OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXisrav Shoxoniy
Asar nomiErni qanday parvarish qilish kerak? (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Fors adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Xisrav Shoxoniy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonIlhom Zoyir (Rus tilidan)
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Erni qanday parvarish qilish kerak? (hikoya)
Xisrav Shoxoniy

Habibni koʻrsangiz taniyolmasdingiz. U bilan anchadan beri doʻst boʻlganimiz uchun, qanchalik oʻzgarmasin, uni darrov tanidim.

U oldinlari ancha dadil, harakatchan va ulfati jonon boʻlib, ovqat yeyishni xush koʻrar, xushchaqchaq va hazillashishni yoqtirar – bir soʻz bilan aytganda, davraning guli edi. Koʻp topardi va shunga yarasha sarflardi. Doimo chiroyli koʻrinardi: dumaloq yuzi qip-qizil, qadamlari shaxdam. Hozir unga bir qarab qoʻying! Xuddi bezgakka chalingandek: yuzlari soʻlgʻin, boʻzdek oqargan, chalishib yuradi. Xullasi kalom, Habibni tanib boʻlmay qolgandi.

Men azaldan birovning ishiga aralashishni yoqtirmasam-da, hozir oʻzimni tutolmay, undan soʻradim:
– Senga nima boʻldi, Habibjon? Tanib boʻlmaydigan ahvolga tushibsan!

Uning jahli chiqib ketdi:
– Er-xotin va sevishganlarning ishiga burnini suqqanlarga xudoning la’nati boʻlsin!

Nooʻrin savol berganimni bildim va uni tinchlantirishga urindim:
– Xafa boʻlma, Habibjon! Oʻzi nima gap, nimadan bunchalik jigʻibiyronsan?
– Ayollar jurnalini sotib olma va oʻqima, deb ming marta aytdim unga! Yoʻq, gapimga quloq solmadi va meni mana shu ahvolga solib qoʻydi-da!
– Sening bu ahvolga tushishingga ayollar jurnalining nima daxli bor?

Habib endi menga moʻltayib qaradi:
– Hamma gap ayollar jurnalida-da, sen buni tushunmaysan! Yur, qahvaxonaga kiraylik, oʻsha yerda hammasini aytib beraman.
– Sen meni yaxshi bilasan-ku, – deb oʻz hikoyasini boshladi Habib joylashib oʻtirishimiz bilan. – Qanday shoʻx va xushchaqchaq edim. Eslaysanmi?
– Eslamay, oʻlibmanmi?
– Endi-chi?.. Bunga kim aybdor deb oʻylaysan?
– Men qaydan bilay?
– Doktor, la’nati doktor Xilder Gavzer aybdor, la’nat boʻlsin unga!
– Tushunmadim, ochiqroq gapirsang-chi!
– Yarim yil oldin xotinim ayollar jurnaliga obuna boʻlgan edi. Jurnalda nimani yozishsa, xotinim uni yod olardi-da, keyin quyonlar ustida tajriba oʻtkazganday, oʻsha oʻrganganlarini menda sinab koʻrardi, endi tushundingmi?
– Yoʻq, hech narsaga tushunmadim!

Habib choʻntagidan papiros chiqarib, uni tutatdi, soʻng menga bir qarab oldi-da, davom etdi:
– Olti oy burun oʻsha doktor – ilohim soqoli oʻsmasin! – jurnalda talay maqolalarini chop ettirdi. «Ayollar! Eringizning taqdiri sizning qoʻlingizda. Uning sogʻlom va baquvvat boʻlishini istasangiz, mana bu maslahatlarga amal qiling!» deb yozgan ekan bir maqolasida.
– Xoʻsh?
– Besh oy burun, uyga kirib, yoʻlakda tibbiyot tarozisi turganiga koʻzim tushdi. «Bu nima?» deb soʻradim Minadan.
– Unga chiq, seni oʻlchab qoʻyaman! – dedi u jilmayib.
– Menimi?
– Ha, seni!
– Nimaga?
– «Erkaklar sogʻligʻining eng asosiy omillaridan biri – vaznni me’yorida saqlash!» deb yozibdi doktor Xilder Gavzer.

Shundan beri bu xotin ertalab, peshinda, kechasi, uxlashdan oldin, ovqatgacha, ovqatdan keyin bir qop sholgʻomday kuniga olti marta meni taroziga chiqarib qoʻyib oʻlchaydi. Agar vaznim kamaysa – darrov oʻtirgʻizib qoʻyib, majburlab ovqatlantiradi, agar vaznim koʻpaysa – la’nati doktor Xilder Gavzer maslahatiga binoan kiyimsiz yugurishga majbur qiladi.
– Nega endi kiyimsiz?
– Doktor Xilder Gavzer, bunaqa paytda butun tana erkin nafas olishi kerak, deb maslahat berganmish.
– Xoʻsh, yana nima gap?
– Bu la’nati doktor, ayol erini oyiga bir marta barcha tibbiy tekshirish boʻyicha shifokor koʻrigidan oʻtkazib turishi shartligini uqtiradi, mabodo, shifokor qandaydir nuqson topsa, unga oʻz vaqtida chora koʻrish kerakmish. Shunday qilib, olti oydan buyon bu xotin mening sogʻligʻimni oʻylaydi...
– Demak, xotining seni yaxshi koʻrarkan, Habibjon! – koʻnglini koʻtargan boʻldim.
– ...poliklinikaga olib boradi meni, – mening gapimga e’tibor bermay, davom etdi Habib. – Bir kuni koʻz doʻxtiriga, ikkinchi kuni – tish doʻxtiriga, uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi kunlari – terapevtga, jarrohga, onkologga va yana kim-kimlarga olib boradi... Jonimdan toʻyib ketdim!
– Asabiylashma, Habibjon! – taskin berdim men. – Demak, Minaxonim seni sevadi, koʻr boʻlib qolishingdan yoki oshqozoningda yara paydo boʻlishidan xavotirlanadi-da.
– Yana bu doktor Xilder Gavzer xotinlarga erkaklar oʻz mehnat qobiliyatini uzoq saqlab qolishlari uchun ularni ertalab va kechqurun badantarbiya bilan shugʻullanishga majbur qilishni maslahat beradi!.. Xotinim menga ikkita sakkiz kilolik tosh, yana buqaning boʻynini sindiradigan shtanga ham sotib oldi. Tosh koʻtarganda, oʻylab qolaman, nega men mayib boʻlmayman deb? Menda kuch ham qolmadi, toqat ham!
– Ish nima boʻlyapti, ish, Habibjon?
– Qanaqa ish? Ishlaydigan vaqtlar oʻtmishda qoldi! Har kuni kechasi soat sakkizda bolalarni uxlatadi, keyin meni koʻrpaga oʻraydi va «oʻqib dam ol» deb, oldimga bir olam kitob-jurnallarni uyib tashlaydi.
– Nimaga?
– Nima «nimaga»? Buni doktor Xilder Gavzer maslahat bergan, deydi xotinim. Senga, – ya’ni menga, – dam olishing, oʻqishing va uxlashing uchun tinchlik kerak, deydi.

Men mahbus yoki moxov emasman, bunaqada jinni boʻlib qolaman, dedim unga. Doktor Xilder Gavzer shunday degan, men boshqasini bilmayman, deydi xotinim. Bu doktor Xilder Gavzer mening tinchligimni, baxtli hayot kechirishimni buncha istamasa? Burunlari ishdan kelib, kechalari bolalarim bilan birga televizor koʻrardim, ularga ertaklar aytib berardim, oʻynatardim, kuldirardim. Soat oʻn ikkida uxlardim, ertalab meni toʻp otib ham uygʻotib boʻlmasdi, endi esa irgʻib turaman.
– Nimaga, Habibjon?
– Kechasi, doktor Xilder Gavzerning maslahati bilan, – doʻzaxda kuyib kul boʻlmasa rozi emasman! – oshqozonga ogʻir botmasligi va yaxshi uxlab tush koʻrishim uchun qotgan non bilan qirgʻichdan oʻtkazilgan sabzidan tayyorlangan yovgʻon shoʻrva ichaman. Oʻzing bilasan, oldinlari nonushtada bir juft qoʻy tilini, toʻrtta oyogʻini ikkita non bilan yeb tashlardim. Bundan tashqari, xotinim kechalari ustimga oʻn marta koʻrpa tashlab, oʻn marta ochib tashlaydi.
– Nima uchun, Habibjon?
– Hammasi doktor... doktor Xilder Gavzer shunday maslahat beradi. Bilasanmi? «Eringizga qarab turing, uxlaganda usti ochilib qolmasin – shamollashi mumkin, yana koʻrpa tagida dimiqib qolmasin – boʻgʻilishi mumkin», deb yozganmish. Endi tushundingmi?
– Bir nimalarni tushunganday boʻlyapman! Keyin-chi?
– Ishdan kelib, kiyimlarimni almashtirmasimdan turib, Mina meni savolga tutadi:
– Charchamadingmi, Habibjon?
– Yoʻq!
– Boshligʻing bilan jiqillashmadingmi?
– Yoʻq!
– Ehtimol, jiqillashgandirsan, menga toʻgʻrisini ayt.
– Aytdim-ku, jiqillashmadim deb!
– Ehtimol, boshqa birov bilan janjallashgandirsan?
– Nega janjallasharkanman?
– Men bilaman, janjallashgansan, faqat menga aytging kelmayapti. Mana, doktor Xilder Gavzer «erlar oʻz tinchliklarini oʻylasalar, quvonch-tashvishlarini xotinlari bilan birga baham koʻrishlari kerak», debdi. Shuning uchun, azizim, menga toʻgʻrisini ayt, bugun biror kishi bilan janjallashdingmi?
– Sening noming bilan qasam ichaman, janjallashmadim!
– Ehtimol, hech narsadan-hech narsa yoʻq politsiya senga xiralik qilgandir?
– Yoʻq!
– Yoki ishxonangda senga hayfsan berishdimi?

Shu payt Habib qoʻlini koʻtarib, menga iltijo qildi, goʻyo hozir qarshisida men emas, goʻyo xotini Mina turgandek, na’ra tortib yubordi:
– Qiblaga qarab qasam ichaman, yoʻq! Yoʻq! Yoʻq! Hech kim bilan gʻijillashmadim, hech kim bilan janjallashmadim! Ishxonamda menga hayfsan berishmadi! Politsiya menga xiralik qilgani yoʻq! Meni tinch qoʻy, jonimga tegdi, qiynalib ketdim!

Habibning ovozini eshitgan ofitsiant bizga yaqinlashdi:
– Nima boʻldi, ogʻa? Iltimos, shovqin koʻtarmang.
– Hech nima, hech nima. Biz shunchaki ochiqchasiga gaplashyapmiz, – dedik ikkalamiz baravariga.
– Bundan keyin, bilasanmi, xotinim nima qildi? – ofitsiantga e’tibor qilmay davom etdi Habib. – Asabim charchagan ekan, bunaqa paytda doktor Xilder Gavzerning maslahatiga koʻra... Aytishga uyalasan kishi!
– Gapir, gapir, Habibjon, uyalma.
– Huqna qiladi, dori beradi yoki ogʻzimga tomizgʻi tomizadi! Men oldinlari zarur ishim boʻlmasa, ertalab soat yetti, sakkiz, toʻqqizda turardim. Endi la’nati doktor Xilder Gavzerning koʻrsatmasi boʻyicha: «Tur oʻrningdan, boʻlmasa nonushta qilishga ulgurmaysan, badantarbiya qilolmaysan, muolajalar uchun vaqt qolmaydi, huqna qilish kerak», deb xotinim soat oltida uygʻotib oladi. Men tushunolmay qoldim, bu xotin menikimi yoki doktor Xilder Gavzernikimi? Meni goʻr yoqasiga olib borishining nima keragi bor unga?
– Albatta, bu sening xotining, Habibjon! – dedim unga.
– Unda nima uchun meni bu ahvolga solib qoʻydi?
– Menimcha, u seni sevadi!

Habib tishini shunaqangi gʻijirlatdiki, men stulning toʻrtta oyogʻi baravar sindi, deb oʻylabman.
– U meni sevadimi yoki oʻzinimi?
– Albatta, seni, Habibjon, shuning uchun shunday qiladi-da...

Ofitsiant hisob-kitob varaqasini keltirganda, men toʻlayman desam, Habib unamadi.