OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXisrav Shoxoniy
Asar nomiBedarak yoʻqolgan kishi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Xisrav Shoxoniy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonIlhom Zoyir (Rus tilidan)
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bedarak yoʻqolgan kishi (hikoya)
Xisrav Shoxoniy

Qosim bilan koʻrishmaganimga ham ikki yildan oshibdi. Uni Tehrondagi Shopur koʻchasida yashashini bilardim, lekin tashvish bilan boʻlib, undan xabar olishga imkon topolmasdim. Bir kuni televizor koʻrib oʻtirsam, birdan ekranda uning surati paydo boʻlib qoldi. Boshlovchi mungli ovoz bilan e’lonni oʻqidi: «Bedarak yoʻqolganlar! Ushbu suratda aks etgan kishining ism-familiyasi Qosim Mehnatobodiy, ellik ikki yoshda, bedarak yoʻqolgan. Yaqinlari uni bir oydan beri izlaydilar. Uni koʻrgan yoki u haqda biror ma’lumotga ega boʻlgan kishilar ushbu manzilga xabar qilishlarini soʻraymiz. Suyunchisi bor».

Vujudimni vahima qopladi. Bu nimasi? Kap-katta odam hech narsadan-hech narsa yoʻq yoʻqolib ketishi mumkinmi? Oʻzimcha turli xayollarga bordim. Oʻz joniga qasd qildimikan? Yoki biror ogʻir jinoyatni sodir etib, yashirinib yurganmikan? Ehtimol, avtohalokatga uchrab, mashina ostiga tushib qolmadimikan? Agar uning joniga qasd qilishgan boʻlishsa-chi?

Uning bola-chaqasi yoʻqligini, xotini bilan ajrashib ketganini bilardim. Toʻxta, uning qarindoshlari bormidi? Boʻlsa, nega uni qidirib topish hech birining xayoliga kelmaydi? Nimaga? Men-chi, men! Anchadan beri uni koʻrgani bormadim, hatto uning yoʻqolganini televizor orqali bilib oʻtiribman-a!

Xullas, kechasi bilan toʻlgʻonib chiqdim. Qosim haqidagi xayollar hech tinchlik bermadi.

Ertalab turib, birinchi qilgan ishim shu boʻldiki, taksiga oʻtirib, bundan ikki yil oldin Qosimning oʻzi bergan manzil boʻyicha uyini qidirib bordim. Eshikni chodrali ayol ochdi. Undan Qosimni soʻradim.
– Biz bu uyni olti oy burun ijaraga olganmiz, unaqa kishini bilmaymiz, – dedi ayol.

Uy atrofini rosa aylandim, keyin ehtimol, shular bir nimani bilar, degan maqsadda, Qosim doimo kirib-chiqadigan doʻkonga moʻraladim.
– Olti oy boʻldi, doʻkonga kirmay qoʻydi, – dedi doʻkon xoʻjayini. – Uning bu yerdan ketib qolganini hech kim bilmaydi. Bir kuni kirib, qarzlarini toʻladi va xayrlashdi. Shundan keyin uni koʻrmadik. Oʻzi nima gap?
– Hech gap emas, – dedim. – Shunchaki u bilan koʻrishmoqchi edim. Nachora, koʻrishish nasib qilmagan ekan.

Toʻgʻrisi, kecha televizorda Qosimning bedarak yoʻqolganini, uning suratini koʻrsatishganini aytishga qoʻrqdim.

Men doʻkondan chiqarkanman, doʻkon xoʻjayini esladimi, qoʻshib qoʻydi:
– Xayrlashayotganida, undan qayerga koʻchayotgani bilan qiziqqan edim. U Yusufobodga deganday boʻldi, boshqa hech nima demadi.

Men yana taksi yollab, Yusufobodga bordim. Siz oʻylashingiz mumkin: manzili noma’lum odamni Tehronday joydan izlash aqlga sigʻmaydi, deb. Toʻgʻri! Men barcha savdo rastalarini aylanib, ishni Qosimni surishtirishdan boshladim. Bu ishim, albatta, oʻz natijasini berdi.
– Ha, bunaqa odam hoʻv anavi muyulishdagi uyda yashagan, – deya esladi bir sotuvchi. – Lekin bir kuni kechasi birdan yoʻqolib qoldi, shundan keyin uni hech kim koʻrmadi. Ehtimol, u haqda politsiya koʻproq ma’lumotga egadir?..

Mahkamaga kirib, Qosimning yuz tuzilishini ta’riflab berdim. Navbatchi zobit, – xudo xayrini bersin, insofli odam ekan, – bir daftarni varaqladi, Qosimning Alishoh Safi koʻchasida yashagan-yashamaganligini, bu yerdan koʻchib ketgan boʻlsa, qachondan beri koʻrinmasligini ikkita serjant bilan maslahatlashib, menga maslahat berdi.

Yana taksi yollab Alishoh Safi koʻchasini aylanib chiqdim, keyin Delgosha koʻchasiga oʻtdim, undan Salsabil koʻchasiga, undan Sultonobodga bordim. Xullas, kuni bilan izlab, oxiri Qosimni Pameral koʻchasiga yaqin muyulishdagi pastqamgina hovlichadan topdim.

Eshik sekingina qiyalab ochilib, Qosimning qorasi koʻrindi. Uni koʻrib, rosti taniyolmay qoldim. U shu ikki yil ichida shunaqangi qaribdiki, asti qoʻyavering. Quchoqlashib, yalab-yulqashib koʻrishdik.
– Bir oʻzingmisan yoki mirshab bilanmi? – deya muyulish tomonga xavotir bilan qaradi u.
– Bir oʻzim. Nima edi?
– Kir ichkariga!

Torgina yoʻlakdan oʻtib, kichkinagina uychaga kirdik.
– Nima ish qilib qoʻyding? – deb soʻradim kursiga oʻtirishim bilan. – Nega har oyda yashash joyingni oʻzgartirib yuribsan? Birorta kishini oʻldirib qoʻydingmi? Yoki qoradori oldi-sottisi bilan shugʻulanasanmi? Nima gap?
– Oʻzing nima uchun birdan meni eslab qolding? – javob berish oʻrniga meni soʻroqqa tutdi. Uning xirillab gapirishidan, ovozi goʻyo quduq tubidan chiqayotgandek edi.
– Bilasanmi, kecha kechqurun suratingni televizorda koʻrib qolib...
– Xudo jazosini bersin! Soqolsiz qolsin! – gapimni boʻldi Qosim.
– Kimni qargʻayapsan buncha?
– Amrilloni! Mening bu holga tushishimga faqat u sababchi! Qiynab yubordi meni! Ikki yildirki qonimni soʻradi. Uni deb ana shu kunga tushib qoldim! La’nati qonxoʻr, suratimni televizorga beribdi-da. Nima qilsam boʻladi buni?
– Sen avval nima gapligini menga ayt, keyin oʻylashib koʻramiz. Kim u Amrillo deganing? Hukumat rahbarimi? Mirshabmi? Tergovchimi? Kim u?
– Yoʻq, yoʻq, yoʻq! – qichqirdi Qosim. – Amrillo degani mening noshukr xizmatkorim!
– Hali oʻsha seni shu ahvolga solib qoʻydimi?
– Xuddi shunday!

Qosimning biror jinoyat qilmaganiga amin boʻldim-u, sigaret chekaturib davom etdim:
– Endi, – dedim tutun qaytarib, – menga bir boshdan gapirib ber-chi.

U xoʻrsinib olib, hikoyasini boshladi:
– Xotinim bilan ajrashgandan keyin Shopur koʻchasidan ijaraga uy olganimni eslaysanmi?
– Ha, ikki yil burun shunday boʻlgan edi.
– Ha, oʻlma! Bu xotin bilan ajrashib, ancha tinchib qolgandim. Oradan ikki oy oʻtgach, yolgʻizlikda yashash menga toʻgʻri kelmasligini bildim. Doʻkonma-doʻkon izgʻib yurish, ovqat pishirish, idish-tovoq yuvish va boshqa ikir-chikirlarni oʻzim bajarishimga toʻgʻri keldi. Bu ishlar bilan boʻlib, boshqa ishga vaqt yetmay qolardi. Oʻlda-joʻlda ovqatlanish erish tuyildi menga. Bitta xizmatkor topib beringlar, deb hamma tanishlarga aytib chiqdim. Ular maslahatlashib, bu uyda ayol xizmatkor saqlash noqulayligini, ayol kishi mendek qariyaning barcha xizmatlarini qila olmasligini aytib, ana shu Amrilloni topib berishdi. (Bu Amrillo emas – iblisning oʻzi!) Xullas, yigirma toʻrt yoshli, harbiyda xizmat qilgan, farosatli, faqir bir yigit uyimga kirib keldi. Dastlabki ikki oyda uning xizmatlaridan koʻnglim toʻldi. Uyni tamoman unga topshirdim, hatto tanga-chaqalarni oʻzimda qoldirib, boshqa pullarni qoʻliga berdim. Biz xoʻjayin va xizmatkor emas, goʻyo ikki doʻst edik. Uyda boʻlgan kunlarim u bilan narda oʻynardim. Uni yedirdim-kiyintirdim. Boʻyniga galstuk taqdi, soch oʻstirdi, qoʻy-chi, odamshavanda boʻldi-qoldi.

Shu orada men bir necha hamkasblar bilan doʻstlashdim. Boʻydoq emasmanmi, kechalarni ular bilan quvnoq oʻtkazishga harakat qildim. Bir kuni birga ishlaydigan juvonni uyimga taklif etdim. Tomosha shundan boshlandi. Amrillo uni shunaqangi maqtadiki, men juvonning oldida xijolat tortib qoldim. La’nati, maqtovini borgan sari oshiraverdi. Shunda Amrillo yengil kiyimda eshikdan kirib, juvonning oldiga bir quti shirinlikni qoʻydi-da, oʻzi ikkimizning oʻrtamizda oʻtirib oldi. Gʻalati boʻlib ketdim, lekin tishimni-tishimga qoʻyib oʻtirdim. Amrillo qoʻyarda-qoʻymay meni, juvonni shirinlik olib yeyishga qistash bilan birga juvonga xushomadlar qildi. Qarta oʻyinini boshlaganimizda, u pulga oʻynashni taklif qildi.

Shubhasiz, men rad etishga harakat qildim, juvon esa rozi boʻldi. Nima deyishimni bilmadim. Uchalamiz qarta oʻynadik. Kechasi oʻn birlarda juvon ketishi bilan oʻzimni tuta olmay, Amrilloni urishib berdim.
– Sizga nima boʻldi, xoʻjayin! Nega buncha tutaqasiz? Susanxonimga ayting, keyingi safar kelishida bitta dugonasini ham ergashtirib kelsin. Toʻrt kishilab qarta oʻynash juda zoʻr boʻladi-da, – deydi la’nati.

«A-ha! – dedim ichimda. – Bunaqasi ketmaydi! U oʻzidan ketyapti, bu uyda kim xoʻjayinu, kim xizmatkor ekanligini unutgan! Qoʻyib bersam, ertaga koʻngli nimalarni tusamaydi deysiz! Vaqtida ashqol-dashqolini koʻtarib, bu uyni boʻshatib qoʻysin!»

Ertasi ertalab unga bu uyda qorasini boshqa koʻrmasligimni aytdim:
– Menga xizmatkor kerak, jazmanchilikka sherik emas! Haqingni ol-da, ket!
– Bu ishni shunchalar oson deb oʻylaysanmi, – dedi u sensirab. – Meni shunchaki koʻchaga uloqtirmoqchimisan? Bekorlarni aytibsan! Men mehnat vazirligiga arz qilaman, ular senga mehnat qonunlariga hurmatsizlik qanday boʻlishini koʻrsatib qoʻyishadi!
– Uyat emasmi, Amrilloxon! Seni ishga olganimda, men mehnat vazirligiga murojaat qilganim yoʻq edi-ku! Olti oy davomida bu uyda yashading, yeding-ichding, xohlaganingni qilding, endi toʻpolon koʻtarmoqchimisan?
– Seni mahkamaga olib boraman! – dedi ablah uyalmay. – Dunyoda qonun yoʻq deb oʻylaysanmi? Sen uchun shunday qonun topiladi, xotirjam boʻl! Xizmatkorga quldek munosabatda boʻlgan zamonlar oʻtib ketgan! Hozir ularni qonun oʻz himoyasiga olgan.

Uning ovozini eshitib, qoʻshnilar, bizga yaqin doʻkonning ishboshqaruvchisi kirib keldi.
– Yaxshi! Seningcha, men nima qilishim kerak? – deb soʻradim Amrillodan.
– Oldindan ikki oylik maoshimni toʻlab qoʻyasan!
– Roziman!
– Oxirgi yigirma kunni bir oyga hisoblaysan!
– Bunga ham roziman!
– Bitta yangi kostyumingni sovgʻa qilasan!
– Boʻpti, sovgʻa qilaman!
– Yana bitta gilamcha ham berasan!

Uning hamma shartlariga koʻndim. U ketdi, men erkin nafas ola boshladim.

Oradan bir hafta oʻtib, ertalabdan eshik qoʻngʻirogʻi chalindi. Eshikni ochsam, ostonada Amrillo, mirshab va yana bir papka qoʻltiqlab olgan kishi bilan turibdi.
– Sizlarga nima kerak? – deb soʻradim.
– Men aholini ishga joylashtirish Bosh boshqarmasining vakiliman, – oʻzini tanishtirdi papkali kishi. – Mana bu janob siznikida ishlagan ekan, shundaymi?
– Xoʻsh!
– Nimaga uni haydadingiz?
– Chunki menga xizmatkor kerak edi, xoʻjayin emas.
– Nima gap oʻzi? Mamlakatda qonun yoʻqmi? Qaysi qonunga asoslanib, ishlab turgan xizmatkorni ishdan boʻshatdingiz? – dedi papkali kishi va qoʻlimga bir varaq qogʻoz tutqazdi. – Mana sizga sudning chaqiruv qogʻozi. Meni tushundingizmi? Yo bu janob bilan murosaga keling yoki aholini ishga joylashtirish Bosh boshqarmasiga marhamat qiling!

Amrillo moʻltirab menga qaradi-da:
– Ana shunaqa, xoʻjayin! Nima, senga qarshi qonun yoʻq deb oʻylaganmiding? Hamma oʻzboshimchalik qilaversa nima boʻladi? Mamlakatda qonun bor!– dedi.
– Men sizga aytsam, – tushuntirdim papkali vakilga, – menga hozirgi kunda xizmatkor kerak emas. Bu odam bilan hisob-kitob qilganman, oldindan ikki oylik haqini toʻladim, yangi kostyum sovgʻa qildim, uning bilan boshqa oldi-berdim yoʻq.
– Koʻrdingizmi, bu odam qonunga boʻysunmaydi! – dedi kelganidan beri jim turgan mirshab. – Uni kerakli joyga olib borishimizga toʻgʻri keladi. U yerda tezda til topishamiz!
– Meni qayerga olib bormoqchisiz? – deb soʻradim.
– Mahkamaga! – dedi politsiyachi.
– Mendan nima istaysiz oʻzi? Nima qilishim kerak? – deya xavotirlandim.
– Biz hozirgina aytdik-ku. Sen bu janobni ishga tiklashing kerak!

Koʻrib turibman, boshqa ilojim yoʻq. Mahkamaga borishdan xudoning oʻzi saqlasin, hamma qonunlar ularning qoʻlida...
– Marhamat, kiring, Amrilloxon! – dedim Amrilloni ichkariga taklif qilib.

Amrillo uyga kirdi va bu ablah bilan yana bir tom ostida yashay boshladik. Toʻgʻri, u bilan jiddiy gaplashib oldim, u bundan keyin mening shaxsiy hayotimga aralashmaslikka soʻz berdi.

Oradan ikki hafta oʻtdi. Bir kuni ishdan qaytsam, mehmonxonada ikki kishining gaplashayotganini yoʻlak boshida turib eshitdim...

Qosim chuqur nafas olib, qoʻli bilan yuzini siladi.
– Ishonmaysan, – davom etdi u, – men bu la’natidan nima yaxshilik koʻrdim? Qiynab yubordi meni, bu ablah! Boshqa ilojim qolmadi!
– Gapiraver, keyin-chi? – dedim men.
– Mehmonxona eshigidan moʻralasam, Amrillo divanda oʻtirib olib, bir doʻndiqchani ezgʻilyapti. «Shunisi yetmay turgandi!» – deb oʻyladim va kelganimni bilib, ishni bas qilsin, degan ma’noda bir necha bor yoʻtaldim.

Amrillo yugurib oldimga chiqdi:
– Kiring, uyalmang, – dedi menga, – tanishim mehmonga kelib edi, gaplashib oʻtiribmiz. Ismi Zari, qoʻshnimiz janob polkovnikning uyida xizmat qiladi, juda aqlli qiz... Siz uni tanimaysizmi?
– Yoʻq, unga ishim tushmagan!

Qiz ketgach, Amrilloga dedim:
– Azizim Amrillo, bilasan, sening hamma shartlaringga koʻndim, buning evaziga meni qoʻshnilar oldida sharmanda qilmagin-da endi! Men janob polkovnik bilan oramizdagi munosabatlarning buzilishini istamayman.

Amrillo bundan keyin bu ish takrorlanmasligiga soʻz berdi.

Oradan oʻn-oʻn ikki kun oʻtdi, ertalab mirshab kelib, meni mahkamasiga taklif etdi. Kiyinib bordim. Xonada navbatchi kapitan oldida qoʻshnim – polkovnik jahli chiqqanidan uzun moʻylovining uchini tishlab oʻtiribdi.

Uni koʻrdim-u, bu Amrilloning ishi ekanini sezdim.
– Xizmatingizga tayyorman, janob kapitan, – ta’zim qildim men.
– Janob polkovnik shikoyat bilan kelibdilar, – dedi kapitan, – nega u kishining xizmatkorini yoʻldan urdingiz? Hozir u homilador ekan.

Bu gapni eshitib, butun vujudim muzlab qoldi.
– Sizni tushunmadim, janob kapitan? Uni sen yoʻldan urgansan, demoqchimisiz?
– Men emas, albatta? – dedi kapitan va polkovnikka qarab ma’noli jilmayib qoʻydi.

... Qosim qoʻlidagi sigaretini kuldonda ezgʻilab, gapida davom etdi:
– Endi tushungandirsan, meni nega qochib yurganimni? Qanaqa koʻrsatmalar bermadim mirshabga! Polkovnik va uning yordamchisidan qochib, necha kecha-kunduzni qoʻrquvda oʻtkazmadim, ularning dagʻdagʻasidan hatto uyda yotmadim, koʻchalarda tentirab chiqdim! E, aytaversam gapim ado boʻlmaydi... Bu azoblarning natijasi oʻlaroq, Amrillo Zariga uylandi va uni ham mening uyimga olib kirdi. Noqulay vaziyatda qoldim: Amrilloni mehnat qonunlari, Zarini esa oila va nikoh qonunlari himoya qiladi, meni esa hech kim himoyasiga olmaydi. Men oʻzimni oʻylashim kerakmi! Birinchi navbatda Amrillo meni topib olmasin deb, ishdan boʻshadim va boshqa ishga joylashdim. Keyin Yusufoboddan ijaraga uy topdim, uncha katta boʻlmagan jamgʻarmamga uy jihozlari sotib olib, uch xonaning biriga joylashtirdim. Va nihoyat, bir kuni ertalab Shopur koʻchasidagi uyda nima boʻlsa hammasini toʻy sovgʻasi sifatida yangi kelin-kuyovga tashlab, chiqib ketdim.

Bir qancha vaqt Yusufobodda yashadim. Bir kuni kechasi gazeta varaqlab turib, oxirgi sahifadagi tanish suratga koʻzim tushdi va darrov oʻzimni tanib oldim. Surat tepasida «Bedarak yoʻqolgan kimsa», tagida: «Qosim Mehnatobodiy qirq kun oldin uydan chiqib ketib, qaytib kelmagan. U haqda bilganlar koʻrsatilgan manzilga xabar bersin. Suyunchisi bor», degan soʻzlar yozilgan.

Ey, xudoyim, endi nima qilish kerak? Qayoqqa qochib yashirinish kerak?

Ertalabgacha mijja qoqmay chiqdim. Keyin yangi joy izlab ketdim. Uyga quruq qaytib, tushlik qilib oʻtirsam, eshik qoʻngʻirogʻi chalindi. Eshikni ochsam, ostonada Amrillo, xotini Zari va mirshab turibdi.
– Sizga kattadan-katta rahmat, janob serjant, – meni koʻrib, mirshabga minnatdorchilik bildirdi Amrillo. – Bu xuddi oʻsha kishi. Yordamingiz uchun yana bir marta rahmat! Endi ketishingiz mumkin.
– Amrillo!.. Qanday qilib meni topding? – hayron boʻlib soʻradim undan.
– Mirshab yordamida, – dedi u. – Hukumat bilan hazillashib boʻlmaydi. Har bir politsiya mahkamasida fuqarolarning manzili va surati boʻladi.
– Mendan yana nima istaysan?
– Aytarli hech narsa, janob, faqat sizsiz yashay olmaymiz. Ijara puli, suv, chiroq, telefon haqini toʻlash kerak. Men bilan Zariga yemak kerak. Bularga qayerdan pul olamiz?

Xullas, men tashlab kelgan narsalarni bu yerga olib kelishdi va boʻsh yotgan xonalarga joylashishdi. Biz yana bir uyda yashay boshladik. Bora-bora, men bu daydilar bilan boshqa yashay olmasligimni sezdim. Menda kuch qolmagan edi, ular ikki kishi boʻlsa, yaqinda uchta boʻlishlari ehtimoldan xoli emasdi...

Qosim qaygʻuli bir xulosa yasadi:
– Menimcha, bizdagi qonunlar Amrillo va uning xotinini himoyasi uchun yaratilgandek, politsiyaning esa meni qidirib topib, yana oʻshalarning qoʻliga topshirishdan boshqa ishi qolmagan.

Qosim karavot tagidan bir dasta gazeta-jurnallarni olib koʻrsatdi.
– Qara, bularning barchasida mening suratim va ustida «Bedarak yoʻqolgan kimsa» degan yozuvi bor. La’nati Amrillo yashirindim deguncha, bularni e’lon qiladi. Biror safar yoʻqki, mirshab meni topolmagan va ularning qoʻliga topshirmagan boʻlsin. Bugun esa, oradan ikki yil oʻtib, meni koʻrgani kelding va kecha kechasi suratimni televizorda koʻrsatgan xabarini yetkazding. Endi men nima qilishim kerak? Qayoqqa qochsam ekan? Kimga arz qilsam ekan?
– Ha, bu juda achinarli hol, – dedim Qosimning holiga achinib.
– Lekin sen gʻam yema, xudo bor, bu ishlar bir yoqlik...

Gapim ogʻzimda qolib, eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi. Qosim menga qoʻrquv va tahlika toʻla koʻzlarini tikib, toshdek qotib qoldi.