OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifUygʻun Roʻziyev
Asar nomiXilvatdagi farishta (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Uygʻun Roʻziyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xilvatdagi farishta (hikoya)
Uygʻun Roʻziyev

Qoʻlimdagi piyola bexosdan tushib ketib, ichidagi choy toʻkildi, dasturxon hoʻl boʻldi. Irim-sirimlarga unchalik ahamiyat beravermayman-u, ammo ba’zan ertalabdan shunday hodisa boʻlsa, koʻnglimning bir chetida jindakkina gʻulgʻula uygʻonib qoladi. Mana, bejizga emas ekan, ishxonamga kelishim bilan noxush xabar bitilgan telegramma oldim. «Farhod, Zamon muallim qazo qildi, ertaga soat oʻn birda soʻnggi manzilga kuzatamiz. Ilojing boʻlsa yetib kel»;, deb yozilgan edi qogʻozda. Shu lahzada birdaniga Zamon muallimning har qanday odamni sergaklantiradigan oʻtkir nigohi, hamisha oʻzgarmaydigan tund qiyofasi va keksayganda ham egilmagan alp qomati koʻz oʻngimda gavdalandi.

Shu barobarida esa xayolimning narigi yarim pardasida koʻkraklaridan oqayotgan sutga qorishib koʻz yoshlari ham duv toʻkilayotgan yalangʻoch ayol paydo boʻldi.

E-ha, bunga koʻp yillar boʻlgan. Qancha suvlar oqib ketdi. Lekin qachonki Zamon muallimni eslasam, u bilan birga oʻsha ayol ham xayolimga kelaveradi. Binobarin, u hayotimdagi unutib boʻlmaydigan voqealardan biri edi. Har gal esimga tushib qolsa yuragim achishib, koʻnglim behuzur boʻlar, qoʻyib bersa koʻzimga yosh qalqib chiqay deydi. Mana, hozir ham kutilmaganda qoʻllarim qaltirab, yelkam achishib ketdi. Har gal ana shu xotira uygʻonganda ich-ichimdan yigʻlagim kelib, vujudim ozorlanadi. Achinish, nafrat, kuyunchaklik hislari bilan bir qatorda yuragimning eng tubida alangaga aylangan mamnunlik uchquni ham namoyon boʻladi.

Ehtimol maktabda oʻqishlarim kutilmaganda jadallashib, to oʻqishni bitirgunimcha hamma sinfdoshlarimdan oʻzib ketganim, keyin institutga kirib, yaxshi natijaga erishganim va undan soʻng tez fursatda dissertatsiyamni himoya qilib, olimlik maqomiga yetishganim hamda endilikda katgagina muassasaning rahbari boʻlganim, umuman barcha-barchasiga oʻsha muallim va oʻsha ayol sababchi boʻlgandir, deya oʻylab qolaman. Shu fikrim toʻgʻri, deb hisoblayman va bu albatta, adolatdan boʻlur edi. Ana shu intilishlarimga, favqulodda paydo boʻlgan gʻayrat- shijoatimga boshqa biron sababning turtki boʻlganini eslay olmadim.

Aslida Zamon muallim meni maktabda oʻqitmagan (lekin hayotda yaxshigina dars berib qoʻydi). Men birinchi sinfga borganimda u kishi nafaqaga chiqib ketgan ekan. Lekin to umrining oxirigacha ham hamma uni muallim deb bildi, muallim deb chaqirishar edi. Qahri qattiqligi, salobati, koʻz va soʻzi oʻtkirligi bois koʻcha-koʻyda uni uchratganlar oʻzlaricha sergak tortib qolishardi. Shuning uchun boʻlsa kerak, men tengi bolalar ham Zamon muallimning salobati haqida koʻp eshitaverib koʻnglimizda allaqanday taassurotlar paydo boʻlgan, koʻcha changitib oʻynab yurganimizda u kishiga duch kelib qolsak qoʻrqa-pisa salom berib, tezda koʻzdan gʻoyib boʻlishga shoshilardik... Xuddi hozir koʻrib turgandek, aniq-tiniq mana, bor boʻyi bilan koʻz oldimga keladi: koʻzlaridan yosh, koʻkraklaridan sut oqayotgan oʻsha yalangʻoch ayol. Men koʻrgan bu manzarani agar birorta rassom koʻrganida, chizgan surati bilan, albatta Leonardo da Vinchidan oʻzib ketardi va bu bir lahzalik xilqat shunchaki xotira sifatida birgina guvohning oʻzi bilan yoʻq boʻlib ketmasdan, balki buyuk asarga aylanib, bashariyatning bebaho mulki boʻlib qolishi ham mumkin edi. Afsuski, men rassom ham, shoir yoki adib ham boʻlmadim.

* * *

Bola koʻtargan yoshgina ayol paydo boʻlib qolganligi butun qishloqqa bir zumda tarqaldi. Oʻshanda men endigina yettinchi sinfni tugatayotgan edim va kattalar orasida ogʻizdan-ogʻizga koʻchib yuradigan bunday mish-mishlaru olagʻovur gaplarga unchalik e’tibor bermasdim. Lekin bu galgi duv-duv tarqalayotgan gap esini tanigan odam borki, ogʻziga koʻcha boshladi. Bunday olganda, bola koʻtargan daydi ayol qishloqlarga hadeganda kelib qolavermaydi-da. Buning ustiga u anchagina chiroyli ham ekan.

Hammadan oldin uni shaharga qatnaydigan avtobuslar toʻxtab oʻtadigan bekat yonidagi choyxonada mayxoʻrlik qilib, oʻtgan-ketganga gap otib oʻtiradigan betayin kishilar koʻrishgan. Aslida har qanday mish-mish birinchi boʻlib oʻshalardan tarqaladi. (Ular har qanaqa gapga oʻzlari bichgan toʻnni kiygizib, keyin hammaga ovoza qilishadi). Ayol bir-ikki kun hali unikida, hali bunikida qoʻnim topib yurdi. Tez orada uning kimligi, qaerdan kelganligi ma’lum boʻlgach, u mutlaqo koʻchada qoldi. Kimning ostonasiga bosh urib bormasin, eshiklar taqa-taq yopilardi.

Oʻsha paytlar bahor fasli boʻlishiga qaramasdan, saharlarda shudring oʻrniga yerga un elagan kabi yupqagina qirov toʻshalardi. Ayol goʻdagini opichlab, goh bekat ayvonidagi tosh oʻrindiq ustida, goh doʻkon omborxonasining yonida tong ottirardi. Lekin har kuni albatta uxlash joyini oʻzgartirardi menimcha, u kechalari odamlardan qochib yurardi.

Men uni birinchi marta Samad togʻamnikida toʻyda koʻrdim. Kechqurun toʻy boshlanganda biz bolalar bilan toʻyxona tashqarisida quvlashmachoq oʻynamoqda edik. Ayol qayoqdandir keldi-da, qoʻrqa-pisa toʻyxonaga yaqinlashdi.
— Joʻralar, qaranglar, haligi ayol kelibdi , ana, qoʻlida chaqalogʻi ham bor, — dedi bolalardan biri baqirib.

Hamma u tomonga qaradi. Chiroqning xira tushib turgan yorugʻida koʻrdimki, ayol yoshgina, haqiqatan ham chiroyli edi. Shirakayf boʻlib olib, qorongʻida sigareta chekib oʻtirgan bir necha bebosh yigitlar uni koʻrishlari bilan atrofini oʻrab olishdi va tegajoqlik qilib qorongʻilikka sudray boshlashdi. Ayol ularga yolvorib, yigʻlamoqqa tushdi. Ayolga rahmim kelganidanmi, bilmadim, ichim achishib, sal boʻlmasa yigʻlab yuboray dedim. Shu tobda oʻrtoqlarimni ham unutib, ichkariga chopib kirdim-da, buni hammamga aytdim. Toʻrt-besh chogʻli xotinlar shosha-pisha koʻchaga yugurib chiqib: «Hoy, benomuslar, nima qilayapsizlar, bir imonli odamning toʻyini buzayapsizlar-ku»;,— deya yigitlarni koyib, daydi ayolni ularning changalidan ajratib olishdi. Keyin uni oʻzlari bilan birga ichkariga olib kirib ketishdi.

Ayol chamasi ertalabgacha shu yerda idish-tovoq yuvdi, toʻyxonani saranjomlab, supurib-sidirdi. Men ham oʻsha kuni toʻy sohiblarining uyida yotib qoldim. Nima uchundir allamahalgacha oʻsha ayolning harakatlarini, yurish-turishini kuzatdim. Unga azbaroyi rahmim keldi chamasi. U oshxona poygagidagi isqirt sholcha ustiga eskigina koʻrpachani toʻshab, yigʻlayotgan chaqalogʻini yotqizdi va engashib uni emizdi. Goʻdak uxlab qolgach, u chaqqonlik bilan idishlarni yuvdi.

Tong mahali oʻrnimdan turganimda ayol xizmati evaziga olgan tugunni koʻtargancha hovlidan chiqib ketayotgan ekan. U toliqqanidan boʻlsa kerak, oyogʻini zoʻrgʻa sudrab bosardi.

Shundan soʻng ancha vaqtgacha bu ayolni qayta uchratmadim. Lekin u haqidagi boʻlar-boʻlmas gʻiybat gaplar tez-tez qulogʻimga chalinaverardi. Bir kuni tuz olib kelgani choyxonaga borganimda (bunaqa mayda-chuydalarni uyimizga yaqin boʻlgani uchun choyxonachidan sotib olardik) ayni oʻsha gʻiybatning ustidan chiqdim. Shu paytda oʻsha ayol koʻchaning narigi tomonidan oʻtib borayotgan edi. Vino ichib, qarta oʻynab oʻtirganlardan biri pixillab kuldi:
— Qaranglar, anavi suv parisi haliyam daydib yuribdi, — dedi u boshqalarniyam tilini qichitish uchun.
— Qanaqasiga suv parisi boʻlsin, it tekkan qovun-ku, — dedi boshqasi aftini bujmaytirib.
— Oʻzi nega bu yerlarda tentirab yuribdi? — dedi yana biri oʻzini goʻllikka solib.
— Haliyam xabaring yoʻqmidi. Surishtirib bildik, u Boʻronlidan ekan-ku. Boʻronlining yigitlari uni aldab, rosa ermak qilishgan ekan. Uni deb bir yigit ham oʻlib ketan emish. Qisqasi, u bilan don olishganlar koʻp ekan. Boʻronliliklar ham oʻzimizga oʻxshab origa mahkam odamlar. Otasi nomusga chidayolmay, qizini oq qilibdi. Qishloq ahli ham shuni kutib turgan ekanmi, sharmisor qizni Boʻronlidan badargʻa qilishibdi. Shuning uchun bizning qishloqqa kelib qolgan ekan. Suv parisining dostoni mana shunaqa, Boqivoy. Dunyodan bexabar yurgan ekansan-da shu paytgacha, he omon boʻlgur.

Ularning gʻiybatlari bolalagandan-bolaladi. Bir payt haligi ayol toʻgʻri choyxonaga kirib keldi. Choyxonachidan bir kosa ovqat soʻrab, poygakka yaqin joydagi stol yoniga oʻtirdi. Qarta oʻynayotganlar piching qilib gap ota boshlashdi. Ayol esa goʻdagini bagʻriga mahkam bosgancha, ularga e’tibor ham bermasdan ovqatini yeyaverdi. Chamasi bunday qochirim gaplarni eshitaverib allaqachon uning diydasi qotib ketganga oʻxshardi. Nogahon u menga termulib qaradi. Falati boʻlib ketdim. Shunda qachondan beri undan koʻzimni uzmay tikilib qolganimni sezib, oʻz-oʻzimdan uyalib ketdim. Ayol bamaylixotir ovqatlanib boʻlgach, endigina oʻrnidan qoʻzgʻalgan edi hamki, boyadan beri unga gap otib jagʻi ogʻrimayotganlardan biri nihoyat joyidan turib, u tomonga yurdi va tegajoqlik qila boshladi. Ayol avvaliga muloyim gapirdi. Erkak uning bilagidan ushlaganda esa koʻzlaridan oʻt chaqnagandek boʻlib: «Hech boʻlmasa qoʻlimdagi goʻdakka rahming kelsa boʻlardi, iymonsiz»;, — deya uning yuziga chunonam tufladiki, erkak bir zum karaxt boʻlib qoldi. Keyin mushtini doʻlaytirib ayolning ustiga bostirib borayotganida boshqalar uni ushlab qolishdi.
— Qoʻyib yuboringlar, oʻldiraman fohishani, — dedi haligi odam oʻshqirib.
— Fohisha boʻlib hech biringiz bilan shakarguftorlik qilganim yoʻq. Hartugul sizdan koʻra pokizaroq boʻlsam kerak, — deya ayol koʻzlariga yosh qalqib, choyxonadan chiqib ketdi.

Yuziga tuflangan odam boʻkirib soʻkingancha yulqinardi. Lekin sheriklari to ayol koʻzdan gʻoyib boʻlguncha uni qoʻyib yuborishmadi. «Shu fohisha bilan tenglashib oʻtirasanmi, oʻzingni bos»;, — deb taskin berishdi ular.

Bu voqeadan keyin ayol qishloqda koʻrinmay qoldi. U haqdagi gʻiybatlar ham asta-sekin unutila boshladi. Biroq yozning oʻrtalarida uning yana qishloqda paydo boʻlib qolganligi haqida mish-mishlar tarqaldi. Nima uchundir oʻsha ayolni dabdurustdan uchratib qolgim kelardi. Nihoyat bir kuni biqinim ogʻrib, otam bilan kasalxonaga borganimda uni uchratdim. Doktorning qabulida bemor borligi sababli biz yoʻlakda navbat kutib turgan edik. Shunda haligi ayol chinqirib yigʻlayotgan bolasini koʻtarib kirib keldi. U ham yoʻlakda biroz navbat kutib turdi. U sochlari toʻzgʻigan, koʻylagi unniqib ketgan, kalishi yirtiq, butunlay abgor ahvolda goʻdagini ovutolmay diydirab turardi. Unga yana uzoqroq tikilib qolgan ekanman, otam tirsagimdan asta turtib, tomoq qirib qoʻyganida choʻchib tushdim.

Qabulxonada turganlarning goʻdakka rahmlari keldi shekilli, ayolni benavbat ichkariga kiritib yuborishdi. Qiya ochik, eshikdan ayolning yigʻlab-yolvorishlari eshitilar edi:
— Shu goʻdakkinaning hayotini saqlab qoling, doktor. Mening bu hayotda boshqa umidim qolmagan. Faqat shu bola borligi uchun yashab yuribman. Umrbod eshigingiz tagida xizmatkor boʻlay, yordam bering.
— Ertaroq qaerda eding, qizim, — dedi oppok, sochli, ozgʻindan kelgan keksa doktor. — Vaqt oʻtganidan keyin yalinib-yolvorganing nimasi. Tinchingni oʻylagandirsan-da.
— Bolam betob boʻlsa, menda halovat boʻlarmidi?! Tabiblarga ham bordim, doktorlarga ham uchrashdim.
— Xoʻsh, ular davolasholmadimi?
— Tabiblar, puling boʻlsa kelarsan, deyishdi. Doktorlar oʻzlarini olib qochishdi.
— Afsus, qizim, vaqtida kelganingda ehtimol yordamim tegib qolardi. Sen oʻzingni qoʻlga ol. Har kim Xudo bergan umrni yashaydi. Shu lahzada men mutlaqo ojizman.

Ayol oʻksib-oʻksib yigʻlab, goʻdakni mahkam quchoqlab chiqib ketdi. Hamma unga qarab turardi. Lekin u hech kimni koʻrmadi, hech kimni koʻrishni istamasdi ham chamamda.
—Ha, oʻgʻlim, nega yigʻlayapsan? — dedi otam kutilmaganda.

Ogʻriqni ham butunlay unutib, shu tobda faqat oʻsha ayolga diqqatimni qadagan, unga qoʻshilib yum-yum yigʻlayotgan ekanman.
— Ichim ogʻriyapti, — dedim sir boy bermaslik uchun biqinimni ushlab.

Oʻshandan keyin har kuni oʻsha ayol tushimga kirib chiqadigan boʻldi. Har kuni deyarli bir xil tush: ayol sochlarini yulib, yoqasini yirtib yigʻlar, yoʻqolib qolgan goʻdagini axtarar edi.

Oradan bir haftalar oʻtgach, bir kuni sigirimiz yaylovdan qaytmadi.

Choʻpondan soʻragan edim: «Xabarim yoʻq, ehtimol kolxozning dalasiga oralab ketgandir. Judayam qaysar, rasvo mollaring bor oʻzi»;, — dedi qoʻrslik bilan. Keyin sigirni qidirib yaylovga qarab ketdim. Quyosh ufqqa kirayotgan mahal edi. Qorongʻi tushmasdan topib kelish uchun tez-tez qadam tashlab borardim. Qirdan oshib oʻtib, bahorgi sellardan hosil boʻlgan qup-quruq soy ichidan yurib borayotgan edim, bir payt kutilmaganda soy ichida choʻk tushib oʻtirgan ayolga duch kelib qoldim. U nima uchundir ingrab-ingrab koʻkraklarini ezgʻilayotgan edi. Meni koʻrishi bilan bir zum angrayib qoldi. Bunday gʻalati manzarani birinchi marta koʻrib turganim bois oyoqlarim qaltirab, «shilq»; etib qum ustiga oʻtirib qoldim. U tipratikan singari gʻujanak boʻlib tizzalarini quchoqlab olgan, qarashida alam, iztirob va qoʻrquv aralash ajablanish mujassam edi. Balki u mening kutilmaganda osmondan tushgandek paydo boʻlib qolganim va benihoya hayratdan chaqchayib ketgan koʻzlarimdan qoʻrqib talvasaga tushgandir. Binobarin, men oʻzimning oʻsha lahzadagi holatimni tasvirlab berolmayman. Bir-birimizga qancha vaqt tikilishib turdik, bilmayman. Shu qarashda har ikkimiz ham «Nega bunday boʻldi, nega bunday oʻtiribmiz?»; deya bir-birimizga unsiz savol berar va unga nigohlarimizdan javob axtarayotgan edik, chamamda.

Bir payt ayol oʻrnidan turib, qomatini adl tutdi. Shu koʻyi ham mendan koʻzini uzmasdi. Bir qadam oldga yoxud orqaga tashlamadi ham. U butunlay yalangʻoch edi. U ana shu holatida silliq oppoq marmardan oʻta mahorat bilan ishlangan nafis haykalga oʻxshardi nazarimda. Toʻzgʻigan qora sochlari uning noyob goʻzalligiga naqadar yarashib tushgan edi. Tim qora koʻzlaridan tirqirab oqayotgan yoshlar ikki irmoq hosil qilib, yuzi va boʻyni uzra oqib tushib, ikki koʻkragidan sirqirab oqayotgan sutga tutashib ketgan va bu irmoqlar uning badani, oyoqlari uzra yoʻl solib, qumga singib borayotgan edi. Bu manzarani koʻrganim zahot yuragim qinidan chiqqudek «duk-duk»; urib, quloqlarim shangʻillay boshladi. Nazarimda, ulkan marmar togʻ qoyalaridan oppoq sutga toʻla ikki daryo shovullab oqib tushib, yer qa’riga singib ketayotganga oʻxshardi.
— Nega menga bunday qarayapsan? — dedi ayol oʻrnidan jilmay. — Yalangʻoch ayolni koʻrmaganmisan?

Men oʻngʻaysizlandim. Qayoqqqa oʻgirilishimni bilmasdim. Gapiray desam tilim lol, oʻrnimdan turay desam, oyoqlarim oʻzimga boʻysunmas edi. Lekin baribir koʻzimni undan uza olmasdim.
— Mening mana shu tanamdan boshqa hech narsam qolmadi. Endi na biror yaqinim, na orzu-umidlarim va na hayotim bor, — dedi ayol hamon unsiz yigʻlab.
— Koʻkragimdan oqayotgan sut bolamning haqqi edi. U hozir tuproq ostida. Mening esa hech kimga keragim yoʻq, na yerga, na osmonga. Bu dunyoda yurishim faqatgina odamlarning gʻiybatlariga mavzu boʻlishdan boshqaga yaramay qoldi. Ular gʻiybatdan huzur oladilar. Men haqimda nimalarni toʻqib-bichishmayapti. Hech narsani bilmay turib, fohishaga ham chiqarib boʻlishgan. Sen ularga ishonma. Men nopok emasman. Faqat sevgi dardiga mubtalo boʻlganman. U yigit olisda edi, juda ham olisda. Yovuzlar joniga qasd qilishdi. Bolam sevgilimdan yodgorlik edi. Yaratgan egam shuni ham koʻp koʻrdi. Oʻsmirgina ekansan, sevishga ehtiyot boʻl. Yaxshisi, bu dardga men kabi mubtalo boʻlmaganing ma’qul. Bu gʻiybatlarga toʻla biyobonda sevib ham, sevilib ham boʻlmas ekan. Bu odamlar muhabbatni ham gunoh sanashadi. Bu juda yomon dard, ukajon.

Ayol hamon tik turgan koʻyi gapirardi-yu, kuz yoshlari shovullar, koʻkraklaridan sirqirab sut oqar, ochofat qum esa ularni tamshanib-tamshanib yutib ketmoqda edi.

Shu payt qoq tepamda kimningdir qahrli yoʻtalgani eshitildi. Ilon chaqqandek seskanib yuqoriga qaradim. Zamon muallim qoʻllarini orqasiga qilib, koʻzlarini menga oʻqdek qadab turardi. Qayoqdan kuch topdim, bilmadim, qumlarni toʻzgʻitib sakrab oʻrnimdan turdim. Bir ayolga, bir muallimga qaradim. Ayol yana boyagidek gʻyjanak boʻlib olgan, peshonasini tizzalariga qoʻyib, hiqillab yigʻlamoqda edi.
— Buyoqqa chiq, — dedi muallim vajohat bilan. Sakrab yuqoriga chiqdim.

Muallim qulogʻim ostiga shunday tarsaki tushirdi-ki, boshim gʻuv aylanib, uch-toʻrt qadam nariga yiqilib tushdim.
— Men... men... — dedim zoʻrgʻa oʻzimni oʻnglab.
— Qolganini uyda otangdan olasan, — dedi muallim.
— Otamga aytmang... Men hech narsa qilganim yoʻq. Tasodifan...

Ayol juldur koʻylagiga oʻranib, hamon ingrab yigʻlamoqda edi. Ammo muallim unga qaramadi, e’tibor ham bermadi. U koʻzlari vujudimni teshib yuborgudek boʻlib menga tikilib turardi. Bir zum oʻylanib turgach, eshakka bogʻlangan arava tomon yurdi. Arava ustiga bir gʻapam qurigan yantoq ortilgan edi.
— Yaxshi, — dedi muallim arava yonida toʻxtab, — unday boʻlsa seni oʻzim jazolab qoʻya qolaman. Agar shu jazoga chiday olsang, bu sir oʻrtamizda qolishi mumkin.

Shoshganimdan yiqila-surina uning oldiga bordim.
— Koʻylagingni menga ber, — dedi u hamon vajohatidan tushmay. Darrov yechinib koʻylagimni uzatdim. — Endi engashib tur.

Men uning buyrugʻiga itoat qilib engashib turdim. Maqsadini esa juda yaxshi tushungan edim. U panshaxa bilan arava ustidan kattakon bir dasta yantoqni oldi-da, yelkamga qoʻydi. Koʻzlarimdan oʻt chiqib ketay dedi. Ingrab yubordim.
— Ha, ogʻirlik qildimi? — dedi muallim bamaylixotir. — Shu paytda bundan koʻra yengilroq jazoni topish mushkulroq. Hechqisi yoʻq, chidaganga chiqargan. Qani, endi oldimga tushgin-da, shu yantoqni uyimga eltib ber. Agar yoʻlda yelkangdan tushirib yuborsang, ustiga yana bir dasta qoʻshaman. Xavotir olma, kech kirib qoldi, hech kim koʻrmaydi.

Men indamay yoʻlga tushdim. U esa eshagini yetaklab ortimdan kelaverdi.

Inqillab qadam tashlardim-u, tikanlar badanimga qadalib, jonimni sygʻypib olgudek boʻlardi. Shunday boʻlsa-da, yantoqning yelkamdan tushib ketishidan juda- juda xavotirlanar edim. Chunki Zamon muallim bir soʻzli odam, aytganini qiladi: yelkamdagi yantoqni tushirib qoʻysam, ustiga yana bir dasta qoʻshib, jazoni ikki hissa orttiradi. Oʻzi shundogʻam yelkamga bahaybat dev minib olib, pichoq sanchib ketayotgandek tuyulmoqda. «Mayli, shunisiga ham shukr»;, — der edim baribir oʻzimga dalda berib. Axir, bu jazo borib otamga chaqib berishidan koʻra ming karra yengilroq edi. Agar otamga aytib berganida nima boʻlardi? Hayotimning u yogʻini tasavvur qilolmayman. Aniqrogʻi, tasavvur qilishga qoʻrqaman. Oʻzimni oqlashga qanchalik urinmay, baribir hech kim menga ishonmas edi. Binobarin, hech ish qilmasam ham, oʻsha qip-yalangʻoch ayolga koʻzimni loʻq qilib tikilib oʻtirganimning oʻziyoq har qanday jazoga loyiq ulkan gynoh edi.

Yovshanlarga qoqinib-surinib ketib borayapman. Toʻxtab ortimga qaramoqchi boʻlsam, Zamon muallim tahdidona tomoq qirib yoʻtalib qoʻyadi. Inqillab, yana yurishda davom etaman. Tikanlar orqamni ilma-teshik qilib tashladi. Ogʻriq jon-jonimdan oʻtib ketdi. Jiqqa terga botdim. Koʻzlarimga yosh quyilib kelayapti. Ehtimol yelkamdan ter emas, qon oqayotgandir. Nima boʻlganda ham chidashim kerak. Shu tobda qishloq ham million chaqirim olisda qolgandek tuyulardi. Oqshom choʻkayotganidanmi yoki ogʻriq azobidanmi, koʻz oldim qorongʻilashib bormoqda edi. Hatto nafas olishga ham qiynalib, hansiray boshladim. Endi koʻzimga hech narsa koʻrinmas, hech narsani oʻylagim ham kelmasdi. Lekin oʻsha qorongʻi zulmat ichida koʻz oldimga faqat haligi ayol, uning koʻkraklaridan ikki irmoq boʻlib oppoq sut oqayotgan oppoq marmardek tani bot-bot kelmoqda edi. Hammasi uni deb boʻldi. Uni deb mana shu azobga duchor boʻlib oʻtiribman. Ammo shunda ham negadir undan olislanib borayotganim uchun oʻzimni koyiyotgan, qaytanga shunday nafis, pokiza hilqatga shafqat qilmagan odamlardan tobora nafratlanib borayotgan edim.
— Toʻxta, — dedi muallim, — yelkangdagini shu yerga tashlasang boʻladi.

Zamon muallimning hovlisiga yetib qolgan ekanmiz. Yantoqni darvoza oldiga tashlab, qaddimni rostladim. Suyaklarim sirqirab ketdi. Yelkam qattiq achishdi. Badanimga minglab tikanlar sanchilib qolganini sezib turardim.
— Barakalla, — dedi muallim miyigʻida kulib, — mana endi oʻsha voqeani unutsak ham boʻlaveradi. Lekin butunlay unutib yuboradi deb xomtama boʻlma. Agar yana biron nojuya ish qilgudek boʻlsang mendan oʻpkalama.

Men «xoʻp»; degandek bosh qimirlatdim-da, uyga chopdim. Ikki kun isitmalab yotdim. Badanimdagi tikanlarni terib olishdi. Chuqurga yiqilib tushdim, deb bahona qildim. Ilma-teshik boʻlib ketgan yelkamga bir hafta malham surtib yotdim. Ana shu bir hafta ichida ham koʻz oldimga faqat oʻsha ayol kelaverdi. Uxlasam, tushimda ham oʻsha manzara. Lekin shundan soʻng uni qayta uchratmadim. Oʻsha yaylovga borishga hali-hamon yuragim betlamaydi. Zamon muallimni eslaganda esa yelkam uvishib ketadi. Biroq baribir undan minnatdorman. U bir soʻzli odam edi, yaxshi odam edi.<