OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifVohid Ismoilov
Asar nomiQoʻshiq ham soʻnadi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Vohid Ismoilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoʻshiq ham soʻnadi (hikoya)
Vohid Ismoilov

U boʻsh vaqt topdi deguncha, shahar markaziga – ikki cheti boʻylab hovli-joylar tizilib ketgan koʻchaga joʻnaydi. «Baxtlar vodiysi» deb ataladigan bu koʻcha uning uchun bir moʻ‘ziza, sirli olam boʻlib tuyuladi. Bundan biron-bir naf chiqadimi-yoʻqmi, unga baribir, oʻsha yerga shoshilaveradi. Saratonning jazirama, qishning qahraton kunlarida, momaqaldiroq gumburlab, yomgʻir sharros quyib yuboradigan koʻklam kezlarida ham qatnagani-qatnagan.

«Bu uning koʻchasi» deya hayajon bilan shivirlab qoʻyadi u. Huv anavi oʻn ikkinchi uyda Shodiya yashaydi.

Shodiya! Bu nomni har gal takrorlaganida endigina oʻn yetti yoshga toʻlayotgan Mohirning tomirida qoni qizib, ehtirosdan entikar, qizning ismi goʻzalligidan, nafisligidan zavqlanar edi.

Ba’zan u beixtiyor qaylargadir tikilganicha tek turib qoladi. Orzu va xayollar olamiga parvoz qiladi. Shirin oʻylari birdaniga xayol olamidan chiqib, haqiqatga aylanishini istab qoladi. Koʻcha boʻylab borar ekan, qizning iffat nuri bilan yoritilgan chehrasi uning koʻz oldida porlab koʻrinar, olamning goʻzalligini, yashash va sevish qanday soz ekanligini butun vujudi bilan his qila boshlardi. Ha, bu qiz deb yashasa, unga intilsa, uning yoʻlida jon fido qilsa arziydi.

Tabiatan juda ziyrak, hamma vaqt odamga el boʻlib ketadigan bu yigit goʻzallik shaydosi edi. Nafaqat inson jismidagi goʻzallik, balki qalb goʻzalligi, tuygʻular jilosi ham oʻziga rom qilardi.

Endi boʻlsa, shu musaffolikni, eng yuksak ezgulik va iffatni u Shodiya ismli mohtobon qiz timsolida koʻrib qoldi. Koʻrdiyu tinchligi buzildi, oromi yoʻqoldi, huzur-halovatidan ayrildi. Bilib-bilmay ishq oʻtida oʻrtana boshladi. Sohibjamol dilbar qiz hech erishib boʻlmaydigan olis yulduz yangligʻ uning xayolida uchib borardi.

* * *

Koʻz ochib yumguncha kishi qalbiga ma’yuslik baxsh etuvchi sentyabr oyi ham yetib keldi. Moskvada oʻqiyotgan Mohir yozgi ta’tilni Toshkentda, oʻz uyida oʻtkazdi.

«Oʻqishimga uch-toʻrt kun kechikib borsam, osmon uzilib yerga tushmas», deb xayolidan oʻtkazdiyu qizni topib u bilan uzil-kesil gaplashishni maqsad qilib qoʻydi.

Ikkinchi sentyabr kuni, nihoyat, qachonlardan buyon oʻylab yurgani roʻy berdi. Sayilgoh koʻchasidan yurib borayotgan Mohirning koʻzi roʻparasidan kelayotgan Shodiyaga tushdi.

«Ana, u!» deb yubordi ichki bir nido. Qizning egnida xonatlas koʻylak, ipakday jilvalanayotgan qora sochlari tepasiga turmaklangan, xushbichim oyoqlarida toʻq pushtirang yaltiroq tufli, qoʻlida chiroyli ayollar sumkasi. Yozdagiday qizdirayotgan sentyabr quyoshi nurlarida u la’lday yonib, xiromon yurib kelayotgandi. Ha, u yosh va goʻzal, butun olam oyogʻi tagida! Tevarak-atrofdagilar unga suqlanib qarashadi.

Mohir gʻayriixtiyoriy ravishda uning orqasidan ergashdi. Shodiya universitet binosining ikkinchi qavatiga chiqib, koʻpchiligi rus talabalar boʻlgan auditoriyaga kirib ketdi. Sal oʻtmay qoʻngʻiroq chalindi. Bir rus muallima oʻsha auditoriyaga kirarkan, orqasidan eshik yopildi. «Demak, ikkinchi smenada oʻqirkan», deb qoʻydi Mohir ichida. U auditoriya raqamini koridorda osigʻliq dars jadvalidan topib, kuydirmajon qizning sharqshunoslik fakultetining ikkinchi kursida oʻqiyotganini bilib oldi.

Ertasi kuni butun borligʻi bilan his-hayajonga toʻlib-toshayotgan Mohir qizning koʻchasiga oʻtdi. Muyulishda turib uni kuta boshladi. Quyosh tik kelib qolgan payt edi. Ana Shodiya! U darvozadan chiqib toʻppa-toʻgʻri Mohir turgan tomonga qarab yurib kela boshladi. Oldiniga Mohir azboroyi dovdiraganidan nafasi chiqmay qoldi. Lekin tezda oʻzini qoʻlga oldi. Endi u bundan ikki yil avvalgi tortinchoq Mohir emasdi. U shaxdam qadam tashlab, qiz tomon yurib ketdi. Qizga yaqinlashgach, goʻyoki koʻp zamonlardan beri tanish odamday shoʻx va jarangdor ovozda xitob qildi:
– Mana shu ajoyib qizning ismi Shodiya! Qani, ruxsatiz bilan qoʻlizzi bering-chi, bir koʻrishib qoʻyaylik.

Mohir oʻzini shodon tutgan holda qoʻlini qizga choʻzdi.

Har bir odam uchun har doim eng yoqimli eshitiladigan soʻz uning oʻz ismidir. Shodiya ham koʻtarinki ruhda jaranglab eshitilgan oʻz ismidan yuz-koʻzi porlab ketdiyu qoʻlini Mohirga qanday uzatganini oʻzi ham sezmay qoldi. Qizning momiq paxtaday oppoq, issiqqina kafti oʻz kaftida turganidan Mohirning butun badani jimirlab ketdi. Shu lahzada u yorugʻ olamdagi hamma narsani unutdi va faqat uning lablariga va koʻzlariga tikilgancha turib qoldi. Uning nazarida qiz yanada ochilib ketgandi. U juda boʻy yetgan, bejirim, oʻziga ishongan, aqli raso, muomalani oʻrniga qoʻyadigan va har qanday odamni oʻziga maftun eta oladigan aslzoda qizlarning borib turgan vakilasi edi.
– Kechirasiz, koʻzimga issiq koʻrinyapsiz-u, lekin taniy olmayapman, – dedi u mayin tovush bilan, qoʻlini asta-sekin boʻshatarkan, Mohirga ochiq va tik boqib.

Mohir jilmayib qoʻydi.
– Shahar oʻquvchilar saroyida koʻzingiz tushgan boʻlishi mumkin.
– E, ha, ehtimol shundaydir, – qiz ham tabassum bilan javob qaytardi.
– Oʻqishlar qalay ketyapti?
– Oʻqishlar bor-yoʻgʻi endi boshlandi. Bu savolga javob berish hali erta deb oʻylayman, – qizning hushyorligi va sinchkovligi, ayni paytda dadilligi, keskinligi va oʻziga ishonchi zoʻrligi bilinib turar, bular irodasi kuchli va e’tiqodi qat’iy odamga xos boʻlgan xislatlar edi.

Mohir oʻychan holatda qizga tikildi.
– Shodiya, ayting-chi, nega yozgan xatlarimga javob beray demadingiz?!
– Qanaqa xat, tushunmadim? – hayron boʻlib soʻradi qiz.
– Moskvadan yozgan qanchadan-qancha xatlarimga.
– Eh, bu siz edingizmi?

Qizning timqora koʻzlari hayratdan yanada kattaroq ochilib ketdi.

Mohir «ha» deyayotganday gʻamgin koʻrinishda bosh irgʻadi.
– Bilasizmi Mohir, meni dadamning yoshlikdan birga oʻsgan doʻstining oʻgʻliga unashib qoʻyishgan. Yaqinda toʻyimiz boʻladi!

Mohir umrida faqat bir marta, Seryoja bel aralash chap buyragiga orqa tomonidan ayovsiz tepganida yarim hushini yoʻqotgan edi. Hozir esa u ikkinchi marta hushidan ketishiga sal qoldi. Butun umidlari birdan chilparchin boʻlgandi. Koʻz oldi qorongʻilashib, yeru osmon charxpalak boʻlib aylana boshladi.
– Men esa sizni shu qadar sevamanki, buni soʻz bilan ifodalashga ojizman, Shodiya. Orzu-umidlarimning, sizga boʻlgan ezgu niyatlarimning chek-chegarasi yoʻq. Endi boʻlsa hammasi tugabdi, hammasiga nuqta qoʻyilibdi.

Mohir gʻamgin qiyofada tikildi.
– Bunchalik tushkunlikka tushmasligingiz kerak. Bu dunyo mendan boshqa qizlarga ham toʻlib-toshib yotibdi. Istaganingizni tanlab olishingiz mumkin. Axir siz yigit kishisiz-ku!
– Gap bunda emas, – dedi Mohir qult yutinib. – Siz men uchun dunyoda yagona qizsiz. Olamda eng dilbar, eng goʻzal qizsiz! Rost, rost, Shodiya.
– Mayli, men boray. Darsga kechikmasligim kerak, – dedi qiz nafis qoʻl soatiga qarab qoʻyarkan.
– Ozgina sabr qiling, Shodiya.

Mohir qizning oppoq bilagidan ushlab, uni toʻxtatdi. – Modomiki shunday ekan, ayting-chi, nega oʻsha birinchi xatimgayoq javob yozib, meni tinchitib qoʻya qolmadingiz?
– Nima desam ekan... Sir boʻlsayam, oʻzingizga ayta qolay. Xatni shunaqangi chiroyli yozarkansizki, men ularni huzur qilib oʻqirdim. Navbatdagilarini esa toqatsizlik bilan kutardim, – qiz shunaqangi chiroyli qilib kuldiki, goʻyo tevarak-atrof yanada yashnab ketgandek boʻldi.
– Buni qarang-a, siz bu yoqda xatlarimni huzur qilib oʻqiyveribsizu, men boʻlsam u yoqda bir-ikki satrgina javobingizga zor-zor boʻlib, asablarim qaqshab yuraveribman-da.
– Uzr, Mohir! Bu tomonini oʻylamabman. E, yoʻq, oʻylagandim ham, lekin xatlaringizning toʻxtab qolishini istamagandim. – Qiz uyaldi shekilli, yonoqlari qizaribroq yerga qaradi.
– Shodiya, shaxsiy hayotingizga aralashmoqchi emasman. Sizni jonimdan ham ortiq koʻrganim uchun bilmoqchiman. Siz... oʻsha yigitni sevasizmi?
– Ochigʻini aytsam, u bilan hali bir ogʻiz ham gaplashmaganman. Faqat toʻy-hashamlarda bir-ikki marta koʻrganman, xolos.
– Ana xolos! Gaplashib ham koʻrmagansiz, qanday odam ekanligini ham bilmaysiz, lekin shunga qaramay, turmushga chiqib ketaverarkansiz-da!
– Har holda, ota-onam meni yomon odamga uzatishmasalar kerak, – qiz chuqur oʻyga tolgancha Mohirga tikilib qoldi.
– Balkim, ota-onangizga quloq solib toʻgʻri qilayotgandirsiz. Lekin dunyoda yurak, qalb, sevgi, mehr-muhabbat deydigan narsalar ham bor-ku, axir. Nahotki siz ularni hisobga olmasangiz?
– Men ularga ishonmayman. Sevgi, muhabbat, – qiz kulib qoʻydi, – ular faqat kitoblarda yoziladi, kinolarda koʻrsatiladi.
– Kechirasiz, Shodiya! Bu gapingizga qoʻshilolmayman. Men sizni soʻnggi nafasimgacha, agarda mavjud boʻlsa narigi dunyoda ham sevganimcha qolaman! – Mohir iztirobga choʻkkan koʻzlarini qizining ma’yus tortayotgan koʻzlariga tik qadadi.
– Albatta, buning uchun sizga chin dilimdan rahmat deyman. Sezib turibman, durust yigit koʻrinasiz. Lekin, nachora!.. Agarda... agarda unashtirilmaganimda sizni oʻylab koʻrgan boʻlardim, – dedi qiz bir oz sukunatdan soʻng oʻychan bir holatda.

Qizning oxirgi soʻzlari Mohirga «sevaman» soʻzidan ham azizroq va qimmatliroq boʻlib eshitilgandi.
– Demak, sizni bir umrga, mangulikka yoʻqotarkanman-da, Shodiya! Sirayam ishongim kelmayapti, – Mohirning ovozi zoʻrgʻa, ich-ichidan titrab chiqdi.
– Xohishingizni bajo qila olmaganim uchun uzr, Mohir. Sizning baxtli boʻlishingizga juda ishonaman. Mendan esa, hecham xafa boʻlmang, xayr! – Qiz qoʻl berib xayrlashdi-da, kelgan yoʻlidan yana toʻgʻriga qarab yurib ketdi.

Yagona umididan, butun vujudi bilan, jon-jahdi bilan sevgan qizidan ayrilgan Mohir, oʻzining bor-yoʻqligini unutgancha uning orqasidan qarab qoldi.

Orzulari barbod boʻlgan, ishonchlari sovrilgan Mohir gʻam-gʻussa chekib, koʻziga hech narsa koʻrinmay, qulogʻiga hech narsa eshitilmay, xuddi mast kishidek gandiraklab ketib borardi. Ha, u mast edi, qizning jamolidan, uning nozik qoʻllaridan mast edi. Koʻz yoshlari yuzini yuvib tushar, boshini quyi solgancha qizning koʻchasidan soʻnggi marta, darvozasiga soʻnggi marta nigoh tashlab oʻtarkan, allaqanday she’rni eshitilar-eshitilmas yoddan gʻoʻldiradi:

Chekil lira!
Qoʻshigʻim tamom!
Kuyim asta soʻndi va topdi barham,
Dardim bir sharpadek choʻkdi bu ayyom.
Nurafshon koʻp olis yoqlarga bu dam.
Chekil lira!
Qoʻshigʻim tamom!
Bir zamon joʻshardim daraxt tubida,
Kuylardim oʻrmonda, qaynardi ilhom.
U dam yosh, baxtiyor, dadildim juda.
Endi-chi kuylashga qolmadi majol,
Koʻzyoshi keladi, yoʻq dilda orom.
Koʻcha kezaman oʻychan va behol.
Chekil lira!
Qoʻshigʻim tamom!..