OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifVladimir Ikskul
Asar nomiNomus va qasos (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Eston adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Vladimir Ikskul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonTohir Malik
Hajm175KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Nomus va qasos (qissa)
Vladimir Ikskul

«
Rahmat, Said! Agar Parvardigor menga hayot in’om etsa,
senga xuddi hozirgiday yaqin boʻlaman.Men uchun yegan kaltaklaringning izi yuragimdan hech qachon oʻchmaydi.
Agar kunim bitguday boʻlsa, shunday oʻlamanki, sen men bilan faxrlanasan.
Said, men sen bilan faxrlanaman. Xudo karomat qilgay.
Men shunday oʻlay-ki, bolalar, bolalarning bolalari
har doim Saidning tugʻishgan ukasi
Gaboning qanday halok boʻlganini eslab yurishsin!»
»

Tarjimondan

Mazkur qissalarning muallifi mashhur yozuvchilardan emas. U haqda adabiyot tarixi oz ma’lumotga ega. Asari ham nima uchundir qayta-qayta nashr etilmagan. Holbuki, muhabbatning ogʻir sinovlari haqida hikoya qiluvchi bu qissa har qanday yosh yigit-qizning qalbini larzaga solishi aniq. Bu asarni men bundan oʻttiz olti yil muqaddam oʻqigan edim. Kitobni harbiyda birga xizmat qilayotgan qofqazlik doʻstlarim sovgʻa qilishgan edi. Asarni tarjima qilish istagi oʻshandayoq tugʻilgandi. Qoralama nushasini tayyorlab ham qoʻygan edim. Ammo turli sabablar bilan ish oxiriga yetmagandi. Kaminaning muhabbat yoshi yillar suronida ortda qolib, xazonrezgi fasliga kelganda bu ikki asarni yana qoʻlga olishga nima sabab boʻldi? Koʻp uchrashuvlarda adabiyot muxlislari sevgi haqida asarlar kamligidan nolib, shu mavzuda ham biron narsa yozishimni iltimos qilishadi. Yoshlarning nolishida jon bor. Chindan ham chin sevgi va sadoqat haqidagi asarlar kam. Hozir yozilayotganlarida sayozlik mavjud. Men esam bu mavzuda yozishni istasam-da, koʻngildagiday asar yaratishga koʻzim yetmaydi. Shu bois yoshligimda oʻzimga qattiq ta’sir qilgan asar tarjimasini nihoyasiga yetkazishga jazm etdim. Zero, sevgi millat tanlamaydi. Sevgi fojiasi ham shunday.

Ikki ogʻiz soʻz muallif haqida: Vladimir Ikskul 1860 yilda baron Yakov Ikskul oilasida tugʻilgan. U damlarda Estoniya yerlari rus podshohligiga qaram edi. Vladimir harbiy bilim yurtida oʻqiydi. Rus armiyasida xizmat qiladi. 1906 yili Amerikaga safar qiladi. Kemada osetin chavandozlari bilan tanishib, doʻstlashadi. Ularning hikoyalarini tinglaydi. Safardan qaytgach, yangi orttirgan doʻstlarining taklifiga koʻra, Qofqazga keladi. Shu yillari uning yozuvchilik faoliyati boshlanadi. Qofqaz xalqlari hayotidan ajoyib asarlar yaratadi. Uning asarlari nemis tilida yozilgan. Asosiy qoʻlyozmalari ham Germaniya kutubxonalarida saqlanadi. Shunga qaramay, u oʻsha davr adabiy muhitida «Qofqaz qoʻshiqchisi» degan nomga sazovor boʻlgan. Asarni biz rus tilidagi kamyob nushasidan tarjima qildik. O’zbek oʻquvchilari tushunishi oson boʻlsin uchun erkin uslubdan foydalandik. Qofqazliklar hayotidan hikoya qiluvchi bir qancha kitoblar oʻqilgani, qofqazlik doʻstlar suhbatlaridan bahramand boʻlinganligi bu ishda qoʻl keldi.

Tohir Malik

Kuz tonggi… Havo musaffo, atrof goʻzal...

Togʻdagi qarindoshlarini yoʻqlab, adirda joylashgan ovuliga qaytayotgan chavandoz shoshilmayotgani uchun otini qamchilamay, oʻz holiga qoʻygan edi. Yigirma uch yoshlardagi boʻydor, keng yelkali qomati kelishgan, xushroʻy bu osetin yigitning koʻzlari koʻk, sochlari esa qop-qora edi. Kiyimi oʻlkasining odatiga xos: uzun papoq, koʻkragi kumushrang oʻqlarga toʻla cherkas kamzuli, belida kumush suvi yuritilgan xanjar, yelkasida esa har bir togʻliqqa xos miltiq osilgan. Tagidagi oti – nasldor, qabardin zotidan – badani oftobda tovlanadi, oyoqlari ingichka.

Kuch va qat’iylikni otasidan meros qilib olgan Gabo – hali yosh, quvnoq, qalbi qaynoq jasoratli yigit. Uning butun borligʻi, harakati mard yigitlardan biri ekanini namoyish qilib turadi. U ona - osetin tilidan tashqari ingush tilini hamda oz-moz rus tilini ham biladi.

U otni oʻz holiga qoʻyib, ajoyib tong bilan zavqlanib borardi. Atrofga boqib toʻymasdi. Gaboning koʻzi uzoqdagi bir chavandozni ilgʻadi-yu, unga yetib olib, hamroh boʻlish niyatida otini niqtab, tezlatdi. Soʻngsiz adirda yoningda hamrohing boʻlsa zerikmaysan, qolaversa yoʻl xavfsiz boʻladi.

Gabo notanish kishiga yetib oldi. Past boʻyli boʻlsa-da, tashqi koʻrinishidan chayir, baquvvat, qarashlari esa ma’nodor oʻttiz yoshlardagi ingushning oti ham oʻziga oʻxshagan kichkina, koʻrimsiz edi.

Gabo ingush tilida musulmonlar odati boʻyicha salom berdi. Notanish odam ayni shu odat boʻyicha ehtirom ila alik oldi.

Buni qarangki, ularning manzillari bir ekan. Gabo notanish chavandozga hamroh boʻlishni taklif etdi. Ular yoʻlda ketaturib qayerdan ekanliklarini, qayerga ketayotganliklarini bir-birlariga aytib berishdi. Tanishish asnosida Gabo hamrohini zimdan kuzatib chiqdi. Ajab, hamrohining boʻrki yap-yangi ekan. Unda esa hatto eskisi ham yoʻq. Shu adolatdanmi?

Gabo olgʻirlik borasida suyagi yoʻq yigitlardan hisoblanardi. U koʻngliga yoqqan buyumlarni chaqqonlik hamda ayyorlik bilan egallab olib, keyin oʻz ishidan oʻzi lazzatlanardi. O’zining bu harakatini hech qachon oʻgʻirlik yoki talonchilik deb baholamagan. Balki masalani insof bilan hal qilgan adolatparvar sifatida oʻzidan oʻzi mamnun boʻlib yuravergan. Bu safar ham bir adolatsizlikka barham berishni diliga tugdi: «Gabo, ingushga boʻrkning nima keragi bor-a? – oʻyladi u. – Boʻrk senga koʻp asqotadi. Senda esa hech qanday boʻrk yoʻq, uniki esa yap-yangi ekan, shu boʻrkni oʻz yelkangga tashlay olmasang, axir, sharmandalik emasmi?!»

Bir oz shu xayolda yurgach, qat’iy qarorga keldi: «Qiziq, boʻrkini zoʻrlab tortib olsamchi? Buning hech qoʻrqadigan yeri yoʻq. Men undan kuchliroqman. Otim ham chopqir».

U xayolan darhol reja tuzdi-yu, amalga oshirishni paysalga solmadi: kutilmaganda qamchinini oʻynatib, otini savaladi.

Qofqazda qamchining uchi enli teridan boʻladi. Bunday qamchi jonivorni savalaganda ogʻriq berishdan koʻra koʻproq shovqin chiqaradi. Togʻlik uyqusiragan otda sekin yurishni yomon koʻradi. Gabo xuddi otni yugurtirishga undagandek harakat qildi. Sekin yuraverib zerikkan jonivor egasining amrini intiq kutayogandek, bir sapchib olgʻa intildi. Shunda Gabo birdaniga jilovni keskin tortdi. Ingushning atrofida bir aylandi. Ikkinchi marta aylanishda hamrohiga juda yaqin keldi. Tizzasi pakanagina otning dumiga tegishi bilan oldinga engashib, hamrohining boʻrkiga yopishdi. Keyin bor kuchi bilan uni oʻziga siltab tortdi.

Boʻrkning boʻyinbogʻi uzildi. Ingush voqeaga tushunolmay, oʻziga kelguncha Gabo ilgarilab ketdi. Uning oti adir boʻylab yelib borardi. Gabo orqasiga qaramaslikka qancha urinmasin, boʻlmadi. Ingush quvib kelyaptimi-yoʻqmi, deb qaradi. Ingush egardan tushib otning qorinbogʻlarini tortdi. «O’x-xoʻ, meni quvmoqchiga oʻxshaydi, ishlar jiddiy!» deb oʻyladi Gabo.

Gabo jonivorga yana qamchi bosdi. U ikkinchi bor orqasiga qaraganda ingush otga mingan edi. Bir ozdan soʻng u ingushning yaqinlashib qolganini koʻrdi. Ingushning koʻrinishi xarobgina oti uning kelishgan otidan tez chopardi. Gabo har gal oʻgirilib qaraganda ular orasida masofa qisqarib boraverdi. Nihoyat, u qochib qutulolmasligini, «ingush bu koʻrimsiz pachoq oti bilan ikki dunyoda quvib yetolmaydi», deb xato oʻylaganini angladi.

Ta’qibdan qocha-qocha keng zovurga duch keldi. Adirdagi bu zovurni yozda mollarni sugʻorish uchun qazishardi. Bu yerda toʻplangan qor, yomgʻir suvi yozi bilan yetardi.

Gabo zovurni aylanib oʻtdi. Otdan tushib, miltigʻiga suyangancha raqibini kutdi.

Ingush suvga yetib kelib, otdan tushdi. Qoʻliga miltigʻini olib, qichqirdi:
- Qani, birinchi boʻlib ot!
- Yoʻq, men sening oldingda gunohkorman, birinchi boʻlib otmayman. Sen ot!
- Sen mening yelkamdan boʻrkni tortib olishga qanday jur’at etgan boʻlsang birinchi boʻlib otishga ham shunday jur’at etishing kerak!
- Men birinchi boʻlib otmayman! – Gabo barcha togʻliklar kabi ehtiyotkor edi. U toʻkilgan qon uchun bir necha avlodlardan keyin ham qonli qasos olishlarini biladi.
- Unday boʻlsa, menga boʻrkimni qaysi jur’at bilan tortib olganingni tushuntirib ber. Kel, yaxshisi, bir narsani hal qilib olaylik: men anchadan beri dovyurak odamni qidirib yurgan edim. Nihoyat, topganga oʻxshayman: yovlashishni qoʻyib, doʻst boʻlaylik.
- Sen chiroyli soʻzlaring bilan avrama! Meni yosh bola deb oʻylayapsanmi?!
- Seni aldayotganim ham, avrayotganim ham yoʻq. Gapimga ishon. Men koʻpdan beri senga oʻxshagan botir yigit bilan doʻstlashmoqchi edim. Men seni jazolash maqsadida yoki boʻrkimni tortib olish uchun emas, doʻstlashish uchun izingdan quvib keldim. Sen menga keraksan.

Ingush samimiy gapirayotgani bilan Gaboning unga ishongisi yoʻq edi. Shunda ingush otning oyogʻini tushovladi. Miltigʻi bilan xanjarini yerga tashladi-da, zovurni aylanib, oʻtib, Gabo tomon yurdi.

Gabo endi uning samimiyatiga ishonib, qurollarini tashladi. Hurmat yuzasidan ingushga peshvoz chiqdi. Yaqin kelgach, uning koʻzlariga tik qaradi: ingushning nigohida makr yoʻq edi.

Ular qiyomatli birodarlar kabi qoʻl berishishdi.
- Ismim Said, ksarzanlik Tespotning oʻgʻliman.
- Mening ismim Gabo, Tagaursklik Yavzixoning oʻgʻliman.

Said Gaboning qoʻlini doʻstona mahkam siqib, unga sinov koʻzi bilan tikildi: bir qarashidayoq yuzida sadoqat nurini ilgʻab, koʻngli joyiga tushdi.

Keyin asta soʻz boshladi. Uning shirali ovozi Gaboni hayratga soldi.
- Alloh Taolo ixtiyor qilgan ekan, biz bir-birimiz bilan topishdik. Taqdirimiz Allohning izmida. Xudoga shukur! Men senday jasur yigitni uzoq qidirgan edim. Seni menga Allohning oʻzi yubordi,- u Gabodan koʻz uzmay, davom etdi:- Sendek qoʻrqmas yigitga xiyonat begona, sodiq doʻst boʻlishingga ishonaman! Biz juda ogʻir zamonda yashayapmiz! Avvalgi davrlar oʻtib ketdi. Endi hatto hamqishlogʻingga ham ishonib boʻlmaydi.

Oraga bir daqiqalik jimlik choʻkdi. Bu sukutni yana Saidning ma’nodor soʻzlari buzdi.
- Men ba’zan tunda safarga chiqaman. Ayrim xatarli ishlarga qoʻl urishdan ham toymayman. Seni topganim yaxshi boʻldi. Bundan buyogʻiga bir-birimizni suyaymiz.
- Men ham ayrim ishlarga qoʻl urib turaman, - dedi Gabo, - men hamisha omad yor boʻlishini sevaman!

«Ha, buni bugun menga namoyish qilding» - deb oʻyladi Said. Ammo bu fikrini tiliga chiqarmadi. Buning oʻrniga yangi topgan doʻstini Ksarzanga taklif qildi. Mehmonga borish Gaboga ortiqcha tuyuldi. U qanchalik jasur boʻlmasin, ayni damda ehtiyotkor ham edi. Gabo uzoq oʻyga tolmadi, xavotirini, ishonqiramayotganini sezdirmadi. Taklif uchun minnatdorchilik bildirdi. «Agar rostdan ham doʻst boʻlishni istayotgan boʻlsang, avval oʻz poyqadaming bilan faqir kulbamni obod qil», deb taklif etdi. Said kamtarinlik yuzasidan koʻnmay turdi. Keyin rozilik bergach, ikkovlon otlarni Tagaursk tomon burishdi. Bir necha soatlik yoʻldan soʻng ovul koʻzga tashlandi. Vijdon azobida qolgan Gabo Saiddan kechirim soʻrab, boʻrkni qaytib olishni iltimos qildi.

Said Gaboning uzrini, ayniqsa, iltimosini eshitishni ham xohlamadi. Ularni doʻst sifatida topishtirgan bugungi kundan yodgorlik sifatida olib qoʻyishini talab qildi. Gabo bu gapga rozi boʻlib, Saidga rahmat aytgach, qalbiga bir maqsadni tugib qoʻydi: u Saidning sodiq doʻst tanlab yanglishmaganini, haqiqiy bahodir bilan birodarlashganini yaqin kelajakda albatta isbot qilib beradi!

Togʻlik odam sezgir boʻladi. U yaxshilikni ham, yomonlikni ham hech qachon unutmaydi. Togʻlik yo doʻst yoki dushman boʻlishi mumkin, uning uchun uchinchi yoʻl yoʻq.

Tagaursk – bepoyon adirga joylashgan ovul. Keng koʻchaning har ikki tomoniga osetinlarning turar joylari – uylari, bogʻlari, otxonalari, omborlari joylashgan. Gabo bilan Said koʻchani kesib oʻtib, bir hovliga burilishdi. Ularni itlarning xurishi qarshi oldi. Gaboning oʻn olti yoshlar chamasidagi ukasi Muhammad oyoqyalang va yalangbosh holida ularga peshvoz chiqib, salomlashgach, otlarni otxonaga yetakladi. Boʻydor, keng yelkali Muhammad koʻp jihatdan akasiga oʻxshar edi. Uning timqora sochi, katta koʻk koʻzlari, mushaklari oʻynab turgan bilaklari, keng ochiq peshonasi, qarashlaridagi magʻrurlik Gaboni eslatadi.

Gaboning otasi Yavziko uydan chiqib, mehmonga ta’zim qilganicha soʻrashgach, uni iltifot ila mehmonxonaga boshladi.

Devorlari gilam bilan bezalgan xonada mehmonlar uchun yumshoq soʻri hamda kursi qoʻyilgan edi. Ular ichkari kirishgach, oʻrtaga qoʻyilgan oddiy xontaxta bilan kichkina kursichalar tomon yurishdi. Mezbon mehmonni oʻtirishga taklif etdi. Ayrim osetinlar ingushlarni unchalik xush koʻrishmasdi. Shuning uchun Gaboning kutilmagan mehmonni boshlab kelishi Yavzikoni hayratda qoldirdi. Lekin «Gabo nima qilayotganini oʻzi biladi», deb oʻylagan qariya ajablanganini sezdirmadi. Aksincha, qofqazliklarga xos tavozelik va mehmonnavozlik bilan mehmonning koʻnglini olishga harakat qildi. Suhbat asnosida Saidni zimdan kuzatib, oʻgʻlining odam tanlay bilishiga yana bir bor tan berdi.

Said ruschasiga yozishni ham oʻqishni ham bilmaydi. Ingushlar yashaydigan ovullarning birontasida ham yangicha maktab yoʻq. Yoshlar mullaning izmida. Islom ilmi va talablari ta’sirida tarbiya topadilar. Qolaversa, qariyalarning doimiy tarzda eslatadigan hikmatlari, turli mavzulardagi ibratli hikoyalari yoshlarga katta ta’sir koʻrsatadi. Kechalari adirdagi gulxan atrofida, toʻylarda, bayramlarda qariyalar qahramon oʻgʻlonlarning qoʻrqmasliklari, sodiqliklari, chaqqonliklari haqida hikoya qilib, yoshlar qalbida olov yoqishadi. Har bir yosh yigit bu hikoyalarni eshitgach, afsonaviy qahramon kabi boʻlishga ahd qiladi. Ingushlar barcha togʻliklar kabi nomusni nihoyatda qadrlashadi. Hayot va ne’mat – Allohning qudrati, Allohning inoyati, Allohning marhamati. Ammo nomus har ikkovidan ham kuchli. Doʻstga sodiq boʻlish – nomusni bulgʻamaslikdir. Bu kishiga sharaf keltiradi. O’ljani qoʻlga kiritishdagi oʻziga hos ayyorlik va chaqqonlik kishilarni hayratga solishi mumkin. Biroq doʻst haqiga xiyonat qilish gunohdir. Doʻstni aldash, hatto kichkinagina yolgʻon ishlatish ham gunohdir.

Yoshlar bu talablarni yaxshi biladilar. Ular ajdodlari kabi qahramon boʻlish orzusida yuradilar. Bu orzu har bir togʻlikning qoniga singib ketgan. Ba’zan tushunmagan yosh ingushlar yoʻltoʻsarlik, talon-tarojni qahramonlikka yoʻyadilar. Lekin buning ham oʻziga yarasha «qonun-qoidasi» bor. Ayyorlik yoki aldamchilik qarindoshlar, hamqishloqlar, doʻstlar va mehmonlardan tashqari barcha uchun qoʻllanilishi mumkin. Doʻstini sotgan odam oʻziga, butun urugʻiga, qolaversa ovulga sharmandalik va isnod orttiradi. Bunday pastkashlikka qoʻl urgan odamga nafrat bilan qarashadi. Bu ishning oxiri baxayr boʻlmagani uchun ham sotqinlik deyarli uchramaydi.

Hali-hali dargavsklik Misostning nomini nafrat bilan tilga olishadi. Rusiya hukumatidan mukofot olish ilinjidagi bu xoin gulxan oldida uxlab yotgan qochoq doʻstini oʻldirgach, tavqi la’natga uchragan edi. Aka-ukalari esa uning kasriga qolishib, qonli qasoskorlarning oʻqiga uchrashdi. O’gʻli esa tuzalmas dard balosidan oʻldi. Uni huddi yakkamoxov kabi bir oʻzi olib borib koʻmdi. Koʻchada hech kim u bilan salomlashmaydi. Sharmandalik libosiga oʻralgan, kishilar nafratiga uchragan Misost hali ham hayot. Xudodan oʻziga tinmay oʻlim tilaydi-yu, oʻlolmaydi. Kim biladi, balki yer xoinning oʻlik jasadini oʻz bagʻriga olishdan hazar qilar...

Said mana shunday hikoyalar ta’sirida ulgʻaydi. Mana shu an’anaviy tushunchalar bilan dunyoqarashi va fe’l-atvori shakllandi. Xalq ehtiromidagi qahramonlarga ergashish esa - uning birdan bir maqsadi. Shuning barobarinda Said qalbida Vataniga boʻlgan qaynoq muhabbati ham bor. Qaynoq qalbli togʻ oʻgʻloni oʻz xizmatlari bilan, zarur boʻlsa oʻz joni bilan xalqiga foyda keltirishni istardi. U hayoti yoʻlida yaxshi maktab boʻla oladigan har bir odatni tan olardi. U nemis-kolonistlari kabi ovullarida qishloq xoʻjalik bilan shugʻullanishni tashkil qilishni xohlardi. U Vatanidagi har bir erning sodiq, xalol, qoʻrqmas boʻlishi uchun hech bir ikkilanmay yurak qonini berishga tayyor. Uning qalbida bir ishonch nish urgan: qachonlardir butun bir xalq uchun foyda keltira oladigan ish qilish imkoni tugʻiladi. Hozir oʻsha kunning albatta kelishiga ishonch bilan yashaydi.

Said uylanmagan. Uning yuragini biror goʻzal zabt eta olganicha yoʻq. U oʻyinqaroq yigitlar toifasidan emas, uylanishga shoshilmaydi. U magʻrur togʻ yigitlari odatiga amal qilib, oila qurishdan oldin botir kishi bilan aka-uka tutinishni istardi. Nihoyat, bugun umidi ushaldi: u shunday odamni topdi. Gabo unga yoqib qoldi. Gaboning mehribon, ochiq yuzi, uning beozor kulimsirashi, botirligi, chaqqonligi qolaversa, ovulga yaqinlashishgandagi vijdon amriga boʻyin tutib aytgan soʻzlari – hammasi unga yoqdi.

Said – ingush, Gabo – osetin, shunga qaramasdan ular aka-uka tutinishadi. Uning fikricha, Gabo ham bunga qarshilik bildirmaydi. Said bu haqda hozircha indamay, Gabo bilan uning qarindoshlarini Ksarzanga taklif etishga, odatlariga binoan, maqsadini hurmatli oqsoqollar orqali bildirishga ahd qildi. Yavziko bilan gaplashib oʻtirgan Said boʻlajak ishlarini shu tarzda xayolan belgilab oldi.

Gabo kirib, xontaxta ustiga ikki kishilik taom qoʻydi. Gabo mehmon huzurida, otasining yonida oʻtirib ovqat yeya olmaydi. U etik va cherkascha kamzul kiyib olgan ukasi Muhammad bilan xizmatda boʻladi. Yavziko bilan Said kursichalarga oʻtirishdi. Xonaga Gaboning tengdoshlari, qoʻshnilarning oʻgʻillari ham kirishdi. Boshlarida papoq. Hammasi bekami-koʻst qurollangan. Ular devor tomonga tizilishdi. Shu zaylda Yavzikoning mehmonini qutlashdi.

Gabo otasiga ozgina sharob quyib, taqsimchaga qoʻy sonini qoʻydi. Yavziko turdi. Said ham hurmat yuzasidan oʻrnidan turdi. Mezbon urf-odatga koʻra chap qoʻlida qoʻyning soni, oʻng qoʻlida ichimlik toʻldirilgan shoxni ushlab duo oʻqiy boshladi:
- Yo dunyoni yaratgan qudratli Xudo!
- Omin! – deb qoʻshilishdi yoshlar.
- Sen hamma narsani yaratganing uchun ham bu kech senga sigʻinaman oʻzinggagina iltijo qilaman!
- Omin!
- Ohu-faryodimizni eshitganing, munojotlarimni qabul etganing uchun oʻzinggagina shukurlar qilaman.
- Omin!
- Biz oʻzingga shukur qilib, ekinzorlarimizning hosildorligi uchun, xonadonlarimizga bergan qut va barakang uchun, badanimizning sogʻligʻi uchun, mamlakatning osoyishtaligi uchun qon chiqarib, O’zingning yoʻlingda qurbonlik qilamiz.
- Omin!
- Yo qudratli Xudo! Mening nolamga quloq tut: qabilamiz orasida badbashara, mayparast, nomussizlarni yaratma! Bolalarimiz qabilamiz shon-shuhrati yoʻlida unib-oʻsishsin.
- Omin!
- Qudratli Xudo, endi biz aziz-avliyolarga sigʻinamiz. Momaqaldiroq va yomgʻir hokimi Ilya, Xudo oldida bizni himoya qil: Yaratgan qudratli Xudo ekinzorlarimizdagi hosilni seldan, yomon ob-havodan suvsizlikdan asrasin. Moʻl hosil yigʻishtirib olsak, hech qachon uning nomini dildan qoʻymaymiz.
- Omin!
- O’zga yurtlilardan, yoʻlovchilardan non-tuzimizni ayamaymiz.
- Omin!
- Yoʻlovchi faqat uyimizga tinchlik bilan kirib kelib, Xudoning panohida eson-omon manziliga yetib olsin.
- Avliyo Georgiy, jangchilar va yoʻlovchilar homiysi! Sendan soʻraymiz-ki...
- Omin!
- Bu uydan kimda kim safarga otlansa, yoinki Xudo yoʻlida savobli ishga qoʻl ursa unga xomiylik qil. Ishiga koʻmak ber. Uning hayotiga tahdid qiluvchi balo-qazolardan asra.
- Omin!
- Uning nomussizlik yoʻliga kirib, gunohga botishiga yoʻl qoʻyma.
- Omin!
- Ey Xudo farzandi – Iysoi Masix! Biz senga ishonamiz. Sen bizni u dunyoda soʻroqqa tutasan. Biz sendan soʻraymiz: bizning gunohlarimiz va kamchiliklarimiz baxridan oʻt. Chunki biz omi odamlarmiz. Qudratli Xudo esa taqdirimiz egasidir.
- Omin!
- Yo aziz-avliyolar, Xudo oldida bizga xomiy boʻlinglar.
- Omin!
- Osmonu falakdagi Xudo, men O’zingga ma’qul tarzda, a’lo darajada sigʻinishni bilmayman. Ammo yurakdan chiqayotgan soʻzlarimni inobatga ol.
- Omin!..

Yavziko duo oʻqib boʻlgach, Saidga qoʻyning sonini uzatdi. Urf-odatga amal qilgan Said goʻshtdan bir chimdim tishlab, qolganini oʻziga qaytardi.

Ovqatlanib boʻlishgach, Yavzikoning oʻgʻillari qolgan taomlarni yigʻishtirib olishdi. Mehmonga tamaki berib, oʻzlari ovqatlanish uchun oshxonaga chiqib ketishdi. Koʻp oʻtmay Gabo qaytib keldi-da, Saidni qoʻshni hovliga taklif qildi. U yerda yoshlar toʻplanib, oʻyin-kulguni boshlayotgan edilar.
- Yana qizlarimizga oshiq boʻlib qolma, - deb hazillashdi Gabo yoʻlda ketaturib, - Tagaursk qizlarining goʻzalligi haqida afsona yetti iqlimga ham ma’lum.

Said kulib qoʻydi.
- Ksarzan qizlari ham chakki emas. Bir qarashi yurakni xanjardek tilib yuboradi.

Qoʻshni hovli yoshlar bilan gavjum edi.

Quyosh koʻk hukmronligini Oyga topshirdi. Jimirlab yulduzlar koʻrindi. Oy nurlari daraxt shoxlari orasidan oʻtib, qomati kelishgan yoshlarni tomosha qilganday. Boshlariga papoq, egnilariga yarashiqli cherkascha kamzul kiygan yigitlar bir yerga toʻplanib, chapak chalib kuyga joʻr boʻlishadi. Oy oʻzining nurli qoʻllari bilan qora koʻz, rangdor koʻylakli, sochlari uzun qizlarning goʻzal yuzlarini silaydi. Kech havosi oʻzgacha – yoqimli! Qorachadan kelgan yoshlarning biri gʻijjakda, biri esa garmonda zavq bilan kuy chaladi. Ohang takrorlanaveradi. Qorongʻulik bagʻridagi ovulga bu kecha oʻzgacha fayz kirgandek. Hatto qariyalar ham eshik oldida oʻtirib, taralayotgan musiqa, yoshlarning quvnoq ovozlariga quloq tutadilar. Xayol ularni oʻtmishga yetaklaydi. Goʻzal qiz atrofida aylanib, raqsga tushayotgan kuch-quvvatga toʻlgan yigit koʻz oldilariga keladi. Bu sergʻayrat yigit xayol surayotgan oʻsha qariyaning yoshligi. Yoshlar shodiyonasi uni xayolan oʻtmishga yetakladi…

Said hovliga kirishi bilanoq ovul oqsoqoli Elbisdning oʻgʻli Murod bilan raqsga tushayotgan goʻzal Kuarani koʻrdi-yu, hushi uchib, lol qoldi.

Osetinlarning raqsga tushishlarini hech koʻrganmisiz? Shoʻx kuy yangrayapti… Qiz bilan yigit oʻrtada, qolganlar qarsak chalib, kuyga joʻr boʻlishyapti. Qiz xuddi havoda uchib yurgan paridek yengil, noz-karashma ila harakat qiladi. Yigit esa oyoq uchida uning atrofida aylanadi. Uning harakati keskin va joʻshqin, huddi suvi toshdan toshga urilib oqayotgan jilovsiz togʻ daryosiga oʻxshaydi.

Gabo oʻrtadagi qiz bilan yigitga norozi qiyofada qarab, qoshlarini chimirgan holda turib qoldi. O’ng qoʻli hanjar sopini ushlagan. Said esa Gaboning yonida, bu hovliga kirganidan beri Kuaradan koʻz uzmaydi. Uning qalbida qandaydir portlash yuz berganday. «Ana u, ana u sen izlagan goʻzal!» deydi vujudiga yashiringan ovoz. Bu onda Saidning koʻziga olam yanada sirli, yanada chiroyli boʻlib koʻrinib ketdi. Oy ham yorqinroq nur sochayotganday. Beorom yuragi esa tez-tez tepadi. Said yon-atrofdagilarga e’tibor bermay qoʻydi. Uning xayolini faqat raqsga tushayotgan qora soch goʻzal oʻgʻirlagan edi. Qizning har bir harakati uni mahliyo etadi.

«Menga nima boʻldi? – deydi oʻziga oʻzi. - Bir koʻrishdayoq sevib qoldimmi?!»
- Raqsga tushayotgan qizning ismi nima? – sekingina soʻradi u Gabodan.
- Kuara,-dedi Gabo alohida bir mehr bilan.
- Kimning qizi?
- Shu uyning xoʻjayini Tsellagoning qizi.

Muhammad hovlini kesib oʻtib, qarsak chalayotgan yoshlar davrasiga qoʻshildi. Uning yuzlari quvonchni yashira olmaydi. Xonadon xoʻjayinining oʻgʻillari Gassako bilan Botirbek Gabolarning oldiga kelishdi. Said goʻyo shirin tush koʻrayotgan edi-yu, mezbonlarning kelishi uni choʻchitib, uygʻotib yuborganday boʻldi. Gabo tanishtirdi:
- Bu bizning mehmonimiz - Said, Ksarzanlik Tespotning oʻgʻli.

Yigitlar Said bilan Gaboni sharaflashgach, iltifot ila uyga taklif qilishdi. Yavzikoning mehmonini uy sohibi hurmat bilan qarshi oldi. Mehmon sha’niga aytilgan sharaf soʻzlaridan keyin ularni noz-ne’matlardan tatib koʻrishga taklif qildi. Said Muhammad alayhissalom ummatidan boʻlgani uchun ham unga vino ichish man etilgan edi. Shu bois bir tishlam shirin non olib, bir qultumgina sharbat ichish bilan kifoyalandi. U mehmondorchilikni tezroq yakunlanishini istayotgandi. Goʻyo butun vujudi hovlida qolgan-u, bu yerda uning suratigina turganday edi.

O’yin-kulgu esa davom etardi. Bir kuy yakuniga yetgach, oʻrtadagi yigit-qizlar chetga chiqib, davraga boshqalari tushadilar. Said bilan Gabo hovliga qaytishganda navbatdagi raqs tugagan edi. O’yin-kulguni boshqarib turgan Gassako Saidga yaqinlashdi-da, mehmonni singlisi bilan birga raqsga tushishga taklif etdi. Keyin «Mehmon bilan raqsga tush» deganday Kuaraga bosh irgʻab qoʻydi. Kuy yangradi. Kuara uyalinqiraganicha qizlar davrasidan ajralib chiqdi-da, davra boʻylab oyoq uchida yengil, qushday suzib aylana boshladi. Chiroyi har qanday goʻzal malikani lol qoldiruvchi bu qizning raqsi ham oʻzgacha edi: harakatlari magʻrur, shu bilan birga nozli. Qizning ayrim dugonalari u bilan faxrlanadilar. Ayrimlari esa hasaddan kuyadilar. Yigitlar esa mahliyo…

Said esa koʻzlari xumor bu goʻzal atrofida raqsga tushyapti. U raqsga tushib hech qachon mana shunday lazzat olmagan. U qiz atrofida chaqqon aylanadi. Kuara esa uning qalbidan otilib chiqayotgan sassiz nolalariga parvo qilmaydi. Parivash qiz magʻrur «suzishda» davom etadi. Yigit bundan achchiqlangandek yer tepib, teskari qaraydi. Keyin goʻyo dil rozini aytayotganday qoʻllarini qiz tomon uzatadi.

U bir vaqtlar doʻstlaridan eshitgan ajabtovur ahvolga tushdi. Qalbini qandaydir olov kuydira boshladi. Said qizning bir nozli qarashiga shu tobda jonini berishga ham shay edi. Buning uchun u har qanday buyuk ishga ham, har qanday qurbonlikka ham tayyor. Uning xayolini faqat bir soʻz qamrab olgan: «Sevaman! Sevaman!» U xuddi tush koʻrayotganday qiz atrofida aylanaverdi. Hushini tamom yoʻqotay deganda Kuara uning ahvolini bilganday birdan toʻxtab, egilib ta’zim qilgach, bir necha qadam orqaga tisarildi. Bu raqs tugaganiga ishora edi. Said bundan oʻzini yoʻqotib qoʻymadi. Tovonlarini urishtirib, oʻng qoʻlini papogʻiga qoʻydi-da, qizga minnatdorligini bildirdi. Keyin Kuara qizlar davrasiga qoʻshilguncha olijanoblik yuzasidan kutib turdi. Soʻngra yoshlarga qaradi-da, kuyga joʻr boʻlishgani uchun, papogʻini olib, ta’zim qildi.

Bu kecha koʻp qiz va yigit oʻrtaga tushdi. Ammo Said oʻyinga boshqa qoʻshilmadi. U turgan yerida qizlar davrasidagi rangdor koʻylakli qizga tikilgani-tikilgan. Qanday jozibali! Boshini magʻrur tutishini-chi! O’rtoqlari bilan gaplashganda muncha chiroyli kulmasa! Qaldirgʻoch qosh ostidagi bu koʻzlarda qanday sehr bor!

Yavzikoning uyiga qaytishgach, Gabo uni yotoqqa kuzatib, yechinishiga yordam berdi. Keyin xayrli tun tilab chiqib ketdi. Saidning uyqusi kelmadi. Uning koʻz oldidan qad-qomati kelishgan goʻzal Kuara ketmay qoldi. U qoʻliga baxt qushi qoʻnganiga, bu qushga ega boʻlganiga amin edi. «U meniki!» deb oʻylaydi u. U oʻzining Tespot oʻgʻli ekaniga qanday ishonsa, bunga ham shunday ishonadi. Qiz sevgisiga sazovor boʻlishiga nega ishonmasin? Gabo unga tutingan uka boʻlgach, payt topib Kuara bilan xoli uchrashtiradi. Agar qizning qarindoshlari, akalari baxtiga toʻgʻanoq boʻlishsa, qizni olib qochadi, tamom vassalom!

Saidning xayoli ana shu oʻy-rejalar bilan band. Ertalabga yaqin uning koʻziga uyqu ilindi. Shunda ham tushida qorasoch, rangdor koʻylakli magʻrur goʻzal unga tinchlik bermadi.

Erta bilan Said Ksarzanga joʻnadi. Otga minish oldidan Yavziko bilan Gaboni doʻstlari va qarindoshlari hamrohligida uyiga taklif etib, bu azizlarning qutlugʻ qadamlari tufayli gʻarib kulbasi obod boʻlajagini alohida ta’kidladi.

Yavziko bilan Gabo bu taklifni minnatdorlik bilan qabul qildilar.

Gabo mehmonni kuzatish maqsadida otiga mindi. Said yoʻl-yoʻlakay taklifini qaytarib, lutflarini darigʻ tutmay, albatta borishlarini tayinladi, intiqlik bilan kutajagini uqdirdi. Gabo borishga va’da berib, yarim soatlik yoʻldan soʻng doʻsti bilan xayrlashdi.

Uch kundan soʻng Yavziko bilan Gabo eng yaqin doʻstlari, qarindoshlari hamrohligida Ksarzanga yoʻl oldilar. Said ularni eshik oldida mamnulik ila kutib oldi. Otlarni qoʻshnining ikki oʻgʻliga berib, mehmonlarni uyga boshladi. Mehmonlar sharafiga berilguvchi ziyofatga Said ovulning hurmatli kishilarini ham taklif etgan edi. Uy xoʻjayini Muhammad alayhissalom ummatidan boʻlgani uchun xontaxtada vino ham, choʻchqa goʻshti ham koʻrinmasdi. Mehmonlar uyda tayyorlangan qoʻlbola sharbat ichishdi. Osetinlar mehmon martabasida keksa ingushlar yonidan joy olishgan. Yoshlar esa xizmatda.

Said uy sohibi sifatida duo oʻqib, Alloh taoloning qudrati va mehribonligi haqida va’z aytdi. Mehmonlar va’z sharofatiga oʻrinlaridan turib, qadahlarini boʻshatishdi. Soʻng bir qari ingush Yavziko va uning oʻgʻli uchun qadah koʻtardi. Yavziko bu lutfga javoban oʻrnidan turib, uy xoʻjayini va oila a’zolari sharafiga qadah koʻtardi. Shundan soʻng qora cherkascha kamzul kiygan, oppoq soqolli, ozgʻingina qariya oʻrnidan turdi. Bu Saidning qarindoshlari ichida eng keksasi - Ahmad. U tagaursklik mehmonlar sogʻligʻi uchun, Yavzikoning qarindoshlaridan biri esa shu yerda oʻtirgan ksarzanliklar sogʻligʻi uchun qadah koʻtardi.

Qadah shu tarzda ketma-ket boʻshayverdi. Har safar hamma turib, tantanavor soʻzlarni eshitib, qadah boʻshatishadi. Gabo yosh boʻlgani uchun soʻz aytmadi.

Nihoyat, yana Xatshashning oʻgʻli Ahmad oʻrnidan turdi.
- Insonga quvonch beruvchi har bir narsa Allohning marhamatidir. Xudoga ming qatla shukurkim, Odam Ato farzandlariga yashash va dehqonchilik uchun yer, erka sevimli farzandlariga esa Qofqazni berdi. Togʻlar bagʻriga qimmatbaho toshlar bilan oltinni yashirib yotibdi, oʻrmonlarimiz qushlarga, kiyiklarga qoʻtosu qoplonlarga boy, suvlarimiz baliqlarga toʻla, adirlarimiz yaxshi ishlov bergan odamdan hosilini ayamaydi. Togʻlarimiz qancha boylikka ega boʻlmasin, bir xazina qadrli va bebahodir. Bu xazinani ota-bobolarimiz - joylari jannatda boʻlsin - bizga qalbda avaylab-asrash va bolalarimizning qon-qoniga singdirishni meros qilib qoldirishgan. Otalarimizdan qolgan yaxshi an’ana bor: odamlar qasam ichib aka-uka tutinishadi. Mana shu togʻlar qad koʻtargandan buyon nomus va sodiqlikni qadrlagan odamlar Alloh taolo marhamati bilan aka-uka tutinib, boshiga kulfat tushsa yoinki biror nimadan zoriqsa bir-biriga yordam beradilar. Ular qasam qadahi ichishgan. Har bir inson oʻzidan koʻra koʻproq ishonsa boʻladigan aka yoki uka qidirgan. Agar ana shunday odam topishsa avvalambor maslahat va kafolatnoma soʻrab, oila kattalariga murojaat qilishgan. Bugun kechqurun ham shunday boʻldi. Tespotning oʻgʻli Said mendan Gabo Yavziko oʻgʻlining u bilan birga qasam qadahini ichishga roziligini soʻrashni iltimos qildi. Gaboning chaqqonligi va botirligi Saidga yoqib qolibdi. U Gaboning qalbida qancha mardlik va shijoat boʻlsa, shuncha nomus va sodiqlik borligiga amin. Orqavarotdan eshitgan gaplarimizga qaraganda, Said Gaboni tanlab toʻgʻri ish qilgan. Gabo, Saidga tutingan uka boʻlishingni soʻraymiz.

Hammaning nigohi Gaboga qaratildi. Gabo bu taklifni kutmagan edi. Shuning uchun noqulay ahvolda qoldi. Uni bu ahvoldan otasi qutqardi. Yavziko turib, oʻgʻlining uyalinqiragani uchun oʻtirganlardan uzr soʻrab, Saidday bir odamning farzandiga tutingan aka boʻlishi bilan gʻururlanishini bildirdi. U oʻgʻlining bu taklifni jon-jon deb qabul qilishini istardi. Ammo qasam – muhim, ahamiyatli ish. U ikki odamni butun umrga birlashtiradi. Shu sababli oʻylab bir xulosaga kelishi uchun oʻgʻliga to ertalabgacha muxlat berishlarini soʻradi.

Ziyofat shu zaylda tugadi. Ovul asta oqshom ogʻushida qoldi.

Chiroqlar yoqildi. Yoshlar raqsni boshlab yuborishdi... Ikki yosh kuy chalyapti. Said oʻzini oʻyin-kulgudan tortgan. Uy xoʻjayini ekanini bahona qilib hech bir qiz bilan raqsga tushishni istamaydi. Lekin Gabo tortinmay oʻrtaga tushdi. Holbuki, uning xayoli ham Tagaurskda. U hali ham bir narsani oʻylaydi: Saidga tutingan uka boʻlsamikin? Saidning botir yigitlarga xos oʻzini tuta bilishi unga yoqib qolgan. Ammo qasam ichish - bu katta gap! Shundayku-ya, biroq agar tutingan aka qidirgan taqdirda Saiddan yaxshiroq odamni topa olarmikin? Ha, ha, u qasam ichishga rozi boʻladi!

Ertasiga peshinda Ahmad qarindoshlarini boshlab keldi. Yana kechagi oʻrinlarga oʻtirishdi. Said fotiha oʻqidi. Keyin Ahmad turib, Gabodan Said bilan aka-uka tutinishga roziligini soʻradi.


Hamma Gaboning javobini kutardi. U turdi:
- Avvalo muhtaram otaxonlar, bizni deb shu yerga kelganinglar uchun rahmat. Saidga ham rahmat. Saidning meni ukalikka soʻraganidan faxrlanaman. Men u bilan qasam qadahini boʻlishib ichishga tayyorman. Saidning tutingan ukasi bilan faxrlanadigan darajada yashashimga, qasamga sodiq boʻlishimga Xudoning oʻzi yordam bergay. Nomusni jonimdan yuqori qoʻyishimda, to soʻnggi nafasimgacha ukalik burchimga sodiq qolishimda Yaratganning O’zi kuch va iroda berib, marhamatini ayamagay!
- Omin! - hamma bir ovozda uni qoʻlladi. – Qasamingga sodiq boʻlib qolishingga Allohning O’zi koʻmak bergay!

Endi Said Tespot oʻgʻli oʻrnidan turdi.
- Gabo, menga uka boʻlishga rozilik berganing uchun minnatdorman. Bugun ichajak qasamimga sodiq boʻlishimga Allohning oʻzi najot bergay. Bizning taqdirimiz endi birlashdi: sening gʻaming mening qaygʻum, sening quvonching- mening shodligim, mening uyim-sening uying, mening aka-ukalarim – sening ogʻa-inilaring!
- Omin! – hamma bir ovozdan duo qilib, uning qasam soʻzlarini quvvatladi. – Allohning O’zi qasamingga sodiq boʻlib qolishingga koʻmak bergay!

Ahmad Xatshash oʻgʻli turib togʻ sharbati toʻldirilgan qadahni Saidga uzatdi. Said qadahga oltin tanga tashladi. Soʻng Ahmad duo oʻqigach, ikki odamning to oʻla-oʻlguncha bir-biriga sodiq boʻlishlariga najot berishini Allohdan soʻrab, qadahni Gaboga uzatdi. Gabo qisqagina duo oʻqib, u ham umrining oxirigacha qasamga sodiq qolishida Xudodan najot soʻradi. Duodan soʻng ichimlikdan bir qultum yutib, Saidga uzatdi. Said oʻng qoʻlida qadahni ushlab, to qabrga kirgunicha Yavzikoning oʻgʻliga sodiq boʻlishida Yaratgandan najot tiladi.
- Agar mendan zaiflik ustunlik qilib sotqinlik haqida hatto oʻylaguday boʻlsam, menga quvvat ber, bugun dargohingda qabul qilayotgan qasamni buzmaslikka najot ber!

Said qadahdan bir xoʻplab yana Gaboga berdi. Gabo oxirigacha ichgach, oltin tangani olib, yashirib qoʻydi. U bu tangaga qoʻy sotib olib, keyingi safar Said qarindoshlari bilan uyiga borganida soʻyishi kerak edi.

Said bilan Gabo shu zaylda tutingan aka-uka boʻlishdi.

Kechqurun Said Gaboni adirda sayr qilishga taklif etdi. U qari nok daraxti oldiga borib, uning poyida aziz-avliyolarga sigʻinib, Kuarani xotinlikka soʻramoqchi edi. U qalbida Kuara yoqib qoʻygan sevgi olovida qovurilayotganini Gaboga aytib bermoqchi edi. Gabo qanday qilib boʻlsa ham uni Kuara bilan yaqinlashtirishi kerak.

Ular keng ovul koʻchasidan jimgina oʻtib borishdi. Atrof kimsasiz boʻlsa ham, Said bu yerda yurak rozini aytishdan iymandi. Adirga chiqqach aytarman, deb oʻyladi. Ovuldan chiqishayotganda Gabo soʻz boshladi:
- Said, sen endi mening tutingan akamsan. Sendan yashiradigan sirim yoʻq. Hech kimga ishonmagan soʻzlarimni birinchi boʻlib senga aytaman. Said, men uyimning bekasi boʻla oladigan qizni topdim.

«Men ham», deb oʻyladi Said. Uning koʻz oldiga rangdor koʻylakli magʻrur goʻzal keldi. Uning sevgi sharobidan mast boʻlgan qalbi qizga intildi.
- Men uni koʻpdan beri sevaman, - deb davom qildi Gabo, - shu qizni deb ba’zan kechalari oʻljaning payiga tushaman. Men uning malikalardan a’loroq yashashi uchun sharoit yaratib berishim kerak.

«Kuara ham menikida ana shunday shohona sharoitda yashaydi», oʻyladi Said.
- Men xazina toʻplab, koʻmib qoʻyganman.
- Qayerda? – dedi Said. U nimani soʻraganini oʻzi ham bilmasdi. Xayolini qorasoch goʻzal oʻgʻirlagan edi.
- Bilib qoʻyganing yaxshi. Xumcha oltin - kumush, qimmatbaho toshlarga toʻla. Agar men ularni qazib olishga ulgurmay oʻlsam, sen uni topib, ota-onam, xotinimga gʻamxoʻrlik qilasan.

Gabo xazina berkitilgan joy qayerdaligini bildirdi.
- Sen aytganingday qilaman, - dedi Said, keyin qoʻshib qoʻydi, - Alloh senga tani-sogʻliq berib, umringni uzoq qilgay.

Ular ovul ahli muqaddas hisoblovchi daraxtga yetib kelishdi. Yuz yoshli bu bahaybat daraxtning shoxlari tarvaqaylab oʻsib ketgan edi. Rivoyatlarga koʻra, uning shoxlari orasida aziz-avliyolar ruhi yasharmish. Ular hatto bedavo kasalning urugʻini quritishga ham qodir ekanlar. Daraxtga duosiz yaqinlashgan odamning holiga voy. Daraxt surxini kesib olib ketmoqchi boʻlgan odamning qolgan umri gʻam-anduhda oʻtadi. Kimda-kim paygʻambar alayhissalom nomini duoga qoʻshib oʻqigach, daraxt soyasida oʻtirib nokdan yesa, unga hech qanday balo kor qila olmaydigan boʻladi. Daraxtga yuzlab jonivorlarning shoxlari ilib tashlangan. Bu ovchilarning ishi. Ular ertalab omad tilab, aziz-avliyolarga yolvoradilar, kechqurun esa ovning barorini bergani uchun shukronalik belgisi sifatida shoxlarni ilib ketadilar. Kasaldan yoki biror tashvishdan qutilgan odam esa Yaratganning oʻziga shukr qilib, latta-luttalar bogʻlab ketadi.

Shu yerda toʻrtburchak derazasi janubga qaragan, toshdan ishlangan moʻ‘jaz maqbara ham bor. Avvallari mayitlarni shu yerga koʻmishardi.

Gabo maqbaraga yaqin kelib, ichiga qaradi.
- Qoʻrqinchli joy, - shivirladi Said.

Bu yerga juda koʻp murdalar qoʻyilgan. Devor tomonlarda tobutlarning ayrimlari chirib, nuragan: odam suyaklari koʻrinib turibdi.

«Qochoqning berkinishiga mos joy ekan» shivirladi oʻziga oʻzi Gabo.

Said ilohiy daraxt yoniga yaqinlashdi. Boʻrkini yerga yozib, tiz choʻkdi-da, peshonasini tez-tez sajdaga qoʻyib, «Meni Kuaraga yetishtir», deb Allohga yolbordi.
- Goʻzalimga yetishtir, tutingan ukam menga yordam bersin. Allohim, meni O’zing himoya qil!

Said turdi. U najotga ishonar edi. Bu onda u xotirjam va baxtli edi. Hatto xayolan uyda xoʻjalik ishlarini boshqarayotgan Kuarani koʻrdi.

Said iltijosini nihoyasiga yetkazdi-da, kutib turgan doʻsti yoniga keldi. U ayni damda oʻzini nihoyatda saodatli his etdi, nazarida quyosh ham odatdagidan boshqacharoq edi. U Gabo bilan qasam qadahini ichdi. Endi uning botir, nomusni hamma narsadan yuqori qoʻyuvchi tutingan ukasi bor. U qoʻshnisi Kuara bilan uchrashtiradi.

«Baxtimga yetishishimga nima qarshilik qiladi?», xayolan soʻraydi u oʻzidan.
- Said sendan iltimosim bor edi, - uning xayolini Gabo boʻldi, - ikki-uch kundan soʻng vaqt topib biznikiga bor. Tutingan akam sifatida otam bilan birga qoʻshnimiz Tsellagonikiga chiqib, Kuara bilan meni fotiha qilasizlar.

Said lol qoldi. Kimdir uning boshiga gurzi bilan urganday garang boʻldi. Koʻz oldi qorongʻulashdi. Dastlab u Gaboning soʻzlarini fahmlay olmadi. Zoʻr qiyinchiliklar bilan oʻzini ushlab, bosiqlik bilan soʻradi.
- Kuara rozi boʻlarmikin?
- Ha! – Gabo baxtiyor jilmayib, Saidga uzukni koʻrsatdi, - Buni Kuara taqdim qildi. Sovchi yuborishimga ham rozilik bergan.

Saidning qalbi qop-qora tun ogʻushida qoldi. Uning hayotini bezab turgan narsani Gabo bir soʻzi bilan tortib oldi. Qalbini chil-chil parchalab yubordi. Kuaraga boʻlgan sevgisi tinchlik bermayotgan qalbda uning goʻzalini tortib olayotgan odamga – tutingan ukasi Gaboga nisbatan nafrat uygʻondi. Yoʻq, u birinchi kunni boʻrkini tortiq qilganday, Kuarani ham shunday berib qoʻya qolmaydi!

Shamol sahrodagi qumlarni toʻzitganisimon, Saidning xayoli olamida har xil alamli fikrlar suzib yurardi.

«Xanjar bilan bir martagina ursa boʻldi. Uning goʻzal Kuarasini tortib oluvchi odam yoʻq boʻladi» deydi unga shayton vasvasa qilib.

Bu fikridan Said qoʻrqib ketdi. Rangi oqardi.

«Bugun ichgan qasamimga sodiqligim shumi? Yoʻq, yoʻq, Gabo hech qachon Kuarani sevishimdan xabar topmaydi!»

U sekingina dedi:
- Yaxshi, men fotiha toʻyingga boraman.

Said uyga koʻngli choʻkkan bir ahvolda qaytardi. Uning qalbi endi alamdan, gʻamdan yonardi. Shunday boʻlsa ham oʻzini tutib Gaboga sir boy bermadi, holi qolishni istadi.

Uyga kelishganda Tagaurslik mehmonlar qaytishga hozirlik koʻrib qoʻyishgandi. Said ularni kuzatib qoʻymadi. Odatga xilof boʻlsa-da, shu topda kuzatishga qurbi yetmasdi. Mayli, odamgarchiligi yoʻq ekan, deyishsa deyisha qolsin.
- Gabo, meni kechir, seni kuzatib qoʻya olmayman.

Mehmonlar ketishgach, Said xonasiga kirib ichdan qulflab oldi. Qaygʻu alamini ichiga yutib, oʻz gʻamiga oʻzi qovurilib yotdi.

Uning qalbidagi muhabbatni hech kutilmaganda ukasi tortib oldi. U esa… ukasiga xanjar koʻtarishni oʻyladi-ya!

Parchalangan muhabbat qiynogʻiga vijdon azobi ham qoʻshildi. Birinchi kuniyoq qasamni buzishiga oz qoldi. Yoʻq, buni hech qachon kechirolmaydi! Said bu gunohi uchun oʻzini oʻzi jazolashi kerak!

Tagaurskka, fotiha toʻyiga boradi. Keyin Kuaraning malikalarday shohona turmush qurishi uchun Gaboga koʻmaklashadi. Gabo oʻzi bilmagan holda akasining qalbini jarohatlab qoʻydi. Said bundan koʻp azob cheksada chidaydi.

Bir necha kundan soʻng Tagaurskka, fotiha toʻyiga bordi. Kuara bilan Gaboni fotiha qilib qaytdi. Shundan soʻng Said indamas boʻlib oldi. Kech kirishi bilan yuragi orziqadi. Tunlari uyqusiz. Koʻz oldida uzun qora sochli goʻzal gavdalanadi xalos. Uni hayajon qamrab oldi. Uning qargʻish tekkan, koʻmib quygan muhabbati yana bosh koʻtarayotgan edi. Said titrab ketdi. Koʻz oldida Kuara gavdalanishi bilan ukasiga nisbatan nomussizlik qilayotgani uchun vijdoni uni ayblay boshlardi. Mana shu uyqusiz tunlarda oʻziga-oʻzi savol berardi:

«Aziz avliyolar nima uchun arz-dodimga quloq solishmadi? Nega men azob chekyapman? Axir qariyalar ummatning har bir ohu-faryodini paygʻambar inobatga oladi, deb oʻrgatishar edi-ku. Nahotki…» Uning xayoli shu yerda uzildi. Boshqa narsalarni oʻylab gunohga botishdan qoʻrqdi.

U onasining «senga nima boʻldi?» degan savolidan qochishga urinaverdi. Ammo kampir oʻgʻlining qalbini qandaydir gʻam timdalayotganini sezdi.
- Sen oʻzingni bir nima bilan ovutsang boʻlardi… balki otda sayr qilarsan…

Said itoatkorlik bilan rozi boʻldi.
- Yaxshi, bir aylanib kelaman.

Uning dardli ovozi yashirin gʻamini oshkor qilib qoʻydi.

Oqshomda otini egarlab, adirga chiqib ketdi. Quyosh ufqni goʻyo yondirib, qizartirib turibdi. Uning xayoliga birdan xalqining koʻhna qoʻshigʻi keldi. U beixtiyor qoʻshiq ayta boshladi. Uning nazarida qalbidagi butun gʻam adir boʻylab taralayotgan mana shu mayin qoʻshiq bilan chiqib ketganday boʻldi:

Shamsi anvar magʻribda,
egilib yerga:
O’zi bilan baxtimni
Olar qabrga.
Ogʻar gulgun osmon ham
Koʻrsatib sehr,
Saqlagandim sen uchun
Qanchalar mehr.
Tongla quyosh qaytadan
Nurin sochadir,
Ammo mendan istiqbol
Hanuz qochadir…
Butun borliq qorongʻu
Bamisoli qabr…
Ham yoʻqotish, ham hasrat
Yoʻqlik va jabr!

Qoʻshiq tugagach, u otini yeldirdi.

Otning tez yugurishimi, yoinki kechning salqin havosi sabab boʻldimi, yigitning qalbidagi gʻubor tarqadi. Koʻzlaridan yana joʻshqinlik uchqunlari sachradi.

Sayr paytida u Aleksandrovka stanitsasidagi kazaklarda juda koʻp xoʻkiz borligini bildi-yu, Gabo bilan yaqin kunlar ichi bir baxtini sinab koʻrishga ahd qildi.

Ertasigayoq Said Gaboning uyiga keldi. Muhammad otni otxonaga yetakladi. Gabo doʻstini uyiga taklif qildi. U Saidning nima uchun kelganini sezdi. Bir ishni boshlamoqchi boʻlganini payqadi. Ammo hech narsa soʻramay, mehmonga taom tayyorlashni buyurdi. Taom tayyor boʻlguncha boqqa chiqishdi. Bu yer tinch, ish toʻgʻrisida bemalol gaplashib olish mumkin.
- Kunning ajoyibligini qara! – dedi Said Gaboga qora koʻzlarini tikib. – Kechalari bundan ham goʻzal – qop-qorongʻu!
- Ha, kechalar qorongʻu, ammo oʻz yoʻlini biladigan odam uchun yop-yorugʻ, - dedi Gabo.

Ular jim qolishdi. Sukutni Said buzdi:
- Bu yil Aleksandrovka stanitsasidagi kazaklarning xoʻkizi juda koʻp.
- Shunday degin…- Gabo akasining maqsadini darov tushundi:- qaysi kunni moʻljallayapsan?
- Bugun tunda chiqilsa ham boʻladi.
- Yaxshi. Bir oʻzingmisan?
- Ha.

Gabo oʻylanib qoldi.
- Muhammadni ham olsakmikan? Yosh boʻlsa ham chaqqon, ogʻzi ham mahkam.
- Yaxshi, oʻzing bilan birga ol. Xoʻkizlar Terek daryosining bu qirgʻogʻida adirda oʻtlab yuribdi. Men ularni kecha kechasi koʻrdim.
- Podachilar koʻpmi? – qiziqsindi Gabo.
- Toʻrt kishi.
- Ularni tanimaysanmi? Qanaqa odamlar ekan?
- Gulxanning yorugʻida koʻzim sal-pal ilgʻadi. Men ularni avval ot bozorida koʻrgan edim. Choʻponlarning biri qari mayparast Andryusha, yana bittasi xotinlarning ishqivozi Vanya, Trofim degan kaltafaxm tentak bilan yana bir bola ham bor.
- Reja tuzib qoʻygandirsan? – soʻradi Gabo.
- Yoʻq, men oʻljaning qaysi tomonga qochishiga qarab ish koʻraman.

Gaboning xayoliga ayyorona bir reja keldi.
- Said, agar ruxsat bersang, menda bir reja bor, shunga qarab ish koʻrsak. Albatta, men yoshman, sening oldingga tushib, senga aql oʻrgatishga haqqim yoʻq. Biroq fikrimcha, bu ishni osongina doʻndirish mumkin.
- Aytaver, biz aka-ukamiz-ku, aybga oʻrin yoʻq.
- Muhammad qizlarning kiyimini kiyib oladi, - davom etdi Gabo, - bu ishni menga qoʻyib beraver, keyin oʻzing qoyil qolasan.
- Yaxshi. O’sha yerda sharoitga qarab bir narsa qilarmiz.
- Soat toʻqqizda yoʻlga chiqamiz,- Gabo shunday deb rejasini tushintira ketdi, - Aleksandrovkagacha yigirma besh chaqirim. Endi borib yot. Bu kecha uxlashga vaqt boʻlmaydi. Muhammad bilan gaplashib olib, men ham yotaman.

Said dam olish uchun uyga kirdi. Gabo esa endigina mehmonning otiga yem berib boʻlgan ukasining yoniga keldi. Muhammad odatdagiday oyoqyalang, dagʻal boʻzdan tikilgan ishtoni charm kamar bilan beliga mahkam bogʻlangan. Koʻylagi ham oʻsha matodan. Tugmalari qadalmagan. Quyoshda qoraygan koʻkragi koʻrinib turibdi.
- Muhammad, bugun kechqurun seni oʻzim bilan olib ketaman, - dedi Gabo.

Muhammadning koʻzlarida, begʻubor yuzlarida quvonch porladi. U akasining ba’zi-ba’zida kechalari chiqib ketishini bilardi. Ammo xaligacha bir marta ham akasi uni oʻzi bilan olib bormagan edi.
- Hozir otlarni oʻtloqqa haydab, koʻz-quloq boʻlib tur. Keyin kazak qizlarining roʻmoli bilan koʻylagini topib, tugunchaga oʻrab qoʻy. O’zing bilan olvolasan. Ammo bilib qoʻy: bu ishni hech kim sezmasligi kerak. Qorongʻu tushishi bilan egarni olib boramiz. O’zing uchun kulrang otni oʻtloqqa olib chiq.
- Xoʻp boʻladi.

Muhammad buyurilgan ishlarni akasining koʻngli toʻladigan darajada qoyilmaqom qilib bajarish ishtiyoqida yonadi. Toʻgʻri, u qizlarning koʻylagi nima uchun kerak boʻlishini tushunmay turibdi. Shunday boʻlsa ham sababini soʻramadi. Akasining oʻylamay turib bir ish boshlamasligini u yaxshi biladi.

Gabo biroz boʻlsa ham dam olay, deb yotdi. Bu paytda Muhammad bogʻ oralab oʻtib, tuynukdan qoʻshnining hovlisiga chiqdi. Pastakkina somonxonada ikki kazak ayoli uxlab yotardi. (Qoʻshnisi ularni yigʻim-terimga yordam bersin deb yollagan). U saroyga oʻgʻrincha kirib, yubka bilan katta roʻmolni oldi-yu, sharpa chiqarmay iziga qaytdi.

Bu oʻgʻirlik bir daqiqaning ichida sodir boʻldi. Devordagi tuynuk bilan otasining bogʻiga oʻtib olgach, yengil tortdi. Tugunchani oshxonaga, xashak orasiga berkitib qoʻygach, uchta otni oʻtloqqa haydadi. Otlarning oyoqlariga qofqazcha temir tushov urgach, kiyinib kelish uchun uyiga oshiqdi. Dagʻal boʻzdan tikilgan ishtonini yechib, keng, koʻm-koʻk, pastki qismi boldiriga tarang tortilgan shim, yumshoq teridan tikilgan, qoʻnji tizzasigacha chiquvchi, poshnasiz, tagi yumshoq etik, yoqasiga tillarang chilvir tortilgan sariq peshmat kamzul, uning ustidan koʻkragiga kumush oʻqdan tizilgan cherkas qora kamzuli kiyib, beliga kumush xanjarni osdi. Boshiga papoq kiydi. Akasining yonida hamroh boʻlish bu oʻsmir nazdida quvonchli bayram hisoblangani uchun astoydil tayyorgarlik koʻrishdan erinmadi.

Yer yuziga oqshom chodir tashlaganda Muhammad Gabo bilan Saidga taom keltirdi. Uyda Yavziko boʻlmagani uchun Said bilan Gabo birga ovqatlandi. Muhammad xizmatda boʻldi. Keyin oʻzi ovqatlandi.

Gabo uyidagilarga Aleksandrovsk kazaklarining xoʻkizlarini Ksarzanga haydab kelish uchun Said bilan ketayotganini, oʻljaning bir qismini bekitiqcha soʻyib, bir qismini toqqa yashirajagini aytib, shoshilayotgani sababli otasini kutolmasligini bildirdi.

Nihoyat qorongʻu tushdi.

Gabo ikkita egarni yelkasiga tashlab, ovulning qop-qorongʻu koʻchasiga chiqdi. Muhammad oʻzining egari bilan tushov va arqonlarni oldi. Saidning yoshi ulugʻ, shu bilan birga mehmon boʻlgani uchun hech narsa koʻtarmadi. Uchovlarida ham miltiq, toʻpponcha bor edi. Ovuldan bilintirmay chiqib olishdi. Otlarni qiynalmay topishdi. Ular Muhammad tashlab ketgan yerda turishardi. Jonivorlarning oyogʻidan tushovni yechib, egarlab, uchovlari ham bir vaqtda sakrab minishdi. Said oʻrtada, Muhammad kichik boʻlgani uchun - oʻngda, Gabo chap tomonda. Havo toza. Atrof zim-ziyo qorongʻu boʻlganidan otlar yoʻlni topib yurish uchunmi, boshlarini egib olishgan edi.
- Muhammad, - dedi Gabo birdan ukasiga qarab, - sen qizlarning kiyimini kiyib olginda Vanyaning boshini aylantirib, bir amallab davradan ajrat.
- Sen uni oʻldirasanmi? – deb soʻradi Muhammad.
- Bu uning oʻziga bogʻliq. - javob berdi Gabo. Qiliq qilmasa, tirik qoladi.

Oraga yana sukunat choʻkdi. Tun... Faqat ot tuyoqlarining yumshoq yerga tekkan zaif tovushi eshitiladi. Kutilmaganda qoʻzgʻalgan kuchli shamol bulutlarni parcha-parcha qilib yubordi. Osmonda yulduzlar koʻrindi. Ularning kuchsiz titroq nurlari zamin sathini yoritishga ojiz. Said otini yeldirdi. Aka-ukalar unga ergashishdi. Ular baland-past adir boʻylab anchagina yoʻl bosishdi. Said yoʻl koʻrsatib bordi. Ikki soatlardan soʻng Said ehtiyotkorlik bilan sekinlashdi. Kazaklarning qishlogʻi yaqin qolgan edi. Yarim soatlarcha shu zaylda yurishgach, u toʻxtadi.

Uzoqda olov koʻrindi.
- Bu podachilarning gulxani, - dedi Said.

U yashirinish uchun pastqamgina joy tanlab, otlarga qarashni buyurdi. Muhammad ustidagi kiyimlarni yechib, qizlarning libosini kiya boshladi. U cherkascha kamzuli bilan qurolidan bir daqiqa ham ajralgisi kelmas edi. Shu bois ishtonining ustidan yubkani kiyib, kichik roʻmol bilan jagʻini tangʻib, katta roʻmolning uchlarini yelkasiga tashladi.
- Muhammad, - dedi Gabo, - Gulxanga yaqinlashginda, Vanyaga koʻrinish ber. Agar seni ushlamoqchi boʻlsa, qoch. Noz-karashma qilib, uni chalgʻitaver. Ammo gaplashma. Uni shu tomonga olib kelaverasan. Biz seni mana shu tepalik oldida kutamiz.

Muhammad qorongʻulikda gulxanni koʻzlab yurib ketdi. Gulxanga yaqinlashgach, uchrashuvga ketayotgan nozaninday yurish qildi. Yigitcha gulxan atrofiga kelib qarasaki, podachilardan biri uxlab yotibdi, uchtasi esa gaplashib oʻtiribdi. Atrofda elliktacha xoʻkiz oʻtlab yuribdi. Ba’zilari yotib olgan.

Muhammad gulxanga yaqin kelishi bilan ikki it vovullab, unga tashlandi. Lekin podachilar baqirishib, itlarni chaqirib olishdi.
- Senga nima kerak? – deb soʻradi Vanya.

Lekin «qiz» roʻmolining uchini aylantirganicha javob bermadi. Qora moʻylovli, chiroyli kazak - Vanya oʻrnidan turib u tomonga yurdi. O’n olti yoshdardagi Mitya esa unga ergashdi. Lekin Vanya unga qarab baqirdi.
- Hoy itvachcha, mening orqamda nima bor? Qarab tur, senga koʻrsatib qoʻyaman.

U shunday deb tahdid qilganicha mushtini koʻrsatib qoʻydi. Mitya qoʻrqib gulxan yoniga qaytdi. Trofim yana mudray boshlagan edi.
- Vanyaning oʻynashlaridan biri kelibdi, - dedi Mitya Trofimga. - Oh, oh, ammo xotinlar bobida juda omadi kelishganda...
- Ha-ha, xotinlar... - kuldi Trofim keyin labini chilpillatib qoʻydi-da, olovga yaqin oʻtirdi.

Bu paytda Vanya moʻylovini burab notanish goʻzalga yaqinlashib soʻradi:
- Yaxshi qiz, kimni qidiryapsan?

«Qiz» ishva bilan kulib yuzini yashirdi.

Vanya yaqinroq keldi, «qiz» esa orqaga chekinaverdi.
- Qoʻrqma, qizlar meni sevishadi, men ularning koʻnglini olabilaman.

U «qiz»ni koʻzdan kechirdi. «Qiz» juda goʻzal, qomati kelishgan. Uni qayerda koʻrgan ekan? Hech eslay olmadi.
- Kimsan, yaxshi qiz?

«Qiz» xiringlab kulishini qoʻymaydi.
- Axir gapirsang-chi, nega kelding? Kimni qidiryapsan?

Shunda «qiz» uyatchanlik bilan shivirladi:
- Vanya…

Bu soʻzni podachi xotirjam eshita olmadi. Uning qoni qaynab, «qiz»ga tashlandi. Mahkam quchoqlab, labini uning labiga bosdi. «Qiz»ning goʻshtdor labi iliqqina edi. Ammo oʻng qoʻli bilan ushlayotgan koʻkragi hali qattiq edi.
- Hali juda yoshga oʻxshaydi, birovning qoʻliga tushmagan boʻlsa ham kerak,- deb oʻyladi Vanya.

Lekin tungi mehmon shasht bilan uning bagʻridan yulqinib chiqib, yugurib ketdi. Vanya ham uning orqasidan qichqirganicha yugurdi.
- Nega qochyapsan? Axir Vanyaning oldiga keldingmi? Birpas oʻtiraylik. Men qanday oʻpa olishimni koʻrsataman.

Said bilan Gabo uning ovozini eshitib, oʻsha tomonga emaklashdi.
- Said, u qichqirishga ulgurmasin. Sen tomogʻidan ol. Men qoʻllarini ushlayman.

Muhammad tepalikka kelib toʻxtadi. Chuqur-chuqur nafas oldi. Akasi bilan Caidning shu yaqin orada ekanini bilardi. Vanya Muhammadga yetib oldi. Biroq «nozanin»ni quchoqlab, lablarini qidirib topmasdan Said uning tomogʻiga shunday yopishdiki, bechora oshiq gʻing deyishga ham ulgurmay qoldi. Gabo osmondan tushganday paydo boʻlib, baquvvat qoʻllari bilan uning qoʻlini siqdi. Muhammad esa engashib, Vanyani chalib yiqitdi. Buning hammasi koʻz ochib yumgunicha sodir boʻldi. Hech kim bir ogʻiz soʻz aytmadi. Vanya yerda yotar, Caidning qoʻllari hali tomogʻini qoʻyib yubormagan edi. Vanya xirillay boshladi.
- Tezroq boʻl, - dedi osetin tilida Gabo ukasiga. – Oyogʻini mahkam bogʻla. Mana shunday… Endi qoʻlini… yoʻq, bunday emas, orqasiga qilib… Qani uni agʻdar-chi, tomogʻini qoʻyib yuborma, - ogohlantirdi Saidni, - yana boʻgʻib oʻldirib qoʻyma… mana shunday… Endi bechora oshiqni koʻtaramiz. Mana bunday oʻtirsin.
- Xoʻsh Vanya, - davom etdi Gabo. – Endi mening aytganlarimni soʻzsiz bajarishing kerak.

U xanjarini chiqarib, uchini Vanyaning tomogʻiga tiradi. Tomogʻiga oʻtkir tigʻ tegib Vanya choʻchib tushdi.
- Tomogʻini qoʻyib yubor, - dedi Gabo Saidga, - Koʻrdingmi Vanya, kim shiltalik qilib, qizlarning orqasidan yugursa, shu ahvolga tushadi! Lekin sen bizdan qoʻrqma. Biz kallakesar emasmiz, agar oʻzlari ajal chaqirishmasa, biz bekordan bekorga odam oʻldirmaymiz.
- Agar aytganlarimizni qilsang, tirik qolasan, - deb gap qoʻshdi Said.
- Nima qilishim kerak? – deb soʻradi Vanya, jonholatda.
- Avval mening savollarimga javob ber! Agar aldasang, holingga maymunlar yigʻlaydi. Bugun tunda nechta podachi qolgansanlar?
- Toʻrtta.
- Boshqalarning ismi nima?
- Andryusha, Trofim, Mitya.
- Andryushang mastmi?
- Yoʻq, uxlayapti. Bugun ichmadi.
- Senga ergashgan bola kim?
- Mityami? Hali goʻdak-ku?
- Yonidagi-chi?
- Unisi tentak Trofim-ku! Xavotirlanmang, sizga qarshilik koʻrsatmaydi. U gapga kiradigan odam. Nima buyurilsa itoat bilan bajaradi. Shuning uchun doim uni oʻzimiz bilan olib yuramiz.
- Yaxshi. Endi… Mityani chaqir.
- Mitya! – qichqirdi Vanya.
- Qattiqroq chaqir.
- Mitya!
- Nima deysan? – gulxan tomondan erinibgina javob berdi bola.
- «Bu yoqqa kel» deb qichqir, - deb buyurdi Gabo, keskin ohangda.
- Bu yoqqa kel! – deb baqirdi Vanya itoatkorlik bilan.
- Nimaga? – bola erinib, oʻrnidan qoʻzgʻolgisi kelmadi.
- Bu yoqqa kel itvachcha! – deb soʻkindi Vanya.

G’ashlanib oʻrnidan qoʻzgʻolgan Mityaning yaqinlashishi koʻrinib turardi. Gulxan yorugʻida uning qop-qora gavdasi koʻzga tashlanardi. Gabo Muhammadning boshidan roʻmolini chaqqonlik bilan olib, Vanyaning ogʻziga tiqdi.
- Xoʻsh, – tantanavor ohangda dedi Gabo, - bunisining bizga ziyoni tegmaydi. Endi kichkinani ham shunday jimgina joylash kerak.

Bu orada Mitya yaqinlashib qoldi.
- Vanya qayerdasan? – deb qichqirdi u.

Javob boʻlmadi.

Said bolaning orqasiga oʻtdi. Muhammad old tomondan emaklab yaqinlashdi. Daqiqa oʻtmay Mitya ham Vanyaning ahvoliga tushdi. Uning ham qoʻl-oyoqlarini bogʻlab, Vanyaning yoniga yotqizishdi.
- Toʻxta, toʻxta! – dedi Gabo ukasiga, - Miyamga ajoyib fikr keldi. Yubkangni yechib, Mityaga kiydir. Axir Vanya qizlarning koʻylagini kiygan bolani yaxshi koʻradi-ku!

Vanya bilan Mityani oʻrinlaridan turgʻazdilar-da, bolaga kazak qizining yubkasini kiydirdilar. Ularni qoʻllari orqaga bogʻlangan, yuzma-yuz, koʻkragi koʻkragiga tegadigan holda qoʻyib, katta roʻmol bilan ikkala boshni tangʻib, birlashtirib qoʻyishdi.
- Xoʻsh… Endi nimani istasanglar shuni qilaveringlar. Xohlasanglar sayrga chiqinglar, xohlasanglar turgan yerlaringda raqsga tushinglar, xohlasanglar rohatlanib yotaveringlar.

Mitya hiqillay boshladi. Oriyat azobidagi Vanya esa bu xoʻrlikka chiday olmay gʻazab bilan bigʻilladi. Bechora oʻsmirni oʻzidan nariga uloqtirib yuborish qasdida silkiy ketdi. Bu harakatdan battar gangib, oʻzini yoʻqotgan yigitcha beixtiyor uning oyogʻini bosib oldi. Buni raqibning hamlasi deb anglagan Vitya oʻsha zahoti Mityaning toʻpigʻiga tepdi. Bir-biriga bogʻlangan ikki kazak shu tarzda bir-birini tepib, chala ketdi. Ularning bu harakatlaridan uch tomoshabin miriqib zavqlandi. Nihoyat, talvasa raqsiga tushayotgan Vanya bilan Mitya muvozanatni saqlay olmay yerga qulashdi.
- Agar kazaklar ertaga bularni shu ahvolda topishsa, ichaklari uzilguncha kulishadi. Qani, endi boshqalarning oldiga ketdik, - dedi Gabo.

Trofim gulxanga tikilgancha oʻtiribdi. Andryusha esa uxlayapti. Trofimning qarshisida ikki qurollangan kishi xuddi tun bagʻridan otilib chiqqanday paydo boʻldi.
- Qoʻlingni koʻtar! – Gabo sekin ammo qat’iy buyruq qildi.

Barcha podachilar kabi Trofimning ham miltigʻi bor edi. Ammo u boshqalar otsa yoki buyursagina miltigʻini ishga solardi. Shu sababli bu safar miltiqni ishga solishga harakat ham qilmay, itoatkorona qoʻlini koʻtardi. U notanish odamlarga qarab anqayib qoldi: ular kim, nima kerak?
- Agar baqirsang, ahvoling chatoq boʻladi. Axir biz pristavning qoʻriqchisimiz-a! U bizni xoʻkizlarni haydab kelishga yubordi. Pristavning xoʻkiz goʻshtini yaxshi koʻrishini bilmaysanmi?

Trofim hech narsaga tushunmay soʻradi:
- Rostdanam pristav yubordimi?
- Ha, ertaga ertalab soʻrashsa, xoʻkizlarni pristavning qoʻriqchilari, politsiya haydab ketdi, deb aytasan, - dedi Gabo.
- Tushundingmi? – deb doʻq urdi Said.
- Ha, tushundim, - dedi Trofim dovdirab, - xoʻkizning qoʻriqchilari…
- Xoʻsh, endi qoʻlingni orqaga qil, - buyruq qildi Gabo. Trofim gapga tushunmay ikkilanib qoldi. Shunda Gabo unga yaqin kelib, yelkasiga turtdi:
- Qoʻlingni orqangga qil!

Tentak, bu safar buyruqqa itoat bilan boʻysundi. Uni bogʻlashdi. Andryusha esa hamon bamaylixotir uxlardi.

Gabo bilan Said unga yaqin kelishlari bilan adirda daydib yurgan ikki paxmoq it ularga tashlandi. Saidning qilichi itlarni bir zumda tinchitdi. Biri gulxan oldida jonholatda tipirchilab qoldi, ikkinchisi yaralanish azobidan akillab, tun bagʻrida gʻoyib boʻldi.

Andryusha shovqin-surondan uygʻonib ketdi.
- Nima gap? – deb soʻradi u garangsib.
- Tinchlik, otaxon, hech gap yoʻq, - dedi Gabo uning tumshugʻiga toʻpponcha tirab. Andryusha qoʻrqib, oʻzini orqaga tashladi.
- Pristav podachilar yaxshi ishlayaptimi yoʻqmi, deb bizni tekshirishga yubordi. Seni uxlab qolganing chatoq boʻlibdi.
- Axir…
- Jim boʻl! – baqirdi bor ovozi bilan Gabo, - yoʻqsa kekirdagingni uzib tashlayman. Said, qoʻlini orqasiga qilib mahkamroq bogʻla, keyin… - Gabo nimanidir qidirib qoldi. Keyin kichkina bochkacha topib unga uzatdi. - Mana buni boshiga kiydirib qoʻy. Past tomonidan ikkita teshikcha ochib qoʻy. Qani arqonni ol-chi! Xoʻ-oʻsh… arqonning uchini oyogʻining orasidan ol, yaxshi, endi bir uchini bochkaga bogʻla… Xoʻ-oʻsh… ana endi xohlasang raqsga tushishing ham mumkin. Faqat tik tur, yana gulxanga oʻtirib olma.
- Koʻrdingmi, Andryusha. Bu senga maktab boʻladi. Endi vazifangni unutib, gulxan yonida uxlamaysan, - dedi Said.-Muhtaram boshliqlarimiz yuqori vazifalarni egallagan odamlarning tarbiyasi haqida mana shunaqa qaygʻuradilar.

Gabo ertalab boʻlajak voqealarni oʻylab, xayolan quvondi. Zap ish boʻldimi: ikkitasini bir-biriga bogʻlangan holda topishadi. Mana bu ikkitasi xoʻkizlarni politsiya haydab ketdi deb tursa…

Muhammad otlarni olib kelguncha, Said bilan Gabo xoʻkizlarni bir joyga toʻpladilar. Tez orada podani haydab, izlariga qaytishdi. Xoʻkizlar har tomonga tarqab ketavergani uchun sekin yurishdi. Said gugurt yoqib, soatiga qaradi.
- Gabo, yarim tun boʻlay debdi. Podani Ksarzanga haydab ulgurmasak kerak. Tagaurskka haydasak nima deysan?
- Sen nima desang shu-da, faqat tezlashtirish kerak.

Gabo Said bilan Muhammadni poda bilan togʻ oʻrmonlariga yuborishga, xoʻkizlarning bir qismini qishloqdagi doʻstlarinikiga yashirishga, birini oʻzi uchun soʻyishga qaror qildi. Tongda Tagaurskka yetib kelishdi. Said bilan Muhammad toʻxtamay, qirqtacha xoʻkizni toqqa haydashdi. Gabo qishloq oqsoqoli Elbisdni uygʻotdi-da eshik oldida turgan buzoqni hadya sifatida qabul qilishini soʻradi.
- Aleksandrovsk kazaklarining xoʻkizlarini haydab olib ketishibdi. Ertalab podachilar bu ishni pristavning qoʻriqchilari qilgan deyishadi, - dedi u kulimsirab. – Agar kimda-kim Tagaurskka kelsa menikiga yuboring. Mayli, tintuv oʻtkazishsin. Bu ish faqat Yavzikoning oʻgʻli Gaboning qoʻlidan keladi, deb ayting.

Oqsoqol nima derdi: uning koʻngli toʻq, oʻz ulushini oldi.

Gabo qolgan xoʻkizlarni qoʻshnilarga bir-bir tarqatdi. Qoʻshnilar bunday tonggi sovgʻaning nimani anglatishini soʻzsiz tushunishadi. Gabo semiz xoʻkizni otasi yordamida soʻyib, terini doʻkondorga sotdi. Goʻshtini oshxona tomondagi pichan orasiga yashirdi.

Ertasiga ertalab, xoʻkizlarning haydab ketilgani ma’lum boʻlgach, stanitsa hayajonda qoldi. Dastlab boshiga bochkacha kiydirilgan Andryushani, keyin Trofimni topishdi. Ular xoʻkizlarni haydab ketganlar «biz pristavning qoʻriqchilarimiz» deyishganini aytishdi. Kazaklar Vanya bilan Mityani koʻrib, oʻzlarini kulgidan toʻxtata olishmadi. Qoʻpol hazil qilishdi. Hatto bu voqeadan soʻng koʻp yillar oʻtganidan keyin ham ana shu kecha haqida soʻz ketsa Vanya gʻazabga kelardi.

Vanyaning aytishiga qaraganda, qaroqchi Gabo boʻlib chiqdi. Bunday masxarabozlik faqat Gaboning qoʻlidan keladi. Uning bunday qilmishlari ovuldan tashqarida ham ma’lum. Uning uslubi shunaqa. Biroq hech kim uni ayblay olmaydi. Doim suvdan quruq chiqadi.

Kazaklar shu zahoti pristav Nikolay Petrovich oldiga yoʻl olishdi. Ular Trofim bilan Andryushaning gaplarini aytishdi. Ayniqsa, pristavning xoʻkiz goʻshtiga ishqivozligi haqida soʻz ketganda uning koʻzlari gʻazabdan yondi. Kazaklardan biri Vanyaning tagaursklik osetin Gabodan gumoni borligini aytgach, pristav shu bugunoq tintuv oʻtkazishga qaror qildi.

Peshinda pristav kazaklar bilan Tagaurskka yoʻl oldi. U toʻgʻri oqsoqolnikiga kelib, kechasi Aleksandrovka kazaklarining xoʻkizlarini haydab ketilganini aytdi. Oqsoqol chuqur uf tortib, yoshlarning bebosh boʻlib ketishgani, zamon notinchligidan noliy ketdi. Pristav unga sinovchan qarab, «gumoning kimdan?» deb soʻradi.
- Agar qaroqchi bizning ovullik boʻlsa, bu ish faqat Gabo Yavziko oʻgʻlining qoʻlidan keladi, - dedi oqsoqol ishonch bilan.
- Ha, men ham shunday deb oʻylagan edim.

Kazaklar bilan oqsoqolning hamrohligida pristav Gabonikiga keldi.

Gabo otasi bilan hovlida turardi. Pristavni koʻrib u tomon yugurdi-da, yetib borib, ta’zim qildi.
- Gabo! – dedi pristav qat’iy ohangda, - aleksandrovkaliklarning xoʻkizlari qani?
- Aleksandrovkaliklarning xoʻkizlari qayerda deysizmi? - xuddi tushunmaganday soʻradi Gabo, - Menimcha, ular Aleksandrovkada boʻlsa kerak.
- Ularni oʻgʻirlab ketishibdi! – pristav gʻazabdan oʻzini tutib turolmadi. – Ularni sen – shayton oʻgʻirlagansan!
- Janob pristav, - dedi Gabo haqoratlangan kishi ovozi bilan, - Men oʻgʻri emasman. Gunohsiz bir odamdan gumonsirashga haqqingiz yoʻq. Mayli, qidiring, tinting. Baribir hech nima topa olmaysiz.

Shu topda kazaklardan biri pristavga yerdagi qon dogʻini koʻrsatdi.
- Bu qon qayerdan keldi? – soʻradi pristav.
- Onam tovuq soʻyibdilar – dedi Gabo xotirjamlik bilan. – Kecha mehmon bor edi.
- Kim?
- Ksarzanlik Said Tespot oʻgʻli.
- U ham olgʻir yigit, muttahamlikda sendan qolishmaydi, - deb mingʻirladi pristav, - uni ham qoʻlga olish qiyin… Kazaklar! Uyni, otxonani tintib chiqinglar!

Shunday deb buyruq bergach, Gaboga qahrli nigohini qadadi:
- Bugun kechasi qayerda eding?
- Qayerda boʻlardim… koʻrpa ichida. Uyda boʻlganimni guvohlar tasdiqlashlari mumkin.

Kazaklar uyni, oshxona, omborxonani tintib, xoʻkiz goʻshtidan asar ham topa olishmadi. Keyin otxona tomonga yurishdi. Gabo ularga ergashdi. Ular tomdagi pichanni yerga otishayotganda ham hayajonini bildirmadi.
- Toʻxtanglar-chi, - dedi Gabo, - oʻzlaringizni urintirib nima qilasizlar, men oʻzim tashlayman. - U tomga chiqib, qolgan pichanni berkitilgan goʻsht bilan koʻtardi-da, pastga irgʻitdi.
- Har bir burchakni yaxshilab qarang, - dedi pristav.

Hovli oʻrtasidagi goʻsht yashirilgan pichan uyimiga hech kim e’tibor bermadi. Kazaklar pastga tushishdi.
- U yerda hech nima yoʻq.- deyishdi pristavga.

Pristav hech nimaga tushunolmay, Gaboga qarab oʻylandi.

Gabo unga yaqinlashib, jilmaydi:
- Mana koʻrdingizmi, janob pristav. Hech narsadan hech narsa yoʻq meni ranjitdingiz. Uyimizda tintuv oʻtkazdingiz. Nima sababdan mendan gumonsiradingiz?
- Men emas, oʻzingning oqsoqoling gumonsirayapti, - deb oʻzini oqladi pristav.
- Shunday deng! – Gabo ranjiganday boʻlib, oqsoqolga norozi qiyofada qaradi. - Gunohsiz ovuldoshingizni ayblashga qanday haddingiz sigʻdi? Siz bizni qoralash emas, himoyalash uchun oqsoqol boʻlgansiz!

U koʻzlari yonib, oqsoqolning yoniga keldi.
- Bu safar gunohsiz boʻlganing bilan menga baqirishga xaqqing yoʻq! – dedi oqsoqol undan yuzini oʻgirib.
- Bu safar deng, - baqirdi Gabo va uning yelkasidan ushlab, oʻziga qaratdi. – Bu haqorat! Meni qachon oʻgʻrilik ustida ushlagansiz, qachon?!

U jahl bilan xanjariga yopishdi.

Pristav ularni ajratib qoʻydi. Biroq oqsoqol bilan Gabo oʻrtasidagi janjaldan shodlandi. U gʻazab bilan aytilayotgan gaplar orasida oʻziga kerakli biror narsani bilib olishdan umidvor edi.

Lekin Yavziko bu tomoshaga ayyorlik bilan barham berdi. Pristavni kazaklar bilan birga oʻz non-tuzini totishga taklif qildi. Pristav noz qilmay, rozi boʻldi. Uni mehmonxonaga boshlashdi. Oqsoqol bilan uy xoʻjayini uning koʻnglini ovlash bilan mashgʻul boʻlishdi.

Kazaklar chekib, laqillashib oshxonada oʻtirishdi.

Gabo pichan orasidagi xoʻkiz goʻshtidan bir necha boʻlak kesib olib onasiga keltirib berdi-da:
- Onajon, seli qotmagan goʻsht pristavning jigʻildonini qitiqlaydi. Qassobdan nasiyaga olib keldim... – dedi mugʻombirlik bilan.

Gabo chaqqon-chaqqon harakatlar bilan nozik mehmonning koʻnglini ovladi. Pristav oldiga qoʻyilgan sochiq orasida hadya borligini anglab, hech kimga sezdirmay, pulni olib choʻntagiga urdi. Bunaqa izzat-ikromga koʻp duch kelgani uchun «bundan maqsad nima?» deb soʻrab ham qoʻymadi.

Yavziko mehmon oldiga ikki xumchada ajoyib osetin pivosini qoʻydi. Bu ham pristavning koʻnglini yumshatishga koʻp yordam berdi.

Ovqatdan soʻng u Gaboni chaqirdi.
- Menga qara Gabo, aytaylik, bugun sen bilan notoʻgʻri munosabatda boʻldik. Ha, sening aybing yoʻq. Hamma gunoh bizda. Pristav ham gohida yanglishadi. Lekin mendan bir narsani yashirma: xoʻkizlar qayerda? Men buni pristav sifatida emas, mehmoning sifatida soʻrayapman. Gap ikkalamizning oʻrtamizda boʻladi. Men senga jazo bermayman. Ta’qib ham qilmayman. Faqat menga xoʻkizlar qayerdaligini ayt.
- Janobi pristav, - javob berdi Gabo ayyorona jilmayib, - agar xoʻkizlar tirik qolgan boʻlsa oʻrmonda yurgandir. Ammo ularni hech kim topa olmaydi. Janob pristav, qovurdoq qalay, yoqdimi?

Pristav bir sukutgina toshdek qotib qoldi. Keyin shunday xoxolab kuldi-ki, koʻzlaridan yosh chiqib ketdi.
- Yoʻq, Gabo, sen…sen haqiqiy tovlamachisan, xiylagarsan! Qarang-a! U bizni oʻzimiz qidirgan goʻsht bilan siylayapti-ya! Yaxshi! Lekin men kazaklarga aytaman. Gabo, ayt-chi, goʻshtni qayerga yashirgan eding? Biz izlab topolmadik-ku?
- Nima ham qila olardim? Janob pristav, yana bir qidirib koʻring, - dedi kinoyali kulgi bilan Gabo.

Aybdorlarni topa olmagan pristav shu kuniyoq kazaklar hamrohligida qarorgohiga qaytdi.

* * *

Gabo bilan Kuara endi kuyov-kelin. Tsellagoning uyida boʻlgan fotiha toʻyida qalin miqdorini kelishib olishdi. Toʻy tez orada, yangi yil kirishi bilanoq boʻlishi kerak edi. Gabo Kuaradan besh yosh katta. U qizni bolaligidan biladi. Faqat mana shu Kuaragina ovul qizlari ichida Gaboning yuragida sevgi oʻtini yoqishga muyassar boʻldi. Gabo qizni bolalikdan yaxshi koʻradi. U bolaligida Kuara bilan birga oʻynardi, hatto qizga taxta boʻlaklaridan aravacha yasab bergan, Kuara bu aravachada qoʻgʻirchogʻini solib oʻynab yurardi.

Kuara ham bu bahodir yigitni sevadi. Gabo qiz uchun tengsiz bir qahramon, ayni choqda koʻrkam va ajoyib yigit. U juda koʻp yigitlarning taklifini rad etdi. Goʻzal va magʻrur Kuara ishqidagi juda koʻp yigitlar qalb azobidan koʻp oh chekdilar!

Tagaursk oqsoqolining oʻgʻli Murod ham ana shu koʻyga tushgan jabrdiydalardan edi. Albatta, u sirtdan qaraganda qizga juda mos edi. Otasi oʻziga toʻq, hurmati zoʻr odam. O’zi oilaning orzu-umidi, yakayu-yagona oʻgʻil. Murod boʻydor, ammo sochi toʻkilayotgan, burni katta, beoʻxshovroq edi. Uyda ota-onasi haddan ziyod erkalab yuborganidan oʻz xohishiga juda erk bergan. Murod Kuaradan rad javobi olishga aqli yetgach, uni olib qochish rejasini tuzdi. Kuaraning Terpsko ismli amakivachchasi bor. Kambagʻal bu yigitning koʻngli juda-juda boʻsh. Murod turli sovgʻa-salomlar bilan uning koʻnglini ovladi. Murodga uning koʻmagi shu kunlarda suv bilan havoday zarur edi. Murodning fikricha, qizni olib qochib, nomusiga tekkandan soʻng, Kuarani hech kim olmaydi. Shunda uning oilasi Murodni kuyov qilishga majbur boʻladi.

Gabo Murodning Kuaraga koʻngli borligini bilardi. Shu oʻrinda Kuaraning faqat oʻzi - Gaboni sevishiga ham qattiq ishonardi. Uning magʻrurligi, raqibidan har tomonlama ustun ekaniga ishonchi Kuarani Murodga rashk qilishiga yoʻl bermasdi. Biroq Kuaraning yaqinida Murodni koʻrib qolguday boʻlsa, baribir achchigʻi chiqardi.

Kuara bilan Gaboning fotiha qilinishi Murodni rejasidan qaytara olmadi. U Gaboning dovrugʻidan ham, haybatidan ham uncha qoʻrqmasdi. «Mening xanjarim ham unikiday oʻtkir», - deb oʻylardi. U Terpskoga suyansa boʻladi. Terpsko hozir Murodga yaqin doʻst boʻlib qolganidan xursand. Biroq Murod unga rejasini gapirib berganda Terpsko avvaliga qarshilik bildirdi. Bu ish uning nazarida oilasiga xiyonat, qisqasi, ablahlik boʻlib tuyuldi. Singlisini tuzoqqa tushirib, uning baxtiqaroligiga sababchi boʻlishni istamadi. Lekin Murod bir-ikki gap bilan uning ikkilanishini puchga chiqardi. U shunday qiladiki, qarindoshlari tugul hatto Kuaraning oʻzi ham ikki dunyoda Terpskoning Murodga yordam berganini sezmaydi. Bu sohada Murodning tayyor rejasi bor: Terpskoning birdan-bir qiladigan ishi - Kuarani rasmga tushishga koʻndirish-u suratxonadan bir oʻzining chiqib kelishini ta’minlash. Qolganini Murodning oʻzi qotiradi.

Kuara gʻoyib boʻlishi bilan Terpsko bu haqda Tagaurskga xabar berishi kerak. Bu orada esa moʻljaldagi ish amalga oshgan boʻladi... Murodning aytishicha, shu zaylda Terpsko uning yaqin qarindoshiga aylanadi! Yigit kishi uchun axir bu faxrli-ku! Bu muttaham, qaroqchi Gaboning hayoti bir kunmas bir kun yomonlik bilan bitadi. Terpsko sal ikkilansa-da, baribir koʻnganday boʻldi. O’zining aralashuvi sir saqlanishiga kafolot berilgach, koʻngli biroz tinchidi. Murod uning butunlay rozi boʻlmayotganini sezib, hal qiluvchi zarba berdi: u Terpskoga faqat Vladikavkazdagina topiladigan kumush holli ajoyib egar va’da qildi. Murod Terpskoda shunday egar olish orzusi borligini, lekin hamyoni quruq ekanini bilardi. Nihoyat, Murod gʻolib chiqdi. Terpsko uzil-kesil rozi boʻldi. Qoʻl berishishdi. Kuaraning esa boshi ustida toʻplanayotgan balo bulutlardan xabari yoʻq. U Gaboga boʻlgan muhabbatidan mast, toʻyga tayyorgarlik koʻrardi. Bir kuni amakivachchasi Terpsko undan kuyovtoʻraga qanday sovgʻa-salom tayyorlayotganini soʻradi. Kuara Gabo uchun roʻmolchalar tikib qoʻyganini, dastasi oltin rang iplar bilan bezatilgan qamchin tayyorlaganini aytdi. Terpsko unga fotosuratini sovgʻa qilishni taklif etdi-da:
- Sen bundan boʻlak yaxshiroq sovgʻa qilolmaysan, - deb ta’kidladi. Bu fikr Kuaraga yoqib tushdi. Terpsko uni shaharga kuzatib borishga tayyor ekanini aytgach, noz qilmay rozi boʻla qoldi.
- Ha, aytmoqchi, Botirbek ham shu kunlar ichi shaharga tushmoqchi edi-ya, - deb ahdini qat’iylashtirdi.

Bu gap Terpskoga yoqmadi. Lekin Botirbekning borishiga qarshilik bildirishga qoʻrqdi. Qiz havfsirab qolishi mumkin edi. «Qandaydir bahona bilan Botirbekdan albatta ajralishi kerak», deb oʻyladi u. Ular kelasi dushanba kuni shaharga borishga kelishishdi. Terpsko usti yopiq izvosh topishni oʻz zimmasiga oldi-yu, kelishuv haqidagi xabarni shu kuniyoq Murodga yetkazdi. Bu xushxabardan koʻngli toʻlgan Murod tayyorgarlikni tezlatish maqsadida shaharga ketdi. Koʻp oʻtmay Vladikavkazda Terpsko ham paydo boʻldi. Ular kelishib olingan soatda muyulishda uchrashishdi. Bir necha izvoshchilar bilan gaplashishdi. Bir-biriga juda oʻxshagan toʻrt gʻildirakli ikki izvoshga duch kelishgach, ularning birinchisi bilan Terpsko kelishdi. U izvoshga uchta oq ot qoʻshilishi shart ekanini, uch kishini Tagaurskdan olib kelib, yana qayta olib borib qoʻyajagini aytib, baholashdi. Murod ikkinchi izvoshni ham xuddi shu kunga tayinladi. U ham izvoshga uchta oq ot qoʻshishni ta’kidladi. U izvoshchiga shu kuni shahar koʻchalarida koʻrinmay, hovlida toqqa chiqishga tayyor turishi kerakligini aytdi. U manzilni aniq aytmadi, Vladikavkazdan oʻttiz chaqirim naridagi Alagir qishlogʻiga borilishi shartligini hozircha izvoshchining bilishi lozim emas edi. Shu bois Murod qirq chaqirimdan ziyod yoʻl bosmasliklarini aytib, izvoshchini hotirjam qilish uchun oldindan saxiylik bilan pul toʻlab qoʻydi.

Murod Tagaurskka qaytib kelgach, shu ishga yordam bermoqchi boʻlgan yaqin doʻstlaridan biri Sadulni Alagirga yubordi. Sadul borib Murodning amakisi Sosani ogohlantirib qoʻyishi kerak edi. U Murodning dushanba kuni goʻzal qiz bilan kelishini, nomusi bulgʻangan qizni oilasi turmushga uzatishga koʻnmaguncha yaxshilab yashirib qoʻyishi shartligini aytdi.

Sosa topshiriqni eshitgach, bir oz oʻylab, mulohaza qildi-da, hammasi jiyani aytganday boʻlishini uqtirib, «koʻnglini hotirjam qilaversin», deb qoʻydi.

Shanba kuni Gabo Vladikavkazga borib, Kuara uchun qidira-qidira eng chiroyli oltin kamar, osetin qizlarining koʻylagini bezaydigan oʻnta qimmatbaho toʻgʻnagʻich sotib oldi. Eng uzun toʻgʻnagʻich yuqoriga taqilib, koʻkrak ustini bezaydi. Qolganlari pastga ketma-ket qadaladi. Eng kichigi beldan sal yuqoriga taqiladi. Toʻgʻnagʻichlarga oʻrta asrga xos Osiyo suratlari bilan bezak berilgan edi.

Yakshanba kuni tushdan soʻng Gabo zeb bilan kiyinib, yoniga Muhammadni oldi-da, Tsellagoning uyiga bordi. Muhammad ipak qogʻozga oʻralgan sovgʻalarni koʻtardi. Tsellago ularni kutib olib, boʻlajak kuyovini mehmonxonaga boshladi. Gabo xontaxta ustiga qimmatbaho tuhfalarni qoʻyib, qalligʻiga sovgʻa qilish niyati bor ekanini aytdi. Bu bezaklar Kuara husnu-jamoli oldida arzimas ekanidan hijolatda ekanini bildirib, bundan ziyodroq qimmatbaho narsa keltirmagani uchun uzr soʻradi. Shahardan qidirib topganlari shugina edi. Tsellago esa bu ziynatlarga hayrat bilan boqardi – oʻzicha chamalab koʻrib, bu buyumlarga olti yuz soʻm narx qoʻydi. U Gaboga minnatdorchilik bildirib, kuyovga koʻrinish berish uchun yasanayotgan Kuarani chaqirgani chiqdi. Qiz tez orada chiqdi. Oddiy kiyingan, ammo goʻzal Kuara Gaboga jilmayib boqib, qoʻl berdi. Gabo avval oʻng qoʻlini papogʻiga qoʻyib ta’zim qildi-da, Kuaraning nozik qoʻlini oʻzining oʻng qoʻliga olib siqib qoʻydi. Muhammad ham boʻlgʻusi kelinoyisining qoʻlini ushlab koʻrishni istar edi. Ammo Gaboning jiddiy qarovchi koʻzlari eshikni imladi. Muhammad bu yerda ortiqcha ekanini tushunib, noqulaylik bilan ta’zim qilib chiqdi. Har nechuk quruq qolmadi, Kuara unga bir jilmayish hadya etdi.

Gabo bilan Kuara fotiha toʻyidan keyin ilk bor bir oʻzlari qolishdi. U qizning belidan quchib oʻziga tortdi. Qiz qarshilik bildirmay oʻz baxtidan, muhabbatidan mast, boʻlib uning keng koʻkragiga boshini qoʻydi. Gabo chap qoʻli bilan uning boshini koʻtarib goʻzal yuziga, chiroyli koʻzlariga tikildi. «Ham goʻzal, ham aqlli, ham mehribon», deb oʻyladi u. Gaboni baxt sharobi magʻrur etdi: shu goʻzal qiz uning qalligʻi!
- Kuara, - deb shivirladi u, keyin boshini egib qizning yumshoq lablaridan boʻsa oldi, mahkam quchdi. Qizning nazarida oʻzi shu topda himoyasiz, juda kichkina, juda nozik edi. Shu bilan birga yigitning quchogʻida oʻzini aytib boʻlmas darajada baxtiyor his etardi. «Agar xohlaganimda ham uning quchogʻidan qutilib chiqa olmasdim», deb oʻyladi qiz. Bu yoqimli quchoqdan qutilib chiqishni orzu ham qilmasdi. Bu chayir bilaklar ogʻushida mast boʻlish uning uchun eng buyuk saodat edi. O’z ixtiyoridan chiqish, oʻzini sevganiga toʻlaligicha topshirish, muhabbat choʻrisiga aylanishdan oʻzga istagi yoʻq edi.
- Gabo! - deb yigit yelkasiga qoʻlini qoʻydi-da, uning koʻzlariga toʻyib boqish uchun oʻzini sal orqaga tashladi. Ikkovlari ham bir necha daqiqa sukutda qolishdi.
- Gabo, - dedi u jilmayib, yigitga boshdan oyoq koʻz tashlab. - Men sizni har vaqt sevardim. Men hech qachon sizdan boshqa odam bilan turmush qurishga rozi boʻlmas edim.

Qiz uning yuzlarini siladi.
- Gabo, men sizni sevaman. Faqat sizni!
- Kuara, - dedi Gabo qasamyod etayotgan kishi ovozi bilan. - Men ham seni sevaman. Faqat seni oʻylayman. Menga sendan boʻlak qiz yoqmagan. Kuara, Xudoning oʻzi seni menga baxtim uchun yaratgan.
- Kuara! - u qizning boshini ikki qoʻli bilan ushlab, uning koʻzlaridan, peshonasidan, yuzlaridan oʻpdi. Nihoyat, uni qoʻyib yubordi. - Kuara, bir-birimizni sevishimiz qanday yaxshi!

Bu orada uyga qizning onasi Dandana kirib, patnisda may toʻla kichkina qadah bilan shirinlik qoʻydi. U ba’zi bir narsalarni koʻrdi, soʻnggi soʻzlarni ham eshitdi. Eshitdi-yu, yoshlik kezlarini esladi:

«Tsellago ham men bilan xuddi shu zaylda gaplashar edi» - deb oʻyladi u yengil entikib.
- Bu ajoyib ziynatlar uchun Gaboga rahmat aytdingmi? – deb soʻradi u yana sovgʻalarga hayrat bilan boqib.
- Yoʻq! – qizaribgina javob berdi Kuara. – Men oʻzim uchun eng qimmatli boʻlgan sovgʻaga maxliyo boʻlib qolibman.

Dushanba kuni ertalab Tagaurskka toʻrt oʻrinli, uchta oq ot qoʻshilgan izvosh kelib toʻxtadi. Izvoshchi bir yarim soat mobaynida otlarga dam bergach, soat toʻqqizlarda Kuara Botirbek va Terpsko hamkorligida shaharga yoʻl oldi. U milliy kiyimda edi. Koʻylagi ustidan Gabo sovgʻa qilgan qimmatbaho bezaklarni taqib olgandi, boshiga esa qora sochlarini yashirib turuvchi oppoq toʻr roʻmol oʻragandi.

Ular shaharga eson-omon yetib kelishdi. Izvosh suratkashning uyi oldida toʻxtadi. Kuara akalari bilan birgalikda uchinchi qavatga koʻtarildi.

Terpsko Murod bilan Sadulning shu yaqin orada ekanini bilardi. Kelishuvga muvofiq, ular kuzatib turishlari, Kuara akalari bilan uyga kirishi bilanoq, izvoshchining haqini toʻlab, joʻnatib yuborishlari kerak edi. Shunday boʻldi ham. Izvoshchi tunov kuni Terpsko bilan Murodni birga koʻrgani uchun hech nimadan gumonsiramadi. Kira haqidan tashqari choy pulini ham olgach, quvonganicha joʻnab ketdi.

Bir necha daqiqadan soʻng Sadul uchta oq ot qoʻshilgan izvosh bilan paydo boʻldi-da, Kuaraning chiqishini Murod bilan birga kuta boshladi.

Murodga yordam berish maqsadida kelgan amakivachchalari Poʻlkan bilan Pietrko esa eshikdan koʻz uzmay koʻchaning u boshidan, bu boshiga borib kelishardi.

Bu orada Terpsko suratkashga sirli ohangda bir necha soʻz aytdi. Suratni olib boʻlgach, yosh yigitni («Terpskoning raqibi»ni) bir nima bilandir chalgʻitib, qiz bilan gaplashib olishiga imkon yaratib berishni iltimos qildi.

Suratkash bunday voqealarga koʻp duch kelganmi, darrov yoʻlini topa qoldi. U surat olib boʻlgach, «Terpskoning raqibi»ni suratning narxini savdolashish bahonasida bir necha daqiqa ushlab turishga va’da berdi. Shundan soʻng suratkash Kuarani oʻtirishga taklif qildi. Ikki xil koʻrinishda suratga oldi. Qiz suratni Gaboga berishini, uning xursand boʻlishini koʻz oldiga keltirib mamnun jilmaydi. Terpsko esa xayajonda edi. U deraza orqali koʻchani kuzatadi.

Izvosh yoʻq.

«Ha, yaxshi. Murod uni joʻnatib yuboribdi».

Botirbek derazaga yaqinlashmasin uchun uni chalgʻitdi. Ozgina vaqt oʻtgach, xonaning u yogʻidan bu yogʻiga yurib, deraza oldida toʻxtadi. Yana tashqariga qaradi: eshik oldida boshqa izvosh turibdi.

«Murod shu yaqin orada boʻlishi kerak…»

Sadul koʻchaning u tomonida turib, soatsoz-juxudining doʻkonidagi soatga qaraydi. Poʻlkan bilan Pietrko esa koʻcha boʻylab yurishibdi.

Kuaraning ishi bitdi. Terpsko uni kuzatdi.
- Ha, aytmoqchi, Botirbek, suratlarning narxini kelishib olsang boʻlardi, - dedi u ostonaga yaqinlashganda.
- Kuara, senga nechta surat kerak? – deb soʻradi Botirbek.

Kuara oʻrtoqlariga ham sovgʻa qilsa, oltitasi yetar deb oʻyladi.
- Botirbek, biz seni koʻchada kutamiz, - dedi Terpsko.
- Yaxshi, - dedi Botirbek, ustaxonaga qaytaturib, - men hozir chiqaman.

Kuara bilan Terpsko zinalardan asta tushib borishardi. Terpskoning yuziga isnod buluti soya solgan. U oʻz singlisini sotyapti! Endi vaqt kech, Murodga soʻz bergan, qolaversa… kumush xalli egar…

Olgʻa!

Koʻchaga chiqishdi. Toʻrt oʻrinli, uchta oq ot qoʻshilgan izvosh eshik oldida kutib turibdi. Ular biroz turib qolishdi.
- Kuara, sen izvoshga oʻtira qol. Koʻchada turgandan koʻra oʻtirganing durust. Men Botirbekni shoshiray-chi, negadir xayallayapti.

Terpsko shunday degach, iziga qaytdi. Qimmatbaho kiyimdagi goʻzal Kuaraga oʻtgan-ketganlar qarayvergani uchun ham, u izvoshga oʻtirishni ma’qul topdi. Qiz oʻtirishi bilan poylab turgan Murod va uning ketidan amakivachchalari izvosh ichiga yopirilib kirishdi.
- Murod, senmisan? – deb qichqirib yubordi Kuara ham ayanch, ham nafrat bilan. Boshqa soʻz aytishga, qichqirib, yordamga chaqirishga ulgurmadi. Murodning kafti qiz ogʻzini mahkam berkitdi. Qarshiga oʻtirgan Poʻlkan esa qizning qoʻllarini ushlab, oyoqlarini tizzasi orasiga oldi. Sadul koʻchani kesib oʻtib, izvoshga chiqdi. Izvoshchi otga qamchi bosdi. Izvosh shahar koʻchalaridan oʻtib adirga yoʻl soldi.

Kuara chayir qoʻllardan qutilib chiqishga urinar, lekin harakatlari zoye ketardi. Poʻlkanning qoʻli bilan tizzasi uni temir iskanjadek siqib turardi. Murod chap qoʻli bilan qizning belidan quchib, oʻng qoʻli bilan ogʻzini berkitgan edi.
- Gabo, qayerdasiz? – Kuaraning qalbi nola qilib, sevikli yorini chorlaydi, - bu ablahlardan qachon ozod etasiz!

Qutulishga urinishlari yana zoye ketdi. Hansiray-hansiray, oʻz taqdiriga tan berishga majbur boʻldi. Pietrko Kuara tomondagi derazaning pardasini tushirdi-da, oʻzi deraza tomonga egilib, qizni koʻchadagi oʻtkinchilarning koʻzidan yashirdi.
- Kuara, - pichirladi Murod qizning qulogʻiga, - mana koʻrdingmi, baribir sen menikisan.

Kuara bu sovuq nafasdan titrab ketdi.
- Ha, bugun adirda butunlay meniki boʻlasan. Sen yaxshilikcha koʻnmagan eding, endi nomusing bulgʻanib, sharmandalik bilan menga tegasan. Sen meni mensimay, sovchi yuborishimga koʻnmading. Ot oʻgʻrisi Gaboga koʻngil qoʻyding. Xoʻsh, u hozir qayerda? Endi u seni qutqarib olarmidi?

Kuara oʻzini nima kutayotganini Murod aytmayoq bilardi. U urf-odatlarni yaxshi biladi. Agar Murod qizni oʻgʻirlashga oʻgʻirlab, nomusiga tegmay pokiza holda qoʻyib yuborsa oʻzi sharmanda boʻladi. Qiz bunga tushunib turibdi. Ammo uning aqli goʻzal chiroyiga monand: Murodni aldashga urinib koʻradi. Shuning uchun ham u butun kuchi, butun qalbi bilan Xudoga iltijo qilib, nomussizlikdan saqlashni, shaharga tushmay turib qanday pokiza boʻlsa, Gaboga shunday holda koʻrinishini soʻrardi.
- Yo Xudo, oʻzing madad ber! Avliyo Georgiy, menga rahming kelsin. Sen hatto ajdaholarni ham yenggansan, mening Gaboimga koʻp yordaming tekkan. Mendek kuchsiz va himoyasiz bir qizga, bu kishilarni aldashga koʻmak ber. Meni sharmandalikdan asra, Gabo uchun nomusimni saqlashga yordam ber!

Kuara duoning ijobat boʻlishiga umid qilib, biroz tinchlandi. U avliyoning yordam berishiga ishonardi. Uning hech qanday aniq rejasi yoʻq, ammo koʻngli va aqli toʻgʻri yoʻl koʻrsatishini sezib turibdi. Gaboga boʻlgan sevgisi unga kuch berdi. Pok niyatli qizga Xudo ham marhamatini ayamaydi. U Murodning qoʻliga boshini qoʻyib piqillab yigʻlay boshladi. Qiz qoʻrqinch va hayajondan titrardi. Murod qoʻlining hoʻl boʻlayotganini sezdi.

Murod derazadan tashqariga qaradi. Shahar ortda qolibdi. Endi qizning ogʻzini qoʻyib yuborish ham mumkin.
- Agar baqirsang, - deb ogohlantirdi u, - yana bogʻlab qoʻyamiz.

Kuara oʻz quroli – tilni ishga solish imkoniga ega boʻlganidan quvondi. Qiz dono bir maqolni esga oldi: «Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar…»

Qiz qalbi hamon Xudoga iltijo qiladi: «Yo tangrim, menga rahming kelsin, madad ber!»
- Jon, Poʻlkan, qoʻlimni qoʻyib yubor, roʻmolchamni olvolay, - dedi u yigʻlamsirab.

Poʻlkan Murodga qaradi. Murod rozi boʻlib bosh qimirlatdi.

Kuara yigʻidan toʻxtamadi. Izvosh hamon olgʻa intiladi. Qiz vaqti-vaqti bilan dunyoda eng baxtsiz qiz ekanini aytib noliydi. Nima uchun bu sharmandalik uning boshiga bulut soldi ekan, anglab yetolmaydi.
- Xudoi-taoloning xohishi shu boʻlsa, men taqdirga tan berdim, mayli, Murod, menga uylaning, - dedi u yigʻlab, – faqat oʻtinaman, nomusimni bulgʻamang, sharmanda qilmang.
- Kuara, bu haqda endi gapirmasang ham boʻladi. Vaqt oʻtdi. Senga uylanishga-ku, albatta uylanaman. Ammo sen shu bugunoq meniki boʻlasan.
- Yo Xudoyimey, oʻzing madad ber. Sharmandalikdan asra!

Boshqa soʻzlari lablarida qotib qoldi.

Murod «muddaoga yetish vaqti keldi» degan oʻyda derazadan boshini chiqarib izvoshchiga qichqirdi:
- Toʻxta!

Izvosh toʻxtadi. Murod eshikni ochib gʻamgin, ammo qat’iy ravishda buyurdi:
- Kuara, bu yoqqa tush.
- Yoʻq, - qichqirdi qiz, - yoʻq, chiqmayman… Menga rahmingiz kelsin, hech boʻlmaganda oʻz singillaringizni oʻylang.

Murod amakivachchalariga imo qildi. Sadul sakrab tushib, ikkinchi eshikni ochdi-da Kuarani oʻrindiqdan dast koʻtarmoqchi boʻldi. Qiz, yovvoyi joʻshqin bir kuch bilan oʻzini himoya qila boshladi. Sochlari toʻzgʻib, koʻylaklari yirtilsa ham oʻz nomusi uchun kurashaverdi. Izvoshda u havfsiz. Ammo bir qiz uchta yigitga qanday qarshilik qila olardi!

Kuaraning qichqirigʻi va qarshiligiga qaramay, izvoshdan tushirishdi. Uni chetroqqa - odam boʻyi keladigan oʻtlar tomonga olib oʻtishmoqchi edi. Biroq Poʻlkan bilan Sadul uni izvoshdan tortib tushirishayotganda Kuara epchillik qilib Poʻlkanning xanjarini qinidan sugʻurib oldi-da, yigitning bilagiga sanchdi. Poʻlkan ogʻriqdan dod deb qizning tizzalarini qoʻyib yubordi.

Kuara sapchib turib, izvoshni pana qilganicha oʻz himoyasiga shaylandi. Qoʻlidagi xanjar dastasini mahkam siqib, kuchsizlanganini sezdirmaslik uchun xansiraganicha qichqirdi:
- Menga qaranglar, Murod! Xudo mening nolamni eshitdi. Qasamyod qilib aytaman: agar birortangiz menga yaqin kelsangizlar mana shu xanjarni yuragimga sanchaman!

Uning koʻzlari yonadi, yuzlarida qat’iylik bor. Yigitlar buni koʻrib qimirlamay qolishdi. Qiz ularni ikkilanib qolishganini sezdi.
- Murod, ikkovidan birini tanlang: nomusimni yoʻqotganimdan koʻra, oʻlganim yaxshi! Agar rostdanam menda koʻnglingiz boʻlsa, avliyo Georgiy nomi bilan qasamyod qiling. Mening nomusimga tegmasangiz, men sizga itoatkor xotin boʻlaman.

Murod Kuarani sevar edi. Shuning uchun undan ajrab qolishdan qoʻrqdi. Qolaversa, qiz oʻzini oʻzi oʻldirib qoʻyguday boʻlsa, qarindoshlari bu haqiqatga ishonmasliklari, bu esa keyin yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Shu sababli u tez xulosaga kelib, dedi:
- Yaxshi, men senga bu yerda tegmayman. Avliyo Georgiy nomi bilan qasamyod etaman. Seni amakimiz uyiga olib boraman, oʻsha yerda nikoh oʻqitamiz.

Shundan soʻng Kuara xanjarni egasiga qaytarib berdi. Poʻlkan cherkascha kamzulini yechib, yenglarini shimardi-da, Pietrkoga yarasini roʻmolcha bilan bogʻlatdi. Kuara izvoshga oʻtirdi.

Sadul esa Murodga yaqinlashdi:
- Agar bu qiz aytganini qildirsa, sen ham, biz ham uyatga qolamiz.
- Men avliyo Georgiy nomini tilga olib qasam ichdim. Endi qasamni buzolmayman. Agar shunday qilmaganimda u oʻzini oʻldirar edi. Ishon. Uni qanday sevishimni bilasan-ku.

Sadul zaharli jilmayib, Muroddan yuzini oʻgirdi.

Murod izvoshga chiqib, Kuaraning yoniga oʻtirdi. Poʻlkan bilan Pietrko roʻparadan joy olishdi. Oraga sukut choʻkdi. Kuaraning qalbi gʻalaba shodiyonasi bilan tepar, avliyo Georgiyga yurak-yurakdan tashakkur aytardi. Ammo oʻzini fosh qilib qoʻyishdan qoʻrqib, izvoshning burchagida pusib oʻtirdi. Yigitlar qizga yon berishgani uchun hijolatda edilar. Kuara Murodga qasam ichirgani bilan hali bulardan butunlay qutula olmaganini bilardi.

Uch soatli yoʻldan soʻng otlar horib, sekinlashishdi. Ilon izi qayrilma yoʻl togʻ yonbagʻri boʻylab yuqoriga koʻtarilib borardi. Adir ortda qoldi. Yon-atrof osmonga intilgan baland choʻqqilar bilan oʻralgan. Bir soatlardan keyin izvosh Alagir qishlogʻiga kirib keldi. U Murodning amakisi Sosaning eshigi oldida toʻxtadi. Togʻ bagʻridagi kichkina qishloqni keng koʻcha ikkiga boʻlib turadi. Koʻcha boshidagi uylar gʻaribgina, toshdan qurilgan. Har bir hovlida bogʻ yashnab turibdi.

Murod hamrohlari bilan kirib, Kuarani Sosaning xotini bilan qizlari ixtiyoriga topshirdi. Qiz burchakda turgan kursiga oʻtirganicha, yigʻlagan boʻlib, koʻzlarini roʻmolcha bilan berkitdi. Aslida esa uning miyasi zoʻr berib ishlab, qutulish yoʻlini izlardi.

Murod amakisiga Kuaraning unga tegishga rozi boʻlganini aytgach, kerakli narsalarni tezda tayyorlab, ruhoniy otani kechki payt chaqirib kelishni tayinladi. Shu bilan birgalikda Kuara bilan asira sifatida emas, qarindosh sifatida muomala qilishni soʻradi. Hammalari dasturxon atrofiga oʻtirishgach, Kuara koʻz yoshlarini artib, ovqat yeya boshladi. Sosaning savoliga «taqdirim shu ekan, Murodga tegaman», deb qoʻya qoldi. Sosaning qizlari Kuaraning atrofida aylanib-oʻrgulib Murodni, uning urugʻ-aymogʻini, boyligini maqtab, Kuaraning toʻgʻri qarorga kelganini ta’kidlashdi.

Ruhoniyni kutishayotganda Kuara qizlarning ovutishlariga quloq osayotganday itoatkorona oʻtirdi. Ovqatlanib boʻlishdi. Atrofni shom qorongʻusi bosib kelardi. Kuara xonaning isib ketganidan nolib, oltin kamarini yechib qoʻydi.
- Togʻda ham bogʻlar bormi? – soʻradi u Sosaning qizidan.
- O, nimasini aytasan. Bizning bogʻimiz katta. Koʻrishni istaysanmi?
- Sal qorongʻuroq-ku, - dedi Kuara, - mayli, uy juda isib ketdi, chiqib biroz toza havodan nafas olaylik.

U oltin kamarini kursida qoldirib bir necha qiz hamrohligida boqqa chiqdi. Kuara oʻzini shodon koʻrsatib, atrofni butunlay qorongʻulik bosguncha qizlarga turli hikoyalar aytib, chalgʻitib turdi. Qorongʻu tushgach, holi qoldirishlarini soʻradi. Qizlar nima qilarlarini bilmay ajablanib, bir-birlariga qarashdi.
- Mayli, men Kuara bilan birga boraman, - dedi Sosaning qizlaridan biri.

Ular mevali daraxtlar oʻsib yotgan bogʻning chekkasi tomonga yurishdi. Kuara «oʻzing yordam ber, qutqar!», deb avliyo Georgiyga xayolan yalinib-yolvoradi.
- O’tinaman, meni biroz yolgʻiz qoldir, - uyalibgina soʻradi Kuara Sosaning qizidan.
- Xoʻp, xoʻp, – dedi qiz va nari ketdi.

Kuara bundan foydalanib, etagini koʻtardi-da, daraxtlar oralab yugurib ketdi. Devorga yetib kelganda:
- Avliyo Georgiy, yoʻlni topishimga yordam ber! – deb pichirladi uning lablari.

U devor tuynugini topdi. Qoʻshni boqqa chiqib oldi-yu, yugurib ketdi.

Qorongʻulik. Buning ustiga u yoʻlni bilmaydi. Qiz toʻgʻriga yugurib, soʻng tongga qadar biror yerga yashirinishga, ertalab qishloq oqsoqolidan yordam soʻrashga qaror qildi.

«Nahotki Gabo shu paytgacha meni topa olmaydi?» oʻz-oʻzidan soʻraydi qiz.

Mana yarim soatdan beri u bogʻdan bogʻga, devorma devor oshib yuguryapti. Nihoyat toʻxtab, quloq soldi. Sokinlik. Shundagina oʻtirib, tongni kutishga jazm etdi. Bir necha soat vaqt shu zaylda oʻtdi. Birdan ot tuyoqlarining tovushi qulogʻiga chalindi…

* * *

Botirbek bilan Terpsko suratxonadan chiqishganda Kuara gʻoyib boʻlgan edi. Ular tezlik bilan bu voqea haqida tanishlarga xabar qilishdi. Izvoshchi Terpsko bilan birgalashib, izvosh buyurgan osetinning haq toʻlab, joʻnatib yuborganini aytgach, Tagaurskka yoʻl olishdi. Kuaraning akalari, qarindoshlari hayallamay Murodning iziga tushishdi. Otlarning pishqirishini, tuyoqlar zarblarini eshitgan Kuaraning qalbi gʻurur va shodlik bilan tepadi:

«Bu mening akalarim, mening sevganim Gabo… Ular meni qutqargani kelishyapti!»

Lekin qorongʻida ularning oldiga chiqishga qoʻrqdi.

Vaqt imillab oʻtadi. Sharq tomon asta yorisha boshladi. Kuara oʻrnidan turib, yon-atrofga qaradi. U dala oʻrtasida turardi. Yaqinginasidagi yakka-yu yagona bir uyga koʻzi tushdi. U yordam soʻrash maqsadida oʻsha uy tomon yurdi. Uyga yaqin kelishi bilan ichkaridan sut sogʻish uchun chelak koʻtargan ayol chiqdi. Kuara unga yaqinlashib salom berdi-da, iymanibgina soʻradi:
- Eringiz uydamilar?

Ayol yaxshigina kiyingan qizga, yerdan chiqdimi yo osmondan tushdimi, deganday hayratlanib qarab olgach, dedi:
- Mening erim yoʻq, bevaman. Xoʻjaligimizga erimning ukasi Aleksandr qaraydi.
- U uydami?
- Ha, lekin uxlayapti.
- Iltimos, uygʻoting, gaplashib olishim kerak.

Kuaraning koʻzlarida shunchalik qoʻrquv, ovozida esa yolvorish bor edi-ki, ayol uni koʻpam coʻroqqa tutmay, qaynisini uygʻota qoldi. Aleksandr tezgina kiyinib chiqdi. Qizning unga ishonishdan boʻlak iloji yoʻq edi. Kuara tutilib-tutilib, boʻlgan gaplarni: oʻzining birovning qalligʻi ekanini, sovchisini rad qilgan yigit olib qochib ketganini Xudo uni sharmandalikdan asraganini, ayyorlik bilan qochganini, tez orada uni qutqargani akalari, qalligʻi kelishini aytdi.
- Men kechasi otlarning dupurini eshitdim. Yuragim aytib turibdi, ular meni izlab kelishgan. Mening hayotim, taqdirim, sizning qoʻlingizda. Menga rahmingiz kelsin, akalarim yaxshiligingizni qaytarishadi. Xudo sizdan marhamatini ayamaydi,-u shunday deb tiz choʻkdi-da, iltijo qildi: - Meni sotib qoʻymaslikka soʻz bering!
- O’rningdan tur! - Aleksandr uni turgʻizdi. - Xudo seni mening uyimga olib kelibdi. Senga bu yerda havf tahdid solmaydi. Sen mening mehmonimsan. Sening tashvishing - mening tashvishim. Akalaringni ishi - mening ishim. Qoʻrqma, biz mehmondoʻstlik qoidalariga qattiq rioya qilamiz! Men hayot ekanman, uyimda sening boshingdan bir tola soching ham toʻkilmaydi.

Qizni shunday deb ishontirib, koʻnglini koʻtargach, uyga boshladi. Kelinoyisini imlab chaqirib tayinladi:
- Agar joning shirin boʻlsa, eshitganlaring shu yerda qolsin. Tilingni tiy. Mehmonni orqa xonaga berkit. Eshikni tambala, zoʻrlik qilishsa, mayli, buzib kirishsin, lekin oʻzing ochib berma!
- Bu qishloqda bir qarindoshimiz bor. Tatarxon degan kishi. Tanisangiz kerak. Agar akalarim bilan qalligʻim kelishgan boʻlsa, oʻsha yerda boʻlishadi. O’tinaman, bir xabar oling. Xudo haqqi ehtiyot boʻling.
- Xotirjam boʻl, qoʻlimdan kelgan ishni ayamayman.
- Rahmat, rahmat.

Aleksandr qurolini oldi-yu, Tatarxonnikiga joʻnadi. Hovlida oʻn chogʻli otliqlarni koʻrdi. Ular nima haqdadir gaplashib, qayergadir shoshib turishardi. Begona odamni koʻrib, jim boʻlishdi.

Aleksandr uy xoʻjayinini topib, otliqlar erta tongda nima qilib turishganini soʻradi.
- Sening nima ishing bor?
- Men yomon niyat bilan kelganim yoʻq. Tatarxon, men otliqlarga nima kerak ekanini bilaman.
- Xoʻsh, ularga nima kerak?
- Ular Tsellagoning qizi Kuarani izlashyapti, - ayyorona jilmaydi Aleksandr.
- Sen buni qayerdan bilasan?
- Buni menga Kuara aytdi. U mening mehmonim. Uyimda berkinib oʻtiribdi. Kecha ota uyidan qanday chiqqan boʻlsa, shu ahvolda qoʻllaringizga topshirishdan xursandman. Kuyov bilan akalariga ayt, olib ketishga kelishsin.
- Qani shu yerda turib tur-chi… - dedi Tatarxon. Keyin Gabo bilan Botirbekka bu quvonchli xabarni yetkazgani ketdi.

Ular Aleksandrning oldiga yugurib kelishdi. U Tatarxonga aytgan soʻzlarini takrorlagach, yigitlar cheksiz xursand boʻlganlaridan qanday minnatdorchilik bildirishlarini bilmay qolishdi.
- Shu bugundan boshlab, sen bizning akamizsan! – deb ular Aleksandrning qoʻlini mahkam siqishdi. – Biz hech qachon yaxshiligingni unutmaymiz. Agar vaqti kelib doʻstlar yoki ukalaringga ehtiyoj sezsang, bizni chaqir.

Shundan soʻng Gabo bilan Botirbek hovlida turganlarga quvonchli xabarni yetkazishdi. Shu zahotiyoq otliqlar Aleksandrga ergashib, uning uyiga yoʻl olishdi. Bir necha daqiqadan soʻng, Kuara shodlikdan qichqirib oʻzini Gaboning quchogʻiga tashladi.
- Gabo, jonim, seni koʻradigan kunim ham bor ekan. Xudoga ming qatla shukur. Kelganing uchun rahmat, Gabo!
- Kuara, parizodim, xotirjam boʻl, sen uchun ham qasos olaman.
- Yoʻq, jonim, kerak emas… Axir biz yana birgamiz-ku, endi hech nima bizni ajrata olmaydi.

Kuara akalari va qarindoshlari bilan koʻrishib olsin, degan maqsadda Gabo oʻzini chetga oldi. Ular orasida Terpsko ham bor. Singlisini koʻrayotganidan, ichdan zil ketsa-da, gʻoyat xursand ekanini izhor etdi.

Aleksandr ovqat tayyor boʻlguncha biroz kutib oʻtirishlarini iltimos qildi. Gabo bilan Botirbek hozirning oʻzida Tagaurskka ketishga shoshilishardi. Lekin Tatarxonning izvoshi kelguncha Kuara qalligʻi va qarindoshlariga boshidan oʻtgan savdolarni, qanday qutulib qolganini aytib berishi kerak. Gabo xotirjam. Kuara uning xotirjamligi zamirida yovuz kuch yashiringanini sezdi. Gabo alamzada, nafrat gulxanida yonadi. U nima qilish kerakligini oʻzi biladi. U qasos olishga qasamyod etgan, Kuaraning hikoyasi uning ahdini mustahkamlayapti xolos. Kuara hikoyasini tugatgach, «bekorga qon toʻkilib, baxtsizlik yuz bermasligi uchun» Murodni kechirishlarini soʻradi.

U yorining boshi ustida mudxish soyalar aylanib yurganini sezdi-yu, koʻrgan-kechirganlari, charchoq azobi sabab boʻlib, koʻz yoshlarini tuta olmadi.

Tatarxonning izvoshi kelib toʻxtashi bilan Kuara unga chiqib oʻtirdi. U yana bir bor Aleksandr bilan uning kelinoyisiga rahmat aytib, qarindoshlari qurshovida Tatarxonnikiga yoʻl oldi. U yerda ularga nonushta tayyorlangan edi. Bu orada Sosaning qarindoshi kelib Tatarxonni chaqirdi. U Kuaraning oltin kamarini keltirgan edi. Katta baxtsizlik yuz bermasligi uchun yarashish maqsadida kelganini ham aytdi.
- Biz shunday ham jazoimizni tortdik, - dedi u, - qizning hammamizni laqilatib qochishi bizni uyatga qoʻydi.

Tatarxon uning iltimosini qarindoshlariga yetkazajagini aytgach, Sosaning elchisi ketdi. Tatarxon Sosaning yarashish haqidagi iltimosini aytishi bilan uyda gʻala-gʻovur, muzokara boshlandi. Avvaliga koʻpchilik yarashishga qarshi chiqib, aybdorlarni topshirishni talab qilishdi. Kuara akalari Gassako bilan Botirbekni qoʻshni xonaga chaqirib, Gaboning qasos olish qasdida ekanini qoʻrquv va hayajon bilan aytib, uni yarashishga koʻndirishga undadi. «Axir menga hech narsa boʻlgani yoʻq-ku!» deb aybdorlardan jarima ham olmasliklarini iltimos qildi.

Kuaraning soʻzlari akalariga ta’sir qildi. Ular xonaga oʻzgacha fikr bilan qaytdilar. Gabo ortiqcha gapni yoqtirmagani uchun ham gap-soʻzlarga aralashmadi. U birovning maslahatiga muhtoj emas - nima qilishini oʻzi biladi. Yigitlik qarorini hech kim oʻzgartira olmaydi. Yarashish haqida uning fikrini soʻraganlarida u oʻrnidan turib xotirjamlik bilan dedi:
- Mayli, yarashishga roziman. Ammo shartim bor.

Kuaraning akalari uning osongina koʻnganidan xursand boʻlib qanday shart ekanligini soʻrashdi.
- Kuaraga koʻz olaytirgan, unga soʻz aytgan odam gunohini yuvish uchun men talab qilgan narsani berishi shart.Menga pul kerak emas, men uning koʻzi bilan tilini talab qilaman!

Shunday deb, Gabo oʻtirdi.

Bu soʻzlar oʻtirganlarning qalbini muzlatib qoʻyganday boʻldi. Ular baxtsizlik muqarrar ekanini tushunishdi. Tatarxon bilan Kuaraning akalari qancha urinishmasin, foydasiz edi. Gabo axdida qat’iy! Kuara akalaridan Gaboning qarorini eshitib qichqirib yubordi-yu, hushidan ketdi.

Tatarxon Sosa bilan aybdorlarga yarashish mumkin emasligini yetkazishga majbur boʻldi. Sosaning savollariga javoban Tatarxon boshqalarning yarashishga rozi boʻlganlarini, shuning barobarida Gaboning dahshatli talabini ham aytib berdi. Kuara shu kuniyoq qarindoshlari qurshovida Tagaurskka qaytdi.

Oqsoqol Kuaraning uyi oldida ularga peshvoz chiqib tabrik soʻzlari bilan qarshi oldi. O’gʻlining qilmishlarini qoralab, uni kechirishlarini, qishloqda tinchlik saqlansin uchun Gaboga ham tushuntirib quyishlarini iltimos qildi. U oʻgʻlining hayoti uchun qaygʻurardi.

* * *

Oylar oʻtdi.

Oppoq qor adirni oq choyshabga oʻradi.

Murod Gabo bilan koʻchada uchrashib qolsa undan koʻzini olib qochadi. Chunki u hali ish nihoyasiga yetmaganini biladi. Gabo esa dushmanga zarba berish uchun payt poylardi.

U kechalari tez-tez adirga chiqar, lekin har gal ovi yurishmay, iziga boʻshashgan alpozda qaytardi. U shaharga olib boradigan yoʻlda soatlab turardi. Ayniqsa Murodning shaharga tushganini eshitsa, yoʻldan koʻz uzmas edi. Biroq raqibi hadeganda qoʻlga tushavermadi. Nihoyat bir kuni tunda, qor boʻroni orasida otliqni koʻrdi-yu, yuragi tez-tez ura boshladi. Uyga qaytayotgan Murodni taniganiga uning ishonchi komil edi. Ha, bu Murod!

«Xudo dushmanimni mening qoʻlimga topshirdi. Qasos soati yetdi!» deb oʻyladi u. Gabo toʻpponchasini oʻqlab, boʻrki panasiga olganicha tayyor holda turdi. Otliq yaqinlashgach, unga oʻqtaldi:
- Qoʻlingni koʻtar!

Murod bu tasodifiy uchrashuvdan oʻzini yoʻqotdi. Shosha-pisha toʻpponchasini olmoqchi edi, oʻq ovozini eshitdi. O’q papogʻini uchirib ketdi.

Bu ayovsiz olishuvdan darak edi.

Murod qoʻlini koʻtardi. Qorongʻu boʻlsa ham, qon qasdida yurgan dushmanini tanidi. Gabo toʻpponcha ogʻzini Murodga qaratib, unga juda yaqin keldi.
- Agar boshing ogʻirlik qilmayotgan boʻlsa, qoʻlingni shunday koʻtarib tur.

«Uning maqsadi nima? – soʻradi oʻz-oʻzidan Murod. – Nega meni oʻldirmayapti?»

Gabo toʻpponcha oʻqtalganicha, oʻng qoʻli bilan Murodning xanjarini qinidan sugʻurdi-da, nariga otib yubordi. Keyin qilichi bilan toʻpponchasini ham olib irgʻitdi.
- Tush pastga! Otning tizginini menga ber. Xoʻsh…Endi egarimning tagidagi arqonni olib, otimning oyoqlarini tushovla.

Gabo toʻpponcha tiraganicha doʻq urib, buyruqlarini bajarishga majbur etdi. Murod otdan shoshilmay tushib, tizginni egar qoshiga tashladi. Gabo qarshisida turgan dushmaniga gʻazab bilan tikilib dedi:
- Mana endi sen bilan hisob-kitob qilamiz!
- Senga nima kerak? – dedi Murod jur’atsizlik bilan.

U oʻzini xotirjam tutishga harakat qiladi. Gaboning qonida esa nafrat zahri qaynaydi. U dushmanini shunchaki oʻldirgani bilan koʻngli taskin topmaydi. Yoʻq, avval uni xorlashi, hamiyatini pastga urishi kerak.
- Tiz choʻkib, mendan uzr soʻra! – xirillab qichqirdi u.
- Yoʻq! Murod hech qachon bunday qilmaydi! – dedi Murod.

Shunda Gabo unga tashlandi-da, baquvvat qoʻllari bilan koʻtarib, qorga tashladi. Uzala tushgan Murodning qoʻllarini tizzasi bilan yerga bosdi. Qoʻrquvdan esini yoʻqotib qoʻygan Murod bir necha daqiqa harakatsiz qoldi.
- Sen Kuaraga qarashga botinibsan, gunohingni yuvish uchun shu koʻzlaringdan ayrilasan.
- Yoʻq, Gabo , bunday qilma, Xudoni oʻrtaga qoʻyib soʻrayman… - yolvordi u.

Biroq Gaboning katta, baquvvat barmogʻi uning oʻng koʻziga botdi… Keyin chap koʻzi ham oʻynab chiqdi. Murod dahshatli ovoz bilan dodlab yubordi. Alam bilan Gaboni qargʻay ketdi:
- Iloho, oʻlim oldidan yorugʻ dunyoni koʻrishdan mahrum boʻl! Yovvoyi urugʻingga oʻt tushsin!

G’azab oʻtida qovurilayotgan Gaboning qulogʻiga shu topda hech nima eshitilmaydi. Ogʻriqdan tipirchilayotgan Murodni u oʻzining ogʻir gavdasi bilan yerga bosib turaverdi. U rahm-shavqat nimaligini bilmaydi. Kuarani oʻgʻirlab, uning nomusiga chang solmoqchi boʻlgan odamidan qasos olishi shartligini biladi xolos.
- Sen Kuarani olib qochgan kuning sassiq ogʻzingdan chiqqan soʻzlarning haqqi uchun tilingni toʻlaysan!

U bir musht urib Murodning pastki jagʻini sindirib yubordi. Chap qoʻli bilan raqibining tilini ushlab, oʻng qoʻli bilan xanjarini qinidan chiqardi… Koʻp oʻtmay oppoq qor ustida qonga belangan bir boʻlak goʻsht yotardi.

Murodning baqirishga holi qolmadi. Ogʻzi qonga toʻlgan, faqat xirillaydi.
- Sening bu qora yuraging Kuaraga ega boʻlishni istabdi, - gʻazab bilan shivirladi Gabo. – Buning haqqiga hayotingni toʻlaysan.

Hali qoni qotib ulgurmagan xanjarini raqibi koʻksiga botirdi. Murod biroz tipirchiladi-yu, jimib qoldi. Nihoyat, Gabo oʻrnidan turdi. Qasos olganining belgisi sifatida raqibining oʻng qulogʻini kesib, choʻntagiga soldi. Xanjarini murdaning cherkascha kamzuliga artdi. Gabo ketishga shoshilmay, turgan yerida oʻylanib qoldi. Agar murdani shu yerda qoldirsa, qorga koʻmiladi, boʻrilar, tulkilarga yem boʻladi. Shu bilan iz bosilib, hech kim undan havfsiramaydi. Buning uchun otni ushlab turishi, bir qancha vaqt oʻtgandan keyingina qoʻyib yuborishi kerak. U otning tizginini marhumning jimjilogʻiga avaylabgina ildi. «Agar boʻrilarning yaqinlashganini sezsa, sapchiydi-yu tizginini boʻshatib qochadi», deb oʻyladi Gabo. Shundan soʻng u otiga oʻtirib, uyiga shoshildi. Berkinmasa ham boʻladi. Adir bepoyon, qor hali-beri tinadigan emas. Murdaning qolgan-qutganini ham bahorgacha topa olishmaydi. Agar u bugun uyiga qaytmagan taqdirda ham ana shu ahvolda dom-daraksiz ketgan boʻlardi. Endi tezroq uyga yetib olishi kerak. U otini tezlatdi.

Murod jazosini oldi. Endi Sadul, Poʻlkan va Pietrko bilan hisob-kitob qilib olishi kerak.

U Poʻlkanning izvoshda Kuarani ushlab ketganini esladi.
- Poʻlkan birinchi boʻlib adabini yeydi! - xitob qildi u.

Gabo shu kuniyoq Tsellagoning uyiga kirdi. Kuara bilan juda muloyim munosabatda boʻldi. Uning nazarida qasos amalga oshgandan keyingina Kuaraning nomini bulgʻovchi sharmandalik dogʻi yuvilgan edi. Bugungi kechda Kuara uning uchun yana ham yaqinroq, yana ham mehribonroq, avvalgidan goʻzalroq tuyuldi. Uning qalbi afsus oʻtida hech bir azoblanayotgani yoʻq. Aksincha, u nomus talab etgan ishni amalga oshirganiga ishonadi. Qasos unga lazzat baxsh etdi.

Tagaursk oqsoqoli Elbisdning uyida oʻgʻilning shahardan qaytishini uzoq kutishdi. Ertalab eshik oldida Murodning otini koʻrishgach, baxtsizlik yuz berganini anglashdi. Albatta, birinchi boʻlib Gabodan gumonsirashdi. Xavotirga tushgan Elbisd peshinga yaqin Yavzikoning uyiga yoʻl oldi. U Kuaraning oʻgʻirlanishi oqibatsiz qolmasligini yaxshi bilardi. Oqsoqol kelganda Yavziko Gabo bilan hovlida turardi.
- Sen ham shaharda boʻlgan edingmi? – soʻradi u Gaboga tikilib. - U yerda mening oʻgʻlimni uchratmadingmi?
- Yoʻq, - xotirjam javob berdi Gabo.
- Shaharda Murod haqida hech gap eshitmadingmi?
- Yoʻq… Men shaharda koʻp yurmadim. Tezda orqaga qaytdim. Kechani Tsellagoning uyida oʻtkazdim.

Oqsoqol ketdi. Gabodan shubhalanayotgan boʻlsa ham ilojsiz edi. Qoʻlida biror dalil yoʻq edi. U yoniga bir necha odam olib to kechgacha adirda oʻgʻlini qidirdi. Poʻlkan bilan Pietrko ham unga hamroh boʻlishdi. Ular ham bu ishda Gaboning qoʻli borligiga amin edilar, ammo Gaboga qarshi ularda ham dalil yoʻq edi. Murodga sherik boʻlishgani uchun ularning boshiga ham shu kun tushishi mumkinligidan havfsirab, bundan buyon yolgʻiz yurmaslikka kelishib olishdi. Ular bu qarorlarini Sadulga ham yetkazishdi.

Oradan kunlar oʻtdi. Bir kuni Botirbek Gaboga kutilgan xabarni aytdi: Poʻlkan bilan Pietrko Rekomdagi ziyoratgohga borib, avliyo Ilya ruhiga sigʻinib, amakivachchalarining qotilini topishda koʻmak berishini iltijo qilmoqchi ekanliklarini aytdi. Rekomda soʻralgan iltimos, aytishlaricha, amalga oshar emish. Kuaraning nomusi uchun qasos olib, Murodni oʻldirgan mardning aynan Gabo ekaniga Botirbekda shubha yoʻq edi Shu boisdan unga boʻlgan ehtiromi, yanada oshgandi. Biroq Botirbek sir boy bermas edi. Bu haqda yaxshisi gapirmagan ma’qul! Qayerda boʻlsa ham, qoʻlidan kelsa Gaboga yordam beradi.


«Agar Murodning sheriklari ham baxtsizlikka uchramasa, Gabo otimni boshqa qoʻyaman», deb oʻzicha qasd qildi Gabo.

U Botirbekni sodiq safdosh deb bilardi. Ular bir-birlarini hatto soʻzsiz, koʻz qarashlari bilanoq tushunishardi. Qolaversa, Botirbekning boʻlajak pochchasiga hurmati zoʻr. Botirbek uchun u mardlik namunasi: uning boʻyi-basti, kuchi, botirligi, eng muhimi - qoʻrqmasligi va chaqqonligi, topagʻonligi va ayyorligiga qoyil qolardi. U jazoga loyiq ish qilsa ham ana shu xislatlari evaziga suvdan quruq chiqardi.

Gabo Poʻlkan bilan Pietrkoga ziyoratgoh qadamjoga olib boruvchi baland togʻ yoʻlida jazo bermoqchi boʻldi. Irim-sirimlarga ishonmasa-da, Poʻlkan bilan Pietrkoning avliyodan yordam soʻrab, iltijo qilishlarini istamaydi. Ular qadamjoga yetib borishga ulgurmay, qasos xanjaridan oʻlim topishlari kerak. Gabo bu safar ishni ayyorlik bilan amalga oshirishi kerakligini biladi. U oʻzini kasalga solib, Botirbekka ishonishga qaror qildi. U koʻrpa-yostiq qilib yotib olib, tabib chaqirib, qorin ogʻrigʻidan shikoyat qildi. Tabib avvalo bir qadax aroq berishlarini soʻradi. Talabi bajo boʻlgach, qandaydir duolarni oʻqib, ichirib yubordi. Keyin ichni yumshatadigan talqon dori yozib berib, tez orada tuzalajagini aytdi. Mukofotga olgan bir soʻmni choʻntakka solib, iziga qaytgach, koʻrgan-bilganlariga Gaboning ogʻir kasal ekanini, ammo bu kasal uning duolari va dori-darmoni oldida hech gap emasligini aytdi. Gabo dori ichishni xayoliga ham keltirmay, Muhammad orqali Botirbekni chaqirtirdi. Botirbek shu zahotiyoq, Muhammad bilan kirib kelib, hol-ahvol soʻradi.

Gabo xasta ovozda dedi:
- Ogʻriyapti, Botirbek…

U ukasiga javob berdi. O’smirni bu ishga aralashtirgisi kelmadi.
- Botirbek, kursini olib, menga yaqinroq oʻtir, gapim bor.
- Eshitaman, Gabo?
- Botirbek, yordam bermasang boʻlmaydi.
- Gabo, agar sen uchun qon toʻksam oʻzimni baxtli hisoblardim.
- Rahmat, Botirbek. Murodga kim jazo berganini bilasanmi?

Gabo shunday deb uning koʻzlariga tikildi.
- Bilaman!.. Kuaraning oʻgʻrilaganlardan qasos olgan odam sharafi uchun hech narsadan qaytmayman.
- Botirbek, - dedi sekingina Gabo. – Uning sheriklari ham jazo olishlari kerakmi?
- Albatta, Gabo.
- Sening yordamingga ishonsam boʻladimi?
- Boʻladi!

Gabo undan koʻzini oldi.
- Ular qachon Rekomga borishadi?
- Ertaga ertalab.
- Botirbek, ikki soatdan soʻng yoʻlga chiqamiz.
- Axir kasalsan-ku?
- Men shunchaki ayyorlik qilyapman.
- Shunday degin?
- Muhammadni chaqir, gapim bor.

Muhammad kirgach, Gabo unga dedi:
- Menga qara, bugun kechasi men bir yerga borib kelaman. Bu haqda hech kim bilmasligi kerak. Otni olib, adirga chiq. Har doim uchrashadigan yerimizda kut. Botirbek, sen ham yarim soatdan soʻng oʻsha yerda tegirmonning chap tomonida katta yoʻl yoqasiga chiq.

Gabo oʻrnidan turib kiyindi. Otasiga bugun bir yerga borib kelishini aytdi.
- Buni faqat siz bilishingiz kerak. Boshqalar uchun men kasalman, koʻrpa-yostiq qilib yotibman.

Yavziko bosh silkib duo qildi:
- Avliyo Georgiy madadkoring boʻlsin!

* * *

Tun ogʻushida qolgan adirda Muhammad Gaboning otini ushlab turardi. U egarga suyanganicha kutayotgan paytda boshida papoq, yelkasiga esa miltiq osib olgan, qora boʻrk kiygan Botirbek asta yaqinlashdi. Tez orada qurollangan Gabo ham yetib keldi. U Muhammadning qoʻlidan tizginini olib, sakrab otga mindi. Ukasiga bosh irgʻab xayrlashgach, Botirbek ikkovi tun bagʻriga singib ketishdi.

«Qachon u meni oʻzi bilan birga olib yurarkin?» deb ogʻrindi Muhammad.

Gabo bilan Botirbek jimgina ketishyapti. Gabo otni janubi gʻarb tomonga, ziyoratgohga sigʻinish maydoniga olib boruvchi Qizildon soʻqmogʻiga burdi. U oʻsha yerda pistirma qoʻyib Poʻlkanni otadi. Pietrko esa Botirbek otgan oʻqdan qulashi kerak. Murdalarni daryoga tashlashadi. Otlar birorta baxti kulgan odam qoʻliga tushadi, deb jonivorlarni oʻz xoliga qoʻyishmoqchi boʻlishdi. Qasos oʻti gʻanimlarni mahf etgach, kunduzi Botirbek bilan bir yerda berkinib yotib, kechasi uyiga qaytishni moʻljalladi.

Sukunatni Gabo buzdi:
- Uydagilaringga nima deb chiqding? - deb soʻradi.
- Vladikavkazga borib, toʻyga atab ul-bul sotib olaman, dedim.

Yana jim-jitlik…

Otlar qor ustida bitta-bitta qadam bosishadi.

Togʻ ortidan toʻlin oy koʻtarilib, bepoyon adirni oʻzining oppoq nuriga choʻmdi.

Botirbek Gaboning rejasini bilmaydi. Shunday boʻlsa ham, soʻrab bezovta qilgisi kelmadi.

Bir necha soatdan soʻng gʻor ogʻziga yetib kelishdi. Ziyoratgohga olib boruvchi soʻqmoq shu gʻor yonidan oʻtadi. Soʻqmoq yoʻl yuqoriga koʻtarildi. Gabo pana joy tanladi. Bu yerdan ikki yuz qadam naridan oʻtuvchilarni ham bemalol koʻrish mumkin. Uning hisobicha, Poʻlkan bilan Pietrko ertalab soat toʻqqizlarda oʻtishlari kerak. G’or atrofi quyuq tuman ogʻushida. Soat oʻnlarda Gabo ot dupurini eshitdi. Dam oʻtmay dovonda Poʻlkan koʻrindi. Gabo uni moʻljalga olib otdi. Poʻlkan bir tebrandi-yu, egarda qoldi. Uning chap yelkasi yaralangan edi. Shunday boʻlsa ham otini oldinga haydadi. Gabo Poʻlkan bilan Pietrko ziyoratgohga yakka oʻzlari borishadi deb yanglishgan ekan. Ularning orqasida yana olti otliq paydo boʻldi. Ular orasida Murodning doʻsti Sadul ham bor. Qolganlari Murodning togʻavachchalari bilan doʻstlari.

Hammalari miltiqlarini shaylab, turishardi. Otishma boshlandi. Boshiga oʻq tekkan Sadulning oti old oyoqlarini koʻtarib, chavandoz bilan birga jarga quladi. Ular toshdan toshga urilib koʻzdan gʻoyib boʻlishdi. Shu payt Pietrko otgan oʻq Gabo mingan otning tizzasini yaraladi. Ot jar labida yiqilib qoldi. Gabo oʻz vaqtida egardan tushib olishga ulgurdi. U Pietrkoni nishonga oldi. O’q otning boʻyniga tegdi. Pietrko sakrab otdan tushdi. Biroq yaralangan jonivor doʻstlarining yoʻlini toʻsib qoʻydi. Bundan foydalangan Gabo sirni fosh qilmaslik uchun jarga oʻz otini itarib yubordi. O’zi qoyalarga tirmashganicha yuqoriga chiqib qutulmoqchi edi. Shu orada Botirbekni qochib qutulishga undadi.
- Mening xohishim shu! Biz ularga bas kela olmaymiz. Ular koʻpchilik. Sen menga yordam qilishga va’da bergan eding. Endi boʻysun! Oting hali baquvvat, qochib qol! Men bir necha kundan soʻng uyga qaytaman.

Botirbek ikkilandi.
- Senga buyuryapman – qoch!

Botirbek istar-istamas otini burib, qamchi bosdi-yu, shu zaxoti koʻzdan yoʻqoldi. Gabo esa butun kuchini ishga solib, qoyadan qoyaga tirmashib yuqorilab boraverdi. Uning orqasidan qancha oʻq otishmasin, nishonga tegmadi.

Raqiblari tanib qolishdimi yoʻqmi, u aniq bilmaydi. Balki bu yoʻltoʻsarlikni togʻda yashovchi biron qabilaga toʻnkab qoʻyishar, degan umidi bor edi. Biroq adirda kunduzi otsiz yurib boʻlmaydi. Shuning uchun Jimardagi qarindoshlarinikiga borishga qaror qildi. U yerda Tagaurskda nima gap ekanini, undan havfsirashayotibdimi, yoʻqmi, biladi.

Poʻlkanning yarasini tezlik bilan bogʻlashdi. Ular Gabo bilan Botirbekni tanishmadi. Barchalari bir yerga toʻplanishib, qilinajak ishlarning maslahatini pishirishdi. Pietrko Sadul tirikmikin, degan xayolda yolgʻiz oyoq yoʻldan jarga tushdi. Gaboning otini koʻrib, darrov tanidi-da, quvonganicha qichqirdi:
- Aka, mana dalil!

U Sadulni ham topdi. Sadulga yordamning hojati yoʻq – u oʻlgan edi. Pietrko yuqoriga chiqqach, koʻrganlarini aytib berdi. Ular orqaga qaytib, boʻlib oʻtgan voqea haqida pristavga xabar berishga, Tagaursk bilan Jimarda tintuv oʻtkazishini iltimos qilishga kelishishdi.

Pristav Tagaurskka borib, ovuldagilar «Gabo kasal, uyida», desa ham uni topa olmadi. Gabo Jimarga yetib kelgani hamon pristav yuborgan unter-ofitser askarlari bilan qishloqqa yaqinlashdi.

Jimar baland tokqa joylashgan. Shu bois Gabo kun boʻyi piyoda yoʻl bosib, kechqurun yetib kelgan edi. Gabo izma-iz quvib yurishganidan bexabar edi. Jimar Lamardon vodiysiga tutashib ketgan kambagʻalgina ovul edi. Ovulni oʻrtasidan kesgan kumushrang daryo havo ochiqligida yaqqol koʻrinib turadi. Daryoning u boshidan yalangʻoch togʻ qoyalari boshlanadi. Bu yerlarda mol boqib boʻlmaydi. Bu qoyalar ortida oʻtkir choʻqqilarning ikkinchi qatori osmonga boʻy choʻzadi. Bu choʻqqilarga chiqish mushkul. Yana uzoqroqda asriy qor koʻrpasiga burkangan ikkita baland choʻqqi koʻrinib turibdi.

Jimar aholisi chorvachilik, dehqonchilik bilan shugʻullanishadi. Ular orasida badavlat xonadon kam. Gabo kirib kelganda qarindoshlari ovqatlanib oʻtirishardi. U ham oʻtirdi. U ovqatlanib boʻlay deganda eshik shasht bilan ochilib xonaga unter-ofitser boshliq askarlar yopirilishdi. Ularning izidan Tagaursk oqsoqoli, soʻng Jimar oqsoqoli bilan uning kotibi ham uyga kirishdi.

Gabo sakrab oʻrnidan turdi-yu, ammo ilojsizligini sezib, joyida qotdi: chunki oʻnlab toʻpponchalar ogʻzi unga qaratilgan, eshik va derazalar oldi odamlarga toʻla edi.

«Ha, tutildim! Iloj yoʻq, tamom!»

Shunday deb oʻyladi-da, sir boy bermay, kiborlik bilan oʻng qoʻlini papogʻiga qoʻyib, unter-ofitser oldiga keldi. Bir daqiqa turgach, unga ikki qoʻlini uzatdi.
- Janob unter-ofitser, siz mening qoʻllarimni bogʻlamoqchimisiz? - deb soʻradi u jilmayib.

Bu unter-ofitserga masxara boʻlib tuyulib, askarlarga «bogʻlanglar», deb buyruq berdi.
- Mahkamroq, - ogohlantirdi Elbisd, - boʻlmasa yana qochib qoladi.

«Nima boʻlsa ham qochaman», oʻyladi Gabo. U bunday qulay sharoit togʻ yoʻllari orqali shaharga olib ketishayotganda vujudga kelishiga ishonardi. U tashqi koʻrinishdan xotirjam edi. Ammo miyasi toʻxtovsiz ishlab, najot yoʻlini istar edi.

Gaboni soʻroqqa tutishdi. Poʻlkanni otganini tan oldi. Uning yaralangan oti rad etib boʻlmaydigan dalil edi. Kotib «nima uchun shunday qilding?», deb soʻraganida Gabo kiborlik bilan dedi:
- Nima, senga javob berishim kerakmi?
- Qalligʻini oʻgʻirlashgani uchun qasos olmoqchi boʻlgan, - suhbatga Elbisd qoʻshildi. Keyin oʻgʻlining taqdirini bilish maqsadida Gaboga yuzlandi:
- Nima uchun avval Murodni otmading. Axir eng birinchi aybdor Murod edi-ku?

Gabo oqsoqolning tuzoq tashlaganini tushundi.
- Men Murod haqida hech nima bilmayman.

Gaboni shu bugun kechasiyoq shahar qamoqxonasiga olib ketmoqchi edilar. Elbisd tinchligini yoʻqotgan, qalbi azob chekardi. Balki shu yigit oʻgʻlining qotilidir, ammo dalili boʻlmagani uchun hech nima qilolmaydi. Agar bu yerda unter-ofitser askarlari bilan turmaganda, oqsoqol atrofidagi sodiq odamlarini ishga solib, Gaboni gapirishga majbur qilardi. Qani edi, Gabo bilan yuzma-yuz qolsa-yu, bu magʻrur va oʻjar yigitning burnini yerga ishqab, azoblay, azoblay jonini olsa!

U unter-ofitserning yordamiga muhtojlik sezib, uni sekin chetga tortdi.
- Janob unter-ofitser, asirni mening oʻgʻlimni oʻldirganini tan olishga majbur qilishning iloji bormi? Bu yovuzlik faqat uning qoʻlidan keladi. Men bunga aminman. U juda xiylakor va ayyor, unga qarshi biror dalil topish qiyin.
- Ha!
- Janob unter-ofitser, agar ruxsat bersangiz, men ayrim usullarimni ishlatib, uni tan olishga oʻzim majbur etardim.
- Hm, hm!
- Janob unter-ofitser, agar asirni oʻn daqiqagina mening ixtiyorimga topshirsangiz, sizga bajonidil oʻn soʻm bergan boʻlardim.

O’rta boʻyli, puchuq burun, malorossiyalik kambagʻal oiladan chiqqan unter-ofitser ikkilanib qoldi. Bir tomondan bunday talabni birinchi eshitishi – bu qonun-qoidaga xilof. Yana biror kori hol boʻlmasin, deb qoʻrqadi. Ikkinchi tomondan, oʻn soʻm pul hazilakam emas.
- Sen nima qilmoqchisan?
- Murodni oʻldirganini tan olmaguncha oyogʻini kuydiraveraman, - deb shivirladi Elbisd.

Unter-ofitser choʻchib tushdi. U barcha rus dehqonlari kabi oqkoʻngil edi, vahshiylikni hazm qila olmasdi. Ammo oʻn soʻm pul… Agar oxiri baxayr boʻlsa-ku, pul choʻntakka tushgani yaxshi-ya. U biroz oʻylanib dedi:
- Toʻxtang-chi, oʻzim bir gaplashib koʻraman.

U Gabo yotgan xonaga kirib, mahbusga yaqin keldi. Unga ma’nodor qarab turdi. Gabo uning qarashidan bir narsa demoqchi ekanini uqdi. Xayoliga bir fikr keldi.

«Nahotki shu menga yordam bersa? Boʻlmasa kim? Balki Saiddir?».

Unter-ofitser askarlarning biriga mahbusning qoʻli mahkam bogʻlanganmi, yoʻqmi, tekshirib koʻrishni buyurdi. Arqon mahkam siqib bogʻlangani sababli Gaboning bilagini qizartirib yuborgan boʻlsa-da, askarlarga doʻq urdi:
- Tuzukroq bogʻlashni ham bilishmaydi. Bundaqa mahbusni hushyor boʻlib qoʻriqlash kerak. Senlar boʻlsa…

U qorovulga javob berib, arqonni sal boʻshatdi. Sekin eshitiladigan qilib soʻradi.
- Puling bormi?
- Oz-moz bor, - shivirladi Gabo.
- Oqsoqoling butun aybingni boʻyningga olmaguningcha oyoqlaringni kuydirmoqchi. Agar bunga yoʻl qoʻymasam, xizmat haqqim qancha boʻladi?
- Yonimdagi borini olasan.
- Qancha?

Unter-ofitser arqonni yana tugib qoʻydi.
- Kamzulimda 65 soʻm bor.
- Yaxshi, pulni keyin olaman.

«Yaxshi ish boʻldi. Buning puli oqsoqolnikidan olti baravar koʻp», deb oʻyladi unter-ofitser. Soʻng mehmonxonaga qaytib:
- Talabingni bajarishni hech iloji yoʻq, - dedi u oqsoqolga, – bu yerda guvohlar haddan tashqari koʻp. Buni bir oʻzim hal qilolmayman. O’zing bilasan, boshliqlarim oʻtaketgan qattiqqoʻl.

Askarlar mahbusni olib chiqishga tayyorlanishayotganda, unter-ofitser ustalik bilan Gaboni yolgʻiz olib qoldi-da, vaqtni boy bermay, oʻng qoʻlini kamzulining yon choʻntagiga tiqdi. Biroq hech nima topa olmadi.
- Tagrogʻida, - pichirladi Gabo.

Unter-ofitser tugunchani topib, darhol yashirdi.
- Meni butunlay qoʻyib yubora olmaysanmi? – soʻradi Gabo.
- Qancha?
- Ikki yuz soʻm.
- Pul yoningdami?
- Yoʻq. Lekin men albatta toʻlayman.
- Yoʻq, yoʻq, - uning gapini boʻldi unter-ofitser, - bunaqasi boʻlmaydi! Shundayin ham senga yaxshilik qilaman, deb qonunni buzdim, – dedi-yu, shoshilganicha xonadan chiqdi.

Ikki oqsoqol hovlida oʻzaro gaplashib turishardi.

Janubi sharqdan koʻtarilgan Oy togʻlar ustida osilib qoldi.

Unter-ofitser tugunchakdagi pulni sanash uchun pana joy qidirib qoldi. Hovlida sanashning imkoni yoʻq edi.
- Men hozir kelaman, - dedi u oqsoqolga. Soʻng orqa tomonga oʻtib pulni sanadi. Toʻgʻri chiqdi.

«Bu osetin tushmagur toʻgʻri soʻz ekan», - deb oʻyladi u qaytar ekan. Koʻp oʻtmay u yoʻlga tushishga buyruq berdi.

Tagaursk oqsoqoli Gaboning odatini bilgani uchun ham, qochib ketadi, deb xavfsiraydi. U jinoyatchini ikki askarga bogʻlab qoʻyishlarini soʻradi. Bu taklif unter-ofitserga yoqib tushib darrov bajo keltirdi.

Yoʻlga tushishdi. Oldinda unter-ofitser. Gabo askarlar qurshovida. Uning boʻyi boshqalardan bir qarichga baland. Elbisd saf orqasida, otda kelyapti. Ular ovoz chiqarmay, shimol tomonga qarab yoʻlga tushishdi.

Qish kechasi maftunkor va qaytarilmas darajada goʻzal boʻladi. Qilt etgan shabada yoʻq. Toʻlin Oy yon-atrofni kunduzgiday yoritib turibdi. Oyoqlar ostida qor gʻichirlaydi. Yalangʻoch xarsanglar qor ostida. Chapda Lamardon vodiysi yastanib yotibdi. Vodiy yarim aylana baland togʻlar bagʻriga borib taqaladi. Pastda tezoqar daryo shovullaydi. Bir yarim soatlardan soʻng gʻor ogʻziga yetib kelishdi. Bu yerda soy suvlari qoya toshlarini silab-siypab sharq tomonga buralab Lamardon daryosiga qoʻshiladi. Yoʻl ham oʻngga qayrilib sharqqa, daryo boʻylab choʻzilib ketgan. Yoʻlning u yonini tik qoyalar oʻragan. Bu qoya yoʻlga soya tashlab turibdi. Yoʻl toraydi. Yoʻlovchilar siqilishdi. Chap tomon jarlik. O’ngda tik qoyalar koʻkka boʻy choʻzgan. Hammayoq qoya-tosh. Ahyon-ahyonda daraxt uchraydi. Odamlar turnaqator boʻlib yuqoriga koʻtarilib borishadi. Ularni bulutlar oʻz bagʻriga oldi. Namiqqan yomgʻirpoʻshlari muzladi.

Ular qoyani aylanib oʻtuvchi yolgʻizoyoq soʻqmoqqa yetib kelishdi. Odamlar bir-birlarini qoʻllab-quvvatlab, qoyani aylanib oʻta boshlashdi.

«Mana, payti keldi, - oʻyladi Gabo. - Meni Sibirga surgun qilishlarini hech istamayman. Jangchilar panohkori avliyo Georgiy, madad ber!»

Uning oʻng qoʻli bogʻlangan askar qoyani aylanib oʻtdi. Ikkinchisi hali orqada. Gabo burchakka yetib kelib, bir zum toʻxtab qoldi. Qoya tomonga qayrildi. Butun kuchini toʻplab arqonni tortdi. Keyin shasht bilan aylanib, askarlarga bogʻlangan arqonni mahkam ushladi-da, oʻzini pastga otdi. O’zlarini oʻnglab olishga ulgurmagan askarlar unga ergashib jarga quladilar. Oldinda ketayotgan askarni Gaboning ogʻirligi tortib ketdi. Orqada kelayotgani Gaboning sakrashi va sherigining qulashini koʻrib, oʻzini shu soʻqmoqda ushlab qolish uchun bor kuchini toʻpladi. Qoʻllari silliq qoya toshdan panoh izladi. Ammo ilojsiz, bu yerda ushlab qoladigan birorta ham narsa yoʻq. U yurakni titratib yuboruvchi dahshatli faryod bilan jarga quladi. Qolganlar ehtiyotkorlik bilan oʻzlarini qoya toshga yaqin olib, pastga yumalab tushib ketayotgan uch odamga to ular koʻzdan yoʻqolmaguncha qarab turishdi. Barcha dahshatga tushib, toʻxtadi. Keyin shu oʻrtadagi ovuldan yordamga odam chaqirish uchun orqaga qaytdilar. Gabo esa hamrohlari bilan bulutlar osha pastga ucha-ucha birdan yengilgina turtki sezdi. Arqon daraxt shoxlariga ilindi. Koʻz yumib-ochguncha vaqt oʻtmadi hamki, daraxt kuch bilan tushib kelayotgan uch kishining ogʻirligini koʻtarolmay tomirlari bilan qoʻporilib chiqdi. U ham shovqin-suron bilan pastga quladi.

Gabo kimningdir suyaklari qisirlab singanini aniq eshitdi. Bir askarning boshi bilan qoyaga urilganini koʻrdi. «Avliyo Georgiy, oʻz panohingda asra!», deb iltijo qildi.

Yana nimagadir urilishdi. Bu safar yumshoq narsaning ustiga tushgan Gabo hushini yoʻqotdi. Bir ozdan soʻng oʻziga kelgach, qoʻl- oyoqlarini jonsizday sezdi. Ammo hech qayeri ogʻrimasdi.

«Meni avliyo Georgiy saqlab qoldi», - deb shivirladi uning lablari. U hali ham sogʻ qolganiga ishonmas edi. U qoʻl-oyogʻini qimirlatib koʻrdi. Yoʻq, hech yeri sinmagan. Gabo tirik qolib, ozod boʻlganidan qalbi quvonchga toʻldi. Keyin yonida yotgan askarga koʻzi tushdi. Boshi bilan qoyaga urilgan, qonga belangan gavdadan uning odam jasadi ekanligini bilish mushkul edi.

Gabo tagida askar yotganini sezdi. Uni oʻlimdan butazor saqlab qolgan edi. Gabo oʻrnidan turib, baxti chopib sogʻ qolganiga ishonch hosil qildi. U har ikki askarga bogʻlangan arqondan oʻzini boʻshatib, tirik qolgan askarga qaradi. Koʻrinishidan beli singanga oʻxshaydi. «Yoʻq men unga yordam berolmayman», deb oʻyladi u.

Gabo yerda yotgan miltiqni olib, ikki marta osmonga oʻq uzdi. Uning nazarida yuqoridagilar buni eshitib, oʻrtoqlariga yordam bergani pastga tushishlari kerak edi. Gabo pul-mul yoki yegulik biror narsa topish niyatida askarning choʻntaklarini kavladi. U pichoq, tamaki, bir necha tiyin pul topib, choʻntagiga soldi. Soʻng askarning miltigʻi bilan oʻqlarini olib yoʻlga tushdi. Bir soatcha irmoq boʻylab yuqoriga koʻtarildi. Shundan soʻnggina, qorda qolgan izlari sirni fosh qilib qoʻyishi mumkinligi xayoliga keldi. Ta’qibchilarni chalgʻitish maqsadida aniq iz qoldirib orqasiga qaytdi. Keyin suvga sakradi. Tizzasidan keladigan suvni kechib, oqimga qarshi yura boshladi. Oradan bir necha soat vaqt oʻtdi. Sharqdan quyosh moʻralab, Oy koʻrinmay qoldi. U nafas rostlab, dam olay, degan maqsadda xarsangga oʻtirgan onda birdan odamlarning ovozi qulogʻiga chalindi.

Bu odamlar Gaboning oldidan toʻsib chiqish uchun ehtiyotkorlik bilan pastga tushib kelishardi.

«Nima qilish kerak? Qochaymi, yoʻq, iloji yoʻq», - oʻyladi Gabo.

U miltiq bilan oʻqlarni shox-shabba orasiga yashirib, oʻzi suv ostiga berkindi. Nafas olish uchun faqat burnining uchigina suv yuzasida qoldi. Bu orada bir necha askar pastga tushib oʻzaro gaplashib Gabo yotgan yerga kelishdi. Uning yuragi shu qadar qattiq ura boshladi-ki, nazarida xuddi hozir yorilib ketadiganday edi.

Yoʻq, baxtidan boʻlib, ular hech nima sezmay oʻtib ketishdi.

Gabo yana biroz kutdi. Keyin muzday suvdan chiqib qurolini oldi-da, yana suv ichidan yurib, yuqoriga koʻtarila boshladi. U tez-tez yurib, muzlayozgan a’zoi-badanini isitmoqchi boʻldi.

Gabo Ksarzanga, Saidning oldiga panoh izlab borib, maslahat soʻrashga qaror qildi.

Quyosh choʻqqilar osha koʻtarildi. Gabo dam olish uchun pana yerga yotdi. U kunduz kuni berkinib, kechasi yoʻl yurishga majbur edi. U uygʻonganida quyosh tikkaga kelgandi. Ochlik sillasini quritdi. Biroq atrofda yegulik biror narsasi ham yoʻq. Baland toqqa joylashgan choʻponlar kulbasi esa berk. Qishda choʻponlar ketib qolishgan.

Yoʻlda dam ola-ola, ochlik azobiga chidab, olgʻa intilaverdi.

Quyosh botdi.

Yegulik ushoq ham yoʻq.

Atrof faqat tosh-u qor, boshqa hech nima yoʻq. Chanqasa, qor shimadi. U charchadi, shunday boʻlsa ham butun kech boʻyi toʻxtamadi. Tongga yaqin adirga yaqinlashdi. Endi yoʻl oʻrmon orasidan oʻtadi. Toʻgʻri yurish mushkullashdi. Tez-tez dam olishga majbur boʻldi. Kuchdan qoldi. O’tirishi bilan mudray boshladi. Uygʻongach, ochlikdan oʻzini yoʻqotganday tuyuldi. U daraxt shoxlarida oʻtgan yilgi hosildan qolgan, mevaqoqilarni uzib olib, apil-tapil chaynab yutdi.

«Agar biror hayvonni otganimda xomicha yerdim, - oʻyladi u, - olov yoqishga hech narsam yoʻq».

Ikkinchi marta quyoshning botishini yoʻl azobida koʻryapti. Bugun ham tuni bilan yoʻl yurdi. Quyosh yana koʻtarildi. U adirga yetib keldi. Togʻ yonbagʻridagi oʻrmon chetida, soʻnggi yoʻlga otlanish uchun toʻxtab, dam oldi.

Kuara haqidagi oʻylari unga dalda berdi.

U Saidning oldiga borib toʻyib ovqat yeyishini oʻylab quvondi.

Ksarzanga yigirma chaqirimcha qoldi. «U yerdan izlamaydilar. Tagaursk bilan Jimardagi qarindoshlarimnikida poylashadi», - deb oʻyladi u. Kunduzi adirda yurishga botinolmadi. Ochlik azobiga chidab, tun choʻkishini kutdi.

Endi Ksarzanga toʻxtovsiz yurib borardi. Uning oyoqlariga qoʻrgʻoshin quyulganday – qadam bosishi ogʻir. Xayolida faqat bir fikr aylanadi:

…ovqat… yegulik biror narsa…

Nihoyat, Ksarzan koʻrindi. Ovulga kiraverishda shahardan olib kelib sotuvchi kichkina non doʻkoni turibdi. U doʻkonga kirib non sotib olib ochkoʻzlik bilan yeya boshladi. Doʻkondan chiqayotib Jimarda ushlab olgan unter-ofitserga duch keldi.
- A-xa. Mana sen qayerda ekansan! - deb xitob qildi u.

Gabo bor kuchi bilan uning tumshugʻiga musht urdi. U oʻzini tutolmay yiqilib, nafasi siqildi. Gabo esa bundan foydalanib, qorongʻulikda gʻoyib boʻldi. Unter-ofitser oʻrnidan turib askarlarini chaqirdi-da, Gaboni quvishga tushdi.
- U doʻstining uyiga yashiringan boʻlsa kerak, – dedi oʻziga-oʻzi unter-ofitser. Tagaursk oqsoqoli unga Gaboning Ksarzanda tutingan akasi bor ekanini aytgan edi. U bu haqda Ksarzanda kazaklar otryadi turgan pristavga xabar berdi. Pristav shu zahotiyoq oqsoqolni yoniga olib Saidning uyiga shoshildi.

* * *

Bu kecha Said xonasida miltigʻini tozalab oʻtirardi. Lampa chiroq xonani xira yoritadi.

Birdan deraza tiqilladi. Said eshikni ochishi bilan xonaga Gabo otilib kirdi. Uning rangi oqarib ketgan, koʻylagi yirtilgan, kir edi. Faqat koʻzlari yonardi.
- Said, meni qutqar! Quvib kelishyapti!

Said avval deraza pardalarni tushirib quydi. Soʻng eshikning zanjirini soldi. Keyin turk soʻrisini devordan surib, yertoʻla qopqogʻini ochdi-da «pastga tush», deb Gaboni imladi.
- Hozir taom keltiraman, - shivirladi Said, - bu yerda berkinadigan joy borligini faqat men-u, onam biladi. Har ehtimolga qarshi uni oʻzim kovlaganman. Boshingga tushgan savdoni keyin aytib berarsan.

Gabo hayajondan gapira olmadi. Saidga qoʻl berib pastga sakradi.

Qop-qorongʻi bu yertoʻlaning uzunligi yetti, eni toʻrt, chuqurligi ikki qulochcha kelardi. Said havo kirib tursin uchun tutun chiqadigan tuynukka quvur oʻtqazgan edi. Yerga bir necha taxta tashlanib, devorlarga ham taxta qoqilgan. Pastga ozgina xashak ham tashlangan.

Gabo miltiqni burchakka suyab, yelkasi osha beliga bogʻlangan oʻqlar terib quyilgan ikkita kamarni ham yechmay oʻzini xashak ustiga tashladi. Said tuynukni yopib soʻrini joyiga surdi-da, eshikning zanjirini olib qoʻydi.

«Alloh nomi bilan qasam ichamanki, uni bu yerdan topa olishmaydi!» dedi Said. U yelkasidan ogʻir yuki qulagan odam kayfiyatida edi. Shundan soʻng oshxonaga kirib, onasining qulogʻiga nimadir deb shivirladi. Ona avvalo oʻgʻliga qoʻrqib qaradi, keyin bosh qimirlatdi. Oshxonada turgan Saidning singillari ham onasiga savol nazari bilan qaradilar. Ammo ular Saidning onasiga shivirlab aytgan gaplarini eshitishmadi. Said onasining tilini tiya olishini, qochoqni qutqarishda unga yordam berishini bilardi. U endi «taomni mening xonamga olib kelinglar», demoqchi edi, tashqarida eshik qattiq taqilladi. Saidning singlisi eshikni ochdi. Hovliga pristav, ovul oqsoqoli va uzun qora papoq kiygan yigirmatacha kazak kirdi. Ularning qarashlari tund edi.
- Said, - dedi unga oqsoqol, - pristav bilan kazaklar osetin Gaboni qidirib yurishibdi. U sening uyingda boʻlsa kerak. Sen uni topshirishing lozim.
- Ha, - qoʻshib qoʻydi pristav, - biz uni shu ovulgacha izma-iz ta’qib qilib keldik. Ovulda uning yakayu-yagona doʻsti sensan.
- Ha, u mening doʻstim, - xotirjam javob qildi Said. – Shuning uchun ham menikiga berkinmaydi. Birinchi boʻlib uni mening uyimdan qidirishlaringizga aqli yetadi. Agar uning qayerdaligini bilmasam, qanday qilib sizlarga topshiraman?
- Said, - pristav unga yaqin keldi, - qochoq sening uyingda. O’zing bilasan, uni hech qaysi ingush yashirmaydi. Uni yaxshilikcha oʻz xohishing bilan bizga topshir. Kazaklar bilan chorak soat seni yakkama-yakka qoldirib, otxonada ularning qamchilari bilan tanishtirishga meni majbur qilma.

Said tashqi koʻrinishidan juda bamaylixotir, sir boy bermaydi. Qarashi jonni oluvchi boʻlsa ham xotirjam gapiradi.
- Butun uyimni, hovlini tinting, uning qayerdaligidan xabarim yoʻq.

Oqsoqol oʻrtaga tushdi.
- Janobi pristav avvalo uyni tintib chiqa qolaylik. Balki rostdan ham Gabo bu yerda yoʻqdir?
- Jim boʻl, - buyurdi pristav. – Senlar bilan qanday gaplashishni oʻzim bilaman. Qani, menga uryadnik Yefimovni chaqirib yuboring-chi.

Koʻp oʻtmay oʻng qoʻlini papogʻiga qoʻygan uryadnik paydo boʻldi.
- Mana bu mehmondoʻst janobni otxonaga olib chiqib, gapirishga majbur qil. Bunaqa ishga oʻzing ustasan.

Uryadnikning ogʻzi qulogʻiga yetdi.
- Bajariladi, - dedi u, keyin Saidga oʻgirildi. Saidga yana bir necha kazak ham yaqinlashdi. Said xanjarini chiqarib qat’iy dedi:
- Agar jon shirin boʻlsa yaqinlashmalaring!

Uning lablari qimtilgan, qoshlari chimirilgan, rangi oqargan holda kazaklar oldida dadil va qat’iy turardi. Kazaklar uning dadilligidan choʻchibroq orqaga chekinishdi. Said ularning bu ikkilanishidan foydalanib, derazani sindirdi. Mushuk kabi chaqqon sakrab qorongʻulik qoʻynida gʻoyib boʻldi. Barchalari hovliga otilib, Saidni quvishga tushishdi.

Oqsoqol Saidning onasi bilan singillarini pristavning oldiga soʻroqqa chaqirdi. Ular bamaylixotir turib «begona odamni koʻrmadik, siz izlayotgan qochoq haqida ham eshitganimiz yoʻq», deyishdan boʻlak hech narsa bilishmadi. Pristav ikki odamni yoniga olib uyni tintib chiqdi. Har bir javonni, har bir soʻrining tagini, har bir burchakni sinchiklab tekshirdi. Xashaklarning orasini ham tintishdi. Ammo bu urinishlari natijasiz chiqdi.

Bu ishlar oqsoqolga yoqinqiramadi. U shamolga chap berib, ustalik bilan tadbir ishlatishi kerak edi. Oqsoqol pristav bilan adi-badi aytishishdan qoʻrqardi. Shu oʻrinda oʻzining botirligi bilan tanilgan Saidning yov boʻlib qolishini ham istamasdi. Shuning uchun ham u Gaboni hamma yerdan izlashga ahd qildi. Ammo bu qidirishlarning natijasiz chiqishini koʻngli sezib turardi.
- Janob pristav, - dedi u boshligʻiga ta’zim qilib, - balki qorningiz ochgandir? Xotinlarga aytib, koʻnglingiz tusagan taomni tayyorlataymi? Albatta, koʻp narsani taklif qilolmaymiz, biroq, kabob qilgulik qoʻy goʻshti bilan tuxum, sut topiladi.
- Yaxshi, biror narsa tayyorlat. Men ozgina dam olay.

U Saidning xonasiga kirib, turk soʻriga yonboshladi. Uzoq yoʻl yurib xorigani uchun darrov mudray boshladi.

Said orqada kazaklarning oyoq tovushi eshitilmaguncha qochdi. Keyin toʻxtab, tosh ustiga oʻtirib oʻylandi:

«Qochishimning hech nafi yoʻq-ku? Ular Gaboni topisholmasa ham uyni qoʻriqlashadi. Men qaytishim kerak. Boʻlmasa, Gabo och qoladi».

Biroq u kazaklarning qoʻliga tushishni istamaydi. U uyga yashirin holda, pristavning oldiga oʻz xohishi bilan kirishga qaror qildi. Haqiqatan ham u uyga hech kimga sezdirmay kirdi. U xonasiga kirdi-yu soʻrida xurrak otib yotgan pristavni koʻrdi. Said pristav uygʻonishi bilan koʻzi tushadigan yerga oʻtirdi. Uning rejasi tayyor: pristav oldida begunohligini, bir necha haftadan beri Gaboni koʻrish u yoqda tursin, doʻsti haqida biron gap eshitmagani uchun ham kelganini aytadi.

Said toqat bilan pristavning uygʻonishini kutdi. Koʻp oʻtmay pristav uygʻondi. Esnab, oʻrnidan turishi hamon Saidga koʻzi tushib choʻchidi:.
- Sen... Senmisan? Senga nima kerak?

Said oʻrnidan turdi.
- Men sizning uygʻonishingizni kutib oʻtiribman.
- Seni kazaklar...
- Yoʻq, meni kazaklar tutisholmadi, - dedi Said. - Men begunohligim uchun oldingizga keldim. Men haqiqatan ham Gaboning qayerdaligini bilmayman.

Pristav unga ishonqiramay qaradi. Lekin «Gabo shu yerda yashiringan» degan fikrining qat’iyligi yoʻqolib, ikkilanib qoldi. Shu vaqt Saidning onasi taom keltirdi. Said uning huzurida turib, kavkazliklar odati boʻyicha uy xoʻjayini sifatida xizmatda boʻldi.

Ovqat paytida Yefimov kirdi. U aybdorning izsiz yoʻqolganini aytmoqchi edi. Saidni koʻrdi-yu, tili aylanmay qoldi. U garang boʻlib bir Saidga, bir pristavga qaraganicha gapirishning ortiqcha ekanini bilib jim turaverdi.
- Menga qara, Yefimov, Gabo uyda yoʻq. Ammo u shu yaqin orada boʻlishi kerak. Said uning qayerdaligini biladi. Sen yigitlaring bilan shu uyga oʻrnashasan. Biron bir odamning Said bilan, uning onasi, singillari bilan gaplashishiga yoʻl qoʻymaysan. Said, sen bizni qochoqni topgunimizcha boqasan. Ayt, ikkita qoʻy soʻyishsin. O’zing qarab tur, yana kazaklarimni och qoldirma. Esingdan chiqmasin: men seni otxonaga olib borishga buyruq berganman-a? Hali buyruq oʻz kuchida turibdi. Bekor boʻlgani yoʻq.

Said onasi bilan singillariga nima qilish kerakligini aytish uchun chiqdi. U chiqishi bilan pristav Yefimovni imlab chaqirib, unga shivirladi.
- Menga qara , Gabo boshqa yerda berkinib yotibdi. U ham ahmoq emas. Saidning uyini birinchi boʻlib tintuv qilishimizni bilib, bu yerga kelmagan. Lekin u shu yaqin orada Saidning ovqat keltirishini kutayotgan boʻlishi kerak. Yigitlaringni shunday joylashtir-ki, uydan hech kim sezdirmay chiqmasin. Agar Saidmi, kampirmi chiqsa iziga tush. Ehtiyot boʻl, yana sezib qolishmasin. Keyin oʻsha zaxotiyoq menga xabar qil. Endi menga oqsoqolni chaqir.

Oqsoqol ketishga botinolmay, «pristav chaqirib qolar», deb ayvon zinasida kutib turgan edi.
- Menga qara, Gabo shu ovulda. Sen uni topishga yordam berishing kerak.
- Albatta, janob pristav, - dedi oqsoqol ta’zim bilan.
- Demak, yigirmata odamni yoningga olib, har bir uyni, har bir otxonani, hamma yerni tintib chiq. Ertaga bu yigirmata odamingni almashtirib, yana izlaysan. Topmaguningcha qidiraverasan.
- Xoʻp boʻladi, janob pristav – dedi oqsoqol, keyin uydan chiqdi.

Koʻchada beixtiyor uf tortdi. U tinchlikni sevadigan odam edi. Mana endi yarim ovulni oyoqqa turgʻizib, bu osetinni izlashga majbur boʻlyapti. Xuddi Gabo oʻzini «mana men» deb tutib beradiganday. U hech kim oʻylamagan joyda yotgandir. Buning ustiga Yefimov yigitlarini qorovul qilib qoʻydi. Uyga biror kimsa sezdirmay kira olmaydi, chiqa ham olmaydi. Yefimovning oʻzi oʻnta yigiti bilan oshxonaga joylashib, taomning tayyor boʻlishini kuta boshladi. Said singillari koʻmagida boshqa xonaga pristav uchun toza koʻrpa-yostiq toʻshab, mehribonlik bilan «noqulay emasmi?», deb soʻradi. Uning maqsadi pristavni turk soʻrisidan turgʻazish edi. Niyatiga yetdi. Toʻshalgan oʻrin pristavga ma’qul kelib, yechina boshladi. Said pristavning etigini tortib, yechishiga ruxsat soʻradi. Pristav yana Yefimovni chaqirib hamma eshik, hamma deraza oldiga qorovul qoʻyilgan-qoʻyilmaganini soʻradi. Yefimov hamma ish u aytganday boʻlganini aytdi. Pristav qorovullarni kechasi soat ikkida almashtirishga buyurdi. Keyin Saidni oʻzining xonasiga kiritib, ustidan qulflab qoʻydi-da, kalit bilan toʻpponchani yostigʻining tagiga yashirdi. Koʻp oʻtmay Said uning bir tekisda pishillashini eshitdi. Uning kayfi chogʻ edi. Pristavdan ancha-muncha ovqat ortib, endi bu ovqatni doʻstiga yetkazishi mumkin. U chiroqni oʻchirib, soʻrini asta, ovoz chiqarmay surdi. Qopqoqni ochib, shivirladi:
- Gabo!

Javob boʻlmadi.

Yana chaqirdi:
- Gabo!

Yana jimlik.

U ehtiyotlik bilan pastga sakrab, yon-atrofni paypasladi. «Ha, mana u… Hali badani issiq». Said uni turtdi, hech qanday sado chiqmadi. «U yoʻl azobi bilan ochlikka chidolmay hushidan ketibdi», oʻyladi Said.

Bunday ahvolda Said unga vino berishi kerak edi, afsuski, unda bu narsa yoʻq. Ha, darvoqe, pristavdan qolgan ozgina sut bor-ku! U ehtiyotkorlik bilan yuqoriga chiqib, sutni oldi. Keyin yana pastga tushdi-da, doʻstining boshini paypaslab topib, ogʻziga sut quydi.

Gabo koʻzini ochib ixrandi Said xavfsirab, Gaboning qulogʻiga shivirladi:
- Gabo, Gabo, bu men akang Saidman, ovoz chiqarma, ehtiyot boʻl, uyni kazaklar oʻrab olishgan.

Gabo oʻziga kelib, zaif ovozda dedi:
- Menga ovqat ber. Ular meni uch kundan beri ta’qib qilishyapti. Qornim och.

Said yana mushuk singari pusib yuqoriga chiqdi. Tezda bir burda non, echkining sutidan qilingan pishloq, ikkita tuxum olib, pastga tushdi. Koʻproq ovqat tayyorlagani uchun onasidan xursand boʻlib qoʻydi. Gabo qizgʻanchiq och yirtqich kabi ovqatga yopishdi. Said uni ogohlantirdi:
- Hammasini yeb qoʻyma. Ertaga ham qoldir. Endi ertaga kechqurun olib tushaman.

Gabo doʻstining gapiga itoat etdi, non bilan moyni bir chetga olib qoʻyib, doʻstiga shivirladi:
- Said, bu tashvishlardan qachon qutularkinman?
- Xudo biladi. Sen xavotir olma. Hammasi yaxshi boʻladi.
- Mening oʻzimdan faqat bir oʻtinchim bor: kunim bitguday boʻlsa, botir yigitlardek, nomusimga gard yuqtirmay oʻlsam deyman.
- Alloh oʻylagan niyatingga yetkazsin. Endi damingni ol. Men ertaga kechqurun kelaman.
- Menga qilgan yaxshiliklaring uchun Xudo sendan marhamatini ayamasin.

Said yuqoriga chiqib, qopqoqni yopdi-da, soʻrini joyiga surib qoʻydi. U oʻringa xotirjam yotdi. Doʻsti xavfsiz. Shu kundan boshlab Saidning oilasi uchun ogʻir hafta boshlandi. Uning oʻzi, oila a’zolarining ham ovuldagilar bilan aloqa qilishga haqlari yoʻq edi. Ularnikiga hech kimni yaqinlashtirishmasdi. Kazaklarni boqish ayollarni ancha urintirib qoʻydi.

Gabo berkinib yotibdi. Said har kech unga ovqat beradi. U har gal xontaxta ustiga koʻproq ovqat qoʻyib, qolgan-qutganlarni yigʻishtirmaydi. U goʻyo pristavdan qolgan ovqatni oʻzi yeyayotganday boʻladi.

Kazaklarning kayfiyati yanada tundlashdi. Ovuldagilarning ham tinchi buzildi. Ular majburan qorovullik qiladilar. Doimiy tintuvlar ularning jonlariga tegdi. Ular oqsoqoldan, pristavdan, Saiddan, hammadan koʻproq Gabodan norozi edilar: «bu osetinga ingushlarning ovulidan boʻlak berkinadigan yer qurib qolgan ekanmi?! Saidning doʻstini sotmasligi hammaga ma’lum-ku. Shunday ekan, u boshqa ovulda koʻrinish berib, ularni bu mashmashadan qutqarsa boʻlmasmidi?!»

Pristav Gaboni tutgan odamga uch yuz soʻm pul mukofoti berilajagini e’lon qildi. Bir haftadan keyin Yefimov pristavga bu yoʻl bilan qochoqni tutib boʻlmasligini, Saidni gapirishga majbur qilish kerakligini aytdi. Pristav biroz oʻylangach, rozi boʻldi.
- Yaxshi. Bir urinib koʻramiz. Uni chaqirgin-da, oʻzing besh-oltita odaming bilan eshik orqasida tur. U xonadan chiqishi bilan mahkam ushlaysan. Yana oʻtgan safargiday qochirib yuborma.
- Xotiringiz jam boʻlsin, janob pristav. Bu safar qochib qutulib boʻpti.
- Sen u bilan hazillashma!.. Xipchinlarni ishga sol, gapirmaguncha qoʻymaysan.
- Xoʻp boʻladi!

Yefimov oshxonaga borib, yangi soʻyilgan qoʻyni boʻlaklayotgan Saidni chaqirdi. Keyin eng baquvvat yigitlardan oltitasini olib, eshikning u tomonida shay boʻlib turdi.

Said kirib eshik oldida toʻxtadi.
- Said, - dedi pristav, - kazaklarni boqish qiyinlik qilayotgan boʻlsa kerak-a?

Said javob bermadi.
- Tushunib turibman, erkatoylarim seni xonavayron qilishyapti.
- Nima ham qilardim, janob pristav? - deb yubordi Said. Yigirmata odamni boqishga uning qurbi yetmay qolgan edi.
- O, sen bunga barham berishing mumkin. Gaboning qayerdaligini ayt, tamom, bizdan qutulasan.
- Janob pristav, men sotqin emasman.
- Buni qara-ya, «sotqin emasman» deb oʻzingni fosh qilib qoʻyding-ku. Demak, sen uni qayerda yashiringanini bilasan, lekin qaysarlik qilding-a? Mana, endi qoʻlimga tushding!

Said unga alamli nigohini qadadi.
- Said, Gaboning boshi uchun ajratilgan puldan bir qismini senga berishim mumkin. Bunga nima deysan.

Said bor kuchi bilan pristavning koʻkragiga urdi. U orqasiga uchib tushdi.
- Ablah, iblis oʻgʻli! Sen meni nomusini sotadigan vijdonsiz, deb oʻyladingmi?! - dedi gʻazab bilan Said.

U oʻrmonga qochish maqsadida xonadan yugurib chiqmoqchi edi, ammo Yefimov mushtiga duch kelib, yerga yiqildi. Kazaklar unga yopishishdi. Bir daqiqada uning qoʻl-oyoqlarini bogʻlashdi.
- Xoʻsh, endi otxonaga olib boringlar, - deb buyruq qildi Yefimov. Saidni toʻrt kishi koʻtarib, hovli orqali otxonaga olib oʻtishdi. U koʻrinishidan xotirjam boʻlsa ham, lablari qimtilgan, koʻzlari bir nuqtaga qadalgan edi.

Otxonada uni yechintirish uchun turgʻizib qoʻyishdi. Bu vaqtda alamiga chidolmagan pristav kelib gʻazab bilan Saidga tashlandi.
- Sen it, ingush, meni haqorat qilishga qanday hadding sigʻdi! Itvvachcha! Hali sen menga qoʻl koʻtardingmi?!

U musht bilan Saidning ogʻiz-burni aralash tushirdi. Said bogʻlangan. U ogʻzi burnidan oqayotgan qonni arta olmaydi. Koʻzlari esa gʻazabdan yonadi.
- Ha, men urdim. Ammo men qoʻllari bogʻliq odamni urganim yoʻq! – deb luqma tashladi u pristavga.

Uning ovozida shunchalar magʻrurlik, shunchalar nafrat bor edi-ki, pristav unga javob bermay, teskari qarab, kazaklarga amr etdi:
- Buyruqni bajarlaring!

Saidning qoʻllaridan arqonni yechishdi. Cherkascha kamzulini yulqib olishdi. Yerga yotqizib, etigi bilan shimini ham yechishdi. U faqatgina ich koʻylakda qoldi. Toʻrtta odam uning qoʻl va oyoqlarini tizzasi bilan bosdi. Yefimovning ishorasi bilan Saidga ikki kazak yaqinlashib, xipchinlarni chiqardi.

Yefimov soʻnggi marta soʻradi:
- Balki esingni yigʻib, Gaboning qayerdaligini aytarsan?

Said javob bermadi. U ukasini sotib qoʻymaslik uchun ovoz chiqarmaslikka qasd qilgan edi.
- Boshla! - deb buyruq berdi Yefimov.

Said avval xipchinning havoda keskin xushtak chalganini eshitdi. Keyin achchiq ogʻriq badanini jimirlatib yubordi. O’n bir-oʻn ikki marta urishlardan soʻng Yefimov buyruq qildi:
- Toʻxta! Gaboning qayerda yashiringanini endi aytarsan. Yoki yana xohlaysanmi?

Yana javob boʻlmadi.
- Davom et!

Yana xipchin birin-ketin savalay boshladi. Bir necha marta xipchin tushgach, Saidning koʻngli aynib, qayt qildi. Keyin hushini yoʻqotdi. Endi u hech nima sezmasdi.

Pristav yaqinlashdi.
- Nima dedi?
- Ovoz ham chiqarmadi.

Pristav «toʻxtatinglar» deganday ishora qilib, Saidga engashdi-da, uning boshini koʻtardi. Yuzlari koʻkarib ketgan, koʻzlari nursiz, yarim yumuq, mahkam qisilgan lablarda qonli koʻpik.
- Muttahamlar! – u kazaklarga tashlandi. – Axir oʻldirib qoʻyibsanlar-ku! Mana endi ishga tergov bilan gazeta aralashib, mashmasha boshlanadi.

Yefimov pushaymon boʻlganday boshini egdi. Tiz choʻkdi. Saidning oyogʻini bosib turgan ikki kazak esa harakatsiz jasadni oʻng tomonga aylantirishdi. Yefimov Saidning koʻkragiga quloq tutdi.
- Yuragi uryapti, janob pristav, - dedi koʻzlari quvonchdan yonib.
- Boʻlmasa, sovuq suv sep. O’ziga kelsin.

Saidning boshiga, orqasiga bir necha chelak suv sepishdi hamki, oʻziga kelmadi. Shundan soʻng pristav uni uyga olib kirishga buyruq berdi. Saidni hovlidan olib oʻtishayotganda onasi bilan singillari dod-faryod solib unga oʻzlarini tashladilar. Uni ichkariga olib kirib, yerga qoʻydilar.

Ona koʻz yoshlarini artib, qizlari yordamida Saidni oʻzining xonasiga olib kirib, soʻriga muk tushirib yotqizdi. U qizlarini yogʻga yuborib, oʻgʻlining yaralarini yuvdi. Said koʻzini ochib, onasiga qaradi.
- Ona! – shivirladi u baxtiyor odamning tovushi bilan. Uning magʻrur jilmayishi qonsiz yuzini yoritganday boʻldi.
- Men Gaboni sotib qoʻymadimmi?
- Siz uning qayerdaligini bilarmidingiz? – qiziqib soʻrashdi singillari.
- Jim boʻlinglar! – buyurdi kampir.
- Xudoga ming qatla shukur, - dedi u oʻgʻliga. – Alloh sening sadoqatingni saqladi.

U shunday degach, yaralarga malham qoʻydi.

Kutaverib hafsalasi pir boʻlgan pristav ertaga ovuldan chiqib ketishga qaror qildi. U boshliqlariga qochoqni topa olmadik, uning berkinishiga xaloyiq yordam koʻrsatdi, deyishni diliga tugib qoʻydi. Buning uchun ovulga katta jarima solishga maslahat beradi. U Yefimovni chaqirib, ertalab ovuldan joʻnash uchun tayyorgarlik koʻrishni tayinladi.
- Mayli, bugun odamlar dam olsin. Qorovul qoʻyishning ham foydasi yoʻq.Baribir bu ablax Saiddan bir narsani bilib boʻlmaydi.

Soʻrida yotgan Said alaxsirayapti. Yuzlari dokadek oqarib ketgan. Doʻsti eshitib qolmasligi uchun oʻqchimaslikka harakat qiladi. Kechqurun onasi qorovullar qoʻyilmaganini payqab, buni oʻgʻliga aytdi. «Kazaklar ovul koʻchalarida sayr qilib yurib, doʻkonga kirib tamaki olib, otlarni safarga tayyorlashyapti» - dedi.

Saidning singillari pristavga ovqat tayyorladilar. Pristav hovliga chiqib oqsoqolga koʻzi tushdi. Oqsoqol biror buyruq boʻlarmikan, degan xayolda kelgan edi. Saidga berilgan jazo, uning ogʻiz ochmasligi, kazaklarning ertalab ketmoqchiligi haqidagi xushxabar ovulga tarqalgan edi.
- Menga qara, oqsoqol. Ertaga tongda biz ketamiz. Men kattalarimga «Gabo senlarning yordamingda qochib qutulgan», deyman.
- Axir, janob pristav?
- Jim boʻl! Men bu gapni ikki haftadan keyin boshliqlarga yetkazaman. Agar shu vaqtgacha Gaboni tutmas ekansanlar yoki qayerdaligini bilib bizga xabar qilmasanglar ovulga uch yuz soʻm jarima solamiz. Agar Gaboni tutib bersanglar yoki qayerdaligini xabar qilsanglar, boshliqlarga aytmayman, Gaboning boshi uchun ajratilgan pul sizlarga tegadi.

Oqsoqol ta’zim qilib, chiqib ketdi. Uning yelkasiga yana ogʻir gʻam yuki yuklandi. Ovulning keksa, hurmatli kishilarini toʻplab ularga pristavning gapini yetkazdi. Hamma hayron qoldi: nima qilishsa ekan? Gaboni tutishmasa, ovul ahli uch yuz soʻm toʻlashi kerak.


Tun. Hamma uyquga ketdi.

Qoʻshni xonada pristav xurrak otyapti. Faqatgina Saidning onasigina mijja qoqmay, oʻgʻlining yonida oʻtiribdi. Said yarim tunda oʻziga keldi. U oʻgʻliga kazaklarning ertalab ketajagini, Gabo topilmasa ovulga jarima solinishini aytib berdi.

Buni eshitib, Said hayajonlandi.
- Ona, Gabo shu tun chiqib ketishi kerak…Endi bu yer xavfli. Biz pristav bilan uryadnikni laqillatdik. O’zimiznikilarni aldash qiyin. Unga mening miltigʻimni bering, qancha imkoni boʻlsa, shuncha oʻq olsin. Non bilan pishloq bering. Soʻrini suring. Toʻxtang, men turay.

Said qiynalib oʻrnidan turdi. Devorga suyandi. Ona soʻrini surib qopqoqni ochdi. Gabo yuqoriga chiqib, Saidga koʻzi tushdi.
- Said, senga nima boʻldi?.. Tobing yoʻqmi?

Said javob bermay doʻstiga ma’nodor qaradi. Uning qarashida ham quvonch, ham magʻrurlik porlar edi.
- Juvonmarglar! Bechorani shu ahvolga solishdi, - gapga qoʻshildi ona soʻrini joyiga surib qoʻygach. - Lekin u senga sodiq qoldi, churq etmadi.

Uning soʻzlarida magʻrurlik va yovga nisbatan nafrat bor edi. Kampir Gaboning yoʻliga olvolishi uchun ovqat tayyorlagani chiqib ketdi.
- Said!

Gabo unga yaqin keldi.
- Said!

U boshqa soʻz aytolmay qoldi. Shuning oʻzi Said uchun katta mukofot edi. Gaboning butun minnatdorchiligi ana shu bir soʻzda ifodalangandi:

…dahshat, qahru-gʻazab, minnatdorchilik, hamkorlik….
- Gabo, - dedi Said, - esingda bormi, sen mening boʻrkimni oʻgʻirlaganingda men orqangdan quvgan edim. O’shanda ishonmagan eding. Endi menga ishonasanmi?
- Ha, ishonaman. Men bir umrga senikiman.

Saidning turishga qurbi yetmasdi. Gandiraklab borib soʻriga muk tushib yotdi.
- Yaqinroq kel, gaplashib olaylik.

Gabo tiz choʻkib, miltigʻini oldiga qoʻydi. Tirsagini soʻriga tirab, doʻstiga engashdi.
- Gabo, sen shu tunda bu yerdan ketishing kerak. Sening boshing uchun katta pul va’da qilishgan. Agar seni tutisha olishmasa, ovulga uch yuz soʻm jarima solishadi. Bu yerda qolishing xavfli. Mening Qabardada bir ukam bor. U knyaz Arasbiyevnikida oʻrmonchi boʻlib ishlaydi. Ismi Murod Pshaboyev. Mana bu uzukni bersang, men yuborganimni biladi. Qoʻlidan kelgan yordamini ayamaydi.

Said barmogʻidan qandaydir tilda turli yozuvlar oʻyilgan eski oltin uzukni chiqarib, Gaboga berdi. Gabo chap qoʻlining barmogʻiga soldi.
- Rahmat, Said! Agar Parvardigor menga hayot in’om etsa, senga xuddi hozirgiday yaqin boʻlaman. Men uchun yegan kaltaklaringning izi yuragimdan hech qachon oʻchmaydi. Agar kunim bitguday boʻlsa, shunday oʻlamanki, sen men bilan faxrlanasan. Said, men sen bilan faxrlanaman. Xudo karomat qilgay. Men shunday oʻlay-ki, bolalar, bolalarning bolalari har doim Saidning tugʻishgan ukasi Gaboning qanday halok boʻlganini eslab yurishsin!

Bu orada Saidning onasi kirib, qopchiq keltirdi. Gabo uni yelkasi osha tashlab, kampirdan bezovta qilgani uchun kechirim soʻradi.
-Gabo, tong otishiga oz qoldi. Tezroq boʻl. Tong otmay ovuldan chiqib olishing kerak. Mening miltigʻimni ol, ana osigʻliq turibdi. – U devorga ishora qildi. – Sening miltigʻing tozalanmagan, oʻqing ham oz. Uni shu yerda qoldir. Qancha xohlasang, shuncha oʻq ol. O’qlar javonda.
- Said, bilasanmi… - u boshqa soʻz aytolmadi.
- Bilaman, Gabo, bilaman.

Gabo Saidning miltigʻini olib, uning oʻrniga oʻzinikini ilib qoʻydi. Keyin beli va yelkasi osha tashlangan kamar-oʻqdonni oʻqlar bilan toʻldirdi.
- Xayr, Gabo!
- Xayr, Said…

Ular soʻnggi bor bir-birlarining koʻziga xotirjam va jiddiy qaradilar. Gabo Saidning qoʻlini mahkam qisib, esladi: U Saidni birinchi bor koʻrganda ham uning koʻzlari mana shunday sof tuygʻu bilan boqar edi. Said oʻz qasamiga sodiq qoldi.

U eshik oldida orqasiga qaradi…

Gaboning nazarida Saidga yana bir bor qarashi tufayli qalbida doʻst siymosi chuqur iz qoldirishi kerak edi.

Ochiqkoʻngil Said mehr bilan jilmaydi.

Gaboning koʻngli orziqib ketdi. Nazarida doʻstini qayta koʻrmaydiganday tuyuldi. U tiz choʻkdi-da, Kuara bergan uzukni chiqarib, Saidning barmogʻiga taqib qoʻydi.
- Said, agar men oʻlsam, Kuaraga uylan. Unga bu mening soʻnggi xohishim ekanini aytib, uzukni koʻrsat.
- Gabo… Gabo!

Saidni allaqanday qarama-qarshi tuygʻu chulgʻab oldi.

U Kuarani butun qalbi, kavkazliklar qoni bilan sevardi. U tutingan ukasiga xiyonat qilmaslik uchun Kuaradan voz kechgan edi. Kuara yana uning hayot yoʻliga qadam bosyapti!
- Yoʻq.. .yoʻq. Alloh umringni uzoq qilsin, - dedi u hayajon bilan.

Gabo tezgina uydan chiqib, qorongʻulikda koʻzdan yoʻqoldi.

«Said meni qutqaraman deb shunchalar azob chekibdi». Bu fikr uning quloqlari ostida tinimsiz jaranglardi. Gabo boʻrkini qanday oʻgʻirlaganini, uning doʻstlashish uchun quvib yetib olganini, unga ishonmaganini, Saidning ishontira olganini esladi. Mana endi… Endi Said doʻstini qutqaraman, deb azob chekib yotibdi.

Gabo Rossiyani tark etishni xayol qildi. U katta dengizning narigi betidagi mamlakatga boradi. U yerda hech kim uning qanday jinoyat qilganini surishtirib oʻtirmaydi. Gabo u yerda yangi, halol hayot kechirishga ahd qildi. U fabrikada ishlaydi. Keyin Kuarani chaqirib oladi. U oʻzining katta, kuchli qoʻllariga qaradi.
- O’zim bilan Kuarani boqishga mening qurbim yetadi.

Sharq tomon oqarib qolgan edi. Gabo buni koʻrib, xavotirlandi. Uning ajoyib xayollari xurkak mushuk kabi bir zumda tarqadi. Kunduz kuni adirda yura olmaydi, butun ovul boʻylab Saidnikiga qaytish ham mumkin emas.

U ovuldan yarim chaqirim narida, nok daraxti yonida bir vaqtlar murdalar koʻmiladigan daxma borligini esladi. Kunduzi oʻsha yerda berkinadi. Kechasi yoʻl yuradi.

Ovulning choʻponi bugun uyida emas, Kota degan bir semiz bevaning uyida tunagan edi. Ular yaqinda nikoh oʻqitishadi, degan mish-mishlar yurardi. Qorongʻuda uyiga qaytayotganida ovul koʻchasida qurollangan odamning qorasini koʻzi ilgʻab qoldi.
- Bu hamma qidirayotgan Gabo emasmikin? - degan fikr miyasida yarq etdi.

Choʻpon Gaboning izidan tushib, uning ilohiy nokka yaqinlashganini, keyin daxmaga deraza osha kirganini koʻrdi.

Tun qorongʻuligi oʻrnini salqin tongga boʻshatib berdi. Hali kunchiqar tomonda shafaq koʻrinmas, ammo gʻira-shira osmon bilan adir ajralib turardi.

«Berkingan odam Gabo boʻlishi kerak, - qaror qildi choʻpon. - U endi yoʻlga faqat kechasi chiqishi mumkin. Uning boshiga beriladigan uch yuz soʻm pul men bilan beva Kotaga juda asqotadi».

U bir qarorga kelib boʻldi. Choʻpon Gaboning yoshligini, uning botirligini xayoliga ham keltirmadi. Uning vijdoni qochoqni himoya qilishga chorlamadi. U qochoqni sotishga uyalmadi. U uch yuz soʻm pulga ega boʻlishni istardi.

Choʻpon oqsoqolnikiga yoʻl oldi. Hali hamma uxlab yotardi. U otlarni ikkita yordamchi bolaga qoldirib kutdi. U hovlida u yoqdan bu yoqa yurdi, ayvon zinasiga oʻtirdi, oxiri chiday olmay derazani taqillatdi.
- Nima gap? – dedi oqsoqol uyquli ovozda. - Kim u?

Choʻpon kimligini aytdi.
- Namuncha ertalabdan kelmasang, senga nima kerak?

Oqsoqol derazani ochdi.
- Juda muhim ish, juda muhim, - choʻpon yon-atrofga alangladi. – Men qochoqning qayerga yashiringanini bilaman.
- Toʻxtab tur-chi, men hozir chiqaman, - dedi sekingina oqsoqol, keyin derazani yopib, hovliga oshiqdi.
- U qayerda?
- Avval menga uch yuz soʻm mukofot tegishi toʻgʻrisida tilxat bering. Keyin aytaman.

Oqsoqol yarim pulni oʻziniki qilib olmoqchi edi, boʻlmadi. Choʻpon qaysar chiqdi.
- Agar menga bu pullarni berishmasa, qochoqning oldiga boraman. Sotmaganim uchun menga ming soʻm beradi, - qoʻrqitdi choʻpon.

Oqsoqol ovul boshiga solinadigan jarimani oʻylab yon berdi.
- Yaxshi, mukofot seniki boʻldi. Qochoq qayerda?
- Avval tilxat bering, keyin Gabo yashiringan yerni koʻrsataman.

Oqsoqol ketdi. Bir necha daqiqadan soʻng tilxat bilan qaytdi.

Tilxatni choʻponga berdi. Choʻpon uni kamzuliga avaylab solib, oqsoqolga yaqinlashdi:
- Ilohiy nok ostidagi daxmada,-dedi sirli ravishda pichirlab.

Oqsoqol oʻylanib qoldi.

«Yaxshi hamki, pristav bilan kazaklar hali shu yerda. Bugun quyosh bir kishi uchun emas, bir qancha odam uchun soʻnggi marta nur sochadi».

Oqsoqol choʻponga uyma-uy yurib, barcha erkaklarni boshqarmaga toʻplashni buyurdi. Nima gap ekanligini zinhor aytmaslikni ta’kidlab, oʻzi pristavning oldiga yoʻl oldi.

Gabo esa hech narsadan xavfsiramay tezroq tun boʻlishini kutib, daxmada oʻtirardi. U oʻzini bu yerda xavfsiz sezdi. Bu yerdan odamlar choʻchishar edi. Shuning uchun ham uni bu yerdan izlashmaydi.

Bir necha soatlardan soʻng deraza osha ichkariga bir nimaning soyasi tushganday boʻldi. Gabo oʻrnidan turib, atrofga qaradi: bir bola daraxtni pana qilib pisib daxma tomon kelardi. «Josus!» oʻyladi Gabo. Miltigʻini oldi, biroq shu zahotiyoq yana joyiga qoʻydi. Bolani otishga qoʻli bormadi.

Gabo tinchini yoʻqotdi. Xavotirga tushib, deraza oshganicha tashqariga chiqdi. Atrofga nazar tashladi. Uning qarshisida janubda bepoyon adir. G’arb tomoni ham adir, oxiri koʻrinmaydi. Sharq tomoni ovul. Shimol tomoni esa… U shoshib orqasiga qarab oldi-da daxmaga qaytdi.

Pristav boshliq kazaklar bilan bir necha ingush katta doira shaklida daxmani oʻrab olishdi. Ular yurib kelishardi. Ular bugun otishma boʻlishini yaxshi bilishardi. Oqsoqol daxmaning faqat janubida deraza borligini aytgani uchun ham ular shimol tomondan yaqinlashib kelishardi.

Gabo buni payqab qolib, sotishganini tushundi.

«Qanday qilib qochib qutilish mumkin?»

Kazaklar bilan ingushlarda ot bor. Unda esa yoʻq. Qolaversa hozir qish, hammayoq qor. Yoz boʻlganda baland oʻtlar orasiga berkinardi. O, qani endi tungacha chidashning iloji boʻlsa…Yoʻq, imkon boʻlishi qiyin.

Gabo kuni bitganini sezdi. O’z-oʻziga «boshqa yoʻl yoʻq!» deb dalda berdi. Endi u shunday oʻlishi kerak-ki, Said uning nomi bilan faxrlansin. Kechalari gulxan atrofida bolalar, ularning bolalari bir-birlariga Gabo Yavziko oʻgʻlining qanday halok boʻlganini aytib berishsin. U Said uchun qasos olishga, hayotini qimmatroqqa sotishga qaror qildi.

«Men u dunyoga yakka oʻzim ketmayman. Ancha-muncha odam menga hamroh boʻlib, Gabo Yavziko oʻgʻli kelayotganidan xabar beradi». Gabo qoʻliga miltiq olib, daxmadan chiqdi. U raqiblariga dadil qaradi.

Uning mardona turishi yigitlik jasorati, Qofqaz botirlari goʻzalligining timsoli edi: yelkalari keng, baland boʻyli, qomati kelishgan, qora papogʻi sal orqaga tashlangan, keng peshonasi ochiq, koʻzlari jonsarak. Bu koʻzlarda yoshlik qahramonligining oʻti bor. Uning bu turishi shu topda afsonaviy bahodirlarni eslatadi. U oʻng oyogʻini sal oldinga tashlab, miltiq tepkisini bosishga tayyor holda ushlab turardi. Gabo derazadan moʻralagan bolaning pristavga allanimalarnidir aytib, qoʻli bilan u tomonni koʻrsatganini, pristavning bosh qimirlatganini, soʻng bolani ketkazib yuborganini koʻrdi.

Ovul tomonda yana otliqlar koʻrindi. Ular bir qator tizilib, tezroq daxmani oʻrab olish uchun ot choptirib kelardilar. Ular kazaklar davrasiga kelib qoʻshilishgach, otlarini sekinlatdilar. Qurollarini boshlari uzra silkib, qabilalarining harbiy shiorini qichqirib aytdilar.

Gaboning atrofini oʻrayotganlar doirasi birlashdi. Uning qahramonona halok boʻlishdan boshqa yoʻli qolmadi. Gaboning lablarida zaharli jilmayish paydo boʻldi.

«Tiriklayin qoʻlga tushirishib boʻpti! Gabo oʻzini Sibirga haydalib, konlarda ish azobida xoʻrlanishiga yoʻl qoʻymaydi!» -deb oʻyladi u.

Pristav Gabo bilan muzokara olib borish uchun oldinga chiqib qoʻlini koʻtardi.
- Gabo, taslim boʻl, sen qurshovdasan!

Gabo taslim boʻlmaydi.
- Menga qara, pristav, ingushlar, sizlar ham eshitinglar: mening sizlarga qarshi hech qanday yomon niyatim yoʻq. Bizning urugʻlarimiz orasida hech qachon qon toʻkilmagan. Nima uchun meni oʻldirmoqchisizlar? Meni qoʻyib yuboringlar, oʻz yoʻlimdan qolmay, endi bu yerlarga hech qaytib kelmayman.
- Yoʻq, Gabo, taslim boʻl!
- Ha, shunday degin, boʻlmasa, mana bu Said uchun!

Gabo moʻljalga olib tepkini bosdi, pristav chap qoʻli bilan yuragini ushlab, egardan yiqildi.
- O’t och! – buyruq berdi Yefimov. Gaboning atrofidan oʻqlar hushtak chalib oʻtdi. U miltigʻini oʻqlab yana moʻljalga oldi. Bu safar Yefimov quladi. U biroz tipirchiladi-yu, keyin choʻzildi.

Yovvoyitabiat, jasur kazak bittaga kamaydi. Kazaklar bilan ingushlar toʻxtovsiz otaverdilar. Ular Gaboning aniq moʻljalga olayotganini koʻrib, yaqinlashishga yuraklari betlamadi. Ular yomon otardilar.

Gabo iltijo qila boshladi:
- Yo Xudo, madad ber, oʻzim yiqilguncha bu jangda yana bir nechtasini u dunyoga joʻnatay. Avliyo Georgiy, yana bir nechasini otishimga oʻzing yordam ber.

Keyin u oʻylab qoldi: «Bu itlar yana meni qoʻrqayapti, deb oʻylamasin».

U qah-qah otib kulganicha, «lezginka»[1]ga tusha boshladi.

Kazaklar hayratda qolib, otishni toʻxtatdilar. Ingushlarning esa unga havasi keldi.

«Qahramon sifatida oʻlmoqchi», - deyishdi toʻplanganlar.

Gabo hamon raqsga tushardi.

U oʻlim oldida raqsga tushyapti.

Yuzlab miltiqlar unga oʻlim koʻzi bilan olayib qarab turibdi.

Avvallari bayramlarda, toʻylarda uning oldiga tushadigan raqqos boʻlmas edi. Uning har bir harakati qoʻshiqdagi soʻzlar kabi his-hayajonini ifoda etardi. Uning qiz atrofida aylanishini zerikmay tomosha qilish mumkin edi. Endi u ajal bilan raqsga tushyapti. U qoʻllarini uzatib, xuddi qadrdon ovulida qorakoʻz goʻzal Kuara bilan raqsga tushayotganday his qildi oʻzini.

Kuara!

Birdan uzoqdan oʻq ovozi eshitildi, yengil oq tutun koʻtarildi. Gabo atrofidan hushtak chalib oʻtayotgan oʻqlarning ovozini eshitdi. Shunga qaramasdan u «lezginka»ni oxirigacha oʻynadi.

Raqs tugagach, qaradi-ki, ingushlar ancha yaqin kelib qolishibdi.

U miltiq oʻqtaldi.
- Orqaga!

Shu payt ingushlarning biri uni nishonga olayotganini koʻrdi. To u nishonga olguncha Gabo tepkini bosishga ulgurdi. Jonsiz ingushning qoʻlidagi miltiq sirgʻalib yerga tushdi.

Yana otishma boshlanib ketdi.

Tepalikka yarim ovul toʻplandi. Ayollar, qariyalar, bolalar bu tengsiz jangni kuzatishardi. Ular orasida Saidning singillari ham bor edi. Ularning biri kampir berib yuborgan tugunchani koʻtarib olgan. Tugunchada Saidning miltigʻiga mos keladigan oʻqlar bor. Kampirning oʻzi bu yerga kela olmadi. U alaxsirab yotgan oʻgʻli oldida oʻtirardi.

Gabo esa bir oʻzi ikki yuz-uch yuz raqibi bilan olishardi. Uning oʻqlari koʻpincha bexato tegadi. Shuning uchun hamon yaqin kelishga kazaklarning yuragi betlamaydi.

Bir necha kazak ogʻir yaralandi, bir necha ingush qonga belandi. Biroq Gaboga oʻlim yaqinlasha olmayapti. Faqat uning oʻqlari tugay deyapti. Dushmanlarning ayni muddaosi ham shu. U yana ham sergakroq nishonga ola boshladi. Yana ikki kazak koʻkragidan oʻq yeb egardan yiqildi. Gabo ularning jonsiz yotganini koʻrdi.

Bu orada Kerik ismli ingush orqadan kelib otdi. O’q Gaboning oʻng tirsagiga tegdi. Endi uning qoʻli kuchsiz, singan edi. Gabo oʻgirildi-da, koʻzlari yonganicha miltiqni chap yelkasiga oldi. Chidab boʻlmaydigan ogʻriqqa bardosh berib, oʻng qoʻlini koʻtarib tepkini bosdi. Kerik peshonasidan oʻq yeb, boʻshagan qopday orqaga shalvirab tushdi.

Endi Gabo sekin ota boshladi. Miltiqni oʻqlash, tepkini bosish undan koʻp chidam, bardosh talab qilardi. Undan tashqari soʻnggi oʻqini ham otib tugatdi. Shu payt havoda tuguncha koʻrindi-yu, uning oyoqlari ostiga kelib tushdi. Saidning singlisi shimol tomondan nok daraxtini panalab kelib, onasining topshirigʻini bajargan edi.

U tugunchani olish uchun egilgan ham edi-ki, avval oʻng koʻkragiga, keyin oʻng dumbasiga oʻq tegdi. Koʻz oldi qorongʻulashib oʻtirib qoldi. U kuni bitishi yaqinlashganini sezdi. Gabo avliyo Georgiyga iltijo qilib, u dunyoga ketmay turib yana bir dushmanini jahannamga joʻnatishga yordam berishini soʻradi. Uning iltijosi ijobat boʻldi.

Raqiblar uning yaralanganini sezib, tobora yaqinlasha boshlashdi. Yefimovning doʻstlaridan biri, oʻrtogʻi uchun qasos olish niyatida, qilich yalangʻochlab, yaradorga ehtiyotlik bilan yaqinlashardi. U yaradorni chopish uchun qilich koʻtarishi bilan Gabo koʻzini ochdi-yu, miltiq bilan oʻzini toʻsdi, keyin qoʻndoq bilan uning boshiga shunday zarb bilan urdi-ki, kazak til tortmay jon bera qoldi.
- Avliyo Georgiy oʻzingga shukur! – shivirladi Gaboning lablari.

Gabo hushidan ketayozgani uchun oʻzidan oʻzi uyaldi. U yurishni istardi. Miltiqni oʻqlashga esa uning qurbi yetmasdi. Shuning uchun uni keraksiz yukday chetga tashlab, xanjarini qinidan sugʻurdi. Gabo oqsoqlanib, xaloyiq toʻplangan tepalik tomonga yurdi.

Nahotki u hali ham qutulishni oʻylasa?

Yana uning atrofidan oʻqlar hushtak chalib oʻtdi.

Birdan uning oʻng qoʻli ixtiyorsiz yuqoriga koʻtarildi. Uning jagʻiga oʻq tekkan edi.

Gabo yana oʻtirishga majbur boʻldi. Biroq uning chap qoʻli xanjarni mahkam ushlagan. Koʻzlari dushmanga gʻazab va nafrat bilan boqardi.

Kerikning akasi ot choptirib kelib, Gaboning ikki koʻzi oʻrtasiga qilich soldi.

G’iring degan tovush chiqmadi. Gaboning koʻzlariga qon toʻlib, koʻr boʻldi.

Yana bir ingush ot choptirib kelib qilich soldi. U Gaboning chap qulogʻi bilan boshining chap tomonini uchirib ketdi.

Saidning singillari dugonalari bilan birga faryod solib, Gaboni himoya qilgani tashlanishdi. Lekin kazaklar yoʻl berishmadi. Otishmada qatnashganlarning har biri Gaboning qonga boʻyalgan tanasiga xanjar sanchishni istar edi.

Hali undagi hayot nishonasi soʻngani yoʻq. Uning xanjar ushlagan chap qoʻli xuddi dushmaniga hamla qilayotganday asta qimirlab qoʻydi.

Kerikning akasi baland tovushda dedi:
- Saidning tutingan ukasi Gabo qahramonlarcha halok boʻlyapti, - u shunday deb Gaboning botir yuragiga xanjar sanchdi.

Gabo endi hech narsani koʻrmaydi ham, eshitmaydi ham. Ammo soʻnggi soʻzlarni eshitdi. Shuning uchun ham uning yuzida magʻrur kulgu qotib qoldi.

Ingush uning oʻng qulogʻini kesib, qonli qasos olganining nishonasi sifatida choʻntagiga solib qoʻydi.

Yavzikoning oʻgʻli Gabo ana shunday halok boʻldi.

* * *

Said hali hayot. Uni hamma hurmat qiladi.

Gabo halok boʻlgach, uning boyliklarini kavlab oldi. Bu boyligini qofqazliklarga, agar shunga loyiq boʻlishsa, qaysi qabilaga mansub ekaniga qaramay, yordam berishga ishlatadi. Ayniqsa, u bilim olmoqchi boʻlgan yoshlarni koʻp qoʻllab-quvatlaydi.

Said Kuaraga uylandi. Koʻp farzand koʻrdi.

U qora koʻz, chiroyligina katta oʻgʻliga Gabo deb ism bergan.

Said Gaboning ukasi Muhammadga alohida mehr qoʻygan. Muhammad esa unga sodiqligi bilan javob beradi.


Cite error: <ref> tags exist, but no <references/> tag was found