OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXoliyor Safarov
Asar nomiIkki sohil (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Xoliyor Safarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ikki sohil (hikoya)
Xoliyor Safarov

Kechki ovqatdan soʻng bir dasturxon atrofida oʻtirishgan oila a’zolari birin-ketin tarqalisha boshladi. Qaynona nevarasini qoʻliga oldi, xushroʻygina kelin idish-tovoqlarni koʻtarib, oshxonaga oʻtib ketdi. Sochlariga oq tushgan, baland boʻyli, qorindor, yillar zahmati va bedor oʻtgan tunlardagi mutolaalar natijasi oʻlaroq, qoramtir yuziga ajin tushib, eti biroz salqigan, oynak taqqan koʻzlarida horgʻinlik bilan shijoat uygʻunlashib, allaqanday mungli va sinovchan boquvchi Mahkam Murodovich divanga oʻtib, biroz yastanib oʻtirdi-da, televizor pultini olib, bir-ikki kanallarni tekshirib koʻrdi. Aksariyatida koʻngil ochar dasturlar: tabrik va e’lonlar, kontsert, kechki teleseriallar...

Nafaqaga chiqqaniga yetti-sakkiz oy boʻlgan, shundan beri fakultet dekanining iltimosi va shogirdlarining talabiga koʻra, bitiruvchi kurs talabalariga haftada bir marta, atigi bir para ma’ruza oʻqib keladigan Mahkam Murodovich telekanallardan oʻzi istagan koʻrsatuvni topolmay, soatiga bir qarab qoʻydi. Keyin xotinining qoʻlidan nevarasini oldi.
— Menga ber-chi, - professor nevarasini qoʻliga olarkan, yetti oylik chaqaloqning jovdirab turgan koʻzmunchoqdek koʻzlariga tikildi. Soʻng ikki qoʻltigʻidan olib, yuqoriga silkidi. – Qani? A-pish, a-pish...

Bolakay bobosining erkalashidan va havoga otishidan tillarini chiqarib, ogʻzini katta-katta ochganicha qiqirlab-qiqirlab kuldi.
— Ehtiyot boʻling-e, - dedi xotini jonsarak boʻlib.
-A, mana, - Mahkam Murodovich «Ot-tam mening...» deya nabirasini erkalab, loʻppi yonogʻidan oʻpdi-da, chaqaloqni xotiniga tutqazdi. Keyin ijodxonasiga kirib ketdi. Bugun u ertangi ma’ruzaga biroz tayyorgarlik koʻrib qoʻyishi kerak edi. Bundan tashqari nafaqaga chiqib ham tinch oʻtirgani yoʻq. Talabalar uchun yangi bir ma’ruzalar matni tayyorlayapti...

Professorning ijodxonasi kichik bir kutubxonani eslatar, xonaning bir tomonidagi kitob javonida ilmiy-badiiy kitoblar, darslik qoʻllanmalar alohida-alohida terib qoʻyilgan, xonaning yon tomonidagi javon boʻlmalarida esa turli xil ilmiy ishlar va dissertatsiyalar qalashib yotar, shkaf tepasida esa choʻqqi soqol, bugʻdoyrang, boshiga qora, jun telpak kiygan qariya va oq chorsi roʻmolda iymanib, munisgina tikilib turgan keksa onaxon portreti turardi. Ular professorning ota-onasi. «G» shaklida yigʻilgan shkaflar burchagida katta ish stoli qoʻyilgan. Stol ustida qogʻozlar qalashib turishiga qaramay oʻziga xos tartib va sarishtalik seziladi. Stol chetida chirogʻi oʻchik lampa, oʻrtada esa kompyuter. Uyning eshik tomonida divan joylashgan boʻlib, qarshisidagi xontaxtada davriy matbuot nashrlari sochilib turardi.

Mahkam Murodovich ish stoliga oʻtirishdan oldin biroz oʻylanib turdi-da, javondan uch-toʻrtta kitobni sugʻurib oldi. Soʻng lampani yoqib, stulga oʻtirdi va anchadan beri bitmayotgan ishi - ma’ruzalar matnini tayyorlay boshladi.

U ancha vaqt ishladi. Qaysidir kitobni qayta-qayta oʻqidi, yana birisidan iqtiboslar olib, koʻchirishni boshladi.

Oradan ikki soatlar oʻtib, xonaga kichik jussali, boshiga guldor chorsi roʻmol bogʻlab olgan, kulcha yuzli, iymanibgina turuvchi Mehrigul opa kirib keldi va eriga bir qur nazar tashlab, qahvali finjonni stol ustiga qoʻydi.
— Dadasi, kofe damlab keldim.

Professor qogʻozdan boshini koʻtarib, ayolining mehribon koʻzlariga tikildi. Soʻng finjonni olib, issiq qahva hoʻpladi. Koʻzlarini yumib, huzur qildi.
— Umidjon keldimi? - dedi kutilmaganda.
— Yoʻq, hali, - bosh chayqadi Mehrigul opa. - Uni bilasiz-ku?

Professor shunda ogʻir xoʻrsindi-da, dedi:
— Negadir doim undan xavotir olaman. Nazarimda bizdan uzoqlashib ketayotgandek...
— Nega bunday deyapsiz? – Mehrigul opa eriga ajabsinib qaradi. - Nima, biror gap boʻldimi?
— Yoʻq, - bosh chayqadi professor.
— Unda nega bunday deyapsiz? Ishlari joyida, tani-joni sogʻ, kelin yugurib-elib xizmatimizni qilayotgan boʻlsa...
— Shundayku-ya? Ammo ayt-chi, Umidjonni koʻrmaganingga necha kun boʻldi?
— Ikki kun.
— Ana. - Mahkam Murodovich xayoli boʻlinib, fikrlari chalgʻib ketganini bildi-da, stoldan aylanib oʻtib, divanga, xotini yonidan oʻtirdi. – Onasi, sezayapsanmi, uning hamma ishlari joyida boʻlgani bilan ikkovimizdan uzoqlashib ketayapti...
— Qoʻysangiz-chi? - oʻzini orqaga tashladi Mehrigul opa. – Shuyam gap boʻldimi? Ishli odam. Erta ketib, kech keladi-da...
— Men ham uni laylak haydab yuribdi deyotganim yoʻq.
— Umidjonning direktor muovini boʻlganidan xavotirga tushayapsizmi deyman? - Mehrigul opa eriga sinovchan tikildi.
— Yoʻq. Omadini bersin! Bunga oʻzi erishdi, huzurini koʻrsin. Ammo kech kelib, erta ketsa ham bir pasga oldimizga kirib, «Dada, men keldim» yoki «Dada, men ketayapman» desa olam guliston.

Mehrigul opa erining gapiga uncha tushunib yetmagan boʻlsa-da, chindan ham oʻgʻlining yarim kecha kela solib oʻz xonasiga kirib ketishi, ba’zida ertalab nonushta qilmasdan «Ishga kech qolayapman» deya salomni ham qisqa qilib shosha-pisha chiqib ketishi, dam olish kunlarida oʻgʻilchasini koʻtarib olib hovlida yurishi, ba’zan oʻgʻilchasini mashinasiga mindirib qaerlargadir borib kelishi, ota-ona oldida yayrab, dardlashib oʻtirmasdan doim oʻzi bilan oʻzi ovoraligi chindan ham xavotirli ekanligini angladi. Oʻgʻlining bunday harakatlari qandaydir ularni bir-birlaridan uzoqlashtirib yuborayotgandek tuyuldi.
— Gapingiz toʻgʻri, -dedi biroz oʻylanib turgach. – Keyingi paytlarda u kayfiyati yaxshi boʻlsa, ertaroq kelsa, oldimizga kiradi, boʻlmasa yoʻq. Ertalab esa «Oyi, men ketayapman» deya shoshib chiqib ketadi. Ortidan «Hoy, choyingni ichmaysanmi?» deb javrab qolaveraman. Bunaqamasda-a, dadasi.
— Ha... - bosh chayqadi professor. – Mening xavotirim shundan. Bunaqa muomalaga oʻrganib qolsa yomon. Shundan qoʻrqaman. Boʻlmasa, Xudoga shukr, oʻgʻlimning ishlari yaxshi. Es-hushi joyida, ammo mana, bir yil boʻlayapti, uydagi munosabat oʻzgarayapti. Uy mehmonxona emas-ku, istagan vaqtingda kelib, xohlagan paytingda chiqib ketaversang. Undan pul soʻrayotganim yoʻq, ozgina e’tibor kutayapman. Qizlarning esa yoʻrigʻi boshqa... Oʻzi yoshing oʻtaversa, injiq boʻlib qolarkansan. U oʻgʻilchasini qancha yaxshi koʻrsa, men ham uni shuncha yaxshi koʻraman.
— Meni aytmaysizmi? - erining maqsadiga endi tushungan Mehrigul opa gapni ilib ketdi. - Dasturxon atrofida oʻtirganimizda ikkalamiz qolib xotinining yonginasidan kelishi, buyam yetmagandek oʻgʻilchasini tizzasiga olib oʻtirishidan, notoʻgʻri tushunmang-u, ba’zida rashkim ham kelib ketadi. Bolamni qizgʻangandek boʻlaman.
— Ha, oʻzi odamning koʻnglidan boshqa nimasi bor? - Mahkam Murodovich qahvadan hoʻplab, boshini orqaga tashladi. - Onasi, oʻgʻling kelsa, ayt, yoshi oʻttizga kirgan boʻlsa ham bizlar uchun baribir bola. Xavotir olayotganimizni, sogʻinib, kutib oʻtirganimizni yodidan chiqarmasin. Boʻlmasa, bilasan, yarim kechagacha uxlamay ishlab oʻtiraman. Bir pasga kirib, «Dada, men keldim» deyish qiyin emas.
— Xoʻp, aytaman, - Mehrigul opa erining hali ishlash niyati borligini bilib, sekin oʻrnidan turdi va boʻshagan finjonni qoʻliga oldi. –Yana damlab kelaymi?
-Yoʻq, rahmat, - professor divandan turdi-da, ish stoli tomon yurdi. - Umidjon kelsa, ayt, oldimga kirsin.
-Xoʻp, - Mehrigul opa qanday sirgʻalib kirgan boʻlsa, shunday sekin eshikdan chiqib ketdi.

Mahkam Murodovich ijodxonasida yolgʻiz qoldi. Tayyorlayotgan ma’ruzalar matnini davom ettirmoqchi edi, beixtiyor xayol olib qochdi. Koʻz oldiga ketma-ket ikki farzandi nobud boʻlgach tugʻilgan jigarbandi Umidjon keldi. Soʻngra uning kamoli uchun hech narsadan tap tortmagani, qobil farzand qilib ulgʻaytirgani, oʻqitib, yaxshi joyga ishga joylashtirgani, bugun oʻgʻli ishxonasida obroʻ-e’tibor qozonib, direktor muovini boʻlganidan quvondi. Biroq uning munosabatlaridan biroz oʻksingandek boʻldi. Ana shunda koʻz oldiga marhum otasi bilan onasi keldi.

... Mahkam olis viloyatdan kelib oʻqigani uchun uyga bir-ikki oyda bir marta kelar, har gal uyga borganida u ota-onasini uy yonida yoki koʻcha boshida koʻrardi.
— Kel-e, bolam-e, - derdi onajonisi uning yelkasiga urib. Otasi boʻlsa:
— Pul oʻlsin, topib beramiz-da, bunday ikki oyga qolib ketma, -derdi allaqanday bir kuyunchaklik bilan.

Mahkam qachon qishloqqa borsa, ota-onasi uning yonida oʻtirishini, oʻqishlaridan, yangiliklardan gapirib berishini istashar, ammo uning kelganini eshitgan sinfdoshlari uyga bostirib kelib qolishar, tong otguncha gurunglashib, hiringlashib oʻtirar yoki uni olib mehmondorchilikka chiqib ketishardi...

Bunday vaqtlarda u ikkilanib qolardi. Bormay desa, mahalladosh, bir koʻchada katta boʻlgan sinfdoshlari xafa boʻlishadi, boray desa, ota-onasi uni kutib oʻtirishibdi, sogʻinishgan. Ammo yosh koʻngli sinfdoshlar davrasiga oshiqadi.
— Mayli, boraqol, - derdi otasi choʻqqi soqolini silab. - Faqat kech qolib ketma. Onang ikkovimiz kutib oʻtiramiz...

Qayoqda, bunday paytlarda u tongga yaqin kirib kelar, to choshgohgacha uxlab, tushgacha yana qaytib ketish uchun tayyorgarlik koʻrar, ota-onasining yonida tushlik qilib, Toshkentga yoʻl olardi.
— Mayli, yaxshi bor oʻgʻlim, - derdi diydoriga toʻymay qolgan onasi boʻshashib. - Oʻzingni ehtiyot qilgin, och yurma. Yaxshi oʻqigin.
— Boʻpti, omon boʻl, - derdi otasi iftixorga toʻlib.- Qishloqdan birorta bola kelib qolsa, bir-ikki haftada pul-mul ham berib yuboraman. Ishqilib, sogʻ-salomat boʻl!

Oʻshanda ota-onasi uning diydoriga toʻymay qolishi, shuning uchun oy oxirlayversa, tushlariga kirib, borganida uy orqasida yoki yoʻl chetida avtobus kelishini kutib oʻtirishlarini Mahkam juda keyin, olim boʻlib, yolgʻizgina oʻgʻli, Umidjon Moskvaga malaka oshirishga ketganidagina his qildi. Oʻgʻli ketgan bir oy bir yildek tuyuldi. Shunday vaqtlarda u oʻn toʻqqiz yoshidan beri shaharda ekanligi, bu yillar zamirida ota-onasini qanchalar ezib, mehriga, diydoriga mushtoq qilib qoʻyganini angladi. Haliyam ular sabrli ekan. Mana u, hozir oʻgʻlining ishdan kelib, sogʻ-omon kelganini aytmagani, ertalab ham barvaqt chiqib ketayotganidan ezilib oʻtiribdi. Oʻn metr narida, hovlining u chetida yashaydigan oʻgʻlidan xavotirda. Avvallari ishga ovunib yurganmi, bunga koʻp e’tibor qilmagan ekan. Nafaqaga chiqib, uyda oʻtirib qolgach, yolgʻizlanib qolayotganini his etdi. Shunda u bir narsaga qoyil qoldi - hech qaerda ishlamaydigan, oddiy kolxoz ishi bilangina ovunib yurgan ota-onasi esa uni butunlay shaharga, yuzlab chaqirim uzoqqa yuborib qanday yashagan ekan?!

Odamzot qiziq ekan. Otasi uning uyiga kelganida ham koʻp turolmas, bu yerga kelsa, uyidan, qishloqda qolgan bolalaridan xavotir ola boshlardi. Insonning birgina koʻngli va shu koʻngilning sultonlari boʻlgan farzandlari bor ekanda... Rahmatlik otasi jon berar chogʻda ham joni koʻziga koʻrinmay ularni kutdi. Toshkentdan yetib borish ancha yoʻl. Oʻshanda, uydan xabar kelib, Mahkam ota qishlogʻiga uchib borganida ota uyi odamga, qarindosh-urugʻlarga toʻla edi. Uy toʻrida, oʻgʻil-qizlari atrofida otasi jon talvasasida yotardi...
— Ota, Mahkam akam keldi, - dedi kichik ukasi.

Ana shunda otasi xiyol koʻzini ochib, unga soʻniq nigohini tashladi. Oʻgʻliga qoʻlini uzatdi.
— Keldingmi, bolam... – dedi xirqiroq tovushda.
-Ha, ota, keldim... - titrab ketdi u. – Sizga nima boʻldi, ota? Nega bunday erkalab yotibsiz?

Javob berish oʻrniga otaning qoʻli uning kaftidan sirgʻalib ketdi. Ana shunda Mahkam oʻkirib yigʻladi va to oʻgʻli, qizi katta boʻlmaguncha otasining oʻshanda nega uni zudlik bilan chaqirgani-yu, lom-mim demasdan qoʻlidan ushlagan koʻyi jon berganini tushunolmay yurdi. Tushunib yetganida ancha kech, hatto bu vaqtga kelib, onasi ham shu tarzda olamdan oʻtgan edi...

U yillar davomida oʻylab-oʻylab ota-onasining bu tarzda jon berishlari, ota-onalarning doim farzandlaridan xavotirda, ulardan ilhaq boʻlib, sogʻinishlari, farzand diydori shirinligidan dalolat ekanligini tushunib yetdi. Shunda u ota-onasining eng soʻnggi (birga tushgan) suratidan beshta portret yasattirdi va ukalari, singillariga bittadan berib chiqdi. Bugun oʻsha suratlar har birlarining mehmonxonalari toʻrida osigʻliq turibdi. Mahkam Murodovichning esa ijodxonasida.

Professor oʻgrilib, bosh ustida turgan suratga tikildi-da, beixtiyor lablari titrab, boʻshashib ketdi.
— Otajon, onajon... - dedi suratga tikilgan koʻyi. - Sizlarning qadringizni ota boʻlib tushunyapman. Sizlarni qanchalar sogʻintirib qoʻyganimni, nega doim uxlamasdan kutib oʻtirishlaringizni mana endi anglab yetayapman...

Shu payt Mahkam Murodovichning tomogʻiga achchiq bir nima tiqilgandek boʻldi. Lablari titrab ketdi va beixtiyor koʻzlariga yosh keldi. U hozir oʻgʻli yo xotini kirib qolsa, yigʻlab oʻtirganini koʻrmasligi uchun arang joyidan turdi va stolni aylanib oʻtib, divanga oʻtirdi. Soʻng boshini divanga suyagan koʻyi koʻzlarini yumdi. Shu vaqt dahlizda qadam tovushi eshitildi va dam oʻtmay eshik ochilib, ostonada oʻgʻli Umidjon paydo boʻldi.
— Assalomu alaykum, dada.
— Vaalaykum assalom. Kel, - Mahkam Murodovich unga yonginasidan joy koʻrsatdi va qimtinibgina kelib oʻtirgan oʻgʻlining yelkasiga qoʻl tashladi. –Ishdan kech kelsang ham, mana shunday bir kirib oʻtgin, oʻgʻlim...

Umidjonning eti jimirlab ketdi.
— Men sizlarni uxlab qolgandir, bemahalda bezovta qilmay qoʻya qolay deyman-da... - dedi boshini gunohkorona eggancha.
— Uyqu qayoqda? Ishlab yoki oying bilan gaplashib oʻtirgan boʻlaman. Sen ham endi ota boʻlding. Nega bunday deyotganimni vaqti kelib bilasan...
— Oyim aytdilar... -Umidjon dadasiga qarashga botinolmay koʻzlarini olib qochdi.
— Ovqatlandingmi?
— Ha, - bosh irgʻadi oʻgʻli.
— Yaxshi, – professor oʻgʻliga boshdan oyoq razm soldi: ancha er yetib, oʻzgarib qopti. Ishning koʻzini biladi, ammo bir aybi, kelgan-ketganini ular bilmay qolishadi. Mahkam Murodovich mavridi kelganda oʻgʻlini bir urishib ham qoʻymoqchi boʻldi, ammo tili bormadi. Muddaosini bir soʻz bilan ifodaladi: - Umidjon, biz bilan birga oʻtirib ovqat yeyishga vaqting boʻlmasa ham ishga ketayotganingda, kelganingda, birrovga oldimizga kirib «men ketdim», «men keldim» desang yaxshi boʻlardi.

Bu gaplardan Umidjonning yuragi ombur bilan qisilgandek, otasining yelkasida turgan qoʻli nafaqat yelkasini, butun a’zoi badanini kuydirib ketgandek boʻldi. Nima deyishini bilmasdan jim turib qoldi.
— Mayli, endi boraver, - dedi ota oʻgʻlini ortiq xijolatga qoʻygisi kelmay.

Umidjon yana bir muddat jim turdi-da, sekin joyidan qoʻzgʻaldi. Eshik tutqichidan ushlaganda ortiga oʻgirilib dedi:
— Yaxshi dam oling, dada.
— Rahmat, oʻzlaring ham, - Mahkam Murodovich bir yengil tortdi. Yelkasidan togʻ agʻdarilgandek boʻldi. Turib, xushkayfiyat bilan yana biroz ishlamoqchi edi, boʻlmadi, tagʻin xayollar bostirib kelaverdi. Shunda u sekin yotogʻiga oʻtdi. Ayoli hali uygʻoq ekan, erining avzoini koʻrib sevindi.
— Oldingizga kirdimi? - dedi allaqanday xotirjamlik bilan.
— Ha, -bosh silkidi professor. - Hammasi joyida...

Ertasi kuni odatdagidek sahar turib, bugun universitetga borishi kerakligi uchun ish tartibini bir koʻzdan kechirib, endi nonushtaga kirgan Mahkam Murodovich dasturxon boshida oʻgʻlini ham koʻrib, sevindi. Birga nonushta qilishdi, soʻngra ishga joʻnash uchun hovliga chiqqandi, ne koʻz bilan koʻrsinki, Umidjon mashinasini oʻnglab turibdi.
— Dada, bugun ma’ruzangiz bor-a? Oʻtiring, oʻzim oborib qoʻyaman.

Mahkam Murodovich hovli oʻrtasida tik turib qoldi.
– Yoʻgʻ-e, - dedi qoʻl siltab. - Sen kech qolib yurma tagʻin. Men har doimgidek asta-asta piyoda ketaveraman.
— Kech qolmayman. Dadamni ishxonasiga kuzatib kelayapman desam, hech kim gʻing deyolmaydi. Keling...

Mahkam Murodovich bir oʻgʻliga, bir eshik oldida jilmayibgina turgan xotiniga qaradi. Soʻng sekin mashinaga oʻtirdi. Oʻgʻlining yonidan joylashar ekan, chuqur bir nafas oldi. Bu professorning quvonchidan, bagʻri butunligidan darak edi.

Mahkam Murodovich qadrdon fakulteti eshigi roʻparasida mashinadan tusharkan, oʻgʻliga:
— Rahmat, baraka top, - dedi. Soʻng qoʻshib qoʻydi: - Qaytishda oʻzim asta-sekin ketaveraman. Sen ishdan qolib, ovora boʻlib yurma...

Umidjonning tagʻin eti jimirlab, vujudi qizib ketdi va u negadir shu paytgacha unchalik ahamiyat ham bermagan bir mushohada bilan oliygoh zinalaridan bir-bir qadam tashlab yuqorilab borayotgan otasining ortidan qarab qoldi. Biroq u hali otasi koʻnglidan kechayotgan hislarni toʻliq anglab yetmagan, buni his etmoqqa esa biroz vaqt bor edi. Chunki uning oʻgʻilchasi endigina yetti oylik boʻlgan...