OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXoliyor Safarov
Asar nomiQoʻgʻirchoq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Xoliyor Safarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoʻgʻirchoq (hikoya)
Xoliyor Safarov

Ona chorpoyada ikki toʻshak oʻrtasidagi tol beshik gumbaziga bir qoʻlini qoʻyganicha maroq bilan tebratar, ikkinchi qoʻli bilan sekin baxmal pardani koʻtarib, mayin va ichikkan tabassum bilan qarab-qarab qoʻyardi. Beshik yoʻrgʻasi bir maromda «gʻiych-gʻiych» etgan ovoz chiqarib, dastasiga osib qoʻyilgan shaldiroq oʻyinchoqlar goʻdak kulgisi kabi yoqimli shiіirlaydi. U beshik qubbalariga xiyol koʻz tikkanicha sel boʻlib alla aytardi.

Alla bolam, doʻndiqqinam, alla-yo, al-la-a...

Kun yorishib, hovli sathiga quyoshning ona mehridek issiq va sadoqatli nurlari yogʻila boshladi. Xoʻrozlar qichqirigʻi tinib, daraxtlar usti va tomlar boshida qushlar chugʻuri tutdi. Yorishgan hovlida hayotning bir boʻlagi koʻzga tashlandi. Darvozaxonaning qiya ochiq eshigidan kechasi bilan daydigan Olapar kirib keldi. Soʻng oshxona yoniga oʻtib, nimanidir tortqiladi, shekilli, «taqir-tuqur» boʻlib ketdi. Ona yelka oʻgirib qaradi.
— Hah, savil-e. Dadasi, qarang, Olapar nimanidir agʻdarib yubordi...

Ayolning ovozidan beshikning narigi tomonida har oqshom goʻyoki igna ustida yotgandek yuraksiz va ma’yus, qalbi toʻla titroq, butun borligʻini javobsiz tugunlar va sabr zanjiri oʻrab olgan ota ari uyasidek gʻuvlab ketgan gʻarib boshini koʻtardi. Atrofga qaradi: xotini odatdagidek koʻksini beshikka bosib oʻtiribdi. U yuragi ombur bilan qisilgandek uh tortib, chuqur nafas oldi va xotiniga yana bir qur nazar soldi. Yana oʻsha ahvol...

Oʻgirilib, beshik pardasini koʻtardi va boʻgʻziga tiqilib kelgan giryamonand havoni bu gal ham ichiga yutdi. Keyin ayoliga qaradi. Xotini esa boshini xiyol egib, butun vujudi, oʻy-xayollari bilan beshikka termulganicha goʻyoki arshi a’loda Buqrot otini minib yurardi...
— Umid? – ota xotinining e’tiborini oʻziga qaratdi (u xotinini shunday ataydi).- Tinchlikmi?
— Ha. Olapar oshxonaning yonida «tasir-tusur» qilayapti, alahsidim. Umidjon, shunga bir qarab keling (xotini ham erini shunday chaqiradi).
— Hozir... - ota chorpoyaning yoriq taxtalarini «gʻichir-gʻichir» qilganicha pastga tusharkan, oʻyladi: «Bugun kayfiyati yaxshi... Umidjon, deyishiga qaraganda ancha oʻzini tutib olibdi, lekin baribir...» Uning bundan ortiq oʻy surishga yuragi dov bermaydi. Oyogʻiga shippak ilib, oshxona tomon yurarkan hovlidan oshib, adashgan omadday narigi tomonni - ogʻil va hojatxona devorlarini koʻz-koʻz etayotgan quyoshga qaradi. Soʻng lablarini koʻydirgudek boʻlib chiqqan suxanini borliqqa sochdi:
— Nachora... Xudoyim, Umidning bor-yoʻgʻi - shu...

* * *

... Ularning oila qurganiga, yoz kelsa, roppa-rosa toʻqqiz yil toʻladi. Toʻqqiz yil... Aytishga oson: ogʻizning bir chetidan chiqib ketadi, ammo buni yashab oʻtish... U yigirma toʻrt yoshida uylangandi. Xotini oʻshanda yigirma ikkiga kirgan dilbar qiz edi. Bitta qilib oʻriluvchi sochlari belida ilondek toʻlgʻonib, qishloqning igʻvogar xotinlari tiliga soʻz, koʻngillariga tugilgan mavzu edi. Kelishgan qad-qomati, qayrilma qoshlari hilol misol jozibali boʻlib, anor yuzi va chaqnab turgich koʻzlari ohanrabo misoli oʻziga maftun etardi. U xotinini oʻnlab emas, yuzlab qizlar orasidan tanlagan va minglar ichidan yetishgandi. Ularning hayoti shirin, orzulari ummon qadar cheksiz edi. Kelinchak yukli boʻlgach esa ikkisining baxtiga sevinch qoʻshildi. Ikkisining peshanasida bir soʻnmas yulduz porlagandek boʻldi... Boʻlajak ota diliga saodat, yuz-koʻziga tabassum olib kelgan, boʻlgʻusi ona qalbiga erka va yoqimli hislar tugʻyonini solgan, vujudiga hayot shavqini baxsh etgan sevinchni kuta boshlashdi.

Kelinchak oʻgʻil koʻrdi! Oʻsha kuni ular qaytadan dunyoga kelgandek boʻlishdi. Hamma xursand: tabriklar-u tilaklarning chek-chegarasi yoʻq edi. Niyatlar amalga oshgan bu kun katta bayram qilindi. «Chaqaloqning poyqadamiga» deya qoʻy soʻyildi. Uning oti «Haqberdi» boʻldi, «boy» boʻldi. Oʻzi-da oʻzini boy va davlatmand his etdi. Yigirma besh yoshida boʻyi ham bir qarich oʻsgandek boʻldi.

Ota-onaning orzu-umidlari in’ikosi boʻlgan goʻdakka Umidjon deb ism qoʻyishdi. Chaqaloq kundan-kunga ulgʻayib, tuxumdekkina mushtlari kattardi, miltillab turuvchi koʻzlariga gʻayrat va hayot nashidasi indi. Vazni ham asta-sekin ogʻirlasha bordi. Umidjon bir yoshga toʻlganida bobosi nevara toʻy qilib berdi. Ota oʻgʻliga bilibmi-bilmaymi, soddalik bilan shu kuni onasi ikkisiga ermak, ovunchoq boʻlsin, deb boʻyi salkam Umidjondek keladigan qoʻgʻirchoq sovgʻa qildi. Qoʻgʻirchoq bola...

Nevara toʻy kuni kelinning otasi kuyoviga «Yakshanba kuni nevaramni olib bizlarnikiga boringlar, quda buvani ham aytdim. Bitta kurka boqayapman, oshning tagiga bosib qoʻyaman», degandi. Quda buvaning soʻzi oʻlmasin, deb havoning avzoyi buzuqligiga, qor yogʻib turgan boʻlishiga qaramay, ota mototsiklini qizdirdi. Qaynotaning uyi bir qishloq nari. «Mototsikl bilan gʻirra borib kelamiz», deb Umidjonga qalin-qalin kiyimlar kiygizib, yoʻlga tushishdi. Qishloq oralab ketgan yoʻl bilan yurib, anhor yoqasidagi loykoʻchaga chiqib olishdi. Qishloqning bitta-yu bitta yoʻli-shu. Gupillab yogʻayotgan qor loykoʻchani qoplab, ulardan oldin yurgan ulovlarning izini koʻmib ketganiga qaramay, telpagini qoshigacha bostirib, choponi ustidan belbogʻ bogʻlab olgan ota ulovini ehtiyotkorlik bilan boshqarar, orqaga mingashgan ona esa oʻgʻlini chap qoʻliga olganicha oʻng qoʻli bilan erining belbogʻidan mahkam ushlagan, oʻzining yuz-koʻzini roʻmol bilan tangʻib olgandi.
— Qara, qishlogʻimizga tulki kelibdi, - dedi u mototsikl ovozidan choʻchib, anhor yoqalab qochayotgan tulkiga boshi bilan ishora qilib.
— Qani?
— Oldinda. Sen koʻp boʻyningni choʻzmay, Umidga ehtiyot boʻl. Mototsiklning balloni ham ado boʻpti-da, toyib ketayapti.

Shu payt xuddi ularni kutib turgandek yoʻl yoqasidagi uydan bir it chopib chiqdi. Ota itlarning tulki isini olib yoki ularning izidan quvlash uchun chiqqanligini ham bilmay qoldi. Yoʻl ustida yashovchi oilalar itlarida bor odat: yoʻldan nima oʻtishidan qat’iy nazar, xuddi shu yoʻl sohibining mahridek izidan quvlaydi, yetolsa, tortqilaydi. Ba’zan kaltak yeb, «vang-vang» qilganicha dumini qisib, uyiga qaytadi. Bugun ham tulki qolib, mototsiklga qarab chopishdi.
— Voy! - qichqirib yubordi ona.
— Baqirma, - dedi ota. Ammo shu payt yugurib kelgan itlarning biri mototsiklning oldiga chiqib ketdi. Ota tormozni bosdi: ursa mototsikl yiqiladi, orqada bola bor.

Baribir mototsikl haybatli itni urib yubordi. Shunda ota qoʻrquvdanmi, xavotirdanmi, oʻzini yoʻqotdi. Qoʻllari qaltirab, oyogʻi hamon tormozda ekanligini unutdi. Orqa gʻildiragi toyib ketgan mototsikl yoʻlning anhor labi tomoniga siltanib ketdi, soʻng yiqildi.
— Ay-y! - ona qoʻrqqanidan baqirib yubordi va qoʻlidagi jigarbandini qanday qoʻyib yubordi, oʻzi-da sezmadi. Bolakay esa chinqirganicha anhor yoqasiga otildi va qor-loy aralash sohildan sirgʻalib, suvga tushib ketdi.

Hammasi koʻz ochib yumguncha roʻy berdi. It «ang-ang» qilganicha maymoqlanib uyiga qochdi.
— Voy shoʻri-imm! - oʻzining yiqilgani koʻziga koʻrinmagan ona boshini kґtarib, oʻgʻlining suvga tushib ketganini koʻrdi-yu, chinqirib yubordi. – Umidjo-on! Bola-amm!

Anhor suvi sokin oqar, chuqurligi chamasi bir-bir yarim metr kelardi. Bola oʻz vazni hisobiga bir pastga shoʻngʻidi-yu, zum oʻtmay qaytib, yuzaga chiqdi. Ammo ovoz chiqarmadi.
— Umidjo-on?! Umi-id!.. - ona anhor yoqalab toʻrt-besh qadam bosdi. Jigarbandi suvda oqayapti! Boshqa chora yoʻqligidan oʻzini suvga urdi. Suv muzdek edi, jon-jahoni yaxlab ketdi. Ayol suv kechib bordi-da, chayqalib ketayotgan bolasini koʻtarib oldi-yu, birdan sovuqdan va qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ titrayotgan bagʻriga bosdi. Vujudi muzlab ketdi. Bola atigi bir marta eshitilar-eshitilmas ingrandi. Gґdakning shalabbo boʻlib ketgan kiyimlaridan sharillab suv oqdi, ona esa tanasining hoʻl boʻlib borayotganiga ham qaramay bolasini bagʻriga bosganicha suv kechardi. U hozir suvning minus falon daraja sovuqligini emas, jigarbandining omon qolishini oʻylar, sohilga talpinar, ammo oyoqlari majolsiz edi. U borligʻini sovuq qamrab olganini, tomirlari tortishib qolganini his etmasdi. Bolasini koʻksiga bosganicha «dagʻ-dagʻ» titrar, izillab yigʻlardi.
— Dadasi? Dadasi?!!

Bu vaqtda ota mototsikl tagida qolib ketgan oyogʻini chiqarib ololmay halak edi. U xotinining zorli, butun qishloqni titratgudek ovozini eshitgach, yotgan joyida bor kuchi bilan tarillay-tarillay oʻchib qolgan mototsiklni xiyol koʻtarib, oyogʻini tortib oldi. Turmoqchi boʻldi, ammo oyogʻini bosolmadi. Oyoq tizzadan chiqqandi. U yigʻlab yubordi, ogʻziga kirib ketgan qorlarni alam bilan tupurib tashladi. Yana turmoqchi boʻldi, ammo oyoqlari oʻziga boʻysunmadi...
— Ih-hh! Ii-i! - ingradi u.

Ona bor kuchi bilan suvdan chiqishga urinar, biroq goh beliga, goh koʻkragiga urilib oqayotgan suvdan yuzaga, yoʻl ustiga chiqib ketolmasdi. Bir qoʻlda bolasi, ikkinchi qoʻli bilan nimadan ushlashini ham bilmasdi. Anhor cheti loy. U sayozroq joy izladi. Bunday vaqtda uzalib bolani yerga qoʻyish, soʻng suvdan chiqish xayolga kelarmidi? Baxtiga shu vaqt bozordan qaytayotgan qoʻshni - Mardi qassob kelib qoldi. U traktor kabinasidan sakrab tushdi-da, qoʻshnisiga, keyin suv ichida chirqirayotgan kelinga qaradi. Yugurib borib, ayolning qoʻlidan bolani oldi. Soʻng oʻzini tortdi. Ona dir-dir qaltiraganicha, bir Mardi qassobga, bir mototsikl yonida «voy-voy»lab yotgan eriga, bir qoʻlidagi beun, nafas olgan-olmayotgani ham bilinmayotgan dilbandiga qaradi. Iz-iz yigʻladi.
— Nima boʻldi? - dedi Mardi qassob. Keyin birdan hushini yigʻib, yana ayolning qoʻlidan bolasini olmoqchi boʻldi, biroq ona bolasini berishni istamadi. Shunda Mardi qassob bolani ayolning qoʻlidan siltab oldi-da, shu koʻtargan kuyi uning boshini yerga qaratdi.
— Nima qilayapsiz? - baqirib yubordi ona.

Bola bir oʻqchidi-da, bir talay suv qayt qildi. Suv qorni eritib, yerga yoyilib ketdi. Mardi qassob bolani yana silkidi, ammo bola bu safar oʻqchimadi, behol ingradi.
— Kelin? - dedi qassob traktor yogʻi tegaverib, dagʻal boʻlib ketgan choponini yechib. - Ma, bolani oʻra!

Ona oʻgʻlini choponga oʻradi.
— Aylanay sendan... Umidjon...

Onaning etaklaridan nov suvidek sharillab suv oqardi.
— Kelin, sen telejkaga chiq! Men hozir... - Mardi qassob goʻyoki bu ishlarni oʻzi qilib qoʻygandek boshini sarak-sarak qilar, tinmay hansirab, atrofga najotkorona alanglardi. - Hey, yordam beringlar! Yordam... - deb baqirdi u. Atrofda hech kim yoʻq. Umidbaxsh sado boʻlmagach, qoʻshnisining tepasiga keldi.
— Mardi aka, keliningizni olib keting. Oyogʻim... Aka... - ogʻriqdan tishini-tishiga bosib, ingrab yotgan erkakning boshqa gapirishga madori yoʻq edi.
— E, oyoqni sob qipsan-ku! - qassob uning oyogʻiga qaradi. Darrov bilganicha, uning dod-voyiga qaramasdan qizigʻida oyogʻini toʻgʻriladi va oʻziga tortdi. Tizzadan «qirs» etgan ovoz chiqdi. - Xayriyat, bir oz joyiga tushgandek boʻldi, - dedi u belidan belbogʻini yechib, qoʻshnisining oyogʻiga bogʻlarkan. Keyin atrofga alangladi-da, traktorga qarab chopdi va kabinadan ikkita kalit hamda moyga botgan eski pijamasini olib keldi. Oyogʻining ikki tomondan kalitni qoʻyib, ustidan pijama bilan oʻradi. Qoʻshnining ham belbogʻini yechib oldi-da, ustidan bogʻlab tashladi. Soʻng uni dast koʻtarib, telejkaga olib kelib yotqizdi. Shunda otaning vujudi qizidi, lekin dam oʻtmay birdan muzlab ketdi. Ogʻriqni ham unutib, xotini bilan bolasining ahvolidan xoʻrligi keldi, ammo ilojsizligidan labini tishladi.

Mardi qassob telejkada diydirab turgan kelinga bir qarab oldi-da, erining belbogʻsiz shalvirab turgan choponini yechib, uning yelkasiga yopdi. Ayol hamon dagʻ-dagʻ titrar, qoʻlidagi majolsiz yotgan goʻdagiga qarab «Bolam, bolajonim...» deganicha yum-yum yigʻlar, bolaning muzlab qolgan qoʻllarini kaftiga olib, «kuh-kuh»lab isitishga urinardi. Qassob bolani yana kelinning qoʻlidan oldi va onasining «hay-hay»lashiga ham qaramasdan kabinaga chiqdi. Goʻdakni bir oz boʻlsa-da, taftli boʻlgan oʻz bagʻriga oldi.

Traktorning tarilloq ovozi butun qishloqni tutib ketdi. Qassob uyga necha daqiqada kelganini bilmaydi. Umri bino boʻlib, bugun traktorni shunday tez haydadiki, orqada besh-oʻnta qoʻy, eng muhimi, bir omadsiz er-xotin borligini ham unutdi. Fikri quchogʻidagi hissiz bolakayda edi. Mardi qassob traktorni eshik oldida toʻxtatishi bilan ayol telejkadan yerga sakradi. Qassobning qoʻlidan bolasini olib uyiga kirdi. Kirdi-yu, ikki qadam tashlar-tashlamas iziga qaytdi. Ta’bir joiz boʻlsa, oyogʻini qoʻliga olib, qassobning uyiga qarab chopdi.

Mardi akaning keksa onasi bor edi. Momo hansirab turgan ayolning qoʻlidan behush bolani olarkan, yigʻlamsiradi.
— Hah, uying kuygurlar-a! Uying kuygurlar-a! Nima boʻldi, sovuqdan qotib qopti-ku, bu?

Momo bolaning kiyimlarini tortqilab-tortqilab yechib tashladi. Soʻng tagiga toʻshab oʻtirgan tuyajun kigiz koʻrpachaga oʻradi va koʻrpasini koʻtarib issiq sandalga tiqdi. Issiqqina qadoq qoʻllarini bolaning yuziga, koʻksiga bosib koʻrdi. Quloqlarini ushlab turdi... Sovuq! Bola nafas olmayapti. Ogʻziga issiq choy tomizdi. Bola tamshanmadi...
— Hah, qirilib ketgurlar-a! - Momo ayolni qargʻay ketdi. - Uying kuysin sening.
— Momo? Momojon... - ayol momoning etagiga yopishib yigʻladi. - Bir nima qiling, jon momo...

Momo «bir nima» qilishning oʻrniga bir oz goʻdakka tikilib turdi. Allanimalarnidir pichirladi va bolaning iyagini tangʻidi...

Goʻdak boshida chirqirab turgan onaizor momoning bu harakatidan soʻng barchasini tushundi...
— Momo-o-oo!!!
— Kelin ogʻir boʻl, endi...
— Umidjo-on-n! Bola-aa-amm! - ona sovuqdan qotay-qotay deb turgan tanasini jigarining yoniga tashladi. - U... B... Im-mm...

Oʻsha kuni Umidjonni erta otlangan manziliga ikki quda bilan Mardi qassob qoʻyib keldi.

Keyin otaning chiqqan oyogʻini tabibga koʻrsatdi, jonliq sadaqa berdi. Ota koʻrmagandek boʻlib ketdi, ammo onaizor taqdirga tan berolmay kuyib, adoyi tamom boʻldi. Bir oy viloyat shifoxonasida davolanib chiqdi. Jismi sogʻaydi, ammo ruhi yaradorligicha qoldi. U otasini hatto «Oshingiz boshingizdan qolsin!» deb qargʻashgacha bordi. «Siz chaqirmaganingizda uyginada oʻtirgan boʻlardim. Bunday boʻlmasdi...» dedi. Otasi esa «Men shunday boʻlsin debmanmi, qizim!?» dedi va labini tishlab, ovoz chiqarmay unsiz-unsiz yigʻladi. Onasi ham. Shunda... jigari kuygan ona erini erta soʻngan yulduz - chehrasidagi tabassumni, qalbidagi hayot ishtiyoqini, koʻzlaridagi umidni olib, borligʻini titratib, ichini boʻm-boʻsh qilib ketgan jigarbandining nomi bilan chaqirdi.
— Umidjon?..

Ota «Ha» deyishga tili bormay, uydan hovliga chiqib, yiroq osmonga va qattiq yerga qaradi, yigʻlamoqqa koʻzlariga yosh kelmay, tishini tishiga bosdi. Koʻzlarini chirt yumganicha bosh egib, gardanini ikki kafti orasiga tirab oʻtirdi. Uzoq oʻtirdi. Yarim kecha boʻlganda oshxona devoriga suyab qoʻyilgan mototsiklni hovlidan chiqardi-da, anhor boʻyigacha yetaklab bordi (mototsikl oʻsha kuni Mardi qassob anhordan minib kelib, oshxonaga suyagandan beri minilmagan edi). Loykoʻchaga chiqqanida mototsiklni yetaklab chopdi.
— Palakat! - soʻkindi u. Soʻngra shu yetaklab chopishda uni loykoʻchadan anhorga itarib yubordi. Mototsikl ustida birov borday toʻgʻri yurib, suvga kirib ketdi. Shunda mototsiklga qoʻshilib otaning armonlari, gʻam-anduhlari ham koʻmilgandek, shu anhorda oqib ketgandek boʻldi...

Ota biroz yengil tortib uyga qaytdi. Ichkari uyga kirdi-yu, tarashadek qotib qoldi: qarasa xotini Umidning beshigini tebratganicha sel boʻlib alla aytayapti.

Alla bolam, doʻndiqqinam, alla-yo, alla...

Ota berilib alla aytayotgan xotiniga lom-mim demasdan, dard-hasratini ichiga yutganicha beshik pardasini koʻtardi. Koʻtardi-yu, baqa boʻlib qoldi.
— Umid?

Ona uning savolli nazariga javob bermadi, oʻzini beshikka tutdi. Beshik oʻyinchoqlarini shildiratdi:
— Ma, ma... Ma-yo, ma-yo...

Boshiga gurzi bilan urilgandek miyasi gʻuvlab ketgan erkak beshikning narigi tomoniga solingan toʻshakka holsiz choʻzildi. «Bunga nima boʻldi-ya? Yo, xudoyim...»

...Ayol shundan keyin farzand koʻrmadi. Er uni taniqli shifokorlarga koʻrsatdi, kuchli tabiblarga olib bordi, foydasi boʻlmadi. Ular kelin oʻzini sovuqqa oldirib qoʻygan, ham ruhan ezilgan, degan gapni aytishardi. Malakali mutaxassislar bunga qarshi amaldagi choralarni koʻrishdi, ammo u erini marhum jigarbandining nomi bilan chaqirishni va tol beshikka bagʻrini berganicha alla aytishni qoʻymadi... Toʻqqiz yil shu tarzda anhor suvi misol oqib oʻtdi. Bu orada ular anhor yoqalab zinhor yurishmadi, ayolning ota-onasi uyiga ham borishga koʻngli boʻlmadi. Otasinikiga, deb yoʻlga chiqsa, anhor suvidan norasida goʻdagining yuzi koʻrinib turgandek, yana bir nima boʻladigandek tuyulaverardi. Ular sabrni oila ustuni deb yashayverishdi. Odamlar «Hali yoshsizlar, hammasi yaxshi boʻlib ketadi. Etaklaring toʻla bola boʻladi...» deyishardi. Bunday paytlar er mavzuning ortiq choʻzilishini istamay «Nasib boʻlsa...» degandek bosh irgʻab qoʻyar, xotini ham goh unga qoʻshilib, bosh chayqasa, ba’zida «Mening oʻgʻlim bor... U hozir beshikda... Uxlayapti...» derdi. Ota bunday paytlarida yana tishini tishiga bosar, «Tavba, xotinim aljirayaptimi?» der, ammo har tong va har kech xotini beshik boshida alla aytishiga qarshilik qilmasdi. Ochigʻi, bunga jur’ati ham yetmasdi. Ayol sel boʻlib alla aytganda uning ham qalbi qandaydir taskin topgandek, vujudini, yuragining chok-choklarini illatdek ezib yuborgan dardni bir zum boʻlsa-da, unutgandek boʻlardi. Ayol esa bundan zavq olar, vujudini beshikka tutganida koʻzlarini yumib, olis-olislarga uchib ketgandek, uzoq-uzoqlarda qoʻshiq kuylab, Umidjon bilan sayr qilib yurgandek boʻlardi... Shuning uchun er bunday hollarda xotiniga xalal bermasdi. Mana, bugun ham indamay oshxona tomon yurdi. «E, uyi kuysin!» Kecha Mardi qassob uzatgan kalla-pochani xotini ichkari issiq deb, oshxona yonidagi daraxt shoxiga ilgan ekan. «Olapar shunga sakrab tasir-tusur qilgan ekan-da...»
— Bechora Mardi aka, - u negadir qassobni «bechora» dedi, - baraka topsin. Insofi bor odam. Ikkita-uchta qoʻy soʻysa, albatta bitta kalla-pochani bizga ilinadi. Keyin Olaparning kalla-pochani ololmaganiga ishonch hosil qilgach, ogʻil tomon yurdi. Ogʻiz ochib esnadi.
— Umid! - xotinini chaqirdi u. - Kel, sigirni sogʻ. Bir kosa issiqqina xom sut ichay, keyin toʻyga ketaman.
— Kimning toʻyiga? - ona beshikdan oʻgirilib, eriga savol nazari bilan qaradi.
— Qulqishloqdagi Tursun nosfurush oʻgʻliga sunnat toʻy qilayotgan ekan.
— Ha... Borasizmi?
— Boramiz. U odam yorilmagan tarvuz. Zoʻr haq beradi.
— Shunaqa deng, - dedi ona. Soʻng oʻyladi: «Tursun akani onasi toʻrt bolasini yerga qoʻyib, keyin tuqqan, deyishadi. Yer toʻymas ekan-da... Mana, shu odamlar ham bolasiga toʻy qilayapti...»
— Umidjon? – dedi xotini beshikdan boshini koʻtarib.
— Nima deysan?
— Biz qachon toʻy qilamiz?
— Qilamiz hali... Nasib boʻlsa, qilamiz...
— Ka-atta toʻy qilamiz-a?
— Nasib bґlsa... - ota xotinining gapidan soʻng yigʻlab yuborishdan oʻzini tiyish uchun orqaga oʻgirildi-da, sigirga yemish solish bahona oʻzini chalgʻitdi. «Ey, xudoyim, oʻzing yuzimni yorugʻ qil...»

... Oʻsha kuni ota nosfurushning toʻyidan mast boʻlib keldi. U odatda bunday ichmaydi: faqat toʻylarda... Bugun ham shunday boʻlgan: hamma toʻybolani, toʻybolaga qoʻshib oʻzining bolalarini maqtagan. Bu kishi boʻlsa odatdagidek avvaliga ogʻziga talqon solib oʻtirgan. Keyin aroqqa zoʻr bergan. Bor gap ham, achchiq haqiqat ham-shu!

U toʻydan kelsa, xotini har doimgidek beshikka bagʻrini berib oʻtiribdi. Ota vujudini qamrab kelgan koʻrgulikdan kuyib ketgan emasmi, tutaqdi. Shartta bordi-da, beshik bogʻichlarini yechib, xotinining qoʻliga zor qaqshab tarmashishiga ham qaramasdan «bola»ni beshikdan sugʻurib oldi va otib yubordi. Onaning bor-yoʻgʻi - Umidjonning tugʻilgan kunida olib kelingan qoʻgʻirchoq hovli ichidagi kaftdek polizga kelib tushdi. Buni sezgan Olapar chopib keldi-da, uning belidan tishlab koʻtardi. Soʻng u yoqdan bu yoqqa silkiladi. Oyoqlari orasiga oldi.
— Nega bunday qilasiz?! - yigʻlab yubordi ona.

Ota lom-mim demasdan, loʻqillab ogʻriyotgan boshini belbogʻi bilan mahkam siqib bogʻladi va chorpoyaga solingan toʻshakka yotib oldi. Ona chorpoyadan tushib, hovlidan tayoq izladi, topolmagach, oshxona eshigi oldidagi olma daraxtining shoxini sindirib oldi-da, qulochkashlab Olaparning belidan urdi. Olapar qoʻgʻirchoqni tashlab, «ang-ang» qilganicha ogʻil tomonga, iniga qarab qochdi. Ona yerda agʻdarilib yotgan qoʻgʻirchoqni olib bagʻriga bosdi, erkaladi, ammo birdan shuncha yildan beri beshikka belab, alla aytib kelayotgan qoʻgʻirchoqqa nisbatan qalbida nafrat uygʻonib, negadir zarda bilan polizga qaratib otdi. Keyin kelib joyiga yotdi-da, boshini koʻrpaga oʻrab oldi. Allamahalgacha jim yotdi. Uning uxlayotgani ham, hatto nafas olishi ham sezilmasdi. Bir mahal u sapchib joyidan turdi-da, chorpoyadan tushib, oshxona tomonga qarab chopdi. Taqqa toʻxtadi, yerga egilib oʻqchidi...
— Yo, xudoyim-e! Yarim kecha-ya...

Tapir-tupurdan uygʻonib ketgan ota sapchib oʻrnidan turib, oyogʻiga shippagini ildi-yu, borib darvozaxona chirogʻini yoqdi. Atrofga qaradi. Oshxona oldida yerga choʻkkalaganicha oʻqchiyotgan xotinini koʻrib, holsizlanganicha devorga suyanib qoldi. Shu payt Olapar yugurib keldi-da, sohibasi otib yuborgan qoʻgʻirchoqni uning oyogʻi tagiga tashladi. Ota bir Olaparga, bir yerda yotgan qoʻgʻirchoqqa qaradi. Keyin borib xotinining boshini koʻtardi.
— Umid?

Ayol eriga oʻgirilib qaradi, nimadir demoqchi boʻldi-yu, oʻpkasi toʻlib, yigʻlab yubordi.

Ota hammasini tushundi va beixtiyor kafti bilan xotinining sevinch koʻz yoshlarini artdi. «Oʻzingga shukr!» Soʻng shart ortiga burildi, chorpoyaga chiqib, toʻzgʻib yotgan bogʻichlarni yigʻishtirgan boʻldi. Keyin beshikning ikki qubbasidan avaylagancha koʻtardi-da, uyga kiritib qoʻydi.