OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXayriddin Sulton
Asar nomiBunchalar shirinsan, ey achchiq hayot! (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Xayriddin Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bunchalar shirinsan, ey achchiq hayot! (hikoya)
Xayriddin Sulton

«
«Oloy malshasi» — Qurbonjon dodxoh 1865 yildan to 1880 yilgcha Pomirda bir sarkarda sifatida xalqni oʻz atrofiga toʻplab. koʻlida yalang qilich bilan fon Kaufmanga qarshi kurashdi. U shu darajada jasoratli bir xotin ediki, rli Qamchibek Kaufman tomonidan asir qilinib, dorga osilayotganda, dor tagiga kelib, oʻgʻliga xitoban:
— Xayr, oʻgʻlim, ota-bobolaring ham dushman koʻlida halok boʻlki, Shahid oʻlmoq bizga meros. Senga bergan sutim oq boʻlsin! — deya olgan va otining jilovini ters burib, oʻgʻlining tortayotgan azob uqubatlaridan shartta yuz oʻgirib keta olgan xotindir».

G'afur G'ulom
»

Ming sakkiz yuz yetmish oltinchi yil, yigirma oltinchi fevral. Margʻilon.

Qahraton qahridagi rutubatli, xazin bu kun qishning odatiy kunlaridan deyarli farq qilmay nihoyasiga yetmoqda edi. Bu kun ham shahar odatdagidek tong qorongʻisida muazzinlarning ovozi bilai uygʻondi Azonni eshitgan ahli muslim bu kun ham shosha-pisha tahorat olib, yaxlagan yoʻlaklardagi qor-qirovlarni gʻijirlatgancha ertalabki izgʻirinda junjika-junjika masjid sari shoshildi; bu kun ham past-baland tomlar ustida har doimgidek zaif, beqaror koʻkish tutun xiyla vaqt muallaq osilib turdi; bu kun ham quyosh xuddi sovqotayotgandek osmonda bir muddat siyqa tanga kabi xira yaltirab, soʻng pagʻa-pagʻa kulrang bulutlar ostiga kirib koʻzdan yoʻqoldi, tirikchilik gʻamida yaydoq koʻchalarda sarson suringan turfa odamlar bu kun ham shaharning ruhsiz qiyofasiga ma’yus bir jonlanish bergandek boʻldilar...

Xullas, qahraton qishning befayz, jimjit bu kuni shu choqqacha bu koʻhna shahar oʻz boshidan kechirgan minglab kunlar singari yoʻqlik sari botib, bir palla, tuyqusdan misli koʻrilmagan ola-toʻpolon boshlandi. Bozor maydoni toʻrt tomondan guras-guras oqib kelayotgan odamlar bilan toʻldi.

Maydon shahar bunyod boʻlgandan buyon hali bu qadar tumonatni koʻrmagan edi. Achchiq izgʻirin yuz-koʻzga ignadek sanchiladi, suyak-suyaklarni zirqiratadi, boʻgʻotlardagi, tomlar boshidagi sumalaklarni qamchisi bilan savalaydi, bor tirik jonni in-iniga haydaydi, ammo molbozorga tutash yalang sahnda chumolidek gʻujgʻon oʻynagan olomon tinimsiz qaynab-toshadi. Shop-moʻylov, koʻzlari chaqchaygan kazaklarning vajohatidan quti oʻchib doʻkonlarini apil-tapil taqa-taq yopib chiqqan baqqol va hunarmandlar, bozillagan tanchalari oldidan haydab keltirilgan, nima gapligini anglayolmay garang boʻlib, chimmat ostidan sarosima va qoʻrquv bilan moʻralab turgan xotin-xalaj, «La havla...»ni bir lahza tilidan qoʻymagan kampirlar, xoʻmraygan, yalangtoʻsh chollar, burnining suvi oqib yigʻlamsiragan bola-baqralar...

Hammaning ogʻzida bir gap, hammaning yuragida bir vahima: «Qamchibek osilarmish!»

Maydonni otliq kazaklar xalqa shaklida qurshagan. Minbarga oʻxshatib taxtadan yasalgan toʻrdagi omonat shohsupadan Turkiston oʻlkasi general-gubernatori fon Kaufman, Fargʻona jazo ekspeditsiyasining boshligʻi, sochlari oppoq, qosh-koʻzlari qop-qora general-mayor Trotskiy, xushqomat, xushfe’l fligel-ad'yutant knyaz Boyarskiy, pakana, oqsoq polkovnik Lusarov, Fargʻona harbiy gubernatorligining amaldorlari, tulki tumoq kiygan Abdurahmon oftobachi va sovuqdanmi, qoʻrquvdanmi qunishgan bir necha mahalliy a’yonlar birin-ketin joy oldilar.

Shamol tobora kuchliroq esa boshladi.

Maydonga yana ikkita piyoda askarlar rotasi kirib keldi-da, saf boshidagi yagʻrindor ofitserning komandasiga binoan toʻrtburchak hosil qilib toʻxtadi.

Yagʻrindor ofitser — Lyaxov familiyali mayor shohsupaga yaqinlashib, Kaufmanga chest berdi:
— Hamma narsa tayyor, zoti oliylari. Boshlashga ijozat etadilarmi?

Kaufman soatiga qaradi:
— Bir minutga, mayor. Mening rafiqam ham kelmoqchi edi. Bir oz kutsak. A, ana, oʻzi ham kelyapti shekilli.

Ikkita yoʻrgʻa toʻriq qoʻshilgan zangori kareta shaldiragancha maydonga kirib keldi. Shohsupa yonida turgan ad'yutantlardan biri shosha-pisha borib kareta eshigini ochdi. Barra qunduz moʻynali poʻstinlari ostidagi moviy koʻylaklarning burma etaklarini avaylab koʻtargancha ikkita xonim oldinma-keyin karetadan tushdi. Yoshi oʻtinqirabroq qolgan, lekin hali raso qaddi-qomati buni yashirib turgan birinchi ayol sherigiga nimanidir uqtira-uqtira, shohsupa sari yurarkan, Kaufman uning istiqboliga ikki-uch qadam peshvoz chiqdi. Gubernatorni qurshagan a’yonlar tabassum bilan unga ergashdilar.
—Ah, azizam, afv etasan, xiyol ushlanib qoldik. Achchigʻing chiqmasin, bilasan-ku biz ayollarni: koʻzgu degan narsa shunday ohanraboki... — Oldinda kelayotgan xonim Kaufmanga shunday deya, ofitserlarga navozish ila jilmaydi. — Salom, janoblar!

Trotskiy, Lusarov, Lyaxov va fligel-ad'yutant Boyarskiy bir-bir kelib, uning qordek oq, nozik barmoqlaridan oʻpdilar.
—Oh, knyaz, knyaz! — deya bosh chayqadi Kaufman xonim Boyarskiyga qarab istigʻno bilan lablarini burarkan. — Bizni butunlay unutib yubordingiz. Yaxshi emas, xudo haqqi, yaxshi emas. Axir, bizning safarimiz ham oxirlab qoldi, hademay... Tanishing, bu xonim polkovnik Shcherbakovning rafiqasi grafinya Anna Ippolitovna, «Biz tanishmiz», deysizmi? Oh, knyaz, knyaz!

Fligel-ad'yutant xiyol qizarib, kulimsirab turardi.
—Men bunday qoʻrqinchli tomoshalarga aslo ishtiyoqmand emasman, — dedi gubernator xonim Lusarovga murojaat qilib. — Kecha erimdan: «Bu isyonchilar qanday odamlar?» deb soʻrasam. «Ertaga maydonga borsang, oʻz koʻzing bilan koʻrasan», dedi. Ayting-chi, polkovnik, ular rostdan ham shu qadar dahshatlimi?

Lusarov ogʻzini ochmasdan kuldi, koʻzlarini qisgancha jiddiy qiyofada allanimani soʻzlay ketdi. Gubernator xonim quloq solayotgandek koʻrinsa-da, xayoli parishon ekani sezilib turardi.
—Boshlang! — dedi Kaufman Lyaxovga qarab. — Olib chiqing!

Maydon oʻrtasida ivirsib yurgan qizil etikli, patak soqol, qari soldat shinelini yechdi, dor tagidagi toʻnkalarni qimirlatib koʻrdi, sirtmoqning tugunini sinchiklab tekshirdi-da, qoʻnjiga yopishgan qorni qoqib, maydonning narigi boshiga qarab ketdi.

Olomon orasida birdan shovur-shuvur koʻtarildi: toʻrt azamat kazak odamlar halqasini yorib, koʻk shohi toʻnining paxtasi oqib yotgan, kulcha yuzlari momataloq, qoʻllari kishanband bir yigitni haydab kelardi.
— Shumi? — deb soʻradi grafinya Shcherbakova chiroyli moviy koʻzlarini hayrat ichra katta-katta ochib.
— Ha, grafinya, — dedi Boyarskiy.
— Bechora!
— Oh, monsier, men chidayolmayman shekilli, — dedi gubernator xonim uh tortib. — Kun ham sovib ketdimi?
— Azizam, yaxshisi uyga qaytaqol, — dedi Kaufman. — Senga shamol qattiq ta’sir qilishi mumkin. Kecha «Boshim ogʻriyapti», degan eding. Har qalay, bu yer Sankt-Peterburg emas.
— Mayli, hechqisi yoʻq, bir oz turay-chi, — deya ohista shivirladi gubernator xonim.

Polkovnik Lusarov qoʻlidagi qogʻozni shohsupaga chiqib kelgan Lyaxovga uzatdi. Mayor oldinga oʻtib qogʻozni ochdi, baland, tiniq ovoz bilan dona-dona qilib hukmni oʻqiy boshladi:
—«...Fargʻona gubernatorligi harbiy-dala sudi ayblanuvchi — sartiya millatiga mansub, mahalliy Oloy beklaridan Qamchibek Olimbek oʻgʻlining imperator a’lo hazratlari saltanatiga qarshi qaratilgan fitnakorlik xatti-harakatlaridan iborat jinoiy faoliyatini koʻrib chikdi. Koʻpdan-koʻp ashyoviy dalillar va bevosita guvohlarning shohidliklari asosida, chunonchi, mahalliy nufuzli boyonlardan Abdurahmon oftobachining sidqidildan bergan koʻrgazmalari oqibatida, ayblanuvchi Qamchibek Olimbek oʻgʻlining chindan ham imperator a’zamga, uning saltanatiga, harbiy gubernatorlik vakillari oʻrnatgan tartibotlarga katta Shikast yetkazuvchi yirik zararkunanda shaxs ekanligi aniqlandi. Ayblanuvchi Qamchibek Olimbek oʻgʻli aka-ukalari — qurolli toʻdalarning boshliqlari boʻlmish Abdullabek, Mahmudbek va Hasanbek bilan birgalikda Oloy vohasida bir qancha buzgʻunchilik va qoʻporuvchilik ishlarini amalga oshirgan, mahalliy aholi gubernatorlik tomonidan qaror topdirilgan turgʻun tartibotlarga qarshi oyoqlantirilgan. Uning qoʻl ostida boʻlgan, davlat jinoyatchilaridan iborat kallakesarlar shaykasi keyingi uch yil ichida ayniqsa faollasha borib, harakatdagi armiya otryadlariga, ularning jonli kuchlari va oziq-ovqat manbalariga sezilarli zarar yetkazgan. Harbiy gubernatorlikning Qamchibeq Olimbek oʻgʻliga yoʻllagan bir qancha ogohlantirishlari bepisandlik bilan rad etilgan. Bu yovuz shaykalarning sakkiz yildan ortiq davom etgan bosqinchi-lik, xunrezlikdan iborat faoliyati natijasida...»

Orqa tomondan past boʻyli bir ofitser shohsupaga yaqinlashib, polkovnik Lusarovning qulogʻiga nimadir deb shivirladi. Polkovnikning rangi oqardi, shosha-pisha Kaufmanga yuzlandi:
—Zoti oliylari... — deb pichirladi u.— Zoti oliylari, Qurbonjon dodxoh kelayotgan emish!

Kaufman unga yalt etib qaradi:
— Ya’ni, qanday qilib? Yoʻllarga soqchi qoʻyilmaganmidi?
— Qoʻyilgan, zoti oliylari. Knyaz Boyarskiyning oʻqchi divizioni bilan uchinchi dragun polki barcha darvoza va asosiy yoʻllarni qoʻriqlamoqda. Biroq... dodxoh yolgʻiz oʻzi kelayotgan emish!
— Nima-a?
— Shunday, zoti oliylari.

Kaufman lablarini chimirdi:
— Demak, u shaharda ekan-da. Tushunolmay qoldim. Nima, bu xotin aqldan ozganmi? Boshi uchun oʻn besh ming soʻm assignatsiya tikilganini bilmaydi shekilli?
— Yaxshi, polkovnik, — dedi Kaufman oʻzini bosib. — Davom etavering. Qani, voqealar rivojini koʻraylik-chi.
— Demak, tutishga buyruq beraymi?
— Nega? Qurolsiz, yarogʻsiz, ojiz bir ayolni kuppa-kunduzi, shahar maydonida, olomon oldida... Yoʻq, polkovnik, faqat kuzatib turishga buyruq bering. U. ehtimol, oʻgʻli bilan vidolashmoqchidir. Nega endi uni bundan mahrum etmoq kerak? Gumanist boʻling, polkovnik!
— Xoʻp boʻladi, zoti oliylari!
— «...sartiya millatiga mansub, mahalliy Oloy beklaridan Qamchibek Olimbek oʻgʻlining imperator a’lo hazratlari saltanatiga qarshi qaratilgan jinoiy faoliyatini koʻrib chiqib, Fargʻona gubernatorligi harbiy-dala sudi uni oʻlim jazosiga — osib oʻldirishga hukm qiladi. Qukm qat'iy, shikoyat qabul etilmaydi.

Harbiy-dala sudining raisi general-gubernator fon Kaufman. Yangi Margʻilon, 1876 yil, 26 fevral».

Mayor Lyaxov hukmni oʻqib tugatdi-da, Kaufman xomonga oʻgirilib, bosh silkib qoʻydi.

Soqchi kazaklar Qamchibekni dor ostiga olib keldilar. Kaufman poruchik formasidagi tilmoch Sibgatullinni chaqirib, buyurdi:
— Soʻrang-chi, mahkumning soʻnggi istagi bormikan?

Tilmoch soʻrashga ulgurmadi — pang tovushi birdan koʻtarilgan olagʻovur ichida koʻmilib ketdi: koʻk baxmal peshmat kiyib, oq dakana oʻragan Qurbonjon dodxoh roʻparadan shitob bilan ot oʻynatib kelar edi!

Orada oʻttiz odim chamasi masofa, barchaning yuzida hayrat, taajjub, taraddud. Qoʻrquv...
— Polkovnik! — Kaufman oq qoʻlqopli qoʻli bilan Lusarovni imladi.— Mana, qarang-a, dodxoh tap tortmay kelyapti. Sizning koʻpgina ofitserlaringiz jasorat bobida shu ayoldan ibrat olsalar chakki boʻlmas edi. Biror burchakdan daydi oʻq otilib, uni halok qilishi mumkin-a, toʻgʻri emasmi?

Lusarov unga tikilib qoldi.
— Qarang-a, mutlaqo qoʻrqmayotganga oʻxshaydi-ya! — deya Kaufman miyigʻida kulib qoʻydi. — Vaholanki, daydi oʻq — daydi-da. Nima deysiz, Lusarov?
— Tushundim, zoti oliylari, — dedi Lusarov shivirlab. — Mening polkimda bir mohir mergan bor. Uryadnik Yepifanov.
— Yaxshi, polkovnik. Faqat, dodxoh maydondan sogʻ-salomat chiqib ketishi kerak. Daydi oʻq unga istagan muyulishda ham tegishi mumkin, uqdingizmi?
— Tushunarli, zoti oliylari.

Tilmoch mingʻillab, savolni uchinchi bor takrorladi. Qamchibek javob bermadi, koʻzlarini — hasrat, alam va sogʻinchdan qovjirab yongan koʻzlarini onasining yoʻliga oʻrtanib tikdi, jismi jahonni oʻrtab:
— Ena-ey-y! — deb hayqirdi. — Jonim enam!..

Olomon yalpisiga guvlab yubordi.

Suvori esa oʻktam matonat bilan tobora yaqinlashib kelar, toʻriq bedov bir tekis yoʻrgʻalar, dodxohning yuzlarida, mahkam qimtilgan lablarida sokin, xotirjam, hatto ulugʻvor bir ifoda aks etar edi. Goʻyo u oʻlim changalidagi oʻgʻlini koʻrmayotgandek, uning sitamkor nolasini eshitmayotgandek, oppoq sochlari toʻzgʻigan boshini baland koʻtargancha magʻrur ot yoʻrttirib kelardi.

Xaloyiq toʻlqin urib dengizdek chayqaldi, gʻazabnok guvilladi. Soldatu ofitserlar ham tosh qotgan. Biror kimsa nima qilarini, nima deyarini bilmas edi. Hatto Kaufman ham sarosima aralash vahshat bilan qovoq uyib turgan haykalga oʻxshardi.

Dodxoh soldatlar halqasiga yaqinlashdi, besh qadamlar narida jilovni tortdi. Toshdek ogʻir, toshdek qattiq sukunat choʻkdi.
— Bolam! — dedi dodxoh. Ovozi bir lahza titrab ketdi-yu, shu ondayoq mardona, qahrli tus oldi. — Bolam! Shahid oʻlmoq bizga meros! Ota-bobolaring ham dushman qoʻlida oʻlgan! Alvido, bolam! Bergan sutim oq boʻlsin! — U shunday deya oyogʻini uzangiga tirab, otning sagʻrisiga zarb bilan qamchi urdi. Bedov osmonga sanchib, suvorini koʻtara ketdi.
—Rozi boʻling, ena! — Qamchibek oʻpkasi toʻlib xirqirab qoldi. — Rozi boʻling!
—Mingdan-ming roziman! — Dodxoh qoʻlini fotihaga ochdi. — Diydor qiyomatga qoldi, bolam! — Soʻng ilkis orqasiga qayrilib, kunchiqar tomon ot qoʻydi.

Ot yoliga ikki tomchi qaynoq yosh tomdi. Ikki tomchi yosh arabi bedovning vujud-vujudini kuydirib yuborgandek boʻldi.

Olomon hamon gʻalayon solib guvillar, toʻlgʻanib-toshar edi.
— Ha... Qiziq, — Kaufman oʻyga tolgan edi.
— «Oloy malikasi» deganlari shumi? — deb soʻradi xotini. — Axir, uni juda keksa deyishardi-ku? Bu esa bemalol ot choptirib yuribdi. Ayt-chi, nega uni tutishmadi?
— Hojati yoʻq edi, azizam, — deya kulimsiradi Kaufman. — U... oʻzi taslim boʻlib keladi! Men uni shunga majbur etaman!
— Menga qara, monsier, bilaman, ishlaringga aralashishlarini yoqtirmaysan, lekin shu yigitni oʻldirmay qoʻya qolishning iloji yoʻqmi? — dedi Kaufman xonim poʻstinning yoqasini tuzatayotib. — Judayam yosh ekan, odam achinadi. Albatta, men uni jazosiz qoldirish kerak, demoqchi emasman. Lekin boshqacha chora koʻrilsa boʻlmaydimi? Masalan, surgun yoki katorgaga... .— Yoʻq! — dedi Kaufman va qat'iy ohangda ta’kidladi. — Yoʻq! Hukmni eshitding-ku. Dushmanga hech qachon shafqat yoʻq. Lusarov!
— Eshitaman, zoti oliylari!
— Tezlating!
— Xoʻp boʻladi!
— Uryadnik kim... Yepifanovmidi?
— Xuddi shunday, zoti oliylari, Yepifanov!
— Yaxshi.

Lusarov Lyaxovga qarab imo qildi. Lyaxov qoʻlidagi roʻmolchasini silkib orqaga chetlandi.

Barabanlar gumburladi. Ikki norgʻul, devqomat kazak Qamchibekning boʻyniga sirtmoq soldi. Yuz-koʻzini qora niqob bilan toʻsib olgan shinelsiz qari soldat tiz choʻkib choʻqindi-da, oʻrnidan turib arqonga qoʻl choʻzdi...
—Yo rabbiy! — Grafinya Shcherbakova rangi boʻzdek oqarib, knyaz Boyarskiyning qoʻlini muzdek barmoqlari bilan mahkam siqdi. — Yo rabbiy! Naqadar dahshat!
—Qoʻrqmang, grafinya, qoʻrqmang. Bu faqat bir lahza, xolos, — dedi Boyarskiy uning tirsagidan tutib.
—Ach, mein Gott, das is schleht! Ach, mein Gott! — deya shivirladi quti oʻchgan gubernator xonim va koʻzlarini chirt yumib oldi.

Qamchibek, oyogʻi yerdan uzilib borarkan, koʻksidan armon toʻla xoʻrsiniq otilib chiqdi:
—...bandam degaysan!

Olomon birdan junbushga keldi. Kimdir oʻkrab yubordi.

Niqobdor soldat dor tagidagi toʻnkani zarb bilan tepdi...

Navqiron, bahodir vujud bir lahza dorda tebrandi, soʻng shu tebrangan boʻyi gursillab yerga quladi.

Lyaxov oniy hayrat bilan dovdiradi, keyin qilich

yalangʻochlagancha dor tagiga yugurib bordida, mahkumning tepasida haykaldek qotdi. Kaufman koʻzlari chaqchayib, Lusarovga oʻqraydi. Olomon suroni olamni buzdi:
—Yo qudratingdan!
—Nima boʻldi? Matkarim, nima boʻldi?!
—Ollohga xush kelmagach...
—Xaloyiq, nega qarab turibsiz?
—E, hoy, kallangni ol-e!
—O'zing qoch, xumsa!

Shovqin-suron orasidan Trotskiyning guldiragan yoʻgʻon ovozi yangradi:
— Jim! Jim boʻllaring, deyman! Hammangni toʻpga tuttiraman, jim!

Toʻpchilar bu gapni tasdiklagandek, zambaraklarning ogʻzini olomonga qarab toʻgʻrilab qoʻydilar.

Koʻzlari shilpiq bir yigitning ingichka, asabiy qichqirigʻi Trotskiyning tovushini bosib ketdi:
— E, belida belbogʻi bor erkak bormi oʻzi bu yerda?

Kaufman bejo koʻzlarini Lusarovga qahr bilan qadadi:
—Lusarov! Bu qanday gap?!
—Zoti oliylari...
—Bu qanday gap deyapman?!
—Ijozat eting, zoti oliylari...
—Bas! Sharmandalik! Xiyonat!
—Zoti oliylari, afv etsinlar, tasodif...
— Tasodif! Tasodif emish! Bu dorga hozir oʻzingiz osilishingiz mumkin! Lekin unda tasodif yuz bermaydi! Sharmandalik! Muttahamlik! Boring!
—Nima boʻldi? Oh, aytsalaringiz-chi, nima boʻldi? Menga qarang, knyaz, nima boʻldi, axir? — dedi gubernator xonim atrofga olazarak alanglab.

Boyarskiyning ensasi qotdi, nazokatni yigʻishtirib:
—Nima boʻlardi, arqon uzilib ketdi! — dedi.
—Oh, ana, men aytmadimmi axir! Koʻrdingizmi, uning oʻlimi hatto xudoga ham yoqmayapti! — deya gubernator xonim eriga qaradi.
—Charchagan koʻrinasan, azizam, — dedi Kaufman ijirgʻanib. — Yaxshisi, uyga boraqol. Knyaz, iltimos, xonimlarni kuzatib qoʻysangiz.
— Yoʻq, yoʻq! Biz endi oxirigacha koʻrmasdan ketmaymiz, toʻgʻrimi, Anna Ippolitovna?

Rangi boʻzdek oqarib ketgan grafinya dastroʻmoli bilan yuz-koʻzi, peshonasini artdi.

Qamchibek dor tagida hanuz behush yotardi. Soldatlardan biri uning yuzini qor bilan ishqay boshladi. u koʻzlarini ochdi, atrofiga javdirab, bir zum garangsib turdi-da, qaddini rostlashga urinarkan, koʻkarib ketgan lablarining burchidan silqib tushayotgan; qonni kafti bilan artib:
— Chirib ketgan ekan, — deb shivirladi. Soʻng yagʻrinini ilkis koʻtarib oʻrnidan turarkan, intihosiz bir gʻurur bilan hayqirdi. — Chirib ketgan ekan!

Aft-basharasi qoʻrquv va gʻazabdan burishib, mudhish tusga kirgan qari soldat qalt-qalt qaltiragancha uning momataloq boʻyniga yana sirtmoq tashladi...

Barabanlar yeru koʻkni zirillatib gumburladi.

Qamchibek qult etib yutindi, entikib-entikib nafas oldi. Peshonasida marvariddek reza ter tomchilari paydo boʻldi. Soʻnggi nafas!

Soʻnggi lahza!

Soʻnggi azob!

Bunchalar shirinsan, achchiq hayot!..

Osmonda oppoq bulutlar koʻpirib toshar, Aravon togʻlari tomondan esayotgan pokiza nasim ona yurtning armon toʻla soʻnggi boʻylarini olib kelar edi.

Keyin na bulutlar, na shamol, na osmon qoldi.

Kaufman shohsupadan tushib, xotinini kuzatib qoʻyish uchun bir zum toʻxtadi. Baronessa tirsagigacha chiqadigan qoʻlqopini kiyarkan, tinmay soʻzlab borar edi: — Oh, naqadar achinarli! Axir, bari bir odam-ku! Odam-a!— Keyin Boyarskiyga oʻgirilib, davom etdi.— Xoʻp, hozircha xayr, knyaz. Darvoqe, ayting-chi, kechqurun biznikiga preferans oʻynagani kelasiz-a? Albatta keling, kutamiz. Aybga buyurmaysiz, knyaz, yagona koʻngilochar ermagimiz shu. Bu yovvoyi oʻlkada biz ham hademay butkul yovvoyi boʻlib ketamiz shekilli. Na muzika, na teatr... Loaqal, tezroq Toshkentga qaytsak ham mayli edi. Oh, knyaz, nimasini aytasiz! Xoʻp, Demak, sizni kutamiz, albatta keling. Grafinya Shcherbakova bilan yaqindan tanishib olasizlar. O, siz juda Ham ucharsiz, knyaz! Xoʻp, mayli! Orivoir monsier!

Kareta joʻnadi. Kaufman ofitserlar hamrohligida bozor darvozasi tomon yurdi. Yoshgina ad'yutant qora turkman otni roʻpara qilgan edi, bosh chayqab: «Yoʻq!» dedi-da, maydon etagidan tor koʻchaga qarab burildi.

Hech kimdan sado chiqmas, Lusarov ham yerga tikilgan koʻyi churq etmay borar edi.

O'ttiz odimlar shu taxlit yurilgach, Kaufman polkovnikka savol nazari bilan qaradi:
— Polkovnik Lusarov?
— Eshitaman, zoti oliylari?
— Uryadnik?..
— Hozir, zoti oliylari. Mana shu muyulishdan keyin, hozir...

O'n besh qadam naridagi jinkoʻcha muyulishida xomush sudralib kelayotgan uryadnik Yepifanovning daroz gavdasi koʻrindi. U boshliqlarga koʻzi tushdiyu joyida tek qotdi.
—Xoʻsh, Yepifanov?— dedi Lusarov unga yaqinlashib.

Yepifanovning qop-qora soqolli uzun iyagi titrab ketgandek boʻldi-yu, churq etmay turaverdi.
— Nega indamaysan, Yepifanov? — deya muloyim, homiy ohangda soʻradi Kaufman uryadnikning keng yelkasiga kaftini qoʻyib.
— Zoti oliylari... — Yepifanov tili ogʻziga sigʻmayotgandek gʻoʻldiradi. — Zoti oliylari...
— Tegizolmadingmi?! — Lusarovning koʻzlariga qon toʻldi.

Yepifanov miltiq qoʻndogʻini shu qadar mahkam siqdiki, tirnoqlarining ostiga zirqirab ogʻriq kirdi.
— Otolmadim, zoti oliylari... — U qalin, doʻrdoq lablarini arang qimirlatib, eshitilar-eshitilmas shivirladi. — Otolmadim...
— Nega otolmading, Yepifanov?— Kaufmanning ovo-zi hamon boyagidek muruvvat toʻla ohangda yangrar edi.
—Zoti oliylari... Xudo haqqi, afv eting, zoti oliylari... — Yepifanov chagʻir koʻzlarini katta ochgancha gubernatorga yolvorib qaradi. — O'zim ham bilmay qoldim, zoti oliylari. Anavi tomdan hammasini koʻrib turgan edim... Qoʻlim bormadi, zoti oliylari... Onam esimga tushib ketdi...

Bir lahza ogʻir, asabiy jimlik choʻkdi, soʻngra Lusarovning vahshatli baqirigʻi eshitildi.
— E, oʻsha onangni... — U mislsiz qahrdan koʻkarib soʻkingancha vahshat bilan uryadnikka tashlangan edi,

Kaufman koʻrsatkich barmogʻini koʻtarib, polkovnikni toʻxtatdi, soʻng Yepifanovga yaqinlashib, unga boshdan sinchiklab razm soldi.
—Yepifanov, — dedi u nihoyat baland tovush bilan, — barakalla! Sen haqiqiy soldatning ishini qilgansan, barakalla! — Angrayib qolgan uryadnikning yelkasiga yana bir bor qoqib qoʻydi-da, orqasiga oʻgirilib, ad'yutant jilovidan tutib turgan otga ildam mindi. Otliqlar Yepifanovni qor toʻzoni ichra qoldirib joʻnadilar.
— Lusarov! — dedi Kaufman garnizon kazarmasi oldida otdan tushayotib. — Uryadnik Yepifanovning bu xizmatlarini taqdirlash lozim, deb hisoblayman. Uqdingizmi? — U ma’nodor chimirilib qoʻydi. — Albatta, taqdirlash kerak!
— Tushunarli, zoti oliylari! — Lusarov itoatkorona bosh egdi.

Oradan ikki oy oʻtgach, pochta aravasida chayqalib oʻtirgan mast yamshchik Orlov guberniyasiga qarashli jimjit, mudroq Gribovo qishlogʻidagi kulbalardan birining eshigini qoqib, minglab chaqirimlar osha adashib-uloqib yetib kelgan bir parcha qogʻozni qora roʻmol oʻragan, koʻzlari nursiz kampirga topshirdi.

Kampir xatni oʻqib, shilq etib yiqildi. Kulba ostonasini izillab yalayotgan izgʻirin shamol maktubni varakdadi:

«...chuqur qaygʻu bilan ma’lum qilamizki, oʻgʻlingiz — Yefim Yepifanov podsho va vatan xizmatida qahramonlarcha halok boʻldi.

Polk komandiri polkovnik Lusarov».

Shamol uv tortib yubordi.

1979