OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXoliyor Safarov
Asar nomiToʻti Momo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Xoliyor Safarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/09/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻti Momo (hikoya)
Xoliyor Safarov

– Ichingga oʻt tushkurning ichi toʻlib ketgan ekan! Inkubatir boʻl-a, inkubatir!

– Nima gap, Toʻti? Tinchlikmi? – hozirgina bomdodni oʻqib, tashqarilayotgan Ochil bobo koʻcha eshigini qarsillatib yopib kirgan xotinining avzoyi buzuqligi, lopillab kelishini koʻrib, nima boʻlganligini tushundi-yu, choʻqqi soqolini tutamlaganicha ostonada tek turib qoldi. – Nega darrov qaytding?

– Ay-y! – qoʻl silkidi Toʻti momo. Kelib eshik qarshisidagi chorpoyaga hansirab oʻtirdi-da, uzun etagini qayirib, peshanasidagi terni artdi. – Ichi toʻlib ketgan ekan buning. Yana bolam paqirning yuzini shuvit qildi…

– Hey, muncha it quvganday hansiraysan? Umri bilan bergan boʻlsin! Oʻzi yaxshimi? – dedi bobo oʻpkasini bosolmay oʻtirgan xotinining yoniga kelib.

– E, baloday! – dedi momo boshini silkib. – Kechasi soat uchlarda koʻzi yoridi. Dardi achchiqligidanam biluvdim oʻzi...

Toʻti momo oʻtirolmadi. Hali tong otmay, quyosh qizdirmasdan peshanasida reza-reza ter oqishi, ichida bir isyon koʻtarilib kelayotganidan darak berib turardi. Momo shart ketiga burildi va chorpoya yonida otasi borligi uchun joyidan turolmay, koʻrpani boshigacha oʻrab yotgan boʻy qizining koʻrpasini tortib yubordi.

– Tur-e! Indamasa, choshgohgacha yotasan hammang! Bor, sigirni sogʻib kel. Keyin akang podaga qoʻshib keladi.

Uygʻoq boʻlsa-da, bosh tomonida otasi borligi uchun turishga iymanib yotgan qiz koʻrpa tortilishi bilan boshini koʻtardi-yu, sapchib oʻrnidan turarkan, xijolatda oʻlar boʻldi. Onasiga qarab, «Ena-a?» dedi-da, qatlanib qolgan koʻylagi etagini yoza-yoza oshxonaga yugurib ketdi. Shu payt otasi bomdodga tahorat olish uchun chiqqan mahal maykachan yugurib ketgan kenja oʻgʻli koʻcha eshigidan «Bir, ikki! Bir-ikki!» deb qoʻllarini orqaga-oldinga aylantirganicha kirib keldi.

U bokschi boʻlmoqchi. Kechqurun bir, ertalab bir mashq qiladi. Maykachan boʻlib, huv guzardagi magazingacha besh-olti marta yugurib keladi-da, ogʻil yonidagi qayragʻoch shoxiga qum solib osilgan qopni mushtlaydi. Ikki qoʻlini yerga tirab, ellik-oltmish martadan yotib-turadi. Keyin shtangasi – armaturaga «kiydirilgan» temir-tersaklarni sakkiz-oʻn martagacha koʻtaradi. Yana osigʻliq qop bilan boks tushadi. Turnikka tortinadi. Yigirma-oʻttiz marta. Soʻng onasining qistovi bilan podani qoʻshib kelgach, sanab toʻrt dona tuxumni qaynattirib yeydi va maktabiga ketadi.

U har kungidek salom bilan qayragʻoch tagiga oʻtayotgandi, tutaqib turgan onasining jahliga «ilindi».

– Hay, shoshma, – dedi Toʻti momo (aytgancha, Ochil bobo, Toʻti momo deyapman-u, ular hali paygʻambar yoshiga ham yetganlari yoʻq, ammo oltmishni qoralab qolishdi. Ota-bobosi udumini qilib, er soqol qoʻygan, xotin boshiga katta oq roʻmol yopgan) chorpoyaga suyanganicha. – Bolam, qoʻy shu «bir ikki, bir ikki»ngni. Menga qara, vaqti kelsa, er yetib, uylanasan. Lekin Taysinjon, bilib qoʻygin, kim boʻsang ham, bokschi boʻlasanmi, boshqami, xotining oʻgʻil tugʻmas ekan, oting chiqsayam, zoting chiqmaydi!

– Menga nima deysiz, ena? – dedi oʻgʻli onasining gapiga tushunmay. Soʻng borib, meshni mushtlay ketdi. Bir nafas mashq qilgach, toʻxtadi va yana yelkalarini oʻynatganicha otasining oldiga keldi. – Enam nimaga bunday deyapti?

– Suyunchi ber? – beixtiyor jilmaydi ota.

Yigitcha birdan tushundi. Onasiga yuzlandi.

– Ena, akamning nimasi boʻpti?

Ochil bobo piq etib kuldi.

– Qizi boʻpti! – dedi chorpoyadagi joyni yigʻishtirishga tushib ketgan momo boshini koʻtarib. Soʻng oldiga osilib tushgan roʻmolini yelkasiga tashlarkan, eriga javrashdan naf yoʻqligi uchun dardini oʻgʻliga toʻka ketdi. – Bolam, shuning uchun azondan oʻzimni qoʻyarga joy topmay turibman-da. Boʻlmasa, shu koʻrpa-yostiq yigʻish mening ishimmi? Yangang gumburlatib oʻgʻil tugʻib, men oldida oʻtirmaymanmi? Ogʻziga novvot solib, nevaramning poyiga isiriq tutatmaymanmi? Hey, dunyosi qursin. Yana qiz. Inkubatir, bu kelin, inkubatir!

Yigitcha onasining javrashidan hech narsa tushunmadi. Anglagani, yangasi yana qiz tuqqan...

– Nima boʻpti, hayla, Shodi pismiqningam beshta qizi bor. Chiroyli, chiroyli.

U Shodi akaning qizlari suluvligi, shularning kattasini yaxshi koʻrishiga ishora qilgandi, Toʻti momo oʻgʻlining gapidan ijirgʻandi.

– Bor, sen goʻringni tushunarmiding. Kep-kep senga gapirib oʻtiribman-a? Otang-ku eshitishni xohlamaydi. Bilgani shu, «Xudo beradi, xudo beradi!» A, Xudoyam belida kuchi borga oʻgʻil beradi-da.

Ochil bobo beozor kuldi.

– Ay, boʻldi qil-e, enagʻar. Ogʻzim bor deb har narsani gapiraverasanmi? Hamsoya-quloqdan uyalmaysanmi? Undan koʻra, bor, kelindan xabar ol. Oldida oʻtir. Atala-patala qaynatib ber. Charos lochira yopsin. Ana, oshxonada bir kadi tuxum yigʻib qoʻyibsan, oborgin-da, qovurib ber.

– Tuxum yeguncha, toshni yesin! – zarda qildi Toʻti momo. – Obormayman! Atalasiniyam oʻzi qilsin, lochirasiniyam! Unga qiz tugʻ debmanmi? Shuni deb bolam bechoraning yuzi shuvit. Siz boʻlsangiz, «Koʻp vaysama, Xudo beradi», deysiz. Bir kuni televizordan berdi, qizlarning futbol komandasi bor ekan. Nima, ulingizam qizlarini yigʻib, futbol komanda tuzadimi? Mana, – bosh barmogʻini ikki barmoq orasidan chiqarib, havoga koʻtardi, – izini quritaman!

– Ogʻzingni yop-e! – Ochil bobo shunday deya chorpoyadan yostiq olib, xotinining yuziga otdi. – Ikkinchi marta shu gapingni eshitsam, oʻzingni quritaman!

Momo miq etolmay qoldi. Ochil bobo shunda tom osha oqaribgina kelayotgan tongga qaradi. Toʻti rost gapirayapti. Kelini toʻrtinchi farzandini ham qiz tuqqanda qattiq oʻksigandi. Oʻgʻlini-ku, aytmasa ham boʻladi. Goʻyo hammasiga oʻzi aybdordek. Jagʻi jagʻiga tegmay arzi-dod qilayotgan onasining koʻziga qarolmay qolgandi.

– Ena, nima deysiz, Xudoning bergani-da... – degandi oxiri.

Kelin qasam ichgan: «Oʻnta tugʻsam ham, baribir bitta oʻgʻil tugʻaman!»

Hamma umid shundan, keyingisidan edi. Bu gal ham yarim kecha oʻgʻli halloslab kelib, «Ena, keliningizdi mazasi boʻlmayapti» deb olib ketgandi. He tumanga borib, tekshirtirish qayoqda, bolalarning bir joyi ogʻrisa, bariga shu Toʻti balogardon. Tabib ham, doʻxtir ham oʻzi. Unga, rahmatlik onasi shunday qilardi. An’ana. Endi Toʻti. Oldingi uch qizga ham oʻzi doyalik qildi. Oqibatli xotin, qargʻasa ham, qovogʻini uysa ham, kindigini oʻzi kesdi, oʻzi beshikka soldi. Qoʻni-qoʻshnilarga sochqi berdi. To chillasi chiqquncha yonidan bir qadam jilmagan edi. Ammo uyga kelgan kuni, «Buvasi, keliningiz yana qiz tugʻsa, meni taloq qoʻying, lekin borib qaramayman! Hayla, ogʻzini koʻpirtirishni biladi, enasi qarasin!» degandi. Qaysar xotin. Ammo toʻrtinchisida ham bordi, mana, beshinchisining ham boshida oʻzi turdi, lekin oʻtgan galgidek toʻnini teskari qilib qaytib keldi.

– Oldida kim bor? – soʻradi Ochil bobo anchadan beri qoʻl urmagan ishi, koʻrpa-yostiqni yigʻib, uyga kiritayotgan xotinidan.

– Enasi! Uljoningiz boʻzchining mokisidek boʻlib chaqirib keluvdi, – dedi koʻrpacha koʻtarib ketayotgan joyi, boʻsagʻada taqqa toʻxtab. – Qarasin-da! Men aytganman. Koʻngli koʻnglidan qolsin, qoʻrqadigan joyim yoʻq!

– Bema’ni gapirma! Qizingni joʻnat, non-pon qilib bersin. Kir-piri bordir...

– Hech qaerga bormaydi! Choyini qaynatsin. – Toʻti momo shunday deya ichkariga kirib ketdi.

Bobo sigirni sogʻib kelib, endi oʻchoqqa choy osgan qizini chaqirdi.

– Charos! Qizim, sen borib, yangangga yordam bergin. Chaqaloq qipti.

– Voy? Qachon? – qiz hali bu xushxabardan bexabar ekan, shekilli, yugurib kelib, otaning ogʻziga qaradi.

– Bugun.

– Nima boʻpti?

– Qiz.

– Ha... – keyin koʻz osti bilan hozirgina onasi kirib ketgan uyga qaradi. – Shunga ekan-da.

– Ha. Sen bor, yordam ber.

– Xoʻp. Otini nima qoʻyaykan? – beixtiyor qiziqdi qiz.

– Koʻp gapirmagin-da, tez bor.

– Mayli, mayli, – qiz shunday deya chopqillab koʻcha eshigi tomon yurgandi, ichkaridan onasi chiqib qoldi.

– Huv, qayoqqa?

Qiz eshikkacha bormay taqqa toʻxtadi. Oʻrniga ota javob berdi.

– Rashitnikiga! Kelinga qarashsin. Quda momomam yarimjon xotin. Nima, ena-bolani mayib qilasanmi endi?

– Bormaydi! – oʻshqirdi momo. – Hay, izingga qayt!

Qiz otasiga qaradi.

– Bor, boraver, – dedi Ochil bobo. Soʻng xotiniga yuzlandi: – Esing joyidami? Qanday bugun yengillashgan kelin uy ishiga boʻladi?

– Oʻgʻil tuqqanda hammasini oʻzim qilaydim! – momo hovuridan tusholmasdi. – Kerak boʻlsa, sigiriniyam sogʻib, xamiriniyam qilib beraydim!

– Ey, Xudoning qahrini keltirma! Bor, choyingga oʻzing qara! – Ochil bobo shunday dedi va koʻcha eshigi oldida tosh »qotgan qiziga «Ketaver» degan ishora qildi.

Qizi chiqib ketgach, Toʻti momo shangʻillab oshxonaga kirdi. Qizi sogʻib kelgan sutni qozonga soldi. Dasturxonga unnadi. Ungacha Ochil bobo podani qoʻshib kelgan oʻgʻlini yoniga chaqirib, narigi qishloqqa tushgan ikki qizi va paxtalik yerdan berilgan yangi uchastkada yashovchi katta oʻgʻliga suyunchiga yubordi.

– Yangamning qizi boʻpti, de!

Erining quvonchi, xotirjamligini koʻrib, Toʻti momoning yana qoni qaynadi. Apil-tapil qozondagi sutni tovoqqa boʻshatdi-da, iddao bilan choy damlab keldi.

– Kelinlaringiz qiz tugʻsa, xursand boʻlasiz. Yana tarafini olib, yuzimga yostiq bilanam urishdan toymaysiz. Oʻzingiz ichavering! – deya har kungidek choyni peshlab, eriga piyola tutish, yonginasida oʻtirish oʻrniga uyga qarab yurdi.

– Bu yoqqa kel!

– Yoʻq! – Toʻti momo yosh qizdek bosh irgʻaganicha araz bilan uyga kirib ketdi.

– Hih... – Ochil bobo chorpoyada yolgʻiz oʻtirib, choy ichdi. Shart turib, oʻgʻlinikiga ketmoqchi ham boʻldi-yu, «Hozir ular chillalik. Oʻzlari bilan oʻzlari. Bir-ikki kun oʻtsin» dedi.

Bobo choyni ichib boʻlganda quyosh bir terak boʻyi koʻtarilib, chorpoyaga uyning soyasi tushib turardi. Soya-salqin. Pastqamgina hovli sathini yalab oʻtgan mayin shabada yuzga urilib, koʻngilga huzur bagʻishlaydi. Ochil bobo yonboshlab oʻgʻli haqida oʻyladi. Besh qiz.

– Iloyim bolalarining baxtini koʻrsin. Hali yosh, nasib boʻlsa, hademay yuzi yorugʻ boʻladi. Biz ham uch yil farzand kutganmiz... Tagʻin, oralari ham toʻrt-besh yildan.

Shu payt koʻcha eshigidan chopib kirgan kenjasi yoniga kelib oʻtirdi-yu, xayoli chalgʻidi.

– Ota, mana, suyunchi opkeldim! – dedi u choʻntagidan toʻrt-beshta gʻijimlangan pul chiqarib.

– Yasha, – dedi ota. – Endi choyingni ich-da, maktabingga bor. Pul oʻzingga. Shirinlik olib yegin.

Yigitcha gʻijimlangan pulni taxlab choʻntagiga tiqdi-yu, oshxonaga kirdi. Unga tuxum qaynatilmagan ekan, kadi ichidan toʻrtta tuxum oldi-yu, ikki tomonidan gugurt choʻp bilan teshib, xomligicha ichib yubordi. Uyga kirib kiyimlarini almashtirib chiqayotgandi, dahlizda oʻtirgan onasini koʻrib qoldi.

– Ha, ena, – dedi. – Tuxumam qaynatib qoʻymabsizlar-a?

Toʻti momo javob bermadi. Oʻtiraverdi. Oʻgʻil hech narsaga tushunmay asta chiqib ketdi.

– Choy ichmaysanmi? – dedi ota oʻgʻlining ketayotganini koʻrib.

– Yoʻq. Tuxum ichdim.

– Ha, mayli. Vaqtliroq ke.

Shundan keyin Ochil bobo yonboshlab yotgan koʻyi uyga qarab ovoz berdi.

– Toʻti? Hey, bu yoqqa ke!

Ichkaridan sado chiqmadi.

– Nima balo, uxlab qoldingmi? Yo kelinim qiz tugʻdi, deb oʻzingni osdingmi?

Yana javob boʻlmadi. Ochil bobo bildi: xotini xafa boʻlib oʻtiribdi. Vaqtida, shu kelinni olishda ham u oyoq tirab, qarshi boʻlgan. «Kerak emas, enasi qatorasiga beshta qiz tuqqan! Buyam shunga tortadi. Keyin juda mayda qiz. Menga gursillagan kelin kerak!» Ammo oʻgʻli ikkisining xohishiga qarshi chiqolmagandi. Boyaqish haq ekan. Kelin onasiga tortdi. Boboning ham ichidan qirindi oʻtsa-da, sezdirmadi. Xudoga soldi.

– Tirnoqqa zorlar qancha. Nasib boʻlsa beradi. Bunisi boʻlmasa, unisi...

Oradan yana besh-oʻn daqiqa oʻtgach, ichkaridan Toʻti momo chiqdi va xoʻmrayib kelib, chorpoyaga oʻtirdi.

– He, senga nima boʻldi? – dedi Ochil bobo. – Osmon qoʻlingda boʻlsa, tashlab yubor, lekin Olloning irodasiga qarshi chiqma! Oʻzing tortgan azoblar yodingdan chiqdimi?

Toʻti momo eriga bir qarab qoʻydi-da, dasturxon chetiga bostirilgan choynakni olib, oshxona tomonga yurdi. Ketayotib:

– Siz qachon elga dasturxon yozib, nevara toʻy qilasiz? Shuniyam hech oʻylaysizmi? – dedi zorlanib.

Ochil boboni tok urgandek boʻlib, miyasi shangʻillab ketdi. Bu gap «Siz qanaqa erkaksiz oʻzi?» degandek ogʻir botdi.

– Bu yoqqa ke! – dedi oʻdagʻaylab, ammo xotini unamadi. Eshitmagandek boʻlib, oʻchoqdan choy damlab keldi va chorpoyaga oʻtirdi.

– Kelinim oʻgʻil tugʻdi, deb qoʻni-qoʻshnilarga chachala berishimni, siz choyxonaga chiqib, bir osh buyurtirishni, «Haqberdi buva» boʻlishni xohlamaysizmi? – dedi bir paytlar kulcha yuziga yarashib turuvchi kulgichlarini oʻynatib. Soʻngra eriga shunday iltijoli qaradiki, shundagina Ochil bobo uning yigʻlayotganini bildi va surilib, yoniga oʻtirdi.

– Kampir,– dedi yelkasiga qoʻlini qoʻyib,– sen bilan men nimani xohlasak, oʻshanday boʻlavermaydi. Niyatingni butun qil. Hali hammasi yaxshi boʻladi. Toʻylar qilamiz. Vecherda nevaralaringni koʻtarib, oʻynaysan, oʻzim toʻyi boshida boʻlaman. Hammayam senday bir xil, oq-qora qilib tugʻolmaydi.

Toʻti momo eri uning doim bir oʻgʻil ketidan, bir qiz tuqqanligiga sha’ma qilayotganligidan chehrasi yorishgandek boʻldi.

– Bittagina oʻgʻli boʻsaydi...

– Boʻladi, nasib boʻlsa, – bosh irgʻadi Ochil bobo. – Men bir narsani oʻyladim. Shu qizga «Oʻgʻiloy» deb ot qoʻysak. Zora, keyingisi...

– Nima qilsangiz qilavering, men aralashmayman, – dedi Toʻti momo yonogʻiga dumalab tushgan ikki tomchi yoshni yengi bilan artib.

– Shunaqami? – Ochil bobo joyidan turib ketdi. – Fe’ling qursin seni!

Bobo xotiniga boshqa gapirmadi. Uch kun oʻtib, oʻgʻlinikiga bordi-da, chaqaloqning qulogʻiga azon aytib, «Oʻgʻiloy» deb ism qoʻydi.

Shu kundan qaynona kelinnikiga, kelin qaynona uyda kuni qaynotasining oldiga bormas boʻldi. Har ikkisining dardi ichida boʻldi.

Har ikkisi yashirib-yashirib yigʻlar, Xudodan oʻgʻil soʻrar boʻldi.

Har ikkisi umidvor boʻldi. Oʻzlari istamagan holda bir-biriga dushman boʻldi, ammo bir-birlarini otmadi, bir-birlarini la’natlamadi. Goʻdak ikki oylik boʻlganida isitmasi koʻtarilib ketib, butun oila oyoqqa turdi. Shunda Toʻti momo uch kun nevarasining boshida yigʻlab oʻtirdi. Gina-kuduratlarni unutib yubordi, ammo kelinga qovogʻini ochmadi. Bola tuzalishi bilan uyiga kelib oldi. Xudodan yuzlari yorugʻ boʻlishini soʻradi...

Shunday kunlar ketidan oylar kelib, koʻz ochib yumguncha oradan ikki yil oʻtib ketdi.

* * *

Qishning ilk kunlari edi. Birinchi qor zahri yerdan ketmay turib, yana qor yoqqan, havo Toʻti momoning avzoyidan ham buzuq edi. Qibladan esayotgan izgʻirin tom boshidagi qorlarni sovurib, orqa tomonga uyib tashlayotgandi. Kechki mahal. Uylar sovuqligidan hamma bir xonaga yigʻilib, kechki ovqatni yeb oʻtirishgandi. Bir payt halloslab Rashid kirib keldi.

– Ena, bormasangiz boʻlmaydi! Keliningizning mazasi yoʻq! – dedi salom berishni ham unutib.

– Bormayman, enasini chaqir! – Toʻti momo choʻrt kesdi.

Ochil bobo gap nimadaoigini anglab, xotiniga dedi:

– Borasan! Sen turib, enasi keladimi?

– Kim kelsa kelaversin! – Toʻti momo endi tamoman teskari qarab oldi.

– Bormaysiz-a? – iltijoli, ham alamli qaradi oʻgʻli.

– Yoʻq!

Rashid boshqa gapirmadi, shart ketiga burilib, chiqib ketdi.

– Erkakning sazasi oʻlguncha hoʻkizning boʻyni uzilsin, degan ota-buvalarimiz. Bor, agar yoʻq, desang oʻzim boraman! – dedi Ochil bobo xotiniga oʻdagʻaylab.

Toʻti momo bir pas koʻzlari bilan yer chizib, dasturxon chetini qayirib oʻtirdi-da, irgʻib oʻrnidan turdi. Boshidagi katta roʻmolini iyagidan tangʻib bogʻladi va yengil nimcha ustidan erining ohorli choponini kiyib, kenjasiga yuzlandi.

– Taysinjon, men bilan yur...

Toʻti momo oʻgʻlining qoʻltigʻidan tutgancha qishloq itlarini vovullatib, izgʻirinli tunda toshkoʻcha oxiriga qarab ketdi. U yerdagi oppoq qorni gʻarch-gʻurch bosgancha allanimalar deya pichirlab borar, ammo nima deyotganini oʻzidan boshqa hech kim tushunmasdi.

Ochil bobo bomdodga turgandi, koʻcha eshigi sharaqlab ochilgani eshitildi va dam oʻtmay dahlizga kenjasi halloslab kirib keldi.

– Ota, ota? Suyunchi bering! Suyunchi!

Ochil bobo birdan sezdi.

– Oʻgʻilmi?

– Ha! Enam, «Bor, otangdan suyunchi ol!» dedi.

– Nima beray? – otaning chehrasi yorishib, koʻz oldini qoplagan tuman tarqab ketgandek boʻldi.

– Bitta boks qoʻlqop bilan mesh olib bering. Men baribir bokschi boʻlaman!

– Boʻpti! Bugun fizkultura malliminga ayt, mening oldimga bir kep ketsin.

– Mayli, ota. – Yigitcha oʻzida yoʻq xursand edi. Ochil bobo esa oʻzicha...

Bobo bir hafta xotinini kutdi. Darak boʻlmadi, shunda chillalik uyga oʻzi bordi. Uyga kirsa, xotini oʻn sakkiz yashardek boʻlib, issiq pechka oldida terlab-pishib xamir mushtlab turibdi. Tok plitada tuxum qovrilyapti, shekilli, hidi chiqqan.

– A, horma! – dedi bobo kulib.

– Bor boʻng! Oʻgʻlim haqiqiy ota boʻldi, bir xabar olayam demaysiz-a? – dedi kampir xamirli qoʻllarini koʻtarib, shimarilgan yengi bilan peshanasidagi terni artarkan. – Oʻh, oʻpkam pishib ketdi-e...

– Senga nima zaril? Enasi qisin...

– Ho. Men hali oʻlganim yoʻq! Hammasiga kuchim yetadi! – Toʻti momo shunday deya yana xamir qorishga tushdi. – Hovliqib birdan oldiga kirib ketmang yana. Bir pas nafasingizni rostlab oling.

Ochil bobo koʻz osti bilan xotiniga qarab, jilmaydi:

– Kampir, yiling nima edi?

– Nima qilasiz?

– Soʻradim qoʻydim-da…

– Oʻziniki-chi?

– Nimaga soʻrayapsan?

– Bir ayting, – momoning quvligi tutdi.

– Bilasan-ku, adash…

– Aytishga uyalasiz-a, boboy? – Toʻti momo yayrab kuldi. – Aytgancha, darrov uyga joʻnab qolmang, nevarangizga ot qoʻyib ketasiz.

– Biror nima deb chaqirayapsizlarmi?

– Ha. Sardorbek! Lekin buvasi qulogʻiga azon aytib qoʻygani yaxshi-da.

Ochil bobo yana xotirjam jilmaydi.

– Aytgancha, bir haftadan beri qorangni koʻrmayman...

– Nevaramga qarayapman! Kelinni joyidan turgʻizganim yoʻq. Enasigayam javob berib yubordim.

Ochil bobo hansirab, chuqur-chuqur nafas olgancha peshanasidagi reza-reza terni artayotgan xotiniga koʻz ostidan oʻgʻrincha nigoh tashladi.

– Ha-a, shunaqa de...

«Yoshlik» jurnalining 2010 yil, 5-sonidan olindi.