OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifVasiliy Suxarevich
Asar nomiMenga nima mumkin? (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Vasiliy Suxarevich
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAdham Daminov
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Menga nima mumkin? (hajviya)
Vasiliy Suxarevich

Ba’zi ayollarga oʻxshab valaqlashni jinim suymaydi-yu, ammo tajriba almashish uchun boʻlsa, marhamat! Xullas, men erimning salbiy odatlarini qanday tuzataman? Masalan, muhim muammo — aroq-xoʻrlikni olaylik. Lekin oʻylamang tagʻin, eri alkash ekan deb. Ammo ichishni yoqtiradi. Gohida ishdan qoʻngʻiroq qiladi: majlisda ushlanib qolaman, deb. Marhamat! Qaytadi-ku! «Ufla-chi. Hammasi ravshan! Qayerda majlis qilding? — U inday olmaydi — Ana, holing shu-da. Bor, hovliga chiq, kayfing tarqamaguncha uyga kirma!» Tushunyapsizmi? Mabodo men uni shundoq haydab yuborsam, u ulfatlarining oldiga joʻnab qoladi.

Kashandaligi-chi, asti soʻramang. Marhamat, zinapoyaga chiqib cheksin. Ishida, doʻstlari davrasida burqsitsin. Men tirik ekanman uyda chekib boʻpti! Biroq, zinapoyada ba’zan u bilan qoʻshni ayol ham birgalashib tutatib turganini koʻrib darhol bu chorani toʻxtatdim. Axir qoʻshni ayolning eri chekmaydi, bu holat ularni yaqinlashtirib qoʻyishi mumkin. Endi u oshxonada shiftga oʻrnatilgan havo soʻrgʻichning toʻgʻrisiga stul qoʻyib, uning ostida chekadi. Sezayapman, tobora kam-kam chekyapti.

Koʻpchilikka tegishli boʻlgan eng katta baxtsizliklardan yana biri — erimning oʻrtoqlari. Ulardan qanday qilib qutulish mumkin? Buning yoʻli oson. Siz eringizga ayting: «Voy, Xudoyim-ey, bu Fedya qanday ajoyib erkak-a, qanday ajoyib!» Shundan keyin eringiz Fedyani hech qachon chaqirmaydi. Petya haqida esa butunlay boshqacha ohangda gapiring: «Uni men kechiraman, mast-alast tentak-da, qurmagʻur, sen salgina chetga qarading deguncha, menga shilqimlik qiladi-ya...» Tamom, Fedya ketidan Petya yoʻqoladi. Keyin yana bir ishonchli yoʻli bor — ozroq moddiy zarar koʻrilsa-da, erim mening ruxsatim bilan doʻstiga qarz beradi, shu bilan oʻsha doʻsti uzoq vaqt, gohida bir umrga qorasini koʻrsatmaydi. Sizni ishontirib aytamanki, bu yoʻl bitta-yarimta surbetni uzoq yillar yedirib-ichirgandan afzal.

Erni qanday qilib tejamkorlikka oʻrgatish mumkin? Bu — eng qiyini. Ular koʻp narsani pinhon saqlashga harakat qilishadi: mukofot pulini, maoshga qoʻshimchani, qalam haqini. Bunday paytda uni tintuv qilish zarur, deb oʻylaysizmi? Aslo unday qilmang. Bu — beadablik. Shunday holda ayting: «Quyoshim, men seni ishga kostyumingning shu ahvoli bilan qoʻyib yuborolmayman. Yechgin, dazmollayman!» Qarshilik qiladi. «Yech!» deng qat’iy, axir bu — zoʻrlik emas, gʻamxoʻrlik-ku! Kostyum yechilgach, uni dazmollashdan oldin, albatta, choʻntakdagilar olib qoʻyiladi. Tushunarlimi? Gohida topilmalar yon daftarchada, eski-tuskilar orasida, koʻrpachalar ostida yoki suratlar orqasida panoh topadi. Bunda faqat sezgi, sezgi va yana sezgi ish beradi. Bunday paytda sizni yengil yumor qutqaradi. Misol uchun siz Pushkin yoki Balzakning qaysidir saylanmasi orasidan yirik pul topib olsangiz, uning oʻrniga «Sizdan minnatdorman, Fantomas» deya dastxat qoldiring.

Davom etsak. Hurmatli dugonalar, sizlarga hech qachon rashkchi ayol boʻlishni tavsiya etmayman. Rashk — raqibingizga qoʻl keladi. Rashk eringiz uchun yaxshi, uy esa doʻzaxga aylanadi. Bunday hollarda men gʻamxoʻrligimni oshiraman. «Azizim, charchamadingmi? Men senga yangi koʻylak sotib oldim. Sen uchun ertaga qanday yoqimli ovqat tayyorlasam ekan-a?» Bu gʻamxoʻrligingiz bilan siz uni oʻrab-chirmab olasiz, u esa qiynaladi. Bunday hollarda ichishga ham ruxsat bering. Uyda chekishga ham. Hatto ulfatlarni yetaklab kelishga ham. Shunda albatta ulfati «Ey, bu sening xotining tillo-ku», deydi. Shu bittagina gapi bilan eringizni tuppa-tuzuk rashkchiga aylantiradi-qoʻyadi.

Dadil buyruq beravering: «Kech qolma! Yurma! Qarama! Ichish-chekishni oʻylama...» Albatta, u bu gaplarga gʻalayon qiladi. Meniki bir gal birdan qichqirib qolgan: «Xudo haqi, ayt axir, menga oʻzi nima mumkin?»

Shunda men javob qilganman: «Meni sevish mumkin. Sevish! Mana shuning oʻzi yetarli!»