʻraverlaring, erta-indin uylaring buziladi. Xalq dushmanlariga davlatning bir qarich yeri xam hayf. Bu yerda yogʻoch-taxta omborini quramiz, — dedi u tahdid bilan.

U «xalq dushmani»ning oilasini hech kim himoya qilmasligini yaxshi bilardi. Va aytganini qildi ham: bir hafta oʻtar-oʻtmas buldozer kelib, he yoʻq, be yoʻq, ularning uyini buzib tashladi. Ona-bola zor yigʻlashdi. Qoʻni-qoʻshnilar esa pana-pastqamdan zoʻrgʻa moʻralab turishardi.

Bir necha yildan keyin Jalol Parchaev qamoqdan qaytib keldi. Lekin sogʻligi juda abgor ahvolda edi. Oʻqtin-oʻqtin yoʻtalar,uzzu-kun yostiqdan boshini koʻtarolmay yotar, ba’zan koʻksini changallab, bukchayib qolardi. Nihoyat, u bir yilga ham yetmay dunyodan koʻz yumdi. Janozaga kelishga hammaning ham yuragi betlamadi, oz-moz odam toʻplandi. Bir amallab tobutni qabristonga olib borishdi. Mayitni koʻmar chogʻida taomilga koʻra «Birodarlar, marhum qanday odam edi?» — deya soʻraldi. «Xalq dushmani edi», — dedi orqa tomondan kimdir baralla ovozda. Hamma oʻsha tomonga oʻgirilib qaradi. U yerda istehzoli qosh chimirib, qoʻlini beliga tiragancha Stepan turardi. Otajon uvvos solib yigʻlab yubordi. «Qabristonda yigʻlanmaydi, boʻtam», — deb unga taskin berishdi chollar.

Jalol Parchaevning iztiroblarga dosh berolmagan ayoli ham koʻp oʻtmay yorugʻ olamni tark etdi. Otajon huvillagan eski tashlandiq uyda yolgʻiz oʻzi qoldi. U alamlar ichida yoʻq boʻlib ketmaslik uchun oʻzini turli yumushlar bilan chalgʻitar, kitoblar bilan ovutar edi. Qariyb bir yilcha oʻtgandan keyin esa Jalol Parchaevning oqlanganligi haqida xat keldi. Otajon koʻzlariga ishonmadi. Kechikib kelgan shu xatni koʻksiga bosdi. Oʻkirib-oʻkirib yigʻlab, xatni takror-takror oʻqidi. «Shu paytgacha qayoqda eding, la’nati xat? Shunchalar ham kechikasanmi, haqiqat?!» – deya u yeru koʻkni larzaga solib yigʻlardi.

Keyin xatni qoʻlida baland koʻtargancha koʻchaga yugurdi. Qishloqdagi har bir uyga kirib, xatni oʻqitib chiqdi. Endi u Stepanni eslab qoldi. «Unga aytish kerak. Otam xalq dushmani emasligini u bilib qoʻyishi kerak, — deya oʻylardi u. – Xatni koʻrib qoʻysin. Oʻqishni bilmasa ham koʻrib qoʻysin! Yirtib tashlamasmikin? Yoʻq, hukumatning xatini yirtishga qoʻli bormaydi». Bu kun bozor kuni edi. Stepanni bozordan topish mumkin. Ha, u albatta oʻsha yerda boʻladi. Otajon xatni bagʻriga bosib, bozor tomonga yugurdi. Olomonning orasidan Stepanni axtarib topdi. Uning roʻparasiga keldi-da, bor kuchini jamlab yuziga tarsaki tushirdi. Stepanning koʻzlaridan oʻt chaqnab ketdi. Nima roʻy berganini tushunmay, bir zum koʻzi tinib, boshi aylangach, yana oʻziga kelib, toʻpponchasini chiqardi. Odamlar, hozir shu toʻpponchadan oʻq uzilishi aniq, deb qoʻrqib ketishdi.
— E, senmisan, itvachcha, — dedi Stepan qarshisida jazavasi qaynab turgan ozgʻin yigitni tanib.
— Mening otam xalq dushmani emas ekan, Stepan, dushman emas ekan. Mana, xatni koʻrib qoʻy, gazanda. Otam oqlandi, hammasi tuhmat ekan, uydirma ekan. Senga oʻxshagan gazandalarning fitnasi ekan, tushunayapsanmi? Endi tilingni tiyib yur, hayvon. Xalqning haqiqiy dushmani sensan.

Stepanning koʻzlari olaydi, gʻazabdan tishlari gʻijirladi. Toʻpponchasini gʻilofiga solib qoʻydi-da, yengini shimardi. U oʻziga qoʻl koʻtarishga jazm etgan tirmizakni musht bilan sulaytirib huzur qilmoqchi edi. U gurzidek mushti bilan Otajonning koʻkragiga urdi. Otajon gandiraklab yiqildi. Uning hali bolaligi bor edi, kuchga toʻlmagan edi. Stepan odamlarning koʻz oʻngida Otajonni ayamasdan savaladi. U javdirab odamlarga qaradi. Lekin ularning koʻzlaridan najot zarrasini topolmadi. Shunda Otajon oʻzini umrida birinchi bor yolgʻiz, mutlaqo yolgʻiz sezdi. Hatto avval otasi, keyin onasi dunyodan koʻz yumganida ham yolgʻizlikni bunchalar chuqur his etmagan edi. U butunlay oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Tanidan kuch ketib, yerga choʻkkalab qoldi. Stepan esa hamon quturib savalar edi. Tomoshaga toʻplangan olomon, qanchalik ichi achishmasin, miq etmay kuzatib turdi. Ular bir ogʻiz soʻz aytishga ham botina olishmadi. Axir, ular yaxshi bilishardi: Stepanning tulporday kuchi, oʻq toʻla toʻpponchasi, egnida formasi, eng muhimi, hammanikidan ham ustun turadigan HUQUQI bor.

Stepan baribir xumordan chiqmadi, shekilli, mushukbolani ushlagandek baquvvat kafti bilan Otajonning boʻynidan ushlab, militsiya idorasiga sudrab ketdi. Idoraning yertoʻlasi bor. Bir paytlar bu yertoʻlani Ivan Nikolaevich qurdirgan edi. Qandaydir aybda gumon qilinib tutib kelingan odamlar bir-ikki kun shu yertoʻlada saqlanar, bu esa Stepanning joniga oro kirib, u ana shu «tirik nishon»larni doʻpposlab chiniqar edi. Koʻpdan-koʻp odamlar shu yertoʻlaning azobini tortib chiqishgan. Stepan Otajonni ham oʻsha yertoʻlaga bir hafta qamab, rosa kaltakladi.

Yertoʻladan abgor boʻlib chiqqan Otajon ikki oy deganda zoʻrgʻa oʻzini tiklab oldi. Shundan soʻng yillar davomida hech kim bilan ishi boʻlmay, oʻzi bilan oʻzi ovunib yurdi. Stepanning esa adovatlari hamon davom etardi. Otajon maktabni oltin medal bilan tugatish arafasida turganida Stepan maorif boʻlimi mudiriga «U xalq dushmanining oʻgʻli» degan mazmunda xat yoʻllab, imtiyozdan mosuvo qildi. Oʻqishga kirmoqchi boʻlganida esa institutga yana shunday mazmunda xat yubordi. Shu tariqa Otajon hech qaerda oʻqiy olmadi. Biron joyga ishga ham kirolmadi. Har qadamini Stepan kuzatib yurar edi. U qishloqda odamlarning yumushini bajarib tirikchilik qiladigan boʻldi. Odamlar bilan deyarli gaplashgisi kelmasdi. Dilkashi faqatgina radio boʻlib qolgan edi. Shuning uchun ham, Ittifoq barbod boʻlib, Respublika ozodligi e’lon qilinganida ana shu dilkashini toʻyib-toʻyib oʻpdi. Quvonchi ichiga sigʻmay, koʻchaga chopdi.

Otajon koʻchalar boʻylab yugurib borarkan, vujudi yanada kuch-quvvatga toʻlayotganini his etardi.

Stepanni axtarib bormoqda edi. Uni qaerdan topishni yaxshi biladi: «Hozir u albatta idorada tutib kelinganlardan birontasini boshida yongʻoq chaqib oʻtirgan boʻlsa ajabmas».

Ayni choqda Stepan idoraning yonida mototsiklining buzilib qolgan qaysidir murvatini kavlab oʻtirgan edi. Otajon shiddat bilan kelib, Stepanning yumshoq joyiga chunonam tepdiki, Stepan yuztuban yiqilib, yuzi shilindi, lablaridan qon sizdi. Kutilmagan hamladan Stepan esankirab qoldi. Zarba juda kuchli boʻldi. Bu endi qandaydir bolakayning emas, togʻni ursa talqon qiladigan zabardast odamning zarbasi edi.

Stepan bir zum gangib turgach, oʻzini oʻngladi. Haqiqatdan ham roʻparasida qiltiriq bola emas, bilagi kuchga toʻlgan savlatli yigit turardi. Stepanning koʻzlari qonga toʻldi. Atrof qorongʻulashib, koʻziga faqat ana shu zabardast yigit koʻrinib qoldi. Endi uni musht bilan sulaytirib boʻlmasligi ma’lum edi. Yoqalashib oʻtirish befoyda. Yuragida qasos oʻti yonayotgan bu yigit olishuvda uni yengib tashlashi ham mumkin. Stepan buni tushundiyu, tupponchasini qoʻliga oldi va koʻz oldida qaddini gʻoz tutib turgan yagona nishonga tik oʻqtalib boraverdi.

Otajon koʻylagini yirtib, unga koʻksini tutdi.
— Ot, Stepan, ot. Qoʻlingdan kelsa soʻnggi nishoningni otaqol. Lekin otolmaysan, Stepan, otolmaysan. Otgan oʻqing koʻksimni tesholmaydi. Mingta oʻq otsang ham oʻlmayman. Sening davring tugadi. Ozodlik e’lon qilindi. Sening suyanganing bor-yoʻgʻi shu toʻpponcha. Qani, nega qarab turibsan, otib koʻrmaysanmi, gazanda.

Stepan uning gaplarini ham, nega kutilmaganda hamla qilib qolganini ham tushunmadi. U yangilikdan bexabar edi.

Toʻpponcha sharaqladi. U nishonni yana bir bor koʻzi bilan chamaladi. Toʻpponchaning otishi muqarrar boʻlib qoldi. Otajon esa hamon koʻksini tutib baqirardi. Stepan qahr bilan tepkini bosdi. Bir emas, ichidagi soʻnggi oʻq ham otilguncha qayta-qayta bosdi. Ammo oʻqlarning hammasi osmonga uchdi. Stepan muzday suv sepgandek seskanib ketdi. Allaqachon toʻplanib ulgurgan olomon unga oʻqrayib qarab turar, odamlar uning toʻpponcha ushlagan qoʻlini osmonga koʻtarib tutib turishar edi. Stepan soʻkinmoqchi boʻlib ogʻiz juftladi. Ammo qarshisidagi odamlar endi undan zarracha ham qoʻrqishmayotgan, qaytanga uning yana birgina qaltis harakatini kutib turishgan, agarda hozir ana shu qaltis harakat sodir etilgudek boʻlsa, uni parcha-parcha qilib tashlashlari mumkinligini ularning nigohlaridan uqib oldi. Stepanning oyoq-qoʻllari qaltirab, toʻpponchasi yerga taraqlab tushdi. Odamlar toʻpponchani oyoqlari ostiga olib, pachoqlab tashlashdi. Stepan behush yiqildi.

Oʻsha voqeaning ertasiga Stepanning qishloqdan qochib ketganligi haqida gap-soʻzlar tarqaldi.