OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifVafo al-Umayr
Asar nomiAyol qoʻshigʻi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Arab adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Vafo al-Umayr
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMurtazo Saydumarov (Arab tilidan)
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ayol qoʻshigʻi (hikoya)
Vafo al-Umayr

Gʻam-gʻussalarim sening oldingda tarqalib ketmaydi, balki meni unsiz oʻrab olib, malomatlaringni men sari undaydi. Alamlarni alangalatuvchi oʻsha soʻzlaringdan soʻng bosh koʻtarmadim. Har kuni yoʻl qoʻyadigan va qalbimga ochiq-oydin yozadigan xatolaringni yashiruvchi pardani koʻtarmadim.

Gʻam-gʻussalarim ogʻizlarga tushadi-yu, biz uchun tor boʻlgan devorlar orasidan tashqariga chiqmaydi. Men oʻzimning kichkina mamlakatim deb bilgan makondagi chaqqon harakatlarimda qoqilib tushaman.

Televizor ekrani ortida chaqaloqning ovozi eshitilgan joyda barcha nigohlar men tomon qaratilardi. Har safar onang tomoniga yoshini yashagan bolaligining quruq choʻplari qolgan kimsa kabi turib olganingda, unsiz yigʻi ich-ichimda qolib ketadi.

Sen uzoqda boʻlsang ham, hatto onang bagʻrida oʻyinchoq-laringni sindirayotgan boʻlsang ham yoki koʻchadan yolgʻiz oʻtishga qoʻrqqan yosh boladek akangning qoʻlidan ushlab olgan boʻlsang ham gapirmadim.

Mening orzularim bitganicha yoʻq. Ayol hali ham kuylashda davom etdi. Sen uning ovozini eshityapsanmi, ey mening yosh erim?

Sen mening oldimga kelib, birovlarning soʻzlarini aytding: «Bunday ahvolga ortiq chidab boʻlmaydi!»

Hayratimdan seni uzoqlarda tasavvur qilaman, ovozing past eshitiladi, avval koʻzlaring, soʻng esa jisming gʻoyib boʻladi...

Singling boshimga kelib, nafratlanganday:
– Sendan hech qanday foyda yoʻq. Biz bilan turishing ortiqcha yuk, sen bu yerdan ketishni jiddiyroq oʻylab koʻrishing kerak, – dedi.

Mening qoʻlimdan qahva piyolasini olib, ishxonangdagi gʻam-tashvishlaring haqida noliysan.

Mening ovozim horgʻin edi. Qushlar toʻrvalarini yigʻishtirib uchib ketadilar.

Men senga «Orzularimni parcha-parcha qilayotgan achchiq hayot-la yashayapman, shunga koʻnikayapman» der edim. Yana senga «Sen oʻzing haqingda oilang oldida ochiq-oydin gapirib, bor gapni tan olishing kerak. Ular mening qalbimga ogʻir malomat toshlarini otishni bas qilsinlar» der edim.

Biroq sen xijolatda qolishdan qoʻrqar eding.

Oʻsha oqshom men senga:
– Ularga men oʻzim aytaman, – dedim.

Sen esa ovozing titrab, sarosimaga tushib:
– Jinni boʻlganmisan? – deding.

Horgʻin qarashlarim senga tikildi: «Bunday davom etishga chiday olmaman. Sening takror va takror haqoratlaringni koʻtara olmayman. Men bu uyda hech qanday qadri yoʻq narsa emasman. Sening oilang buni tushunishi kerak!» Mening soʻzlarim devorga borib urilar, soʻng yana oʻzimga umidsiz qaytar edi.

«Sabr qil!» – deding. Bu soʻz sening tilingdan osonlikcha chiqar, qalbimga alam yetkazishida qoqilmas edi. Sen mening nobud boʻlib, yigʻlayozganimni koʻrsang-da, naqadar shafqatsiz eding. Sening gʻaming meni qoʻlimdan ushlab, alam jarining tubigacha olib tushib, u yerda meni yolgʻiz tashlab ketish darajasida edimi?

Sen mendan koʻra onangga yaqinroq boʻlganingda, men bir kuni ovqat tayyorlayotgan edim. Onang menga sovuqqina qilib, «Bu oqshom eringni unashgani boramiz», – dedi.

Men unga oʻgirilib boqdim. Uning koʻzlari chaqnab, mening kiyimim ustidan tanamni yondirib yuborayotganday edi. Men sukut saqlab ishimni davom ettirdim.

Sen yangi koʻylagingni kiyib, oyna oldida oʻzingga oro berayotganingni koʻrib: «Sen haqiqatan ham shunday qilmoqchimisan?» – deb soʻradim.

Sen esa jilmayib: «Nega bunday qilmay?» – deding.
– Bilasan-ku, axir sen...
– Lekin ular bilmaydilar.
– Yana bittasini aldaysanmi?

Sen eshikni ochib, chiqishga otlanding-da: «Men hech kimni aldamayman. Bu – uylanish, Olloh va uning paygʻambari tomonidan belgilangan sunnat» – deding.

Oʻsha oqshom ular sovchilikdan qaytganlarida, ulardan oʻzlaridan oldin menga xushboʻy hid yetib kelar edi. Ularning yuzlaridagi jilmayishlar goʻyo bir shoxdan ikkinchi shoxga sakrayotgan qush kabi edi. Ular xuddi birinchi marta kulishni oʻrganayotgandek kulardilar, menga oʻgʻrincha qarardilar. Tik boqishga esa hech kim jur’at qila olmas edi. Sen tikanli daraxtlar changalzordek oʻsadigan bu uyda yaqin orada xuddi yangi bir kaktus ekmagandek hayron qolarli darajada baxtiyor eding.

Men orqamga yashirib turgan qogʻozning bir uchini chiqardim-da, senga ishora qilib qoʻydim.

Sening koʻzlaring chaqnab ketdi, nafasing koʻkrak qafasingga siqilib, goʻyo tashqariga yoʻl topa olmayotgandek edi.

Hamma mehmonxonaga toʻplanib suhbatlashar, bu ajoyib oqshomning ta’rifini qilishar edi.

Ular anchadan buyon bunday rohat qilmaganlarini gapirishardi. Ularning soʻzlari mening ichimdagi shafqatsizlikda oʻzlarining tengi boʻlgan sheriklari yoniga yoʻl topishni juda yaxshi bilar edi. Men bunga, ya’ni ogʻriq sezmay alam tortishga koʻnikib qolganman, mening hissiyotim siqilib oʻlgan.

Sen onang va akangning yonida oʻtirarding. Koʻzlarim koʻzlaring bilan toʻqnashdi. Men hammaning oldida qogʻozni koʻz-koʻz qildim-u, onangga yaqin keldim. Uning yuzi boʻyoq choʻtkasini ushlashni endi oʻrganayotgan rassom urinishidek qizarib ketgan edi. Men qogʻozni akangning oldiga tashladim va xuddi bir albah ustidan gʻalaba qilgandek jilmaydim.

U qogʻozni oʻqir ekan, jim boʻlib qoldi. Uning nigohlari xuddi nafas olmayotgan tanadek yerga qadaldi. Hamma hayron boʻlib unga tikildi.

Sen esa, kuyov boʻlayotgan erim, kattagina ogʻzingdan qahqahalar yoʻqolib, jimgina juftakni ura boshlading. Xonangga kirib, eshikni ichkaridan berkitib olding. Qogʻoz qoʻldan qoʻlga oʻtib, nigohlar jussadek yerga qadala boshladi.

Meni bu uyda sizlarga ortiqcha yuk deb bilgan singlingga boqdim. U boshini ikki qoʻli bilan berkitib, toʻsatdan kirgan qattiq ogʻriqdan xalos boʻlish uchun mahkam siqar edi.

Men ularni oʻz hollariga qoldirib sening orqangdan xonaga kirdim-u, eshikni yopdim...