OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXolmuhammad Karimiy
Asar nomiYongʻoqqa tushgan qurt (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Xolmuhammad Karimiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 7-8-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yongʻoqqa tushgan qurt (hikoya)
Xolmuhammad Karimiy

Oy sutdek yorugʻ, yulduzlar xira miltillaydi. Tun qoʻynida hasharotlarning chirillashiyu, onda-sonda itlarning gʻingshib hurgani quloqqa chalinadi. Chang koʻchada shirakayf ikki kishi koʻlankadek lapanglab kelyapti. Novcharogʻi Boymurod, alami qoʻziganidan tez-tez qoqinib-surinib ketadi. Gʻoʻla gavdalik Toʻxta, oshnasini suyamoqchi boʻlib qoʻlini choʻzsa, Boymurod siltab tashlaydi. – Men uning arogʻini ichishga oʻlib turganim yoʻq, bilsang. Boy boʻlsa oʻziga, kuni kecha u ham bir bechora edi. Yana qarindosh emish. Chet eldan toʻrt tanga topib kelib, tumshugʻi koʻtarilib qolibdi, hay nomard-ey, toʻy qilyapsanma, odam ajratishingga balo bormi? Kuni boʻyi xizmatini qilib tengimiz vino boʻldi-ya.

Toʻxta koʻngliga qarab gapirgani sayin, olovga moy sepgandek oshnasi battar alanga olar, bir shisha aroqqa oʻtmadim, deya oʻzicha oʻksinardi.

Dasturxonga aroq qoʻydimi, vino qoʻydimi, Toʻxta ahamiyat bergan emas. Ammo Boymurod jonimni garovga qoʻyib boʻlsa ham bir boyishim bor, dangʻillatib toʻy berib hammasining oldidan oʻtaman, bilib qoʻy, oshna, aytgan gapimning ustidan chiqmasam, otimni boshqa qoʻyaman, deya hamon aljirardi. Uning xurmacha qiliqlari joniga tekkan Toʻxta kayfing tarqagandan keyin hammasi esdan chiqadi, dediyu oshnasidan baloga qoldi. Bu gap Boymurodning miyasiga tigʻdek botdi. Jahli chiqqanidan qanday qilib oshnasining yoqasidan ushlaganini oʻzi bilmaydi. Ammo darrov shashtidan tushib, achinish bilan qoʻl siltadi.
– Hay oshna-ya, oshna… sen meni qattiq xafa qilding. Koʻra-bila turib meni kayfi borga chiqarib oʻtiribsan-a... Eh, afsus. Qulogʻingda tut, oshna. Men bir gapirdim. Aytgan gapim gap. Hali koʻrasan. Ammo sen... shuyam oshnachilikma...

Boymurod hafsalasi pir boʻlganicha uyi tomon burildi. Xavotirda oʻtirgan onasining bemahalda qaerlarda sanqib yuribsan, deya yozgʻirishi oʻlganning ustiga tepgan boʻldi.
– Qaerda boʻlardi... toʻy maslahatidan kelayapman. Hurmatli amakingiz Qarshiboynikida xizmatda edik.
– Chorining botinkasi nima boʻldi? – onasi gʻoʻldirayotgan oʻgʻlidan jahl bilan soʻradi. – Gapirsam oʻdagʻaylama-da tanangga bir oʻylab koʻr. Ichishni kim qoʻyibdi oʻzi senga...
– Xurram pul olmabdima? Gʻisht quyib boʻlgandir, – Boymurod choʻntagida borini sovurib qoʻyganidan botinkani Xurram olib bermasmikin, degan umidda shunday dedi.

Xurram haydovchilik guvohnomasini olaman deb kecha-kunduz odamlarning gʻishtini quyadi, tomorqasida yumushi bormi, qosh qaytarmay bajarib akasiga ogʻirini tushirmoqchi emas. Oʻgʻillari birin-ketin uylantiradigan yoshga kirganini oʻylayverib, onaning el oldida yuzi shuvit. Otasi boʻlganda allaqachon nevara suyib oʻtirgan boʻlardim, deya oʻz-oʻzicha kuyunadi. Bularni Boymurod bilmaydi, deb oʻylaysizmi? Biladi, lekin ichiga yutadi. Ana shu dard-alami bir shisha aroq bahona ochildi. Ochildi-yu, Boymurod halovatidan ayrildi.

Onasi hozir mavridi emasligidan uf tortgancha, boshini chayqay-chayqay yotogʻiga kirganida, kichkinasi koʻrpani tepib tashlagan ekan, uning ustini yopib qoʻydi. Mana kenjasi ham beshda oʻqiyapti, hali zamon bu ham yigit boʻladi. Oldida ikki akasi boʻydoq. Yolgʻiz qizi Qizlargul katta sinfga oʻtgan, hademay sovchilar eshigiga kelib qolsa, nima deb javob aytadi. Kutib turinglar deydimi? Onaning uyqusi qochdi.

Hali saratonning tafti sezilib turgan tiyramoh havosi kishiga xush yoqadi, osmonda son-sanoqsiz yulduzlar jimirlaydi. Boymurod ichiga chiroq yoqsa yorishmaydigan ahvolda taxta soʻriga sudralib chiqib, uzala tushdi. Bir yoʻlini topib men ham xorijga ketaman, keyin ahmoq boyvachchalarga oʻxshab puli borlarni emas, oʻzimga oʻxshagan faqirlarni siylayman, kerak boʻlsa... Boshi lorsillashiga qaramay uzoq oʻylanib yotib, esnay-esnay qoʻlini ogʻziga qoʻyganicha uxlab qoldi.

Uyqudan boshi zilday boʻlib turdi. Achchiq koʻk choy ichganida biroz yengil tortdi. Kechga tomon bisotidagi birgina ohorli libosini egniga solib koʻchaga otlandi. Onasi oʻgʻlining bu qiligʻidan hayron. Boymurod toʻgʻri otasining toʻn yopishgan oshnasi Normoʻmin bobosining uyiga bordi. U otasi tirikligida eng qadrdon doʻsti edi, keyin ham orani uzib ketgani yoʻq. Oʻziga toʻq, juni quruq odam.

Boymurod bobosini-ku bir amallab koʻndiradi. Biroq onasi rozilik bermasa, uyni qanday sotadi. Oʻylab koʻrsa buyogʻi chatoq. Togʻasini orqa qilib borib, dakki eshitdi:
– Menga qara, hoʻv bola, bira-toʻla kafangado boʻlmoqchimisan. Koʻrpangga qarab oyoq uzatsang boʻlmaydima? Amakingning oldidan oʻtdingmi, yoʻqmi, bilmadimu, hovli-joyda uning ham haqi bor, ota hovlisi axir. Ustiga ustak bechorahol beva ayolga uyingni sot, deyishdan ogʻiri boʻlmasa kerak. Bu hovligʻishingga ilon poʻst tashlaydi-ya, jiyan.
– Togʻa, indamay yuraversak, hali zamon odamlar oyogʻi bilan koʻrsatadi, – dedi Boymurodning ham figʻoni chiqib.
– Odamlar bilan nima ishing bor.

Boymurod rejasini ochiq aytaversa, togʻasi badtar ajigadi. Nochor holatda turganlarini roʻkach qilishga oʻtdi:
– Faqatgina oʻzim uchun kuyib-pishayotganim yoʻq. Bir boshimga shuncha tashvishni boʻynimga olish zaril keptima? Meni ham tushuning axir. Uylanishim kerakma, ukamlar ham katta boʻlyapti, ularni ham uyli-joyli qilish mening gardanimdama? Hozirdan harakat qilmasak, keyin kech boʻladi-ku.

Yosh boʻlsa ham oʻz aravasini oʻzi tortmoqchi ekan, deya togʻasi shashtidan tushdi. Qarasa, jiyaniga yon bosmasa boʻlmaydigan, birga amakisi oldiga maslahatga joʻnadi.

Bu gapni eshitib betob yotgan amakisi inqillab oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Koʻrpaga oʻranib oʻtirgancha uzoq oʻylandi... lekin biron ogʻiz churq etmadi. Qaytadan oʻrniga choʻzilar ekan, Boymurodga qarab onang mening oldimga kelib-ketsin, deb tayinladi.

Onasi toʻshakda yotgan odamning gapidan emas, Boymuroddan xafa boʻlib, xuddi eri oʻlgan paytdagidek motam tutib:
– Sen bolaning shu uyga kuning qoldima, boshqa ish qilsang boʻlmaydima? Odamlarning sen tengi bolalari dehqonchilikdan ham pul topayapti-ku. Qayoqdan chiqdi shu xorij degan gap oʻzi, – deya tumtaydi.

Boymurodning koʻziga hech narsa koʻrinmas, faqat va faqat qanday boʻlmasin xorijga ketishni oʻylardi. Shundan boshqa gap uning qulogʻiga kirmasdi. Rozilik olgach, bir-ikki kun ichida Boymurod uydagilarni togʻasinikiga koʻchirib oʻtkazdi. Oʻzi tuman markaziga boʻzchining mokisidek zuv-zuv qatnayverib, roppa-rosa uch oy deganda xorijga ishga joʻnab ketdi.

Bu orada Xurram ham haydovchilik guvohnomasini oldi-yu, biroq biron bir tashkilot uni haydovchilikka ishga qabul qilmagach, noiloj qurilishda ishlaydigan usta qoʻshnisiga yordamchi boʻlib yollandi. Qurilishda ish boʻlganda boʻlib, boʻlmaganda oylab bekor yurardi.

* * *

Oradan uch yil oʻtib, Boymurod uyga qaytdi. Uni togʻasinikida quvonch bilan kutib olishdi. Kulchali mehmon suymali, bu yogʻi sogʻinch, orada boʻlib oʻtgan gina-kudratlar eslanmadi. Toʻshakka mixlangan bittayu bitta amakisi ham bir yil oldin vafot etgan ekan. Shodlik-qaygʻu aralash Boymurod bir-ikki kun qanday oʻtib ketganini ham sezmay qolibdi. Biroz oʻziga kelganidan keyin Normoʻminboyning uyiga bordi.

Koʻrishib-soʻrashib dasturxon boshiga oʻtirishgandan soʻng:
– Bobo, baxtimga ishim yurishdi. Va’daga binoan mana kelib turgan joyim, – deya kuldi Boymurod.

Gap avzoyidan bildiki, uning shashti baland. Demak, yigitcha bir dunyo pul topib kelgan. Rosti, shu oʻtgan uch yil davomida bir nodon oʻgʻlining ahmoqligidan boshpanasiz qolgan oshnasining oilasiga yuragi achishib yurdi. Hatto oshnachilik hurmati hovli-joyni tekinga qaytarib bersam, degan fikrga ham bordi. Biroq himmat qilishga kelganda qat’iyatsizlik qildimi, har qalay orqayin yuraverdi. Boymurodning kelayotganini eshitganda esa mabodo u molu-mablagʻ bilan kelib qolsa, bergan pulimni qaytar-da, uyingga egalik qilaver, demoqchi edi. Afsuski, pulning daragini eshitganida shayton qitiqladi. Agar bir begonaga sotganda Boymurod uning yaqiniga ham borolmasdi, deya oʻz-oʻziga dalda berdi. Men oshnaning arvohi hurmatini ham joyiga qoʻygan edim. Xudoyilarida mayda-chuydasini beminnat koʻtardim. Aminmanki, qorindoshlari yaxshiligimning oʻndan birini ham qilgani yoʻq. Bugun oshnaning bolasi boyib kelibdimi, bir belogʻrimasga beradigan pulni olsam olibman-da, aslida uyini ushlab turganim oʻzi ularga yordamim-ku, buning ustiga oʻzi lafz qilib ketgan, deya xayolidan oʻtkazardi. Boymurod boʻlsa bobosining oʻylanib qolganidan xavotirlanib, shosha-pisha pulni chiqarib koʻrpacha ustiga qoʻydi.

Kalovlanib qolgan Normoʻminboy bir pulga, bir Boymurodga qarab iljaydi.
– Nima desam ekan nevara, dunyo koʻrib kelyapsan, oradan uch-toʻrt yil oʻtdi. Oʻzingga ma’lum, pul ham qadrsizlandi, bu yogʻi narxlar ham oʻsdi, – dedi chaynalib, ovozi qaltiraganidan xijolat chekayotgani bilinib turardi. – Hozir men bu pulni olsam sudxoʻrga oʻxshab qolaman, qiyomatlik oshnamning bolalariga shunday qilsam, keyin odamlar nima deb oʻylashadi?

Boymurodning xavotirlari tarqalib, birdan yuzi yorishdi. Nimalar deyapsiz, sizga uch hissa bersam ham kuymaydi, deya minnatdorlik bildirishga oʻtdi. Bu bilan ikkilanayotgan bobosini quvvatlantirdi.

Kimlardir vaqtincha yashab hovlini qorovsiz qoldirgan ekan: hamma tomonni oʻt bosgan, tomorqadagi tizza boʻyi makkajoʻxori ola-chalpoq sargʻayib yotibdi. Daraxtlarning shox-shabbalari tarvaqaylab, changalzor holiga tushgan hovli-joyning egaligini qayta ixtiyoriga olgan Boymurod ukasi bilan tozalashga kirishdi. Xurramning ustasi uyni bir haftada qoʻgʻirchoqdek bezatib qoʻydi. Pul boʻlsa changalda shoʻrva ekan.

Otasi tirilib kelgandek Boymurod oʻzida yoʻq xursand. Ochigʻi, esi-dardi uyni qaytarib olishda boʻlib, yaqinlariga tuzukroq e’tibor bermabdi ham. Koʻrsaki, singlisining ham boʻyi yetib, oʻn toʻrt kunlik oydek toʻlishibdi. Choriboy ukasi ham ovozi doʻrillab, yigit boʻlib qolibdi. Biroq ota oʻrnini bildirmaslikni gardaniga olgan onasining sochlariga oq oralab, yuzidagi ajinlar xiyla quyuqlashgan...

Oilasini koʻchirib kelib, tomorqa girdida nurab-toʻkilib qolgan devolni buzdirib, ustalarga bir odam boʻyi koʻtartirdi. Shu bilan hovli misoli qoʻrgʻon tusini oldi. Oʻz uyi oʻlan toʻshagida onasi goʻyo yosharib ketgandek, ukalarining shodligini-ku asti qoʻyavering. Uy-hovli dangʻillama toʻy oʻtkazishga tayyor, shu safar kelganida qishloqdoshlarga bir-bir salom beraman, yoshu qarining esidan chiqmaydigan toʻy boʻlsin, degan xayolda ich-ichidan yayraydi.

Ta’til kunlari oxirlaganida qarindosh-urugʻ, yor-doʻstlarni chaqirib, qishloqdoshlar qoyil boʻladigan ziyofat berdi. Dasturxonga qush sutidan boshqa taom tortildi. Albatta, maqtab-maqtab yeb-ichayotgan Qarshiboy bir paytlar toʻyida Boymurodni xoʻrlaganini qaydan ham bilsin? Boymurodni oldindan bilganman, ota oʻrnida ota, oʻgʻil oʻrnida oʻgʻil, asl yigit shunday boʻladi, deya koʻklarga koʻtarib maqtar ekan, joyidan turib borib quchoqlagancha tabrikladi. Soatboy oldiga borganida zoʻrgʻa yordam qoʻlini choʻzganini esdan chiqargandek, ogʻzidan bol tomib Boymurod sha’niga maqtovlar yogʻdirdi. Bir paytlar koʻcha-koʻyda koʻrishib qolsa, kinoyali gap tashlaydigan qishloqdoshlari ham mum tishlagan, oldiga qoʻyilgan taomdan bosh koʻtarmaydi. Boshqalarning ham sidqidildan yoki til uchida noilojdan maqtab aytgan gaplari yogʻdek yoqib, koʻngil chigilini yozgan Boymurod esa mamnun, hali boshlanishi, deb qoʻyadi.

Kechga bori oshnasi bilan yolgʻiz ulfatlashdi. Shunda uyning toʻrida yonboshlab olgan Toʻxta havasi kelayotganini aytib Boymurodni hayron qoldirdi. Boymurod sir boy bermagandek salmoqlab:
– Hey oshna-e, bir tasodif tufayli, qulay joyga tushib qoldim, qoldim-da. Albatta bu pullar osongina kelayotgani yoʻq... joyi kelganda hayoting ham koʻzingga koʻrinmay qolarkan... Xorijda pul topish oson deganlar adashadi. Faqat buni uyga qaytganida bildirishmaydi. Misqollab yigʻib boy boʻlgan korxona egasi oldinga pulni toʻkib tashlaydimi? Har bir tangasini ham osonlikcha bermaydi. Barini oʻz koʻzim bilan koʻrib kelyapman. Ayrimlar tuzuk joy topolmaganidan chiqindilarni tozalash ishlariga joylashgan. Borib olgandan keyin uyiga quruq qoʻl bilan qaytishga yuzi chidamaganidan qishloqda or qiladigan ishlarga ham oʻzini urganlar bor.

Oshnasi oldida izza boʻlgan Toʻxta gapini hazilga yoʻydi.

* * *

Oradan bir yil oʻtib, Boymurod navbatdagi ta’tilga keldi. Negadir shashti ancha past, shijoat olovi soʻngandek. Kutilmaganda tomorqaning boshidagi ochiq joydan yangi uyga poydevor tashlab, pishiq gʻisht keltirishni boshlab yubordi...

Shu orada unashib qoʻyilgan singlisini uzatishdi. Toʻy tashvishi bilan boʻlib, birov-birovdan koʻngil soʻrashga imkon ham boʻlmadi. Qizini uzatib, onasining el oldida yuzi yorugʻ boʻldi. Ammo kelgandan beri oʻgʻli loaqal oʻrtoqlarini soʻroqlab koʻchaga chiqmaganidan oʻylanib qoldi. Ustiga-ustak Boymurodning ukamni uylantiramiz, deyishi onasining badtar taajjubini oshirdi. El nima deydi, deya gap boshlasa, el ogʻziga elak tutib boʻlarmidi, deb qoʻya qoldi pinagini buzmay. Onasi yana nima desin, buyogʻi erta-indin safarga otlanaman, deb turgan boʻlsa. Ke-qoʻy, degancha oʻgʻlini ortiqcha qistamadi.

Boymurod yildan-yil koʻproq pul topa boshladi. Ammo bu endi uni quvontirmas, hali ogʻriq zoʻraymagan boʻlsa ham, ammo bir dardga chalinganidan ichini it tirnaydi. Atrofdagilarning gap-soʻzlariga ham loqayd, diqqat bilan eshitayotgandek koʻrinsa ham, qulogʻiga gap kirmas, boshini irgʻab-irgʻab qoʻyadi. Birgina taskini va ilinji onaning begʻubor va begidir duoi jonini oʻylab ichi yorishgandek boʻladi.

Bir kuni Boymurod koʻcha tarafda ustalarga qarashayotganida qoʻshni bobo qoʻlida oʻroq ushlagancha kelib qoldi. Salom-alikdan keyin:
– Ishlar unsin, charchamanglar boʻzbolalar, – degancha hol soʻrashib chetroqda yotgan xorining ustiga mardosh qurdi. Qoʻshni bobo barmoqlari bilan soqolini tarab-tarab:
– Qani dunyoda nima gaplar. Yurt koʻrgan odamga oʻxshab yaxshi-yomondan gapir. Kelganingdan beri hech oʻtay ham demaysan? Ilgari oʻtib turarding. Shunga xabar olay deb chiqdim. Yegan-ichganing oʻzingniki bolam, koʻrgan-bilganlaringdan eshitaylik.

Boymurod nima deyishini bilmay qoldi. Bir binoning ichiga kirib ishlaymiz, chiqib yotoqqa boramiz, berganini yeb yotibmiz-da, desinmi. Tayinli gap aytolmaganidan keyin kulib qutildi.
– Burungi zamonlarda chigirtka degan balo boʻlardi. Bundan boshqa bunday ofatni koʻrgan emasmiz. Hozir boʻlsa qovun-tarvuz, pamidor-bodring... nima oʻssa bariga balo dorigan. Tuynakligida qurtlab boryapti. Odamlarning aytishiga qaraganda, bu qurt degan balo gulga tuxum qoʻyarmish. Shuytib odamlar gulga oʻtirgan ziroatini dorilab yotibdi. Dori sepmasang, ikki qoʻlingni burningga tiqib qolaverasan. Hozirgina tomorqadagi qovun-tarvuzning palagini tozalab chiqdim, hech umid yoʻgʻay. Endi joyiga beda-meda sepib qoʻysammi, deb turibman. Necha yildan beri qishloqda yashab qovun-tarvuzni bozordan sotib olib yotibmiz, eshitsang. Shu qurt balosi qachon arir ekan, bilmay qoldim. Biz-ku qarib qoldik, yoshlarga ogʻir-da, ularning taqdiri nima boʻladi? Shuni oʻylasam kechalari uyqum uchadi..
– Bobo-ey, oʻtolmaganim uchun uzr. Qishloqdagi koʻp oʻzgarishlardan bexabar qolibman. Bunday qarasam hamma puldan gapiradi, qurt-chigirtka koʻpayganini sizdan eshitib turishim, – deb qoʻya qoldi Boymurod.
– Bobong koʻp sinchi odam edi-da bolam, bir koʻrib gaplashgan odamining necha pulligini adashmay aytardi. Sen shu bobongga tortgansan, tez lovullab ketishing ham.

Boymurod xorijda ham negadir qoʻshni boboning gurungini sogʻinardi. Qandaydir boshqacha gurung beradi. Hozirgi gurunglarda maza-matra yoʻq. Ikkovning biri puldan gap ochadi, qaerga borsa, qancha toʻlaydi. Oʻv bunday bir oʻylab koʻr, pul hamma narsani hal qilmaydi-ku, deydigan mard yoʻq.

* * *

Boymurod keyingi yil kelganida onasining koʻzlarida baxt jilvalarini koʻrdi. Ancha oʻzini tutib olibdi. Kelinlik uy yanada fayzli, osuda hayot, roʻzgʻor ishlari butunlay kelin qoʻliga oʻtgan. Niyat qilganidek onamga xohlagan narsasini muhayyo qil, biron joyga piyoda yurmasin, deb ukasiga mashina kalitini tutqazdi.

Endi ularning oilasiga odamlar achinib emas, balki havas bilan qarashayotgani gap-soʻzlar, salom-aliklardan bilinib turibdi. Oila oʻmganini koʻtarishda oʻzining katta hissasi borligidan faxr tuyadi. Faqat...

Qadrdon oshnasi mehmonlar tarqalganidan keyin ham odatdagidek allamahalgacha gurunglashib oʻtirdi. U Boymurodning shashti pasayganini bilmoqchi boʻlib koʻngliga qoʻl soldi:
– Oshna, qarasam hech toʻyga taradduding sezilmaydi, xolamga-ku kelin olavering, deb yaxshi qilding. Oʻzing ham uylan, ne-ne qizlar yoʻlingga mushtoq, faqirlar ham bir yayrab qolaylik. Qachongacha yurasan, uy-joy deding, mol-dunyo deding, hammasiga erishding-ku. Qishloqning oldi boylaridan biri boʻlding. Yana nima kaming bor?

Boymurodning ichi muzladi, tili tutilib gapni boshqa tomonga burdi. Oshnamga gapim yoqmadi, shekilli, degan xavotirga borgan Toʻxta boshqa bu mavzuni ochmadi.

* * *

Kutilmaganda oʻgʻlining odatdagidan ertaroq kelishi onasini xavotirga soldi. Boymurod qattiq betob edi, lekin dardini ichiga yutar, sir boy bermas, uni birgina onasi tushunadi, lekin onasiga dardini yorsa, ogʻirlashib qolishidan choʻchirdi. Ammo dard dardligini qildi, ikki oy oldin dunyoning bir chekkasidagi shifoxonada hushiga kelganida umr daraxtining yaproqlari qovjirab toʻkilish arafasida turganini bildi. Shifoxonadan davolanib chiqqach, umrining sanoqli kunlarini ona bagʻrida oʻtkazishga oshiqdi.

Dard qiynayotganiga qaramay oʻzini bardam tutib uyga yetib keldi. Begona yurtlarda emas, judolik arafasida yaqinlarining mehriga toʻyib olishni istadi. Onasining qoʻliga bir oʻram narsani tutqazdi.
– Katta pul... oʻz qoʻlim bilan sizga topshiriy dedim-da.

Bu gal pul salmoqliroq edi. Nimadandir hadik olgan ona yuragi shigʻ etib ketdi.

Boyvachchaning kelganidan xabar topgan qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻlar ertalabdan kelib-ketib Boymurodni rosa toliqtirdi. Yaqinlarini koʻrib biroz gʻami tarqagandek boʻlsa ham, ammo uzoq yoʻl darmonini quritganidan xoliroq xonaga oʻtib yotdi.

Koʻziga uyqu kelavermadi, oʻz yogʻiga qovrilib uzoq toʻlgʻondi. Bir payt onasining hovlida Xurramga tez bor, deyayotgani qulogʻiga chalindi. Xurram onasiga:
– Men hozir gʻir etib borib-kelaman, ammo bilib qoʻying, qizingiz akam kelsa, pul soʻrayman, deb yuribdi. Tagʻin siz pul olib berishga rozi boʻlib qoʻymang, uningiz akamni ham aldab eritishi mumkin. Akamdan xavotir olmang, bizga berganidan ikki-uch barobarini ish joyida bankkami, biron hisob raqamiga oʻtkazib yurgandir. Iltimos ona, tuman markazida hovlining savdosi pishgan, narxidan ancha past berayapti, savdogar odam, savdosi kasod boʻlganga oʻxshaydi. Mendan olgan pulining vaqti yaqinlashganidan oyogʻi kuygandek tipirchilab yuribdi. Akam kelguncha birontaga arzonroq berib yubormasin, degan xavotirda edim. Bizga nasib qilgan shekilli, oʻzi-ku mening narximga boshqalar koʻtargani ham yoʻq, yaxshi joy, qoʻldan chiqarishni hech koʻzim qiymayapti, shuning uchun jonim halak edi. Ishim yurishganini qarang-a, akam barvaqt kelib qoldi...

Tasodifan qulogʻiga chalingan bu gaplardan Boymurod titrab ketdi. A’zoi badanidagi ogʻriq badtar kuchaygandek, endi koʻksiga ham tosh osib qoʻyilganga oʻxshardi. Oʻrnidan qoʻzgʻalay desa madori yetmadi.

Hormang-salomat uchun kelganlarning aksari pul haqida gurunglashadi. Lekin birovi ahvoling qalay, deb uning dardini soʻragani yoʻq. Boybobo qancha keltiribdi, endi nima qilmoqchisizlar, degandek ilmoqli savollar Boymurodni taajjubga qoʻyar, nahotki qishlogʻimiz shu qadar oʻzgarib ketgan boʻlsa-ya, deya hayron boʻlib ularning gaplariga quloq tutdi. Oʻzining holiga achinib ketdi. Soʻnggi umidi ham sarobga aylandi. Bu yerda ortiq qololmaydi...

Tashqariga chiqmoqchiligini bahona qilib, bir amallab oʻrnidan turdi. Hovlida jildirab oqib oʻtayotgan ariqqa engashib bet-boshini yuvdi. Yaxdek suvdan biroz huzurlangach, tetiklashib tomorqaga oraladi. Quyosh qizdira boshlaganida bobosidan qolgan yongʻoq soyasiga kelib oʻtirdi. Quchoqqa sigʻmas yongʻoqning bir-ikki shoxi qurib, dikkayib turibdi. Baribir, hali soyasi quyuq. Rahmatli otasining aytishicha, bu yongʻoq bobomeros, uzoq zamonlardan koʻz qorachigʻidek asrab kelingan, hosili ham tuzuk. Har yili ikki-uch qop hosil olishardi. Oilaning koʻp xarajatini shu yongʻoq koʻtarardi. Pullari koʻpayib yongʻoqqa qaramay qoʻyishibdi. Shularni oʻylar ekan, oftobda koʻproq yurganidanmi, gʻalati holga tushdi, oʻpkasini toʻldirib havoni yutar, lekin havo yetib bormasdi. Suyaklari zirqirab, iligini qurt kemirayotgandek gʻimirlab bezovta qildi. Titroq tutganida shosha-pisha choʻntagidan dorini olib ogʻziga soldi. Birozdan soʻng ogʻriq oʻtib xiyol oʻziga keldi. Hovlidagilar unga ahamiyat bermas, hamma oʻzi bilan oʻzi ovora. Chindanam charchabdi. Negadir sogʻlom paytlar esiga tushib, soyada yonboshlab yotganlarini koʻz oldiga keltirdi. Ajriqqa tirsaklagancha choʻzilganda yongʻoq tanasiga qurt tushganini koʻrib qoldi. Shunda qoʻshni boboning gapi lop etib esiga keldiyu bir qalqib oldi, bobo hayot koʻrgan ekan-da, eh, oʻsha payt nega tushunmabman-a, deya oʻzini yozgʻirdi...

Boymurod yongʻoq ostida oʻtirarkan, yildan-yil uydagilardan begonalashib ketayotganini his etar, rang-roʻyi siniqqan boʻlsa ham, lekin yuzidan et qochgani yoʻq. Uyiga kelgan mehmonlar bir-bir tarqaldi. Quyosh qishloq ustida lovullagancha osilib qolgan. Boymurod kelib supaning bir chetiga omonatgina choʻkkaniga koʻzi tushgan kelin koʻrpacha-yostiq keltirdi, dasturxon yozdi.

Boymurod choyni hafsala bilan qaytarib, endigina kelib oʻtirgan onasiga bir piyola choy uzatdi.
– Tani-joning sogʻma, bolam. Xayol surganing surgan. Bir emas, ikki uy boʻlsa, ukangga mashina olib berding, singling oilasi tinch, yana nimani buncha oʻylaysan. Ichingda bir darding borga oʻxshaydi, sen bolaning. Bunday yoril, biz ham eshitaylik, qani nima ekan u? – deya soʻroqqa tutdi onasi.

Boymurod miyigʻida kuldi.
– Nimaga vahima qilasiz, ona. Dengiz boʻyida shamol odamning soʻlini opqoʻyarkan. U yoqlar bizning chang koʻcha, bogʻ-rogʻlarga oʻxshamaydi. Hamma tomon dengiz, shoʻr suv shamoli biram yoqimsiz-ey, shuning uchun odamlari rangpar boʻlishsa kerak. Men ham shuncha yildan beri ularning nonini, suvini yeb-ichib, havosidan nafas olganimdan keyin ularga moslashdim, nimasiga xavotirlanasiz, – dedi xuddi onasining gaplaridan xafa boʻlib arazlagandek, keyin gapini davom ettirdi. – Uyda qolsam-ku, yaxshi boʻlardi. Ammo oʻrtamizda kelishuv qogʻozi bor. Shu qogʻozga qoʻl qoʻyganim uchun menga ish berdi, pul berdi. Toʻsatdan onam uyda qolasan deyapti, endi ishlamayman deya olmayman-ku.

Bu gapdan keyin ona koʻnglidan xavotir koʻlankasi tarqalgandek boʻldi. Shu zahoti yuziga tabassum yoyildi.
– Yoʻq bolam, nimalar deyapsan. Shukrki... boshing omon boʻlsin. Qanday ona oʻz farzandidan rozi boʻlmasin...

Boymurod onasining mehr ufurib turgan soʻzlaridan tomogʻiga nimadir tiqilgandek, zoʻrgʻa yutindi. Keyin damini rostlab:
– Ochigʻini aytsam, ona sizlarni, ukamlarni, hovlida shuytib oʻtirib choy ichishlarni sogʻinibman. Shunga tomorqani aylanib xumor bosdi qilib yurgandim, – deb yana yolgʻondakam jilmaydi. Onasiga tik qarolmay yuragi ezilib ketdi.

Shu payt kelin bolasini koʻtarib kelib qoldi. Gurung uzildi.
– Amaki, pulingiz koʻp-ku, menga bir ukacha olib keling, amakvachcham bilan oʻynaymiz, deya Kelin bola tilidan gapirib, goʻdagini Boymurodga tutqazdi-da: bilyapsizma aka, bolakay toʻgʻri aytayapti, yolgʻiz soʻppayib oʻtirishingiz nimasi, qancha koʻp boʻlsa ham pul joni yoʻq narsa, baribir xotinning joyini bosolmaydi, mana shunday qorakoʻzni pulga sotib olib boʻladimi-ya, oʻzingiz ayting. Tagʻin koʻnglingizga ogʻir botmasin… Yaxshida-ey ovsinim boʻlsa, gangir-gungir hovlini toʻldirib yurardik, deya nimadandir xabar topgandek ayyorona qiqirlab kuldi.

Amakisi unga oʻyinchoqlar olib beradi, – deya Boymurod hech narsa eshitmagandek kichkintoyni erkaladi.

Hazil ma’nosida aytilgan boʻlsa-da bu gap ona dilini ogʻritdi. Kelinni ayaganidan emas, oʻgʻlini oʻylab:
– Bu toʻgʻri gap, bolam, senga qayishganidan gapirdi kelin ham, – deya orada dilxiralik paydo boʻlmasligi uchun kelinning nooʻrin qiligʻini yuvib-chayib qoʻydi, xolos. Boymurod esa kichkintoyni erkalash bilan mashgʻul. Xumori bosilguncha u bilan oʻynab keyin onasiga uzatdi. Biroz toliqqanidan soya-salqinlarni yana bir aylanib kelay, kechga borib yoʻlga chiqaman, deya yuragi achishgan holda tomorqa oraladi.

Onasi uning ortidan gʻamgin qarab qoldi, koʻngli alagʻda. Boymurod kelinning gapidan xafa boʻlmadi. Ertalabdan beri shuncha odam nima uchun kelib-ketyapti? Bir paytlar tilaganiga berolmaganlar shular emasmidi? Bir qarashda hamon oʻsha-oʻsha Boymurod-ku...

Suv oqayotgan ariqlarni hatlab oʻtib, soyaning quyuqroq joyida toʻxtab ajriq ustiga oyoq uzatib oʻtirdi. Ariqda suv jildirab turibdi. Boymurod suvga tikilib xayolga choʻmdi: suvda oqib borayotgan yongʻoq qurtini koʻrib, engashib olmoqchi boʻldiyu juda mittiligidan u qoʻliga ilashmadi... Bu suvlar bizning bogʻimizdan oqayapti. Bogʻ oʻzimizniki boʻlib qolaveradi... suv jildiraydi... Bobomning hovlisida nevara-chevaralari oʻynab-kulib shodu xurram umr oʻtkazadi, deya oʻziga taskin berdi.

Boymurodning joni qiyoq ustidagi shudring kabi omonatgina qiltirardi. Jigar-bagʻri ezilib borayotganiga qaramay onasining koʻz oʻngida kulib uydan chiqdi. Botib borayotgan quyosh yangligʻ za’faron qalbi tobora zulmat qa’riga singib ketmoqda. Qishloqdan uzoqlasharkan, u juda gʻamgin, tevarakka horgʻin boqardi.