OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Xoliyor Safarov. Atirgul (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXoliyor Safarov
Asar nomiAtirgul (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Xoliyor Safarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Atirgul (hikoya)
Xoliyor Safarov

Malik aka choʻchib uygʻondi. Boshini koʻtarib, yonginasida pishillab uxlab yotgan oʻgʻilchasiga qaradi. U oʻgʻlining tepkilab surib tashlagan koʻrpasini yelkasiga tortib qoʻydi-da, xomuza tortdi. Mudroq koʻzlarini uqaladi va deraza tomon nigoh tashladi. Hali tong qorongʻu. Bir-ikkita mashinaning gʻir-gʻirini aytmasa, koʻcha sokin, tonggacha hali ancha bor.

Ota uzalib, koʻzlarini eshikka qadagancha narigi xonaga quloq soldi. Jimjitlik. U yerda xotini bosh miyasida paydo boʻlgan shish tufayli shifoxonaga tushib qolgach, kelib roʻzgʻorga qarashib turgan toʻqqizinchida oʻqiydigan singlisi Sarvigul uning ikki qiziga qarayotibdi. Sarvigul bir haftadan beri maktabiga ham borgani yoʻq: ovqatga, kir-chirga qarashib yuribdi. Jigarlarning boriga shukr, shunday paytda yolgʻizlatib qoʻymaydi...

Tong otsa, uchinchi kun: Farida reanimatsiyada yotibdi. Hanuzgacha hushiga kelgani yoʻq...

— Yo, tavba... — koʻzlarini shiftga qadadi Malik aka. «Nahotki ikki kundan beri hushiga kelmasa-ya?.."

U ezgin xayollarning ming bir koʻchasiga kirib chiqdi. Koʻz oldiga bolalari keldi va qoʻrqib ketdi... Pastki labini tishlab bir zum qotib turdi, boshi tagida chatishib turgan qoʻllari uvishganini sezgach sekin yoniga agʻdarildi. Xuddi gaplarini eshitadigandek miriqib uxlab yotgan oʻgʻliga soʻzlandi:
— Oying albatta keladi...

Turib derazani ochdi. U har doim shunday qiladi: ertalab joyidan qoʻzgʻalishi bilan derazani ochadi. Necha marta bu qimmatga tushib, bolalari shamollab qolgan, ammo u odatini tark etmaydi. Uyga toza havo va hayot nashidasi kirib keladi, deya hisoblaydi. Shundan bahra oladi, zavq va gasht tuyadi. Ammo bugun buni hissiz bajardi. Nomigagina ochdi va oʻgʻli salqin shabada kirganidan junjikib, yoniga agʻdarilganini, koʻrpani boshigacha tortganini koʻrib, darrov derazani yopdi.
— Shamollab-netib qolmasin. Hozir shu yetmay turibdi oʻzi...

U vannaxonada yuz-qoʻlini yuva turib, oynaga qaradi: koʻzlari kirtayib, yuzi soʻlib qolibdi. Miqti tanasiga savlat berib turgan yelkalari choʻkkan. Nigohlaridan bir nima yoʻqolgandek qarashlari hazin tortgan. Tagʻin soqol ham oʻsibdi. Malik aka soqol qirtishlab oʻtirishni ep koʻrmadi, shekilli, tezda artinib chiqdi va bolalarni uygʻotdi. Nari-beri nonushta qildirdi. Soʻng kiyimlarini almashtirib, qizlarini maktabga, oʻgʻlini bogʻchaga hozirladi-yu, Sarvigulga tushlikka bolalarga ovqat qilib qoʻyishni tayinladi.
— Kartoshka qovursam boʻladimi? — xijolatdan yelka qisib, iymandi singlisi. — Boshqa ovqat qilishni bilmayman.
— Mayli. Ishqilib, ukalaring och qolishmasin. Ehtiyot boʻl. Men kechga tuxum olib kelaman.

Malik aka qizlarini maktab yoʻligacha kuzatdi va dars tugagach toʻgʻri uyga qaytishlarini tayinladi. Qizlar «Xoʻp boʻladi!» deyishgandek bosh irgʻashdi, ammo dadasi endi ortiga burilmoqchi boʻlganda, katta qizi soʻrab qoldi:
— Dada, oyim qachon keladi?
— Keladi... Odobli qiz boʻlib, yaxshi oʻqib kelaversanglar oyingiz darrov tuzalib keladi.
— Tezroq kelsinlar. Oyimni sogʻinib ketdim... — dadasiga qarab turib, dabdurustdan yigʻlab yubordi kichkinasi.

Qizining munchoqdek koʻzlaridan oqayotgan milt-milt yoshdan otaning yuragi ezildi.
— Yigʻlama, qizim, oying keladi. Oppoq boʻlib ketadi... — dedi u qizining koʻz yoshlarini dastroʻmolchasi bilan artib. Soʻng yuzidan oʻpib qoʻydi. — Sen maktabingga boraver, men oyingni olib kelaman...

Malik aka qoʻl ushlashib ketayotgan qizlari to maktab hovlisiga kirgunicha orqasidan tikilib turdi. Keyin koʻchadagi doʻkondan oʻgʻliga «chupa-chups» olib berdi-da, bogʻcha opasiga topshirdi. Bogʻchagacha oyisi esiga kelmagan bola tarbiyachining qoʻliga tushishi bilan yigʻlab yubordi.
— Dada, oyimga boraman!
— Sen yigʻlamasang, oying oʻzi keladi. Men oyingni olib kelishga ketayapman-ku, — oʻgʻlining sochlarini siladi u. Soʻng: — Yana shunday qilsang «chupa-chups» olib bermayman!» — dedi.
— Yoʻ-oʻq, Odiljon aqlli bola. Yigʻlamaydi, — deya tarbiyachi uni erkalab ichkari kirishi bilan Malik aka avtobus bekatiga yugurdi. Bekatda bir yigitning gul koʻtarib turganini koʻrdi-yu, xotinining atirgulni yaxshi koʻrishi yodiga tushdi.
— Topdim! — yangi texnika kashf etgan olim kabi quvonib ketdi u. — Unga bir dasta atirgul olib boraman. Koʻzlarini ochishi bilan sevinib ketadi... Balki oʻziga ham kelgandir. Hushiga kelgan boʻlsa, undan ham yaxshi. Qoʻllariga tutqazaman.

Malik aka xuddi shunday qildi. Gul koʻtarib reanimatsiya boʻlimiga kelganda shifokor bir gap bilan uning shashtini soʻndirdi.
— Hali hushiga kelmadi.

Oq xalatdagi qorindor vrachning soat necha boʻlganligini aytayotgandek sodda va joʻn qilib bergan javobidan Malik akaning tili aylanmay qoldi. A’zoyi badani titrab, vujudi yaxlab ketdi. Boshiga gʻisht bilan urgandek boʻldi. Holsizlanib eshikka suyandi va umidlarini chil-chil qilgan vrachning yapaloq yuziga boqdi. Basharasiga tuflab, shunday xonumon gapni salomchalik izzat bilan aytmagan suyaksiz tilini sugʻurib olgisi keldi, ammo nachora! Shashtidan qaytdi. Faridaning joni hozir shularning qoʻlida! Shular uni asrab qolgan.
— H-haliyammi? Nega oʻziga kelmaydi? — Malik aka shosha-pisha ustma-ust savol berdi.
— Operatsiya ogʻir boʻlgan. Siqilmang, ukam, oʻziga keladi.
— Axir bugun uchinchi kun?!
— Biz qoʻlimizdan kelganini qildik. Endi bu yogʻi Xudodan. Kutishdan boshqa choramiz yoʻq. Haliyam bardoshli ekan. Axir bosh miya?! Tasavvur qilayapsizmi?

Vrachning bu gapi unga «Xudoga shukr qiling, operatsiyadan omon chiqmasligi ham mumkin edi...» degandek eshitilib, battar esankiratdi.
— Nima, bu... — gapirolmadi Malik aka. — Hushiga keladimi?
— Keladi! — ishonch bilan aytdi vrach.
— Shunaqa deng-e, aka...— quvonib ketdi u. Soʻng chuqur nafas oldi. — Oldiga kiray.
— Mumkin emas.
— Ruxsat bering, darrov chiqaman, — entikdi Malik aka. — Bir yuziga qaray...

Vrach «Mayli, kiring» degandek bosh irgʻadi.
— Faqat tezroq chiqing.
— Xoʻp, akajon...

Malik aka palataga kirishi bilan har kungidan battar seskandi. Xotinining yuziga umidvor koʻzlari-la boqarkan, yuragi ortiga tortib ketdi.
— Farida?.. — karavot yonidagi kursiga oʻtirib qoldi u. Soʻng ayoliga boshdan-oyoq razm soldi. Uning rangpar ahvolidan yana allanechuk boʻlib ketdi. Goʻyo tong uyqusini olayotgandek mayin va halimgina boʻlib, chalqancha yotqizib qoʻyilgan xotinining yumuq koʻzlariga, botgan yonoqlariga qaradi. Keyin sekin qoʻl choʻzib, ayolning qoqsuyak boʻlib qolgan bilaklarini ushladi va yuziga boqdi. Boqdi-yu, uzilgan barg kabi sargʻayib, soʻlib borayotgan chehrada, nami qochib, saraton quyoshidan qaqragan yerday quruqshab va mayda-mayda poʻst tashlab yotgan lablardan, koʻzlari atrofidagi koʻkimtir tusdan hayot chirogʻi soʻnib borayotgandek tuyuldi. — Bunday qilma! — titrab ketdi er. — Axir, bolalar bor. Aslo bunday qila koʻrma, onasi... — u ich-ichini qoʻporib kelayotgan dard toʻfonini bosib, sekin joyidan qoʻzgʻaldi va uzalib ayolining soʻlgʻin yuzidan ohista oʻpib qoʻydi. Soʻng yana kursiga choʻkdi va asta pichirladi: — Farid, koʻzlaringni ochsang-chi?

Ayol goʻyoki eridan araz qilgandek, dor-ul-fanoni unutgandek bir ahvolda yotar, hech narsani: na uning koʻz ochishiga mushtoq erining gaplarini, na qoʻllarini tutib turgan mehribon va issiq kaftini his etardi...
— Farida, — bemorning mahzun chehrasiga qarab soʻz boshladi er, — atay qilayotgandek koʻzlaringni ochmaysan-a. Qoʻysang-chi, shu senga yarashadimi? Sening koʻzlaring kulib turish uchun yaralgan, senga tabassum yarashadi. Top-chi, senga nima keltirdim? — u hamon qoʻlida tutib turgan guldastani baland koʻtardi. Ayoli tomon uzatdi. — Senga deb oldim. Eshityapsanmi, onasi?..

Erkakning boʻgʻziga yongʻoqdek narsa tiqildi.
— Uyda seni bolalar kutib oʻtirishibdi, — yigʻlab yubordi u. Soʻng burun tortdi. — Bundoq yotmay oʻylasang-chi? E, seni qara-yu... — er gina qilgandek ayolining qoʻlini qoʻyib yubordi va guldastani karavot yonidagi tumbochka ustida qoldirib, xona ichida asabiy yura boshladi. Koʻz oʻngida har tong va har kech onalarini soʻrab, qiy-chuv qilib, yurak-bagʻrini qon qilayotgan bolalari jonlandi. Ularning moʻltirab turishlari, dadasidan taskin boʻluvchi gap va bir malham ololmaslik jonlariga tekkach arazlab, burchak-burchaklarda oʻzlaricha xoʻmrayib oʻtirishlari, ba’zan uning jahli chiqib, quloq-boshini tortganda, «Siz yomon! Oyim yaxshilar...» deya dangal yuziga aytishlari koʻz oldiga keldi. Yana karavot yoniga kelib, kursiga oʻtirdi va tagʻin dilbandining hissiz qoʻlini qaynoq va titroq kaftiga oldi. Oʻzicha uning bilak tomirlarini ushlab-ushlab koʻrdi, ammo hech narsaga tushunmay, koʻzlarini bir nuqtaga, ayolning chehrasiga qadab gʻamga botib oʻtirdi. Ana shunda qalblar tilga kirdi...

«Onasi...»;

«Keldingizmi?..»;

«Ha. Har kuni shu yerdaman. Na ishda, na uyda halovat bor.»;

«Bolalar yaxshimi?»;

"Yaxshi... ammo ular seni soʻrashyapti. Men har kun ertalab uydan «Bugun oyingni olib kelaman» deya ularni ham, oʻzimni ham umidlantirib chiqayapman."

«Kichkinamiz yaxshimi?»;

«Onasi, oʻzingni oʻylasang-chi? Undan koʻra, meni desang, bolalarni sogʻingan boʻlsang, koʻzlaringni och! Bir koʻzlaringga boqay...»;

«Koʻzlarimni sogʻindingizmi?..»;

«Hey!.. Men tanishuvga kelgan olifta yigitmanmi, masxara qilasan! Toʻqning och bilan nima dardi bor ekan-da...»;

«Darrov jahlingiz chiqadi-ya? Mayli, gapirmayman...»;

«Mendan xafa boʻldingmi? A? Nega?»;

«Siz yaxshi odam boʻlganingizda men bunday yotmasdim...»;

«Hih? Sovuq suv ichib, shamollab qolsang ham men aybdor boʻlarkanman-da?»;

«Kuldirmang-e, hamma joyim titrab ketayapti.»;

«Mayli titrasin, ammo tezroq koʻzingni och-da, joyingdan tur. Axir, sen juda balo eding-ku!»;

«Hozir bunga holim bormi?»;

"Qoʻlingdan keladi... harakat qil. Esingdami, kattamizga yukli payting, «Voy, qanday tugʻaman?» derding. A, tugʻding-ku? Yoqib qoldi, shekilli, yana ikkita «zakaz» ham olding..."

«Boring-e... Uyatsiz...»;

«Tur-da, unda!»;

Shu payt eshik ochildi-yu, vrach kirdi.
— Boʻldi, chiqing, koʻp urintirmang.
— Akajon, yana birpas turay, — yalingannamo iltimos qildi er. — Qarang, haliyam hushiga kelgani yoʻq.
— Chiqing, chiqing.
— Aka...
— Aytganimni qiling, toliqtirib qoʻyasiz. Oʻziga kelsin, keyin kirib, xohlaganingizcha gaplashasiz.
— Oʻziga keladi-a?
— Bugun-erta hushiga kelishi kerak.

Malik aka ogʻir xoʻrsinib eshik tomon yurdi.

* * *

Kun peshin boʻldi. Tushlik uchun shifoxona yonidagi oshxonaga oʻtdi. Ishtaha qayoqda, ikki piyola choy ichdi, hech narsa yemadi. Keyin iziga qaytdi. Kun asrga ogʻdi.

Malik aka toʻgʻri gul doʻkoniga bordi va bir dasta qip-qizil ochilgan atirgul xarid qildi. Soʻng shifoxona tomon dadil yurib ketdi, ammo reanimatsiya boʻlimi eshigida uni kechagi yapaloq yuzli vrach emas, boshqa, pakana, oʻquv va amaliyot oʻtayverib, izlanishlari natijasi eng avvalo soch-soqoliga rahna solgan, boshida oftob koʻrinib qolgan vrach qarshi oldi hamda kechagi vahm va sarosimaga bir qat toʻn kiygizib, dedi:
— Hali oʻziga kelmadi. Kutayapmiz...
— Axir, bugun toʻrtinchi kun... — vrachning uyqusizlikdan qizarib ketgan koʻzlariga najotkorona boqdi u.
— Siqilmang, uka, ahvoli yaxshi. Mana, meni aytdi deysiz, albatta hushiga keladi.
— Aytganingiz kelsin... — orzulandi u. Soʻng dedi: — Iltimos, bir koʻrib chiqay.
— Mayli, faqat tezroq chiqing.

Malik aka palataga kirib bordi-da, xuddi kechagidek behush va beun yotgan Faridaning yuzidan oʻpib salomlashgan boʻldi. Keyin guldastani yonginasiga qoʻydi. «Atirgul ifori dimogʻiga tegib tursin", dedi. Oʻzi kursiga choʻkdi-yu, ayolining qoʻlidan tutib, moʻ'jiza kutgandek jim turib qoldi.
— Men keldim... — deya oldi u. Soʻng bemorning yumuq va hayot choʻgʻi soʻnib ketgandek hazin qaroqlariga, rangpar yuziga boqdi. Nigohlari bir nuqtaga mixlangandek qotib, ancha vaqt turib qoldi. Koʻz gavharlari toliqdi shekilli, kipriklari bir-biriga yopishdi.

U qancha vaqt shunday turganini bilmaydi, bir payt kaftlari orasida titroq boʻlgandek tuyuldi. Shart ayolning koʻzlariga tikilib qaradi. Hech qanday zohir yoʻq, magʻlub boʻlgan askardek xoʻrsinib, boshini quyi eggandi, yana kaftlari orasida titroq boʻldi. U ikki kafti oʻrtasida turgan umidbaxsh qoʻlga tikilib qoldi. Zum oʻtmay barmoqlar birin-ketin qimirlay boshladi.
— Xudoga shukr! — yelkasidan togʻ agʻdarilgandek chuqur nafas oldi u. Soʻng ayolining yuziga boqdi. Avval nayza kipriklarga jon indi. Soʻng soʻlgʻin qovoqlar titradi va... bemor koʻzlarini ochdi!
— Farida! Onasi! — quvonchdan xonani boshiga koʻtarib qichqirib yuboray dedi u.

Quruqshab qolgan lablar tamshandi. Tana jonlandi. Bemor koʻzini ochgach, avval shiftga, soʻng «Qaerdaman oʻzi?» degandek yon-veriga boqdi.
— Farida!

Ayol atrofga nazar solish barobarida tumbochka ustida turgan atirgulga koʻzi tushdi-yu, ma’yus jilmaydi, ammo tanasida ogʻriq turdi shekilli, yana koʻzlarini yumdi.
— Onasi?! — joyidan turib ketdi Malik aka. — Nima boʻldi?

Oradan biroz vaqt oʻtib, ayol yana koʻzlarini ochdi va kompas milidek titrab turgan qorachiqlarini oʻynatdi, ammo nigohi eriga tushishi bilan uni, bolalarini shunday holga solganidan xijolat chekayotgandek yuzini yashirdi va yana koʻzlarini yumib oldi. Ikki tomchi sevinch yoshi yumalab yoqasiga tushdi. Malik aka roʻmolchasini olib, ayolining chehrasini artdi.
— Onasi, yaxshimisan?..

Bemor «Ha, tuzukman» degandek oppoq doka oʻralgan boshini xiyol qimirlatdi. Uning birinchi gapi shu boʻldi:
— Bolalar qaerda?
— Ulardan xavotir olma. Sening tezroq sogʻayib, qaytishingni kutishyapti.

Farida buncha koʻp gapni anglay olmadi, chamasi, hech narsa eshitmayotgandek u tomonga tikilib qoldi. Soʻng atirgulga madorsiz qoʻllarini uzatdi. Gul ifori dimogʻiga urilgach, xuddi oʻshandagidek atirgulni yuziga bosdi va qisqa-qisqa nafas bilan hidladi. Bu holni kuzatib turgan eriga bir nigoh tashladi-da, uyalgannamo jilmaydi.
— Mayli, hidla. Hidlayver! — dedi Malik aka xotinining harakatlaridan terisiga sigʻmay. — Senga shunday qilish yarashadi.

"Yoshlik» jurnalining 2009-yil, 3-sonidan olindi.