OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXoliyor Safarov
Asar nomiYulduz sanayotgan bola (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Xoliyor Safarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yulduz sanayotgan bola (hikoya)
Xoliyor Safarov

Feruza shomda ketidan soyadek ergashib yurgan toʻrt yashar oʻgʻilchasi Yodgor bilan hovlining narigi chetiga, ogʻil yonida bogʻliq turgan targʻil oldiga oʻtdi. Buzoqchani iydirib, sigirga bir siqim makkajoʻxori tashladi-yu, yukinib sogʻishga tushdi. Oʻgʻilchasi esa sal narida choʻnqayib, onasi targʻilning yelinini silab-siypab sogʻishi, sigirning dum silkib, quymichiga urib-urib qoʻyishi, soʻngra ogʻzidagi yarmi osilib turgan makkajoʻxori bilan bolasiga intilgani, onasining «Hah, jonivor» deya yana kanadek yopishganini kuzatib oʻtirdi. Soʻngra qandaydir quvnoqlik bilan borib buzoqchaning boʻyniga qoʻl choʻzgandi, buzoqcha oʻynoqlab, peshanasini tutdi. U onasi sigir sogʻib boʻlguncha buzoqchaning peshanasini silab oʻtirdi. Feruza oʻgʻlining bu mehribonligidan bir gʻalati boʻlib ketdi va «Bechoragina» deya sekin joyidan qoʻzgʻaldi. Buzoqchaning arqonini yechib, jigarbandining qoʻlidan yetaklagancha oshxonaga qarab yurdi. Yoʻl-yoʻlakay «Aya, buzoqcha meniki-ya?» degan oʻgʻilchasiga:
— Ha, senniki, - dedi, ammo ichidan bir nima chirs etib uzilganday boʻldi. Soʻng chelakdagi sutni ayvondagi qozonga solarkan oʻgʻilchasidan soʻradi: - Yodgor, kechga nima pishirib beray? Yo bugun ham sut ichib qoʻyaqolamizmi?
— Yoʻq! Sut ichmayman! – depsindi Yodgor ayvon devoriga suyanib.
— Mayli, oʻgʻlim. Ayt, unda nima pishiray?
— Palov! – bola nima yeyishini tanlay olganigami oʻzicha iljaydi.
— Boʻpti, - Feruza oʻgʻlining koʻzmunchoqday koʻzlariga tikilarkan, yana yuragi achishdi. Borib buzoqchani alohida qoziqqa bogʻlab qaytdi va sabzi tozalashga tushdi. Orada sutni qozondan olib, alyumin tovoqqa boʻshatdi, qozonni yuvib, yogʻ soldi. Goʻsht yoʻqligi uchun yogʻga toʻrtta tuxum tashladi.

Oshni dimlagach, bahor yomgʻiridan suvoqlari koʻchib, sohibi vafot etganidan beri Feruzaning koʻngliday gʻarib boʻlib qolgan, romlari ancha eskirib, gʻam bosgan koʻzlariday ma’yus va omonatgina ochilib-yopiluvchi qoʻsh derazani lang ochib qoʻydi, soʻngra dahlizdagi paxta gilamni sudrab chiqib, uy oldidagi oʻzi kabi yolgʻiz tut tagidagi taxtalari gʻichirlab turuvchi chorpoyaga toʻshadi. Keyin «P» shaklida koʻrpacha soldi. Osh tayyor boʻlgach, oʻgʻli ikkisi juft musichadek yonma-yon oʻtirib ovqatlanishdi.
— Aya, - dedi bir mahal Yodgor yuqoridagi boʻsh koʻrpachaga ishora qilib. – Bu yerga nimaga hech kim oʻtirmaydi?

Feruzaning tomogʻiga bir nima tiqilganday boʻldi.
— Bu joyga kattalar oʻtiradi, oʻgʻlim, - dedi oІir yutinib. - Buvalar, togʻalar, amakilar.
— Dadam-chi?

Bu savoldan Feruzaning yuragi ombur bilan qisilgandek boʻldi. Yigʻlab yuborishdan oʻzini tiyish uchun koʻzlarini olib qochdi. Tilini tishladi. Shu payt har doimgidek onasidan savoliga javob ololmagan bolakay emaklab oʻtib, hozirgina qoʻli bilan koʻrsatayotgan koʻrpachaga yotib oldi. Soʻng yonboshladi. Bir qoʻlini beliga qoʻydi.
— Qarang, aya, katta odamlar shunday yonboshlab choy ichishadi-ya? – Yodgor shunday deya piq etib kuldi. - Aya, menam katta odam boʻlamanmi?
— Ha, oʻgʻlim. Albatta katta odam boʻlasan...
— Kimday? – Yodgor qoʻlini chakkasiga qoʻyib onasiga qaradi.- Shodmon buvamdaymi?
— Ha.
— Dadamday soldat ham boʻlolamanmi?
— Yodgor-e... - Feruza uzalib oʻgʻlining boshini siladi. Shunda Yodgor emaklab kelib, tizzasiga yotib oldi, ona oʻgʻlining peshanasidan oʻpdi.
— Aya, yomgʻir yogʻayaptimi?
— Yoʻq, - Feruza burnini tortdi.
— Nega yuzimga suv tomdi?

Ona javob berolmadi. Roʻmoli uchi bilan yonoqlarini artarkan, koʻzlarini pirpiratgancha yana tizzasida erkalanib yotgan baxtsiz va koʻngli oʻksik oʻgʻlining hozirgina achchiq koʻz yoshlari tushib, shoʻr tortgan chakkasidan oʻpdi.
— Jonim, ovqatingni ye.
— Toʻydim. Boʻldi, - yoniga agʻdarildi bolakay. – Endi multfilm koʻraman, - u shunday deya sakrab oʻrnidan turdi-da, yugurganicha dahlizga kirib ketdi va uzalib stol ustida turuvchi «Rekord»ni yoqdi. – Aya, boshlanibdi. Keng.
— Mayli, hozir,- Feruza oʻgʻlining zukkoligi, biroz erka, otasi kabi zehni oʻtkir, koʻp savol berishidan bir xursand boʻlsa, soʻroqlariga javob berolmasligidan yuragi bezillab joyidan turdi. Dasturxonni yigʻishtirib, idish-tovoqlarni yuvdi. Soʻng oʻgʻlining yonidan borib, aslida hech koʻngliga sigʻmaydigan televizorga tikildi. Koʻzi ekranda-yu, xayoli oʻtmishning olis-yaqin xotiralarida boʻldi.

Multfilm tugashi bilan Yodgor esnay boshladi. Feruza chorpoyaga joy solmoqchi boʻlib, ichkari uydan koʻrpa-yostiq koʻtarib chiqa boshlagandi, oʻgʻli har kungidek bitta yostiqni boshiga qoʻyib, «Bi-biyp, bi-biyp» deya chorpoyaga keldi. Yana qaytib onasining ajratib qoʻygan boshqa yostiqlarini ham keltirdi. Soʻng uy oldidagi lampochka yorugʻi tushib turgan qoʻshnining devori tomon bordi va choptirib, zipillab qaytib keldi. Bu orada Feruza ham taxta darvozani yopib, zanjirini oʻtkazib qaytdi. Oshxona yonida bogʻliq turgich Sirtlonning yechib yubordi.

Ona-bola chorpoyada yonma-yon koʻkka qarab yotishdi...

Yoz oqshomi. Tiq etgan shabada yoʻq. Chorpoya tegrasida havodan dimiqqan pashshalar viz-viz uchadi. Qoʻshni hovlida itning hurgani, allaqaerda boyoʻgʻli uligani, koʻcha tomondagi ariq boʻyidan qurbaqalarning qurillashi quloqqa chalinadi. Oysiz tun. Sirtlon ham timirskilanib hovlini bir aylanib chiqadi-da, boʻsagʻa yoniga kelib, oldingi ikki oyoqlari ustiga tumshugʻini qoʻygancha oʻtkir koʻzlarini allaqaergadir tikib, jim yotib oladi.

Atrofni allaqanday sirli sukunat qoplagan. Shunday mavhum va dardlar uygʻonib, yuraklar eziluvchi tunlar bagʻrida majolsiz bemor yuragidek uygʻoq yotuvchi Feruza odatdagiday yulduzlarga qadalib turgan nigohlarini olib, yoniga agʻdariladi. Uzalib, uyqusi qochib tipirchilay boshlagan oʻgʻlining peshanasidan oʻpadi. Shunda bola erkalik bilan koʻrpasidan chiqib, onasining yonidan suqilib kiradi. Feruza bilagi ustiga oʻgʻlining boshini qoʻyib, qoʻlchalarini boʻynidan oshirarkan peshanasiga tushib turgan paxmoq sochlarini silaydi.
— Jonim meni...

Yodgor bir zum onasini quchoqlab turadi-da, keyin issiqlab ketib, ustidan koʻrpani surib tashlaydi. Pashsha chaqadi shekilli, bir qoʻlini uzatib sonini qashlaydi. Soʻng yana koʻrpaga kirib oladi. Onasiga tikili-ib qaraydi...
— Aya, dadam qachon keladi?

Yodgor bu savolni har kuni uxlashdan oldin shunday bir sogʻinch va ishtiyoq bilan beradiki, Feruzaning boshiga bolgʻa bilan urilgandek boʻladi. Nima deyishini bilmasdan ikki yelkasiga tegirmon toshi bostirilib qoʻyilgandek chuqur-chuqur nafas oladi, «shurq» etkizib burnini tortgancha achchiq va alamli yosh quyilib kelgan koʻzlariga koʻrpani bosadi. Tili kalimaga kelmay jim qoladi, soʻng oʻgʻlini ovutishga, bola koʻnglini chalgʻitishga urinadi. oʻamzada yuragiga qizdirilgan temir kabi bosilgan savolga oʻrinli javob topolmay qaroqlarini bosib kelgan qaygʻu lashkarlari qarshisida matonat bilan turib, jigarporasini avraydi:
— Sen katta boʻlgin, dadang albatta keladi.
— Qachon katta boʻlaman?
— Hademay katta boʻlasan, oʻgʻlim. Buning uchun ayaning aytganlarini qilish, indamay uxlash, yaxshi ovqat yeyish va aqlli bola boʻlish kerak.
— Men aqlli bolamanmi? - qiziqadi Yodgor.
— Ha-a, toychogʻim.
— Unda nega dadam kelmayapti?..
— Keladi, oʻgʻlim... - Feruzaning vujudi qizib, suti qochgan koʻkraklari orasidan bir nima uzilib ketgandek boʻladi. «Shu savolni bermasaydi...»
— Ertagami? Tong otsami?
— Bilmasam. Kelib qolar.
— Aya, dadam qayoqda oʻzi? Anuv Alish-kalishning dadasiyam har kuni ishga ketadi, lekin kechqurun keladi-ku? Alishga velosiped olib bergan. Dadam mengayam olib kelsin.
— Mayli, oʻgʻlim. Dadang senga zoʻridan olib keladi.
— Alishnikidanammi?
— Ha-a.
— Oyogʻi toʻrta boʻladimi? Alishniki ikkita.
— Hi-i. Senga toʻrtta oyoqlisidan olib keladi.
— Aya, ertaga olib kelsin.
— Ertaga olib kelolmaydi-da, oʻgʻlim.
— Nimaga?

Feruza yana lablarini tishlab qoladi...
— Boʻldi, oʻgʻlim. Endi uxlay qol...
— Uyqum kelmayapti...
— Unda osmondagi yulduzlarga qara-ab yotgin, uxlab qolasan.

Yodgor bir pas jim yotadi. Keyin bir qoʻlini ogʻziga olib kelib, xuddi chanqovuz chalayotganday lablarini oʻynab, «biyov-biyov» qiladi.
— Yodgor? – oʻgʻli oldida tilsiz onaning yuragi kuyadi. - Jimgina yot, bolam.
— Aya, osmondagi yulduzlar nechta? - bola tagʻin savol beradi.
— Bilmasam. Ular juda koʻp.
— Shunchami? – Yodgor ikki qoʻlini keng yozadi. Keyin ularning son-sanoqsiz ekanligini anglaganday qulochini yigʻadi va yana soʻraydi: - Aya, ularni ushlasa boʻladimi?
— Yoʻq.
— Nimaga?
— Ular juda uzoqda.
— Hi... Oydin momomning uylaridanam uzoqdami?
— Ha, - oʻgʻlining soʻzlaridan, begʻuborligidan onaning chehrasi yorishib ketadi. Ichida «Iloyim umring uzoq boʻlsin» deydi va burnidan chimdib qoʻyadi. – Boʻldi, Yodgor, kech boʻldi endi. Uxla.
— Bitta ertak aytib bering.
— Mayli. Sen koʻzingni yumib, jimgina eshiti-ib yotgin. Xoʻpmi, jonim.
— Mayli, - Yodgor koʻzlarini yumib oladi. Keyin yana deydi: – Aya, koʻzimni yumsam ertagingizni koʻrmay qolaman-da?
— Jinni-e. Ertakni koʻrmaydi, eshitadi. Qani, koʻzingni yum-chi. Bir bor ekan, bir yoʻq ekan…
— Aya, koʻzimni yumsam ichiga quyoncha kirib olayapti...

Feruza oʻgʻlining ertaklar tasavvuridan yayrab, siniqqina jilmayib qoʻyadi.
— Yoʻq, koʻzingni yummasang ertak aytmayman.
— Mayli. Mana, yumdim.
— Bir bor ekan, bir yoʻq ekan. Qadim oʻtgan zamonda, bir...

Feruza ataylab ertakni choʻzib aytardi. Shuning uchun Yodgor koʻpincha ertakning «Bismillo»si boshlanmasdan uxlab qolardi. Bugun ham burnini kovlay-kovlay uxlab qoldi. Onasi uzalib uning yelkasiga koʻrpa tortarkan, chuqur xoʻrsindi va gʻam-gʻussaga botgan koʻnglining tub-tubidagi orzularday olis samo uzra miltillab turgan yulduzlarga boqdi. Yuragini ezib, qaroqlariga gʻanim lashkarlariday shafqatsiz bostirib keluvchi koʻz yoshlarini erining hidi va xotiralari singib ketgan koʻrpaga artar ekan, oʻgʻlining uxlab qolganligiga amin boʻldi-yu, uning kamolini oʻyladi.
— Ey, Xudoyim! Butun qalbimni sultonsiz qolgan saltanatday motamsaro qilib qoʻygan marhamatli egam, shugina bolamning baxtini butun, yuzini yorugʻ qilgin...

Ona chidolmadi. Koʻksidan oʻq yegan jangchidek xoʻrsinib oʻrnidan turdi va eshik yonida yotgan Sirtlon kuzatuvida ichkari uyga kirib, chiroqni yoqdi. Devorga qoqilgan gilamdan askarlik qasamyodini qabul qilayotgan va doim goʻyo uni baxtiyor etishga, sadoqatli boʻlishga va bir umrga judolikda qoldirib ketishga qasam ichayotgandek tuyuluvchi erining portretini qoʻliga olarkan, izillab yigʻlab yubordi. Uzun yengi bilan koʻz yoshlarini artdi va namxush yengi bilan surat yuzini siladi. Soʻngra unga tikilgan koʻyi toshdek qotib qoldi.

«Nega tashlab ketdingiz? – beixtiyor lablari pichirladi. – Uch yil xizmatdan qaytishingizni kutdim. Keyin besh yil oʻqishingizni. Sakkiz yil... Bir bola maktabga borar, ikkinchi sinf boʻlar vaqt. Aytishga oson. Undan keyin-chi? Aroq oʻlsin iloyim. Hamma aroq zavodlariga oʻt tushsin! – Feruza shu yerga kelganda yana portretni bagʻriga bosdi. – Hatto oʻgʻlingizning yuzini ham koʻrolmay ketdingiz-a? Ah, bevafo dunyo. Yodgorjon uyimizga quvonch olib kelganida siz yonimda boʻlsangiz, hech bґlmasa, bir kungina sabr qilsangiz boʻlmasmidi? Aroq oʻlsin, shu joʻrachilik oʻlsin!.. Qaysi ahmoq mast odamni mototsiklga mindirib, yarim kecha bir oʻzini uyga qoʻyib yuboradi? Uh-h... Bilaman, xushxabarni eshitib, quvongansiz, sevingansiz. Shuni uyga kelib nishonlasayam boʻlardi-ku? Men yana tugʻmasmidim?.. Uyda buvam, momom boridi. Ichibsiz, mayli, shu kecha oʻsha yoqda qolavermaysizmi? Mast boʻlib koʻprik ustidan ham oʻtasizmi? Daryo oʻz oti bilan daryo-da».

Feruza koʻksiga bosib turgan suratni yuziga yaqin olib keldi. Erining koʻzlariga, yapaloq yuziga tikildi va bosh chayqadi.
-Ortda qolganga oson dedingizmi? Yodgorjonning har kuni yotishdan oldin beradigan savollariga nima deb javob berishimni bilsangiz edi. Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi... Sizni uzoqda deyman, bir kuni keladi, deyman. Gohi bunga oʻzimni ham ishontiraman. Aslida-chi? Haliyam, baxtimga yonginamda buvam bilan momom bor. Qarindoshlar xabar olib turishadi. Lekin... - Feruza oʻksib-oʻksib yigʻladi. Shu koʻyda ancha vaqt oʻtirdi. Soʻng avaylabgina suratni joyiga ilib qoʻydi va chorpoyaga qaytib bordi. Yodgor yana koʻrpasini tepkilab tashlagan, ikki qoʻlini oyoqlari orasiga tiqqanicha yonbosh boʻlib pishillabgina uxlab yotardi. U oʻgʻlining ustiga koʻrpani tortib qoʻydi va yonidan choʻzildi-da, yuziga sinchiklab qaradi. «Dadasining xuddi oʻzi. Iloyim umri oʻxshamasin...».

Feruza yana allamahalgacha oʻy surib yotdi.

* * *

Yodgor birinchi sinfga borgan kuni maktabdan dilgir boʻlib qaytdi. Onasiga ham gapirishni istamay, maktabga deya olingan jildini uy toʻriga irgʻitdi-yu, hovli yuziga chiqib, xuddi kattalarday boshini xam qilgancha yer chizib oʻtirdi. Feruza darrov sezdi: «Ertalab oʻzim maktabga olib borganim bilan u yerda bolalar ota-onalari haqida gaplashgan. Kimdir dadasining mashinasini maqtagan, kimdir «Mening dadam zoʻr» deya ogʻiz koʻpirtirgan. Bechora bolam boʻlsa shunday yer chizi-ib oʻtirgan».

Yodgor oʻsha kuni qorongʻi tushishi bilan uxlab qoldi. Onasidan soʻrovchi har kungi savolini ham bermadi. Faqat, ertalab «Kel, choyingni ich. Maktabingga kech qolasan» deganda u kutilmagan gap aytdi.
— Aya, maktabga bormayman!
— Ie, oʻgʻlim?.. Nega?
— Yoʻq! Hammani dadasi olib boradi. Men bir oʻzim boramanmi?
— Men oʻzim olib boraman, oʻgʻlim. Bu nima deganing? Sen aqlli bola eding-ku? Xohlasang, Shodmon buvang olib boradi...
— Yoʻq! Siz meni aldabsiz! - tepsindi bola. - Kecha Alish-kalish «Sening dadang yoʻq. Oʻlgan!» dedi. Nima, chindan ham mening dadam yoʻqmi?

Ayolning yuragi simillab ketdi.
— Alisher yolgʻonchi! Gapiga ishonma! U nimani biladi? Ahmoq! Sen maktabga boravergin, oʻzim dadasi bilan gaplashib qoʻyaman. Ie, nega dadang boʻlmas ekan? Oʻgʻlim, bolalarning gapiga ishonma! Ular har nima deyaverishadi...

Feruza bir amallab oʻgʻlini maktabga olib bordi. Uyga kela-kelguncha koʻchada dadalari yetaklab ketayotgan bolalarni koʻrib, qattiq oʻksidi. Uyga kirib, yana erining suratini qoʻliga oldi.
— Dadasi, oʻgʻlingiz maktabga bordi. Lekin, mana, ikkinchi kundanoq yana sizni soʻrashni boshladi. Nima qilay? Unga nima deb javob berishni bilmayman. Ulgʻayib, rost-yolgʻonni fahmlab qoldi... - u erining suratini sadoqat va mehr, sogʻinch bilan koʻksiga bosgancha yana izillab yigʻladi. Xayoliga erining yili oʻtgach ogʻiz solib, kemtik qalbini butun qilmoqchi boʻlganlar, ularni rad etganlari keldi. Qaynotasi bilan qaynonasining nima deyishlarini bilmay, bir-birlariga qaragancha lab tishlab, unsiz yigʻlaganlari, barchani rad etib, marhumining yorqin xotirasi bilan yashashga ahd qilganda yelkasiga qoʻlini qoʻyib, «Rahmat senga, bolam. Iloyim kam boʻlmagin. Shu Yodgorjonning baxtini koʻrgin...» deganlari koʻz oldiga keldi.

Yodgor yana maktabdan kechagiday dilgir boʻlib qaytdi. Shunda Feruza jildini ichkariga otib chiqib ketayotgan oʻgʻlini toʻxtatdi va ichkari uyga olib kirdi. Soʻng devorda osigʻliq turgan suratni olib, dedi:
— Dadangni koʻrayapsan-a?
— Ha, - bosh irgʻadi Yodgor.
— Sen ham dadangday katta odam boʻlishni, soldat boʻlishni xohlaysanmi?
— Hi...
— Unda quloq solgin. Bugun dadangdan senga xat keldi. Mana, - Feruza xalati choʻntagidan oʻz iztiroblari bitib qoʻyilgan qogʻoz chiqardi.
— Nima debdi? – poʻngʻilladi Yodgor.
— Agar Yodgorjon aqlli bola boʻlib, «Alifbe»ni yaxshi oʻqiydigan, chiroyli yoza oladigan boʻlsa, menga oʻzi xat yozsin. Xatini oʻqib, keyin unga katta velosiped olib beraman, debdi.

Yodgor jim boʻlib, oʻylanib qoldi... Hiylai shar’iy ish berganidan ona yengil xoʻrsindi…

Shundan soʻng Yodgor maktabga ketish oldidan qiladigan injiqliklarini biroz bas qildi va «Alifbe»ni yaxshi oʻqishni, husnixat bilan yozishni oʻrgandi. «Alifbe bayrami» kuni ertalab bu ishlardan xabardor, bir oyogʻi nevarasining yonida, ammo bor-yoʻgʻi ikki oʻgʻil koʻrib, hali kenjasini uylantirishga ham ulgurmagan devor-darmiyon yashovchi іaynotasi - Shodmon bobo keliniga velosiped olib kelib berdi va «Sen xat yozmagan boʻlsang ham, dadang berib yuboribdi. Oʻqishga kirsang, mashina olib berarkan, degin. Xoʻpmi, qizim» dedi.

Feruza «Alifbe bayrami»dan kelgan oʻgʻliga velosipedni koʻrsatdi va uning sevinchini koʻrib chidolmadi, oxiri bolasi oldida yigʻlab yubordi. Peshanasidan oʻpdi.
— Yaxshi oʻqi, oʻgʻlim. Dadangdan yana xat kelibdi. «Yodgorjon oʻqishga kirsa, unga mashina olib boraman!» debdi. Ha, shunday debdi.

* * *

Yodgor oʻn sakkiz yoshida oʻqishga kirib, egasiz sogʻinch va sadoqat shamoli kezib yurgan xonadonda chinakam bayram boʻlgan kuni Shodmon bobo kelinining yuzini yorugʻ qilib, oʻgʻlining nomidan nevarasiga mashina sovgʻa qildi. Bu uning marhum oʻgʻli xotirasiga sadoqat bilan yashayotgan gʻamzada keliniga va eng soʻnggi ilinj - yolgʻonlar orasida kelajagiga yorqin yoʻl ochib borayotgan nevarasiga ofarinlari tuhfasi edi.

Kechqurun hamma uy-uylariga ketib, ona-bola yana uyda yolgʻiz qolishdi. Yodgor mashinaning atrofida girdikapalak boʻlib turgan mahal Feruza ichkari kirdi va erining portretiga yuzini bosdi.
— Dadasi, biz yutdik! Qaniydi shu kunlarda yonimda, uyimiz toʻrida boʻlsangiz...

Bir mahal derazadan Yodgorning «Aya?..» degan tovushi eshitildi-yu, uning a’zoyi-badani titrab, rangi boʻzday oqarib ketdi. Boʻshashib, qoʻlidagi suratni qanday tushirib yuborganini oʻzi ham bilmay qoldi. Yonoqlarini yuvib tushayotgan koʻz yoshlarini yashirishga urindi, ammo eplolmadi. Irgʻib turib, derazadan yarim gavdasini kiritib turgan oʻgʻlini bagʻriga bosdi va oʻkirib yigʻlab yubordi.

Yodgor bir onasining ma’yus koʻzlariga, bir koʻrpacha ustida yotgan suratga qaradi-yu, yuragi uvishib ketdi. Barchasini tushundi. Soʻng onasining gʻarib boshini mahkam bagʻriga bosdi.