OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXayriddin Sulton
Asar nomiGʻulomgardish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Xayriddin Sulton
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gʻulomgardish (hikoya)
Xayriddin Sulton

— E, boʻldi-da, ota, odamni nomuslarga oʻldirdingiz-ku! Shu yerdan koʻchib ketsam qutulamanmi sizdan?!

Dadamatov axiyri shunday dedi. Sanoqul bobo majbur qildi. Dadamatov jahl ustida shunday dedi-yu, endi pushaymon boʻlib oʻtiribdi. Pushaymon boʻlgani sari esa battar achchigʻi chiqmoqda.

Aslida, nega shunchalik tutaqqaniga oʻzi ham xayron.

Sanoqul bobo unn urmagan boʻlsa, soʻkmagan boʻlsa, tuhmat-malomat qilmasa, undan bir ta’ma tilamasa... Aybi — kanda qilmay har kuni salom berganiyu duoi jonini qilib turganimi?

Nainki shuning uchun kishi birovdan ranjisa?Ayniqsa, Dadamatovdek zuvalasi loydan emas, mumdan yasalgan muloyim bir odam, shuning uchun birovni ranjitsa? U nahot shu umidda yurtiga koʻchib kelgan boʻlsa?

Aql bovar qilmaydi. Mening, masalan, bunga sirayam ishongim kelmaydi. Chunki Begmat Dadamatovni besh qoʻlday yaxshi bilaman. Bilganim uchun ham shu gaplarni yozib oʻtiribman. Keling, uning kimligi haqida sizga ham ancha gapirib beray.

Xoʻsh, Dadamatov Begmat Ermatovich, urushdan avval, oʻttiz oltinchi yili bizning qishlogʻimizda tugʻilgan. Hamma qatori oʻqib, hamma qatori mashaqqatu dard-alamlar tortib, kon texnikumi, keyin shu sohaning institutini tugatib, qishlogʻimizga qaytib kelmadi — Shargʻunga, koʻmir koniga ishga ketdi. Kishloqqa kam kelardi, ahyon-ahyonda — May bayrami yoki Yangi yil arafalarida tili bizning lahjalarga oʻxshamaydigan, koʻzlari katta-katta, chiroyli xotini bilan past-baland koʻchalarimizda paydo boʻlib qolardi. Begmat Dadamatov marjon shodasidek tigʻiz qishlogʻimizdan uzilib ketgan birinchi dona edi, shu boismikan, koʻpchilikning nazarida allanechuk gʻalati, juda oqpadar boʻlmasa hamki, har qalay, darbadar bir kimsa boʻlib koʻrinardi.

Begmat Dadamatov, tabiiyki, bu gaplardan bexabar, shuning uchun ham parvoyi falak yurar edi. Keyin-keyin, u keksa otasiyu qari onasini koʻrgani kelarkan, xotini bilan birga bejirim kiyimlar kiygan oʻgʻil-qizlarini ham ergashtirib keladigan boʻldi. Bolalarining tiliyam bizning lahjalarga oʻxshamas, binobarin, begona edi.

U birinchi marta qishloqqa sutrang «Volga»da kirib kelganida, har turli mish-mishlar tarqadi. Birovlar: «Koʻtarilib ketibdi, mashina olib yurarkan», dedi, birovlar esa: «Ermat sariqning oʻgʻli koʻmir emas, pul konida ishlarkan», dedi. Kimlardir suyundi, kimlardir kuydi.

Bir kuni Dadamatov, qaysidir bayramda, chol-kampirni ziyorat qilgani kelib, otasini kasal holda koʻrdi, onasi boshida suv tomizib oʻtirardi. O’rtada qanday gap-soʻz oʻtgani bizga noma’lum, ammo bir haftadan soʻng Dadamatov qishloqqa koʻchib keldi. Endi «Volga»si yoʻq edi. Yana mish-mish tarqadi: «U ishdan haydalib ketibdi», «Balo ekan, hovli-joyning umidida... hah, moli dunyo oʻlsin shirin boʻlmay... »

Teshik quloq, Begmat Dadamatov, tabiiyki, bu gaplardan endi xabar topmay qolmadi, lekin baribir parvoyi falak yuraverdi. Hatto bepisand kulib qoʻyganini ham birov koʻrmadi. Xullas, qishloq unga koʻnikdi — ortiq nomini saqich qilmay qoʻydi.

Dadamatov ozroq muddat chol-kampirning katalakdek uyida yashadi, keyin, kuzga borib, Dalamahalladan anchagina badastir hovli-joy sotib olib, koʻchib oʻtdi. Rayon markaziga — elektr idorasiga ishga kirdi. Tili bizning lahjalarga oʻxshamaydigan oʻgʻil-qizlari qishloq bolalari bilan bir maktabda oʻqiy boshladi. Xotini hamshira ekan, kasalxonaga joylashdi.

Dard boshqa — ajal boshqa, shiftga boqib umri oʻtgan Ermat bobo koʻklamga chiqib koʻrmagandek boʻlib ketdi, kutilmaganda otga, bedanaga mehr paydo qildi, tagida bulutdek aygʻir, ustida pochapoʻstin, qoʻynida bedana, qaerda uloq, qaerda poyga boʻlsa, barida hoziru nozir. Orada uning ogʻziga suv tomizib oʻtirgan kampiri birdaniga omonatini topshirdi. Chol hozir sakson uchda, qaysarlik bilan hamon oʻzining hovlisida, oʻn oltiga kirgan nevarasi Shermat bilan tirikchilik qiladi, ahyon-ahyonda nega menga kampir topib bermaysan, deb Begmat Dadamatovga gʻalva qilib qoʻyadi. U esa bunga javoban kuladi, xolos.

Begmat Dadamatov haqidagi gapga shu oʻrinda nuqta qoʻysak ham boʻlardi, lekin Sanoqul bobo... Darvoqe, Sanoqul bobo! Agar Sanoqul bobo boʻlmaganida, hikoyamizning ham hech bir hikoyalik yeri qolmasdi.

Sanoqul bobo, Begmat Dadamatovning hayotida ham, xuddi shu hikoyadagidek, mutlaqo toʻsatdan paydo boʻldi.

Sanoqul boboni men ham tanirdim. Kutubxonadan kitob olgani borganimda koʻrardim. Koʻcha boshidagi xarsang toshda, hassasini iyagiga tirab, koʻzlarini chala yumib, nosning kayfini surgancha oftobshuvoqda mudrab oʻtirardi. Salom bersangiz, xafa boʻlardi, kayf qochsa kerak-da.

Dadamatovning olgan hovlisi kutubxonaning orqasida, shundoqqina soy boʻyida edi va achchigʻichakday tor bir koʻchadan yurib, Sanoqul boboning qoʻhna yogʻoch darvozasi oldidan oʻtib, asfalt yoʻlga chiqilardi.

Hamma mashmasha Dadamatov koʻchib kelganining ikkinchi haftasidan boshlandi

Seshanba kuni ertalab shoshib ishga borayotsa, nimdosh koʻk yaktak kiygan, chuvak yuzli, pishshiq bir chol tavoze bilan salom berdi:
— E, assalomu alaykum, toʻram!

Dadamatov gangib toʻxtadi, garchi atrofda oʻzi va roʻparasidagi choldan boʻlak kimsa boʻlmasa-da, yonveriga alangladi, soʻng hayronlik bilan, muztar va xoksor qoʻl qovushtirib turgan qariya tomon yurdi, soʻrashgani qoʻl choʻzdi:

— Assalomu alaykum, ota.

Shunda chol yoshiga yarashmagan abjirlik ila chaqqon yugurib keldi, uning kaftini qoʻshqoʻllab kaftiga oldi, koʻziga surtgudek bir alfozda tovushi tovlashib dedi:
— Bardam-baquvvat yuribsizmi, toʻram tani-joningiz sogʻmi?

Dadamatov battar dovdiradi, soʻng yuzi yorishib jilmaydi:«Qarilik-da!»
— Meni birov bilan adashtiryapsiz-a ota, — dedi Hushhol kulimsirab.

Chol undan battar taajublandi:
— E, nega adashtiray, toʻram? Shukr, hali es-hushdan ayirgani yoʻq. Yaratgan egam oʻzi adashgulik qilmasa adashmayman, toʻram. Ha, hovlilar muborak boʻlsin endi? Koʻp suyundim, toʻram, koʻp suyundim. Ilohi omin, yaxshi toʻylarga buyursin, tup qoʻyib palak yozing!
— Rahmat, — dedi Dadamatov, — rahmat, aytganingiz kelsin.
— Muni qarang, toʻram, falakning gardishi deb shuni aytarkan-da, boʻlmasa kim oʻylabdi sizning bizga qoʻshni boʻlib qolishingizni? Shukr, ming shukr, yaratganning inoyati buyam boʻlsa!

Dadamatovning vaqti benihoya ziq edi.
— Hay, ota, — dedi uzr soʻrab, — mayli, omonlik boʻlsin.
— E, toʻram, qani bir piyola choyimiz bor-a? Ertalabki nasiba-ya, toʻram?
— Boshqa safar, — deb Dadamatov gapni qisqa qildi.

«Otamning oshnalaridan, — deya ishonch bilan oʻyladi yoʻlda borayotib, — lekin nega buncha «toʻra»laydi — hayronman... »

Kechqurun ishdan qaytib taajjubi battar ortdi: kimdir bir togʻora somsa tashlab ketibdi.
— Kim berdi? — deb kunduzi uyda qolgan sakkiz yashar qizchasidan soʻragan edi, u:
— Bir chol, oti... oti Sanoqul bobo, — dedi. Hayronlik bilan somsa yeyilib ketdi. Ertasiga yana odatdagidek ishga borayotgan edi, xuddi kechagi muyulishda oʻsha cholga duch keldi. Dadamatovga, u kechadan beri joyidan jilmagandek tuyuldi. U xarchand oldin salom berishga oʻzini chogʻlasa-da, baribir ulgurolmadi — chol epchillik qilib qoldi:
— E, assalomu alaykum, toʻram! Qalay, bardam-baquvvatgina? Uy ichilar, bola-chaqa omonmi?

«Toʻrasiga balo bormi?!» — Dadamatovning birdan ensasi qotdi, biroq cholning yuz-koʻzida hech qanday hazil-mazax ifodasiii koʻrmadi.
— Rahmat, — dedu u quruqqina qilib va shu zahoti: «E, somsani shu yuborgan boʻlmasin tagʻin?» — degan fikr xayolidan oʻtdi.
— Kani, toʻram, oʻtsinlar, oʻtsinlar! — chol ikki bukilib, qoʻl qovushtirgancha unga yoʻl boʻshatib turardi.
— Menga qarang, ota, — dedi Dadamatov, — nega meni «toʻra» deysiz, men tushunmadim. Umuman, sal gʻalati boʻlyapti, meni otim Begmat, otimni aytib chaqiravering.

Cholning nursiz, chayir koʻzlari vahimaga toʻldi:
— Yoʻgʻ-e! Yoʻgʻ-e! — deb shivirlagandek bir ovoz chiqardi u. — Xudo saqlasin, nega otingizni aytar ekanman, ayb boʻladi, toʻram. Qani, oʻtsinlar, oʻtaversinlar, bahuzur.

Dadamatov boʻgʻilib ketdi:
— «Toʻra» demang, pltimos.

Chol koʻzlarini pirpiratdi:
— Nima deyin?
— Otimni ayting, qoʻshni deng, ha, ana, oʻgʻlim deng.
— Yoʻq, — dedi chol, qat’iyan bosh chayqab. — Siz toʻramning avlodlari boʻlsangiz-u, men qanday qilib...
— Qanaqa toʻraning? — deb soʻradi Dadamatov qichqirgudek boʻlib.
— Dadamat qozining-da, — dedi chol va uning bu qadar nodonligiga achingandek, bosh tebratib qoʻydi. — Rahmatli buvangiz mening toʻram edilar, men u kishining eshiklarida qarol edim, yoyilmada mollarini boqardim, juvoz ham haydaganman, mola ham bosganman. Meni joyi jannatda boʻlgur qozi buvam odam qilganlar. «E, Sanoqul, — der edilar rahmatli, — dunyoda odam koʻp, lekin odamiysi kam». O’zlari qandoq odam edilar-a. Har oqshom gʻulomgardishga oʻz qoʻllari bilan goʻjami, atala-umochmi, xudoning buyurgan nasibasini koʻtarib kelar edilar. Bir marta deng, taxtasoyda yerlari boʻlardi, bahori bugʻdoy ekkan edik, tizza boʻii boʻlib qolganida, meni chaqirib aytdilarki...

Dadamatov koʻchaning qoq oʻrtasida merovsirab, roʻparasidagi eski kavushdek koʻrimsiz choldan koʻz uzmay angrayib turardi.

«Yopiray! Nimalar dyoydi-ya, bu?! Tosh asridan qolganmi oʻziyam, nima balo?!»
— ... hayitning ertasi toʻram bilan Norjovtolga, Mirali qozoqning ovuliga bordik. Borsak, tumonat odam, bir toʻy boʻlgan ekan, Miralining ukasi uloqda otdan yiqilib oʻlibdi, qiy-chuv, qiyomat...
— Ota, — dedi Dadamatov betoqat, — qachongi gap bularingiz?

Koʻzlari qisilib, zavqu shavqqa choʻmgan Sanoqul bobo oʻylanib qoldi.
— Qachongi deysizmi? E, koʻp boʻlgani yoʻq axir, Nikolay podsho agʻdarilgan yilimikin, vallohu a’lam, undan keyingi yilimi... Ishqilib, mulla Abdurahim qullar yashaydigan joy.

G’ulomgardish — oʻzining kenja oʻgʻli Qorabozorda otxona bosib oʻlgan yili edi. Rahmatli Abdukarimning muchali hoʻk edi, mana shunday muchal agʻdaradigan boʻlsak... kechagina boʻlgan gaplar-da, bari, toʻram.

Dadamatov, goʻyo uni birov boplab laqillatgandek, jahli chiqdi, arang oʻzini bosib, Sanoqul bobo bilan xayrlashdi.

Indiniga yana oʻsha hol takrorlandi. Dadamatov bu safar achchigʻlanmadi-yu, vazminlik bilan shunday dedi:
— Endi, bizni izzat qilganingiz uchun rahmat ota, lekin bundan keyin meni «toʻra» demang, iltimos. Chunki...
— Ie, nega? — dedi Sanoqul bobo.
— Chunki, — deya davom etdi Dadamatov uning savolini eshitmagandek, — men siz aytayotgan qozi boboni koʻrgan ham emasman, u kishi biz dunyoga kelmasdanoq koʻkarib chiqqan ekanlar. Keyin, ilgari nima gaplar boʻlsa boʻlgandir, ammo hozir unaqa «qarolu» «toʻra-poʻra» degan gaplar qolmagan ota. Shuning uchun bunaqa deb, meni xijolatga qoʻymasangiz. Axir bitta-yarimta eshitgan quloqqa ham xunuk. Yoʻlni ham bahuzur kesib oʻtavering, yoshingiz ulugʻ!
— Yoʻq-yoʻq, — dedi Sanoqul bobo, — bunday demang toʻram, ayb boʻladi, sizning martabangiz ulugʻ.

Dadamatov qovogʻini soldi:
— Ota, hozirgina kelishdik-ku?
— Koʻying-e, — dedi Sanoqul bobo boʻsh kelmay. — qozi boboning arvohi-chi, toʻram?!
— E, juda «toʻra»lagingiz kelsa, otamga boring! Zerikib, nima qilarini bilmay yotibdi.

Sanoqul bobo siniq kulimsirab, boshini quyi soldi.
— Mayli, toʻram.
— Axir men partiyniy boʻlsam, katta bir idorada ishlasam, siz esa bundoq qilib tursangiz. Gap tekkizib qoʻyasiz ota, menga bunaqada.
— Xudo saqlasin, toʻram, — dedi Sanoqul bobo choʻchinqirab. — Sizga qasd qilganlar past boʻlsin.
— E, boring-e! — Dadamatov qahrlanib qoʻl siltadi va shart burilib joʻnadi. Ikki yuz qadamlar yurib borgach, birdaniga kulib yubordi.

Kechqurun otasidan xabar olgani bordi. Otasi ayvonda, tullak bedanasining patiga suv purkab oʻtirardi. Bir oz gurunglashgach, u asta soʻradi:
— Sanoqul bobo otangizning qaroli boʻlganmi?
— Qaysi Sanoqul? Sano tentakmi? — Otasi bedanani koʻtarib, chiroq shu’lasiga soldi. — Otamning qaroli koʻp edi. Sanoyam ishlagan. Tentak u, — deya otasi ichkari uyga qarab qichqirdi: — Hoy Shermat, bormisan, tokchadagi xaltada tariq bor, olib chiq!

Dadamatov oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

Ertasiga yana Sanoqul boboga duch kelishini oʻylab, yuragi bezilladi — rost koʻchani qoʻyib, past koʻchadan yurdi, soy yoqalab aylanib oʻtib, ishga kech qoldi.

Yakshanba kuni mahallada toʻy boʻldi. Dadamatov ham chiqdi. Toʻy egalari qoʻyarda-qoʻymay uni ichkari uylardan biriga sudrashdi, Dadamatov salom berib kirganida bir uy odam choy ichib chaqchaqlashib oʻtirardi, hamma unga oʻgirilib qaradi. U poyabzalini yechib, poygakdagi boʻsh joyga choʻkmoqchi edi, tuyqus yuqoridan:
— Qani, toʻram, bu yoqqa, bu yoqqa oʻtsinlar, — degan chiyildoq ovoz eshitildi.

Dadamatov, yuragi shuv etib, toʻriga qaradi. Sanoqul bobo, ikki bukchaygancha, burchakka qisilib unga xokisor termulib turardi.
— O’tiravering, — dedi u gʻijinib.
— Yoʻq, yoʻq, toʻram, men... qandoq haddim sigʻadi axir qoʻying endi, odamni xijolat qilmang, toʻram, odobsizlik boʻladi-da, e!

Dadamatov hamma tomoshatalab boʻlib turganini sezdi va bazoʻr shaytonga hay berib, Sanoqul bobodan yuqori oʻtib oʻtirdi, u esa pildiragancha kelib uning joyiga choʻkdi.

Koʻpchilik bir-biriga ajablanib qaradi.

Dadamatovga toʻy tatimadi.

Bir kuni olti yashar oʻgʻli shunday deb qoldi: — «Dada, toʻra degani nima degani?» «Ha, nega soʻrayapsan?» «Yoʻq, ayting, yaxshi gapmi, yomon gapmi?» Dadamatovning boshi qotdi. «Sanoqul bobong aytdimi? Hazillashgan, parvo qilma!» «Menam Sanoqul boboni toʻra desam boʻladimi?» «Yoʻq!» «Nega?» «Bas endi, ezma boʻlma», deb dargʻazab jerkib berdi u.

Aslida-ku, endi Sanoqul boboga koʻnikib, taqdirga tan berib qoʻya qolsa boʻlardi, lekin qaysarlik bobida u ham Sanoqul bobodan zarracha qolishmasdi, ya’ni ularni oʻxshatmasdan uchratmagan edi.

Dadamatov hammasidan ham koʻra, bu gʻalati munosabatning el-chorga oshkor boʻlishidan qoʻrqardi. Qoʻrqib yurgani sodir boʻldi. Quruqsoy qishlogʻidagi podstantsiya nochor edi, hadeb kuyib qolaverardi. Quruqsoy ahli ham ismi-jismiga mos xalq ekan, tayini surishtirmay, tinimsiz yozgani yozgan edi. Qoʻli qichigan ekan, mayli yozaversin, lekin koshki arizadan transformator yasab boʻlsa! Axiri boʻlmadi — rayon gazetasi urib chiqdi. Ergashev degan muxbir, bilibmi-bilmay: «Rayon elektrlashtirish idorasi (boshligʻi oʻrt. Dadamatov B.) tokaygacha mehnatkashlarning haqli talablariga toʻralarcha munosabatda boʻladi?!» deb dargʻazab savol qoʻydi.

Maqola juma kuni chiqqan edi. Dadamatov ta’bi xira boʻlib kechqurun uyiga qaytarkan, oʻtgan-ketganning bari qoʻlini bigiz qilib uni koʻrsatayotgandek tuyulardi. Echki oʻlgisi kelsa, qassob bilan oʻynashadi, degan gap rost. Rost boʻlmasa, xuddi shu payt Sanoqul bobo Dadamatovga koʻz ogʻrigidek roʻpara kelib qoladimi?
— Assalomu alaykum, toʻram...

Dadamatov birdan portladi:
— E, boʻldi-da, ota, odamni nomuslarga oʻldirdingiz-ku! Shu yerdan koʻchib ketsam, qutulamanmi sizdan?!

Sanoqul bobo hangu mang boʻlib qoldi.

Dadamatov shu jahl ustida borib hovli-joyini tekinga boʻlsayam sotishga tayyor edi, baxtiga, uyda mehmon bor ekan — xotinining urugʻlari kelishibdi, shular bilan chalgʻib hovuridan tushdi.

U shu boʻyi Sanoqul bobo bilan salom-alikni yigʻishtirdi. Koʻcha-koʻyda duch kelib qolgudek boʻlsa, teskari qarab oʻtadigan boʻldi. Chol esa, yuzida hanuz oʻsha xoksor tabassum, qoʻl qovushtirib ne gunohi borligini bilmay garangsib turardi.

Qish kunlarining birida Sanoqul bobo olamdan oʻtdi.

Dadamatov el qatori ta’ziyada qatnashdi. Qabristonga borganda ham, qaytayotib ham oʻziii benihoya gunohkor sezdi.

Ertasiga Sanoqul boboni esidan chiqardi. Odatdagidek, shoshib ishga joʻnadi.

Biror hafta chamasi oʻtib, Sanoqul boboning darvozasi yonida cholning oʻttiz yoshlar yoshargan qiyofasini— kuya yegan telpak kiygan oʻgʻlini koʻrdi. U qoʻliga kuh-kuhlab, labidagi papirosini chetga uloqtirdi-da, Dadamatovning istiqboliga yurdi:
— Assalomu alaykum... — yigit bir oz taraddudlanib, takrorladi. — Assalomu alaykum... toʻram...

Dadamatov seskanib tushdi.

«E, tavbangdan ketay! Bular oʻzi avlodi bilan jinni ekanmi, nima balo?!»

Uning rangi olinganini sezib, yigit shosha-pisha gapirdi:
— Endi aka, nima qilay, bobomning vasiyati...
— Kanaqa vasiyat? — dedi Dadamatov gangib. Yigit alamzadalik bilan aftini burishtirdi.
— Otam kasal boʻlgandan beri yakkash bir gapni takrorlardilarki, shu Begmat akangni hammang hurmat qilasan, u kishi toʻramning avlodi, sizlar ham shunday deb chaqiringlar... Endi, aka, ota rozi — xudo rozi, axir...
— E, qoʻysangiz-chi! — dedi Dadamatov va shart burilib joʻnarkan: «Bu chol oʻlsa hamki qutulmas ekanman-da», deb oʻyladi achchiqlanib. Koʻchaning boshiga yetgach, allanarsa esiga tushgandek, jadal yurib iziga qaytdi, Sanoqul boboning darvozasini qoqdi. Keyin eshik darvozadan qoʻlida panshaxa ushlagan boyagi yigit chiqib keldi:
— E, keling, keling, — dedi u ortiga chekinib.
— Menga qarang, — Dadamatov ostona xatlab ichkari oʻtdi: — Endn bir kelishib olsak: mayli, otangizning vasiyati oʻz yoʻliga, lekin ikkinchi meni bunaqa deb sharmanda qilmang. Ma’qulmi? Bobo rahmatlining shuncha azob berganlari ham yetar.
— Yoʻgʻ-e, nima deyapsiz, aka, sizga azob berib...
— Agar bungayam koʻnmasangiz, — deya Dadamatov boya oʻylab qoʻygan gapiga koʻchdi — men chindan ham sizga toʻra boʻladigan boʻlsam, mening amrimni bajaradigan boʻlsangiz, bundan buyon meni Begmat aka deb chaqirishingizni buyuraman. Tushundingiz-a? — U tahdid bilan koʻzlarini yigitga tikdi.
— E, men bir narsa deyapmanmi, aka, oʻzim ham...
— Boʻpti, omonlik! — Dadamatov yengil tortnb, yoʻliga ravona boʻldi.

U kechqurun yana shu koʻchadan uyiga qaytadi. Kechgacha esa hali ancha bor.