OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifVasiliy Shukshin
Asar nomiQuyosh, chol va qiz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Vasiliy Shukshin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Ma’rifat gulshani»; gazetasidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Quyosh, chol va qiz (hikoya)
Vasiliy Shukshin

Chol qimirlamaydi. Oftobdan qorayib, etlari tirishgan qoʻllar tizza ustida bemajol. Yuzi ham bujmaygan, namlangan koʻzlari nursiz. Ingichka boʻyni ustidagi kichkina oppoq kalla qimirlamaydi. Koʻk chit koʻylak ostidan yelka suyaklari boʻrtib turibdi.

Bu hol har kuni takrorlanadi.

Shunday kunlardan birida chol orqa tomondan ovoz eshitib qoldi:
— Salom, buvajon!

Chol bosh irgʻadi.

Uning yoniga yassi chamadoncha koʻtargan qiz oʻtirdi.
— Dam olyapsizmi?
— Dam olyapman, - bosh irgʻadi chol, qiz tomonga qayrilib ham qoʻymay.
— Men sizni chizsam maylimi? - soʻradi qiz.
— Qanaqasiga?
— Rasmingizni chizsam?

Chol quyoshga termulganicha bir muncha muddat jim qoldi, kipriksiz qizgʻish qovoqlari uchib qoʻyardi. Soʻng:
— Chizadigan joyim qolibdimi mening? - dedi.
— Nega endi? - Qiz biroz oʻngʻaysizlandi. - Koʻrinishingiz bir chiroyli, buvajon.
— Oʻlay deb turgan boʻlsam...

Qiz cholga ancha tikilib turdi. Keyin yumshoq barmoqlari bilan cholning quruqshagan jigarrang qoʻlini asta silab dedi:
— Yoʻq, siz juda ham chiroylisiz, buvajon. Rost!

Chol bemajol jilmaydi.
— Unaqa boʻlsa, chizsang chizaver.

Qiz chamadonini ochdi.

Chol kaftini ogʻziga qilib yoʻtalib oldi.
— Shaharlik boʻlsang kerak-a?
— Ha, shaharlikman.
— Bu ishingga haq toʻlashsa kerak?
— Yaxshi chiqsa, toʻlashadi.
— Harakat qilish kerak.
— Harakat qilyapman.

Jim qolishdi.

Qiz cholning yuziga tikila-tikila chizyapti.
— Buvajon, siz shu yerlikmisiz?
— Shu yerlik.
— Shu yerda tugʻilgansizmi?
— Shu yerda, shu yerda.
— Necha yoshga bordingiz?
— Saksonga.
— Oh-ho!
— Ha, yetishib qoldim, - yana behol iljaydi chol. - Sen nechaga kirding?
— Yigirma beshga.

Yana jim qolishdi.
— Quyosh qanday-a?! - sekin xitob qildi chol.
— Qanday? - tushunmadi qiz.
— Kattako-on.
— Ha-a, bu yerda manzara juda chiroyli ekan.
— Suvga qara, qaragin... Narigi qirgʻoqqa qara...
— Ha, ha.
— Xuddi qon qoʻshilganday.

Darhaqiqat, shunday. Qiz narigi qirgʻoqqa nazar tashladi.
— Ajoyib!

Quyosh Oltoy choʻqqilarini yoritib, asta-sekin uzoq koʻkimtir olamga botib borardi. U choʻkkan sari, togʻ qoyalari yaqqolroq koʻrinadi. Ular goʻyoki oldinga surilib kelayotgandek edi. Daryo bilan togʻ oraligʻidagi vodiyning qora-qizgʻish tusi soʻnib bormoqda. Togʻ tomondan yumshoq soya tushib kelmoqda. Quyosh Boburxon tizmasining ortiga yashiringan zahotiyoq, oʻsha tomondan koʻkimtir osmonga yorqin alanga nurlari taraldi. Koʻp davom etmadi - alanga ham soʻndi. Xuddi shu onda oʻsha tomonlarda tong nurlari charaqlagan.
— Ketdi quyosh, - xoʻrsindi chol.

Qiz qogʻozlarini chamadonchasiga joyladi.

Bir muncha vaqt jim oʻtirishdi - mayda toʻlqinlarning qirgʻoq boʻylab taralayotgan shildirashini tinglab.

Vodiy uzra parcha-parcha tuman suza boshladi.

Yaqindagi oʻrmon tomonda qandaydir tungi qush asta qiyqirdi. Unga javoban daryo¬ning narigi tomonidan ham qushlar ovozi eshitildi.
— Yaxshi, - deb qoʻydi chol bosiq ovoz bilan.

Shu damda qiz tez kunlarda qadrdon shahriga qaytib ketishini va oʻzi bilan bir talay rasmlarni olib borishini oʻylab ketdi. Shu jumladan, mana shu buvaning rasmi ham boʻladi. Uni kutib olajak doʻsti, iqtidorli, haqiqiy rassom yana koyiydi: «Yana shu bujmaygan basharalar. Kimga kerak? Sibirliklar... Sovuq iqlim va ogʻir mehnatdan hammasi shunaqaligini barcha biladi-ku!»

Qiz oʻzining iqtidor bobida maqtanadigan joyi yoʻqligini yaxshi biladi. Lekin u roʻparasida munkayib oʻtirgan cholning mashaqqatli oʻtmishini koʻz oldiga keltira oladi. Uning qoʻllari shunday darak emasmi?.. Ajinlar ham!

«Ishlash kerak! Ishlash, ishlash...»
— Bu yerga ertaga ham kelasizmi, buva? - soʻradi qiz.
— Kelaman.

Qiz oʻrnidan qoʻzgʻalib, qishloq tomon yoʻl oldi.

Chol esa yana biroz sohilda oʻtirdi. Soʻng u ham ketdi.

Uyga kelib, odatdagidek oʻzi oʻrganib qolgan burchakka, pech yoniga oʻtirdi va jimgina kuta boshladi - qachon oʻgʻli ishdan qaytib kelishini va kechki ovqatga oʻtirishlarini.

Oʻgʻil doimo charchab kelar va gʻam-shikoyatdan boshqa gapi yoʻq edi. Kelin ham oʻshqirib, taqir-tuqir qilgani qilgan. Nabiralar voyaga yetib, shaharga ketib qolishgan. Ularsiz uy gʻurbatxona.

Kechki ovqat. Sutga boʻlka toʻgʻrab, cholning oldiga qoʻyishadi. Stol chetida oʻtirgancha, qoshiqni taraqlatmaslik uchun ehtiyotlik bilan ovqat icha boshlaydi chol. Hamma jim. Soʻng uyquga yotishadi. Gaplashgani gap yoʻq. Hamma gap allaqachon gapirib boʻlingan.

Chol pech ustiga chiqadi. Oʻgʻil bilan kelin esa ichkari xonaga kirib ketishadi.

* * *

Ertasi kuni kechda chol bilan qiz yana toʻnka yonida oʻtirishardi. Qiz oshiqish bilan chizar, chol esa quyoshga tikilganicha, hikoya qilardi.
— Yaxshi yashardik, noshukrlik qilmayman. Men duradgorlik qilardim, ish doimo yetarli. Oʻgʻillarim ham duradgorlik qilishardi. Toʻrttasini urush yedi. Ikkitasi qoldi. Hozir bittasi bilan turaman. Stepan bilan. Vanya esa shaharda, Biyskda yashaydi, yangi qurilishda prorab. Yozishicha, tuzuk yashayotgan emish. Mehmonga kelib ketishdi. Nabiralar bir talay. Hammasi meni yaxshi koʻrishadi. Lekin, barchasi u shahar, bu shaharda...

Qiz cholning qoʻllarini chizmoqda, shoshilib-shoshilib. Asabiylishadi, oʻchirib, qayta-qayta chizadi.
— Qiyinchilikda yashagan boʻlsanglar kerak? - oʻylanib soʻradi u.
— Nima? Qiyinchilik? - chol hayron boʻladi. - Aytdimku senga, yaxshi yashaganmiz, deb.
— Oʻgʻillaringizni yoʻqotganingizga achinasizmi?
— Achinish - gap ekanmi?! - yana hayron boʻladi chol. - Toʻrtta azamatni berib qoʻyish - hazilmas-ku!

Qiz ham hayron - shuncha yoʻqotishga qaramay, chol oʻzini xotirjam tutishiga.

Quyosh yana togʻlar ortiga choʻkmoqda. Yana jimgina alanga taralmoqda ufqda.
— Yomgʻir yogʻadi ertaga, - deb qoʻydi chol.

Qiz yorugʻ osmonga boqib:
— Qaerdan bildingiz?
— Hamma a’zolarim zirqirab ogʻriyapti.
— Koʻkda bulut yoʻq-ku?

Chol indamadi.
— Ertaga ham kelasizmi, buva?
— Bilmadim, - oʻylanibroq javob qildi chol. - Hamma yerim ogʻriq.
— Buva, mana bu toshni sizlarda nomi nima? - Qiz kamzulining choʻntagidan tillasimon yaraqlab turgan oq tosh chiqardi.
— Qanaqa tosh? - soʻradi chol, hamon togʻ tomon tikilganicha.

Qiz unga toshni uzatdi. Chol qayrilib ham qaramay qoʻl choʻzdi.
— Bumi? - chol qarab-qaramasdanoq koʻrib, qaqshagan barmoqlarida toshni aylantirarkan. - Chaqmoq tosh. Urush yillari gugurt yoʻq, nuqul shunda olov chiqarardik.

Qizning miyasiga yalt etib: «Koʻrmaydi shekilli?» degan gumon keldi. U nima deyishini bilmay cholga yon tomondan boqib turib qoldi. Chol esa hamon quyosh botgan tomon termulardi. Oʻychanlik bilan tikilardi...
— Ma, toshingni olib qoʻy, - qizga qaytardi chol. - Bundan ham chiroylilari uchraydi. Ba’zan oppoqlari, tiniqranglari uchraydi, shunday tiniqki, ichidagi dogʻlari ham koʻrinib turadi. Yana, tuxumsimonlari ham boʻladi, hakkaning tuxumiga oʻxshash, yonlari xol-xol. Maynanikiga oʻxshaganlari ham uchrab qoladi, koʻm-koʻk, ular ham sepkillik.

Qiz hamon cholga tikilgancha turardi. Soʻragani jur'at qilmadi: ojizmi yo yoʻq?
— Buvajon, qaerda yashaysiz?
— Uncha uzoqmas. Manavi Ivan Kolokolnikovniki, - daryo qirgʻogʻidagi uyni koʻrsatdi chol. - Orqasida Volokitinlarniki, keyin Zinovbevlarniki, ana undan ke¬yin, muyulishdan keyin bizniki. Biror zarurat boʻlsa - kiraver, bemalol... Nabiralar oldimizdaligida qanday gavjum edi-ya...
— Rahmat.
— Men ketdim endi, hamma yogʻim zirqirab ketyapti.

Chol oʻrnidan turib, soʻqmoq boʻylab ketdi.

Qiz uning ortidan, tor koʻchaga burilib ketmaguncha qarab turdi. Chol biror marta ham qoqilmay, bir tekis borardi. U shoshilmay, oyoq ostiga qarab bosardi.

«Yoʻq, ojiz emas, - tushundi qiz. - Sal-pal xiralashgan boʻlsa kerak koʻzi».

Ertasi kuni chol sohilda koʻrinmadi. Qiz yolgʻiz holda, chol haqida oʻylardi: «Uning hayoti oddiy, ayni paytda sodda kechmagan. Bir ajib narsa boʻlsa kerak, qandaydir idrok etib boʻlmaydigan. Quyosh ham oddiy koʻrinadi, ertalab chiqadi, oqshom botadi. Ammo bu oddiylik ortida...» U chizmalarini koʻzdan kechira boshladi. Yuragida gʻashlik sezdi.

Chol keyingi, ikkinchi, uchinchi kunlar ham koʻrinmadi.

Qiz uning uyini qidirib ketdi.

Topdi. Kattagina uyning hovlisida, bostirma salqinida ellik yoshlar chamasidagi bir erkak taxta randalardi.
— Salom, - soʻrashdi qiz.

Odam belini tiklab, qizga tikilib, boshmaldogʻi bilan peshona terini artarkan, bosh irgʻadi:
— Salomat boʻl.
— Haligi... Bir buva bor edi, shu yerda turadi shekilli...

Erkak qizga gʻalati-i qilib razm solgach:
— Ha, shu yerda yashardi, - deb ishini davom ettirdi. Birozdan soʻng qoʻshimcha qildi: - Mana, unga uy yasayapman.
— Nima, vafot qildimi?
— Oʻldi. - Odam randasini bir-ikki yurgizib, yana tiklandi. - Biror ishing bormidi?
— Men... Men uning rasmini chizgandim.
— Ha-a, shunaqami, - ishini davom ettirdi erkak.

Ancha sukutdan soʻng qiz soʻradi.
— U koʻrmidi?
— Koʻr edi.
— Ancha boʻlganmidi?
— Oʻn yilcha. Nimaydi?
— Shunday... oʻzim.

Qiz tashqariga yurdi. Koʻchaga chiqib, beixtiyor chetan devorga suyanib yigʻlab yubordi...