OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXoliyor Safarov
Asar nomiOy botmagan kechalar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Xoliyor Safarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oy botmagan kechalar (hikoya)
Xoliyor Safarov

Namozshomda sigirini sogʻib, oʻchoq boshiga qaytayotgan Gulshan opa ogʻil orti - qir tomondan kelayotgan yigitga e’tibor bermay, har kungidek sutni qozonga soldi. Oʻchoqqa oʻtin qalab, endi gugurt chaqqandi, ortidan «Gulshan opa? Hov, Gulshan opa!» degan ovoz eshitildi.
— Kelavering, - dedi u ogʻil devoriga qoʻl tirab turgan yigitga oʻgirilib. Soʻng «Kim boʻldiykin-a?» deya yaqinroq yurdi. Yigit ham opa tomon kelavergach, tanidi. – E, Salim? Kelavermaysanmi, nega qaqqayib turibsan?
— Assalomu alaykum, Gulshan opa.
— Vaalaykum, - chehrasi yorishdi opaning. Keyin qoʻl berib salomlasha turib, sґradi: – Qachon kelding, mening ґІlim qani?
— E, Baxtilar hali kelmadimi? – yigit onaning savolidan allanechuk boʻlib ketdi. – Yoʻlga chiqdik, deyishgandi-ku?
— «Deyishgandi», deganing nimasi, Salim? Axir birga ketgan odam, birga qaytmaydimi?
— Hazillashayapsizmi, Gulshan opa? – kuldi u. – Ular allaqachon uyda boʻlishlari kerak edi. Mana, bir qir nari - Suvon podachining oʻgʻli ham bugun kelibdi. Baxtiyorni uyda boʻlsa kerak, deb chiqqandim. Hazratqul aka qaerda?
— Ishda. Xayri fermerning yeriga mola bosayapti, bugʻdoy ekarkan. Ular salqinda, to yarim kechagacha ishlashadi.
— Xavotir olmang, opa, - dedi Salim xotirjam tortib. – Unda bugun oʻgʻlingiz Hazratіul akadan oldin krib kelarkan.
— Shunday de-e, Salimjon, - Gulshan opaning chehrasi yorishdi. – Uyga kir. Sut pishirayapman, hech boʻlmasa, biror kosa ichib ketasan.
— Mayli, sut boʻlsa ichamiz, - kuldi Salim chap qoʻlidagi qoʻngʻiz koʻzli uzugini xiyol aylantirgan boʻlib.

Gulshan opa oʻchoqqa yana ikki dona tarasha tiqib, uy oldining koʻrki - toʻrt tup tut tagidagi chorpoyaga gilam soldi. Koʻrpacha olib chiqish uchun ichkariga kirmoqchi edi, Salim toʻxtatdi.
— Qoʻying, bitta kosa olib chiqing, oʻchoq boshida ichaveraman, - dedi hamqishloqlik samimiyat bilan.
— Yoʻgʻ-e, Salim, - Gulshan opa kirib toʻrtta koʻrpacha olib chiqdi va chorpoyaga «P» shaklida toʻshadi. Yuqoriga ikki qavat soldi. Keyin yigitni chorpoyaga undadi, ammo u oʻchoq boshini afzal bildi. Zarang yerga oʻtirib, issiqqina sutni «xoʻr-xoʻr» ichdi, lablarini chapillatib, «bay-bay», dedi.
— E, buning gashti boshqachada, - deya bosh silkidi Salim Gulshan opaga qarab. Soʻng etaklarni oʻynatib, daladan kelayotgan yigit-qizlarga, oʻtroq dehqonlar kabi suv yoqalab joylashgan xonadonlarga, tomorqalarga, orqa tomondagi bepoyon adirlargacha qaradi. – Opa, Baxtiyor kelsa, shu dalaga joy qilib berasiz, bi-ir oʻtiramiz.
— Nasib boʻlsa, - orzulandi Gulshan opa. – OʻІlim kelsin, otasiga aytib, bir qoʻzi soʻydiraman-da, joʻralariga haq berdiraman.
— Shunaqa deng. Bir maza qilarkanmiz-da...- kerishdi Salim. Keyin kosani boshiga kiygudek koʻtarib, sutni oxirigacha ichdi. – Rahmat, opa. Toza maza qildim.
— Osh boʻlsin.
— Endi boray. Baxti kelsa, xabar qilarsiz, - Salim kosani oʻchoq boshiga qoʻydi-da, engashib yuziga fotiha tortdi. – Aytgancha, Baxtiga mening kelganimni aytib qoʻying, xoʻpmi?
— Xoʻp, aytaman, - dedi onaizor yigitning gaplariga unchalik e’tibor ham qilmasdan. Hozir Salimning xayoli «Men sizlarni ishga olib keldim, endi bu yogʻiga oʻzlaring aravalaringni tortasizlar...» deya bir-ikkita yigitni boshsiz qoldirib kelganligida boʻlsa, onaning oʻy-xayoli oʻgʻlida edi.

Oʻtgan yili Berdimurod savdogarning ikki oʻgʻli chetga borib ishlab keldi-yu, bitta mashina olgach, qishloqdagi bolalarning paytavasiga qurt tushdi. Har ikki yigitning biri ular bilan ishga borish payiga tushib qoldi. Katta oʻgʻil «Mashina oldim, boʻldi, endi men nima qilaman», degach, oʻz-oʻzidan savdogarning kenjasi Salimga oy tugʻdi. U erta bahorda «aka»lariga sim qoqib, ish bor-yoʻqligini bilgach, oʻntacha yigitni olib, safarga ketdi. Ular orasida Baxtiyor ham bor edi. Mana, kuz oyoqlashi bilan yigitlar birin-ketin uylariga qaytishayapti. Nasib boʻlsa, bugun Baxtiyorjon ham keladi...

Gulshan opa qozondagi sutni alyumin tovoqlarga boʻshatib, oshxonaga kiritib qoʻydi va toʻrdagi kichik yertoʻladan simga osigʻliq bir son goʻshtdan chamalab, bir kilocha kesib chiqdi. Qozonni yuvib, yogʻ soldi va qiziguncha oshxona chetidagi oʻradan sabzi oldi. Keyin chasirlab turgan yogʻga besh-olti boʻlakka ajratilgan goʻshtni tashladi. Goʻsht qovrilguncha sabzi toʻgʻrashga ham ulgurgan ona oʻchoq boshiga guruch olib keldi. Toshlarini terib, hali katagiga kirmay atrofda kuymalanib yurgan tovuqlariga otib-otib yubordi. Daladan qaytgan qizlarining «Ha, ena, tinchlikmi?» degan savoliga «Bugun mening ґІlim keladi, shunga osh qilayapman!» deya javob berdi koʻzlari chaqnab. Soʻng etagini tut shoxiga ilgan katta qizi Kamolani chaqirdi:
— Malika ikkalang darrov mehmonxonaning gilamini qoqib sol.
— Ena, kechqurun uy supirmaydi, derdingiz-ku?
— E, xudoning koʻzi oʻng boʻlsin, supiraver.

Qizlar ishga tushishlari bilan qorongʻi tushdi. Gulshan opaning qoʻli ishda boʻlsa-da, koʻzlari yoʻlda boʻldi. Goh adir tomonga qaradi, goh «Baribir qir oshib kelmaydi-ku?» deb toshkoʻchaga termildi. Uyga kirdi, qaytib oʻchoq boshiga bordi. Oshni koʻrdi, «Yaxshilab pishsin, ґІlim maza qilib yeydi» deya yana laganni togʻ qilib uyulgan guruch ustidan yopdi. Kichkinasi Malikaga oftobaga suv solib, eshikka sochiq qistirib qoʻyishni tayinladi. Oshxonaga oʻtib, lab tishlaganicha bir zumga tek turib qoldi. Oʻgʻliga yana biror nima tayyorlagisi keldi, ammo avval bir diydorini koʻrishni, boʻyiga toʻyishni istab, yana tashqariladi. Oy yorugʻida uy aylandi. Atrofda keraksiz narsalar sochilib yotmasin, Baxtiyorjon bunaqa pala-partishlikni yoqtirmaydi. Koʻrsa, «Hammayoqni ins-jins bosib ketibdi?» deb aytadi, deya uy atrofini koʻzdan kechirdi. Hech narsa topmagach, «Baraka topsin, baxtimga qizlarim bor...» deya qizlarini ham alqab qoʻydi. Shu payt adir osha qoʻy-echkilarini haydab, kenjasi Ixtiyor keldi.
— Ena, ena, qashqa sovliq tuvdi. Qoʻchqor! Mana! - u ogʻilga yaqinlashishi bilan mavsumning birinchi tulini yelkasi barobar koʻtarib, onasiga koʻrsatdi.
— Qamab, bir kosa arpa ber. Jonivor oʻzini oldirib qoʻymasin.
— Mayli, - dedi Ixtiyor. Soʻng chakana suruvni qamab, qoʻlidagi qop-qora, zorlanib ma’rayotgan qoʻzichoqni ham qoʻraga olib kirdi. Ona sovliq eshik oldida u yoqdan bu yoqqa ma’rab chopdi. Soʻng ovoz ichkaridan kelayotganini, egasining «pufay-pufay»layotganini eshitgach, quloqlarini ding qilib, atrofga bir alangladi-da, oʻzini eshikka urdi.
— Ena, - dedi Ixtiyor qoʻra eshigini zanjirlab, yem olish uchun oshxona tomon kelayotganda, - shu qoʻzini menga berasiz-a?
— Yoʻq. Bugun akang kelayapti. Akangga beramiz. Atab qoʻyaylik, nasib boʻlsa, kelasi yil oʻqishga kirishi bilan doʻstlarini chaqirib, bayram qilib beramiz.
— Akam keldimi? – entikdi bola ham.
— Yoʻlda ekan, hademay kelib qoladi. Sen tez-tez boʻl, Sariboyga borib kelasan.

Ixtiyor sovliqqa yemini berib kelgach, onasi bergan pulni olib yoʻlga tushdi. Toʻrt-besh qadam yurgach, taqqa toʻxtadi:
— Ena, akam kelayotgan boʻlsa, otamga manavindan ham olib kelaymi? – dedi tomogʻiga chertib.
— Ha, jigit oʻlgur, - kuldi Gulshan opa, - uyda bor undan. Sen aytganlarimni olib kel.

Oʻgʻli ketgach, Gulshan opa oshdan bir xabar olib, uyga kirdi. Mehmonxonaga koʻrpacha toʻshatdi. Toʻrga ikkita yostiq qoʻydirdi. «Yonboshlab oʻtiradi», dedi oʻzicha. Soʻngra hammasi joyida ekanligini bilgach, sabrsizlanib, tashqariga chiqdi. Yoʻlga qaradi, ichikkanidan oshxona - uy oraligʻida boʻzchining mokisidek qatnadi. Biroz holsizlanganini his etgach, oʻchoqdagi choʻgʻni tortib qoʻydi-da, choʻkkalab oʻtirib oldi. Uning bu holi jigarbandining urushdan qaytishini kutayotgan mushtipar onani eslatardi. U uyasida oftob tafti qaytishini kutayotgan beozor musicha kabi ancha vaqt oʻtirdi. «Osh ham tagiga olib ketdi-yov» dedi. Katta qizini chaqirib, vaqtni soʻradi.
— Oʻn birdan oʻtibdi, - dedi Kamola bir qoʻlida oyna bilan tashqarilab. – Ena, bugun ovqat yemaymizmi?
— Muncha besabr boʻlmasang, akang kelsin, hammamiz birga ovqatlanamiz. Ungacha otang ham kelib qoladi.

Onaning gapi tugar-tugamas ogʻil yonidan Ixtiyor koʻrindi. Bola kela solib, ikki yelimxaltani onasi yoniga qoʻyarkan, nafasini rostlab dedi:
— Ena, ena, akam bilan ketganlarning bari Sariboyda ichib oʻtiribdi. Mast. Suvon podachining uli «Baxti hali kelmasa kerak» dedi.
— Nima? Nimaga unday deydi? – tok urgandek sapchib oʻrnidan turdi Gulshan opa. – Nega hali kelmas ekan? Oʻzi salomatmikan?
— Yaxshi ekanu... - Ixtiyor podachining oʻgʻli mujmal gap qilganligi uchun onasiga hech narsa deyolmadi. – Ishqilib, qachon kelishini noma’lum ekan-da.

Gulshan opa yoqasini tutganicha oʻtirib qoldi. Boyagina chaqnab, kulib turgan koʻzlariga beixtiyor milt-milt yosh keldi. Izillab yigʻlab yubordi. «Nega hamma keladi-yu, mening bolam kelmaydi? Birga ketganlar birga qaytishmaydimi-a?»
— Ena, - dedi Ixtiyor onasining yigʻlayotganini koʻrib, - men sizga ularning aytgan gaplarini aytdim. Nima qilay?
— Oʻzi boshidan qarshi edim, «Bormasin, shu yerda ham ish koʻp», degandim. Dadang tiqilinch qildi. Bir ogʻiz «Qoʻy, borma!» deganda ketmasdi, - Gulshan opa etagini qayirib, koʻz yoshlarini artdi. – Endi bu nima koʻrgilik? Bor, otangni chaqirib kel!

Maktabdan kelishi bilan belbogʻiga yarimta non va «Kola» idishida suv olib qoʻyga ketgan bola, qorni ochligini ham aytolmay, otasi mola bosayotgan Xayri fermerning yeriga ketdi. Hazratqul aka bir soatlar deganda keldi. Chorpoya ustida muk tushib oʻtirgan xotinini koʻrgach, chang yopishgan qalpogʻini yechib, kaftiga urib qoqdi-da, Gulshan opaning boshini koʻtardi.
— Tinchlikmi, Ixtiyorni choptirib yuboribsan?
— Tinchlik emas, - dedi Gulshan opa koʻzlari jovdirab, - ishga ketganlarning hammasi kecha, bugun kelibdi, Baxtiyor kelmadi.
— I, buni kimdan eshitding? – taajjublanib soʻradi Hazratqul aka chorpoya chetiga oyoq osiltirib oʻtirgach.
— Boyna Salim keldi. U menga Baxti bugun keladi, degandi. Shunga, qarang, osh qilib qoʻydim. Qizlarga uylarni tozalattim. Keyin Ixtini doʻkonga yubordim. U Sariboyda hamma ishga borgan yigitlar ichib oʻtirganini koʻribdi. Suvon podachining uli «Akang hali kelmasa kerak», debdi.
— Voy, enagʻar-e, shunaqa debdimi? – dedi Hazratqul aka qaytadan doʻppisini kiyib.
— Ular Baxtining qachon kelishini bilmas ekan.
— Nega bilmaydi? Bitta joyda ishlayapmiz deyishgandi-ku?
— Bu yogʻidan xabarim yoʻq. Otasi, ichim kuyib ketayapti. Bir borib, bilib keling.
— Toʻgʻri aytasan lekin. Borish kerak, - Hazratqul aka chorpoyadan tushgach, avval «tap-tup» qilib yer tepgancha etigi changini qoqdi, soʻng yoʻlga tushdi. Ogʻil yonidagi burilishga yetganda, yelka osha xotiniga qaradi. – Ay, koʻpam ichingni yemay tur lekin. Hozir, bir pasda bilib kelaman.

«Bir pasda bilib kelaman» degan Hazratqul aka tungi soat bir-ikkilarda chayqalib, ogʻil tomondan uyga chiqib keldi. Hamon chorpoyada muk tushib oʻtirgan xotinini koʻrib, bir seskanib ketdi. «Kutib oʻtirgan ekan-da, ukkagʻardi xotini! Lekin gap yoʻq!» dedi oxirgi gapini nega aytganligini oʻzi ham bilmasdan. Soʻng chorpoyaga oʻtirarkan, xotiniga qarab hazilnamo tirjaydi.
— Haliyam yotmadingmi, boyqush?

Gulshan opa miq etmadi. Eri ichib keldi, demak, nimadir boʻlgan!
— Nima deyishdi? Baxtiyor nega kelmabdi?

Er xotini uni nega doʻkonga yuborgani endi esiga tushgandek bir qalqidi, ichidan boʻgʻib kelgan achchiq kekirikni yutib, javob berdi:
— Ular Baxtining qachon kelishini aytolmadi-yu, lekin bir-ikki kunda aniq kelaykan. – Hazratqul aka shunday deya kamzulini yechib, chorpoya toʻriga otdi-da, xotini roʻparasidan poygakka choʻzildi. – Gulshan, suv olib kel, ichim yonib ketayapti.

Bunday hollarda darrov suv olib kelinardi, ammo bugun Gulshan opaning joyidan ham qimirlagisi kelmadi. Erining nimanidir yashirayotganini bildi. «Balki shuning uchun boʻkib ichgandir. Gaplari ham alpoq-chalpoq» dedi. Hozir buni aniqlashning ayni mavridi ekanligini uchun yorildi.
— Sizga aroq boʻlsa boʻldi! Mening oʻlganim bilan ishingiz yoʻq! Bitta gapni bilish uchun odam ikki soat ketadimi? Yoʻlga qarab, nima dardda oʻtirganimni siz qaerdan bilardingiz? Hammaning bolasi keldi, Baxtiyorjon qani? Ayting, nega gapirmaysiz? Yoriling, menam eshitay! Gulshan opa siljib, eri yoniga keldi. – Gapiring, nima boʻldi?
— Aytdim-ku, bir-ikki kunda kelaykan. Xotin, koʻp savol berma, bilganim shu lekin.
— Mendan yashirayapsiz. Ayting!
— Yana nima dey?! – oʻshqirdi Hazratqul aka. Keyin chorpoyadan tushib, negadir qir tomonga ketdi. Allanimalar deb gʻoʻldiradi. Ot kabi depsindi. Qirning tepasiga chiqayozganda «gup» etib yerga yiqildi va uvvos tortib yigʻlab yubordi. Bu holni koʻrib turgan Gulshan opaning boʻlari boʻldi. Oyogʻiga kovush ham ilmasdan yalangoyoq chopib ketdi. Halloslab borib, yuztuban yotgan erining boshini koʻtardi va tizzasiga oldi.
— Sizga nima boʻldi?
— Men ahmoqman! – yigʻladi Hazratqul aka. Soʻng xotinidan yuzini yashirib oldi.
— Nima boʻldi? Gapirsangiz-chi? – erini silkilab tashladi Gulshan opa.
— Baxtiyorlar katta ob’ektni bitirib, qaytishayotganda yoʻltoʻsarlarga tushib qolibdi. Uning hozir qaerdaligini yigitlar ham bilishmas ekan.
— Nima?! – chinqirib yubordi ona. - Voy, bola-amm!!!

Ona vujudini yemirib chiqqan faryod kuzgi oqshom shabadasida qirdan soyga endi va adirlar yonbagʻrini nolakor siypab, koʻkka oʻrladi. Yantoq tagida yotgan boʻztoʻrgʻaylar pitir-pitir qilib qoldi. Sokin tun bagʻrini oʻtkir qilich damiday tilib ketgan bu achchiq nidodan behuzurlanib, «gʻiyq-gʻiyq» qildi. Bir-birini yaqinroqqa chorladi. Onaizor boʻlsa, «Bolam, seni ishga yubormay men oʻlay!» deganicha yer mushtladi. Boshidagi roʻmoli sirgʻalib, boʻyniga tushdi, chuqur-chuqur ihrandi. Hazratqul aka esa majolsiz tanasini koʻtarib, ayolining yelkasidan quchdi-da:
— Tinchlan, ulimiz albatta keladi. Yur, uyga kiraylik,- dedi.

Gulshan opa unamadi. Ular ancha vaqtgacha adir tepasida qolib ketdi. Bir-birining koʻzlariga qaray olmay unsiz yigʻladi. Yigʻidan koʻzlari shishib ketgan onaizor qaqroq yerda yuztuban yotgan erining ahvoliga qarashga botinolmay koʻkka boqdi. Ham nido qildi, ham duo qildi. «Xudojon, ulimni oʻz panohingda asra!» deya tangriga yolvordi. Beixtiyor koʻzlari magʻrib tomon ogʻayotgan oyga yoʻldosh boʻldi. Oy bilan kezdi, oy bilan suzdi, oy bilan soʻzlashdi. «Bolamning yoʻllarini yorugʻ qil, oymomo».

Tongga yaqin ular azadan qaytayotgandek mungʻayishib uyga endi. Hazratqul aka xotini izidan holsiz sudralib kelarkan, eshik oldida uning bilagidan tutdi.
— Gulshan, buni bolalar bilmasin.

U shu gapni aytdi-yu, oʻzini chorpoyaga otib, mayda gulli chit yostiqni yuziga bosdi.

* * *

Kecha kuta-kuta uxlab qolishgani uchun sahar turishib, akasining kelgan-kelmaganligini surishtirgan bolalariga Hazratqul aka ham, Gulshan opa ham bir xil javob berdi:
— Baxtining yana ozroq chala ishi bor ekan. Hafta-oʻn kun ichida kelarmish.

«Bugun kelarmish»dan boshlangan umidvorlik «hafta-oʻn kun ichida» ham qolib, «bir-ikki oy»ga koʻchdi. Bu vaqt oraligʻida ichidagi dardni qarindosh-urugʻlarga ham, qoʻni-qoʻshnilarga ham sezdirmaslikka harakat qilgan Gulshan opa qoqsuyak boʻlib qoldi. Qora sochlariga gʻam-gʻussalar ramzi boʻlib, oq oraladi. Yoshiga mos istarali chehrasi bandi kesilgan gul kabi soʻldi. Mehribon boquvchi koʻzlar gavhariga gʻam saltanati makon qurgandek ma’yus tortdi. Umidvor koʻngli egalari koʻchib ketgach, atrofini chang va oʻrgimchak uyasi іoplagan, boyoʻgʻlilar in qurib, har kech, har tongda vahm va zulmat kuyi taralib turuvchi kimsasiz xarobaga aylandi-qoldi.
— Gulshan, oʻzingni qoʻlga ol. Hali hammasi iziga tushib ketadi, - derdi Hazratqul aka xotinining chiroq yoqsa yorishmaydigan koʻngliga taskin bermoqchi boʻlib. – Bir kuni, albatta, Baxti quchoq ochib kirib keladi.
— Qachon? A, bugunmi, ertami yo indinmi?
— Siqilma, keladi lekin...- Hazratqul aka oʻpkasi toʻlib, boʻgʻziga tiqilgan hasratni ichga yutadi. – Koʻz yoshlaringni yaxshi kunlarga asrab qoʻy, xotin. Ana u yer, mana bu yer boʻlsa ekan, borib, topib kelsam. U hozir qaerda? Bu faqat Xudoyim taoloning oʻziga ayon!

Gulshan opa eri yana bir ogʻiz gapirsa, yigʻlab yuborishdan oʻzini tiyib, beixtiyor boshi sigʻmayotgan uyda siqilmaslik, ichikib, oʻzini yeb qoʻymaslik uchun chorpoyaga ham chiqmay, eshik oldiga echki terisidan qilingan poʻstakni tashlab, ma’yus oʻtiradi. Bu ham boʻlmagach, adir tomon oyoq iladi. To qir ustigacha barmoqlarini birin-ketin qisirlatib, koʻzlarida bir pushmon chizigʻini tortib boradi. «Nega yubordik oʻzi?» deya qir ustidan turib, olis osmonga, poyonsiz kengliklarga boqadi. Dunyoning naqadar keng va naqadar tor ekanligini his etadi. Turmush qurganlaridan keyingi, farzandlari tugʻilgandagi quvonchli va umidli kechgan, koʻz ochib yumguncha oʻtib ketgan yigirma ikki yil, keyingi, goʻyoki toʻxtab qolgan ikki oy qarshisida hechdek boʻlib tuyuladi. Vaqt – oqar daryo, vaqt – daraxtning eng baland shoxida kutilayotgan umid kabi omonat turgan kuzgi yaproq. Kutilganda tong-da otmaydi. Tunlar uzun. Gulshan opa qir ustida tizzasini quchganicha uzoq oʻyga choʻmadi. Jigarbandining sogʻinchli siymosini koʻz oldiga keltiradi. Unga tavallolar aytadi.

«Baxtiyorjon, oʻtmagan kun bormi-a? Nega seni u joylarga yubordik? Otangning miyasi aynigan. «A, borsin, odamlarning bolasi pul topib kelayapti. Yaxshi ishlab kelsa, bu yil oʻqishga kiradi», dedi. Nafsi qursin, bolam. Uyi kuysin pulning! Qachon qarama, pul, pul, pul. Shu oʻlgurni deb sendan, sarkor bolamdan ayrilsam kimga ziyon? Menga! Ha, menga! Onani yaratmasin, bolam. Senga bir gap boʻlsa, men oʻzimni kechirmayman».

Odatdagidek, hadeganda xotini uyga qaytavermagach, Hazratqul aka ham adir tepasiga chiqib keladi. Oʻgʻlining ketishiga, bunday arosatda qoldirishiga oʻzini aybdor his etgan ota tilsiz boʻlib ayoli yoniga choʻkkalaydi. Qarshisida yastanib yotgan qishloqqa nazar tashlaydi, ayvon chiroqlari miltillab turgan uylarga razm soladi. Sokinlik. Butun qishloq uyquda, faqat ular ikkalasi bedor. oʻarib boshlari keng uylariga sigʻmay, adir ustini – ona tabiat qoʻynini ixtiyor etgan.
— Yur, uyga kiramiz, - deydi Hazratqul aka ancha vaqt mushtdekkina boʻlib turgan xotini yonida oʻtirgach, uning yelkasidan sekingina turtib. – Vaqt allamahal boʻldi.

Goʻyoki hozir paxtazor tomondagi tosh koʻchada bir mashina toʻxtaydi-yu, oʻgʻli tushib keladigandek Gulshan opa yana ancha vaqt umidvor termulib turadi, soʻng chuqur xoʻrsinib joyidan qoʻzgʻaladi.

* * *

Kuz oxirlab, qish keldi. Dekabr oyi oʻrtalarida qalin qor yogʻib, yer-suv muzladi. Kuzgi ishlar allaqachon tugab, uyda oʻtirib qolgan Hazratqul akani endi battar vahima bosdi. «Qish keldi, ulimning holi ne kechdiykin?» dedi uyga boshi sigʻmay.
— Xotin, - dedi u bir kuni tong sahar turib, - bugun borib Salimning kekirdagidan olaman lekin. Shu olib ketmaganda, ulim uyda boʻlardi. Sen bilan men ham ichimizni yeb, motam tutib oʻtirmasdik.
— Ulim keladi, - erini shashtidan qaytarmoqchi boʻldimi yoki odatdagidek oʻzini oʻzi avradimi, Gulshan opa qandaydir ishonchli gap boshladi. – Shu desangiz, bugun tush koʻribman. Tushimda Baxtiyorjon qir ustida oq ot minib yuribdi. Uning koʻzlari oʻtkir, shijoati baland edi. Men uni chaqirdim, u esa adirlar osha ot choptirib ketdi. Juda yomon boʻlib ketdim. Bir payt qarasam, oshxona eshigi oldida ustiga bir qop tegirmon uni ortilgan oʻzimizning qora hangi turibdi. Bilmadim, keyin uygʻonib ketibman...
— Yaxshilikka boʻlsin. Oq ot ham, ustiga un ortilgan ulov ham yaxshilik alomati lekin. Ammo shu paytgacha sezdirmay yurgandim, negadir endi oʻzimni bosolmayapman. Salimni bir nima qilmasam koʻnglim tinchimaydi...
— Toʻgʻri aytasiz, aslida hammasiga oʻsha shumqadam sabab! - dedi Gulshan opa Salimni qargʻab.
— Bu bola juda oʻzidan ketdi lekin. Borib bir ta’zirini bermasam boʻlmaydi. Unga koʻrsatib qoʻyaman! – dedi Hazratіul aka va shart uydan chiqib ketdi. Salimni uyidan topolmagach, Sariboyga bordi. Doʻkonchi bugun uni koʻrmaganini aytgach, ta’bi yana-da tirriq boʻldi. Uyga qaytishga oyogʻi tortmadi. «U bilan bir hisob-kitob qilib olmasam boʻlmaydi, lekin. «Hazratqul aka, xavotir olmang, oʻgʻlingizga oʻzim qarayman, tovoniga tikan kirmaydi», degandi. Tikan kirish qanday boʻlishini bir koʻrsatib qoʻyaman!»

U kun boʻyi qishloqning oʻnqir-choʻnqir koʻchalarida yurdi. Salimnikiga bordi, topolmagach, Sariboyga kirdi, sovuqni va gʻazabini yengish uchun har yoʻli tushganda yuz grammdan ichdi. Kun botarda yana Salimnikiga yoʻl oldi. Xotini uning qaergadir chiqib ketganligini yana eslatgach, achchiq qilib, taІin Sariboyga keldi. Bir aroqni ochib, doʻkonchini sherik qildi-da, shishasini suvogʻi koʻchib, guvala gʻishti koʻrinib qolgan devor orasiga tiqib, uyga joʻnadi. Oshxonaga yetgandi, shundoqqina yonginasidan bir mashina kelib toʻxtadi va eshik ochilib Salim tushdi.
— Ha, Hazratqul aka, ayozda nima qilib yuribsiz?
— Enangdi mahrini soʻrab yuribman, - dedi-yu Hazratqul aka orqasiga burilish barobarida uning basharasiga musht tushirdi. Salim «ihq» dedi-da, qor ustiga yuztuban boʻlib yiqildi.
— Bu ham senga kam! – tishlarini gʻijirlatdi Hazratqul aka. - Kekirdagingni yulib olaman!

Shu payt mashinaning orqa eshigi ochilib, oʻgʻli Baxtiyorning yuzi koʻrindi.
— Ota?

Hazratqul aka bir oʻgʻliga, bir yerda tumshugʻini ushlab yotgan Salimga qaradi. Soʻng taslim boʻlgan askardek ikki qoʻlini koʻtardi.
— Salimjon, kechirasan lekin, - dedi u Salimni oʻrnidan turgʻazib. – Jahlim chiqib turgandi. Shunga....

Bu vaqt oraligʻida Gulshan opa yugurib kelib, oʻgʻlini quchogʻiga oldi. Yuz-koʻzlaridan oʻpdi, sochlarini siladi, aylanib-oʻrgildi, koʻzlariga toʻtiyo qildi. Baxtiyor nega kech kelganini aytmoqqa ogʻiz juftlagandi, onasi uning lablariga kaftini qoʻydi.
— Mayli, aytma, bolam. Mana, kelding, shunisi kifoya.

Hazratqul aka ham oʻgʻlini bagʻriga bosib koʻrishdi, uning uzatgan kichik sumkachasiga ham qaramay, qadoq qoʻllari bilan yelkalariga urib-urib qoʻydi. Soʻng xotiniga va Salimga eshitilar-eshitilmas qilib, oʻgʻlini yandi:

— He, jigit oʻlgur, odamni juda ovora qilding-da lekin...