OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUygʻun Roʻziyev
Asar nomiTongda qaytgan kaptarlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Uygʻun Roʻziyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/09/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tongda qaytgan kaptarlar (hikoya)
Uygʻun Roʻziyev

– Kamol, anavilarni qara, zoʻr-a?

– Kaptarlarmi, ha, zoʻr.

– Uchishini qara, uchishini, bir gala boʻlib uchishadi-ya.

– Ha, haqiqatanam chiroyli.

– Anavi qizili bilan chipor rangdagisini kuzatgin. Uchaturib oʻmbaloq oshib-oshib oladi. Eh, qaniydi oʻsha kaptarlar meniki boʻlsa.

– Har doim shuni orzu qilasan. Undan koʻra, ana, bozordan sotib ol.

– Esing joyidami, qachon bizning bozorda kaptar sotilganini koʻrgansan?

– Oʻzimizda-ku sotilmaydi-ya, lekin shaharga borsang bozorlarda boʻlarkan.

– E, bozordan bunaqa kaptarlarni topib boʻlmaydi.

Ikki doʻst har kuni darsdan qaytar chogʻ shu yoʻsin gaplashib kelishadi. Maktab anchagina olis boʻlganligi uchun paxta paykalini qoq kesib oʻtgan tuproq yoʻldan yurishga toʻgʻri kelardi. Yogʻingarchilik paytlarida bu yoʻllardan yurish juda azob. Etiklarga botmon-botmon loy ilashar, keyin maktab yonidagi koʻlmakka yetganlarida naq chorak soat etiklarini yuvish bilan ovora boʻlishardi. Ayniqsa, ayozli kunlarda qoʻllari sovuqdan yorilib, yigʻlagudek boʻlishar, shuning uchun ana shu yoʻldan onda-sonda bironta traktor oʻtib qolgudek boʻlsa, ular darrov uning tirkamasiga osilib olishardi-da, maktab yaqinida sakrab tushib qolishardi. Dala oʻrtasidagi tashlandiq shiypon ularning koʻpincha qoʻnib oʻtadigan joyi edi. Bir paytlar, bu shiypon kolxozchilar dam oladigan joy boʻlgan. Kolxozlar tugatilib ketganidan keyin bu shiypon ham hech kimga kerak boʻlmay qolgan chamasi, endilikda biron kimsa qadam qoʻymaydigan xarobaga aylangan edi. Mana bu ikkala bolakay uchun esa bu najot qal’asidek bir gap edi. Ular atrofida bironta daraxt koʻrinmaydigan shu biyday dala yoʻlidan yurishganida issiq kunlari quyoshning taftidan hansirab qolishar, shunda shiypon soyasida biroz nafaslarini rostlab olishar, sovuq kunlarda esa shiypon ichiga kirib, kichikroq gulxan yoqib isinib olishar, sumkalarida nonmi, mayizmi, nima boʻlsa oʻshani yeb, keyin yana yoʻlga tushishar edi.

Ular odatlariga koʻra yoʻl-yoʻlakay yana oʻsha shiyponga kirishdi. Bahor kelgan boʻlsa ham, lekin hali qishning zahri butkul ketmagan, ayniqsa, mana shu yaydoq dalada sovuqqina shabada esardi. Ikkovlon ichkariga kirishi bilan sumkalarini bir chetga qoʻyib, gulxan yoqishga kirishib ketishdi. Eski yashiklarning yogʻochlarini oʻrtaga qalashdi.

– Kamol, qogʻoz olib kel, – dedi Turdi sumkasidan gugurt olarkan.

Kamol ichkaridagi boshqa xonadan qogʻoz olib chiqdi. Bu yerda bir paytlar kolxozchilar uchun moʻ‘jazgina kutubxona tashkil qilingan boʻlib, shu xonaga uch-toʻrtta javon joylashtirilgan, javonlarga toʻldirib kitoblar taxlab qoʻyilgan edi. Kitoblarning koʻpi oʻrischa yozilgan, deyarli hammasi partiya gʻoyalari haqida edi. Shuning uchun ularning endi hech kimga keragi ham yoʻq, chang bosib sochilib yotar, oynalari sinib bitgan derazadan kirgan shamol qogʻozlarni uchirib oʻynardi.

Gulxan «chirs-chirs» ovoz chiqarib yondi. Bolalar gulxan atrofida qoʻllarini ishqalab, isinib olishdi.

– Kamol, – dedi Turdi koʻzlari porlab, – biz oʻsha kaptarlarni oʻzimizniki qilib olishimiz kerak.

– Qanday qilib?

– Aytishlaricha, Masha xola kaptarlarini hech kimga sotmas ekan. Oʻzimizdan bir-ikki sinf yuqorida oʻqiydigan bolalar borib ogʻiz solib koʻrishgan ekan, unamabdi. Oʻlsam meni shu kaptarlar koʻmadi, sotsam ularga xiyonat qilgan boʻlaman, debdi.

– Unday boʻlsa rostdan ham hech kimga sotmaydi, Masha xola qaysar kampir.

– Sotish-sotmasligiga qarab oʻtiramizmi.

– Boʻlmasa nima qilmoqchisan?

– Shartta oʻgʻirlaymiz-qoʻyamiz.

– Yoʻq, bu yaxshi ish boʻlmaydi.

– Nega endi, bundan oson ish yoʻq. Kampir yolgʻiz yashaydi. Salgina qorongʻi tushsa hech narsani koʻrmaydi ham. Nafsilamrini aytganda, oʻzi endi unga kaptarlarning nima keragi bor? Sharti ketib parti qolgan. Hademay oʻlsa kaptarlar egasiz qoladi.

– Ana oʻshanda olaqol ularni.

– Yoʻq, kaptarlar aqlli jonivorlar. Egasi oʻlganini bilganidan keyin hech kimga tutqich bermaydi. Hammasi har yoqqa uchib ketib, yovvoyi kaptarlarga aylanadi.

– E, baribir boʻlmaydi.

– Ha, sen bilan hech narsa qilib boʻlmaydi. Sening onang juda yaxshi koʻradi oʻsha kampirni, – dedi Turdi va pasayib qolgan olovni tepkilab-tepkilab oʻchirdi-da, yoʻlga tushdi.

Ular yoʻlda indamay ketishdi. Kamol kampir haqida oʻylab borardi. Haqiqatan ham uning onasi oʻsha kampirni yaxshi koʻradi. Koʻpincha non yopganida tandirdan uzilgan issiq nondan bir juftini unga ilinardi. Ba’zan oʻzi olib borib berar, gohida Kamolni joʻnatib olardi. Masha xolani nega buncha yaxshi koʻrasiz, deb Kamol onasidan soʻrab ham koʻrgan. «Seni tuqqanimda oʻsha ayol doyalik qilgan, – degan edi onasi. – Sal boʻlmasa sendan ayrilib qolayozgan edim. U seni ham, meni ham oʻlimdan qutqarib qolgan. Keyinchalik senga qon quyish kerak boʻlganida uning oʻzi qon bergan edi. Shunaqa, u odamlardan qonini ham, jonini ham ayamaydigan doʻxtir edi». Kamol azbaroyi qiziqib, asli oʻzbek boʻlmagan bu ayolning bu yerlarga qanday kelib qolganligini ham soʻragan edi. U asli Odessada yashagan. Gitlerchilar urush boshlaganida u hali yoshgina qizaloq boʻlgan. Ularning uyi urush alangasi ichida qolgan. Ota-onasi va yaqinlari ana shu vayronalar ostida qolib halok boʻlishgan. Shundan soʻng u evakuatsiya qilinganlar qatorida Toshkentga kelib qolgan, urushdan soʻng tibbiyot texnikumida oʻqigan va Bayram degan oʻzbek yigitga turmushga chiqqan edi. «Bayram buva ham sodda, oqkoʻngil odam edi,– dedi onasi Kamolga ular haqida hikoya qilib berarkan. – Masha xolani yuqoridagilar yoʻllanma bilan bizning qishlogʻimizga joʻnatishgan. Oʻshanda qishlogʻimizda endigina kasalxona qurilgan edi. U bilan birga Bayram buva ham kelib, maktabda harbiydan dars bera boshlagan. Ularning oʻgʻli Rustam shu yerda tugʻilgan. Lekin Bayram buva koʻp yashamadi. Urushdan yarador boʻlib kelgan ekan, shu yarasi unga koʻpdan-koʻp azob berdi. Shu jarohat tufayli hayotdan koʻz yumdi». «Oʻgʻli-chi, oʻgʻli, u qanday qilib oʻlgan?» – qiziqib soʻrardi Kamol. «U ham urushda oʻlgan», – gapni loʻnda qilib qoʻyaqolardi onasi. Kamol baribir holi-joniga qoʻymay soʻrayverardi: «Qanaqasiga, axir, urush paytida Rustam aka tugʻilmagan-ku?» «E, bolam, yaqin oʻtmishda ham urush boʻlgan. Afgʻonistonda boʻlgan. Rustam akang askar boʻlib ana oʻsha urushga borgan, u yerdan esa tirik qaytish unga nasib etmadi. Bechora oʻgʻlon, kampirning yakkayu yolgʻiz bolasi edi».

Rustamni Turdi ham, Kamol ham yaqindan koʻrmagan. Rustam armiyaga ketganida ular ham kichkina bola edi. Lekin maktabda uning askarlikda tushgan kattagina suratini har kuni koʻrishadi. Surat yoniga u haqdagi koʻp yaxshi gaplar yozilgan. Odamlar ham Rustam toʻgʻrisida koʻp gapirishadi. Turdini qiziqtirgan gap shuki, Rustam bolaligidan kaptarlarga ishqiboz boʻlgan. Avvaliga uning toʻrt dona kaptari boʻlgan, soʻng oʻsha kaptarlar oʻz-oʻzidan koʻpayib, hozir oʻttiztagacha yetgan.

– Menga qara, Turdi, – dedi Kamol nihoyat qishloqqa yetishganida. – Balki hozir borib Masha xoladan kaptarlarni bizga sotishini iltimos qilib koʻrarmiz-a?

– Foydasi yoʻq dedim-ku senga, – dedi Turdi burnini tortib.

– Koʻnglim sezayapti, xoʻp deydi, yuraqolgin endi.

– Qoʻymading-qoʻymading-da, mayli.

Ular toʻgʻri oʻsha tomiga kaptarlar qoʻnib turgan uyga borishdi. Hovlida nimalardir qilib ivirsib yurgan kampir bolalarni koʻrishi bilan munkayib qolgan qomatini biroz koʻtarib, kaftini peshonasiga soyabon qilib qarab turdi. Bolalarning salomiga boshini irgʻab alik oldi.

– Masha xola, biz, haligi.. – chaynaldi Kamol, – kaptar sotib olmoqchi edik...

Kampirning yuzi burishdi. U kuldimi yoki ijirgʻandimi, bolalar buni anglay olishmadi. Keyin bir ogʻiz ham gapirmay uyga kirib ketdi.

– Aytgandim-ku senga, – dedi Turdi norozi boʻlib.

U tom ustiga qoʻnib turgan kaptarlarga suqlanib qaradi. Qaniydi hozir hovli burchagida yotgan anavi narvonni qoʻyib tomga chiqsa-yu, kaptarlarni bitta-bitta ushlab olsa... Turdi barmoqlarini ogʻziga solib choʻzib-choʻzib hushtak chaldi. Kaptarlar avvaliga bir narsani eslagandek boʻyinlarini choʻzib bir-birlariga alangladi, bezovtalandi, keyin boshqa toqat qilolmay, potirlab qanotlarini qoqqancha osmonga koʻtarildi. Ular hushtak chalingan sayin zavqlanib uchishardi. Turdi alam bilan choʻzib-choʻzib hushtak chaldi-da, qoʻlini siltab, to uyiga yetib olguncha osmonga qaramadi.

Ular kampirdan xafa boʻlib yurishdi. Oradan bir hafta oʻtgach, maktabdan qaytaturib yana oʻsha shiyponga kirganlarida Turdi atrofga sirli alanglab, shivirladi:

– Kamol, senga bir narsa koʻrsataymi?

Kamol unga hayron boʻlib qaradi. Chamasi Turdi unga judayam sirli nimanidir aytmoqchidek, goʻyo hozir kiprik qoqib yuborsa aytmay qoʻyadigandek tuyildi.

– Bu yoqqa yur, – dedi Turdi va yertoʻlaning qopqasini ehtiyotkorlik bilan ochdi.

Yertoʻla deyarli qorongʻi, faqat oynali tuynukdan tushayotgan yorugʻlik bu yerni gʻira-shira yoritib turardi. Ular qiyshayib qolgan yogʻoch narvonga oyoq qoʻyib sekin yertoʻlaga tushishdi. Dimogʻiga urilgan achimsiq zax hididan Kamolning koʻngli aynidi. Lekin shu zahoti potirlab uchgan kaptarlarni koʻrib koʻngli ayniganini ham unutib yubordi.

– Oʻgʻirladingmi? – dedi Kamol ajablanib.

– Ha, shanba kuni kechqurun tomga chiqib inlariga qoʻl tiqsam, hammasi dong qotib uxlab yotgan ekan. Mana bu qopga hammasini joyladim-da, juftakni rostladim, – dedi Turdi bir chetda yotgan eski qopni koʻrsatib.

– Bekor qilibsan. Endi kampir bilib qolsa nima boʻladi?

– Bilmaydi. Bu yerni iskovich it ham topolmaydi.

– Har doim shu yerda saqlamoqchimisan?

– Ular to mening qoʻlimga oʻrganguncha shu yerda saqlamasam boʻlmaydi. Hozir uyga olib borsam, tashqariga chiqarishim bilan kampirning uyiga uchib ketadi, oʻsha yoqqa oʻrganib qolgan. Keyin, uydagilarga ham biron joʻyaliroq bahona topib qoʻyishim kerak. Oʻgʻirlaganimni sezib qolishsa sogʻ qoʻyishmaydi.

Kaptarlar oʻzlarini yorugʻlik tushayotgan tuynukka urishardi. Shunda Turdi ulardan birini osongina ushlab olib, Kamolga koʻrsatdi. Kamol ham uni avaylabgina ushlab koʻrdi. Kaptar haqiqatan ham goʻzal jonivor edi. Bolalar uning patlarini silashdi, qanotlarini yozib koʻrishdi, benihoya zavqlanishdi.

* * *

Kampir tongda hovliga chiqdi. Noodatiy jimjitlikdan xavotirga tushdi. Ayvondagi chelakdan bir kosacha don oldi-da, hovliga sochdi. Har gal duv yogʻilib tushadigan kaptarlar bugun koʻrinmadi. Kampir hayron boʻlib atrofga, keyin tom ustiga qaradi. Qir ortidan endigina koʻtarilgan quyosh nuridan uning koʻzlari qamashdi. Soʻngra u kaftini soyabon qilib yana tomga qaradi. Kaptarlar esa hech qaerda koʻrinmas, sas-sado ham bermas edi. Kampir a’zoyi-badani jimirlab, bir zum oʻylanib qoldi. Qoʻllari shalvirab, kosa yerga taraqlab tushdi. Uning koʻzlariga yosh qalqidi. Quloqlari shangʻillab, gʻalati shovqinlar, ayollar va bolalar chinqirigʻi, bombalarning dahshatli portlashlari eshitila boshladi. Kampirning nursiz koʻzlari qoʻrquvdan katta-katta ochilib, chor-atrofga alangladi. Keyin kaftlari bilan quloqlarini bekitib, uyga deyarli chopib kirdi va yostiqqa yuzini bosib uzoq yotdi. Quloqlaridagi shangʻillash ancha vaqtgacha tinmadi. Koʻp yillardan beri bunday shovqin va dahshatlar uni bezovta qilmay qoʻygan edi aslida. Uning quloqlariga kaptarlarning «ququr-ququr» ovozi eshitilib turar, kampir hovliga don sochganida kaptarlarning birvarakayiga uchib tushib, «tik-tik» ovoz chiqarib don choʻqishlari uni yayratib yuborar edi. Bugun ular uchib tushmadi, oʻsha «tik-tik» ovozlar eshitilmadi. Allaqachon quyosh charaqlab ketgan boʻlsa-da, atrofda qoʻrqinchli sukunat hukm surardi.

Kampir oʻziga ishonqiramay yana hovliga chiqdi. Baribir kaptarlar koʻrinmadi. Yerga sochilgan donlarni esa chumchuqlar va musichalar choʻqimoqda edi. «Kaptarlar meni tashlab ketishibdi, – deya oʻyladi u. – Endi shu farishtamonand jonivorlarga ham keragim boʻlmay qolibdi».

U telbasifat gandirakladi. Yana ichkariga kirib, oʻrniga choʻzildi. Eridan ham, oʻgʻlidan ham ayrilgach, ana oʻsha kaptarlar kampirning suyanchigʻi boʻlib qolgan, u oʻsha qushlar bilan tillashib, hasratlashib kun oʻtkazib kelayotgan edi. Ular bilan gaplashganda goʻyo roʻparasida shunchaki qush emas, oʻgʻli turgandek tuyulaverardi. Rustam shu kaptarlarni jon-dilidan yaxshi koʻrar, ularga atab inlar yasagan edi. «Kaptarlar tinchlik bor joyda uchadi, bolam, kaptarlaringning boriga shukur», – der edi kampir ularning uchishini koʻrganda.

Kampir endi butunlay yolgʻizlanib qolganini ich-ichidan his etar, taqdir unga taqdim etgan barcha mushkulliklarni xayolidan oʻtkazib, yum-yum yigʻlardi. Quloqlari tinmay shangʻilladi. Uch kun davomida uni biron tirik jon yoʻqlamadi. U bir chimdim tuz totmadi, bir qultum suv ichish ham esiga kelmadi. Telbasifat boʻlib hovliga chiqar, uyga kirar, chelakdan don olib yerga sochar, chamasi, nima qilayotganini oʻzi anglay olmayotgan edi. Keyin u yostiqdan butunlay bosh koʻtarmay qoʻydi.

Turdi bilan Kamol esa shu uch kun mobaynida har kuni ertalab hech kimga bildirmay sumkalariga bir hovuchdan don solib chiqadigan, maktabdan qaytishida kechgacha shiypon yertoʻlasida qolib ketadigan boʻlishdi. Uchinchi kuni esa Kamolning onasi hali hovliga kirar-kirmas qoʻliga bir juft issiq nonni tutqazib, kampirnikiga joʻnatdi. Kamol kampirning uyiga ikkilanib-ikkilanib bordi. U avval kampirni chaqirdi, javob boʻlmagach, sekin ichkariga moʻraladi. Kampir toʻshagida dong qotib yotardi. Kamol bir lahza kampirga tikilib turdi-da, keyin qoʻrqib ketib, ortiga tisarildi. Qoʻlidagi nonni xontaxta ustiga qoʻyib, yugurgancha ortiga qaytdi. «Masha xola oʻlib qolibdi, – deya oʻyladi u. – Agar kaptarlari oʻgʻirlangani alamiga oʻlib qolgan boʻlsa-chi? U holda uni biz oʻldirgan boʻlib chiqamiz. Nima qilib qoʻydi-ya bu landovur Turdi». U hoziroq shiyponga qarab yugurmoqchi boʻldi-yu, lekin yuragi dov bermadi. Qorongʻilik choʻka boshlagan, bunday kezlarda huvillagan daladagi xarobaga borish qoʻrqinchli edi. U kechki ovqatni ham bezovtalik bilan yedi. Kechasi deyarli uxlamadi. Koʻzlarini yumishi bilan kampirning qotib qolgan murdasi koʻrinaverdi. «Kaptarlarni joyiga qaytarish kerak, – oʻyladi u, – yoʻqsa ertaga Masha xolani qoʻmishga olib ketayotganlarida kaptarlari yoʻqligini bilib qolishsa, hamma qidirishga tushadi. Keyin kallam ketdi deyaver».

Nihoyat u tong gʻira-shirasida shiyponga qarab chopdi. Yertoʻlaga tushganida kaptarlar hali mudrayotgan edi. Ularni osongina ushlab, qopga soldi-da, ortiga qaytdi.

Kampir qancha yotganini bilmadi. Derazadan tong shu’lasi tusha boshlaganda qulogʻiga tanish ovozlar eshitildi. Bu kaptarlarning «ququr-ququr» ovozi edi. Shunda kampirning jonsiz barmoqlari ohista qimirladi. Badani bilinar-bilinmas jimirlab, soʻlgʻin yuziga qon yugurdi. Uning allaqachon murdaga aylanayotgan tanasiga jon kirdi. U sekin-asta yostiqdan boshini koʻtarib, derazadan hovliga qaradi. Kaptarlar don axtarib, yerga «tik-tik» tumshuq urishayotgan edi. Kampirning yuziga tabassum oʻrmaladi. U sogʻinib qolgan kaptarlariga don sochmoq uchun ayvonga chiqdi.

«Yoshlik» jurnalining 2010 yil, 7-sonidan olindi.