OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXolmuhammad Karimiy
Asar nomiChoʻpon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Xolmuhammad Karimiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Choʻpon (hikoya)
Xolmuhammad Karimiy

Ilk bahor pallasi. Quyosh hali tik koʻtarilmagan. Choshgoh mahalida ham qish sovugʻining zahri sinmaydi. Beozor yelayotgan shabada badanni junjiktiradi. Keng yalanglikda yolgʻiz oʻzi serrayib turgan keksa otaxon sovuqqa deyarli e’tibor bermaydi. Uning qilt etmay turishida bir tashvishni anglagani seziladi. Otaxonning diqqatini tuproqqa agʻanayotgan qushlarning harakati egallab olgan. Shu alfozda Oxunbobo ogʻir oʻyga tolgandi: «Bu yil ham qurgʻoqchilik boʻladiganga oʻxshaydi. Qushlar bekorga tuproqqa agʻnamayapti».

Urugʻ oqsoqoli boʻlgach, hech qursa ovuldagilarning kuniga yarab turgan chorvani asrashga chora izlash uning burchi. Mana olti yildirki, qurgʻoqchilik tufayli dala-dashtda qora molu ushoq mol oʻz tezagini kapalab qirilib ketayozdi. Agarda bu yil ham yogʻingarchilik boʻlmasa, chorvaning holiga voy. Ana shunday oʻyda oqsoqol shahd bilan ovulga qaytdi-da, kayvonilarni bir joyga jamladi. Ularga dashtdagi voqeani aytib, bu yil chorvani biror tajribaliroq choʻponlar bilan toqqa, Hindikushning ulkan oʻrkachlariga borib tutashgan Pomirning oppoq tizmalari etaklaridagi yaylovlariga haydab borish taklifini bildirdi.

Ovulning chorvasini shu atrof-jovonibda boqib yuradigan podavon bu taklifni eshitganida, hayron boʻlib qoldi... Choʻpon yigitning ikkilanib turganini koʻrgan keksalar: «Sen koʻp oʻylanaverma falonchi, pistonchi mashhur choʻponlar togʻning har bir oʻngir-qirini besh barmogʻiday bilishadi. Shularning koʻmagida toqqa ushoq molni haydab borasan», deyishdi. Choʻpon tavakkaliga rozi boʻldi.

Buyogʻi endi Choʻponning mahoratiga bogʻliq edi. Choʻpon ham katta otarlarga qorama-qora ergashib, hafta deganda togʻ etaklariga yetib keldi. Bu joylar xiyla salqin ekan. Choʻlda suyagi qotgan Choʻponni bu hol biroz choʻchitdi. Lekin qoʻy-qoʻzilarning yayrab ketganini koʻrgach, koʻngli ravshan tortdi. Tajribali choʻponlar kun isigan sayin otarini togʻ daralari sari oʻrlatib, ichkarilab ketardi. Ular bilan qorama-qora borayotgan Choʻpon ham notanish togʻ daralari, u yerdagi daraxtlaru butalarga hayratlanib boqar, shu zayl kunlar qanday oʻtganini sezmasda. Ayniqsa, qoʻylarning kun sayin et olayotganini koʻrib, quvonardi. Hatto Oxunbobo tanishtirgan choʻponlar oldiga kunda, kunora borishga ham ehtiyoj sezmay qoʻydi. Chunki endi u oʻzini tajribali choʻponlardek his eta boshlagandi.

Oy oʻtib qoʻy-qoʻzilarga jir bitib, oʻynoqlab qolishdi, endi ha, deb choʻqqilar tomon intiladi. Past-tekislikdagi xas-xashaklarga ogʻiz urmasdan koʻgalga chopadi.

Onda-sonda choʻponlarga yetkazib beriladigan oziq-ovqatlardan Choʻpon ham nasibasini oldi. Avval boshda choʻqqa koʻmib pishiradigan koʻmma nonlarini goho tuzsiz pishirsa, goho kuydirib qoʻyardi. Keyinchalik oʻrganib ketdi. Bu yogʻi deng, togʻ suvi toshlar orasida kumushday tovlanib koʻzni quvontirsa ham, sovuqligi qoʻlga toshdan-da qattiq tegadi. Sovuq suvda yuvinaverib, Choʻponning qoʻl-beti qorayib yorilib ketdi. Lekin barchasiga chidashi kerak, chunki u togʻ choʻponlariday oʻz ovulining chaganasini oʻzi boqib yuribdi. Qoʻylari semirgan... Osh-nonini ham oʻzi uddalayapti. Birovga muhtojlik joyi yoʻq. Mana, hash-pash deguncha yoz ham oʻtadi. Ozgina bardosh bersa boʻlgani. Togʻ-toshlarning orasida oʻzini yolgʻiz his etmaydi. Avvalo, ma’shuqasining yodi uning koʻnglini yoritib tursa, bu yogʻiga vafodor iti doimo yonida, mehnatkash eshagi ham xizmatga shay, xullas, u yolgʻiz emas.

Qoʻylar semirib, togʻ havosiga oʻrganib qoldi. Endi kechalari Choʻponni bezovta qilmaydi. Faqat shu echki deganlar noshukur boʻlarkan. Qorni toʻysa ham chopgani-chopgan. «Shu echkilarni qishloqda egalariga topshirib kelaversam ham boʻlarkan», deb oʻylab qoladi ba’zan Choʻpon. Oʻzi-ku toqqa joʻnash payti ham shu fikr kallasiga bir keluvdi. Nimaga oʻsha paytda shu ishni qilmadikan?

Jon kuydirmasang, jonona qayda, toqqa chiqmasang, doʻlana qayda, deb mana doʻlanalarning daraxtda duvullab turganini oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Nasib boʻlsa, bir kun jonona ham boʻlib qolar, degan niyatda jon kuydirib yuribdi.

Toqqa bahor xiyla kech kelarkan. Bahorning shiddatli yomgʻirli fasli ham tugadi. Bu yogʻiga amallasa boʻldi. Qishloqqa borsa, uylanadi. Albatta, Toshtemir maxsidoʻzning qiziga-da. Toshtemir usta ham endi Choʻponga tan beradi. Nimaga, deysizmi? Axir, ustaning qoʻylari emas, echkilari ham semirib qoldi. Bundan ortiq yana nima qilib bersin? Usta qoyil qolmay iloji yoʻq. Hali koʻrasiz, oʻylab oʻtirmay toʻyni boshlab yuboradi. Endi Choʻpon ham jaydari emas, tajribali choʻpon.

Shunday oʻylar bilan u oʻziga-oʻzi tasalli bera-bera qiyinchiliklarni yengardi. Ozgina sabr qilsa, keyin yallo qilib kayfini suradi. Kim ham unga monelik qilishi mumkin? Butun ovulning kuniga yarab turgan chorva uning ilkida. Ay, bundan ortiq qahramonlik boʻlmasa kerak. Tundagi beoromliklar, kunduzgi toliqishlarni yengishda maxsidoʻzning qizi koʻz oldiga kelib, shirin xayollar Choʻponga dalda boʻlardi.

Shunday totli xayollar ogʻushida yotarkan, tun qorongʻisida yuziga sovuq tomchi tushayotganini payqab, sergak tortdi. Yozda yomgʻir yogʻishi dasht bolasining aqliga sigʻmasdi. Togʻda yoz yomgʻiri oddiy yomgʻirlardan farqli boʻlishini u bilmasdi ham. Shuning uchun bu holga e’tibor qilmadi. Asta-sekin tomchilar koʻpayib, yiriklasha boshlagach, nima qilarini bilmay, sarosimaga tushib qoldi. Yaqin-atrofida inson zoti yoʻq... Bu yogʻi zim-ziyo tun boʻlsa. Tunning bunday zulmatga botganini ham eslolmaydi. Yomgʻir esa shiddatli tus olib, jalaga aylandi. Choʻpon yomgʻirda gʻuj boʻlib turgan qoʻylardan ajralib, iqtirmaga intilayotgan echkilarni qaytarishga tushdi. Qancha tirishmasin, biqinib olgan echkilar qoyaning panasiga intilardi. Zulmat ichida biron narsani ilgʻash qiyin. Tusmollab harakat qilgani bilan nimaning uddasidan chiqayotganini oʻzi bilmasdi. Oʻlgʻiz oʻzi bir daraning ichida yogʻiga qovrilib yotganida, eshakning hangrashi va itning vahimali uvillashi qoʻshilib, alamini oshirgandan oshirdi.

Bir mahal osmon dahshatli gumburlab, aks-sadosi yurakka hovur solib, ketma-ket yangradi. Koʻp oʻtmay daraning boshidan sovuq shamol esa boshladi. Shamol bilan izma-iz shaldiragancha toshlarni surib, zulmat qoʻynidan bir ajdaho chiqib kelayotganga oʻxshadi. Sarosimaga tushib qolgan Choʻpon qoyaning oʻngʻay kamariga joylashgan qoʻshxonasi tomon jon holatda yugurib ketdi. Shovqin-suronda jalaning doʻlga aylanganini ham sezmasdan, oʻzini u yoqdan bu yoqqa urarkan, soyda vishillab oqayotgan suvni payqadi. Shunda qoʻy-qoʻzilarning nolali ma’rashlari eshitildi. Suruvni sel oldi... Suruv tomon yugurmoqchi boʻldi-yu, ammo zulmat qoʻynidagi shiddatli jala bunga izn bermadi. Batamom sarosimada qolgan Choʻpon eshagining boʻgʻiq-boʻgʻiq hangrashini eshitdi.

Tamom, eshakni ham sel olib ketdi, deb soʻkindi. Itning nimanidir qattiq tishlab tortayotgan kabi irillashi eshitildi. Eshakning jabdugʻidan tishlab tortayotgan boʻlsa kerak, deb oʻyladi Choʻpon. Ha, bu jonivorlar ham selga gʻarq boʻldi shekilli, deya tusmolladi u. Momoqaldiroq vahimali gumburlab, chaqmoq chaqnaganda, chor-atrof bir yorishib ketardi. Shu lahzalarda selning vahima bilan pishqirib oqayotgani, unda-bunda toshlarning yumalab, archalarni sindirib, suvga qoʻshilib ketayotgani koʻrinib qolardi. Qisqa muddatli doʻlu jala, seldan esxonasi chiqib ketgan Choʻpon dir-dir titrar, vahima ichida u qoʻy-qoʻziyu echki-uloq selda ketdi, eshak bilan itni ham oldi bu sel, degan fikrdan karaxt holga keldi. Butun a’zoyi badani titrab, qattiq qoʻrquv ichida qolgach, chaqmoqning olovli tilidan goʻyo oʻzini panaga olarkan, archaning butoqlariga bekindi.

Uning ust-boshi shalabbo boʻlib ketgan, shox-shabbalarga mahkam yopishib turardi. Qoʻrquvdan esi ogʻib qolgandi: »Qoʻy-qoʻzini, echki-uloqni olding, eshak bilan itni olding, xurjun bilan qoʻshxonani olding, ey nomard, endi chirogʻingni yoqib meni qidirayapsanmi...» derdi osmonga boqib.

Tong gʻira-shira oqarib kelardi. Choʻpon shox-shabbalarni changallagancha oʻlikdek qotib qolgan. Qancha vaqt oʻtganini idrok qilolmasa-da, yonida iti choʻnqayib oʻtirganini koʻrib ajablandi. Tushimmi, oʻngimmi?..

Novdalarga yopishib qolgan barmoqlarini zoʻrgʻa ajratib, vafodorini quchoqladi. Uning tirikligiga amin boʻlgach, aqlini yigʻib olishga urindi. Bir-bir hammasini eslay boshladi va hammasini sel olganigacha esladi. Vafodori seldan qutilib qolib, unga madadga kelganidan vujudiga iliqlik yugurdi. Ey jonivor, sen haqiqiy vafodorsan. Endi menga oʻlim, chunki men butun ovulimning omonatini boy berdim. Sen esa menday notavonni soʻroqlab kelib oʻtiribsan-a... U sandiroqlay boshladi. Soʻnik nigohlar bilan chor-atrofga umidvor olazarak boqdi.

Nigohlar... nigohlariga-da ishonmadi. Axir, axir... barchasini sel olib ketgandi-ku... Qay koʻz bilan koʻrsinki, jabdugʻi qiyshaygan eshagi novdalarni kavshab turardi. Undan sal nariroqda esa suruv sekin-asta yoyilib, oʻtlardi. Choʻponning koʻzlarida oʻt chaqnab ketdi. Goʻyo oʻlik vujudi qayta tirildi. Yashin urgandek, turgan joyida qalqib ketdi. Koʻz oʻngida gavdalanayotgan manzarani daf’atan anglayolmayotgan Choʻpon yuzini chimchilab koʻrgach, ovozining boricha baqirib, jar sola boshladi. Quvonchi tanasiga sigʻmay, hayqirigʻiga daralar aks-sado berib, ovozini bosib ketmagunicha baqirdi. Biroz oʻziga kelgach, suruv tomon xuddi bolalardek shataloq otib yugurdi. Borib suruvidagi qoʻy-qoʻziyu echki-uloqning duch kelganini bagʻriga bosardi.

Qoʻrqqanga qoʻsha koʻrinadi, deganlaridek, ilk marotaba togʻ bagʻriga qadam bosgan Choʻponga tabiat hazili juda dahshatli tuyulganidan u vos-vos boʻlib qolgandi. Aslida ham togʻda shiddatli jala boʻlib, sel ham kelgandi-yu, ammo Choʻpon qoʻrqqanchalik vahimali emasdi. Ha, bu voqea sharoitga moslashib ulgurmagan Choʻpon uchun daralarning aks-sadosi bilan qoʻrqinchli tus olgandi, xolos. Shu-shu Choʻpon togʻda boʻlib turadigan bunaqangi vahimali holatlarga ham koʻnikdi.

Selning daragi ovuldagilarga ham yetib borib, oqsoqol xavotirlanib toqqa odam yubordi. Shu bahonada Choʻponning non-tuzidan ham xabar olishdi. Shundan keyin ham bir necha doʻl-jala va sel boʻlib oʻtdi. Choʻpon uchun barchasi yaxshilik bilan tugadi.

Sershovqin va sertashvish yoz ham oʻtib ketdi. Kuz kelishi bilan togʻdan suruvlar qayta boshladi. Choʻpon ham chaganani haydab vodiyga tushdi. Buni qarangki, oqsoqolning buyrugʻiga koʻra ovuldan kelayotganlar bilan shu yerda uchrashishdi. Qattiq sogʻingan Choʻpon hamqishloqlarini hech qoʻyib yubormay bagʻriga bosardi. Uzoq diydorlashuvdan soʻng, gangur-gungur qilishib chaganani toʻgʻri ovul tomon hayday boshladi.
— Oʻ-hoʻ, — derdi ular. — Xuddi boʻrdoqiga boqilganday semirtirib yuboribsan-ku. Ovulga borsang seni naq oqsoqol qilib koʻtarishadi-ya, — deya hazillashardi. Choʻpon esa boshqa mujdaga intiq. Ammo buning iloji yoʻq. Axir, ikkalasidan boshqa kimsa bilmaydi-ku ahdu paymonlarni. Choʻponning gapga e’tibor bermayotganini sezib qolganlardan biri ma’nodor qilib, oqsoqolimiz agar Choʻpon suruvni sogʻ-omon ovulga yetkazib kelsa, oʻzi xohlagan qizga unashtirib, toʻyni boshlab yuboramiz, deya butun ovulga eshittirdi, deganida u entikib ketdi. Ana shunda oshiq yigitning yetmish ikki tomiri zirillab, qoni koʻpirib toʻlqinlandi. Buni sezgan hamrohlar oʻzlarini bilmaslikka olib, gapni boshqa tomonga burdi.

Togʻdan tushgan suruv yaydoq dalada yoʻl bosayotganining toʻrtinchi kuni kechga tomon osmonga bulut chiqdi. Tunga borib shivalabgina yomgʻir yogʻa boshladi. Oʻqingarchilik sabab bularning yurishi ham biroz susaydi. Choʻponga bunday ezilib yurish azob edi. Axir, u ne-ne mashaqqat, sogʻinchu hijron bilan togʻdagi kunlarni sanab oʻtkazmadi. Endi esa choʻlda ham yomgʻir. U sheriklariga suruvni tashlab, ovul tomon oshigʻich yoʻlga tushmoqchi ham boʻldi. Ammo ovulga suruvsiz kirib borish, oʻljasiz qaytgan ovchiday gap. Shularni oʻylab, shashtidan qaytdi. Oʻmgʻir esa yoʻldoshlarni ham hayajonlantirib qoʻygan. Axir, necha yildan buyon yomgʻirning kunlab yogʻishini kutardi. Qaqrab yotgan yerlar yomgʻirga toʻyinib, boʻgʻriqib koʻpchib ketgandi. Hattoki, maysalar nish ura boshlagan. Yerdan taralayotgan xushboʻy hiddan ular ham oshiq Choʻpon kabi mast edilar.

Tinimsiz yogʻayotgan yomgʻir uchinchi kuni ham davom etardi. Kun peshindan oqqanda ovulning qorasi koʻrindi. Choʻponning yuragi hapriqib ketdi. Ovulning boshida esa gʻuj boʻlib turgan qora koʻrindi. Yaqinlashavergach, boyagi qora tarqalib, ular tomon kela boshladi. Ovulning kattayu kichigi bularning istiqboliga chiqardi. Kutib olish uchun yomgʻir tagida anchadan buyon ularning yoʻliga qarab oʻtirgan xabarchilar butun ovulni oyoqqa turgʻizgandi.

Barchaning yuzida tabassum, qalblar hayajonga toʻlgan holda «togʻliklar» istiqboliga chiqdi. Kutuvchilar orasida bir qalb bor ediki, u sogʻinchdan qanot bogʻlab, xayolan barchadan ilgari borardi. Ammo uning alangayu otash vujudi ayollar orasida, asira holda tipirchilardi... Ovul oqsoqollari esa yetti yildan keyingi bira-toʻla uch kunlab yogʻayotgan yomgʻir xosiyatini yaxshilikka yoʻyib, endi Yaratganning irodasi bilan qurgʻoqchilik balosi bizdan koʻtarildi, yaxshilikning alomati «choʻponning tayogʻidan», derdilar. Qadaming qutlugʻ boʻlsin, Choʻpon, deb duoga qoʻl ochishdi ovul ulugʻlari.