OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifVafo Fayzulloh
Asar nomiElning koʻnglin koʻtarar shoir
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Vafo Fayzulloh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Elning koʻnglin koʻtarar shoir
Vafo Fayzulloh

Ming toʻqqiz yuz saksoninchi yilning birinchi avgusti. ToshDU (hozirgi Milliy universitet) ning jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirish uchun imtihon topshirar edik. Soat oʻn birlardan oʻtgan, inshomni qoralab ham boʻlmagandimki, peshonasi doʻng, koʻzlari katta-katta bir yigit oʻrnidan shahd turib, shitob bilan kuzatuvchilar oʻtirgan stolga yaqinlashdi va yozib boʻlgan inshosini birinchi topshirib, tashqariga chiqib ketdi. Koʻpchilik qatori men ham unga havas va hayrat bilan qaradim. Dadil harakati, oʻktam qiyofasi esimda qoldi.

Omadim chopmay, qishloqqa qaytganimdan keyin ham Toshkent esimga tushsa, inshosini birinchi boʻlib topshirgan tengdoshimning holati ham xotiramda jonlanar, «U oʻqishga qattiq tayyorlangan ekan, iqtidori ham shunga yarashadir. Oʻziga ishonchi shundoq chehrasida balqib turardi. Albatta, oʻqishga kirgan boʻlishi kerak. Yo shoshqaloqlik qilib yoxud adolatsizlikka uchrab, u ham sinovlardan oʻtolmay qoldimi? Yoʻq! Bunday boʻlishi mumkin emas», deya oʻylanib qolardim...

Bugun talabalikning barakali, serzavq va orzularga limmo-lim damlari Sirdaryo dalalarida kechgan kuzlar — paxta mavsumisiz kemtikday tuyuladi. Ammo oʻshanda...

Ming toʻqqiz yuz sakson ikkinchi yilning oktyabri. Tahsil bir oyga yetar-etmas bizni ham paxta terimiga haydashdi. Qishloq bolasi emasmanmi, oʻquvchilikda zada qilgan mavsum talabalikning oltin onlariga ham chang solgan yalmogʻizday koʻrinib xunobim oshgan. Nihoyat, terimning birinchi ogʻir kunini «quyosh orqalab» ketgach, shom qoralaganida sudralganday boʻlib «barak» deb ataluvchi yotogʻimizga yetdik. Kechkilikdan keyin aksariyatimiz, ayniqsa, biz birinchi kurslar «Kunlik charchoqdan keyin hali zamon tarrakdek qotib qolsak kerak», degan xayolda uyquga hozirlanardik. Barakda bizdan tashqari ikkinchi va beshinchi kurs talabalari ham joylashganini eshitgan esak-da, universitet yotoqxonasidan joy tegmay, shaharning har turli ijara uylarida bazoʻr joylashgan men singarilar yuqori bosqichdagilarni deyarli tanimasdi. Birdan tevaragi boʻz bilan oʻralgan qibla tomondagi joyning «devori» tushirilib — xuddi teatr sahnasida parda chetga suriladi-ku — dabdurust bir yigit she’r oʻqib ketdi. Bu holatni koʻrmaganlar ogʻzi ochilib, angrayib qoldi. U she’r ketidan she’r oʻqir, oʻqigan sari mardona ovozida hech kimnikiga oʻxshamaydigan bir shiddat, toʻgʻridan toʻgʻri qalb­ga kirib boradigan yorugʻ nimadir tevarakda lol aylanardi. Men uni darrov tanidim, u bultur sinov xonasidan birinchi boʻlib chiqib ketgan oʻsha doʻng peshonali, koʻzlari katta-katta yigit edi. U she’r oʻqirkan, yaqinda ekranlarga chiqqan «Olovli yoʻllar» koʻp qismli badiiy filmi bosh qahramonini hayotda uchratgandek boʻldim. «Hamzaning xuddi oʻzi-ya». Men bunaqa joʻshqin qalbli odamlar hayotda uchramasa kerak, kinoda boʻrtirilgan deb oʻylagan, mana endi bunday kishilar yon-atrofda ham boʻlishini birinchi koʻrib turishim edi. Shunda bir oy davomida universitet saboqlari berolmagan ilhom-ijod muhitini hech kimdan soʻralmay oʻqilgan she’r olib keldi. Hamma oʻzicha nimadir yozsam-u, keyin mana shu shiyponda oʻz tengdoshlarimga oʻqib bersam deb qolgan, terimdagi horgʻinlik ham allaqayga gʻoyib boʻlgandi. Va shundan boshlab talabalikdagi paxtaga olib chiqishlar saboqlardan qolish emas, balki yoshligimizning ajib kunlarida taqdirning bizga hadya etgan ijod bogʻi, she’riyat anjumani boʻldi. Toʻlqinlanib, orziqib she’r eshitgimiz, she’r oʻqigimiz kelsa, alohida tadorik yo taklif kerak emas: goh barakning oʻzida «sahna ochilib», goh shiypon yonida gulxanni oʻt oldirib, oʻz-oʻzidan she’rxonlik boshlanardi. Bu she’rxonliklarni esa koʻpincha birinchi boʻlib «bizning Hamzamiz» — A’zamjon Xudoyberdiev boshlab berar va boshqarar edi.

Oʻyimga toʻr solmang — hurlar ichra hur,
Gulyuz sevgilimni oʻylayotganda.
Keting, halal bermang, oʻzbek bulbuli
Sherali Joʻraev kuylayotganda.

Ammo A’zam Oʻktamning qismati haqiqiysi yashirilib, toʻqib bichilgan soxtasi oshirib-toshirilgan Hamza hayoti va ijodiga sira ham oʻxshamadi...

Shoir qalbni yorugʻlikka toʻldirishi kerak. Shoir koʻngilning qoʻrgʻoni — dilni osmonoʻpar etishi joiz. Xalqning, elning koʻnglini koʻtarishga keladi shoirlar! Buni eplolmagan shoir ham shoirmi? Hech qachon! Shoirning she’rini oʻqib, tinglab, el, inson tushkunlikdan qutulsin, dili xastalar sogʻaysin. Tirilgan koʻnglida yaxshilikka jur’at, yomonlikka jillaqursa naf­rat uygʻonsin, naf­rat ulgʻaysin. Oydin armondan yigʻlab, qurum bosgan, gʻashlik hukmron allaqaerlari tiniqlashsin.

A’zam Oʻktam biz paxta dalalarida, gulxan tevaragida eshitib kuch olgan, she’rlari Oʻzbek otaning qalbidan otilgan buloqday begʻubor va tanti edi. Bir jigarday, bir eldoshday uni sevish, choʻpon va deh­qonning soddaday koʻringan, ammo ma’nosi teran toʻpori fe’li kabi undan zavqlanib ketardik.

Fargʻonadan kelaman
Kelasanmi yor-o, kelasanmi yor.
Senga oshiqligimni
Bilasanmi yor-o, bilasanmi yor.
Bir boshga bir oʻlimni
Boʻyinga oldik-a, boʻyinga oldik.
Kim bevafo boʻlsa, uni
Xudoga soldik-a, Xudoga soldik.

Shu sakkiz qatorning oʻzida toʻrtta juda katta mezonlar — uning hayotiy e’tiqodi — VATAN, YOR, OʻLIM — hammasini birlashtiruvchi: YAratganga boruvchi samimiy izhor yarqirab koʻrinadi. Moʻmin-musulmon oʻzbekning bundan zalvorli hikmati boʻlishi mumkinmi?! Yurt mustamlaka, el qul holida esa-da, bu hikmat A’zam Oʻktamning qon-qoniga singigan, oila muhiti shu mezon asosida shakllanganidan xabar beradi. Har bir satridan almisoqdagi iymon nuri ufuradi. Uni yigirma ikki yoshli yigitchaning qulogʻiga bir hur shivirlagan boʻlsa ishonavering.

A’zamning armonli, bulbul chah-chahiday gʻami koʻtarinki, tongotarda moʻysafidning hikmatiday ziyo ulashadigan talay she’rlari borki, ularni oʻqigan oʻquvchi shoir yashagan davrnigina emas, Qiyomat qadar davom etar insoniyat hayotining ma’sum, yoniq, mas’ul chogʻlarini xotirlaydi.

Balki umr oʻtdi bekor,
Oldda qandoq kunlar bor?
Bolaligim begʻubor
Olamga duo denglar.
Oshiqni otdim tikka,
Tushar chekkami-pukka?
Yetkazmoqchiman koʻkka,
Nolamga duo denglar.

Manmanlik, xudbinlik bilan nimaga erishib boʻlardi? Neki nek niyat boʻlsa, Yaratgandan astoydil soʻrab, jon-jahdi bilan intilish evaziga roʻyobga chiqadi. Intilish sababchi, Oʻzi qabul qilib, ijobat etadi. Ammo oʻsha yillarda buning uchun fitriy farosatgina yordamga kelishi mumkin edi. Ana shunday tugʻma farosat bilan yoʻlga chiqqan, tilga tushgan shoir A’zam Oʻktamning kelajagi nima boʻldi?

Oʻtgan asrning saksoninchi yillari oxiri, toʻqsoninchi yillar boshida yozganlarini e’lon qila boshlagan avlod ba’zan nolib qolishadi: Iqtisodiy qiyinchiliklar, bozor iqtisodi ijodimizga kuchli zarba berdi. Faqat yozish emas, uni kitob qilib chiqarish, buning uchun pul topish tashvishi ham oʻzimizning chekimizga tushdi. Yozaylikmi yoki uni chiqarish uchun pul topaylikmi? Balki... Lekin ayni shu saksoninchi yillarning ikkinchi yarmi va toʻqsoninchi yillarning boshida yurtimiz, xal­qimiz ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotida shunday keskin ijobiy oʻzgarishlar yuz berdiki... asrlar davomida xalqimiz orzu qilgan armon bilan bobolarimiz kuta-kuta oʻtgan milliy qadriyatlarimizning tiklanishiga, e’tiqod erkinligiga yetdik. Mayli, yozganlarimiz kitob holida chiqishini biroz kutsak-kutarmiz, ammo aslo nolishga haqqimiz yoʻq.

Na Toshkent, na Qoʻqon biladi meni,
Axir oʻz-oʻzimni aldab netaman?

deb ochigʻini yozgan A’zam Oʻktamning oʻsha yillarda qoralagan eng sara she’rlari keskir, achchiq haqiqatlarning xushbuy guldastasidir. Kimdir «She’rning eng goʻzal chiqqani — shirin yolgʻoni», degan ekan. Lekin hech bir tashbeh, mubolagʻa, chiroyli yolgʻon achchiq haqiqatning, teran hikmatning oʻrnini bosa olmaydi.

Shoir kamolga yetganda, ijodkor sifatida ulgʻayganda u faqat haqiqatni aytishga qasd qilgani, bu borada borgan sari hech ham tap-tortmagani, dovyuraklik bilan elning, yurtning ruhiy hayotidan roviylik qilganini his qilasan.

Oʻgayga oʻxshayman ona Vatanda.
Tun. Boʻron. Tahlika...
Yashashdan bezdim.
Bor ovozda kuylash taqiqlanganda
Ovozim ochilib ketganin sezdim.
«Balogʻat»

Hali-hamon milliy-diniy qadriyatlarimizga nopisand, yurish-turish, kiyinishimizda shu narsani koʻrsa «qishloqi» deb kuladigan hamrohlarimiz bor. Bu millatni sevgan kishiga juda ham alam qiladi. Masalan, doʻppi va toʻn yaqin-yaqin yillargacha oʻlim xabari, azadorlik belgisi boʻlib qolayozgan edi. Ayrimlar hali-hamon shu gʻaflatda.

Kimdir oʻlar, nimadir boʻlar,
Oʻzbek qaytsa asl holiga.

Shoir achchiq kinoya qilar ekan, kinoyasi piching doirasini yorib chiqadi. Agar millatimiz asl holiga qaytsa, yovlari mahv etiladi, yaxshilik yuz ochadi, deganni ma’no tag ostiga berib, jasur orzu qiladi. Ruhi sindirilgan elni asl holiga qaytarish uchun moziydan dalillar izlanadi. Shoir uni istaganidan topadi:

Qul boʻlgan emasmiz, hech birodarlar,
Garchi koʻp bosqinlar, talovlar oʻtdi.
Oʻqtalgan musht kabi turar minorlar,
Maqbara qubbasi dubulgʻa xuddi.

U haqiqatni san’atkorona aytishda mustamlaka zulmi boshidan kechgan, ozodlikka umrini tikkan Choʻlpon, Usmon Nosir, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Asqar Qosimlarning tolibi boʻlgani juda seziladi. Ammo tolibligicha qolib ketmasdan milliy qarashlarimiz xazinasini boyitdi. Bu yoʻldagi uning eng muvaffaqiyatli izlanishlari, keskin, yangroq, topilma, kashfiyot satrlarining umri uzoq: millat, yurt haqidagi qoʻrqmas giryalar kabi qaygʻumizni eslash, ruhiyatimizni koʻtarish uchun ularga murojaat qilaveramiz.

A’zam Oʻktamning yigirmaga ham kirmagan shoirligi, qirq birning ustida xazon boʻlgan gul umriga murakkab va oʻzgarayotgan davrning toʻlaqonli va zerikarsiz bir talay manzaralari koʻchganki, yillar oʻtgan sari ularning qadri oshadi. Uning shunday koʻlamdor va yorqin she’rlaridan biri «Yakshanba» rus shoiri Sergey Yeseninning 20-yillarda inqilob bois ona Vatani boshiga solingan kulfatlar — yangi davr iztiroblari haqidagi she’rlari, dostonlarini eslatadi. Ammo Yeseninda yangi fitna va yolgʻon zamoniga moslasha olmaslik qaygʻusi ustivorlik qilsa, A’zam Oʻktamning «Yakshanba»sida millatimiz boshiga solingan soʻnggi qatagʻon — oʻtgan asr saksoninchi yillari oʻrtasida «Oʻzbek ishi» deya jar solingan musibat, adolatsizlik va xoʻrlashlar, ozodlik ehtiyoji bor ovozda kuylanganki, men she’riyatimizda ushbu qatagʻon bir nafasda, dostonday qamrov bilan fosh etilgan boshqa she’rni bilmayman. Oʻzligini unutayozgan, ajnabiyparast boʻlib borayotgan ancha-muncha yoshlarimiz bu asar bilan tanishishsa koʻp foydali boʻladi. «Yakshanba» maktab darsligiga kiritishga arziydi.

Shoirni bir-birining uzviy va mantiqiy davomi boʻlgan «Bir kun» va «Bir tun» she’rlarida ham shaxs-shoir toʻlaqonli namoyon boʻladi. Qolaversa, u loyqalar tinib, qarashlar shakllangan zamonning shaxs-shoiri emas, ayni eski zamon bilan yangisi ayovsiz kurashga kirgan, kim haqu nima toʻgʻriligi borasida adoqsiz bahslar kechayotgan bir davrdagi shaxs-shoirning munojotidir. Hayratlanarlisi, u yangi bir davrga kirgan oʻzbek ziyolilarining ichki olami, javobgarligi-yu haqdorligini oʻz-oʻzini fosh etish bilan ayovsiz taftish etadiki, she’r chaqmogʻining yorugʻida dahriy bir tuzumdan chiqqan ezgʻin va umidvor, yoʻlsiz va hayron avlodning ruhiyati porlab jilolanadi. Uch yil oʻtib 1993 yili yozilgan «Bir tun»da nainki ijodkorning, oddiy insonning-da haqiqiy hayoti — iymonga kelish, hidoyatni topish saodati, oxir oqibat Yaratganga yuzlanish hodisasi borki, yetmish yil nari berisidagi shoirlarimiz soʻzida bu ma’rifat shu’lasi gʻo­yib boʻlgan edi...

Koʻp nodon ekanman: axir sen bor-ku,
Boʻlmasmi oʻzingga hasratim aytsam.
Gʻamxoʻrim bir oʻzing — Parvardigor-ku,
Har ne boʻlay emdi, Haq yoʻldan qaytsam.
«Bir tun» 1993
A’zam Oʻktam mardona, shiddat bilan yashayotganini bilardik, ammo shitob bilan oʻtib ketganini bilmay qolibmiz. 2002 yili fevrali boshida ertalab bekatda avtobus kutib tursam, joʻramiz Yusuf Abdulloh yetib kelib, musibatdan ezilib dediki... Mana toʻrt yarim yil oʻtibdi hamki, bu shum xabardan karaxtman. Nahotki «Qirqinchi bahor»ini kechagina taqdim etgan (kitobining nomi) A’zam shoir qirq ikkinchi bahorga yetolmagan boʻlsa? Nachora. Shukrki, men boshqa narsani aytmoqchiman. Bul tong A’zam Oʻtkam she’rlarini qoʻlimga olib, miriqib oʻqir ekanman, u bilan uchrashdim, suhbatlashdim. Shoirni shundan qoʻymasin!