OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Xoliyor Safarov. Jiyron (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXoliyor Safarov
Asar nomiJiyron (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Xoliyor Safarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jiyron (hikoya)
Xoliyor Safarov

«
Ot — insonning yoʻldoshi.
Xalq maqoli
»

Oʻshanda yozning oʻrtalari edi. Chorpoya yoʻqligi uchun boʻlsa kerak, uyimiz oldida guvala gʻishtdan oʻrtasi tuproqqa toʻldirilgan, atrofi loysuvoq qilinib, oʻttiz-oʻttiz besh santimetrlar balandlikdagi qoʻlbola supa koʻtarib qoʻyilgandi. Yoz oqshomlarida oilamiz bilan oʻsha yerda yotardik. Tartib hech oʻzgarmasdi: avval otam, keyin oʻrtada beshik, soʻng enam, akam va men.

Kecha sokin. Qibladan esayotgan mayin shabada yuzga yoqimli urilib, tanaga ajib bir huzur baxsh etadi. Akam ikkalamiz koʻkka boqib, yulduzlarni kuzatib yotibmiz. Otam bilan enam roʻzgʻorning kam-koʻstidan gaplashayapti. Ertangi ishlardan. Gohida ogʻil tomonda bogʻliq turgan Sirtlon yulqinib huradi-da, kichkinamiz uygʻonib ketib, chinqirib yigʻlab yuboradi. Shunda ularning suhbati uzilib, enam beshik tebratadi. Mayin-mayin alla aytadi... Berili-ib, mehr bilan... Kichkintoy uxlab qolgach, yana, to biz – ikki zumrasha (enam bizni shunday deydi) uxlab qolgunimizcha, ularning sokin kechadagi sohir suhbatlari davom etadi... Negadir allamahalgacha uyqulari kelmaydi, akam bilan men esa kunduzgi ish va oʻyinlardan juda charchasak kerak, somon yoʻliga tikili-ib yotib, uxlab qolamiz.

Oʻsha kuni negadir uyqumiz kelmadi. Beshikdagi singlimizdan boshqa hamma uygʻoq edi.
— Kampir, - dedi otam (negadir hali yosh boʻlishlariga qaramay doim enamni «kampir» deb chaqirardi), - buvaning ahvoli chatoq... Ketib qolmasa deb qoʻrqaman.
— Nafasingizni yel uchirsin-e...

Bildim: oʻzimning buvam otday, ular hamsoyamiz, uyi shundoqqina koʻrinib turgan Boyquvvat buva haqida gaplashayapti. Jonday hamsoya boʻlganimiz bilan uylarimiz orasi ellik-oltmish metr keladi. Qishloqchilik-da, har kim oʻziga yoqqan joydan imorat koʻtaraveradi. Buvaning uyi ham bizniki kabi qir etagida. Bir tomonimiz keng adirlar, biyday dasht, bir tomonimiz tomorqalar, keyin paxtazor. Yonimiz baland-past boʻlib joylashgan hamsoyalar. Tomorqa boshidan ariq oʻtgan. Undan berida changkoʻcha. Otamning har bahorda shahardan keluvchi chiroyli kiyingan kursdosh doʻstlari tili bilan aytganda, biz shu «ariqning loyqa suvida choʻmilib, koʻcha tuprogʻida «zagar» olib, katta boʻlgan»miz.

Boyquvvat buva anchadan beri ogʻir. Sim karavotidan turmay yotibdi. Karavoti deraza yonida. Otamning aytishicha, buva oxirgi paytda allanimalar deb aljirab qolganmish, ammo har kuni ertalab va kechqurun derazadan qarab, «Jiyron, Jiyronim...» deya uydan sal nariroqda bogʻliq turgan otini chaqirarmish. Ot derazada egasining yuzini koʻrgach pishqirar, suvliq chaynab, yollarini silkitgancha qoziq aylanib choparmish. Soʻng derazaga qarab old oyoqlarini koʻtarib-koʻtarib kishnarmish. Shunda buva derazada, likopchada turgan parvardadan toʻrt-beshtasini olib, nevarasiga tashqaridan kelishini aytarkan va qoʻl silkib, Jiyronga imlarkan. «Ma, Jiyron! Bu senga! Ha, oynalay...» deb nevarasini ot tomonga yuborarkan. Nevarasi otdan qoʻrqadi. Parvardani ot oldiga otib yuborarkan-u, qocharkan. Jiyron parvardani tuproq orasidan papalab yer, soʻng minnatdorchilik bildirgandek deraza tomonga qarab bir kishnab qoʻyar, yana qoziq aylanib, loʻkillab choparkan.

Boyquvvat buva polvon! Koʻpkari chopadi. Buvam aytib bergan: hozir choʻkib qolgani bilan yoshligida yelkalari keng, qoʻllari uzun, kaftlari barkashday, savlatdor, qirraburun, oʻktam bir yigit boʻlgan ekan. Ayniqsa, koʻpkarida undan oʻtari boʻlmaskan. U kishining ikkala qulogʻida, chap yuzida chandigʻi bor. Barini koʻpkaridan topgan. Qoʻllarini-ku, aytmasa ham boʻladi. Boyquvvat buvani yoshi kattalar «Boyquvvat shamol» deyishadi. Bu – laqab. U Jiyronni minib koʻpkariga kirsa, albatta uloq olgan, ayniqsa, «Qora» qoʻyilganda («Qora» - koʻpkarining bosh sovrini. Unda uloqni davradan olib, adirning u tomonida qizil belbogʻ koʻtarib turgan bakovulgacha olib borish kerak), Boyquvvat shamol uloq koʻtarib, «Haa-aa!» deya Jiyroniga qamchi bossa, hech qaysi ot yetolmas ekan. Jiyron davrani yorib, oʻqdek otilib chiqar va uzun yollarini cilkib, shamoldek yelarkan. Odamlar koʻpkarida otlarning Jiyronga yetolmay, shamolida qolib ketaverishidan buvaga «Boyquvvat shamol» deb ot qoʻyishgan va shu nom bilan atab ketishgan ekan. Koʻpkarida uloq ayirsa, «Boyquvvat shamolniki halol!» deb chaqirar ekan. Bu nom polvon buvaga yoqar, otasi qoʻygan ismga Jiyron kuchi qoʻshilganidan, bu nom oʻzimizning Ayritom, butun tuman-u, Qashqadaryoga yoyilganidan zavq tuyar, tagʻin indamay, kamtarlik qilib:
— Ha endi, buyam bir qiziqishda... - deb kulib qoʻyarkan.

Boyquvvat buvaning Jiyronini oʻz joniday avaylashidan tashqari hamma biladigan bir odati bor: u kishi qaerga bormasin, qaysi toʻydan chiqmasin, doim tugunchaga oʻrab, xurjunida bir hovuch parvarda yoki konfet olib yuradi. Koʻpkaridan chiqqanda yo biror joydan uyga qaytganda, albatta, Jiyronga bir siqim shirinlik hadya qiladi. Ot parvardani yegach, boʻynini choʻzganicha yollarini silkir, huzur qilganini bildirish uchun buvaning kiftiga peshanasini qoʻyib, boshini qimirlatadi. Boyquvvat shamol bunday paytlarda otining ustiga katta chirgini tashlab qoʻyib, boʻyniga yopishib turgan yollarini, keng koʻkragi va ingichka qorinlarini silaydi. Hatto erkalab, yaxshi boquvdan ariqcha hosil qilgan keng sagʻrisiga shapatilab urib-urib qoʻyadi. Ot bundan huzurlanar, dumini silkir, ba’zida polvon buva ot sagʻrisiga chayir qoʻllari bilan qattiqroq urib yuboradi shekilli, ot ham dumi bilan buvaning yelkasiga urardi. Buva «E, ha Jiyron? Nimaga buytasan? Ha, ukkagʻardi oti!..» deya uni yana erkalar, «Ha, ha!» deya qamchi bilan oʻzining mahsisi qoʻnjiga urib, otni qoziqda aylantirib choptirardi. Bu holga koʻpincha biz ham guvoh boʻlardik.

Polvon buvaning ot sovutishini tomosha qilishni yoqtirardim.
-Ha, Bozorvoy, otga mindiraymi? – derdi buva.
— Mayli... - derdim iymanib.
— Ke.
— Yoʻgʻ-e, - bunday baland otga minishdan qoʻrqib, ba’zida ortga tislanardim.
— Ke, qoʻrqma. Ukkagʻardi uli, qoʻrqsang polvon boʻlolmaysan! – deya Polvon buva bir qoʻli bilan dast koʻtarib, qoziqda turgan otga mindirib qoʻyardi.

Ayniqsa, Jiyronni qirq kunlik boquvdan chiqqanda minishni judayam yoqtirardim. Chunki bu paytda ot koʻzimga goʻyoki dostonlardagi Alpomishning Boychibori-yu, Goʻroʻgʻlining oʻiroti boʻlib tuyulardi. Boquvdan chiqqan otni sovutish emaklagan bolani «toy-toy» qilib oyoqda yurishga oʻrgatishday gap. Bunga yigirma-oʻttiz kun vaqt ketadi. Bostirmada yulduz koʻrsatmay boqilgan ot qirq birinchi kun kechki salqinda tashqaridagi otqoziqqa yarim soatgina bogʻlab qoʻyiladi, xolos. Ikkinchi kuni yakka qoziqda biroz aylantiriladi. Uchinchi kun ham. Keyingi ikki-uch kun hovli atrofida ustiga hech kimni mindirmasdan... Shunday paytda Boyquvvat buva nevaralarini otga mindiradi. Bizni ham. Bu toza huzuri jon. Mazza qilasan. Tasavvurimizda qishlogʻimizga kunjara sotib keladigan «KamAZ»ning tomida oʻtirgandek boʻlardik. Egar ustida hayajondanmi, qoʻrquvdanmi yuragimiz taka-puka boʻlardi. Yuganni mahkam ushlab, bir otga, bir Boyquvvat buvaga qarab-qarab qoʻyardik. Buva otni jilovidan tutib, yayov yetaklar, biz esa ertakdagi shahzodalardek egarda yastanib oʻtirardik, goh bunga talashib ham qolardik. Shunda Polvon buva «He, kapang kuygurlar, nimaga talashasan?» deb, hech qaysimizni mindirmay, salt yetaklab yurardi. Keyingi kunlarda shom tushishi bilan oʻzi egarga oʻtirib, Jiyronni soy oxiri – podaguzargacha, keyin uzoqroq, keyin undan ham olisroqqa minib kelardi.

Ot sovutishning qoidasi shunday!
— Baylovdan chiqqan ot terlamasligi kerak, terlasa xom boʻp qoladi. Keyin koʻpkarida chopolmaydi, - derdi Boyquvvat buva. – Ot ham odamday. Sen ham terlab ishlab, keyin yaxday suv ichsang, badaning qotib qoladi-ku, shunday. Bular ham hozir terlasa, charvisi toʻnglab qoladi…

Boyquvvat buvaning gapi rost: hamma polvon otini shunday boqadi, shunday sovutadi. Buning isbotini koʻpkarilarda koʻp koʻrganmiz. Shuning uchun buvaning oti shamolday yeladi-da!

Ammo oxirgi yillarda buva koʻpkari chopgani yoʻq. Qarilik, ammo bakovullik qiladi. Jiyronni esa oʻzimizning qishloqlik buvaning ham shogirdi, ham qamchidosh ukasi Panji polvon chopadi. Panji zoʻr, chapdast polvon. Oʻzining Qorabayiriyam bor. Bayir ham uchqur, uloqchi ot. Panji polvon ikki otni almashlab minadi, lekin bir yomon odati bor. Biz ham bir necha koʻpkarilarda boboylar bilan telejkada oʻtirib koʻrganmiz: u otning chatiga urishni yaxshi koʻradi. Shundan keyin uloqdan hurkadigan otlar ham oʻzini oʻrtaga uradi. Ot egalari bunday qiliqdan oʻzlarining ketiga qamchi urilganday bezillashsa-da, polvonlar bilganidan qolishmaydi. Ularga gap uqtirish befoyda...

Boyquvvat buva shu yil bahorgi toʻylarga ham borolmadi. Jiyronni ham koʻpkariga chiqarmadi. Yotib qoldi. Keyingi oylarda, hatto tashqariga ham chiqolgani yoʻq. Qancha diydasi qattiq boʻlmasin, dard Polvon buvani yengdi. Mungʻayib qoldi. Dardni tan olgisi kelmay, oʻzini tetik, ishtiyoqmand tutar, ammo kundan kunga soʻlib borardi. Hol soʻrab kelguvchi qamchidoshlariga yaxshi ekanligini, nasib boʻlsa, kuzgi toʻylarga chiqishini aytib, karavotida bir pasgina qaddini tutib oʻtirar, ammo yana holsizlanib yotib qolardi.
— Polvon buva, doʻxtir-poʻxtirga koʻrinsangiz boʻlmaydimi? – derdi uni soʻrab keluvchilar.
— Ay-y... - noumiddek qoʻl silkirdi buva. -Koʻrindim, foydasi yoʻq.
— A... E, nima boʻlsayam dadil boʻling-e, sizga bunday yotish yarashmaydi, - derdi kelganlar oxiri nima deyishlarini bilmay.
— Tetikman... Xudoga shukr, tetikman, - quruqshab qolgan lablarini yalardi. - Qarilik-da... Oʻzimam toza ichikib yotibman. Mana, bu yil koʻpkarilarga ham chiqolmadim.

Polvon buva gap koʻpkari haqida ketsa, bir yengil tortgandek boʻladi.
— Ay, ogʻayinlar, koʻpkarilarda nima gap? Uloqdan gapiringlar-e, uloqdan...
— Sizning oʻrningiz bilinyapti-da... - soʻz oʻyinidek mulozamat qiladi qamchidoshlari.
— Hay, Xudoim taolo sogʻligimni qaytarib, shu toʻshakdan turib ketsam, koʻpkariga chiqaman, nasib boʻlsa! Lekin bu qizi taloq ham hech qoʻyib yuboradiganga oʻxshamaydi...

Uch-toʻrt kun oldin oʻzimning buvam bilan borganimizda ham shunday dedi:
— E, Xidirboy, tetikman, ammo-lekin bedavo dardga yoʻliqdimmi deyman-da, oshna. Bilasiz, doʻxtirda shuncha yotdim. Har xil dorilar ichirdi, ukol qildi, oʻzgarish boʻlmagandan keyin uyga javob berib yuborishdi.
— Nasib boʻlsa yaxshi boʻlib ketasiz, - koʻnglini koʻtaray dedimi, ishonch bilan gapirdi buvam.

U kishi Polvon buvadan bir-ikki yosh kichik, ammo ikkovlari oshna.
— Xidirboy, yosham saksondan oshdi, - xirillab gapirdi Polvon buva.
— Unday demang, yoshga nima boʻpti? Bulturlariyam yostiq tirsaklamay oʻtirardingiz. Siz bilan gurunglashgan odam hurmatingizni qilaman deb, belangi boʻp qolardi.
— Qoʻysangiz-chi, Xidir, - negadir shiftga qarab ogʻir xoʻrsindi Polvon buva. – Siz mening koʻnglimni koʻtaray deysiz. Mening Jiyronga koʻkayim kuyadi. Bir piyola sovuq choy bering. Labim qurib ketayapti...

Boyquvvat buva sovuq choyni mayda-mayda hoʻplab ichgach, biroz gaplashib oʻtirdi. Keyin yotib oldi, biz uyga qaytdik. Shundan keyin buvam har kuni oshnasinikiga qatnaydigan boʻldi. Bugun ham shomda shu yoqqa ketgandi. Uyimiz oldidan oʻta turib, «Polvon omonat...» degandi otamga.

...Bir payt, endi-endi yulduzlar ucha boshlaganda, Boyquvvat buvaning uyi tomondan buvamning xavotirli ovozi keldi:
— Nazar, hov, Nazar!
— Ha, - dedi uygʻoq yotgan otam sapchib turib.
— Bu yoqqa ke.

Otam kiyimlarini ham yechmay yotgan ekan-da, supadan sakrab tushib, orqasi kesib tashlangan rezina kalishni oyogʻiga ildi-yu, yugurib ketdi. Buvam bilan uchrashgach, uy oldiga qoʻyilgan lampochka yorugʻida koʻrib turibmiz, boshini bir-ikki qimirlatdi-da, iziga qaytdi. Toʻgʻri kelib, uy oldida, devorga suyab qoʻyilgan mototsiklini mindi. Enam «Ha, tinchlikmi?» degandi, eshitmadi ham, ariq yoqasidagi yoʻlga tushib ketdi. Qarab turdik: narigi qishloqqa yoʻl oldi. Soʻng yarim soatlarda qaytib, toʻgʻri Polvon buvanikiga oʻtib ketdi. Mototsikldan salla oʻragan odam tushdi.
— Mulla keldi-yov, - dedi enam ґzicha іudranib. - Yosin oʻqitarmikan.
— Nima deysiz?
— Hech narsa... - enamning gapirgisi kelmadi.

Otam hadeganda kelavermadi, uxlab qolibman. Tong sahar Jiyronning yulqinib, tepsinib kishnashidan uygʻonib ketdim. Qarasam, otam ham, enam ham yoʻq, ammo Boyquvvat buvaning uyining oldi odamga toʻla. Chopon kiyib, bel bogʻlagan qalpoqli kishilar uy oldiga toʻplanishganicha ovoz berib-ovoz berib, hoʻng-hoʻng yigʻlashyapti:
— Buvam-ay, buvam-ay...
— Otam-ay, otam-ay...

Akamni uygʻotay desam, allaqachon turib, qoʻylarni dashtga haydab ketibdi. Turib, endi yuz-qoʻlimni yuvgandim, enam halloslab yugurib keldi.
— Bozorjon, tashqarida turma. Ichkariga kir. Polvon buvang ketib qopti. Otang shu yoqda. Men hozir yana ketaman, sen singlingga qaraysan, – dedi-da, beshikni ikki gumbazidan koʻtarib, ichkariga opkirdi. – Uygʻonsa tebratasan.
— Mayli, - dedim, ammo enam ketishi bilan eshik oldiga chiqib oldim va zarang yerga oʻtirib, buvaning uyi tomonga qaradim: haliyam odamlar iz-iz yigʻlashar, bir pas jim turishib, yana shunday qilishardi...
— Polvon buva oʻlib qopti-da... - beixtiyor koʻzlarimga yosh keldi. Moʻltiradim. Yengim bilan qarogʻlarimni artib, yana oʻsha tomonga qaradim. Bechora Jiyron. Ot egasining oʻlganini bilgandek hech joyida turmas, arqonni uzgudek siltanib, uy tomonga sapchir, old oyoqlarini koʻtarib kishnar, tinmay qoziq aylanganicha pishqirib chopgani chopgan edi. Odamlar yigʻidan toʻxtasa-da, otning pishqirigʻi toʻxtamas, Polvon buvaning derazasiga qarab kishnagani kishnagan edi. Bir payt buvaning katta oʻgʻli otni minmoqchi boʻldimi yo biror koʻzdan pana joyga olmoqchi edimi, oshxona yonida yerdan qazilayotgan oʻchoq boshidan ot yoniga keldi. Jiyron unga tutqich bermadi, qoziq aylanib chopdi. Vali aka arqonni ushlab, asta-asta otga yaqinlashgandi, Jiyron old oyoqlari bilan yer tepdi. Tishlamoqchi boʻlgandek quloqlarini dikkaytirdi. Vali aka yaqinlashavergandi, tepmoqchi boʻldimi, orqa oʻgirdi. Keyin chopib ketdi. Vali akaning arqonga oʻralib yiqilishiga oz qoldi. Yana yaqinlashgandi, Jiyron uni tishlamoqchi boʻlib quvib ketdi. Shunda uy oldida ovoz berib yigʻlayotganlar orasidan Panji polvon chiqib, ot yoniga keldi.
— Vali, - dedi u kishi otga bir qarab qoʻyib, - bor, buvaning choponini opke.

Vali aka chorsi belbogʻini toʻgʻrilay-toʻgʻrilay yugurib ichkariga kirdi-da, zum oʻtmay anchadan beri kiyilmay, buvaning karavotiga tashlab qoʻyilgan eski qora toʻnni olib chiqdi. Borganda koʻrardim, toʻn buvaning bosh tomonida turardi. Uni nima qilarkin, deya hayron turgandim, Panji polvon toʻnni koʻtarib, Jiyron tomon yurdi. Ot polvonni koʻrib, battar pishqirdi, qoziqda aylanib chopdi. Qiziqqanimdan bґlsa kerak beshikni ham tashlab, ularning oldiga chopib bordim. Borsam, uy oldidan yaxshi koʻrinmayotgan ekan, Jiyron qop-qora terga botgan, aylanaverib holdan toygan ekan. Yigʻlagandek koʻz osti qanshari bilan jiqqa hoʻl edi.

Panji polvon qoziq aylanib chopayotgan otning arqonidan ushlab, ancha yaqinlashdi. Jiyron xuddi Vali akaga charslik qilgandek tepsindi, ammo Panji polvon oʻng qoʻlini koʻtarib, otni tinchlantirdi.
— Drrr!!! Hah! Drrr...

Jiyron polvondan qoʻrqdimi, bir-ikki tepsindi-da, jimidi. Panji polvon avval uning boʻynini siladi, keyin peshanasini.
— Bechora, yigʻlabdi... - dedi u ezilib. Soʻng ot ayilini boʻshatib, Vali akaga egarni olib kelishni buyurdi. Buvamdanmi, Polvon buvadanmi, «Egarlangan ot gʻururli boʻladi!» degan gapni eshitgandim. Jiyron endi nima qilarkin, degandek Panji polvonning harakatlarini jimgina kuzatib turdim. U otni egarladi va chirgi yopgandek qora toʻnni egar ustidan tashlab qoʻydi. Keyin yana ot yolini siladi, «Bardam boʻl!» degandek toʻn yopilgan sagʻrisiga urib-urib qoʻydi. Jiyron boʻynini oʻgirib polvonga bir qaradi-da, a’zoyi badanini silkib, kerishdi. Pishqirdi. Bu holdan hech qanday ma’no uqmagan boʻlsam-da, kuzatishda davom etdim. Ot minnatdorchilik bildirgandek dumini silkidi va ikki marta qoziq aylanib chopdi-yu, uy oldidan kelayotgan uvvos hayqiriqqa quloq tutib, yana ochiq deraza tomonga tikilib qoldi. Koʻzlarini yumgandi, hayratdan lol qoldim, yonoqlaridan yomgʻir tomchisiday-tomchisiday yosh qanshariga dumaladi.
— Bechora... - dedi haliyam uni kuzatib turgan Panji polvon. Keyin borib, oʻz jigarbandining koʻz yoshlarini artib qoʻygandek choponi etagini qaytarib, gʻamzada otning peshanasini artdi. Soʻng boʻynidan quchdi. Jiyron Polvonning biqiniga boshini tiradi. Chamamda ular shunday bir-birlariga hamdardlik bildirishdi. Xuddi aka-ukadek, jon-jigardek...

Shundan keyin Jiyron negadir ertalabgidek pishqirmadi, qoziq aylanib chopmadi, boʻynini choʻzib, egar ustidan qornigacha osilib, ikki yengi pastga shalvirab turgan choponni hidlab-hidlab qoʻydi. Goʻyoki sohibining boʻyini sogʻingandek, shijoatini qoʻmsagandek... Ammo tushki payt, odamlar zambilga oʻxshash taxtalik bir narsani buvaning eshigi oldiga chiqarishganda Jiyron tuyqus oʻzgardi. Qoziq aylanib chopaverib, atrofni changitib yubordi. Kishnayverib quloqlarni qomatga keltirdi. Yulqinib hurayotgan itning oyoq tagini tirnab tashlashidek har safar uy tomonga qaraganda old oyoqlari bilan yer tirnab, atrofiga tuproq sochdi. Turgan yerini kovlab tashladi. Bir zum boʻlsin tinchimadi. Shunda Panji polvon Vali akani topib, nimadir dedi. Vali aka otasi yotgan uydan eski, kir-chir, chang bilan namdan allaqachon rangi va ohori yoʻqolib ketgan paxtalikni olib chiqdi. Bu – Polvon buvaning koʻpkariga kiyadigan jandasi edi. Panji polvon jandani koʻtarib, ot oldiga bordi va oldingi safargidek «Drrr, drrr» deya Jiyronni tinchlantirdi. Soʻng yana yollarini siladi. Unga dalda berdi Tasalli berdi. «Jiyron, ogʻir boʻl...» degandek yana boʻyniga urib-urib qoʻydi. Keyin jandani otning boshiga oʻradi va yengini iyagi tagidan tangʻib bogʻladi. Ot birpas jim turdi, ammo uni aldashayotganini, koʻzlarini shamgʻalat qilib, sohibini koʻrsatmaslikka urinishayotganliklarini sezgandek yana pishqirib, tepsina ketdi. Endi qoziq aylanib chopmadi, ammo boshini goh u, goh bu tomonga silkidi, pishqirab kishnadi. Old oyoqlari bilan boshiga oʻrab tashlangan jandani tortqiladi. Yulqiladi.

Men bu paytda uy oldida, singilcham esa hamon beshikda edi...

Odamlar bir qator, qiblaga qarab, tik turishibdi. Oldinda kecha tunda kelgan sallalik chol qoʻllarini baland koʻtarib, nimalarnidir oʻqiyapti. Allohu akbar, Allohu Akbar deyishyapti, ammo Polvon buvaning uyi oldi suv sepgandek jim-jit. Faqat Jiyronning pishqirishi va jandani tortqilab tepsinishi eshitiladi. Keyin orqada tizilishib oʻtirganlar negadir «Yoʻq, yoʻq...» deb chuvillashdi. «Yaxshi odamidi...» deya gʻudranishdi. Yana biroz vaqt oʻtib, yuzlariga fotiha tortishdilar-da, sallalik chol oldida turgan, alvon rangli mato yopilgan, «zambil»ga yopishdilar va yelkama-elka qilib, ariq yoqasidagi yoʻlda turgan yuk mashinasiga qarab olib ketishdi. Ular ketishayotganda ichkarida oʻtirgan ayollar tashqariga otilib chiqdi va uvvos solib yigʻlab yuborishdi. Boyquvvat buvaning xotini Zargul momo koʻk kiyimiga oʻranganicha eshikdan otilib chiqishi bilan dod solib pastga, mashina tomonga chopdi. Izidan qizlari, kelinlari. Vali aka ularni toʻxtatib qololmadi. Zargul momo odamlar orasini yorib oʻtdi va narvonga yopishdi. Chirqirab yigʻladi. Koʻkimtir azalik roʻmoli boshidan sirgʻalib, yerga tushdi. Vali aka yerdan roʻmolni oldi-yu, enasini quchoqlab, toʻxtatib qoldi. Momo qoʻllarini silkilab, yuk mashinasi tomonga uzatib-uzatib yigʻlar, yelkasidan bosgudek boʻlib turgan oʻgʻlining ensasiga mushtlab-mushtlab urardi. Vali aka enasini qoʻyib yubormas, yelkasidan quchgancha boʻyniga yuzini bosib, uv-uv yigʻlardi.
— Otam-ay, otam-ay... - derdi.

Shu payt qoziqda yulqinib yotgan Jiyron boshidan jandani chiqarib tashladi va bir sakrashda arqonini uzib yubordi. Kishnay-kishnay buvaning derazasi yoniga bordi va ichkariga moʻraladi. Boʻsh turgan karavotni koʻrdimi, yoʻqmi, xuddi inson kabi ortiga qaytdi va odamlar toʻplanib turgan mashina tomonga chopdi. Otning bu ahvolini koʻrib yigʻilganlar yoqa ushlashdi. «Tavba, tavba, ot ham insonga shunchalik mehr qoʻyarkan-da...» deyishdi. Jiyronning boʻshalib ketganini koʻrgan Vali aka ham, Panji polvon ham ichidan zil ketdi. Panji polvon mashinadan tushib, otni ushlamoqchi boʻldi, ammo Jiyron tutqich bermadi. Oldidan kelganni tishlagudek, ortidan kelganni tepgudek oʻynoqladi. Dumini xoda qildi, mashina aylanib chopdi, mashinaga qarab kishnadi, yol silkidi.
— Kenglar, oʻrab ushlaymiz! – qichqirdi Panji polvon.

Shunda buvam mashina bortidan pastga qaddini egib, Polvonni qayirdi.
— Panji! Qoʻy, baribir ushlatmaydi, - dedi. - Bugun unga tegmanglar!

Mashina yurdi. Jiyron esa uyga qarab chopdi va boyagidek derazadan ichkariga qaradi. Boʻsh karavotga koʻzi tushdi, shekilli, yana iziga qaytdi va chang koʻtarib joʻnagan mashina ketidan chopdi...

Otamning aytishicha, ґshanda Jiyron to qishloq qabristongacha mashina izidan chopib boribdi. Kishnab, zoʻr berib chopa-chopa qora terga botib ketibdi. Odamlar uning kuyunishidan, jigarbandidan ayrilgan ona nolasidek mashina izidan pishqirib chopishidan koʻzlariga yosh olibdi. Mayitni qoʻyayotganlarida ham ot bir zumga tinmabdi. Ularning atrofini aylanib, pishqirib yuribdi. Bir necha bor yaqin kelib, mayitni hidlabdi. Yer tepib qayta-qayta kishnabdi. Odamlar ortga qaytganda ham qabr atrofini aylanib chopibdi. Quloqlarini zinkaytirib, chim bosilgan qabrni hidlabdi, ziyoratchidek atrofni ikki-uch aylanibdi... Shunda:
— Nima qilamiz, Jiyron qolaveradimi? – soʻrabdi Panji polvon.
— Teginma, oʻzi uyga boradi, - debdi buvam.

Buvam aytgandek, Jiyron kechqurun oʻzi uyga qaytib keldi. Vali akaga ham, Panji polvonga ham tutqich bermay uy aylanib yurdi. Deraza tomonga qarab kishnab, Boyquvvat buvaning yaqinlari yurak-bagʻrini ezib yubordi. Ular Jiyronga qarab ham xuddi buvani koʻrgandek yum-yum yigʻlashdi.

Jiyron qorongʻi tushganda ham tinmadi. Uy aylanib yurdi. Tutmoqchi boʻlganlariga yon bermadi...
— Indamanglar, boʻsh yursin,- dedi buvam.

Oʻsha oqshom Jiyron allamahalgacha uy atrofida dupur-dupur qilib yuribdi. Uzib-uzib nolali-nolali kishnabdi. Hasratlanib, judolikdan kuyib yotgan Zargul momo ham, Vali aka ham otning ovozini eshitib, battar kuyibdilar, battar ezilibdilar... Ertalab turishsa, ot buva yotgan xonaning ochiq derazasi tagida yotganmish. Vali aka yugurib kelib, otni turtib-turtib koʻribdi, Jiyron qimirlamabdi...

Jiyron tuni bilan uyni aylanib yurib-yurib, tong sahar Boyquvvat buvaning derazasi tagida jon bergan ekan. Biz ham borib koʻrdik. Jiyronning koʻzlari ochiq edi...

Bu voqealarga ancha yil boʻldi. Hozir Boyquvvat shamolning uyi choʻkib, koʻrimsiz boʻlib qolgan, Vali aka har yili uyni loysuvoq qiladi, ammo aslo buzib, oʻrniga yangi imorat solmaydi. Bunday qilolmaydi ham...