OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Uygʻun Roʻziyev. Robiya (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUygʻun Roʻziyev
Asar nomiRobiya (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Uygʻun Roʻziyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/09/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Robiya (hikoya)
Uygʻun Roʻziyev

Qoʻlida oftoba koʻtarib, ma’yusgina bosh eggancha oyoq sudrab kelayotgan ayolni koʻrganlar unga achinish bilan qarashar, salomiga mehribonlik bilan alik olishar, keyin ortidan qarab: «Essizgina, shunday ayol baxt nimaligini bilmay oʻtayapti», – deya pichirlab qoʻyishar edi.

Bir kun kayvoni kampirlardan biri uni yoʻlda toʻxtatib: «Robiya, qizginam, hadeb qabristonga boraversang odamlar seni esi ogʻib qolibdi, deb oʻylashadi. Gʻam-tashvish oʻtkinchi, oʻzingni qoʻlga ol, bolam. Toʻrt kunlik dunyoda faqat hasratga toʻlib qolma», – dedi. Robiya bosh irgʻab qoʻydi-da, indamay yoʻlida davom etdi.

U eri bilan oʻn besh yil birga yashadi. Hayotning achchiq-chuchugini birga totdi. Oilalarda boʻlib turadigan odatiy janjallar ularga begona edi. Shundoqqina bir devor qoʻshni yashaydigan Sultonalinikida haqoratli soʻzlarga toʻla baqir-chaqirlar tinmasdi, lekin bularning uyida esa mudom jimjitlik, pashsha uchsa, eshitgulik edi. Shu boisdanmi, er-xotin sekin ovozda gaplashib oʻtirishardi. Zotan, farzandsizlik ikkovini ham iztiroblar girdobiga solib qoʻygan, buni bir-biriga sezdirmaslikka urinishsa-da, ikkalasining ham ich-etini ana shu dard timdalab yotardi. Shuning uchun ham ikkalasi bir-birini nihoyatda avaylar va shuning barobarida bir-biridan xavotir ham olar, eng soʻnggi soʻz qachon aytilishini iztirob bilan kutishar edi. Ammo eri «ket» demadi, Robiya «ketaman» demadi, shu taxlit soʻnggi soʻz to ular bir-birlaridan judo boʻlgunga qadar ham aytilmasdan qolaverdi.

Eri kutilmaganda jigari xastalanib bu dunyoni tark etdi. Ana oʻshanda Robiya yolgʻizlik qanchalar azob ekanligini yurak-yurakdan his qildi. Hayhotdek hovlida yakka oʻzi qoldi. Uyga kirsa har bir buyumdan erining nafasini sezib, koʻziga jiqqa yosh quyilardi. Kechalari koʻzlariga uyqu kelmay, yuzini yostiqqa bosib yum-yum yigʻlardi. Dil yoray desa dardini tinglaydigan, hasratiga quloq tutadigan biror kimsa yoʻq. Ish bilan ovunay desa, shu tobda qishloqda ish tayyor turganmidi? Kunduzi hovli etagidagi ekin-tikinlarga suv tarab, begona oʻtlardan tozalab oʻzini ovutganday boʻlardi. Lekin tun uni beayov qiynoqqa solardi. Bosh olib ketay desa, ota-onasi ham allaqachon olamdan oʻtib ketishgan. Akasi Berdimurod bilan ukasi Turdimurod esa bir ota-onadan tugʻilgan jigarlarga sira oʻxshamas, kunda-kunora oralarida janjal chiqib turar, hay demasa bir-biriga bolta koʻtarib qolishdan ham qaytmas edi. Yonma-yon hovlida yashashsa-da, bir-birining hovlisiga adashib bitta choʻp oʻtib qolguday boʻlsa ham avval xotinlari dahanaki janjalni boshlab berishar, ortidan aka-uka yeng shimarib bir-biriga musht oʻqtalib, jiqqamusht boʻlishar edi. Odamlar ularni murosaga chaqiraverib charchashdi, oxiri ularning janjallariga aralashmay qoʻyishdi. Uzoqdagi kishnashar, yaqindagi tishlashar, deganlari shu ekan-da, deya qoʻllarini yuvib, qoʻltiqlariga urib qoʻya qolishdi. Ana shunday ahvolda yashaydigan aka-ukasinikiga Robiya qaysi yurak bilan kirib borsin?

Erining akasi Sultonali esa ichkilikka mukkasidan ketgan. Xotini Oyzoda uzzukun qargʻanishdan jagʻi charchamaydigan ayol. Ularning sakkiz nafar farzandi bor, lekin hammasi qiz. Birinchisi qiz boʻlib tugʻilganidayoq Sultonali xotinini soʻkkan, ikkinchisi ham qiz boʻlib tugʻilganda esa qulogʻi ostiga tarsaki ham tushirgan edi. Berganiga shukr qilishni bilmagan bandasining fe’lidan xudoning ham qahri kelgan shekilli, ularning keyingi bolalari ham qiz tugʻilaverdi. Oyzoda har gal qorin bogʻlaganida oʻgʻil tugʻaman, deb niyat qiladi. Ammo mana, sakkizinchisi ham qiz boʻldi. Har gal chaqaloqlar tugʻilganda, Sultonalini qoʻyaturing, Oyzodaning ham ularga qaragisi kelmas, koʻkragini ham majburlikdan ularga tutqazardi. Sakkizinchisiga Oʻgʻiloy deb nom qoʻyishdi. Bu Oyzodaning, hali yana tugʻaman, bunisi boʻlmasa keyingisi oʻgʻil boʻlar, degan ilinji borligidan darak berardi.

Robiya kartoshka ekilgan egatni chopiq qilib yerni yumshatarkan, yuragi siqilganidan ketmonni zoʻrgʻa koʻtarib tashladi. Sultonali keldi-yu, uning siqilgan yuragini battar vayron qilib ketdi.

– Kelin, – dedi u mast boʻlsa-da, allaqanday bosiqlik bilan, – ukam-ku bu dunyodan armon bilan oʻtib ketdi. Endi koʻrib turibman, sen ham qiynalayapsan. Yakka oʻzing bir hovlida yashasang, battar ezilasan. Undan koʻra, ana, biznikiga oʻtib yashayversang ham boʻlaveradi. Oyzoda ovsiningga qarashib yurasan. Bu hovlini endi sotsakmikan, degan rejam ham yoʻq emas.

Robiya yalt etib unga qaradi. Keyin yosh quyilib kela boshlagan koʻzini olib qochib, qoʻlidagi ketmonga suyanib qoldi.

– Yoʻq, tagʻin sen koʻnglingga olma, bu bir reja, xolos. Xohlasang, shu yerda yashayver. Lekin ayol boshing bilan bir oʻzingga ogʻir boʻlarmikan deyman-da.

Robiya indamadi. Sultonali bir muddat yerga qarab kalovlanib turdi-da, keyin sudralgan koʻyi izi-ga qaytdi. Robiya ketmonga suyangan koʻyi uzoq yigʻladi. Unsiz yigʻlaganidan yelkalari uchib tushar, koʻrgan kishi uni ich-ichidan zavqlanib kulayapti deb oʻylashi mumkin edi. Ha, u unsiz yigʻlaganida goʻyoki kulganga oʻxshab ketardi. Bir gal u odatdagiday suv toʻla oftobani koʻtarib qabristonga ketayotganida Oyzoda ming bir shubhaga borib, katta qiziga uning ortidan poylab borishini tayinlagan, qiz esa bu ishni partizanlardek qoyilmaqom qilib bajargan, doʻmpaygan qabrlardan birining ortiga yashirinib uni rosa kuzatgan edi. Robiya erining qabri boshiga kelib, tilovat qilgan, choʻkkalab oʻtirgan koʻyi sassiz yigʻlagan, soʻng qabr atrofini supurib-sidirib, maysalar ustiga oftobadan suv quyib kelgan edi. Uning yelkalari silkinib-silkinib yigʻlaganini koʻrgan qiz onasiga: “Robiya yanga ovoz chiqarmay rosa kuldilar”, – deb aytib berdi. “Ovsar boʻlib qolibsan, odam qabristonda ham kuladimi, tagʻin bir umr suyib oʻtgan erining qabr boshida-ya?” – dedi Oyzoda. “Bilmadim, balki chayqalib-chayqalib duo oʻqigandir. Koʻzimga bu kulgandek koʻringan boʻlishi ham mumkin. Axir, u yerda yuragim yorilay dedi-da. Qabriston juda qoʻrqinchli joy ekan. Endi hademay lablarimga uchuq toshib chiqsa ham kerak. Qayoqdanam gapingizga kirib oʻsha yerga bora qoldim-a”, – deya qiz titrab-qaqshab gapirdi.

Robiya chala qolgan egatni chopiq qilib boʻlay deganida kech kirgan edi. U ketmonni bir chetga qoʻyib, ariqdagi suvga yuz-qoʻllarini chaydi. Muzdekkina zilol suv yuziga xush yoqdi. U kaftiga suv olib yuzini qayta-qayta chayaverdi. Goʻyo shu suv unga taskin berayotgandek, shu suv yuziga qalqib chiqqan armonlarni, alam va iztiroblarni yuvayotgandek tuyulardi unga. Biroq dunyoning dardini yuvib kelayotgan mana shu suv ham uning hasratlarini butunlay parokanda qilolmadi.

Nonushtaga dasturxon yozdi-yu, tomogʻidan bir piyola choy ham oʻtmadi. Koʻziga uyqu kelmagach, chiroq shu’lasiga termulib uzoq oʻtirdi. Xayollar uni toʻrt tomonga tortqilardi. Qoʻshni hovlidagi kechki shovqin-suron ham allaqachon tingan, chigirtkalarning chirillashi bir maromda davom etar, ariq boʻyidagi qurbaqalar ham ularga joʻr boʻlayotgan edi. U ana shu ovozlarga sehrlanib quloq solarkan, uyning toʻrt burchagiga bir-bir nazar tashladi. Mana shu toʻrt devor ham, uni koʻtarib turgan mana shu yer, anavi buyumlar, hatto chigirtkalarning chirillashi-yu, qurbaqalarning qurillashlari ham unga omonat tuyula boshladi. “Bu uyga kelib nimaiki topgan boʻlsam, baridan ayrilayapman, – deya oʻylardi u. – Hademay mana shu toʻrt devorni ham mendan tortib olishadi. Ikki jonning issiq nafasi, quvonchu tashvishlari, olam-olam orzulari siqqan shu uyga endi yakka oʻzim ham sigʻmay qolayapman. O, mening oʻtgan kunlarim. Baxtsizman deb oʻylagan kezlarimda ham baxt mening tegramda parvona ekan. Mana endigina men butunlay yolgʻizman. Endi qayga boray, qaysi ostonaga boshimni uray?”

U yelkasiga roʻmolini tashlab, hovliga chiqdi. Ohista esayotgan shabada ariq boʻyidagi rayhon va yalpizlarning mayin iforini atrofga yoymoqda edi. Koʻkda yulduzlar charaqlar, qoʻl choʻzsa yetgudek pastlaganga ham oʻxshardi. Robiya xushboʻy havodan nafas olib, yulduzlarga uzoq termulib qoldi. Chigirtkayu qurbaqalarga joʻr boʻlib yulduzlar ham “sim-sim” kuy chalayotgandek tuyulmoqda edi. Shu payt goʻdakning yigʻlagani barcha sehrli ovozlarni bosib ketdi. Robiya shartta yigʻi kelayotgan tomonga qaradi. Oyzodaning beshigidagi chaqalogʻi odatdagidek yarim tunda yigʻisini boshlagan edi. Robiya oʻsha tomonga bir necha qadam tashladi va devor osha qoʻshni hovliga qaradi. Hamma uyquda, qimir etgan sharpa koʻrinmaydi. U allamahalgacha devorga suyanib turdi. Goʻdak hamon chinqirib yigʻlardi. Yigʻi avjiga chiqqan sayin Robiya toqatsizlanaverdi. Oʻtirdi, turdi, hovlida u yoqdan-bu yoqqa yurdi. Chaqaloq zor yigʻlab uni chaqirayotgandek edi.

Robiya qoʻshni hovliga oʻtib, uy oldiga bordi. Qiya ochiq turgan derazadan ichkariga moʻraladi. Oyzoda ham, qizlari ham hech narsani parvoyiga keltirmay pishillab uxlashardi. Sultonali esa chaqaloq yigʻisiga toqati yoʻqligidan boshqa xonada uxlar edi. Robiya derazani ohista chertdi. Titroq ovoz bilan Oyzodani bir-ikki chaqirdi. Goʻdakning chirillab yigʻlashini eshitmagan ayol buning siniq ovozini qayoqdanam eshitsin. Chaqaloq bir joyi ogʻrigandek zorlanib-zorlanib yigʻladi. Robiya tashvishlanib, oyogʻi kuygan tovuqday u yoqdan-bu yoqqa yuraverdi. Chaqaloq yigʻlay-yigʻlay boʻgʻildi. Keyin ovozi xirillab, yigʻisi tindi. “Goʻdakkina charchadi, ichi kuyib ketdi bechoraning”, – deya oʻyladi Robiya va undan xavotirlanib yana derazadan ichkariga moʻraladi. Hamma bir zaylda uxlar, chaqaloqni ham uyqu elitgan, lekin koʻp yigʻlagani bois tez-tez hiqillamoqda edi. Robiya oʻz soyasidan qoʻrqib ketdi. Uni shu alfozda Sultonali yoki Oyzoda koʻrib qolgudek boʻlsa qiyomat qoyim boʻlishi turgan gap edi. U astagina deraza tagiga choʻkdi. Tizzalarini quchoqlab, boshini devorga suyagancha mudradi.

Mana shu deraza tagida u koʻpdan-koʻp tunlarni oʻtkazgan. Boisi, Oyzodaning qizlari bundan avval ham koʻp yigʻlagan. Yarim tunda chaqaloqning yigʻisi uchun bu uyquparvar xotin shiringina oromidan sira ham kechgisi kelmas edi. Shunda Robiya chaqaloqning yigʻlashiga toqat qilolmay oʻrnidan turib, goʻdak yotgan uy oldiga borardi. Bir gal toqati toq boʻlib, nihoyat derazani qattiq taqillatib, Oyzodani zoʻrgʻa uygʻotdi. Oyzoda uygʻonishga uygʻondi-yu, lekin Robiyaning derazadan moʻralab turganini koʻrib yuragi tars yorilay dedi. U bigʻillab yigʻlayotgan chaqalogʻi bir yoqda qolib, bemavrid halovati buzilgan devdek Robiyaga oʻshqira ketdi. Janjal-toʻpolon koʻtarildi. Shovqin-surondan eri ham uygʻonib ketib, shosha-pisha yetib keldi-da Robiyani Oyzodaning changalidan qutqarib oldi. “Bola ularniki, qanday qarasa ixtiyor oʻzlarida. Sen koʻpam jonsarak boʻlavera. Mana koʻrasan, Tangrim bizga ham farzand beradi hali. Oʻshanda bolangni humordan chiqquncha parvarishlaysan”, – degan edi eri. “Ular qiz bolani farzand oʻrnida koʻrishmyotgan boʻlishsa, ayting, chaqalogʻini bizga berishsin. Oʻzimiz katta qilamiz”, – dedi Robiya. Eri uzoq oʻylanib yurdi va nihoyat yangasi bilan akasiga maslahat solib koʻrdi. Bu gapni eshitib Oyzoda tarashadek lovullab yondi. Shundan soʻng bu mavzuda qaytib ogʻiz ochilmadi. Ammo tunlari chaqaloq yigʻisi eshitilganda Robiya baribir deraza ostida muk tushib, uning tinchlanishini kutadigan, unga qoʻshilib oʻzi ham yigʻlayveradigan odatini kanda qilolmadi.

Goʻdak yana ingradi. Robiyaning qayrilma kipriklarini mayin patlari bilan ohista siypalab oʻynayotgan uyqu qushlari yana uchib ketdi. Tunning ham siyi bitay deb qolgan, hademay tong farishtalari eshik qoqib qoladigan palla edi. Boyagina charchab uxlagan goʻdak yana kuch gʻamladi shekilli, bor ovozda yigʻlamoqqa tushdi. Robiyaning yuragi yana hapriqdi. Tavakkal qilib derazadan moʻraladi-da, Oyzodani chaqirdi, derazani taqillatdi. Javob boʻlmadi. U devorga boshini tiragancha chora axtara boshladi. Shunda kutilmaganda xayoliga bir fikr keldi-yu, avvaliga seskanib ketdi, keyin esa zum oʻtmay, shu fikr uning qat’iy qaroriga aylandi. “Shunday boʻlishi shart”, – dedi u va ochiq turgan derazadan yurak yutib ichkariga kirdi. Beshik yoniga engashib, ehtiyotkorlik bilan chaqaloqning yuzini ochdi. Uning qoʻl-oyoqlarini boʻshatib, egnidagi koʻylakchasini yechdi. Koʻylagi jiqqa hoʻl boʻlib ketgan edi. U chaqaloqni beshik yonida yotgan latta-puttalarga oʻradi-da, bagʻriga mahkam bosib, tashqariga chiqdi.

Tong mahali Sultonalining uyida toʻs-toʻpolon boshlandi. Hammalari yigʻi-sigʻi qilib chaqaloqni qidira boshladi. Avval uy ichini, hovlini obdon qarab chiqishdi. Keyin qoʻni-qoʻshnilardan surishtirishdi. Chaqaloqning bir kechada beshikdan oʻgʻirlab ketilishi butun qishloqni qoʻrquvga solib qoʻydi. Hamma hayron, hamma lol. Nihoyat Robiyaning uyiga kirib qarashganda hammasi ayon boʻldi: bu yerda endi uni bogʻlab turadigan hech kimi va hech narsasi qolmagan ayol goʻdakni beshikdan oʻgʻirlagan-u, boshi oqqan tomonga qochgan. Uyqusi siyrak bir-ikki odam sahar chogʻi bola koʻtargan ayolning quyoshchiqar tomonga qarab ketayotganini koʻrganliklarini aytishdi. Mish-mishlar, gʻiybatlar bolalagandan-bolaladi. Har kim xayoliga kelganini oʻylaydi, ogʻziga kelganini gapirdi. Bola oʻgʻirlagan ayol el ogʻzida doston boʻldi. Bu dostonning ovozasi esa bu yerlardan judayam olislab ketgan, sershovqin shaharning gadoytopmas jinkoʻchasida yashayotgan Robiyaning qulogʻiga yetib bormadi.

Qishloqda esa aql bovar qilmas ushbu voqeani odamlar bir necha yillar koʻpirtirib, semirtirib gapirib yurishdi. Asta-sekin boʻyogʻini yoʻqotib, odamlar butunlay gapirmay qoʻyganida oradan oʻn yetti yil oʻtib ketgan edi. Bir kuni choshgoh mahali qishloqqa kirib keladigan yoʻl boshida odamlar oppoq roʻmol oʻrab olgan bir ayolni koʻrishdi. Yonida oy misoli xushsurat qiz ham bor edi. Ular qishloqqa kiraverishda avval qabristonga yoʻl olishdi. Maysalari qovjirab, qarovsiz qolgan eski bir qabr atrofini supirib-sidirishdi, qoʻllarini duoga ochib, uzoq tilovat qilishdi. Ayol kaftlari bilan yuzini berkitib yigʻladi. Yigʻlaganda yelkalari uchib-uchib tushdi. Bir qarashda u goʻyoki ich-ichidan kulayotganga oʻxshab ketardi.

Keyin ular qishloqqa oralab ketishdi. Sultonalining uyiga yetganda bir muddat toʻxtab, oʻylanib turishdi. Bir-biriga dalda berib, hovliga astagina qadam qoʻyishdi. Yerga tushgan oʻriklarni qargʻanib-qargʻanib terayotgan Oyzoda hovli oʻrtasida turib qolgan ayolni va bu yerliklarga sira oʻxshamagan qizni koʻrib, bir pas angrayib qoldi. Qaddini koʻtarib, ular tomonga asta-sekin qadam tashlarkan, xira torta boshlagan koʻzlarini qisib tikildi.

– Robiya! – deya baqirib yubordi u hovli oʻrtasida mungʻayib turgan ayolni tanib. Qoʻlidagi chelak yerga taraqlab tushdi. – Qaytib keldingmi? Qizim qayoqda? – dedi titrab-qaqshab.

– Oʻgʻiloy qarshingizda. Mana qizingiz, omonatingiz, – dedi Robiya koʻzlaridan yosh quyilib.

Sultonalining uyi bir zumda toʻyxonaga aylanib ketdi. Uning shaharlik boʻlib ketgan ta’rifda tengi yoʻq goʻzal qizini koʻrgani butun qishloq yopirilib kelaverdi.

– Tushimmi, oʻngimmi, azbaroyi Xudo, kenjamdan ayrildim deb, umidimni butunlay uzgan edim, – deya tinmay javrar edi Oyzoda.

– Bolalaringiz yana koʻpaygandir? – dedi Robiya.

– Yoʻq, kenjamni oʻgʻirlatib qoʻyganimdan keyin Xudo bizga boshqa farzand bermadi. Lekin, ana, nevaralarimiz koʻpayib qoldi.

Qizlar kenja singillarini biri olib biri qoʻyib quchoqlab bagʻrilariga bosishar, yalab-yulqashar edi.

– Yo Xudoyo qudratingdan, Robiya, qizimni nima bilan boqding-a? Boshqa qizlarimga sira ham oʻxshamaydi. Koʻz tegmasin, buncha goʻzal boʻlmasa bu qiz? – deb Oyzoda terisiga sigʻmay quvonardi.

– Men unga faqatgina mehr berdim, xolos. Bundan ortiq hech narsam ham yoʻq edi, – dedi Robiya. – Oʻgʻiloy – mening baxtim, hayotim parchasi. Uni oq yuvib, oq taradim. Oʻqitib, hunar oʻrgatdim. Bunday qoʻli gul chevarni butun shaharni aylanib ham topolmaydi hech kim. U bilan ovundim, dardlarimga taskin topdim, hayotimga mazmun kirdi. Lekin endi u voyaga yetdi. Qiz bola birovning xasmi deydilar. U hademay turmushga chiqadi, oʻz maqsadi, oʻz hayoti balan yashaydi. Obdon oʻylab koʻrdim, ota-onasi tirik boʻlaturib xuddi yetimchadek turmushga uzatsam, oʻzimni u dunyoyu bu dunyo kechira olmas ekanman. Shuning uchun ostonangizga bosh urib qaytib keldim. U endi hamma sirdan xabardor. Oʻshanda uni oʻgʻirlashga qanday jur’at topdim, olib qochib toʻgʻri qildimmi yoki yoʻqmi, hanuzgacha oʻylab oʻyimga yetolmayman. Iltimos, bir qoshiq qonimdan kechinglar. Nima boʻlganda ham men har lahzada faqat uning baxtini oʻylab yashadim. U albatta baxtli boʻlishi kerak. Men bormanmi, yoʻqmi, sizlar ham uning faqatgina baxtli boʻlishiga yordam beringlar.

– Sen oqila ayolsan, Robiya, – deyishdi hamqishloqlar. – Oʻshanda chaqaloqning oʻgʻirlanganini eshitib, vahimaga tushgan edik. Biroq uni sen olib qochganingni bilganimizdan soʻng aslo havotirlanmadik.

Qiz hovliga chiqqanida kimdir doira olib kelib chala boshladi. Oʻyin-kulgi boshlanib ketdi. Oʻgʻiloy benihoya chiroyli raqsga tushdi, opalari unga qoʻshilib qiyqirishdi. Atrofga qorongʻulik choʻkkanda esa qiz odamlar orasidan Robiyani qidirib qoldi.

– Onam qani? Robiya onamni topinglar, – dedi u jonsarak boʻlib.

Robiyani hech qaerdan topisholmadi. U bu yerlardan butunlay bosh olib ketganini ertalab bilishdi. Qishloq choʻponlari kecha shom mahali oppoq roʻmolli bir ayolni quyoshbotar tomonga qarab ketib borayotganida gʻira-shira koʻrganliklarini aytishdi.

«Yoshlik» jurnalining 2010 yil, 7-sonidan olindi.