OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXolida Isroil
Asar nomiQor koʻp yoqqan qish (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Uygʻur adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Xolida Isroil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHabibulla Zayniddin (Uygʻur tilidan)
Hajm104KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qor koʻp yoqqan qish (qissa)
Xolida Isroil

Yulduz chiroq xira yoritib turgan xonada deyarli yalangʻoch holda choʻzilib yotardi. Uning rangi boʻzargan. Uzun kipriklari bilinar-bilinmas titrar, lablarining ham titrayotganini hisobga olmaganda, yaqin-yaqingacha goʻzalligi bilan hammani maftun etadigan bu qizda hayotiylikdan asar ham qolmagandek tuyulardi.

Karavotdan osilib qolgan bir qoʻlida hali ham chekib tugallanmagan tamaki atrofga qoʻlansa hid taratib oʻzi-oʻzidan yonib tugayotgandi. Kulga aylangan qismi dam-badam yerdagi gilamga toʻkilardi. Tamakining soʻnggi choʻgʻi barmoqlarini kuydirgandagina Yulduz sergak tortdi. U koʻzlarini zoʻrgʻa ochib, qoʻlidagi tamaki qoldigʻini boʻsagʻa tomonga otdi-da, yana koʻzini yumib oldi. Boyagi goʻzal bogʻlar, otilib turgan favvoralar, zilol suvlar uning koʻz oldida yana paydo boʻldi. Bular uning orzu qilgan tushlaridagi jannat makoni edi. U, parizoddek uzun oq koʻylagini hilpiratib dov-daraxtlar, zilol suvlar, yam-yashil chamanzorlar ustidan uchib borar, bulutlar uzra, daraxt yaproqlarida, toʻlqinlanib oqayotgan suv yuzasida aks etar, qayerdandir suvratga olish apparatining vijillagan ovozi, rejissyorning maqtovlari, qarsaklar eshitilardi. Kimlardir unga dasta-dasta gul otardi. U, gullarni tutib olishga ulgurolmay, tobora gullarga gʻarq boʻlib borardi. Uni bir toʻp bir-biridan kelishgan, barno, chapdast yigitlar boshlari uzra baland koʻtardilar. Katta bir yigʻinga — ajoyib goʻzal musiqa yangrab turgan, toʻrt tomoni, shiftlari, hamma yogʻi yal-yal qilib koʻzni qamashtiradigan bir ajoyib qasrga olib kirishdi. Qiz ularning ichidagi eng suyukli yigitni tanlab raqsga tushardi. Yigit uning qulogʻiga nimalarnidir pichirlardi. Uning boshi gʻuvillar, koʻz oldida dunyo bamisoli chirpirak boʻlib aylanardi. Yulduz boshini koʻtarib shiftga, chor atrofga qaradi. Hammayoqda u oʻzini koʻrdi. Oʻzini tutolmay qah-qahlab kular, qoʻshiq aytardi. Koʻzlari uchqunlanar, tizzalari titrardi... Bu shodlikning, tomoshalarning adogʻi yoʻqdek tuyulardi...

Tun yarmidan oqqan. Tashqaridan motosiklning tarillagan ovozi keldi-yu, tezda oʻchdi. Dunyodagi har qanday shaharga oʻxshash bu orasta goʻzal shaharda ham koʻp qavatli binolar, tekis yoʻllar, gulzorlar, bogʻlarning goʻzalligi ta’rifga sigʻmasdi. Bu koʻchalarda yerli aholining oddiy kulbalari ham bor edi. Baland-pastliklar qishda qor-muzlikka, bahorda esa botqoqqa aylanardi. Hammayoqda uyum-uyum axlatlar yil oʻn ikki oy kishi chidab boʻlmaydigan qoʻlansa hid tarqatib turardi. Bu koʻchalarda ziyolilar deyarli yashamaydi. Bu koʻchalarda tugʻilib voyaga yetadigan yoshlar ham yuqoridagi obod-ozoda koʻchalarning bolalariga oʻxshamasdi. Ular ham ota-onalari kabi goʻdak vaqtlaridanoq maktabdan qochishga boshlardi, jamiyatning hamma qozonlarida qaynab, insonning hamma iflosliklarini koʻrib, pishib yetilishadi va oʻzlariga juda koʻp razil illatlarni yuqtirib olishadi.

Shu tobda xira yoritib turgan koʻcha chiroqlari ostida oʻn uch-oʻn toʻrt yoshlardagi, ust-boshlari isqirt uch oʻgʻil bola shumshayib, bir oʻram tamakini navbatma-navbat chekishib oʻtirardi. Bir vaqt bir yigit ular oldidan motosiklini tarillab oʻtib qoldi, ular sergaklanib, boshlarini koʻtarib qarashdi, motosiklchi yolgʻiz emas, ortidan bir yosh qiz ham boʻlib, yigitni belidan mahkam quchoqlab olgandi.
— Anavi qizni koʻrdilaringmi? — dedi sheriklaridan yoshi kattarogʻi yonidagilarga — mast boʻlib qolibdi, rosa otibdi, oʻziyam... kimning qizi boʻldiykin?..
— E, uni qoʻyaver, senga bizning fikrimiz ma’qulmi, yoʻqmi, shundan gapir, — deb gʻudrandi ikkinchi bola. Biroz jimlikdan keyin: — Sizlarni bilmayman-u, ammo mening notanish oʻlkaga borishga sira oyogʻim tortmayapti, — dedi.

Buni eshitib, boshqalari jim boʻlib qolishdi.

Motosiklchi oʻnqir-choʻnqir, tor koʻchalardan sakrab-sakrab oʻqdek uchib borarkan, bir muyulishda toʻxtadi. Ruldagi yigit bir oyogʻini yerga tirab turib, motosikldan tushib, uzoqlashib ketayotgan qizning orqasidan baland ovozda dedi:
— Demak, va’da shu — ertaga soat rosa ikkida olib ketgani kelaman!

Soʻng motosiklini ortiga burib, yana tarillatgancha uchirib ketdi.

Yulduz har galgidek uyida yuragini vahima bosgan koʻyi uzoq oʻyga tolib oʻtirdi. U eshikning taqillashidan qoʻrqardi. Yonidagi derazadan yoʻlga tushib turgan chiroq nuri onasining hanuzgacha uxlolmay oʻyga choʻmib, parishon boʻlib oʻtirganidan darak berardi...

U tikuv mashinasining birday gʻirillagan ovoziga quloq soldi. Onasining ozgʻin gavdasini, ich-ichidan xoʻrsinishini, tikuv mashinasi oldida oʻtirib, qoʻlining orqasi bilan dam-badam beliga urib-urib qoʻyishlarini koʻz oldiga keltirib, koʻngli buzildi. U onasining ich-ichdan xoʻrsinib jim oʻtirishidan koʻra, qizini urgani, urishgani ming karra a’lo edi...

Tikuv mashinasi esa bir me’yorda gʻirillardi, yoqimsiz, hissiyotsiz, zerikarli bu ovoz xuddi onasining hayotiga oʻxshardi... Ammo u onasiga, uning tikuv mashinasining gʻirillab ishlashiga oʻxshab ketadigan zerikarli hayotiga havas qilmasdi. U goʻzal kino yulduzi, atoqli qoʻshiqchi boʻlishi, Shinjong bilan Urumchi oraligʻida tayyorada qatnaydigan, yulduzli mehmonxonalarda turadigan, kuniga oʻn ming, yuz ming yuanni bemalol sarf etadigan katta savdogar boʻlishni orzu qilardi. U qahvaxonaga kirib-chiqib yuradigan savdogarlarning ana shunday kishilar toʻgʻrisidagi gap-soʻzlarini es-hushini yoʻqotguday boʻlib eshitardi. Doimo koʻzgudan oʻzining goʻzal husni jamolini koʻrganda u orzularining soʻzsiz amalga oshishiga ishonar, dunyodagi eng goʻzal qizlarga ham parvo qilmaydigan erkak zotining hech birini bir chaqaga olmasdi.

Bir kuni singlisi Qunduz maktabdan kelib, «Sinfdoshlarim meni oʻz davralariga qoʻshmay qoʻyishdi, opang buzuq, giyohvand deyishayapi. Maktabda bosh koʻtarib yurolmaydigan boʻlib qoldim, endi oʻqimayman» deb turib olgandi. Onasi, «Jonim bolam, maktabga bormasang, nima ish qilasan? Sen ham opangga oʻxshamoqchimisan yo deb, singlisiga qoʻshilib yigʻlab yubordi. Onasi bilan singlisining gaplari uning yuragiga oʻqdek sanchilgandi. Axir, u ham odam. Nimaning yaxshi, nimaning yomon, nimaning sharaf, nimaning nomus ekanligini farqlay oladi. U shunday muloyim, tirishqoq singlisining oʻqishdan borgan sari sovib ketayotganini, xulqi oʻzgarib borayotganini sezib turardi. Biroq, u odatlanib qolgan turmush bamisoli tubsiz jarlikka oʻxshardi. Undan qutulishga uringani sari battar tubanlashib borardi. U ilgari giyohvandlikni necha bor tashlamoqchi boʻldi, ammo tashlayolmadi, bunga jur’ati, irodasi yetmadi. Oʻylay-oʻylay, oxiri oʻz joniga qasd qilmoqchi va shu yoʻl bilan hammasiga barham bermoqchi ham boʻldi. Ammo zulmat ishgʻol etgan qalbining bir yerida zaifgina boʻlsa-da, bir yorugʻlik unga yana umid bagʻishlaganday boʻlardi. Biroq tarki odat amri mahol deganlariday, u yana oʻsha zulmat sari yurib keta boshladi va uni Ahmadning «qopqon»iga tushirdi. Ahmadning qoʻliga tushgan qiz qutulib boʻpti! Uning yengil mashinalari, oʻnlab motosikllari, yovuzlikda uchchiga chiqqan kallakesarlari bor. Qochib qutulmoqchi boʻlgan qizlarni osmondan boʻladimi, yerining tagidan boʻladimi, tutib kela oladi. Ota-onalari uyiga, yertoʻlalarga qamab qoʻygan qizlar ham ularning changalidan qutulolmagan. Ilgari ba’zi qizlar qarshilik ham koʻrsatgan, soqchilarga ma’lum qilib ham koʻrgan, ammo aniq jinoiy dalillar yetarli boʻlmagani, hammadan ham Ahmadning suyanchiqlari koʻp boʻlgani bois, ular ham hech narsa qilisholmagan. Bitta Yulduz ularga qanday qilib bas kela olardi? Kecha Yulduzning «yigiti» Yolqin Xitoy tomonga bormoqchi ekanini, u yoqda bir necha yil turib qolishini aytib, Yulduz bilan xayrlasharkan, unga bir asil matodan qimmatbaho koʻylak sovgʻa qildi. Bu har qanday qizning orzusidagi koʻylak edi. Quriyada tikilgan bu koʻylak shahardagi eng katta kiyim-kechak doʻkonida bir necha oy osigʻlik turgan. Uni koʻrgan qiz-juvonlarning koʻzlaridan oʻt chaqnagan edi oʻshanda. Ta’rifini eshitganlar uni xarid qilolmasalar-da, bir koʻrish uchun ham ataylab doʻkonga kelishardi. Oʻsha koʻylak oxiri Yulduzning qoʻliga tushdi. U kechga tomon shu koʻylakni kiyib, Nigora, Zulfiya, Anoralarning yuragiga oʻt solgisi, oʻzini ularga koʻz-koʻz qilgisi keldi.

U, koʻylakning yerga tegay-tegay deb turgan etagini bir qoʻli bilan xiyol koʻtarib qahvaxonaga kirib kelganda, xira yonib turgan chiroq ostidagi sonsiz oʻrindiqlarda juft-juft boʻlib kayf-safo qilib oʻtirganlarning deyarli hammasi unga ma’noli qarab, boshlarini chayqab qoʻyishdi. Uning sarvdek qomatiga yeb qoʻygudek, suqlanib tikilishdi. Qizlarning katta-katta ochilgan koʻzlaridan, ichlarini urib qarashlaridan ularning vujudini havas bilan birga hasad oʻti yondirayotganini payqash qiyin emasdi. Yulduz oʻsha koʻzlarda, oʻsha ifodalarda oʻz gʻalabasini koʻrganday boʻldi. Yulduzga xuddi shunisi kerak edi. U atayin manekenlarga taqlid qilib, beli va koʻksini erkin tutgan holda toʻrdagi boʻsh oʻrindiqqa qarab yurdi. Uning koʻzi uzun, ingichka oyoqlarini chalishtirib, ogʻzidan halqa-halqa tamaki tutunini chiqarib oʻtirgan Nigoraga tushdi. Uning Yulduzga qiya boqqan koʻzlarida, yupqa lablarining bir chetida hech qachon yoʻqolmaydigan magʻrurlik va bilinar-bilinmas masxara alomatlari ifodalanib turardi. Uning kulimsirashlari goʻyo unga har qachondagidek: «Sen nimaniyam bilarding, shoshma, hali sen koʻradigan ne-ne ishlar bor», deyayotgandek tuyulardi. Yulduz koʻzlarini tezda undan olib qochdi. Toʻrda Oliya oʻzi yolgʻiz oʻtirardi. U oldiga kelib qolgan Yulduzni tanimagandek, biroz anqayib qoldi, soʻng hayron qolganday koʻzlarini katta ochib, qoshlarini chimirdi, qip-qizil boʻyalgan goʻshtdor lablarini burib, asta hushtak chaldi. U aslida sargʻish sochini oʻgʻil bolacha turmaklab, oʻgʻil bolacha koʻylak kiyib yurardi. Bu xil kiyinish uning atvoriga, boʻy-bastiga juda yarashardi.

Ular shod-xurram salomlashayotganda ayiq panjasidek zilday bir qoʻl Yulduzning yelkasidan qisimladi, yana bir qoʻl uni iyagidan tutib, ortga burdi:
— Ha, bulbuligoʻyo, ahvollar qalay?

Had-hisobsiz kayf-safodan xunuklashib ketgan aft, qizargan koʻzlar Yulduzning koʻz oldini toʻsdi.

Yelkasi ogʻrib va qoʻrqib ketganidan Yulduzning tili kalovlandi:
— Ahmad aka, ... qoʻlingizni torting, bu nima qiliq? Meni... meni qoʻyvoring...
— «Qiliq» deysanmi? Qiliq mendan emas, sendan chiqayotganini hali bilmaysanmi? Qoʻyib yuboraymi? Zoʻrgʻa tutgan oʻljasini qaysi ahmoq ovchi qoʻyib yuborarkan? Ho, ho, ho...

Ahmad huzur qilib kular ekan, Yulduzni yelkasidan bosib, oʻrindiq ichkarisiga battar choʻktirdi. Boyadan buyon bir chetda tirjayib turgan sariq koʻz, pakana, yumaloqdan kelgan yigitni Yulduzning yoniga oʻtqazib, oʻzi ularning oldidagi oʻrindiqqa choʻkdi.

Ahmad bu qahvaxonaning xoʻjayini ham edi. Aytishlariga qaraganda, uning yaqin bir qarindoshi qandaydir bir katta mansabda xizmat qiladigan davlat arbobi emish. Farhod degan gumashta oʻsha arbobning oʻgʻli ekanligini qahvaxonadagilarning barchasi bilishardi. U qahvaxonaga tez-tez kelib turardi. Bu yerda oʻz uyidek erkin yurardi, tokchadagi yoki ichkaridagi javondan istagan aroqni olib ichardi, hushi kelgan chogʻlarda, qizlarni chet elning bir rumkasi sakson yuvanlik sof uzumdan tayyorlangan sharob bilan mehmon qilardi. Bir gal u, hatto bir qadah limmo-lim fransiya brendisini bir qizning boshidan toʻkib yuborgandi.
— Yulduz, siz buyoqni tanimaysiz, u bizning inimiz boʻladi, bundan keyin uning xizmatida boʻlamiz. Sizga ochigʻini aytib qoʻya qolay, inim sizga koʻngli borligini aytgandi, boʻlmasa... ne-ne qizlar bor, uqdingizmi! Agar aytganini qilmay, dilini ranjitib qoʻyadigan boʻlsangiz, meni bilasiz-a? — dedi Ahmad tahdid ohangida.

Yulduz sakrab oʻrnidan turib ketdi:
— Ahmad aka, mening sizdan hech qanday qarzim, til qisiqlik joyim yoʻq. Qolaversa, siz menga hech kim emassiz! Shunday boʻlgach, men ham sizga aytib qoʻyay, bundan keyin menga bunday ohangda muomala qilmang! Men oʻz taqdirimni oʻzim hal qilaman, bildingizmi?!..
— Oʻh-hoʻ, tillari chiqib qolibdimi, til yugurugi nimalarga olib kelishini bilmaydiganga oʻxshaysiz chogʻi? Biz bilan boʻlmasa, Yolqin bilan boʻlsa kerak? — zaharxandalik bilan uning soʻzini boʻldi, Ahmad — savodingiz boʻlsa kerak?

U choʻntagidan bir parcha qogʻozni chiqarib, Yulduzning oldiga tashladi. Yulduz qogʻozda Yolqinning dastxatini tanib, xatni tezda qoʻliga oldi. Undagi toʻrt qator keladigan xatning mazmuni shunday edi. «Bir yildan beri Yulduz bilan qahvaxonada ichgan ichimlik, chekkan tamaki (oq ogʻu)ning ikki ming yuvanlik haqqini toʻlashga qurbim yetmaganligi uchun, toʻy qilishga va’dalashgan qiz Yulduzni Ahmadga oʻz ixtiyorim bilan topshirdim...» Yulduzga qogʻozdagi qingʻir-qiyshiq yozilgan xatlar bamisoli sakrashib yugurgandek, oʻziga qarab tirjayib, tillarini osiltirayotgandek tuyuldi, koʻzlari tinib boshi aylandi. U, xatdagi soʻzlarning ma’nosini bazoʻr tushundi. Tushundi-yu, battar gangidi. U Yolqinga unchalik ishonmasa-da, uning bunday qilishini aslo xayoliga keltirmagandi.
— Yolqin chuchvarani xom sinabdi, men bir buyummidimki, istasa sotib, istasa hadya qilsin. Oʻzimga tegishligini oʻzim toʻlayman, tamom! Mening yoʻlimni toʻsmanglar...

Ahmadning turqi birdaniga oʻzgarib, dahshatli tus oldi, qoʻlini uzatib, Yulduzning boʻyniga chang soldi:
— Oʻtir, izzatini bilmaydigan rasvo! Bu yerdan chiqib ketishdan oldin egningdagi manovi koʻylakni yech! Yo bu qimmatbaho koʻylakni Yolqin sovgʻa qildi, deb yuribsanmi? Yech koʻylakni, qip-yalangʻoch boʻlib chiqib ket!

Atrofdagilar boshlarini choʻzib, Yulduzga qaradi, oʻzlaricha nimalardir deb pichirlashdi. Faqat Nigoragina hech narsa boʻlmagandek, uzun, chiroyli oyoqlarini koʻz-koʻz qilib, tamaki tutunini buruqsitgancha koʻzlarini xumor-xumor suzib oʻtirardi.

Yulduz ularning hech qaysisini koʻrmadi. Murdadek boʻzarib, uzoq oʻtirdi. «Tugadi, men ado boʻldim, tugadi... Hammasi tugadi». Uning boʻronli sahroga oʻxshab qolgan koʻngil koʻzgusida oʻsha soʻzlargina qoldi.

U bir necha soat ana shu holda unsiz oʻtirdi. Soʻng aroq ichishga boshladi. U katta qadahni lim toʻldirib ketma-ket ichib, mast boʻlib qoldi. Orqadan boshini charm yastiqqa qoʻyib, boʻgʻiq ovozda xirgoyi qila boshladi. Qoʻshigʻi necha bor uzilib, necha bor ulanib, ayanchli yigʻiga aylandi. Yigʻi yana qoʻshiqqa oʻzgardi. Sariq koʻz uni suyab, ikkinchi qavatga olib chiqib ketayotganda ham hamon oʻsha qoʻshiqni kuylardi.

* * *

Yulduz eshik yonidagi toʻnkaga kelib oʻtirdi. Uning bu yerda oʻtirmaganiga ham ancha vaqtlar boʻldi. Qoʻni-qoʻshnilar unga roʻyxush bermasdilar, onasi bilan singlisi undan nomus qilar edilar. Ilgarigi doʻstlari undan xuddi vabodan qoʻrqqanday qochadigan boʻldilar. «Bu dunyoda yashash naqadar qiyin-a! Hayot bamisoli zahar solingan bir qadah mayga oʻxshaydi, uni endi asta-asta noʻsh etishga majburman. Bunday hayotdan oʻlim afzal, tuproqqa aylangan ming bora afzal! Qachongacha oʻsha koʻrgilik, tutib boʻlmaydigan, hech qachon amalga oshmaydigan behuda umid-orzu bilan oʻzini aldab yuradi?

Yulduz oʻrnidan turdi. Uyi tarafga bir-ikki qarab qoʻydi-da, jur’atsiz katta koʻcha sari odimladi. Qadamlari borgan sari tezlashardi. U olisdan daryoning shovullagan sadosini eshitdi. Hozir daryo suvining joʻshgan payti. Buning ustiga bu kechada uni hech kim koʻrmaydi. Quyuq tolzor, qalin dov-daraxtlar yashirib turadi. Qirgʻoqning kichkina bir yeri oʻpirilib, shalop etadi-da, hammasi tamom boʻladi. Yuragini bosib olmoqchi boʻlib asta qirgʻoq boʻylab yoʻl oldi. Katta koʻprikka yaqinlashgani sayin daryo oqshom qorongʻuligida yanada haybatliroq koʻrinar edi...

Yulduz koʻprikning beton ustuniga suyanib, biroz turdi. Oʻn besh kunlik oy suzib borar, atrofida yulduzlar charaqlardi. Pastda daryo sharqirar, suv gʻazab bilan qirgʻoqqa urilib, ajdahodek toʻlgʻanardi. Hatto mustahkam koʻprikni ham zir titratardi.

U xuddi doʻstlari bilan qoʻl tutishib sayr qilib yurgan vaqtlaridagidek asta odimlay boshladi. Shamol uning sochlarini uchirib oʻynar, koʻylagining etagini soyabondek shishirar, vujudini salqin, rohatbaxsh qanotlari bilan silab oʻtganday boʻlardi. Hayotning bunday damlari naqadar goʻzal. Afsuski, u endi bunday goʻzal daqiqalardan bahramand boʻlolmaydi.

U old tarafda birovning korasini koʻrib, yurishdan toʻxtadi. Bu dunyodagi dardmand odam yolgʻiz ugina emaskan. U bir er kishiga oʻxshardi. Koʻringan odam koʻprik panjarasiga osildi, sharqirab oqayotgan daryo suviga tikilib qoldi. Uning avzoida chuqur dard-alam aks etib turganday edi. Soʻng u qaddini rostlab orqasidan daryoga engashdi. Boshi, yelkasi koʻrinmay qoldi, oyogʻi yerdan koʻtarildi...
— Hoy, unday qilmang! Toʻxtang, sizga aytadigan gapim bor, toʻxtang!

Yulduz uning yoniga qanday yugurib borganini, qanday qilib uning qoʻliga mahkam osilib olganini bilmaydi. Bamisoli bir kunlik yoʻldan yugurib kelgandek hansirardi:
— Har qancha... har qancha ish boʻlsa ham...

U odam ortiga burildi. Uning yuzi xotirjam edi. Yulduzga tikilgan koʻzlaridan gangish, taajjub alomati bor edi. Oz oʻtib, bu gangirash kulimsirashga aylandi, koʻzlarida shoʻx, oʻtkir uchqunlar chaqnab ketdi.
— Ha... Men hali sizni... Sizni daryoga oʻzini otmoqchiga oʻxshaydi, deb oʻylabman... Uf, xudoga shukur. — Yulduz qoʻlini hanuzgacha duk-duk qilib turgan yuragi ustiga qoʻyib, chuqur tin oldi. Murdadek ifodasiz yuzida bilinar-bilinmas tabassum jilva qildi.
— Xotirjam boʻling, men nobud boʻlishni istaganimda ham hargiz oʻzimni suvga tashlamayman, chunki men yaxshi suzaman. — Haligi odam Yulduzga qarab kulimsiradi.

U yigirma uch-yigirma toʻrt yoshlar chamasidagi quyuq qoshli, bugʻdoyrang, istarasi issiqqina yigit edi. U Yulduzga tanishdek tuyulardi. Ammo uni qayerda koʻrganini sira eslayolmadi. Yigit ham Yulduzga shunday sinchiklab qarab turardi. Yergacha tegib turadigan modali koʻylak kiygan, yuziga quyuq pardoz qilgan sochlari toʻzgʻin, ozgʻin bu qizni qayerda koʻrgan ekanman, deb hayron edi.
— Voy, siz haligi... esingizdami? Siz uchinchi sonli oʻrta maktabda oʻqirdingiz... deyarli har kuni uchrashib turardik?..

Yigitning koʻzlarida ham hayronlik, ham xursandlik aks etdi. U hayajondan duduqlanib qoldi. Uning oʻsha-oʻsha chaqnab turgan koʻzlari Yulduzning yodiga juda olisda qolgan pok va goʻzal xotiralarni keltirdi.
— Ha, rost... Siz ekansiz-da? Siz... birinchi sonli oʻrta maktabda oʻqirdingiz, chogʻi?.. Doimo oʻzingizga kattaroq keladigan jigarrang kostyum kiyib yurardingiz... Sizning bir botinkangiz ham bor edi, koʻchaning narigi yogʻidan qorangiz koʻrinmay turib gʻarch-gʻurch ovozi eshitilardi...
— Oʻsha ovozni yoʻqotaman deb qayerda botqoq, qayerda suv boʻlsa kechib yurardim, ammo poyabzalim qurigan zahoti yana baqirishga tushardi.

Yigit qah-qah urib kuldi. Yulduz ham jilmayib qoʻydi.

Shunaqa, ular har kuni necha marta uchrashar edilar-u, biroq biron marta hamsuhbat boʻlishmagandi. Yulduz uning ismi Anvar ekanini, birinchi sonli oʻrta maktabning yuqori sinfida oʻqishini bilardi. Anvar ham, ehtimol, uni surishtirib koʻrgandir... Ular ilgari bir-biri bilan gaplashmay, shunchaki koʻz urishtirib qoʻyishardi, xolos.

Yulduzning uyi birinchi sonli oʻrta maktabga yaqin edi-yu, lekin oʻzi uchinchi sonli oʻrta maktabda oʻqirdi. Anvarning uyi ham uchinchi sonli oʻrta maktabga yaqin edi-yu, birinchi sonli oʻrta maktabdi oʻqirdi. Oxiri bir kuni Yulduz ota-onasining roziligi bilan birinchi sonli maktabga oʻtib oldi. Ich-ichidan u qattiq xursand edi. Lekin oʻqishning birinchi kuni maktabning ilmiy mudiri unga:
— Kecha bizning maktabdan bir oʻquvchi oʻqishini uchinchi sonli oʻrta maktabga koʻchirib ketdi, bugun uning oʻrniga siz keldingiz, uning ismi Anvar, a’lochi oʻquvchi edi, — deganda, uning koʻnglidagi xursandchilik bir zumda gʻoyib boʻldi, maktab ham endi koʻziga befayz koʻrinib ketdi.

Shundan keyin ular boshqa uchrashishmadi. Biroq, u doimo kelgusida baxtli oila qurish toʻgʻrisida oʻzicha shirin xayollarga choʻmganda, oʻziga keng-moʻl keladigan jigarrang kostyum kiyib olgan oʻsha soxt-sumbatli yigitcha bot-bot koʻz oldida gavdalanar edi.
— Bunday kechada bunaqa ovloq yerlarda qoʻrqmay, yolgʻiz qanday yuribsiz?

Anvarning koʻz oldini tuman bosgandek boʻldi, ovozida shubha paydo boʻldi.
— Qanday boʻlardi, juda oddiy. Bugun bu yerni siz egallab olmagan boʻlsangiz... Men, ehtimol...

Negadir Yulduz koʻnglidagi hamma gaplarni unga toʻkkisi, dardlashgisi keldi. U Anvarga qaramay, soʻzini davom ettirdi:
— Biroq, mumkin boʻlmadi. Taqdir bugun bu yerda ikkovimizni uchrashtirdi. Men sizni oʻzini suvga tashlab yuborarmikin deb qoʻrqqan oʻsha daqiqalarda hayotdan osonlikcha voz kechib boʻlmaslikka ham koʻzim yetdi. Men sizga: «Toʻxtang, hayot insonga ikki marta nasib qilmaydi, oʻlim oson ish, unga qachon boʻlsa-da ulgurasiz, demoqchiydim...» Qiziq ish, sizni qutqarmoqchiydim, aslida esa siz meni qutqardingiz.
— Shu soʻzlaringiz rostmi? Nahotki shunday boʻlsa, men oʻzimdan gʻoyatda xursandman. Ammo... ammo, ayting-chi, aslida nima uchun bunday mash’um ishga qoʻl urmoqchi boʻldingiz?
— Boʻldi, siz soʻramang, men aytmay qoʻya qolay...
— Yoʻq, gapni boshladingizmi, endi uni oxirigi yetkazing-da? Sizdek bir qizni hayotdan bezdirgudek qanday ishlar oʻtdi ekan?
— Siz meni tushunmaysiz.. tushunishingiz ham mumkin emas, chunki siz bizga oʻxshamaysiz. Biroq... Koʻz oldingizga keltirib koʻring, yoʻldan chiqqan, aroqni suvdek ichadigan, giyohvandlikka ruju qilgan bunday qizning nimasini eshitasiz?... Men kelajagini oʻz qoʻli bilan barbod qilgan bir baxti qaro qizman... Bunday qizning bu dunyoda yashashga haqqi boʻlishi mumkinmi?
— Bilasizmi, Yulduzxon, hamma narsa insonning oʻz qoʻlida.... Xatoni tuzataman deb qat’iy bel bogʻlagan inson, albatta, bunga erishadi. Qolaversa, yolgʻiz emassiz, ancha yoshlarga borib qolgan va bor umidini ikki qizga tikib, sizlarga suyanib qolgan, sizlar bilan ovunadigan onangiz bor. Ularga achinmaysizmi? Ularga jabr qilgan boʻlmaysizmi? Yashashingiz, kerak. Hali juda yoshsiz, yosh hayotingizni barbod qilishga haqqingiz yoʻq, uni yaxshi tomonga oʻzgartirishingiz kerak!.. — Inimning uydan chiqib ketganiga ikki oy boʻldi. Oʻzidan katta bolalarga qoʻshilib qolib, oting qurgʻurni chekishni oʻrganib olibdi. Keyinchalik uydan uni-buni olib chiqib ketadigan boʻlib qoldi, keyinroq bilsak, hammasini sotib, puliga oʻsha «oq ajal»ni olib chekarkan. Qilmagan yoʻlimiz, koʻrmagan choramiz qolmadi... Oxiri bir qochib ketgancha badar ketdi. Eshitsak, koʻchada oʻgʻirlik qilarkan, topgan puliga oʻshani olib chekarkan... Yaqinda bilishimcha, bir necha gumashtasi bilan ichkari oʻlkalarga safar qilmoqchi boʻlayotganmish, uchratib qolsam ajab emas, deb bu yerlardan qidirib yurgandim. Binoyidek oʻqib yurgan edi-ya. Endi oʻn uchga kirgandi...

Kechada esgan muzdek izgʻirin Yulduzning suyak-suyagidan oʻtib borardi. U junjikdi, tomogʻiga allanarsa tiqilganday boʻlib, xoʻrligi keldi.

Anvar soʻzida davom etdi:
— Sizlarda nima gunoh? Bildirmay-sezdirmay chektirib qoʻyishadi. Boshida oʻyindek, qiziqchilikdek koʻrinadi. Keyin oʻzlaringdan ketib, haddan oshasizlar... Bunday ogʻuni sotadiganlarni, boshqalarga chekishni oʻrgatadiganlarni qattiq jazolash, ularga qilcha rahm-shafqat qilmaslik kerak edi. Chunki bunday kasofatga uchrayotganlar oz emas, u qabohat sari qanot yozgan butun bir avlodni zaharlab boʻldi...

Yulduzning koʻz oldida qahvaxonaga qandaydir shubhali yoʻllar bilan topgan pullariga Ahmaddan «oq ajal»ni sotib olib chekadigan yosh-yosh oʻgʻil bolalar tez-tez kelib turishadi. Kim biladi, deysiz, balki ana shularning ichida Anvarning inisi ham boʻlgandir.

Ular qisqa yoz oqshomining qanday tez oʻtib ketayotganini sezmay ham qolishdi, bu paytda osmonning sharqiy qismi Qosh toshidek1 suzilishga boshlagandi. Lekin ufqning orqasida yuz berayotgan ulugʻ bir harakatning sharpasi sifatida osmonni, daryo yuzini shafaq alvon rangiga burkagandi. Xiyol oʻtmay quyosh ulugʻvorlik bilan asta bosh koʻtarib chiqa boshladi. Hademay ularning koʻz oldida suratdek goʻzal manzara namoyon boʻldi. Egri-bugri boʻlib olislarga choʻzilgan daryo suvi goʻyo oltindan hal berilgandek jilvalanardi. Uning har ikki qirgʻogʻidagi quyosh nuri oʻynab turgan tolzorda qushlar sayrar, koʻz yetmas butazorlarda yovvoyi gullar har qachongidan ham koʻproq ochilib yotardi.

* * *

Ulugʻlarning ogʻzidan koʻp eshitgan «doʻzax» degan narsa mana shuning oʻzimikin? U qilgan gunohlari uchun tiriklayin doʻzax azobini tortayotganmikin? Oʻsha kuni Anvar uni daryo boʻyidan uyiga olib kelib qoʻygandan buyon oradan oʻn besh kun oʻtdi. Yulduz oʻshandan buyon ogʻziga suvdan boshqa hech narsa olgani yoʻq. Vujudi chidab boʻlmas ogʻriqdan qaqshar, giyohvandlikka xumori a’zoi badanini poʻlat omburdek qisar, oʻzini u burchakdan-bu burchakka otar, oʻmbaloq oshib dumalar edi. U ogʻriq azobiga dosh berolmay qoʻliga ilingan narsa — yostiqmi, karavot yogʻochimi — ayamay gʻajirdi. Shunda toʻsatdan yodiga bir narsa kelgandek, qotil qoʻlidek titroq qoʻllari bilan tokchalarni, dori qutilarini axtara ketdi. Bir-ikki dona ogʻriq qoldiradigan dori topib olsa, koʻzlari ruhiy xastalarning koʻzlaridek yarqirab ketardi. Bu dorilar uning xumorini biroz bosgandek boʻlardi-yu, ammo koʻp oʻtmay ogʻriq battar kuchayar, yana oʻmbaloq osha boshlardi. Goh quyosh uning boshi ustida yonayotgandek, uni kuydirib kul qilib yuboradigandek boʻlsa, goh tomirlaridan muzdek suv oqayotgandek, vujudi qotib qolgandek his etar, soʻngaklari va mushaklari ayovsiz chatnar edi. Yuzlari burushib, gavdasi bukchaygancha dahshat ichida oʻzini eshikka otib: «Sadagʻangiz ketay sizlardan, meni oʻldirib qoʻya qolinglar, boʻgʻizlab tashlanglar!» — deb qichqirardi.

Onasi bilan singlisi qulflogʻ eshikning tirqishidan qarab yum-yum yigʻlashardi. Bunday paytlarda onaning bardoshi chidamay, nima boʻlsang boʻl, deya eshikni ochib yuborgisi ham kelardi. Ammo yana tishini tishiga qoʻyib, koʻzini yumardi-da, nari ketardi. Qoʻni-qoʻshnilar ogʻzidan, giyohvandlikka berilgan odam oxiri bir teri, bir soʻngakka aylanib jon taslim qilarkan, uning oʻligi soʻngagidan yanada a’loroq chekimlik ishlasa boʻlarkan, degan mish-mishlarni eshitish mumkin. Shuning uchun falonchining goʻrini ochib, murdani oʻgʻirlab ketishibdi, degan gaplar yurardi. Gulsumxon aya bunday gap-soʻzlarni eshitganida bir seskanib tushardi. Besh vaqt nomozida: «Mana shunday baloni tarqatib yurgan nojinslar Ollohning qahriga duchor boʻlsin», deb qargʻardi. Bunday chogʻlarda uning koʻz oldiga Yulduzning alvastidek kiyinib yuradigan bir dugonasi kelardi. Oʻsha «alvasti» ularning eshigiga qadam qoʻygan kundan tortib bu xonadonning xotirjamligi buzilgan edi. Tunov kuni u yana keldi. Gulsumxon ayaning gaplariga parvo qilmay, u toʻgʻri Yulduzning yoniga kirmoqchi boʻldi. Biroq Gulsumxon aya yugurib borib, ikki qoʻlini kergancha uning yoʻlini toʻsdi:
— Yana nimaga kelding, falokat?! Uyimni xonavayron qilib, hali ham koʻngling toʻlmadimi? Tagʻin nima qilmoqchisan, juvonmarg? Qizimga yaqinlashadigan boʻlsang, seni goʻrga tiqmay qoʻymayman. Qiyomatda ham qoʻlim sening yoqangda boʻladi, jodugar, — dedi.

Biroq, haligi ayol ham Gulsumxon ayadan baland kelib baqira ketdi:
— E-e, menga oʻshqirma, qari yalmogʻiz! Hali qizing oppogʻu biz qop-qora boʻlib qoldikmi? Agar bilsang, bu ishda qizingning oʻzi menga yopishib olgandi. Odamgarchilik qilib aralashdik, egniga kiyim-kechak, xarj uchun pul berdik. Bilmasang, bilib qoʻy, qizing bizdan qulogʻigacha qarzdor, bu qarzni toʻlamay, bizdan qutulolmaydi!

Shu kuni qoʻshnilar kelib aralashmaganda, uni urishib haydab yuborishmaganda, kim biladi, oxiri nima bilan tugardi.

Dunyoda haliyam yaxshi odamlar koʻp ekan. Adogʻi yoʻqdek bilingan qoʻrqinchli yaldo tunlarida Yulduzni daryo boʻyidan olib kelib qoʻygan Anvar ismli yigit ularni deyarli har kuni yoʻqlab turdi. Ularga juda koʻp yordam qildi. Gulsumxon aya Yulduzni Anvardek biror yigitga turmushga uzatganda edi, bu dunyoda armoni qolmagan boʻlardi, rahmatli umr yoʻldoshi ham goʻrida tinch yotardi. Biroq, bu uning ushalmas orzusi edi, xolos.

Yulduzning dadasi umrini haydovchilik bilan oʻtkazgan, kuy-qoʻshiqlar desa jonini beradigan shinavanda, koʻngli yumshoq, bolam-chaqam deydigan dilkash, xushfe’l bir odam edi. U oʻzi oʻqiyolmaganidan juda afsuslanardi va bor umidi qizlaridan edi. Uning kiyim- kechagidan, katta, jundor qoʻllaridan doimo benzin hidi anqib turardi. Yulduz oʻsha hidni tuyib, dadasining kelgan-kelmaganini osongina bilib olardi. U uydagi vaqtlarida qizlarining daftarlarini birma-bir varaqlab koʻrardi. Qizlarining oʻquv topshiriqlarni bajarishlariga soatlab erinmay koʻmaklashardi. Ba’zi kechalarda koʻhna dutorini qoʻliga olib, qoʻshiq kuylashga tushib ketardi. Ovozi biroz yoʻgʻon, ammo yoqimli chiqardi. Ili1 qoʻshiqlarinigina emas, Kucho, Qashqar shevalaridagi qoʻshiqlardan, radiodan eshittiriladigan navolardan ham nihoyatda koʻp bilardi, «Maqom» qoʻshiqlarini ayniqsa maromiga yetkazib kuylardi. Qoʻshiqni alohida ixlos bilan ijro etardi. Kuylab-kuylab ba’zida yigʻlab ham yuborardi. Qizlari uning dutor bilan aytadigan tuganmas, mungli qoʻshiqlari ichida ulgʻaydilar. Oʻsha qoʻshiqlar ularning qon-qoniga, vujud-vujudiga singib ketgandi. Yulduz kichkinalik vaqtidanoq dadasiga taqlidan dutor chalib, haqiqiy san’atkorlardan qolishmay qoʻshiq aytolardi. Ajoyib raqslarga ham tushardi. Haydovchi ustoz dutor chalib, ikki qizini oʻyinga tushirib, oʻzini podshohdek his etib oʻtirardi, qizlariga qarab uning koʻngli togʻdek koʻtarilardi. Qisqasi, ota-ona bir-biridan chiroyli, bir-biridan aqlli ikkala qizlaridan faxrlanishar, koʻngillarida ne-ne shirin orzular tugʻilardi.

Baxtga qarshi, bundan toʻrt yil ilgari qizlar mehribon otalaridan, Gulsumxon aya esa vafodor umr yoʻldoshidan judo boʻldi. Oʻshanda doʻxtirlar otalari miyaga qon quyilishdan olamdan oʻtganligi toʻgʻrisida tashxis qoʻygan edilar. Sogʻligʻi yomonlashib qolgan Gulsumxon aya ham koʻp oʻtmay koʻrpa-toʻshak qilib yotib qolgan edi oʻshanda. Barcha roʻzgʻor ishlari Yulduzning zimmasiga tushgandi. Bu uning endigina bilim yurtiga oʻqishga kirgan kezlariga toʻgʻri kelardi.

Yulduzning ana shundan keyin taqdir, peshona degan soʻzning tagiga yetib boʻlmaydigan sirli narsa ekanligini, uni oʻzgartirib, oʻz irodasiga boʻysundirib boʻlmasligini tushundi. U aslida baxtli, betashvish edi. Davomli shunday yashash, bilim yurtida oʻqib, otasi orzu qilgandek odam boʻlishi mumkin edi. Taqdiri ilohiy ulkan shahardan, mana shunday koʻp kishilar orasidan uning otasini yulib ketdi, onasini surunkali xastalikka duchor etdi. Bular hammasi bir boʻlib, Yulduzning taqdirini ostin-ustin qilib tashladi. Kasalxonada u bir ayol rejissyor bilan tanishib qoldi. Urumchidan kino olgani kelgan bu ayol Yulduzni bir koʻrgandayoq goʻyo noyob narsa topib olgandek, xursand boʻlib ketdi, uni suhbatga chorladi. Qoʻshiq ayttirdi, raqsga tushirdi. Kasalxonadan chiqib ketadigan chogʻda bir parcha qogʻozga oʻzining manzilini yozib berib, albatta borishini tayinladi. Oliygohga oʻtolmay umidsizlik ichida qolgan, himoyasiz-suyanchiqsiz bir qiz bola uchun bundan ortiq hursandchilik boʻlarmidi. U onasining tezroq tuzalib ketishini sabrsizlik bilan kutdi. Oxiri kutilgan kunga ham yetishdi, rejissyor ayol bilan ham koʻrishdi. Oʻsha ayol tasmaga olgan kinoda bir xonanda qizning rolini muvaffaqiyatli olib chiqdi. Bu kinoda qoʻshiqchi qizning roli uncha muhim emas edi. Shunday boʻlsa-da, u bu rolni butun vujudi bilan berilib, haqiqiy san’atkordek ijro etgandi.

Rejissyor ayol undan juda mamnun boʻldi. Hatto kinoni olib boʻlgandan keyin Urumchiga olib ketmoqchi ham boʻldi. Yulduz uning gapining mazmunidan yana bir ikki rolni muvaffaqiyatli oʻynasang, yaxshi artist boʻlolasan, degan ma’noni angladi. Biroq, yana bir erkak rejissyor ham bor edi. Uning yotogʻi doim kino artisti boʻlishga havas qiladigan goʻzal qizlar bilan toʻlib turardi. Ular bir-biridan goʻzal, bir-biridan chechan, ham erkin edilar. Ularning hammasi Yulduz uchun xatarli raqibday koʻrinardi. Bir kuni u oʻsha erkak rejissyorning chiroyli bir qiz bilan ishxonadayoq juftlashib turganini koʻrib qoldi. Shunday qilib, Urumchiga Yulduz emas, boyagi qiz ketdi. Lekin oʻsha yoz fasli uning hayotida unutilmas xotira boʻlib qoldi. Rolda oʻynayotgan paytda, vijillab turadigan suratga olish apparatining oldida paydo boʻladigan bir xil yuksak hissiyot, bir xil iftixorlik, jiddiylik, yurakning dupurlab urishlari, bir-biridan kelishgan, shoʻx, madaniyatli qiz-yigitlar, kino artistlar orasida yashash, ular bilan chaqchaqlashish, kulishish, birga ovqatlanish, kuyib-pishib mashq qilish, rejissyorning sirli ovozda buyruq berishlari, atrofida baqirib-chaqirib yugurib yurishlari, kishilarning havaslanib, qiziq qarashlari... bularning hammasi kinodagi zavqli sarguzashtga oʻxshab ketardi, bu koʻrinishlar sira Yulduzning koʻz oldidan ketmasdi, u oʻsha ajoyib hayotni chin dilidan yaxshi koʻrib qolgandi. Boshqa har qanday ish, boshqacha hayot unga ma’nosiz hamda ahamiyatsizday tuyulardi. U uyini jurnallardan qirqib olingan kino yulduzlarining suratlari bilan toʻldirib tashladi. Kiyim-kechaklarini ham oʻzining zerikarli ichki hayotini bezamoqchi, oʻzgartirmoqchi boʻlardi, ammo onasining koʻnglida boshqa oʻylar bor edi. Qiziga oʻzining tikuvchilik hunarini oʻrgatishni istardi. «Har qanday vaqtda ham yurishadigan pokiza xunar, oʻrganib qoʻysang xor boʻlmaysan, birovning qoʻliga qarab qolmaysan», deb qulogʻiga quygani-quygan edi. Yulduz ham uy ishlaridan qoʻli boʻshashi bilan onasining yonida kino qoʻshiqlariga ergashib xirgoyi qilar, oʻtirib, qoʻl ishlarini qilishib berardi, hushi kelib qolsa fasoni oddiyroq kuylakdan bitta-yarimtani tikib ham qoʻyardi, biroq ertasiga bu ishdan bezor boʻlardi. Xayoli kino artisti boʻlib oʻtgan bir necha oylik hayotiga, Urumchiga, mashhur kino yulduzlarining huzuriga ketardi. Tikuv mashinasining oldida bukchayib oʻtirgan xasta onasiga, gʻaribona kulbasiga qarab ichi siqilar, ezilar, qalbi pora-pora boʻlardi. Shiftga qarab, uxlolmay yotgan kechalarda tez-tez xayoliga: oʻsha qizning oʻrnida Urumchiga ketishim mumkin edi, degan oʻy kelardi. Buni aytmasa ham oʻsha erkak rejissyor dastlabki vaqtlarda Yulduzga har tomonlama yondashib, ilintirishga urinib koʻrgan, necha bor yotoqxonasiga taklif qilgandi. Uning besoʻnaqay tishlari, zoʻrma-zoʻr oʻstirib olgan siyrak, ammo yirik soqol-moʻylari qizning nafratini qoʻzgʻardi. Ammo haligi qiz undan jirkanmadi. Oʻzi shahardagi nufuzli oilaning qizi edi, boʻlmasam. Yana hali koʻpgina qizlar uning nazariga tusholmay armonda qolishardi. Oʻshalarni koʻz oldiga keltirganda Yulduzning yuragi achishgandek boʻlardi. Bu nima, hasadmi yoki achinishmi? Qalbidagi murakkab hissiyotlarni u oʻzi ham tushunolmay qolardi. Ana shunday diqqinafaslikda yurgan kunlarning birida uni Nigora qidirib keldi. «Mashhur kino yulduzi mana shunday qoloq bir mahallada, pana-pastqamda eski-tuskilarga chirmalib yursa qandoq boʻlarkin? Undan koʻra, yuring, men sizning diydoringizni bir koʻrishga tashna boʻlib yurgan kino dargʻalariga koʻrsatib kelay», deb uni kinoga, bozorga olib bordi. Uning doʻstlarining had-hisobi yoʻq edi. Har qadamda biri uchrashib turardi. Nigora ularning hammasiga Yulduzni koʻrsatib, koʻzlarini xumorlashtirib turib, «koʻrib qoʻyinglar, ismi-jismiga monand, haqiqiy kino yulduzi shu qiz boʻladi, — derdi. — Yaqinda Urumchiga — Tangritogʻ kino studiyasiga boradi!» — deya barmoqlarini qarsillatib gapirardi. Ular Yulduzga havas hamda iymanish bilan qarashardi. Ulardan biri Yulduzning kiyimlariga jirkangandek qarab: «Shular ham kiyim boʻptimi, kiyim degan narsa menda tiqilib yotibdi, kerak boʻlsa men berib turaman», dedi. U Yulduzni obdon yasantirib qahvaxonaga olib bordi, devorlari butunlay oynavand zal, porillab turgan haybatli chiroqlar, alohida joylashtirilgan hashamatli oʻrindiqlar, uzun-uzun ryumkalarda nimalarnidir ichishayotgan bashang yigit-qizlar, larzon chalinayotgan musiqa... Bu koʻrinish unga juda sirli va qiziqarli tuyuldi. Kino artistlarining taqlid qiladiganlari mana shu turmush emasmi? Bu yerdagilar hech kimga taqlid qilmaydilar, balki oʻshanday yashaydilar. Xaridorlar bu yerdagi qizlarni hurmatlab «xonim» deb atashadi, choʻntaklaridan pullarni changallab chiqarib, bir ryumkasi yuz yuvanlik aroqlarni — Yulduz umrida koʻrish u yoqda tursin, hatto eshitmagan ichimliklarni ichishadi, qizlarga qimmat baho sovgʻalar taqdim qilishadi. Bunday turmush faqat kinolardagina koʻrsatiladi. Yulduz: «Ular pulni qayerdan topishadi?» deb soʻraganda, Nigora shuni ham bilmaysizmi, degandek qoʻllarini suzgancha tushuntira ketdi: «Bu yerga tashrif buyuradiganlarning talay qismi ishchi bolalar, ularning yurgan qizlari yoki... oshnalaridir. Butun shahardagi eng katta boy savdogarlar ham shu yerga kelishadi. Ular uchun yuz yuvan sariqchaqaday gap. Qisqasi, jahonda ish koʻp, oʻsha katalakdek keladigan uyingizdan chiqmay oʻtirsangiz, hamma narsadan quruq qolasiz».

Yulduz oʻzi yolgʻiz oʻtirgan, koʻrinishidan kino artistlariga oʻxshash bir yigitning ular tomonga tez-tez koʻz tashlayotganini sezib qoldi. Bu holni Nigora ham sezgan boʻlishi kerak, engashib turib: «Anovi yigitnning ismi Yolqin, oʻzi savdogar. Akasi Avtraliyadagi eng katta boy. Pul deganni ular yerdan supurib olishadi deyavering...» deb pichirladi. Yolqin ularning oldiga keldi. Nigora ularni tanishtirdi. Yigit gʻoyat bashang kiyingan, odobli, muloyim koʻrinardi. U, Yulduzning kinoda rol oʻynashidagi iste’dodini maqtadi. «Esiz, bizda talantning qadri yoʻq-da, chet ellarda boʻlganingizda birdaniga jahonga tanilardingiz, millioner boʻlib ketardingiz, ming afsus», deb hamdardlik bildirdi. Xorij, Xitoy kino yulduzlari toʻgʻrisida soʻz ochib, oʻzining bu sohadan ham xabardor ekanligini bildirdi. Qisqasi, ularning gapi bir yerdan chiqib qoldi. Ikkovlon qizgʻin suhbatga tushib ketib, Nigoraning allaqachon gʻoyib boʻlib ketganini, vaqtning ham alamahal boʻlganini sezmay qolishdi. Kechqurun u Yulduzni uyigacha kuzatib qoʻydi.

Shundan keyin har kuni uchrashadigan, qahvaxonada soatlab oʻtiradigan boʻlishdi. U har gapida Avstraliyada koʻrganlarini, Melburn, Sidney, Kanberra degan katta shaharlardagi qovoqxona, kechki bazmxonalarni ogʻzidan tushirmasdi. Avstraliyada hamma qizlar ichishadi, hatto ota-onalari bilan ham qadah urishtirishadi. Bu yerning yovvoyi, madaniyatsiz qizlaridek qiyshanglamaydilar. Bunday dilxushlikni madaniyatning, taraqqiyotning bir belgisi derdi va Yulduzni ham ichishga da’vat qilardi. Yulduz uning oʻzini ham madaniyatsiz deb qolishidan andisha qilib, oz-ozdan hoʻplab qoʻyardi. Yolqin uning hoʻplab qoʻyishini koʻrib, hammasini ichib yuborishga qistardi. Bir kuni u choʻntagidan kichkina duxoba qoplamali quticha chiqardi-da, undagi oltin uzukni Yulduzning barmogʻiga taqib qoʻydi. Uning nozik barmoqlarini lablariga bosib turib, koʻzlariga ma’noli tikilgancha: «Muhabbatimizning nishoni boʻlib qolsin...» dedi. Bu uzuk Yulduzga goʻyo muhabbatining kafolatidek boʻldi. Yana bir kuni u qiziqchilik qilayotgandek choʻntagidan yaltiroq qogʻozga oʻrogʻliq zigʻirdek oppoq narsani chiqardi. Qogʻozni avaylab turmaklab, ostiga chaqmoq yoqib tutdi-da, qayerdandir paydo qilgan ingichka naycha bilan undan koʻtarilayotgan koʻkish isni soʻra boshladi. Koʻzlarini suzib, lazzatdan a’zoyi badani boʻshashib ketayotgan bir alpozda qoʻlidagi naychani Yulduzga ham tutqazdi:
— Bu dunyoda mana shunday lazzatning borligini bilmay oʻlib ketadigan ahmoqlar ham koʻp, qani, bir soʻrib koʻring-chi. Bir soʻrib koʻring deyapman...

Yulduz unamadi, Yolqin yana qistadi...
— Amerika bilan Avstraliyada yoshlarning oltmish-etmish foizi mana shunday oqidan chekadilar. Bu narsa yomon boʻlsa, ular chekmasdi. Bu yerda ham chekadigan yolgʻiz biz deb oʻylaysizmi? Anovi oʻtirganlarning hammasi bu yerga mana shuni deb kelishadi, hozir qahvaxona, qovoqxona, oshxona... ularning hammasida oqayotgani mana shu. Buni ham puli borlar chekadi, — dedi.

Yulduz ilk marta chekkan vaqtda hech narsaning mazasini tuymadi, qaytanga boshi aylanib, koʻngli behuzur boʻldi. Biroq, ertasi, indiniga bunday boʻlmadi. Shunday qilib, u oxiri oʻrganib ketdi. Hatto undan ayrilmaydigan ham boʻlib qoldi. Qahvaxonaning xilvat burchagidagi tor zinadan ikkinchi qavatga chiqilardi. Bu yerda kichik-kichik, bezatigʻli xonalar bor edi. U kayf boʻlib qolgan vaqtlarida Yolqin uni suyab ikkinchi qavatga olib chiqardi. Bir kuni Yolqin uning kiyimlarini bitta-bittalab yechdi. U hammasini his qilib, bilib yotardi, qarshilik qilmoqchi, oʻrnidan turib qochib ketmoqchi boʻldi. Ammo qoʻllarini koʻtarolmadi, hali oʻrnidan turolmaydigan goʻdakdek oyoqlari jonsiz edi. Oʻsha kechasi qizlik iffatini, shuningdek, qalbidagi eng muqaddas tuygʻularini ham boy bergandi.

Yolqin uning oldida tiz choʻkib, «Siz mening u dunyoyu bu dunyolik birdan-bir umr yoʻldoshimsiz» deb qasam ichgan kunning ertasigayoq, Yulduz uning qonuniy xotini, ikki farzandi borligidan xabar topdi. U doʻzax oʻtida yondi, pushaymon qildi, borgan sari tubiga tortib ketayotgan botqoqdan qutulib chiqishga urindi, ammo endi bular foydasiz edi...

* * *

Oʻz sepini yoyib, bahor ham kirib keldi.

Yulduz oʻsha dov-daraxtlar, gul-giyohlar bilan barobar yashardi. Oʻtgan kunlar, xastalik azobi xuddi mudhish tushdek olislarda qolgan edi. Uning yosh yuragi yana hayotga boʻlgan muhabbatga yoshlikning shirin tuygʻulariga toʻlgandi. U oʻzini dunyoda qaytadan koʻz ochgandek sezardi. U qaytadan yashashga, boshqacha odam boʻlishga astoydil bel bogʻlagandi. U onasining, singlisining, Anvarning, yana oʻzi uchun qaygʻurib, diqqatlarini qaratgan koʻplab kishilarning samimiy umid-istaklarini ham unutmasligi kerak edi. Ayniqsa, bu ishda Anvar uning uchun ozmuncha yoʻl yurmadi, deysizmi. Yulduzning dadasining idorasiga bordi, xotin-qizlar ittifoq qoʻmitalariga bordi, oʻzining juda koʻp tanish-bilishlariga bordi. Maqsadi Yulduzga tuzukroq bir ish topib berish edi. Hech yerda, hech kim «yoʻq», «boʻlmaydi» demadi, barchalari ham nihoyatda samimiylik bilan koʻngildan chiqarib, astoydil: «boʻladi, oʻylashib, fikrlashib koʻraylik», deyishardi.

Biror haftadan keyin esa televideniyada yangidan tashkil etilgan televizion teatr markaziga san’atkorlar qabul etish toʻgʻrisidagi e’lonni koʻrgan Anvar Yulduzni televideniya studiyasiga ham boshlab bordi. Mashhur kino rejissyorlarga ma’qul boʻlgan Yulduz, albatta, bu yerdagilarning ham koʻngliga toʻgʻri kelgan edi. Ular uni sinovdan oʻtkazayotib, hayajon ila: «Iste’dodli, tugʻma san’atkor ekan», deyishdi. Biroq, u eshikdan chiqib ketayotib, ozgʻin, ogʻzi katta bir ayolning uni oʻzi tomon imlab chaqirib, allanimalar deb pichirlayotganini koʻrib qoldi. U soʻnggi soʻzlarini Yulduzga ham eshittirib turib: «Telestudiya har nima boʻlganda ham jamiyatning bunday tashlandiq sarqitlarini oʻz dargohiga yigʻmasa kerak», dedi.

Shu kundan boshlab u onasining tikuvchilik hunariga koʻngil qoʻyib oʻrgana boshladi. U oʻsha deraza oldida oʻtirib, tikuv mashinasining ovoziga joʻr qilib gʻingʻillab qoʻshiq aytar, xayolida esa Anvar edi. Nechundir yaqindan buyon u Yulduzdan oʻzini olib qochayotganday tuyuldi. U soʻnggi bor kelganda, unga mahkama orqali olis oʻlkalardagi ukasini qidirayotganini, ammo natija chiqmayotganini gapirib bergandi. Uning soʻzlaridan qaygʻu-hasrat sezilib turardi. Shu kundarda u qayerdaykin va nima ishlar qilayotganiykin?..

Yulduz deraza yonida oʻtirib, onasi yaqindagina tikib bergan koʻylagining etagini bukardi. Deraza ostida Oliya paydo boʻldi, u har doimgidek oʻgʻil bolacha kiyingandi. Qoʻlida qimmatbaho sumka, koʻrinishi esa bir holatda. U Yulduzning onasiga yalingandek boʻlib:
— Yulduzni koʻrgim kelgandi, biroz gurunglashay deb kelgandim, — dedi.

Yulduz Oliyani koʻrib xursand boʻldi, u onasi, dugonalari bilan yoyilib gaplasholmasdi, oʻzi bilan ular oʻrtasida tubsiz jar borligi unga ayon edi. Ularning oldida oʻzini past koʻrish tuygʻusi uni azoblardi. Oliya esa ularga oʻxshamaydi, ikkovining oʻrtoqliq sarguzashtlari, baxtsizligi va dardu alamlari bir edi. Ularda baland-past degan gaplar yoʻq edi. Ikkovi Yulduzning karavotida oʻtirib, koʻpdan buyon yigʻilib qolgan dil soʻzlarini toʻkishib, uzoq vaqtgacha suhbatlashdi.
— Odamlar seni bir yigit topibdi, toʻylari boʻlsa kerak deyapti, eshitib xursand boʻldim. Biroq, ehtiyot boʻl, yana qasd qilib qoʻyishmasin, axir sen ularni yaxshi bilasan-ku, — dedi Oliya quyungan ohangda.
— Qaniydi yigitim boʻlib qolsa, biroq bizga oʻxshaganlarga osonlikcha yigit topilarmidi? — deb chuqur tin oldi Yulduz. Ikkovining nafasi ichiga tushib ketdi. Bu — pok, halol turmushga boʻlgan ishonchini hali butunlay yoʻqotmagan har qanday qiz uchun, xayolidan kecha-kunduz nari ketmaydigan, ammo doimo oʻziga tortib turadigan azob-uqubatli bir mavzu edi... Ancha vaqtdan keyin oraga choʻkkan sukunatni Yulduzning oʻzi buzdi:
— Oliya, dugonajon, sen ham avvalroq oʻz yoʻlingni topib olsang yaxshi boʻlardi, biz hali yosh ekanmiz, umrimizni bunday besamar oʻtkazishga haqqimiz boʻlmasligi kerak. Yoshi kattaroq boʻlsa ham, choʻloq-poʻloq boʻlsa ham birortasini topib, turmush qursak, bola-chaqali boʻlib ketsak, kishilar ham bizning oʻtmishimizni unutisharmidi deyman. «Bilmayin bosdim tikonni, tortadurman jabrini», degani mana shu boʻladi. Agar oʻzimiz istamaganda bu kunlarga qolarmidik. «Sochi uzun, aqli kalta» degan gap ham haq ekan, aslini olganda dunyoda unutilmaydigan nima oʻzi?
— Gaping bir hisobdan toʻgʻriku-ya, men ham shunday oʻylayman. Ammo, mening sharoitim senikiga oʻxshamaydi, oʻgay otam yaqinda qamoqxonadan chiqadiganga oʻxshaydi, agar u chiqqudek boʻlsa, men u uyda ortiq turolmayman, qolaversa, boradigan biron ishonchli joyim ham yoʻq...
— Unday boʻlsa, biznikiga qaytib kel, ikkovimiz oyimdan kiyim tikishni oʻrganib, bir doʻkon ocharmiz...
— Aytishga oson, lekin... Hay, koʻrarmiz, hozircha bu gapni qilmay turaylik, sening shu gapingga ham rahmat, dugonajon. Mendan tashvishlanma, juda boʻlmasa Urumchidagi togʻamnikiga ketib qutularman...

Oliya oldiga tushib turgan oʻrim sochining uchidan tutamlab, manglayidagi moshdek chandigʻini silab qoʻydi.

Yulduz oʻzining ham dardi ortib turganiga qaramay, dugonasiga achinardi. Uning moʻltirab turgan bir juft begʻubor ohu koʻzlariga qarab unga chindan ham kuyunardi...

Oliya ketadigan chogʻda unga koʻcha-koʻyga koʻp chiqmaslikni, oʻziga puxta va ogoh boʻlib turishni qayta-qayta tayinladi. Yulduz dugonasini kuzatib qoʻyib, yana oʻz ishiga oʻtirdi. Uning qoʻli ishda esa-da, boʻlib oʻtgan gap-soʻzlardan soʻng xayoli yopirilib kelayotgan turli-tuman oʻylar bilan butkul band edi. Yuragi achishgan holda dugonasining baxtsiz kechmishlarini esladi.

Baxtiyor onlarda, tinch, osoyishta turmush qoʻynida ulgʻaygan talay odamlar turmushning yana bir tomonini, uning egri-bugri, mashaqqatli, soʻqmoqli yoʻllari ham borligini koʻz oldiga keltirolmaydi. Oliya hali goʻdaklik vaqtlaridayoq otasidan, keyin esa onasidan ayrildi. Oʻn uch yoshga kirganda oʻgay otasining zulmiga uchradi. Uning peshonasidagi chandiq ana shu paytlardagi tengsiz olishuvlardan birining nishonasi edi. Oʻn sakkizga kirguncha qirq yoshli ayoldan ham koʻproq ishlarni boshidan kechirdi. Qahvaxonadagilarning hammasi uning bunday kechmishlaridan toʻliq xabardor edi. Shuning uchun uni koʻzlariga ilishmas, anoyi deb qarashardi, Yulduz esa unga achinar, rahmi kelardi. Oʻz navbatida Oliya ham koʻnglidagi sirlarini yolgʻiz Yulduzgagina ochardi. Ikki jafokashning baxtsiz taqdirlari ularni yanada yaqin, ajralmas, samimiy, sirdosh dugonalarga aylantirgandi.

* * *

Oliyaning: «Seni bir yigit topibdi, toʻy qilarmish deyishayapti» degan soʻzi Yulduzning ruhiy dunyosini dolgʻalantirib yubordi, uni shirin tuygʻularga choʻmdirdi. Toʻgʻri, u anchadan buyon Anvarga koʻngil qoʻyib yurardi (Anvardek yigitga har qanday qiz ham koʻngil qoʻyishi mumkin), shunday bir odamning pok hamda muqaddas muhabbat qasriga oyoq bosib kirishga qanday haddi sigʻsin! U faqat juft-juft boʻlib, qoʻltiqlashib oʻsha qasrga kirib ketayotganlarga havas qilib, oʻzi esa uning atrofida devonadek aylanib yura olishi mumkin, xolos. Biroq... «u meni aqalli zarracha yaxshi koʻrarmikin...» degan bir savol uning xayolidan ketmasdi. Daryo boʻyida uni uchratgan kundan boshlab qalbidagi oʻlim istagi allaqayoqlarga gʻoyib boʻlgandi oʻshanda. U xuddi yoʻldan adashgan chorasiz bir bechora edi. Qoʻllarini ishonchli holda Anvarga uzatdi. U, qizning qoʻllaridan tutib quyosh nuriga choʻmgan dalaga, shovqin-suronli qaynoq baxtiyor hayot qoʻyniga olib kirdi, lekin, u bu yerda har bir odamning oʻziga yarasha oʻrni, issiq boshpanasi, muhabbati, shodlik ham qaygʻusi bor, uning-chi, xoʻsh, nimasi bor? Faqat har eslaganda yurakni uvushtiruvchi, oʻlim soya tashlab turgan kuchli qaygʻudan oʻzga hech vaqosi yoʻq edi.

U boshiga tushishi mumkin boʻlgan barcha azob-uqubatni lahzadayoq tortishga, oʻz muhabbatini, qaygʻu-alamini majruh qalbining chuqur qa’riga yashirishga majbur boʻlardi.

Har gal yolgʻiz qolganida xayolan oʻzi bilan oʻzi gaplashib oʻtiradigan Yulduz bu safar ham eshikning taqillaganini, onasining Anvar bilan gaplashayotgan ovozini eshitmadi. Toʻsatdan boshini koʻtarib, oldida oʻziga qarab kulib turgan Anvarni koʻrib, choʻchib tushdi.

Anvar goʻyo eshikni toʻsmoqchi boʻlgandek ikki qoʻlini kergancha xiyol engashib, eshikning yon tomoniga osilib turardi.

Yulduz boshini quyi solgan holda qoʻlidagi ishni davom etdiraverdi. Uning hamma narsani ifodalaydigan nurli koʻzlarini uzun kipriklari toʻsib olgandi, oraga sirli, ogʻir sukunat choʻkdi.
— Ichki oʻlka tomonga safarga otlanayapman, Yulduzxon. Oʻzim borib ukamni oʻsha yerlardan izlab koʻrmoqchiman, — dedi Anvar birozdan keyin.
— Yoʻlingiz oq boʻlsin, ilohim ishingiz oʻngidan kelsin, — dedi Yulduz boshini koʻtarmay.
— Agar biroz vaqtingiz boʻlsa, daryo boʻyi tomonlarni aylanib kelsak, dedi Anvar.
— Mayli.
— Siz chiqavering, men yurib tura turaman... Yetib olarsiz?

Yulduzning yuragi birdan dupurlab urdi. U boshini koʻtarmasa-da, Anvarning unga tikilgan nigohini sezib turardi. Noma’lum bir tuygʻu unga bugun alohida bir ish yuz berishidan bashorat qilayotgandek edi.

Ular daryo boʻyiga olib boradigan yolgʻizoyoq yoʻldan chetlab, kimsasiz, sokin dala tomonga chiqishdi. Bu oftob taftidan qovjirab ketgan, tinimsiz yurib turgan arava, velosiped, mashina, traktorlarning gʻildiraklaridan tekislanib ketgan tuproqli yoʻl edi.

Yulduzning bir tomonida quyuq oʻsgan past boʻyli butazor, ikkinchi tomonida yashil maysazor, bedazor va koʻrimsiz yovvoyi gullar bilan qoplangan tabiiy oʻtloq kishi bahri dilini ochgan holda kaftday yastanib yotardi. Bu kengliklar oralab tekis boʻy tortgan kumushrang sedanazorlar ham koʻzga tashlanardi. Yarqirab turgan nayzadek tik togʻ qoyalari yam-yashil yaproqlar orasidan toʻkilib turgan quyosh nurida oppoq tuman bilan toʻlgandek koʻrinadigan, ostini shox-shabbalar va qurigan yaproqlar bosgan kichkina oʻrmonzor kishiga xuddi mohir usta rassomning moʻyqalami ostidagi bir parcha manzara suratdek koʻzga tashlanardi. Anvar uni oʻsha rasmdagi manzara ichiga boshlab kirdi. Ikkovi bamisoli oʻzlariga oʻxshash yosh, nozik ikki tup daraxtga suyanib, bir-biriga yuzlanib turishdi. Ularning peshonasida, yanoqlarida ham quyosh nurlari jilvalanib oʻynardi (Bu manzarali rasm yanada mukammallashdi, jonlandi). Yulduz nihoyatda ochilib, goʻzallashib ketgandi, koʻzlari bir juft charosdek chaqnardi, ikki yuzi bilinar-bilinmas qizargandi. Naq boshi ustidan, daraxt shoxlari orasidan tushib turgan oftob nuri goʻyo tabiat ungagina atab yoʻllagan nafis kelinchaklik roʻmoliga oʻxshab ketardi. Azbaroyi muhabbat tugʻyonidan Anvarning yuragi hapriqib ketdi.

U Yulduzdan koʻzlarini uzolmay qoldi. Uning koʻzlaridan yam-yashil oʻrmonni, quyosh yogʻdusini, oʻz harorati, qudrati bilan hamma narsani eritib yuborishga qodir boʻlgan kuchli muhabbatni ham payqagandi. Bu, qiz qalbida nish urgan pok, haqiqiy ilk muhabbat edi. Necha oylardan beri yigit qalbini iztirobga solib kelgan ogʻir oʻy va ikkilanishlar qaylargadir gʻoyib boʻlgan edi. Biroq kutilmaganda shu damlarda yaqin yerdan gurullagan motor ovozi xuddi bir noxushlikning yuz berishidan darak bergandek, bamisoli ikkovi koʻrib turgan tushni buzib, uygʻotib yuborgandek boʻldi. Ular bir vaqtning oʻzida birday seskanib yoʻlga qarashdi. Yoʻlda qatorlashib kelayotgan bir necha motosikllar qatorlashib yurib kelardi, haydovchilar bari qora koʻzoynakda, soch-soqollari oʻsiq, koʻrinishdan yovuzliklari shundoq bilinib turardi.

Ahmadning odamlari! — dedi Yulduz vahima ichida. Uning rangi quv oqardi.

Bunday boʻlishini Yulduz anchadan beri sezib yurardi. Ammo bu ishning xuddi shu bugun, shu paytda yuz berishini u aslo kutmagan, oʻylamagan ham edi.
— Qoʻrqmang, yuring, avval katta yoʻlga chiqib olaylik, qani, ular bizni nima qilisharkin...

U Anvarning soʻzini goʻyo xali ham tushida koʻrayotgandek eshitdi. Ular qoʻl ushlashib, katta yoʻlga chiqishdi. Anvar Yulduzni orqasiga panalatib, chaqqonlik bilan yerdan bir toshni oldi.

Bir tomonda toʻrt qonxoʻr jallod, yana bir tarafda yigit bilan qiz.

Toʻrt motosiklchi xuddi robotday ularni qurshovga olib, tobora qisib kelardi.

Ular juda yaqin kelib qolishdi. Yigit qoʻlidagi toshni ularning biriga qaratib otdi-da, qizni qoʻlidan tortib qochmoqchi boʻldi, ammo qocholmadi. Uni tutib olishdi, qumli xaltaday gʻazab bilan uni u yoqdan-bu yoqqa uloqtirib, charchaguncha mushtlashdi, oyoqlari tolguncha tepishdi. Qiz hirsday barzangi bir erkakning qoʻlida qopqonga tushgan qushday tipirchilardi, baqirardi, jon-jahdi bilan uning qoʻlidan yulqinib chiqib, yigitning yoniga bormoqchi boʻlardi. Uning tim-qora quyuq sochlari chuvalib, yuz-koʻzini toʻsib olgandi. Notanish kishi uning sochlarini beayov changallab, biqini bormi, yuz-koʻzi bormi, duch kelgan yeriga ayovsiz mushtlar tushirdi. Qizning nafasi oʻchdi.

Koʻz ochib-yumguncha tevarak-atrof yana avvalgiday jimjit boʻlib qoldi. Quyosh bu vahshiylikka dosh berolmaganday, oʻzini allaqayerdan paydo boʻlgan bulut orasiga oldi. Yoʻl ustida bir yigit, sal narida bir qiz chala jon boʻlib yotardi. Olisdan bu manzara gʻoyat sirli va mudhish koʻrinardi.

* * *

Sarhad bilmas dahshatli girdob. Yulduz oʻsha girdobda goʻyo bir choʻpdek qalqib turardi. Bu voqealar guvohi boʻlgan falak ham dosh berolmaganday, qattiq gʻalayonga kelib, faryod ila toʻlqinlanar, sochlarini yulib faryod solgan mushfiq onaday hayqirar, boʻzlar, boʻgʻilar edi... Umidning soʻnggi uchquni birdan oʻsha toʻlqinlar orasidan bosh koʻtardi. «Kutqaringlar!» deb sado berdi. Tutib olish mumkin boʻlgan narsani izlab, qoʻllarini haryonga uzatardi. Biroq, atrofda oʻrkach-oʻrkach toʻlqinli suvdan, xoʻmraygan bulutlardan boshqa hech narsa koʻrinmasdi...

Toʻsatdan u Anvarni koʻrib qoldi! U qirgʻoq boʻylab ogʻir odimlagancha gʻarb tomon ketib borardi. Yulduzning qichqirishlarini u eshitmasdi.

Kechga yaqin u rostdan ham chuqur umidsizlik ichida beixtiyor baqirib uygʻonib ketdi. Yostigʻi, sochlari qizning koʻz yoshidan jiqqa hoʻl boʻlib ketgandi...

Ertasiga erta bilan Anvarni yoʻqlab, kasalxonaga borgan Gulsumxon aya birdaniga yanada qarib munkayib, ichiga sigʻmay qolgan dard-alamdan sargʻayib, koʻzlari oʻchayotgan shamday pildirab qolgan holda zoʻrgʻa uyiga qaytib keldi. Yulduzning karavotida oʻtirib:
— Bolam, hozir aytadigan gapim senga ogʻir botishini bilaman. Lekin nachora, baribir aytmasam boʻlmaydi. Koʻpchilik bizga sovuq qarash qilyapti. Anvarning yaqinlari-ku, ayniqsa, inchinun. Ular boʻlgan gaplarda seni aybdor qilishmoqda. Sen endi Anvarni butkul unut, ularning talabi ham shunday, — dedi chuqur xoʻrsingan holda ogʻir tin olib. Ona qiziga koʻz qiri bilan qarab qoʻyib, yana davom etdi. — Ha, aytgancha, Anvarning ahvoli ancha durust boʻlib qolibdi. Borsam, koʻzini ochib yotgan ekan. Yuzi tanib boʻlmaydigan boʻlib ketibdi... Ularga ham uvol, oʻz jigarporasi birovning qizini himoya qilaman deb shunchalik kaltak yeb, oʻlar holga kelib qolsa, ota-ona bunga qanday chidasin...

Yulduz qalqib chiqqan yoshni yashirish uchun koʻzini yumdi, biroq kipriklari orasidan ikki tomchi yosh sizib chiqib, yanoqlari ustida toʻxtab qoldi. Nechundir uning yodiga boyagi bugʻdoyzordagi yarqiroq narsa keldi. U kishini azob-uqubatdan xalos qilardi, dunyodagi hamma gʻam-anduhlarni unuttirar, samo boʻshligʻi sari parvoz ettirardi...

* * *

Yulduz nafis krepdeshin koʻylagining yoqasini uchinchi marta soʻkib tika boshlaganda onasi chidolmadi:
— Hoy nahs bosgan qiz, xayoling qayerda oʻzi? Boshimga bitgan balo boʻlding-ku! Shunday kunimizga yarab turgan ishga boʻyning yor berib ishlay demaysan-a?!..

Yulduz boshini quyi soldi. Onasining har bir soʻzi uning yuragiga nashtardek botar, yarasiga tuz sepgandek azoblardi: shuning bilan bir vaqtda, onasining gʻazabdan tundlashgan afti, dard-alamdan chaqchaygan koʻzlari unda qoʻrqinch ham achinish aralash gʻalati hissiyot uygʻotardi. Yulduzning javob qaytargisi kelmay, boshini yelkasi ichiga tiqib olardi, yurakdan otilib chiqayotgan koʻz yoshlarini kuch bilan ichiga yutib, oʻz yogʻida oʻzi qovrilardi...

Uning onasi ilgari bunday emasdi. Vazmin, kamgap, xushfe’l ayol edi. Onaning bunday boʻlishiga Yulduzning oʻzi aybdor edi. Anvar ularnikiga kelmaydigan boʻlgandan beri, Yulduzning xizmatga joylashish orzusi koʻpikdek yoʻqqa chiqqandan buyon u ana shunaqa boʻlib qolgandi.

Bu ishlarning hammasida boshqalardan gina qilishga haqqi yoʻqligi ham Yulduzga yaxshi ayon. Shuning uchun, garchi dardi oʻziga yetib ortsa-da, u onasining urushib-qargʻashlarini ichiga yutishga majbur edi.

Anvardan uzil-kesil ayrilib qolganiga ishongan kundan boshlab Yulduz yana xayollarga beriladigan boʻlib qoli. Anvar bilan oʻtkazgan har bir daqiqa, uning kulimsirashi, qovogʻini uyushi, soʻzlari, yurishi, oʻtirish-turishlari lahza sayin Yulduzning koʻz oldidan oʻtaverar, takrorlanaverardi. Uning soʻzlarini, har xil ruhiy holatini yanada chuqur tushunishga tirishardi. Birgina narsaga, Anvarning soʻzini yaxshi koʻrishligiga uning ishonchi komil edi. Ular birga boʻlgan chogʻlarda u Yulduzga oʻzini uncha yaqin tutmasdi. Uning fe’li oʻzi gʻalati edi. Bir qarasang xushchaqchaq, soʻzamol, bir qarasang qovoqlari solingan, odamovi. Ayniqsa, Yulduzning yoki onasining minnatdorchilik bildirib aytgan soʻzlarini eshitishni xohlamasdi. Yulduz uni endi kelmaydi deb umidini uzib qoʻya qolardi, biroq azza-bazza koʻkdan tushganday birdan paydo boʻlardi. Bir safar u rosa yarim kungacha bir ogʻiz ham soʻzlamay, faqat usti-ustiga tamaki chekib oʻtirdi. Bir chiqib ketgancha bir oycha yoʻq boʻlib ketdi. Oxiri kelib, Yulduzni aylanib kelishga taklif qildi, biroq Yulduz uning koʻnglida ne gap borligini bilolmadi, balki endi u umrbod bilolmasa ham kerak. Lekin u oʻsha oʻrmonzorda kechgan qisqagina fursatni, Anvarning oshiqona tikilgan koʻzlarini mangu unutolmaydi, oʻlim oldida ham yigʻlab turib oʻsha daqiqalarni, oʻsha kunlarni esga oladi.

Yulduz tashqariga chiqishni, odamlarga koʻrinishni xohlamasdi, yaqin kishilarni qidirib borib: «Mening ishga kirishim nima boʻladi, oʻylashib koʻrdilaringmi?» deb soʻrashni ham istamasdi. Shuningdek, hozirgi ishida ham oʻzini har qancha majburlasa-da, undan tikuvchi chiqmasligi oʻziga ayon edi. Derazadan koʻrinib turgan kichkina dunyo, onasiga kiyim tiktirishga keladigan katta yoshdagi ayollar uni qiziqtirmsdi. Uning xayoli egri-bugri koʻcha muyilishidan, xaroba uylardan, gʻiybat qilishdan boshqani bilmaydigan, har narsaga aralashaveradigan turqi-tarovatlari sovuq xotinlardan bezib, xayolan olislarga ketardi. U oʻzini katta shaharlarda, magʻrur, kelishgan, bilimli qiz-yigitlar orasida, vizillab aylanib turadigan fotograflar oldida koʻrardi. Hatto goho qilayotgan ishini, yeyayotgan ovqatini ham unutardi. Uning bu odati onasini battar jigʻibiyron qilardi. Bir marta u hatto: «Hoy nodon qiz, esingni yigʻib ol deyman!» deb baqirib, qoʻlidagi yoʻgʻon qaychini Yulduzga qaratib otdi. Qaychi Yulduzning chakkasini siypab oʻtib, orqasidagi devorga borib sinchilib qolgandi.

Oliya keldi. U Yulduzga yangi xabar keltirgandi. Uning aytishicha, shahardagi ishsiz yoshlar musiqa guruhi tuzishganmish. Ularning elektron cholgʻu va milliy musiqa asboblari bor ekan. Mana shu kunlardagi toʻy-hashamu, koʻngilxushliklarni koʻtara savdo qilib, oʻzlari ovoz tasmasi ishlab, rosa dong chiqarganmishlar. Ular Yulduzdek «kino san’atkori»ning oʻz saflariga qoʻshilishini orzu qilishlarkan, buning uchun ular Yulduzning hamma talabini toʻliq ado qilishga ham rozi ekanlar.

Yulduz bu fursatni gʻanimat bilib, qoʻldan bermaslikka qaror qildi. Biroq u onasini bu ishga qanday qilib koʻndirishini bilmasdi.

Onasi uning qandaydir qoʻshiqchi boʻlishiga jon-jahdi bilan qarshi edi. Uning tushuntirishlariga, koʻz yoshlariga parvo ham qilmadi. Bir toʻp oʻgʻil-qizlar rahbarsiz, kecha-kunduz birga yursa, aytadigani faqat kuydim-yondim, bellarini toʻlgʻab, oʻyinga tushish boʻlsa, unda oqibati nima boʻlardi, deb bitta gapida turib oldi. Ona-bola bir-birini koʻndirolmadi. Oxiri Gulsumxon aya qattiq urishib berdi:
— Gapimga kirmaydigan boʻlsang, yoʻqol uydan, onam bor, singlim bor deb tilingga olma, men ham sendek sharmanda, buzuq qizni hayotda koʻrmagan boʻla qolay, harna boshimdan bir baloyi ofatning arigani!

Bu gaplar Yulduzning suyak-suyagidan oʻtib ketdi, u churq etmay kerakli u-bu narsalarini oldi-da, eshikni taraqlatib yopib chiqib ketdi. Yulduzni rostdan ham chiqib ketar, onaizorning dilini yanada vayron etar deb sira oʻylamagan Gulsumxon aya uning orqasidan yugurmoqchi, toʻxtamoqchi ham boʻldi, ammo boshi aylanib, koʻzlari tindi, turgan yerida choʻkkalab mixlanganday oʻtirib qoldi, keyin kuch bilan toshib kelgan koʻz yoshlarini seldek toʻkdi.

Yulduz koʻchalarda nima qilarini bilmay uzoq daydib yurdi. Uyni tashlab chiqmoq oson ish emas. Bu kechada u endi qayerda qoʻnim topadi? Ertaga-chi? Keyin-chi? Oliyanikida bir necha kun turar, ammo doimiy qololmaydi-ku. Avval Oliyaning yordamida boyagi musiqa guruhini izlab topishi kerak. U yer koʻngildagidek chiqsa, ishlari iziga tushgani shu boʻladi. Biroq, ish u oʻylagandek boʻlmasa-chi? Hozircha, bu tomonini oʻylamay turgani ma’qul.

U Oliyaning uyida boʻlmasligini bilib tursa-da, toleini sinab koʻrish uchun toʻgʻri unikiga bordi. Baxtga qarshi, u haqiqatan ham uyida yoʻq edi. Balki, qahvaxonadadir?

Kun ham ogʻib, kech kirmoqda edi. Yoʻllarga ishdan qaytayotgan velosipedlilar va piyodalar, mashina-avtobuslar sigʻmasdi. Oʻsha shoshilinch, qandaydir muhim ishni koʻngillariga tukkandek koʻringan odamlar, onda-sonda oʻtib qoladigan hashamatli yengil mashinalar, qizgʻin va tantanali hayot qaynayotgan koʻcha Yulduzga begona yoʻlak boʻlib koʻrindi. U oʻsha qaynoq hayot qoʻyniga intilgandi, ammo hayot uni qoʻyniga olmadi. U xuddi zoʻr oqim ustida sohil sari surib tashlangan qamish-qiyoqlardek bir chetga chiqib qoldi. U oʻz oldiga bir yoʻl ochish, odamdek yashash uchun yana qanchalar badal toʻlarkin? Uni yana qanday ishkalliklar, dard-alamlar kutayotganikin? Uning zaif jussasi, dard-alamdan ezilgan ularga yana qanchagacha bardosh berolarkin?..

Osmonning yarmini qoplagan kechki kuz shafagʻi avtobuslar, binolarning derazalari, doʻkonlarning oynalarida chaqnab, gʻisht yotqizilgan koʻchaga ertaknamo manzara baxsh etgandi. Mashinalar, yoʻlovchilar ozayib, yoʻllarga birdaniga sukunat choʻkkandek boʻldi, daraxtlarning sargʻaygan yaproqlari nomozshom paytining gʻir-gʻir esgan shamolida larzon uchib tushmoqda edi.

Yulduz engashib, yerdan bir dona sargʻaygan yaproqni olarkan, bu holat unga shoʻx bolalik vaqtlarini, hech narsadan gʻami yoʻq, oʻyindan boshqasini bilmaydigan chogʻlarini eslatdi. U xayol bilan boʻlib, qanday qilib daryo boʻyiga kelib qolganini sezmay qoldi. Oyogʻi uni qanday qilib bu yerga boshlab kelganikin, bir yil oldin, xuddi shunday kunlarda, hamma narsadan umidini uzgan, hayotdan toʻygan paytlardagi yerga kelgan Anvarni uchratgandi. Kim biladi, uni bugun ham uchratib qolarmikin... Uning yuragi birdaniga odatdan tashqari dukurlab urdi. U buning xom xayol ekanligini bilib tursa-da, koʻprik tomonga tez yurib ketdi. Ana, haybatli ulkan koʻprik, zinapoyalar. U koʻprikka qadam qoʻyishi bilan oyoqlari beixtiyor titrab ketdi, bu titroq uning butun vujudiga tarqaldi. U oʻzini qandaydir qudratli kuch changaliga tushganday his qildi. Muzdek panjarani tutib turib, pastda shiddat bilan oqayotgan suvga qaradi. Daryo oʻsha-oʻsha vahimali hayqirib, dahshatli toʻlqinlarini sapchitib oqishda davom etardi.

Yulduz daryoga dahshat ichida tikilib qoldi. Badani jimirlab, tezda boshini orqaga oldi. Biroz narida tor shim, eski katak koʻylak kiygan, sochlari toʻzgʻin, puf desa uchib ketgudek ojiz bir banda unga hayron qarab turardi. U Yulduzning boshini koʻtarganini koʻrib, yakkam-dukkam sargʻish soʻyloq tishlarini tirshaytirib kuldi.
— Men sizni... Men hali sizni oʻzini daryoga tashlamoqchi deb oʻylovdim, — dedi u.

Yulduz serrayib qoldi. U xuddi shu yerda bu soʻzni Anvarga aytgandi. Anvar burilib qarab, hangu mang boʻlib qolgan edi oʻshanda, soʻngra kulimsirab: «Xotirjam boʻling, men oʻzimni halok etmoqchi boʻlsam, hargiz suvga tashlamayman, men suvda suzishga ustaman» degan soʻzlari uning qulogʻi ostida yana bir bor jaranglaganday boʻldi. Taqdiri azalda borini koʻrmay iloj yoʻq. Yulduz oʻshanda aytgan gapini esladi. U anovi odamga nimadir demoqchi buldi-yu, ammo ogʻiz juftlashga ham majoli qolmagan edi. Buning ustiga, shu paytda uningdek bir hamrohning boʻlgani ham baharnav. U koʻprik zinapoyasiga choʻkdi, sumkasini etagiga qoʻyib qoʻydi. Koʻzining qiri bilan qarab, boyagi odamning ham sal narida oʻtirganini kuzatib turdi.

U mungli bir kuyni xirgoyi qila boshladi. Yuragida uning soʻzlarini takrorlardi, qoʻshiq bilan barobar otilib chiqayotgan koʻz yoshlarini toʻxtatishga tirishardi.
— Uyingizdan qochib chiqqanga oʻxshaysiz-a, qizim? — dedi boyagi odam zaif, titroq va hasratli bir ovozda.
— Ha. Siz-chi?
— Men ham shunday. Dunyo keng-u, gʻariblarga tor ekan...

U xuddi bir baland tepalikka kuchanib chiqayotgan motosikldek zerikarli ohangda bir xil gʻingʻillab gapirardi. Yulduz uning qolgan soʻzlarini tushunolmadi. Soʻngra ikkovi ham uzoq vaqt jim qoldi. Yulduz oʻrnidan turib, katta koʻcha tarafga qarab yurdi, haligi odam boshini tizzadan koʻtarib, qizning orqasidan taajjub va afsus bilan qarab qoldi.

Oliya hali ham uyiga qaytib kelmagandi. Kim biladi, qachon qaytib keladi. Yulduz uning qahvaxonada ekanligini biladi, ammo u yerga borishni xohlamasdi. Qorongʻulik esa tobora quyuqlashib borardi. Beshafqat qorongʻulik, hademay oʻzining qora chodirlarini yoyib, yer-jahonni oʻrab oladi. Zamindagi hamma razilliklar, kun nuridan, yorugʻlikdan, oshkoralanishdan qoʻrqadigan barcha jinoyat, shumliklarga jon kiradi, harakatga keladi. Razil odamlar koʻngillarida kiri yoʻq, halol kishilarga oʻxshab, kechalarni shirin uyquda oʻtkazolmaydi. Yulduz gunohkorlik tuygʻusi ichida onasini, singlisini koʻz oldiga keltiradi. Yoʻq, ular ham xotirjam uxlayolmaydilar, uning — Yulduzning sababidan onasi karavotning boshida iyagini tutib oʻtirgancha tinmay uf tortardi.

Eshikning har bir ovozidan umidlanib, koʻchaga necha bor chiqib keladi. Pok, oqkoʻngil singlisining uyqusiga vahima, baxtsizlik soya tashlab turadi.

Nihoyat, koʻcha chiroqlari ham yondi. Yoʻlovchilar siyrak edi.

Toʻsatdan yaqindagi koʻchadan motosikllarning tarillagan ovozi eshitildi. Kecha jimjitligini buzgan bu ovozlar dahshatli quyundek, boʻm-boʻsh asfalt koʻchalarni, kuz kechasining tinch osmonini larzaga keltiradi. Yulduzning yuragi dukillab urib ketdi. Velosipedlik erkaklar uning oldiga kelganda tezlikni sekinlatib, yeb qoʻygudek tikilib qarashardi. Koʻchaning narigi tomonidan hushtak ovozlari quloqqa chalinardi. Gʻalati yasangan, pardoz-andozli ikki ayol unga boshdan-oyoq sinchiklab qarab oʻtib ketishdi.

Yulduz shoshilinch ishi bor odamdek koʻrinishga tirishib, qadamini jadallatdi, koʻzini oldindagi katta yoʻldan uzmay, qayoqqa oshiqayotganini oʻzi ham bilmasdi.

* * *

Yana qahvaxona, xira yonib turgan rangli chiroqlar, har yer-har yerlarda oʻzlarini koʻz-koʻz qilib oʻtirgan qizlar.

Ana Oliya, koʻrinishdan boshqa yurtlikligi bilinib turgan bir erkak uning qoʻllarini qayirib, ogʻziga aroq quymoqchi boʻlardi. Kelishgan yigitlarning oʻrtasida nozlanib oʻtiribdi. Fotima, Anor, Zulfiyalar koʻrinmaydi, ularning oʻrnida oʻrta maktab oʻquvchilariga oʻxshagan birnecha yosh qizlar oʻtirishardi. Yosh boʻla turib qayerda yurgan qizlar ekan bular, bir qoʻlida qadah, yana bir qoʻlida tamaki, erkaklarning koʻziga tikka qarashlarini ayting. Ular orasidagi kiyimlari odmigina, boʻtakoʻz qiz hammasidan soddasi boʻlsa kerak. Qordan qutulib yomgʻirga tutilgan bir shoʻrlikdir. Oʻzi oʻsha yerda oʻtiribdi-yu, xayoli boshqa yerlarda kezardi. Hurkak kiyikdek choʻchib, kimlargadir yolborgandek javdirab qarar, gohida koʻzlari limmo-lim yoshga toʻlib, yigʻlab yuboradigandek koʻrinardi.

Nigora bir tanish odamning yonida oʻtiribdi. U oʻsha odamni ishvali jilmayishlari bilan allaqachon oʻziga maftun aylab boʻlgandi. Bu yerga tez-tez tashrif buyuradigan tungan yigiti bilan nimalarnidir pichirlashib soʻzlashardi. Yulduz u yigitni koʻp koʻrgan, ilgari u qordek oppoq soqoli koʻksiga tushib turadigan yuzi choʻzinchoq, tanqa burunli bir tungan moʻysafid bilan birga kelardi. Keyin qariya koʻrinmay ketdi. Aytishlariga qaraganda, u ichkari oʻlkalarda chet elliklar qoʻnadigan mehmonxonada turarmish...

Yulduz qariyb shishib ketgan qovoqlari ostidan Nigora va uning oldida ma’noli tirjayib turgan tungan yigitga nafrat bilan tikiladi. Ular behad xursand, mamnun. Balki, navbatdagi razil, jinoiy ishlarini bartaraf etganlari uchun shunday shod, masrur boʻlayotgandirlar?

Yulduzning koʻz oldidagi hamma narsa goʻyo qabih tushga oʻxshab koʻrinardi. Yana bir turmush — onasi, singlisi, Anvar, uning kino yulduzi boʻlish toʻgʻrisidagi orzusi, qoʻshiqlari undan tamom yiroqlashgandi. Balki bularning hammasi uning tushidir. Ehtimol, uning peshonasiga shu hayot, mana shunday boʻladi deb yashash azaldan bitilgandir...

Oʻy-xayollarning kuchli girdobi esa unga tinchlik bermasdi. Goʻyo unga oʻzi xohlagan narsasini muhayyo qilganday koʻrinardi. Ba’zida esa shahar tashqarisidagi bir qavatli xilvat hovliga boshlab borardi. Sirtdan qaraganda atrofdagi uylardan farq qilmaydigan bu uyning ichi boshqa bir dunyo edi. Yerga solingan uzun, yumshoq yashil gilamning ustidan yurgan odam oʻzini xuddi quyuq maysazorda yurgandek his qiladi. Deraza oldiga qoʻyilgan, shiftga tegay deb turgan katta akvariumda suzib yurgan qizil, yashil, sariq tilla baliqlar kishiga sirli dengiz osti dunyosini eslatardi. Devorlarga Gollivud kino yulduzlarining kattalashtirilgan suratlari osilgan. Oynali yulduzlardek oʻchib-yonib turgan rangdor chiroqlar orasida shishasi va muhrlari alohida koʻzga tashlanib turadigan chet el aroqlari.

Ba’zan bu yerga Ahmadning talay doʻstlari — egnida chet el paltoli, kelishgan, basavlat yigitlar bilan ajoyib-gʻaroyib, sochlarini boʻyagan pardoz-andozli qizlar kelishardi. Ular keng hamda yumshoq divanda, lipillab turadigan karavotlarga oʻzlarini tashlab yotishib, aroq ichishar, raqs tushishar, diskoteka oʻynashardi, charchagan vaqtlarida epchillik bilan bir-birining bilagiga oq ogʻuni ukol qilishardi-da, yotgani yotgan, oʻtirgani oʻtirgan joyida tush koʻra boshlardilar. Yulduz shular barchasi uchun Ahmaddan qarzdor ekanini bilardi. Ular uning qoʻlidan oladigan vaqtinchalik huzur uchun zoʻr badal toʻlashi kerak edi. Ular Ahmadga topshiradigan pullarda ota-onalarining qon-yoshi, oyoq osti qilingan, toptalgan iffat-nomus, insoniy gʻurur va inson qiyofasidan chiqqan jinoiy qilmishlarning oʻchmas tamgʻasi bor edi. Yulduz ularning ba’zilarining artist, boshqalarining oliygoh talabasi ekanligini ham bilardi, ularning ichida hatto bir posbon ham bor edi.

Muntazam kelib turadigan, holsizligidan zoʻrgʻa qadam tashlab yuradigan bir devonasifat yigit ham bor edi. Ahmadning atrofida itdek aylanib yurar, haydasa ham ketmasdi. Uning oyoqlariga osilib olib, kiyimining peshlarini, hatto oyoqlarini oʻpardi. Nima desa, xoʻp boʻladi, ifoda qilib turadigan chuqur koʻzlariga qaragan kishining yurak-bagʻri ezilib ketardi. Aytishlariga qaraganda, bir necha yil oldin u mana shu shahardagi eng katta savdogarlardan biri boʻlgan ekan. Orom kursida savlat toʻkib oʻtirgan paytlarda doʻkonga kirgan qiz-juvonlar uning atrofidan ketolmay qolarkan. Guvongjudagi satang qiz-juvonlar orasida ham dong taratganlari bor edi, ular yigitni bir-biridan qizgʻanib, giyohvandlik botqogʻiga botirishgan. Topgan bor daromadini aysh-ishratga sarf qilib, ikki yilga qolmay butunlay mirquruq boʻlib qolibdi, boz ustiga qulogʻigacha qarzga botibdi. Toʻrt bolasi bor ekan, xotin-bolalarini oʻylash u yoqda tursin, uyida qoʻlga ilinadigan narsa borki, hammasini olib chiqib sotibdi, ba’zan oʻgʻirlikka ham qoʻl uradigan boʻlibdi...

Bir kuni kechasi Yulduz Ahmaddan soʻrab qoldi:
— Ayting-chi, Ahmad aka, shuncha koʻp odam qanday qilib bunday holga tushib, ishdan chiqib qolayapti, odoyi tamom boʻlayapti?... Oʻsha harom pullar nahotki vijdoningizni qiynab-oʻrtamaydi? Xudodan qoʻrqmaysizmi?
— Eh ahmoq xotin, eh tovuqmiya-ey... agar bilsang, bu dunyoda puldan qudratli narsaning oʻzi yoʻq. Odamni odam qiladigan ham pul, ado qiladigan ham pul. Puling boʻlmasa sen hech kim emassan. Qolaversa nafas olish uchun ham pul kerak. Men nimadan qoʻrqishim kerak ekan? Oʻgʻirlik, talonchilik qilibmanmi? Odamlarni men qidirmayman, ularning oʻzlari meni qidirib kelishadi, hatto oyogʻimga bosh urib, menga sot-sot deb yolborishadi. Shunday boʻlgach, sotmay nima qilardim? Kimdir oʻz ixtiyori bilan oʻlishni xohlasa, men uni bu balodan qanday saqlab qolaman?! Echkida jon qaygʻu boʻlsa, qassobda moy qaygʻu, bu dunyoda pul yagona hukmdor. Davlating boʻlsa, vijdon shudir, nodon xotin.
— Bundan chiqdi, siz uchchiga chiqqan qotil, jallod ekansiz-da? Bu jinoyat, baribir bir kun kelib ochilmay qoʻymas, shunda giriboningizdan olib, boshingizga itning kunini albatta soladi, xuddi qobonni boʻgʻizlaganday, sizni ham jahannamga joʻnatishlariga oz qolgan boʻlsa, ajab emas. Barcha kirdikorlaringiz uchun albatta oʻch olishadi... Tuzogʻinggizga ilinib, nohaq oʻlib ketganlarning arvohlari ham sizni aslo tinch qoʻymaydi!...
— Boʻlmasa eshit, ahmoq, tovuqmiya! Men senga shu gaplaring uchun aytib qoʻyay, ular menga zarracha daxl etish u yoqda tursin, balki qaytanga jonlari boricha meni qoʻriqlaydilar. Negaki, men boʻlmasam ular bir daqiqa ham yashayolmaydilar, ho-ho-ho... Men ularning haqiqiy xudosiman, bildingmi?
— Ayting-chi, bu ogʻu sizda shunchalik koʻpmi?
— Qancha desang topiladi!

U oʻzi sezmagan holda boshi bilan toʻrdagi katta rasmli ramkani koʻrsatdi. Yulduz oʻsha ramkaning orqasida joylashgan maxfiy tokcha borligini bilardi-yu, oʻzini bilmaslikka solardi, ayollargagina xos boʻlgan bir xil sezgirlik unga bu tokchaning nihoyatda muhimligidan darak berardi.

* * *

Yulduz oʻzining homilador boʻlib qolganini sezdi.

U yosh vaqtida onasi bilan mahalladagi ayollarning ogʻzidan qaysidir bebosh qizning toʻy qilmay turib, qorni koʻtarilib qolganligi toʻgʻrisidagi gap-soʻzlarini koʻp eshitgandi. Oʻshandan keyin ancha vaqtgacha Yulduz u qizdan nafratlanib yurgandi, Hatto bir gal oʻsha qiz uni doʻstlarining oldida erkalatib qoʻygani uchun nomusdan yigʻlab yuborgandi. Mana oʻzi undan ham battar holga tushib oʻtiribdi. Oʻsha qizga balkim chin muhabbat, hamma narsani unuttiradigan, kechirtiradigan haqiqiy hissiyot sabab boʻlgandir? Shuning uchun u kishilarning la’nat-nafratiga qaramay, toʻqqiz oy qornida koʻtarib, yaxshi koʻrgan kishisidan yodgor – tirik farzandini yorugʻ dunyoga keltirgan va uzoq yillargacha boshqa turmush qilmay oʻsha farzandini boqib voyaga yetkazgandir? Yulduzniki esa unday emas, qanday qilib unga teng boʻlsin!

Farhod uning homilador boʻlib qolganini eshitib, bulutli osmonday tund boʻlib qolgan. Hammasiga yolgʻiz Yulduz aybdordek, malomatlar uning boshiga yogʻilgandi. Unga ayol doʻxtirlarning qoʻpol muomalalari, dashnomlari, nomus-hayo deganini (unda ham oʻziga yarasha bor-da) bir chetga yigʻishtirib qoʻyib, bir toʻp amaliyotchi doʻxtirlarning oldida boʻgʻizlanadigan qoʻydek behol boʻlib yotishlar unga unchalik ta’sir qilmagandi. Faqat Farhodning oʻziga nafratlanib qarashlari, qovogʻini uyib, tamaki tortib oʻtirishlari zardasini qaynatgandi oʻshanda.

Yulduz Oliyaning uyida oʻn besh kun turdi. Bu muddatda Farhod bir marta ham xabar olmadi. Axir, Farhod bir necha oy u bilan birga yashagan edi-ku. Ayniqsa, bir kelib ketishini, bir ogʻiz gap bilan boʻlsa-da, hol-ahvol soʻrab qoʻyishini umid qilgandi. U, odamzotning bunchalik hissiyotsiz, toshbagʻir boʻlishi mumkinligini sira tasavvur etolmasdi. Odam deganda bir fursat turgan shahar, yotib-turgan uy, hatto ishlatilgan buyumlarga nisbatan ham hissiyot boʻladi-ku, axir...
— Men bir gap eshitdim, biroq sen koʻnglingga olma, — dedi Oliya unga bir kuni, — Farhod allaqachon birovni topib olibdi. Boshqalarning aytishicha, oʻn besh-oʻn olti yoshlardagi qiz emish, ammo juda chiroyli deyishadi. Albatta, bizga oʻxshagan peshonasi shoʻrlarning taqdiri bir xil dugonajon, shoshmay tur, hali oʻsha qiz bolani ham koʻramiz...
— Endi uyingga ham qaytolmaysan, — dedi birozdan keyin yana, — muhtojlik yomon narsa, sen bilan bizning qoʻlimizdan nima ham kelardi. Boshqa ishga ham chidamaymiz. Axir biz ichamiz, chekamiz, undan ayrilsak hayot kechirolmaymiz. Oʻylab qarasam, binoyidek husnimizning borida ozmi-koʻpmi pul topsak, uncha-muncha dastmoya toʻplasak, keyinroq biror ish qilishimizga yararmidi, qariganda momo boʻlib besh vaqt nomozimizni oʻqib oʻtiraverardik.

Yulduz yaqindan buyon tanib boʻlmaydigan darajada oʻzgarib ketayotgan Oliyaga xuddi endi koʻrib turgandek sinchkov qaradi. Dugonasi koʻzgu roʻparasida oʻtirib pardoz-andoz qilardi. Uning qovoqlariga, lablariga surtayotgani hozir Ovrupada rasm boʻlayotgan kumushrang boʻyoq edi. Guongjuda uning bir qutisi falon yuandan sotilarmish. Anavi Fransiya atiri ham ikki yuz yuandan kam emas. Uning egniga kiyib olgani ham moda kiyim doʻkonlarida-da topilmaydigan chet el mollaridan edi. Boʻynidagi oltin zanjirli tumor, qoʻllaridagi qoʻsh-qoʻsh uzuklar-chi, asil uy jihozlari, rangli televizor. Oʻgay otasidan esa unga qolgani faqat quruq toʻrt devorning oʻzi edi. Qizlar Nigorani hammadan boy deyishardi. Ularning aytishicha, uning Urumchida katta bir doʻkoni boʻlib, uni akasi boshqararmish. Nigoraning boy boʻlishi, albatta, turgan gap. Qahvaxonada xaridorlarga biror qizni tanishtirib qoʻygani uchungina ulardan yuz yuan undirardi. Bundan tashqari, uning Ahmadlar bilan sheriklashib qiladigan talay maxfiy savdolari ham bor. Tunganlardan, pokistonliklardan sotib oladigan «oq ogʻu»ni ham Nigora maydalab, qizlarga, oʻzlari birga boʻlgan xaridorlarga sotadi, ularning asosiy kirimi shundan keladi. Oliya, Goʻzal, Zulfiyalarning yaqindan buyon boshqacha qadam tashlashining sababi ham shunda edi. Ilgari ular Nigora, Ahmadlarga qarshilik ham qilardi, ba’zida millat, vatan haqidagi gaplarni ham gapirishardi. Hozir pul, «oq ogʻu»dan boshqa gap boʻlmay qoldi. Oliya Yulduzning bir vaqtlardagi yaqin doʻsti uni aldab olib chiqib, Ahmadlarga tutib bermadimi? (U garchi buning Ahmadlarning hiylasi ekanligini illo-billo bilmagandim, deb turib olgan boʻlsa-da), bugun Yulduzni oʻzlari yurgan yoʻldan yurishga undashmoqda. Bu gapni Nigora ham bir necha marta yuziga solgan edi. Ularning gaplarining tagida: «Oʻzingni har qancha aybsiz chogʻlaganing bilan, boshqalarning nazarida sen ham biz kabi bir buzuq ayolsan, xolos. Sening bizga ergashishdan oʻzga chorang yoʻq», degan ma’no bor edi.

* * *

Yulduzni qoʻshiq ovozi uygʻotib yubordi. Uning boshi toshdek ogʻir edi, ikki chakkasi loʻqillab ogʻrirdi. U koʻzini ochib, hayron boʻlib atrofga nazar soldi. Oynasi kirlab ketgan kichkina deraza, devor ostiga qoʻyilgan qoʻpol koʻk barkash... Uning ustida yegandan ortib qolgan tovuq goʻshti, kabob, yupqalar, boʻshatilgan aroq shishalari sochilib yotardi... Uning yonida bir erkak uyquni urardi.

Yulduz oʻzining bu odam bilan kecha kechqurun qahvaxonada koʻrishganini, unga ergashib bu chekka mehmonxonaga kelganini zoʻrgʻa esladi.

Tong mahali qoʻshni xonada birov magnitofon qoʻymoqda edi. Yo erkakcha emas, yo ayolcha emas bir ovoz:

Ketarman-a, ketarman-a,

Bu olamdan oʻtarman-a

Harqancha yomon boʻlsam-da,

Koʻzingdan yitarmana.

Ketarman-a, ketarman-a,

U olamga ketarman-a.

Qoʻshiqning soʻzlari Yulduzga ma’sum dilkash tuyuldi. — Aslida, chindan ham u dunyoga ketadigan odam sira oʻzini oʻladi deb oʻylamaydi.

U pishillab uxlab yotgan kishini uygʻotib yubormaslik uchun karavotdan asta turib, oʻrindiq suyanchigʻiga tashlab qoʻyilgan kiyimlarini apil-tapil kiya boshladi. U odam uygʻonib, oqshomdagi ishlarni eslab: «Qizaloq, haligi ishni men bekor qilibman, pulimni qaytarib ber» deb qolishidan, oʻzining uning koʻzlariga qarab azoblanishidan, pushaymon qilishidan oldinroq bu yerdan juftakni rostlab qolishni oʻylardi. Shu topda uning yonida rosa besh ming yuan bor edi. U endi xatoga yoʻl qoʻymasligi, juda koʻp badal evaziga kelgan bunday qulay fursatni qoʻldan chiqarmasligi kerak. Biroq... U, kaftlariga yuzini qoʻyib bir xil pishillab uxlayotgan, turqidan xursandlik aks etib turgan odamga qarab oʻzicha sal ikkilanib qoldi.

Kechqurun ikkovlon yotoqxonada talay vaqtgacha yeb-ichib oʻtirishgandi. U Yulduzga oʻzining chet bir tumandan kelgan mol sotib oluvchi ekanligini, xizmatining ogʻirligi, xotiniga koʻngli yoʻqligi toʻgʻrisida gapirgandi. Uning soʻzlarini eslarkan, Yulduz miyigʻida kulib qoʻydi. U har qanday er kishining boshqa bir ayol bilan uchrashganda tezda ayoliga koʻngli yoʻqligini aytishligini bilardi. U, Yolqinning ayoli borligidan xabar topgan kuni, Yolqin ham unga: «Men xotinimni qilcha yaxshi koʻrmasam nima qilay? Muhabbatsiz turmush, turmushmi?» degandi. Oʻshanda bir gʻoyibiy ovoz unga shunday derdi: «Sen xohlaysanmi-yoʻqmi, buning ahamiyati yoʻq. Bu dunyoda eng qudratli narsa — pul, koʻrmayapsanmi? Pul —haqiqat demakdir. Hamma narsaning hukmdori — pul! Sen unga ming jon kuydirib haqiqatdan gap ochganing bilan uning qulogʻiga kirmaydi, pulni koʻrsatsang, buni chinakam «haqiqat» deydi. Puling boʻlsa soyangga salom beradilar, oldingda tiz bukib, oyoqlaringni oʻpadilar. Puling boʻlmasa, sen hech kim emassan, odamlar senga qilcha rahm-shafqat qilmaydilar, balki oyoqosti qilib, battar ezadilar. Axir, bu hayotdan, odamlardan ozmuncha xoʻrlik koʻrdingmi? Koʻz yoshlaring daryo boʻldi, senga yordamga qoʻl choʻzgan, holingga yetgan odam boʻldimi? Pulning kuchi shunchalik qudratliki, uning oldidan hech kim koʻndalang oʻtolgan emas!...»

Erkak bir agʻdarilib, gʻudrandi va oʻzicha allanimalar degandek boʻldi-da, yana zum oʻtmay xurrak ota boshladi. Yulduzning choʻntagida oqshom oʻsha odam mastlikda bergan besh ming yuan bor edi. U oyoq uchida yurib borib eshikni ochdi. Ayvon kimsasiz, jimjit edi. Faqat magnitofon ovozi eshitilib turardi, ammo bu safargisi Yulduz ilgari eshitmagan yangi qoʻshiq edi.

* * *

Yulduz oldingi kechasi birga boʻlgan turkiyalik muhojir yigitni kutib oʻtirardi. Turkcha bilan uygʻurchani aralashtirib soʻzlaydigan, odobli, juda saxovatli bu yigit Ahmadlarning e’tiborli mehmoni edi. Oldingi kuni peshin mahalida u cheti temir qoplamali chiroyli kichik jomadonni koʻtarib qahvaxonaga kirib kelganida Ahmad bilan Nigora girdikapalak boʻlishdi, bir zumda Farhodni ham chaqirib kelishdi. Biroq, turkiyalik yigit ularning hech qaysisiga nazarini tashlab ham qoʻymadi, bir burchakda oʻtirgan Yulduzni koʻrib hang-mang boʻlgandek unga tikilib qoldi. Ikkinchi qavatga chiqib, Ahmadlar bilan ishni bitirib qaytib tushiboq toʻgʻri Yulduzning oldiga kelib:
— Xonim, men bilan birga qahva ichishni xohlaysizmi? — deb soʻradi.

Nigora uning orqasidan paypaslab kelib:
— Bu kishi turkiyalik aziz mehmonimiz Tursun afandi boʻladilar. Tursun afandi, koʻzingiz ham bor ekan-da, Yulduz xonim shahrimizdagi goʻzallarning gultojisi, u bilan birga boʻlsangiz, kunlaringiz ham juda koʻngilli oʻtishiga shubha yoʻq, — dedi.

Oʻsha tunda Tursun afandi Yulduzning yuzini kaftlari orasiga olib, koʻzlariga uzoqdan-uzoq tikildi, goʻyo oʻziga-oʻzi gapirayotgandek:
— Ollohning moʻ‘jizalariga hayronman, Yulduz xonim. Siz mening ilgarigi ayolim Sojidaga quyib qoʻygandek oʻxshar ekansiz, u olamdan oʻtgandan buyon dunyo koʻzimga qorogʻi boʻlib qolgandi, bugun sizni koʻrib xuddi qalbimdagi oʻchgan umid yulduzimni qayta topgandek boʻlayapman, — degandi.

Tursun afandi Yulduz uchun ham xuddi shunday umid yulduzi boʻlib koʻrinardi. Uning yordamida chet ellarga safar qilishni juda orzu qilardi.

Qahvaxonaning toʻriga osilgan soat oʻn ikkiga zang urdi. Yulduz bezovtalanib, hadeb eshik tomonga qarardi. Kelishgan, boy-badavalat, badiiy asarlarda tasvirlanadigan risoladigek yigit ekan. Hademay yoniga: «Kechiring xonim, sizni uzoq kuttirib qoʻydim-a», — deb kelishiga muntazir edi.

Qahvaxona eshigi ochildi. Oʻzlari bilan sovuqqina havoni olib, bir qiz bilan yigit kirib keldi. Yulduz bagʻoyat yasanib olgan Farhodni darrov tanidi. Nigohini tezda undan olib, yonidagi qizga tikildi. U kim boʻlsa? Rostdan ham yosh qiz, biroq pardozni sal me’yoridan oshirib yuborgandi. Oʻzi tanishdek koʻrinardi. Ular biroz nariga borib oʻtirmoqchi boʻlishdi. Qiz oq rang tulki yoqali qizil paltosini yechgan edi, quyuq qop-qora sochlari osilib tushdi. Qizning uzun ipak koʻylagiga qarab Yulduzning yuragi shigʻ etganday boʻldi. Bu uning boyagi koʻylagi-ku! Uydan chiqayotib olishga ulgurolmagandi...

Bir vaqt qiz shu yoqqa qaradi. Ularning koʻzlari toʻqnashdi. Yulduzning roʻparasida oʻzining jonday singlisi Qunduz turardi! Ha-ha, boshqa hech kim emas, aynan oʻzining singlisi Qunduz edi...

Yulduzning koʻz oldi qorongʻulashib, agʻdarilib tushayotgandek tuyuldi. Bir necha soniyagacha uning koʻngil oynasida qorongʻu zulmat, tubsiz boʻshliq hukm surdi. Soʻngra televizor ekraniga oʻxshash har xil ranglar lipillay, chaqnay boshladi. Xayoliga faqat bir narsa: Qunduzni oʻsha tim-qora sochlaridan tutib, sudrab uyga olib ketish edi. Lekin unday qilolmaydi. Uning yuzi boʻzdek oqarib, terga botdi, oyoq-qoʻlini qimirlatishga, hatto ogʻiz ochishga ham madori qolmagandi.

* * *

Yulduzning dili vayron, zigʻircha halovat yoʻq. Soʻnggi umidi ham chippakka chiqdi. Qulogʻi ostidan esa singlisining ayanchli ovozi ketmasdi. Bu ovoz kechalari uyqusini buzib, yotgan yeridan turgʻazib yuborar, esidan ozgan kishidek u yoqdan-bu yoqqa yurgizar edi, ichini qon-zardobga toʻldirardi.
— Ey jonim opajon, meni bu yerdan haydamang! Men bu yerdan ketsam, anavi... tamakidan ayrilsam, oʻlaman, jon opajon. Men bu yerga ilojim yoʻqligidan keldim. Qanday oʻrganding, bu yerni qanday qilib topding, deb soʻraydigan boʻlsangiz, oppoq yuzli qizlardek yasanib yuradigan bir ayol bir kuni bizni uyiga boshlab bordi. Uning akalari, onalari, xullas, butun oila oʻshanga kashanda ekan, bizni ham oʻrgatishdi. Keyin, chekmasam turolmaydigan boʻlib qoldim. Ulardan soʻrasam, oʻzing topib chek, deb bermaydigan boʻlishdi. Chidamay yolborsam, akasi... Men bilan bir necha kunga koʻnsang soʻngra... dedi, oʻzga ilojim qolmagandi... jon opajon, koʻnishga majbur boʻldim. Keyin u ichkari oʻlkaga ketdi. Ketar chogʻida meni Farhod bilan tanishtirib qoʻydi. Jonim opajon, endi men bilan ishingiz boʻlmasligi kerak, aks holda oʻzimni oʻzim nobud qilaman, bir yoʻla bu dunyodan kutulaman. Bizning qismatimiz shu ekan...

Keyingi kunlarda Farhod bilan Qunduz qahvaxonada qorasini koʻrsatmaydigan boʻlib qolishdi. Ammo, u ularning haligi uyda ekanligini bilardi. Hushyor vaqtlarida singlisini ularning qoʻlidan qutqarish, Farhoddan oʻch olish rejasini tuzardi.

Bir kuni qahvaxonaga asil palto, shlyapa kiygan, qimmatbaho ixcham jomadan koʻtarib olgan ikki yosh yigit kirib keldi. Yulduz, ularning Ahmadga: «Oq tamaki bormi? Qancha boʻlsa sotib olardik», deganini eshitib qoldi. Birining soʻl chakkasida joʻxori donasidek qora xoli bor edi. Ahmad ularga ishonqiramadi: «Nima u, oq tamaki degani? Qanaqa narsa oʻzi? Agar sizlarda boʻlsa, bizlarga koʻrsatinglar?» deya yoʻl qildi.

Bir necha kundan keyin, janubiy shinjonglik savdogarlarga oʻxshab ketadigan, soqollari oʻsiq bir erkak kirib keldi U Ahmad bilan gaplashayotganda, Nigora oʻtirganlarning oldiga kelib: «Qoʻlingizdagi tamakilarni yashiringlar!» deb shipshidi.

Yulduz darrov boshini koʻtarib, kelgan kishiga qaradi, qaradi-yu, seskanib ketdi. U odamning soʻl chakkasidagi joʻxori donidek keladigan qora xolni u oʻtgan kuni kirgan olifta kishida ham koʻrgandi-ku! Shunchalik ham oʻxshab ketishi mumkinmi odam? Yoʻq, yoʻq, bunchalik emas. Buning ustiga, qosh-koʻzlari ham oʻsha... Demak.... demak...

Yulduzning yuragi dukillab ura boshladi. U qoʻllari titrayotganini sezdirib qoʻymaslik uchun paltosini quchoqlab koʻtarib, tashqariga yoʻl oldi.
— Xali erta-ku, qayerga? — ajablanib soʻradi Nigora.
— Chiqib, havo olib kelay.

U nariroqqa borib, katta koʻchaning qorongʻi muyulishida kuta boshladi. Sovuqdan, qoʻrquvdan, hayajondan dir-dir titrab, tishlari takirlab ketayotgandi. Huv narida, qalin muz qoplagan yuvundi oʻrasi atrofida katta bir it aylanib yurardi, u goʻyo Yulduzning gʻalati bir ish qilmoqchi boʻlganini sezgandek, boshini koʻtarib unga shubha bilan qarab-qarab qoʻyardi.

Olisdan soqolli kishining qorasi koʻrindi. Yaqinga kelgach, Yulduzga zimdan tikilib qaradi. Yulduz gapirmoqchi boʻlib lablarini juftladi-yu, tishlari takirlab, ogʻzidan gap chiqmay qoldi. Soʻng baqirmoqchi boʻlgandek, kuchanib ogʻzini katta ochdi. Biroq, ovozining shunchalar zaif, titrab chiqayotganiga hayron qoldi.
— Toʻxtang, toʻxtab turing... siz qidirgan narsaning... qayerdaligini men bilaman...

Erkak taqqa toʻxtadi. Yulduz titroq ovozda, unga soʻzlar edi. Soʻzlari sira qovushmasdi. Shunday titragan va tishlari takirlagan koʻyi u haligi kishini qorongʻu koʻchalardan biriga boshladi. Sirtdan qaraganda oddiy, kulbanamo koʻrinadigan haligi uyga boshlab bordi.

Soqolli odam unga: «Men bilan qayting, hayotingiz xavf ostida, biz sizni himoya qilamiz», dedi, biroq Yulduz koʻnmadi. Kishi oʻsha uyning atrofida ancha vaqtgacha aylanib yurdi. Ikki soatlardan keyin bu uyni bir toʻp politsiyachilar qurshab oldi. Ular Farhod, uning sheriklari va Qunduzning qoʻliga kishan solib, olib ketdilar.

Yulduz eshik oldida uzoq oʻtirdi. Shu topda yovuzlik ildiz otgan qahvaxonaning ham kuni bitganday koʻrinardi. Endi uning boradigan boshqa yeri qolmadi. Biroq uyi, onasi bor edi-ku? U uyiga qaytib borgisi kelmadi. Yoʻq, nima deb qaytadi? Oʻzimning xatolarim yetmaganday, ortimdan ergashtirib gulday singlimni ham botqoqqa botirdim deydimi? Onasi uni tushunarmikin? Kechirarmikin? Endi Oliyam ham yoʻq, soqchilar uni ham tutib ketishdi. Ammo Yulduzning koʻngli dovul oldidan hukm suruvchi vaqtinchalik sukunatday beixtiyor tinchlanib qoldi. Uning uzoq vaqtlardan buyon roʻyobga chiqmagan orzusi ushalib, nihoyat oʻzini ilk marta emin-erkin his eta boshlaganday koʻrinardi.

Yulduz turli-tuman oʻy-xayollar bilan boʻlib, oʻz uyi oldiga qanday kelib qolganini ham bilmadi. Ana, roʻparada u va singlisi tugʻilib voyaga yetgan qadrdon goʻshasi. Otasining ruhi kezib yurgan bu uy unga har qachongidan ham xaroba, miskin koʻrinib ketdi. Bechora onaizor ikki farzandni katta qilaman deb ne-ne mashaqqatlar chekmadi? Onaning bu riyozatlari evaziga qizlaridan ne roʻshnolik koʻrdi? Hurmat, yaxshi gap anqoning urugʻiga aylandi. Azob, xoʻrlik, haqorat nasibasi boʻldi. Kim bilsin, hozir dard-alamlar va koʻz yoshiga gʻarq boʻlgancha uxlayotgandir...

Yulduz achchiq yoshini ichiga yutdi-yu, uyiga kirishga yuragi betlamay, toʻgʻri yurib oʻtib ketdi. Qayerga ketayapti? Yana daryo boʻyigami? U yerda nima qiladi? U joniga qasd qilishni istamaydi. Hayotini boshqatdan boshlaydi, singlisini oqlab, erkinlikka olib chiqadi, uyiga qaytadi. U yana daryo boʻyiga qarab yoʻl olmoqda. U yer uning eng goʻzal xotiralari bilan bogʻlangan. Daryo qirgʻoqlarini bir qavat muz qoplagandi. Ammo uning oyoqlaridan a’zoyi badaniga tarqalayotgan gʻayritabiiy bir tuygʻu muz ostidagi toʻxtovsiz ulugʻ harakatdan darak berib turardi.

Olisdan motosikllarning ovozi eshitildi. Shundagina u boshini koʻtarib qor yogʻayotganini payqadi. Sal ilgari uchqunlab yogʻa boshlagan qor atrofni yaxshigina oqartirishga ulgurgandi. U paltosiga mahkam oʻranib, pagʻa-pagʻa yogʻayotgan qor uchqunlarini tomosha qilib turdi. Qor uchqunlari uning sochlariga, qosh-kipriklariga, yelkasiga qoʻnardi. U qimir etmasdi, kiprik ham qoqmasdi. Shu alpozda tosh haykalga oʻxshardi.

Motosikllarning ovozi borgan sari yaqinlashib kelayotganiga qaramay, Yulduz oʻsha-oʻsha turgan joyidan qimir etmadi. Motosiklchilar kelib, Yulduzga yaqin joyda toʻxtashdi va boshlaridagi qalpoqlarini olib, uch erkak unga tomon bostirib kela boshladi. Yulduz ulardan qilcha qoʻrqmadi. Yulduz ularning aftlarini aniq koʻrdi...

... Qor tinimsiz lopillab yogʻishda davom etardi...

* * *

Bu yil qish qattiq kelib, haqiqatan ham koʻp qor yogʻdi.

Ikki kecha-kunduz toʻxtamay yoqqan qor xuddi qalin oq momiq toʻshakdek yer-jahonni qopladi. Qor talay narsalarni oʻz bagʻriga yashirgandi. Ayniqsa, koʻrimsiz, past-baland tor koʻchalar birdaniga tozalanib, kengayib, goʻzallashib qolgandek tuyulardi. Aslida, buncha koʻp qor bu koʻchalardagi oilalar uchun ortiqcha mashaqqat, ovorgarchilikdan oʻzga narsa emasdi. Qolaversa, tor koʻchalar, hovlilar qor-muz uyumlaridan battar torayib ketgandi.

Saharlab uygʻongan Gulsumxon aya bir tishlam non bilan oʻzini zoʻrlab nonushta qildi, hovlini, eshik oldini baholi qudrat supurib-sidirdi. Xokandoz bilan supurgini koʻmirxonaga olib kirib qoʻyib, devor oʻchogʻning yonida choʻzilgan koʻyi oʻyga choʻmdi. Uning ahvoli kundan-kunga battarlashib borardi. Ozgina ish qilsa, yuragi sanchib, oyoq-qoʻlida jon qolmasdi. Shunga yarasha, uylarning devorlaridan tuproq toʻkilib, tomning u yer-bu yeridan chakki oʻtadigan boʻlib qolgandi. Bularni amallashga, tomga chiqib, chakka oʻtayotgan yerlarni berkitishga uning majoli yetmasdi. Rahmatli umr yoʻldoshi boʻlganda edi, uylarni necha martalab tuzatib qoʻygan, tomdagi qorlar ham vaqtida kuralib turgan boʻlardi. Qizlari ham bugungiday holga tushib qolmasdi...

Gulsumxon aya kechasi bilan yomon tush koʻrib, yuragi gʻash boʻlib chiqdi. Yulduz uzun, oppoq koʻylak kiyib oʻzi yolgʻiz oʻyinga tushib yurganmish, rahmatli eri mashinam buzilib qolib, yarim yoʻldan qaytib keldim, deb uyga kirib ketayotganmish, xotinidan ranjib, qizlarimni senga topshirgandim, qani qizlarim? Sen ularni nima qilding? — deb soʻrayotganmish...

Shu topda qizlari qayerda boʻlsa? Qanday kun koʻrishayotganikin... Nima uchun uning qizlari bunday shoʻrpeshona boʻlib qolishdi? Gulsumxon aya ularni och-nahor qolmasin, otasizligi bilinmasin deb kechani tonglarga ulab, bellari uzilgudek mehnat qilgandi-ku, axir?! Oʻsha ikkovini odam qilib qatorga qoʻshishdan boshqasini oʻylamagandi-ku? Ajab, u biror ishda xatoga yoʻl qoʻydimi, yoki onalik burchini toʻliq bajara olmadimi?..

Bir vaqt hovli eshigi taqilladi, u erinchoqlik bilan oʻrnidan turdi. Eshikning oldiga kelib, bosiq ohangda: «Kim?» deb tovush qildi. Eshik ochilib, «Gulsumxon aya, bu men — Anvar!» degan javobni eshitdi-yu, tipirchilab, nima qilishini bilmay qoldi.
— Assalomu alaykum, aya. Yaxshimisiz, bir yoʻqlab keluvdim.
— Va-alaykum assalom, bolam, — dedi Gulsumxon aya Anvarni zoʻrgʻa tanib. U ilgarigi Anvarga oʻxshamasdi, ozib, bir hol boʻlib qolibdi, buni koʻrib, ayaning ichi achidi. Lekin sir boy bermay, muloyimlik bilan:
— Koʻpdan buyon koʻrinmay qoldingiz, biror yerga borib keldingiz-mi, bolam? — deb koʻngil soʻradi, xolos.
— Bir necha oydan buyon... ichkari oʻlkalarda boʻldim. Inim shu yoqlarga ketib, darak solmay qoʻygandi. Topib, olib kelay deb borgandim... qaytarib kelolmay... Oʻsha yot yurtlarda, dengiz boʻyiga koʻmib...

U toʻliqib, ortiq gapirolmadi, boshini quyi solib, koʻz yoshlarini yashirmoqchi boʻldi.
— Voy tavba, nimalar deyapsiz, bolam? Shunday ishlar ham boʻldimi? Qanday qilib?...
— Inim ikki doʻsti bilan bir «xoʻjayin»ga yollanib ichkariga boribdi. «Xoʻjayin»ning qoʻl ostida yigirma-oʻttizga yaqin «shogird» bolalar bor ekan. Ular hammasining kasbi-kori oʻgʻrilik qilib, topgan pulining koʻp qismini «xoʻjayin»ga topshirishdan iborat ekan. «Xoʻjayin» ularni qimorga solib, giyohvandlikka oʻrgatib, qarzga botirib, soʻng xohlagancha ishga solarkan. Mening inim oʻsha oq ogʻuga mubtalo ekan. Shundan koʻp qarzga botibdi. Kunlarning birida xoʻjayinning puli yoʻqolibdi. Xoʻjayin buni inimdan gumon qilib, odam boshlab kelib, uni tutib beribdi. Osib qoʻyib... Badaniga pichoq tiqib, qattiq qiynabdi... Men borsam bir eski uyda: «Pulni men olmadim, ishoninglar menga, meni urmanglar» deb baqirib, alahlab yotgan ekan, meni tanimadi ham. Doʻxtirxonaga olib ketayotib... yoʻlda...

Gulsumxon aya chidab turolmadi, hoʻngrab yigʻlab yubordi.
— Voy boyaqish-a, mening qizlarim qayerda, kimlarning qoʻlida xor-zor boʻlib yurganikin? Qanday yashayotganikan-a...

Anvar tezda boshini koʻtarib, Gulsumxon ayaga tikilib qoldi.
— Nima dedingiz, aya? Yulduz... Opa-singillar bir yoqqa ketishganmidi?
— Sizning ham dardingiz menikidan kam emas ekan, bolam, sizdan nimani ham yashirardim. Yulduz ham, Qunduz ham uydan chiqib ketgan. Ancha oy boʻlib qoldi. Bir xillar ularni qahvaxonalarda, yomon odamlar bilan koʻribdi. Nochor jonim bilan men ularni qayerdan ham izlayman. Topganimda ham qaytarib olib kelolamanmi? Mening holimni koʻrib turibsiz, oʻsha ikkovining dardida adoi tamom boʻldim. Ularni endi koʻrolmay, bir kechada Tangriga omonatini topshirsam nima boʻladi deb qoʻrqaman, jonim bolam?!!..

* * *

Oradan ikki hafta oʻtib, Anvar bu mahallaga yana bir kelganida Gulsumxon ayaning qoʻshnilari unga bir necha kun ilgari kampirning toʻsatdan joni uzilganini, unga jamoat ega boʻlib, tuproqqa qoʻyib kelganini gapirib berishdi. Anvar Gulsumxon ayaga qizlarining daragini — Yulduzning beiz yoʻqolib ketganini, Qunduzning esa axloq tuzatish koloniyasiga yuborilganini aytmoqchi edi... Anvar devorlari choʻkib, mungʻayib qolgan gʻaribgina hovliga soʻng bor bir necha daqiqa qarab turdi. Hali yozdagina anavi deraza doimo ochiq turardi. U yerdan kiyim tikish mashinasining shiqirlagan ovozi uzilmasdi. Gulsumxon aya bilan Yulduz oʻsha kichik uyda oʻtirib tikuvchilik qilishardi. Yana bir uydan Qunduz, uning doʻstlarining shod-xurram kulgilari, ashulalari eshitilib turardi. Bir necha oy ichidayoq hamma narsa barbod topdi. Bir uydagi uch jonning biri oʻldi, biri yoʻqoldi, hayot qolgan biri esa qamalib ketdi.

Dunyoda nima uchun bunday baxtsizliklar yuz beradi? Yulduz bilan Qunduzlarning hamma qatori baxtli hayot kechirishlari mumkin emasmidi? Inisi ham oliygohlarda oʻqishi, uzoq yillar yashashi mumkin edi-ku! Yana u ichkari begona oʻlkalardagi, qahvaxonalarda, kinoteatrlarda, mehmonxonalarning atroflarida, xilvat koʻchalarda tentirab yurgan yoshlarni ham koʻrdi. Axir ularning ayni oʻqib, kasb-hunar egalari, jamiyatning munosib kishilari boʻlib yetishishlari mumkin edi-ku!!!..

Anvarning mushtlari qattiq tugildi. U shu tobda ovozining boricha baqirgisi, dod solib yigʻlagisi, inson haq-huquqini himoya qilish idoralarining mahkam yopiq eshiklarini tepib ochib, u yerdagilarga dilidagi dardu alamlarini bitta qoʻymay toʻkib solgisi keldi.

Har kuni orzu-umidlarga toʻlgan yangi tong otadi. Kechga borib bu orzu-umidlar xayoliy soyadek gʻoyib boʻla boshlaydi. Yana noxush tushlarning adogʻi yoʻqdek tuyuladi. Ammo ufkdan taralgan shafaq yogʻdusida tumanday tarqab ketadi.

Umid bilan toʻlgan kunlar, adogʻi yoʻq vahimali kechalardan talaylari oʻtib ketdi. Anvarning qalbidagi umid uchqunlari soʻnmadi. U yoʻldan adashganlar, oqibatini oʻylamay, boshi berk koʻchalarga kirib qolganlarni tutib olib ketadigan idoralarga, doʻxtirxonalarga, ayollarga boradigan gumonli yerlarga bordi. Hech qayerdan Yulduzning daragi chiqmadi. Oʻz vaqtida u Yulduz bilan koʻrishmay ketib qolmaganda, juda boʻlmaganda, ichkari oʻlkaga borib, biror enlik xat yozib yuborganda ham boʻlardi, ammo... u vaqtlarda uning oʻzi ham qaygʻu-hasratdan boshini koʻtarolmay qolgandi. Shunday boʻlsa-da, Yulduzni qidirib topgisi, unga koʻp gaplarni aytgisi kelardi.

Biroq, Yulduz... qayerlarda yurganikin? Gulsumxon aya aytgandek, kimlargadir sargʻayib, kimlargadir xoʻrlanib yurganmikin?.. Anvar paltosining yoqasini qayirib, biroz shumshaygan holda jadal yurib ketdi...

... Yana qor yogʻa boshladi. Anvarning qalbida bir parcha umidli choʻgʻ yonishda davom etardi. U inisini, sochlarini bir oʻram qilib orqasiga tashlab yuradigan, bolaligi hali dimogʻidan koʻtarilmagan ikki yanogʻi yosh bilan hoʻllangan Qunduzni ham koʻp oʻyladi. U Qunduzni tashlab qoʻymaslik, qanday qilib boʻlsa-da, uni oʻz opasiga oʻxshash oqibatdan saqlab qolish kerak, degan qat’iy qarorga keldi. Biroq bunga kuchi yetarmikin? Farhod qoʻlga olinib, oʻn kun keyinroq «gunohsiz» deb qoʻyib yuborildi. Nigora zoʻrgʻa bir yillik majburiy axloq tuzatish koloniyasiga hukm qilindi. Ammo u yerda «xulqi yaxshi» deb, mehnatdan ozod etilib, issiqqina xonada oʻtirib, derazadan qarab turuvchi nazoratchi boʻlibdi. Bundaylar tegirmondan ham butun chiqadilar. Jamiyatda xali koʻplab «Nigora», «Ahmad», «Farhod»lar bor. Ularning tirgovichlari bor...

Biroq, ularga qarshi turadiganlar, ulardan nafratlanadiganlar, ularga astoydil qarshi turib kurashadiganlar yanada koʻp, ularning jamiyatga keltirayotgan hisobsiz zararlarini anglab yetguncha butun jamiyat, barcha insoniyat qoʻzgʻalib, safga otlanadigan kunlar keladi hali...

U nimanidir qidirgandek, nimanidir kutayotgandek, qor uchqunlari bilan toʻlgan poyonsiz boʻshliqqa nigoh tashladi.

Qor hech tinadigan emasdi...