OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUygʻun Roʻziyev
Asar nomiSalom, yangi doʻst (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Uygʻun Roʻziyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Salom, yangi doʻst (hikoya)
Uygʻun Roʻziyev

Soʻnggi qoʻngʻiroq sadosi yangradi-yu, hamma oʻquvchilar birvarakayiga qiyqirishdi. Hatto qoʻngʻiroq jarangini ham ana shu qiyqiriq bosib ketdi. Ayniqsa, bitiruvchilarning shodliklari ichiga sigʻmasdi, Kimdir shoʻx-xandon kulgan, kimdir sogʻinch hissini hozirdanoq tuyib koʻz-yosh qilgan, hali ustozlariga guldastalar tutishadi, hali zavqlanib chapak chalishadi... Tantana yakuniga yetay demas edi. Nihoyat bitiruvchilarga oq yoʻl tilandi va soʻnggi olqishlar yangradi. Keyin oʻquvchilar tarqalish. Bitiruvchilar esa toʻp-toʻp boʻlib maktab bogʻi tomonga oʻtishdi.

Kechagina quyosh hamma yoqni kuydirayotgan, issiqdan yurak lohas boʻlayotgan edi. Bugun esa osmonni quyuq bulut qoplagan, yengil shabada goʻyo yomgʻir hidin olib kelayotganga oʻxshardi. Bogʻning salqini dilga yanada xush yoqadi. Bu yerga kamtargina dasturxon tuzalgan, bitiruvchilar xayrlashuv asnosida birozgina suhbat qurishni moʻljallashgan edi. Ular davralariga sinf rahbarini va maktab direktorini ham taklif etishdi. Mana, hamma jamul-jam boʻldi. Magnitofondan mayin kuy taralar, oʻrik, gilos, olma daraxtlari yaproqlarining yengilgina shitirlashi kuyga joʻr boʻlayotgandek tuyulardi.
-Hamma keldimi, safimiz toʻldimi? – dedi sinf rahbari Aziza Safoevna davraga koʻz yugurtirib.
-Hamma shu yerda, ustoz, - javob berishdi bolalar.
-Hamdam qaerda? Nega u koʻrinmayapti?

Bolalar bir-birlariga qarab olishdi. Ustozning bu savoli xush yoqmaganidan hatto ayrimlar aftlarini bujmaytirishdi. Sinf rahbari Nozimjonga qaradi. U sinf sardori, ushbu davrani tashkil etishda ham u bosh-qosh boʻlgan.
- Biz Hamdamni bu yerga atay chaqirmadik, - dedi gapni loʻnda qilib. – Ustoz, oʻzingiz bilasiz, u har doim sinfimizni orqaga tortib kelgan. Qaysi bayramlarda sinfimiz bilan yigʻilgan boʻlsak, u doim buzgʻunchilik qilgan. Hech boʻlmasa mana shu oxirgi oʻtirishimizni xotirjam oʻtkazaylik, deb uni taklif qilmadik.

Muallima nima deyishini bilmay bir zum taraddudlanib qoldi. U hammani bezor qilib yuborgan oʻsha Hamdamni ming martalab tartibga chaqirgan. Deyarli har kuni uning dastidan sinfda biror noxushlik yuz berardi. Goh oyna sinadi, goh eshikning tutqichi yoʻqoladi, kimningdir burni qonaydi... Shuning uchun bir necha oʻqituvchilar bu sinfga rahbarlik qilishdan bosh tortishdi. Shuncha tashvishlarga chidagan faqat mana shu muallima boʻldi.

Hamdam bu paytda bogʻni oʻrab turgan devor orqasida bolalarning chugʻurlashlariga quloq tutib, yer chizib oʻtirgan edi. Hoziroq ularning oldiga borib hammayoqni agʻdar-toʻntar qilgisi, bitta-ikkitasining burnini qonatgisi kelib, devorni mushtladi. Lekin yana biroz sabr qilib, musiqa aralash eshitilayotgan gaplarga quloq soldi.
-Men birinchi sinfga borganimda Doniyor doska oldida turgan boʻrni, ma, qurut ye, deb menga bergan, - dedi Adiba kulib. – Men boʻlsam ung chippa-chin ishonib, bir-ikki tishlam yebman. Qanaday ekan ta’mi, deb soʻragan u. Bemaza qurut ekan, deganman. Oʻshandan beri «qurut» soʻzini eshitsam koʻnglim buzuladigan boʻlib qolgan.
- Men esa ariqdan qoʻlimni yuvayotganimda Kamol suvga itarib yuborgan. Ust-boshim loyga belanib, rosa yigʻlaganman, - deya esladi Muazzam.

Bolalar kulgiliyu ginali voqealarni eslay ketishdi. Direktor opa ularning gapini boʻldi.
-Qadrli oʻquvchilar, - dedi direktor samimiyat bilan, - kelinglar, oʻtgan hamma arazu ginalarni, noxush voqealarni unutib, bugun hammamiz faqat yaxshi ishlarimizni, fazilatlarimizni eslaylik. Shunda bir umr bir-birimizni faqat quvonch bilan eslab yuramiz hamda sogʻinib yashaymiz.

Hamma bir ovozdan direktor opaning gapini ma’qulladi. Keyin biri olib-biri qoʻyib yaxshi voqealarni eslay boshlashdi.
-Esingdami, Nozim, - deya gap boshladi Munisa, - oltinchi sinfda oʻqib yurganimizda men kasal boʻlib yotib qolgan edim. Oʻshanda sen butun sinfni boshlab borgan eding. Bir talay kitob sovgʻa qilgan edinglar. Kitoblar juda qiziqarli edi. Oʻqishga berilib ketganimdan kasalimni ham unutib yuborganman. Hatto tuzalganimdan keyin ham bir hafta maktabga bormagan edim. Oxirgi kitobni oʻqib tugatay, deganman-da.

Bolalarning shoʻx kulgilari, shirin xotiralari bir-biriga ulanib ketaverdi. Bularni devor ortida tinglab oʻtirgan Hamdamning esa battar jahli chiqardi. U hoʻv nariroqdagi ariqdan bir botmon loy olib devor osha otsammikan, deya oʻyladi. Rosa alomat ish boʻlardi-da. Qizlar qoʻrqib ketib chinqirib yuborishadi. Hamma har yoqqa toʻzgʻib ketadi. Qarabsizki, shirin xotiralar tumanday koʻtarilib, davra bir zumda muzlaydi. Ammo u bir dam oʻylab turgach, kutilmaganda fikridan qaytdi. Oyoq-qoʻllari boʻshashib, boshi aylandi. U toʻqqiz yil mana shu bolalar bilan bir sinfda oʻqidi. Endi hamma xayrlashuv davrasiga yigʻilib, bir-birlaridan koʻrgan yaxshiliklarini eslayotgan bir paytda u ham oʻtgan kunlarini xayolidan oʻtkazdi. Koʻzi oldidan faqat janjal-toʻpalonlar, oʻqituvchilarning qon qaqshab urishishlari, direktorning «maktabdan haydaymiz» deya kuyib-yonishi, sinfdoshlarning undan yuz oʻgirib qochishlari oʻtaverdi. U doim bolalarning doʻstligiyu xushhol davralarini buzib keldi. Hozir devor osha loy otsa nima boʻladi? Unga shox bitadimi? Yana bir marta davra toʻzgʻiydi, xolos. Keyin-chi? Shu bilan sinfdoshlik tamom. Hamma har yoqqa ketadi. Ularning ba’zilari bilan keyinchalik ham yonma-yon yashar, biroq ayrimlarini ehtimol qayta koʻrish nasib etmas. Har kim oʻz yoʻlini topib yashaydi, hayot daryosiga qoʻshilib ketadi. U-chi? Shu choqqacha bitta doʻst topmagan yigitga keyinchalik bironta inson qadrdon boʻlarmikan? U ana shularni oʻyladi-yu, xoʻrligi keldi. Shu lahzada sinfdoshlarning birortasi uni koʻrib qolsa bormi, rosa kulgi boʻlardi-da. Chunki shu paytgacha hali hech kim uning koʻziga yosh qalqiganini koʻrmagan. U boʻshashib, uyi tomon ketdi. Lekin uyga kirgisi kelmadi. Hovli etagidagi bedapoyaga yotib, oʻyga toldi. Yuragi siqilib, chuqur-chuqur uh tortdi...

Maktab bogʻida esa bayram avjida edi. Bolalar bir-birlaridan ajralgilari kelmas, shirin suhbatlar qizigandan qizirdi. Yoqimli tarona ularga yana ham hayajon baxsh etar, ular galma-galdan raqsga tushishardi. Bir payt kimdir ularga yaqinlashib kelayotgan Hamdamni koʻrdi-yu, hammaning diqqatini u tomonga qaratdi. Bolalarning kayfiyati tushib ketdi. Davra bir zumda soviganday boʻldi. Hozir bironta buzgʻunchilik roʻy beradiganday hamma karaxt boʻlib turardi. Hamdam stol yoniga keldi-da, ularga birma-bir razm solib, bir zum serrayib qoldi. Sukunatni muallima buzdi.
-Marhamat, Hamdamjon, mening yonimda oʻtir, - dedi u samimiy tabassum bilan. – Kelganing juda yaxshi boʻldi. Biz ham xavotir olib seni kutib oʻtirgan edik.

Hamdam muallimaning yonidagi stulga oʻtirdi. U xotirjam edi. Odatda u oʻtirishlarga oʻzicha pishqirib, bezovtalik bilan kirib kelar, har yoqqa alanglar, soʻng bir ishkal chiqarib, hammaning koʻnglini xufton qilib ketardi. Bugun esa bolalar uning haddan ziyod xotirjamligini koʻrib, uni taniyolmay qolishdi. Bu xotirjamlikning ortida biror kattaroq xatar yoʻqmikan, degan xavotir ham ularni bezovta qila boshladi. Shunday boʻlsa ham uni koʻrmaganga olib, yana qizgʻin suhbatga kirishib ketishdi. Nihoyat, Hamdam bir nimani gapirmoqchidak ogʻiz juftlab oʻrnidan turdi. Hamma unga qaradi. Shabadaning esishi, barglarning shitirlashi, bir-ikkita yomgʻir tomchisining adashib tushishini hisobga olmaganda bogʻ jim-jit boʻlib qoldi.
-Meni hech kim bu davraga taklif qilgani yoʻq, - dedi Hamdam hamon oʻsha xotirjamlik bilan. – Men oʻzim chaqirilmagan mehmonday kelaverdim. Avvallari ham hech kim meni taklif qilmagan. Lekin doim davralaringizga kirib borganman. Azbaroyi ichimni alam tirnaganidan, xursandchiliklaringizni buzib huzur qilishni xohlaganimdan. Bugun esa unday emas. Bugun men sizlar bilan tanishgani keldim. Negaki, hozir bu yerda faqat yaxshiliklar eslanayapti. Agar yomonliklar eslanganida, bu mavzuda birortangiz mening oldimga tusholmasdingiz. Ammo yomonliklarning hammasi unutilib tashlanmoqda. Mening esa esga olinadigan bironta yaxshiligim yoʻq. Oʻzim ham qancha oʻylamayin, hech biringizga yaxshilik qilganimni eslay olmadim. Yomonliklarni unutar ekansiz, demak men ham shu bugunoq unutildim. Shuning uchun ham men oldingizga yangi odam boʻlib keldim. Ehtimol yana oʻn yildan soʻng qayta uchrashish nasib qilsa, oʻshanda mening ham esga oladigan xotiralarim boʻlar. Men otasiz, onasiz oʻsdim. Amakimning qaramogʻida yashayman. Amakimning ichkilikka muk tushib, har kuni tuproqqa belanib yotishini koʻrsam, avvaliga xoʻrligim kelardi. Keyin esa diydam qotib, koʻnikib ketdim. Uyda yeganim kaltak, eshitganim soʻkish edi. Kimdandir alamimni olgim kelardi. Shuning uchun sinfda eng yomon bola men boʻlib qolgan boʻlsam kerak. Nozimning hadeb yangi kostyum-shim kiyib kelishi, hatto qoʻliga qimmatbaho soat ham taqib kelgani, Botirni hamma muallimlar odobli deb maqtashi, Munisaning hech kimga yordam bermay, faqat oʻzi «besh» olishi, Kamolning tashkilotchiligi, hammasi gʻashimni keltirardi. Endi esa... Mayli, sizlar hamma yaxshiliklaringizni eslanglar, meni esa yangi tanishimiz deb qabul qilinglar. Mening ismim Hamdam. Salom, doʻstlar.

Bolalar avvaliga Hamdamga ishonqiramay qarashdi, biroq uning koʻzlarida yosh miltillaganini koʻrib, ishonishdi va qiyqirib chapak chalishdi. Inson fe’li shunaqa, goho otashin soʻzlaru iltijolar yorib oʻtolmagan uning koʻnglidagi shubhaning metin devorini bir tomchi koʻzyosh oniy lahzada yakson qilishga qodirdir. Bolalar Hamdamni davralariga olishdi. Muallima ham kutilmagan bu hodisadan behad mamnun boʻldi. Bolalar oʻynadilar, kuldilar, shirin tilaklar aytdilar. Garchi Hamdam ular eslayotgan yaxshi xotiralarni jim turib tinglayotgan boʻlsa-da, endi ularga begona emas.

Oʻynab tomchilayotgan yomgʻir nihoyat zabtiga ola boshladi. Shundan soʻng bolalar bogʻni tark etishdi. Hamma uy-uyiga tarqaldi. Toshloq yoʻlda ketayotgan Hamdamni savalamoqchidek yomgʻir sharros quyardi. Ammo yomgʻirni pisand etmay, xotirjam va mamnun qadam tashlab borardi. Mayning soʻnggi yomgʻiri uning izlarini yuvmoqda edi.