OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXorxe Luis Borxes
Asar nomiAverroes izidan (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Ispan adabiyoti
Boʻlimlar
   - Avangard
Mualliflar
   - Xorxe Luis Borxes
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonSharifjon Ahmedov
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Averroes izidan (hikoya)
Xorxe Luis Borxes

Abulholid Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Rushd (mana shu uzun ism oxir-oqibat Averroes boʻlgunga qadar Benraist va Avenris, hatto Aben-Rassad va Filius Rosadis kabi evrilishlarni boshdan kechirgan koʻyi asrlar davomida takrorlanib keldi) «Tahafut-ul-Tahafut» («Tugatilishning Tugatilishi») tazkirasining oʻn birinchi bobini–fors zohidi, «Tahafut-ul-Falasifa» («Faylasuflar raddiyasi») muallifi Gʻazzoliyning fikriga qarama-qarshi oʻlaroq, ayrim jonzotlarga emas, balki turlarga taalluqli Koinot umumiy qonunlarigina Tangriga ma’lum ekanligi ta’kidlangan oʻn birinchi bobini yozish bilan mushgʻul edi. U oʻngdan soʻlga tomon ishonch bilan xotirjam qalam tebratar, ikki turli fikrdan mantiqiy xulosalar chiqargan koʻyi uzun jumlalarni bir-biroviga bogʻlar ekan, atrofini oʻrab olgan salqin va charogʻon goʻshasining osoyishtaligini his qilib turardi. Mudroq qoʻynidagi oshiq kabutarlar bir-birovining pinjiga kirgan, naridagi hovlidan favvora jildirashi eshitilib turar va ajdodlari Arabiston sahrolari farzandlari boʻlgan Averroes ayni shu obi hayotning borligiga jon-tani bilan shukronalar keltirardi. Quyiroqda bogʻlar va uerta bor edi; yana quyiroqda–jonsarak Gvadalakvivir, undan narida–Bogʻdod va yo al-Qohira kabi charogʻon hamda murakkab va nafis musiqa asbobi misol suyukli Kordova shahri, uning tevarak atrofida esa (Averroes buni ham koʻngil koʻzi bilan koʻrib turardi) garchi gʻaroyibotlari bisyor boʻlmasa-da, undagi har bir tosh qat’iy va manguga muqim boʻlgan Ispaniya yerlari yastanib yotar edi.

Soʻzlar birin-ketin tizilib borar, dalillar, inkor etib boʻlmas dalillar bir-biriga bogʻlanayotgan, ammo Averroesning mas’ud kayfiyatiga kichik bir tashvish koʻlanka solgan edi. Bu tashvishning boisi, umuman olganda tasodifan yuzaga kelgan «Tahafut» emas, balki Averroesning behuda hayot kechirmaganligini bashariyat qarshisida isbotlashi lozim boʻlgan ulugʻvor asar bilan bogʻliq masala edi. Arastu asariga yozilgan sharh edi. Turli falsafalar manbai boʻlgan bu yunoniy neki boʻlsa, barchasini oʻrgatish uchun odamlarga nozil qilingan edi. Ulamolar Qur’onni sharhlaganlari kabi Averroes ham Arastu kitoblarini talqin etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. Oralariga oʻn toʻrt asrlik vaqt devor solgan odamning mushohadalariga oʻzini bagʻishlagan bu arab tabibining jasorati singari ajoyib va ulugʻvor misollarga tarix har kuni duch kelavermaydi. Suryoniy va yunon tillaridan bexabar Averroes tarjimaning tarjimasi ustida ish olib borayotganini mana shu yumushning mushkulotlari sirasiga qoʻshish kerak boʻladi. Bir kun avval «Poetika»ning ilk sahifalarida duch kelingan ikki tushuniksiz kalom ishning beliga tepdi. Bu «tragediya» va «komediya» degan soʻzlar edi. Averroes bu soʻzlarni koʻp yillar avval «Ritorika»ning uchinchi kitobida uchratgan, islom dunyosidagi biror zot ularni tushuntirib bera olmasdi. U Iskandar Afrodisiy asarini behuda varaqlar, Husayn ibn Ishoq bilan Abu Bashir Matta talqinlarini qiyoslash ham naf bermadi. Ularni tashlab oʻtish mumkin emasdi– «Poetika» matni bu sirli ikki soʻz bilan toʻla edi. Averroes yozishdan toʻxtadi. Biz koʻpincha yonginamizda turgan narsani qidirib sarson boʻlamiz, deya «Tahafut» qoʻlyozmasini yashirib qoʻydi va soʻqir Ibn Said qalamiga mansub «Mohkam»ning forsiy husnixatda koʻchirilgan jildlari terilgan tokcha yoniga bordi. Uning bu ishi kulgili boʻlsa-da, bekorchilikdan bu kitoblarni yana qayta varaqlab, lazzat olmoqchi edi. Bu mashgʻulotdan Averroesni allaqanday qiroat ovozi chalgʻitdi. U panjarali ayvondan koʻz tashladi–pastki hovlida yalangʻoch bolalar oʻyin bilan ovora edi. Ulardan biri boshqasining yelkasiga chiqib olgancha muazzinga taqlid qilar, koʻzlarini chirt yumib olib «Ollohdan oʻzga iloh yoʻqdir» deya qiroat qilar edi. Uni koʻtarib olgan bola minoraga oʻxshab tek qotgan, tiz choʻkkan uchinchi birovi tuproqqa qorishib, namozxonlar jamoasini tasvirlar edi. Tez orada oʻyin buzildi–bolalarning har biri muazzin boʻlishni istar va hech biri minora va yo namozxon boʻlishni hohlamasdi. Ular «qoʻpol» lahjada, ya’ni yarim oroldagi musulmon muhojirlar suhbatlarida yuzaga chiqib qoladigan ispan tilida bahslashayotganlari Averroes qulogʻiga chalinardi. U Halilning «Kitah ul ayn» asarini qoʻlga oldi va Tanjerda amir Yoqub al Mansur oʻz qoʻli bilan hadya etgan mana shu goʻzal asarning boshqa biror nusxasi butun Kordovada, ehtimol, butun Al-Andalusda ham topilmasligini oʻylab gʻururlandi. Tanjer nomi Marokashdan qaytib kelgan sayyoh Abulqosim Al Ashriy bugun kechqurun Qur’on bilimdoni deb e’tirof etilgan Farrojnikida hozir boʻlishini yodiga soldi. Abulqosim Chin mamlakati sarhadlariga qadar yetib borgani haqida soʻzlab bergan, uning dushmanlari esa nafratdan vujudga keluvchi oʻziga xos mantiq bilan u Xitoy zaminiga oyoq qoʻymagani va shuningdek, garchi qadam ranjida qilgan boʻlsa-da, oʻsha mamlakat ehromlarida Ollohga shak keltirgani haqida ont ichib soʻzlab yurishguvchi edi. Suhbat bir necha soatga choʻzilishi tayin edi va shu bois Averroes shosha-pisha yana «Tahafut»ga tutindi. U shom qorongʻusiga qadar mutolaa bilan mashgʻul boʻldi.

Farrojning uyidagi suhbat hukmdor fazilatlaridan uning amir inisi fazilatlariga koʻchib oʻtdi, keyin esa, bogʻdagi sayr chogʻi, atirgullar toʻgʻrisida soʻz ochildi. Abulqosim bu gullarga zigʻircha e’tibor qilmay, Andalus chorbogʻlarini bezab turgan atirgullardan goʻzalrogʻi yoʻqdir, deya ont ichdi. Farroj hijolatpazlikka yoʻl bermadi– mavlono Ibn Qutayba Hindiston bogʻlarida mangu gullab turguvchi hamda alvon yaproqlari «Ollohdan oʻzga iloh yoʻqdir va Muhammad uning paygʻambaridir» degan bitikni barpo etuvchi ajoyib atirgul turini tasvir qilganligi toʻgʻrisida soʻz tashladi. Extimol, muhtaram Abulqosim shunday gulni koʻrgandir, deb qoʻshib ham qoʻydi. Abulqosim sarosimada qoldi. Agar «koʻrganman» deb javob qilgudek boʻlsa, uni vijdonsiz va surbet aldoqchi, deb oʻylashlari tayin. Bordi-yu «koʻrmadim» desa, shakkok deb oʻylashadi. U barcha sinoatlarning kaliti Ollohning qoʻlidadir va yer yuzida biror soʻlgʻin va yo barq urib turgan narsa yoʻqdirki, Uning kitobida qayd etilmagan boʻlsin, qabilida mujmal javob qilishni afzal bildi. Dastlabki suralarga taalluqli bu soʻzlar tavoze’ bilan qarshi olindi. Topqirligidan magʻrurlanib ketgan Abulqosim Xudoning hilqatlari mukammal va anglab boʻlmasdir, deya ilova qildi va shunda hali dunyoga kelmagan Yumning boʻlajak mulohazalarini oldindan payqagan Averroes suhbatga qoʻshildi:
–Zamin e’tiqod timsollari naqsh qilingan atirgulni dunyoga keltirgan, deya oʻylashdan koʻra mavlono Qutayba va yo hattotlar matn koʻchirishda xatoga yoʻl qoʻyganlar, deyish men uchun osonroq.
–Haqqi rost. Ulugʻ va haqqoniy soʻzlar,-dedi Abulqosim.
–Bir sayyoh,-deya xotiralaridan soʻz ochdi shoir Abdulmalik,-mevalari yam-yashil qushlardan iborat boʻlgan daraxt haqida hikoya qiladi. Ilohiy harflar naqshlangan atirguldan koʻra mana shunga ishonish men uchun osonroq.
–Ehtimol,-dedi Averroes,-moʻ‘jizaning boisi qushlarning rangida boʻlsa kerak. Qolaversa, meva hamda qushlar tabiat dunyosiga tegishli, bitik esa san’atdir. Atirgullardan harflarga oʻtishdan koʻra yaproqlardan qushlar tomon oʻtish mantiqqa yaqinroq.

Mehmonlarning biri yozuv san’atdir, degan fikrni dargʻazab holda inkor etdi. Illo Qur’onning asliyati– «Kitob Volidasi»–olam yaralishidan avval ham mavjud edi va u falakda saqlanadi. Yana birov basralik Johizni tilga olib oʻtdi. Unga koʻra, Qur’on inson va yo jondor shaklini olishga qodir mohiyatdir, oʻz navbatida mana shu fikr Qur’on ikkita deguvchilar qarashlariga goʻyoki mos tushganday tuyiladi. Farroj izchil nuqtai nazarni bayon qilishga tushdi. Qur’on, dedi u, huddi ilohiy marhamat singari Xudoning sifatlaridan biridir; Qur’onni kitob qilib bitadilar, uni til bilan talaffuz etadilar, uni qalbga muhrlaydilar–nutq va imlo belgilari inson aqli mahsulidir. Qur’on esa mutlaq va mangudir. «Respublika»ga tafsir bitgan Averroes Kitob Volidasi uning (Qur’onning) oʻziga xos aflotuniy gʻoyasidir, degan fikrni oʻrtaga tashlashi mumkin edi, ammo ilohiyot Abulqosim aqlidan ancha naridagi ilm ekaniga e’tibor qildi.

Buni payqagan boshqa mehmonlar ham Abulqosimdan biror ajoyibot haqida soʻzlab berishni iltimos qila ketishdi. Hozirdagi kabi u zamonlarda ham dunyo bemehr edi: chinakam jasur odamlar va shuningdek, har narsaga tayyor razillargina yer yuzi boʻylab sayohat qila olar edilar. Abulqosimning botiniy qoʻrqoqligi esa xotirasida aksini topgan edi. U nima haqida soʻzlab bera olardi? Ustiga ustak, ular ajoyibotlar haqida soʻrashayotir, axir benazir narsa-hodisalarni soʻz orqali ifodalab boʻlar ekanmi? Bir xil soʻzlar vositasida tasvirlash mumkin boʻlsa-da, Bengaliya osmonidagi oy Yaman hilolidan oʻzgacharoq. Abulqosim bir oz vaqt taraddudda qolgach:
–Turli oʻlka va shaharlarni ziyorat qiluvchi odam, – deya ehtiyotlik bilan soʻz boshladi. – xotirada saqlashga loyiq koʻp narsalarning guvohi boʻladi. Mana, men faqat bir marotaba turklar sultoniga soʻzlab bergan voqea. Bu voqea Chin Kalonda (Kantonda), Hayot Irmogʻining dengizga quyilish joyida roʻy bergan edi.

Farroj bu shahar ya’juj-ma’jujlardan saqlanish uchun Iskandar Zulqarnayn barpo etgan devordan qay masofa olisda ekani bilan qiziqdi.
–Devor bilan shaharning oʻrtasi sahrodir,-dedi Abulqosim kalondimogʻlik bilan.-Devor minoralari ufqda koʻringunga qadar, karvon qirq kun yoʻl bosishi va aytishlaricha, uning qarshisida paydo boʻlish uchun yana shuncha yoʻl yurishi kerak. Chin Kalonda men oʻsha devorni koʻrgan yoki devorni koʻrgan odamni koʻrgan birorta odamni koʻrmadim.

Averroes bir zumga bahaybat cheksizlik, kimsasiz borliq qarshisidagi qoʻrquvni tuydi. U daraxtlari bir xil tartib bilan koʻkka boʻy choʻzgan boqqa nazar tashladi. Oʻzini keksayib qolgan, befoyda va koʻrimsiz odam his qildi. Abulqosim hikoyasini davom ettirdi:
–Bir kun oqshom Chin Kalonda istiqomat qiluvchi musulmon savdogarlar meni yogʻochdan barpo qilingan serhasham uyga olib borishdi. Uy odamlar bilan liq toʻla edi. Bu uyni tasvirlab berish mushkul. U bir-birovining ustiga joylashgan yoʻlaklari yoki ayvonlari boʻlgan bittagina ulkan boʻlma edi. Ayvonda oʻtirgan odamlar yeb-ichishar, pastki sahndagilar ham, peshayvonga oʻxshash balandroq joyda oʻtirganlar ham yeb-ichish bilan mashgʻul edilar. Peshayvondagilar nogʻora va ud chalishar, oʻn besh yoki yigirma chogʻli odamlar esa –ular qizil niqob tutgan edilar–ibodat qilishar, qoʻshiq aytishar va oʻzaro suhbat qurishardi. Oyoqlariga kishan solingan bu odamlar uqubat cheksalar-da, zindon koʻrinmas edi: ular koʻzga koʻrinmas otlarda yelib jang qilsalar-da, qoʻllarida tutgan shamshirlar qamishdan yasalgan edi: ular jon taslim qilar, soʻng yana oyoqqa turardi.
–Aqldan ozgan odamlarning qiliqlari aqli raso odam tasavvurini ham ortda qoldirishga qodir. – dedi Farroj.
–Ular aqldan ozgan emasdilar.-Abulqosim izohlashga majbur boʻldi.- Savdogarlardan birining aytishicha, ular allaqanday voqeani tasvirlayotgan edilar.

Hech kim hech narsani tushunmadi, aftidan tushunishga harakat ham qilmadi. Hijolat boʻlgan Abulqosim xotirjam hikoya soʻzlashdan dadil mulohazalarga oʻtdi. U qoʻllarini siltaganicha yana qayta soʻzlay ketdi:
–Tasavvur etib koʻraylik, hikoya qilib berish oʻrniga kimdir bir voqeani namoyish qilayotir. Bu, aytaylik, Efesda uxlab yotganlar voqeasi boʻla qolsin. Biz ular gʻorga tomon ketib borayotganini, ibodat qilib boʻlgach, mudroq qoʻyniga choʻmishlarini, koʻzlari ochiq holda uxlab yotganlarini, uyqu mobaynida boʻyi va eniga oʻsayotganlarini, uch yuz toʻqqiz yildan soʻng uygʻona boshlashlarini, savdogarning qoʻliga qadimiy tangani tutqazishlarini, ular qay tariqa jannatda koʻz ochishlarini va ular bilan birga hamroh it ham uygʻonishini oʻz koʻzimiz bilan koʻramiz. Peshayvondagi odamlar oʻsha oqshom shunga oʻxshash tomosha koʻrsatdilar.
–Oʻsha odamlar gapirisharmidi? – soʻradi Farroj.
–Albatta gapirishardi, -dedi Abulqosim oʻzi elas-elas xotirlayotgan va aslida zerikib tomosha qilgan namoyishning maddohiga aylanib. -Ular gapirishar edi, qoʻshiq kuylardilar va mulohaza yuritardilar.
–Buning uchun,- dedi Farroj,- yigirmata odam shart emasdi. Bittagina masxaraboz har qanday voqeani, hatto eng murakkab voqeani ham soʻzlab bera olardi.

Bu fikrni hamma ma’qulladi. Olloh farishtalarni idora qilish uchun tasarruf etadigan arab tili fazilatlarini madh eta ketdilar. Soʻng arablar she’riyati xususida soʻz ochildi. Uni ham lozim darajada koʻklarga koʻtargach, Abdulmalik hamon choʻponlar timsoli va badaviylar lugʻatini tark etmagan Damashq va kordovalik shoirlarni urfdan qolganlikda aybladi. Qarshisida Gvadalakvivir mavjlanib yotgani holda sahro qoʻynida adashgan quduq suvini madh etish bema’nilikdir, dedi u. U koʻhna tashbehlarni yangilash tarafdori edi–Zuhayr taqdirni soʻqir tuyaga qiyos qilgan mahalda bu timsol odamlarni hayratga solar edi, ammo besh asrlik hayratlanish mobaynida u eskirib boʻlgan. Koʻp marotaba va koʻpchilik ogʻzidan eshitilgan bu mulohaza ma’qullandi. Avverroes sukut saqlardi. Va nihoyat, u oʻzi bilan soʻzlashayotgan kabi tilga kirdi.
–Men ham,-dedi Avverroes,-bu qadar soʻzamollik bilan boʻlmasa-da, harqalay Abdulmalik bayon etgan fikrni shunga oʻxshash dalillar yordamida yoqlagan edim. Iskandariyada soʻzlab yuradilarki, gunoh qilib tavba etgan odamgina gunoh qila olmaydi. Bu fikrga qoʻshimcha qilamiz: xatolardan holi boʻlish uchun ularning changalida boʻlib koʻrmoq lozim. Zuhayr «Muallaqot» sahifalarida anduh hamda shon-shuhratning sakson yili mobaynida taqdirning soʻqir tuya kabi odamga birdan hamla qilib qolishini koʻp marotaba koʻrgani haqida hikoya qiladi. Abdulmalikning fikrlashicha, bu timsol odamlarni hayratga solishga endi qodir emas. Uning fikrini bir necha dalillar bilan inkor etish mumkin boʻlur edi. Birinchisi: bordi-yu she’rning maqsadi hayron qoldirish boʻlsa, uning umri asrlar bilan emas, balki kun va soatlar bilan va, balki, daqiqalar bilan oʻlchangan boʻlur edi. Ikkinchisi: mashhur shoir ixtirochi emas, balki kashshofdir. Ibn Sharof Bahriyni sharaflab aytadilarki, yulduzlar tong chogʻi xuddi daraxtdan uzilgan yaproq misol birin-ketin toʻkilib tushishlarini faqat ugina oʻylab topishi mumkin edi. Agar shoir maddohlari haq boʻlsalar, ushbu timsol hech vaqoga arzimaydi. Zotan faqat bir odam oʻylab topishi mumkin boʻlgan timsol hech kimni hayajonga sola olmaydi.

Yer yuziga behisob turfa xil narsalar sochib yuborilgandir va ularning har birini boshqa birovi bilan qiyoslash mumkin. Yulduzlarni yaproqlarga qiyoslash ularni baliq va yo qushlarga qiyoslash singari ixtiyoriydir. Va bil’aks, taqdirning qudratli va befahm, beozor va shu bilan birga beshafqat ekaniga biror marta guvoh boʻlmagan kimsa yoʻqdir. Zuhayrning she’ri oxir-oqibat barchaga daxl qilguvchi ayni shu fikr haqqi bitilgandir. Undan oshirib aytish mumkin emas. Qolaversa, mening asosiy xulosam shu–saroylarni xarobaga aylantirishga qodir vaqt she’riyatni boyitadi. Arabistonda bitilgan bu she’rda oʻsha mahalda ikki timsol–keksa tuya bilan taqdir taqqoslangan edi. Oradan besh yuz yil oʻtib oʻqilgan bu she’r, endi, ustiga ustak, Zuhayrning oʻzini ham xotirga keltiradi va oʻz anduhlarimizni mana shu marhum arab anduhlari bilan qiyos etishga undaydi. Dastlab bu timsol xususiyatlari ikkita edi. Endi esa toʻrtta boʻldi. Vaqt she’r doirasini kengaytiradi va men shunday misralarni bilamanki, ular musiqa yangligʻ hamisha barcha insonlar uchun jaranglayveradi. Xuddi shu kabi–bir necha yil avval Marokashda ekanligimda qadrdon Kordova visoli qiynoqqa solgan mahal Abdurahmonning Rusafo bogʻlaridagi Afrika palmasiga qarata aytgan xitobini takrorlash menga taskin berar edi:

    Oʻ palma, sen ham
    Musofirmisan bu bogʻlarda?!..

She’riyatning ajabtovur fazilati! Sharqni qoʻmsayotgan qirol bitgan soʻzlar Afrikaga surgun qilingan kaminaning Ispaniya dardiga malham edi.

Soʻngra Avverroes Islomga qadar boʻlgan Johiliya davridayoq cheksiz sahrolar lahjasida barcha narsani aytib ulgurgan koʻhna shoirlar haqida soʻzladi. Ibn Sharofning xonaki balandparvozligidan tashvishlangan Avverroes dediki, oʻtmish shoirlari va Qur’onda butun she’riyat ja’m etilgandir va yangilik olib kirmoqchi boʻlganlarning da’volari esa nodonlik va behuda chiranishdan boshqa narsa emasdir. Hamma uning soʻzlarini bajonidil tinglar, zotan, u oʻtmishni yoqlayotgan edi.

Avverroes kutubxonaga qaytib kelgan mahal muazzinlar bomdod namoziga chorlayotgan edi. (Bu orada esa xaramdagi qora soch kanizaklar malla sochli kanizakni azoblab ulgurgan, biroq, Averroes bundan faqat kechga tomon xabar topadi.) U oʻsha ikki noma’lum soʻzni tushunib yetganday boʻldi va ravon husnixat bilan yozilgan quyidagi jumlalarni qoʻlyozmaga qoʻshib qoʻydi: «Arastu madhiyalarni targediya deb, duoiba’dlarni esa komediya deb ataydi. Qur’on sahifalari hamda «Muallaqot» tragediya va komediyalar bilan toʻlib-toshgandir».

Uyqusi kelib, bir oz sovuq qotganday boʻldi. Sallasini yechib, koʻzguga razm soldi. Shu lahzada uning koʻzlari qay bir manzaraga guvoh boʻlganligi menga qorongʻu, illo hech bir muarrix uning yuzlarini tasvirlab bergan emas. Menga faqat shu narsa ayonki, u koʻzga koʻrinmas yashin urgan misol birdan gʻoyib boʻldi, u bilan birga uy va favvora, kitob va qoʻlyozmalar, oshiq kabutarlar va qorasoch kanizaklar, azoblardan yurak oldirgan mallasoch kanizak, Farroj va Abdulqosim, atirgul butalari va ehtimol, Gvadalakvivir ham koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Ushbu hikoyada men bir magʻlubiyat jarayonini tasvirlamoqchi edim. Dastlabki niyatga koʻra, men Xudo yagona ekanligini dalillar bilan isbotlashga qaror qilgan oʻsha kenterberiyalik rohib haqida yozmoqchi boʻlgandim. Soʻng esa falsafa toshi ilinjida boʻlgan alkimyogarlar haqida; keyin burchaklar trisektsiyasi hamda doiralar kvadraturasini kashf etishdek yechib boʻlmas masalaga qoʻl urganlar haqida hikoya qilishni oʻyladim. Ammo keyinroq oʻzi emas, balki boshqalar erisha olishi mumkin boʻlgan maqsadni niyat qilgan odam voqeasi jozibadorroq tuyildi. Shunda men Islom doirasi bilan cheklangani bois «tragediya» va «komediya» soʻzlarini baribir tushuna olmagan Averroesni esladim. Mana, ushbu voqeani hikoya qilib tugatdim. Yozish jarayonida men Berton tilga olib oʻtgan oʻsha Tangrining, buqa oʻrniga buyvolni yaratgan Tangrining koʻyiga tushdim. Oʻz asarim goʻyo oʻzimni masxara qilayotgandek edi. Teatr haqida hech qanday tushunchaga ega boʻlmagan Averroesning dramani faraz qilishga urinishi kulgili edi. Renan, Leyn va Asin Palasos yozib qoldirgan uzuq-yuluq parchalardan boshqa manbaga ega boʻlmagan holda mening Averroesni faraz qilishga urinishim esa bundan-da ayanchliroq. Soʻnggi sahifani qoralab tugatayotganimda anglab yetdimki, mening ushbu hikoyam–buni yozayotgan chogʻimdagi qiyofamning in’ikosidir va ayni shu hikoyani yoza olish uchun aynan oʻsha odam boʻlishim lozim edi, aynan oʻsha odam boʻlishim uchun esa men mana shu hikoyani yozishim kerak edi va shu taqlid cheksizlikka qadar… (Men unga ishonmay qoʻyganim zahoti Averroes gʻoyib boʻladi.)

Tarjimondan

XX asr jahon adabiyotida bir mukammal badiiy voqelik barpo etgan argentinalik adib Xorxe Luis Borxesning (1899-1986) adabiy merosi atrofidagi munozaralar hali-hamon tingan emas. Borxes muntazam tarzda murojaat qilgan ramzlar esa, xususan, mana bular—koʻzgular, kutubxona, adoqsizlik, bogʻ va tushlar olami. U «Al-Muhtasimga yaqinlashuv» hikoyasida yozadi: «Qodir Xudoning oʻzi ham Kimnidir izlashda davom etayotir, ushbu Kimdir esa – boshqa bir yuksakroq (yoxud shunchaki zarur va oʻziga monand) Kimnidir izlash bilan mashgʻul va shu tariqa Zamonlar Intihosiga—yoki, toʻgʻrirogʻi Intihosizlikka (cheksizlikka) qadar.» «Xaroba doiralari» hikoyasida esa quyidagilarni oʻqiymiz: «Bir kun–qushlaridan ayrilgan subhidam chogʻi afsungar doira ketidan doira boʻlib ehrom devorlariga olov yaqinlashayotganini koʻrdi. Daryodan najot topmoqchi boʻldi, biroq oʻlim uning ulugʻ yoshiga toj kiydirish, barcha tashvishlardan xalos etish uchun tashrif buyurganligini anglab, bu fikridan qaytdi. Va u yongʻinga peshvoz chiqdi. Biroq olov tillari uning vujudini zabtiga olmadi, bil’aks erkalab yalab-yulqadi, yuvib-taradi– kuydirib kul qilmadi. Va yengil tortib, xoʻrlik alami bilan dahshat ichra anglab yetdiki, uning oʻzi ham kimdir birov oʻz tushlarida koʻrayotgan sharpa edi, xolos.» Borxes mavjud voqelikning oʻzi-da omonat va nomukammal ekanligini, uni boshqa bir—toʻqib chiqarilgan va barcha unsurlari puxta ishlangan boshqa bir dunyo oʻzida mahv eta olishi mumkinligini aytadi—«Tlyon, Ukbar, Orbis Tertius».

Agar adabiyotshunoslik doirasidagi bu mulohazalardan bir qadar chetlashadigan boʻlsak, Borxesning har bir hikoyasini har qanday boshqa koʻlamdor asarlarga zamin boʻla oladigan mukammal formulalar tarzida tushunish mumkin. Borxes shu tariqa allaqanday boshqa ulkan loyihalarning mohiyatlarini havola etadi. Uning oʻzini esa bir me’morga mengzash mumkindir, balki. Uning adabiy olami Piza minorasi kabi ogʻib borayotgan emas, balki uning tadqiqotchilari hali e’tibor qilmagan ma’nolarni kashf qilish ilinjidagi har bir oʻquvchi sayr qila oladigan kafolatli qoʻrgʻon kabidir. Chindan ham Borxesni oʻqishga tadorigi bor va oqibatda uni anglash ostonasida turgan har bir mutolaagoʻy bu qoʻrgʻon aro oʻzining alohida Borxesini izlab topishi ehtimoli yoʻq emas.

Ammo Borxes bugungi oʻzbek kitobxoni uchun naqadar dolzarb? Agar savol shu qadar qoʻyiladigan boʻlsa, aslida hech bir narsa dolzarb emas. Borxes kabi adiblar mahsullari sukunatni ma’qul koʻradi. Bu asarlar ma’lum bir davrda urfga kirib, fursat oʻtgach urfdan chiqadigan muvaqqatlikdan begona. Shu ma’noda havola etilayotgan ushbu dastlabki «oʻzbekcha Borxes» oʻtgan asrning 90-yillarida tayyorlangan edi, ammo ma’lum sabablar yigʻindisi ayni natijani hozirga qadar olib keldi.

Tarjima jarayoni haqida esa shularni aytish mumkin. Agar urfga kirgan ibora qoʻllanadigan boʻlsa, Borxes asarlarida, har bir iborada ichki ohang yashiringan. Yashirin musiqa. Shu narsaga putur yetkazmasdan oʻzbek tiliga oʻgirishga intilindi.

Umid shuki, hozir boʻlmasa soʻngroq, oʻzbek adabiyotida ham jahon adabiyoti aslida yaxlit bir adabiyot ekanini, mahdudlikda qolish xatarli ekanini anglash taraqqiy etsa va bu anglash hosilalari boshqa barcha yoʻnalishlarni-da harakatga keltirsa.

Adibning oʻzbek tilidagi hikoyalari mutolaasiga shaylangan oʻquvchiga esa tilak oshu—halolingiz boʻlsin!

Izohlar:

  • Uerta (isp. Huerta)—bogʻ, tomorqa.
  • «Poetika» va «Ritorika»—yunon faylasufi Arastu asarlari.
  • Iskandar Afrodisiy (II-III asrlar)—yunon faylasufi, Arastu asarlari sharhlovchisi.
  • Ibn Said al-Magʻribiy—oʻrta asrlar musulmon Ispaniyasining taniqli olimlaridan, sayyoh.
  • Efes—hozirgi Turkiyaning Izmir shahri yaqinidagi qadimiy yunon shahri. Bu shahar xarobalari hamon saqlanib qolgan.
  • Ibn Zuhayr (530-627)—arab shoiri.
  • Jozef Ernest Renan (1823-1892)—frantsuz yozuvchisi, tarixchi va tilshunosi.
  • Eduard Leyn (1801-1876)—ingliz tarixchisi.
  • Asin Palasos (1871- 1944)—ispan rohibi va sharqshunosi.