OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifViktoriya Tokareva
Asar nomiSigʻinmagil osmon deb (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Viktoriya Tokareva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonShohsanam tarjimasi
Hajm59KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Tafakkur»; jurnalidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sigʻinmagil osmon deb (hikoya)
Viktoriya Tokareva

Xotini battar semirib ketishdan qoʻrqardi – uyda hech vaqt kiroyi non boʻlmasdi. Trofimov ertalablari non saqlanadigan yogʻoch idishni ochganida chumoli talab yotgan qoq-quruq, mogʻor bosgan non boʻlaklariga koʻzi tushar va shunda u oʻz hayoti haqida oʻylab ketardi. Hayoti ham ana shunday totsiz, besamar, allaqanday tahqiromuz kechayotgandek tuyulardi unga.

Oshxonaga kirgan xotini oʻzini oqlagan boʻladi:
– Oʻzing olib kela qolmadingmi? Men non yemayman, bilasan.
– Sendan boshqa ham odam bor-ku bu uyda, – deydi Trofimov.
– Yoʻq desa ham boʻladi, – deydi xotini sekingina ayanch bilan. – Men bormanmi-yoʻqmanmi, senga baribir-ku.

Uning gapida jon bor edi. Trofimov boshqa ayolni sevardi. Silvana degan, Rimda yashaydi u. Aslini olganda, istiqbolsiz, behuda bir tuygʻu edi bu. Istiqbolsiz-u, lekin tarixi bor. Va bu ham, indallosiga koʻchilsa, Trofimovning yolgʻiz oʻziga daxldor bir kechmish edi.

Trofimov Silvanani ilk bor «Bir ayol qissasi» degan italyan filmida koʻrgan. Moskvaga bundan boshqa u qatnashgan birorta ham kino kelmagan. Balki Silvana allaqachon kino olamini tark etib ketgandir yoki hali ham rol-pol oʻynayotgandir-u, u filmlar bizda sotib olinmayotgandir. Trofimov oʻsha filmni atigi bir marta koʻrgan. Unda oʻn besh yoshlarda edi, sakkizinchi sinfdami oʻqirdi. Ekranda sohibjamol va zotdor otdek durkun Silvana paydo boʻlgan. Uning koʻzlari katta-katta, hayratomuz darajada chiroyli, tishlari ham durdek oppoq va ipga tizilgandek bir tekis ediki, bunaqasi hayotda kam uchraydi, negaki tabiat zargar emas, biron-bir nuqson bilan ham yaratishi mumkin-da. Silvana esa tabiatning bamisoli har jihatdan mukammal bir asari edi. U sovuqdan sovuq, koʻrimsiz bir nusxani oppoq, boʻliq qoʻllari bilan quchoqlab, qattiq bagʻriga bosadi. Keyin birdan umidsizlikka tushib yigʻlay boshlaydi, nuqradek yaltirab ohu koʻzlaridan yirik-yirik yosh tomchilari toʻkiladi.

Oʻn besh yosh – hayratu zavq-shavqlar pallasi. Silvana Trofimovni chin ma’noda ham, koʻchma ma’noda ham larzaga solgan edi. Uni oʻshanda ajib bir titroq tutib, joyidan qimirlayolmay qolgan.
– Ha, nima boʻldi, mazang qochdimi? – deb soʻragan sinfdosh oʻrtogʻi Kirka Dodolev.

Gʻippa boʻgʻilib, Trofimov gapirolmay qolgan. Keyin oʻz-oʻzidan tomogʻi ogʻrigan. Silvana uning jismiga bedavo dard, tabiblar ta’biri bilan aytganda – vujudda xira pashshadek kezib yuruvchi tillarang stafilokokk misol joylashib olgan edi. Ba’zan-ku bu dard uncha sezilmasdi. Ammo uning borligi aniq edi. Goho sira kutilmaganda bosh koʻtarib qolardi.

Maktabni tamomlagach, Trofimov universitetning jurnalistika fakultetiga hujjat topshirdi – bir kuni Italiyaga borarman, balki Silvanadan intervyu olarman degan xayolda. Ana shunda chinakam sevgi qissasi boshlanadi. Holbuki, bu qissaning ilk satrlari ancha oldin – Trofimov oʻn besh yoshdaligida bitilgan. Bevosita uchrashuvdan keyin esa Silvana uni astoydil sevib qoladi. Trofimov bir necha chet tilni oʻrgandi: italyancha, inglizcha, yaponcha – kim biladi deysiz, balki Silvana u bilan yaponcha soʻzlashmoqni ixtiyor etar.

Har bir millatning tili oʻziga oʻxshaydi, begona soʻzlar jarangiga quloq tutiboq Trofimov baayni oʻsha millatni his etardi, ba’zan sal-pal ingliz boʻlib qolsa, goh yaponga aylanardi.

U oddiy muxbir emas, chinakam zoʻr jurnalist boʻlib yetishsagina Italiyaga yuborishlari mumkin. Trofimov har jihatdan puxta bilim egalladi, ota-onasini hayratga qoʻyib, erinchoq-tanbal bir boladan tinib-tinchimas, sergʻayrat talabaga aylandi. Oxir-oqibat sergʻayratlilik unga xos boʻlib qoldi.

Uchinchi kursni tugatish arafasida yigirma yoshli Trofimov «Smena» jurnalining eng yaxshi ocherk tanlovida birinchi mukofotga sazovor boʻldi. Rasmi jurnalning oxirgi betdan bitta oldingi sahifasida chop etildi. Surat xira, sifatsiz edi. Ammo nima boʻlganda ham bu uning surati, mana, bir necha ming adadda chop etildi, shunisi muhim edi. Qiyofasi endi goʻyo Trofimovning oʻzidan ajralib chiqib, insoniyatga daxldor boʻlib qolgan edi. Bu hol esa uni Silvanaga yaqinlashtirardi. Demak, ular endi deyarli teng mavqeda. Trofimov mukofotini «yuvish» uchun guruhdoshlarini restoranga olib bordi. Rosa shovqin-suron bilan xursandchilik qilib xumordan chiqishdi. Hayot ularning har biriga boqiy umr, shon-shuhrat, muhabbat in’om etadigandek edi goʻyo. Ammo bayram naqd avjiga chiqqan damda Trofimov oʻzini nihoyatda ojiz his etdi. Ehtimol, jismining allaqaysi puchmogʻida mudrab yotgan anovi tillarang la’natilarga jon bitganu ular tomirlari boʻylab gʻalayon boshlagandir. Trofimov daf’atan bir narsani anglab yetdi: «Smena» jurnalining mukofoti ham, eski puldagi qirq rubl qalam haqi ham Silvanaga bir chaqa! Trofimovga hayot birdan rangsiz, ma’nisiz tuyulib ketdi. Lekin sezdirmaslikka harakat qildi – joʻralarining kayfiyatini buzgisi kelmadi. Arzi hol qilgan taqdirida ham birortasi unga hamdard boʻlmogʻi dargumon. Va hatto bitta-yarimtasi musht tushirib qolishi ham mumkin...

Trofimov keyin ikkinchi mukofot – Bolgariyaning «Oltin buqa» sovrinini qoʻlga kiritdi. Undan soʻng Birlashgan Millatlar Tashkiloti mukofotiga ega boʻldi. Bora-bora Trofimov olgan mukofotlarini sanamay qoʻydi. U zoʻr jurnalist boʻlib yetishdi – tamom-vassalom. Hamkasblari hazillashib uni «Oltin qalam» deb atardi. Ammo Silvana uchun bular arzimas mayda-chuydalar...

Trofimov talay yil birovga koʻngil qoʻyolmay, uylanolmay yurdi. Chunki uchragan nomzodlar ummon bilan qiyoslaganda – bir koʻlmak, ariqcha, juda boʻlmasa, irmoqdek gap edi. Silvanaga boʻlgan muhabbat Trofimovni boshqa ayollarning qoʻli yetmas bir yuksaklikka – osmoni falakka olib chiqib qoʻygan edi. Bunday «mavqe» ayol kishigagina emas, erkaklar uchun ham faxrlidir. Trofimov Lermontovga oʻxshagan koʻrkam, sirli, ammo hayotdan koʻngli qolgan odamdek taassurot qoldirardi. Ayollar tom ma’noda ham, koʻchma ma’noda ham uning oyoqlari ostiga oʻzini tappa tashlardi. Bittasi yaxmalak maydonida naqd poyiga kelib tushib, mayib boʻlishiga sal qolgan. Trofimov «Pobeda» mashinasiga oʻxshab 60 kilometr tezlikda kelayotgan edi-da. Hozir unaqa mashina chiqmayapti, bir vaqtlar esa eng zoʻr avtomobil hisoblanardi. Trofimov qizga urilib ketib, oʻzi ham yiqilib tushgan. Keyin uni uyiga kuzatib qoʻyishga majbur boʻlgan. Qizning ismi Galya ekan. Bugun qaysi qizni qaramang, ismi Natasha boʻlganidek, oʻsha kezlar ularning bari Galya boʻlardi. Qiz choy ichib keting deb, uyiga taklif qildi. Choy ustida esa hali tasodifan emas, atay uning oyogʻi ostiga yiqilganini aytsa deng! Qiz bu «javobsiz» muhabbatdan charchab boʻlgan, endi sevgan odamining qoʻlida, hatto oyoqlari tagida oʻlmoqqa ham rozi ekan. Ma’lum boʻlishicha, Galya Trofimovni maktab davridan, ya’ni sakkizinchi sinfdan to oʻninchi sinfgacha, keyin universitetda – birinchi kursdan to oxirgi kursgacha sevgan. Ular bir maktabda, lekin qoʻshni sinflarda, bitta oliy oʻquv yurtida, lekin boshqa-boshqa fakultetlarda oʻqigan ekan. Trofimov uni eslay olmadi, bunday qizni u hatto tush ham koʻrmagan ekan. Trofimov uchun ayol zoti ikki toifadan – Silvana va Silvana boʻlmaganlardan iborat edi. Birinchi toifaga faqat Silvana mansub boʻlib, qolgan hammasi ikkinchi toifaga kirardi. Modomiki, Silvanaga uylanish taqdiriga bitmagan ekan, ikkinchi toifaga mansub har qanday ayolni xotin qilib olaverishi mumkin. Mana, oʻzi jon-jon deb turibdi, nega endi shu Galyaga uylanmasin!

Toʻy Galyaning uyida oʻtdi. Odam koʻp. Dasturxon atrofiga hamma birdan sigʻmadi, xuddi sershovqin oromgohlardagi kabi navbat bilan oʻtirishga toʻgʻri keldi. Shunga qaramay, bazm rosa qizidi, mehmonlar baqirib-chaqirib obdon xursandchilik qilishdi.

Galya ham baxtdan, ham poyabzali oyogʻini siqayotganidan karaxt ahvolda oʻtirardi. Uning oyogʻi birmuncha dagʻal, shundan uyalib, bejirimroq koʻrinsin deya u ikki oʻlcham kichikroq tufli kiyib olgan edi. U kezlar ayollik latofati oyoq ixchamligi bilan ham oʻlchanardi-da. Yillar oʻtib esa, emin-erkin yurish uchun Galya bir oʻlcham kattaroq oyoq kiyim sotib oladigan, ya’ni oʻttiz toʻqqizinchi emas, qirqinchi poyabzal kiyadigan boʻldi. Birovlar nima deb oʻylasa oʻylayvermaydimi! Galyaning oyogʻidagi tuflining katta-kichikligi bilan kimning ishi bor! Hamma gap oʻzida qolgan. Atrofdagilarning fikrini e’tiborga olish nuqtai nazaridan, yoshlik oʻrtayasharlikdan farq qiladi, albatta. Umuman, erku ixtiyor masalasida ham.

Toʻyda ham biror kimsa Galyaning oʻzini oʻzi azoblab qilgan fidoyiligini sezmadi, hammasi toʻyguncha ichib-eb, oʻynab-kuldi. Galya esa urib-tiqib oyogʻiga billur tufli kiyib olgan shumshuk qizdek his etdi oʻzini. Oxir-oqibat u tuflisini yechib tashlab, oyoqyalang yurdi. Kimdir qadahini qoʻlidan tushirib sindirgan ekan, Galya shisha sinigʻini bilmay bosib, oyogʻini kesib olsa deng! Trofimov darrov sochiq bilan kelib uning oldida tiz choʻkdi-yu, daf’atan oʻzini huv birdagidek nochor his etdi. U Silvananing oldida tiz choʻkib turgani yoʻq-ku. Silvana hozir Rimda, erining quchogʻida. U Trofimov bilan emas, biron-bir millioner – sharikli ruchka yoki elektron soat chiqaradigan zavodning egasi yoki sayohat byurosiningmi, otelningmi va yana allambalolarningdir xoʻjayini boʻlmish eri bilan birga! Trofimovning toʻyi esa, mana, gʻulgʻula torgina bir uyda boʻlyapti. Dasturxonda pomidoru shoʻrbaliq, gazaklaru dirildoq, xolos. Bu yoqda Galyaning oyogʻini poyabzali siqayotir, barmoqlari qon Trofimov goʻyoki oʻz qoʻli bilan orzularini boʻgʻizlayotgandek...

Mehmonlar qoʻl ushlashib kelin-kuyovni davraga olgancha qoʻshiq kuylay boshlashdi. Trofimov esa oʻrtada tiz choʻkkan koʻyi xayol olamida yolgʻiz uchib yurardi.

Soʻng u mast boʻlib hojatxonada uxlab qolibdi. Oxiri eshikni buzib kirishga majbur boʻlishibdi.

Toʻydan keyin hayot bir maromda davom etaverdi. Elliginchi yillar, oltmishinchi, keyin yetmishinchi yillar... bir-birini quvib oʻtaverdi. Oltmishinchi yillarda qoʻriq va boʻz yerlar oʻzlashtirila boshladi. Bastakorlar bunga bagʻishlab kuy bastalasa, shoirlar she’r, jurnalistlar esa maqola yozar edi. «Olis-olis yoʻllar, salom, qoʻriq yerlar». Yetmishinchi yillarda Baykal-Amur magistrali qurilishi boshlandi. Televizorda bagʻbaqador qari xonanda kuylardi: «BAM, BAM, BAM – millionlar senda jam».

Trofimov mamlakatdagi oʻzgarishlar bilan hamqadam hududma-hudud kezdi, qoʻriq yerlarga ham bordi, BAMga ham. Tyumenda neft koni ochilganda vertolyotda baliq-paliq degani urchimaydigan Samotlor koʻliga qarab ham uchgan edi. Trofimov vertolyotdan pastga qarab, qaynab-koʻpchib yotgan sargʻimtil botqoqlikni koʻrgan va bu unga yerning tanasida maddalagan yaradek boʻlib tuyulgan edi. Olimlarning ta’kidicha, tabiatda botqoqlik boʻlgani ma’qul, hatto juda foydali ham. Botqoqlikni quritish tabiatga nisbatan zoʻravonlik emish. Buning uchun u bir kun kelib oʻch olishi mumkin. Tabiat oʻziga nima foydayu nima zarar ekanini bexato biladi. Odam bolasi esa xudo emas, bor-yoʻgʻi tabiatning bir boʻlagi, xuddi mana shu botqoqlik misoli.

Trofimov mudom zamon bilan hamnafas, ba’zan u bilan bahsga kirishar, ba’zan esa daholar singari oʻzicha undan oʻzib ham ketar edi. Daho deganlari oddiy odamdan shunisi bilan farq qiladiki, u zamondoshlaridan yuz va hatto ikki yuz yillab ilgarilab ketishi mumkin.

Italiyaga borish esa Trofimovga nasib etmadi. Silvana ham Moskvaga kela qolmadi. Ingliz va yapon tillarida boshqalar bilan soʻzlashishga toʻgʻri kelardi. Lekin Silvanadan, toʻgʻrirogʻi, unga boʻlgan muhabbatdan Trofimovga ba’zi bir koʻnikmalar meros boʻlib qoldi: tinim bilmay mehnat qilish, ayollarga befarqlik, ya’ni xotinbozlikka berilmaslik, shu ishgagina berilib, hayot sinovlaridan qochmaslik.

Galya oʻzini baxtli ayol deb hisoblashiga asos bor edi. Asos bor-u, ammo baxtning oʻzi yoʻq edi. Trofimov jisman uniki boʻlsa-da, ruhan unga boʻysunmadi. Uning koʻnglini ovlash uchun nima qilish lozimligini bilolmay Galyaning boshi qotardi. Eri ham bordek, ham yoʻqdek. Bu ziddiyatni ichiga sigʻdirolmay u oxir-oqibat semirib ketgan va doim parhez saqlar, taomdan tiyilib oʻzini obdon holdan toydirgan, qachon qaramang och-nahor, xoʻmrayib yurar edi. Shunday ekan, baxt haqida gapirishga hojat bormikan?!

Ishga ishtiyoq va irodalilikdan tashqari, Silvana Trofimovga boy berilgan umrdan pushaymonlik hissini ham singdirgan edi. Ichiga kirib olgan anovi tillarang la’natilar ham goʻyoki Trofimov bilan birga keksaydi, endi ular vujuddagi tomirlarda ilgarigidek surbetlarcha bemalol sayr qilib yurmas, aksincha, bor-yoʻqligi ham uncha sezilmas edi. Lekin hamon bor, bor. Trofimov buni bilar va oʻylab tushkunlikka tushardi. Trofimov Silvana degan dardga mubtalo boʻlgan. U birov-yarim buni sezib qolishidan hadiksirar va dardini magʻrurlik ortiga yashirmoqchi boʻlardi. Shu bois koʻpchilik Trofimovni takabburroq deb oʻylardi.

Yetmishinchi yillar oʻtib, saksoninchi yillar keldi. Italyan neorealizmi oʻtmishga aylandi. Neorealizm asoschisi Chizare Dzavattini olamdan oʻtdi. Jina Lollobrijida suratkashlik bilan shugʻullana boshladi. Eski yulduzlar soʻnib, oʻrnida yangilari paydo boʻldi: Stefaniya Sandrelli, keyinroq esa Ornella Muti. Ammo ulardan birortasi Trofimovni Silvanachalik hayajonga solmadi. Ehtimol, oʻn besh yosh ayni hayratu hayajonlar davri boʻlgani uchundir. Qirq besh yashar odamni esa uncha-munchasi bilan hayratga solib boʻlmaydi. Hayotiga biror tahdid qilinsa, deylik, eshik ochilsayu xuddi Italiyaning soʻnggi yillardagi siyosiy detektivlaridagidek, peshonasiga toʻpponcha tiralsagina u hayratdan dong qotishi mumkin. Bundan boshqa taassurotu hayajonlarga yillar davomida koʻnikib, oʻrganib borar ekan kishi. Ehtimol, sidqi sadoqatning oʻzga sabablari ham bordir. Trofimov ahdida sobit odam. Barqarorlik – fe’l-atvorga xos, intizomning bir alomati. Trofimov, masalan, uy jihozlarining oʻrnini almashtirishni yoqtirmasdi. U oʻn yillab bitta paltoni kiyib yuraverardi, ish joyini ham oʻzgartirmadi. Bir martagina uylangan, xotini – Galya, hayotidagi yagona muhabbati – Silvana va doimiy ta’til vaqti – iyul oyi edi. Oltinchi sinfdan boshlab sirdoshiga aylangan, oʻsha kezlar «Bir ayol qissasi» filmini birga oʻtirib tomosha qilgan Kirka Dodolev uning yakkayu yolgʻiz doʻsti edi. Boshqa birov emas, aynan shu Kirka unga ta’tilni bu yil iyulda emas, avgustda ol, iyul oyida xalqaro kinofestival boʻladi va Moskvaga koʻpgina italyan aktyorlari qatori Silvana ham kelarmish, deb aytdi.

Silvana keladi. Orzu ushaladi. Koʻp yillik boʻlsa-da, orzu baribir orzu-da.

Kirka Dodolev bu xabarni telefonda aytdi. U boshqa nimadir kutgan edi, ammo Trofimov miq etmadi. Tomogʻi gʻippa boʻgʻilib, gapirolmay qoldi, xolos. U goʻshakni qoʻydiyu uyiga joʻnavordi. Uyda oshxonadagi joʻmrak buzilgan ekan. Toʻxtovsiz chakillab turgan suv xuddi qizilishton daraxtga tumshuq urayotgan kabi odamning miyasida aks sado berardi. Trofimov tomogʻini bogʻlab oldi-da, joʻmrak sozlovchi ustani chaqirdi. Tomayotgan suv, Silvana va tomoq ogʻrigʻi orasida botiniy bir bogʻliqlik bordek tuyulardi unga. Ammo usta Vitaliy kelib joʻmrakni koʻzdan kechirgach, gap nimadaligi ma’lum boʻldi: arzimasgina bir balosi ishdan chiqibdi, shuni almashtirish kerak emish.
– Oʻsha zormandadan oʻzingizda yoʻqmi? – deb soʻradi Trofimov.
– Nega boʻlmas ekan, bor, albatta, – dedi Vitaliy. U kichkina jomadonchasini ochib, jimitdekkina rezina halqacha oldi.

Trofimov unga ajablanib qaradi. Uy egasi bilan vodaprovodchi ustalar oʻrtasida munosabat boshqacha boʻlishiga oʻrgangan edi-da. Odatda bunday hollarda usta mana shu savil rezina halqacha ham bir yillardan buyon savdoda yoʻq, kamyob ekanini, lekin u tanish hamkasblaridan surishtirib topishi mumkinligini aytadi. Oʻziga-ku, pul-mul shart emas, biroq anovi hojatbaror odamga nimadir qistirmasa boʻlmaydi. Uy egasi yalinishga tushadi, keyin oʻlganining kunidan, aslida ustaning choʻntagida turgan oʻsha oʻn bir tiyinlik matoh uchun besh rubl toʻlaydi.

Vitaliy esa butkul boshqacha ekan. Yo suvchi ustalarning yangi avlodi yetishib chiqdimi, yo buning yangi avlodga mutlaqo aloqasi boʻlmay, Vitaliyning oʻzi shunday insofli odammi, bir narsa deyish qiyin.
– Nechchi yoshdasiz? – deb soʻradi Trofimov undan.
– Qirq beshdaman. Nima edi?

Trofimov yana ajablandi. Yuzidagi horgʻinlikni aytmasa, Vitaliy tashqi koʻrinishdan xuddi kasb-hunar bilim yurtining bitiruvchisiga oʻxshardi. General Gryomin ham Tatyana Larina unga turmushga chiqqanda qirq besh yoshda ekan, Pushkin esa uni «oq sochli chol» deb ta’riflagan. Yoki yigirmanchi asrga kelib, texnik taraqqiyot sabab hayot sharoiti oʻzgarib, odam ellik yoshga yetganda ham unchalik qarib ulgurmaydimi, kim bilsin. Yoki urushdan oldin va urush yillari tugʻilganlar shunday tuzuk oʻsmay, nimjonroq boʻlib qolganmi? Ehtimol, yosh koʻrinish Vitaliyning irsiyatiga xosdir. Vijdonli va navqiron!

Agar yuvib-tarab, risoladagidek kiyintirilsa, Vitaliy chala akademikka ham, jahongashta sayyohga ham yo bir yoʻltoʻsar qaroqchiga ham oʻxshab ketaverar edi.

Esida, Trofimov qachondir televizorda bir koʻrsatuv tomosha qilgan edi. Koʻrsatuv ishtirokchilari oldiga kattakon bir portretni qoʻyib, bu dunyoga mashhur olim ekani aytilgan va tashqi qiyofasiga qarab unga tavsif berish soʻralgan edi. Qatnashchilar uni dono, zukko, kamtar va yuksak intellekt egasi deya sifatlagan. Shunda boshlovchi bu odam olim emas, ashaddiy bir jinoyatchi ekanini aytgan. Yanada e’tibor bilan, sinchiklabroq qaranglar, degan. Munozara qatnashchilari portretni endi obdon koʻzdan kechirib, bu nusxaning basharasida aqliy noqislik, zehni pastlik va shafqatsizlik aks etib turganini bir ovozdan ta’kidlagan. Keyin esa boshlovchi uzr soʻrab, bu haqiqatan ham kattakon fizik olim, allaqanday nazariyaning asoschisi ekanini aytgan va tagʻin bir marta e’tibor bilan nazar solishni soʻragan. Endi uning yuzida yana aql, qudrat, jiddiyat paydo boʻlgan. Qizigʻi shundaki, Trofimov ham suratga qanday koʻz bilan qarasa, shunday xususiyatlarni koʻrgan. Demak, hammasi ma’lum yondashuvga bogʻliq ekan-da.

Vitaliy Trofimovga yoqib qoldi. Unga hatto boʻlajak festival va Silvanadan soʻz ochgisi kelib ketdi. Boyagi xabar uni toʻlqinlantirib yuborgan, quvonchini kim bilandir baham koʻrishni xohlardi. Galyaga aytib boʻlmaydi – erning xotiniga begona ayol haqida soʻzlashi noqulay. Oʻgʻli bilan ham bu xususda gaplasholmaydi. Oʻgʻli hozir shunday yoshdaki, uning nazarida, odamlar oʻrtasidagi munosabat turlicha emas, balki tayin bir xildagina boʻlishi mumkin va u birgina nom bilan ataladi. Trofimov bilan Silvananing munosabati-chi, buni nima deb atamoq kerak... Shunday ekan, oʻgʻli bu gaplarni tushunmaydi, aniq. Demak, dilidagini yettiyot begonaga qoʻrqmay aytaversa boʻladi.
– Iyul oyida kinofestival boʻladi, – dedi Trofimov anchayin gap yoʻgʻida bir gapdek.

Vitaliy ishdan bosh koʻtarib derazaga qaradi. Qor yogʻayotir. Iyulgacha hali uzoq. U yana indamay ishini davom ettiraverdi.
– Press-bar ertalabgacha ishlaydi... – Trofimov balki Silvana bilan bir stolda oʻtirish nasib etar, deya xayol qilardi.
– Qaerda? – deb soʻradi dabdurustdan Vitaliy.
– Nima «qaerda»? – dedi Trofimov tushunmay.
– Oʻsha press-bar deganlari-da, qaerda oʻzi?
– «Moskva» mehmonxonasida. Nimaydi?
– Oʻzim, soʻradim-da, – dedi Vitaliy.
– Siz «Bir ayol qissasi» degan kinoni koʻrganmisiz? Elliginchi yillari shunday film boʻlardi. Koʻrgan boʻlishingiz kerak.
– Xoʻsh... – dedi Vitaliy.
– Koʻrganmisiz oʻzi, yoʻqmi? – dedi Trofimov xuddi shuni bilishi juda zarurdek.
– Esimda yoʻq.
– Demak, koʻrmagansiz. Yoʻqsa, esingizdan chiqmasdi. Shu filmda bir aktrisa boʻlardi... Oʻshayam kelarmish.
– Hozir kampir boʻp qolgandir, – deya tusmolladi oʻzicha Vitaliy.
– Nega endi? – dedi Trofimov sarosimaga tushib.
– Film elliginchi yillarda chiqqan deyapsiz, hozir – saksoninchi yil. Ana endi oʻzingiz hisoblab koʻring. Ellik yoshlarda u bugun, balki oltmishda hamdir.

Vaqt atalmish xolis hakamni shunda Trofimov umrida goʻyo birinchi marta his etdi. Faqat Trofimovgagina emas, Silvanaga ham daxldor hodisa edi bu. Lekin ikki toifa odam qarimaydi: marhumlaru orzungda yashayotganlar. Shunday boʻlsa-da, Trofimov hang-mang qolib Vitaliyga tikildi. U esa ayni chogʻda bamaylixotir ishini tugallab, natijasini tekshirib koʻrmoqda edi. Joʻmrak silliqqina berkilar — anovi rezina qistirma kelayotgan suvni toʻxtatib qolar edi.
– Mana, boʻldi! – dedi Vitaliy va asbob-uskunasini jomadonchasiga joylay boshladi.

Trofimov birdan hushiga kelib, hamyonini titkilamoqqa tushdi. Ilgarilari bunday ishlar uchun bir rubl berilardi. Ammo hozir bir rublning qiymati qolmadi, unga hech vaqo bermaydi. Trofimov uch rubl bersammi yo besh rublmi, deb bosh qotirardi. Besh rubl koʻproqdir-ov: halol bir mehnatkashni yoʻldan ozdirishi mumkin, keyin u qoʻl haqi olmasa ishlamaydigan boʻlib qoladi, insoniy fazilatini yoʻqotadi. «Halol mehnat» degan gaplar bugun eskirgan. Hammasiga ziyolilar sababchi. Ular jamiyatning oldingi safida boʻlmogʻi kerak, bunday uch soʻm-puch soʻm tiqishtirib ishchi sinfining ongini zaharlamaslik darkor.

Shu oʻylarga borgan Trofimov uch rubl chiqarib Vitaliyga uzatdi.
– Shart emas, – dedi Vitaliy.
– Nega endi? – deya taajjublandi Trofimov.
– Buningizni nima qilaman, ishlaganim uchun oylik beradi-ku!
– Nima balo, jekingiz unvon-punvonga harakat qilyaptimi? – dedi Trofimov.
– Qanaqa unvon? – deya yelka qisdi Vitaliy.
– Haligi... eng ilgʻor mehnat brigadasimi, degan gaplar bor-ku...
– Shaxsan mening unvon-punvoniga ishim yoʻq. Oʻz ishimni bajaraman, vassalom.
– Sizdaqalardan koʻpmi u yerda? – deb soʻradi Trofimov.
– Unisini bilmadim. Menimcha, har bir odam oʻzicha yagona boʻladi, biri ikkinchisiga oʻxshamaydi. Hammani bir qarichda oʻlchash – bu qanaqasi axir...

Trofimov qoʻlidagi puldan xijolat boʻldi.
– Nima ham derdim, rahmat sizga... Menga ham biror xizmat boʻlsa, bemalol aytaverasiz, – dedi.
– Shu... umrimda bir marta boʻlsayam press-bar deganlarini koʻrsam edi, – deya koʻnglidagini aytdi-qoʻydi Vitaliy ham.

Tashqarida qor yogʻardi. Iyulgacha – xudo poshsho. Ayni chogʻda esa Trofimov Vitaliyni xursand qiladigan biror gap aytgisi kelardi.
– Boʻldi, gap yoʻq! – deya va’da berib yubordi u. – Bajonidil olib boraman...

Vitaliy ketdi. Trofimov sinflar oʻrtasidagi chegara tobora yoʻqolib borayotgani haqida oʻylardi. Bugun dehqonni ishchidan, ishchini ziyolidan ajratish qiyin. Hamma kitob oʻqiydi, televizor koʻradi, xohlagani – kiyim doʻkonlarida erkin sotilayotgan jinsi shimni olib kiyadi. Bu hol yaxshimikan yo yomon? Trofimov bu savolga aniq javob topa olmadi va oʻylab koʻrish kerak, deb qoʻydi oʻzicha. Alohida oʻrganishga arziydigan muhim mavzu ekan bu.

Press-barda chekishga ruxsat bor edi. Zal uncha katta boʻlmaganidan tutun pagʻa-pagʻa bulut misol muallaq osilib turardi. Yelka-boʻyni ochiq yasan-tusan ayollar tutun ichra goʻyo suzib yurardi. Qay biri chet elligu qaysisi oʻzimizniki – ajratish qiyin. Hammasi chet ellikka oʻxshaydi. Bar xizmatchilarining esa koʻzi pishib ketgan, bir qaraboq bexato farqlaydi.

Trofimov tutun ichidagi toshoynada oʻz aksini koʻrdi. U chet elliklardan farq qilibgina qolmay, ulardan oʻtib ham tushardi: emin-erkin, bashang, yozlik oq kostyum-shimda, koʻkrak choʻntagida toʻq qizil dastroʻmol, boʻynida ham qimmatbaho tamaki va atir hidi anqib turgan xuddi shu tusdagi galstuk.

Silvanani u eshikdan kirgani hamono tanidi. Devorga taqab qoʻyilgan stoldan joy olgan Silvana yonidagilardan bir bosh baland koʻrinardi. U oʻttiz yil ilgari qanday boʻlsa hozir ham shunday – durkun va jilvador edi. Uning yonida har yerga suqilib yuradigan Bantik laqabli nusxa oʻtirardi. Bantik deyishlari bejiz emas – u ayollar libosi ustasi edi. Oʻlgudek uchar va kelishgan bu odam hamisha har joyda diqqat markazida boʻlardi. Trofimov Silvananing yonida boʻlmoqni bir umr orzu qilib oʻtishi mumkin, Bantik esa shu tobda uning biqinida oʻtirib olib bemalol kattakon qadahini shampanga toʻldirmoqda. Silvananing narigi yonidan qaysidir chet el savdo shirkatining Moskvada faoliyat yurituvchi vakili joy olgan. U tilmochlik qilayotgan boʻlsa kerak. Shirkatchi yilning oʻn ikki oyidan toʻqqiz oyini Moskvada, uch oyini samolyotda – bir mamlakatdan boshqasiga uchib oʻtkazar edi. U past boʻyli, koʻrkam chehrali, bizning tushunchamizga koʻra, mol-mulkining cheku chegarasi yoʻq badavlat bir odam edi. Gʻarbliklar aqidasicha esa, anchayin bir mulkdor, xolos. Lekin ayollar olamida rosa mashhur. Ehtimol, shu sabab shirkatchi Moskvada uzoqroq qolib yurgandir. Gʻarbda boshqa millat ayollariga qaraganda rus ayollariga e’tibor katta. Chunki ular romantikroq, ochiqkoʻngil. Rus ayolini baxtli etish qiyin ish emas.

Bantik Trofimovni koʻrib, qoʻl toʻlgʻab yoniga chaqirdi. Demak, ishlar hozircha koʻngildagidek.

Stolga yaqinlashgach, Trofimov bu davrada mashhur rejissyor ham borligini koʻrdi. Uning siqilibroq oʻtirgani sezilardi. Chamasi, bu kabi bazmi jamshidlarga uncha toqati yoʻq – qiyofasi oʻlganining kunidan chidab oʻtirgan odamni eslatardi. Vokzalda poezd kutayotgan yoʻlovchining yuz ifodasi shunday boʻladi.

Trofimov Silvanaga qaramadi. Bu fursatni atay keyinga surardi. Toʻgʻrirogʻi, botinolmayotgan edi. Mana, endi qaramay iloji yoʻq.
– Tanishtirib qoʻyay, – dedi Bantik dali-gʻulilik bilan. – Bu italyan aktrisasi...
– Bilaman, – dedi Trofimov uning gapini boʻlib va Silvanaga tik boqdi. Boqdi-yu, vujudini olov chulgʻagandek boʻldi.
– Bu kishi esa bizning mashhur jurnalist. Oʻz ishining ustasi. Boʻrisi desa ham boʻlaveradi. Volchara, – deya tanishtirdi Trofimovni Bantik.

Shirkatchi uning gapini tarjima qildi. Silvana nimanidir soʻradi, «volchara» degan soʻzni tushunmadi chogʻi.
– Zoʻr jurnalist, – dedi Bantik. – Grande professore.

Silvana ohista bosh qimirlatib, oppoq, boʻliq qoʻlini choʻzdi. Trofimov unga tikilib qoldi, ammo qoʻl uzatmoqqa jur’ati yetmadi.
– Oʻtirsang-chi, nega turib qolding? – deya ajablanib qaradi unga Bantik.

Olti kishilik stolning toʻrt joyi band, ikkitasi boʻsh edi. Bantik davrasiga odam tanlayotgan ekan. Trofimov bilan bir stolda oʻtirishning oʻzi martaba-da. Fellini boʻlmasa ham, har holda... Qolaversa, kim bilan oʻtirish Bantikka muhim, obroʻ-e’tiborga oʻch odamlar asli shunaqa boʻladi.

Kinorejissyor noqulay vaziyatdan chiqish uchun Silvanaga shampan toʻldirilgan qadah tutdi. Silvana «grande professore» nega unga qoʻl bermaganiga hayron edi; balki ruslarda shunday taomil bordir. Silvana qadahni jannatiy lablariga olib borarkan, ohu koʻzlari bilan Trofimovni boshdan-oyoq kuzatib chiqdi. Trofimov lovullab yonayotgan gulxan oʻrtasida turgandek his qilardi oʻzini.
– Oʻtir endi! – deb qistay boshladi uni Bantik.

Trofimov stulni surib oʻtirmoqchi boʻlayotgan edi, bilagiga bogʻich taqib olgan bir odam kelib:
– Sizni soʻrashyapti, – dedi.
– Meni? – dedi hayron boʻlib Trofimov.
– Sizni, sizni, – deya eshik tomon imo qildi navbatchi.

Trofimov u yoqqa tikilib, quyuq tutundan koʻzi biror nimani ilgʻayolmadi.
– Men hozir, – dedi u Silvanaga qarab. – Uno momento.

Silvana bilinar-bilinmas bosh qimirlatib qoʻydi. U oʻzini rostakam nozaninlardek tutardi. Nozaninlik – unga kasb. Bu kasb egasi boʻlmish ayol atrofidagilarni gap bilan oʻziga qaratib, ishonch va ixlos uygʻotish niyatida suhbatdoshining qoʻlidan ushlab olmaydi; bunday qilmogʻiga hojat ham yoʻq. Suhbatdoshini qoʻltiqlab olish – oʻziga e’tibor jalb etishning yana bir yoʻli. Qaysidir darajada tajovuzkorlik desa ham boʻladi buni. Chinakam nozanin esa bunaqa usullarga muhtoj emas, u istasa-istamasa, tabiiy ravishda oʻzi bilan oʻzgalar oʻrtasida koʻrinmas bir devor paydo boʻladi. Trofimov ham Silvana bilan ikki ogʻiz gaplashib-gaplashmay, ana shu devorga toʻqnash keldi. Uning qalbini allaqanday his – besaranjomlikmi, befarqlikmi qamrab olgan edi.
– Ma’zur tutasiz, – deya uchinchi marta takrorladi Trofimov va navbatchining ortidan yurdi.

Eshik yaqinida tamaki tutuni siyrakroq edi. Shunda birdan Trofimov anovi suvchi Vitaliyni koʻrib qoldi. Ikki barvasta yigit uning yoʻlini toʻsib turardi. Vitaliy kulrang korjomada edi, boshida sun’iy charmdan tikilgan mallarang yapasqi bir qalpoq. Chamasi, u kechki navbatchilikda boʻlgan, ish yoʻqligidan yolgʻiz oʻtiraverib zerikkanu huv oʻshandagi va’daga koʻra bu yoqqa qarab kelavergan.
– Ana oʻzi! – deya qichqirib yubordi Vitaliy eshikka yaqinlashayotgan Trofimovni tanib. – Gapga ishonmadinglar-a, xumparlar, – dedi keyin navbatchilarga ta’naomuz ohangda. – Oʻzing ayt bularga!

Trofimov sarosimada qoldi. Vitaliy juda bemavrid kelgan edi. Kal boshga temir taroqdek boʻlib. Ammo shu tobda keraksiz taroq boʻlib turganini Vitaliy qayoqdan ham bilsin! Huv oʻshanda taklif qilingan edi, kelaveribdi-da u ham.
– Endi bizni oʻtkazib yuborasizlar, yigitlar, – dedi navbatchilarga Vitaliy va ichkariga qarab yurdi. – Bu kishini chaqirib berganlaringiz uchun rahmat.

Vitaliy Trofimovga yaqinlashib, atrofga alangladi:
– Rosa chekib tashlabsizlar-ku, a! Xoʻsh, qaerga oʻtirdik?

Quyuq tuman ichidan Bantik chiqib keldi.
– Nima, qochib qolmoqchimisan? – dedi u Trofimovga.
– Qochib qolmoqchi emasman! – dedi Trofimov dona-dona qilib.
– Yo pul-muling yoʻqmi?
– Bor, bor.
– Unda yur. Bu yerda turish noqulay.

Trofimov Bantikning ortidan yurdi, Vitaliy esa unga ergashdi.

Kelib stoldan joy oldilar. Vitaliy Trofimov bilan kinorejissyorning oʻrtasida oʻtirardi. Davrada yangi odam boʻlgani va boshqalardan yaqqol ajralib turgani uchun Vitaliyga Silvana qiziqsinib qaradi.
– Men bu kishining oshnasiman, – deya oʻzini oʻzi tanishtirdi Vitaliy va Trofimovning yelkasiga qoqib qoʻydi.
– Ha, shunday, – dedi uning gapini tasdiqlab Trofimov. – Bu – biz ruslarning Alen Bombari.
– O-o! – dedi Silvana hayratini yashirolmay, bir zum oʻzining osmondagi nozanin ekanini esidan chiqarib. – Se imposible!
– Ha, xuddi shunday, – dedi Trofimov. – Bizning Alen Bombar bu.
– Kim u oʻzi? – deb soʻradi Vitaliy pichirlab Trofimovdan.
– Huv men senga aytgan italyan aktrisasi mana shu-da, – dedi Trofimov ham shivirlab.
– Yoʻq, meni kimdir bittasi deb tanishtiryapsan-ku, oʻshani soʻrayapman.
– Keyin aytaman, keyin, – dedi Trofimov.
– Sizlarda ham shunaqasi boʻlganmidi? – deb soʻradi shirkatchi ajablangandek.
– Boʻlmasam-chi! Biz hech bir sohada ortda qolmaymiz! – dedi magʻrur ohangda Trofimov.
– Shunaqa deng! Eshitmagan ekanman-da, – deya oʻzini oqlagan boʻldi shirkatchi.
– Qoʻrqqan hamdirsiz? – deb soʻradi Bantik. Chamasi, u oʻzini Vitaliyning oʻrnida tasavvur etib koʻrardi.

Vitaliy Trofimovga qaradi.
– Qoʻrqqanman deb ayt, – deya maslahat berdi Trofimov.
– Sen nima deb oʻylovding... Qoʻrqqandaki! – dedi Vitaliy rolini ishonarli qilib ijro etarkan.
– Shunisi qiziq-da, – deya gapga aralashdi kinorejissyor. – Qoʻrquv yoʻq joyda qahramonlik ham boʻlmaydi.

Gumbur-gumbur musiqa boshlandi. Ular oʻtirgan stol orkestrga yaqin edi. Shirkatchi Silvanani raqsga taklif qildi. Silvana oʻrnidan turdi. U oqish-sargʻimtil ipak koʻylakda edi. Trofimovning dimogʻiga yasmin gulining oʻtkir hidi urildi.

Silvana bilan shirkatchi raqs tushayotganlar toʻpiga qoʻshildi. Shirkatchi Silvananing tirsagidan kelardi. Gʻarbda buning ahamiyati yoʻqdir – boy boʻlsang, tizzasidan kelsang ham boʻlaveradi.
– Baytalning oʻzginasi-ya! – deb yubordi Vitaliy Silvanaga qarab turib.

Bantik esa oq-sariqdan kelgan nozikkina, ertakdagi «dyuymovochka»ga oʻxshagan bir navniholni raqsga yetaklab chiqdi.
– Buni qara, – dedi zavqlanib Vitaliy. – Qoʻyningga solib yursang ham boʻladi-ya!

Vitaliyning Silvana toʻgʻrisidagi gapidan Trofimov ranjimadi. Aksincha, baytalga oʻxshatib u Silvanani osmondan yerga tushirib qoʻygan, qoʻletmas Silvana bilan oddiy banda Trofimov orasidagi masofani xiyla qisqartirgandek edi. Axir, hamma ham odam-da. Birovning birovdan nima ortiq joyi bor ekan?
– Bunday bir kiyinib ham olmabsan, – dedi Trofimov beozorgina qilib.
– E, nima farqi bor? – dedi ajablanib Vitaliy. – Bizga shunisiyam boʻlaveradi.
– Senga balki shunisi qulaydir. Oʻzingga bilinmaydi-da. Boshqalarning oldida esa noqulay. Egni-boshingga qaraydi baribir.
– E, qarasa qarayversin, – dedi beparvo qoʻl siltab Vitaliy. – Haligi odaming kim edi?
– Kimni aytyapsan? – dedi Trofimov.
– Boya meni kimdir deb tanishtirding-ku?
– Alen Bombar, – dedi dona-dona qilib Trofimov.
– Tatarmi u?
– Yoʻq, frantsuz. U puflama qayiqda yolgʻiz oʻzi okeanni suzib oʻtgan.
– Nega endi?
– Insonning nimalarga qodirligini sinab koʻrish uchun-da.
– Ya’ni qanaqasiga?
– Okeanda yolgʻiz qolgan odamning qoʻlidan nima ishlar keladi — shuni bilmoqchi boʻlgan.
– Xoʻsh, nimalar kelarkan qoʻlidan?
– Suvga gʻarq boʻlishi mumkin u. Omon qolishi ham mumkin. Hammasi oʻziga bogʻliq.
– Hoʻsh, oʻsha frantsuzingni akulalar yeb qoʻysa nima boʻlardi?
– Shunday boʻlishi ham mumkin edi. Tavakkal qilgan-da.
– Nima uchun? Nima keragi bor ekan?
– Boya soʻrading-ku buni, – dedi Trofimov. – U kema halokatiga uchragan odam faqat qoʻrquvdangina yuragi yorilib oʻlishi mumkinligini isbotlamoqchi boʻlgan. Demak, qoʻrquvni yenga olsa, odam tirik qoladi. Xombaliq yebmi, okean suvidan ichibmi.
– Nima, u kema halokatiga uchraganmi?
– Yoʻq, unday emas.
– Boʻlmasa, bu ovoragarchilikning nima keragi bor edi?
– Oʻzi uchun qilmagan-da bu ishni. Boshqalarni deb qilgan. U har qanday mushkul vaziyatdan ham yoʻlini topib chiqib ketish mumkinligini amalda isbotlab bergan.
– Ha-a... – deya oʻylanib qoldi Vitaliy. – Bu ishi uchun puldan ham qop-qoplab olgandir?
– Unisini bilmadim. Balki olgandir, balki yoʻq. Gap faqat pulda emas-ku, axir.
– Boʻlmasa, nimada ekan?
– Gʻoyada.
– Gʻoya degani nima?
– Ie, gʻoya nimaligini bilmaysanmi hali?
– Bilishga-ku bilaman, lekin senga oʻxshagan madaniy odamning ham fikrini eshitgim kelyapti-da.
– Gʻoya – mavhum tushuncha, orzu, umid deganday gap, bilding?
– Muhabbat-chi? U ham kiradimi gʻoyaga?
– Bir tomonlama muhabbat boʻlsagina kiradi, – dedi Trofimov xayolga tolib.

Ikki tomon muhabbatining mevasi – farzand, demak, bu mavjudlik, mavhumlik emas. Bir tomonlama muhabbat esa qoʻletmas darajada – osmonda, koʻzni qamashtirib turadi, xolos; orzu-porzu deganlari ham shunday.
– Yorilib ketaman bu yerda, – deb qoldi bir vaqt rejissyor. – Menga bunday tadbirlar toʻgʻri kelmaydi. Yayrab yashashni bilmayman men, faqat ish boʻlsa – boʻldi. Axir, yashashni bilish ham bir qobiliyat-ku.

Vitaliy hech baloga tushunmadi. Trofimov esa tushunardi-yu, nima deb hamdardlik qilmoqni bilmasdi. Birovga hamdard boʻlmoq uchun uning holatini his etmoq kerak. Trofimov hozir Silvananing qarmogʻiga baliqdek ilinganu oʻz qalbiga quloq tutishdan boshqasiga yaramas edi.

Silvana bilan shirkatchi kelib joyiga oʻtirdi. Goʻyo Vitaliyning peshonasiga arab imlosida allanima deb yozib qoʻyilganu Silvana shuni oʻqishga urinayotgandek undan koʻz uzmay oʻtirardi.
– Nega menga muncha baqrayadi bu? – dedi Vitaliy oʻzini noqulay sezib.
– Oʻzidan soʻrab koʻr.

Trofimov xuddi sakrashdan oldin tayyorlanayotgan parashyutchidek bor irodasini toʻplab Silvanani raqsga taklif qildi.

Silvana oʻrnidan turib Trofimovning ortidan yurdi. Orkestr yaqinida turfa olomon chayqalardi. Mayin musiqa yangramoqda. Trofimov qoʻllarini sekingina Silvananing beliga olib bordi. Uning beli xuddi gipslab qoʻyilgandek qattiqqina edi, «Korset shekilli», deb oʻyladi Trofimov. Silvananing koʻkragi Trofimovga tegib turardi, u ham goʻyo plastmassadan yasalgandek edi. Yuzlari bir-biriga tegay-tegay derdi. «Men oʻylaganchalik boʻydor ham emas ekan, – dedi ichida Trofimov. – Bor-yoʻgʻi biru saksondir».

Silvananing koʻzlari ostida ajindan nishon ham yoʻq edi. Terisi xuddi nogʻoraga tortilgandek tarang.

«Aja-ab, – deya xayolidan oʻtkazdi Trofimov, – umri davomida biron marta kulmagan yoki yigʻlamagan emasdir, axir».

Silvana goʻyo nafas ham olmayotgandek na tafti sezilardi, na boshqasi. Trofimov goʻyoki yelkasida boshqarib turiladigan murvati bor kattakon bir qoʻgʻirchoq bilan raqs tushayotgandek edi.

Raqs nihoyasiga yetib, stolga qaytishdi.
– «Bir ayol qissasi» filmingizni eslaysizmi? – deb soʻradi Trofimov.
– Unaqa filmni birinchi marta eshitishim, – dedi Silvana.
– Ie, ie... – dedi Trofimov dovdirabroq. – Bizda bir vaqtlar qoʻyilardi...

Silvananing yuzida bilinar-bilinmas taajjub alomati paydo boʻldi.
– Nima deyapti? – deb soʻradi Vitaliy. Ular italyancha gaplashmoqda edi.
– «Bir ayol qissasi» filmini bilmas emish.
– Balki bu butunlay boshqa aktrisadir, – deb tusmolladi Vitaliy oʻzicha.

Trofimov gangib qolgan edi. Kinodagi bilan roʻparasidagi Silvana bir odam ekanini u bilib turibdi. Ammo orzusidagi Silvana oʻzgacha edi, bunisi esa goʻyoki oʻshaning omonat nusxasi, ta’viyadek bir narsa.
– Siz aytayotgan kino ularda balki boshqacha nomlanar, – dedi shirkatchi ham taxmin qilib. – Sizlarda kassaboproq boʻlsin deb koʻpincha boshqacha nomlanadi-ku.
– Taajjub, – deb qoʻydi Trofimov oʻzicha.

Taajjublanarlisi – film qanday nom olganida emas, Trofimovning orzusidagi siymo bugun qanday qiyofaga kirganiyu oʻsha bir vaqtlardagi mavhum ot qay tarzda roʻyobini topganida edi.

Mabodo ichidagi anovi tillarang la’natilar tagʻin bosh koʻtarib, «Xoʻsh, nima boʻpti?» desa, Trofimov bir oz yengil tortgan boʻlarmidi, odatiy tushkunligiga choʻmgancha oʻtiraverarmidi... Ammo hozir ichida hech nima qilt etmasdi. Balki endi yoʻqolib bitgandir? Oʻttiz yil burun bu dardi bedavoga Silvana uni mubtalo qilgan edi – oʻttiz yildan soʻng yana uning oʻzi bunga barham bergandir?

Silvana Vitaliyni raqsga taklif qilib oʻrnidan turdi. Vitaliy esa joyidan qimirlamadi.
– Seni raqsga taklif qilyapti, – dedi Trofimov Silvananing gapini tarjima qilib.
– Men raqs tushishni bilmayman, – dedi Vitaliy xijolat boʻlgandek.
– Ha endi, bilganingcha tushaverasan-da, – deb mingʻirladi Trofimov.

Oʻzi esa allanechuk xotirjam tortdi. Qarmoqdagi baliqqa oʻxshamoqlik uning joniga tekkan edi. Bemalol, emin-erkin oʻtirishni, musiqa tinglab dam olishni, tevarakni kuzatishni istardi u; yoki umuman hech kimga qaramasa, hech nimaga quloq solmasa, oʻrnidan turib bu yerdan chiqib ketsa, koʻngli buyurganini qilsa!

Vitaliy umrida birinchi va ehtimol oxirgi marta kinofestival press-barida italyan kinoyulduzi bilan raqs tushmoqda edi. U Silvananing yelkasidan kelardi; koʻzi faqat tilla doʻkonidagi kabi, ayolning koʻkragini bezab turgan qimmatbaho taqinchoqlarni koʻrar edi, xolos.

Yelkasida zalvorli qoʻllar – Vitaliyning nazarida ikki tomonidan ikkita dazmol bosib turgandek: juda ogʻir va kuydiray derdi. Ayolning vujudidan goʻyo allaqanday bir titroq taralmoqda edi. Vitaliy xuddi ishxonasi oldidagi sirtiga bosh chanogʻi ustidan salb belgisi tortilgan katta kuchlanishli tok budkasiga kirib qolgandek his qilardi oʻzini. U Silvanaga suyanib olgan, ayni chogʻda esa baloning domiga tushgandek bezovta edi. Bir boshga – bir oʻlim, lekin Vitaliy ham hayotga bir marta kelgan-ku.

Silvana engashib uning qulogʻiga bir nima dedi.
– Hech balo eshitilmayapti! – dedi baqirib Vitaliy.

Ayol Vitaliyga lab qimirlashidanoq aytilgan gapning ma’nosini uqib oladigan gung odam misol tikilib qaradi.

Vitaliy avval orkestrni, keyin qulogʻini koʻrsatib, qoʻl silkib qoʻydi. Bu ishoralar «hech narsa eshitilmayapti» degan ma’noni anglatishi kerak edi.

Tushundi shekilli, Silvana bosh irgʻadi va eshikka imo qildi. Vitaliy ham tushundi: ayol u bilan tashqarida, toza havoda, shovqin-suronsiz biror joyda gaplashmoqchi.
– Boʻpti, – dedi Vitaliy va Silvanani qoʻltiqlab oldi.

Ular stollar oralab, Trofimov va shirkatchining yonidan oʻtib eshik tomon yurishdi. Rejissyor koʻrinmasdi: allaqachon uyiga borib, uyquni urib yotgan boʻlsa kerak. Bantik esa boshqa stolga – «dyuymovochka»ga oʻxshagan mallasoch qizning yoniga oʻtib olibdi. Silvanani Vitaliy bilan koʻrgach u «Dyuymovochka»sidan chalgʻib, bir lahza ularning ortidan tikilib qoldi. Nimadir deb chaqirmoqchi boʻldi-yu, ulgurolmadi.
– E, tupurdim shularga, – deb qoʻydi keyin oʻzicha.
– Kimga? – deb soʻradi qiziqsinib Dyuymovochka.
– Shularga-da, hammasiga. Nayrangbozlar!

«Dyuymovochka» boʻynini gʻoz qilib oʻzicha magʻrurlanib qoʻydi. Bantik undan boshqa hammaga tupuryapti. Demak, u hammadan afzal, hammadan ustun. Ammo Bantikning koʻngli gʻash edi. Mana, bittasi okeanni qayiqda suzib oʻtgan, boshqasi «grande professore», yana biri ajnabiy! Hammasi bisotidagi «kuzur»ini stolga tashlayapti. Bantik esa faqat pul tikishi mumkin – puli koʻp. Lekin bunday paytda pulning oʻzi yetmas ekan-da.
– E, qoʻy shularni, – deya yupatardi uni «Dyuymovochka», parishonligi sababini bilmasa-da. – Sen hali yoshsan, ular esa hammasi qari!

Bantik birdan jonlanib ketdi. Nega shu narsani oʻylamabdi – darhaqiqat, yoshlik eng zoʻr «kuzur» emasmi! Ertangi hayot deganlari-ku bu. U hali birgina kun mana shunday choʻzilishi mumkin-u, oʻn yil esa koʻz ochib-yumguncha yeldek oʻtib ketishini xayoliga keltirmas edi. Hademay Bantik ham ularning yoshiga yetadi, ana shunda boshqa bir tayinroq «kuzur» topishi kerak boʻladi.

Silvana «Moskva» mehmonxonasining old tarafidagi asosiy yoʻlakka keldi. Oʻzini bundayroq bir davlatning prezidenti kabi tutayotgan kalondimogʻ darbon yonidan oʻtib ichkari kirdi. Vitaliy esa darbonning sezgir va ayni chogʻda loqayd tuyuladigan nogohi qarshisida ikkilanib qolganida Silvana hamrohining kelayotgan-kelmayotganini aniqlab olmoqchi boʻlgandek orqasiga oʻgirildi. Shundan soʻnggina qayoqqa, nima uchun borayotganini bilmasa-da, dadillanib Vitaliy uning ortidan yurdi.

Mehmonxona lifti keng-moʻlgina edi, shu yerning oʻzidayoq boshqacha hayot nafasi sezilardi. Vitaliy oʻzga bir olamga tushib qolgandek boʻldi.

Silvana joylashgan xonaning shifti juda baland, naqd olti metrlar kelardi. Buni bemalol ikki qavatli qilish mumkin – eng zamonaviy uylarning ham shifti uch metrli, demak, ikkita xonadon joylashadi.
– Bala-and, – dedi Vitaliy qoʻllarini tepaga choʻzib.

Silvana shiftga qarab, gʻayrioddiy hech nimani koʻrmadi. Bu singari mahobatlarga koʻzi oʻrgangan edi. Chamasi, uyining ham shifti shunday, balki bundan ham balandroqdir. Rus Alen Bombarini nima bunchalik hayratga soldi ekan – Silvana shunisiga tushunolmadi.
– Ke? – deb soʻradi Silvana.
– Ha shunday, oʻzim, – dedi Vitaliy xonani tutib ketgan turfa hiddan boʻgʻilib oromkursiga choʻkarkan. Xona kengu katta boʻlishiga qaramay, atir boʻyidan havosi xiyla ogʻirlashgan, nafas olish ham qiyin edi.

«Chivin ham boʻgʻilib oʻlar bu yerda», deb xayolidan oʻtkazdi Vitaliy va shu xulosasida jon bor edi. Moskvada avji saraton, ayni chivin koʻpaygan palla. Bu oʻlgur ham vahshiylashib ketgan hozir, shaharniyam «ishgʻol qilib» ulgurdi. Kuyani aytmaysizmi, sun’iy matolarni ham yamlab tashlaydi. Axir, boshqa nimayam yesin, tabiiy gazlama chiqmay qoʻygan boʻlsa! Bari sun’iy yo sun’iynamo. Asta-sekin odamlarni ham shunga oʻrgatib borishayotir. Aytishlaricha, sun’iy qora uvildiriq ham chiqqanmish, koʻrinishidan mutlaqo farqlab boʻlmas ekan.

Shu tobda chivin bilan kuyaga balo bormi? Silvana qoʻllarini Vitaliy tomon choʻzgancha oʻz tilida nimadir deb chuldirardi. Uning ogʻzidan chiqayotgan soʻzlar bamisoli bir-biriga mingashib kelar, ovozi ham bilyard soqqasi kabi yum-yumaloq, sip-silliq edi goʻyo. Albatta, Vitaliy u nima deyotganini tushunmasdi, ammo ayol muhim bir narsa haqida gapirayotgani aniq edi. Silvananing mijjalarida hatto yosh paydo boʻldi. Egnidagi liboslari bashang, taomning sara-sarasini yeganidan yuzlari tip-tiniq, tabiiy uvildiriqni ham qoshiqlab urgani koʻrinib turibdi.
– Qoʻlingni sovuq suvga urmagansan-da, – dedi Vitaliy. – Mening Nadkamga oʻxshab kun koʻrganingda, bilarding. Sen esa... mana bunaqa shiftu taqinchoqlar bilan...
– Ke? – dedi yana Silvana.
– Oʻzim. Shunchaki. Toʻqlikka shoʻxlik deydilar buni. Odam sal qiyinchilik ham koʻrishi kerak-da. Busiz yashab boʻlarkanmi? Rasvogarchilik-ku bu. Tushunding?

Silvana yanada tez gapira boshladi. Soʻzlar uning ogʻzidan goʻyo duv-duv toʻkilar, bir-biriga urilar va uchib ketar edi. Koʻzlarining tagi xuddi masxaraboznikidek qoraga boʻyaldi. Vitaliyning unga rahmi kelib ketdi.
– Yigʻi-sigʻini qoʻysang-chi, – dedi u. – Nabiralardan bordir? Hozir yuribsan mana bunday dunyo kezib, qarigan chogʻda nabira kerak boʻladi. Umr hash-pash deguncha oʻtib ketadi. Hayot degani nima oʻzi? Umrguzaronlik-da. Xursandchilikda vaqt tez oʻtadi. Hayoting zerikarli boʻlsa-chi, rosa choʻziladi-da. Kuzyaev degani bor, birga ishlaymiz. Kecha men toʻqson uchinchi xonadonga borib, kir yuvish moshinasini toʻgʻridan-toʻgʻri suv quvuriga ulab berishni kelishib kelgan edim – yigirma besh rublga. Har birimizga oʻn ikki rubl ellik tiyindan tegishi kerak edi. Ishni men gaplashib kelibman-u, Kuzyaev Nikolayni boshlab boribdi u yerga. Demak, meni chetga chiqarib qoʻygan. Borib turgan insofsizlik-ku bu. Lekin men goʻyo parvo qilmadim. Past ketmayin dedim-da. Tushunding-a? Sen boʻlsang...

Silvana Vitaliyning soʻzlarini xuddi yosh qizaloqdek bir e’tibor va soddalik bilan tinglardi. Uningcha, Vitaliy juda jiddiy, muhim gaplarni gapirar, naqd barcha muammolariga yechim topib berayotgandek edi. Vitaliyning oʻktam ovozi va oʻz tilida nimalarnidir qat’iyat bilan soʻzlashi ayolga dalda berardi.

Ularning har ikkalasi oʻz dardidan gapirardi. Silvananing nazarida, hech kim uni mana shu odamchalik tushunmaydi. Demak, yuragida borini toʻkib solishi, hatto oʻzi tan olgisi kelmaydigan sirlarini ham unga aytib iqror boʻlishi mumkin.
– Yoshim ellikda – derdi Silvana. – Ammo shu choqqacha na oʻzimga yoqqan birorta rolda oʻynadim, na oʻzimga munosib birorta erkakni topdim. Deyarli hech nimaga erisholmadim, yigirma yil avval qanday boʻlsa – hozir ham shunday, goʻyo hammasi oldinda. Axir, men ellikka kirdim!..

Vitaliy nimadir dedi. Silvanaga u goʻyo: «Vujud qalbdan koʻra tez qariydi. Qalb qarimaydi. U doim yigirma yoshda. Hammamizda shunday, demak, senda ham», deyotgandek tuyuldi.
– Baribir ham oʻzimga achinaman. Bir umr Muhabbatimni izladim-u, topolmadim.
– Ayb oʻzingdadir-da?
– Oʻzimda, oʻzimda. Aybim – murosasozligim. Bir umr uchraganining etagidan tutib yuribman-a! Yolgʻiz qolmoqdan qoʻrqardim-da. Kim bilan birga boʻlmayin, xayolan Uni kutardim. Ikki jon ovorasi! Tavakkal ham qilish kerak-da. Mana, sen hayotingni xavf ostiga qoʻyib boʻlsa-da, maqsadingga erishibsan-ku.
– Shundaymikan-a?
– Boʻlmasam-chi! Sen – haqiqiy tirik insonsan. Men bilganlar esa – oʻzining sha’n-shavkati deb titrab-qaqshaydiganlar bari. Ular faqat tashqi koʻrinishning gʻamida, mudom poʻrim boʻlib, oʻziga oro berib yuradi. Seni esa moda-podayam qiziqtirmaydi, sen hatto tirnogʻingga ham qaramaysan. Oʻzing xohlagandek yuraverasan, senga birov bir nima deyolmaydi, chunki turish-turmushing shu, tabiiy. Sening oldingda anovi galstuk taqqan olifta boyvachchalar naqadar kulgili ekanini bilsang edi!
– Yuragingdan urdimmi deyman?
– Gap undamas, shunchaki bir-birimizga oʻxshash ekanmiz. Men ham aslida sendaqaman. Ammo yolgʻizman.

Silvananing koʻzlari battar yoshlandi.
– Ie, yana nima boʻldi? – dedi Vitaliy uning qoʻliga sal barmoq tekkizib.
– Ezilib ketdim-da. Halovatim yoʻq. Goʻyoki chinakam bir Muhabbat umr boʻyi meni kutgan-u, men uning yonidan oʻtib ketgandekman. Men aslida shuhrat qozonib, koʻplab doʻstlar orttirib, oʻshalar orasidan Uni toparman degan xayolda kinolarda oʻynaganman. Ammo na husn, na mashhurlik bu borada chikora ekan. Iste’dodliman, buni bilaman, biroq ayol zotining bor baxti –umr yoʻlini birgalikda dadil bosib oʻtish mumkin boʻlgan Oʻsha insonni topa bilishida ekan. Mening esa baxt qushim qoʻlimdan chiqib ketgandek...
– Hamma ham shunday deb oʻylaydi, – dedi beparvolik bilan Vitaliy.
– Lekin men oʻzim uchun bittaginaman-da.
– Hammayam oʻzi uchun bitta.
– Xoʻsh, seningcha, nima qilishim kerak endi?
– Peshonangdan koʻrasan-da bu yogʻini.
– Peshona, peshona deb yuraversa... Menga hozir kelajak hayotim oldingisidan koʻra ravshanroq tuyulyapti. Goʻyo hammasi hali oldindadek.
– Keksalik alomati bu. Yoshlarga esa bari ortda qolgandek tuyuladi.
– Bagʻritosh odam ekansan.
– Men oʻzimga ham ana shunday shafqat qilmayman. Kishi haqiqatning koʻziga tik qaray bilmogʻi kerak.
– Qobiliyatli odam qarimaydi. Iste’dod – yoshlikning aks sadosi.
– Oʻzingni mana shunday aldab-ovutib yuraver. Mendan maslahat soʻrasang, odam yoshiga yarashgan ishni qilgani ma’qul.

Silvananing qoshlari chimirildi.
– Bu nima deganing?
– Ana, daraxtga oʻxsha, daryodek boʻl.
– Daraxtning bargi toʻkiladi-da. Daryong esa muzlaydi.
– Sen ham shunday boʻl. Choʻchima bundan. Muhimi, qadr-qimmat. Qadr-qimmatsiz odamning ahvoli ma’lum. Oʻzingni oʻzing xor qilma, yuzingni mana bunday tomoshaqovoqqa oʻxshatib yurishingni qara! Odam degani odamdek boʻlib qarishi kerak-da.

Silvana katta-katta koʻzlarini loʻq qilib Vitaliyga tikilib qoldi. Uning gap-soʻzlari sal telbanamo edi. Ammo ana shu telbanamolik zamirida odamga qandaydir taskin beradigan, hay, nima boʻpti degandek xotirjamlikka undaydigan nimadir bor edi. Inson tabiatning bir boʻlagi va uning qonunlariga boʻysunib yashamogʻi kerak. Toshdan boshqa jami jonu jonzot kabi.
– Daraxtga oʻxshab barg toʻkmoqqa yoki daryoga oʻxshab muzlamoqqa vaqt bor hali, hozir ayni kuz-ku – men nima qilishim kerak, ayt?
– Qishga hozirlik koʻraver. Asta-sekin.
– Sen-chi?
– Men ham shunday qilaman.

Ikkalasi bamisli bir safda edi. Bu saf qahraton qish ayyomiga yaqinlab qolgan. Undan u yogʻiga – xudo poshsho!

Daf’atan Silvananing miyasidagi tuman tarqab ketgandek boʻldi. Mavhumlik barham topdi. Uning oʻrnini tansiq bir halovat egalladi, goʻyo bari joy-joyiga tushdi. Qushdek yengil tortdi. Ertalab bu yerga nimaga keldim oʻzi, degan oʻy unga tinchlik bermayotgan edi. Shuncha olis masofadan bekorga kelmagan ekan – mana, hayotida endi hech qanday oʻzgarish boʻlmasligini anglab turibdi. Oldinda esa – qoru qirovli qish! Oʻylab qarasa, hozirgi hayotidan nolimasa ham boʻlarkan. Endilikda koʻngilni bir joyga qoʻyib, oʻtgan-ketganini xotirjamgina sarhisob qilib, boriga esa shukrona aytib yuraverish mumkin. Mudom qayoqqadir oshiqishga ham hojat yoʻq endi. Toʻxtab, bemalol tevarak-atrofni koʻzdan kechirish imkoni bor: mana – uylar, odamlar, manabu esa – men, oʻzim...

Vanna tarafdagi suv quvurida allaqanday guvillash eshitildi. Vitaliy unda bir nosozlik borligini fahmlab, darhol oʻrnidan turdi-da, vannaga kirdi. Qandaydir murvatni qotirib qoʻydi, yana birini boʻshatdi.

Silvana orqasidan kelib uni kuzatib turardi.
– Ha? – dedi Vitaliy.
– Odam sen bilan bexavotir sezadi oʻzini. Suvda ham, quruqlikda ham, – dedi Silvana italyanchalab.
– Pul-muling kerak emas, – dedi Vitaliy. – Har holda mehmonsan...

Hali kun yorishmagan, gʻira-shira bir palla edi. Kechagi darbon hali almashmabdi, biror burchakda miriqib uxlab olgan koʻrinadi – tetik-bardam boqib turibdi.
– Yaxshi boring, – dedi u Vitaliyga.

Vitaliy miq etmadi. Chunki u gapga javob qaytaradigan ahvolda emas edi.

Koʻz oldida faqat boyagi ayolning yuzi, toʻgʻrirogʻi, chaqaloqnikidek har daqiqa oʻzgarib turadigan yuzlari: bir qarasang yigʻlab yuboradi, bir qarasang kuladi. Oʻzining Nadkasi ham shunaqa. Umuman, ayol zotining hammasi shu: italyanmi, rusmi, millionermi, kambagʻalmi – farqi yoʻq. Sevsa va sevilsa, bas, shundan boshqasi kerak emas unga. Aytadilar-ku, podshoning koʻngli qurbaqaga tushibdi deb. Buyam shunchaki bir matal-da. Albatta, qurbaqaga ham koʻngil qoʻyish mumkindir-u, ammo bu oʻtkinchi hol. Vaqti kelib, baribir qurbaqa ekanligi ma’lum boʻladi.

Italyan ayol uni boshqa odam deb oʻyladi – okeanni suzib oʻtgan anovi frantsuz deb. Vitaliy ham, yoʻq, men u emasman, demadi. Demak, aldadi. Yana aldadi. Doim yolgʻon gapirgani gapirgan. Mavrid-bemavrid. Odat boʻlib qolgan. Haligi frantsuz odamlarni deb shoʻr suv ichibdi, xom baliq yebdi, akulalardan ham qoʻrqmay tunu kun okeanda yuribdi. Vitaliy-chi, ishdan boʻsh vaqtida birov uchun hatto qoʻlini sovuq suvga urmaydi, dunyodagi bor quvur yorilib, odamlar tizza boʻyi suvga kechib yursa ham!

Vitaliy xayol bilan boʻlib Yauze daryosi qirgʻogʻiga kelib qolibdi. Tonggi gʻira-shirada Andronev monastiri oqarib koʻzga tashlanar, devor etagida yuk moshinasining gʻildiragi qorayib turar edi.

Vitaliy ana shu rezina chambarni yumalatib suvga tushirdi, soʻng oʻylab oʻtirmay uning ustiga chiqib oldi-da, qoʻli bilan eshkak eshgan misol suzib ketdi.

Uni keyin allaqaerdadir suvdan tortib olishdi.

Trofimov bardan tongga yaqin chiqqan edi. Tungi shahar boʻylab piyoda kezarkan, oyoq tovushlaridan boshqa sasni eshitmasdi. Ne-ne voqealarga guvoh tarixiy binolar yonidan oʻtayotib, shahrim naqadar goʻzal-a, deb oʻyladi u. Avvallari bunga e’tibor bermas ekan-da.

Umuman, shu choqqacha koʻp narsaga e’tibor qilmay yurgan ekan u – xuddi birgina oʻpka bilan nafas olib, birgina koʻz bilan qarab yashagandek. Endi esa goʻyo toʻyib-toʻyib nafas olar, butun vujudi koʻzga aylanib boqar atrofga, zavqi ichiga sigʻmas edi.

Silvana bardan chiqib ketganicha qaytib kelmadi, suvchi ham allaqayoqqa gʻoyib boʻldi. Mayli, hechqisi yoʻq. Yosh bola emas. Adashib qolmas. Trofimovning oʻziga kelsak, u Silvana atalmish darddan butunlay forigʻ boʻldi. Goʻyo vujudi ham allaqanday yengil tortgandek. Mana, endi u bemalol nafas oladi, ona shahridagi oʻzgarishlarni koʻrib koʻzi quvnaydi, muhimi, bundan bu yogʻiga hayoti boshqacha, mazmunli boʻladi.

Injilda «Sigʻinmagil osmon deb» mazmunidagi hikmat bor. U «Birovning joniga qasd qilma», «Birovning moliga koʻz olaytirma» singari diniy oʻgitlar bilan bir qatorda turadi. Demak, ma’budga sigʻingandek birovga sigʻinish – tirik jonga qasd etishdir. Ya’ni joningni unga baxsh etasan, faqat uni deb yashaysan, jisming oʻzingniki-yu, qalbing uniki. Bu oʻzligingni unutish, oʻz-oʻzingga xiyonat bilan barobardir.

Trofimov Arbat koʻchasidan ketayotir, ozod-erkin Trofimov — jismi ham, ruhi ham faqat oʻziga tegishli. Na Silvana, na yillar mobaynida vujudida kezgan anovi tillarang la’natilar, na yuragini kemiruvchi qoniqmaslik hissi va na oʻzi erisholmagan boshqa hayotga havas qiynaydi uni endi. U oʻzini oʻsha – oʻn besh yashar oʻsmirdek his etardi. Hayot hali oldinda, xuddi alpinist kabi uni qayta zabt etish mumkin, hammasini qaytadan boshlash emas, yetib kelgan joyidan yanada yuqoriroqqa qarab intilmoq kerak – tik va baland qoyaga, eng yuksak choʻqqiga! U yerda magʻrur qad kerib, atrofga nazar tashlamoq va bayroq qadamoq uchun!

Oʻtgan oʻttiz yil mobaynida Trofimov oʻzini unchalik oldirmagan, hali ham navqiron koʻrinardi. Xuddi shu vaqtgacha muzlatgichda saqlanganu hozirgina undan chiqib kelayotgandek – yangidan kuch toʻplab, hayotga ishonch bilan.

Xotini ham, oʻgʻli ham oʻz xonasida begʻam-betashvish uxlab yotgan ekan. Negaki ularning suyangan togʻi bor. Ular buni hatto uyquda ham his etadi. Trofimovning vujudini mayin bir iliqlik, qanoat hissi qamrab oldi. Ayoli va oʻgʻlining borligiga, shu ikki insonning hayotiga oʻzi mas’ul ekaniga u ich-ichidan shukrona aytdi. Mana bu uning ayoli, mana bu uning oʻgʻli. Trofimov shularga kerak. Demak, u yolgʻiz emas.

Odatdagidek, uyda non yoʻq ekan – oʻsha, chumoli talab yotgan mogʻor bosgan boʻlak-soʻlakdan boshqa. Nimjon, xuddi yozuv moshinkasining chiziqchasiga oʻxshagan uvoqqina chumolilar boʻzchining mokisidek u yoqdan-bu yoqqa zir yuguradi. Shunday beozor koʻrinadigan jonzotning «termit» deya vahimali nom bilan atalishi-chi, butun boshli yogʻoch uyni yeb bitirishi mumkin ekan-da shuginalar!

Xotini boʻsagʻada sassiz, sharpadek birdan paydo boʻldi.
– Nonga chiqib kelaymi? – deb soʻradi Trofimov.
– Oʻzim ham chiqib kelaveraman.
– Yur, birga chiqamiz.
– Nega endi? – hayron boʻldi xotini.
– Birga-birga-da, – dedi Trofimov shu soʻzning ma’nosini uqtirmoqchidek.

Xotini unga huv bir zamonlar yaxmalak maydonida oyogʻi ostiga kelib tushgan qizaloq singari jur’atsizgina tikildi. U eshik kesakisiga suyangan koʻyi xuddi bir begonadek taraddudlanib turardi.

– Kir, kiraver, – dedi Trofimov. – Nega turib qolding...