OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Viktor Alimasov. Yashash hikmati
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifViktor Alimasov
Asar nomiYashash hikmati
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Viktor Alimasov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yashash hikmati
Viktor Alimasov

Ijodda sir koʻp, hikmat koʻp. Sersirligi, serhikmatligi bois ijod mudom jozibalidir. Ammo ijoddagi sirni ilgʻash, hikmatni topish har kimga ham nasib etavermagan. Shunday aqllar borki, umrini, vujudini ijodga baxsh etadi, ming vahki, ijoddagi sir ham, hikmat ham unga tutqich bermaydi. Chunki jozibali ijod, undagi sir, hikmat aqlga emas, ijoddagi eng hayratli tomon bu, koʻpincha ruhga, qalbga yuz ochadi. Faylasuf, nafosatshunos olim, yozuvchi, dramaturg Tilab Mahmudov ijod sirlariga ruhi, qalbi orqali oshno boʻlgan, ijoddan joziba, komillik izlab oʻz umrini ham jozibaga, ibratga, namunaga aylantirgan zamondoshimizdir.

Tilab Mahmudov hayotni, tiriklikni sevuvchi, ulugʻlovchi, muabbadni yaratuvchi inson shaydosidir. Ushbu inson qalbida «Goʻsht yemagan bola» hikoyasining qahramoni Saidvali aytganidek, «Men – insonman. Insonday yashashim kerak. Choʻpon tayogʻidan titraydigan qoʻrqoq molga oʻxshab emas» degan nido yashaydi. U sevishni va sevilishni istaydi; u zavqlanishdan va nafratlanishdan qoʻrqmaydi; u komillik dargumonligini biladi, lekin uni izlab adashishdan hayiqmaydi; u eng beozor jonzotga choʻqinishga shay, buning uchun e’tiqodsizlikda ayblashlariga ham rozi. U, bu eng ibratlisi, yer farzandi, u oʻzi tugʻilib oʻsgan zaminni sevadi, ushbu zamin farzandlarining quvonchi va alami, toʻyi va azasi, fazilati va illati unga ham taalluqlidir. Ustoz insonni yangidan kashf etganday yozadi: «Inson dunyo va oxirat oʻrtasidagi bepoyon manzilda yurguvchi karvonga oʻxshaydi. Manzil abadiy, karvon oʻtkinchi boʻlganidek, insonning tani foniy, ruhi boqiydir. Ruhning boqiyligi insonning dunyo bilan oxirat oʻrtasidagi yoʻlda topgan ma’naviy mulkiga bogʻliq» («Komillik asrorlari». – «Adolat» nashriyoti, 2006. – 19 b.). Ushbu ma’naviy mulk jamiyatning ham mulkidir. Demak, insonning inson sifatida shakllanishi mutlaq uning ixtiyorida emas; undagi fazilatu illatlarga oʻzi qanday mas’ul boʻlsa, ushbu fazilatu illatlarning ildiz otishiga jamiyat ham shunday mas’uldir. Shunday dialektik bogʻliq mas’ulliklar boʻlmasa, tiriklik va hayotning muabbadga daxldorligi haqida soʻz yuritishga hojat qolmaydi.

Tilab Mahmudov ijodini tahlil qilish, ob’ektiv baholash oson emas. Birinchidan, u – olim. Olim qurumsoq tadqiqot qonunlariga, aqlu idrokning hissiyotni rad etuvchi talablariga boʻysunishi darkor. Olimlik ilmning quruq, behis mantiqiy fikrlashiga itoat etishdir. Ilm ushbu talabining buzilishiga toqat qilolmaydi. Hissiyotga berilish, sentimentalizm, tavtologiya ilmning dushmanlaridir. Ikkinchidan, Tilab Mahmudov – nafosatshunos, yozuvchi, dramaturg, ya’ni badiiy-estetik olam vakilidir. Ma’lumki, badiiy ijod xayolotni, fantaziyani, hatto gʻayriilmiylikni sevadi. Ilm bilan badiyat ochiqdan ochiq bir-birini rad etmasa-da, har qaysi oʻzining ichki talablariga muvofiq yashaydi. Xuddi shu bois Tilab Mahmudov ijodini baholash, barcha qirralarini yoritish mushkul. Ba’zan, domla, qanday qilib ushbu ikki munofiy sohalarni ijodiga jo etdi ekan, degan savolga boraman. Javobni esa u yaratgan badiiy obrazlardan olaman.

Tilab Mahmudov oʻzbek nafosatshunosligini ilm darajasiga koʻtargan, bu borada ilk tadqiqotlar oʻtkazgan, ilk monografik asarlar, qoʻllanmalar yozgan olimdir. Yigirmadan ortiq taniqli musavvirlarning ijodi va asarlarini sinchiklab oʻrgangan, ularni keng oʻquvchilarga yetkazgan ham Tilab Mahmudovdir. Domla musavvirlar ijodini va asarlarini faqat olim, tadqiqotchi emas, shu bilan birga qalbi, ruhi nafosatga mushtoq, didi, zehni nafis, oʻy-xayoli betakrorlikka, ilohiy komillikka yoʻnalgan yozuvchi-mutafakkir sifatida tahlil etadi. U betakror jozibaga, ilohiy komillikka talpingan qalbini, ruhini duch kelgan musavvir ijodini va asarini oʻrganishga bagʻishlayvermaydi, donishvor mahdudotdan ma’naviy komillik, yetuklik izlaydi. Aslida ijod ma’naviy komillikka, ilohiyga yetish yoʻlidir. Ilohiy mavzulardagi rangtasvirlar, chizmalar ruhni junbushga soladi, ulardagi gʻayrihayotiylik reallik sifatida qabul qilinadi. Goho oldimizda shunchaki surat, turfa rang­lardagi simvollar turganini ham unutamiz, chunki ular bizni ilohiyga yaqinlashtiradi. Ilohiyni bilish, ilgʻash esa serqusur, serillat foniy dunyoni unutish demakdir.

Ha, ijodkor ilohiy manzilga yaqinlashgan sayin nafaqat yon-atrofdagilarni, hatto oʻzini ham unutadi. Uni ilohiylikning jozibasi chulgʻab oladi. Bu mening fikrim. Biroq domla boshqacharoq talqinga moyildir. «Inson oʻz ongi va tasavvurini poklagan sari, tabiat va jamiyat sir-asrorlarini tobora koʻproq anglab yetgani sari qalbini, vujudini, ruhini va ongini takomil ettirib boradi. Ana shu tariqa olami jismoniy bilan olami ruhoniy oʻrtasidagi mushtaraklik, uygʻunlik yuzaga keladi» («Komillik asrorlari». –19 b.). Mening ishonchim komil Tilab Mahmudov ilhom chulgʻab olganida ijodkorning mahdudotni unutishini inkor etmaydi. Buyuk asarlar, durdonalar ana shunday telbanamo izlanishlar mahsuli ekanini domla yaxshi biladi. U ratsional, ya’ni «olami jismoniy bilan olami ruhoniy»ning uygʻunlashishi tarafdori, men esa ijodkor ratsionaldan oʻzishi (inkor etishi emas), hatto irratsonalga berilishi ham mumkin deb bilaman. Lekin ijodkorning ratsionaldan oʻzishi umr boʻyi davom etmaydi. Tilab Mahmudovning badiiy asarlari («Oqar daryo oqmasmidi jimgina», «Omonat dunyo» va «Umr shomidagi baxt») uning falsafa, nafosatshunoslik borasida izlanishlari bilan uygʻundir. «Badiiy janrda, — deydi domla, — fikrlarni ifodalash usullari keng. Keyingi yillarda badiyatga ishqim tushib qoldi». Aslida, donishvar badiyat jozibasiga yoshligidan oshno, aks holda u nafosatshunoslikka mehr qoʻymagan boʻlardi. Nafosatshunoslik ilm sohasi hisoblansa-da, unda ilmiy idrok badiiy tasvirlarni ruhan anglashga ergashib keladi; hatto xayolot, toʻqimalar, fantaziya ilmiy idrokni shakllantiradi. Ekzistentsial borliqdan uzilmagan jozibalar olamini yaratish imkoni Tilab Mahmudovni nafosatshunoslikka, badiyatga yetaklagan. Lekin domla ilm ahli vakili ekanini unutmaydi. Shuning uchun uning ba’zi qahramonlari aspirant, ilmiy xodim, ilmga mehr qoʻygan kishilardir. «Papasha»sining qaerda ishlashiga qarab muomala qiladigan Qudratov («Papasha qaerda ishlaydilar?»), kaltabin va takabbur Abdunazar («Aspirant»), badaxloq, shumniyat Temur Turgʻunovich («Avtoreferat»), mansabparast Zohid Poʻlatov («Muhokama») kabi kimsalar esa ularning antipodlaridir. Ular oʻrtasida kurash, toʻqnashuvlar dramatik voqealarni keltirib chiqaravermasa-da, antipodlarning maddohlik, munofiqligi va mansabga erishish yoki erishgan lavozimini saqlab qolish uchun har qanday jirkanch ishlarga shay badkorligi nafrat uygʻotadi. Ular shunchalar tanish, shunchalar yaqinki, goʻyo muallif sizni koʻzingiz bilan yon-atrofga tikilgandek va sizni dilingizdagini gapirayotgandek. Chalasavod, nokor, lobagar «olim»larning jindek mansab uchun iymonini ham, insoniyligini ham sotishga tayyorligini koʻrib beixtiyor «Ie, bu anavu falonkasov-ku!» deb yuborasiz...

Ijoddagi sir, hikmat va joziba yana shundaki, ijodkor bir daqiqa yoki bir kundan keyin qanday mavzu, qanday oʻy-xayol uni chul­gʻab olishini bilmaydi. U hatto yaratajak yoki yaratilgan asarining taqdiri nima boʻladi, sevib oʻqiladimi yoki bir kitobxon ham topolmay maklaturaga tashlanadimi, buni ham bilmaydi. Mav­humlik ijodning hamsoyasidir. Lekin ijodkor qalbida bir iqd bor, u — yaratish, mukammallikka, ilohiylikka intilish dardidir. Aynan ushbu iqd, ushbu dard Tilab Mahmudovga ham orom bermaydi. «Dilga oʻlim, tanga tinim yoʻqdir, — deb yozadi u ilmu ma’rifat, ma’naviy barkamollik izlab. – Tanning tingani — oʻlgani, dilning tingani boqiylikning davomidir». Demak, inson tirik ekan komillik yoʻlida tinim bilmaydi, inson ruhiga oʻlim yoʻq, u — abadiy. Ruhning muabbadligi tufayli insoniyat – muabbad, hayot – muabbad. Ruh hech qachon yaratishdan, anglashdan, boqiyga talpinishdan toʻxtamaydi. Toʻgʻri, bu ruhni sub’ektivlashtirishdir, lekin unda ruh bilan inson oʻrtasidagi uygʻunlik, ilohiy yaxlitlik tarannum etilmoqda. Ruh orqali aslida inson ulugʻlanmoqda.

Ayrim hikoyalarini «oʻzi uchun» yozgani ham sezilib turadi. Ayrim asarlarida, ayniqsa, ilmiy xodimlarga bagʻishlangan hikoyalarda badiiy-psixologik tasvirlar yetishmasligi koʻzga tashlanadi, lekin ularda oʻquvchini oʻyga solishga va oʻz ketidan ergashtirishga shay komillik izlayotgan ijodkor ruh mavjud. Komillik izlayotgan ruh komillik izlayotganlarga madadga keladi, ular uygʻunlashganida toblanadi, ilhom keltiradi, insonning tilaklari va sa’y-harakatlariga mangulik baxsh etadi. «Inson ruhi (dili, qalbi) misoli temirdir. Uni toblash yoki zanglatib qoʻyish mumkin. Ruhning toblanishi ilhom keltiradi, zanglashi esa koʻngilni aynitadi. Dilini toblab, aqlini charxlagan odamlargagina ma’naviyat eshiklari ochiladi. Nainki inson xayollari, orzu umidlari ham avval dil bagʻrida tugʻilib, tasavvur belanchagida ulgʻayib, soʻngra aql panohida kuchga toʻladi» («Komillik asrorlari». – 19 b.). Ijodkorning ruh, aql, tafakkur, ma’naviyat haqida koʻp yozishi bejiz emas, aynan ushbu voqeliklarda u inson ziynatini, axloqiy barkamolligini, eru xotinning jufti halol boʻlib ilohiy yaxlitlik yaratganini koʻradi. «Oila sharafi boʻlinmaydi, — deb yozadi domla «Hayotiy hikmatlari»da. – Erkak gunohi ayolni qaritadi, ayol gunohi esa erkakning obroʻsini toʻkadi. Xotin-erkakning izzati boʻlsa, erkak xotinning qismatidir». Ba’zi hikmatlari esa maqol boʻlgudek: «Gavhar qadrin koʻr bilmas, Inson qadrin goʻr bilmas». Yoki: «Ilm­li – ildam, ilmsiz imillagandir», «Koʻlmak suvni toʻplab boʻlmas, toʻplab boʻlsa ham hoʻplab boʻlmas».

Shu kunlarda Tilab Mahmudov 70 yoshini nishonlayapti. Bu ozmi koʻpmi? Uni Yaratgan biladi. Ruhi, qalbi nafislik, joziba, komillik izlagan Inson uchun u oz, juda oz, albatta. Aslida yashash hikmati uzoq umr koʻrishda emas, balki umrni qanday kechirishdadir. Toʻgʻri, uzoq umr koʻrish ham baxt, saodat, ilohiy ne’mat, ammo yaratib, hayotni muabbadga aylantirib yashash esa qoʻsha baxt-saodat, qoʻsha ilohiy ne’matdir.