OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXuan Karlos Onetti
Asar nomiMahzuna (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Urugvay adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ekzistensializm
Mualliflar
   - Xuan Karlos Onetti
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNazar Eshonqul
Hajm69KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mahzuna (hikoya)
Xuan Karlos Onetti

«
M.K. ga bagʻishlanadi.
»

Mening qimmatli MAHZUNAM,
Bizni son-sanoqsiz va sirli rishtalar bogʻlab turganiga qaramay, keyingi ikki oydagi doʻstona munosabatlarimiz uchun bir-birimizga minnatdorlik bildirgancha xayirlashish vaqti kelganini tushunib turibman: Sen bundan faqat foyda koʻrasan. Men hech qachon bir-birimizni chin yurakdan tushuna olmadik, deb, ich-ichimdan xavotirlanayapman va sening oldingdagi gunohimni, ma’suliyatimni va magʻlubiyatimni his qilayapman. Oʻzimni oqlashga harakat qilaman, albatta, faqat sening oldingda,- senga shuni aytmoqchimanki ikki oqimga qarshi bir necha varaq mobaynida suzish menga ogʻirlik qildi. Shuningdek faxr bilan oʻtgan baxtli soniyalarni ham chin koʻngildan e’tirof etaman. Har qalay, meni kechir. Men sening yuzingga endi hech qachon baxt izlab tikilmayman va sen ham hech qachon mening seni har kuyga solgan aftimni koʻrmaysan.

X.K.O.


Bir necha yillar oldin, ehtimol koʻp yillar ilgari, unga hozir xuddi kechagiday boʻlib tuyuladigan baxtning oniy lahzalaridan birida beixtiyor u qandaydir erkakning uyida paydo boʻlgandi. Oddiygina toʻshak, isqirt va badboʻy gʻuslxona, dirillab yuradigan lift – uning xotirasida oʻsha kundan saqlanib qolgan barcha narsa shular edi. Bu erga tegmasdan sal oldinroq sodir boʻlgandi.

U oʻz xoxishi bilan borgan, chunki uqubat toʻla hayotini boshqa izga burib yuboradigan, koʻnglini chirmovukday oʻrab olgan umidsizlik nihollarini sugʻurib tashlaydigan qandaydir xunuk va gʻayritabiiy narsa yuz berishini istagan edi. U kelajagi haqida oʻylamasdi ham va undan butkul voz kechishga ham tayyor edi. Biroq jonini olgan oʻsha ilk ogʻriqqa hech qanday aloqasi boʻlmagan vahima uni «yoʻq, yoʻq» deb aytishga, oʻzining qoʻllari bilan himoya qilishga, oyoqlarini jonholatda silkitishga majbur qilgandi. Uning vujudida jazirama quyosh va qirgʻoq qumlogʻi bilan birga erkak badanining choʻgʻday harorati qolgan edi. Tongda esa u ovloq joyda yolgʻiz qolgach, shu kechadan boshlab yoki deyarli yalangʻoch – yarim ochiq koʻylakda- boʻm-boʻsh chemodanini koʻtargancha qayoqqadir sargashta joʻnab ketayotgani tushiga kirgan edi. Hamma narsadan koʻngli qolgan yalang oyoqlarini yerdan zoʻrgʻa koʻtargancha imillab oʻzini jiddiy tutib, biroq tamanno bilan ketib borardi. Umidsizlik, musibat, oʻlim istagi – buning bariga faqat shuning uchun toqat qilish mumkin ediki, uning xumorini yozish uchun koʻchaning har bir burchagida boʻgʻzini kuydirib yana erkak badanining orzu qilsa arziydigan junjushli hidi paydo boʻlishi mumkin edi. Oyoqlari zir qaqshar, qadamlari tobora sekinlashar va uni asta sekin yupanch va tasalli sari yetaklab borardi. U yarim yalangʻoch holda, faqat uzoq-uzoqlarda fonuslar miltillayotgan qorongʻulik hamda jozibali sukunat choʻkkan joyda toʻxtagandi va tovush chiqarib horgʻin nafas olgandi. Qushday yengil chemodonini koʻtargancha, oʻz xotiralaridan lazzatlanib, yana iziga qaytgan edi.

U toʻsatdan toʻp-toʻp boʻlib koʻrinayotgan qora koʻlankali isqirt uylar orasida qalqib chiqqan ulkan oyni koʻrib qolgandi: oy qanchalik yuksak koʻtarilsa, shunchalik zarhal rangda tovlanar edi; Uning bir hovuch boʻlib yigʻilib qolgan pushti-qizil tegrasi asta-sekin soʻnayotgan edi. U har qadam bosganida oʻzining boʻm-boʻsh chemodani bilan hech qayoqqa borolmasligiga, oldinda oʻzini hech qanday toʻshak ham, hech qanday kulba ham va hech qanday qismat kutmayotganiga tobora ishonib borardi. Oy endi maftunkor tusga kirgan edi. U deyarli yalangʻoch, qaddini tik tutib, zim-ziyo zulmatni jajji siynalarining uchlari bilan tilka-pora qilgancha, yuksak va yana yuksaklikka koʻtarilayotgan ulkan va bagʻoyat fusunkor oyni yelkasida koʻtarish uchun ketib borar edi.

Erkak kundan-kunga ozib borardi., ayolga nisbatan uning kulrang koʻzlari endi ifodasiz va ma’nisiz tusga kirgan, har qanday iltifot va shafqatdan allaqachon mahrum boʻlgan edi. U hech qachon yigʻlamagandi va mashaqqat bilan kezib chiqqan oʻttiz ikki yil oxir-oqibatda uni xayotga jinday umid bilan boqishga ham, uni zabt etishga boʻlgan jinday harakat ham behuda ekanligini oʻrgatgandi.

Har kuni ertalab, xandan-xushon oʻtgan yoz faslida oshxona uchun olib kelishgan idishlar bilan toʻlgan xaroba stol ustidan ayolga tikilar ekan, erkakning yuzida na samimiy, na yasama ifoda qalqirdi. Balki gunoh faqat ayollarning oʻzidagina emasdir, ehtimol, avval kim gunohkor boʻlganini va hozir kim aybdor ekanligini aniqlab oʻtirishning oʻzi bema’nilikdir?

Ayol erkakning koʻzlarini zimdan kuzatib borar edi. Basharti bu- pinhona alamli qorachiqlarni yondirgan chaqmoqni, hammasini bilib olishga tirishayotgan ayyora nigohni kuzatish deb atash mumkin boʻlsa? Erkakning koʻzlari har kuni, har tongda sirli ravishda yana ham ravshanlashib, yana ham yasharib borardi. Biroq u buni yashirgisi kelmasdi: shu bilan boshqa bir koʻzning iltijo va soʻroq toʻla hujumlarini qoʻpollik qilmasdan osongina daf etar edi.

U endi oʻttiz ikkiga kirgan edi: soat toʻqqizdan beshgacha u bir idoradan ikkinchi idoraga oʻtib: bir binodan ikkinchi binoga zir yugurib yurardi. Ba’zi erkaklar kesami, yoshmi, bundan qat’i nazar, semiz, boʻychan ayollarga koʻr-koʻrona xushtor boʻlganlaridek, u ham pulga mukkasidan ketgan va pulning hamisha moʻl-koʻl boʻlishini istar edi. U yana holdan toydiradigan haftaning soʻngi kunidagi rohatbaxsh hordiqni va musaffo osmondan- salqin havodan yogʻiladigan orombaxsh lazzatni ham shumday yaxshi koʻrar edi.

U qaerda boʻlmasin, qaysidir koʻrinishda oʻzining ustidan goh omad, goh nafs hukmronlik qilayotganini his qilib yurardi. U qachonlardir oʻziga ovqat qilib beradigan va ikkinchi qavatda ovozi uchmay, oʻksib-oʻksib yigʻlab yotadigan bola tugʻib bergan bu uvoqqina ayolni ham sevardi. Endi esa u ayolga tavahhum bilan tikilib-tikilib qoʻyardi? Unga ba’zan ayol ismini ham hech qachon eshitmagan, oʻziga hech qanday aloqasi yoʻq yoki qachonlardir oʻlib ketgan qandaydir begona ayol boʻlib tuyulardi. Vaqti qat’iy tartibga tushmagan nonushta paytlari quyosh nurlari baland derazadan xonaga oqib tushardi: bogʻdan taralayotgan koʻkat hidi xuddi endigina tugʻilgan shubha yangligʻ stol ustida bilinar-bilinmas oʻrmalab yurardi. Ularning birontasi ham ikkovi orasidagi musibat qoʻshinlari endi quyoshni, qishni va bahorni ham nihoyat tor-mor keltirganini inkor etishmasdi.

Butun xayotlarini ostin-ustun qilib yuborgan oʻzgarishlardan oldin hali tashlandiq, yovvoyi bogʻni oʻlik hovuzga aylantirish hech kimning xayoliga kelmagan paytda, bir kuni erkak gʻira-shira qorongʻuda oʻrnidan turib, tong otishini kuzatish uchun boqqa chiqdi. Shafaq qizarishi bilan u araukariyaga konserva bankasini qoʻydi va sadaf bilan qoplangan kichkina toʻpponchani baland koʻtargancha, bir necha qadam orqaga yurdi. U qoʻlini yuqori koʻtardi, biroq tepkini bir necha marta behuda shaqillashidan boshqa hech narsa eshitmadi. U oʻzini masxara boʻlganday his qilib, kayfiyati buzilib uyga qaytdi: xotinini uygʻotib yuborishi mumkinligini oʻylamay ham qurolni javonning bir burchagiga uloqtirdi.
-Nima boʻldi,-deya toʻngʻilladi ayol, erkakning yuvinish uchun yechinayotganini koʻrgach.
-Hech narsa. Na oʻq biron narsaga yaraydi – boʻlmasa sotib olganimga bir oy ham boʻlgani yoʻq, meni chuv tushirishibdi – na toʻpponcha sinib yoʻq boʻladi. U mening onamdan yoki onamning onasidan qolgan: tepkisi juda boʻshashib qolibdi. Menga sening tuni bilan hech qanday himoyachisiz, yolgʻiz qolishing yoqmayapdi. Bugunoq biron chora koʻrishim kerak.
-Hechqisi yoʻq, - dedi ayol va oyoqyalang bolaning oldiga joʻnarkan-Mening oʻpkam juda katta, agar biron narsa boʻlgan taqdirda ham chaqirsam qoʻshnilar eshitishadi.
-Bunga ishonchim komil,- istehzoli jilmaydi erkak. Ular bir-biriga erka tabassum bilan tikilishdi. Ayol mashina tovushi uzoqlashib ketguncha, kutib turdi, soʻng koʻkragini soʻrib yotgan bola bilan birgalikda yana uxlab qoldi.

Xizmatkor ayol har doimgidek nima uchunligini bildirmay kirdi va soʻng yana indamay chiqib ketdi. Ayol bularning hammasiga asta-sekin kunikib borardi; u erkakning koʻzlarida qotib qolgan doimiy musibat ifodasiga endi ishonmasdi. Nasldan-naslga oʻtib kelayotgan soliq qovoqlar ostida porlab turadigan qorachiqlar limmo-lim toʻlib turgan koʻz yoshlarga oʻxshardi. Erkak esa endi atrofini oʻrab turgan dunyodan zavq olishga qodir emas edi: uni tashvishlar, goh butunlay esidan chiqqan, goho ichmagan paytlari yana yodiga tushib, uni injiq, bagʻritosh odamga aylantiradigan, uning istagiga qarshi tugʻilgan bola, qochib qutulib boʻlmas ish, shovqin-suronli ulfatlar davrasi va mudhish yolgʻizlik tuygʻusi – bular barchasi nihoyat uni holdan toydirgan edi. Zotan na erkak, na ayol ikkalasini bir tanaga aylantiradigan tunning muqarrar moʻ‘jizasiga endi ishonmas edi: bu esa oʻzlari oʻtirgan qismat shoxini oʻzlari oldindan kesish bilan baravar edi.

Ularning birgalikda oʻtkazadigan damlaridan endi hech narsa kutib boʻlmasdi ; biroq ular hali ham oʻrtadagi bu boʻshliqni e’tirof etishdan bosh tortib kelishardi. Erkak kuldonga sigareta qoldigʻini qoqardi, ayol bir burda qovrulgan nonga shinni va yogʻ surib oʻtirardi. Ertalabdan toki kechgacha erkak ayolga aslida faqat gazak olgan yaradan soʻng hayotdan umid uzgan yoki behuda toat-ibodatga mukkasidan ketgan gadoynikiday ifodasiz va loqayd koʻzlarini shunchaki nomiga tikib oʻtirardi.

Ayol bilan bogʻ toʻgʻrisida, oila ta’minoti toʻgʻrisida, yuqori qavatda uxlab yotgan gulobi kiyimdagi bola toʻgʻrisida gaplashardi. Erkak ayolning ogʻzidan oʻzi istagan sgʻz bilan ifodalab boʻlmas oʻsha sehrli jumlani kuta-kuta, charchagach, oʻrnidan, turib, uning peshonasidan oʻpardi va hovuz qurayotganlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatish uchun chiqib ketardi.

Erkak oyma-oy yana ham boyib borayotganiga, bankdagi pullari har qanday toʻsiqlarga va har qanday gʻarazli niyatlarga qaramay, yana ham koʻpayib borayotganiga amin edi. U yangi daromadlarini ishonchli va foydali joyga qoʻyishni oʻylab koʻrishga hatto ulgurmasdi ham.

Kechqurun besh-oltigacha u avtomobillarning, traktorlarning va boshqa turli xil mashinalarning ehtiyot qismlarini sotardi. Biroq biron bir xilvat toʻshakda yoki restoran stolchasida oʻzini qandaydir ayol bilan «ta’minlash», har xil ermak va yupanchlar bilan yolgʻiz koʻnglini ovutish uchun soat toʻrtdan boshlab, shoshilmay va umidsizlanmay, telefon qulogʻini tinmay burashga tushardi. U juda oz-faqat zarur narsalar bilangina qanoatlanardi: Mayli uning chakaklarini ayol barmoqlari silab tursa boʻldi, ham uni erkalab, ham uni tushunganini bildirib koʻzlari jilmayib soʻng oʻz-oʻzidan bejirim koʻylaklar, qimmatbaho mushku-anbarlar, turli bezaklar sotib olishdan iborat muhabbat mashgʻuloti boshlanadi. Shuningdek, maza-matrasiz javrashlarni quloq qoqmay eshitishga majbur boʻlgan uzundan-uzun tun, tavba tazarrular va buzilgan ahloq ham sotib olinardi.

Erkak uyga tonga yaqin qaytardi: ayol uning yasama xotirjamlik aks etgan yuzidagi sirli ifodalarni oʻqib olmoqchiday har doimgiday chuqur va sirli qilib xursingancha, erkakning unga aytadigan biron gapi boʻlmasdi. U shkafdagi shishalar qatorini bir daf’a koʻzdan kechirar, soʻng qulay kelganini qoʻliga olardi. Oromkursiga yaxshilab joylashib olgach, ayolning sukuti, tushdan soʻng paydo boʻlgan shirin xayollari va shiftga qadalgan nigohi bilan yuzma-yuz oʻtirgancha, kitob varaqlariga qoʻlini qoʻyib, beparvogina icha boshlardi. Ayol uni tergamasdi: hatto bir qancha vaqtgacha u erkakni hech qanday shubha-yu-gumonlarsiz tushunishga harakat qilmoqchi, oʻzi, hayoti va umrining gulgun pallasi haqida koʻnglida paydo boʻlayotgan xoʻrlikka oʻxshash uqubatu-nadomatlar toʻgʻrisida u bilan hasratlashmoqchi ham boʻlardi.

Sentyabrning oʻrtalarida, ayol hayot togʻga yoki ulkan toshga oʻxshaydi, uni biz kashf etib sindirolmaymiz, uni odamzot kashf qilolmaydi, degan fikr bilan avvaliga nomiga, soʻng esa rostakamiga oʻzini ovuta boshladi.

Bu hodisa qanday va qay tariqa boshlanganini bilish hech kimga, ha, hech kimga ato qilmaydi. Hozir biz hikoya qilib bermoqchi boʻlgan voqea erkak hali botmagan quyoshning soʻlgʻin nurlari tushib turgan bogʻda u yoqdan bu yoqqa yurgan osoyishta kuz oqshomida sodir boʻlgan edi; erkak birdan toʻxtab, atrofga alanglab, yam-yashil soʻlim maysazorni, quriy boshlagan yovvoyi butalarning soʻnggi gullarini sinchiklab koʻzdan kechirgandi. U bir zum harakatsiz qotib qolgan, boshi yon tomonga ogʻgan, qoʻllari sinib ketganday osilib turardi. Soʻng toʻsiq oldiga kelgan va xuddi shu yerdan har biri bir metrcha keladigan tekis qadamlarda butun bogʻni shoshilmay oʻlchay boshlagandi. U oldin janubdan shimolga qarab, soʻng sharqdan gʻarbga qarab oʻlchagan edi. Ayol esa yuqori qavatdagi darparda orqasiga yashiringancha, uni qoʻrquv bilan kuzatib oʻtirardi: kundalik turmushning odatdagi yozugʻidan chekkaga chiqqan har bir hodisa unga oʻzining baxtsizligini ta’kidlaydigan yangi dalil va isbotday boʻlib tuyulardi. Bola zavol payti gʻingshinib, yigʻlayvergandi; unga gulobi kiyimni hozir kiygizishganmi yoki tugʻilgan paytimi, yoki undan sal keyinmi, buni endi hech kim eslamas edi.

Hr ikkisi uchun ham haftaning eng ogʻir kuni boʻlgan dam olish kunining shomi ham choʻkib, vaqt allamahal boʻlib qolgach, erkak oshxonada qahva ichib oʻtirar ekan;
-Qanchadan-qancha yer bekor yotibdi,-dedi. Ayol erkakning mujmal, tushunib boʻlmas qaygʻu zuhurlangan zohidona yuziga tikilgan va uning endi bu yoʻldan qaytarib boʻlmas darajada qandaydir, oʻjar va sirli istak bilan yonayotganini koʻrgan edi.
-Ha, men ham bu haqda koʻp oʻylardim...,-degandi ayol, garchi aldayotganini, bu haqda oʻylashga unda vaqt ham, hohish boʻlmaganini bunday fikr hatto xayoliga ham kelmaganini oʻzi ham anglagan holda.- Men hamisha bogʻimizda amalga oshirilmay yotgan qanchadan-qancha rejalar haqida, mevali daraxtlar va gulzorlar haqida oʻylardim.

Shunday boʻlsa-da, ayol shu yerda, qachonlardir qariya Petrus qurgan, suv va plyajdan uzoqdagi bu eski uyda tugʻilgandi. Shu yerda tugʻilgan va voyaga yetgan edi. Uning qalbiga kattalar dunyosi kirib kelganda, u bu dunyoni tushunmagan edi; oʻzining va himoya istab oʻtib boʻlmas chakalakzori bilan sirli va vahimali koʻrinadigan boʻtalarga, kechasi-yu kunduzi zim-ziyo, qoʻrqinchli boʻlib yotadigan keksa, egri-bugri daraxtlar orasiga va tizza boʻyi anvoyi oʻt-oʻlanlar oʻsadigan qalin maysazorlarga oʻzini yashirar edi. Uning anavi oʻtlarni oʻradigan mashina sotib olgan otasi har oqshom kechki tamaddidan soʻng stolga mushtlagancha, ertagayoq ish boshlayman deb, qat’iy ahd qilardi. Biroq u hech qachon ishni boshlamasdi. Ba’zida u erinmasdan bir necha soatlab mashinani moylar yoki oylab tep-tekinga qoʻshnilarga berib yuborar edi.

Biroq yovvoyilashib, chakalakzorga aylangan bogʻ qoʻl tegizilmagan holicha qolavergan edi. Oʻsha, qizaloqlik paytidayoq u ertaga degan soʻzdan ham sehrliroq soʻz yoʻqligiga ishongandi; shunday deyilsa, hech qachon hech narsa oʻzgarmay qolaveradi va oʻzining ham oromi buzilmaydi.

Hali bolaligidayoq u boʻtalarning, oʻtloqning, qandaydir egri, nomsiz daraxtlarning oʻzini erkalagan shivir-shivirlarini va koʻklam kelishi bilanoq maysalar quvnoq qiyqirganlaricha uylarini ishgʻol qilib olishlarini, bir necha oydan soʻng esa hayiqib, biroq qilgan ishlaridan koʻngillari toʻlib, yana chekinishlarini kashf etgan edi.

Erkak qahvani ichib boʻlgach, nimagadir qaror qilib, boshini azot koʻtardi. Soʻng yana jim qoldi, toʻgʻrirogʻi, oradagi sukunatni yana ham taranglashtirmoqchi boʻldi.
-Yoz kelganda yotish va uyni salqinlatib turish uchun deraza yonida bir parcha joy qoldirish mumkin. Biroq qolgan hamma joyga beton yotqizib chiqish kerak. Men bu yerga juda katta akvarium qurmoqchiman. Yaratish deyarli mumkin boʻlmagan, noyob namunasini. Buning uchun esa oz-muncha pul sarf boʻlmaydi.

Ayol bularning hammasi yolgʻonligini bilardi, u erkakning pulni behuda sarflashiga ham, kimdir bu befoyda, keksa va durkun daraxtlarni kesib olishiga ham, hech qachon oʻrilmagan oʻtlarni hamda hatto nomi ham yoʻq, payhona-soʻlgʻina va taftsiz yovvoyi gullarni oʻrib olishiga ishonmas edi.

Biroq dam olish kunlarining birida qandaydir uch erkak ishchi kelib, eri bilan savdolasha boshlashdi. Ayol ularga yuqori qavatdan qarab turardi; ikkitasi qator terib qoʻyilgan orom kursilari bilan bir qatorda, ayolga yon tomonlarini oʻgirib turishar, vaqti va bahosi haqida tortishardi, baquvvat, bosiq va qalpoq kiygan uchinchisi esa choʻkka tushib oʻtirgancha gul poyasini chaynardi.

Ayol hammasini oxirigacha eslab qolgandi. Kumush sochi patak boʻlib ketgan, qaddi bukik, qoʻllari shalvirab qolgan, eng keksasi ish taqsimlovchisi bilan bir muncha vaqt yelkasi bilan eshik panjarasiga suyanib, gaplashib turishgandi. Barvazta esa kesib tashlash kerak boʻlgan daraxtlarni, keng oʻtloqni, mavj oʻrib oʻsayotgan maysalarni loqaydlik bilan koʻzdan kechirgandi. Qolgan ikkitasi esa oldinroqda borishar, nima uchundir, chalgʻi, belkurak va ketmon koʻtarib olishgan, erinchoqlik bilan oyoqlarini zoʻrgʻa bosishardi. Koʻrinishidan ishyoqmas va tebsa-tebranmas, yoshroq hamda barvastarogʻi hali ham atirgul poyasini chaynardi. Yakshanba kunining serjoziba subhidami edi va bogʻda bahor chechaklar raqsga tushardi; ayol ishchilarga qaragancha, menga shunday tuyulayotgan boʻlsa kerak deb oʻzini ishontirmoqchi boʻlar, bola esa tinmay koʻkrak soʻrardi.

Ayol erkakning xudgoʻyligini va oʻziga ataylab ozor berish odatini yaxshi bilardi. Biroq ikkalasi ham bu haqda shunchalik koʻp gaplashgandiki, bir odamni, boshqa bir odam tushunsa va sevsa boʻladigan darajada hamma narsa ochiq va oydin boʻlib qolgan edi. Ayolga bogʻni, unga qoʻshib bogʻning bir boʻlagi boʻlgan oʻzini yer yuzidan yoʻq qilish intiqomiga erkakda hech qanday asos yoʻqday tuyulardi. Ba’zida ikkalasi ham neki oʻtgan boʻlsa, unutdik degan umid bilan oʻzlarini ovutgan paytlar erkak uni nimadir toʻqib oʻtirgan holda bogʻning qaysidir burchagidan topar va hech qanday kirish soʻzlarsiz yana oʻsha adovatli ruhda gapira boshlardi:
-Hech qachon, hech narsa sodir boʻlmagandek, hammasi bir umrga unitildi, qanday ajoyib!- Pir-pir uchayotgan, quruqshigan yuzini hatto ayol tarafga burmasdi ham.- Biroq senga oʻgʻil tugʻish nima uchun zarur boʻldi ekan? Shuncha oylardan beri faqat gulobi jun sotib olarding, oqibatda esa mana-oʻgʻil tugʻildi. Men tentak emasman. Menga qizmi oʻgʻil farqi yoʻq. Biroq qiz tugʻilganda u sening izmingnda qolardi famiyalingni olardi. Biroq bu kuchukvachcha esa, aksincha...

Ayol ancha vaqtgacha oʻzini xotirjam tutib turdi, qoʻllarini chimchidi, soʻng nihoyat unga qaradi. Erkakning yuzlari yana ham quruqshigan, porlab turgan koʻzlari yana ham kattalashgan, maymoqlangan va tushkunligidan oʻzini yoʻqotib qoʻygan qiyofada masxaromuz tirjayib turardi. U yangi buhton toʻqiyotgan edi. Ikkalasi ham uning buhton toʻqiyotganini his qilib turishar, biroq har qaysisi buni oʻzicha tushunishardi.
— Biz bu haqda shunchalik koʻp gaplashdikki,-dedi ayol horgʻin tarzda.-Men bu haqda Sendan juda koʻp marta eshitganman...
— Boʻlishi mumkin. Biroq men ham bu mavzuga tez-tez qaytishni unchalik xush koʻrmayman. Bu bola mening ismi-sharifimga oʻtadi. Va men uni boqishga hamda tarbiya qilishga majbur boʻlaman. Biz bu ishni har tomonlama oʻylab koʻrsak ham chalgʻiganga oʻxshaymiz. Biz ishga bir yoqlama qarab, sal adashmadikmikin? Men oʻzimni kim hisoblayman? Birovning magʻzavasiga kir yuvgan ovsar debmi? Ha, sen esa dogʻuli qanjiqsan.
— Toʻnka,-dedi ayol mayingina tovushda achchiqlanmay, hatto kimga aytayotganligini oʻzi ham bilmay.

Erkak yuziga xira tun shohisini tortgan va bahorning kelganiga hech bir shubha qoldirmaydigan serbulut osmonga qaradi. Keyin oʻgirildi-yu, uyga qarab ketdi.

Balki buning hammasi oddiy va arzimagan voqeadan boshlangandir.

Odam shular haqida oʻylashi kerakmi yoki rad qilishi, gap shundan birini tanlashdadir degan erkak omad yoki omadsizlik qaygʻu yoki quvonch baxtning kulib boqishi yoki azob bilan oʻtadigan achchiq qismat, shunga yarasha xizmat qildikmi yoki yoʻqmi, hisoblashib oʻtirmay tanlayveradi, deb qattiq ishonardi. Ayol hayotda undan ham koʻproq narsalarga javob izlardi: u oʻz qismati, oʻz xatolari haqida, odam aqli yetmaydigan umr jumboqlari haqida oʻylar, boʻynidagi gunohi-azimni his qilar va nihoyat hayotda toʻlashga, taqdimlanishga hamda jazolanishga arziydigan gunohlar yetarlicha topiladi degan xulosaga kelgandi. Aslini olganda, bu ikkalasi ham aynan bir narsa edi.

Ba’zan erkak ayolni yarim kechasi oʻygʻotib, Mendel haqida hikoya qilishni boshladi. U mushtuk yoki sigareta chekib, toki ayol butun vujudi bilan oʻzini eshitishga tayyor ekanligiga ishonmaguncha, kutib turardi. Balki u shunday qilsam, oʻzining qalbida yoki qip-yalongʻoch yotgan xotinining qalbida moʻ‘jiza sodir boʻladi va bu moʻ‘jiza ichlariga kirib olgan jinlarni quvib chiqarib, ularga haqiqiy baxt yoki hech qursa roʻyo boʻlsa ham bir lahzalik bahtiyorlik ato etadi deb, ishongandir.
-Nima uchun endi aynan Mendel bilan? Axir sen mening nomusimni qoʻzgʻatmaydigan boshqa bironta tuzukroq nomni tanlashing ham mumkin edi-ku!

Erkak ayolning Mendel bilan ishqiy mojarosi toʻgʻrisidagi hikoyasini yana eshitishni xohlardi; biroq oxirigacha eshitishdan bosh tortar, oʻzining sha’niga tegib ketadigan biron narsa sodir boʻlishidan qoʻrqar va nihoyat chekinib boʻlsa ham, yopigʻliq qozonni toʻla ochmas, goʻyo shu yoʻl bilan oʻz oriyati va sha’nini qutqarib qolardi. Bular bari axmoqona be’manilikedi, biroq voqea faqat shu bilan barham topsa, koshkiydi.

Mendel boʻlmasa, boshqa birontasi. Umuman olganda baribir emasmi. Bularning muhabbatga hech qanday aloqasi yoʻq. Bir kuni kechasi erkak oʻzini zoʻrlab kuldi.
-Shunday boʻlsa ham boʻlar barchasi menga oldindan ayon edi. Chunki ish shunchalik chalkashib ketgandiki yoki aksincha, shunchalik murakkablashib ketgandiki, men shu daf’aning oʻzidayoq Mendelni avaxtaga oʻtqazib qoʻyishim mumkin edi. Aynan Mendelning oʻzini, boshqa hech kimni emas. Qonunga zid qogʻozi va qalbaki imzosi uchun. Va menda ham unga nisbatan hech qanday rashk-pashk oʻygʻonmaydi. Uning xotini va oʻz pushti kamaridan boʻlgan uch oʻgʻli bor. Uyi esa ikkita. Goʻyoki hamma narsaga erishgan. Yoʻq, gap faqat rashkda emas, hasadgoʻylikda. Buni tushuntirish qiyin. Chunki hammasini chippakka chiqarish, Mendelni xarob qilish yoki qilmaslik arzimagan ish. Men buni oʻz kayfiyatimdan oldinroq, ya’ni oʻzimda shunday qudrat borligiga ishongunga qadar qilishni hohlagandim. Tushunmayapsanmi, bu ishni hech qanday niyat va intiqom bilan emas, sof hasadgoʻylik bilan qilishim mumkinligini tasavvur qildim, his etdim. Ba’zida deyarli kamdan-kam hollarda, menga shunday qila olishim mumkinday boʻlib tuyulardi.

Ayol indamay oʻtirardi. Subhidam salqinidan eti junjikar ekan, bola haqida oʻyladi va uning ochiqib yigʻlashini kuta boshladi.Erkak esa qachonlardir oʻziga hamda ikkalasi ham oramizda bor deb, ishongan, bir necha oy davomida, u haqda yoniq orzularga botib yurishgan, bir-birini aldamay, ishtiyoq va ishonch bilan yashashga undagan, ularga hozir yetib boʻlmasdek tuyulayotgan baxt-saodat mulkining shundoq yonginasidan olib oʻtgan, homilasi birovdan ekanini bila turib, oʻldim–kuydim qilgan, hozir esa ikkisi uchun ham qadri qolmagan oʻsha yoniq hissiyotni tiriltiradigan moʻ‘jizani kutib hamon jim qotib turardi.

Ishchilar dushanbadan boshlab ishga kirishdi, ular shoshilmasdan daraxtlarni kesib chiqdilar, kechqurun esa ularni bir tomonga ogʻgan, shaloq, eskiligidan shaldirab qolgan mashinaga yukladilar. Bir necha kundan keyin ular yovvoyi gullarni va oʻtloqdagi gurkirab oʻsgan begona oʻtlarni oʻrishga kirishdilar. Ular hech qanday aniq ish rejimiga amal qilmasdilar. Aftidan, ular kunning uzunligi va qisqaligi, erta yoki kechligidan qat’iy nazar butun ish uchun savdolashishgandi. Har holda ularning shoshilayotganini anglash qiyin edi.

Erkak bogʻda boʻlayotgan ishlar haqida unga hech narsa demasdi. Ichib va chekib, soʻlgʻin alfozda jimgina oʻtirardi. Ishchilar avval oq, soʻng kulrang beton bilan butun bogʻni va boqqa qoʻshib erkakning barcha ayanchli xotiralarini ham koʻmib tashladilar.

Bir kuni nonushta soʻngida erkak sigaretasini kuldonga bosib oʻchirdi-da, hamishagidek, yuzidagi intiqom va adovatni yashirmay, xuddi oʻz gaplarining magʻziga faqat oʻzi tushunadigandek, masxoramuz jilmayib, ayolga qaramasdan chertib-chertib dedi:
-Agar sen yerkovlarga koʻz-quloq boʻlib tursang, yaxshi boʻlardi. Ayniqsa, ovqatlanish mahali. Sement yotqizish negadir hech oldinga siljimayapti.

Bu paytga kelib uch ishchi yerkovlarga aylangandi. Ular bunda baliq yetishtirish mumkin emasligini ahmoq ham tushunadigan, ataylab palapartish tartib berilgan, boʻlajak akvarium uchun qalin va ulkan oyna keltirishgandi.
-Yaxshi,-dedi ayol. –Men qariya bilan gaplashib koʻraman. Avval bogʻ boʻlgan joyga ishni kuzatish uchun borib turajagimni aytaman.
-Qariya bilan?- tirjaydi erkak.- U gapirishni bilarmikan? Menimcha, u faqat qoʻllari va qoshlari bilan buyruq beradi, shekilli.

Ayol har kuni ertalab va kechqurun tsementdan qilingan maydonga tushar va nihoyatda beqaror ish soatlarini nazorat qilib turardi. Ehtimol,u haqda ham endi erkakka nisbatan intiqom va adovatini yashirgisi kelmaydi, deb aytish mumkindir. U qaddini tik tutgancha, qattiq, tekis tsement boʻylab, endi butkul yoʻqotilgan daraxtlar bilan gulzor orasidagi aylanma yoʻllarni va soʻqmoqlarni hayolan tasavvur qilgancha, goh oʻngga, goh chapga burilib, ishchilar tomon parishon qiyofada, sekin oʻtib bordi. Ishchilarga qarab turib, bahaybat akvariumning qanchalik kattalashganini koʻrdi. Havo yetishmayotgandek tez-tez nafas ola boshladi; soat beshdan soʻng yana yolgʻiz qolishini oʻylab, oʻzini nelargadir hozirladi; uning kun tartibi mana shunday bema’ni koʻnikmalardan noma’lum va gʻayritabiiy narsalarga oʻz-oʻzini hozirlashlardan iborat edi.

Oldiniga yarim bogʻni qoplab olgan quduqning beoʻxshov koʻrinishi, yerning tubigacha kirib borgan zim-ziyo tuynukdagi gʻira-shira manzara uni hayratga soldi. Shuning oʻziyoq unga kifoya edi. Biroq u quduqning qa’rida beligacha yalangʻoch ikkita ishchini koʻrib qoldi. Ularning birinchisi-yirik mushaklari tarang boʻlib turgani oʻsha-atirgul poyasini chaynab yurgan ishchi edi: novcha, qiltiriq, koʻrinishidan ivirsiq, hali juda yosh ikkinchisi esa, odamda oʻziga nisbatan achinish va shafqat hissini hamda peshonasidagi terni rumolcha bilan artib qoʻyib, koʻnglini chogʻ qilish istagini oʻygʻotar edi.

U bu yerdan ketishni va yolgʻizlik qoʻynida oʻzini-oʻzi qanday ovutishni bilmasdi. Qariya chekkancha, kesilgan daraxt tanasida choʻnqayib, zoʻrgʻa oʻtirar va ayolga loqaydgina koʻz tashlab qoʻyardi.
-Ishlayaptimi? – soʻradi ayol shunchaki koʻngil uchun.
-Ha, xonim, ishlayapti. Faqat ular har kuni va har soatda ishlashlari kerak. Shuning uchun men bu yerda oʻtiribman. Shuning uchun va shuningdek boshqa ishlarni rejalashtirish uchun. Biroq men ham xudo emasman. Oʻzimda kuch topgan paytlari ularga yordam beraman.

Yerkovlar u bilan salomlashib, boshlarini jimgina va doʻstona egib qoʻyishdi. Ular bir oz boʻlsa ham dam olish ishtiyoqida suhbatbop biror bahona topish va munozara qilish uchun oʻrtaga ba’zi ba’zida qandaydir takliflar tashlab turishardi. Ayol tiriklay koʻmilgan bogʻda endi ular vayron etadigan narsaning oʻzi ham qolmagan va hamisha poya chaynab yuradigan, qalpoqli, tepsa-tebranmas pahlavon hamda hali juda yosh, ozgʻin, kasalmand, ochlikdan qiltiriq boʻlib qolgan ikkinchi yerkov bilan tez-tez suhbatlashib turar edi. Qariya esa suhbatga aralashmas, yerga oʻtirgan yoki tik turgan koʻyi izma-iz qoʻlbola tamakisini tortar va shu holatda kun boʻyi oʻtirishi ham mumkin edi.

Xuddi buning ayol uchun ahamiyati borday, xuddi u tirik va uning bu yerdaligi nimadir qilishga qodirday, endi butunlay gʻoyib boʻlgan daraxtlar va payhon qilingan oʻtloqning qachonlardir haqiqiy bekasi boʻlganini bilishganday, ular ayolning koʻz oʻngida gʻayrat bilan kovlashar, oʻlchashar, soʻng silliq qilib suvashar edi. Ayol oʻziga yarashmaydigan nazokat va iltifot bilan ularga qandaydir bema’ni narsalar haqida gapirib berar va oʻzining dardu-alamini shu yoʻl bilan ifodalar, bu esa munosabatlarining tobora samimiylashishiga yordam berardi. Soat beshlardan soʻng yerkovlar ketib, oʻzi huvillagan sukunat qoʻynida yolgʻiz qolishdan qoʻrqib, tinmay gapirar va gaplari hech qachon tugamasdi. Uy sinasin chakalagi bilan oʻralgan edi. Garchi tanalarida hali ham avvalgiday nihollikning navqiron nazokati barq urib tursa ham boʻtalar sal boʻlmasa uch metrlik dagʻal daraxtlarga aylangandi. Ular tigʻiz qilib ekilgan boʻlsa ham, bir ikkinchisiga doʻstona suyangancha shoxlari bir-biriga chatishib, bab-barovar gurillab oʻsishgandi.

Soat zangi yerkovlargacha yetib borganday kechqurun roppa-rosa beshda ish vaqti tugaganini bildirib, qariya qoʻlini koʻtarardi. Ular oʻzlarini ish qurollarini yigʻishtirib, hammasini kimsasiz, qorongʻu saroyga eltib joylashar, soʻng xayrlashib joʻnab ketishardi. Xuddi bulutga ham, botayotgan quyoshga ham keksalarga hurmat qanday boʻlishini koʻrsatib qoʻyishmoqchidek qariya oldinda, izidan qalpoq kiygan hoʻkiz sifat barvasta, ularning orqasida bukchaygan qiltiriq yigit ketib borardi. Uchalasi ham erinchoqlik bilan chekkanlaricha zoʻrgʻa sudralib borishardi. Yuqori qavatda, ochiqib yigʻlayotgan belanchakdagi bolaga orqa oʻgirgancha, qachon ketishini aniq bilib olish uchun ayol yerkovlarning izidan jimgina kuzatib turardi.

Oʻn-oʻn besh daqiqalar shu holatda shunday qotib turardi. Soʻng pastga, bir paytlar oʻzining bogʻi boʻlgan joyga tushardi; yoʻq-qilib tashlangan shox-gʻovlarni xayolan aylanib oʻtib, toki sinasin chakalagiga yetguncha, asfaltni boshmogʻining poshnasi bilan ataylab tiqillatib boraverardi. Umuman, u faqat ishchilar kirib chiqadigan yoki hech qachon mehmon oyogʻini bosmagan panjarali eshikdan tashqariga chiqishi, mashina yoʻq paytlari ochiq turadigan garaj eshigidan ichkariga kirishi ham mumkin edi.

Soʻng oʻzi ham hech narsaga ishonmay, hech narsaga umid qilmay, oʻzini qurshab turgan yolgʻizlik saltanatini parchinlab tashlash uchun bu na boʻtaga va na daraxtga oʻxshaydigan sinasin chakalagiga qarshi qonli va ayovsiz jangga kirishar edi. Nima uchunligi va qanday niyati borligini oʻzi ham toʻla anglamay, shoxlar va tikanaklar orasidan chakalakzor ortidagi allanechuk sirli dunyo tomon oʻziga yoʻl ochishni istardi. Goh-gohida nafas rostlash uchun qoʻllarini yozgancha umidsizlanib toʻxtab qolardi. Bu jang hamisha magʻlubiyat bilan tugar va u aftini ayanchli bujmaytirib yoki oʻlganning kunidan jilmayib bu magʻlubiyatni tan olar va uni jon-jon deb qabul qilardi.

Tirnalib qolgan qoʻllarini silagancha, yaqinlashib qolgan hamda shiddatli va sirli narsalar va’da qilayotgan, pokligi va begʻuborligi bilan oʻzining gudak oʻgʻlini eslatadigan bahorni tugʻishga tayyorlanayotgan osmonga mahliyo termulib oqshomning gʻira-shirasida iziga qaytardi. U biron tamaddi tayyorlar, bola bilan kuymalanar, soʻng har kungiday, qoʻliga tushgan birinchi kitobni ochib qoʻyib, ikkita orom kursining bittasiga oʻtirgancha yoki simtoʻshakka choʻzilgancha, erkakni kuta boshlardi. Soatni koʻzlarida yashirar va ilhaq boʻlib kutib oʻtirardi.

Ammo erining qaytishi har oqshom bir-birining takroriga oʻxshar va oʻzgarmas tartibga tushgan edi. Oktyabr oyining oʻrtalarida u shunday soʻzlarni oʻqigandi: «...oʻzingni ohangrabo taskinning quchogʻida yotgandek tasavvur qil, umidsizlikdan, behuda gʻazabdan, shakkoklikdan va nafratdan oʻzingni saqla». Erkak mashinasini garajga qoʻyar, tsement yoʻlakdan yurib kelib, yuqoriga koʻtarilardi. Har kuni shunday boʻlar, uning yod boʻlib ketgan siyqa jumlalari hech oʻzgarmasdi. U kalitlarni shildiratgancha xona boʻylab yurar ekan, kunning oddiy yoki qiziqarli voqealarini hikoya qilar, koʻpincha lof urar, kichkina , ozgʻin yuzda kosasidan otilib chiqquday boʻlib, oʻziga tikilib turgan koʻzlarni koʻrgach, bir zum kalovlanib, toʻxtab qolar edi. Xuddi egasiday mahzuna va iztirobli koʻzlarni...

Shu kechasi ayol es-hushini yoʻqotib qoʻydi; erkakdan juda koʻp oylardan beri talab qilmagan narsani talab qildi; ularga baxt ato etgan, yolgʻizliklarini va bu dunyoning azobu-uqubatlarini unitishga yordam bergan oʻsha marhamatli va ilohiy narsani. Tun chirogʻining xira va nimpushti yorugʻida nihoyat erkak kulimsirab, mamnun qiyofada uxlab qoldi. Ayol uxlashga ham holi kelmay, xotiralarga gʻarq boʻlgancha uzoq jim yotdi; hayratga ham tushmay, koʻnglida hech bir nadomat ham sezmay, bolalik paytlarida yam-yashil bogʻga shaydo boʻlishdan ham tashqari, hozirgiga qaraganda boshqacharoq, ishonchliroq va chinakamroq baxtli boʻlganini his etdi. Hozirgisi esa oʻtkinchi yupanchlaru, chiroyli boʻyoqlardan boshqa narsa emas. Butun uy boʻylab, bolaning tongi yigʻisi taralmaguncha, u erkakning buni sezganini va oʻzini mana shu yagona va aziz xotiradan ham judo etmoqchi boʻlganini nihoyat anglab yetdi. Bogʻni chopib tashlab, endi atrofi qora, yonib turgan koʻzlaridagi tantanavor va ma’nodor tabassumini goh yashirib, goho oshkor qilib, erkakning oʻziga sinovchan tikilib qoʻyishlarini koʻz oldiga keltirdi. Odatdagi tongi shovqinlar boshlanganda, ayol shiftga tikilgancha «Bibi Maryam»ning dastlabki oyatlarinni ichida oʻzicha takrorlab yotardi. Boshqasini oʻqiy olmasdi; bu oʻlik soʻzlarga toqat qilishga uning sabri chidamasdi. U oʻzini hech qachon aldashmaganini his etdi; bolalikning oʻzaro nifoqlari, vahima va qoʻrquvlari, shubha va vasvasalari koʻngliga birin-ketin kirib kelgan paytdayoq u hayotning joʻrtaga qilingan, odam aqli yetmas chigalliklardan, qoʻrqoʻv, va xiyonatdan, yolgʻonu-yashiq uydirmalardan iborat ekanligini anglagandi.

Shu bilan birga u bolalikning soʻngi kunlarida, balogʻat dunyosiga kirish arafasida orzu va ishonch samarasi boʻlib, qalbiga kirib kelgan aldov hissini hatto hozir ham xuddi kechagiday yaqqol eslar edi. Agar oʻsha paytlardayoq uning xohishini inobatga olishganda, oʻzini bu mudhish dunyoga keltirgan qandaydir juftning ( ota-onasining, oʻshanda ham va undan keyin ham) toʻshakda oniy farogʻat uchun bir lahzalik, bir onlik yoki kundalik koʻnikma boʻlib qolgan qovushishni u hech qachon xohlamagan, oʻzini tugʻilishlarini hech qachon istamagan boʻlardi. Baxtga qarshi yashashga va itoat etishga majbur boʻlgan bu hayotga rozimisan, deb, oldindan hech kim undan soʻramagan edi. Soʻrashganlarda ham ogʻizdan chiqqan ilk savoldanoq u ikkalasi ham bir xil dahshatli boʻlgan yeyish-ichish, oʻlim hamda begona kishilar qalbiga yoʻl topadigan va apoq-chapoq qilib yuboradigan soʻz ehtiyojini hech ikkilanmay rad etgan boʻlar edi.
-Yoʻq,-dedi erkak ayol oshxonadan nonushta olib chiqqanda. – Mendelga qarshi hech narsa qilmoqchi emasman. Hatto unga yordam berish niyatim ham bor.

U ishga emas, xuddi qandaydir tantanaga borayotganday juda orasta kiyingan edi. Erkakning enidagi yangi kostyum, qorday oppoq koʻylak, ohorli boʻyinbogʻni koʻrib, ayol nelarnidir eslash va oʻz xotiralariga ishonish uchun bir zum qotib qoldi. Erkak unashtirish kechasida xuddi shunday kiyimda paydo boʻlgandi. Erkakka nisbatan koʻnglida tugʻilayotgan adovatli oʻylari va chekkan musibatlarini ham unutib, hatto ishongisi kelmayotgan oʻsha baxtli davrlarning xotiralaridan mast boʻlib qolgan ayol u yoqdan bu yoqqa besaru-poy yura boshladi.

Erkak bir burda nonni qaylaga botirdi-yu, tarelkani surib qoʻydi- agar unga shunday tuyulmagan boʻlsa ayol stol ustidan oʻziga tikilib turgan koʻzlarda sinovchan va hijolat aralash porlab ketgan bir paytlardagidek navqiron nigohni koʻrib qoldi.
-Men Mendelning chekiga imzo chekaman. Yoki senga sovgʻa qilishim mumkin. Shunday, boshqacha boʻlishi mumkin emas, bu hal qilinishi kerak boʻlgan masala. Shoʻr peshona, u. Ayolga bir oz kutishga toʻgʻri keldi. Soʻng u oʻzini plitadan nari olib, ozgʻin erkakning qarshisiga oʻtirdi. Va hech narsani oʻylamay, uning ketishini toqat bilan kuta boshladi.

Yoʻlda uzoqlashib ketayotgan mashina tovushining qanday soʻnishini bir zum, tinglab turdi-da, yuqoriga, yotoqqa koʻtarildi va dastasi sadaf qoplangan yaroqsiz, kichkina toʻpponchaga birdan koʻzi tushdi; u qoʻliga olmay toʻpponchani bir dam koʻzdan kechirmoqchi boʻldi.U yerda, deraza ortida esa bahor horgʻin qadamlar bilan kezib yurgan boʻlsa ham yozdan hali hech qanday darak yoʻq edi, kunlarni esa mayda ikir-chikirlar bilan toʻxtatib boʻlmasdi va hech kim buni istamasdi ham. Shom payti qoʻllarini qip-qizil qonga boʻyagan boʻtalar bilan boʻlgan odatdagi jangdan soʻng, ayol hushtak chalib, qushlarni haydar ekan, oʻzining qoqsuyak eri ham Mendel bilan birga endi bir umr gʻoyib boʻlganini angladi. Ehtimol, ular bu olam sahnasida aslida hech qachon mavjud ham boʻlishmagandir. Bola yuqori qavatda qolgan edi, biroq u ham ayolning yolgʻizligini hech bir yengillata olmasdi. Ayol Mendel bilan hech qachon birga boʻlmagandi; u bilan hech qanday tanish emas edi, uning mushakdor, pahlavon jussa yelkasini hech qachon koʻrmagandi; uning tutgan joyidan kesadigan fe’lini bilmas edi, bosgan qadami baxtiyorlik boʻlgan betashvish, xushon-xandon dorilomon hayotidan ham bexabar edi. Peshonasidagi tirnalgan joydan oqayotgan bir tomchi qon uning burni uzra, ohista oqib tushardi.

Bola tinimsiz bigʻillay boshlagach, oldiga chiqishga toʻgʻri keldi. Qariya xotirjam, qimillamay xuddi oʻzi oʻtirgan tosh oʻtirgʻichning bir qismiday qotib oʻtirardi. Ikki yerkov quduq tubiga kirib ketishgan edi. U yuqorida bolani yupatgach, birdan erining polda gʻijimlanib yotgan kostyumini koʻrib qoldi. U shoshib choʻntaklarini kovlashtira boshladi; Raqamlar bilan toʻldirilgan qogʻoz, tanga-chaqa qandaydir hujjat va nihoyat xat topib oldi.

Xat ayol qoʻli bilan dona-dona, chiroyli yozilgan va ikki varaqdan oshmas, sirli tarzda, Masam deb imzo qoʻyilgan edi. Biroq yozuvchisi aqlli va makrli ekanini bildirib turgan xatning mazmunidan yengiltaklik, qasamxoʻrlik va ilmoqli kinoyalar ufurib turardi. Hammasi tushunarli edi. «Aftidan juda yosh boʻlsa kerak,- deb oʻyladi ayol ranjsiz va rashksiz,- bir paytlar men ham unga xuddi shunday qilib yozgan edim.» Choʻntakdan hech qanday surat topilmadi.

«Masam» soʻzining tagiga erkak qizil siyoh bilan «Uning yoshi oʻn yettida boʻladi, hali bu qoʻshiq va umid soʻnmas ekan, u men bilan birga boʻlishi uchun, yer osti va yer ustida qip-yalongʻoch kezib yuradi»-deb yozib qoʻygan edi.

Ayol oʻzida rashk toʻygʻusini his etmadi, eridan nafratlanmadi; balkim bu ham hayot kabi qandaydir tushunmovchilikdir yoki u bilan sichqon-mushuk oʻynayotgan dunyoning navbatdagi beshafqat hazilidir. Bir necha hafta ular yana hamishagiday yashayverishdi. Biroq erkak undagi oʻzgarishni anglamasligi, bu barcha-kechirib yuborishlaru, zoʻrma-zoʻraki jilmayishlar oʻzidan tobora uzoqlashib borayotgan qalbning xusumatli adovati soʻnggi gʻalayoni ekanligini sezmasligi mumkin emas edi.

Ular soʻzlarni talaffuz qilishardi-yu, biroq mohiyatan endi gaplashmasdi. Ayol ba’zi-ba’zida erkakning koʻzlarida chaqnab ketadigan tavba-tazarru va iltijo uchqunlarini endi koʻrishni istamasdi. «U xuddi koʻp oylar oldin oʻlib ketganday; biz hech qachon bir-birimizni bilmaganday; xuddi u endi yonimda yoʻqday, menga hammasi baribir.» Ulardan birontasi ham endi hech narsaga umid qilmas va oralarida umid qiladigan narsaning oʻzi ham qolmagan edi. Soʻzlar tilga boʻysunmas, nigohlar bir-biridan qochardi. Erkak goh sigaretani, goh kuldonni qoʻlida aylantirardi, ayol esa nonga yogʻ va qayla surardi.

Erkak yarim kechasi qaytganda, ayol kitobni bir chekkaga qoʻyib, oʻzini uxlaganga solar yoki bogʻdagi ish, yomon yuvilgan koʻylak, oziq-ovqatning narxi va bola haqida gaplashib oʻtirardi. Erkak savol ham bermay, loqaydgina tinglar, oʻzining esa unga aytadigan gapi yoʻq edi. Soʻng shkafdan ichimlik olar, toki tonggacha, shunchaki, kitob varaqlab, bir oʻzi ichib oʻtirardi.

Ayol osoyishta yoz tunlarining birida uxlab yotgan erkakning qirrador yelkasini, sochlari elburutdan oqarib va siyraklashib joʻnagan miyonasini zimdan koʻzdan kechira boshladi. Shunda u oradagi ginalarni unutgisi, gʻussalar ezib tashlagan eriga achingisi keldi. Endi kechalari qaytganda erkak ovqatlanmasdi ham. Shkafning oldiga borib, tuni bilan, toki tongacha ichib oʻtirardi.

Karovatga choʻzilarkan, qandaydir begona tovushda , ayolga ham, shiftga ham qaramay oʻzi oʻylab topgan kulguli odamlarning turli fazilatlarini yoki turli vaziyatlarda paydo boʻlgan quvnoq va oldi-qochdi voqealarni hikoya qilishga tushardi. Erkak ishdan juda erta qaytib, kitob oʻqishga ham, yechinishga ham hafsalasi kelmay, gapirishdan oldin unga jilmaygancha, xushomadona tikilib-tikilib qoʻygan qaysidir oqshom hammasi aniq boʻlgan edi. «U vaqtning tezroq oʻtishini xohlayapti. Hozir hech qachon sodir boʻlmagan biron voqeani hikoya qiladi va qancha xohlasa shuncha choʻzaveradi. Bu hayotga biz bilan birga kirib kelgan, qandaydir bema’ni safsata boʻladi, bu yolgʻon-yashiqlar, uydirmalar bizning butun umrimizni tashkil qiladi» Erkak soʻtadan tayyorlangan qadah keltirdi va bittasini, toʻldirib ayolga uzatdi. U oʻzoq yillardan beri ayol qoʻliga qadah ushlamaganini bilardi. Ayol u kelguncha hali oʻringa yotishga ulgurmagan va erkak uni hobxonaning bir ustida keng orom kursisida kitobdagi «Oʻzining ohanrabo taskinning quchogʻida yotgandek tasavvur qil, umidsizlikdan, behuda gʻazabdan, shakkoklikdan va nafratdan oʻzining saqla»-degan yod boʻlib ketgan soʻzlarni qayta-qayta pichirlab oʻqib oʻtirgan holda topgan edi.

Erkak uning qarshisiga oʻtirib, kundalik xabarlarni bosh silkib, indamay eshitdi. Soʻng oraga yana qattol sukunat choʻkkach, u mutlaqo boshqa narsa haqida gapira boshladi:
-Anavi qariya, pulni qarsillatib sanab oladi-yu, kun uzogʻi ishchilarni kuzatib oʻtirishdan boshqa narsani bilmaydi. U bir yilcha seminariyda oʻqigan, bir necha oy arxetekturadan ta’lim olgan, hatto Rimga ham borganman deydi. Shoʻrlik, qaysi puliga bordi ekan? Qachonligini aniq bilmayman, har qalay, bir necha yillardan soʻng u yana shu joylarda, shaharda yana paydo boʻlishiga aminman. Albatta, ruhoniylar jubbasida. Oʻquvsiz boʻlsa ham keti-quyrugʻi yoʻq chalkash narsalarni toʻqib yuradi. Nima uchunligi noma’lum, biroq u ikki kecha-yu kunduz semenariyda yashash baxtiga musharraf boʻlgan ekan. U ibodatxona qurilishiga ham oʻz hissasini qoʻshgan emish. Telbalikka oʻxshaydigan qaysarligi bilan oʻsha yerda ham oʻzini-oʻzi koʻrsatibdi: Loyihaga boʻyoq toʻkib yuboribdi. U barcha harajatni oʻz boʻyniga olgan va shaxsan oʻzi kerakli pulni yigʻib berishga va’da bergan boʻlsa ham oxir-oqibatda uning yana kovushini toʻgʻrilab qoʻyishgan.

Aftidan, u xuddi shu davrda ruhoniycha kiyinib, har eshikni tiqqillatib, sadaqa soʻrab yurgan. Oʻzi uchun emas, ibodatxona uchun. Oʻzining siyqa hikmatlariga va boshiga kulfat tushganlar haqidagi uzuq-yuluq hikoyalarga odamlarni ishontirmoqchi boʻlgan. Yigʻilgan pullarning bir tiyinini ham ishlatmay, sud palatasiga topshirishga uning aqli yetgan, albatta, shunday qilib, haqiqiy ruhoniylar ishiga halaqit bergani uchun ish jazolangan. Jarima va bir necha kunlik avaxta bilan chegaralangan. Keyin hech kim uning bemalol uy quraverishini ta’qiqlay olmagan. U bizni bu yerda, Vilya-Petrusda oʻrab turgan, shunchalik koʻp va aql bovar qilmas darajada baland binolarning tomini yopishda bevosita ishtirok etganki, beixtiyor uni, ehtirom bilan «binokor» deb atay boshlashgan. Koʻplar esa unga, «senor arxitektor» deb ham murojaat qilisharkan. Bilmadim, bularning qaysi biri haqiqat, qaysi biri uydirma? Darvoqe aniqlab oʻtirishga kimning vaqti bor.
-Agar hammasi haqiqat boʻlsachi,-pichirladi ayol qadahning ustidan unga tikilar ekan.
-Shunday ham boʻlish mumkin yoki aksincha; bu-bizning ishimiz emas.

Ayol yana toʻshakka choʻzildi. U yashayotgan va hayotning tushunib boʻlmas udumlariga koʻr-kurona amal qilayotgan yoki bu udumlarga bir necha asrlardan buyon amal qilib kelgan hamda uchrashganda sukut saqlashdan nariga oʻtmaslikni qat’iy qonun qilib qoʻygan kimlardir toʻgʻrisida oʻylardi.

Erkakmi, ayolmi-farqi yoʻq. Barvasta yerkovni va yana kimnidir koʻz oldiga keltirdi, oʻzining ranju-alamlari haqida oʻyladi.
-Qariya hali... bajarar ekan...,-deb gap boshladi yana erkak; biroq shu payti telefon jiringladi, u sergaklanib shoshib oʻrnidan turdida shahdam va chaqqon qadamlar bilan dahlizga qarab joʻnadi. U qorongʻu dahlizda telefonda kim bilandir tez-tez gaplashdi. Va xonaga norozi, hatto achchiqlangan qiyofada kirib keldi.
-Bu Montero, idoradan. Kirim-chiqimni kuzatib turishi uchun qolgandi. Endi , aytishicha, u yerda nimadir joyda emas va hozir men bilan uchrashishi juda zarur emish. Agar sen qarshilik qilmasang ...

Erkak toʻqib-bichib gapirar ekan, uchrashuv paytini kelishadigan telefon qoʻrgʻirogʻini erkak bilan birga kutish uchungina tinglab oʻtirgan qariya haqidagi bema’ni hikoyaning nima uchun zarurligini boshidayoq sezganini eslamaslik va yana oʻsha yasama ifodani koʻrmaslik uchun erkakning yuziga ayol hatto qaramadi ham.
-Mas, Am,-deya pchirladi ayol shikasta jilmayib va koʻnglini quyundek qamrab olayotgan xoʻrsiniq va alamlaridan dardi-dunyosi qorongʻu boʻlib. U qadahni bir koʻtarishda ichib yubordi, oʻrnidan turib, yana bir shisha keltirdi va toʻshak yonidagi stolcha qoʻydi.

Erkak oʻzini tushunmagan qilib koʻrsatdi, aslida u tushunishni ham, javob berishni ham istamas edi.
-Mabodo sen agar mening qolishimni istasang...,-davom etdi erkak.

Ayol derazadan ohista hilpirayotgan darpardalardan koʻzlarini uzmay, yana kulimsiradi.
-Yoʻq,-shartta gapini boʻldi u. Soʻng qadahni qaytadan toʻldirib, oldinga sal egildi-da, qoʻllarini hech yerga suyamay bir tomchi ham qoldirmasdan, oxirigacha ichib yubordi. Erkak bir muncha vaqt jim va harakatsiz qotib turdi. Soʻng palto va shlyapasini olish uchun dahlizga qaytdi. Ayol sukunat va yolgʻizlik qoʻynida oʻzini deyarli baxtli his qilib, ketib borayotgan mashina ovozining oʻchishini xotirjam kutib turdi; soʻng sarxush boshini quvnoqlik bilan orqaga siltadi-da qadahga yana konyak qoʻydi. Bu istak quduqning tubida hech bir zoʻriqishsiz, bir maromda ishlayotgan, besunaqay oppoq qoʻllari bilan yerkovlayotgan barvasta yerkovning yalangʻoch gavdasini koʻrgan paytdayoq paydo boʻlganini tan olgisi kelmasa-da, u endi shunday boʻlishi kerakligi-ga ishonar va endi bu yoʻldan qochib qutulolmasligini anglardi. Biroq shunday boʻlsa ham, u oʻzini shubhalardan xalos qilolmas, buni oʻzi tanlaganiga, oʻzini ishontira olmas, nazarida kimdir yoki nimadir bu yoʻlni oʻzi uchun oldindan belgilab, muqarrar qilib qoʻygandek edi. Hammasi juda oson koʻchdi; shunday boʻlishini u oldindan bilardi. Barvasta yer ostidan chiqib, xurmachadagi suvdan ichish va yuvinish uchun shlanga izlab, oldiga kelmaguncha, u yerkovni bogʻda, bogʻning qoldigʻida kutib oʻtirardi. Ayol unga qoʻlini silkitdi va shlang keltirib berdi. Garaj yonida u yerkovga qandaydir be’mani savollar berdi. Ular bir-biriga qarashmasdi. Ayol undan bu yerda yana gullar, oʻt-oʻlanlar, boʻtalar, maysa va umuman qandaydir yashil, soʻlim narsalar oʻstirishi mumkinmi, deya soʻradi. Erkak engashgancha, isqirt, yagʻir qoʻllari bilan ayol koʻrsatgan qumloq yerdan bir hovuch tuproq oldi.
-Mumkin,-dedi u qaddini rostlarkan. -Buning uchun ishtiyoq, sabru toqat va yana ter toʻkish kerak.

Ayol uning javobini ham eshitmay, orqasidan kelib, qoʻllarini ushladi va tahdidli xoʻmrayib turgan osmonga tikilgancha, amirona ohangda, shoshib shivirladi.
-Hamma ketib boʻlgach... hech kim hech narsani bilmasligi shart. Qasam ichasanmi?

Sinovchan va andak gumonsiragan qiyofada erkak hech narsa soʻramay ham, qoʻlini pichoqdek boʻgʻzida aylantirib, gung tovushda rozi boʻldi.
-Soat oltida kel, koʻcha eshikdan kirasan.

Barvasta xayrlashmay ayiq yurish bilan gavdasini u yoqdan, bu yoqqa, lapanglatgancha, imillab nari ketdi. Qariya soat besh boʻlganligini bildiruvchi qoʻngʻiroqni eshitgach, ishni tugatishga buyruq berdi. Shu oqshom u sinasinlarni oʻz holiga qoʻydi; shoshilmay xuddi oyparastlarday ikkilanayotganini ham, afsuslanayotganini anglamay, merovlanib zinalardan zoʻrgʻa chiqib-tushdi, bola bilan mashgʻul boʻldi. Soʻng derazadan yoʻlga qaragancha, asta-sekin qorayib borayotgan osmonni kuzatib oʻtirdi. «Men aqldan ozayapman yoki allaqachon ozib boʻlganman va shu holimcha yashab kelganman. Bu esa menga yoqayapti»,-deb takrorlardi u . Bilinar-bilinmas, xushbaxt, zafarli tabassum bilan. Bu mash’um hodisani qaerda amalga oshirilishi va oqibati nima boʻlishi toʻgʻrisida oʻylamadi ham. U bir lahza aldoqchi orzular va sarkashlik bilan oʻtgan olis va sirli bolalik dunyosini esladi. Yerkov darvoza oldiga roppa-rosa oltida keldi. Uning qulogʻida poyasi chaynalgan gul osilib turardi. Ayol uning bogʻni bugʻib yotgan beton yoʻlak boʻylab qanday lapanglab yurib kelayotganini koʻrib turardi. Barvasta kalovlanib toʻxtadi; ayol yugurgancha, pastga otildi- uning zinalarni nogʻara qilib chalgan poshnalari tagidan atrofga umidsizlik sadolari taraldi. Ulkan gavdaga deyarli urilib toʻxtar ekan, uning oldida mushtdaygina boʻlib qoldi.

Yerkovdan badboʻy ter hidi anqirdi. Ayol uning yonib turgan koʻzlaridan anqovlik va hadik alomatlarini oʻqidi.

U bir lahza junbushga kelib, oyoq uchlarida turgancha, oʻpishish uchun lablarini yaqinlashtirdi. Erkak nafasi qaytayotgandek boshini chapga burdi.
-Anavi yerda saroy bor,-dedi u.

Ayol erkalangandek jimjigina silkinib-silkinib kuldi. Xuddi sinasin chakalagi bilan xayrlashuv paytidagiday, erkakka xotirjam tikildi. Soʻng uning qoʻllariga osildi.
-Yoʻq, saroyda emas, -u muloyim tovushda e’tiroz bildirdi. -U yer juda iflos, juda noqulay yoki yuqorida, yoki hech qaerda. -Va erkakni soʻqirdek xobxonaga qarab yetaklab joʻnadi, zinadan deyarli tortib chiqardi.

Bola uxlab yotardi. Yotoqda oʻzgarmas va zabt etib boʻlmas qandaydir sirli kuch hukmron edi. Keng gulobi karovat, koʻrimsiz jihozlar, ichimliklar turgan javon, tugʻdek hilpirayotgan darparda, tanish bezaklar, gul tuvaklar; suratlar va qandillar osonlikcha asir tushgisi kelmayotgan qoʻshindek saf tortib turishardi.

Garang va oʻz xonasida begonadek boʻlib qolgan ayolning qulogʻiga erkakning ob-havo, bogʻ va hosil haqida gaplari deyarli kirmasdi ham. Erkak ikkinchi qadahni ham ichib boʻlgach, ayol uni kravotga yetaklab bordi va navbatdagi buyruqni berdi. Ayol qachonlardir boʻlsa ham tirik erkakning yalangʻoch, xirsdan oʻzini yoʻqotib qoʻygan va jazavali qiyofada, oʻzining bir imosiga zor boʻlib turishini tasavvur qilolmagan edi. U yana vaqt xarsanglari ostida koʻrinmay ketgan xohish ishtiyoq, noz va erkalik, shoʻxlik va joʻshqinlik tuygʻularini qaytadan his eta boshladi. Endi oʻziga yerkovning qanday yaqinlashayotganini kuzatib yotar ekan. Bu odamning jismoniy ustunligiga hamda ayolni oʻzlariga qaram qilib yaratgan erkak zotining ibtidosiga, bema’ni ikir-chikirlarga oʻralashib, ayol ehtiyojini mensimaydigan barcha-barchaga nisbatan koʻngli nafrat va ozor bilan toʻldi.

U jasorat koʻrsatdi: erkakni uning oʻzi shunga undadi. Va mana endi yerkov sassiz va itoatkor holda unga mushtoq boʻlib turibdi.

Biroq yerkov birinchi urinishda ham, ikkinchi urinishda ham, hech narsaga erisha olmadi. Aslida ham oʻzgartib va tuzatib boʻlmas darajada ikkalasi boshqa-boshqa dunyo uchun yaralgan edi. Boʻgʻziga achchiq narsa tiqilganday erkak qahrdan toʻlgʻonib, uni siltab tashladi.
-Hamma vaqt shunday. Hamisha shunday boʻladi, -deb ingrab yubordi tushkun ohangda erkaklik gʻururini ham esdan chiqarib.

Ular bigʻillay boshlagan bola yigʻisini eshitdilar. Soʻzsiz va hech bir qiynalmay u erkakni qayta kiyintirishga muvaffaq boʻldi, qandaydir yolgʻon va’da bilan yupatdi, qirilmagan chakkalarini siladi.
-Boshqa payt, -deya shivirladi u, ham xayrlashish, ham tasalli oʻrniga.

Erkak oʻzining navbatdagi mavridsiz magʻlubiyatini unutishga va gʻazabini bosishga harakat qilib, aftidan yana gul poyasini chaynagancha qorongʻulik qa’rida gʻoyib boʻldi. (Hikoya qiluvchi roviyning imkoniyati shunga yetadiki, unga vaziyatga qarab, hamma narsaning oʻz oʻrnini topib berishgagina ruxsat etiladi, xolos. Balki u har subhi-sodiqda tush aralash bu ayolning ruyobday ismini behuda takrorlar. Ehtimol u, yechimni yalinib, yolvorib undirib olar va unga sabr zindonidan chiqishga izn berilar: gʻaflat uyqusidan uygʻonib, bu shikasta hasratu koʻz yoshlarni, nafratini hamda bu barcha yaramasliklarni qogʻoz yuzidan butkul artib tashlar). Ehtimol, bu ertasiga sodir boʻlar. Ehtimol, har qanday zohiriy ifodadan holi, qotma yuzi oʻziga qaraganda yana ham keksaroq koʻrinadigan qariya yana bir qancha vaqt sabr toqat qilar. Mayli, toki haftaning oʻrtasigacha, deb, hisoblay qolamiz. U toki ayolning yoʻrgakni torga osib, uy va saroy orasida qachonlardir bogʻ boʻlgan joyda oʻzicha sanqib yurganini koʻrguncha kutar... Qariya naridan-beri qilib qoʻlda oʻralgan tamakini huzur qilib soʻrib oʻtirardi; ayolni koʻrib oʻrnidan turishdan oldin achchiqlangan ohangda ishchilarga qarata toʻngʻilladi:
-Bizga ikki haftani oldindan toʻlasharmikin, shuni juda bilgim kelayapti.

U sekingina xoʻrsinib, yalpayib oʻtirgan xarsangdan sirgʻalib tushdi va oqsoqlangancha ayolga qarab shoshilmay kela boshladi. U soʻni-sunbatiga qarab turib boshqa paytlarga qaraganda yana ham koʻproq yosh qizchaga oʻxshab qolgan, koʻzlari har qanday umid va ishonchdan mahrum bu ayolning oʻziga qilinadigan iltifotdan hamda atrofdagi iltifotsiz olamdan xuddi oʻzidek yiroq va yolgʻiz ekanini angladi. Seminarist-arxitektor unga mehribonlik bilan shafqat va muruvvat toʻla koʻzlarini tikdi.
-Menga qarang, senora, -dedi u. - Menga javob berishingiz shart emas. Sizga soʻz ham ortiqcha koʻrinadi.

U mashaqqat bilan ishtonining choʻntagidan endigina ochilgan, poylari sinib qolgan bir dasta endi ochilayotgan atirgul chiqardi. Ayol ularni avaylab hovuchiga oldi va nam lattaga oʻrab, jimgina kutib turdi. Bu marta uning koʻnglida hech qanday shubha paydo boʻlmadi: aksincha, qariyaning kulib turgan horgʻin koʻzlari uning hozirgi hayotiga ham, uning oʻziga ham hech bir aloqasi yoʻq, sal oldin paydo boʻlgan yigʻlash istagini toʻsatdan tarqatib yuborgan edi. U minnatdorchilik ham bildirib oʻtirmadi.
-Menga qarang, qizim,- dedi yana qariya. -Bu gullar unutish hamda kechirish uchun. Ular bir-birini taqozo qiladi. Hechqisi yoʻq, bizning oʻzimiz ham ba’zan nima haqida gaplashayotganimizni bilishni unchalik istamaymiz. Qachon gullar soʻlisa, ularni tashlab yuborish kerak, men, biz istaymizmi, yoʻqmi, hammamiz bir-birimizga hamrdard va birodarlarimiz, deb oʻylayman. Garchi siz boshqalarga qoʻshilmay yashasangiz ham men haqimda koʻp gapirishgan boʻlsa kerak. Biroq men aqldan ozgan emasman. Sabr qilaman va kutaman.

U boshini egdi va xayrlashib, nari ketdi. Oʻz ma’ruzasidan toliqib qolib, oqshom oromini buzib, qoʻngʻiroq besh marta zang urguncha, u qulogʻini ding qilib, kutib oʻtirdi.
-Ketdik, -dedi u yerkovlarga. -Koʻrinib turibdi, oldindan toʻlashmaydi.

Na mushtoqlikka, na yoʻq narsaga koʻz tikishga oʻxshagan yana bir necha kecha oʻtdi. Va nihoyat oʻqishdan charchab, yotish istagida turganda, ayol garaj yonida mashina tovushini, soʻng zina boʻylab, koʻtarilayotgan oʻynoqi hushtakni eshitdi. Oradan oʻtgan shuncha voqeadan xuddi bexabarday va hech narsaga shubha qilmay, erkak «The Man L Love1»ni kuylardi.

Ayol salomlashganday, aftini bujmaytirib erkakka tikildi va u keltirgan qadahni indamay oldi.
-Sen vrachga bordingmi? -soʻradi u. -Axir sen soʻz bergan eding-ku? Yoki yana quruq qasammidi??

Erkak ayolning yuziga qaramay ham negadir jilmaydi, u aftidan nimadir qilib ayolning koʻnglini olgisi kelardi.
-Ha, bordim. Aytarli hech narsa yoʻq. Oʻzing bir tasavvur qil. Choʻpdek ozgʻin erkak hoʻkizday semiz va iltifotli doktorning qarshisida qip-yalongʻoch turibdi. Hamishagiday rentgenga tush, tekshir-tekshir va hokazo. Unchalik jon koyitib yuvilmagan oq xalatli semiz kishi oʻzining bolgʻachasiga ham, statiskopiga ham yozganlariga ham ishongisi kelmadi. Yoʻq, bu yerda ular tushuna oladigan yoki davolaydigan hech narsa yoʻq.

Ayol oʻz xohishi bilan birinchi marta erkakka yana bitta toʻla qadahni oxirigacha ichishga rozilik berdi. Soʻng barmoqlarini bir-biriga ishqagan zahoti qoʻlida sigareta paydo boʻldi. U yoʻtalmaslik uchun muskullarini tarang qilib, kulimsirab turdi, erkak unga hayrat ila, deyarli xushbaxt boʻlib tikildi. U ayolning yoniga kelib, karavotga oʻtirmoqchi boʻldi, biroq ayol uning chollarga xos erkalashidan oʻzini olib qochish uchun koʻrpa ostidan pastga sirgʻalib tushdi. Yarim boʻlib qolgan sigareta hamon tutardi, u esa chekar, oʻzini xushyor tutib turardi.

Soʻng erkakning yelkasiga bosh qoʻygancha, nogohon:
-Sen nima uchun menga uylangan eding, -deb soʻradi. Erkak uning choʻpday boʻlib qolgan gavdasiga, ensasiga yoyilib tushgan sochlariga koʻz yugurtirib chiqdi-da, keyin oromkursi va stolcha turgan joyga qaytdi. Shiddat va qat’iyat bilan yana bitta qadahni koʻtardi, yana bitta sigaretani tutatdi. Ayolning savoli bir necha yil kechikib berilgandi; bu savol vaqt ajinlari orasida koʻrinmay qolgan va devorga yopishib qolgan chirmovuq kabi har tomonga betartib yoyilib ketgandi. Biroq vaqtdan yutish kerak edi. Chunki garchi ular hech qachon bunga guvoh boʻlishmagan, garchi ularga hech qachon oʻzini namoyon qilmagan boʻlsa ham ayol oʻzining eriga, qoq suyak erkakka qaraganda aqlliroq va baxtsizroq edi.
-Senda pul yoʻq edi, demak buning uchun emas, - deb hazilga oldi erkak. Pul hayotimizga keyinchalik mening hech bir gunohimsiz kirib kelgan; sening marhum onang va marhum akangdan...
-Men bu haqda allaqachon oʻylab koʻrganman. Oʻlimni hech kim oldindan bashorat qilolmaydi. Shuning uchun, pul seni qiziqtirmagan. Eng yomoni- bunaqa narsalar seni emasm, meni koʻproq qiziqtirgan. Shunday boʻlsa ham qaytaraman: sen nima uchun menga uylanganding.

Erkak boshini ma’qullaganday chayqab indamay chekar va qonsiz lablarini qadahga bosib turardi.
-Bor-yoʻgʻi shumi?! -soʻradi u nihoyat. Uning qalbi hozir turli gumon va bu ojiz ayolga nisbatan shafqat tuygʻusi bilan toʻlgan hamda biroz choʻchib ham turardi.
-Shu, albatta, - ayol karavotdan turib oʻtirdi va erkakning tund va qahrli yuzi yana ham oqarib ketganini koʻrdi.
— Har qalay, sening Mendeldan bola kutayotganing uchun emas edi. Menda yaqinlarimga yordam berish va uning uchun aziyat chekish istagi hech qachon boʻlmagan. U paytlar hammasi juda sodda edi. Men seni sevar edim, sevib qolgan edim. Va bu haqiqiy muhabbat edi.
-Soʻng u gʻoyib boʻldi, - ayol karavotda oʻtirgancha, deyarli qichqirib yubordi. Biroq bu gaplarning ohangida shafqatsiz savol alomati bor edi.
-Haddan tashqari ayyorlik, shumlik va xiyonat tufayli. Ha, gʻoyib boʻldi; unga bir hafta zarurmidi, bir oylik yoki oʻsha soatning oʻzidayoq sezdirmay bizni oʻz holimizga tashlab ketishni ma’qul koʻrdimi, buni aniq bilmayman. Buni hozir tushuntirib berish qiyin. Hatto meni hamma narsani biladi va tushunadi deb hisoblash ham. Ayniqsa, bu yerda qachonlardir Petrus qurgan va sen oʻsib-ulgʻaygan yovvoyi qoʻriqxonada. Qorningda bola bormi yoki yoʻqmi senga baribir edi. Hammaga iztirob iltijo va ilinj bilan tikiladigan deyarli juvonga aylangan qizni koʻrganingda, endi biror narsani oʻzgartirishga qurbing yetmasligini anglaysan. Soching siyraklashadi, tishing tushadi. Eng muhimi, oʻsha paytdayoq senga nisbatan mening koʻnglimda oʻz-oʻzimdan iltifot tugʻilganini tan olish kerak, endi esa men bu tuygʻudan tobora mahrum boʻlib borayapman. Ehtimol, mening uylanishim senga qilingan soʻnggi haqiqiy iltifotdir.

Ayol sabr-toqat bilan gapning davomini kutardi; biroq u behuda kutgan edi. Nihoyat u oʻrnidan turdi, yelkasiga xalat tashlab erkakka qarama-qarshi oʻtirdi.
-Shundaymi? - soʻradi u,- Shundayligiga imoning komilmi? Sendan yolvorib soʻrayman. Agar xohlasang, oyogʻingga bosh qoʻyaman... Oʻzimizcha har birimiz har tomonga tortqilayotgan, bosib yanchayotgan, mana shu uvoqqina oʻtmish haqqi, umrimizdan juda kam joy olgan va iloji boricha u yerdan bir-birimizning siqib, tepib, surib chiqarmoqchi boʻlayotgan... mana shu oʻtmish haqqi...

Erkak sigaretasini gezargan lablari orasiga qisgancha ayol tomon burilarkan, umurtqa suyaklari qarsillab ketdi. Ayol erkakning murdanikiday qonsiz yuziga odat tusiga kirgan xotirjamlik bilan ruhsiz tikildi.
-Boʻldimi? -kulimsiradi erkak. -Atigi shumi?- dedi u qadahni koʻtarib turib, murojaat qilarkan; uning taxminicha yutilishi kerak boʻlgan vaqt oʻtib boʻlgan edi. -Boʻldimi? Sen, aftidan, tushunmayotganga oʻxshaysan. Men boshqa qiz toʻgʻrisida gapirdim, shekilli.
-Men toʻgʻrimda.
-Boshqa qiz toʻgʻrisida, -oʻjarlik bilan qaytardi erkak.

Soʻzlarni va ohangni ataylab chertib-chertib gapirdi.

(Pastini ishlov berish va kitob bilan solishtirish kerak)

Uning kayfi oshib qolgandi, shu sababli har qanday qoʻpollikka tayyor edi. Har qalay, erkakni asabiylashishga majbur qilolgani uchun ayol beixtiyor jilmayib qoʻydi.
-Bu men,-dedi er,- ahmoq boʻlgan. Qurt tushgan mevani deb umrini oʻtkazgan...

Ikkinchi yerkov ozgʻin va yuvosh edi. Ayol undan eridan ololmagan narsalarni olardi: uni xohlagancha haqorat, mayna qilish, tahqirlash, oʻziga mushtoq qilib, yalintirish, soʻng itday qilib haydash, koʻnglida eriga nisbatan paydo boʻlgan nafrat alamining hammasini olish mumkin edi va bu unga zavq berardi.

Soat beshdan soʻng ishchilar ketaboshlar va ayol deraza pardasi oldida turib, ularni xuddi yaqin kishilarini urushga kuzatayotgan onalardek kuzatib qolar, soʻng esa yerkovni qoʻy juni va tezak hidi anqiyotgan omborga yetaklab borardi.

Qip-yalongʻoch yechingan erkak xuddi yosh goʻdakka oʻxshab, uquvsiz, uyatchan, himoyasiz va hijolatdan duv qizarib turardi. Bu esa ayolga oʻzi bir paytlar xayolining tub-tubida orzu qilgan zavqlarni olish imkonini berardi- u erkakni haqorat qilib, xoʻrlab, yuz-koʻziga tarsaki tushirib, shaploqlab, noz qilib, jahl va achchigʻ aralash erkalar, ot qilib minar, yelkalarigap qamchi bilan urardi. U eridan olishni orzu qilgan, kutgan va xayol qilganning hammasini bu boʻshang ishchidan topardi.

Ayolga erkakni, koʻrsatgich barmogʻi bilan imlab xuddi it kabi hushtak chalib chaqirish yoqardi. Bular hammasi uning uchun hozir yashab turgan hayotidan koʻra mazmunli va zavqliroq edi. U shu holatda ikki-uch hafta yashadi. Ammo har bir haqorat, har bir ayollik zavqi, har bir alamli harakat uni ushbu hikoyaning xotimasi bilan birga kutib turgan yozning chillasi tomon yetaklab borardi.

U bu yerkov bilan baxtli edi, ba’zan ularning har ikkisi ham negaligini bilmasdan, har ikkisi ham oʻzicha yigʻlashar, yigʻilari ham bir-biriga oʻxshab ketardi. Ammo shahvati qongani sari ayolda mehr va muhabbatga ehtiyoj kuchayib boradi. Bu ehtiyojni jinsiy mayllar qondira olmasdi. Shu sababli yaxshisi oʻsha mehrni xayolda boʻlsa ham yaratib, orzu qilib, yolgʻiz va gunohsiz yashagan ma’qul degan qarorga keldi.

Soat oltidan keyin u bolalik baxtini va orzularini izlab yana chaklakzor boʻlgan maydonni va bogʻni kezib chiqdi.
-Qonmi bu?!-soʻradi ertalab sahar payti qaytgan erkak. –Yuzing ham, qoʻling shilinibdi.
-Hech qisi yoʻq,- dedi ayol oʻzini uygʻotganidan gʻashi kelib.- Menga bolalarday shox-shabba bilan oʻynash yoqadi.

Bir kuni kechasit erkak kech keldi va uni uygʻotdi. Boʻyinbogʻi bogʻichini boʻshatib, qadahni toʻldirdi. Toʻshakda oʻtirgancha ayol uning kulgusini eshitdi-bu xuddi oʻzi bilan tanishgan paytdagidek navqirron, oʻktam va ehtirosli edi.
-Bilasinmi?- dedi er nihoyat. –Sening sadoqatli va vafodor doʻsting, tabiiyki, menga ham sadoqatli doʻst Mendelni kecha panjarga tiqishibdi. Bunga mening daxlim yoʻq. Shusiz ham oʻzining qilmishi yetib ortarkan.

Ayol viski soʻradi va soda qoʻshmay byuir koʻtarishda ichdi.
-Mendelnimi,- dedi u ajablanib, lekin bu bilan erining e’tiborini tortishni istamadi.
-Ha-da,- dedi er istehzoli va gʻolib ohangda.- Agar men ham oʻzimdagi ma’lumotlarni sudga bersam, bechoraning ahvoli nima boʻlarkan?!

Ayol shunda erining oʻzining xayolininng tub-tubidagi yorugʻ va yashirin kechinmalarni ham oʻldirishga kirishganini his qildi.

Shu kayfiyat bilan yoz chillasi ham yetib keldi. Ayol yana eri oldin oʻzining hayotiy orzularini, keyin bolalik xotiralari yotgan bogʻni birma-bir vayron qilgani haqida oʻyladi. Shuning uchun endi har doimgiday yana bogʻni ichida tentiray boshladi. U bu bolaligi yotgan bogʻ oʻzini yaralashni, tiranshni, shu yoʻl bilan bu beshafqat hayotdan oʻzini chalgʻitishni va ovutishni istardi. Ammo shox-shabbalar bu marta uni tirnamadi. Shoxlar xuddi rezinaday yumshoq edi, uchida shira oqib turar, ular ham endi u bilan oʻynashga va uni ovutshiga ojiz boʻlib, kuzgi toʻkilish sari yuz burishgandi.

Bu unga qattiq ta’sir qildi.yu ammo odatdagiday tezda koʻnikdi. Soat beshdan allaqochon oshib ketgan, ishchilar ketib boʻlgandi. U bogʻdan bir necha gul va barglarni uzib, ilgari chakalakzor boʻlgan ulkan hovuz oldiga qaytdi-bu hovuz emas, xuddi uningn baxti, bolaligi, shirin xotiralari, bu dunyoda topgan birdan bir ovunchogʻi qabriday taassurot qoldirdi. Yuqori qavatda kimdir, toʻgʻrirogʻi, chaqoloq bugʻilib, uni chorlab, yigʻladi. Qoʻlida toptalgan gullarni koʻtargancha u zinalardan holsiz va umidsiz koʻtarildi.

U bolani emizdi, chaqoloq uxlab qoldi. U choʻqinib oldi. Keyin yotoqqa sirpalib kirdi. U ichki kiyimlar sochilib yotgan javondan xuddi yalongʻoch kelinchakday oʻziga chorlab turgan toʻpponchani osongina topdi. Bu xotimaning boshlanishi edi va shunday tugashi muqarrar edi.

U toʻpponchaning sovuq ogʻzini koʻrgach, «Bibi Maryam» kalimasini qaytarishga tushdi va toʻshakka borib behol yiqildi.. Shu holatda u yana oʻsha toʻlin oy kechasini koʻrishni, yana erkak hidinga toʻyishni, yana oʻsha lazzatni tuyish uchun aldangan yosh qizga aylanishni istadi. Toʻpponchaning muzdayligi unga yoqmadi, oʻrnidan turiib, chaqoloq yotgan xonaga kirdi. U yerdan issiq grelkani olib keldi. Soʻng yotoqqa qaytib, grelkaga qurolni yaxshilab oʻradi va qurol isishini unga mushtoq turgan boʻgʻzi bilan birga besasabrlik bilan kuta boshladi.

U bu marosimni maromiga yetkazib bajardi. U bu hayotdagi rolini ijro etib boʻlgandi. U tepkining uch marta boʻsh paqillashini eshitdi. Keyin miyasini boʻlib oʻtayotgan gumburlash paydo boʻldi. Hushini yoʻqotarkan, u dimogʻida xuddi baxtga, xuddi shudring qalqib turgan maysaga oʻxshaydigan erkak ta’mi va hidi kelgan toʻlin oy chiqqan kechaga qaytdi. Umidsizlik, musibat, oʻlim istagi – buning bariga faqat shuning uchun toqat qilish mumkin ediki, uning xumorini yozish uchun koʻchaning har bir burchagida boʻgʻzini kuydirib yana erkak badanining orzu qilsa arziydigan junbushli hidi paydo boʻlishi mumkin edi. Oyoqlari zir qaqshar, qadamlari tobora sekinlashar va uni asta sekin yupanch va tasalli sari yetaklab borardi. U yarim yalangʻoch holda, qushday yengil chemodonini koʻtargancha, ketib borardi.Oy esa uni chorlab, yanayam balandlashardi. U koʻz oldidagi zulmatni koʻkraklarining jajji uchi bilan tilimlagancha, oʻzini uzoq yillar mushitoq qilgan toʻlin oy bagʻriga singib ketish uchun ketib borardi...

Tamom.