OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXoliyor Safarov
Asar nomiHaydar bobo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Xoliyor Safarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/09/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Haydar bobo (hikoya)
Xoliyor Safarov

Oxirgi paytlarda Haydar bobo juda gʻalati boʻlib qoldi. Uni goh uy oldidagi omonat kursida mungʻayib uzoq-uzoqlarga tikilib oʻtirgan holda, goh uyi atrofida qoʻllarini orqaga qilgancha asabiy yurganini, ba’zan esa kun qiyomda boʻlishiga qaramay peshanasiga chorsi belbogʻ bogʻlab, tomorqasida ketmon urayotganda uchratish mumkin. Harakatlari asabiy, havoni kesgancha yerga shuvillab botayotgan ketmon tutgan baquvvat qoʻllarida achchiq borligi yaqqol seziladi. Yarim soatlar tomorqada unnab, pomidor-bodring tagini yumshatish yoki kuzgi tarvuz-qovunga joʻyak olib kelishini aytmasa, polizda ham deyarli ish yoʻq. Yarim gektar tomorqa boʻlgani bilan yarmiga yoʻngʻichqa, qolganiga koʻngil tusaganda uzib kelinadigan sabzavotlar ekilgan. Aslida, boboga shularni ekish, tagini yumshatish, vaqtida, obi-tobisidan xabardor boʻlish tugul tomorqa qilishning hojati yoʻq. Kampiri ikkoviga davlat berayotgan nafaqa yetadi. Biroq bobo ichi tang odam, uyda mogʻor bosib oʻtirolmaydi. Keyin kampirning ahvoli chatoq... Shuning uchun doim toriqib yuradi. Uy aylanish, qoq tushda tomorqada ishlash, tong sahar va kechki salqinlarda uy oldida uzoq-uzoqlarga oʻychan tikilib oʻtirish sabablari ham shundan...

U oʻrta boʻyli, yelkalari keng va toʻlagina, istarali odam. Paygʻambar toʻyini qilib bergandan soʻng soqolni ham olmay qoʻydi. Umrini kolxoz ishiga, aniqrogʻi, agronomlikka bagʻishlagan qariya salkam qirq yil bir kolxozda ishladi. Oltmish yoshida nafaqaga chiqdi va uyda kampiri bilan bolalarining yonida oʻtirib qoldi. Endigi qiladigan ishi toʻy-ma’rakalarda kayvonilik va tomorqaga qarash, ogʻilda bogʻliq turgan toʻrt-besh qoramolini aylantirib yurish.

Haydar bobo shunisiga ham qanoat qiladi. Roʻzgʻori tinch, bolalari sogʻ-salomat. Biroq ikki qizdan keyin tugʻilgan oʻgʻlini yoshligidan koʻp erka qilib qoʻygan ekan, ancha quloqsiz chiqdi. Katta umid bilan Toshkentga oʻqishga qoʻygandi, ammo uchinchi kurs vaqtida shoʻxlik qilib qoʻyib, haydalib keldi. Shunda oʻgʻlini kolxozga ishga joylashtirdi va oʻsha qizga majbur uylantirdi. Kelin ham quloqsiz oʻsgan ekan, ularning izzatini joyiga qoʻymadi. Shunda u eng toʻgʻri yoʻl shu, deya oʻgʻli bilan kelinini koʻchirtirib yubordi. Keyingi qizi oʻqimadi, toʻy boʻlib ketdi. Kampiri ham baquvvat va biroz iddaoli edi, oʻgʻlining shunday qilganiga «Kelinga qarab qolgan kunim yoʻq!» deb uy ishlarini oʻzi qilib yurdi. Kenja oʻgʻli maktabni bitirganda chol-kampir uni ham Toshkentga oʻqishga yubordi.

– Akang meni sondan chiqardi. Hech boʻlmasa sen tuzukroq odam boʻlgin. Sizlar yaxshi joyda oʻqib, elning xizmatida boʻlmasanglar Haydar otim qaerda qoladi? – dedi bobo kenjasini oʻqishga yuborayotganda.

Kenja oʻgʻil oʻqishga ham kirdi, oliygohni a’lo darajada tamomladi. Soʻng otasidan magistraturaga kirishga ruxsat soʻradi.

– Mayli, bolam, – dedi Haydar bobo. – Oʻqi, olim boʻl! Ishqilib, yo oting, yo zoting chiqsin! Lekin aytib qoʻyay, kelasi yil uylanasan!

– Magistraturani bitirib keyin uylansam yaxshi boʻlardi-da, ota...

– Aytganimni qil, kam boʻlmaysan, – oʻgʻlining gapini choʻrt kesdi bobo. – Men ham otamni aytganini qilib, kam boʻlmaganman. Mana, xudoga shukr, hurmat-izzatim joyida. Sen qulogʻingni qimirlatmay oʻqiyver, qolgani bilan ishing boʻlmasin.

Haydar bobo aytganini qildi. Oʻgʻli bir yil oʻqigandan keyin «Boʻldi endi, uylanasan. Har ishda bir hikmat bor, ulim. Shu vaqtgacha Xudo senga bir rizq berayotgan boʻlsa, uylanganingdan soʻng buni ikkita qilib qoʻyadi. Faqat oʻzing, soʻzing toʻgʻri boʻlsa boʻldi. Magistraturam tugagani yoʻq dema, bir yil ham koʻz ochib yumguncha oʻtib ketadi», deya oʻzlari topgan qizga uylantirib qoʻydi. Oʻgʻli bir ogʻiz «Ota, mening koʻz ostiga olganim bor edi» demadi. Kelin ham kelin ekan, qaynota-qaynonasining qoʻlini sovuq suvga urdirmadi. Shunday boʻlsa-da endi kelindan yolchigan Haydar bobo orzu-umidlarga koʻmilib, sentyabrda kelinini oʻgʻliga qoʻshib, shaharga yubordi.

– Ota, keliningiz xizmatingizni qilsin, hali shaharda uy-joyim boʻlmasa... – dedi oʻgʻli akasi xotinining chizigʻidan chiqmaganligi uchun roʻzgʻori alohida boʻlgani, jiyanlari qarashib tursa-da, onasi qiynalayotganini koʻrib.

– Unday dema. Mayli, iloyim boshlaring omon boʻlsin, – deya ota oʻgʻli bilan keliniga oq fotiha berdi. – Men sening shu qirlar orasida menday noming chiqmay oʻtishingni xohlamayman. Oʻzing istading, olim boʻl, ammo ikki qulogʻing bilan ham eshitib qoʻy, qayda boʻlsang ham odam boʻl! Yigit pirlaring qoʻllab, el oldida tiling ustun, sening ortingdan bu yerda bizning ham yuzimiz yorugʻ boʻlsin. Kelinim ikkovlaring oʻzlaringdan koʻpayib, uvali-juvali boʻlib yuringlar. Bizdan duo, sizlardan harakat, ulim. Intilganni xudoyim zoriqtirib qoʻymaydi. Bizdan xavotir olmanglar. Otdaymiz. Sizlar shaharda palak yozib, unib-oʻsib ketsanglar, bizga qilgan xizmatlaring shu boʻladi. Hech ikkilanma. Ikkita oliy ma’lumotli bitta shaharda oʻzlaringni eplab ketolmasanglar uyat. Doʻst bor, dushman bor. Bitta uy top. Ogʻildagi mollarni men goʻrimga orqalab ketmayman. Sotib beraman. Oʻzi bir-ikkitasini anov betayinga bermoqchiydim, oʻzi ixlosimni qaytardi, endi oʻzidan koʻrsin...

Shunday qilib, ota-ona duosi bilan kenja oʻgʻil xotinini olib shaharga ketdi. Chol va kampir yana yolgʻiz qolishdi. Kunda, kunora qizlari xabar olib turadi. Ikkinchisining uyi yaqin, har ikki kunda kelib, non yopib beradi. Kampir esa munkillab borib sigir sogʻadi, roʻzgʻor qiladi. Ularni odamlar Haydar buva, Zaynab momo de-yishadi, oʻsha vaqtda bobo oltmish besh, momo oltmish bir yoshda edi.

– Bir qizdan qaerim kam? Kerak boʻlsa ular qilgan, ishni oʻtirgan joyimda bajaraman. Xudoga shukr, tani-jonim sogʻ, – derdi Zaynab momo bitta-yarim «Momo, sizga zarilmi, qarigan chogʻda shuncha ishni qilib? Ana keliningiz bor. Qisin shular» degichlarning ogʻzini yopish uchun. Aslida momo ham oʻzidan oʻtganini oʻzi bilardi. Toʻngʻichi xotin quli boʻlib, shahardan topgan ji-blajiboniga yopishdi qoldi. Kelin kelganida yukli edi, bir oy ham tayinli xizmatni qilmadi. Oʻzini avaylash bahona qoʻlini sovuq suvga urmaydigan, roʻzgʻor ishlarini oʻz-oʻzidan qaynonaning boʻyniga tashlab qoʻyadigan, kerak boʻlsa, «Voy, toʻrtta qoʻlim bormi-a? Qaysi birlaringa boʻlay?» deya zarda qiladigan, jerkib tashlaydigan odat chiqardi. Valadi zinosini tuqqanidan soʻng esa tamoman oʻzgardi. Shunda momoning toqati toq boʻldi. Har ne boʻlsa ham chaqaloqning chillasi chiqqanicha oldida olib turdi. Irim-sirimlarini qildirdi. Hatto kelinning injiqligi, uning boshida aylanaverishini istamay «Bolaga qarash sizga qoldimi?» deya jerkishlariga chidadi. Bir ogʻiz «Bolada nima ayb? Pok-pokiza yurib, el oldida yuzimni shuvit qilmaganlaringda senlarni boshimga koʻtarmasmidim» deyolmadi, ammo chaqaloqning chillasi chiqishi bilan choliga yorildi.

– Boboy, bularni nima qilsangiz qiling. Anuv uchastkaga koʻchirib yuborasizmi yoki undan narigami, ishqilib koʻzimdan pana qiling. Shu uying kuygurlarga kunim qolgani yoʻq. Bir roʻzgʻorning ishi boʻlsa, oʻzim qilaman! Bunday kelinning boridan yoʻgʻi avlo...

Haydar bobo ham bor dardini ichiga yutib yurgan emasmi, qadoq qoʻllarini musht qildi. Muk tushib oʻtirganicha kampiriga uzoq tikildi. Soʻng dedi:

– Ertagayoq izini quritaman. Hayla, tayyor uchastka. Borsin-da, xohlaganiday yashasin. Shunda otaning qadrini biladi.

Tanti qariya shu kuni oʻgʻli bilan keliniga koʻch-koʻroni bilan chiqib, kichikroq uy solib qoʻyilgan uchastkaga borib yashashini buyurdi. Er-xotin «Ie, nega birdan oʻzgarib qoldingiz?» demoqchidek qarash qildi, ammo ota choʻrtkesarligidan bunaqa savollar ortiqchaligi, barisi oʻzlarining nomuslik ishi uchun boʻlayotganligini bildi. Oʻgʻil bir ogʻiz «Ota, kechiring. Oʻla-oʻlguncha xizmatingizda boʻlaylik. Axir qanday sizlarni yolgʻiz tashlab ketamiz» deya olmadi. Aksincha xotinining «Qachondir bu jodugar kampirning shunday qildirishini bilardim» degan iddaosi bilan qulogʻini ham qimirlatolmadi.

Ertasi kuni oʻgʻli miq etmasdan koʻrpa-toʻshak, taqir-tuqurlarini telejkaga ortayotganda ota chidolmadi. Oʻpkasi toʻlib ketdi. «Shunday ul oʻstirguncha...» deya davomini gapirishga ham boʻlmay avvaliga uy aylanib yurdi, boʻlmadi. Yuragi kuyib, boʻgʻziga achchiq bir nima tiqilib ketayotgandek tuyulaverdi. Qarasa, kampiri ham oʻzini qoʻyarga joy topolmayapti. Goh uyga kiradi, goh oshxona tomonga oʻtib ketadi. Boshi egik, koʻzlari bir nuqtaga qadalgan. Katta oq roʻmol uchini tutamlab labiga bosganicha u yoqqa, bu yoqqa yuradi. Bobo xotini ichikayotgani, hozir bir-birlariga bir ogʻiz gap aytsa, qaroqlarida qalqib turgan nadomat koʻz yoshlarini tiyolmay qolishdan choʻchidi va indamay qirga chiqib ketdi. Adir tepasida shimoldan esayotgan ertalabgi shabadaga koʻksini tutdi-yu, chuqur uh tortdi. Shu vaqt eti junjikib, a’zoi badani titrab ketdi. Koʻzlariga achchiq yosh quyildi.

– Ah, noqobil bola-ya, – dedi choʻntagidan roʻmolchasini chiqarib yuziga bosarkan. – Sen tugʻilganda qanchalar quvongan edim. Endi-chi? Jigit oʻlgur, odam boʻlib, koʻzga koʻrinar paytingda qilayotgan ishingni qara?..

Haydar boboning hayot-mamot oʻyini ketayotgani uchun oʻz uyiga qarashga yuragi betlamadi. Teskari qarab oʻtirdi. Tizzalarini quchgancha olis-olislarga koʻz tikdi. Bolalik damlari oʻtgan adirlarni, Haydar boʻlib tanilgan keng paxta dalalari va qarshisida yastanib yotgan kolxoz yerlariga qarab turib, battar xoʻrlandi. Kun choshgohga kelib, oftob qizdira boshlagan emasmi, yelkalari qizib, ikki kuragi tagi achishgandek boʻldi. Shunday boʻlsa-da u ancha vaqt, to oʻgʻli bilan kelini koʻrpa-yostiq ortilgan telejkaga minib, qorasi oʻchguncha ters boʻlib oʻtirdi. U hech qachon bunchalik xoʻrlanmagan edi. Hatto ota-onasi vafot etganda ham «Qismat ekan-da, endi ogʻir boʻlishim kerak. Ota-ona oʻlmogʻi meros...» deya oʻzini qoʻlga olgan, yaqinlarining «Xudo sabr bersin» deya yelkasiga qoqishlaridan allaqanday madad topgandek boʻlgan, biroq bugungi ahvoliga na yuragi, na aql-idroki bardosh berdi. Bu dam yelkasiga urib, madad boʻlguvchi, hol soʻrovchi ham topilmadi. Oʻzingdan chiqqan baloga, qayga borarsan davoga...

Haydar boboning yuragi kuydi. Burgutday odam qir ustida chumchuqday boʻlib qoldi. Esayotgan shabada goʻyo uning quloqlari ostidan abadiyat kuyini chalib oʻtayotgandek, avj pardalar xonishi uning bola tarbiyasida qaerda xato qilganini topolmasdan oʻkinib, qalbini oʻrtayotgan nolishlariga uygʻunlashib ketayotgandek boʻldi. Toki, oʻgʻlining qorasi oʻchdi, keyin qiyalab pastga endi. Uyga kirsa, kampiri yigʻlab oʻtiribdi. Eshikka suyangan kuyi bir zum muk tushib oʻtirgan kampiriga qarab turdi, soʻng dedi:

– Kampir, sassiq deb burunni kesib tashlab boʻlmaydi. Oʻz pushtikamarimizdan boʻlgan farzand. Faqat qaerdadir xato qilibmizki, tarbiyasi buzuq chiqdi. Mayli, ketsin, oʻzi biladi. Bir kun «taq» etib peshanasi toshga tegadi, keyin odam boʻladi. – Haydar bobo shunday deya xotinining yonidan choʻkkaladi. – Ogʻir boʻl. Shularsiz ham kunimiz oʻtadi. Oyoq-qoʻldan qolganimiz yoʻq. Oʻzingni qoʻlga ol. Eshitgan quloq nima deydi? Ogʻzing qonga toʻlgan boʻlsa ham dushman oldida tuflama, degan gap bor...

Shundan boshlab chol-kampir achchiq bilan yashay boshlashdi. Bu orada kichkina qizini uzatdi. Keyin yordam berib tursin, deya katta qizining toʻngʻichini, nevara qizni olib kelishdi. Kenja oʻgʻli oʻqishni bitirdi. Bir yil magistraturada oʻqigach, uylandi, oʻzlarining ruxsati bilan xotinini ham shaharga koʻchirib ketdi. Ammo ular biror marta katta oʻgʻli va kelinga qayishmadi. Ular ham betiqalinlik qilib yashayverishdi. Bir marta, qishda pulsiz qolib yordam soʻrab keldi. Bobo oʻgʻlining soʻroviga javob ham bermadi. Uydan chiqib ketdi. Yarim soatlardan soʻng oʻgʻli ketdi. Uyga kirib, kampiriga «Pul berding-a?» dedi. Zaynab momo esa «Yoʻq, oʻlibmanmi?» dedi-yu koʻzlarini olib qochdi. Haydar bobo bildi, kampiri pul bergan, lekin hech narsa demadi. Tikilib-tikilib turdi-yu, yana tashqariga chiqib ketdi. Mol-holdan xabar oldi. Qish. Ogʻilda ikki sogʻin sigir, bir hoʻkiz va ellikka yaqin qoʻy-echki, bir eshak, bir ot uning qoʻliga qarab qolgan. Kampir uy ishlarini qiladi.

Haydar boboning bomdodni oʻqishdan boshlangan kuni qishda ertalab bir mol-holdan xabar olish, keyin nonushta va to tushgacha issiqqina sandalning ikki yonida oʻtirib suhbat qurish. Radio eshitishadi, televizor koʻrishadi. Nevaralari kelib qolsa gurunglashib, hazil-huzul qiladi. Gohi esa oʻgʻlini oʻylab toriqib ketadi. Chiqib, mol-hol bahona uy aylanib yuradi. Yozda esa mollarni podachiga, qoʻylarni choʻponga berib, kampiri ikkalasi uy oldiga soyaga chiqib oʻtiradi.

Kenjasi magistraturani bitirgan yili qish qattiq keldi. Qor ustiga qor yogʻdi. Izgʻirin. Necha kunki yerdagi muz erimaydi. Chol-kampir esa hamon iddao bilan yashaydi. Bir kuni falokat yuz berdi. Ertalab sigir sogʻib qaytayotgan kampir Haydar bobo qorkurak bilan uydan oshxonaga, oshxonadan ogʻilgacha ochib chiqqan yoʻlakchadan ehtiyotgina boʻlib kelayotib, oshxonaga chiqishdagi biroz nishablikdan bir oyogʻi toyib ketdi-yu, gursillab yiqildi. Chelakdagi sut yerga toʻkilib, qorda sargʻish iz qoldirdi, oʻzi esa qattiq ingranib, cholini chaqirdi.

– Bobo-oyy...

Molxonada kuymalanib yurgan qariya «Ehh?!» dedi-yu, yugurib kelib kampirini koʻtarib oldi, ammo Zaynab momo oyogʻini bosa olmadi.

– Palakat, oyoqni yebsanmi deyman? – dedi-da, kuyov kelinni koʻtargandek zorlanib ingrayotgan kampirini dast koʻtarib, uyga olib kirdi. Sandal yonidan yotqizdi va voy-voylashiga qaramay lozimini eti qochgan sonlarigacha koʻtarib, oyoqlarini baravariga uqalashga tushdi. «Sinmaganmikan?» deya qoʻrqqan bobo oyoqni uqalashdan toʻxtab, stol ustida turgan saryogʻ bankani oldi-yu sandalga, choʻgʻ solingan togʻora yonidan qoʻydi. Yogʻ qiziguncha esa kampirini ovutib turmoqchi boʻldi. – Koʻzingga qarasang boʻlmasmidi?-dedi hadeganda miyasiga bir joʻyali fikr kelmay. – Ehtiyot boʻl-da, kasofat...

Kampir miq etmadi, koʻzlarini yumganicha labini tishlab oʻtirdi. Qisqa-qisqa ingradi. Haydar bobo isigan saryogʻni olib, endi kampirining soni va belini uqaladi. Shunda Zaynab momo biroz tinchlandi, yigʻi-sigʻini yigʻishtirib, bir choliga, bir sandal koʻrpasidan yarim chiqib turgan chap oyogʻiga qaradi va:

– Men shoʻrga bu kunam bormidi... – deb yubordi.

– Hay, oʻzingni tut. Men hozir... – chol shunday deya ichikib tashqariladi va uy yoniga oʻtib, qoʻshnining katta oʻgʻlini chaqira boshladi. – Almardan, hov Almardan?..

Zum oʻtmay uy yonida oʻn besh-oʻn olti yoshlardagi ozgʻingina yigitcha paydo boʻldi.

– Ha, Haydar buva?

– Tez kelda bu yoqqa.

– Hozir, – yigitcha zipillab yetib keldi. – Tinchlikmi, buva?

– Tinchlikmas. Tez borib, anov Mahmud doʻxtirni aytib kel. Haydar buvamning xotinining mazasi boʻmay qopti. Toyib yiqilibdi de.

– Mayli.

Qoʻshnining oʻgʻli yarim soatga qolmay qishloq maktabining yonida yashaydigan doʻxtirni boshlab keldi. Kampirning biroz isitmasi ham koʻtarilgan ekan. Mahmud doʻxtir bir-ikkita ukol qildi, ammo oyogʻi haqida bir ma’nili gap aytolmadi. Bir-ikki «Momo, oyoqqa nima boʻldi, oyoqqa?» dedi. Momo esa javob berish oʻrniga koʻzlarini yumgancha inqillab-inqillab oʻtirdi.

– Bilmadim, buva, tabibga koʻrsating. Chiqqan, singanni ular biladi, – dedi Mahmud doʻxtir oxiri nima qilarini bilmay.

Shundan soʻng Haydar bobo «Qanaqa doʻxtirsan-e? Boʻpti, boraver» deya doʻxtirga javob berib yubordi va yana Alimardonga iltimos qildi.

– Ulim, yaxshiyam sen bor ekansan. Sadagʻang ketay, men momoni oldida boʻlay, sen bizni otni min-da, Mardi tabibni chaqirib kelib ber endi.

Narigi qishloqdan bir soatlarda yetib kelgan tabib cholning ijozati bilan momoning sonlarini lozimi ustidan uqalab-uqalab, tizza va bel suyaklarini bosib-bosib koʻrdi-da, yelka qisdi.

– Hammasi joyida-ku, buva?

– Qiziq gapirasan, Mardi, – gʻijindi chol. – Hammasi joyida boʻlsa, seni chaqirarmidim. Koʻrayapsan-ku, oyogʻini bosolmayapti.

Shunda Zaynab momo bir zum jim qoldi-da, sekin eriga dedi:

– Hech narsani sezmayapman.

– Nima? – Haydar boboning rangi oqarib ketdi.

– Tavba de-e, kampir, tavba de.

Bu gapni eshitib, tabibning ham quti uchdi.

– Buva, unday boʻlsa, momoni shaharga olib borish kerak. Travmatologiyada oʻn kun yotsa, otday boʻlib ketadi.

Haydar bobo tabibning aytganini qilib, oʻsha kuni Alimardonga uyiga koʻz-quloq boʻlib turishini tayinladi va mashina topib, kampirini tumanga olib ketdi. Shifokorlar umurtqa pogʻonasi singanini aytishdi va operatsiya qilib, oylab davolashdi, ammo Zaynab momo tabib aytgandek otday boʻlib ketmadi. Shaharga qay ahvolda borgan boʻlsa, yana shu ahvolda qaytdi. Endi uning bir tomoni, tanasining chap qismi ishlamas, qoʻl-oyoq hech narsani his qilmasdi. Kampir butunlay falaj boʻlib, toʻshakka mixlanib qolgan, chol esa goh kampiri yonida, goh mol-holning tagida ovora-sarson. Qizlari shu yerda. Bir kuni oʻgʻli ham keldi, ammo Haydar bobo uni uyga kirgizmadi.

– Yoʻq boʻl, koʻzimga koʻrinma! Mening senday bolam yoʻq! – deb yubordi jahl ustida. Oʻgʻil boʻyni qiyshayib qolgandek orqasiga qaray-qaray iziga qaytib ketdi. Bir-ikki marta «Ota, ota...» deya ogʻiz juftladi, ammo Haydar bobo uni gapirishga ham qoʻymadi.

Ikki katta qiz oʻn kun almashib onasiga qarashdi. Kichkina qizam kunora kelib turdi. Opa-singillar nima qilishini bilmay sim karavotga yotqizib qoʻyilgan volidalari poyida oʻkinib-oʻkinib yigʻlashdi. Shunda ota ularga haq gapni aytdi.

– Qizlarim, hammasi xudodan. Baring toʻdalashib enangdi yuragini ezmanglar-da, uylaringga boringlar. Sizlarniki ham roʻzgʻor. – U shunday deya katta qiziga yuzlandi. – Sen toʻngʻichingni yana qoldirasan. Kir-chir, ovqat-poqatga qarashib turadi. Qolganiga oʻzim, peshanadan koʻraman...

– Akamni chaqirsak boʻlardi, – dedi kenja qizi.

– Buncha qaysar boʻlmasangiz,– dedi katta qiz.

– Ota, – dedi-yu, davomini aytolmadi oʻrtanchasi. Onasining oyogʻini quchoqlab, uvillab yigʻladi.

Endi qizlar kunda-kunora xabar olib turar, Haydar bobo esa bilganidan qolmasdi. Kampirining yonginasidan yerga toʻshak soldirib yotar, bir kecha-kunduzda necha bor koʻtarib hojatiga olib chiqar, yana kiritib yotqizar, bomdodga juda barvaqt turar, tahorat qilib kelgach joynamoz ustida uzoq qolib ketar, Xudoga yolvorib, kampiri dardiga shifo soʻrab oʻtirardi.

«Ey, Parvardigor, qarigan chogʻimda nega meni bu koʻylarga solib qoʻyding? Bu bilib-bilmay qilgan gunohlarim javobimi yoki qaysarligimning sinovimi? Mayli, sevgan qulingga dard berasan, shifosini ham oʻzing bergin. Bandangga yaxshilik qilay desang, birovlarga hojatmand qilib qoʻyasan. Ishqilib, yuzimizni yorugʻ qil. Salkam qirq besh yillik yoʻldoshimni, qirq besh yil boshimda koʻtargan odamimni yana aziz qilding. Bu sinovlarni yengib oʻtishda oʻzing sabot ber, saodat ber, Tangrim. Sendan oʻzga madadkor, xaloskor yoʻq»!

Qizlarining ketganiga ikki kun oʻtmay, bu xabarni kim yetkazgan, kenja oʻgʻli xotini bilan kirib keldi. Haydar bobo oʻgʻlini koʻrib koʻzlariga yosh oldi va bunaqa odati yoʻq edi, oʻgʻlini bagʻriga bosdi. Er-xotin onaning ahvolini koʻrib, yigʻlashdi. Zaynab momo ham oʻzini bosib turolmadi.

– Qarigan chogʻda shunday birovga qarab qoldim, bolam, – dedi u karavotdan boshini arang koʻtarib. Soʻng cholining yordami bilan bolalari battar ichikmasligi uchun turib, bir pas oyogʻini osiltirib oʻtirdi.

Aslida nima boʻlganini eshitib, kenjaning esxonasi chiqib ketay dedi.

– Toshkentga oboramiz, – dedi nima qilarini bilmay.

– Yoʻq, – afsus bilan bosh chayqadi ota. – Foydasi yoʻq, qarichilik.

– Oltmish bir yosh qarilikmi? – kenjaning koʻzlariga yana duv-duv yosh quyildi. – Sakson, toʻqsonlar qaerda qoldi? Yoʻq, ota, enamni Toshkentga olib ketaman!

– Menam bilmasam gapirmasman... – dedi-yu, Haydar bobo ham hiqillab yigʻlab yubordi.

Kenja oʻgʻil oʻsha kunning oʻzida onasini Toshkentga olib bordi. Vrachlar umurtqa joyiga tushmagan, falaj deb tashxis qoʻyishdi, qayta operatsiya qilishdi, ammo hech narsa oʻzgarmadi. Shifokorlar buni qarichilik va tanadan shijoatning yoʻqolib borayotganligiga yoʻydi. Shunda oʻgʻil noiloj onasini olib, yana qishloqqa qaytdi. Hech nima qilolmagani uchun qattiq iztirob chekdi. Nachora, osmon yiroq, yer qattiq.

– Hozircha keliningiz sizga yordam berib turadi. Men ham hafta oxirigacha ariza yozib, ishdan boʻshab kelaman, – dedi otasiga. – Bunday qarab tursak boʻlmas. Tabib-pabiblarga oborish kerak. Enam shunday yotsa, mening olimligim kimga kerak?

Oʻgʻil oʻzini qoʻyarga joy topolmas, uy ichida u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi.

– Ulim, – dedi Haydar bobo oʻgʻlini tinchlantirish uchun. – Xudo dard beribdimi, nasib boʻlsa, bir kun shifosini ham beradi. Mayli, yuz yil shunday falaj yotsayam oʻzim qarayman. Boʻpti, kelin qolsin, ammo sen ketasan. Olimliging menga kerak! Senga bu joylarda noming chiqmay oʻtishingni xohlamayman, deganman. Esingda, a? Ulim boʻlsang, aytganimni qilasan! Faqat tez-tez xabar olib tur.

Haydar bobo shunday deya kenjasini shaharga qaytarib yubordi. Kelin uch oylik oʻgʻilchasi bilan yonida qoldi. Shunda qaysar chol katta nevarasiga ham javob berib yubordi. Yana odatiy kunlar boshlandi. Haydar bobo joynamoz ustida uzoq qolib ketar, kelin sigir sogʻib, choy damlab kelguncha kampiri yonida oʻtirib, soʻng birga nonushta qilar, ba’zan chirqirab yigʻlab qoladigan nevarasini tebratar, gohida qoʻliga olib, munchoqdek koʻzlariga tikilib oʻtirar, bir yonida yoshlik ramzi – koʻzlari kulib turgan, kulgulari olam yorituvchi yosh goʻdak, bir yonida qarilik va dunyo oʻtkinchi ekanligini boʻyniga olib borayotgan kampiriga qarab turib, yuraklari kuyardi. Zaynab momo qattiq siqilaverganda, hojatga chiqmoqchi boʻlganda, koʻtarib tashqariga olib chiqar, soʻngra alam va iztiroblariga chidamay oʻzini goh ichkariga urar, koʻpincha uyga kirishga yuragi betlamay nevarasini koʻtarganicha hovli aylanib yurar, qirga chiqar, ogʻildagi mollarga qarab, tomorqada ishlar, kundan-kunga soʻlib borayotgan kampirining tuzalishiga umid bogʻlab yashardi.

Haydar bobo shu tarzda toʻrt yarim yil yashadi. Bu vaqt ichida choʻkib, butun oʻy-xayoli, orzu umidi, hatto olgan nafasi, oʻzligi ham kampiri boʻlib qoldi, ammo beshafqat taqdir Zaynab momoga qayta ikkala oyoqni birdan bosib tashqariga chiqishni nasib etmadi. Soʻnggi bir yarim yil ichida tamomila toʻshakka mixlanib qoldi. Bir-ikkita tengqurlari Haydar boboga yoʻl-poʻlda uchrashib qolganda «Haydar, senga qoyil. Buncha diydang qattiq boʻlmasa» deya uning bardoshiga tan bersa, «Bundan koʻra, boshqasiga uylansang-chi?» deguvchilar ham boʻldi. Bunday paytlar Haydar bobo shunaqa sassiq gap qilib jigʻiga tegayotganlarning jagʻini qulogʻi orqasiga oʻtkazib, qaytib tilini chiqarolmaydigan qilib qoʻymoqchi ham boʻlar, ammo koʻz koʻzga tushadi, deb oʻzini bosar, ularga tikilib turib-turib, «Omin» deya davradan chiqib ketardi. Uyga kela-kelguncha ich-ichidan kuyinib yigʻlar, uyga kelgach kampirining etsiz qoʻllarini ushlaganicha kirtayib qolgan koʻzlariga tikilib oʻtirardi. Shunday unsiz termulish va soʻzsiz muloqotlarning birida, erta saharda Zaynab momo bomdodni oʻqib, yonginasidan kelib oʻtirgan cholining qoʻlini ushlab turib, dedi:

– Sizniyam koʻp qiynadim-a? Lekin sizday togʻim borligidan boshim osmonga yetadi. Men baxtli ayolman. Siz mard odamsiz. Meni kechiring. Mendan rozi boʻling...

– Kampir? Ehh... bu... – Haydar boboning yuragi shuv etib, gapi boʻgʻzida qoldi. Zaynab momo uning soʻnggi soʻzlarini eshitishga ham bormadi. Yostiqda turgan boshi «shilq» etib sirgʻalib ketdi.

Haydar bobo kampirining boshini koʻtardi-yu, oʻkirib yigʻlab yubordi. Qirq sakkiz yil ardoqlab kelgan kampirini toʻrt yarim yil qoʻllarida koʻtargan inson yana uni oʻz qoʻllari bilan soʻnggi manziliga qoʻyib kelayotganida dunyo koʻziga qorongʻu boʻlib, oʻzi-da hushdan ketdi. Hamqishloqlar yuziga suv sepib, oʻziga keltirishdi, ammo boboning koʻzlari yarim kunda kirtayib, yelkalari choʻkib qolgandi. Chol judolikdan kuyib, xuddi yongan daraxtdek qorayib, ketayotgandi. Uyga kelib ham oʻzini oʻnglolmadi. Uy oldidagi kursiga oʻtirdi-yu, boshiga kelib, hadeb kechirim soʻrayotgan, onasining oʻlimida oʻzini aybdor sanayotgan toʻngʻich oʻgʻlining yuziga ham qaramasdan, hech narsaga tushunmay koʻzlari jovdirab turgan nevarasini bagʻriga bosganicha piq-piq yigʻladi. Uyga kirishga yoki avvalgidek qirga chiqib, Tangriga tavallo qilishga ham irodasi yetmadi. Shunchalar boʻshashib, oʻzini yoʻqotib qoʻydiki, kelgan-ketgan bilan ham ishi boʻlmay qoldi. Azadagilar tarqalgach, kenjasi boboning qoʻltigʻidan tutib, yalinib ichkariga kirgizdi. Haydar bobo ichkariga kirishga kirdi-yu, oʻgʻliga «Bolam, oʻzing koʻz-quloq boʻl» deb oʻzini kampiri yotgan karavotga tashladi. Birov uning na uxlayotganini bildi, na nafas olayotganini... Yarim kecha, yigʻi-sigʻi tinganda kenjasi xotiniga issiq choy olib kelishni ta-yinladi va otasini uygʻotmoqchi boʻlib engashdi-yu, oʻkirib yubordi.

Bobo allaqachon oʻzini Haqqa topshirgan ekan...

«Yoshlik» jurnalining 2010 yil, 5-sonidan olindi.