OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXoliyor Safarov
Asar nomiBitta dehqon yetadi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Xoliyor Safarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bitta dehqon yetadi (hikoya)
Xoliyor Safarov

Muxtor aka doim bir narsa haqida oʻylaydi. Butun bashariyatga xos bu oʻy uning miyasida har kungi roʻzgʻor tashvishi yoki soyadek ergashib yurguvchi orzular xayoli emas, hayot-mamot masalasi...

U barcha otalar kabi farzandlari kamolini koʻrishni, oʻzi yetolmagan orzularga ular yetishini istaydi. Buning uchun u oʻttiz yil kolxozda ishladi, bir parcha tomorqasida peshanasidan reza-reza ter oqib, ketmon urdi, quyosh bilan uygʻonib, oy bilan yotdi. U yillar zahmatidan mushtdekkina boʻlib, chit koʻylaklari egniga yopishib turuvchi, tafti issiq qoʻllari mehnatdan qabarib, rezina kovushda yuraverib, tovonlari tars-tars yorilgan, ammo bundan na hasrat, na diydiyo qiladigan, tani-joni, sogʻligʻi va farzandlari eson-omon oʻsib-ulgʻayotganidan, shularning kamolini koʻrib, eri ikkalasi elga toʻylar berishni doim xudodan tilab yuradigan oʻrta boʻy, bugʻdoyrang yuz, biroz qalin, ammo hech qachon eri va bolalariga xunuk koʻrinmaydigan qoshlarini xiyol uyib, eri bir vaqtlar besh ketib, bugun bir tutamgina boʻlib qolgan qoʻngʻir sochlari chorsi roʻmoli oldidan chiqib, peshanasiga yopishibgina turuvchi gajaklari bir vaqtlar Muxtor uchun husn, keyinchalik bolalariga ajabtovur ermak, bugun esa odamzod mehnatdan oʻlmasligini namoyon etib, bayroqday hilpirab, gaplaridan shukrona, orzu ufurib turuvchi, eri ichib kelsa yoki kayfiyatsiz boʻlsa «Otasi, qoʻying, oʻzingizni yerga urmang. Hali hammasi yaxshi boʻlib ketadi», deya ham dalda, ham kelajakka ishonch beruvchi xotini bilan yelkama-elka boʻlib, olti farzandni, ikki oʻgʻil, toʻrt qizni voyaga yetkazdi.
-Onagʻardi xotini iching qizga toʻlib ketgan ekanda, -deya «inkubatordek bir xil - ketma-ket qiz tuqqan» xotiniga Muxtor aka bir necha bor iddao qilgan, ammo bugun marhum boʻlib, qabrlari nurga toʻlgur onajonisining bir ogʻizgina «Bolam, xudoga shak keltirma, qizmi, oʻgʻilmi bari bir-farzand. Farzandning yaxshi-yomoni boʻlmaydi, ularning tarbiyasi muhim. Xotinim yana qiz tugʻdi deb kuyunma. Koʻnglim sezib turibdi, kelinim bundan keyingisiniyam qiz tugʻadi. Mana, koʻrasan, endi qatorlashtirib, avval uch qizni tugʻadi, soʻng, nasib boʻlsa, navbati bilan oʻgʻil tilayver» deganidan keyin onasi aytgandek uchinchisini ham qiz tuqqan xotiniga churq etmadi.

Xotini ham xuddi umr boʻyi qiz tugʻib oʻtadigandek boʻynini yelkasiga qisib oldi. Bunday qobil, oʻzi qolib, eri va farzandlari, oilasi, qaynona-qaynotasiga mehribon ayolga Muxtor aka boshqa burnidan baland gapirishni ep koʻrmadi. Qunduz yanga ham erining chizigʻidan chiqmadi. Qoʻli kosov, sochi supurgi boʻlib, Muxtor aka qatori mehnat qildi. Ham roʻzgʻorni epladi, ham tomorqa ishlariga yordam berdi. U uzun kechalarda, qahraton qishda uch qizi bilan dahlizdagi sandal atrofida qoʻnishibgina oʻtirgan, yoz oqshomlarida uy oldidagi loydan yasalgan chorpoyada katta qizlariga malikalar haqida ertak, kichkinasiga dardini qoʻshib-qoʻshib allalar aytdi. Ishdan horib kelib, uzala tushib uxlab qolgan erining yelkasiga koʻrpa tortib qoʻyarkan, yonginasida qator boʻlib, tizilishibgina yotgan qizlarining loʻppi, hali tashvish neligini bilmay, gʻam soya tashlamagan yuzlaridan oʻpdi va olis-olis yulduzlarga boqib, emizikli bolasi peshanasini silagancha Tangriga iltijo qildi.
-Xudoyo xudovanda, bizning ham yuzimizni yorugʻ qil. Shugina qizlarim ketidan erim ikkalamizni sevintirib, birgina oʻgʻil ato et. Marhamatingni ayama...

Muxtor aka ham doim shunday niyat qildi. Kolxoz ishiga borishdami, kelishdami, tomorqa ishlarini qilayotgandami, yolgʻiz qoldi deguncha xudodan shuni soʻradi. Kechalari uygʻonib, shiftga termulib yotganida ham shu haqda oʻyladi.
-E, xudojon, bizniyam yuzimizni yorugʻ qilib, shu bebaho ne’matlaring - uch qizimning yonidan hech boʻlmasa birgina ukacha ber. Sendan oʻtinchim shul. Mehnatdan qochmayman, shu kamtar hayotimdan nolimayman. Ammo yuragimning bir cheti kemtik. Mening ham oʻgʻil koʻtarib yurgim, erkalagim, nasib boʻlsa, bor-budimni sochib, toʻylar qilib bergim keladi. Xudoyo, shu niyatlarimga yetkazgin.

Dili pokning-yoʻli yorugʻ. Oradan ikki yarim yil oʻtib, Qunduz yanga oʻgʻil koʻrdi. Otaning yuzi yorishdi, onaning homiladorlik vaqtida malla dogʻ bosgan yuzlari kuldi. Qaynota bilan qaynona oʻzlarini qoʻyarga joy topolmay qolishdi. Chaqaloqni beshikka solayotgan kuni bobosi «Kelinimning beli baquvvat boʻlsin» deb qoʻy soʻydi. Momosi suyunchi deya qoʻshnilarga sochqi tarqatdi. Muxtor aka esa xotinining boshida parvona boʻlib qoldi. Shunda onasi uni urishdi.
-Hay, nimaga buncha kurk tovuq tuxumini qoʻriqlaganday xotiningdan nari ketolmaysan. Bor endi ishlaringni qilaver, yo emizasanmi?!

Shunda sevinchidan xayoli qochgan Muxtor aka bir haqiqatni angladi: chaqaloqqa xotini qaraydi, qolaversa keksa onasi bor. Ularning boshiga qorovul kerak emas. Bu qiligʻi xotin qiliq. Undan koʻra bolalari baxtli, birovdan kam boʻlmasligi uchun yaxshi ishlashi, ularning ertasini oʻylab yashashi kerak. Yoʻqchilik qursin, bolalari uchun bugundan qaygʻurmasa, erta bir kun ikkita oyogʻi bir etikka tiqilib qoladi.

Oʻsha kuni Muxtor aka ogʻil yonida yotgan ketmonni qoʻliga olib, tomorqaga borarkan, yoʻl-yoʻlakay niyat qildi:
-Mayli, mehnatdan qoʻllarim qavarib, tovonlarim tilinib ketsin. Sillam qurib, dalada ketmonimga suyanib, oʻtirib qolay, lekin oʻgʻlimni oʻqitaman! Menday issiqda yelkasi kuyib, ketmon chopmasin. Dehqonning noni halol, ammo men na yerning tilini biladigan dehqon boʻldim, na tuzukroq bir kasbning boshini tutdim... Uning unib-oʻsib, men koʻrmagan shaharlarni koʻrishini, men qadam bosolmagan, orzu qilgan yoʻllardan oʻtib, el nazaridagi odam, inson boʻlishini istayman. Oilamizga bitta dehqon yetadi. Yoshlar dunyoni koʻrsin...

Oʻttizga kirganingda oʻtin yoradigan oʻgʻling boʻlsin, degan ekan qadimgilar. Yigirma ikki yoshida uylangan Muxtor aka oʻttiz bir yoshida oʻgʻilga yetdi va shunday niyat qildi. Tomorqada belidagi chorsi belbogʻni dokaday qilib, doʻppi girdidan peshanasiga tangʻib bogʻladi. Soʻng eski, paxtasi chiqib qolgan choponini yechib, marza ustiga qoʻydi va kaftlarini namlab, yerga ketmon urdi...

Muxtor aka oʻn sakkiz yil shu tarzda: ham tomorqasida, ham kolxozda ishladi. Unga orzulari hamroh, maqsadi quvvat boʻldi. Bu orada xotini yana bir oʻgʻil, bir qiz tugʻdi. Xuddi onasining qornida kelishib olgandek ketma-ket ikki yosh oraliq bilan tugʻilgan qizlari, maktabni bitirishi bilan yana kelishgandek galma-galdan toʻy boʻlib ketdi. Ammo «qiz bola birovning xasmi» tamoyiliga amal qiluvchi ota-onaning barcha umidi Mahmudjondan boʻldi. Ikkalasi jon-jaxdlari bilan oʻgʻillarining yaxshi bilim olib, a’lo oʻqishiga sharoit yaratib berishdi. Buning uchun Muxtor aka kechani kecha, kunduzni kunduz demadi. Qunduz yanga ham uch qizni ketma-ket toʻy qilib, oʻzi oʻn sakkiz yoshar qizday uy ishlarini oʻzi qilib yurdi. Ular uchun Mahmudjon goʻyo dengiz tubidan topilgan gavhar misol ardoqli, erishilmagan maqsad kabi umidli edi...

Mahmudjon yetuklik guvohnomasini qoʻlga olishi bilan Muxtor aka uni Toshkentga yetaklab bordi. Ana shunda u yana bir haqiqatni angladi: oʻn sakkiz yil oʻgʻlining kamolini oʻylabdi-yu, uning kelajakda kim boʻlmoqchi ekanligi, orzu-umidlari bilan hisoblashmabdi. Toʻgʻri, bir-ikki marta «Katta boʻlsang kim boʻlasan?» deb soʻragan, ammo yoshligida «Samolyot haydayman» degan javobni olgan boʻlsa, ulgʻayganidan soʻng «Bilmasam, vaqti-soati kelaversin-chi» degan chuchmal javoblar bilan kifoyalanib qolibdi. Orzular roʻyobi tomon eltuvchi chorrahaga kelib qolgan ota-bola universitet qabul komissiyasiga kirib, qaysi yoʻnalishga hujjat topshirishni bilmay qoldi.
-Qaysiga kirasan, ulim?- dedi boshi qotgan Muxtor aka.

Mahmudjon yana bir bor chumoli uyasiga eltadigan yoʻlni eslatuvchi, ota-onalar, yigit-qizlar u yoqdan – bu yoqqa gʻimirlab yurgan uzun koridorga koʻz yugurtirdi-da boshini qashlab tashqariga chiqdi. Daraxt soyasiga oʻtib, asabi buzilganidan oʻzini bir nima qilib qoʻyishdan qoʻrqibmi yoki birov gapirmasmikan degan xayol bilanmi atrofiga qarab-qarab, ogʻziga nos tashlab olgan otasi dedi:
-Ota, bitta oshnam yuridicheskiyga topshiraman, degandi. Menam shunga kirsam-chi, nasib boʻlsa, prokuror boʻlaydim...
-Nima? -Muxtor aka oʻgʻlining gapidan ogʻzidagi nosini yutib yuboray dedi. –Kallang joyidami? Prokuror boʻladigan oʻqishga kirish uchun qancha hoʻkiz kerak? Kallang xumday boʻmay, yaxshilab oʻyla! Koʻrpaga qarab oyoq uzatgan yaxshi. Hayla, fizika, matematika, tarix, oʻzbek filologiyasi... Hammasini yozib qoʻyishibdi. Shularning birortasiga kirsang ham kam boʻlmaysan. Ana, Qodir malim, birovdan kam joyi yoʻq...
-Malim boʻmayman, ota.-Mahmud oʻzini orqaga oldi.
-Boʻlmasa, tanla, oʻzing ayt,- dedi u hurpayib turgan oʻgʻliga.
-Unda doʻxtir boʻlaman.

Muxtor aka oʻgʻlining olayib turgan koʻzlariga oʻkinib qaradi-da, bilagidan tutib, yana-da chakkaroqqa sudradi.
-Mahmud,- dedi qoʻliga «Papka dlya bumag» deb yozilgan jild ushlab turgan oʻgʻliga. -Menga qara, menga shunaqa papkalarga pasportimni solib yurish ham nasib qilgani yoʻq. Seni oʻqitaman deb sochim oqardi. Yoshim ellikni qoralab qoʻydi,- soʻng allaqanday iltijoli boqdi. –Meniyam tushungin-da, ulim. Oʻzing bir boʻladigan, toʻgʻri keladigan kasbni tanlagin-da...
-...
-Kel munday qilamiz. Malim boʻlasan. Ana, qoʻlingdagini birortasiga topshir.

Mahmud maktabda matematikadan yaxshi oʻqigan edi. Ota-bola gapni bir joyga qoʻyib, «matfak»ka hujjat topshirdi. Biroq oʻn sakkiz yil davomida ota-onasining erkasi, orzu-umidi boʻlib kelgan Mahmudjonga omad kulib boqmadi. Avgustning ikkinchi haftasida imtihon natijalarini bilish uchun kelgan yigit pati yulingan tovuqdek boʻlib, uyga qaytib bordi. «Nima boʻldi?» deb soʻragan otasiga kelishgan, basavlat, jagʻlari turtib turuvchi, qalin qoshlari tagidan qirgʻiy koʻzlari alayib-alayib boquvchi yigitcha yapasqi burnini torta-torta dedi:
-Kirolmabman...
-Nega?- boʻshashib ketdi ota. –Qanday qilib?!
-Bilmayman. Bilimim yetmabdi…

Muxtor aka oʻgʻliga tikilib-tikilib, oʻkinib-oʻkinib qaradi. Paxmoq sochlari taram-taram boʻlib turgan boshiga, xoʻmrayib, osilib qolgan lablariga tikildi, soʻngra alam bilan dedi:
-He, kallang qursin! Xumparday boʻmay oʻqigin edi-da!
-Men nima qildim?! -Mahmudjon shunday deya uyga kirib ketdi. Shundan ikki kun uydan chiqmadi. Chiqqan boʻlsa ham birov koʻrmadi. Yozning issiq kunida ham, tunida ham uyda dimiqib yotdi. Mahmud aka ham oʻzini qoʻyarga joy topolmadi. Kun boʻyi daladan beri kelmadi. Goh paxtada, goh tomorqada yurdi. Tunlari esa xotini yonida toʻlgʻonib chiqdi. Oʻz-oʻziga savol berdi:

«Nega mening bolam hamma kiradigan oʻqishga kirolmadi? Nima uchun?».

Muxtor aka ikki kun dalada, ikki kecha loydan qilingan chorpoya ustida faqat oʻgʻli haqida oʻyladi va bir qarorga keldi. Azonlab, uxlaganiniyam uxlamaganiniyam bilmay oʻrnidan turganida ichkarida dimiqib, alamidan tashqariga chiqmay, otasi bor vaqti ovqatini ham yemay oʻtirgan oʻgʻlini sudrab chiqish uchun uyga kirdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, koʻzlari kirtayib yigʻidan boʻlsa kerak, qovoqlari shishib ketgan Mahmudjon yerga uzala tushgan koʻyi, bir yostiqni koʻkragiga bosib kitob oʻqib yotibdi. Muxtor aka eshikka suyanib qoldi. Oʻgʻli uning kuzatib turganini sezmadi, ammo ikki-uch daqiqa oʻtgach, egik boshini koʻtardi-yu, eshikda otasi turganini koʻrib, birdan oʻmganini koʻtardi-da, salom berdi.
-Yasha... - dedi otasi eshikda turib. –Aqling kechroq boʻlsayam kiribdi, shunisiga shukr. Shu ishingni bir yil oldin boshlaganingda hozir Toshkentda kerilib yurgan boʻlarding…

Mahmudjon otasiga allaqanday iltijoli qarash qildi-da, burnini tortib qoʻydi.
-Endi oʻqiyman.
-Mayli oʻqi. Magʻzini chaqib-chaqib oʻqi. Tushunmasang, ana, qishlogʻimizda oʻqib kelgan oʻqituvchilar bor, shulardan borib soʻra. Lekin kelgusi yil ham shunday qiyshayib qaytib keladigan boʻlsang, oʻzingdan koʻr. Uylantirib taylayman, oʻlasan...
-Ota, -Mahmud gapining davomini aytolmadi, chamasi. U «Menga imkon bering, ishonchingizni oqlayman» demoqchi edi. Shu yil uyaltirib qoʻygani uchunmi tili bormadi. Muxtor aka esa ostonada turgan koʻyi ikki sutkada butunlay boshqaga aylangan oʻgʻliga umidvor nigohlar bilan qaradi va dedi:
-Sendan aslida shuni kutgandim, ulim. Oʻqi, oʻqigan kam boʻmaydi. Lekin roʻzgʻorning ishiga ham yordaming tegib tursin...

Mahmudjon, avvallari kitobni koʻrsa uyqusi keladigan yigit, qobilgina bosh chayqadi. Shu kundan boshlab butunlay oʻzgardi. Tong azonda, otasidan oldin turib, dars qilar, matematikadan misol, masalalar yechar, kun choshgohga kelgach miyasini dam oldirish uchun tomorqaga tushib, bir-ikki soat ishlar, shu ishlash jarayonida oʻrganganlarini qayta-qayta takrorlar, yana kirib oʻqir, yana chiqib uy ishlariga yordamlashar, ammo baribir yarim kechaga borib, kitobi yuziga yopilib yoki boshi kitob ustida boʻlib uxlab qolardi. U shu tarzda kuz, qishi bilan oʻqidi. Qishning ayozli kunlarida sandalda yotib, pechka yonida oʻtirib oʻqidi. Har qishda toʻda-toʻda boʻlib, navbati bilan mehmondorchilikda yuradigan, bekorchilikdan nardami, qartami oʻynab, to yarim kechagacha hiringlashib yuradigan joʻralariga ham qoʻshilmadi. Qoʻli kitobda, koʻzi kitobda, oʻy-xayoli kitobda boʻldi. Oʻziga yarasha savlati bor emasmi, uyqusizlik va toliqishdan ozib-toʻzib qoldi. Shunda, Qunduz yanga yarim kecha elektr oʻchib, moychiroq yorugʻida masala yechib oʻtirgan oʻgʻlining yoniga keldi-da, uning tipratikan ninasidek tikraygan sochlarini siladi.
-Ulim, dam ham olgin. Oʻqish ham oʻlsin, menga sening sogʻligʻing kerak, - dedi kirtayib, chiroq yorugʻida yiltillab turgan koʻzlariga achinib qarab.
-Ena, menga indamang. Oʻqiy…

Qunduz yanga oʻgʻliga tikilib-tikilib, qaradi-da, indamay, har dardi ichida boʻlib chiqib ketdi. Ichkari uyga kirib, erining yonidan solingan toʻshakka beholgina choʻzilar ekan, Yaratganga iltijo qildi.
-Xudojon, bir umr daladan beri kelmaydigan otasining niyatlari amalga oshib, bolaginam oʻqishlarga kirsin. Shuginalar «ustident» degan otti olib, kulib uyga kelganini koʻraylik...

Bahor oʻtib, yoz boshlandi. Oʻquv yili tugab, bitiruvchilarning yetuklik guvohnomasini oladigan davri keldi. Shunda Muxtor aka yana oʻgʻlini olib, Toshkentga yoʻl oldi. Biroq ular bu gal «matfak»ka hujjat topshirishmadi. Oʻgʻlining imkoniyatlarini chamalab koʻrdimi yo «kirish osonroq» deb oʻyladimi «selxoz»ni bitirsa, oʻzimizda, kolxozda ishlayveradi, dedimi oʻgʻlining hujjatlarini qishloq xoʻjalik institutiga, agronomiya fakultetiga topshirtirdi. Mahmudjon ham bu gal fakultet tanlamadi, otasining bir ogʻiz «ke, ulim, nima koʻp, kolxozda ish koʻp. Shu, agranum boʻlaqol» deganiga rozi boʻldi. Imtihon kunigacha shaharda oʻqiydigan bir doʻstinining ijarasida yashab turadigan, birdaniga imtihon natijalarini hal qilib boradigan boʻldi.
-Mayli, ulim, Xudoyim qoʻllasin...

Qoʻli kalta ota oʻgʻlini doʻstiga, qalbini xudoga topshirib uyiga qaytib keldi va xotini ikkalasi yaratgandan oʻgʻliga omad va yorugʻ yuz tilab oʻtirdi. Televizordan «Ertaga yurtimizdagi barcha oliy oʻquv yurtlarida boʻlajak talabalar uchun davlat test sinovi oʻtkaziladi» degan xabarni eshitgan kechada tuni bilan chaqirtikan ustida yotgandek toʻlgʻonib chiqdi...

Avgustning ikkinchi haftasida oʻgʻli yana oʻtgan galdagidek kitobga toʻla azot xaltasidan qilingan sumkasini koʻtarib, oʻychan kirib keldi. Ammo koʻzlarida qandaydir quvonch, qandaydir hadik bor edi.
-Nima boʻldi, ulim? – dedi oʻgʻliga peshvoz chiqqan ota. –Boʻrimi?
-Chiyaboʻri... -shahar koʻrib, ancha-muncha oʻzini tutgan, sipogina boʻlib, tikka sochlarini silliq taragan oʻgʻli otasiga qarab siniqqina jilmaydi. –Kontrakt boʻpman.
-Kontak? –Mahmud akaning qovogʻi uyildi. –Bu nima deganing?
-Kontrakt. Toʻlov shartnomasi asosida oʻqishim mumkin ekan.
-Oʻqishing uchun pul toʻlash kerak ekanmi?
-Ha.

Muxtor aka bir yillik toʻlovning qancha boʻlishini eshitib, birdan toʻrt yilligini hisoblab yubordimi aftlari burishib ketdi. Qoshlari orasida tuguncha hosil boʻldi. Bir oʻgʻliga, bir unga tikilgan kuyi boʻsagʻada mungʻayibgina turgan xotiniga qaradi va yuragi achishdi. Beixtiyor qoʻllari musht boʻldi, ogʻir xoʻrsindi. Soʻng boshini baland koʻtarib, oʻgʻlining yonidan keldi va yelkasiga qoʻlini qoʻydi.
-Mayli, ulim, oʻqiysan. Oʻsha puldi beraman. Odam mehnatdan oʻlibdimi, ishlaymiz. Jon eson boʻlsa, mol topiladi. Kelayotgan bozor anuv, oʻzi senga atalgan ikkita hoʻkizni sotaman. Kelgusi yilga ham xudo bir nima degandir-da...

Qunduz yanga titrab, Mahmudjonning etlari jimirlab ketdi.
-Kampir, - dedi Muxtor aka xotiniga qarab. -Anuv xoʻrozdi soʻy. Bugun bir osh qilinglar. Hamsoyalarni chaqiramiz, togʻalari keladi. –Gapining oxirini esa hazilga burib yubordi. -Bizarding koʻchadayam bayram boʻlaykan-ku?!

Oʻsha kuni qoʻshnilar, qarindoshlar, Muxtor aka aytgandek, Mahmudjonning togʻalari ham kelishdi, jiyanini tabriklashdi.
-Oʻzimning jiyanim-da,- dedi kechagina unga «Bu turishingda sen odam boʻmaysan» deb yuradigan katta togʻasi. Qoʻshnilarining birovi havas qilgan boʻlsa, birisi hasad qildi. «Muxtor oʻgʻlini bitiga oʻqitarkanmi? Ikkita tirriq qoʻyidan boshqa nimasi bor uning» dedi, biroq qarindosh-urugʻlar Mahmudjonning oʻqishga kirganiga astoydil quvonishdi.
-Baraka topsin. Yigitti ishini qipti, – deyishdi.

Muxtor akaning katta akasi bilan opasi nima iloj boʻlsayam Mahmudjonning oʻqishini, oʻqimishli yigit boʻlishini soʻradi, hatto buning uchun qoʻldan kelgancha yordam berishlariniyam aytishdi.
-Ulimdi oʻqitaman,- dedi Muxtor aka. -Enasi ikkovimiz shuncha yildan beri shulardi deb ishladik. Yoʻqchilik qursin, bolalardi deb, ustimga bir yangi kiyim olmadim. Boshim mehnatdan chiqmadi, ammo oʻgʻillarimning menday kun kechirishini istamayman...

Ota soʻzida turdi. Oʻtgan yilgi oʻqishga nasib etmagan hoʻkiz bilan ikkala qoʻchqorni sotib, ikkita hoʻkiz, toʻrtta qoʻchqor qilib qoʻygandi. Bir hoʻkizning yoniga ikkita qoʻchqorni qoʻshib, bozorga haydadi, oʻgʻlining kontraktini toʻ-gʻirlab berdi. Oʻsha bozordan Mahmudjonga yangi kostyum-shim xarid qildi va kiygizib koʻrdi. Loppa-loyiq. Oʻgʻli er yetib qolibdi, kostyum-shim biram yarashdiki... Muxtor aka quvonchini yashirolmay bozorning ichida oʻgʻlini bir koʻtarib oldi.
-Doim yaxshi kunlarga kiygin, ulim...

Shu lahzada Muxtor aka yana bir achchiq haqiqatni angladi. Uylanganida rahmatlik otasi yangi kostyum-shim olib bergandi, u shundan boshqa kostyum-shim kiymabdi, bunga hojat ham boʻlmabdi. Oʻsha shim allaqachon ado boʻlib ketgan, kostyumi esa lattasi chiqib qolgach, eshakka jobuv qilib yuborilgan ekan... Muxtor akaning ich-ichidan yongʻoqdek bir narsa kelib, boʻgʻziga tiqilib qolgandek boʻldi, ammo gʻussasini oʻgʻliga sezdirmadi. Bozordan koʻzlari kulib, yuragi kuyib qaytdi. Oradan hafta oʻtib, er-xotin oq fotiha bilan oʻgʻlini oʻqishga yubordi. Ana shunda Muxtor akaning boʻgʻimlari boʻshab ketdi.
-Yigit pirlaring qoʻllasin,- dedi boshidan rangi oʻniqib ketgan doʻppisini qoʻliga olib. Soʻng ugirilib xotiniga qaradi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, u ham katta yoʻlga chiqib ketayotgan oʻgʻlining ketidan termulganicha yigʻlab turibdi. -Kampir,- dedi u xotinining bilagidan tutib,- yigʻlama. Xudoyim yuzimizni yorugʻ qildi. Yigʻlama.

Bu paytda otasi bilan onasiga ajabsinib-ajabsinib qarayotgan ikkinchi oʻgʻil Muslimbek kostyum-shimda oq sumka koʻtarib, Toshkentga yoʻl olgan akasining ketidan orzulanib-orzulanib qarab qoʻyar, ich-ichidan bir toʻlqin toshib-toshib kelardi.

«Nasib boʻlsa, menam akamday ustident boʻlaman!»

Muxtor aka bilan Qunduz yangaga oʻgʻlini oʻqitish oson kechmadi. Ikkinchi kursi uchun toʻlov kontraktini qolgan hoʻkiz bilan qoʻchqorlarni sotib qutilgan otaning ogʻilida bir sogʻin sigir bilan toʻrtta, atigi toʻrtta sovliq qoldi. Shunda Muxtor aka boʻshashib ketdi, «Bolasi oʻlsin, uyda hech balo qolmayapti-ku, kelasi yilga nima qilarkanman?» dedi, ammo xotini dalda berdi.
-Otasi bosh eson boʻlsa, doʻppi topiladi. Oʻmganingizni koʻtaring. Nasib boʻlsa, ana, ulimiz oʻqiyapti, vaqti keladi, oʻrnini toʻldiradi-da...

Muxtor akaning yuzi yorishdi.
-Toʻgʻri aytasan-ay?- dedi koʻngli togʻday koʻtarilib. –A, maqsadimiz shulardi oʻqitish edi-ku?

Oʻsha oʻquv yilida Muslimbek maktabni bitirishi kerak edi. Ikki yildan beri Toshkentda yurib, ancha yoʻl-yoʻriqni tushunib qolgan Mahmudjon bir ish qildi. Ukasi Muslimbek yetuklik guvohnomasini olishi bilan yoniga olib ketdi-da, bir domlaning qoʻliga berib bir yarim oy, to imtihon kunigacha oʻqittirdi. Buning nomi repetitorlik boʻldi. Oʻzi esa repetitor pulini toʻlash uchun yigirma kun domlaning uydagi ishlarini qilib berdi.

Akasiga havas qilgan Muslimbek oʻsha yili omadi chopdimi, yo avvaldan yaxshi oʻqib yurgani qoʻl keldimi, tarix fakultetiga davlat granti asosida oʻqishga kirdi. Oʻgʻillarining bu muvaffaqiyatidan Muxtor aka bilan Qunduz yanganing boshi osmonga yetdi, shu bilan birga otaning miyasiga «Ikki oʻgʻilga qanday pul topib beraman?» degan oʻy ham tuman kabi bostirib keldi, biroq boshi qotgan otaga aka-ukalari, oʻgʻillarining togʻalari bagʻrikenglik qildi. «Oʻzimning jiyanim» deya koʻkragiga uruvchi katta togʻasi Mahmudjonning bir yillik kontraktini toʻlab berdi.

Ikkala oʻgʻli oʻqib, Muxtor akaga kun tugʻdi. Shanba yaqinlashaversa, yuragi jizillayveradi. Chunki shanbada oʻgʻillari keladi. Toʻlib-toshib. U yakshanba kuni tishi kovagida gavharday asrab oʻtirgan, doim «Oxiri shu, keyin nima qilaykanman. Ey, xudojon» deya olib oʻtiradigan pulini ikki oʻgʻliga boʻlib beradi. Oʻgʻillarini oʻqishga kuzatayotganda esa yuraklari toʻlib-toʻlib ketadi. Goh gʻururdan, goh sururdan...

Muxtor aka oxirgi paytlari qishloqdoshlarning uyida mardikorlik ham qila boshladi. Odamlar «Bunga nima zaril, ikki bolasini birdan oʻqitaman deb. Qulogʻi qopti-ku oʻzi...» deyishdi, ammo u parvo qilmadi. Bir kun tomorqasida ishlasa, ikki kun mardikorlik qildi. Bir hafta kolxozda ishlasa, toʻrt kun mardikorlik qildi, ammo shanba kuniga «Ullarim keladi» deb pul tayyorlab turdi. Bundan nomus qilgan ogʻa-inilar, kuyovlari qaynukalar uchun navbatiga pul ham berib turdi. Muxtor aka bunday paytda Mahmudjonning keyingi kontrakti uchun pul yigʻdi. Ogʻilga mol bogʻladi.

Kunlar shu tarzda oʻtar, Muxtor aka mehnatidan, hatto birovlarning, oʻz ta’biri bilan aytgancha «sassiq gaplari»dan ham ogʻrinmadi. Quloqlarini kar, koʻzlarini koʻr qildi.
-Ularga nima? – dedi jahli chiqqanda. -Oʻgʻirlik qilayotgan boʻlmasam? Nima qilsam, ullarim uchun qilayapman! Ular oʻqishayapti. Bor umidim shulardan...

Mahmudjon uchinchi, Muslimbek birinchi kurs vaqti. Bahorning ilik uzildi pallasi. Muxtor aka ish yoʻqligidan «Ullarimga qanday qilib pul topib beraman», deb ichikib oʻtirgan hafta oxirida, uyga birdaniga yovday boʻlib ikkala oʻgʻli ham bostirib kelib qolishdi.

«Oʻldim, ikkoviniyam puli tugagan!»

Birdan otaning miyasidan shu oʻy kechdi, ammo oʻgʻillari negadir shod edi. Er-xotin oʻgʻillariga ajablanib-ajablanib qaradi. Shunda Mahmudjon oq xalta oʻrniga oʻtgan yili stipendiyasidan sotib olgan «Adidas» yozuvli sumkani ochib, ichidan otasiga koʻylak, onasiga bir koʻylakli mato chiqardi. Er-xotin sovgʻalarni qoʻliga olarkan, avvaliga oʻgʻillariga hayratlanib-hayratlanib qarashdi, soʻng bir-birlariga moʻltirabgina termulishdi-yu, beixtiyor koʻzlariga yosh keldi.
-Ulim... -dedi Muxtor aka lablari titrab, - bularni qaerdan olding?..

Shunda Mahmudjon yoshlik qilib, sumkasidan pul ham chiqardi-da, otasining oldiga qoʻydi.
-Bu nima? - ota qoʻrqib ketdi.
-Ishga kirdim, ota, - dedi Mahmudjon yukinib. -Endi ishlasam ham boʻladi. Sizam qiynalib ketdingiz. Hammasidan xabarim bor...

Muxtor aka bir oʻgʻliga, bir koʻrpacha ustida turgan pulga qaradi. Soʻng oʻzini tutib turolmadi, pulni oʻgʻli tomon surib qoʻydi-da, uning yelkasidan quchib, hiqillab yigʻlab yubordi.

Bu otaning quvonchga belangan armonli koʻz yoshlari edi. Bu otaning armonga belangan sevinch koʻz yoshlari edi...