OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifVladimir Ikskul
Asar nomiNomus va ajal (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Eston adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Vladimir Ikskul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonTohir Malik
Hajm271KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nomus va ajal (qissa)
Vladimir Ikskul

Zoliyxon togʻlarga yalinganida balki ularning rahmi kelib yorilib ketarmidi. Lekin nomusi tahqirlangan erkaklarning tosh qalbi yumshamadi. Temir xanjarini qinidan chiqarib, damini tekshirdi: oʻtkir! U chaqqon bir harakat bilan Zoliyxonning sochlarini kesib tashladi-da, koʻkragini ocha boshladi. Zoliyxon xuddi nolasini birov eshitib, yordamga keladiganday bor ovozi bilan dod soldi. Kuchiga kuch qoʻshilganday boʻldi. Erkaklar changalidan chiqish uchun tipirchiladi. O’ng qoʻlini Mshxotning changalidan chiqarib olib, yarmi ochilgan koʻkragini panjasi bilan toʻsdi.
— Bola... bola... goʻdakka rahm qiling!

Beor Kecha

Sharq tomondan kuchli shamol esyapti. Dargov vodiysi boʻylab uchib, xushtak chalib oʻynoqlayotgan bevosh shamol Qizildon soyining suvlarini chayqatib, koʻpiklatib xarsangtoshlarga, qoyalarga urdi. Bulutlarni ham chok-chokidan soʻkib tashlagan telba shamol, laxtak parchalarni qizlarning qalam qoshini eslatuvchi hilol atrofidan nari haydab ketdi. Soʻng xasrat bilan uv-v torta-torta oʻzini Tbau togʻining toshlariga urdi. Togʻ yonbagʻrida yoʻliga gʻov boʻlgan baland minoralar, Sagat Lamardon ovulining eski binolari atrofida sarsari kezdi.

Biror zarurati yoki muhtojligi boʻlmagan odam bunday ob-havoda uyda oʻtirishni ma’qul koʻradi. Osetinlarning yarmi oshxona, yarmi esa turar joyga moʻljallangan uylari bu paytda issiq, tanga rohat beradigan boʻladi. O’choqqa ilingan qozon ostida alanga raqsga tushadi, tashqarida esa boʻron hamma yoqni ostin-ustun qilib yuborish qasdida pishqiradi. Erkaklar toshkursilarda oʻtirishib, olovga oʻychan tikilganlaricha birin-ketin tamaki oʻrab tutatadilar. Bunday oʻtirish erkaklarga yarashadi. Mehnatkash osetin ayollari esa bu vaqtda oʻzlariga yarasha biron yumush bilan mashgʻul boʻladilar.

Ovulning adogʻida keng bir qoʻrgʻon bor. U bir-biri bilan qoʻshilib, qal’aga oʻxshab ketgan ovuldagi uylardan keyinroq qurilgan. Yuqoridan turib qaragan odamga boshqalardan oʻzini chetga olib, mungʻayib qolgan yetimchaga oʻxshab koʻrinuvchi bu qoʻrgʻon Tutsat deb atalmish yuqori diniy martabali shajaralarini qadimiy yunonlarga bogʻlovchi avlodning boshligʻi Zaurga tegishli. Diniy hukmronlik unga ota-bobolaridan meros boʻlib qolgan. Islom Qofqazga kirganda, Zaurning ajdodlari bu dinni majburan, yuzaki qabul qilishgan edi. Aslida esa oʻzlarining qadimiy urf-odatlariga sodiq qolaverishgandi. Ularning «Ila» deb atalmish ilohlari qadim zamonlarda qanday boʻlsa, endilikda ham dzuar farishtasining himoyachisi, momaqaldiroq va yomgʻir xudosi sifatida sharaflanardi. Ularning ruhoniylari esa xalqning yoʻlboshchilari sifatidagi martabalarini saqlab qolishgan edi.

Asrning oʻrtalarida tutsatlar Sagat Lamardondan uch chaqirim naridagi tik va havfli qoyalar orasida joylashgan Nayfat qal’asida yashar edilar. Abxaziya knyazi Shervashidze Osetiya vodiylariga lashkar tortgan kezlari muqaddas Nayfat qal’asini vayron qilib tashladi. Tutsatlar uni qayta tiklamadilar. Shu yaqin oradagi Sagat Lamardonga, xizmatkorlari – kodatlar va shidatlar istiqomat qiluvchi ovulga koʻchib oʻtdilar. Ammo qadimdan ardoqlanib kelinayotgan odatlarni kanda qilmadilar. Ular har yili muqaddas bayram kunlari Nayfat qal’asiga kelib, butun qolgan hujralarda ikki hafta yashar edilar. Ila xudosini sharaflovchi bayramni bu yerda oʻtkazish an’anasi sira buzilmagan edi.

Moskvaning «ikki boshli burguti» Qofqaz uzra qanot yoyganida vodiyliklar nasroniy dinini qabul qilishga majbur boʻlishdi. Bu safar ham ular dinni shunchaki xoʻjakoʻrsinga, yuzaki qabul qilishdi. Bu safar ham qadimiy urf-odatlariga sodiq qolishdi. Yangi din ham yomgʻir va momaqaldiroq hukmroni ekanini bilishgach, oʻtkir farosatlarini ishlatib, oʻzlarining xudolari - Ila nasroniylardagi avliyo Ilyaning aynan oʻzidir, degan xulosaga kelishdi-yu, begona din ta’qibidan qutulishdi. Shu tariqa qadimdan qolgan bayramlarini oʻtkazishga ham monelik boʻlmadi.

Bu yerliklarning hozirgi ruhoniy otalari Zaur Tutsat oltmish yoshdan oshgan boʻlsa-da, hali baquvvat edi. U ota-bobolaridan meros qolgan qalb tarbiyasiga alohida e’tibor berib, urf-odatlarga qat’iy ravishda rioya qilardi. Ajdodlarining ruhoniy meroslarini hamma narsadan a’loroq qoʻyar, shuningdek, nomus va hayot xususidagi oʻgitlariga mutaassiblarcha boʻysunar edi.

Xotinining koʻzlari ojiz boʻlib qolgani uchun uy yumushlari uning suyukli qizi goʻzal Zoliyxon zimmasida edi. Zaur Tutsat oʻgʻillaridan roʻshnolik koʻrmadi. Toʻngʻichining ismi Qoʻrgʻok edi. Urf-odat qoidalariga koʻra merosxoʻri va ishining davomchisi hisoblanmish katta oʻgʻil gung-soqov edi. U biron nima demoqchi boʻlsa, hayvonning ovoziga oʻxshagan tovush chiqarardi xalos. U chaqaloqligida ilashgan ogʻir kasalning asorati tufayli kar boʻlib qolgandi. Tutsatlar bu holatni turlicha talqin qilar edilar. Koʻplarining bu boradagi fikri bir – Zaur Tutsat biron bir ilohiy qoidani buzganligi uchun Tbau togʻlarining xudosi Ila unga shunday jazoni loyiq koʻrgan.

Ikkinchi oʻgʻli – Suzarko jasurlikda va chaqqonlikda tengsiz edi. Xudo chiroydan ham bergandi. U bu yerlarning eng suluv yigiti va raqqosi sanalardi. Osetiyaning hamma tomonlaridan yoshlar bayramga toʻplanishgan onda ham uning oldiga tushadigani topilmas edi. Ammo u merosxoʻrlikdan boʻyin tovlab, otasini gʻaflatda qoldirdi-yu, sirk chavandozlariga qoʻshilib ketdi. Suzarko bir kuni shaharga tushganida sayyor sirkka duch keldi-yu, taqdirini oʻzi hal qilib qoʻya qoldi. Katta maosh, tomoshalardagi olqishlar, sirkning oʻziga xos bezakli hayoti yigitni oʻziga maftun qilib qoʻydi. U ota merosi oʻrniga chavandozlikni afzal deb bildi.

O’gʻlining ahdini eshitganida ruhoniy ota dastlab oʻz quloqlariga ham ishonmadi. Keyin uni oq qildi-yu, oʻgʻli haqidagi xotirani qalbidan butkul oʻchirib, uni oʻldiga chiqardi. Xotini bilan qiziga hatto «marhum»ning nomini tilga olishni ham taqiqlab qoʻydi.

Ukasi Tambiga xudo koʻp oʻgʻil bergan edi. Zaurning oʻrnini meros qilib olishi lozim boʻlgan Tambi shundaygina qoʻshni hovlida yashardi. O’gʻillaridan umidini uzgan Zaur Tutsat ukasiga oʻzining yuqori martabasini qoldirish bilan cheklanmay, sehrgarlik, fol ochish sirlaridan ham voqif qilishni oʻylab qoʻygandi.

Xonadon sohibi man etshiga qaramay, koʻzlari ojiz ona oʻgʻlini hech unuta olmas edi. Kuchli va chaqqon oʻgʻli tez-tez xayolida namoyon boʻlaverardi. Eri biron yoqqa ketgan damlarda yoki yaqin atrofda boʻlmagan onlarda Zoliyxonni yoniga chaqirib, oʻgʻli haqida gaplashib oʻtirishni yaxshi koʻrardi.

Bu kecha Zaur oʻgʻli Qoʻrgʻok hamrohligida qoʻshni ovuldagi bemorni koʻrgani ketgani sababli ona-bola uyda yolgʻiz, oʻz ishlari bilan mashgʻul boʻlib oʻtirardilar. Tashqarida hamon boʻron uvlaydi. Kampir ikki qoʻlini choʻzib oʻtirib olgan, ikki bilagiga halqa qilib tashlangan ip toʻplamini Zoliyxon toʻp kabi yumaloqlab oʻrardi.

Tashqarida itlar huriy boshlagach, Zoliyxon qoʻlidagi ipni onasining etagiga tashlab, hovliga shoshildi. Ostona hatlashi bilan odam qorasiga koʻzi tushdi. Xanjarini qinidan sugʻurgan notanish odam tinmay hurib, hamlaga shaylanayotgan ikkita katta itdan oʻzini himoya qilib turardi. Baland boʻyli, qomati kelishgan bu yigit togʻliklarning milliy kiyimida edi. U tish-tirnogʻigacha qurollangan – toʻpponcha, miltiq, xanjar – hammasi mukammal edi.

Zoliyxon ovoz berib, itlarni chaqirdi. Itlar norozilik bildirganday bir gʻingshib olishdi-yu, ammo bekalarining amriga itoat etib, tinchishdi. U notanish odamning ta’zimiga yengil ta’zim bilan alik oldi-da, uni qoʻnoqxonaga boshladi. Qoʻnoqxonadagi anjomlar oddiygina edi: yerga yapaloq tosh toʻshalmay, suvab qoʻyilgan, devorga yonboshlatib supa qilingan, kichkina darcha roʻparasida katta kamin-oʻchoq bor, supa atrofiga taxta kursichalar qoʻyilgan.

Zoliyxon otasi bilan akasining uyda emasligini aytib, mezbonlik vazifasini qiz boshi bilan oʻzi bajarayotgani uchun undan uzr soʻradi. Qiz togʻliklar odatiga binoan uning kimligini, nima uchun bu yerga kelganini surishtirmadi. U - mehmon, mezbon uchun shuning oʻzi kifoya. Qiz kamindagi olov alanga olib, xonani yoritgunicha tiz choʻkkanicha oʻtirdi. O’rnidan turgach, yoʻlovchining ivib ketganini koʻrdi.
— Olovda quritib oling,-dedi u kamin tomon qoʻli bilan ishora qilib. Soʻng qoʻnoqxonadan chiqdi-da, hovlini kesib oʻtib, uyga kirdi. Onasiga notanish mehmon tashrif buyurganini aytib, unga ovqat tayyorlashga tutindi.

Zoliyxon gʻoyatda chiroyli edi: boʻy-basti kelishgan, yurishlari chaqqon – huddi kapalak yer uzra uchib yurganday, yuz-koʻzlari neppa-nozin, sochlari xuddi ipakday mayin, qop-qora...

Qiz chiqib ketgach, mehmon qurollarini devordagi mixqoziqqa ilib, cherkascha kamzulini yechdi-da, olovga tutdi. Olov tafti urilgach, kiyimdan yengil hovur koʻtarildi. U oyoq kiyimini – qofqazcha charm paypogʻini ham yechib, olovga yaqin qoʻydi.

Yuziga, peshonasiga erta tushgan ajin uning hayot yoʻli gʻam-alam, ayriliq azobiga toʻla ekanidan darak beradi. Ammo olov kabi chaqnab turgan koʻzlari bu azoblarga bandi emasligini bildiradi. U qurigan paypogʻini kiyayotgan damda Zoliyxon taom koʻtarib kirdi. U qofqazcha pastak xontaxtani mehmon yaqiniga tavozelik bilan surib, keltirgan noz-ne’matlarni uning ustiga qoʻyib, qadahga pivo quydi. Keyin ovqatdan tatib koʻrishga taklif qilib, oʻzi xonaning qorongʻi burchagiga oʻtdi-da, «mehmonga yana biron xizmat zarur boʻlib qolar», degan maqsadda kutib turdi.

Yigit qizga bir qarab olgach, taomga qoʻl uzatdi. Shoshilganicha ovqat yeyishi ochqab qolganini oshkor qildi. Qizning koʻzi devorda, olov roʻparasida osigʻliq turgan sariq rangli kamzulga[1] tushdi. Uning tashqi koʻrinishiga qarab anchadan beri sovun koʻrmaganini payqash qiyin emasdi.
— Kamzulingizni yuvib qoʻyaymi?-dedi u qoʻngʻiroqdek yoqimli ovozi bilan.
— Yaxshi boʻlardi,-dedi mehmon, taomdan bosh koʻtarib. Soʻng qoʻshib qoʻydi:-Bundan kamzulim zarar koʻrmaydi. Egnimdan tushmaganiga ham koʻp boʻldi.

Qiz uyga oshiqdi. «Bu odam abrekka[2] oʻxshaydi,-deb oʻyladi u oʻzicha. –Ehtimol qonli qasoskorlardan qochib yurgandir...»

Zoliyxon katta yogʻoch togʻoraga issiq suv quyib, qoʻnoqxonaga qaytdi. Yenglarini shimarib, kamin yoniga choʻkkaladi-da, kamzulni yuva boshladi.

Kamindagi oʻtin chirsillab yonyapti. Alangadan sachrayotgan yorugʻlikda qizning qop-qora sochlari yaltiraydi. O’gʻrincha qarab-qarab qoʻyayotgan yigit qiz chiroyining sehriga maftun boʻla boshlaydi.

Tashqarida boʻron hushtak chalib, uvlaydi. Xona ichi issiq, tanga rohat beradi. Yigitning koʻzi devorda osigʻliq turgan fandirga[3] tushdi. Suzarko bu xonadonni tark etganidan beri fandir egasiz ravishda osigʻliq turardi. Mehmon koʻpdan beri musiqa asbobini koʻrmagan edi. Shu topda kuy chalib, qoʻshiq aytmoqqa unda ishtiyoq tugʻildi. Bir vaqtlar u chalgan kuy , u aytgan qoʻshiq har qanday kishini oʻziga rom qilib olardi.

* * *

Yigit oʻrnidan turdi-da, fandirni qoʻlga oldi. Avaylaganicha sozladi. Zoliyxon esa uning harakatiga ahamiyat bermay, boshini egib olib kir yuvishda davom etardi. Yigit bir oz sukut saqlagach, fandir torlarini dadil chertdi. Shundagina qiz u tomon qarab qoʻydi. Kuyga qoʻshiq ulandi. U oʻz xalqining jangovor qoʻshigʻini ayta boshladi:

Qindan qilich sugʻursak tangrining nomi bilan,
Va tilla gʻiloflarni jaranglatsak - oʻsha kun;
G’anim qonini soʻrsak tangri imoni bilan,
Ham yoyli kamonlarni taranglatsak – oʻsha kun;
Da’vatkor qoʻshiqlarni balandlatsak – oʻsha kun;
Yov qishloqqa oʻt qoʻysa, yondirsa tepalarni,
Ibodat xonalaridan vahshiy olov porlasa;
Odamlar tashlab qochsa kultepa kulbalarni,
Lekin bir his ularni birlashmoqqa chorlasa;
Shu tuygʻuni ularga anglatolsak – oʻsha kun;
Qaytgan shamol misoli shashti tushgan olomon,
Boʻri quvgan qoʻy kabi tirqirab qochar boʻlsa;
Yo vahima toʻriga tushib qolib beomon,
Eng oliy niyatlaru orzudan qochar boʻlsa –
Shu orzuni bir qayta porlatolsak – oʻsha kun;
Belanchakda goʻdaklar faryod chekib qoʻrquvda,
Qandaydir koʻkraklarga oʻzlarini otishsa;
Qichqirib va dod solib, orom topmay uyquda,
Himoyasiz qush misol sukunatda qotishsa;
Shunday payt panoh boʻlib ovutolsak – oʻsha kun;
Qizlar koʻngil qoʻyishsa lahzalik erki uchun,
Notanish erkaklarga, yetti yot begonaga.
Razillar tushib yelsa titrab-qaqshab kunu tun
Etaklarning ichiga – issiq xilvatxonaga;
Imkon topib ularni itqitolsak – oʻsha kun;
Tangrining muxlislari, jaholatning qullari,
Mangu shonu shuhratni sotib olsa agarda.
Xuddi shu kun anglaymiz pokdir kimning qoʻllari,
Kim oʻzini soflikda tenglay olar saharga?
Faqat mardlik bilinar beshubha-shak oʻsha kun!..

U jim qoldi.

Bu qoʻshiq Zoliyxon qalbini toʻlqinlantirib yubordi. Qoʻshiqchining shuhratu shonga munosib mard yigit ekanini uning yuragi sezdi. Yigitning jarangli ovozi ham jozibali, ham gʻolibona edi! Bunday qoʻshiqni faqat haqiqiy qahramongina, har qanday xatarga, hatto oʻlimga tik qaray oladigan jasur odamgina shu zaylda ayta oladi.

Qizning qoʻllari ishda, xayoli esa «Kim u?» degan savolga javob izlash bilan band.

Yigit ovqatlanib boʻldi. Endi uning kimligini, qayerdanligini soʻrab bilish mumkin. Zoliyxon unga qaradi:
— Sen kimsan, mehmon?

Yigit darrov javob qaytarmadi. Qizga sinov koʻzi bilan bir necha nafas qarab turgach, sekingina dedi:
— Men Urusxonman.

Bu soʻzni eshitishi bilan qiz qoʻrqqanidan seskanib ketdi. Qoʻlidagi kamzul togʻoradagi suvga shalop etib tushdi. Zoliyxon unga hayrat koʻzi bilan tikilib qoldi: «Boshi besh ming rublga baholangan, qoʻrqinchli, jasur, qoʻlga tushmas mashhur abrek – Urusxon shu ekanda, a?»

Urusxon qizning koʻzlaridagi hayratni, ayni choqda maftunlik uchqunlarini sezib, dedi:
— Mehmonni sotib qoʻymasligingga ishonaman.

Qiz unga qaradi:
— Zaur Tutsatning qizi Zoliyxon seni sotadimi? Oilamiz Tbau-uats-Ilaga xizmat qila boshlaganidan beri ajdodimizdan sotqin chiqmagan!-Qiz koʻtarinki ruhda shunday degach, bir oz sukut saqladi-da, choʻchinqiragan ovozda qoʻshib qoʻydi:-Biz farishtamiz Dzuardan qoʻrqamiz...

Bu gapni eshitib, yigit zaxarxandalik bilan jilmaydi.
— Sen undan qoʻrqmaysanmi?-deb ajablanib soʻradi qiz.
— Men hech kimdan, hech narsadan qoʻrqmayman,-dedi Urusxon sovuqqonlik va toʻnglik bilan. Keyin bu ohangi qizga malol kelganini anglab, yumshoqroq ohangda qoʻshib qoʻydi:
— Men shu paytga qadar ismimni birovga aytgan emasdim. Senga ishondim. Senga aytgim keldi.

Bu gapdan qalbi bir qalqib olgan Zoliyxonning yuzlariga qizillik yugurdi. Koʻz oldi tumanlashdi. Urusxonning ishonchi uning yuragiga soʻngsiz quvonch baxsh etgan edi.

Xuddi shu yerda, xuddi shu onda taqdir ularning qalblarini sevgi iplari bilan chirmab ketdi.
— Yana bitta qoʻshiq aytib ber... Bu yerda men juda kam qoʻshiq eshitaman,-deb iltimos qildi qiz.

Urusxon fandirni yana qoʻliga oldi. Endi yolgʻiz qolgan odamning alamli qoʻshigʻini ayta boshladi:

Deydilarkim, ushbu moviy olis-olis osmonda,
Mungli yulduz miltillarkan allaqaysi zamonda.
Deydilarkim, baland-baland tosh qoyalar uzra bot,
Tanho burgut oʻsgan emish behimoya, beqanot.
Deydilarkim, oʻrmon aro oʻsgan ekan bir archa,
Taqdiriga bitmabdi hech na yaprogʻu na shoxcha.
Yulduz debdi xudosiga: «Yaratganim, ey tangrim,
Menga ziyo ato etgil, yoritgali tunni jim».
«Tangrim, qanot bergil menga,- deb yalinmish burgut ham,-
Quyosh sari uchay yuksak, qanotlarim bilan man».
Archa sekin shivirlabdi: «Bersang shoxcha, barg sagʻal,
Boʻronlarda shovullayman, hayotim boʻlar goʻzal».

Qoʻshiq tugaganday boʻldi. Fandir torlari titrab turaverdi. Urusxon xoʻrsindi. Soʻng... barmoqlar yana torlarni chertdi. Yana dardli ovoz yangradi:

...Bu gʻamlarga toqatim yoʻq, oʻzimda ham qaygʻu koʻp,
Xor etilgan quvgʻindiman, oʻlmoqdaman baxt kutib.
Yer yuzda tanho oʻzim, hasratim moʻl, vatan yoʻq,
Qaro tunda nasibam boʻl, qaylardasan, daydi oʻq?...

Qoʻshiq tugadi.

Qoʻshiq sehridan oʻyga tolgan Zoliyxon beixtiyor ravishda kamzul suvini siqa boshladi. O’rusxon fandirni qoʻyib oʻrnidan turdi-da, qizga yaqinlashib, bilagini ushladi:
— Zoliyxon!

Qiz xuddi ilon chaqqanday sapchib tushdi, koʻzlaridan goʻyo olov uchqunlari sachradi:
— Qanday jur’at etding! Nahotki nomus va adabni unutgan boʻlsang? Olijanob mehmonning mezbonga minnatdorchiligi shumi? Sen uyda otam bilan akamning yoʻqligini, bir oʻzim yolgʻiz qolganimni bila turib... Uyal! Men Urusxondan bunday pastkashlikni kutmagan edim!

Yigit uning bilagidan qoʻlini oldi. Zoliyxon kamzulni olovga yaqinroq joyga ildi. Shu topda uning vujudini gʻazab qamrab olgan edi. Qarama-qarshi tuygʻular ogʻushida qolgan Urusxon boshini egdi:
— Sen haqsan... meni kechir,-dedi siniq ovozda.-Lekin sen mening qanday hayot kechirayotganimni bilmaysan. Men huddi quvilayotgan yovvoyi hayvondekman. Tanam haftalab, ba’zan oylab koʻrpa-toʻshak koʻrmaydi. Boshpanasiz bir daydiman. Bugun oʻrmonda, ertaga gʻorda, hali u yerda, hali bu yerdaman. Doimiy quvgʻindaman. Boʻron bugun meni sening uyingga haydab olib keldi. Olovda bir pas isinib, kiyimlarimni quritib olmoqchi edim. Boshqa niyatim ham, umidim ham yoʻq edi. Seni... tiz choʻkib oʻtirishingni koʻrib, vujudimni qandaydir sehr, qandaydir yengib boʻlmaydigan kuch egallab oldi... Kechalari uyga qaytganimda meni mehribonlik bilan kutib olib, erkalaydigan xotinga ega boʻlishga mening haqqim yoʻqmi? Nega endi men yolgʻiz, tashlandiq boʻlib, birovlarning mehriga zor yashashim kerak? Nega?!

Zoliyxon javob bermadi. U kamzulga tikilganicha tek turaverdi. «Sening bu darbadar hayoting menga qoʻl tekkizishing uchun haq bermaydi», deb oʻyladi u.

Urusxon qizga oʻychan va xafaqon tarzda qarab tura-tura iziga qaytdi-da, yana fandirni qoʻlga olib qoʻshiq ayta boshladi:

Zoliyxon goʻy qoʻshiq eshitmasdi. Balki kimdir uning qulogʻiga shivirlab arzi hol aytayotganday edi:

Aytgil, nechun tugʻilgan hamon,
Nafratga uchraydi haqiqat?
Benasiblik boʻldi hayotim har on,
Va yolgʻizlik hamisha qismat?
Nechun chappa aylanmas bu yer,
Mehvaridan chiqmas bu olam?
Hasratlardan qutulib axir,
O’zga hayot qurardik biz ham.
Zorlanolmas va lekin hech kim,
Zorlanganning oʻyilar koʻzi...
Yolgʻiz tangri ruhlarga hokim,
Taqdirlarni boshqarar oʻzi.
Ota-onam oʻtdi xoru zor,
Mening ham hayotim koʻp gʻamgin.
Qaygʻularda benavo va xor,
Men yoʻqotdim hayotim rangin.
Men oʻlarman... lekin tepamda,
Koʻz yosh toʻkib ezilmas inim.
Osmon oʻzi yigʻlaydi gʻamda,
Yomgʻir bilan yuvilar tanim.
Singillar yoʻq... inimga esa,
Borib yetmas pajmurda bu tan.
Dahshat, uni boʻrilar yesa,
Talashib och quzgʻunlar bilan!
Qarshi olmas hatto vatanim,
Na doʻstu yor qoʻlimdan tutar.
Ammo zindon kutayotir jim,
Va asirlik yaktagi kutar.
Kutar meni mogʻorada gʻam,
Va sukutning uzun qishlari.
Zanjirlarning shaldirashi ham,
Qalbning ogʻir xoʻrsinishlari...

Zoliyxonning qalbi titradi.

Urusxon qoʻshiqni tugatishi bilan sapchib turdi-da, fandirni bor kuchi bilan yerga urdi. Fandir mayda-mayda boʻlakchalarga boʻlinib ketdi.
— Sevgisiz hayotga ming la’nat!-Bu hayqiriq uning yurak-yuragidan vulqon kuchi-qudrati bilan portlab chiqdi. U hayajondan titraganicha tashqariga otildi. Nima gap boʻlayotganini chuqurroq anglab yetmagan Zoliyxon ixtiyorsiz ravishda bir sakrab uning yonida paydo boʻldi. Urusxon tashqariga chiqaman deganida cherkasidan ushlab qoldi.
— Toʻxtang! Shu yerda qoling...-dedi xansiraganicha.

Bu muhabbat va shafqat bir-biri bilan olishayotgan qalbdan chiqqan qat’iy ovoz edi. Yigit toʻxtab, oʻgirildi. Qiz uning qarashida hayronlikni koʻrib, mutelik bilan boshini egdi. Urusxonning chehrasini quvonch nuri yoritdi. Qizni oʻziga tortdi.

Qoʻnoqxonadagi supa ularning sevgisiga, vafo haqidagi qasamlariga tilsiz guvoh boʻldi.

Yoqimli ogʻriqdan qichqirish... soʻng erkalashlar... qaynoq minnatdorchilik...

Oh, Zoliyxon, nodon qiz-a! Nomussizlik sahrosiga qadam bosganini oʻylamadi-ya?! Bu sahroda ajal uni tashna boʻlib kutayotganini bilmadi-ya?! Pahlavoni bagʻrida aldamchi lazzat bulogʻidan suv ichayotganida gʻolib nafs unga benomuslik libosini kiydirdi, ajal esa betoʻxtov ravishda unga goʻr qaziy boshladi...

Tashqarida esa boʻron boʻri galasi kabi quturadi. Bahaybat daraxtlarni ildizi bilan qoʻporib, toʻlqinli Qizildonga uloqtiradi.

Yarim tunda Zoliyxon qoʻnoqxonadan chiqib, uyi tomon yurdi. Quturgan boʻron uni oʻz quchogʻiga olmoq istadi. Ammo yigitning haroratli boʻsalaridan olov kabi yonayotgan yuzlariga shamolning achchiq nafasi oʻz ta’sirini oʻtkaza olmadi. Uyiga kirib, onasining uxlab qolganiga ishonch hosil qilgach, yana qoʻnoqxonaga, sevgan yori huzuriga qaytdi.

Urusxon supada yotardi.

Qiz kursini uning yaqiniga surib, oʻz tizzasiga tirsagini tiraganicha oʻtirdi.

Urusxon chalqancha tushganicha qoʻllarini yostiq qilib yotibdi. Asta-sekin oʻchayotgan alanga nurlari qorongʻulik oldida kuchsiz boʻlib qoldi. Xona qorongʻulik hukmiga boʻysindi. Yigit qaddini koʻtarib, Zoliyxonni mehr bilan quchdi.
— Nima uchun seni shunchalar sevib qoldim?-dedi qiz entikib.
— Sen avval birorta yigitni sevarmiding?-deb soʻradi Urusxon bir daqiqalik sukutdan soʻng.

Qiz «yoʻq» deganday bosh chayqadi.
— Agar menga vafosizlik qilishni oʻylasang yoinki boshqa biror kimsa qalbingdan joy olar boʻlsa, u holda...-yigit xalqining odati boʻyicha bosh tomonda turguvchi xanjarini ushladi.

Qiz uning soʻzini ogʻzidan oldi:
— Mening qalbimni ham, hayotimni ham sen egallagansan. Tbau-uats-Ila buning guvohi!
— Abrekning yoʻdoshi boʻlish ogʻir,-dedi Urusxon.

Qizning koʻzlari chaqnadi:
— Men seniki boʻlganim bilan faxrlanaman, Urusuxon! Ovuldagi qizlar bundan xabar topguday boʻlishsa qanchalar havas, nechogʻli hasad qilishlarini tasavvur qila olsang edi!
— Buni hech kim bilmasligi kerak.
— Ha, albatta, xotirjam boʻlaver, Zoliyxon tilini tiya oladi.

U dagʻal kafti bilan qizning mayin sochini siladi.
— Nima uchun abrek boʻlding?-deb soʻradi qiz.
— O’sha kunga la’natlar boʻlsin!-Yigit shunday deb xoʻrsindi.-Akamning toʻyi edi. Biz oʻyin-kulgi bilan band boʻlib turganimizda kelin rad etgan yigit kelib, uni qizlar xonasidan oʻgʻirlab qochibdi. Men yonimga yigitlarni olib, uni quvib yetdim-u, oʻldirdim. Shundan beri berkinib yashashga majburman. Yashirinadigan joylarim, panohiga oladigan doʻstlarim koʻp. Ishonchli joyga xazina ham koʻmib qoʻyganman. Endi uzoqqa ketmayman. Men shu yaqin orada qolishni, sen bilan tez-tez koʻrishib turishni istayman. Chunki men seni sevaman... Sen menga yordam berishing kerak.
— Bu atrofda qayerga yashirinmoqchisan? Hamma yoq togʻu tosh-ku?
— Yashirinadigan joy bor...-yigit bir oz oʻylangach, davom etdi: muqaddas oʻrmondagi buloqboshiga boraman.

Urusxonning bu qarorini eshitgan qiz choʻchib tushdi:
— Shakkoklik qilmoqchimisan? Qadamjoni oyogʻosti qilish gunoh-ku! Tbau-uats-Ila jazosiz qoldirmaydi.

Bu gapni eshitgan Urusxon kuldi. Qiz esa uni ahdidan qaytarmoqchi boʻldi:
— Menga ishon, jonim, u yerga kirishga hech kimning haqqi yoʻq. Kirganlarni xudo albatta jazolaydi. Odam bir umrga kasal yoki aqlsiz boʻlib qoladi. Agar biror jonivor oʻrmonga kirib ketguday boʻlsa ham u yerdan haydashga hech kim botinmaydi.
— Qoʻyaver, menga balo ham urmaydi. Men Tbau-uats-Ilangdan qoʻrqmayman. Bularning hammasi boʻlmagan gap.
— Yoʻq, yoʻq, sevgilim,-dedi qiz xavotirli ovozda,-u rostdan ham jazo beradi. Bir kuni Daxsko degan chol u yerdan qoʻyini haydab chiqqan edi. O’shandan beri unga iblislar tinchlik berishmaydi. U yerga dumalab shunday tipirchilaydi-ki, hatto ogʻzi koʻpiklashib ketadi.
— Qoʻlimda qurolim bor ekan, hech qanday ruh, hech qanday odam meni yerga koʻtarib tashlamaydi, havotir olma,-dedi Urusxon yana kulib.
— Unday dema, Urusxon! Qoʻrqib ketyapman. Gaplaringni farishtalar eshitib qolishsa nima qilamiz? Bilaman, sen botirsan. Lekin haligacha hech kim xudoga qarshi chiqib, jazosiz qolmagan.
— Bas qil! Bundan keyin faqat mendan qoʻrq!-dedi Urusxon amr ohangida.

Yosh osetin goʻzali bu amrga itoat etib, bosh egdi. U yorini bu ahddan qaytarish uchun koʻp yolborishi, urinishi mumkin edi. Ammo bunga botinmadi. U ayni damda oʻz xojasini, oʻz yoʻlboshchisini topganiga ishongan, shuning oʻziyoq qalbiga gʻurur baxsh etayotgan edi.
— Otang qachon qaytadi?-deb soʻradi Urusxon, qizning itoatkorligidan mamnun boʻlib.
— Peshindan keyin.
— Menga yegulik biron nima tayyorla. Tongda chiqib ketaman. Ertadan boshlab ovqatni oʻrmonga oʻzing olib borasan.

Bu buyruqdan qiz bir seskanib tushdi:
— Urusxon!-dedi titroq ovozda.
— Zoliyxon!!-yigitning ovozida jahl, yengil boʻlsa-da, dagʻdagʻa ohangi zohir edi.

Qiz xoʻrsindi:
— Mayli, sen aytgancha boʻla qolsin,-dedi mutelik bilan.-Lekin meni oʻrmondan chiqib, jar yoqasida kutib olasan. Men baribir oʻrmon ichkarisiga qadam bosmayman.
— Yaxshi,-deb yon bosdi yigit.-Oy Tbau ustiga koʻtarilganda seni kutaman.

Zoliyxon uyiga chiqib ketish maqsadida oʻrnidan turdi. Lekin yigit yolgʻiz qolishni istamadi. Devor tomon surilib, unga joy boʻshatdi. Qiz itoat bilan uning yoniga yotdi. Kamindagi oʻt oʻchdi. Ahyon-ahyonda choʻgʻdan ajragan uchqunlar bu yerda ikki qalbni birlashtirgan muhabbatning qadimiy, umrbod, hayot yaratuvchi qoʻshigʻini eshitishga mushtoqday qorongʻulik bagʻriga sapchishadi. Bu qoʻshiqdan bahramand boʻlganlari evaziga xonaga yorugʻlik in’om etmoqchi boʻladilaru, ammo muddaolariga yetmay, zulmat quliga aylanadilar.

* * *

Tongda Urusxon hovliga chiqqanida yelkasiga sochiq tashlagan Zoliyxon oʻng qoʻlida mis oftoba, chap qoʻlida chilopchin ushlab, kutib turardi. Qiz suv quyib turdi, mehmon yuvindi. Keyin Zoliyxon qoʻnoqxonaga kirib, uning oʻrnini yigʻishtirdi-da, nonushta tayyorladi. Urusxon tamaddi qilayotganida qaynatib pishirilgan goʻsht bilan nonni roʻmolga tugdi.

Xayrlashish onida Urusxon Zoliyxonni belidan ushlagancha, oʻziga tortib, oʻpdi. Zoliyxon yuzini uning koʻkragiga qoʻyib, mahkam quchoqlab oldi. Urusxondan muqaddas oʻrmonga kirmasligini soʻrab, yana yolborgisi keldi-yu, botina olmadi – yuragi dov bermadi. Dardini ichiga yutdi-yu, xoʻrsinib qoʻydi. Abrek buni ajralish daqiqasining alamli iztirobi deb oʻyladi.
— Urusxonning xotini boshqa ayollar kabi yigʻlab-xoʻrsinmasligi kerak,-dedi u.-Xudo jonimizni soʻrab oladigan onga qadar qahramonligimizcha qolishimiz shart.
— Men harakat qilaman, Urusxon.

U ketdi.

Yelkasiga miltiq osgan Urusxonning Nayfatdagi muqaddas qadamjoga olib boruvchi soʻqmoqdan yuqoriga koʻtarilib borishiga qiz xavotir toʻla koʻzlarini qadab qoldi. U yoriga qoʻl silkishni yoki «xayr, jonim!» deb qichqirishni istardi. Ammo bunday qilishdan hayiqdi.

Tong quyoshining nuriga choʻmib yotgan ovul asta uygʻonmoqda edi. Istagini yenga olmasa sirining oshkor boʻlishi hech gapmas. U yorini nigohi bilan kuzatish, uning jar yoqalab dadil qadam tashlashiga mehr bilan boqish bilan cheklandi.

Qiz yigitga butun qalbini berdi. Urusxonning bir kechalik erkalashlari bu goʻzal qizni yori uchun jonini ham berishga rozi boʻlgan sevuchi xotinga aylantirdi.

Nayfat xarobalariga yaqinlashgan Urusxon yon-atrofga sinchkov nazar tashladi: hech kim yoʻq....

Hov pastda, koʻm-koʻk oʻtloq oʻrtasini irmoq kesib oʻtgan. Soqov qoyalar esa gerdayganlaricha koʻkka boʻy choʻzganlar. Soʻqmoq adogʻi muqaddas oʻrmonga taqaladi. U toʻgʻri yoʻl qolib, pastga, irmoq sohiliga tushdi. Suv oqimi boʻylab borib, oʻrmon etagiga yetdi.

Qadimiy chinorlar tomon qadam qoʻyishi bilan uning vujudiga beixtiyor vahima oraladi.

«Shakkoklik!» deb visirladi qandaydir ichki ovoz. Lekin bu ovozga bandi boʻlmadi. O’ng qoʻli bilan xanjari dastasini siqib, qoshlarini chimirdi-da, dadil yurib ketdi. Shu alpozda yurib, bahaybat chinorlar orasidagi buloq boshiga yetdi. Bayram kunlari ruhoniylar bu yerga kelib pivo qaynatish uchun shu buloq suvidan olardilar. Qurigan daraxt shoxlarini ham shu atrofdan toʻplashardi. Bu tomon otlangunlariga qadar avval roʻza tutib, ruhlarini poklab olgan gʻarib kiyimli odamlar badanlariga ilohiy suvdan yetkazib, jisman ham poklangach, duolarni oʻqiganlaricha ehtiyotlik bilan qadam bosib, muqaddas oʻrmon ichkarisiga asta-asta yurib kirib borardilar.

Buloq boshidagi mayin koʻkat mehribon mezbon singari Urusxonni dam olishga chorladi. Hech kimning nigohi tushmaydigan bu yer uning uchun havfsiz edi. Qadamjoga kelishga jur’at qiluvchi jasur odam bu atrofda topilmaydi. U behisob tunlarni mozoriston sagʻanalarida murdalar bilan oʻtkazgani uchun har qanday qoʻrquv va vahimani yengishga odatlangan edi.

Urusxon taom oʻralgan tugunni, qurollarini xarsang ustiga qoʻydi-da, koʻkat ustiga boʻrkini toʻshab yotdi. U yotganicha, oʻz xayollariga band boʻlib chekardi.

Kun bilintirmasdan tez qaridi. U tunni, sevgilisi keladigan paytni – oy chiqishini intiq kutardi.

Sovchi

Zaur Tutsat uyiga soqov oʻgʻli hamrohligida peshin chogʻi qaytdi. Otdan chaqqonlik bilan sakrab tushgan Qoʻrgʻok otasi egardan imillab siljigunicha jilovdan ushlab turdi. Uzoq yoʻl yurganidan ruhoniy otaning a’zoyi badani toliqqan edi. Uning vazmin qadam tovushlarini eshitgan ojiza kampir oʻrnidan qoʻzgʻoldi.

Zoliyxon esa eshik kesakisiga suyanganicha qimirlay olmaydi. Uning yuragi nima uchun bunchalar qattiq tepyapti?

Qoʻrgʻok otasiga ergashmay, egarlarni olib, otlarni oʻtloqqa haydadi.

Xotini bilan qizining salomiga alik olgan Zaur ogʻir-ogʻir qadamlar bilan yurib kelib, oʻchoq oldidagi kursiga oʻtirdi. Bir oz davom etgan sukutdan soʻng vazmin ovozda gap boshladi:
— Xitsada Temir Toʻtarayevni koʻrdim. Yaqin kunlari ichi u suruvini bu yerlarga haydab keladi. Qoʻylarini yoz ichi shu yerlarda boqmoqchi. U biznikida yashab turadi. Kelgan kuni qoʻy soʻyib, izzatini joyiga qoʻyish kerak.

Zaur qaysi bir mehmonni alohida izzat-hurmat bilan kutib olishni istagan taqdirdagina uning tashrifini avvaldan ma’lum qilardi. Ona-bola uning bu odatini yaxshi bilishadi. Temir deganlari Zaurning qalin doʻsti. Bu uyda koʻp mehmon boʻlgan. Biroq shu paytgacha uni alohida tayyorgarlik bilan kutishmagan edi. Endi uning poyi qadamiga qoʻy ham soʻyish kerak emish. Bunday izzatning tagida bir gap bor...

Zoliyxon bu yangilikning tagiga yetishga urinmadi ham, aksincha buni oʻziga aloqasi yoʻq bir xabar deb bilib, indamaygina chiqib ketdi. Qiz uyida boʻlayotgan voqealarga e’tiborsiz qarashga koʻnikib qolgan. U Temir Toʻtarayevning tashrifi oʻzining taqdiriga taaluqli ekanini oʻylab ham koʻrmadi. Uning butun fikru zikri hozir muqaddas oʻrmondan panoh topgan, xudo va barcha odamlarga qarshi chiqishga jur’at etgan jasur yigitda edi!

Qizining chiqib ketganini sharpasidan sezgan ojiza eriga murojaat qildi:
— Zaur, sendan bir narsani soʻrasam maylimi?
— Soʻrayver.
— Temir bekorga kelmayotgandir? Maqsadi nima uning?
— Nimagaligini aytdim-ku? Gapimga tushunmadingmi?-Zaur shunday deb xotiniga norozi qiyofda qarab qoʻysa-da, izoh berishga majbur boʻldi:-Qoʻylarini boqqani keladi.
— Zaur, sen nimanidir yashirmoqchi boʻlyapsan. Temirning maqsadi faqat qoʻylarini boqish emasdir?-Ojiza shunday deb oʻrnidan turdi-da, xassasi bilan yerni paypaslab, eriga yaqinlashgach, uning qoʻlini ushlab, yolborgan odamning tovushi bilan soʻradi:-Menga toʻgʻrisini aytaqol...

Zaur avvaliga indamadi. Bir oz sukutdan soʻng mujmal ravishda javob qaytardi:
— Sendan yashiradigan gap yoʻq, tashvishlanma. Temir oʻgʻli uchun biznikidan bir nimani olmoqchi.

Tashqaridan kelgan kishi bu gapni eshitsa, «Temir biron buyum ilinjida ekan-da», deb oʻylashi mumkin. Biroq onaning koʻngli bu mujmallik ortida qanday niyat yotganini darhol ilgʻadi.
— Zoliyxonnimi?-dedi ovozini balandlatib.

Bu faqat boʻlajak ayriliq dahshatiga tushgan ona qalbining faryodi emasdi. Uning ovozida qizidan ayrilgach, tun qa’rida yolgʻiz qolishdan qoʻrqish ohangi ham bor edi. U eridan qoʻrqadi. Zoliyxon esa uning birdan-bir quvonchi. Shuning uchun ham boʻlajak ayriliq xabari vujudini tilka-tilka qilib tashladi.
— Kerim qizimizdan rozilik soʻrabdimi?[4] Zoliyxon bu haqda menga hech narsa demadi-ku?
— Ichidan pishgan qizing sovchi yuborilishiga rozi boʻlgandir-u, lekin senga aytmagandir. Senlar bunaqa ishlarni mendan yashirib yurishga ustasanlar.

Ojiza eriga e’tiroz bildirishga jur’at etmasa-da, «yoʻq, qizim mendan hech nimani yashirmaydi», deganday bosh chayqadi.

Zaur xotiniga boshqa gapirmadi. Jimgina oʻtirib, oʻyga botganicha Tbau-uats-Ila oʻrmoniga tikilib qoldi.

Bu paytda Kerim Toʻtarayevning tutingan akasi Zurab Kodat ovul tomondan otini gijinglatib, ularning uylari tomon yaqinlashib kelardi. U cherkascha oq kamzul bilan oq papoq kiygan, dastasi bilan qiniga kumush suvi yuritilgan xanjar va kumush halli kamar taqib olgan edi. U hovlida turgan Zoliyxonga yaqin kelib, Qofqaz odaticha salom berdi: oʻng qoʻlini bir nafas koʻkragiga qoʻyib, keyin tushirdi.
— Zaur qaytdimi?-deb soʻradi.

Qiz muloyimgina, ayni damda oʻzini kiborlarcha tutgani holda javob qaytardi:
— Ha...

Zoliyxonning oʻzini kiborlarcha tutishi bejiz emas. Tutsatlarning urf-odatlari uning qon-qoniga singib ketgan. U Kodatlarning bir vaqtlar Tutsatlar xonadoniga qaram boʻlganini unutmagan. Epchil, ayni damda zehni oʻtkir boʻlgan Zurab qizning oʻzini tutishidan maqsadini anglasa-da, hech nima sezmaganday olijanoblik ohangida suhbat boshladi. U gʻoyat baodob edi. Har bir soʻzi, har bir harakatida erlik gʻururi bilan birga hilm ham mavjud edi. Mana shu xulqi bilan u martaba jihatdan yuqori sanaluvchi xonadon qizining kibr-gʻururini bosib olishga erishdi.

Yigit ovul yangiliklaridan soʻz ochdi-da, bayramning yaqinlashib qolganini gapira turib, doʻsti Kerim Toʻtarayevni maqtashga tushdi. Kerimning jasurligi, sofdilligini, oilasining badavlatligini va obroʻ-e’tiborining maqtovini keltirdi.

Xayoli Urusxon sogʻinchi bilan band boʻlgan qiz avvaliga bu ta’rifu tavsiflarni e’tiborsiz tingladi. Keyin uning maqsadini anglab, titrab ketdi.
— Zoliyxon, Kerimga borib nima deyin? Sovchi yuboraversinmi?

Bu savol qizning jonini sugʻurib olganday boʻldi. Zurabning javob istab tikilib turgan oʻtkir nigohi yuragiga oʻq kabi qadalganday boʻldi. Qani edi, bu nigoh chindan ham oʻqqa aylansa-yu, yurak qonini oqizsa... Shunday boʻlsa Zoliyxon ayni damda mingdan-ming rozi boʻlib tashlab ketardi bu dunyoni... O’tkir nigohini qadashga qanoat qilmagan Zurab savolini yana takrorladi. Endi uning ovozi goʻyo momaguldirak kabi guldirab, qizning boshi ustidagi osmonni mayda-mayda qilib yuborganday tuyuldi. Qani edi, chindan ham shunday boʻlsa-yu, osmon parchalari uning jonini ola qolsa... Zurab savolni uchinchi marta takrorlash oʻrniga «javob kutyapman», degan ma’noda tomoq qirib qoʻydi. Zoliyxon shundagina oʻziga keldi. Shoshilganicha:
— Yoʻq, yoʻq! Hech qachon, hech qachon!-dedi-yu, boshqa soʻz aytishga qurbi yetmadi. Shart burilib, uyiga oshiqdi.

Qizning harakatidan ajablanib qarab qolgan Zurab oʻsha kuniyoq Kadgaronga yoʻl olib, doʻstiga noxush xabarni yetkazdi.

Uzoq davom etgan tanish-bilishlikdan soʻng Zurab bilan Kerim aka-uka tutinishga qaror berib, qasam qadahidagi mayni ichish bilan bu ahdlarini qalblariga muhrlagan edilar. O’shanda Kerim Zaurning goʻzal qiziga oshigʻu beqaror ekanini aytgan, Zurab esa uning ogʻirini yengil qilishga bel bogʻlagan edi. Agar sovchilik bilan ish bitmasa ayyorlik va jasurlik bilan boʻlsa-da, qizni oʻgʻirlashga ham tayyor ekanini bildirgandi. O’sha yillari bu rejani amalga oshirish mumkin boʻlmagani uchun to shu kunga qadar toqat bilan kutishga toʻgʻri keldi. Kerim garchi ishq oʻtida yonib yursa-da, akasi uylanmagani uchun Zoliyxonga ogʻiz sola olmasdi. Qaysi osetin yigit akasidan oldin uylanibdi-ki, Kerim bunga jur’at qila olsa!? Akasiga insof kirishi qiyin boʻlib oylarni emas, yillarni sovurdi. Nihoyat ota-onasining gapiga kirib uylangach, Kerimning yoʻli ochilib, Zaurning qiziga uylanish niyati borligini otasiga aytdi.

Temirga oʻgʻlining tanlagani ma’qul keldi. U Zaurga qarindosh boʻlish orqali oilasining obroʻ-e’tibori oshajagini bilardi. Qolaversa, koʻp yillik doʻstliklari hurmati Zaur qalin puli soʻrashda insof qilar, degan niyatda edi.

Koʻzlari soddalik bilan begʻubor boquvchi, toʻladan kelgan, yuzlari chiroyli Kerim qizning rad etganini eshitib, avvaliga koʻngli oʻksidi. Soʻng «yaxshilik bilan rizolik bermasa, uni oʻgʻirlayman!» degan qarorga keldi. U yillar boʻyi muhabbat alangasida yonib, endi goʻzal qizga tezroq yetishishni xohlardi. Shu ahdiga mast boʻlib, qiz olib qochilgan taqdirda qalin puli bir necha barobar oshib ketishini oʻylab ham koʻrmayotgan edi. Niyatiga tezroq yetishni istayotgan oshiq yigitning koʻzlariga qalin puli emas, faqatgina qizning goʻzal chehrasi koʻrinayotgan boʻlsa ne ajab! Biroq jasurlikda tengsiz hisoblangan Zurab bu safar doʻstining ahdini ma’qullamadi. Kerim botir birodarining gaplaridan ajablandi. Havfli vaziyatga duch kelsa, olishishni sevadigan yigitning bunday ehtiyotkorligi uning uchun tushunarsiz boʻldi.

Bu togʻlarda Zurab oʻtmagan soʻqmoqlar qolmagan. Choʻldan oʻgʻirlagan otlarini faqat oʻzigina biladigan soʻqmoqlardan necha-necha marotabalab olib oʻtgani uchun ham unga har bir daraxtgina emas, har bir buta ham tanish, deyilsa lof boʻlmas. Uning doimiy hamrohi - xanjar yuzidagi dogʻlar dahshatli fojialarning tilsiz guvohi. Xanjaridagi dogʻlarni koʻrsatib gʻururlanishni xushlovchi Zurab bu on qurol bilan ish bitirib boʻlmasligini bilib turardi. Tutingan ukasining bezovta yuragini tinchitish uchun tushuntirishga harakat qildi:
— Sen har qanday ogʻir ishda menga bemalol suyanishing mumkin,-dedi u.-Faqat Zaurning emas, tutsatlardan qay birining boʻlsa ham qizini olib qochib, bu gerdayganlarning boʻynini egib, ezib qoʻyishni oʻzim ham xohlardim. O’zlarini bizlardan ustun qoʻyib yurgan bu ruhoniylarni bir tuzlasam oʻzim ham xumordan chiqardim. Lekin hozir buning vaqti emas, ozgina kutishga toʻgʻri keladi. Zoliyxonni koʻndirishga yana bir marta urinib koʻraylik. Koʻp qizlar birinchi safar ogʻiz ochilganda shunaqa noz-firoq qilib turishadi. Keyin rozi boʻlganini oʻzi ham bilmay qoladi. Sen bayramga borasanmi?

Kerim «ha, boraman», deganday bosh irgʻadi.
— Mana bu ishing toʻgʻri boʻladi. Sen unga yaqinlashib, raqsga taklif qilasan. Keyin men yana gaplashaman.
— Xoʻp, sen aytganday boʻla qolsan-dedi Kerim. Keyin bir oz oʻylanib turib, xavotir bilan soʻradi:-Boshqa biror yigitni sevib qolgan boʻlsa-chi?
— Boʻlishi mumkin emas!
— Nega?-dedi gumon pardasiga oʻralgan Kerim, unga najot koʻzlari bilan qarab.
— Agar birortasiga ishqi tushgan boʻlsa, tanlaganingga koʻz olaytirgan oʻsha mal’unning yuragini mening xanjarim allaqachon tilka-pora qilib yuborgan boʻlardi. Men kimman? Axir akangman-a! Xudo shohid, biron bir yigit shu niyatda bu hovliga yaqin yoʻlamagan. Yoʻlagan boʻlsa men albatta bilardim. Niyatingdan xabar topganimdan beri nigohim ertayu kech shu xonadonda boʻldi. Soqov bilan oshnaligimni bilasan-ku? Goʻzal Zoliyxonning yuragini oʻziga qaram qilgan yigit yoʻq bu olamda. Bu xonadonga ruhoniy otaning muridlaridan boshqa kimsa yoʻlamaydi.

Doʻstining tushuntirishlarini bee’tibor tinglayotgan Kerim uning gapini boʻldi:
— Zurab!
— Nima deysan?
— Sen borgin-da, Zaurdan iltimos qil: u ilohiy yogʻochlaridan soʻrab koʻrsin. Faqat... mening ismimni aytma. Doʻstim koʻngil qoʻygan qiziga yetishadimi yo yoʻqmi, degin, shuni soʻrab bilib bersa bas menga.
— Yaxshi, albatta soʻrayman, sen bu tomonidan hotirjam boʻlaver.
— Rahmat, Zurab.

Doʻstlar xayrlashishdi. Biri alam olovida qovrilib qoldi. Biri qiz qalbiga qanday yoʻl topish muammosi bilan garang holda qaytdi.

Avliyoning Bashorati

Ertasiga Zurab yaxshilab kiyinib-taranib, Zaurning uyi tomon yurdi. Oshnasining hovliga kirib kelayotganini koʻrgan Qoʻrgʻok shodon qichqiriq bilan uni qarshiladi. Zurab unga bir oʻram tamaki berdi. Qoʻrgʻok tamakini olib, shosha-pisha berkitdi-a, unga savol nazari bilan qaradi.

Zurab imo-ishora bilan ruhoniy otada zarur yumushi borligini bildirdi. Soqov qoʻnoqxona tomonda turgan kursiga ishora qilib «oʻtira tur», deganday boʻldi-yu, otasiga Zurabning niyatini ma’lum qilish uchun ichkariga kirib ketdi.

Zaurning xonasida ortiqcha jihozlar yoʻq edi: xonaning bir tomoniga joʻngina soʻri qoʻyilgan. Hafsala bilan bezak berilgan miltiq shu soʻri tepasiga osilgan. Ikkinchi tomonni Ila xudosini turli koʻrinishlarda tasvirlovchi suratlar egallagan. Toʻrdagi eng katta surat oldida moʻ‘jaz chiroq lipillab yonib turibdi. Uncha katta boʻlmagan dumaloq kursi ustida oq qayindan kesib olingan, yoʻgʻonligi barmoqdek keladigan toʻrtta tayoqcha koʻzga tashlanadi.

Qoʻrgʻok ichkariga qaragan mahalda Zaur ibodat bilan band edi. U Ilaning surati qarshisida tiz choʻkkancha pichirlab, dam-badam sajdaga bosh qoʻyardi. Ibodati nihoyasiga yetganda choʻqinib oldi-da, oʻrnidan turdi. Otasining ibodatdan turishini sabr bilan kutgan Qoʻrgʻok ovoz chiqarib, eshik tomonni koʻtardi. Zaur muridlaridan biri kelganini anglab, tashqariga yoʻnaldi. Ostonada koʻrinishi bilan Zurab unga ehtirom koʻrsatib, ta’zim qildi. Bu ehtirom Zurabning qariligi yoki ruhoniy ota ekanligi uchungina emas, balki bularning urugʻiga uzoq yillar davomida xizmat qilgan oʻz ajdodlarining hurmati uchun ham edi.

Keksa Zaur Zurabning kelishdan maqsadi nima ekanini muloyimik bilan soʻradi. Zurab farishtalardan muhim bir ishning oqibatini soʻrab berishni iltimos qildi. Bu kun hali tuz totmagani sababli ruhoniy ota Zurabning iltimosini bajo etishi mumkin edi. U Zoliyxonni chaqirib, suv keltirishni buyurdi. Otasining amrini bajarayotgan qiz Zurabga savol nazari bilan qarab-qarab qoʻydi. Otasining qoʻliga suv quyayotgan damda ham koʻzi chaqirilmagan mehmonda edi. Xayoli esa «rad javobini olgandan keyin surbetlarcha yana kelishidan maqsadi nima ekan?» degan savolga javob izlardi. Zurab bir martagina qiz bilan koʻz urishtirdi. Keyin xuddi avvalgi kuni sovchilik qilmagandek, bugun Zaurni ziyorat etmoqdan oʻzga niyati yoʻqdek Qoʻrgʻokka qarab, imlashganicha «gaplashaverdi». Zaur qoʻl-betini yuvib boʻlgach, sochiqqa artindi-da, Zurabga «orqamdan yur», deb ishora qilib ichkariga kirdi.
— Nimalarni bilish istagidasan?-deb soʻradi u Zurabga oʻgirilib ham qaramay.
— Men doʻstimning sevganiga yetishishi yo yetisha olmasligini bilmoqchi edim.

Zaur bu gapni eshitib, oʻgirildi. Kodatning oʻgʻliga qarab oldi. Keyin ikki deraza orasidagi tokchada turgan kichkinagina yogʻoch kosachaga koʻz tashlab qoʻydi. Zurab bu nigohning ma’nosini tushundi.

Avliyo Ilaning tasviri tomon oʻgirilgan ruhoniy ota kumush tanganing tanish va yoqimli jarangini eshitgach, tiz choʻkdi-da, duo oʻqiy boshladi. Ora-sira sajdaga bosh qoʻyib turdi. Nihoyat choʻqinib olgach, oʻrnidan turdi. Uning harakatlarini diqqat bilan kuzatayotgan Zurab ham beixtiyor choʻqinib oldi. Zaur shoshilmasdan, tantanavor qadam tashlab kursiga yaqinlashdi-da, bir ta’zimni bajo keltirib, tayoqchalarni qoʻliga oldi. Soʻng qoʻllarini oldinga choʻzganicha Ilaning eng katta tasviriga yaqinlashdi-da, pichirlab duo oʻqiy boshladi.

Ruhoniy otadan koʻz uzmayotgan Zurab huddi ilohiy bir dahshat chimmatiga oʻralib borayotganday his qildi oʻzini. Zaur zoʻr berib duo oʻqiyotgan paytda tayoqchalar goʻyo jonlanganday qimirlashdi. Ular qandaydir kuch ta’sirida yuqoriga koʻtarildilaru, soʻng yana Zaurning kaftlariga qoʻndilar. Shu alpozda osetincha bir harfni yasadilar.

Zaur ibodatini toʻxtatmay, balki yanada berilibroq duo oʻqiy ketdi.

Tayoqchalar yana koʻtarildilar. Yana joylariga qaytdilar. Yana avvalgi harf hosil qilindi.

Zaur ibodatini nihoyasiga yetkazib, ilohi Ila haqiga pichirlaganicha shukrona ayta-ayta ta’zim qilgach, tayoqchalarni joyiga qoʻydi-da, Zurabga yuzlandi:
— Tbau-uats-Ila savolingga javob qaytardi. Doʻstingning baxti kulgay, umidiga yetgay, sevganiga yetishgay. Endi tutungan ukang nomidan Tbau-uats-Ilaga shukr qil!

Ruhoniy otaning «tutingan ukang nomidan» deb ta’kid ohangida gapirishi Zurabni lol qoldirdi. Zaur uning ajablanishini sezmaganday muloyimlik bilan dedi:
— Kimning nomidan kelganing menga oshkor etildi.

Bu gapdan keyin Zurab Ilaning tasviriga yuzlanib tiz choʻkdi, shukrona duosini oʻqib, toʻxtovsiz ravishda choʻqinib, behisob ravishda sajda qila ketdi.

Shu kuniyoq u Kadgaronga chopar joʻnatib, xushxabarni Kerimga yetkazdi.

* * *

Oradan kunlar, haftalar oʻtdi. May oyi vodiyga tantanavor va gʻolibona qadam tashladi. Hamma yoqni nafis gullarga, iliq quyosh nuriga choʻmdirdi. Zoliyxon ba’zan qiyin ahvol bandiligida qiynalsa hamki, Urusxonni och-nahor qoldirmadi. Buning uchun u bir necha marotaba ayyorlik va aldov koʻchalariga kirib chiqishdan ham or qilmadi. Avvaliga u oʻrmon yoqasigagina kelar, oʻzini Urusxonning bagʻriga otar edi. Mana shu sharqirab oqayotgan irmoq sonsiz boʻsalar va erkalashlarning tilsiz guvohi. Totli kechalarning birida Urusxon unga shunday dedi:
— Yur, men senga oʻzimning shohona koʻshkimni koʻrsatay. Momiq oʻtlar mening koʻrpa-toʻshagim, ildizlar - yumshoq yostigʻim.

Bu taklifdan Zoliyxon qoʻrqib ketib, orqasiga tisarildi:
— Yoʻq, yoʻq,-dedi u titroq ovozda,-Urusxon, zoʻrlama, men jur’at qila olmayman.

Bu oʻjarlik Urusxonning gʻazabini uygʻotdi:
— Amrimga itoat etasanmi yo yoʻqmi?!-dedi u ovozini balandlatib.-Qachondan beri xotin erga boʻysunmaydigan boʻlib qolgan?

Urusxon sevgilisining nimadan qoʻrqayotganini anglamay nojoiz ranjigan edi. «Yorim xudoning qahr-gʻazabiga uchramasin», degan havotirdagi Zoliyxon ochigʻini aytishga jur’at etdi:
— Urusxon, senga itoat etish mening burchim, lekin... men... senga biron falokat yopishib qolishidan qoʻrqyapman.

Urusxon uning koʻzlarini mehr bilan oʻpdi-da, soʻng dast koʻtarib oldi:
— Qoʻrqma, hamma gunohni oʻz gardanimga olaman. Urusxon xotinini qanday seva olishini Tbau-uats-Ila bir koʻrib qoʻysin!

U Zoliyxonni koʻtarib borar, qoʻrquv changalidagi qiz esa uning boʻynini mahkam quchoqlab, koʻzlarini yumib olgan edi. Ularning yoʻllarini toʻsish uchun shoxlarini osiltirib turgan qari eman daraxtiga ham e’tibor bermay oʻtdilar. Urusxon mamnun kulganicha nozik-niholini yerga qoʻydi. Soʻng buloq labiga boʻrkini toʻshadi.

Zoliyxon uning harakatlariga monelik qilmadi. Bularning hammasi unga shirin tush kabi yoqimli tuyulayotgan edi.

U – mard yigitning sevgan yori – muqaddas oʻrmonda yotibdi. Bu ne sir-sinoatki, dahshatli Tbau-uats-Ila unga jazo bermayapti!

Uni chaqmoq ham urgani yoʻq, xudo unga jazo yuborib, koʻzlarini koʻr ham qilmadi, aqlini ham olmadi. Nahotki Tbau-uats-Ila haqidagi gaplar shunchaki uydirma boʻlsa?

Urusxon boʻrk ustida nozlanib yotgan qiz tomon egildi. Lablaridan boʻsa oldi. Haqiqiy baxtli hayot kechirishga, muhabbat lazzatidan doimo bahramand boʻlib yurishga da’vat etdi.

Keyin faqat oʻzigagina ma’lum boʻlgan togʻ choʻqqisida joylashgan eski saroy haqida gapirib berdi.

...Qalin oʻrmonlar bagʻridan goʻyo yulqinib chiqqanday tuyuluvchi togʻ choʻqqilari koʻkda, bulutlar saltanatidan oʻrin olgan. Unga olib chiquvchi na biron yoʻl, na biron soʻqmoq bor.
— U yerga oʻzing qanday chiqib borasan?-deb ajablanib soʻradi Zoliyxon.
— Qoyalarga qoqilgan halqalar saqlangan. Saroyga chiqib olgach, unda faqat oʻzim erkin hoqonman. U yerga tirik jonning oyogʻi yetolmaydi. Men seni oʻsha yerga olib ketaman.
— Jonim. qahramonim, sen meni qayerga boshlasang, izingdan boraveraman,-dedi qiz erkalanib.

Irmoq asta shildirab, goʻyo ishq savdosidan qoʻshiq kuylaydi. Tbau osmonida hukmronlik qilayotgan oy nurlari sokin oʻrmonni kumush nur chodiriga oʻraydi...

Chorasiz Qiz

Oy Tbau togʻi choʻqqilari ortiga yashiringan pallada Zoliyxon jar yoqasidagi soʻqmoq boʻylab shoshganicha uyiga qaytar edi. Eshik oldida akasi bilan Zurabni koʻrdi-yu, qoʻrquvdan yuragi orqasiga tortib ketdi. Tong saharlab ikki doʻstning yoʻlga koʻz tutib turishi bejiz emas – Zoliyxonni kutishayotgani shak-shubhasiz edi.

«Tbau-uats-Ilaning qahri kelibdi! Endi meni jazolaydi!» Zoliyxonning xayolidan shu fikr oʻtib, titrab ketdi. Sevgilisi quchogʻiga kirganda uni tark etgan qoʻrquv yana qaytdi-yu, temir omburlari bilan vujudini siquvga oldi.

Qiz siri fosh boʻlganini, kuni bitganini sezdi.

U tunda uyidan chiqdi – bu haqiqatni berkitib ham boʻlmaydi, rad etib ham. Biroq uning qayerda boʻlgani noma’lum, buni hech kim, hech qachon bila olmaydi.

Nazarida akasi uni mayna qilib oʻkirganday boʻldi. Aslida-ku, Qoʻrgʻokning bunday qarshilashi ahamiyatsiz bir narsa, chunki bu uyda uning sariq chaqalik e’tibori yoʻq, hatto odam qatoriga qoʻshishmaydi. Hatto uning tirikchiligi hisoblangan taom qoldiqlari ham keyingi paytda sezilarli darajada kamayib qoldi. Bir kuni u singlisining harakatlarini ziyraklik bilan kuzatib, qolgan ovqatni tokchaga ehtiyotlab olib qoʻyganini koʻrdi. Ertalab tura solib tokchaga qaraganda taom koʻrinmadi. Bu holat bir necha marta takrorlangach, otasiga irillagancha singlisining sirini fosh etmoqchi boʻldi. Ammo Zaur unga e’tibor bermadi.

Kunlarning birida goʻshti shilib olingan suyakni gʻajib oʻtirganida Zurab kelib qoldi-yu, dardini unga aytish istagi tugʻildi. Suyakni Zurabga koʻrsatib, zorlanib oʻkirdi. Zurab uning dardini tushunganday boʻldi. Paytdan foydalanib, uni uyiga boshlab ketdi. Uyda suzmali somsa pishirtirib, bir kosa pivo bilan mehmonini siyladi. Qoʻrgʻok doʻstining bu marhamatidan quvonib, pishqirdi-da, bu tansiq taomni ishtaha bilan yedi. Soʻng telbalarcha kulib, minnatdorlik bildirganday Zurabga qoʻl uzatdi.

Zurab imo-ishora bilan unga maqsadini anglatdi. Uning istagi boʻyicha Qoʻrgʻok singlisidan koʻz uzmay har qadamini kuzatishi, uylari atrofida biron begona yigit paydo boʻlib qolsa darhol xabar qilishi kerak edi. Bu xizmati uchun Zurab oʻn rublning bahridan oʻtishi mumkinligini ham tushuntirdi.

Soqov «Zurab singlimga uylanmoqchi ekan-da», deb oʻylab quvonib ketdi. Bu xursandchilik bejiz emas, Zurab sovgʻalari va shirin muomalasi bilan uning koʻnglini ovlagan edi. Shunday yigitning kuyov boʻlishi Qoʻrgʻok uchun ayni muddao edi. U quvonchini ichiga sigʻdirolmay, Zurabni quchoqlab, oʻpib qoʻydi. Keyin kir kafti bilan uning yuzini siladi. Bu erkalashlaridan Zurabning gʻashi kelsa-da, maqsadini amalga oshirish yoʻlida oʻziga kerakli yoʻldosh topganidan koʻngli toʻlgani uchun chidab oʻtirdi.

Kechki ovqatdan soʻng singlisining roʻmolga non bilan pishgan goʻsht oʻrab qoʻyganini koʻrgan Qoʻrgʻok otxonaga yashirinib, mijja qoqmay oʻtirdi. Ovul uyquga berilgan onda Zoliyxonning astalik bilan uydan chiqib, oʻrmon tomon ketganini koʻrdi-yu, Zurabni bundan ogoh qilishga oshiqdi. Lekin Zurab uyida yoʻq edi, uning qayoqqa ketganini uyidagilar tushuntirib bera olishmadi.

Qoʻshnilari bilan yarim tungacha laqillab oʻtirgan Zurab uyga qaytgunicha Qoʻrgʻok uning ostonasidan nari jilmadi. U singlisining tuguncha koʻtarib, oy chiqishi oldidan qayoqqadir ketganini imo-ishora bilan anglatdi.
— Qayoqqa ketdi?-deb soʻradi Zurab.

Soqov savolga javoban «bilmayman» degan ma’noda yelka qisdi.

Qizning chakki qadam bosayotganini Zurab sezgan edi. Lekin shu topda uni qayerdan izlashni bilmay garang boʻldi. Oxiri Zoliyxonni qaytishini uning eshigi ostonasida kutishga qaror qildi. Qarorini ma’lum qilmasa-da, Qoʻrgʻok uning yonidan joy oldi. Tong qorongʻuligida Zoliyxon paydo boʻlguniga qadar Zurab xayolan ming koʻchaga kirib chiqdi. Qizning boshini aylantirgan kim ekan, deb oʻzi bilgan yigitlarni bir-bir koʻz oldiga keltirdi. Gumonidagi nechta yigitning koʻkragiga xayolan xanjar urdi, qanchasining qizga termulgan koʻzlarini oʻyib oldi, qanchasining kallasini uzib tashladi… Ichki bir gʻazab oʻtida qovurilayotgan damda Zoliyxon koʻrindi. Zurab martabasi baland oilaning qizini daf’atan savolga tutishga jur’at qilmadi. Qiz yaqinlashgach, oʻzini qoʻlga olib, olijanoblik bilan salom berdi:
— Tonging xayrli boʻlsin, Zoliyxon,-dedi u.- Tongning ajoyibligini qara-ya! Shunday boʻlsa ham qiz bolaning bir oʻzi yuradigan payt emas hozir. Har holda xatar ham bor-da.

Zoliyxon salomga javob qaytarmay toʻxtadi-da, boshini koʻtarib unga magʻrur ravishda tikildi:
— Qandaydir kodat qachonlardan beri tutsatlar qizi uchun tartib-qoida belgilaydigan boʻlib qolgan?

Zurab bunday gapni sira kutmagandi. Zoliyxon unga donolik bilan zarba bergan edi. Lekin Zurab ham bir choʻqishda qochadigan anoyi kodatlardan emasdi. Shu paytgacha eng gapga chechan qiz ham uni mot qila olgan emas. Urugʻ-aymogʻi martabasining nisbatan pastroq ekaniga shama’ qilingan onda ham Zurab dovdirab qolmagan. Shuning uchun ham u javobga kelganda gap izlab taraddudlanmadi:
— Kodatlar hamisha tutsatlarga sodiq xizmat qilib kelganlar. Kerak boʻlganida ularning nomus-ori uchun oʻz yurak qonlarini ham toʻkkanlar. Ha, men – kodatman! Agar zarur boʻlsa, Zaur Tutsat xonadonini sharmandalikdan asrash uchun jonimni berishga ham tayyorman.

Bu dadil gapni eshitib, Zoliyxon choʻchib tushdi.

«Sharmandalikdan asrash uchun… Zurab nimani nazarda tutyapti? Gumoni bormi?»

Qiz shu havotir bilan unga yaqin keldi. Avvalgi gʻururidan asar ham qolmadi.
— Zurab, sendan oʻtinib iltimos qilaman,-deb yolbordi u,-kechasi koʻchada yurganimni birovga aytib qoʻyma. Agar oilamizga chindan ham doʻst boʻlsang, meni tunda koʻrganingni boshqalarga aytmaslikka soʻz ber.

Endi magʻrurlik martabasi Zurabga koʻchdi. Qizdan koʻz uzmagan holda sovuqqonlik bilan soʻradi:
— Qayerda eding?
— Zurab, buni senga ayta olmayman.
— Agar bu qiligʻingdan otangni xabardor qilib qoʻysam-chi?
— Baribir ayta olmayman.

Zurab nochor ahvolga tushgan qiz tomon bir qadam qoʻydi. Hech nimaga tushunmayotgan Qoʻrgʻok esa bir Zurabga, bir singlisiga moʻltillaganicha qarab turaverdi.
— Zoliyxon, Kerim Toʻtarayevning tutingan akasi ekanimni bilasan-a, -deb vazminlik bilan soʻz boshladi Zurab.-Shuning uchun qayerda boʻlganingni soʻrab, tergashga haqqim bor.
— Qanaqasiga haqqing boʻlar ekan?-deb yubordi qiz oʻzini bosolmay.-Kerim Toʻtarayeving bilan mening nima ishim bor? Unga arziydigan javobimni aytib boʻlganman.
— Sen gapiraverasan. Sening gaping emas, xudoning buyurgani amalga oshadi. Sen Kerimga tegasan.
— Hech qachon!

Zoliyxon shunday deb hayqirdi-yu, najot izlab atrofiga alangladi. Najot yoʻq edi. Soqov akasiga koʻzi tushib, nochor ravishda boʻshashdi.
— Tbau-uats-Ila aytdi: taqdiring shu ekan, boʻysunishga majbursan,-dedi Zurab sovuq ohangni oʻzgartirmay.
— Nima? Bekor aytibsan!
— O’zing bekor aytibsan. Ishonmasang otangdan soʻra. Men fol ochib berishini iltimos qilgan edim.

Bu yangilikdan soʻng oʻzini tamoman yoʻqotgan Zoliyxon yuzini kaftlari bilan toʻsdi.

Bu qanaqasi axir?! Qalbi, muhabbati faqatgina Urusxonga atalgan boʻlsa-yu, xudo uni boshqa birovga ravo koʻrsa?!

Bu qanday koʻrgilik? Qadamjoni bulgʻagani uchun xudo jazolamoqchimi? Axir u allaqachondan beri Urusxonning xotini-ku? Zurab buni xayoliga ham keltira olmaydi. Ammo Tbau-uats-Ilaning bexabar boʻlishi mumkinmas-ku? Axir bu ish ham uning irodasi bilan boʻlgan-ku? Endi boshqa yigitga ravo koʻryaptimi?

Kodat oʻgʻli oliy tabaqali tutsat qizining bu nochor ahvolini kuzatib, lazzatlanadi.
— Ana, koʻrdingmi, boshqa ilojing yoʻq sening. Taqdirdan xabar beruvchi farishtaning aytgani albatta boʻladi.

Zurab bu gapni gʻolib odam ovozi bilan aytgan edi. Uning nazarida chorasiz qiz magʻlublikni tan olmogʻi lozim edi. Ammo Zurab kutganday boʻlmadi. Zoliyxondagi magʻrurlik yana bosh koʻtardi.Tutsatning magʻrur qizi amalga oshishi muqarrar qilib belgilab qoʻyilgan taqdir yozugʻiga ham qarshi bosh koʻtardi:
— Hech qachon, hech qachon! Eshityapsanmi, Zurab Kodat! Men hech qachon Kerimga tegmayman!

Zurab qalb nidosini oʻzining keskir gapi bilan maydalamoqchi boʻldi:
— Baribir sen Kerimniki boʻlasan, Zoliyxon Tutsat! Boshqa chorang yoʻq!

Koʻngli choʻkkan qiz bu odam bilan aytishib turishni istamay, hovlisiga kirib ketmoqchi boʻldi. Ammo yigitning baquvvat gavdasi yoʻlini toʻsdi:
— Agar bironta yigitga koʻngil qoʻygan boʻlsang, yaxshi qiz, bilib qoʻy, uni sening nafasing emas, oʻlim farishtalarining quchogʻi kutyapti.
— Yoʻldan qoch. Meni holi-jonimga qoʻy,-dedi Zoliyxon yalingansimon ohangda.

Qizni qiynash ortiqchaligini sezgan Zurab chetlanib, unga yoʻl boʻshatdi. Qiz shoshganicha ichkari kirdi. Ortidan Zurabning qahrli ovozi keldi:
— Nimagadir xanjarim qonsirab qoldi-ya!

Zurab bu gapni shunchaki tahdid uchun aytgani yoʻq. Agar Zoliyxonning qayerdan, kimning oldidan kelayotganini bilsa edi, qonsiragan xanjarini tong otmay turiboq qonga toʻydirardi. Bu bevosh qizning kimnidir sevib qolgani Zurabga ayon. Tunda daydib yurishi bekorgamas. Birinchi marta Kerimning istagini aytganda oʻylab ham oʻtirmay shosha-pisha rad etgani ham bejizmas. Ammo kimni? Qizning aqlini oʻgʻirlagan yigit kelgindilardanmi yo shu ovuldagi esi pastlardan birimi? Zurabga shunisi noma’lum.

«Men buni bilishim shart. Kerak boʻlsa bir haftami, bir oymi izini poylayman. Bilmasdan qoʻymayman», deb ahd qildi u.

Uyga qaytib, otni egarladi. Uyqusirab chiqqan ukasiga ovga otlanganini aytdi. O’tkir zehni bilan tengdoshlaridan ajralib turuvchi oʻn toʻrt yoshli Fidor akasining maqsadi boʻlak ekanini anglagan boʻlsa-da, uning gapiga ishonganday boʻlib, qarashib yubordi. Birin-ketin uygʻongan onasi bilan singlisiga ham Zurab ovga ketayotganini, besh-oʻn kun uyda boʻlmasligini ma’lum qildi.

Ov Ilinjida

Zaurning uyi orqasidan togʻ tikkasiga koʻtarilib ketgan. Biroz balandlikdagi yalangʻoch xarsanglar bilan oʻralgan yalanglik bahor va kuzda qoʻylar uchun boshpana – qoʻra vazifasini oʻtaydi. Undan sal balandroqda toshlardan tiklangan bostirma bor. Sovuq tushgan mahali qoʻychivonlar shu bostirma ichida jon saqlashadi. Hozir ular suruvlarini choʻqqilar ortidagi yalangliklarga haydab ketishgan. U tomonlarda oʻt serob boʻlishidan tashqari qoʻychivonlarni bu yerlardagi issiqlik va chivinlar behalovat qilmaydi.

Ovga ketayotganini bahona qilib uyidan chiqqan Zurab soʻqmoq orqali shu bostirma tomon yurdi. Ukasi Fidor uni kuzatib keldi. Zurab bu bostirmani bekorga tanlamagan edi. Bundan turib Zaur Tutsatning uyini, hovlisini bemalol kuzatishi mumkin. Ruhoniy otaning uyini ovul bilan bogʻlab turuvchi ikki yoʻl ham, Nayfatga olib boruvchi soʻqmoq ham, yuqoriga, Sagat-Lamardonga qarab ketgan yoʻl ham kaftdek koʻrinib turadi.

Zurab bostirmaga joylashib olgach, bu yerdaligini birov bilmasligi shart ekanini ukasiga qayta-qayta tayinladi. Fidor ogʻzida gap turmaydigan mishqi bolalardan emas, shu bois akasining ta’kidlari malol keldi. Akasi ovga ketgan – boshqa gapga oʻrin yoʻq. Yigit yoshiga yaqinlashib qolgan oʻsmir uchun bu sirni saqlash ogʻir masala ekanmi? Fidor akasining niyatini bilmasa-da, yonida qolib xizmatini qilishni xohlaydi. Ammo akasi unga boshqa vazifa topshirdi: har kuni birovga bildirmasdan bu yerga suv va taom keltirib turishi kerak. Akasining yonida qolish uning uchun qiziqarliroq boʻlsa-da, yalinishga jur’at etmaydi.

Fidor ketishi bilan Zurab ikki xarsang orasiga joylashib olib, Zaur Tutsat xonadoniga koʻz tikdi. Bir ozdan soʻng koʻza koʻtargan Zoliyxon koʻrindi. Qizildonga tushib, soydan suv olib chiqdi. Uning hotirjam yurishi, havotir bilan atrofga alanglamasligi Zurabning diqqatidan chetda qolmadi. Keyin Zaurning muridlari paydo boʻlishdi. Ruhoniy ota ularni kutib olib, ichkari boshladi. Bir oz vaqt oʻtgach, kuzatib qoʻydi.

Quyosh magʻribga bosh qoʻydi. Salqin tushdi. Shom qorongʻulik chodirini yoya boshlagach, Zurab kunduzgi oshyonini tark etib, pastroqqa tushdi. Zaurning darvozasi aniq koʻrinib turadigan joyni tanlab, oʻtirdi.

Uning tun boʻyi mijja qoqmay oʻtirishi zoye ketdi – Zaurning darvozasi atrofida tirik jon koʻrinmadi. Kun yoyilmay turib Fidor suv bilan taom keltirdi. Zurab unga tutsatlarning uyini diqqat bilan kuzatishni, Zoliyxon tashqariga chiqdi deguncha uygʻotib qoʻyishni tayinlab, dam olgani choʻzildi. Bu maxsus topshiriqdan mamnun boʻlgan yigitcha akasining joyini egalladi.

Zurab uygʻonganida kun tikkaga kelgan edi. Ukasini joʻnatib yuborgach, yana joyini egallab, kuzata boshladi. Kun kutish azobi bilan oʻtdi. Zurabni quvontiradigan biron yangilik boʻlmadi. Kech kirishi bilan u yana pastroqdagi joyiga tushdi.

Hali oy koʻtarilgani yoʻq. Atrof qorongʻu.

Ovul uyquda.

Birdan u sergaklandi.

Zaurning darvozasi sassiz ochilib, koʻchada ayol qorasi koʻrindi. Kecha qorongʻuligida ayolning kimligini ajratish mushkul boʻlsa-da, pistirmadagi ziyrak Zurab uning Zoliyxon ekaniga amin edi. Qoʻlida tuguncha koʻtarib olgan ayol bir zum toʻxtadi-da, nimadandir xavotirlanib, atrofga quloq tutdi. Keyin, xatar yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, Nayfat tomon tez-tez yurib ketdi. Buni koʻrgan Zurab vaqtni boy bermay oʻrnidan turdi-yu, bamisoli yoʻlbarsdek chaqqonlik bilan pastga sakradi. Toshlarni panalab, soʻqmoq boʻylab Zoliyxonning izidan tushdi.

«Yarim kechasi Nayfatda unga nima bor ekan?»-deb oʻziga-oʻzi savol bergan Zurab qancha oʻylanmasin ma’niliroq javob topa olmadi.

Irmoqqa yetib kelgach, Zurab uchun hech kutilmaganda Zoliyxon chapga burilib, jar yoqalab muqaddas oʻrmon tomon yurdi.

Bundan hayratda qolgan Zurab oʻz koʻzlariga ishonmay bir zum toʻxtab qoldi. Soʻng pusib, sharpa chiqarmay Zoliyxonning izidan soya kabi ergashdi.

Tbauning tishsimon choʻqqilari tepasiga oy balqib koʻtarildi. Shunda Zurab oʻrmon etagida turgan baland boʻyli odam qorasini koʻrdi-yu, soʻqmoqdan chetga chiqib, oʻzini butalar panasiga oldi. O’rmondan, zulmat qa’ridan chiqib kutib turgan odam qorasi Zoliyxon yaqinlashgach, uni quchogʻiga oldi.

Buni koʻrib turgan Zurabning koʻzlaridan olov uchqunlari sachraganday boʻldi. Qoʻllari beixtiyor miltiq sari yugurgiladi. Ikkovini baravariga qulatish maqsadida nishonga oldi. Ammo bu yerning muqadas joy ekani yodiga tushib, bunda qon toʻkishdan qoʻrqdi.

«Baribir u Kerimning xotini boʻladi!-deb oʻyladi u.-Bu odamni esa arzimas xas kabi yoʻldan supurib tashlayman!»

U Zoliyxonning notanish odamga tuguncha uzatganin aniq koʻrdi. Notanish odam uni quchib, oʻrmon ichkarisiga olib kirmoqchi boʻldi. Shunda Zoliyxon oʻzini chetga olishga urindi. Notanish odamning yolborishini rad etib, uyga tezroq qaytishi zarurligini, avvalgi safar qoʻshnisining sezib qolganidan xavotirda ekanini aytib, yalinganlarini Zurab eshitdi. Zoliyxon boshqa gaplardan soʻz ochmadi. O’rmon ichkarisiga kirish iltimosi rad etilgan yigit endi qizni bagʻriga bosib erkalay boshladi. Zurab esa Kerimning boʻlajak rafiqasini quchib, boʻsa olayotgan yigitga tashlanib, mayda-mayda qilib tashlashdan oʻzini zoʻrgʻa tiyib turdi. Tutingan ukasining raqibi qonini albatta toʻkish fikri uni hozirgi qasosdan ushlab turardi. Qasos olishga uni faqat nomus-or haqqigina emas, balki bu muqaddas oʻrmon xudosiga boʻlgan e’tiqodi ham da’vat etayotgan edi.

Sevishganlar bir-birlariga toʻymay, ajralishdi. Noma’lum kishi emanlar ortida gʻoyib boʻldi. Zoliyxon uyiga shoshildi. O’yga tolgan Zurab unga ergashdi. Kerimning yoʻliga gʻov boʻlishga jur’at etgan odamni daf etish uning uchun suv va havoday zarurat kasb etgan edi. Agar oʻsha noma’lum kishi ovulda ot oʻynatib yurgan eng dovqur yigit boʻlganida ham paysalga solmay chang solib, kallasini shart uzib tashlagan boʻlardi. Lekin Tbau-uats-Ilaning muqaddas oʻrmoniga yashiringan, bu muqaddas oʻrmonga ayolni, yana ruhoniy ota qizini chorlab, oyogʻosti qilishdan tap tortmagan odamga qanday hujum qilsin? Koʻrgan-bilganlarini shu kechning oʻzidayoq Zaurga soʻzlab berishni xayol qildi. Nazarida oʻrmondagi shakkokni yoʻq qilishda ruhoniy ota unga zabardast ittifoqchi boʻla olardi. Bu iblis koʻrinishidagi yigitni jazolash Zurabdan koʻra unga zarurroq edi.

Zurab oʻylab-oʻylab, Zaurga bu kech emas, erta tongda xabar berishni lozim topdi. U Zoliyxonning havfsirab qolishidan qoʻrqdi. Agar u hoziroq Zaurning huzuriga kirsa, qiz sezib qolib, sevgilisini ogohlantirib qoʻyishga ulgurishi mumkin edi. Shu toʻxtamga kelgan Zurab Zaurning qoʻrgʻoniga qarab yurmay, oʻz uyi tomon yoʻl oldi. Kufroniy raqibini oʻrmondan aldab chiqarib olish rejasini tuzish fikri uni bir zum ham holi qoʻymadi.

Ziyrak yotgan Fidor akasining sharpasini sezdi-yu, irgʻib oʻrnidan turganicha qarshi oldi:
— Ish bitdimi?-deb soʻradi u.
— Ha,-dedi Zurab.-O’lja qurshovda turibdi, ertaga ov boshlanadi.

Zurab boshqa gap aytmadi. Fidorga oʻljaning kimligi, ov qay tartibda boshlanishini bilish gʻoyat qiziqarli boʻlsa-da, akasidan soʻrashga botinmadi.

Mahbusa

Ertalab Zaur hovliga chiqqanda Zurab unga yaqinlashib, zarur gapi borligini ma’lum qildi. Zaur unga norozi qiyofada boqdi. Yigit qarashidagi qat’iyatni koʻrib, uni noiloj uyga boshladi. Tashqariga chiqish umidida kelayotgan Zoliyxon Zurabni koʻrdi-yu, ostonada taqqa toʻxtab, unga xavotir bilan boqdi. Zurab unga qarab, koʻzlaridagi qoʻrquvni koʻrib quvondi. Barmogʻini labiga bosib, «hech nima aytmayman, ont ichaman», degan ishora qildi. Bu onda qizni hurkitib yubormaslik uchun u har qanday yolgʻonni ishlatib, ont ichishga tayyor edi.

Xonaga kirishlari bilan Zurab eshikni zichlab yopdi-da, tashqarida qiz quloq tutib turgandir, degan havotirda past ovozda gap boshladi:
— Zaur, men senga xunuk bir haqiqatni aytishim kerak.
— Aytadiganingni aytaver, mujmallik qilma.
— Muqaddas oʻrmonda Zoliyxonning oʻynashi yashirinib yotibdi. Qizing kechasi uning yoniga borib turadi.

Qariyb pichirlab aytilgan bu gaplar ruhoniy otaning nazarida momaguldirakdek jaranglab, olamga jar solganday boʻldi. Zurab buni «xunuk haqiqat» deb atagan edi. Aslida «dahshatli» deb sifat bergani durust edi. Zurab bunday deya olmasdi. Haqiqatning bu darajada dahshatli ekanini faqat otagina his qilishi mumkin. Bu gap gʻirt tuhmat boʻlganda ham otaga osonmas. Agar bu xabar chindan ham haqiqat boʻlsa-chi?!

Zaur avvaliga xuddi gapga tushunmaganday Zurabga hayrat koʻzlarini qadab jim qoldi. Keyin vujudini qamray boshlagan vulqon kuchga toʻlib, portladi – xanjarini yalangʻochladi-yu, tigʻni Zurabning kekirdagiga tirab hayqirdi:
— Sen, it, qulvachcha! Tutsat qizining pok nomusiga tuhmat qilib, haqoratlashga qanday jur’at etding?!

Kodat bunday hamla boʻlishini avvaldan hisobga olgani sababli qoʻrqmadi ham, talvasaga tushmadi ham. O’zini hotirjam tutdi. Hatto kiprik qoqmadi. Nimadan qoʻrqsin? U birovlarga tuhmat qiluvchi yigitlardan emas. Unda inkor etib boʻlmaydigan dalil bor. Zaur oldida ham, xudo oldida ham uning yuzi yorugʻ. Aksincha, bu talvasaga tushgan cholning yuzi qora boʻlib turibdi. Agar Zurab xohlasa «it, qulvachcha!» deb haqoratlayotgan bu odamning oʻzinigina emas, butun urugʻ-avlodining or-nomusini yer bilan teng qilib, sharmandalik botqogʻiga botirishi mumkin edi. Lekin uning bunday niyati yoʻq. Uning maqsadi butunlay boʻlakcha.

Zurab tim qora koʻzlarini qariyaga tikdi, mijja ham qoqmay burgutqarash qildi:
— Tbau-uats-Ila nomi va uning qasosi haqqi qasam ichaman: aytganlarimning hammasi rost! Kecha tunda men ularni oʻz koʻzim bilan koʻrib, faqat oʻzinggagina ma’lum qilib qoʻyay, deb keldim huzuringga. Tutsatlar sha’niga isnod tushishiga yoʻl qoʻymaslikni men er yigitlik burchim, deb bilaman.

Zurabning qasami va «faqat oʻzinggagina» deb ta’kidlashi Zaurga ta’sir qilib, xanjarini tushirdi. Endi u vulqon otashida yonayotgan odam emas, olovda kuyib kul boʻlgan bechora ota holatida edi.
— Huzurimga kelib toʻgʻri qilibsan,-dedi u titroq ovozda,- gapir...

Shu topda Zaurning koʻzi deraza tomonga tushdi. Deraza ortida soya harakatini koʻrdi-yu, yoshiga yarashmagan chaqqonlik bilan bir sakrab, eshik yonida paydo boʻldi. Eshikni shasht bilan ochdi – ostonada turgan Zoliyxon oʻzini panaga olishga ham ulgurmadi.
— Bu yoqqa kir!-otaning soʻzlari boʻgʻiq momaguldirak kabi eshitildi.-Zurabning gaplarini oʻzing ham eshit!
— Dadajon,-deb yolbordi ostona hatlashga hadiksiragan qiz,- uning hamma gaplari yolgʻon. Kerim Toʻtarayevga tegmayman, deganim uchun alamini olyapti.

Zaur qizining yolborishiga quloq solmadi:
— Agar yolgʻon soʻzlayotgan boʻlsa, bu xonadan tirik chiqmaydi. Qani, kir!

Qoʻrquv sirtmogʻi boʻyniga tashlangan qiz otasining amriga boʻysunishga majbur edi. Zoliyxon ichkari kirgach, Zaur eshikni zichlab berkitib, qulfladi-da, kalitni choʻntagiga soldi. Soʻng xansiraganicha yurib borib, deraza poyidagi kursiga oʻtirdi.

Zurab bilan Zoliyxon tik turganlaricha undan sado kutishdi.

Zaur bu topda xudosining gʻazabini qoʻzgʻotishga sabab boʻluvchi qanday gunoh ish qilib qoʻyganini oʻylab topishga urinardi. Islomni ham, nasaroni ham inkor etgan adashgan qavm oʻylab topgan xudo emas, Yaratgan jazo yuborayotganini uning noqis aqli tushunib yetmasdi. Ajdodlariga Tangri ajib ne’mat berib edi – yuz oʻgirdilar. Agar asrlar muqaddam hidoyatni tanlaganlarida edi, hayo libosida ulgʻaygan qizlar nomusning qadriga yetgan holda ulgʻayar edilar. Zaur kabi otalar begona yigitdan mash’um xabarni eshitib boshlarini egmas edilar.

Devorlardagi oltin suvi yuritilgan tasvirlar moychiroqning lipillayotgan nurida jilo tarqatadi. Ammo bu jilo xonadagilarning birontasiga ta’sir qilmaydi. Uch odam – uch olam, har biri oʻz tashvishi bilan band. Nihoyat, ruhoniy ota tilga kirdi:
— Zurab, Tbau-uats-Ilaning nigohi senga qadalib turibdi, faqat toʻgʻrisini soʻzla!
— Men faqatgina haq gapni aytaman, Zaur!-dedi Zurab dadillik bilan. Soʻng gapidan adashmay, hammasini bir boshdan boshladi: avval Kerimning Zoliyxonga boʻlgan muhabbatidan xabar topganini ma’lum qildi, keyin tutingan ukasining iltimosi bilan qizga sovchi yuborish borasida murojaat qilgani va qizning oʻylab ham oʻtirmay rad javobi berganini, doʻsti bundan iztirob chekavergach, Zaurga fol ochirganini, fol Kerimning ismini oshkor etgach, qizning harakatini kuzata boshlaganini, nihoyat yarim kechasi qayerdandir qaytayotgan Zoliyxonni uchratganini aytib berdi. U qasamiga sodiq qolib, gapiga yolgʻon aralashtirmasa-da, ishga Qoʻrgʻokning aralashganini yashirdi. Biroq tepadagi qoyalar panasida qanday poyloqchilik qilganini, qizning bu kech eshik ogʻzida paydo boʻlganini aniq bayon qildi. Zoliyxonning izidan pusib borgani, muqaddas oʻrmondan noma’lum erkakning chiqib kelishi, qizning unga tuguncha uzatishini aytgach, bir zum sukut saqladi. Goʻyo voqeaning davomini aytishga andisha qilgandek tuyuldi. Bu sukut chogʻida Zoliyxonning yuragi qoʻrquvdan yorilib ketayozdi. Andisha degan fazilatga begona Zurabga aslida aynan shu kerak edi. Qizning qoʻrquv ogʻushida titray boshlaganidan mamnun boʻlgan Zurab endi uning yigit quchogʻiga kirgani, erkalash va oʻpichlardan mast boʻlganini batafsil tasvirlab berdi. U tasvir oʻqlarining ota va qiz qalbini poralayotganini sezib turar va bundan lazzat olardi. Zurab shakkokni otishga ahd qilgani ammo muqaddas joyga qon toʻkib gunohkor boʻlishdan qoʻrqqanini aytgach, nafas rostladi.

Zoliyxon Zurabning hikoyasini oʻlim toʻriga chirmashib qolgan qush hadigi bilan tingladi. Qadamjoda gunohga botgani uchun Tbau-uats-Ila jazo berish maqsadida goʻyo boshi uzra oʻlim bulutlarini toʻplayotganday edi. Kutilmagan bu baxtsizlik uni shu darajada larzaga soldi-ki, u hatto tayinli javob qaytarishga ham qodir boʻlmay qoldi. Zoliyxon jazodan qoʻrqyapti, oʻlim oldida chorasiz qiz talvasaga tushdi, deyilsa uning sha’niga isnod boʻlar. Togʻning qaysi magʻrur qizi oʻlimdan qoʻrqibdiki, Zoliyxon talvasaga tushsa? Bu onda Zoliyxon oʻzi haqida oʻylamasdi. Uning butun fikru xayoli Urusxonda edi. Ular notanish kishining kimligi bilan qiziqadilar, ammo tirik ekan, lablaridan bu nom uchmaydi! Qani edi, qanot chiqarsa-yu, sevgilisi yoniga uchib borib, uni xatardan ogoh qila olsa!

Zurabning xotirjam ohangdagi hikoyasi Zaurning qalbiga olovli qoʻrgʻoshin boʻlib quyilib borib, koʻkragini kuydirdi. Kimdir ketma ket boshiga ogʻir gurzi bilan uraverganday boʻlib, oxiri gangib ham qoldi. Xonaga jimlik choʻkkach, u xayolini jamlashga urindi. Zurab kirib kelib, gap boshlaganida uni nohaq haqoratlaganini angladi. Ammo uzr soʻramadi. Chunki Tutsatlar hech qachon kodatlar oldida past ketib, uzr soʻrashmagan. Zaurning gʻazab oʻqlari endi qizi tomon otilishi kutilayotgan edi. Chindan ham Zaur bu on qizini boʻgʻib oʻldirishga ham tayyor edi. Ammo oʻzini bosdi. Ichki olovni tashiga chiqarmadi. Bosiq ovozda qizidan soʻradi:
— Shu gaplar rostmi?

Qiz yuzini kaftlari bilan toʻsdi, ammo javob qaytarmadi. Zaur oʻsha sovuq ohangda savolini takrorladi:
— Zoliyxon, shu gaplar rostmi?

Savolni xonadagi oʻlik sukunat yutdi. Moychiroq atrofidagi xira pashshaning gʻingʻillashiga uchchovlari ham e’tibor berishmadi. Sukunatni yana Zaurning ovozi poraladi:
— Tbau-uats-Ilaning qasosi haqqi, aytilgan gaplarning barchasi rost ekan!-dedi u iztirob bilan. Keyin qiziga oʻgirilib soʻradi:
— Uning kimligini ayt!

Zoliyxon tilini tishladi.
— Otangga javob berasanmi yo yoʻqmi!- u shunday deb qizining bilagini bor kuchi bilan siqdi.-Kim u, ayt, sharmanda!
— Ota, meni oʻldirishing mumkin, lekin men uning kimligini aytmayman!
— Aytasan! Men seni gapirishga majbur qilaman.

Zoliyxon qat’iylik bilan bosh chayqadi:
— Majbur qila olmaysan, ota. Tutsatlar orasidan shu paytgacha sotqin chiqmagan.

Bu gapni eshitgan Zaur qizining qoʻlini beixtiyor qoʻyib yubordi: «Qizim haq! Tutsatlar hech qachon sotqinlik qilishmagan!..»
— U bilan qayerda topishding?-deb soʻradi Zaur savolni boshqa tomonga burib.
— Boʻron turgan tunda qoʻnoq boʻlib keldi. Bir kecha yotdi,-deb qiz gapni qisqa qildi.

Bu iqror otani qanoatlantirishi mumkin emasdi. Zaur gapning davomini kutdi. Qizi jim turavergach, soʻradi:
— Keyin-chi?
— Keyin...-Zoliyxon «aytsammi yo aytmasammi?» deb ikkilanib turdi-da, soʻng dadil gapira boshladi:- oʻrmonda yashirinishini aytib, taom keltirib turishimni iltimos qildi.
— Sen... iltimosini qabul qildingmi?
— Darrov rozi boʻlmadim, bu yoʻldan qaytarishga urindim. Lekin u meni mazax qilib, farishta Dzuardan qoʻrqmasligini aytib, baribir oʻsha oʻrmonga ketdi.
— Sen-chi?.. Uni sevib qoldingmi?

Otaning bunday savoliga eng behayo qiz ham darrov javob qaytara olmasa kerak. Zoliyxon garchi oʻzini Urusxonga baxsh etib qoʻygan boʻlsa-da, hayo chegarasidan butkul chiqib ulgurmagan edi. Shu bois savolni yana sukunat yutdi.
— Senlar...

Zaur «qoʻshildilaringmi?» deb soʻramoqchi edi. Ammo tili bu gapga aylanmadi. Bu dahshatli savol berilmagan boʻlsa-da, Zoliyxon otasining muddaosini anglab, jim turaverdi.

Zaur qovogʻini uygancha jim qoldi. Soʻng devordagi eng katta tasvir tomon yuzlandi-da, amr etdi:
— Yonimga kelib, tiz choʻkinglar!

Zurab ham, Zoliyxon ham unga soʻzsiz itoat etishib, muqaddas hisoblangan tasvir qarshisida tiz choʻkdilar.

Zuar qoʻllarini ikki tomon yoyganicha tasvir tomon yoʻnaltirib sigʻina boshladi:
— Tbau-uats-Ila! Sen momaqaldiroq va yashin hukmroni, rizq-nasibani moʻl qiladigan yomgʻirlar yogʻdiruvchi vodiylar homiysisan! Mening ajdodlarim asrlar osha senga toat-ibodatda boʻlib, e’tiqod bilan xizmat qilib keldi. Men ham bir quling sifatida xizmatingdaman. Ammo hozir sen sharmandalik tufayli abgor boʻlgan bandangni koʻrib turibsan. O’zimning qizim mening or-nomusimni bulgʻadi, boshimni isnod balchigʻiga botirdi. Lekin bu boshimga yogʻilgan balolarning hammasi emas. Oh, Tbau-uats-Ila! Togʻlarimiz panohi farishta Dzuar! Bir badkirdorning koʻz koʻrib, quloq eshitmagan shakkokligi tufayli men – sizlarning bandai xizmatkoringiz gunohga botib, qahringizga uchrab turibman. Men muqaddas oʻrmonni himoya qila olmadim. Xotin kishining oyogʻi ziyoratgohni bulgʻadi. Qadam bosishga mutlaq haqqi boʻlmagan kufroniy oʻrmoningga kirishga jur’at etibdi. Bu gunohimiz uchun bizlardan gʻazablanma, Tbau-uats-Ila. Tavbalarimizni qabul et, Tbau-uats-Ila! Bizni ayovsiz jazoingga mubtalo etma! Senga sigʻinib, iltijo etaman: oʻzinggagina sodiq xizmatkoringni emas,oilalarimizni, molu-holimizni emas, vodiy ahlini ham emas, faqat va faqat aybdorlarning oʻzlarini jazola, gʻazabingni ulargagina soch! Bu xudosiz koʻrnamakka, senga qarshi chiqishga botingan shakkokka rahm etma, jazola uni! Yana... yana... oʻz ota-onasining nomusini, urf-odatini unutgan, aziz-avliyolar rad etsa hamki, u badkirdor bilan ahdu paymon qilgan qizga ham jazo ber! Ha, jazo ber unga! Endi boshimizga qanday kulfatlar yogʻiladi, Tbau-uats-Ila? Endi nima boʻladi? Meni va inilarimni gunohlarni yuvish yoʻliga yoʻlla! Jinoyatchini mahv etib, qadamjoni poklashimizni nasib et! Vodiy ahlini gʻamdan forigʻ qil!

Duo paytida Zaur bir necha marotaba peshonasini sajdaga qoʻydi. Ibodatni tugallab, qaddini koʻtarganida uning chehrasida mahzun qat’iylik zohir edi.
— Zurab!-dedi u siniq ovozda.
— Xizmatingga shayman, Zaur!
— Bugun sen Tbau-uats-Ilaning ruhoniy xizmatkorlarigina biladigan bir sirdan voqif boʻlasan.
— Eshityapman, Zaur.
— Sen hozir «bu sirni hech kimga, hech qachon aytmayman», deb qasam ichishing kerak.
— Qasamyod etaman, Zaur!
— Tbau-uats-Ilaning qasosi haqqi qasam ich!
— Tbau-uats-Ilaning nomi bilan qasamyod etaman!
— Yaxshi, endi deraza oldiga borib tur, yana bu beor qiz qochib ketmasin.

Zurab buyruqqa soʻzsiz itoat etdi: huddi kutilmagan hujumga shaylanganday xanjarining sopini ushlab turdi.

Zaur qalin taxtadan ishlangan ogʻir soʻrini surdi. Polning bir yerini bosgan edi, ikki enli taxta oʻz-oʻzidan koʻtarildi. Zulmat oʻraga olib tushuvchi zina koʻrindi. U oʻzini bir qadam chetga oldi-da, barmogʻi bilan oʻrani koʻrsatib, qiziga: «Pastga tush!» deb buyurdi.

Zoliyxon oʻraga qoʻrquv koʻzi bilan qarab olib, otasiga iltijo bilan:
— Ota, sen bunday qila olmaysan,-dedi.
— O’z ixtiyoring bilan tushasanmi, yo oyoq-qoʻlingdan koʻtarib tashlab yuboraylikmi?-dedi Zaur, qiziga qaramaslikka tirishib.

Qoʻrquv dahshat iskanjasidagi qiz tiz choʻkib, otasining cherkascha uzun kamzuli etagini yuzlariga surtdi-da, kutilmaganda oʻkrab yigʻlab yubordi. Tashqarida turib bu oʻkirikni eshitgan kishiga «shirali ovoz sohibasi yigʻlayapti», deyilsa ishonmay, «biron bir hayvonni boʻgʻizlashayotgandir» deyishi aniq edi.
— Ota, ota! Rahming kelsin, bechora qizingni kechir!

Bechora qiz... Qani edi, bechora qiz boʻlsa... Zaur oʻylab ham oʻtirmay kechirardi. Ammo yolborayotgan bu qiz bechora emas, u - benomus... nomussizni esa kechirish mumkin emas...

Zaur etagini siltab tortib, qizining changalidan chiqardi:
— Baqirma, esi yoʻq!-qahr bilan shunday deb bir oz jim boʻldi. Soʻng ancha bosiq, hatto bir oz muloyim ohangga koʻchdi:-Zoliyxon, men seni bu yerdan tezda chiqaraman... Qoʻrqma, men senga oʻlimni ravo koʻrmayman. Men Tbau-uats-Ilaning qaroriga qarshi borolmayman: sen Kerimning xotini boʻlishing kerak! Sen shu yerda jon saqlaysan. Badkirdorga xabar yetkazib, ogohlantirishingga yoʻl qoʻymayman. Qani, tush pastga!

Qaltirab oʻtirgan Zoliyxon qaddini koʻtarib, otasining amriga boʻysindi. Zaur moychiroqni koʻtarib uning izidan yurdi. Qoya toshlarini oʻyib xona shakliga keltirilgan toʻlaning u yer-bu yerida turli hajmdagi qutilar betartib yotar edi. Qizidan keyin pastga tushgan Zaur qutilardan birini chetga surib, qopqoqni koʻtargach, qorongʻu yertoʻla koʻrindi. Xona burchagida titraganicha dahshat va savol nazari bilan qarab turgan qiziga Zaur moychiroqni uzatdi-da:
— Pastga tush!-deb buyurdi.

Zoliyxon bu safar talvasaga ham tushmadi, otasiga yolvormadi ham. Otasi huddi arzimagan ishni buyurgandek itoat etib, moychiroqni oldi-da, narvon poyasiga oyoq qoʻydi. Narvonning oʻn ikki poyasini bosib pastga tushgach, tepadagi qopqoq yopildi, qulfning «shirq» etgani ham eshitildi. Zoliyxon yertoʻla deb oʻylagan joy anchagina keng gʻor edi. Moychiroqning ojiz nuri gʻorning hamma yerini yorita olmasdi. Tosh devorlar tomonga emandan ishlangan ogʻir oʻrindiqlar qoʻyilgan. O’z dardiga bandi Zoliyxon buncha oʻrindiqlarning vazifasi nimadan iborat ekanini oʻylab ham koʻrmadi. Qoʻlidagi moychiroqni toshdevor tokchasiga qoʻydi. Bir oz harakatsiz turgach, oʻrindiqqa omonat oʻtirdi. Boshiga yopirilgan balo bulutining qay holda paydo boʻlganining sababini oʻylay boshladi. O’ylay-oʻylay «Tbau-uats-Ila! Qahring shunchalar qattiqmi? Bilib turibman... mening shakkokligim uchun bu jazoing ham kam», degan fikrga keldi. Chorasizlik zanjiriga bandi qilingan qiz nimqorongʻulik bagʻridan najot kutganday qoʻllarini baland koʻtardi-da:
— Mening pahlavonim! Mening Urusxonim!-deb pichirladi. Keyin birdaniga dahshat bilan chinqirib yubordi-da, hushidan ketib yiqildi.

Bu onda Zaur tepaga koʻtarilib, toʻla qopqogʻini yopib, soʻrini joyiga surib qoʻydi.
— Endi sen bu toʻlaning sirini bilasan. Notiinch kunlarda jon saqlash uchun bobokalonlarim qoyani oʻyib oʻzlariga boshpana qilishgan ekan,-dedi Zurabga qarab.
— Men bu sirni oʻzim bilan qabrga olib ketaman,-dedi hanuz derazani pana qilib turgan Zurab.
— Bunga shubham yoʻq, Zurab. Lekin yana bir sirni saqlashga ont ichishing kerak. Zoliyxonning ...-Zaur «benomusligini» demoqchi edi, ammo bu soʻzga tili aylanmadi. Qiynalib boʻlsa-da, oʻzgacharoq tarzda bayon qildi: - qiligʻini birov bilmasligi kerak.

Zaur Zurabdan yigit soʻzini olishga ishongan edi. Ammo ishonchi puch boʻlib chiqdi. Zurab u tomon yaqinlashdi-da, koʻzlariga tik qarab dedi:
— Ont icholmayman, Zaur. Kerim Toʻtarayevdan mening yashiradigan sirim yoʻq. Buni unga aytishga majburman.

Zaur yigitning koʻzlaridagi qat’iylikni koʻrib, boshini egdi.
— Sen haqsan,-deb chuqar xoʻrsindi. Keyin unga iltijo bilan boqdi:-Faqat boshqalarga ayta koʻrma... sendan oʻtinib soʻrayman, ayniqsa bu ovuldagilar bilishmasin.
— Albatta shunday boʻladi. Men doʻstimning xotini nomusiga gard yuqishini istamayman. Sen u ablaxni nima qilmoqchisan, oʻylab koʻrdingmi?
— Unga Tbau-uats-Ilaning oʻzi jazo beradi!
— Shunday deb kutib oʻtirmoqchimisan? Yoʻq! Uni qoʻlga tushirish kerak!
— Qoʻlga tushirish kerak, deysanmi? Qachon? Qanday qilib? Bir haftadan keyin oy toʻlishadi. Biz shundan keyingina oʻtin terish uchun oʻrmonga kira olamiz. Unga qadar hatto mening ham oʻrmonga kirishga haqqim yoʻq. Kirgan taqdirimizda ham qadamjoda olishish mumkin emas. O’ylab koʻr: birdan bir chora – uni aldab, oʻrmondan chiqishiga majbur qilishimiz kerak. Ammo ehtiyot – shart! U makkorning oʻrmondan chiqib qochib qolishga urinishi aniq.
— Qayoqqa qochadi? U shakkok hali siri oshkor boʻlganini bilmaydi-ku? Zoliyxon uning oldiga kun ora qatnardi. Demak, ertaga kechqurun qizingizni kutadi.
— Bu gaping ham toʻgʻri. Men ukalarimni huzurimga chorlay. Sen ularga rejangni aytasan.
— Zoliyxon haqidagi sirni oshkor qilmay turaymi?
— Qarindoshlarimdan yashiradigan sirim yoʻq. Ular bor haqiqatni bilishlari shart. Sen hoziroq bu yerdan chiqqinu Tambi bilan ularning oʻgʻillarini chaqir. Keyin Inaldko, Motsko va Xsinlarni top. «Muhim ish bor», deb tayinla. Hammalari darhol yetib kelishsin. O’zing yoʻlda u-bu ishga aralashib qolib ketma, birga kel.

Zurab buyurilgan vazifani bajarish uchun tashqariga chiqqach, Zaur ichkari uyga kirib «Zoliyxonni shoshqich bir ish bilan Dargovga yuborganini» xotiniga ma’lum qilib qoʻydi.

Qurshov

Martaba jihatidan ikkinchi darajada hisoblanuvchi ruhoniylar – Zaurning qarindoshlari birin-sirin toʻplanishdi. Ular Zaurning tashvishli chehrasiga qarab boshiga mushkulot tushganini sezishsa-da, sababni soʻrashdan oʻzlarini tiyishdi. Taomili shunaqa – kattalar lozim boʻlgan gaplarni aytishadi, zarurati boʻlmasa sir sirligicha qolaveradi. Tugʻishgan ukasi - Tambi birinchi boʻlib xonaga kirgan boʻlsa-da, amakivachchalarining kelishlarini tik turgan holda kutdi. Yurt qonuniga koʻra, amakivachchalarini Zaur «uka» deb atab, shunga yarasha ularga lutf koʻrsatardi. Barcha jamul-jam boʻlgach, kattalar Zaurning taklifiga koʻra oʻrindiqlarga oʻtirdilar. Zurab yosh tutsatlar bilan bir qatorda devor tomonda tik turardi. Hammalarining qoʻllari xanjar dastasida – goʻyo jangovor holatda kattalarning amrini ado etishga shay edilar.

Zaur muddaoga oʻtishdan avval bobo kalonlarining asrlar osha farishta Dzuarga sodiq xizmatda boʻlganlarini eslatdi. O’zlarining ajdodlari vasiyatiga sodiq ravishda xizmat qilayotganlarini ham alohida ta’kidlagach, qarindoshlarni shoshqich tarzda chorlashi sababini ma’lum qildi. Muqaddas oʻrmonda kufroniy hodisa sodir boʻlganini, endi munkirga qarshi chora koʻrmoq uchun birgalikda reja ishlab chiqmoqliklari zarurligini bildirdi. Zurab Zaurning iltimosi bilan hikoyasini boshlagach, bu yangilikdan hayratlangan qarindoshlar faqat bir ozgina jim oʻtirdilar. Keyin Zurabning gapi oʻtirganlarning gʻazabli xitoblari va luqmalari bilan boʻlinib turdi. Zurab aytadiganlarini bayon qilgach, xona bir necha nafas sukunat ixtiyorida qoldi. Soʻng Tambi Tutsat vazminlik bilan oyoqqa qalqdi-da, eshitganlaridan qattiq tashvishga tushganini, bunday badkirdorlikning yuz berishi yetti uxlab bir tushiga kirmaganini gapirdi.
— Nasl-nasabimizga koʻz koʻrib, quloq eshitmagan sharmandalik dahshat solib turibdi. Agar Xudo zehnimizni ochib, bu xodisani yashirish yoʻllarini bizlarga oʻrgatmasa, bu yorugʻ olamda bosh koʻtarib yurishimiz mumkin boʻlmay qoladi. Hech kim,-shunday deb u qator turgan yoshlarga qarab oldi,-bu haqda ogʻiz ochmasligi shart. Hatto uydagi xotinlar ham sezmaligi zarur,-endi u Zaurga qaradi. Zaur bu qarashning ma’nosini uqdi:
— Uyimdagilar bilishmaydi. Qizimni yashirin yertoʻlaga qamab qoʻyganman, badkirdorga xabar yetkaza olmaydi.
— Toʻgʻri ish qilibsan, Zaur,-deb davom etdi Tambi.-Hozirgi vaziyatda oilamizning sharmandali holatiga chora topishdan ham muhimroq vazifa bor: Tbau-uats-Ila xizmatida boʻlgan biz – ruhoniylarning qaroriga vodiyning farovonligigina emas, taqdiri ham bogʻliqligini unutmasligimiz shart.
— Buning naqadar qabih jinoyat ekanini tasavvurimga sigʻdira olmayapman,-dedi Inaldko.-Hammamizni ham xudo urmasaydi, deb qoʻrqaman. Axir dunyo yaralganidan beri to shu kunga qadar muqaddas oʻrmonimizga xotin zotining qadami yaqin yoʻlamagan edi-ya! Toʻgʻri, ayrim erkaklar orasidan chiqqan shakkoklar qadamjoni oyogʻosti qilganlar. Lekin farishta Dzuar ularni oʻsha zahotiyoq ayovsiz jazolagan. Kufrdan qoʻrqmagan bu badkirdorning hali ham muqaddas oʻrmonda yashashi-yu, hali ham jazosini olmagani boshimizga yogʻiladigan balolarga ishora emasmikin? Uning bir oʻzinigina jazolash Tbau-uats-Ilaga kamlik qilayotgan boʻlsa-chi? Balki bizlarni ham gunohkor jinoyatchi qatorida koʻrayotgandir? Akalar, sizlar donosizlar, aytinglar, qanday qilsak gunohimizni yuvamiz, qaysi yaxshi ishlarimiz evaziga xudoning qahridan qutula olamiz?

Inaldko oʻtirganlarning barchasiga murojaat qilgan boʻlsa ham, javobni Zaurdan kutdilar.
— Biz oʻsha munkirni qoʻlga olib, qadamjoni yana oyogʻosti qilinishiga bundan buyon yoʻl qoʻymasligimiz kerak,-dedi Zaur oʻychan tarzda.
— Men ham shuni oʻylayotgan edim,-dedi Tambi.-Lekin oʻrmonga kirmay turib uni qoʻlga ololmaymiz-ku? O’rmonga kirish uchun bir hafta kutamizmi?
— Biz uni aldab chiqaramiz oʻrmondan,-dedi Inaldko.
— Chiqmasa-chi?-deb soʻradi Zaur.
— Unda birgina choramiz bor: oʻrmonni qurshab olamiz-u, ochlikdan sillasini quritamiz. Qani, chiqmay koʻrsin-chi!-dedi Tambi.
— Menga ham shu chora ma’qul tuyulyapti,-dedi Zaur past ovozda.-Qadamjoni oʻrab olish uchun aholini jalb qilishimiz kerak.

Bu gapdan Tambi ham, boshqalar ham ajablanishdi. Tambi masalani oydinlashtirish uchun akasiga murojaat qildi:
— Zoliyxon voqeasini-chi? Ularga aytmassan, a?
— Albatta aytmayman. Zoliyxonning u mal’un bilan hech qanday aloqasi yoʻq. U kadkaronlik Kerim Toʻtarayevga turmushga chiqadi. Kerim qizimni sevadi. Tbau-uats-Ila Zoliyxonni unga taqdir qildi. Qalin puli arzimagan darajaga tushib qolsa ham, ulardan toʻgʻri gapni yashira olmaymiz.
— Bundan boshqa choramiz ham yoʻq,-dedi Tambi.-Bunaqa mashmashalardan keyin...

Tambi gapining davomini aytmasa ham tushunarli boʻldi. Boshqalar ham tagdor qilib: «Ha... bu mashmashadan keyin...», deb qoʻyishdi.
— Mashmasha oʻz yoʻli bilan,-dedi Matsko,-lekin u odam kim, oti nima ekan?
— Kimligi noma’lum,-dedi Inaldko,-hukumat ta’qibidagi abrekdir yoki qasoskorlardan yashirinib yurgan biron nomarddir.
— Hukumat ta’qib etib yurganlardanmi?-kenja oʻgʻil Xsin bu savolni oʻrtaga tashlab, oʻzicha javob izladi:- Ehtimol qoʻrqinchli mashhur Urusxon boʻlsa-chi?-Bu savolni berib, akalariga bir-bir qarab qoʻydi. Uning bu gumoniga hech kim ahamiyat bermagach, gapini davom qildi:-Agar rostdanam Urusxon boʻlsa, ovimiz rosa baroridan kelardi-da! Uning boshi uchun oz emas, koʻp emas – naq besh ming rubl va’da qilingan-a! Bu pullarni qoʻlga kiritsak, kam-koʻstimiz toʻlib qolardi.
— Xomtama boʻlma,-dedi Tambi unga qarab.-Gapingdan hech nimani bilmaydigan goʻdakka oʻxshaysan. Bu hukumat odamlarni laqillatishdan boshqa narsani bilmaydi. Esinglardami, Dogʻistondagi Baboning boshi uchun ham hazilakam pul va’da qilinmovdi. Uni tutib, oʻldirgan choʻponga sariq chaqa ham berishmadi. Agar oʻsha shakkok Urusxon boʻlgan taqdirda ham biz uni hukumatning puli uchun emas, xudoning roziligi uchun oʻldiramiz. Shuni unutmaslik kerak!
— Hukumatning va’dasini hozircha qoʻya turinglar,-deb ularni tinchlantirdi Zaur.-Hozirgi asosiy masala – bu tashvishlardan bayramgacha qutulib olish chorasini topish.

Yigʻin ahli kengasha-kengasha oxiri bir qarorga keldi. Qarorga koʻra, ular har bir daradagi ovulga borib, jinoyatchi qoʻlga olinmagunicha har yigirma toʻrt soatda oʻrinlarini almashtirib turish sharti bilan yigirma beshtadan odam talab qiladigan boʻlishdi. Ovullarga borganda nima deb da’vat qilish lozimligini Zaur ukalariga bir boshdan tushuntirdi. Zaurning talabiga koʻra, ular shunchaki yordam soʻramay, balki shu dara xudosining vakili sifatida borishlari va qadamjoning oyogʻosti qilinganiga befarq qaraganlari uchun gunohkor boʻlganlarini anglatishlari hamda xudoning gʻazabidan qoʻrqishga chaqirishlari zarur edi. Yana aytishlari joiz edikim, Tbau-uats-Ila oʻzining sodiq quli Zaurga namoyon boʻlib, notanish kimsani shakkoklikda aybladi va bandalarini qadamjoni poklashga undadi. Shunda Zaur bilan Zurab kufroniy odamning payiga tushib, oʻrmon etagida uni poylaydilar.

Vazifa aniq boʻlgach, Tambi notanish odamning koʻrinishi qandayligi bilan qiziqib, Zurabga murojaat etdi.
— Baland boʻyli, yelkalari keng odam edi, ammo qorongʻida yuzini aniq koʻrolmadim,-dedi Zurab.
— Ana, men aytganim rostga oʻxshayapti,-dedi Xsin jonlaib.-Urusxonni ham baland boʻyli, kelishgan, baquvvat, deyishadi.
— Balki shundaydir...-dedi Zaur oʻychan tarzda, keyin ukalariga bir-bir qarab chiqdi:-ovullarga borganlaringda buni ham aytinglar. Shakkokning yaxshigina oʻlja ekanini Tbau-uats-Ila ma’lum qildi, denglar. Shuning uchun hech kim choʻchimasin. Xudo kufroniyni jazolaydi, unga hujum qilishga jur’at etgan mardni esa, dunyoviy ne’matlar bilan mukofotlaydi. Shunday desanglar ularning oyoqqa qalqishlari osonroq boʻladi. Endi betoʻxtov ravishda yoʻlga otlaninglar. Bugun qosh qoraygunicha muqaddas oʻrmonimiz bir yuz ellik nafar qurollangan botirlar bilan oʻrab olinishi shart.

Yigʻilganlar tarqalishga shaylanishganda Zaur yana bir marta ularga, ayniqsa, Zurabga Zoliyxonga taaluqli masalalarda ogʻiz ochmasliklarini uqtirdi. Shundan soʻng hammalari hovliga shoshildilar, otlariga minib, belgilangan ovullar sari yoʻl oldilar. Peshindan soʻng butun vodiyda jonlanish sezildi. Sagat lamardonliklar uylarining yassi tomlariga chiqib olib har tomondan oqib kelayotgan otliqlarni qiziqish va bir oz tashvish bilan kuzatdilar. Yengsiz bosma chakmonlariga oʻranib olgan chavandozlar togʻ soʻqmoqlarida avval nuqta kabi koʻzga tashlanib, soʻng aniq ravshan koʻrinardilar.

Qadamjoda shakkokning paydo boʻlgani haqidagi xabar ayniqsa, tsagat lamardonliklarni junbushga keltirdi. Barcha diniy mrosimlar shu ovul yaqinida oʻtkazilgani uchunmi ular mutaassiblikda boshqalardan ajralib turardilar. Ular ruhoniylarning deyarli barcha gaplariga ishonadilar, chizgan chiziqlaridan chiqmaydilarkim, bu sohada qolganlarga oʻrnakdirlar.

Bunday boʻlishi bejiz emas, oʻziga yarasha sabablari ham bor. Shulardan biri – bayram kunlari ovul yaxshigina daromad oladi. Ziyoratga keluvchi xudojoʻylarning aksari aynan shu ovulga joylashadilar. Mehmondan haq olish odatga xilof boʻlsa hamki, ziyoratchilar mezbonlarga «esdalik uchun sovgʻalar» yoki «xudoyi»lar berib ketishadi. Bundan tashqari ziyoratchilar xudo uchun soʻyiladigan qora qoʻzichoqlarni gʻoyat qimmat narxlarda sotib oladilar. Ibodat maqsadida ziyoratgohga kelgan hech bir osetin Tbau-uats-Ila bayramida soʻyilajak qoʻzichoqni sotib olish chogʻida savdolashib oʻtirmaydi. U mana shu qurbonlik evaziga ibodati xudoga ma’qul kelishiga va buning oqibatida xoʻjaligiga farovonlik oqib kirib, xarajatlarining qoplanib ketishiga ishonadi.

Uyi oldidagi maydonchada viqor bilan turgan Zaur oʻrmonni qurshab, shakkokka jazo berish qasdida kelayotgan mard oʻgʻlonlarni duolar bilan qarshi olardi. Ilohiy burchini ado etish uchun yetib kelgan chavandoz otdan sakrab tushgani hamon, ovulning oʻsmirlari egarni yechib olib, tayinli joyga qoʻygach, jonivorlarni oʻtloqqa haydardilar.

Ruhoniy ota oʻgʻlonlarni ikki guruhga ajratdi. Yetmish besh kishidan iborat birinchi guruh togʻ qoyalarini aylanib oʻtib, oʻrmonning orqa tomonidan qurshab olishi kerak edi. Qolgan yetmish besh oʻgʻlonni Zaurning oʻzi tikkasiga Nayfat yoʻli bilan boshladi. Yarim yoʻlga yetganda u yigitlarni jar yoqalab ketgan soʻqmoqqa yoʻnaltirdi. Quyosh yotogʻiga bosh qoʻymay turib, har ikki guruh halqa boʻlib birlashishga ulgurdi. Urusxon har tomondan qurshab olindi.

Zaur Zurabni halqa boʻylab yoʻllab, oʻgʻlonlarga oʻrmon sari qadam bosmasliklarini, kufroniy tashqariga chiqsagina hujum qilishlari mumkinligini qayta eslatdi.

Bugun Zoliyxonning kelishini kutmayotgan Urusxon atrofida nimalar sodir boʻlayotganidan mutlaqo bexabar edi. U buloq yaqinidagi maysa ustda yotib, kelgusi hayoti xususidagi shirin orzularga bandi boʻlib yotardi.

O’rmonning ishonchli halqa bilan qurshab olinganiga qanoat hosil qilan Zaur uyiga qaytib, Zoliyxonni yertoʻladan chiqardi. Tashqariga chiqish, boʻlib oʻtgan gaplardan birovni ogoh qilishni qat’iy ta’qiqlagach, oʻzi yana oʻrmon tomonga qaytdi.

* * *

Tun togʻ va vodiyni oʻz ogʻushiga oldi. Bunday kezlarda kunduzgi ishlardan horigan Sagat Lamardon ahli dam olib yotgan boʻlardi. Bugun qorongʻulik bostirib kelganini sezmaganday hech kim mijja qoqmadi. Har bir oiladan hech boʻlmaganda bir yoki ikki odam qoʻlida qurol bilan oʻrmonni qurshab turgan kezlarda uyda xotirjam yotish mumkin ekanmi? Ovuldagilarning vujudi uyda boʻlgani bilan oʻy-xayollari xatar bilan yuzma-yuz turgan yaqinlarida edi. Shakkokning qonini toʻkish xudoga ma’qul ish boʻlgani bilan, bu vazifaning osonlik bilan bajarilmasligini, oʻrmondan panoh topishga jur’at etgan munkirning xanjari ham kimlarningdir jonini olishi mumkinligini har bir odam anglab turardi.

Bu tahlikali onlarda birgina Urusxongina xotirjam edi. Tamakisini tutatib, chinor ostida shirin xayollar ogʻushida yotgan abrek oʻrmondan chiqdi deguncha yuzlab merganlarning oʻqlariga nishon boʻlajagini xayoliga ham keltirmaydi.

Yosh tutsatlar mard oʻgʻlonlar qatorida qurshov halqasidan joy olishgan. Zaurning ukalari esa xudo yoʻlida qurollangan odamlar orasida yurishib, ziyrak boʻlishga da’vat qilishadi.

Ayollar tun qorongʻuligida erlarni taom bilan ta’minlab turishadi.

Tun bekorchi kutish bilan oʻtdi.

Zogʻ ham koʻrinmadi.

O’gʻlonlarning nigohlari sokin va sirli oʻrmon sari qadalgan. Shoxlari tarvaqaylab ketgan chinor va eman daraxtlariga xavotir bilan qarashadi. Butalar orasiga yashiringan azamatlar shakkokning kutilmagan onda paydo boʻlishiga shay turishadi.

Nihoyat quyosh koʻtarildi. Huddi yaqindagina bu yerlarga tun hukmini oʻtkazmaganday, hamma yoq charogʻon boʻlib ketdi.

Peshin chogʻi qurshovdagi odamlar oʻrinlarini birodarlariga boʻshatib, dam olgani Zaurning uyiga qaytishdi. Qoʻrgʻok bilan Zoliyxon mehmonlar tashvishi bilan band boʻlib qolishdi. Tun boʻyi mijja qoqmay toliqqan bir yuz ellik odamni kutib olish, qornini toʻydirish oson ekanmi! Zoliyxon mezbonlik vazifasini alam va nafrat bilan bajaradi. Sevgilisining jonini olish qasdida tuni bilan shay turgan odamlarga xizmat qilish naqadar ogʻir! Uning qoʻli ishda, xayoli esa Urusxonda edi. U sevgilisining bu qurshovdan qutulib chiqishiga jonu dili bilan umid qilar, uning gunohini kechirib, panohiga olishni Tbau-uats-Iladan soʻrashga esa botina olmas edi.

Bu xudo kechirish nimaligini bilmaydi, u qoʻrqinchli, qasoskor va jazolovchidir. Tbau-uats-Ila haqida bilganlari faqat shu. Esini tanibdi-ki, undan qoʻrqish lozimligini uqtirib kelishadi. U gʻazablanmasligi uchun ibodat qilishadi, roʻza tutishadi, jazosidan qochish maqsadida uning uchun qurbonliklar qilishadi. Ularning dini shunday, rahm-shafqat, gunohni kechirish, muhabbat tushunchalari bu din uchun yot.

Zaur Tambi bilan maslahatlashib, abrekni oʻrmondan aldab chiqarish rejasini tuzdi. Rejaga koʻra, Tambining kichik oʻgʻli Muldor qizlarning kiyimini kiyishi, oy oʻrmon uzra koʻtarilishi bilan Zaurning uyidan tuguncha koʻtarib chiqib, irmoq boʻylab yurishi kerak. O’rmon etagidan yuz qadamcha beridagi soʻqmoqda yiqilib, ingrab ovoz beradi-yu, lat yeganday yotaveradi. Ana shunda abrek qoʻnogʻini tashlab chiqishga majbur boʻladi. Chiqadi-yu, merganlar oʻqiga nishon boʻladi.

Xiyonat

Atrofini oʻrab turgan havf-xatardan bexabar Urusxonga kecha qorongʻuligining osoyishta sukunati rohat va’da qilganday edi. Kechaning bevafo, osoyishta sukunatning esa aldamchi ekanini u seza olmadi. Rohatli damlarga yetish maqsadida buloq boshidagi maskanini tark etib, irmoqning oʻrmon bagʻridan ajralib chiqadigan yeriga borib turdi. Kichik xarsang ustiga oʻtirib, yoz tuniga mahliyo boʻldi: tishsimon choʻqqi tepasi oqarinqiray boshlab, suygan yoriga yetish oni yaqinlashganidan darak berdi. Hademay oy koʻtariladi. Tabiatning bu ishorasini koʻrgan Zoliyxon uyidan chiqadi. Irmoq boʻylab sassiz yurib kelib, unga taom va tamaki keltiradi.

Oy koʻtarilib, qorongʻulikda ezilayotgan vodiy goʻzalligini ochdi. Urusxon «odam qorasi koʻrinmadimikin, bu tomon qayrilmadimikin?» degan ilinjda vodiy tomondan koʻz uzmay oʻtirdi.

Nihoyat kutgani roʻyo boʻldi:

«Ana, u!»

Urusxonning yuragi hayajondan tez-tez tepadi.

Irmoq boʻylab yurib kelayotgan odam qorasi kutilmaganda yiqildi. Urusxon sevgilisining chinqirigʻini eshitib, qulogʻini ding qildi. Endi sevgilisi ojiz ingradi. Miltigʻi oʻrmon ichkarisida qolganini ham unutib, jar yoqalab ketgan soʻqmoq sari yugurdi.

Tbau ustida xotirjam ravishda balqqan toʻlin oy nuri makrni oshkor qilmoqchi boʻlganday har bir xarsang, har bir buta qatorida yerda yotgan odamni ham yoritdi.

Yerda yotgan odam qorasini aniq koʻrmasa ham Urusxonning yuragi uning Zoliyxon emasligni sezdi. Garchi yashin tezligida fikrlasa-da, aniq xulosaga kelishga ulgurmay, oʻq uzgan miltiq jarangi sukunatni poralab tashladi. Urusxonning qulogʻi ostidan oʻq hushtak chalib oʻtdi.

«Nima bu? Sotqinlikmi?»

Yerda yotgan odamni endi aniq koʻrdi: moʻylavi sabza urgan yigitchaning koʻzlari «Qalay, boplab aldadimmi?» deganday kulib turibdi.

Yana miltiq otildi. Bu safar ham oʻq qulogʻi ostidan oʻtib ketdi. O’rnidan turib qochib qolish fursati yetganini anglab, qaddini koʻtarishga uringan yigitchaning koʻkragiga Urusxon xanjarini to dastasiga qadar botirdi.
— Sotqinliging mukofoti shu boʻladi senga!

Shunday dedi-yu, toshdan toshga sakrab, oʻzi uchun panoh hisoblangan oʻrmon sari qocha boshladi. Qonga belangan Muldor ogʻzidan koʻpik chiqarib, jon talvasasida qolaverdi.

Pistirmadagilar tinmay miltiq tepkisini bosadilar, oʻqlar esa nishonni chetlab oʻtadi.

Yana ozgina qoldi. Soʻng oʻrmon... unda birov daf qila olmaydi.

Yetay deganda, soʻnggi qadamlarini bosa olmay yiqildi, lablaridan la’nat soʻzlari uchdi.

Zurab otgan oʻq uning oʻng oʻpkasini teshib oʻtgan edi. Shakkokning yiqilganini koʻrgan yigitlar uni oʻldi, deb gumon qilishib, gʻoliblik qiyqirigʻi bilan oʻrinlaridan turib ketdilar. Yiqilib yotgan O’rusxonga qarata otilgan yana bir oʻq yonboshiga sanchildi. Pistirmadagilarning shodon hayqirigʻi tezgina soʻndi: Urusxon qaddini koʻtardi-yu, soʻnggi kuchini toʻplab panohkor daraxtlar sari intildi. U dastlabki bahaybat chinorga yetib kelganida majoli qolmagan edi. U daraxtni xuddi onasini quchganday quchoqladi-yu, hushsiz yiqildi.

Uni ushlash uchun ta’qib eta boshlaganlar beixtiyor ravishda toʻxtab qoldilar. Urusxon muqaddas oʻrmon hududiga oʻtishga ulgurgan, masofa uch-toʻrt qadamni tashkil etsa-da, endi oʻgʻlonlarning birontasi oʻljaga yaqinlashishga jur’at eta olmas edi.

Otishma ovozi naridagilarning ham diqqatini tortdi. Ular pistirmadagi joylarini tark etib, shu tomon kela boshladilar. Ovulda ham jonlanish sezilib, Nayfat yoʻlida shoshilib kelayotgan odamlar koʻrinishdi. Koʻp oʻtmay oʻrmon etagi odamlar bilan toʻldi. Tomoshatalablar boshqalarni surib, suqilib, oldinga oʻtmoqchi, muqaddas chinor panasida yotgan shakkokni koʻrmoqchi boʻlardilar. Qisqa fursatda boʻlib oʻtgan voqea ogʻizdan-ogʻizga koʻchardi.

Muldorning oʻlimi qadamjoni asray olmaganlari uchun ruhoniy otaxonlarga Tbau-uats-Ila tomonidan yuborilgan jazo sifatida qabul qilindi. Tbau-uats-Ilani soʻroqlamoq huquqi yolgʻiz Zaurga berilgani sababli u qadamjoning oyogʻosti qilinganidan avvalroq ogoh boʻlishga majbur edi.

Tambi gʻam-alamini ichiga yutadi. Dardidan birovning ogoh boʻlishini istamaydi. Boshqalar qatori yetib kelgan oʻz urugʻining ayollarini atrofiga chorlaydi-da, barchaga suyukli boʻlgan, quvnoq Muldorga aza ochishni tayinlaydi. Soʻng xaloyiqni tinchlantirishga urinayotgan tutsatlar safiga qoʻshiladi. Birovlar ularning da’vatlariga quloq solishadi, betoqat va qoni qaynoqlar esa muqaddas chinor ostida yotgan munkirni bu yoqqa sudrab chiqib, burda-burda qilib tashlashni istashadi. G’azablarini jilovlay olmayotganlarga chinorga yaqinlashish muqaddas oʻrmonni oyogʻosti qilmoqlik ekanini tushuntirish oson emasdi.

Shu zaylda soatlar oʻtdi.

Toʻplangan yuragidagi gʻazab olovi dam soʻnganday boʻladi, dam yana katta kuch bilan alanga oladi.

Urusxon esa hamon hushsiz yotibdi.

Bekordan bekorga kutaverishning oxiri koʻrinmas edi. Toqati toq boʻlgan besabrlar izlariga asta qayta boshlashdi. Daraxt ostida hushsiz yotgan kufroniyni qoʻriqlashga yetarli odamlargina qoldi.

Koʻp qon yoʻqotganidan madorsizlangan Urusxon erta tongda hushiga kelib, koʻzlarini ochdi. Boshini sal koʻtarib atrofga qaradi-yu, poyloqchilarni koʻrdi. Uning harakatga kelganini koʻrgan qurolli odam sal narida oʻtirgan Zaurni chaqirdi. Zaur odamlariga oʻrmonni qurshab olishni buyurib, daraxtga yaqin keldi.
— Notanish odam, sen kimsan?-deb soʻradi u Urusxondan koʻz uzmay.-Sen bizning vodiyga kelib, qadamjoni tahqirlading. Munkirlik senga kamlik qilibdimiki, yana qotillik ham qilding. Sen nobakor, xudoning gʻazabidan qoʻrqmaysanmi?

Urusxon xuddi uning gaplarini eshitmaganday javob qaytarishga urinmadi ham. Qaddini sal koʻtarib, yengining bir parchasini yirtib oldi-da, yarasini bogʻlay boshladi. Zaur esa toqat bilan undan javob kutdi. Javob boʻlmadi. Urusxon yarasini bogʻlab boʻlgach, arang oʻrnidan turdi-da, mast odam kabi gandiraklaganicha oʻrmon ichkarisiga qarab yurdi.

Uning bu qiligʻidan gʻazablangan poyloqchilar miltiqlarini otishga shaylab, izn olish ilinjida ruhoniy otaga umid bilan qaradilar. Zaur ularning shashtini qaytarish uchun bosh chayqadi.
— Qadamjoda qon toʻkish sira ham mumkin emas. Tbau-uats-Ila uning jazosini berish uchun sizlarning oʻqlaringizga muhtoj emas. U shakkokni bizga oʻzi tutib beradi.

Zaurning ishonch bilan bunday deyishi bejiz emas, u yakshanba kuni oʻrmonga kiruvchi ruhoniylarning shakkokni qoʻlga olishlariga umid qilayotgan edi.

Alamzada oʻgʻlonlar ruhoniy otalari chizgan chiziqdan chiqmay, chorasiz qoldilar.

Bu paytda Urusxon yara azobidan baqirib yubormaslik uchun tishini tishiga bosganicha buloqboshiga yetib keldi. U badanini kuydirayotgan yara qiynogʻiga chidardi, ammo gʻazab olovi uni batarroq azobga solardi. U qanday qilib aldov toʻriga ilinib qoldi? Ziyrakligini qayda yoʻqotdi? O’rab olgunlaricha lallayib yotaverdimi? Miltiqni olmay oʻrmon tashqarisiga chiqqani-chi? Eng laqma odam ham bunday ehtiyotsizlik qilmas?

Bu yerdaligini u odamlar qayerdan bilishdi?

«Zoliyxon xiyonat qildi», degan fikr xayoliga ham kelmaydi. Arzimas tuyulgan har qanday tasodif sirni oshkor qilgani aniq. U tashvishlarga va sarguzashtlarga toʻla hayotida tasodiflar bilan hisoblashishga oʻrganib qolgani uchun shu toʻxtamga keldi.

Urusxon buloq suvida yaralarini yuvib, qon oqishini toʻxtatish uchun mahkam bogʻladi. Soʻng bu yerdan tezroq qochish rejasini oʻylay boshladi. Tik qoyalarga sinchiklab razm solib, bu yerda qolish xatarli ekanini angladi. Tanga darmon berishi mumkin boʻlgan ovqat yoʻq. Qolgan-qutgan taom qoringa yuq ham boʻlmaydi. Qanday boʻlmasin bu yerdan tezroq chiqib ketishi shart. Kechagina har hil balolardan asrashi mumkin boʻlgan bu muqaddas oʻrmon endi unga oʻlim zindoni boʻlib tuyuldi. Toki tanasida joni bor ekan, taslim boʻlmaydi, harakat qiladi. Uning aniq rejasi yoʻq, ammo omadiga ishonadi.

Kunduzi dam olgani ma’qul. Kechasi bularga sezdirmay yoʻl yurish mumkin. Shu qarorga kelgan Urusxon maysa ustiga choʻzilib, koʻzlarini yumdi. Uyqusi notinch boʻldi. Isitmasi koʻtarilib, azob chekayotgan qalbini qoʻrqinchli tush dahshati bilan larzaga solib turdi: bir qarasa, och boʻrilar qurshovida turibdi, oʻzini himoya qilay desa – miltigʻi yoʻq. Bir qarasa, gʻazablangan Tbau-uats-Ila unga qiyomat jazosini berish maqsadida ustiga bostirib kelyapti. Bir qarasa, togʻ choʻqqisini qoplab turgan qora bulutdan bir parchasi ajralib tushib, uni oʻrab-chirmab, beayovlik bilan siqa boshlaydi. Nazarida Tbau-uats-Ilaning gʻazabnok nigohi faqat ungagina qadalgan, qasos onlari yaqinligini sezgan jasur Urusxonni endi dahshat chodiri boʻgʻa boshlaydi. Birdaniga togʻ choʻqqilari, hatto vodiy chir-chir aylana ketdi. Goʻyo yer yuzi telba quyun ixtiyoriga berildi. Togʻlarni huddi yengil xas kabi girdikapalak qilayotgan quyun Urusxonni ham unutmadi: u arzimas zarraning zarrasi singari aylanaverdi. Quyun bahaybat choʻqqilarni oʻrnidan sugʻurib, uning ustiga otdi. Toshlar qoʻllarini sindirdi, xarsanglar oyoqlarini majaqladi. Tbau-uats-Ila uni shakkokligi uchun shunday jazolab, chuvalchangday qimirlashga urinayotgan Urusxonni mazax qilgan kabi mamnun kuladi.

Tbau-Uas-Ilaning Ino’mi

Urusxon poyloqchilarni dogʻda qoldirib, gandiraklaganicha oʻrmon ichkarisiga kirib ketgach, Zaur bilan Tambi ruhoniylar oilasiga mansub barcha qarindoshlarini toʻplab mashvarat qildilar. Oy toʻlishgach, ular oʻrmon hududini bosib ichkari kirish huquqiga ega boʻladilar. Hozir esa sabr qilmoqlikdan oʻzga chora yoʻq. Noma’lum odamning nopok qadami bilan oʻrmonni tahqirlashi shakkoklik boʻlsa, oʻzlarining oy toʻlishgunga qadar oʻrmonga kirishlari kufr ustiga battar kufr sanalmogʻi aniqligini ular yaxshi bilishadi. Unga qadar esa oʻrmon zich halqa bilan oʻrab olinishi kerakkim, toki undan bir qumursqa ham oʻrmalab chiqib keta olmasin. Ularning har bir harakatlarini ziyraklik bilan kuzatib turgan Tbau-uats-Ila ruhoniy bandalarining oʻz vazifalarini qanday sodiqlik bilan ado etayotganlarini nazardan qochirmaydi.

Maslahat chogʻida yana «Bu odam kim boʻldi ekan?» degan savol takrorlandi. Xsin «bu shakkok aynan Urusxonning oʻzi», degan avvalgi gumonini endi isbot qilmoqchi boʻldi. Bu munkirning oʻldirilishi uchun tutsatlarning besh ming rubl miqdorida mukofot puli olishlarini yana bir eslatadi.
— Muhimi bu emas,-deb uni qayirib tashlaydi Tambi.

Poyloqchilar joy-joylariga joʻnatilgach, Tambi oʻgʻlining dafn marosimiga tayyorgarlik koʻrish uchun uyiga otlandi. Inilari esa qasos onini qoʻldan chiqarmaslik uchun joylarida qoldilar.

Zaur ham uyiga qaytdi. U jinoyatchini qoʻlga olish nasib etadimi yo yoʻqmi, deb fol ochuvchi tayoqchalaridan soʻradi. Tayoqchalar uning koʻngliga taskin beruvchi ijobiy javobni berdilar.

Inilari va jiyanlarining oʻrmon poyida sergak turganlari unga dalda berib, bir oz dam olishni ixtiyor qildi.

Ertalab qizini qaygʻuli ahvolda koʻrdi. Qiz qalbidagi muhabbat olovining zabti unga ham ta’sirini oʻtkazdimi, har nechuk gʻazabini yumshatdi. Kufroniy bir erkakni deb asriy qonunni buzishga jur’at etgan, endi uning hajrida kuyayotgan qiziga Zaurning rahmi keldi.
— Zoliyxon!
— Labbay, ota?
— Qaygʻurayapsanmi?

Bir ogʻiz gap gapirishga holi ham qolmagan qiz otasiga nima deb javob qilsin? Zoliyxon indamaydi, boshini egadi.
— U nobakorni xayolingdan chiqarib tashla!-deb amr qiladi Zaur.

Ota amri soʻzsiz ado etilishi kerak. Ammo muhabbatning baquvvat zanjiri bilan ikki yurak bogʻlangan damda bunday amrni bajara oluvchi oshiq bormi bu dunyoda?

Qiz itoatsizlik bilan bosh chayqadi:
— Ota, men bunday qilishga ojizman.
— O, baxti qaro qiz, nega tushunging kelmaydi? U yaralanib yotibdi. Balki joni allaqachon jahannamga ketgandir?

Qizning gʻamga limmo-lim toʻla qalbi azobini titroq ovozi oshkor qildi:
— Bilaman...

Ota gʻamning bu sadosiga e’tibor qilmaydi:
— Tbau-uats-Ila Kerimning xotini boʻlishingni menga ayon qildi.

Zoliyxon boshini egganicha pichirladi:
— Bu ham dzuarning jazosi menga...
— Ha, bu Tbau-uats-Ilaning jazosi!-deb qat’iylik bilan takrorladi Zaur.-Sen kufroniyga yordam berib, gunohga botding. Endi tavba qilib, gunohingni yuvishing kerak. Qizim, ishon, senga rahmim kelyapti. Men – otaman! Taqdiringga befarq qaray olmayman. Seni hali oldinda ogʻir qismatlar kutyapti. Azoblarga chidashga majbursan...

Zaur ota sifatidagi aybiga iqror boʻlib, boshini egdi. Qiz «otam yana biror nima dermikin?» degan fikrda jim turdi. Zaurdan sado chiqavermagach, qayrilib nari ketdi.

«Bundan battarroq yana qanday azobga duch kelishim mumkin?-deb oʻyladi u.-Sarlochinim yaralanib yotibdi, men yarasiga malham qoʻya olmayman. Balki otam aytganiday, tiriklar dunyosini tashlab ham ketgandir, men - notavon esam unga aza ochib, bir tomchi koʻz yoshi ham toʻka olmayman. Men sevmagan, bundan keyin ham hech qachon seva olmaydigan Kerimga tegamanmi? Tbau-uats-Ila menga shu taqdirni ravo koʻryaptimi? Bu qanday koʻrgilik!

Zoliyxon qalbini zabt etgan paxlavonining buloqboshida qoniga belanib yotganini xayolan koʻz oldiga keltirdi. Ichki bir qudrat uni oʻrmon tomon borishga da’vat etdi.

Ammo...

Tbau-uats-Ilaning qasosi-chi?

U qurshovdagi poyloqchilar orasidan sezdirmay oʻtib olishi mumkin edi. Odamlar sezmay qolishar, ammo shu oʻrmon, shu togʻ xudosi-chi? Battar gʻazablanmaydimi? Uning jazosi-chi? U oʻzining emas, sevgilisining boshiga bundan battar balolar yogʻilishidan qoʻrqqani uchun ham oʻrmon sari borishga jur’at etolmaydi.

Qurshovda oʻtirganlar nazarida juma va shanba juda imillab oʻtdi. Urusxon esa isitma otashida alaxsirab oʻtkazdi bu kunlarni. Kunni zerikish bilan oʻtkazgan poyloqchilar oʻrniga yangilari kelishdi. Balogʻat yoshiga yetgan tutsatlar shanba kuni roʻza tutdilar. Choʻmilib, pokiza boʻlishgach, ibodat qilishdi. Soʻng oppoq kamzullarini kiydilar-da, oʻrmonga otlandilar. Qurol bilan ichkari kirish mumkin boʻlmagani sababli qoʻllariga faqat tayoq va oʻtin kesgali bolta oldilar. Ular shakkokni buloqboshida yotgandir, deb taxmin qildilar. Uni uxlab yotganida qoʻlga olish rejasini tuzdilar.

Zaur «Tbau-uats-Ila bizga madad berishga va’da qildi», degani uchun, gʻalabaga hammaning ishonchi komil edi. Zaur badkirdorni Tbau-uats-Ila hukmiga roʻpara qilmoq maqsadida tiriklayin qoʻlga olishni amr etdi. Agar abrekni behos oʻldirib qoʻyishsa, ishga hukumat vakillari aralashadilar. Ruhoniylar esa ularning aralashishlari u yoqda tursin, bu yerlarga yaqinlashishlarini ham xohlamaydilar.

Ular muqaddas oʻrmon etagiga yaqinlashib, tun ogʻishini kutdilar. Soʻng bir necha guruhga boʻlinib, oʻrmonning turli tomonlaridan ichkari kirdilar.

Vodiydan koʻtarilib kelgan qora bulut toʻlin oyni ham, osmonga sachragan yulduzlarni ham yutdi.

O’rmonni qurshab yotgan oʻgʻlonlar xarsanglar va butalar panasida miltiqlarini mahkam siqqanlaricha ziyrak yotibdilar. Ularning koʻzlari ichkariga yoʻl olganlarda. Oq kamzulli tutsatlar bahaybat daraxtlar ostida huddi oʻrmalayotgan arvohlar kabi koʻrinadilar.

Zaur toʻgʻri buloqboshiga bormay, avval oʻrmonning hamma tomonini qarab chiqishni buyurgan edi. Topshiriqni bajargan tutsatlar Zaurning atrofida birin-ketin toʻplandilar. U boltadan faqat himoya vositasi sifatidagina foydalanish mumkinligini ta’kidlagach, buloqboshi tomon sharpasiz yura boshladilar. Oldinda borayotgan Zaur shakkokning nima qilayotganini oʻz koʻzlari bilan koʻrishni istayotgan edi. Agar uxlayotgan boʻlsa orqadagilarga ishora qiladi. Tutsatlar esa unga tashlanib, qoʻl-oyogʻini bogʻlashadi. Pusib, sas chiqarmay belgilangan joyga yetdilar. Ana, kufroniy maysa ustida harakatsiz yotibdi. Zaur uni huddi shu ahvolda, shu joyda koʻrishni tahmin qilgan edi.

Sokinlik...

Zaur unga asta yaqinlashdi.

Tbau-uats-Ila jinoyatchini uning qoʻliga osonlik bilan topshirdi.

Hushsiz Urusxonning koʻzlari yumuq. Alaxsirab, nimalardir deydi.

Zaur qaddini gʻoliblik bilan koʻtarib, inilariga ishora qildi.
— Bogʻlanglar!

Urusxonning hushsiz ekanidan bexabar tutsatlar unga baravar tashlanib, qoʻl-oyogʻini bogʻladilar.

Urusxon ularni ajablantirib, qarshilik koʻrsatmadi, uygʻonmadi, hatto nimalar boʻlayotganini sezmadi ham.

Urusxonni oʻzining boʻrkiga yotqizishdi. Toʻrt yigit uni koʻtardi. Tambi sal narida yotgan miltiqni koʻrib, qoʻliga oldi.
— Uni uyimga olib boringlar, Tbau-uats-Ila bizga marhamatini yogʻdirdi. Bugun qasidalar aytamiz. O’tinni ertaga kessak ham boʻladi.

Zaur shunday deb Tbau-uats-Ilani ulugʻlovchi qadimiy qasidani kuylay boshladi. Hazin ohangda boʻlsa-da, kishi qalbini larzaga soluvchi bu qoʻshiq tun sukunatini poralab tashladi. Marosim ishtirokchilari shoshilmay soʻqmoq tomon borishdi. Pistirmadagilar qoʻshiqni eshitishlari hamon oʻrinlaridan turdilar-da, ehtirom yuzasidan bosh kiyimlarini yechib, qoʻlga oldilar.

Ruhoniylar oʻrmon etagiga yaqinlashganlarida bulut choki soʻkilib, toʻlin oy koʻrindi. Harakatsiz qora bir narsani koʻtarib kelayotgan oppoq kiyimlilar oy nurida aniq koʻzga tashlandilar.

G’olibona qadamlar bilan oʻrmondan chiqib kelgan ruhoniylarni koʻrgan poyloqchi yigitlardan biri shodonlik bilan:
— U qoʻlga olindi!-deb qichqirdi.
— Shakkok qoʻlga tushdi!-boshqalar shunday deb qichqirishib, quvonchlarini ichlariga sigʻdirolmay miltiqlarini baland koʻtarganlaricha tantana qildilar.
— Ushlandi! Ushlandi!-degan shodiyona xabar ogʻizdan ogʻizga koʻchdi.

Toʻplanganlar ruhoniylar safiga shoshilib, joʻrovozda qoʻshiqqa qoʻshildilar.

Jar yoqasida ajib bir manzara namoyon boʻldi: oldinda oppoq liboslilar, ularning izidan qora kiyimli oʻgʻlonlar tizilib borishadi.

Qoyalardan qoyalarga urilib jaranglayotgan qoʻshiq Sagat Lamardon aholisini uylarini tark etib chiqishga majbur etdi. Zaurning uyi oldidagi maydoncha bir pasda odamlarga toʻldi. G’olibona va tantanali yurish ishtirokchilari maydonchaga yaqinlashishganda qasida ham nihoyasiga yetdi.

Yaradorni koʻtarib kelgan tutsatlarning yosh oʻgʻlonlari uni asta yerga qoʻydilar. Odamlar toʻdasi qiziqsinib, oʻljaga yaqinlashdilar. Bir bola chiroq olib kelib, uning yuzini yoritdi. Hech kim uni tanimadi.
— Uning mening qoʻnoqxonamga olib kiringlar. Tepasida ikki kishi qoʻriqlab tursin,-deb buyurdi Zaur.

Ular yaradorni koʻtarib, hovliga qadam bosishlari bilan Zoliyxon ichkariga, ayollar xonasiga qochib kirib ketdi. Qizning vujudini junbushga keltirayotgan qandaydir kuch uni yorining yaralarini bogʻlashga, tasalli berishga undaydi. Ammo nochorlik hissi gʻoliblik qilib, xonada berkinib oʻtirishga majbur etadi. Nima qilsin, u bechora, erkaklar tarqalishini kutishdan oʻzga iloji yoʻq.

Tomoshatalablar tarqalishdi. G’ala-gʻovur ham tindi. Urusxon qoʻnoqxonadagi toʻshak ustida hamon harakatsiz yotibdi. Qurollangan ikki yigit uning ikki yonida ziyrak turibdi. Zaur xudoning gʻazabini keltirgan, tutsatlarni esa behalovat qilgan bu nobakorga uzoq tikilib turdi-da, yigitlarga buyurdi:
— Qaranglar, balki yarasini bogʻlash kerakdir.

Soqchilar amrni bajarishni paysalga solmadilar. Zaur chiqib ketmay turiboq, Urusxonning qoʻllarini mahkam siqib turgan arqonni boʻshatdilar. Keyin ustidagi kiyimlarni ham yechgach, yaraga yopishib, qotib qolgan qonli lattani bemehrlik bilan yulib oldilar. Ogʻriq zoʻridan yarador ingrab yubordi. Soqchilar endi nima qilarlarini bilmay hayron turganlarida eshik ochilib, Zoliyxon shoshilganicha kirib keldi. Zaur bu yerdan chiqib yaradorga qarash lozim ekanini aytganida Zoliyxon goʻyo qanot chiqarib uchganday boʻlgan edi. U keltirgan malham, toza mato, iliq suvni yerga qoʻygach, sevgilisi yoniga choʻkkaladi. Bularning qalb sirlaridan bexabar soqchilar sal naridagi kursiga borib oʻtirdilar.

Zoliyxon nozik va mayin barmoqlari bilan yaraga malham qoʻyib, avaylab bogʻladi. Yonboshni yaralagan oʻq havfli emas, suyakka tegmabdi. Ammo koʻkrakka tekkani... Zoliyxon shunisidan xavotirda.

«O’q oʻpkasida qolganga oʻxshaydi,-deb oʻyladi u.-isitmalashi shundan».

Zoliyxon yaradordan xabar olib turish uchun qoʻnoqxonada qolajagini bildirdi. Soqchilar unga qarshilik qilishmadi.

Ertasi kuni yosh ruhoniylar oʻtin kesib kelgani oʻrmonga yoʻl olganlarida kattalar yaradorning qismatini hal qilish uchun Tambining uyida maslahatga toʻplandilar. Ular oʻzlaricha hukm chiqarib, ijro etishga botina olmaydilar. Qadamjoning xorlangani, jinoyatchining qoʻlga olinganini butun vodiy ahli eshitdi. Hokimiyatning bu yangilikka befarq qaramasligi ayon, demak, tutsatlar oʻzlaricha hech nima qila olmaydilar.

Hatto Tbau-uats-Ila ham jinoyatchining jonini olmay, oʻz xizmatchilarining qoʻliga topshirdi. Zaurning fikricha, xudo bu kufroniyga oʻlimdan koʻra yanada azobliroq va dahshatliroq jazoni tayyorlab qoʻygan. Shu sababli eng ma’qul chora – yaradorning tuzalishi va Tbau-uats-Ilaning qarorini kutish.

Shu kuniyoq Temir Toʻtarayev oʻgʻli hamrohligida Sagat Lamardonga yetib keldi. Ularning izidan ikki bahaybat it koʻmagida suruvni haydab kelayotgan xizmatkor ovulda toʻxtamay, qoʻylarni oʻtloq sari haydadi. Zaur ardoqli mehmonlarni hovlida kutib olib, oʻzining xos xonasiga boshladi. Qariyalar soʻridan joy oldilar, Kerim eshik yonida qoldi. Doʻstining tashrifidan xabar topgan Zurab ham xonaga kirib, Kerimning yonidan joy oldi. Mezbondan amr kutayotganday xanjari dastasini mahkam ushlab, qaddini gʻoz tutgancha turdi.

Ruhoniy ota mehmonini keyingi kunlarda yuz bergan voqealardan ogoh qildi. Ammo qizining jinoyatchiga taom olib borganini aytishga tili bormadi. Bu gap sirligacha qolmasligini, Zurab hademay doʻstiga oshkor qilishini bilardi. Shunday boʻlsa-da, bu haqiqatni aytish unga oʻlim azobi kabi tuyuldi. Mezbon gapini tugatib, tin olgach, Temir jinoyatchini koʻrishga izn soʻradi.

Zaur unga monelik qilmay, hovli orqali qoʻnoqxonaga boshladi.

Temir yarador asirni koʻrdi-yu, beixtiyor bir seskandi. O’zini oʻsha zahoti qoʻlga ololgan boʻlsa-da, sinchkov Zaur undagi oʻzgarishni sezdi. Temir orqasiga oʻgirilib hovliga chiqquniga qadar Zaur undan sado kutdi. Ammo mezbon muqaddas oʻrmon tomon tikilganicha jim qoldi. Zaur mehmonni tirsagidan ushlab, uyga boshladi-da:
— Uni taniysanmi?-deb soʻradi.

Agar rus jandarmi shunday deb soʻraganida Temir rad javobini berar, qochoqni hech qachon sotmagan boʻlardi. Ammo hozirgi sharoitda qiyomatli doʻstiga toʻgʻrisini aytishi mumkin. U chuqur xoʻrsindi-da, Zaurga qarab:
— Taniyman,-dedi.

Zaur gapning davomini kutib, mehmoniga savol nazarini qadab turaverdi.
— Men uni abrek boʻlmasidan ilgari ham yaxshi tanirdim. Uning kindik qoni bizning ovulda toʻkilgan.
— Demak?..-Zaur shunday deb jim qoldi. Temir ham gapirmadi. Javobni ruhoniy otaning oʻzi aytdi:-Urusxonligi aniqmi?

Temir javob oʻrniga bosh irgʻadi.
— Endi hammasiga tushundim! Endi hammasi menga ayon boʻldi! Tbau-uats-Ila menga, oʻzining sodiq quliga marhamat qilibdi! Xudoyim Urusxonning boshi besh ming rublga baholanganini biladi-ku, axir? Bu boylikni xudo menga nasib etibdi!

Zaur hayajon bilan shunday degach, jimib, oʻylanib qoldi: «Ammo men uni jandarmga oʻz qoʻlim bilan topshiramanmi? Besh ming rubl evaziga «sotqin» degan tavqi la’natga erishamanmi? Yoʻq. Bunisi toʻgʻri kelmaydi!»

Zaur «chorasini sen top» deganday doʻstiga qarab qoldi. Temir «buning chorasini topishga men ojizman», deganday nigohini olib qochdi. Bir oz oʻylangach, Zaurning oʻzi topdi bu chorani: u asirini jinoyatchi qochoq Urusxon deb topshirmaydi, hukumat qoʻliga. Balki hujjatsiz, noma’lum kimsa deb beradi. Hukumatdigalarning oʻzlari boshlarini qotirib uning kimligini aniqlab olishsin-u, mukofot pulini choʻzishsin. Zarur boʻlib qolsa ularga ozgina yordam berishar. Lekin hozircha hech kim asirning kimligini bilmasligi shart. Zaur bu qarorini yana bir marta fikr tarozusiga solib koʻrgach, qochoqning nomini sir saqlab turishini doʻstidan iltimos qildi.

Temir bu iltimosni hech bir shartsiz qabul etdi.

Otasining imo-ishora orqali bergan amrini ado etish uchun Qoʻrgʻok tezlik bilan otni egarladi-da, togʻ tepasidagi yaylovga qarab yoʻl oldi. Oradan yarim soat ham oʻtmay egarida qora qoʻzi bilan qaytdi. Hovliga kira solib, otdan chaqqon sakrab tushdi. Zorlanib ma’rayotgan qoʻzini egardan oldi-yu, uni oʻnglanishiga ham qoʻymay, boʻgʻziga xanjar tortib yubordi. Keyin yengini shimarib, choʻkkalab oldi-da, jonivorning terisini shildi, ichak-chavogʻini agʻdarib tashladi. Amr etilgan ondan ikki soat oʻtmay, mehmonning sharafiga soʻyilgan qoʻzi goʻshtidan kabob tayyor boʻldi.

O’g’Il

Shomga yaqin Urusxon hushiga keldi, koʻzlarini ochib, atrofga hayrat bilan boqdi. Eshik yonida oʻtirgan qurolli ikki yigitni koʻrdi. O’rnidan turmoqchi edi, oyoqlari bogʻlanganini sezib, ortiqcha harakat qilmadi. Yana koʻzlarini yumdi-da, oʻzini uxlaganga soldi. Ammo ongi uygʻoq edi. U boʻlib oʻtgan voqealarni eslashga urindi: toʻgʻri, u ehtiyotsizlik qilib, oʻrmondan chiqdi, unga oʻq uzdilar... lekin, uni aldagan bola...

Urusxon bolaga xanjar urganini eslab, mamnun jilmaydi. «Sotqinlik uchun jon bilan haq toʻlaydilar... Qiziq, bu yerga qanday kelib qoldim? Muqaddas oʻrmonga kirib meni olib chiqishga kim jur’at etdi? Kim meni bogʻlab tashladi? Uyquda edimmi yo hushsizmidim? Qanchadan beri yotibman? Chanqadim, ogʻzimda tupuk ham qolmabdi...»
— Suv... menga suv bering,-dedi u beihtiyor.

Uning xirildoq ovozi juda past edi. Shunga qaramasdan qoʻshni xonada oʻtirgan Zoliyxon paxlavonining iltijosini eshitdi, shoshilganicha chiqib, yaradorga qaramoqchi boʻlgan soqchining qoʻlidan istakonni olib, mis qumgʻondan suv quydi-da, bir qoʻli bilan Urusxonning boshini koʻtardi. Zoliyxonni koʻrgan Urusxonning koʻzlari chaqnab ketdi. Suvni yutoqib-yutoqib ichdi-da, baland ovozda:
— Rahmat!-dedi, keyin ovozini pastlatib soʻradi:-Men qayerdaman?
— Otamning qoʻnoqxonasida,-dedi qiz ham past ovozda, soʻngra yanada shivirlab:-Keyin, keyinroq gaplashamiz...-deb qoʻydi.

Bu onda Zaur oʻzining xos xonasida Tambi va Inaldko bilan maslahatlashib oʻtirardi. U boshi besh ming rublga baholangan mashhur abrekni Temir Toʻtarayev taniganini ukalariga ma’lum qildi-da, «Tbau-uats-Ila marhamat koʻrgazib, sodiq xizmatlarim evaziga bu mukofot pulini menga lozim koʻrdi. Agar xudoyim shuni xohlamaganida jinoyatchini mening qoʻlimga topshirmay, oʻzi jazolagan boʻlardi», deb izoh berdi. Ukalarga bu izoh ma’qul kelmadi. Garchi «Xudo jinoyatchini oʻzi mahv etmay qoʻlimizga topshirdi», degan fikrga qoʻshilsalar-da, qochoqni qoʻlga olishda barcha tutsatlar ishtirok etganlari sababli olinajak pul mukofoti teng taqsimlanishi kerak, degan talabni oʻrtaga qoʻydilar.

Ukalarining talabi Zaurga ma’qul kelmay, bahs boshlanib ketdi.

Zaur abrekni birinchi boʻlib koʻrganini qayta-qayta takrorlayverdi. Ukalari esa unga javoban: «yoningda biz boʻlmasak, yolgʻiz oʻzing unga yaqinlashishga jur’at eta olmagan boʻlarding, uni kim ushlab, kim bogʻlab, kim koʻtarib keldi, buni hisobga olmaysanmi?» deb qattiq e’tiroz bildirishdi.

Zaur yon bosishga majbur boʻldi – olinajak pul mukofotini teppa-teng taqsimlashga qaror qildilar.

Deraza yonida turgan Zoliyxon ularning bu bahsini eshitib, gʻashlandi.

Hali qoʻlga olinmagan pul haqidagi bahs hal etilgach, Tambi «Biz hali yoʻq narsani talashib oʻtiribmiz. Hukumat va’dasini bajarib, pulni beradimi yo yoʻqmi?», degan gumonni oʻrtaga qoʻydi.
— Men bilan pul talashmay, gapni shundan boshlasang durustroq boʻlardi,-dedi Zaur norozi ohangda.-Sen shaharga tushib, oʻsha yerdagi katta-kichik amaldorlar orqali bu haqda aniq ma’lumot toʻpla. Biz shunga qarab ish koʻramiz. Agar jinoyatchini hukumatga abrek sifatida topshirib yuborsak, ta’na toshlari ostida qolamiz. Pul unishi aniq boʻlsagina, biz uni harbiylar kasalxonasiga olib boramiz, shunda ham abrek Urusxonni emas, muqaddas oʻrmonimizni oyogʻosti qilib toptagan shakkokni, ruhoniylar tabaqasiga mansub yigitchani oʻldirgan qotilni hukumat ixtiyoriga topshiramiz. Shundan keyin hukumat vakillari Urusxonni tanib qolsalar, oilamizning aybi emas.

Bu fikr Inaldkoga ham ma’qul kelib, Tambining ertagayoq shaharga borishini soʻradi. Zaur esa abrekni birov topa olmaydigan joyga yashirib qoʻyishini aytdi. Shunday ittifoqqa kelgan ogʻa-inilar hotirjam ravishda qoʻnoqxonaga chiqdilar. Bu yerda Motsko tutsatlarning aziz mehmoni Temir suhbatlashib oʻtirardi. Kerim bilan Zurab esa kattalarning gaplariga aralashmay, devor tomonda, xanjarlari dastasini omonat ushlaganlari holda tik turardilar.

Zaur Inaldko bilan kirib, Temirning yonidan joy olgach, yoshlar yengil ta’zim qilganlaricha tashqariga chiqib, toqqa koʻtarildilar. Choʻponlarning hujrasi yaqinidagi xarsangga oʻtirib nafas rostlab olishgach, Zurab doʻstiga boʻlib oʻtgan gaplarni birma-bir bayon qildi.

Otasi bilan amakilarining bahsini oʻgʻrincha eshitib turgan Zoliyxon dahshatdan qaltiray boshladi. Garchi gaplarni aniq-tiniq eshita olmagan boʻlsa-da, bir narsani – mukofot teppa-teng taqsimlanishini angladi. Demak, uning sevgilisini hukumat jallodlari qoʻllariga topshirishmoqchi! Qoʻshni xonadagi tortishuv barham topgach, Zoliyxon iziga qaytdi. Uning xayolida faqat bitta ahd charx urardi: Urusxonni qutqarish kerak! Kechgacha ot hozirlab qoʻysa, tunda bandilikdan boʻshatib qochirib yuboradi. Urusxonning Sibirga joʻnatilishiga sira ham yoʻl qoʻymaydi!

Soqchilar Urusxonning yonida chekib oʻtirishibdi. Bir qadam ham nari ketish yoʻq. Qani edi, Zoliyxon sevgan yori bilan bir nafasgina boʻlsa-da, holi qololsa! Qiz huddi choʻgʻ ustida yalangoyoq turganday bezovtalanadi. Urusxon yarim yumuq koʻzlarini unga tikib, xavotirini, gapini aytishga fursat topolmay qiynalayotganini sezdi. Urusxon qizning bezovta koʻzlariga qarab, maqsadini uqishga tirishdi. Sevgilisining xavotiri bejiz emasligini bilib, boshiga yogʻilishi mumkin boʻlgan balo doʻliga shay turishi shartligini angladi.

Tashqaridan taomlanish vaqti yetgani ma’lum qilinib, Zoliyxon amakisining qizi Salimat koʻmagida soqchilarga dasturxon tuzadi.
— Ovqat tayyor,-dedi Zoliyxon soqchilarga qarab. Ularning imillab qoʻzgʻolishlari, dasturxon atrofidan joy olishlarini toqat bilan kutdi. Keyin ularning ijozati bilan yaradorga taom bilan suv keltirdi. Urusxonning boshini avaylab koʻtarib, suv ichirayotganda shivirlab, xatardan ogoh qildi.

Suv ichib boʻlgan Urusxon qalqib ketganday yoʻtaldi-da, sekingina shivirladi:
— Bahona topib bitta soqchini chiqarib yubor, menga pichoq ber.

Zoliyxon topshiriqni anglab, tashqariga chiqdi. Dam oʻtmay junchoyshab koʻtarib kirdi.
— Kechasi sovuq boʻladi,-dedi u soqchilarga izoh berib. Keyin junchoyshabni avaylabgina yarador ustiga yopdi. Junchoyshab qatiga yashirilgan pichoq Urusxonning yoniga tushdi.

Abrek joni qaytarib berilganday quvonib, pichoq dastasini mahkam siqdi. Soʻng sezdirib qoʻymaslikka tirishib, oyogʻini siqib turgan arqonni asta qirqa boshladi. Zoliyxon esa kichkinagina xontaxta ustiga pishirilgan qoʻy goʻshti qoʻydi-da, qoʻshni xonadagi mehmonlarga eltib berishni soqchilardan biriga iltimos qildi.

Urusxon xonadagi har bir harakatni ziyraklik bilan kuzatib yotdi. Hukumat odamlari qoʻliga tushishni sira-sira istamayotgan Urusxon jonini saqlab qolishning ming bir yoʻlini izlardi. Nihoyat topdi! Hech kimning xayoliga ham kelmaydigan dadil reja tuzdi: eng avvalo qanday qilib boʻlsa-da, ayollar boʻlmasiga kirib olishi shart. Ana shunda kavkazliklar odati boʻyicha oʻgʻillik huquqiga erishadi-yu, ruhoniy ota uni hukumat odamlari qoʻliga topshira olmaydi!

Ayollar boʻlmasiga oʻtib olish aytishga oson. Aslida ustara tigʻi boʻylab yalangoyoq yurishday gap bu. Yo - oʻlish, yo – qolish! Ayollar boʻlmasiga kirishga intilgan har qanday begona erkakning oʻlim topishini u yaxshi biladi. Joni garovda, biroq boshqa chorasi ham yoʻq. Fursat yetdi: arqon qirqildi, xonada soqchining bir oʻzi qoldi. Zoliyxon fursat gʻanimatligini anglatuvchi ishora qildi. Soqchini ushlab qolishga harkat qilishini koʻz qarashi bilan bildirdi.

Urusxon fursatni qoʻldan boy beruvchi landovur yigitlardan emasdi. U yara azobini ham unutib, irgʻib oʻrnidan turdi. Buni koʻrgan soqchi unga hamla qilay deganida Zoliyxon xuddi hushdan ketganday oʻzini uning qoʻllariga tashladi. Soqchi nima voqea yuz berganini anglashga ulgurmay, Urusxon uning ustiga junchoyshabni otib, Zoliyxon kutganday hovli tomon emas, xonadon bekasining xonasi tomon yugurdi.

Deraza yonidagi kursida oʻtirgan ojiza beka sharpadan choʻchib tushdi. Ammo Urusxon uning turishiga yoʻl qoʻymadi. Bir qoʻli bilan uni yelkasidan quchib, ikkinchi qoʻli bilan koʻylagi tugmalarini uzib tashlab, koʻkragini ochdi. Kampir unga qarshilik koʻrsatishga ojiz, baqirishdan boʻlak iloji yoʻq edi. Hayoti qil ustida turganini bilgan Urusxon esa rejasini amalga oshirishga oshiqardi. Siynabandni yulqib uzib olgach, kampirning qurib ketgan, ajin bosgan koʻkragi koʻrindi. Urusxon ojizani ikki qoʻli bilan mahkam quchdi-da, labini koʻkrakka bosib, bir necha bor emdi. Rejasi amalga oshgach, hayajon va harakatdan holsizlanganicha kampirning tizzasiga bosh qoʻydi.
— Men seni emib oldim, endi men sening oʻgʻlingman!-dedi u zaif tovushda.

Urusxon buni aytmasa ham kampir qofqazliklar odati boʻyicha shunday boʻlishini bilardi. U dastlabki qoʻrquvdan qutilib, oʻzini bosishga harakat qildi. Koʻkragini berkitishga urinib:
— Sen kimsan? -deb soʻradi.
— Men bir baxtsiz odamman, qochoqman,-dedi Urusxon gʻamli ovozda.
— O’rmonda qoʻlga olingan shakkok sen emasmisan?-dedi kampir, uni oʻzidan nari itarib.
— Odatimiz boʻyicha men endi sening oʻgʻlingman,-deb takrorladi Urusxon,-endi mendan bunday gaplarni soʻrama.

Shu onda xanjar yalangʻochlagan Zaur va uning ukalari xonaga bostirib kirishdi. Urusxon oʻng qoʻli bilan kursi suyanchigʻini ushlab oʻrnidan turdi. Qaltis harakat qilganidan koʻkragida yara ochilib ketgan edi. Badanidan iliq qon oqa boshlaganini sezsa-da, bunga ahamiyat bermay gʻazab otashida koʻzlari chaqnayotgan Zaurga tikildi:
— Men uy egasining xotinini emib oldim,-dedi u dadil gapirishga intilib,-ilohiy qonunga koʻra endi men sening oʻgʻlingman!

Zaurning nochor qalbi ikki toʻlqin orasida qalqib qoldi: bu qanday bedodlik-ki, qadamjoni oyogʻosti qilgan shakkok, qizini yoʻldan urgan ablax, jiyanini oʻldirgan qotilning jazodan qutulishi kamlik qilib, enda oʻgʻillik da’vosini qilib tursa!? Bu ham yetmaganday hukumatdan umid qilingan besh ming rubl pul mukofoti ham somon xaslariday sovurilib ketyapti. Nahotki Tbau-uats-Ila bunday fojiaga yoʻl qoʻysa?

Shu alam oʻtida kuya boshlaganida xayoliga boshqa, nurliroq fikr keldi:

«Ha... Bu Tbau-uats-Ilaning jazosi. Bu kufroniy menga oʻgʻil boʻlish bahonasida jonini qutqarib olyapti. Lekin muhabbatining barbod boʻlganini oʻylamayapti. Shu ondan boshlab u menga oʻgʻil boʻlsa, qizimga aka! Aka bilan singilning qoʻshilishi esa aqlga sigʻmaydi! Tbau-uats-Ilaning hukmi shunday!» Bu hukmdan quvongan Zaur unga qoʻl uzatdi:
— Sen oʻgʻillik huquqiga erisha olding. Endi sen menga oʻgʻil, bularga ukasan!

Boshqa tutsatlar bu «yangi qarindosh»ni bunchalik tez tan olishni istashmasa-da, bobokalonlaridan meros odatga qarshi chiqishga botina olishmadi. Merosning muqaddasligi ulardagi gʻazabdan va qasos tashnaligidan ustunroq chiqdi. Ular birin-ketin Urusxonga yaqinlashib, aka-ukalik rishtasini bogʻlash alomati hisoblangan odatni bajardilar – bir necha nafas ilgari dushman hisoblangan yigitning oʻng qoʻlini siqib koʻrishdilar. Eng oxirida Tamba qoʻl uzatdi. Kichik oʻgʻliga xanjar sanchgan qoʻlni doʻst sifatida ushlashdan koʻra oʻlim azobiga chidash osonroq boʻlsa-da, muqaddas odatga boʻysunish burchi ustunroq edi.

Zaur Urusxon bogʻlangan arqonning kesilganini koʻrgach, bu ishda qizining qoʻli borligini sezdi. «Yoshlarning yuraklarini chirmab turgan muhabbat ipi qarindosh tutinish bilan osongina uzila qolmaydi», deb oʻyladi Zaur. Bir necha daqiqa ilgari Tbau-uats-Ilaning jazosidan mamnun boʻlgan ruhoniy ota endi hushyor tortdi. «Muqaddas odatimizga biz amal qildik. Qadamjoni xorlashdan qaytmagan badkirdor aka-singillik chegarasini tan olarmikin? Buni tezroq uzoq yerlarga joʻnatib yuborish zarur», degan qarorga kelib, Urusxonga ahdini ma’lum qildi:
— Tbau-uats-Ila bu yerdan tezroq ketishingni xohlayapti. Sen sogʻayib, kuchga kirguningga qadar begonalarning koʻzi tushmaydigan joyda yota turasan.

Urusxon qarorni oxiriga qadar eshita olmay, hushdan ketdi. Uni Zaurning qoʻnoqxonasiga olib chiqib, joyiga yotqizdilar. Boshqalar chiqib ketishgach, Zaur uning yarasini qaytadan bogʻlab qoʻydi. Keyin ukalariga aravani hozirlashni buyurdi. Soʻng yaradorni avaylab koʻtarib chiqdilar-da, aravaga yotqizdilar. Motsko hushsiz abrekning yoniga oʻtirib, jilovni qoʻliga oldi. Dori-darmon va yegulik taom ham aravaga qoʻyilgach, ikki yosh tutsat qoʻshimcha buyruqni kutmay, chaqqonlik bilan otlariga mindilar-da, ularga hamroh boʻldilar. Motsko boshqarayotgan arava avvaliga ilonizi yoʻldan pastga qarab yurdi, keyin esa shovqinli va asov Qizildon yoqalab ovuldan uzoqlashgach, Tbau choʻqqilarini moʻljallab, yuqoriga koʻtarila boshladi.

Bir necha soatlik yoʻl azobidan soʻng yon-atrofda oʻt-oʻlan koʻrinmay qoldi. Goʻyo toshu xarsangdan iborat oʻlik saltanatga kirib qolganday boʻldilar. Ayrim xarsanglar ostida arang koʻrinib turgan koʻkatlargina bunda hayot borligidan darak berib qolardilar. Taqir-tuqur aravaning silkinishi va tun salqini ta’sir etib, Urusxon hushiga kelib, toʻlin oyning sutday nuriga choʻmilgan oʻlik togʻu toshlarga alanglab qaradi.
— Muqaddas togʻimizga yetib keldik,-dedi Motsko unga bir qarab olib.-Bu yerga kirishga faqat bizning avlodimizgina haqli. Sen Zaurga oʻgʻil boʻlding, endi bizning avlodimizdansan. To sogʻayguningcha shu yerda yashaysan.

Yana biroz yurishgach, yoʻl dara tomon burildi. Tik qoyalar naq osmonga qadalib qolganday tuyuladi. Bahaybat xarsanglar shu joyda yoʻlni shartta toʻsgan. Jilov tortilmasa ham ot oʻz-oʻzidan toʻxtadi. Motsko aravadan sakrab tushib, dori-darmon va taom oʻralgan tugunni qoʻliga oldi. Jiyanlari ham otlaridan chaqqon sakrab tushib, unga yaqinlashdilar.
— Uni otga mindiringlar,-deb buyurdi u, Urusxonga qarab olib.-Bittang otning jilovidan tut. Bittang yaradorni ushlab ketasan, yana yiqilib tushmasin, ehtiyot boʻllaring. Men oldinda boraman.

Jiyanlar churq etmay, amrni bajarishga kirishdilar: otlardan birini aravaga bogʻladilar-da, ikkinchi otga Urusxonni mindirib yoʻlga tushdilar. Xarsanglar orasidagi soʻqmoqdan yuqorilash oson boʻlmadi. Yulduzlar saltanatiga sanchilib qolganday turgan magʻrur choʻqqilar oy nurini ham toʻsdi-yu, atrofni qorongʻulik bosdi. Ular yakkatovon yoʻl azobiga bardosh berib, doʻnglikni aylanib oʻtdilar-da, yassi maydonga chiqdilar. Bu yerdan vodiy kaftdagidek koʻrinib turardi.

Urusxonni otdan tushirib, katta gʻor ogʻzi yonidagi xarsangga suyab oʻtqazishdi.
— Roʻzador ruhoniylar bu yerda ilohiy kechani toat-ibodatda oʻtkazadilar,-deb tushuntirdi Motsko.-Bu yerda sen bexavotir yashashing mumkin. Bu joyni faqat tutsatlargina bilishadi. Kuchga kirib olguningcha shu yerda qolasan.

Urusxonni koʻtarib, gʻor ichkarisiga olib kirdilar.
— Endi mana shu xazonu xashak senga yumshoq toʻshak boʻladi,-dedi Motsko, uni suyab, keyin jiyanlariga buyurdi:- boʻrkni toʻshanglar.

Topshiriq bajarilgach, Urusxonni yotqizdilar.
— Ana endi damingni olaver,-dedi Motsko.-Tugunda taom bilan dori-darmon bor. Shishadagi suv bir kunga yetadi. Kunduzi quyosh koʻtarilganda tashqariga chiqib yot. Bu yerning havosida tez kunda quvvatga qirasan. Bu yigitlar har kuni non-suvingdan xabar olib turishadi.

Motsko «gap tamom» deganday tashqariga yoʻnaldi. Ammo gʻor ogʻzida toʻxtab, orqasiga oʻgirildi:
— Biz – tutsatlarmiz! Bobokalonlarimizning qonunini biz uchun muqaddas!- dedi u gʻurur bilan.

Urusxon ularga minnatdorlik bildirdi, yigitlar gʻordan uzoqlashmay turib yana hushidan ketdi.

Rozilik

Bu xonadonga alamu tashvishlar keltirgan yarador Urusxon ortilgan arava hovlidan chiqqach, Zaurning koʻngli sal joyiga tushdi. Qizining abrekka boʻlgan muhabbatiga chek qoʻyilganiga ishonch hosil qilib, yengil tin oldi-da, Temir bilan Inaldko oʻtirgan xos xonasiga kirdi.
— Temir,-dedi Zaur, afsus bilan,- eshitgandirsan?
— Ha, hozirgina Inaldko aytdi,-dedi Temir noroziligini yashirmay, keyin piching bilan qoʻshib qoʻydi:-O’gʻling koʻpayibdimi?

Zaurga bu piching malol kelsa ham e’tibor bermaslikka harakat qildi. Koʻzini yerdan uzmay:
— Bu Tbau-uats-Ilaning xohishi, uning hukmi oldida bizlar nochormiz,-dedi.
— Endi uni nima qilmoqchisan?
— Uni... bexatar joyga joʻnatdim. Xabar olib turamiz. Tez kunda quvvatga kirib olgach, boshi oqqan tomonga ketaveradi.

Qoʻrgʻok moʻ‘jazgina xontaxta koʻtarib kirdi. Xontaxta oʻrtasiga qoʻyning qaynatilgan kallasi, atrofiga esa yogʻoch sixga terilgan kabob, butunicha pishirilgan son goʻshti, istakon va non qoʻyilgan edi.

Togʻdan qaytib tushgan Zurab bilan Kerim xos xonaga kirib, dasturxonga yaqinlashmay, yana devor tomonda xanjarlari dastasini ushlaganlaricha tik turdilar.

Zaur chap qoʻliga istakon olishi bilan sergak turgan Qoʻrgʻok shisha poʻkagini ochib, uyda tayyorlangan qoʻlbola aroqdan quydi. Ruhoniy ota oʻng qoʻliga bir six kabobni olgach, osetinlarga xos duolarni oʻqiy boshladi. Devor tomonda turgan yoshlar «Omiyn!» deb uni quvvatlab turishdi.

Shundan soʻnggina mehmondorchilik boshlandi. Xanjarlar qindan sugʻurlib, har bir kishi oʻzi uchun goʻsht boʻlaklarini kesib oldi. Xanjar taomlanayotganlar uchun bu safar sanchiq vazifasini bajardi.

Kattalarning mehmondorchiligi yakun topgach, yoshlar ovqatlanish uchun qoʻshni xonaga chiqishdi. Zaur Zoliyxonning jinoyatchiga yordam berganini, ovqat bilan ta’minlab turganini Temirga aytsammi yo aytmasammi, deb uzoq mulohaza qildi. O’ylay-oʻylay oxiri qisqa tarzda ma’lum qilib qoʻyishni lozim topdi. Noxush xabarni qiynalib aytgan Zaur gapini: «Boʻlar ish boʻlib oʻtdi. Agar bevoshlik qilib koʻngil qoʻygan boʻlsa ham, endi ular aka-singil. Koʻngil xohishi shu bilan oʻldi»,-deb yakunladi. Bu xabardan keyin ikkovi ham jim qolishdi. Temirning jimligidan foydalangan Zaur yana tilga kirib, yaqin kunlarda sovchi kelguday boʻlsa, endi quruq qaytmasliklarini bildirib qoʻydi.

Temirga bu xabar yoqmagan boʻlsa-da, Zaurning keyingi xulosasi ma’qul kelib, oʻz qarorini ma’lum qildi:
— Men Kerimga aytaman, bu ishni endi kechiktirib boʻlmaydi. Ertaga tong otishi bilan Zurab yana qizingga uchraydi.

Bu ahdni eshitgach, Zaurning yelkasini bosib turgan gʻam qoyasi agʻanaganday boʻlib, yengil tortdi. Shu qaror aytilishini kutib turganday, qariyalarga oʻrin toʻshash maqsadida xonaga Zoliyxon bilan Salimat kirib keldilar. Temir boʻlajak kelinining harakatlariga zimdan razm solib turdi. Unda koʻngilni xira qiladigan unsur yoki ota rizoligiga qarshi isyon oʻtini koʻrmagach, koʻngli xotirjam topdi. Qizlar vazifalarini bajarib chiqib ketishgandan soʻng Zaur mehmonining yechinishiga koʻmaklashdi. Bu orada Qoʻrgʻok kirib otasining etigini tortib qoʻydi. Zaur mehmonni koʻrpaga oʻrab, unga xayrli tun tiladi.

Qariyalarga oʻrin toʻshab chiqqan Salimat qoʻshni xonada ovqatlanib oʻtirgan Kerim bilan Zurabga eng oxirgi yangilikni – abrekning oʻgʻil huquqiga ega boʻlib qolganini, uni bu yerdan noma’lum tomonga olib ketishganini bildirdi. Kerim «Bu qanaqasi boʻldi?» degan ma’noda doʻstiga ajablanib qaradi. Bu yangilikdan mamnun boʻlgan Zurab «yoʻlimizdagi eng asosiy toʻsiq olib tashlanibdi!» deganday miyigʻida kulib qoʻydi.

Tong otishi bilan Kerim otasiga uchrab, hoziroq Kadgaronga borib, moʻ‘tabar qarindoshlaridan bir nechtasini Sagat Lamardonga sovchilikka yoʻllashini iltimos qildi. Zoliyxonning Urusxonga munosabati Temirni bir oz havotirga solib turgan boʻlsa-da, oʻgʻlining ra’yini qaytarmadi. Ammo odatga muvofiq avval qizdan rizolik olishni talab qildi.

Ota-oʻgʻil sovchilik masalasini hal qilayotgan paytda ichkari uyda Zaur qizi bilan huddi shu mavzuda gaplashayotgan edi. Salimat uyiga chiqib ketgan, ojiza kampir esa deraza yonidagi kursisida ularning gaplariga quloq solib, jimgina oʻtirardi.
— Zoliyxon,-dedi ota bosiq ohangda,-sen abrekka yana yordam berding. Arqonni kim kesganini bilmaydi, deb oʻylayapsanmi?

Zoliyxon javob bermaydi. Qaysar qizning koʻzlari qat’iylik bilan yonadi. U oʻz muhabbatini himoya qilish uchun kurashmogʻi lozimligini biladi. Sevgilisidan faqat oʻlimgina ayirishi mumkinligini otasiga aytgisi keladi. Biroq farzandlik burchimi yo qizlik hayosimi, gapirishga yoʻl qoʻymaydi.
— Zoliyxon, men seni ayblamoqchi emasman,-dedi Zaur ogʻir tin olib,-seni Tbau-uats-Ilaning oʻzi jazolaydi. Seni bu jazodan asrab qolishga men ham ojizman.

«Ha, bu turgan gap, jazo olishim tayin», deb oʻylaydi nodon qiz.
— Shakkokka koʻngil qoʻyganing uchun, u mal’unga yordam berganing uchun ham jazolaydi,-deb ilova qildi Zaur.

«Gunohim shuning oʻzigina boʻlsa qaniydi, men qadamjoga ham kirishga jur’at etdim», deb oʻylaydi gunohkor qiz.
— Koʻzlaring aytib turibdi: uni hali ham sevasan. Sen muhabbatning nechogʻli telba ekanini his qilmayapsan. Esingni yigʻ, tentak sevgining olovidan ehtiyot boʻl, kuyib qolma! Hozirdanoq xudoning qahriga uchrading. Seni deb butun urugʻ-aymogʻimiz sharmandai sharmsor boʻldi. Agar shu nafasdan boshlab u kufroniydan voz kechmasang, uni endi akam demasang, bilib qoʻy, xudoning qahri seni izma-iz ta’qib etaveradi. Koʻrguliging faqat va faqat gʻam-qaygʻu boʻlib qoladi!

Bu ogohlantirishdan soʻng Zoliyxon otasiga itoat etganday boshini egdi. Ammo u bu onda otasi huzurida emas, oʻzining alamli taqdiri oldida taslim boʻlgan edi. Uning lablaridan Zaur kutmagan soʻzlar uchdi:
— Taqdirim yozugʻidan qochib qutula olmayman, hayot rohati endi menga begona, qolgan umrimni azob-uqubatda oʻtkazishimni bilib turibman,-dedi u ajib bir musiqiy gʻamginlik bilan. Keyin boshini koʻtardi, ahdini dadil aytdi:-Men undan voz kecholmayman!

Zaur oʻzini bosolmay, gʻazab bilan oʻrnidan turib ketdi:
— Tentak! Nima deyayotganingni bilyapsanmi? Endi u sening sevgiling emas, idrok qilyapsanmi – endi u akang! O’z akangni sevmoqchimisan? Hech qachon bunday boʻlmagan, boʻlmaydi ham!

Bu ta’kiddan soʻng u choʻchib tushdi. Darvoqe, bu haqda oʻylamagan ekan-a! Urusxon oʻz jonini saqlab qolib, muhabbatlarini esa azobli oʻlimga hukm qilib qoʻyibdi-ku?!

Zaur qizining sukut saqlab, oʻyga tolib qolishidan foydalanib, gapini keskinroq ohangda davom etdi:
— Akasiga muhabbat izhor etish baxti qarolikning oʻzginasi! Mayli, men sharmandalik balchigʻiga battar bulgʻanayin, mayli, onang shoʻrlik behayo qizining dardida ezilib ado boʻlsin! Bizni oʻylamay qoʻyaqol. Lekin sevgingdan kechmasang, Urusxonning boshiga bundan besh battar balolar yogʻiladi. Kulfat botqogʻiga botib, it azobida oʻladi u! Senga shu kerakmi?!

Qiz «yoʻq», degan ma’noda bosh chayqadi: Urusxonga atalgan balolar uning boshiga yogʻila qolsin! Otasi buni tushunarmidi?

Zaur buni tushunmasdi, tushunishni ham istamasdi. Shu bois qizini achchiq gaplar savagʻichida savalashni davom etdi:
— Uning oʻzi bila turib shunday qildi. Unga «oʻgʻlim boʻla qolgin», deb taklif qilganimda mendan oʻpkalasang boʻlardi. Uning oʻzi senga er emas, aka boʻlishni xohlab ayollar boʻlmasiga kirdi. Buning uchun uni ayblama. Urusxon aqlli odamning ishini qildi, otasiga rahmat! Seni gʻavgʻolardan ozod etib, baxtli turmushing uchun sharoit yaratib berdi.

Zoliyxon otasining bu gaplarini ma’qullay olmasdi. Jon achchigʻidagi Urusxonning tanlagan yoʻli oqibatini oʻylab koʻrmaganligiga u aniq ishonadi. Zoliyxon otasiga e’tiroz bildirolmay onasiga najot koʻzi bilan qaradi. Yillar davomida eriga biron marta e’tiroz bildirmagan, urf-odatlar talabiga hamisha boʻysinib yashagan ojiza kampir bu onda nima qilsin? Bosh irgʻab, tasdiq ishorasini qilishdan oʻzga chorasi yoʻq-ku... Qizini himoya qilishi uchun biror asosi bormi uning?

Zoliyxonning onasidan najot kutishi sahrodagi tashna odamning bulutsiz osmondan yomgʻir istashi kabi amalga oshmas holat edi. U boshini egib, chorasiz odamning ovozida pichirladi:
— Ota, men uni unuta olmayman. Unutishga qurbim yetmaydi.

«Gaplarim ta’sir qilyapti, qizim oʻz haddida turadi, itoatda boʻladi», deb umid qilayotgan Zaur bu gapdan keyin vulqon kabi portlab ketdi:
— Sen uni unutishga majbursan! Bu faqat mening istagim emas, bu – taqdir taqozosi! Urusxon ham shunday boʻlishini xohlaydi. Chunki bu Tbau-uats-Ilaning qarori!-Shunday deb qizi tomon bir qadam qoʻydi:-Buni xudoning bir jazosi deb qabul qilsang ham boʻladi.

Zoliyxonning bardosh jomi toʻlib-toshdi. Endi chiday olmadi:
— Ona, onajon! Menga yordam ber! Meni bu balolardan qutqar!-deb faryod qildi-yu, ojiza qarshisida tiz choʻkdi, panoh istab, boshini uning tizzalariga qoʻydi.

Ona jabrdiyda qizining boshini mehr qoʻllari bilan siladi. Nursiz koʻzlari yoshlandi.
— Zoliyxon, qizginam, otangning soʻzidan chiqma,-dedi titroq ovozda.-Shunday qilsang Tbau-uats-Ilaning qahridan oʻzing ham qutulasan, sevganingni ham balolardan asrab qolasan. Avval sevgan boʻlsang ham, endi bu yogʻiga uni oʻz akang oʻrnida koʻrishing kerak. Boshqa chorang yoʻq.

Ojizaning xasta ovozini Zaurning dagʻal tovushi bosdi:
— Tbau-uats-Ila seni Kerimga xotin boʻlishingni iroda etgan. Sen endi xudo bilan bahslashmoqchimisan? Xudo qarshisida kim ekaningni unutyapsanmi?

Uning bu soʻzlari kech topilib, erta yoʻqotilayotgan muhabbatni oʻlimga hukm qiluvchi ahd boʻlib jarangladi. Bu hukm jarangi devorlarga urilib yanada kuchliroq aks- sado bergach, goʻyo hisobsiz nayzalarga aylandi-yu, sevgi otashida kuyayotgan qiz qalbini ilma-teshik qilib yubordi.
— Hademay Zurab keladi. «Kerim sovchilarni yuboraversinmi?» deb soʻrasa qaysarlik qilib oʻtirmay «xoʻp», deb javob berasan, uqdingmi?

Qiz noroziligini bosh chayqash bilan ifoda etdi.
— Sen «xoʻp», deb rozilik berasan,-deb yanada qat’iy ohangda ta’kidladi ruhoniy ota.-Xudo uni sendan ajratib, koʻz ilgʻamas uzoqlarga ketishini iroda qildi. Xudoning unga atab qoʻygan jazosini yumshataman, desang «xoʻp» deysan.

Keyingi izoh Zoliyxonni tamoman yengdi. U otasining hukmi adolatli ekanini tushundi. Ammo tan olishga qurbi yetmadi. Aqli koʻngani bilan behalovat yuragi norozi edi.
— Xudodan qoʻrqishing kerak,-deb davom etdi Zaur.-Onang bilan menga, yana... akang Urusxonga boʻlgan mehring haqqi-hurmati rozilik berasan. Uning hayotini tavqi la’natlardan qutqarib, umrbod baxtli hayot kechirishi uchun ham muhabbatingni qurbon qilishing kerak!

Ilojsiz qiz yengilganini tan oldi. Biroq buni soʻz bilan ifoda etishga oʻzida kuch topa olmadi. Zaur bir oz sabr qilgach, yana soʻradi:
— Xoʻpmi?
— Xoʻp,-deb shivirladi qizning jonsiz lablari,-Urusxon, sen uchun, faqat sen uchun «xoʻp» deyapman...

Jonsiz Jon

Zaur muddaosiga yetib, chiqib ketgach, Zoliyxon onasi bilan qolishni, unga hasrat qilishni istamadi. Uning koʻngli alhol yolgʻizlikni qoʻmsardi. U oʻrnidan asta turdi-da, yon tomondagi kichikroq xonaga qarab yurdi.

Zoliyxon alangasi koʻklarga oʻrlayotgan ikki gulxan orasida qoldi. Aql bilan ruh uni iskanjaga olib, doʻzax azobiga sola boshladi.

«Endi unga sening muhabbatingdan sira-sira naf yoʻq. Uning oʻzi seni bu balodan xalos etdi. U xudoning qahru-gʻazabiga duchor boʻlmasligi uchun sen sevgingni qurbon qilasan», deydi aql.

Shunda ruh faryod uradi:
— Yoʻq, yoʻq! Men uni unutolmayman, unutolmayman! Jonimdan kechaman, lekin undan yuz oʻgira olmayman!

Azobdagi ruhga shirin xotiralar madad bera boshlaydi. Koʻzlarini yumadi...

Mehmonxonadagi oʻchoq roʻparasida kalta sochli xushsurat yigit oʻtiribdi...

Uning qoʻshiqlari qalbni larzaga soladi...

Shunday qoʻshiqlar kuylovchi azamat nahot uni oʻz xohishi bilan tashlab ketdi?

Bu fikr uning oʻlimtik yuragidagi jonni sugʻurib olganday boʻldi. Ingrab yubordi. Keyin... yana xotiralar uni ilk muhabbatning huzurli damlariga qaytardi...

Yigitning haroratli boʻsalari... Kuchli bilaklari bilan mahkam quchoqlab olishlari... Keyin oʻrmon... oydin kecha...shundaygina buloq boʻyidagi maysa ustida oʻtkazilgan totli soatlar. Nahotki huzurbaxsh damlar yoʻqlik olamiga choʻkib, qaytmas boʻlib ketdi?

Ha... hammasi tamom boʻldi. Endi totli nafaslar uchun haq toʻlash vaqti yetdi. Haqiqiy baxt boʻlib tuyulgan u damlar endi qon talab qilyapti. Qon... qon...qon...

Zoliyxon shu holatda oʻtirganida Qoʻrgʻok kirib, uni ikki oʻt balosidan qutqardi. Singlisiga imo-ishora qilib, suv keltirishi lozimligini bildirdi. Zoliyxon uning ishorasiga itoat etib oʻrnidan turdi. Suv olgani pastga qarab tushayotganida yoʻlida Zurab paydo boʻldi. Zurab qizni tasodifan uchratib qolganday ajablanib qaradi. Zoliyxon suv keltirish bahona ekanini anglab, uning qarashiga e’tibor bermadi.

Zurab doʻsti Kerim va uning muhabbati haqida uzoq gapirdi. Qalbi Urusxon sevgisi bilan band qiz bu gaplarni hushsiz eshitdi. Zurab ishq gʻavgʻosi xususidagi bayonini tugatgach, «sovchilar kelaverishsinmi?», deb soʻradi.

Zoliyxon rozilik ishorasi sifatida boshini egdi. Bir narsa tomogʻini boʻgʻib olganday «ha», deyishga qurbi yetmadi. Zurab uchun bosh egilishining oʻziyoq kifoya edi. U quvonchli xabarni tezroq doʻstiga yetkazish uchun orqasiga qaytdi. Qiz uning izidan qarab ham qoʻymadi. Boshini quyi egganicha yoʻlida davom etdi.

«Nima qilib qoʻyding-a! Nima qilib qoʻyding?»deydi yuragi yarador qush kabi potirlab.

«Nima qilishim shart boʻlsa oʻsha ishni qildim!»-deb javob beradi aqli.

Doʻsti keltirgan xushxabardan koʻngli koʻtarilgan Kerim oʻsha zahotiyoq Kadgaronga joʻnadi. Ovuldagi baobroʻ qarindoshlariga uchrab, Zaur Tutsat qiziga uylanish niyati borligini bildirdi. Ertasiga esa sovchilarni boshlab Sagat Lamardonga qaytdi.

Zaur sovchilarni izzat-ikrom bilan qarshilab, alohida lutf koʻrsatib, Temir joylashgan xos mehmonxonasiga boshladi. Mehmonlar kutib olinayotgan paytda Qoʻrgʻok oʻz vazifasini ado etdi: togʻdan qoʻy keltirib, soʻydi.

Sovchilarga atalgan mehmondorchilik oxirlab qolganda Zaur tomonidan chaqirilgan barcha tutsatlar birin-sirin kirib keldilar. Salom-alikdan soʻng ikki urugʻ orasida qalin puli miqdorini kelishib olish uchun bozordagi kabi oldi-sotdi boshlanib ketdi. Arzimas ishday tuyulgan bu jarayon butun kecha davom etdi. Bu kabi masala hal etilayotganda keksalar oʻtirgan joylarida xotirjam ravishda bahs yuritadilar. Yoshlar esa suhbatga aralashmay devor tomonda turnaqator tizilib, xanjar dastasini ushlaganlaricha qimir etmay turadilar.

Quyosh vodiyni nurga choʻmdirib koʻtarilganiga ikki soatdan oshsa-da, tuni bilan davom etayotgan bahsning oxiri koʻrinmasdi. Yoshlarning sabr kosalari toʻlib, «boʻldi-da endi, bir toʻxtamga kela qolinglar», degilari kelib tursa-da, odat talabi va odob chiroyi yuzasidan lom-mim demaydilar. Noroziliklarini hatto koʻz qarashlari bilan ham ifoda etmaydilar. Shunday qotib turishdan lazzat topayotganday, qariyalarning bahsiga mutlaqo qiziqmayotganday haykal misol turaveradilar.

Tutsatlar oilalarining obroʻ-e’tibori, qadimiy aslzodalar avlodi ekanliklarini qanchalik pisanda qilishmasin, qizlarining goʻzal va oqila eng muhimi - sogʻlom ekanligini maqtab,qalin puli miqdorini oshirishga qanchalik urinishmasin, Toʻtarevlar Zoliyxonning iffatli qizga xos boʻlmagan aybi ham borligi, ya’ni abrekka yordam berganini ba’zan piching, ba’zan esa tagdor gaplar bilan eslatib, ularni lab tishlashga majbur qilib turishdi. Nihoyat har ikki tomon qalin pulini ikki yuz ellik rubl miqdorida belgilab, bahsga yakun yasadi.

Oldi-sotdi tugagach, Tambi izdihom ahlining topshirigʻi bilan Zoliyxonning roziligini olgani ayollar boʻlmasiga chiqdi.

Salimat bilan uning singlisi Ominat bu kecha Zoliyxon bilan birga boʻlib, uning yasan-tusaniga koʻmaklashib oʻtirishgan edi. Och-qizgʻish rangli milliy libos qizga juda yarashgan edi. Lekin Tambining koʻziga jiyani gʻoyatda bemor holda koʻrindi. Qon qochgan yuzlariga qarab, unga achindi. Shu bois daf’atan gap boshlay olmadi. Jiyaniga biroz tikilib turdi-da, soʻng mehribon ota ovozida soʻradi:
— Kerimga turmushga chiqishga rozimisan?

Shunday deb soʻrashga soʻradi-yu, «yana «yoʻq!» deb inkor etsa-ya?» deb choʻchidi.

Qiz uni xavotirdan qutqarib, boshini egdi. Huddi shabada shiviri kabi eshitilar-eshitilmas ovozda javob qaytardi:
— Otam nima desa – shu. Men ota izmidan chiqmayman.

Shunday deb boshini koʻtardi. Uning yuzi endi oʻlikning rangiday oqarib ketgan edi. Agar Salimat uni ushlab qolmaganida hushsizlanib, yiqilib tushardi. Tambi xushxabarni yetkazish uchun chiqib ketgach, Salimat bilan Ominat Zoliyxonni oʻrniga yotqizishdi. Ikki opa-singil nima qilarlarini bilmay, xavotirga tushishganda, Zoliyxon koʻzlarini ochdi. Lekin uning koʻzlarida hayot nishonasini bildiruvchi nur yoʻq, hissiz boqardi. Shu ondan boshlab Zoliyxon toshmisol boʻlib qoldi. Hamma narsaga hissiz, e’tiborsiz boqadi, aytilayotgan gaplar qulogʻiga kirmaydi.

Tuygʻulari qora yerga koʻmilgan Zoliyxon tunni koʻz yoshlari bilan qarshi oldi. Yigʻlay-yigʻlay charchab, uxlab qoldi. Tushida Urusxonni koʻrdi: uning azoblarini oʻziga olganmish. Tong otganda uygʻondi. Endi u yorugʻ dunyoda koʻz ochib yurgan baxtiqaro qiz emas, balki uyqusidagina yashayotgan jonsiz jon edi. Uning nazarida boʻlib oʻtgan, boʻlayotgan voqealarning barchasi dahshatli tushda kechayotgan edi. Faqat bu alamli tushning qachon nihoyasiga yetishini, qachon baxtiyor qiz libosida uygʻonishini bilmas edi.

Kerimning kirib kelishiga e’tibor bermadi. Uzatgan sovgʻalarini ham beparvo ravishda qabul qildi. Bu sovuq muomaladan Kerimning koʻngli ogʻrigan boʻlsa-da, ishq olovida kuyib, oʻrtanayotgani uchun buning sababini soʻrashdan oʻzini tiydi. Qizning huzuridan chiqqach, Zurabga xavotirini aytgan edi, u: «bu oʻtib ketadigan holat, qoʻyningga kirganidan keyin halimday boʻlib qoladi», deb ovutdi.

Ro’yo

Kunlar imillab oʻtaverdi. Vodiydagi kattayu-kichikning bayramga tayyorgarligi avjga mingan. Qoyalar qurshovidagi gʻorda jon saqlayotgan Urusxon kunduzlari quyoshda toblanib, ancha kuchga kirdi. U Zaurning rejasidan bexabar boʻlgani sababli «Ruhoniylar meni hukumat ta’qibidan qochirib bu yerga olib kelishdi», deb oʻylardi. U butunlay sogʻayib, quvvatga kirgach, Zoliyxonni oʻzining burgut qoyasiga olib chiqib ketishni intizorlik bilan kutardi. Qizga yetishish yoʻlida oʻtib boʻlmas dovonlar borligini esa sezmas edi.

«Bunaqa odatlaru irim-sirimlar mening yoʻlimni toʻsa olmaydi,-deb oʻylardi u,-men unaqa laqma odamlardan emasman».

Urusxon oʻz orzulariga bandi boʻlib yotgan kezlari ruhoniylar Nayfatga koʻchib chiqishdi. Yoshlar muqaddas oʻrmonga kirib oʻtin terib chiqishgach, pivo qaynatishga kirishdilar.

Shanba kuni ertalab barcha tutsatlar jamuljam boʻldilar. Cherkascha oq kamzul kiyib olgan ruhoniylar aziz-avliyolari qadamjolarini ziyorat etib, ibodat qilib olishgach, Tbau-uats-Ilani madh etuvchi qasidani aytishib, tantanali yurish bilan tor soʻqmoq orqali vodiy tomon yoʻnaldilar. Necha asrlarki, har yili bir marta quyosh eng uzun kun marrasiga yetib kelganda mana shu soʻqmoq orqali Tbau tomon boradilar. U yerda tunni ibodat bilan oʻtkazishgach, yakshanbada yana shu soʻqmoq bilan izlariga qaytadilar.

Tutsatlar yeri boshlanadigan joyda ziyoratchilar ruhoniylarni izzat-ikrom bilan kutib oladilar. Ularning yuqori martaba egalari ekanliklari hurmatidan oyoqlari ostida qoʻylar soʻyilib, qurbonlik qilinadi.

Avval ibodat qilinib, ketidan ilohiy qoʻshiqlar kuylangach, toʻkin ziyofat boshlanadi. Soʻyilgan qurbonliklar pishiriladi, Tbau-uats-Ila sharafiga necha-necha qadah arogʻu pivolar boʻshatiladi. Ziyofat avjiga chiqib sarmast boʻlinganida yana xudolari sharafiga madhiya boshlaydilar. Ruhoniylarning jarangdor ovozlari butun vodiyni qamrab oladi.

Shundan soʻng ruhoniylar avvaldan aniq belgilab qoʻyilgan yoʻl bilan olgʻa yuradilar. Yoʻl goho keng oʻtloqlar yoqasidan, gohida togʻliklarning toʻrtburchak shaklidagi tomorqalari yonidan oʻtadi.

Zaur Qizildonga yetib kelganda kodatlar uni oʻz chegaralarida qurbonliklari va turli sovgʻa-salomlari bilan kutib turishardi.

Duogoʻylik va ziyofat bu yerda ham takrorlandi. Ruhoniylar bu yerda uzoq qolmadilar. Tantana endi maxsus ajratilgan yerga – irmoq yoqasiga koʻchdi. Zaur urugʻ-aymogʻi bilan muqaddas va ilohiy hisoblangan yoʻldan Tbauga koʻtarila boshladi.

Togʻ bagʻridagi yassi maydonchada nafas rostlashdi. Bu yerdan uncha uzoq boʻlmagan Xassar Lamardon ovulining aholisi ularni ziyorat qilgani keldilar. Ular qadimiy odatlari boʻyicha qoʻy suruvini ham haydab kelgan edilar. Suruv orasidan bir qoʻy tanlab olinib, yuqoriga, soʻnggi manzilga yetganlarida Tbau-uats-Ila uchun qurbonlikka soʻyilishi kerak. Ibodat va qasidadan soʻng Zaur pichirlab duo oʻqiganicha suruv oraladi. Bir qora qoʻzi choʻzib ma’raganicha suruvdan ajraldi-da, uning izidan yurdi. Shundan soʻng ruhoniylar yana yoʻlga tushdilar. Qora qoʻzi ulardan ortda qolmadi. Daraga yetib borgach, soʻqmoq orqali gʻorga chiqdilar. G’or ogʻzida quvvatga kirib, avvalgi holiga qaytay deb qolgan Urusxonga roʻpara keldilar.

Ular tunni shu yerda oʻtkazadilar. Qora qoʻzichoq soʻyilib, olov yoqildi. Oila boshligʻi boʻlgani uchun faqat Zaurgina Tbau choʻqqisiga chiqadi.

U oʻng qoʻlida oʻrmondagi oq qayindan bugun kesib chiqilgan, uch tomoniga hozirgina soʻyilgan qoʻzining kallasi ilingan xassani ushlagan, chap qoʻlida esa bir choʻmich toʻla pivo bilan yogʻli pishloq tugilgan tugunchani koʻtarib olgan edi.

Ruhoniy ota soʻqmoqdan shoshilmay, asta-asta yurib yuqoriga koʻtariladi. Faqat ugina yilda bir marta shu muqaddas choʻqqiga koʻtariladi. Bu yerda topingan xudosi faqat ungagina moʻ‘jiza koʻrsatadi.

Mashriqda qizil shafaq koʻrinmay qoldi. Dam oʻtmay sovuq tuman choʻqqilarni oʻz chodiriga oʻrab oldi. Nishabi shimol tomonga ketgan maysazor maydonchaga yetgach, nafas rostladi. O’rtada toshlardan betartib ravishda tiklangan mehrob turibdi. Boʻronlar hamlasiga chidagan mehrob toshlarini mogʻor bosgan. Atrofda sochilgan suyaklar avvalgi yillardagi qurbonliklardan darak beradi. Mehrob yonidagi supacha xudoning xontaxtasi hisoblanadi. Zaur koʻtarib kelgan ehsonlarini shu yerga qoʻydi. Maydon atrofiga uch yuzga yaqin oq tayoqlar koʻmib qoʻyilgan. Ayrimlarining uchlarida qoʻyning kalla suyaklari ilinganicha turibdi. Ayrimlarini boʻron yulib olib, maydoncha uzra sochib yuborgan. Xudolari yoʻlida qilgan qurbonliklarini shamolu yomgʻir, qishda qor-u, yozda quyosh nurlari chiritib, ado qilib yuborgan. Bu yerga chiquvchi ruhoniy zot uchun buning ahamiyati yoʻq, uning vazifasi – xudoga atalgan qoʻy kallasi ilingan oq tayoqchani koʻmib ketishi shart. Zaur uchun bu vazifa yangilik emas. U xanjari bilan yerni kavladi-da, tayoqchani koʻmib, atrofini tepkilib, bostirib qoʻydi. Keyin tiz choʻkkanicha mashriq tomon tikilib xudo tomonidan ayon etiluvchi moʻ‘jizani kuta boshladi.

Bu yerda duo oʻqilmaydi. Ibodat ham qilinmaydi. Otasining vasiyati shunday. U Tbau-uats-Ilaning moʻ‘jizasini toqat bilan kutadi. Afsuski, bu moʻ‘jiza har yili ham nasib etavermaydi.

Zaur kutyapti...

U oʻzini gʻoyat haqir va yolgʻiz his qildi.

Atrofda vazmin tun sokinligi hukmron.

Uning ovuli pastda joylashgan. Huddi xudoning gʻazab omochlari bilan shudgorlangan yerga oʻxshaydi.

Oy koʻtarildi.

Vodiy tomondan esgan shamol Tbau qoyalari orasida sarsari kezadi.

Zaurning vujudiga qoʻrquv oralay boshladi.

Ilohidan sodir boʻlajak moʻ‘jiza oni yaqinlashganini qalban sezdi.

Tiz choʻkib oʻtirgan ruhoniy beixtiyor ravishda egilib, peshonasini yerga qoʻydi. Qoyalar yuzini silab, suzib yurgan tuman quyuqlashdi. Goʻyo hamma yoqni qop-qora tutun bosganday, Zaurga hatto tayoqlar ham koʻrinmay qoldi. Koʻzga koʻrinuvchi farishta Dzuarning yaqinlashayotgani shu tarzda Zaurga ayon boʻldi.

Tuman orasida odam qiyofasi koʻrindi.

Zaur hushini yoʻqotdi.

Ammo yiqilmadi, yelkasidan kimdir mahkam ushladi:
— Qara!

Uning koʻz oldini qoplab turgan qora parda yirtildi-yu, oʻtgan va boʻlguvchi voqealarning mudhish manzaralari koʻrina boshladi.

Avvaliga keng va asov daryoni koʻrdi. Ajabki... daryoda xarsangdan xarsangga urilib koʻpiruvchi suv emas, qon oqayapti. Qon daryosi uzoqda emas, shundaygina yonidan oqib oʻtyapti. Ana, qon toʻlqinlari yelkasida nimadir oqib kelyapti. Zaur diqqat bilan tikildi: qizlarning libosini kiyib olgan oʻsmir bolaning jasadi. Koʻksida xanjarning oʻrni bor. Toʻlqinlar jazavaga tushgancha girdob hosil qildi-da, jasadni chirpirak qilib aylantira-aylantira past tomon oqizib ketdi. Zaur Urusxonning xanjaridan oʻlim topgan ma’sum Muldorni tanidi.
— Oqizib ketdi, oqizib ketdi-ya!-deb pichirladi uning lablari.

Dam oʻtmay oʻrkach-oʻrkach qon toʻlqinlari yana bir jasadni oqizib keldi. Bunisi katta kishiniki edi. Gavda tuzilishidan azamat jangchi boʻlgani bilinib turibdi. Yuz-koʻzlari quloqchin bilan oʻrab tashlangani uchun Zaur boʻgʻziga xanjar urib soʻyilgan bu jangchini tanimadi.

Bu oʻlik ham yonginasidan oqib oʻtib ketdi.

Qonli daryo mavji tinmaydi.

Ana... yana bir kimsa koʻrindi.

Zaur beixtiyor qichqirib yubordi. U shu topda yuzini oʻgirib olishni, hech boʻlmasa koʻzlarini yumishni istadi. Ammo bunday qilishga haqqi yoʻq, amr etilgan: qarashga majbur!

Qora libos, sochlari oppoq, koʻzlardagi nur soʻngan...
— Xotinim...-deb shivirladi dahshatga tushgan Zaur,-mening xotinim!..

U qon daryosidan koʻzini uzib, boshini yerga urishni istadi. Agar bu on yer yorilsa-yu, uni yuta qolsa, mushkuli ancha oson boʻlardi.

Biroq yelkasidan yana bir chayir panja tutdi. Oliy hokim unga yana qat’iy buyruq berdi:
— Qara!

U yana qip-qizil mavjlarni, oʻlim oqimini koʻrdi. Oqim oqaveradi, oqaveradi – oxiri koʻrinmaydi. Shu asnoda toʻlqinlar talvasaga tushib, yelkasida yana bir jasadni koʻtarib keldi. Oq libosdagi oʻlikning yuzlariga oq roʻmol tashlangan, koʻylagining koʻkrak qismi yirtilgan, siynabandlar ham yirtilib, koʻkraklari yalangʻochlangan.

Zaur dahshat bilan koʻzlarini kattaroq ochdi:
— Bu nima? Koʻkraklari kuydirilganmi?

Shamol jasadning yuzidagi oq roʻmolni koʻtardi.
— Zoliyxon! Bolam!!!

Ruhoniy ota hushsiz yiqildi. Koʻrganlari uning uchun gʻoyat ogʻir yuk edi – koʻtarishga qurbi yetmadi.

Kechasi bilan hushsiz yotdi. Ertalabki sovuqdan junjikib, oʻziga keldi. Quyosh tumanni haydab, togʻ va vodiyni oltin nuriga gʻarq qilib ulgurgan edi. Tungi mudhish manzaralar ham yoʻqolib, hayot oʻz yoʻrigʻiga tushib olgandi. Quyosh nurlaridan qayta jon olgan Zaur oʻrnidan turib mehrobga yaqinlashdi. Bultur olib kelgan ehsonlari qoldiqlarini chetga olib qoʻyib, iziga qayta boshladi. Qoyalar bilan oʻralgan maydonchada ilhaq boʻlib kutayotgan inilari uning oqarib ketgan yuziga qarab, havotir nazari bilan bir-birlariga qarab oldilar. Ularning javob kutayotganlarini Zaur bilardi. Ammo bu onda biron nima deyishga holi yoʻq edi. Holi boʻlgan taqdirda ham koʻrganlarini ularga ayta olmasdi. Shu bois inilariga qarab bosh chayqab qoʻya qoldi. Tutsatlarning «demak, bu tun xudo koʻrinish berishni istamabdi», degan xulosaga kelishlari uchun shu ishora kifoya qildi.

Urusxon gʻordan chiqib, qaddini gʻoz tutdi-da, musht qilib tugilgan qoʻlini koʻkragiga qoʻyganicha magʻrur ohangda salom berdi. Zaur alik olmay, «soʻyilgan oʻlik shu emasmidi?»-degan xayolda bir necha nafas tikilib qoldi.

Ruhoniylar Urusxonni yana gʻorda qoldirib, izlariga qaytdilar.

Turnaqator boʻlib olgan tutsatlar necha yuz yillardan beri bobokalonlari qatnagan tor soʻqmoq boʻylab yurib borardilar. Shoshilmay yurganlari sababli Nayfat qal’asi xarobalariga oqshomda yetib keldilar. Yarmi buzilib ketgan darvozadan oʻtib, qal’a ichkarisiga kirdilar. Bu yerdan Tbauning baland choʻqqilari va uning poyidagi Lamardon vodiysi yaqqol koʻzga tashlanib turardi.

Chap tomondagi xonalarning ayrimlari butunlay vayron boʻlgan, but qolganlarini esa ruhoniylar oʻzlari uchun omborga aylantirgan edilar. O’ng tomondagi qiya ochiq eshikdan yarimqorongʻu kushxona koʻrinib turardi.

Bayram boshlandi. Oq libosli yosh tutsatlar ust-boshlarini qonga belab, qurbonlik uchun keltirilgan qoʻylarni toshlardan tiklangan mehrob qarshisida soʻymoqqa kirishdilar.

Doshqozonlarda shoʻrva qaynaydi. Qoʻralarda kaboblar jizillab pishyati. Kabobpazlar yogʻoch sixlarga terilgan goʻshtlarni ustalik bilan choʻgʻ ustida toʻxtovsiz aylantirib turishadi.

Torgina zina ikkinchi qavatga olib chiqadi. Bu yerdagi keng xonada toʻplangan muridlar ruhoniy otalarining kelishlarini sogʻinib kutishadi. Qal’a hovlisida toʻplangan olomon ham Zaurni ziyorat qilib olishga intiladi. Zaur ular orasidan arang oʻtib, ikkinchi qavatga koʻtarildi.

Xonaning oʻng va chap tomoniga oʻrindiqsifat qoqilgan taxtalar ustida haloyiqning Tbau-uats-Ila uchun olib kelgan ehsonlari, likopchadan tortib, kosaga qadar turli buyumlar terib qoʻyilgan edi. Kichkinagina toʻrtburchak derazadan kunduzi tushib turadigan nur ham bu xonani yetarli yorita olmaydi. Hozir esa yoqib qoʻyilgan oʻnlab moychiroqlardan taralayotgan nur bu derazadan oshib, hovlini yoritishga ojizlik qiladi.

Xona toʻriga turli tasvirlar aks etgan suratlar osib qoʻyilgan. Gurji podshohi hadya etgan katta mis qozonda har birining kattaligi tuxumdek keladigan ikki ma’dan tosh tashlab qoʻyilgan. Ruhoniy ota Tbau-uats-Ilaga sigʻinib, duo oʻqiganida moʻ‘jiza yuz berib, bu toshlar davolash kuchiga ega boʻlar ekanlar. Aytadilarki, jinniligi avjga chiqqan, hech kimga boʻysunmay, qichqiriqlari bilan olamni buzayotgan kimsa bu yerga olib kelingach, Zaur duo oʻqiganicha toshlardan birini olib, bemorning peshonasiga tekkizgan ekan. Shunda tipirchilayotgan jinni tinchib, birdaniga toshday qotib qolgan ekan. Bir necha daqiqadan soʻng koʻzlarini katta-katta ochganicha atrofga hayron boqqan odam jinniligidan asar ham qolmaganidan quvonib, Tbau-uats-Ilaning qudratini olamaro ta’riflash uchun ovuliga yoʻl olgan ekan.

Bu xona devoriga Zaur uchun eng muqaddas hisoblangan, moʻ‘jizalarga boy uzun zanjir-kishan osib qoʻyilgan. Samoviy kishan hisoblangan bu zanjir haqidagi afsonalar tillardan tillarga koʻchib necha asarlardan beri yashaydi.

Emishki, koʻp asrlar muqaddam qabardinlar vodiyga bostirib kiradilaru biroq qal’ani zabt eta olmaydlar. Ammo togʻ yonbagʻrida ot boqib yurgan yosh tutsatni asirga oladilar. Uni oʻzlari bilan vatanlariga olib ketib, oyoqlariga kishan uradilar-da, qoʻylarini boqishga majbur qiladilar.

Yosh oʻgʻlon qismatidan qaygʻurgan tutsatlar Tbau-uats-Ilaga sigʻinib, undan madad soʻraydilar. Nihoyat, ularning munojotlarini ilohlari eshitadi.

Kunlarning birida oʻgʻlon suruvni oʻtlatib yurganida osmonu falakdan boshi bilan qanotlari burgutga, tanasi esa odamga oʻxshagan mahluq uchib keladi-da:
— Yelkamga oʻtir,-deb buyuradi.

Soʻngra bu moʻ‘jiza mahluq Tbau togʻiga uchib keladi-da, Nayfatdagi muqaddas qal’ani koʻrsatib:
— Vataningni tanidingmi?-deb soʻraydi-yu, oʻzi gʻoyib boʻladi.

O’gʻlon kun boʻyi piyoda yurib, Nayfatga yetib keladi. Uni kishandan ozod qiladilar. Zanjirni esa tashlab yubormay, esdalik uchun ziyoratgoh devoriga osib qoʻyadilar. O’shandayoq bu kishan ilohiy kuch kasb etib qolgan. Ruhoniy ota tanlagan bemor shu kishanga qoʻl urgani zamon sogʻayib ketaverar ekan.

Qachonlardir Abxaziya knyazi Shervashidze qal’ani xarobaga aylantirib, moʻ‘jizaviy kishanni yurtiga olib ketgan, lekin kishan oʻsha tuniyoq Nayfatga qaytib uchib kelib, devordagi oʻz oʻrnini egallagan ekan. Kishanni ucha boshlaganini koʻrgan abxaz soqchisi unga qarab oʻq uzgan ekan. Kishanda hozir ham shu oʻq izi saqlanib qolgan. O’sha-oʻsha kishan bu devorda muqim qolgan.

Tbau-uats-Ila sharafiga oʻtkazilgan bayram ikki hafta davom etdi. Bu vaqt ichi qal’adan muridlarning oyogʻi uzilmadi. Hovli hamisha odamlarga toʻla, muridlar ruhoniy otalarini ziyorat qilish uchun uzoq vaqt navbat kutadilar. Qurbonliq soʻyish ertalabdan kechgacha tinmay davom etadi. Qoyalar bagʻrini qizilga boʻyab pastga qon sizib oqadi.

Zaurga odamlar oʻz dardlarini aytib iltijo qilishadi. Biri bemorlariga shifo talabida kelgan, yana biri mehr-oqibatga muhtoj, boshqasi xudodan baraka tilaydi. Zaur ularning istaklarini jimgina eshitgandan soʻng xudo bilan shu odam oʻrtasidagi vakil misoli Tbau-uats-Ilaga munojot qilib, talablari ijobat boʻlishini soʻraydi.

Diniy vazifalarini bajo etib boʻlgan yoshlar esa saylni boshlab yuborganlar. Ular davra-davra boʻlib raqsga tushadilar. Qizlardan biri garmon chaladi. Boshqalar kuyga qarsaklari bilan joʻr boʻladilar. Davra oʻrtasida ikki yosh xuddi ikki oqqush misol suzadi. Qoʻllari pastga tushirilgan, yuzma-yuz turib bir-birining koʻzlariga muhabbat bilan tikilayotgan yigit bilan qiz kuyga monand ravishda maydon boʻylab suzadilar: bir yaqinlashadilar, bir uzoqlashadilar.

Qal’aga koʻp qatori kelgan Temir ham oʻgʻli yordamida qurbonlikni soʻyib, xudodan Kerim bilan Zoliyxon nikohlarining qutlugʻ boʻlishini iltijo qilib soʻradi.

Zaur doʻstiga uzoq tikilib qoldi. «Kechasi koʻrgan dahshatli manzarani unga aytsammikin yo yoʻqmi?» deb ikkilandi. Keyin sir saqlashga qaror qildi: «Aytganimdan nima foyda? Tbau-uats-Ila kimga baxtsizlikni ravo koʻrgan boʻlsa, bu qarorni odam bolasi oʻzgartira olmaydi».

U ruhi ezilgan, toptalgan odam holatida Temirdan sal nari ketib, aziz-avliyolar tasvirlari qarshisida tiz choʻkdi-da, Tbau-uats-Ilaga yolvorib, Temir va uning oilasidan marhamatlarini ayamasligini soʻradi. Zoliyxonning ismini tilga olib, uning haqqiga duo qilishga botina olmadi. «Qizim xudoning qahru-gʻazabiga duchor boʻlgan, endi najot yoʻq!»- deb oʻylardi u. Zoliyxonning ruhan ezilishini, qarashlariga muhrlanib qolgan qoʻrquvni oʻz aybiga iqror boʻlish deb hisoblardi. Qoʻrquv ham, ezilish ham Urusxonning hajrida ekanini esa oʻylab ham koʻrmasdi.

To’y

Kerimning iltimosiga koʻra, Temir toʻy harakatlarini tezlatdi. Ikki quda bayram oyoqlashi bilan toʻyni boshlab yuborishga kelishdilar. Bu kelishuvdan Zaurning koʻngli toʻldi. Har holda bayramning toʻyga ulanishi tufayli chiqim ham kamayadi. Bayramdan ortib qolgan ichimliklaru yeguliklar toʻyga yetadi.

Zaur «qizimning taqdiri uzil-kesil hal boʻldi, endi hech qanday kuch uni oʻzgartirishga qodir emas», degan fikrda qat’iy edi. Ayollar Zoliyxonga sep tayyorlash, kelinchaklik libosini tikish bilan ovora. G’amini ichiga yutgan Zaur esa ruhi ezilgan odamning ma’yus qiyofasida yuradi. Biron dardkash topib, xasratini toʻkishni istamaydi. U jazo qilichini koʻtargan ilohi qarshisida ongi xiralashgan tarzda nochor turadi.

Tambi bilan Inaldkoning taklifini ma’qullab, bayramning soʻnggi kuni toʻy boshlashga qaror qildi. Sagat Lamardonda uch kun davom etadigan toʻy ziyofati yakunlangach, toʻrtinchi kuni suvoriylar qurshovidagi kelinning aravasi Kadgaronga yoʻl olishi kerak. Dargov yoʻlida kelinni kuyov kutib oladi. Shu yerda, vodiydagi yagona cherkovda nikoh oʻqitiladi.

Temir Toʻtarayev ham boʻsh kelmas, uning uyidagi toʻy ziyofati ham kamida uch kun davom etar. Shunga qaraganda Zoliyxonni bir hafta davom etuvchi, dovrugʻi tillarga doston boʻluvchi toʻy tantanalari kutayotgan edi.

«Ishqilib, toʻy tinchlik bilan oʻtib olsin...»

Zaurning birdan bir tilagi shu!

Ham orziqib, ham havotir bilan kutilgan toʻy kuni yetib keldi. Va’dadagi qalin puli toʻlandi. Toʻy tantanasiga ovul ahli jamuljam boʻldi. Zaurning boshqa ovullardagi birodarlari, qarindoshlari ham yetib keldilar. Toʻtarayevlar avlodidan ham aziz mehmonlar tashrif buyurdilar. Ular orasida faqat kuyov yoʻq. Taomilga koʻra, u qizning uyidagi ziyofatga kelmaydi.

Tutsatlar avlodiga mansub ayollar kun boʻyi non yopish, taom pishirish bilan band boʻldilar.

Toʻy tantanasini yoshlarga chiqargan: hovlida davra qurib olib, raqs tushishdan boʻshashmaydi. Toʻyga istagan odam kelaveradi, istaganicha oʻyin-kulguga qoʻshilaveradi. «Sen kimsan?» yoki «Nega kelding?» deguvchi topilmaydi.

Kelin hovliga chiqmaydi, shodiyonaga qoʻshilmaydi. U ichkarida, ayollar xonasida. Dugonalari dam-badam kirishib, uning koʻnglini koʻtarishga harakat qilishadi. Unga qiziq-qiziq hangomalarni aytishadi. Aytishadi-yu, oʻzlari kulishadi. Zoliyxon dardini oshkor qilmaslik uchun ba’zan ma’yusgina jilmayib qoʻyadi. Kelinning ezgin holati, oqarib ketgan rangi dugonalarini ajablantiradi, ammo sababini soʻrashmaydi. Tashqariga chiqishadi-da, shodiyona davraga qoʻshilishadi.

Uch kunlik ziyofat shu tarzda oʻtdi.

Zoliyxon uch kun ogʻir dard iskanjasida oʻtirdi. «Yuragim chidolmay yorilib ketsa kerak», deb oʻylagandi, yoʻq, chidadi. Ehtimol, ilohi tayyorlab qoʻygan barcha azoblarni koʻrish uchun ham chidagandir...

Ziyofatning uchinchi kuni adogʻiga yetay deb qoldi. Hovlidagi mash’alalar yorugʻida kattalar ziyofatni davom ettirishyapti. Yoshlar xizmatda. Ayollar esa erta tongda kelinni kuzatish tadorigini koʻrib, uyda ivirsib yurishibdi. Zoliyxon xonasida yolgʻiz qolgan. Uch kunlik xordiq uni holdan toydirgan. Avval tizzasiga boshini qoʻyib oʻksindi. Keyin derazaga yaqinlashib, koʻzlarini katta-katta ochib, samoga tikildi. Yulduzlar charaqlab turgan boʻlsa-da, nur koʻrinmadi koʻzlariga. Uning kelajagini tun zulmati qoplab olgan: na bir yorugʻlik, na bir najot bor.

Hovlidan qiyqiriqlar eshitilyapti. Kelin-kuyovning baxti uchun qadahlar boʻshatilyapti.

Qochoqlar

Zoliyxon mash’alalar gʻira-shira yoritib turgan hovliga tikildi. O’zini bagʻishlashga rozi boʻlgani - Kerimni koʻrishga koʻzi yoʻq. O’y-xayoli faqat Urusxonda. Koʻzini yumdi degunicha sevgan yorining qiyofasi gavdalanveradi.

Hovliga tikilib turgan Zoliyxon bir odamning sharpasini koʻrdi-yu, yuragi xapriqib, qichqirib yuboray dedi. Deraza orqasida koʻringan kim edi? Nahot Urusxon boʻlsa?

Ha, oʻsha!

Deraza tiqilladi...

Zoliyxon nafas olishdan ham toʻxtab qoldi. Koʻrgani, eshitgani tushimi yo oʻngi ekanini bilmay taraddudlandi.

Deraza yana tiqilladi...

Uning yuragi potirlab, qoʻllari titrab, derazani ochdi. Urusxonni koʻrdi-yu, tili gapga ham aylanmay, dovdirab qoldi. Zoliyxon koʻzlarini katta-katta ochganicha unga tikilib turaverdi. Shodlanishini ham, dahshatdan qichqirib yuborishini ham bilmay kalovlanib turaverdi. Urusxonning oʻtli qarashi jonsiz joniga jon qaytarganday boʻldi. Koʻkragida ajib bir iliqlik sezdi. Urusxon ham sevganini koʻrganidan masrur edi, ammo hozir sururli qarashlar fursati emasligini bilardi. Shu bois «Zoliyxon!» deb shivirladi-da, qoʻl uzatdi. Uning shu shivirlashida ham, qoʻl uzatishida ham amr ohangi zohir edi.

Ikki oʻt orasida qolgan qizning vujudini dahshat qamrab olib, titray boshladi.

Ha, uning yuragi Urusxongagina atalgan. Ammo u Kerimning qalligʻi ekanini ham, sevgan yori esa akasi maqomidagi odam ekanini ham unutgani yoʻq. Agar bu dam qalligʻiga bevafolik qilib, akasi bagʻriga kirsa boshiga agʻanaydigan balo togʻlarining dahshatini ham anglab turibdi. Mana shu dahshat uni bu tor xonadan tezgina uchib chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaydi.

Zoliyxonning imillashidan norozi boʻlgan Urusxonning koʻzlarida gʻazab uchqunlari chaqnadi:
— Tezroq boʻl! Yurasanmi yo yoʻqmi?-dedi u ovozini biroz koʻtarib.

Qizning ixtiyori oʻzidan ketdi.
— Ketyapman... ketyapman...- u shunday deb shivirlab, atrofiga qoʻrquv bilan qarab oldi.

Erkaklar hovlida, ayollar uyda oʻz yumushlari bilan band. U bilan birovning ishi yoʻq.

Zoliyxon deraza tokchasida turgan tuvakdagi gulni pastga olib qoʻydi. Oq shohi koʻylagining etagini koʻtarib, deraza tokchasiga chiqib oʻtirdi.

Dunyodagi eng mash’um va eng dahshatli voqea sodir berdi: u qonsiragan muhabbati yoʻlida vafoni, qalligʻiga boʻlgan sadoqatini qurbon qildi. Aslida chala tugʻilgan, endi esa oʻlib borayotgan vafo endi uning qalbini chidab boʻlmas darajada eza boshladi. Suygan yori bilan diydor koʻrishishning shunday boʻlishini orzu qilib edimi? Diydor sevinchi qani? Vujudga iliq rohat baxsh etuvchi ishq oʻti qani? Bulardan asar yoʻq. Faqat... vijdon azobi bor, faqat gunohi uchun olajak jazodan qoʻrquv mavjud..

Urusxon churq etmaydi. Uni derazadan koʻtarib olib, yerga qoʻyadi-da, karam va kartoshka ekilgan tomorqa sari boshlaydi. Keyin ikkovlari tomorqani ihota qilib turgan shoxdevordan oshib oʻtadilar.

Ustunga bogʻlab qoʻyilgan otni Zoliyxon bir koʻrishdayoq tanidi: Zurabniki! «Bu baxt keltirmaydi!» deb oʻyladi qiz. Bu fikri vujudida titroq uygʻotdi. Urusxon bir sakrab otga mindi-da, unga qoʻlini uzatdi. Qiz uning qoʻlini ushlab, oyogʻiga oyoq qoʻydi. Urusxon uni chaqqonlik bilan tepaga tortib oldi-da, orqaga mingashtirib, otni niqtadi. Ular bir zumda tun bagʻriga singib, koʻzdan yoʻqoldilar. Ilonizi yoʻllar ortda qolib, vodiyga olib boruvchi soʻqmoqqa chiqib olishdi. Urusxon shoshiladi. Kelinning yoʻqolganini sezib qolishguncha bu yerlardan uzoqlab ketishni istaydi. U qancha oshiqmasin, tezlashishning iloji yoʻq – tik soʻqmoqda otning keyingi oyoqlari tiygʻanadi, ba’zan esa oʻtirib qoladi.

Zoliyxon Urusxonning belidan mahkam quchib olgancha, oʻzini taqdir hukmiga berib, har qadamda jazo kutadi.

Nihoyat vodiyga eson-omon chiqib olishdi. Qizildon yoqalab ketgan ovul yoʻli ularning qarshisida oqarib koʻrindi. Urusxon otni tezlatdi. Tun sokinligini ot tuyoqlarining dupuri buzdi.

Zoliyxon yuragini qoʻrquv, Urusxon qalbini esa gʻazab olovi kuydiradi. Yigit sevgilisining toʻyga rozi boʻlganidan xafa. Suymay turib erga tegishga rozi boʻlishi sababini bilolmay koʻngli xufton.

Tbau choʻqqisidagi gʻorda jon saqlayotgan Urusxon Zaurning uyida boshlangan toʻy xabarini taom olib kelgan Xadar ismli yosh tutsatdan eshitib, avvaliga nima qilarini bilolmay gangib qoldi. Keyin gʻazab vulqoni otashida Xadarga vahshiylarcha tashlanib, uni dast koʻtarib oldi-da, jar yoqasiga keltirdi. «Bor gapni aytmasang tashlab yuboraman», deb qoʻrqitdi-yu, toʻy voqeasini ipidan ignasigacha bilib oldi. Yigitchani jar yoqasiga keltirishi shunchaki poʻpisa emasdi. Tashlab yuborishi hech gap emasdi. Lekin soʻnggi soniyada «bolada nima gunoh?» degan fikr uygʻondi-yu, gʻazab olovini jilovlab olishga oʻzida kuch topdi. «Mahmadanaligi tufayli, sirni oshkor qilib qoʻygani uchun oʻzidan qoʻrqadi, qaytib borganida boʻlgan voqeani yashiradi», degan xayolda uni qoʻyib yubordi. Keyin fursatni gʻanimat bilib, yoʻlga otlandi. Tbau qoyalarini tark etib, vodiyni kesib oʻtdi-da, boʻrining ehtiyotkorligi bilan Sagat Lamardonga yaqinlashdi. Ot topishga qiynalmadi. Mehmonlarning otlari oʻtloqda oʻtlab yuribdi. Ammo taqdir unga Zurabning otini nasib etdi. Biroq miltiq topa olmadi. Keyin qosh qorayishini kutib, bogʻda yashirinib yotdi.

U Zoliyxonni butun vujudi bilan sevardi. Shu sababli qizni vafosizlikda ayblab, undan gʻazablanardi.

Hozir qochib borayotgan bir paytda uni soʻkmaydi, ta’na toshlari otmaydi. Havfsiz joyga yetib olishgach, yagona xoʻjayin kim ekanini unga oʻrgatib qoʻyadi.

* * *

Salimat yoniga dugonalarini chorladi-da, kelinning koʻnglini ochish maqsadida bir gapirib, oʻn kulib ayollar boʻlmasiga kirib keldi. Xonada kelinning yoʻqligini koʻrgan qizlar ostona hatladilaru hayrat va qoʻrquv bilan toʻxtab qoldilar. Ular alhol qochoqlik haqida oʻylashga ham jur’at etolmasalar-da, ochiq deraza, pastga olib qoʻyilgan tuvakdagi gul bor gapdan xabar berib turardi. Ular sapchib orqaga chekindilar-da, qoʻshni xonadagi xotinlarni fojiadan ogoh qildilar. Bu sharmandali xabar yashin tezligida tarqab, mehmonlar qulogʻiga ham yetdi-yu, hammalarining hafsalalari pir boʻlib ketishga chogʻlanishdi.

Bu voqeani oʻzlari uchun tahqir deb bilgan Toʻtarayevlar otlarini tezlikda keltirishlarini mezbonlardan talab qildilar. Tutsatlarning qalbida esa bu onda qasos oʻti alanga oldi. Qiz oʻgʻrisini ushlab, uning qoni bilan nomus-orlarini poklab olganlaridagina, kuyov tomon oldida yuzlari yorugʻ boʻlgandagina bu alanga pasayishi mumkin edi.

Yigitlar, hatto oʻsmirlar ham oʻtloqqa shoshilishib, otlarni otxonaga haydadilar. Hech kim imillamadi, garangsib turmadi ham. Yurtni huddi qoʻqqis yov bosganday, vatan himoyasiga otlanayotganday shoshilishdi. Zero, ular uchun nomusni poklash vatan himoyasi kabi muqaddas burch edi. Otini topolmay gʻazablangan Zurab, koʻp ham oʻylab oʻtirmay, qoʻshnining otiga mindi-yu, jonivorga achchiq-achchiq qamchi bosdi. Uning oti birinchi boʻlib yeldek uchdi. Zurab qizni kim oʻgʻirlaganini bilib turardi. U ukasining toptalgan nomusi uchun qasos oladi, ha! Qonsiragan xanjari bugun mal’un qoniga toʻyadi, ha! U boshqalarning yetib kelishini kutib oʻtirmay, soʻqmoqning xatarli ekaniga ham parvo qilmay otni choptiraverdi. Koʻp oʻtmay tahqirlangan oilaning a’zolari ham koʻcha changitib unga ergashdilar.

Qochoqlarni tezroq tutish ahdidagi quvloqlar huddi quyun kabi yeldilar. Bir qancha chavandozlar ehtiyotsizlik qilib jarlikka quladilar. Kim chalajon, kim behush holda yotgan yerida qolaverdi. Bezbet olibqocharni, hayo va nomusini unutgan qizni tezroq ushlab, jazolash qasdida ot surayotganlar birodarlarining holatlariga e’tibor ham bermadilar. Xatarli jar yoqalab ketgan soʻqmoq ortda qolib, vodiy yoʻliga chiqishgach, oʻrama qamchinlar ishga solindi. Oldinda borayotgan Zaur bilan Zurab oʻylab ham oʻtirmasdan otlarini Dargov sari burdilar. Ularning fikricha, qochoqlar faqat shu yoʻldangina yurishlari mumkin edi.

Olishuv

Dargovdan oʻtib, Jisxitdagi qabrtoshlari tizilib ketgan oʻliklar shahriga yetib kelishganda Urusxon orqadan otlarning dupurini aniq eshitdi.
— Ular kelishyapti!- deb shivirladi dahshat girdobidagi Zoliyxon.-Kelishyapti! Meni qutqar!

Urusxon otni tezlatmoqchi boʻldi. Ammo tepasida ikki odam bilan ogʻir yoʻl bosgan jonivor charchagan, ogʻzi koʻpiklanib, arang nafas olardi. Urusxon bu ot bilan uzoqqa borolmasligini angladi. Ammo uning olgʻa bosishdan oʻzga chorasi yoʻq edi. O’ng tomoni tik qoyalar bilan toʻsilgan, chap tomondagi tosh oʻzanida Qizildon joʻshib oqadi. Najot yoʻli faqat oldinda!

Biroq najotdan umid yoʻq. Bu hayot emas, mamot yoʻli ekani haqiqatga yaqinroq

Otlarning dupuri borgan sayin yaqinlashyapti.

Urusxon chora umidida atrofga koʻz tashladi. Hamonki qochib qutulishning iloji yoʻq ekan, hayotini qimmatroqqa sotmoqqa, bu yorugʻ dunyoni qahramon sifatida tark etmoqqa qaror qildi. Qachonlardir u doʻstlariga maqtanib, chalajon kampirlar singari koʻrpa-yostiqqa mixlanib emas, botir oʻgʻlon martabasida koʻkragidan oʻq yeb oʻlish umidida ekanini aytardi.

Uning nazdida oʻsha orzusining amalga oshish fursati yetdi.

Urusxonning ziyrak nigohi yoʻl burilgan joyda, qoyaning yuqori tomonida gʻor mavjudligini aniqladi. Ehtimol bu gʻor qachonlardir qasoskorlaridan qochib yurgan biron abrekning boshpanasi boʻlgandir. Endi bu gʻor Urusxon hamda sevgilisining xaloskori boʻladi. U koʻp oʻylamay, otni toʻxtatib, egardan sakrab pastga tushdi-da, jonivorning jilovidan mahkam tutganicha tepaga koʻtarila boshladi.

Otlarning dupuri tobora yaqinlashar, ikki jonni asrab qolish ilinjidagi Urusxon esa yanada shoshilardi.

Doʻnglikda otliqlarning qorasi koʻrindi.

«Sezmay oʻtib ketishlari mumkin»,-deb umid qildi Urusxon.

Bu safar umidi unga vafo qilmadi. Oldinda kelayotgan otliq toʻxtab, yulduzli kecha bagʻrida yuqoriga koʻtarilayotganlarga qarab qichqirdi:
— Toʻxta-a-a!

Boshqa otliqlar ham toʻxtab, qochoqlarga tikilib qolishdi.

Bu onda koʻzlagan manziliga yetib olgan Urusxon otdan epchillik bilan tushgan qizga jilovni uzatdi. Zoliyxon jonivorni yetaklab gʻorga kirdi. G’or ogʻzida qolgan abrek miltiq topolmaganidan pushaymonda edi.

Qasos olovida yonayotgan otliqlar bir qarorga kelolmay tortishib qoldilar. Kuyovning tutingan akasi martabasidan foydalangan Zurab hammadan koʻra qattiqroq gapirib, gʻorni tezlik bilan egallab, mal’unni qiyma-qiyma qilib tashlashni talab etardi.

Zaur abrekning oʻlimga mahkum ekanini aniq bilsa ham, qon toʻkilishini istamayotgan edi. Ellikka yaqin qurollangan botir yigitlarning yolgʻiz va qurolsiz turgan oʻgʻliga hujum qilishlari unga adolatsizdek tuyuldi. Qanchalik gunohkor boʻlmasin, Urusxon uning oʻgʻli hisoblanardi va Zaur bu haqiqatni inkor eta olmasdi.

Hamonki olishuvda tenglik yoʻq ekan, bu er yigitning ishi boʻlmaydi.

Zaur gʻorni qurshab olib, nikoh oʻqitish uchun Kadgarondan Dargovga yoʻl olgan Kerimni shu yerda kutib olishni taklif qildi.
— Qalligʻi uchun Kerimning oʻzi yakkama-yakka olisha qolsin. Qaysi biri yengsa – qiz oʻshaniki! Mana shu olishuvda Tbau-uats-Ilaning oʻzi qizning kimga tegishli ekanini aniqlab beradi.
— Bu gaping ma’qul, Zaur,-dedi Xadar Toʻtarayev.-Lekin bu olchoq shunday shartga koʻnarmikin?
— Rozi boʻladi!-dedi Zaur ishonch bilan.-U lattachaynar emas, botir jangchi!

Ruhoniy otaning gaplari Zurabga malol keldi. U gʻazabini yashirmay, dagʻal ohangda Zaurga murojaat qildi:
— Yaxshi, hammamiz baravariga hujum qilmaylik. Yakkama-yakka jang boʻlsin, desang, men roziman. Ammo ertagacha kutishning nima hojati bor? Zaur, sen undan soʻrab koʻr, balki men bilan olishar? Ukamning or-nomusi uchun qon toʻkishga men hammadan koʻra haqliroqman.

Aka-ukalik ahdiga sadoqatini namoyish qilish uchun Zurabda yaxshi sharoit vujudga kelgan edi. Toʻplanganlar buni anglab, uning qarorini ma’qullashdi.
— Sharting qanday boʻladi?-deb soʻradi undan Motsko Tutsat.
— Shart bitta,-dedi Zurab gʻor ogʻzida turgan raqibidan koʻz uzmay,-soʻnggi nafasgacha olishamiz. Ayab oʻtirish yoʻq.
— Yaxshi,-dedi Zaur, chuqur nafas olib.-Men uning oldiga chiqib, gaplashib koʻraman.

Uning qarori ukalariga ma’qul tushmay, norozi qiyofada boqdilar. Zaur ularning e’tiroz bildirishlariga yoʻl qoʻymadi.
— Xavotir olmanglar, u menga hech nima qilolmaydi.

U asta yuqoriga koʻtarila boshladi. Qochoqlarni quvlab kelganlar uning har bir harakatini nafas yutib kuzatib turishdi. Zaur yarim yoʻlga yetgach. Toʻxtab ovoz berdi:
— Urusxon!

Abrek «javob bersammikin yo indamay turaveraymi?» deb ikkilandi. U oʻzini fosh qilishni, ta’qib etilayotganini tan olishni istamas edi. U bir qarorga kelgunicha zulmat qa’rini poralab yana Zaurning ovozi yangradi:
— Urusxon! Meni taniyapsan, sen bilan gaplashib olishim kerak!

Ortiqcha ikkilanib turishga hojat qolmagan edi:
— Zaur, men shu yerdaman. Gaplaringni aytaver.
— Sen baxtingni, shu bugunoq... hoziroq sinab koʻrishga rozimisan? Biz koʻpchilikmiz. Men ortiqcha qon toʻkilishini istamayman.

«Demak, miltigʻim yoʻqligini bilishmaydi»,-deb oʻyladi abrek. Soʻng bir ozlik sukutdan soʻng soʻradi:
— Men bilan kim olishmoqchi?

Aslida kim bilan jang qilishning farqi yoʻq boʻlsa-da, Urusxon vaqtdan yutish uchun shunday deb soʻradi.
— Kerimning tutingan akasi Zurab bilan yakkama-yakka jangga chiqishing kerak.
— Qiz nima boʻladi?
— Qiz - gʻolibniki!-dedi Zaur shoshib. U «xudo hech qachon kufroniyni qoʻllamaydi», deb ishonardi. Endi xov oʻsha bayram kuni togʻ choʻqqisida koʻziga koʻringan, qonli toʻlqinlar ustida qalqib kelayotgan, boshiga xanjar urilgan murdaning Urusxon ekaniga amin boʻlayotgan edi.

Pastda qolganlar Zaurning bu ajrimini eshitgach, noroziliklarini yashirishmadi:
— Qiz hech qachon abrekniki boʻla olmaydi!
— Bu sharmandlik!
— Aka-singil qanaqasiga birga boʻlishi mumkin? Axir bu koʻz koʻrib, quloq eshitmagan munkirlik-ku!
— Biz bunga yoʻl qoʻymaymiz!

Birlari olib, birlari qoʻyib hayqirayotganlarni, ayniqsa, Toʻtarayevlarni tinchitish uchun Zaur pastga tushishga shoshildi. U dam baqirib, dam imo-ishora qilib, barchaning jim boʻlishini soʻradi:
— Bu ikki badkirdorni ajratib yuborish hammangizdan koʻra menga lozim burchdir. Tbau-uats-Ila menga baxt kimga kulib boqishini xabar qilgan. Shu bois ham yakkama-yakka teng jangni talab qilyapman.

Bu gapdan keyin gʻala-gʻovur bosildi. Undagi ishonch qasoskorlarning gʻazabini yengdi. Uning hotirjamligi boshqalarga ham ta’sir etdi.
— Yaxshi, sen aytgancha boʻlsin – olishsa olishaqolsin,-dedi Aldian Toʻtarayev.

Malladan kelgan, koʻzlari esa koʻm-koʻk xushsurat bu osetin yigitning qarori boshqalar tomonidan ma’qullangach, Zaur yana yuqoridagi gʻor tomon chiqib, Urusxonni olishuvga chorladi.
— Hammasi qonunlarimiz va urf-odatlarimiz yoʻrigʻida halol ravishda boʻladi. Kim tirik qolsa qizni oʻlja kabi oʻzi bilan olib, yoʻlida ketaveradi,-deb ishontirdi u.

Urusxonning boshqa chorasi yoʻq edi. G’or ichkarisida hamma gaplarni titraganicha eshitib, havotirini yenga olmay turgan baxtsiz qizga qarab:
— Sen shu yerda qolasan!-deb amr etdi. Keyin yumshoqroq ohangda qoʻshib qoʻydi:-Bu ayollar koʻradigan tomosha emas.

Qiz amrga itoat etmay, oldinga bir qadam bosib, najot tilaganday, qaltiroq qoʻllarini u tomon uzatdi. Ketishi oldidan qizga nisbatan boʻlgan gina-kuduratlarini unutgan Urusxon bir narsaga amin: qiz faqat unigina sevadi. Butun borligʻini ungagina baxsh etgan. Agar qoʻyib bersa Zoliyxon koʻkragini ajal oʻqlariga qalqon qilib, sevgan yorini himoya qiladi. Hozir qoʻllarini uzatib, unga Ila xudosidan panoh tilamoqchi, gunohlarini kechirishini iltijo qilmoqchi. Qaltis jangga otlangan Urusxon bunday nozik hislar ogʻushida xayrlashishni istamadi.
— Bema’ni ayollar kabi gʻashimni keltirma!-dedi u hokimona ohangda.

Xayrlashuv oldidan dilbarini suyib, oʻpmadi, mehri joʻshib, bagʻriga bosmadi. Lablaridan «meni kechir» degan mardlarcha soʻz ham uchmadi. G’or ogʻzida xaloskorisiz qolgan qizning bagʻri qon boʻlib, koʻzlaridan qaynoq yosh quyildi. Otning boʻyniga osilib, yuzini uning terga botgan yollari orasiga yashirdi. Nazarida dunyoning barcha gʻam-alamlari uning vujudini ezib turgan, atrofi odamlarga toʻla boʻlsa-da, ular orasidan bitta hamdard topilmaydi. Sevgan yorining esa qahri qattiq. Shunday ekan, jonivordan oʻzga hech kimi yoʻq....

Aqlli jonivor qizning tilga koʻchmagan xasratlarini tushunganday, oldingi oyoqlari bilan yerni asta-asta tepib, iliq nafasi bilan yengil pishqirib, «dardingni men olaman», deganday uning kuylaklari etaklarini hidlab-hidlab qoʻydi.

Bu orada Urusxon magʻrur qadamlar bilan pastga tushdi.

Qasos ilinjida ta’qib etib kelganlar, ovul yoʻlini halqa qilib oʻradilar. Urusxon ularga yaqinlashib, musht qilib tugilgan qoʻlini koʻkragiga bosib, salom berdi.

Salomi aliksiz qolmadi.

Zurab gʻazabli nigohini unga tikib turardi. U hoziroq xanjarini yalangʻochlab, uning kallasini uzib tashlashni istardi. Lekin urf-odatga sadoqat hissi uni bu gʻazabli hamladan ushlab turardi.

Zaur Urusxonning vakili, Temir Toʻtarayev esa urugʻ-aymogʻining kattasi sifatida oldinga chiqishdi. Boshidan necha algʻov-dalgʻovli yillarni oʻtkazgan Temir yoshi ulugʻ boʻlgani uchun urugʻining kattasi hisoblanardi. Har qanday sharoitda ham urf-odatlarga boʻysinishni talab qiluvchi bu odam davradagilarga bir-bir qarab oldi-da, dona-dona qilib, shoshilmay gap boshladi:
— Inilarim! Bu ikki yigit oʻz baxtini sinab koʻrish uchun hayot yoki mamot olishuviga bel bogʻlashibdi. Jang halol boʻlishi kerak. Gunohkorni xudoning oʻzi jazolagay! Bularning biridan xudo omonatini olmagunicha jang davom etaveradi. Bularning istagi shu. Xudo ham shuni xohlayapti. Ayab oʻtirish yoʻq!

Temir Toʻtarayev gapini tugatib, bir-birining qonini toʻkishga shay turgan ikki yigitga qaradi. Endi raqiblar ajdodlar odatiga amal qilib, bir-birlariga qoʻl uzatishlari va uzrxohlik qilishlari shart.

Temirning qarashidagi ma’noni uqqan Urusxon mard yigitlarga hos qadam tashlab Zurabning qarshisiga keldi. Uning qalbidagi gʻazab va nafrat oʻti bu on soʻnganday boʻldi. U boshdan papogʻini oldi-da, raqibiga hurmat bilan shunday dedi:
— Zurab Kodat! Hozir soʻnggi nafasimizgacha jang qilish taqdirimizda bor ekan. Bu xudoning irodasi! Ikkovimizdan birimizning yurak qonimiz hozir mana shu turgan yerimizni sugʻoradi. Birimiz shu yerda jon berishimiz kerak. Qay birimiz haqmiz – xudoning oʻzi ajrim qilib beradi. Agar seni oʻldirgudek boʻlsam, meni kechir!

Zurab undan koʻz uzmagan holda gaplarini diqqat bilan eshitdi. Soʻng u ham papogʻini qoʻliga olib, javob soʻzlarini aytdi:
— Urusxon! Hozir Tbau-uats-Ila ikkalamizdan birimizga oʻlim hukmini chiqaradi. Agar xanjarim senga oʻlim hadya etsa, meni kechir!

Raqiblar bir-birlariga qoʻl berdilar, soʻng quchoqlashdilar. Atrofdagilar ularni darrov ajratib qoʻyishdi. Temir Toʻtarayev yengilgina yoʻtalib yana soʻz boshladi:
— Men toʻpponchadan oʻq uzishim bilan olishuvni boshlaysizlar. Qarsaklar tovushiga diqqat qiling: qarsaklarning qattiq boʻlishi yoki pasayishiga qarab, bir-birovingizga yaqinlashganingiz yoki uzoqlashayotganingizni aniqlab olasiz. Endi menga ikkita quloqchin beringlar.

Togʻliklar «bashlik» deb nomlovchi yengil quloqchin bilan raqiblarning koʻzlari bogʻlanishi lozim edi. Aldian Toʻtarayev yelkasidagi quloqchinni olib, Zaurga uzatdi. Urusxon esa oʻzining quloqchinini Temirga berdi. Zaur bilan Temir quloqchinlarning yirtigʻi yoki teshigi yoʻqmikin, deb sinchiklab tekshirishdi. Quloqchinning butunligiga ishonch hosil qilishgach, avval Urusxonga yaqinlashdilar. Quloqchinni boshiga kiygʻizib, yeng kabi yelkada osilib turuvchi uzun mato bilan yuz-koʻzlarini bogʻlab qoʻyishdi.

Bu jarayon paytida Urusxon mutelik bilan turdi, churq etmadi.

Zaur bilan Temir Zurabga yaqinlashishdi.

Zurab boshidan papogʻini olib, osmonga qarab iltijo qildi:
— Tbau-uats-Ila! Sadoqatli boʻlishga ont ichganim tutingan ukam nomusi yoʻlida jang qilish imkonini berganing uchun oʻzingga shukrlar aytaman! Agar sening irodang ila oʻlim menga nasib etsa, Kerimning nomusini deb koʻz yumayotganim uchun ham roziman oʻzingdan! Sen oʻzing barcha narsani bilguvchisan, hammasiga oʻzing guvohsan. Bizning bahsimizni oʻzing adolat bilan hal qilib berguvchisan! Omiyn!

Atrofdagilar baravariga «Omiyn! Omiyn!» deb uni quvvatlashdi.

Zurabning yuz-koʻzi ham oʻraldi. Zaur Urusxonga yaqin kelib, uni turgan yerida bir necha marta aylantirdi. Urusxon raqibining qayerda turganini chamalash imkonidan mahrum boʻldi. Temir Zurabni ham huddi shunday aylantirgach, belidagi kamarida osigʻliq turgan toʻpponchani chiqarib osmonga qarata oʻq uzdi.

Raqiblar baravariga xanjarlarini yalangʻochlashdi. Boʻylari balandroq, qoʻllari uzunroq boʻlgan Urusxonning gʻalabaga ishonchi zoʻrroq edi.

Atrof bir nafaslik oʻlik sukunat hukmida qoldi. Hatto pastda joʻsh urayotgan Qizildonning shovqini ham tinganday boʻldi. Hamma nafas yutib ularning harakatini kuzatadi. Arzimas tuyulgan sharpa ham raqiblardan biriga yoʻl koʻrsatib qoʻyishi mumkin. Shu bois barchaning jim turishi shart. Raqiblardan biri davraga yaqinlashsagina sharpasiz chekinishlariga ijozat etiladi.

Urusxon birinchi hamladayoq raqibiga xanjar urish ishtiyoqida yonadi.

Temirning ishorasi bilan davradagilar huddi raqs paytidagi kuyga joʻr boʻlganday qarsak chala boshladilar. Raqiblar bir-birlariga orqama orqa turganlari sababli qarsak ovozi pastroq edi. Urusxon ehtiyotlik bilan bir necha qadam bosib raqibidan uzoqlashgan edi, qarsak tovushi yanada pastlashdi. Zurab raqibidan uzoqlashganini angladi. Urusxon keraksiz tomon yurganini sezib, orqasiga keskin oʻgirildi. Qarsak ovozi balandladi-yu, raqiblar yanada sergak tortdilar. Urusxon oʻljasiga pusib yaqinlashayotgan yoʻlbars kabi ehtiyotlik bilan qadam bosardi. U raqibiga roʻpara kelmay, yana yonidan oʻtib ketgach, qarsak ovozi pastladi. Urusxon oʻgirildi-yu, toʻxtab, biron sharpani ilgʻash maqsadida atrofga ziyraklik bilan quloq tutdi. Bu safar Zurab yura boshladi. Qarsak balandladi. Urusxon «raqibim yonimda turibdi», degan oʻyda xanjar urdi. Ammo uning oʻtkir xanjari faqat havoni kesib oʻtdi xalos. Qarsak ovozi yana kuchaydi, soʻng birdan tindi. Bu raqiblarning yaqinlashib qolganlariga ishora edi. Urusxon chaqqonlik bilan sakradi. Shu sakrashida raqibni yerga yiqitib, ichak-chavagʻini agʻdarib tashlashni niyat qilgan edi. Biroq moʻljalni olishda yanglishdi – Zurabning yonginasidan oʻtib ketdi. Zurab esa fursatni boy bermadi, xanjarini siltagan edi, tigʻ raqibining biqinini tilib ketdi. Urusxon yaralangan yoʻlbars misoli bir na’ra tortdi-yu, Zurab bor, deb taxmin qilgan tomonga tashlandi. U qorni, sonining qonga belanganiga ham parvo qilmay, yashin tezligida harakat qilib, yon-atrofida xanjar oʻynata boshladi. Raqibining yaralanganini bilgan Zurab ayyorlik qilib, oʻtirib oldi-da, mushuk kabi payt poyladi.

Raqiblar orasidagi masofa oshdi. Yana qarsak yangradi. Endi baxt Zurab tomon kulib boqqanday, Urusxonning baland boʻyi, uzun qoʻllaridan naf yoʻqday edi. G’azab va ogʻriqdan xansirab, joyida turib qolgan Urusxon kuchdan ketganini sezdirib qoʻydi. Zurab esa sapchishga tayyor holda unga pusib yaqinlashdi.

Ular orasidagi masofa qisqargach, qarsak yana tindi. Yarador Urusxon xanjarini siltab yana havoni kesa ketdi. Zurabning xanjari ham havoda oʻynay boshladi. Birdan ularning xanjarlari bir-biriga urilib, jarangladi. Kodat oʻgʻli endi nima qilishi lozimligini oʻylagunicha Urusxon chap qoʻli bilan uning oʻng qoʻlini ushlab oldi. Ammo abrek oʻng qoʻli bilan unga zarba berishga ulgurmadi. Zurab chaqqonlik bilan xanjarini chap qoʻliga oldi-da, raqibiga bor kuchi bilan tigʻ sanchdi.Urusxonning qarshiligi soʻnib borayotganini sezgan Zurab muddaosiga yetganiga ishonch hosil qildi.

Urusxon muvozanatini yoʻqotib, gandiraklaganicha orqasiga chekindi. Xanjarini tashlab, qon otilayotgan boʻgʻzini ushladi. U na’ra tortgisi, bularni la’natlagisi keldi. Ammo ovoz oʻrniga yovvoyi xirildoq eshitildi xalos. U gursillab yiqildi.
— Tbau-uats-Ila! Tbau-uats-Ila!-deb qichqirdi Zurab tantanavor ohangda. U raqibi yiqilgan joyni taxmin qilib yurdi. Deyarli harakatsiz yotgan Urusxonning gavdasiga qoqilib yiqilsa-da, xanjarini qoʻldan tushirmadi.

O’lim talvasasidagi Urusxonda yana gʻazab va qasos hissi uygʻondi. U jon bermasidan oldin raqibini boʻgʻib oʻldirgisi keldi. Ammo behol barmoqlari Zurabning tomogʻini izlab topolmadi. Raqibining chap qoʻlini paypaslab topib, bemajolgina siqdi. Zurab esa qaddini koʻtarib, tiz choʻkdi-da, uning yuziga bor kuchi bilan xanjar urdi. Xanjar zarbidan suyaklarning qisirlab ketganini atrofdagilar ham eshitishdi. Chap bilagini siqmoqchi boʻlayotgan qoʻl birdan boʻshashdi. Zurab toʻla gʻalaba qozonganini angladi. Urusxonning baquvvat gavdasi soʻnggi marta bir silkindi-yu, jon taslim qildi.

Hamma yogʻi raqibi qonidan qizarib ketgan Zurab shunda ham jasadni qoʻyib yubormadi. Sodiq hamrohi boʻlgan xanjaridagi qonni Urusxonning kiyimiga artib, qiniga soldi-da, musht qilib tugilgan qoʻllarini yulduzli osmon sari uzatib, jon-jahdi bilan qichqirdi:
— Tbau-uats-Ila!

Tutsatlar ham Toʻtarayevlar ham xudolariga shukrona bildirish maqsadida bosh kiyimlarini olishib, unga joʻr boʻlishdi:
— Tbau-uats-Ila!

Ruhoniylar shu onning oʻzida xudolarini sharaflovchi gʻalaba madhiyasini ayta boshladilar. Ularning bu jarangdor qoʻshiqlari vodiy va dovonlar tinchini buzib, xudoning amri bajo keltirilganini Sagat Lamardonga xabar qildi.

G’oliblik bulutida suzayotgan Zurab yuz-koʻzlari bogʻliq holda jim turibdi. Odatga koʻra har qanday sharoitda ham yuzini ochishga uning haqqi yoʻq. Taqdirga tan bergan Zaur Zurabga yaqinlashib, yuz-koʻzlariga bogʻlangan quloqchinni yechdi. Temir botir oʻgʻlonni bagʻriga bosdi. Hayajon ogʻushidan qutula olmagani uchun tili gapga kelmadi. Toʻtarayevlar birin-ketin yaqinlashib, Zurabni olqishlashdi. Urf-odatga boʻysinishga majbur boʻlib, abrekni oʻz oila a’zolari sifatida qabul qilgan tutsatlar ham olishuvning bunday oqibatidan mamnun ekanliklarini yashirishmadi. Ularning nazdida ilohlari gunohkorni jazolab, uzoq davom etgan tashvishli kunlarning baxtli yakunini bergan edi. Shu voqea tufayli odamlarning xudolari qudratiga ishonchi va yerdagi noiblari hisoblanmish ruhoniylarning avom orasidagi obroʻ-e’tibori oshajagidan ular ayniqsa mamnun edilar.

Hamma gʻalaba nashidasi bilan mast boʻlib turgan damda Zaur hukumat tomonidan va’da qilingan mukofotni eslab qoldi. U Tambini chetga tortdi-da, pichirlab maslahatlashdi. Maslahat tezda pishdi: ogʻa-ini abrekning jasadini biror qabrga koʻmadigan, kallasini esa uzib, shaharga olib topshiradigan boʻlishdi. Tbau-uats-Ila bu kufroniyning boshini tanidan judo qilish evaziga hukumatdan besh ming rubl olish baxtini bu ruhoniylariga nasib etgan ekan, kim ham iddao qilishi mumkin? Akasidan fotiha olgan Tambi jasadga yaqinlashdi-da, xanjarini yalangʻochlab, quloqchinga oʻrogʻlik kallani tanadan uzib olib, xurjuniga soldi. O’lim topgan raqibining xanjari, enli kamari va cherkascha kamzuli koʻkragiga qadalgan oʻqdon odat tartibiga koʻra Zurabga nasib etdi.

Otiga chaqqon mingan Xadar Tutsatga oʻlikni uzatishdi. U hali qoni qotib ulgurmagan boshsiz jasadni otning boʻyniga qoʻyib oldi. Inson qonining hidi dimogʻiga urilgan ot asabiy ravishda pishqirdi. Ammo egasi jilovni qattiq tortib turgani uchun joyidan jilolmadi. Zaurning ishorasi bilan bir necha yosh tutsatlar otlariga minishgach, Sagat Lamardon sari yurdilar.

Nomus

Ular nari ketishgach, Zaur Temir, Tambi, Zurab va yana bir necha Toʻtarayevlar hamrohligida yuqoriga, qizi qolgan gʻorga koʻtarila boshladi. G’orda faqt otni koʻrishdi, Zoliyxon yoʻq edi. Zurab gʻor qorongʻiligida ham otini tanib, ichida raqibini yana la’natlab qoʻydi.

Ular Zoliyxonni qancha qidirishmasin, qancha chaqirishmasin, javob boʻlmadi. Umidlari sinib pastga qaytib tushishmoqchi boʻlib turishganda, gʻor ogʻzdan nariroqda, jar yoqasidagi maydonchada oq narsaga Zurabning koʻzi tushdi. Pastdagi olishuv kaftdek koʻrinib turadigan maydonchada Zoliyxon behush yotardi. Behush qizni oʻrab olganlar unga jimgina qarab turishdi. Jimlikni Zaur buzdi. U Tbau-uats-Ilaning gunohkorni jazolaganini, bu haqda ilohiy kechada Tbau choʻqqisida xabar berilganini, nihoyat ilohlarining yana bir ixtiyori amalga oshajagini, ya’ni Zoliyxonning Kerimga xotin boʻlajagini aytdi.

Temir uning gaplarini boʻlmay eshitdi. Keyin bosh chayqab, uning keyingi bashoratini qat’iy ravishda rad etdi:
— Toʻtarayevlar nomus-or nimaligini yaxshi biladilar. Toʻtarayev oʻgʻlonlarida nikoh kechasi oʻynashi bilan qochib ketgan behayo qizga uylanish odati yoʻq!

Tutsatlar lab tishlab qolishdi: Temir haq!

Zaur Kerimning Zoliyxonga uylanishi xudoning irodasi ekanini yana qaytarib aytdi.
— Kim biladi, buning qizlik nomusi qolganmi yo yoʻqmi?-dedi Temir yana qaysarlik bilan.
— Bunday gumonga borma,-dedi Tambi.-Biz ularni izma-iz ta’qib qilib keldik. Bunaqa ishni oʻylashga ham fursatlari boʻlmagan.

Yaqindagina nomus yoʻlida yakdil boʻlganlar endi aynan nomus masalasida ayri-ayri boʻldilar. Birlarining gaplari ikkinchilariga toʻgʻri kelmay, uzoq bahslashdilar. Nihoyat, kuyovning kelishini kutishga qaror qildilar: «Zoliyxonga uylanadigan Kerim nima desa shu boʻladi». Hanuz behush yotgan Zoliyxonni boʻrk ustiga oldilar-da, avaylab koʻtarganlaricha asta-sekinlik bilan pastga olib tushdilar.

Qizni yoʻl chetiga yotqizib, tun sovugʻi ta’sir qilmasin, deb ustiga boʻrk yopdilar. Kuyovning qarorini bilmay turib tarqalishni hech kim istamadi. Yigitlar qoya panasida gulxan yoqdilar. Toʻrt yigit taom keltirgani ketdi.

Zurab kuyovning tutingan akasi, kelinning yaqin kishisi sifatida Zoliyxonga xizmat qilish istagini bildirdi. Daryo labiga tushib papogʻini muzdek suvga toʻldirgach, asta yuqoriga chiqdi-da, behush qizning yuziga sepdi. Baxtsiz qiz oʻziga keldi. Qaddini koʻtarib atrofiga alangladi. Qayerdaligini angladi. Bir necha daqiqa ilgari shu joyda yuz bergan dahshatli fojia yana koʻz oldida gavdalandi. Koʻzlarini katta-katta ochganicha tebranib oʻtiraverdi. Birozdan soʻng tebranishdan toʻxtab, roʻmolchasini olib, yuzini artdi. Shundan soʻng goʻyo toshdek qotib oʻtirdi.

Zurab tun boʻyi undan koʻz uzmadi.

Kuyov navkarlari bilan visolga oshiqayotgan Kerim dovonga yetib kelganida quyosh ancha balandlagan edi. Yoʻl boʻyida toʻplanib turgan odamlarga koʻzi tushib, avvaliga ajablandi. Yaqinroq kelib, tanishlarini, qarindoshlarini koʻrdi-yu, hayrati yanada oshdi. Otdan sakrab tushishi bilan Zurab unga birinchi boʻlib yaqinlashdi. Abrekning kelinni olib qochgani, shu yerda qoʻlga tushganini shosha-pisha aytib berdi.
— Urusxon qani?-deb soʻradi Kerim, gʻazabdan vujudi yonib.
— Ajali uni shu yerda kutib oldi,-dedi Zurab kamtarlik bilan. Olishuv haqida gapirib oʻtirmadi. «Vaqti kelganda boshqalardan eshitib, bilib olar», deb oʻyladi.

Kerimning xayoli hozir boshqa muhim masala bilan band, shu bois Urusxonning qanday oʻldirilgani bilan qiziqmadi:
— Zoliyxon qani?
— Ana, boʻrk ustida oʻtiribdi. Kerim, sen undan...

Zurab «shubhalanma» demoqchi edi, Kerim uning gapini shart uzdi:
— Otam nima deydi?
— Endi uylanish yo uylanmasligingni oʻzing hal qilar ekansan.

Ular toʻplanib turgan odamlarga yaqinlashdilar. Salom-alik jimgina, gʻoyat sovuqlik bilan oʻtdi. Kerimning koʻzi yoʻl yoqasiga toʻshalgan boʻrk ustida uxlab yotgan Zoliyxonga tushdi. Zaur nomusi toptalgan kuyovi bilan gaplashib olishi zarur ekanini angladi.
— Kerim Toʻtarayev, men va mening ukalarim hozir sening qarshingda uyatli holda turibmiz. Sen oʻz marhamatingni ayamay, tutsatlar avlodidagi qizga uylanish istagini bildirding. Ammo biz uchun ham kutilmagan, koʻz koʻrib quloq eshitmagan sharmandalik yuz berdi. Bizga oʻgʻil boʻlib tutingan odam odatimizga xiyonat qilib, qizni olib qochdi. Qiz zoʻrlab olib qochilganmi yo oʻz xohishi bilan qochganmi, buni biz bilmaymiz. Ammo biz gunoh ishga qoʻl urmaslaridan ularni tutdik. Endi hamma gap oʻzingda qoldi: unga uylanib, uyingga olib ketasanmi yoki nikohni rad etib, qizimizni oʻzimizga qaytarib berasanmi?

Bu gaplar toʻplanganlarga ma’qul kelib, oʻzaro shivirlashib olishdi.

Hayajon va qarama-qarshi xislar toʻfoni ta’siridan Kerimning chiroyli yuzi oqarib ketdi. Nima deb javob berishni bilmay, otasiga najot koʻzi bilan qaradi. Temir oʻgʻlini davradan chetroqqa boshladi. Yoshi ulugʻ Toʻtarayevlar ham unga ergashdilar.

Temir oʻgʻlining erkini butunlay oʻziga bergani holda Zoliyxonga uylanish uni baxtli qila olmasligini, eng muhimi – bunday beor qizni oʻz oilasiga qabul qilish oʻziga ham, aka-ukalariga ham ancha ogʻir kechishini ta’kidlashni unutmadi.

Kerim otasining ahvolini tushunib tursa ham Zoliyxondan voz kecha olmaydi. Bir necha yil mobaynida shu qiz ishqida azob chekkan yigitning, mahbubasiga yetishay deb turganda undan yuz oʻgirishi osonmi? Qiz tomondan muhabbat boʻlmasa-da, unga yetishish fikri hamon ustun edi. Raqibi halok boʻlgach, sevgisi yoʻli batamom tozalanganiga ishonch hosil qilgan edi.
— Men u bilan gaplashib koʻray,-Kerim shunday deb qiz tomon yurdi.

Ammo otasining ovozi uni toʻxtatdi. Temir uni holi joyga boshladi:
— Bir narsani bilib qoʻy: nomusi bulgʻangan qizni uyimga olib kirishingga yoʻl qoʻymayman. Bu masalada hukm bitta boʻladi, shuni bilib qoʻy!

Kerim: «tushundim, ota!» deganday qoʻlini koʻksiga qoʻydi-da, qiz tomon yurdi. G’ala-gʻovur tufayli qush uyqusidan uygʻongan Zoliyxon uni koʻrib, hurmati yuzasidan oʻrnidan turdi. Uning oq shohi koʻylagi gʻijimlanib ketgani yigitning nazaridan chetda qolmadi. Kerim nomusiga bu qadar ogʻir zarba bergan qizga qarab, nima deb gap boshlashini bilmay garangsib turib qoldi. O’zini maftun qilgan goʻzal chehraga qarab, gʻam-alam bulutining qorongʻi soyasini ilgʻadi. Qizga boʻlgan nafrati va gʻazabi picha susaydi. Shu bois ham uning ovozi mayin va beozor chiqdi:
— Zoliyxon, men seni ayblamayman. Sevgan odaming oʻlibdi. Bunday gʻamni koʻtarishing qiyinligini bilaman. Ammo sen ham bilib qoʻy: sen sevmagan kimsa hali ham seni deydi, sendan voz kechishni xayoliga ham keltirmaydi. Qalbingda unga oʻrin boʻlmasa ham, u seni uyiga olib ketishni istaydi. U dunyo tashvishlaridan seni panohiga olmoqchi. Uning qanotida boʻlsang, balki gʻamlaringni asta-sekin unutarsan.

Yigit gapirayotgan paytda qiz osetinlarning odatiga rioya qilmaydi – boshini egmaydi, koʻzlarini yerga tikmaydi. Tosh kabi qotib qolganday unga baqrayib qarab turaveradi. Qofqazlik erlar hech qachon xotinlarni erkalamaydilar. Bunga koʻnikkan xotinlar hech qachon ulardan bunday lutf kutmaydilar. Hozir esa... oʻzga hol yuz berdi. Haqoratlarga loyiq qizga bunchalar mehribonlik?.. Zoliyxon oʻz quloqlariga ishonmasa ham, yigitning gaplaridan keyin gʻam toʻla yuragi yumshadi. Koʻrgan dahshatlaridan keyin ilk marta yigʻi kelib, koʻnglini boʻshatdi. Uning koʻzlaridan quyilgan yosh seli yonogʻidan oqib, koʻylagiga tushdi. Qiz shundagina uni shunchalar sevgan Kerimga bevafolik qilib qanchalar gunohga botganini sezdi. Chekingan gʻami oʻrnini jinoyatini anglash tuygʻusi, uyat va sharmandalik hissi egalladi.

Zoliyxon oʻzini boshqara olmay qoldi. Beixtiyor ravishda yigit qarshisida tiz choʻkdi.
— Oh, Kerim! Nimalar deyayotganingni oʻzing bilyapsanmi? Men sening bunday gaplaringga munosib emasman!

Chetda turganlar bu holatni koʻrishib «qiz kechirim soʻrab yolvoryapti», deb oʻylashdi.

Kerim qizning gapini boʻldi:
— Zoliyxon, nima qilish kerak? Otam bilan qarindoshlarim ixtiyorni oʻzimga berishdi. Endi sening istagingni bilishim kerak: men bilan birga ketasanmi?
— Kerim, sen meni hurmat qilmasliging, gaplarimga ishonmasliging ham mumkin.
— Zoliyxon,-dedi yigit titroq ovozda,- gʻamingga befarq emasman, senga hamdardman. Pushaymoningga ham, tavbangga ham ishonaman.

Qiz yigitning bu marhamatini qabul qila olmadi. Keskin bosh chayqadi:
— Men bunga loyiq emasman. Men senga bevafolik qildim. Haddim sigʻmagan odamga qoʻngil qoʻydim.

Kerim qizni kechirishni istaydi:
— Balki u seni qoʻrqitgandir... zoʻrlagandir?
— Yoʻq, men oʻz ixtiyorim bilan unga ergashdim,-dedi qiz yana oʻjarlik bilan.
— Boʻlar ish boʻlib oʻtdi,-dedi sof qalbli Kerim.-Tbau-uats-Ilaning hukmi ijro etildi. Endi u xudoning huzurida hisob beryapti. Sen bilan ikkimiz hali yer yuzidamiz, quyosh nuridan bahramand boʻlyapmiz, ilohimiz bizga hayotni in’om etdi. Zoliyxon, men sening javobingni hozirning oʻzida otamga yetkazishim kerak. Agar sen oʻzingni mening oldimda aybdor deb hisoblayotgan boʻlsang, nima uchun gunohingni yuvishni istamayapsan? O’tgan gaplarni unutaylik, men sendan mehrimni ayamayman. Sen koʻp alam tortding. Kel, qoʻlingni ber, kelajakdagi hayot yoʻllarimizni birlashtirib, birgalikda bosib oʻtaylik. Shunday qilsak, bugungi zulmatlar chekinib, bizga ham nur kulib boqar? Sagat Lamardonga qaytib borishing senga juda ogʻir boʻladi. Oxirgi marta soʻrayapman: men bilan birga ketishni istaysanmi?

Bu gaplardan keyin ilojsiz qiz asta shivirladi:
— Agar xohishing shu boʻlsa, sen bilan birga ketaman. Umrimning oxirigacha faqat sen uchungina yashayman.

Bundan mamnun boʻlgan yigit yengil ta’zim qilib orqasiga oʻgirildi, lekin asosiy narsani soʻramagani yodiga tushib, toʻxtadi. Toʻxtadi-yu, ammo soʻrashga tili bormadi, istihola qildi. Lekin soʻrashga majbur edi, shu bois tutila-tutila soʻz boshladi:
— Zoliyxon... meni avf et... yana bir narsani... soʻrashim kerak... Buni soʻrashni otam talab qilyapti... U seni olib qochganida... kechasi... kechirasan... oralaringda biron nima boʻlmadimi?..

Kerim ochiq gapirolmagani bilan, Zoliyxon uning maqsadini uqib, izza chekdi. Nechogʻli uyatli boʻlmasin, majburiyat yuzasidan berilgan savolga javob qaytarishga majbur edi.
— Yoʻq, yoʻq, Kerim! Bunga... uning vaqti ham... imkoni ham yoʻq edi... Biz otga oʻtira solib shu yergacha qochib keldik. Hech bir yerda toʻxtamadik. Izma-iz quvib kelishdi.

Bu javobdan keyin Kerimning yelkasidagi togʻ agʻanaganday, yengil tin oldi:
— Men shundayligini bilardim. Men senga ishonaman. Aniqlashtirib olganim yaxshi boʻldi, Zoliyxon. Endi nomusli qiz sifatida ostonamizga qadam qoʻyishingni otamga aytaman.

Yigit ketdi.

Qiz sofdil bu yigitning orqasidan yugurib, haqiqatni aytmoqchi ham boʻldi, ammo uyat va gʻururi bunga yoʻl bermadi. Hatto oyoqlari ham oʻziga boʻysunmay qoldi. Uning gunohi katta va qoʻrqinchli ajdaho qiyofasini olib, qarshisida qad rostladi-yu, butun olamni guldiratib qichqirdi:
— Bilib qoʻy, hoy nomussiz qiz! Bu ham Tbau-uats-Ilaning jazosi!

Nikoh

Kerim javobni intiqlik bilan kutayotgan davraga qaytdi. Uning qarorini har kim har hil kayfiyatda qabul qildi. Birov ma’qulladi, boshqasi uni nomusni qadrlay olmaslikda aybladi, yana birov afsus, yana boshqasi ajablanish bilan bosh chayqab qoʻya qoldi. Kuyovning ahdini eshitgach, Zaurning yuragini majaqlab turgan xarsanglar quladi. Qaysi bir yigit shuncha gap-soʻzdan keyin ham nomussizlikda ayblanib turgan qizga uylanaman deydi? Har holda bu tomonlarda uchramaydigan kamyob hodisa! Toʻtarayevlarning yoshi ulugʻlari bir nima demasalar ham, yoshlari Kerimning bu boʻshangligidan gʻazablanishdi. Undagi muhabbatni bema’ni deb bilib, hafsalalari pir boʻldi. Ularning qat’iy fikricha, Kerim qizni aslo kechirmasligi kerak edi. Yaxshiki, bunday hollarda yoshlarning fikri inobatga olinmaydi, yoʻqsa Kerim ogʻir ahvolda qolgan boʻlardi. Kerim otasiga Zoliyxonning iffatli, or-nomusli qiz ekanini ishonch bilan aytgach, Temir oʻgʻlining bu qaroriga qarshi chiqmadi.

Biroq Kerim kelinni davraga boshlab kelganda uni sovuq qarshi oldilar. Salomi aliksiz qoldi. Zaur bilan Temir nikoh soat oʻn birga belgilanganini eslatgach, barchalari shoshib otlariga mindilar.

Zurab kelinga gʻordan olib tushgan otini roʻpara qildi. Ot qizga qarab asta pishqirib qoʻydi. Zoliyxonning nazarida jonivor «Sevgingni darrov koʻmib boʻldingmi? Muhabbat oʻtining soʻnishi shunchalar osonmidi? Vafodor boʻlaman, deb qasam ichib eding. Seni hali qasam urmasaydi...» deb malomat qilganday boʻldi. Qiz oʻzining xayoliga kelgan bu gaplardan seskanib, ortiga chekinmoqchi boʻldi-yu, oʻzini qoʻlga olib, itoat bilan otga mindi.

Hamma nikoh oʻqiladigan cherkov tomon yurdi. Faqat Tambi shaharga qarab yoʻl oldi. U hozir xurjunida qappayib turgan kalla evaziga hukumatdan mukofot olish umidida mast edi. Ammo shaharga borgach, hukumat odamlariga bu kallaning Urusxonniki ekanini isbotlay olmasligini oʻylab ham koʻrmasdi. Dalil uchun abrekning qarindoshlaridan, yoki hech boʻlmaganda uni taniydigan ovuldoshlaridan birini olib borish zarurligini u qaydan ham bilsin. Katta pul ishqida ketayotgan Tambining ertaga quruq qoʻl bilan qaytishini uni umid koʻzi bilan kuzatib qoʻyganlar ham bilishmaydi.

Tambi oʻz yoʻlida, nikoh karvoni esa oʻz yoʻlida ketib boradi.

Nikoh karvoni... Ajab, Ajab! As’asa-yu dabdaba qani? Shodiyona-yu tantana qani? Yigitlarning shoʻxliklari qani? Quvonch ramzi boʻlgan otishmalar qani? Yoʻq... Hech narsa yoʻq! Bu karvon toʻyni emas, motam marosimini eslatardi. Temir bilan Zaurning oʻrtalarida yonma yon borayotgan kelin bilan kuyov jim. Ortda borayotgan chavandozlar ham jim.
— Toʻyga ketyapmizmi yo oʻlik koʻmganimi?-deb oʻylaydi koʻpchilik.

Pravoslav ruhoniysi ularni qishloqning kichkinagina cherkovida kutib oldi. Bu yerda oʻqiladigan nikoh ahdi bilan Zoliyxon bilan Kerimning er-xotinlik maqomi qonun kuchiga kiradi. Folbinlikni kasb etgan osetin ruhoniylari qonun kuchiga kiruvchi bunday marosimlarni bajarish huquqiga ega emasdilar.

Kelinning ezgin aft-angori, gʻijimlangan koʻylagi,faqat erkaklar hamrohligida kelishi ruhoniyni shubhaga soldi. Nikoh oʻqisammi yo oʻqimasammi, deb ikkilandi. Ammo Zaurning qoʻlini siqib, ma’nodor qarab qoʻyishidan keyin shubhani bir chetga yigʻishtirib qoʻyib, nikoh marosimini risoladagiday boshladi.

Zurab bilan Aldian Toʻtarayev kelin va kuyovning boshlari uzra oltin halli chambarakni ushlab turishdi.

Nikoh marosimi yakuniga yetgach, tutsatlar Sagat Lamardonga qaytish tadorigini koʻrishdi. Ammo Temirning iltimosini yerda qoldirishni ep koʻrmay, yoshlar Kadgaronga toʻyga boradigan boʻlishdi.

Qariganida boshiga sharmandalik yomgʻirini yogʻdirgan qizini kechira olmayotgan Zaur Zoliyxon bilan sovuqqina xayrlashdi-da, seplarini ertagayoq Kadgaronga yetkazishga va’da qildi.

Toʻy karvoni yana avvalgiday jimlik bilan yoʻlga tushdi. O’qilgan nikoh hech kimning koʻngliga ravshanlik olib kirmadi. Zoliyxonning nazarida ruhoniy unga nikoh oʻqimadi. Balki bevafolikning la’nat tamgʻasini qalbiga urganday boʻldi. U ana shu la’nat tamgʻasiga bandi boʻlib, qonuniy eri yonida uning uyi tomon boryapti. Erining uyida uni nimalar kutyapti? Kerim va’da qilgan baxtmi? Kerim astoydil va’da qilgan boʻlsa-da, Zoliyxon baxtli boʻlishiga ishonmaydi.

Kadgaronda toʻy harakati avjida.

Ajal ham gʻaflatda emas, Zoliyxonni intiq kutadi.

Kechga yaqin G’azola ovuliga yetib keldilar. Temirning doʻsti ularni quchoq ochib kutib oldi. Kelinni kuzatib keluvchilar orasida ayollar yoʻqligidan u ham ajablandi-yu, ammo sir boy bermadi. Sababini soʻrab oʻtirmay, Zoliyxonni ayollar boʻlmasiga kuzatdi. Erkaklar mehmonxonada tunashdi.

Kerim qochoqlarni tutish voqeasini batafsil eshitish maqsadida Zurabning yonida yotdi. Kodat gapni qizlarning vahimali xabarlarini eshitganidan boshlab, qochoqlarni quvib borganlarini va nihoyat olishuv tafsilotini soʻzlab berdi.

Kerimni olishuv bayoni oʻylatib qoʻydi.
— Mening oʻrnimga olishganingdan mamnundirsan?
— Albatta! Senga boʻlgan sadoqatimni namoyish etishimga imkon bergani uchun Tbau-uats-Ilaga shukrlar qildim.

Agar Kerim Zurabning oʻrnida boʻlganida u ham aynan shu yoʻlni tutgan boʻlardi. Uning doʻstiga havasi keldi.

U Zurabga yaqinroq surildi-da, shivirlab soʻradi:
— Zurab, Zoliyxon oʻtgan gaplarni unutib, bundan bu yogʻiga faqat meni seva olarmikin?
— Bilmadim,-dedi Zurab. Keyin gapini boshqalar eshitib qolmasligi uchun ovozini yanada pastlatdi:- u abrekni jonidan ham ortiqroq yaxshi koʻrardi.
— Xudoga shukrki, abrek bu dunyoni tark etdi. Buning uchun senga rahmat.
— Uning oʻlgani yaxshi boʻldi. Boshiga xanjar sanchganimda suyaklari qisirlab ketdi. Bundan qanchalik lazzatlanganimni bayon etib berolmayman.
— Vaqtida quvib yetganlaring yaxshi boʻlibdi. Yana kim biladi, ozgina fursati boʻlganida... balki...
— Buning uchun ham rahmat, desang arziydi. Otni ayamay haydadim.
— Agar kechikkanlaringda... oʻsha ish boʻlganida... Zoliyxonga uylanishimga otam ikki dunyoda ham ruxsat bermas edi.
— Kerim... har holda oʻsha ish boʻlib oʻtgan...
— Yoʻq, Zurab, men undan ochiqchasiga soʻradim. Uning vujudi ham, qalbi ham pok.
— Qochayotgan paytlarida ulgurishmagandir. Lekin ungacha boʻlgan, deb oʻylayman. Men oʻrmon yoqasida quchoqlashib, oʻpishayotganlarini oʻz koʻzlarim bilan koʻrganman.
— Axir oʻzing oʻpishishdan boshqa gap boʻlmadi, degan eding-ku?
— Men koʻrganimni aytdim. Balki oʻsha kecha hech nima boʻlmagandir. Aqlingni salgina boʻlsa ham ishlatsang-chi! Sen nima deb yuribsan, Urusxondek yigit shunday goʻzalni yarim kechada pinhona joyda kutib oladi-yu, tegmaydimi? Agar shunday boʻlsa, u erkak emas ekan. Men ham bir xotinchalish bilan olishgan ekanman.
— Men bunga ishona olmayman.
— Ishonish yoki ishonmaslik oʻzingning xohishing. Men shunday ish boʻlganiga aminman!

Zurabning keskin ohangda aytgan soʻnggi gapi Kerimni parishon qildi. Anchagacha gapirmay yotdi. Nihoyat:
— Zurab, endi nima qilishim kerak?-deb maslahat soʻradi.
— Endi bitta yoʻling bor: keyingi bayramgacha xotiningga yaqinlashmaysan. Agar u muhabbat lazzati deb qadamjoni oyogʻosti qilgan boʻlsa, Tbau-uats-Ila uning sharmandasini chiqaradi. Agar shu vaqt mobaynida hech nima sezilmasa, demak, men adashgan boʻlaman. Xotining nomusli pokiza qiz boʻladi. Shundan keyingina sen uni sevib, xotinlikka olasan.
— Zurab, maslahating juda gʻalati boʻldi-ku? Necha yil sevib, intilganimni uyga boshlab kirsamu, yaqinlashmasam... Menga ogʻir bu...
— Ogʻirlikka ogʻir. Lekin butun umring davomida «xotinim meni aldadimi yo yoʻqmi?» degan shubha bilan yashashing bundan ham mushkulroq, bilib qoʻy.
— Sen haqsan, Zurab. Gaplaring toʻppa-toʻgʻri. Lekin... oʻsha oʻrmonda nomusini berib qoʻygan boʻlsa-yu, lekin hech nima sezilmay qolsa-chi?
— U holda buni Tbau-uats-Ilaga qoʻyib beraver. Bizga sir boʻlgan narsa unga ma’lum. U gunohkorni jazosiz qoldirmaydi. Boʻldi. Endi uxla.

Kerim yonboshiga oʻgirilib oldi. Xonadagilar bir maromda nafas oladilar. Uning esa na tinchi bor, na uyqusi keladi.

Jazo

Kadgarondagi toʻy qadimdan meros qolgan urf-odatlarga rioya qilingan holda oʻtkazildi. Kelin va kuyov mehmonlarga koʻrinish bermadilar. Mehmonlar esa uch kecha-kunduzni yemoq-ichmoqlik va oʻyin-kulgudan iborat shodiyonalik bilan oʻtkazishdi. Kelinni abrek olib qochgani hammaga ma’lum boʻlsa-da, bunday voqealar Qofqazda uchrab turgani sababli vafqulotda fojia sifatida qabul qilinmadi. Balki abrekka jazo berilganini nishonlab, quvonch bilan qadahlar koʻtardilar.

Toʻydan soʻng Zoliyxon barcha xotinlar kabi oʻz xonasiga ega boʻldi. Ammo tashvish bilan kutgani – visol sodir boʻlmadi. Tunlar ketidan tunlar oʻtaverdi, biroq Kerim uning ostonasini bosib, ichkari kirmadi. Dastlab bunday holatdan Zoliyxon quvondi ham. Kerimning asl maqsadini bilmay, buni uning marhamatiga, olijanobliligiga yoʻydi. Qiz uning koʻngilchanligini qanchalik qadrlamasin, qalbining toʻri hamon Urusxoni bilan band edi. Urusxonning bu dunyoni tashlab ketgani rost, ammo qiz qalbini tashlab ketmagan edi. Dastlabki kunlari erining uyga kirmagani unda minnatdor hislarni uygʻotdi. Ammo keyinchalik hayotining bunday davom etishi mumkinmasligini anglab qoldi.

Hafta ketidan haftalar oʻtdi. Kerimning munosabati oʻzgarmadi. Zoliyxon endi tashvishlana boshladi. Kunlarning birida, Urusxon zabt etgan yuragining ostida tirik jon paydo boʻlganini sezdi. Avvaliga homilasiga ishonmadi. Buni tan olishning oʻziyoq bir dahshat edi. U butun vujudi bilan ona boʻlishiga qarshi edi. Uni sharmandalikdan qutqarib qutqarib qolishning birdan-bir yoʻli eri bilan yaqinlashish edi. U endi Urusxoni xotirasi bilan yashamasdi. Erini oʻziga chorlardi. Bu yoʻlda ayollarga xos barcha karashmalarni ishga soldi: eriga faqat jilmayib qaraydi, ba’zan nozli koʻz suzishlari bilan uni oʻziga ogʻdirmoqchi boʻladi. Kerimni gapga soladi, nozli soʻz ohanglari orqali sogʻinganini anglatishga urinadi. U oʻzining rafiqalik huquqidan foydalanishni, tugʻilajak farzandga Kerimning ota boʻlishini juda-juda istardi. Biroq hamma urinishlari behuda ketaverdi. Zoliyxon unga intilaveradi, Kerim esa undan oʻzini olib qochaveradi. Noz-karashmalar e’tiborsiz qolaveradi. Zoliyxonning nazarida eriga intilgani sayin Kerim gʻoyat bemehrlik bilan undan uzoqlashishga urinardi.

Yoz faslining adogʻida baxtsizligining nishonasi – homilasi sezilib qoldi. Yuragini dard azobidan xalos qilay desa, atrofida uning xasratini tinglaydigan dardkashi yoʻq. Qaynonasi bilan qayinsinglisi avval boshdanoq unga noxush muomala qila boshlashgan. Zoliyxon bu xonadonda kutilgan, ardoqli kelin emasligini dastlabki kunlardanoq anglagan. Nomus-or, vafo-sadoqat tuygʻulari haqidagi yuksak tushunchalar ta’sirida tarbiya koʻrganlari sababli ular Zoliyxonning sharmandaligini kechira olmas edilar.

Sentyabrning boshlarida uning qomati toʻlishib, yuzida dogʻ paydo boʻlib, homilasini oshkor qildi. U hamon eriga yaqinlashishga intiladi. Kerim hamon oʻzini olib qochadi. Kunduz kuni ham yolgʻiz qolishni istamaydi.

Qaynonaning ziyrak nigohi Zoliyxondagi oʻzgarishni sezdi. Bir kuni dasturxon atrofida oʻtirishganda u odatiga xilof ravishda keliniga muloyimlik bilan gapirib qoldi:
— Xudo senga marhamatini ayamaganga oʻxshaydi. Tez orada Kerim oʻgʻilchasini qoʻliga olib, shodligini doʻstlari bilan baham koʻradi.

Bu haqiqatni qaynonasining ogʻzidan eshitgan Zoliyxonning boshi aylandi. Yiqilib ketmaslik uchun xontaxtani ushlab qoldi.

«Tbau-uats-Ilaning jazosi bu!» degan fikr butun vujudini qaqshatib yubordi-yu, hushsizlanib yiqildi.

Ona-bola qoʻrqib ketdilar. Uni oʻringa avaylab yotqizib, yuziga suv purkab, hushiga keltirdilar. O’gʻlining xotiniga hanuz yaqinlashmaganidan bexabar ona bu holatni homiladorlikning ogʻir va azobli jarayoniga yoʻydi.

Oqshomda yomgʻirda qolib boʻkkan Kerim daladan qaytdi. Kiyimlarini yechib, olov qarshisida isinib oʻtirganida onasi unga qarab xushxabarni aytib, suyunchiladi:
— Kerim, yangi yil bayramida oʻgʻlingni qoʻlga olib, doʻstlaringga ziyofat beradiganga oʻxshaysan.

Bu xabarni eshitib sakrab turib ketdi. Lekin harakat quvonchdan emas, bexos uygʻongan gʻazab oqibatidan edi. Uning rangi oqardi. Koʻzlarida olov uchqunlari yondi. Qoʻli beixtiyor xanjari dastasiga yuborildi.
— Nimalar deyapsan!-dedi u xirildoq ovozda.

Kampir oʻgʻildagi bu oʻzgarishdan hayratlanib, unga qoʻrqibgina boqdi:
— Menimcha, yaqin orada Zoliyxon ona boʻlsa kerak...

Kerim shu oylar ichi qoʻrqib kutgan xabarni eshitib, oʻzini yoʻqotib qoʻydi.
— Bu boʻxton! Boʻlmagan gap! Yolgʻon!-deb hayqirdi.
— Senga nima boʻldi?-dedi kampir mehribonlik bilan.-Bunaqa paytda otalar quvonchdan xudoga shukrlar qiladilar.

Bu gapni eshitib, Kerim telbalarcha kula boshladi:
— Men quvonayinmi? Men xudoga shukr qilayinmi? Nima uchun?

U kulgidan birdaniga toʻxtadi-da, koʻzlari ola-kula boʻlib onasiga qaradi:
— Ona, uning qornidagi bola meniki emas!.. Chunki men... er boʻlib unga haligacha yaqinlashmaganman.

Kampir bu gapni eshitdi-yu, dahshatdan toshday qotib qoldi. Ogʻiz ochib bir nima deyishga ham qurbi yetmadi. Keyin jon berayotganday lablari asta pichirladi:
— Buzuq.... bizning uyimizga fohisha kirib kelgan ekan...

Tilidan uchgan bu achchiq haqiqat soʻzlari kampirni seskantirib, oʻziga keltirdi. Endi bor ovozi bilan qichqirdi:
— Buzuq! Buzuqni boshlab kelganmiding?!

Kerim onasini holi qoldirib, Zoliyxonning xonasiga otilib kirdi. Deraza yonida nimanidir tikib oʻtirgan Zoliyxon choʻchib, oʻrnidan turdi. Zoliyxon erini bunday dargʻazab holda sira koʻrmagan edi. Kerimning yuzlari gʻazabdan qizarib ketgan, koʻzlarida nafrat oʻti bor edi. Biroq u xotiniga tashlanmadi, la’nat soʻzlarini ham tilidan uchirmadi. O’zini bosib olib, vazminlik bilan soʻradi:
— Zoliyxon, senga nima boʻldi?
— Rahmat, Kerim, sening panohingda menga nima ham boʻlishi mumkin?
— Men sogʻligʻingni soʻrayapman?-u shunday deb qizning qomatiga sinovchan tikildi.-Nazarimda toʻlishib qolganga oʻxshayapsan.

Qiz qandaydir dahshat toʻfonining sharpasini sezib, oʻngʻaysizlandi.
— Kerim, gaplaringga tushunolmayapman?

Bu gapdan keyin Kerim oʻzini tutolmadi – portladi:
— Sen hali ham nomusli qizmisan? Ha... homilador qiz!

Zoliyxon qaltiraganicha uning qarshisida tiz choʻkdi:
— Meni kechir, kech...

Zoliyxon uzrini oxirigacha ayta olmadi. Uning soʻzini Kerimning qat’iy hukmi uzdi:
— Yoʻq!-dedi u qahri qattiq odamning berahmligi bilan.-Hech qachon!

Shunday deb chiqib ketmoqchi edi, Zoliyxon oʻzida kuchli bir jur’at topib, sakrab turdi-da, ostonaga undan oldin yetib borib, yoʻlini toʻsdi.
— Sendan oʻtinib-oʻtinib iltimos qilaman. Uzil-kesil hukm chiqarmasdan oldin bir ogʻiz soʻzimni eshit.
— Yana qanaqa soʻzingni eshitay? Hozirgina oʻzing tan olding-ku? Boshqa gapga oʻrin yoʻq!
— Kerim, nikohimizdan keyin men senga zarracha bevafolik qilmadim.
— Nikohdan keyin deysanmi?-Kerim shunday deb zaxarli iljaydi:-Oilamiz kattalari kelishib olishgan ondan boshlab sen meniki eding!
— Bilaman... oʻshandan keyin ham senga xiyonat qilganim yoʻq.
— Lekin sen u ablax bilan birga qochding-ku?

Zoliyxon bu haqiqatni rad etishga ojiz edi. U bosh egib, jimib qoldi. Bundan foydalangan Kerim gapini davom etdi:
— Endi men senga qanday ishonishim mumkin? Esingdami... yoʻl ustida... gunoh ish qilmadilaringmi, deb soʻraganimda sen «gunoh ish qilmadik» devding?
— Ha. shunday degandim, esimda. Lekin sen «oʻsha tunda boʻldimi?» deb soʻraganding.
— Sen gapni chalgʻitma. Men pokligingcha qoldingmi... qizmisan, deb soʻragan edim. Buni men oʻzim uchun emas, otam uchun soʻrovdim. Seni sevgan, senga ishongan odamni aldading. Muhabbatimdan foydalanib, abrekdan boʻlgan bolangni mening nomimga oʻtkazmoqchi eding. Xudoga beadad shukrlar boʻlsinki, u menga yetarli sabr-toqat berib, senga yaqinlashishimdan oʻzi asrab turdi. Endi oramizda hech narsa yoʻq. Mening muhabbatim bugun oʻldi. Ha, xuddi Urusxoning singari oʻldi. Endi yoʻlimdan qoch!

U yana yolvormoqchi, tushuntirmoqchi edi, biroq buning foydasiz urinish ekanini sezib, oʻzini chetga oldi.

Zoliyxon hali hayot boʻlsa-da, yuziga oʻlikning rangi yugurdi. Holsizlanib oʻtirdi. Vujudini goʻyo sovuq bulut oʻray boshlagan boʻldi. Koʻzlari bir nuqtaga ma’nosiz tikilib qoldi.

Xayoliga qadimdan qolib kelayotgan odat hukmi keldi-yu, koʻzlari dahshatdan katta-katta ochilib, sapchib turib ketganini oʻzi ham bilmay qoldi. Osetinlarning buzuqlarga nisbatan hukmi gʻoyat dahshatli edi: benomusning sochi kesilib, koʻkraklari choʻgʻda kuydirilib, soʻng ota-onasinikiga joʻnatib yuborilardi. Zoliyxon yaqin atrofda shunday voqea yuz berganini eshitmagan. Chunki Osetiyada uzoq yillardan beri bunaqa hol yuz bermagandi. Es-es biladi, unda hali qizaloq edi, qoʻshni kampirlar oʻchoq oldida suhbatlashib oʻtirib shunday odat mavjudligini gapirishgan edi. Hozir oʻsha suhbatni eslab, badaniga muz yugurdi. Endi nima boʻladi? Unga «buzuq» deb hukm chiqarishadimi? Koʻkraklariga choʻgʻ bosishadimi?

Yoʻq. yoʻq! Bunga yoʻl qoʻyolmaydi. Bu sharmandalikdan koʻra oʻzini daryoga tashlab oʻlgani ming marta afzal. Daryo uning oʻzini ham, gunohlarini ham yutadi. Bu dunyo azoblaridan qutuladi. Aslida allaqachon shunday qilishi kerak edi. Faqat Urusxonidan qolgan yodgorining oʻlimini istamayotgandi... Endi u ham koʻziga koʻrinmay qoldi.

U bir qarorga kelib, uydan chiqishga ulgurmay ostonasida qaynotasi koʻrindi. Kerim xotinining xonasidan chiqishi bilan otasiga bor gapni aytib, Zoliyxonni shu onning oʻzida haydab yuborishni talab qilgan edi. O’gʻlining talabini eshitgan Temir hukm chiqarishga shoshilmadi, yaqinlarini chaqirtirib keldi. Zoliyxonning xonasiga avval oʻzi, orqasidan akalari Mshoxt bilan Muxtor, keyin amakivachchasi Urusmat kirib keldilar.

Kattalar xonaga hech bir mulozimatsiz va salom-aliksiz kirib keldilar. Ularning izlaridan Kerim, Xotshosh va goʻzal Aldian ham kirdilar. Gap boshlash huquqi Temirda edi:
— Zoliyxon Tutsat,-dedi u vazmin va muloyim gapirishga tirishib,- sen mening oʻgʻlim Kerim Toʻtarayevga oʻz roziliging bilan xotin boʻlgan eding. O’gʻlim er sifatida senga yaqinlashmagani holda homilador boʻlib qolganingni aytib, ayblayapti. Uyingga qaytarib yuborishimizni talab qilyapti. Biz hammasini aniq bilmagunimizcha odatimizga binoan hukm chiqara olmaymiz.

«Hammasi aniq: buzuqlarga beriladigan jazo berishadi menga», degan fikr yashin sifatida miyasiga urilib, tovonigacha zirillatib yubordi. Qaynotasining gapini endi uzoq-uzoqlardan eshitganday boʻldi:
— Kerim, avval sen gapir.

Xanjari dastasini mahkam ushlab turgan Kerim hayajonlanib, darrov gapira olmaydi. Zoliyxon tomonga qarashga botinmaydi.
— Ha, otam toʻgʻri gapirdi,-dedi u ovozi titrayotganidan oʻzi ham hijolat boʻlib. Tomoq qirib olib, hayajonini bosgan boʻldi-da, qat’iyroq ohangda davom etdi:-Men Zoliyxon Tutsatni ota-onasinikiga haydab yuborishni talab etaman. U menga hech qachon xotin boʻlgan emas. Homilasi abrek Urusxondan. Ular yoʻl ustida qoʻlga tushishganda menga «nomus-orli qizman», degan edi. Shuning uchun men uning «oʻz akasi» bilan qochganini kechirgan edim. Endi esa buzuqligi uchun haydab chiqarishni talab qilaman. U meni aldadi. U nomus-orli osetin yigitning xotini boʻlishga hech qachon haqli boʻlgan emas.

Talab haqli edi. Shunday boʻlsa ham Temir hukm chiqarishga shoshilmadi.
— Zoliyxon Tutsat, endi sen gapir: oʻzingni oqlay olasanmi?

Temirning ovozida qoʻrqqulik bir xotirjamlik borligini qiz payqadi.

Butun oʻy-xayolini qamrab olgan boʻlajak hukm dahshati biron nima deyishga ham yoʻl bermaydi. Shunday boʻlsa-da, soʻnggi quvvatini ishga solib gapirishga chogʻlandi:
— Nikohdan keyin xiyonat qilmadim,-dedi gʻoyat past ovozda. Tishlari zirillab boshqa soʻz aytolmadi. Toʻplanganlar uchun uning gapirishi unchalik muhim emasdi. Shunga qaramay Temir yana soʻradi:
— Kerim senga er boʻlganmidi?
— Yoʻq...-dedi u sekingina.
— Homiladormisan?
— Ha...

Qizning iqrorini oʻzidan boshqa hech kim eshitmagan boʻlsa-da, Temir akalariga bir qarab olib, yana soʻradi:
— Bola kimniki?
— O’zinglarga ma’lumku?
— Bolaning otasi kimligini oʻzing ayt!
— Urusxon...
— Kerimga tegishga oʻzing rozi boʻlganmiding?
— Ha... Urusxonga boʻlgan muhabbatim tufayli xoʻp deganman.
— Nima-a?
— Ha, maqsadim uni Tbau-uats-Ilaning jazosidan qutqarib qolish edi. Urusxon akam boʻlib qolganidan keyin baribir unga tegolmas edim. Shuning uchun ixtiyorimni otamga berdim.
— Sagat Lamardonda qalin pulini kelishayotganimizda sen oʻz xohishing bilan rozilik berganmiding yo zoʻrlashgan edimi?
— Hech kim zoʻrlamagan.
— Toʻy kuni abrekka oʻz ixtiyoring bilan ergashdingmi?
— Ha.... toʻgʻrisi... men undan qoʻrqdim. Koʻzlarida gʻalati oʻt bor edi.
— Balki u seni qoʻrqitib, qochishga majbur qilgandir?
— Yoʻq bunday boʻlmadi.
— Demak, sen bir yigitning qalligʻi boʻla turib, boshqa odam bilan qochdingmi?
— Ha.

Temir bu iqrordan soʻng qarindoshlariga bir-bir qarab oldi:
— Ogʻalarim, boshqa gap soʻrashning endi foydasi yoʻqqa oʻxshaydi. Aybini boʻyniga olyapti, shuning oʻzi kifoya.
— Qayerdan kelgan boʻlsa, oʻsha yerga haydab yubor!-dedi Urusmat gʻazab bilan.
— Haydab yuborish oson,-dedi Temir.-Unga avval buzuqligi uchun jazo berishimiz kerakmikin?

Oraga bir zum sukut tushdi.

Zoliyxon titray boshladi.
— Mana shu hukm adolatdan boʻladi. Boshqa chora yoʻq,-dedi Mshoxt, oppoq soqolini silab qoʻyib.
— Mulohazaga oʻrin yoʻq,-deb akasini quvvatladi Muxtor,-aybiga iqror boʻlmaganda ham boshqa gap edi.

Temir hukmga akalaridan oq fotiha olgach, xanjarini qiniga qoʻl yubordi-da:
— Qachon?-deb soʻradi ulardan.
— Hozir,-deyishdi ular hukm ijrosi vaqtini aniq belgilab. Ularning fikricha hukm ijrosi vaqtini ortga surishdan ma’no yoʻq edi.

Temir Zoliyxon sari bir qadam bosdi :
— Zoliyxon Tutsat! Biz – sen nomusini bulgʻagan avlodning kattalari – seni buzuqlikda aybli deb topdik. Senga urf-odatimiz qoidalariga koʻra jazo bergach, otangning uyiga joʻnatamiz. Kerim!-shunday deb oʻgʻliga oʻgirilib qaradi:-Ayollarni olib, uydan chiq. O’zimiz chaqirgunimizcha tomorqaning chetidagi olmazorda kutib turinglar.

Kerim uydan chiqib ketish uchun bahona topilganidan quvondi.

Muxtor Mshoxt va Urusmat bilan maslahatlashib olgach, xontaxta ustidagi yonib turgan chiroqni chetga olib qoʻydi.
— Temir,-dedi Mshoxt,- sen Kerimning otasisan. Hukmni ijro etish sening burching.
— Bilaman,-dedi Temir keliniga bir qarab olib.

Bu onda Zoliyxon kishanlangan kabi qotib turardi. U hovliga qochib chiqishni, daryoga borib oʻzini suvga otishni istardi. U oʻzida kuch topib, qochishga ahd qildi. Sal qimirlashi bilan Urusmat uning niyatini sezib qolib eshikni mahkam berkitib qoʻydi.

Ilojsiz qolgan Zoliyxon qaynotasi olida tiz choʻkdi.
— Meni avf et,-u xuddi xudoga iltijo qilayotganday qoʻllarini baland koʻtardi:-Otamnikiga shundayligimcha haydab yuboringlar. Agar shart boʻlsa. mayli sochimni qirqinglar, ammo koʻkragimni kuydirmanglar, oʻtinaman.

U tiz choʻkkanicha qaynotasi tomon yurdi.
— Men bundan battar jazoga ham loyiqman. Lekin bolaga rahm qilinglar. Axir uni kim emizadi... rahm qilinglar.

Erkaklardagi rahm tuygʻusidan koʻra odat hukmiga boʻysinish hissi kuchliroq edi. Muxtor tashqariga chiqib, oʻchoqdagi olovda temirni qizdirib qaytgach, nolayu figʻonga ahamiyat ham bermay ishga kirishdilar. Zoliyxon tipirchilab qanchalik qarshilik koʻrsatmasin, qanchalik yalinmasin, foydasi boʻlmadi. Uni xontaxta ustiga yotqizganlarida oyogʻi osilib qoldi. Urusmat uni tizzalaridan mahkam bosib turdi. Mshoxt bilan Muxtor qizning qoʻllarini ushlashdi.
— Bunday qilmanglar,-deb yalindi titroq iskanjasidagi Zoliyxon.

Zoliyxon togʻlarga yalinganida balki ularning rahmi kelib yorilib ketarmidi. Lekin nomusi tahqirlangan erkaklarning tosh qalbi yumshamadi. Temir xanjarini qinidan chiqarib, damini tekshirdi: oʻtkir! U chaqqon bir harakat bilan Zoliyxonning sochlarini kesib tashladi-da, koʻkragini ocha boshladi. Zoliyxon xuddi nolasini birov eshitib, yordamga keladiganday bor ovozi bilan dod soldi. Kuchiga kuch qoʻshilganday boʻldi. Erkaklar changalidan chiqish uchun tipirchiladi. O’ng qoʻlini Mshxotning changalidan chiqarib olib, yarmi ochilgan koʻkragini panjasi bilan toʻsdi.
— Bola... bola... goʻdakka rahm qiling!

Bechora qizning figʻoni sovuq devorlarga singib ketdi. Mshxot qizning qoʻlini qayira boshladi. Temir akasiga yordamlashdi. Soʻng koʻylakni yirtib, koʻkrakni batamom ochdi-da, qizitilgan temirni uning koʻkragiga yaqinlashtirdi.

Bogʻda, barglarini toʻkib yalangʻochlanib qolgan olma daraxti ostida ayollar turishibdi. Ular oʻzaro gaplashmay, hukm ijrosini jimgina kutishadi. Ularni ham qandaydir qoʻrqinchli kuch qamrab olgan. Barchalarining vujudlarida yengil titroq bor.

Nihoyat, kutilgan on yetdi: odam vujudini larzaga soladigan faryod eshitildi. Jimgina turgan ayollar bir-birlariga qarab oldilar. Bir necha nafasdan soʻng avvalgisidan ham kuchliroq, yurakni ezib yuboradigan darajadagi faryod yangradi.

Mshxot mis kosada suv keltirib, Temirga uzatdi. U rangi oʻliknikiday boʻzarib ketgan qizning yuziga suv sepdi. Zoliyxon ingrab, toʻlgʻondi. Keyin oʻkirib yigʻlay boshladi. Mshxot bilan Muxtor uni koʻtarib, kursiga oʻtqizishdi. Urusmat bilan Temir javonni titib, toza sochiqni topdilar-da, qizning kuygan koʻkragini bogʻlab qoʻydilar.

Hukm ijrosidan koʻngli toʻlgan Temir gunohkorni Sagat Lamardonga shu onning oʻzida joʻnatish uchun arava tayyorlashni buyurdi. Juvonni kuzatib boruvchi odam odat boʻyicha uni eshigi ostonasiga tashlagach, hech bir gap-soʻzsiz iziga qaytishi lozim edi.

Arava tezda hozirlandi. Alaxsirayotgan Zoliyxonni suyab olib chiqib, aravaga oʻtqazishdi. Kuylaklari oʻralgan bir tugun bilan, yoʻlda yegulik taom ham qoʻyishdi.
— Otang qalin pulini qaytargach, qolgan buyumlaringni olasan,-dedi Temir. Alhol Zoliyxon qolayotgan buyumlarini oʻylaydigan ahvolda emasdi. Boshiga selday yopirilgan azob-uqubat uni boʻlayotgan gaplarga, voqealarga hissiz qaraydigan qilib qoʻygan edi.

Arava Toʻtarayevlar xonadonidan uzoqlashib, qorongʻulik bagʻriga singib, koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Zoliyxon oʻtirgan arava tosh yoʻllarda galdirab yurib, suvlari joʻshib-joʻshib oqayotgan soylarni kechib oʻtib, qorongʻi dovonlarni, xatarli jar yoqalarini ortda qoldirib borardi. Zoliyxon qayerlardan oʻtib borayotganiga ahamiyat bermaydi. Uyiga qachon qay ahvolda yetib borishini ham bilmaydi. Uning boshiga tushgan barcha uqubatlar bir tugunga toʻplanib toʻxtovsiz azoblaydi. Ruh azobi koʻkragidagi yara azobidan battarroq qiynaydi.

Bu tunning tonggi yoʻqday edi goʻyo...

Kun yorishganda kuzatuvchi aravani toʻxtatib, otni chiqardi-da, oʻtloqqa qoʻyib yubordi. Keyin Zoliyxonni nonushtaga taklif qildi. Zoliyxon uning nima deyayotganini anglamadi, maqsadini tushunmadi. Lablari nimadir deb shivirladi. Kuzatuvchi engashib, uning uzuq-yuluq gaplarini arang tushundi:
— Suv beringlar... suv... yuragim yonyapti...

Kuzatuvchi atrofga alanglab, baland qoya bagʻridan jildirab tushayotgan suvni koʻrdi-yu, oʻsha tomon shoshildi. Papogʻini suvga toʻldirib qaytdi. Zoliyxon suvni yutoqib-yutoqib ichdi. Bir necha marta qalqib-qalqib ketsa ham suvdan boshini koʻtarmadi. Chanqogʻi biroz bosilgach. Boshini koʻtarib, kuzatuvchiga hayron boqib qoldi:
— Menga rahming keldimi? Sen odam emasmisan? Ular oʻzlarini odam deb hisoblaydilar. Lekin ularda rahm-shafqatdan zarracha ham yoʻq.-Shunday degach, papoqdagi suvni oxirigacha simirib ichdi-da, soʻng boshini egdi.

Kuzatuvchi noqulay ahvolga tushib unga tikilib qoldi. «Agar men bu bilan Sagat Lamardonda birga boʻlganimda edi... bu azoblarga roʻpara qilmas edim», deb oʻyladi u.

Kichkina otda boʻrkiga oʻranib oʻtirgan kishi aravaga yaqinlashgach, baxti qaro ayolga achinib qarab qoʻydi. «Bu bemorni shifo istab Tbau-uats-Ilaning ruhoniylariga olib ketyapti shekilli», deb oʻylab nari ketdi.

Peshinga yaqin vodiy ortda qolib, yuqoriga, Sagat Lamardonga olib boruvchi yoʻlga chiqdilar.

Zaurning qoʻrgʻoniga yetib kelishgach, kuzatuvchi Zoliyxonni aravadan tushirdi. Tugunni olib, uning yoniga qoʻydi-yu, hayr-xoʻsh ham demay, iziga qaytdi.

Tutsat qizi bir oz harakatsiz turgach, darvoza tomon beholgina qadam qoʻydi. Eshikni ochib, ostona hatlashi bilan tugun qoʻlidan tushdi. Tugunni koʻtarishga uning kuchi ham, istagi ham yoʻq edi. Uning nazarida bu tugunga Toʻtarayevlar uning koʻylaklarini emas, nomussizlik yoʻlida topgan gunohlarini oʻrab berib yuborgan edilar. Zoliyxon eshikni qiya ochiq qoldirganicha ichkari qarab yurdi. Uyda kimsa koʻrinmasdi. Toʻgʻri ayollar xonasiga bordi. Eshikni ochdi. Deraza yonidagi yumshoq kursida oʻtirgan qora libosdagi onasini koʻrdi. Uning oppoq sochlari derazadan yopirilib kirayotgan nur yorugʻida kumushsimon tovlanadi.
— Ona... onajonim!-deb oʻrtandi Zoliyxon.-Onajon!-shunday deb onasiga yaqinlashib tiz choʻkdi-da, tizzasiga bosh qoʻydi. Zoliyhon faqat shu yerdagina rahm-shafqat, mehr-muhabbat topa olishini bilardi.

Kutilmagan tashrifdan garangsib qolgan kampir qaltiroq qoʻllari bilan uning boshini siladi:
— Zoliyxon! Qizginam...Senga nima boʻldi? Nega kelding?
— Ona, rahming kelsin menga, rahming kelsin. Bu dunyodagi barcha odamlar toshbagʻir boʻlib ketishibdi. Zarracha shafqat yoʻq odamlarda...
— Zoliyxon, mushtipar onangga ayt: nima boʻldi?

Ojiza qizining ahvolini koʻrmaydi. Qizining koʻzlaridagi dardli nurni, isitmadan yonayotgan betlarini, xushqomatiga koʻrk berib turuvchi sochning kesib tashlanganini, kuydirilgan koʻkraklari ustidan tangʻib bogʻlangan sochiqni koʻra olganida, xudoga nola qilib: «bu fojiaga guvoh qilganingdan koʻra meni koʻr qilib qoʻyganing yaxshi edi!»deb nolalar qilishi aniq edi.
— Ona, Temir Toʻtarayev meni la’nat va sharmandalik tamgʻasi bilan haydab yubordi. Chunki... chunki... qornimda Urusxonning bolasi bor... Kerim avval boshdan shubhalangan ekan. Er boʻlib menga biron marta ham yaqinlashmadi.
— Shubhasi bor ekan, nega senga uylanibdi?
— Men undan yashirgan edim... hech kim teginmagan nomusli qizman, devdim. U asta sekin mening sevib qolishimga umid qilgan edi. Agar gumon bilan meni poylamaganida uning xohlagani boʻlardi.
— Dahshat! Qandayin dahshat-a!-deb pichirladi ojiza.-Keyin nima boʻldi, aytaver, qizim.
— Qaynonam toʻlishib qolganimni sezib, homiladorligimni oʻgʻliga aytgan boʻlsa kerak. Kecha oqshomda xonamga gʻazab bilan kirib keldi. Meni soʻroq qildi. Men toʻgʻrisini aytdim.
— Keyin-chi?
— Qolganini sen soʻrama, men aytmay qoʻya qolay... Yoʻq, aytaman, senga aytmasam kim dardimga sherik boʻlardi? Keyin... qaynotam akalari bilan kirib... odat hukmiga koʻra meni buzuq xotinlarga ravo koʻriladigan jazo bilan jazolashdi!-Zoliyxon shunday deb oʻkrab yigʻlab yubordi Ojiza oʻtirgan yeridan sapchib turib ketdi:
— Nima deding?! «Odat hukmiga koʻra» dedingmi? Hali ular sochingni qirqib, koʻkragingni kuydirishdimi?
— Ha!
— O, dahshat, qanday dahshat-a! Bechora qizginam!-ojiza shunday nolalar bilan yigʻlab, qizini bagʻriga bosdi.
— Oh, onajon, meni bunchalar siqma, koʻkragim ogʻriyapti.
— Kechir, meni qizim, unutibman. Bu ishni... kecha qilishdimi?
— Ha... kecha... buni oʻsha yovvoyi chollar qilishdi. Keyin aravaga solib, haydashdi. Boʻldi, ona, endi boshqa narsa soʻrama mendan. Bir pas yotay, oʻzimni yomon his qilyapman.

Ojiza paypaslanib yurib, qizini oʻzining oʻrniga yotqizdi. Zoliyxon onasidan tabib kampirni chaqirtirishni iltimos qildi. Moʻljalida oy-kuni hali yaqinlashmagan, ammo belida uygʻongan ogʻriq uni havotirga solayotgandi.

Kampir xassasini doʻqillatib, koʻcha tomon yurdi. Tambining uyiga kirib, Salimatni doyanikiga joʻnatdi.

Qaytayotganida darvoza yaqinida Zaurga duch keldi. Zaur hamisha uyda oʻtiradigan, tashqariga qadam bosmay qoʻygan xotinining koʻchada yurganini koʻrib, ajablanganicha toʻxtadi:
— Qayerdan kelyapsan?

U erini ovozidan tanib, choʻchibgina toʻxtadi. U erining berahmligini bilardi. Shu bois yuragi hozir yuz berajak momaguldirak dahshatini sezdi.
— Tambinikida edim,-dedi u ayb ustida ushlangan gunohkor odamning ovozi bilan.-Salimatni Uarzat kampirnikiga yubordim. Zoliyxon keldi. Qizimiz qattiq betob, Zaur.
— Zoliyxon keldi, deysanmi? Nega keladi? Turmushga chiqqaniga hali bir yil boʻlmadi-ku?
— Bir yil boʻlmadi... Lekin... sen uni kechir, Zaur... uni... joʻnatib yuborishibdi.

Zaur toʻydan beri har kun, har soat shunday dahshatli voqea yuz berishini qoʻrquv bilan kutayotgan edi. Har ibodatida Tbau-uats-Ilaga yolvorib, sharmandalikdan asrashini soʻrayotgan edi. Ilohi munojotini qabul qilmadimi? U beixtiyor ingrab yubordi. Keyin baqirib yuborganini oʻzi ham sezmadi:
— Nima?!
— Bir soatcha oldin xizmatkorlari olib kelib tashladi.
— Nima gunoh qilibdi?-Shunday savol berdi-yu, lab tishladi. Qizining nima gunoh qilganini boshqalar bilmasa ham u bilishi kerak-ku? Xotini bu savolga javob bermadi. U oʻziga oʻzi gapirganday pichirladi:-Bu butun avlodimizni sharmandalik botqogʻiga botiradi-ku?
— Afsuski, ular haq, Zaur. Ming afsuski ular haq... Zoliyxonimiz homilador.
— Homiladorlik gunoh ekanmi?
— Homilasi Kerimdan emas, Urusxondan ekan. Kerim er boʻlib unga hatto yaqinlashmabdi. Gumonsiragan ekan, sir oshkor boʻlibdi.
— Shunday degin... U benomus shu ahvolda mening ostonamni bosib, uyimga kirdimi?! Sen uni bagʻringga oldingmi? Darhol yoʻqot uni! Tutsatning pokiza xonadonini buzuq qadami bilan bulgʻamasin! Haydab chiqar, deyapman, senga!
— Zaur!-ojiza shunday deb yolvorib, u tomon qoʻllarini choʻzdi:-Rahming kelsin, Zaur! Ular qizimizni odat hukmiga koʻra buzuq xotin sifatida jazolashgan. Yarasi bitmagan, isitmasi baland...
— Hayda!-dedi qat’iy Zaur.
— Zaur! Qirq yildan beri men senga itoatda yashadim. Sendan biron narsani soʻrashga hech mahal jur’at etmaganman. Bugun birinchi marta iltimos qilyapman: bolam kasaldan turgunicha parvarishlashimga ijozat ber. Sen uning naqadar baxtsiz holda ekanini bir koʻrsang eding...

Zaur uning nolasini sovuqqonlik bilan uzdi:
— Yoʻq! Men uyimda kufroniyning haromi bolasi tugʻilishiga yoʻl qoʻymayman!
— Zaur, yolvoraman...
— Jim boʻl, boshqa gapirma!

Zaur shu gapi bilan hukmning qat’iy ekanini bildirib, uyiga kirmay orqasiga qaytdi. Kampir eridan shafqat kutish ortiqchaligini, u qaytib kelgunicha qizini uydan chiqarib yuborishga majbur ekanini angladi. Angladi-yu, chorasizligidan ezilib, dardini ichiga yutdi.

Isitma otashidagi Zoliyxon dam ingrab, dam alaxsirab yotibdi. Ojiza «qizimning dardini menga ber», deb ilohiga iltijo qilib oʻtiribdi.

Nihoyat Salimat Uarzat kampirni boshlab keldi. Kampir erining hukmini Salimatga aytib, Tambidan najot kutayotganini bildirdi. Salimat oʻsha zahoti otasiga uchrab ijozat oldi-da, akalari va Qoʻrgʻok yordamida Zoliyxonni oʻzining xonasiga olib chiqib yotqizdi.

Tunda Zoliyxon oʻlik oʻgʻil tugʻdi...

Bir necha kun mobaynida u hushsiz, alahsirab yotdi. Uning hayoti ham qil ustida qolgan edi. Hamma sukut saqlab, uning jon berishini kutardi. Benomusning oʻlimi bu avlodning ayni muddaosi, goʻyo oʻz ishini bajargan ajal tutsatlar boshi ustidagi sharmandalik bulutini tarqatib yuboradiganday edi. Zoliyxonning oʻlimi – uzoq oylar davom etgan dardli tashvishlarning quvonchli yakuni boʻlishi kutilardi. O’lim Zoliyxon uchun ham najot edi, nursiz kelajagidagi azob-uqubatlardan qutqarardi. Ammo yoshlik kuchi joʻsh urgan qiz oʻlimni yengib chiqdi. O’zi istamasa-da, kundan-kun sogʻayib boraverdi.

Yarasi bitib, sal quvvatga kirgach, oʻrnidan turdi. Katta roʻmolga oʻralib, hovliga chiqdi. Uni koʻrgan Salimat yoniga kelib oʻtirdi. U amakivachchasiga nimadir demoqchi boʻlar, lekin gapini aytishga qiynalib, nuqul roʻmolchasini burab oʻynardi. Zoliyxon uning gapi borligini sezdi.
— Salimat, oʻzingni qiynama, gapingni aytaver. Men har qanaqa dahshatli gapni eshitishga ham tayyorman.
— Zoliyxon, gapim dahshatli emas, lekin... bilasanmi, men seni judayam yaxshi koʻraman. Senga juda-juda rahmim keladi. Esizgina... Seni sirayam ranjitgim yoʻq...

Zoliyxon maqsadini aytolmay qiynalayotgan qizning gapini boʻldi:
— Salimat, tortinmay aytaver.
— Bilasanmi... otam men bilan gaplashdi...

Zoliyxon maqsadni anglaganday boʻlib, undan koʻzini oldi.
— Otamning aytishicha... Bilasanku, otam Zaurning merosxoʻri. Kelajakda ruhoniy ota boʻlib, Tbau-uats-Ilaga xizmat qilishi kerak.
— Shunday boʻlishi aniq. Keyin-chi?
— Otam xalqning fikri bilan hisoblashishga majbur. U sening xulqingni himoya qilishni istasa ham, bunday qilolmaydi.
— Maqsadingni ayta qolsangchi?
— Xullas, qisqa qilib aytsam, uyimizda boshqa tura olmas emishsan...

Zoliyxon bu gapni eshitib, oʻrnidan turdi. Boshini gʻurur bilan tik tutdi:
— Otangni xotirjam qil. Uyinglarda endi bir kecha ham yotmayman.
— Zoliyxon, oʻtinaman sendan, mendan ranjimagin, xoʻpmi?

Zoliyxon javob bermadi. Qimir etmay, qotib turaverdi.

U odamlar qalbidan rahm-shafqat topa olmadi. Endi qarori qat’iy: bu yorugʻ dunyoda unga joy yoʻq! U oʻzini oʻzi oʻldirishi kerak, boshqa chorasi qolmagan! U boshqa dunyoga koʻchishi kerak. Ehtimol u dunyoda joy topilar. «Balki-deb oʻyladi u,-rahm-shafqat egasini oʻsha dunyoda uchratarman».

U hamon yonida hijolat chekib turgan Salimatga qaradi:
— Hoziroq ketaman, men tufayli amakimning boshi egilishini istamayman, Faqat... sendan bitta iltimosim bor. Urusxonning miltigʻini olib chiqib ber. Qarab koʻr, miltiq otangning xonasida boʻlsa kerak.
— Miltiqni nima qilasan?
— Nima qilishimni soʻrama.

Salimat Zoliyxonga hayrat bilan tikilib, shivirladi:
— Biron odamdan qasos olmoqchimisan?
— Shunday boʻlsa-chi? Senga nima? Sababini surishtirmay, otang kelib qolmasidan tezroq miltiqni olib chiqib ber.

Salimat gapni koʻpaytirmay, Zoliyxonning amriga itoat etib, uyiga kirib ketdi. Devorda osigʻliq turgan qurollar orasida Urusxonning miltigʻi borligini u bilardi. Qasos toʻgʻrisida bekorga gap ochmadi. Urusxonni oʻldirgan, Zoliyxonni barcha balolarga giriftor qilgan Zurabning kim tomonidan boʻlsa ham jazolanishini Salimat juda-juda istardi. Zoliyxon miltiq soʻraganida qasos oni yetib keldi, deb oʻylab hatto quvondi. Chunki odat boʻyicha nomus-ori uchun qasos olishgina sharaf emas, qasoskorga koʻmaklashish ham olqishga sazovor hisoblanardi. Shu quvonch va gʻurur bilan miltiqni olib chiqib berdi.

Zoliyxon miltiqni avaylab ushlab, alamli jilmaydi.
— Endi uyingga kiraver, Salimat,-dedi Zoliyxon unga mehribonlik bilan.-Otangning xonasiga kirib, miltiqni mening oʻzim oldim. Sen bundan butunlay bexabarsan, tushunding-a?

«Ma’qul» ishorasini qilgan Salimat ketmoqchi boʻlganida Zoliyxon uni toʻxtatdi:
— Salimat, sendan yana bitta iltimosim bor: men uchun onamga ta’zim qilib qoʻy. Uni oxirgi marta kirib koʻrishga qurbim yetmaydi. Onam hamisha menga mehribon edi. Men onamdan roziman. Men uchun zorlanib soʻra: onam bergan oq suti uchun mendan rozi boʻlsin.

Bu vido onidan koʻngli oʻksigan Salimat yigʻlamoqdan beri boʻlib, uyga kirib ketgach, Zoliyxon miltiqni oʻpdi. Bu miltiqni uning yori olib yurardi, bunda Urusxon qoʻllarining harorati bor. Zoliyxon bu dunyoni tashlab ketishidan gʻoyat mamnun. Endi yoʻlida toʻsiqlar yoʻq – qalbida ilk bor muhabbat olovini yoqqan sevgilisi bilan umrbod qovushadi. Bu dunyoga sigʻmagan bolajonini u dunyoda bagʻriga bosa oladi. Zoliyxon u dunyoda shunday baxtga erishajagiga ishonadi. Ota-bola uni intiq kutishyapti. Zoliyxon bu dunyoda hech kimga kerak emas. Zoliyxon faqat va faqat ularniki. Ular bir baxtli oila boʻlib qovushadilar. Mana bu oʻqlogʻlik miltiq oʻsha nurli hayot kaliti, Zoliyxonga sehrli darvozani ochib berguvchi saodat kaliti...

Qaror qat’iy, ortga yoʻl yoʻq. Ammo rejasini qayerda amalga oshirsin ekan?

«Salimat qasos haqida gapirdimi?-oʻyladi u.-Kimdan qasos olishim kerak? Zurabdanmi?»

Boshi ustida toʻplanayotgan oʻlim buluti zulmatida Zurab unga shunchalar pastkash, shunchalar haqir koʻrindi-ki, oqibatda «u mal’unga oʻq ham hayf, jazosini Tbau-uats-Ila bersin», degan toʻxtamga keldi. Ilohi nomini eslashi bilan xayolini bir fikr chaqmoq kabi yoritdi:

«Tbau-uats-Ila! Ha! Tbau togʻining ilohiga men soʻnggi nafasimgacha qarshilik bildiraman. Men undan qoʻrqmayman! Men uning muqaddas oʻrmoniga kiraman. Buloq boshida men Urusxonimni yodga olaman. Muhabbat izhorlarini huzurlanib eslayman. Keyin bu dunyoni la’natlab, tashlab ketaman. Agar osmonu falakda Tbau-uats-Iladan ham oliyroq boshqa xudo boʻlsa, hayotning bu qadar johilligi va ayovsizligidan, Ilaning menga bunchalar uqubatlarni ravo koʻrganidan shikoyat qilaman. Men Iladan endi najot kutmayman. Undan a’loroq adolatli hakam huzuriga borishni istayman. Toʻgʻri, men gunohkorman. Ehtimol, meni u dunyoda kechirishar. Balki u dunyoda ahvolimni tushunib, meni himoya qila oladigan shafqat egasini uchratarman...»

U asta-asta qadam bosib amakisi xonadonini tark etdi. Qor uchqunlari uning yuzlariga qoʻnib, goʻyo poklamoqchi boʻladi. Ostona hatlab chiqqach, atrofga alangladi: zogʻ ham koʻrinmadi. Biron odamga roʻpara kelib qolishdan choʻchib, qadamini tezlatdi – Nayfat sari oshiqdi. Yozning necha tunida bu yoʻldan xavotirlanib, qoʻrqib yurgan edi. U tunlar faraxbaxsh edi. Endi qoʻrquvsiz yurib boryapti. Yoz tunlarida, oʻrmon yoqasida sevgilisi kutib turardi. Endi ajal kutyapti. Qor uning soʻnggi yoʻliga oq poyandoz toʻshayapti. Urusxon yashayotgan olamga shu poyandozni bosib kiradi...

Koʻzlari yoʻlda. Xayoli esa Urusxonda: oʻsha boʻronli kecha... Quloqlari ostida magʻrur yigitning mahzun qoʻshiqlari yangray boshladi:

Ota-onam oʻtdi xoru zor,
Mening ham hayotim koʻp gʻamgin.
Qaygʻularda benavo va xor,
Men yoʻqotdim hayotim rangin.
Men oʻlarman... lekin tepamda,
Koʻz yosh toʻkib ezilmas inim.
Osmon oʻzi yigʻlaydi gʻamda,
Yomgʻir bilan yuvilar tanim.
Singillar yoʻq... inimga esa,
Borib yetmas pajmurda bu tan.
Dahshat, uni boʻrilar yesa,
Talashib och quzgʻunlar bilan!

Zoliyxon beixtiyor ravishda bu qoʻshiqni xirgoyi qila boshladi.

Ajabo! Qoʻshiq soʻzlari bu onda uning baxtsiz taqdiriga naqadar mos-a!

Qor yogʻyapti...

Koshki edi, gunoh sari boshlab borgan yoʻllarni endi poklay olsa...

Zoliyxon dovonga yetib keldi. Qoʻlidagi miltiq ogʻirlik qilsa-da, uni mahkam ushlaganicha qiyinchilik bilan yuqoriga koʻtarildi. Bu yoʻldagi har bir daraxt, har bir buta unga tanish. Ammo hozir barchasi sovuq oq libosga oʻralyapti. Hammasi oʻlik uyquda. Zoliyxon gunoh sari borayotganda, gunohni yelkasiga ortib qaytayotganda guvoh boʻlgan yaproqlar jonsiz holda shoxlaridan uzilib tushib, endi loyga belanib yotibdi. Zoliyxon oʻsha guvohlarini bosib boryapti.

Urusxon bilan yotgan, boʻsalaridan mast boʻlgan, sadoqat xususida qasam ichishgan buloq boshidagi maysalar ustini ham qor xarir parda kabi qoplagan. Hamma yoq oppoq. Goʻyo bu olamda zarracha gʻubor yoʻqdek...

Zoliyxon «senga sadoqatli boʻlaman», deb qasam ichgan edi. Sadoqatini isbotlaydigan vaqt yetdi.

U oʻtirdi-yu, miltiq tepkisini bosdi...

* * *

Salimat ojiza kampirga baxti qaro qizning vido soʻzlari, soʻnggi uzri va iltijosini yetkazdi. Kampirning hayajon va hayrat bilan bergan savollariga choʻchibgina javob qaytardi. Otasining nomussiz qizni uydan chiqarib yuborish haqidagi buyrugʻini istihola bilan aytdi.
— Otang buncha bemehr boʻlmasa! Kasal odamni ham qishda uydan haydab chiqaradimi? Axir yolgʻiz oʻzi qayoqqa ketdi?
— Balki... kodatlarnikiga ketgandir?
— Kodatlarnikiga? Esing joyidami? U yerda nima qiladi? Sen bir baloni bilmasang gap boshlamaysan. Menga toʻgʻrisini ayt!
— Men bu haqda ogʻiz ochmayman, deb qasam ichganman. Mayli, sizga aytay, faqat birovga gapirib yurmang. Menimcha Zoliyxon Zurabni oʻldirmoqchi. Axir Urusxonning oʻlimi uchun kimdir qasos olishi kerak-ku? Har holda Urusxonning miltigʻini bekorga olmadi.

Kampirning talabiga koʻra Salimat kodatlarnikidan xabar olgani ketdi. Havotirini bosolmay, paypaslanib, hovliga chiqdi. Shu onda qor bosayotgan vodiyni titratib oʻq ovozi yangradi. Bu ovoz muqaddas oʻrmon tomondan kelib, qoyalarga urilib aks-sado berdi.
— Bu nimasi?-deb soʻradi ojiza oʻzidan oʻzi.

Xavotir changalidagi yuragi yarador qush kabi potirlay boshladi.

Hamma yerdan haydalgan baxti qaro qiz...

Sevgan yorining miltigʻini olgan...

Muqaddas oʻrmon tomondan kelgan oʻq ovozi...

Salimatdan esa haligacha darak yoʻq...

Kuta-kuta kampirning toqati toq boʻldi. Oxiri chiday olmay , boshida roʻmoli yoʻqligini ham unutib, yoʻlga tushdi. Ojiza muqaddas oʻrmon yoʻlini yaxshi biladi. Bir vaqtlar bu yoʻllardan koʻp yurgan. Har bir soʻqmoq, har bir burilish unga tanish.

«Bevosh qiz... Urusxon bilan uchrashadigan yerga borgan,-deb oʻyladi kampir.-Boshqa joyni tanlamaydi... Tezroq ... tezroq yetib borishim kerak. Balki hali tirikdir...»

Ojiza sirgʻanchiq soʻqmoqni xassasi bilan paypaslab shoshiladi. Qor endi boʻralab yogʻadi. Koʻzi sogʻ odam ham bir qadam naridagi narsani koʻra olmaydi.

Kampir behos sirgʻanib ketdi. Biron narsani ushlab qolish umidida qoʻllarini yoydi-yu, muvozanatini saqlay olmay, najot ilinjida bir qichqirdi-yu, jarga quladi.

Kodatlarnikidan qaytayotgan Salimat bu qichqiriqni eshitib, ovuldagilarni fojiadan ogoh qildi.

Bir necha soat qidirishgach, Tambining oʻgʻillari jarlik tubidan boshi pachoqlangan kampirning murdasini topishdi. Ovulda «kampirning miyasi aynib, koʻchaga chiqib ketgan ekan, adashib yiqilibdi», degan ovoza tarqaldi.

* * *

Qor yogʻadi... Huddi hech qanday fojia yuz bermaganday xotirjam qor yogʻadi.

Qor oʻzining oppoq choyshabi bilan togʻ va dovonlarni oʻrab chiqdi.

Issiq uylarida oʻtirgan togʻliklar Zoliyxon qayerga yoʻqoldi ekan, deb qidirish u yoqda tursin, oʻylab ham koʻrishmadi.

Bu fojiadan faqat tulkilargina xabar topganlar. Ularning oʻrmondagi inlarida katta-kichik suyaklar sochilib yotibdi.

Odam suyaklari...

Yana Tarjimondan:

O’qiganingiz mazkur qissaning tarjimasini 1970 yil 17 oktyabr, shanba kuni tonggi soat 6.10da yakuniga yetkazgan ekanman. Oradan oʻttiz olti yil oʻtib, asarni yana qoʻlga oldim. Bir necha oy mobaynida qayta tahrir qilib, oqqa koʻchirish bilan band boʻldim. Allohga shukrlar boʻlsinkim, O’zining madadi ila bu ish 2006 yilning 21 iyun, chorshanbasida nihoyasiga yetkazilib, siz azizlarning hukmingizga havola etishga qaror qilindi.

Yana bir-ikki soʻz aytmoqlikdan maqsad, tarjima tarixidan sizlarni ogoh etishgina emas.

Gap shundaki, mazkur asar oʻttiz olti yil muqaddam kaminaga boshqacha ta’sir etgan edi. Oqqa koʻchirish jarayonida Zoliyxon va Urusxonning muhabbati va taqdiriga boʻlgan munosabatim ancha oʻzgardi.

Sezib turibman, asarni oʻqigan yoshlar Zoliyxonga achinishyapti.

Keksaroq odamlarning esa fikri oʻzgacharoq.

Aslida ularga achinish kerakmi? Buni har bir oʻquvchi oʻzi hal qilishi lozim boʻlsa-da, fikrlaringizni bahsga chorlashni lozim topdik. Qaysi bir asarda bosh qahramon bayon yakunida oʻlim topar ekan, oʻquvchi unga gʻoyat achinadi. Ba’zan yozuvchini bemehrlikda ayblaydi ham. «O’tgan kunlar» romanini oʻqiganlar Kumush jon berganda yigʻlagan boʻlsalar kerak. Hatto Abdulla Qodiriyning oʻzlari ham bu satrlarni yozganlarida yigʻlagan ekanlar. Xoʻsh, Zoliyxonga Kumushga achinganimizdek achinishimiz kerakmi?

Albatta yoʻq!

Kumush – hayo, sadoqat, pok muhabbat olihasi. Zoliyxon-chi?

Benomuslik barcha xalqlarda, barcha dinlarda gʻoyat ogʻir gunoh sanaladi. Barcha xalqlarda, barcha dinlarda benomuslar qattiq jazolanadilar. Urusxon Tbau togʻining Ila xudosidan qoʻrqmadi. Nega? Chunki bu xudoni odamlarning oʻzlari toʻqib chiqarganlarini biladi. Agar u chinakam Xudoni taniganida ehtimol, gunohdan oʻzini tiyib olgan boʻlardi.

Siz achinayotgan Zoliyxon ikkita katta gunoh qilib oxiratini ham kuydirdi. Nomussizlik koʻchasiga kirgani bir gunoh boʻlsa, oʻzining joniga qasd qilgani yanada ogʻirroq gunohdir. Barcha xalqlarda, barcha dinlarda odamning oʻzini oʻzi oʻldirishi kechirilmas gunoh sanaladi.

Bizning bu mulohazalarimizni inkor etmay, sevishganlarning taqdirini yana bir qayta oʻylab koʻrarsiz. Xalqimizning bir maqoli ularning hatti-harakatlarini baholashda qoʻl kelishi mumkin: «Bilmayin bosdim tikanni, tortadirman jabrini, bilsam erdim, bosmas erdim, tortmas erdim ul tikanni jabrini».

Ehtimol, oralaringizda birovga koʻngil qoʻyib, sevgilisiga yetolmay yurganlar ham bordir. Ehtimol, ular sevgani bilan qovushishga yoʻl bermayotgan ota-onalari yoki boshqa yaqinlaridan norozidirlar. Shunday boʻlsa ham shoshilmang. Avval sevgi bilan havasni farqlab oling. Benomuslik koʻchasiga kirishni xayolingizga ham keltirmang. Nikohsiz turmush qurish benomuslikdir va bu harakat bu dunyoda ham u dunyoda ham jazolanadi.

Duo qilaylik: yo rabbimiz Alloh! Qissada bayon etilgan Urusxon va Zoliyxonning taqdirini bizning yoshlarga begona qil. Yoshlarimizni or-nomusli bandalaringdan qil. Hayo, iffat, sadoqat kabi fazilatlar bilan ziynatlantir. Yoshlarimizga totuv oila saodatini ber. Omiyn!


Cite error: <ref> tags exist, but no <references/> tag was found