OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXorxe Luis Borxes
Asar nomiMarvlik hakim (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Ispan adabiyoti
Boʻlimlar
   - Avangard
Mualliflar
   - Xorxe Luis Borxes
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonSharifjon Ahmedov
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Marvlik hakim (hikoya)
Xorxe Luis Borxes

«
Anxelika Okampoga bagʻishlanadi
»

Agar adashmasam, xurosonlik Choyshab Tutgan (yoki aniqrogʻi, Niqob Tutgan) Paygʻambar – Al Muqanna haqidagi manbalar toʻrtta edi: a) Bolozuriy «Halifalar Tarixi»ning asil holicha saqlangan muhtasar bayoni; b) Abbosiy hukmdorlarning rasmiy solnomachisi Ibn Abu Tohir Tayfur qalamiga mansub «Haybat Darsligi, yohud Aniqlik va Kuzatuvlar Kitobi»; v) Paygʻambarning muqaddas kitobi—«Qora Atirgul» yoki «Maxfiy Atirgul»ga tegishli dahriyona qoidalar inkor etilgan «Atirgulning Tugatilishi» deb nomlanuvchi arabiy qoʻlyozma; g) Transkaspiy temir yoʻl tarmogʻi yotqizilishi vaqtida muhandis Andrusov qoʻlga kiritgan bir necha mubham tangalar. «Tugatilish»dan olingan ayrim parchalar takrorlangan forsiy baytlari boʻlgan bu tangalar Tehrondagi numizmatika muzeyiga taqdim etildi. 1899 yilda topilgan va «Morgenlandisches Archiv»da kaltabinlik bilan chop etilgan qoʻlyozma avval Xorn, soʻngroq ser Persi Sayks tomonidan ishonchga sazovor emas deb e’lon qilingach, «Atirgul»ning asliyati batamom gʻoyib boʻldi.

Irlandiyalik fitnakor ehtiroslariga toʻla Mur dostoni Paygʻambar shuhratini Gʻarb oʻlkalari uzra tarannum etdi.

Qizil Boʻyoq

Oʻsha zamon va oʻsha makon odamlari soʻngroq Choyshab Tutgan Paygʻambar nomi bilan atay boshlagan Hakim hijratning 120 yilida, melodning esa 736 yilida Turkistonda tavallud topdi. Bogʻlari, tokzor va oʻtloqlari sahroga ma’yus tikilgan koʻhna Marv shahri uning vatani edi. Chang-toʻzonlar soya solmagan mahallar u yerning choshgohlari charogʻon va koʻzni oluvchi. Toʻzonlar yalla qurgan chogʻlar–odamlar xastalikka mubtalo, timqora uzum shodalari esa gʻuborning oq choyshabiga oʻrangan.

Hakim soʻnib borayotgan mana shu shaharda voyaga yetdi. Amakisi uni qallob va riyokorlar hunari boʻlgan boʻyoqchilikka oʻrgatgani bizga ma’lum. Va bu hunar dahriylik safarining ilk duoiba’dlariga asos boʻlgani ham ravshan. «Mening chehram oltinga yoʻgʻrilgan («Tugatilish»ning mashhur sahifalaridan birida u shunday yozadi), ammo men qizil boʻyoqni namiqtirib, ikkinchi kecha unga dagʻal yungni botirardim, kechalarning uchinchisida esa taralgan yungni olrangga boʻyab chiqardim. Mamlakat hukmdorlari mana shu qonli liboslar tufayli hamon oʻzaro tafovutdalar. Oʻspirinlikda jondorlarning asil tuslarini oʻzgartirib, men shu tariqa koʻnglimni chogʻlar edim. Farishtaning aytishicha, qoʻy-qoʻzilar qoplonlardan ranglari bilan farq qiladilar, ammo qoʻylarning qoplonga aylanishlari Yaratganga ma’qul tadbir ekani haqida Iblis muttasil menga uqdirar hamda u mening hiylam va boʻyoqlarimdan foydalanar edi. Endi boʻlsa men bilaman–Farishta ham, Iblis ham adashgandilar va har qanday rang jirkanchdir». Hijratning 146 yilida Hakim shahardan izsiz gʻoyib boʻldi. Uyidan esa yakson etilgan qozon va boʻyoqchilik anjomlari, yana sheroziy shamshir va birinj koʻzgu topdilar.

Buqa

158 yil sha’bon oyi sob boʻlar ekan, sahro havosi tiniq va musaffo edi, odamlar esa nafsni oʻldirish fursatidan gʻofil qolmaslik ilinjida magʻribdan balqib chiqayotgan ramazon oyiga tikilishgan. Qullar, qashshoqlar, sudxoʻr, tuya oʻgʻrilari va qassoblardan iborat bu olomon Marvga eltuvchi yoʻl boʻyidagi karvonsaroy qarshisida chordona qurgancha falakdan ishorat kutar edi. Ular magʻribga tikilgan, magʻrib osmoni rangi esa sahroga esh.

Shu dam (oftobi bezgakka solishga moyil, hiloli esa talvasa chaqiruvchi) sahroning tubsiz qa’ridan uch nafar koʻlanka paydo boʻldi. Uchovlon ham odam, ammo oʻrtadagisining boshi buqaniki edi. Ular yaqinlashar ekan, karvonsaroy qoʻnoqlari oʻrtadagi odam niqob tutgani, boshqa ikkisi esa soʻqir ekanlariga e’tibor qilishdi.

Kimdir birov (1001 kecha ertaklaridagi kabi) bu gʻaroyib manzara sababini soʻradi. «Ular soʻqirdirlar, - deb javob qildi niqobli odam,- illo mening yuzimni koʻrdilar».

Qoplon

Abbosiylar yilnomachisining ma’lum qilishicha, sahrodan paydo boʻlgan odam (uning ovozi muloyim edi yoki hayvon niqobi manzarasida shunday tuyilgandi) yigʻilganlarga murojaat qildi—ular tazarruning faqat bir oyi boshlanishiga intiqdirlar, ammo u bundan ham a’lo xabar keltirdi: odamlarning butun umri tavba-tazarru boʻladi va ular sharmisor oʻlim bilan zavol topadilar. Yana aytdiki, u Usmon oʻgʻli Hakim boʻladi, Hijratning 146 yili uyiga bir zot tashrif buyurib, tahorat qildi. Ibodatini ado etgach, bu odam shamshir bilan uning boshini tanidan judo qildi va boshni falakka olib ketdi. U zotning (bu Jabroil farishta edi) oʻng qoʻlida yotgan bosh Tangriga taqdim etildi. Tangri unga paygʻambarlik maqomini ato qilib, shu qadar koʻhna kalomni ham joyladiki, buni takrorlagan lablar kuyib kul boʻlgusidir va ravo koʻrilgan jannatiy shu’la esa ojiz bandalar koʻzlarini soʻqir qilgusidir. Niqob tutilganlik boisi shu edi. Barcha odamlar yangi ta’limotni e’tirof qilgach, ular uchun Chehra namoyon boʻladi va shunda odamlar ham xuddi farishtalar tavof qilganlari kabi soʻqir boʻlishdan hayiqmay, unga e’tiqod qilish saodatiga yetadilar. Oʻzining elchilik maqomidan ogoh etgan Hakim odamlarni muqaddas urush—«jihod»ga va shahidlik baxtiga da’vat qildi.

Qullar, gadoy va sudxoʻrlar, tuya oʻgʻrilari va qassoblardan iborat olomon unga ishonishdan bosh tortdi; kimdir: «Jodugar!» deb qichqirdi, yana birov—«Qallob!»

Karvonsaroy qoʻnoqlaridan birining shikorga oʻrgatilgan qoploni bor edi. Qoplon qafasdan qutulib chiqqani ma’lum. Niqobli paygʻambar va sheriklaridan boshqa hamma atrofga tiraqaylab qochib qolishgan. Qaytib kelgach esa jondor koʻr boʻlib qolgan edi. Yirtqichning yaltiroq, oʻlik koʻzlarini koʻrgan odamlar Hakimning oyoqlari ostiga yiqilishdi va uning ilohiy qudratiga shahodat keltirishdi.

Niqob Tutgan Paygʻambar

Abbosiylarning rasmiy solnomachisi Niqob Tutgan Hakimning Xurosondagi muvaffaqiyatlari haqida ishtiyoqsiz hikoya qiladi. Ketma-ket magʻlubiyatlar va dovruqli sarkardasining chormix etilgani tufayli intiqom talvasasida boʻlgan bu muzofot Shu’lakor Chehra ta’limotini bir intiqlik ila qabul qildi va bu yoʻlda moli-yu jonini ham ayamadi. (Hakim oʻsha paytdayoq buqa niqobini qimmatbaho durlar qadalgan toʻrt qabatli oq shoyi choyshabga almashtirdi. Abbosiy hukmdorlarning timsoliy rangi qora edi. Hakim boʻlsa, Muhofaza Niqobi, yalov hamda sallalar uchun bunga qarama-qarshi oq rangni tanladi.) Muhoraba mavsumi Hakim uchun muvaffaqiyatli boshlandi. Toʻgʻri, «Aniqlik Kitobi»da Halifa qoʻshinlari hamisha va har joyda zafar quchganlari sharaflanadi, biroq bunday zafarlar oqibati koʻp hollarda sarkardalar iste’fosi va mustahkam qoʻrgʻonlar tashlab chiqilishidan iboratligi ham koʻp narsani oydinlashtiradi. 161 yil rajab oyi oxirida shavkatli Nishopur oʻz darvozalarini Niqob Tutgan Paygʻambar uchun ochib berdi; 162 yil boshlanishida Astrobod shahri ham xuddi shunday yoʻl tutdi. Hakimning muhorabalardagi ishtiroki (ancha omadli boshqa Paygʻambar singari) jadalning qoq markazida malla tuya oʻrkachida oʻtirgancha Ilohga atalgan suralarni qiroat etishdan iborat edi. Atrofida nayzalar jasadiga mushtoq boʻlib uchib oʻtsa-da, birortasi unga zahmat yetkazmasdi. Aftidan uning oʻzi xatarlarga intiq edi—tunlarning birida saroyi atrofida izgʻib yurgan bir necha moxovga chalinganlarni ichkariga taklif qildi va ularning har biridan boʻsa olib, zar va kumush in’om etdi.

Mulkni boshqarish zahmatlarini u besh-olti yaqin safdoshlariga topshirib qoʻygan, oʻzi esa tafakkur qilish va oromga moyil edi; 114 nafar soʻqir juvondan iborat xarami uning ilohiy vujudi ehtiyojlarini qondirish uchun moʻljallangan edi.

Mudhish Koʻzgular

Ular har qancha nokamtar yohud johil boʻlmasinlar, Islom hamisha Xudoning ishonchli elchilariga nisbatan bagʻrikenglik koʻrsatib kelgan. Faqat sharti shuki, ularning targʻiboti an’anaga daxl etmasin. Ehtimol, bizning paygʻambar bu kabi bagʻrikenglik ortidan keluvchi manfaatdan voz kechmas edi, biroq uning izdoshlari, uning zafarlari va Halifaning – u paytlar Muhammad al Mahdiy halifalikda edi – oshkora gʻazabi uni yaqqol shakkoklikka yetakladi. Kufr uni badnom qildi, ammo u oʻzining xos e’tiqodi asoslarini, garchand gnostiklar ta’limoti sadolari sezilib turgan boʻlsa ham, shakllantirishga ulgurdi.

Hakimning kosmogoniyasi asosini allaqanday shaffof Xudo zabt etgan. Bu Xudoning ilohiy mohiyati shajara, shuningdek, ism va qiyofani oʻziga ravo koʻrmaydi. Bu Xudo oʻzgarishlar ilmidan saboq olmagan, biroq undan tarqalgan toʻqqiz koʻlanka harakatga kelishi hamon birinchi osmonni toʻldirib, bu osmonga hukmronlik qiladi. Ayni ilohiy shoda unda ham farishtalar, ilohiy qudrat va taxtiravonlar boʻlgan ikkinchisini paydo qiladi, bular ham oʻz navbatida quyiroqda boʻlgan, dastlabkining baqamti monandi boshqa osmonni vujudga keltiradi. Ayni ikkinchi ilohiy burj uchinchisida akslanadi, uchinchisi—quyiroqdagisida, shu tariqa 999 chiga qadar. Bularning barchasini dastlabki osmon hukmdori—boshqa koʻlankalar koʻlankasining koʻlankasi—boshqaradi va uning ilohiylik mahraji yoʻqqa barobardir.

Biz yashayotgan Yer—bu shunchaki bir nuqson, noʻnoqlarcha oʻxshatishga harakat. Koʻzgu va bola tugʻishlar jirkanchdir, illo bu nuqsonni koʻpaytirib-mustahkamlaydilar. Bosh fazilat—nafrat. Bu fazilatga bizni ikki yoʻl eltadi (shu joyda paygʻambar bizga erkin tanlash huquqini lozim koʻradi): nafsni jilovlash yohud boshboshdoqlik, vujudni siylash yohud bokiralik.

Hakim taqdimotidagi jannat va doʻzax bundan-da mudhishroq. «Kalomni inkor qiluvchilar uchun, Benazir Niqob va Chehrani inkor qiluvchilar uchun («Yashirin Atirgul»da bitilgan duoiba’d shunday jaranglaydi) men gʻaroyib Doʻzax va’da qilaman, illo ularning har biri 999 otash saltanatiga hukmronlik qiladi, va har bir saltanatda 999 olovli togʻ, har bir togʻda 999 olovli minora, har bir minorada 999 olovli xosxona, har bir xosxonada 999 olovli toʻshak, har bir toʻshakda esa uning oʻzi yotadi va (uning chehrasi va uning ovoziga ega) 999 olov chulgʻagan odam uni mangu azoblaydi». Boshqa bir oʻrinda buning tasdigʻiga duch kelamiz: «Bu hayotda sizlar birgina vujud azoblariga duchorsizlar; ammo qalbingiz va xayollaringizda adoqsiz koʻp vujudlar azobiga giriftorsizlar». Jannat tasvirlari esa tafsilotlardan holi. «U joy hamisha zim-ziyo zimiston, atrofdagi tosh kosalar obihayotga toʻla hamda bu jannat farogʻati—ayriliq, voz kechishlar va uyqusida tush koʻrayotganlarning ayricha farogʻatidan boshqa narsa emas».

Chehra

Hijratning 163 va Shu’lakor Chehraning beshinchi yilida Halifa qoʻshinlari Sanomda Hakimni qamal qildi. Oziq-ovqat va shahidlar yetarli edi, buning ustiga farishtalar ilohiy lashkarining koʻmagi kutilayotgan edi. Qamal ostidagi qal’a boʻylab tasodifan mudhish xabar tarqaldi. Aytishlaricha, zinokorlikda gumon qilingan xaramdagi ayollardan birini boʻgʻib oʻldirayotganlarida, boyaqish jonholatda paygʻambarning oʻng qoʻlida jimjilogʻi, barmoqlarida esa tirnogʻi yoʻqligini aytib qichqirgan. Bu ovoza lashkar orasida yashindek tarqaldi. Baland ayvonda, koʻzni qamashtiruvchi oftob ostida Hakim ilohdan gʻalaba yohud uning alomatini soʻrash bilan mashgʻul edi. Shu dam yomgʻirga qarshi chopayotgan kabi boshlarini quyi egib, sadoqatli ikki sarkarda unga yaqinlashdi va birdan qimmatbaho durlar qadalgan Niqobni tortib olishdi.

Atrofdagi barcha hayratdan qalqib tushdi. Samoda, me’rojda boʻlib qaytgan Havoriyning chehrasi chindan ham oppoqligi bilan, dogʻli moxov xastaligiga xos alohida oqligi bilan hayratga solardi. Bu chehra shu qadar shishinqiragan va beoʻxshovligidan chindan niqobga oʻxshardi. Qoshdan nishona qolmagan, oʻng koʻzining pastki qovogʻi qariyalarniki kabi qurigan yonoqqa qadar osilib tushgan, xastalik lablarni ham omon qoʻymagan. Haddan ziyod shishgan burun baayni arslonniki kabi edi.

Hakim soʻnggi chora sifatida makrini ishga solib hayqirdi: «Sizlarning jirkanch gunohlaringiz mening shu’lamni koʻrishga qoʻymayotir…»

Uni eshitib oʻtirmadilar va nayza sanchdilar.