OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUygʻun Roʻziyev
Asar nomiRamazonning oʻn beshinchi kuni (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Uygʻun Roʻziyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ramazonning oʻn beshinchi kuni (hikoya)
Uygʻun Roʻziyev

Yertoʻlaning achimsiq havosi dimoqqa urilib, kishini behuzur qiladi. Bu yerga ilk bor tushgan odamning zax va boʻgʻiq havodan nafasi qaytib, qorongʻilik ichida yuragi siqilishi mumkin. Yertoʻlaning bir burchagida kichkina tuynuk boʻlib, kun peshindan ogʻa boshlaganda quyosh nurlari shu tuynukdan yoʻl topib kirar va bu yerni bir muddatgina gʻira-shira yoritganday boʻlardi. Lekin boshqalar uchun qanchalar yoqimsiz boʻlmasin, Sayram Sayilboy oʻgʻli uchun bu joy anchagina qulay edi. U koʻcha-koʻyda odamlarning gap-soʻzlaridan, kunjak-kunjaklarda bir-birlariga shivirlashib, kinoyali kulishlaridan bezib, asablari qaqshagan, yoxud alamzada boʻlgan kezlarida va ba’zida poyoni yoʻq orzular girdobiga gʻarq boʻlganida mana shu yertoʻlaga shoʻngʻib ketishni xush koʻrardi. Bunday lahzalarda u hech kimni koʻrishni ham, gaplashishni ham istamas, hatto yigʻma karavotini ham yertoʻlaga tushirib olib, yolgʻiz oʻzi zimistonda nafas olgisi kelar edi. U xuddi mana shu yerda halovat topar, oʻzini mutlaqo erkin va xotirjam his etardi.

Uning bunday fe’lini deyarli butun qishloq bilib qolgan va ular toki Sayramning oʻzi ostona hatlab chiqmaguncha uni aytarli bezovta qilishmas edi. Faqatgina hali maktabda oʻqib yuradigan jiyani har kuni birrov xabar olib ketar (chamasi onasi holi-joniga qoʻymay yuborsa kerak, yigitning uyga xushlamay qadam qoʻyishidan buni payqasa boʻlardi), ayniqsa, ramazon kunlari bir piyolada nisholda, bir kosada ovqat va kulcha nonni olib kelib, dahlizga qoʻyib ketar, Sayram bilan esa koʻpincha tuynuk orqali gaplashib qaytar edi.

Har yili ramazon oyini u hammadan boʻlakcha oʻtkazardi. Har holda yertoʻlaga butunlay qamalib olmasa ham, lekin bir oy davomida oʻzini chillaga solgan kabi hovlisidan bir qadam chiqmas, hatto tirikchilikni ham unutgan koʻyi, roʻza tutib, besh vaqt namozni oʻqib, uyida oʻzini u-bu yumushlar bilan ovuntirib yurardi. Uning boshiga baxt qushi bir qoʻnib, qochgan va hayotini butunlay ostin-ustun qilib yuborgan oʻsha alamli voqea ham aynan ramazon oyida roʻy bergan edi-da. Mana, endi har gal ramazon eshik qoqqanda Sayram Sayilboy oʻgʻlining qalbini iztirob farishtalari chertib oʻtadi.

Oʻsha voqea bundan roppa-rosa oʻttiz besh yil muqaddam roʻy bergan edi va lekin cholning xotirasida bu xuddi ikki kun oldin sodir boʻlgandek tuyular, shu boisdan ham uning yuragidagi umid uchqunlari batamom soʻnib ulgurmagan va kelayotgan har bir kundan qandaydir xushxabarni kutib yashar edi, garchi odamlar uni allaqachon telbaga, amalga oshmas istaklar daryosiga shoʻngʻigan ovsarga chiqarib qoʻyishgan boʻlsa ham.

Sayram yertoʻladan chiqarkan, uy derazasidan ufqqa bosh qoʻyayotgan quyosh shu’lasidan koʻzlari qamashib, bir muddat boshi aylandi. Shunda birinchi bor oʻzini goʻyo qabrdan chiqib kelayotgandek his qildi. «Men oʻlgan odamman, bunga koʻp yillar boʻlgan, — deya oʻyladi u. — Faqat oʻzimcha tirikman, xolos. Odamlar oʻlganimni allaqachon payqashgan, faqat hammalari koʻmisholmay halak. Shuning uchun ham meni koʻrganlarida tirilgan murdani koʻrgandek ajablanib qarashadi, ustimdan kulishadi. Mana, bugungi kun ham oʻtdi — qizgʻanchiq va mazmunsiz kun. Ammo ana u boʻzarayotgan oftob ertaga yana charaqlab bosh koʻtaradi. Ana oʻshanda istaymanmi, yoʻqmi, mening umidlarim yana uygʻonadi. U qaytishi kerak. Ungacha men oʻlmayman, ona yer meni oʻz qa’riga tortib ketmaydi. Toptalgan gʻururim, yigitlik sha’nim tiklanishi kerak. Gʻurursiz, sha’nsiz oʻlib boʻlmaydi. Ularsiz oʻlib ketsam, u holda kaltaklangan itdan, boʻgʻizlangan qoʻydan qanday farqim qoladi? Axir, men inson boʻlib dunyoga kelganman-ku»;.

Keyin u dahlizdagi stol ustida turgan dasturxonni nari surdi-da, peshonasini bilaklari ustiga qoʻyib, uzoq xayolga choʻmdi. Har galgidek yana oʻsha manzara, oʻsha xotiralar quyilib kela boshladi...

Sayram ayni yigitlik quvvatiga toʻlganda otasi bu dunyoni tark etdi. Shunda mushtipar onasi boshi gangib, xavotirga tushib qoldi: oʻgʻli va qizini koʻzi tirikligida uyli-joyli qilib ketmasa, ertaga bu bechoralarning holi nima kechadi? Shu tashvishda qizini birinchi kelgan sovchilarga uzatib yubordi-yu, lekin Sayramning uylanishi biroz choʻzildi. Yigitning ishqi Ozod muallimning qizi Muharramga tushdi. Shunda hali begʻubor bolalik xayollari bilan yashab yurgan qizning ham koʻnglini muhabbat nasimlari siypalab oʻtdi. Ular ahdu paymon qildilar. Biroq bu paytda Muharram shahardagi texnikumda oʻqiyotgan edi. (U davrlarda qishloqdan sanoqligina qizlar shaharga borib oʻqir edilar). Layli-yu Majnunlarni unashtirib qoʻyishdi, biroq toʻyni qiz oʻqishni bitirganidan keyin qilishga kelishib olishdi. Shu tariqa ikki yilni sabr-toqat bilan oʻtkazishga toʻgʻri keldi.

Ishq-muhabbat hayotga ham, insonga ham goʻzallik baxsh etadi. Muharramning goʻzalligi kundan-kunga ta’riflarni ojiz qilib borardi. Sayramning ham kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshilib bormoqda edi. U kolxozda nimaiki yumush boʻlsa bajardi, bariga ulgurdi, kuch va matonat topa oldi. Toʻy kunini qizgʻin mehnat bilan yaqinlashtirib borardi.

Ammo toʻy kuni yaqinlashgani sayin Muhar¬ramning avzoyida oʻzgarishlar uchqunlana boshladi. Chamasi, qiz qalbini kishi bilmas, koʻz ilgʻamas bir iztirob iskanjaga olmoqda edi. Sayram ham buni salgina payqagandek boʻldi, lekin toʻydan oldin hamma qizlar ham shunday holatga tushadi, deb oʻziga taskin berib qoʻya qoldi.

Nihoyat bir kuni Muharram ich-etini tirnayotgan oʻsha dardni yuzaga chiqardi.
— Sayram aka, — dedi Muharram sokin tunda oy nurlari jimirlab turgan soy boʻyida uchrashib turganlarida yigitning yelkasiga kaftlarini qoʻyib. — Toʻyni tezlashtiring, agar iloji boʻlsa.
— Xoʻp, juda soz, — dedi Sayram ajablanib uning koʻzlariga tikilarkan, lekin nima sababdan?

U sezib turardi — qiz qandaydir muhim gapni unga aytolmay qiynalayotgan edi.
— Nima gap, Muharram? — dedi u dardini ichiga yutayotgan qizni yupatarkan.
— Men...
— Hech kimdan va hech narsadan qoʻrqma.
— Meni... Meni bir yigit haddan ortiq yaxshi koʻrib qolgan.
— Meni nazarda tutayapsanmi? — kuldi Sayram.
— Yoʻq, boshqa yigit.
— Boshqa yigit? Kim ekan u, bilsam boʻladimi?
— U shaharlik. Oʻqish joyimizga tez-tez kelib turardi. Oʻzi anchagina badavlat xonadondan, lekin juda bama’ni, oddiy va samimiy yigit.
— Ismi nima?
— Ismi... Mansur.
— Sen-chi, sen ham uni yaxshi koʻrasanmi? — dedi Sayram lablari titrab. Qiz sukut saqladi. — Nega javob bermaysan?
— Biz unashtirilganmiz, Sayram aka, buni hamma biladi. Toʻyimiz qachon boʻlarkan, deb shu paytgacha kun sanab yashab kelayapmiz. Toʻyni tezroq oʻtkazaylik. U hademay bu yerga kelib, meni axtarib qolishi mumkin. Agarda u kelgudek boʻlsa, meni olib qololmasangiz kerak.
— Oralaringizda hech gap boʻlmaganmi?
— Yoʻq, hech gap boʻlmagan. Olloh va vijdonim oldida pokman. Unashtirilganimizni unga ham aytganman. Lekin baribir holi-jonimga qoʻymayapti. Tinchimni oʻgʻirlayapti. Tezroq toʻyni qilaylik. Shundagina u umidvor boʻlmaydi, shundagina u ham, siz va men ham tinch yashaymiz.

— Ramazon oyi boshlandi, bu oyda deyarli hech kim toʻy qilmaydi. Bunga oqsoqollar ham koʻnishmas, ehtimol. Hech boʻlmasa shu oy oʻtsin.

— Qaysi zamonda yashayapmiz? Eskicha udumlarni oʻylab oʻtiradigan paytmi hozir. Vaqt ziq dedim-ku, nahotki tushunmayapsiz?
— Boʻldi, ertagayoq toʻy taraddudiga kirishaman. Men seni hech kimga berib qoʻymayman. Seni hech kim tortib olib ketolmaydi.

Sayram toʻyni boshlashga yeng shimarib kirishib ketdi. Uning bunchalar shoshilayotganligini koʻpchilik odamlar istehzo bilan qabul qilishdi. «Ikki yil bir amallab chidagan ekan-da, endi ikki soat ham sabr qilolmay zirillashini qaranglar»;, — deb orqavorotdan kulishardi ular. Odatda haddan ortiq sevgi domiga tushib qolgan yigitlar mana shunday besabr boʻlishadi.

Toʻy kuni ham tayin qilindi — ramazon oyining oʻn beshinchi kuniga belgilandi. Sayram oyogʻi kuygan tovuqdek erta-yu kech tinim bilmasdi. Hamqishloqlar ham qarab turishmadi, kimdan nima soʻrab chiqilsa, borini olib chiqib berishardi.
— Bolam, — dedi Ozod muallim Sayramga nasihat qilarkan, — toʻyga koʻpam katta xarajat qilib yuborma. Holingga yarasha, ixchamgina oʻtkazsang ham hech kim oʻpkalamaydi. Nega bunchalik shoshilayotganingni tushunmadimu, lekin mayli, har nima boʻlganda ham sizlar baxtli boʻlsalaring bas. Rahmatli Sayilboy muallim qadrdon doʻstim edi. Birga oʻsib katta boʻldik, hayotning achchiq-chuchugini birga totdik, birga ishladik, urushda ham birga jang qilganmiz. Afsuski, farzandlarimizning baxtini birga koʻrish nasib qilmagan ekan. Biz bir-birimizga har doim suyanch boʻlganmiz. Sizlar ham, bolalarim, bir-biringizga suyanch boʻlinglar.
— Ota, men ham baxtli turmush quraylik, deb shoshilayapman. Peshonamga Muharramni yozgani uchun taqdirimdan mingdan-ming roziman, — dedi Sayram.

Ramazonning oʻn beshinchi kunida butun qishloq ahli toʻyxonaga toʻplandi. Kelinni olib kelish uchun Sayram kuyovjoʻralari bilan yoʻlga otlandi. Kelinning uyida ham toʻy avjida, hamma xursand. Tuy marosimlari-yu irim-sirimlar hammasi oʻrnida boʻldi. Kelin zamonaviy urf boʻlayotgan oppoq libosga oʻranib, farishtadek boʻlib kuyovning yoniga keldi. Mulla nikoh oʻqidi. Keyin keksalar ikki yoshga oq fotiha berishdi. Oy desa oydek, kun desa kundek kelinchak bilan uyi tomon yoʻl olarkan, Sayramning quvonchi ichiga sigʻmas edi. Ammo bunday hayajon va quvonchni u Muharramning chehrasida koʻrmadi. Uning yuzida tushunib boʻlmas xavotir va iztirob hamon hukmron edi.
— Mana, nikoh qiyildi, — dedi Sayram sekin shivirlab, — endi hech narsadan tashvishlanmasang ham boʻladi.
— Ha, biz nikohlandik, ammo hali chimildiqqa yetib borganimiz yoʻq. Agar u shu vaqt ichida yetib kelgudek boʻlsa, meni olib qololmaysiz, — dedi Muharram qat’iy ohangda.

Shunda Sayramning ham ichiga gʻulgʻula tushdi va vaqtning tezroq oʻtishini istab, qadamlarini ham tezlatdi. Ular hovliga kirib borganlarida karnay-surnaylarning ovozi yanada balandroq yangradi. Toʻyxonaga toʻplangan odamlar ularni kuta-kuta sabrlari chidamagan va tantanani allaqachon boshlab yuborishgan, shu bois hozir bazmu jamshid ayni avjida edi.

Kun boʻyi maydalab yomgʻir yogʻib oʻtgan, hozir yomgʻirdan keyingi achchiqqina izgʻirin esardi. Pagʻa-pagʻa bulutlar ortidan qizaribgina koʻrinish berayotgan quyoshning ufq ortiga asta bosh qoʻyayotganini kuzatib, Sayramning yuragidagi gʻulgʻula battar gʻalayon qila boshladi. May simirib sarxush boʻlgan odamlar biri olib, biri qoʻyib gapirishar, chapaklar, qiyqiriqlardan quloq qomatga kelardi. Kelin-kuyov esa toʻyxona toʻrida bir juft kabutardek oʻtirishardi.

Shunda hovli oldiga bir mashina kelib toʻxtadi. Undan barvasta uch yigit tushib, hech kimdan taklifu takalluf ham kutmasdan ichkariga salobatli qadam tashlab kirib kela boshladi. Ularning qishloq yigitlari emasligini saxtu summatining oʻziyoq aytib turardi. Qiyofalari nihoyatda jiddiy, hushyor va bu yerga shunchaki toʻy bilan qutlash uchun kelmaganliklarini anglash mushkul emas edi. Hammaning nigohi ularga qadaldi va toʻyxona suv quygandek jimib qoldi.
— Mansur! — dedi Muharram hayratdan entikib va sekin oʻrnidan turdi. — Omadingiz yoʻq ekan, Sayram aka, baxtingizni quchishga ulgurolmadingiz.

Mansur hech narsadan tap tortmay, toʻgʻri kelinning oldiga keldi.
— Mana, nihoyat seni topib keldim, Muharram, — dedi u. — Mana bu shodiyonalarning senga daxli yoʻq. Endi yur, ketamiz.

U qoʻlini uzatdi. Shunda Muharram ham unga qoʻlini tutqazib, asta yoniga oʻtdi. Boyadan beri haykaldek qotib turgan shirakayf kuyovjoʻralar vaziyatni tusmollab, oʻrinlaridan irgʻib turishdi. Shu holatda ular kutilmagan bu mehmonlarni yerparchin qilib tashlashga chogʻlangan edilar.
— Toʻxtanglar, — dedi Sayram stolga musht urib. Hamma yana joy-joyida qotdi.
— Muharram, biz nikoh oʻqitib boʻldik.
— Kechiring, Sayram aka, — dedi Muharram Mansurning pinjiga tobora mahkamroq kirib borarkan.
— Men senga majburlab uylanayotganim yoʻq. Seni jonimdan ham ortiq sevganimni yaxshi bilasan-ku. Sen ham oʻz ixtiyoring bilan menga tekkansan.
— Hamma gapingiz rost, Sayram aka. Shuning uchun ham, biron sharmandalik roʻy bermasidan, tezroq turmush quraylik, dedim. Lekin nailoj, ulgurmadik, boʻlar ish boʻldi. Endi men sizniki boʻlolmayman.
— Xoʻp, mayli, u seni shunchalar sevar ekan, lekin sen-chi?
— Men ham unga bee’tibor emasman. U yonimda turganida koʻzimga muhabbatdan boshqa hech narsa koʻrinmay qoladi. Sizdan oʻtinaman, mendan ranjimang.
— Koʻzingni yolgʻon sevgi koʻr qilib qoʻyibdi, — dedi Sayram ovozi xirillab. — Hozir hushing joyida emas. Bir kuni koʻzing ochilsa, albatta pushaymon qilasan. Bilib qoʻy, men sendan boshqa hech kimga uylanmayman, shuning uchun uch taloq ham qoʻymayman. Bu gapni, mana, xaloyiqning oldida aytayapman.

Mansur Muharramni mashinaga tomon yetakladi. Kuyovjoʻralar dargʻazab boʻlib, ularning ustiga yopirilib bormoqchi boʻlishdi. Sayram qulochini keng yoyib, hammani toʻxtatdi. Muharram mashinaga oʻtirishga chogʻlanarkan, soʻnggi bor ortiga oʻgirilib qaradi va shu zahoti nigohi boyadan beri hamma voqealarni sabr-toqat bilan kuzatib, rangi boʻzday oqarib turgan otasiga tushdi.
— Meni kechiring, otajon, — dedi Muharram iltijo bilan.
— Oqpadar! — dedi Ozod muallim titrab-qaqshab.

Xaloyiq oyoqqa qalqidi va ‘‘guv’’ deya ovoz berdi. Qizning yonoqlari uzra ikki tomchi yosh dumaladi. Keyin u mashinaga oʻtirdi va ortiga boshqa qayrilib qaramadi. Mashina yeldek uchib ketdi. Bolakaylar esa uning ortidan tosh otib qolishdi. Shundan soʻng toʻyxonadagi muzday sukunat ham buzildi, gʻala-gʻovur boshlandi va asta-sekin odamlar ham tatimagan bazmdan hafsalalari pir boʻlib, uy-uylariga tarqa¬lishdi.

Bu koʻrgilikni Sayramning onasi koʻtarolmadi va koʻp oʻtmay hayotdan koʻz yumdi. Sayram esa aytgan gapida turib oldi, qishloq ahli yillar mobaynida har qancha urinishmasin, uni uylanishga koʻndi¬risholmasdi.

Chol qorongʻi tushishini kutib, hovlida ivirsib yurdi. Keyin pechkaga oʻtin qalab, namoz oʻqib oldi va dasturxonni hafsalasizlik bilan ochib, sovub qolgan ovqat bilan iftorlik qildi. Shundan soʻng moychiroqning piligini koʻtarib, uning shu’lasi bilan biroz oʻynadi. Bu ham siqilib borayotgan yuragiga dalda boʻlolmadi shekilli, uy ichida u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. Shunda koʻzgu yonidan oʻtayotganida bexosdan oʻz qiyofasiga koʻzi tushib, jirkanib ketdi va apil-tapil axtarib eski-tuski buyumlar orasidan bir necha tishlari singan koʻhna taroqni topib oldi-da, koʻpdan beri tarashlanmagan soch-soqolini taradi. Yana oyna oldiga borib, oʻziga obdon razm solarkan, ich-ichidan xoʻrligi kelib, unsiz yigʻladi. «Yoʻq, nazarimda hammasi tugadi,-dedi u mushtini devorga urarkan.-Nahotki hamma umidlarim puchga chiqdi? Tole menga neki bergan boʻlsa, bari omonat boʻldi. Dunyoga kelib nima topdim? Boshimga qoʻngan baxt qushi ham hali kaftimda tutib ulgurmay uchdi-yu ketdi. Omonatga berilgan birgina jonim qoldi, xolos. Hademay, mana, sohibi qudrat¬ning elchilari keladi-yu, soʻnggi omonatini ham olib ketadi. Mendan na bir zurriyot, na nom-nishon qoladi. Shuncha yil odamlar ogʻzida ermak boʻldim. Endi ana shu mogʻorlagan afsonalar ham, umrimning soʻnggi lahzalarigacha hamrohim boʻlgan ishq-muhabbat ham oʻzim bilan tuproqqa qorishib ketadi. Hoynahoy anavi shitirlayotgan ajal sharpasi boʻlsa kerak. Hozir u kirib keladi-yu, giribonimdan oladi. Ha, uning changalidan qochib qutulib boʻlmaydi. U toʻsiqni ham, shafqatni ham bilmaydi. Shu bilan armonlarga toʻla umr nihoyasiga yetadi»;.

U yuzini changallab, shu koʻyi allamahalgacha oʻtirdi. Bir payt, hovlidan qadam tovushlari eshitil¬ganday boʻldi. Qorongʻi tushgandan keyin kuzning izgʻirin shamoli esa boshlagan, u xazonlarni shitirlatib, tomlarning tunukalarini taqillatib, asta-sekin kuchaymoqda edi. Birozdan soʻng yana qadam tovushi eshitildi va bu safar u shamolning guvillashiga ham, xazonlarning shitirlashi-yu tunukalarning taqillashiga ham oʻxshamadi. Odatda bemahalda hech kim Sayramni yoʻqlab kelmas edi. Shuning uchun ham u sergak tortdi.

Sayram vujudi quloq boʻlib, indamay oʻtiraverdi. Bir mahal deraza ohista chertildi. Sayram shunda ham qimirlamadi. Tashqarida kimdir derazani chertib-chertib, oxiri qattiq taqillata boshladi.
— Sayram, och eshigingni. Eshigingni och, Sayram, — dedi qaltiragan va yigʻlamsiragan ovoz. Bu ayol kishining ovozi edi.

Sayram hayratdan entikib, deraza oldiga bordi. Osmonni qop-qora bulut qoplagan, tashqari zim-ziyo, boʻron tobora qutura boshlagan edi.
— Kimsan? — dedi Sayram tez-tez nafas olarkan.

Tashqaridagi ayol deraza oldiga yaqinroq keldi. shunda chiroqning xira shu’lasida uning jussasi koʻrindi. Yuzlarini ajin bosgan, sochlari toʻzgʻigan, juldur kiyimli, alvastimonand bir ayol Sayramga iltijoli termulib turardi. Sayram dastlab choʻchib tushdi, keyin ayolning koʻzlariga sinchkovlik bilan tikilib, yuragi «shuv»; etib ketdi.
— Muharram! — baqirib yubordi chol. — Nahotki, bu sen?!

U ayolni tanidi, bir paytlar yuragiga nashtar urgan oʻsha quralay koʻzlaridan tanidi. Ajab! Tabiat Muharramga bergan barcha goʻzalliklarini yana qaytarib olib qoʻyibdi, ammo ofatijon koʻzlarini tortib ololmabdi. Mana shu koʻzlar Sayramning yuragining tub-tubiga kirib borgan edi. Mana shu koʻzlarda bir paytlar lovullab yongan ishq alangasi hali butunlay soʻnib ulgurmabdi.
— Men keldim, Sayram, ostonangga bosh urib keldim, — dedi Muharram yigʻlab. — Qari alvastini kechirolsang, kechir. Kechirilmas gunohlarimdan oʻt. Eshigingni och, meni bagʻringga ol, Sayram chol.

Sayram hovliqqanidan qoqina-surina eshikni ochdi. Shunda ayol jon haybatida oʻzini uning quchogʻiga otdi. Chol bagʻridagi kampirning toʻzgʻigan sochlarini siladi. Kampirning bir tutam jussasi dir-dir qaltirar, chanqab-pishnab nafas olar edi.
— Bagʻring bunchalar issiq boʻlmasa, Sayram, — dedi ayol va cholning quchogʻiga yanada mahkamroq singib ketdi.
— Oʻttiz besh yildan beri kutaman seni, — dedi Sayram. — Shu yillar ichida yuragim muzga aylanib ketsa kerak, deb oʻylagan edim. Ammo toki muhabbat uni butunlay tark etmaguncha yurak qurgʻur muzlashni xayoliga ham keltirmas ekan.
— Xayriyat, tirik ekansan.
— Ha, oʻlmadim, Muharram, oʻlolmadim. Sen kelmasang, yuz yilda ham oʻlolmay qiynalar edim.
— Nahotki, shuncha voqealardan keyin ham, shuncha yillar oʻtsa ham meni unutmagansan?
— Ha, seni kutib yashadim.
— Qaytishimni bilarmiding?
— Umidvor edim.
— Nahotki?
— Biz nikohdan oʻtganmiz. Sen betaloq ketgan eding.
— Eshitdim, sen boshqa hech kimga uylanmabsan. Meni kechir, Sayram, va’dangda bunchalar sobit turishingni oʻylamabman.
— Sen-chi, borgan joyingda baxt topdingmi?
— Baxt mening peshonamga bitilmagan ekan. Ehtimol, otamning qargʻishi urgandir. Mansurni xiyonat ustida ushlab, uydan quvdim. Keyin boshqa erkakka turmushga chiqdim. U ham begona bir ayolga ilakishgach, ikkovlashib meni quvib-solishdi. Nihoyat, qariganimda yakka-yu yolgʻiz oʻgʻlim ham meni koʻchaga haydadi. Odamlardan surishtirib, sening hali ham yolgʻiz yashayotganingni bildim. Shunda oʻlsam, faqatgina sening qoʻlingda oʻlishim adolatdan boʻlishini tushunib yetdim. Meni jazola, Sayram, istasang hoziroq oʻldir.
— Odam oʻz baxtini ham oʻldiradimi, shayton qiz.
— Nega bunchalar mehribonsan-a, Sayram?!

Sayram chol chuqur xoʻrsindi. Keyin Muharramni yanada mahkamroq quchoqlab, jilmaydi:
— Meni mehribon qilib qoʻygan — sening muhabbating, farishtaginam.

«Yoshlik»; jurnalining 2009-yil, 3-sonidan olindi.