OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXuan Karlos Onetti
Asar nomiXush kelibsan, Bob (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Urugvay adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ekzistensializm
Mualliflar
   - Xuan Karlos Onetti
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonNazar Eshonqul
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xush kelibsan, Bob (hikoya)
Xuan Karlos Onetti

Ha, koʻrinib turibdi, u Bob deb, chaqirgan zamonlardan kundan-kun uzoqlashib, yana ham tezlik bilan keksayib borardi va unda oʻsha pallalardan - xonaga kirib, jimgina salomlashib yoki qoʻlini qulogʻining atrofida qoqib qoʻyib, chiroqning ostida, royal bilan yonma-yon kitob ushlagancha oʻtiradigan yoki shunchaki parishon va tund qiyofada yuz ifodasini oʻzgartirmay, lablariga sigareta qoʻndirib, ochrang pidjagining qaytarma yoqasiga tushgan kulni qoqish uchungina ba’zi-ba’zida barmoqlarini silkitib, uzoq vaqt bizdan navqiron nigohini uzmay oʻtiradigan paytlardan - faqat peshonasida bir tutam malla sochi, yonib turgan koʻzlari va yuzini gul-gul ochib yuboradigan tabassumigina saqlanib qolgan edi.

Uning ivirsiq shakli shamoyilidan nima toʻgʻri kelsa ichaveradigan, isqirt qoʻllari bilan ogʻzini yopgancha, tinmay puk-puk yutaladigan qarimsiq Robertadek aroqxoʻr ham hatto eng uzun ziyofatlarda ikki chovmish pivodan ortiq ichmaydigan klub mayxonasidagi kursilarda oldiga proigrivatel uchun olib kelgan oʻn sentlik chaqalarni taxlab oʻtiradigan oʻsha mishiqi Bobni topib olish mushkul edi. U oʻsha paytlari deyarli barcha jaz musiqasini yolgʻiz, orzumand, yuzlari baxtdan yayrab ketgan alfozda tinglab oʻtirar, yaqiniga borganimda salomlashgandek boshini sal egar, agar mayxonada qolsam, soʻz bilan ifodalab boʻlmaydigan chuqur nafratu gʻazab bilan yonib turadigan hayotning turli tahqirlariga toʻla moviy koʻzlarning ta’qibidan toki toqatim toq boʻlgancha, meni goh zimdan, goh oshkora kuzatib oʻtiraverardi. Shanba kunlar esa u xuddi oʻzidek odamning gʻashini keltiradigan darajada isqirt, qandaydir mishiqi bola bilan birga kelar, ular yakka ijro etiladigan qoʻshiqlaru, andozaga kirgan musiqalar va xorlar haqida yoki Bob me’mor boʻlgach, sohilda quradigan gʻaroyib shahar haqida bahslashib oʻtirishardi. Meni koʻrgach esa boshini uquvsizlik bilan salgina egib, suhbatni toʻxtatar va koʻzini uzmasdan meni ta’qib etar, goh-gohidagina oʻrtaga beparvo gap tashlab qoʻyar yoki ogʻzining bir chetidan yosh doʻstchasiga tabassum qilar, soʻng esa yana oʻzining surbetona boqishi bilan menga nisbatan nafrati soʻnmasligini ta’kidalayotgandek, nigohlarini xanjardek qadab oʻtiraverardi.

Ba’zida men oʻzimni yetarli darajada kuchli his qilib, unga tik qarashga jur’at qilardim; iyagimga qoʻlimni tirar, tutunni qadah ustidan oshirib puflar, koʻzlarimni loʻq qilib, uning sovuq va biroz mahzun nigohini oʻzimning yuzimdan haydab yuborishga uringandek unga sekin qarardim. Oʻsha paytlarda Bob Inesga juda oʻxshardi; liq toʻla keng klub zali adogʻida uning yuzida Inesning chehrasini koʻrib turgandek boʻlardim; ehtimol, keyingi oqshomlarda Bobga xuddi Inesga tikilganday mahliyo boʻlib, termulib oʻtirgandirman. Biroq koʻpincha men Bobning nigohini unutishga harakat qilardim; unga yon tomonimni oʻgirib, atrofimdagi stollarda qizgʻin suhbatlashayotganlarni istamaygina mahzun kuzatar, meni oʻziga yaqin oladigan biron fazilat ham yoʻq, deb biladigan Bobni boshqa xislatlarim ham borligiga ishontirish istagida yonardim. Ba’zida bir necha qadahdan soʻng dadillanib, «Qani, azizim, Bob, opaginangga buni ham borib aytchi,» deya ichimda xitob qilar va stolim atrofidagi qizlarning qoʻllarini shilqimlarcha silab yoki birorta qichiq latifa aytar, qizlar hayosizlarcha xoxolab kulishar, Bob esa hammasini koʻrib, eshitib turardi.

Biroq men qanday qilib koʻrsatmayin, Bobning na munosabati, na koʻzlaridagi tahqir oʻzgarardi. Shuni aytishim kerakki, u meni faqat mayxonadagina ta’qib etmas, faqat mening mayxonadagi sarguzashtlarimdangina xabardor emasdi. Bir kuni oqshom payti men ularning mehmonxonasida, royal yonida tik holda Inesni ilhaq boʻlib kutib turganimda, toʻsatdan Bob kirib qolgandi. Uning movutining barcha tugmalari qadalgan, qoʻli esa choʻntagida edi. U men bilan boshini silkitib, salomlashgandi-da, soʻng xuddi xonada hech kim yoʻqday, xuddi boshini silkitishi bilan meni uzoq-uzoqlarga uloqtirib tashlaganday, hamma narsaga beparvo koʻz yugurtirib chiqdi va xona boʻylab sekin yura boshladi; men uning stol oldida, kauchik poshnali sariq poyafzali bilan gilamni depsigancha, asabiy tarzda oldinga va orqaga qanday borib kelayotganini kuzatib turardim. Barmoqlari bilan gulning gʻunchasini oʻynagan va gulni vazaga loqaydlik bilan qayta joylagan kuyi mendan yuzini butunlay oʻgirib olgandi. Boshini sal egib, tund va oʻychan qiyofada stol chekkasida oʻtirar va chekar edi. Men royalga suyanib turar ekanman, chap qoʻlim, bexosdan yoʻgʻon tovushli klavishga tegib ketgandi, oʻzimni bu noqulay vaziyatdan qutqarish uchun klavishni, Bobdan koʻzimni uzmay, uch daqiqacha toʻxtovsiz bosib turgandim.

Unga nisbatan koʻnglim qahru-gʻazab, tahqirli haqoratlar bilan toʻlganini his etgan va oʻrtadagi noxush jimlikni yoʻqotish uchun toki bu manzarani zinaning yuqori pallasidan yoki eshik ostonasidan turgan Inesning qiyofasiga kirib kelmaguncha, klavishni qoʻrqoqlarcha jahl bilan bosavergandim; bu manzaragayuqoridan - zinada paydo boʻlgan Inesning nigohi bilan boqqanimda meni mazax qilgandek alamidan ushshayib oʻtirgan parishon Bobni, ustimizda halqa-halqa boʻlib suzib yurgan pagʻa-pagʻa tutunni koʻrgandim; u yerdan nim qorongʻu mekhmonxonada kulguli holatda tik va harakatsiz qotib turgancha har uch daqiqada koʻrsatkich barmogʻi bilan yoʻgʻon tovushli klavishni shiddat bilan bosayotgan qahrli va kulgini qistatadigan qiyofada gerdayib turgan oʻzimni koʻrgandim. Va men shunda, bu tovushni shunchaki, chiranish uchungina bosayotganim yoʻq, yoʻq, men uni chorlayapman; oxiri zoʻrgʻa titrab chiqayotgan va barmogʻim ostida qayta-qayta paydo boʻlayotgan bu yoʻgʻon tovushli sirli ohang - men izlay-izlay nihoyat topgan va Bobdan, uning beshafqat va oʻjar yoshligidan shafqat va marhamat soʻrayotgan, shu paytgacha mening tilimga kelmagan iltijo deya oʻylagandim. Ines yotogʻining eshigini taraqlatib yopib, oldimga tushib kela boshlagandi. Bob joyida haykalday qotib oʻtirardi. Soʻng u oʻrnidan turib, royalning quyrugʻiga istamaygina yaqinlashdi-da, tirsagi bilan qopqogʻiga suyanib, menga yarim masxara va tahqir aralash tikildi va yuzini yal-yal ochib yuboradigan tabassum bilan;
-Xoʻsh, qalay,-deb soʻradi,- bu oqshom sut oqshomi boʻladimi yoki viski oqshomimi? Olamni qutqaruvchi xaloskor haqida laqillaysizmi yoki bashariyat tanazzuli haqida lof urasizmi?

Men unga hech narsa, deb javob berolmadim ham va basharasi aralash qulogʻi tagiga tushirolmadim ham; klavishni bosishdan toʻxtab, tezda qoʻlimni royaldan zarda aralash tortib oldim. U chiqib keta turib; «Mayli, bir pulga qimmat nasihatlaringiz bilan zaharlamasingizdan qochib qolay» degan pallada, Ines zinaning oʻrtasiga kelib qolgandi.

Bizning it-mushukligimiz yana uch-toʻrt oy davom etgandi; shunday boʻlsa ham men oqshomlari klubga borishni kanda qilmasdim- eslashimcha, oʻsha paytlari tennis boʻyicha chempionat oʻtkazilayotgan edi - mening klubga bormay qoʻyishim uning gʻalabasini bildirar, Bu hol Bobning battar kulgisini va nafratini qoʻzgʻatar, meni uvadasi chiqib ketgan, pachoq kresloga choʻkkan kuyi aftini tantanavor bujmaytirib kutib olgan boʻlardi..

Vaqti kelib, men iloji boricha tezroq faqat Inesga uylanishnigina oʻylay boshlaganimda, Bob ham, uning kurash usuli ham birdan oʻzgardi. Men hali bu istakni qanday boʻlmasin yuzaga chiqarish ishtiyoqida yurganimda, bilmadim, oʻzining opasiga oʻylanish niyatim borligini u qaerdan bildi ekan? Bu istak paydo boʻlishi bilanoq mening muhabbatim oʻtmishni bir chekkaga surib qoʻydi, bugungi jamiki boshqa ikir-chikirlar bilan ham aloqasini uzdi. Garchi, bir necha kundan soʻng birdan xayolimga Bob keyingi paytlarda juda oʻzgarib ketdi, degan fikr toʻxtovsiz kelgan va bir kuni chorrahda serrayib turgancha, uning endi masxara emas, xuddi dahshat solib turgan muqarrar xavfning changalida yoki qiyin vaziyatda qolib, oldida paydo boʻlgan toʻsiqlarni chamalab koʻrayotgan va unga qarshi oʻzining kuchlarini toʻplayotgan kishidek butun diqqatni oʻgʻirlagan qandaydir rejalar aks etib turgan yuzini eslab gʻazabdan tishlarim gʻijirlab ketgan, uni ichimda boplab soʻkkan boʻlsam ham, endi unga e’tibor bermaslikka qaror qilgandim. Tezda bu narsalarga e’tibor qilmay ham qoʻydim. Hatto Inesga uylanish istagim qat-qat yillarning va voqealarning tagida yotgan, endi esa oʻtmishga aylangan oʻsha olis navqironlik davridan oʻsib chiqqani uchun meni Bobga yaqin qilib qoʻydi va tez orada uning ifodasiz, sovuq yuzida oʻzimning haqiqiy holatimni tushunganligini bildiruvchi ifoda ham aks etadi, deb oʻylagandim.

Soʻng men u bilan muqarrar toʻqnashuvni kutib yurganimni, biroq buni Bob mendan boshqa biron mijozi qolmagan klubga kirib, kursiga oʻtirgach va imo bilan dastyorga ruxsat bergachgina anglagandim. Unga xotirjam tikilgancha jimgina jilmayib oʻtirdim - u asosan, qoshlari chimirilgan paytda Inesga juda ham oʻxshar, burnining uchi, xuddi opasinikidek, gapirayotganda biroz puchuqlashar edi.
-Siz Inesga uylanmaysiz, - dedi u nihoyat.

Men unga qarab gʻolibona kulimsiradim va jilmaygan kuyi atrofga koʻz yugurtirib chiqdim.
-Yoʻq, siz unga uylanmaysiz. Garchi siz astoydil shunga intilayotgan boʻlsangiz ham bu gʻarazli niyatingiz amalga oshmaydi.

Men yana takallufsiz tirjaydim.
-Bir necha yil oldin Inesga uylanishni juda ham xohlar edim,- dedim,- biroq endi opang meni qiziqtirmaydi, men uchun baribir. Shunday boʻlsa ham agar siz biron narsani oydinlashtirmoqchi boʻlsangiz sizni eshitishga tayyorman...

U biron soʻz demay, boshini koʻtarib menga tikildi: uning nimadir demoqchiligi koʻrinib turardi, biroq u men gapirib boʻlguncha, jim kutib turdi.
-...agar siz nima uchun Inesga uylanishimni istamayotganligingizni tushuntira olsangiz, unda... -dedim men soʻzlarni chertib–chertib gapirgancha gavdamni orqaga olib, devorga suyandim. Xuddi shu daqiqada u meni butun vujudi bilan yomon koʻrishini anglab qoldim va endi bunga zarracha shubha qilishim mumkin emas edi. U haddan tashqari oqarib ketdi, jahl bilan qimtib olgan lablarida qahrli tabassum jilvalanardi.
-Buni bandma-band izohlash kerak boʻladi,- mingʻirladi u, -buning uchun esa bir kecha yetmaydi. Biroq uch-toʻrt soʻz bilan ham aytsa boʻladi. Shuning uchun unga uylanmaysizki, siz juda keksayib qolgansiz, u esa hali juda yosh. Yoshingiz nechada ekanligini bilmayman, oʻttizdadir, qirqdadir, buning ahamiyati yoʻq. Biroq atoqli, taniqli kishilardan tashqari, shu yoshdagi barcha kishilardek siz ham murakkablashgan, ya’ni , aniqrogʻi, keksarib, aynigan odamsiz.

U oʻchib qolgan sigaretasini zarda bilan soʻrgancha koʻchaga qaradi, soʻng yana menga oʻgirildi; men avvalgiday, devorga suyangancha, oʻtirar va va davomini kutar edim.
-Toʻgʻri, oʻzingizni taniqli kishi deb hisoblashga sizda asoslar bordir. Masalan, siz gapliringizga qaraganda, koʻplarni halokatdan qutqarib qolgansiz. Biroq bularning bari yolgʻon.

Men unga yon tomonimni oʻgirib chekib oʻtirardim; u mening butun oʻy-u -fikrimni algʻov-dalgʻov qilib tashlagandi, men ikkilana boshlagandim; Inesga uylanish istagiga tushganimdan soʻng endi hech kim meni ikkilantirshga, bu maqsadddan qaytirishga, yoshim va kuchimni eslatib, dovdiratishga kuchi yetmaydi, deb qat’iy ishongan edim. Yoʻq, garchi oramizda bor-yoʻgʻi oʻn yil farq boʻlsa-da, men oʻzimni xuddi Bobo kabi navqiron va orzumand deb hisoblar edim.
-Siz, aftidan, chalkashtirayotganga oʻxshaysiz, -dedim men. -Marhamat qilib, aytingchi, sizning-cha, mening nimam aynigan...
-Yoʻq, yoʻq, -shoshib qarshilik koʻrsatdi u, - men u darajada gʻoʻr emasman. Chapanilik qilib, haqoratlash niyatim yoʻq. Siz bor yoʻgʻi xudbin odamsiz, xolos va tuygʻularingizda ham qandaydir jirkanch maqsad bor. Siz mayda narsalarga oʻralashib qolgansiz va maydakashlik sizni pastkash kishi ekanligingizni koʻrsatib turibdi. Haqiqat shuki, siz aslida, orzuning oʻzi yoʻq va hech narsaga astoydil koʻngil qoʻya olmaysiz. Hamma gap shundaki, boshqa hech narsada emas, sizning koʻnglingiz keksayib qolgan, uning koʻngli esa hali juda yosh. Men hatto uni siz bilan birga oʻtirgan holatda ham tasavvur qilolmayman. Siz esa nimalarni istab yuribsiz....

Biroq men bu marta ham uning basharasiga tushira olmadim va koʻksimni tilimlab tashlayotgan achchiq soʻzlarga e’tibor bermaslikka qaror qilib, proigrivatel yoniga bordim va qandaydir tugmachani bosib, tanga tashladim. Joyimga shoshmasdan qaytdim va yana oʻzimni loqayd tutib, kuy eshita boshladim. Qandaydir past musiqa yangrardi, menga notanish xonanda mayin va mahzun qoʻshiqni past ovozda aytardi. Bob esa yonimda oʻtirgancha, garchi ukasi boʻlsa ham, hatto oʻzi ham Inesning sochining bir tolasiga arzimasligi haqida kuyinib gapirardi. «Bechora bola», deb oʻylagandim. Men uni xuddi erkalayotgandek, u esa hamon mingʻirlar, uning gaplariga qaraganda, «keksalikni bildiradigan qalb oʻlatining zararli tomoni» shundaki, balkim odam aynishining ramziy belgisi ham shudir, bu tayyor qoliplarda fikr yuritish, ya’ni barcha ayollarni «zaifa» degan soʻzga birlashtirish, jirkanch tajribalarda paydo boʻlgan tayyor qolipchaga hammani olib kelib tiqish, hammaga bir xil koʻz bilan qarash. «Biroq,-dedi u, yana-«tajriba» degan ifoda ham unchalik toʻgʻri emas. Bu yerda hech qanday tajriba yoʻq. Bu tushuncha va narsani ifodalaydigan oʻzlari uchun yasab olgan siyqa ta’rif qat’iy qayta-qayta chaynash va uzluksiz takrorlayverish, boshqacha aytganda, oʻz qalbi va vijdoni oldidagi qoʻrqoqlik kasalligidir.» U oʻshanda mana shunga yaqin gaplarni gapirgandi. Men esa unga hozir hatto oʻzi Inesning chimchilogʻiga ham yoki etagining bir chetini oʻpishga va oyogʻining iziga ham arzimasligi va shunga oʻxshash narsalar haqida gapirayotganda, agar Inesni hozir xayolon qanday tasavvur qilayotganimni aytsam, Bob shu joyning oʻzidayoq yuragi yorilib oʻlarmikin yoki meni urib oʻldirarmikin, deya mazaxomuz oʻy surardim. Bir oz jimlikdan soʻng musiqa tugadi, proigrivatelning chirogʻi oʻchdi va yana ham chuqurroq jimlik choʻkdi,- Bob «Bor gapim shu», deb toʻngʻilladi-da, qomatini tik tutib hamishagiday oʻziga ishonch aks etib turgan yurishi bilan shoshilmay, sekin mendan uzoqlashdi.

Agar oʻsha oqshom Bobning yuzi menga Inesning qiyofasini eslatgan va ba’zi vaziyatlarda esa nasliy bir xillik tufaylimi yoki Bob Inesning quyib qoʻygandek oʻzi boʻlgani uchunmi, menga Bobning oʻrnida Ines oʻtirganday tuyulganini hisobga olsam, unda shuni aytishim kerakki, men oʻsha oqshom Inesni oxirgi marta koʻrgan edim. Toʻgʻri, ikki kundan soʻng odatdagiday oqshom payti biz uchrashgan edik va keyin ham mening soʻzlarim va umuman, mening bu dunyoda bor yoki yoʻq boʻlishim endi Ines uchun hech qanday ahamiyat kasb etmasligini, mening jonga tekkan iltijolarim xuddi bemaqsad otilgan tosh kabi bepoyon va koʻm-koʻk osmonga, soʻlim koʻklam faslining hayot barq urib turgan yam-yashil maysalari orasiga issiz singib ketishni oldindan bilgan va endi hammasi behuda ekanligini his etgan holda hech narsaga ishonmay, hech narsaga umid qilmay, tush payti uni oʻzim chaqirib olgan va biz yana bir marta uchrashgan edik.

Oʻsha oqshom Bobning chehrasida aks etgan Inesning bir lahzalik qiyofasi menga unchalik roʻyxushlik bermay nafratomuz tikilib turgan boʻlsa-da, baribir bu qiyofada oʻzim uchun sevimli boʻlgan qizning meni hamisha oʻziga mahliyo qilgan joʻshqinligi va samimiyatini his etgan edim. Biroq bizning oxirgi uchrashuvimizda bir kechada soʻlib, hamma narsaga beparvo boʻlib qolgan bu begona ayol bilan, qanday qilib, xuddi koʻnglim mahubib boʻlgan Ines bilan soʻzlashayotganday emin-erkin suhbatlashishim, uni xohlaganday erkalashim, qanday qilib, uni oʻz gaplarimga ishontirishim mumkin? Oʻzining uyida, kresloga choʻkkancha yoki parkdagi oʻtirgʻichda muk tushgancha, surati men bilan-u, siyrati oʻzga dunyoda kezib yurgan, xuddi men koʻngil qoʻygan qiz boshqa-yu, yuzida sovuq ifoda va ukasining men haqimdagi toʻqib-bichgan loflariga qorishib oʻtirgan bu suluv boshqaday, koʻzlari sovuq miltillayotgan, lablarini zaharli qimtib, tizzasidagi qoʻllari nafratdan titrab turgan, xuddi yuzini mendan bir umrga yashirmoqchidek boʻyniga roʻmol tashlab olgan uzun boʻyli kibrli bu ayolning chehrasidan doimo nur va mehr yogʻilib turadigan Ines ekanligiga qanday ishonish mumkin? Men unga uzoq tikilgan va uning butun vujudidan «yoʻq», degan soʻz taralayotganini, hatto atrofidagi havodan ham «yoʻq» degan hid ufurayotganini anglagan edim. Bob Inesni oʻzining gapiga ishontirish uchun qanday uydirma toʻqib chiqarganini men haligacha bilmayman; biroq, har qalay, men uning yolgʻon gapirmaganiga ishonaman; oʻshanda uni hech qanday kuch, hatto Inesning oʻzi ham yolgʻon gapirishga majbur qilolmasdi. Men Inesni ham, uning oʻsha kungi sirti yaltiroq, ichi boʻm-boʻsh qiyofasini ham boshqa uchratmadim: bir qancha vaqtdan soʻng uning erga tegib, Buenos-Ayresga joʻnab ketganini eshitdim. Oʻsha paytlari Inesning qalbidan meni, mening qalbimdan Inesni quvib chiqarish uchun Bob hayotimni qanday qilib ikir-chikirigacha agʻdar-toʻntar qilganini va ularning ichidan eng jirkanch va maqsadga muvofiq hodisalarni tanlab olganini yoki hech boʻlmasa, bunday hodisalarni oʻzi toʻqib tashlaganini xayolan tasavvur qilar ekanman, nafrat va gʻazabdan boʻkirib yigʻlab yuborgim kelardi.

Mana, yana men Bobni deyarli har kuni oʻsha kafeda, oʻsha kishilarning davrasida uchrata boshlaganimga ham bir yil boʻldi. Bizni bir-birimizga tanishtirgan payti - uni endi Robert deb chaqirishardi- men oʻtmish vaqt degan narsani bilmasligini oʻn yillar narida yotgan har qanday voqea xuddi kecha boʻlib oʻtgandek, juda yaqin ekanligini anglagandim. Bobning yuzida hali ham mening xotiramdan endi deyarli oʻcha boshlagan tanish chehraning elas-elas sharpalari saqlanib qolgan edi: yupqa bejirim lablarning qandaydir harakati birdan Inesning xushbichim uzun qomatini va qadamlarini tamanno bilan ohista tashlab yurishlarini xotiramda qaytadan tiklagan edi: oʻsha oʻzgarmas moviy koʻzlar esa menga qizil bogʻich bilan chiroyli qilib bogʻlangan va peshonaga osilib turgan mayin sochlarning tagidan boqayotgandek tuyulib ketgandi. Endi bir umr ayrilgan, yetib boʻlmas darajada uzoq-uzoqlarda qolgan Ines gul-gul yongan nozanin, hech kimga oʻxshamas va oʻzining oʻsha paytdagi goʻzalligiga hech bir gard yuqtirmagan qiyofada baribir koʻz oldimda yana namoyon boʻldi. Biroq bugungi Robertning soʻlgʻin yuzi, poyintor-soyintor gaplari va hech bir ahloq bilan sigʻishmaydigan xatti-harakatlari orasidan oʻsha Bobni kovlab topish va uni yanchib tashlashga intilishga hojat qolmagandi. Birinchi uchrashgan kunimizoq men u bilan gaplashib olish va isqirt basharasiga tushirish uchun uning yolgʻiz qolishini yoki koʻchaga chiqishini uzoq, intizor boʻlib kutgan edim. Men qahvaxonaning derazasidan koʻrinayotgan uning aksiga xotirjam tikilib, Ines bilan oʻtgan lahzalarni eslab va tasavvurimda Bobning tanasidan biror joyni tanlab, birinchi mushtni gʻolibona tushirganimda, talaffuz qiladigan tahqiromuz ohangdan oʻzim oldindan lazzatlangancha, uni bira toʻla yer bilan paymol qilib tashlaydigan eng haqoratli jumlalarni ichimda toʻqib oʻtirardim. Biroq kechqurun u uchta doʻstining kuzatuvida joʻnagach, xuddi Bob koʻp yillar avval qulay vaziyat kelishini kutgandek, men ham uning yolgʻiz qolishini kutishga ahd qildim. Biz u bilan boshqa bir kuni toʻsatdan uchrashib qolgan va oʻrtamizda kutilmagan doʻstlik paydo boʻlganda ham undan qanday qilib boʻlsa ham qasos olish niyatim endi hech qachon tark etmasligiga qat’iy ishongandim. Men u bilan Ines haqida va Bob bilan bogʻliq oʻtmish haqida hech qachon gaplashmaslikka, bularning barini yuzaga chiqarmay, yuragimning toʻrida bir umr barhayot holda saqlashga qaror qilgandim. Deyarli har bir oqshomni Robert va kafening doimiy mijozlari bilan oʻtkazar ekanman, xuddi shunday qildim ham. Qachonki Robertni koʻrib va uning soʻzlarini eshitib turar ekanman, koʻksimdagi xusumat oʻti soʻnmas ham, zaiflashmas ham edi; hech kim mening unga nisbatan intiqomimni bilmasdi, biroq men kundan kunga nafrat va lazzat bilan bu tuygʻuni oshkora qilib borardim. Men Robert bilan doʻstona va qadrdonlarcha suhbatlashar, chekar va birga qahva ichar edim. Va hamisha men Bob haqida, uning begʻuborligi va sadoqati haqida, uning qoʻpol va qoʻrs fikrlari haqida oʻylardim; musikani sevadigan Bob haqida, odamlar hayotini farovonlashtirish va millionlab kishilarga uy-joy berish uchun dengiz qirgʻogʻida gʻaroyib, goʻzalligi bilan butun dunyoni maftun qilib qoʻyadigan shahar qurmoqchi boʻlgan Bob haqida, hech qachon yolgʻon gapirishni bilmaydigan Bob haqida, keksalar bilan yoshlar oʻrtasida hayot-mamot jangiga chorlaydigan navqiron Bob haqida, kelajakning va dunyoning vorisi boʻlgan Bob haqida oʻylardim. Koʻpdan beri achinarli va ayanchli umr kechirayotgan, qandaydir sassiq hid anqib yotadigan korxonada ishlaydigan, semiz va tepsa tebranmas ayolga uylangan va xotinini «mening sen’oram» deb chaqiradigan, uzun, zerikarli shanba oqshomlarini kafedagi oromkursida yalpaygancha oʻtirib yoki gazeta oʻqib, telefon orqali poygaga pul tikib oʻtkazadigan barmoqlari tamakidan sargʻayib ketgan Roberto ismli kishining qarshisida oʻtirgancha, men bularning hammasini birma-bir koʻz oldimga keltirib, jimgina oʻtirardim.

Hech bir oshiq hayotning jirkanch botqogʻiga botib, muqarrar inqirozga qarab adashmasdan ketayotgan umr karvoniga mubtalo boʻlganchalik ma’shuqasiga mubtalo boʻlolmaydi, kishi umrning intihosiga qarab yugurgandek mahkumlik bilan hech bir oshiq ma’shuqning ogʻushiga qarab yugurolmaydi. Hatto oʻsha yoniq muhabbat zavq-shavqini ham oʻn yillar oldin mening hayotimdan oʻchirib tashlagan, menga qalb oʻlati haqida gapira turib, qalbimga bitmas jarohat va oʻlat olib kelgan, endi esa hayot tegirmoni qiymalab tashlagan oʻsha Bobni eslatadigan bugungi Robertoni koʻrganda va uning bir zamonlardagi tagi puch rejalarini eslaganda menda paydo boʻladigan zavq-shavq va muzaffarlikni har qanday gʻoliblik va zavq-shavq bilan ham solishtirib boʻlmaydi; shuning oʻzidan ham Bob oʻzining aldamchi orzulari bilan hayotning qaysi oʻpqoniga qarab yugurganini bilib olsa boʻladi.

Bilmadim kattalarning bu mudhish va qoʻlansa dunyosida har kuni Bob bilan koʻrishgandek, ilgari Ines bilan ham aqalli bir marta shunday quvonch va muhabbatdan mast boʻlib koʻrishdikmikin? Bu qoʻlansa dunyoga xush kelibsan, Bob! U hali bu yerga yaqindagina kelgan musofir; u hali oʻzining yoshligini tez-tez qoʻmsab iztirob va alam bilan oʻksinib yuradi. Men ba’zan uning toʻyib ichib olib, oʻzini eng iflos soʻzlar bilan haqoratlab, har qanday boʻlsa ham bir vaqtlar Bob boʻlgan paytlariga qaytaman deb gʻoʻngʻillab, qasam ichib, yigʻlab oʻtirganini koʻrib qolaman. Ishontirib aytish mumkinki, xuddi shu daqiqalarda mening yuragim muhabbat tuygʻusi bilan limmo-lim toʻlib ketadi va qalbim xuddi onalarning mushfiq qalbidek, yana ham marhamatli va shafqatli boʻlib qoladi. U endi hech qayoqqa ketolmasligini, chunki endi ketadigan joyning oʻzi yoʻqligini yuragimning tub-tubidan his etib tursam ham, biroq umidu iltifot bilan uni yupatishga harakat qilaman va unga dalda beraman, qoʻllab-quvvatlayman. Ilgari Bob boʻlib yashagan vatanining bir hovuch tuprogʻi yoki goh-gohida u oʻlkadan abadiy surgun qilingan kishilar olib keladigan qadrdon, bolalik koʻchalarining suratlari, har xil yodgorliklari, joʻshqin va ehtirosli qoʻshiqlari oʻrniga men unga sabru-qanoat, qalbiga taskin, ertangi kuniga ishonch va u yaqinda tashlab kelgan yoshlik mamlakatining orombaxsh nurlarini va musaffo havosini bir paytlar opasiga bergan va’dalarim kabi sovgʻa qilaman. Va u ham hammasini qabul qiladi: avvaliga, qarshilik qiladi, men oʻzimning sadoqatimni qayta-qayta ta’kidlavergach, navqiron Bobning dunyosiga qaytadigan kun yaqinligiga ishongan holda, nihoyat, u «ha, roziman» deydi va jilmayadi; oʻzi esa oʻtmishdagi orzu umidlarining erta zavol topgan badboʻy jasadlari va jirkanch tuygʻular orasida minglab oyoqlar ostida shafqatsiz toptalaverib, mayib va taqdirga tan bergan qiyofada majolsiz tipirchilagancha, oʻttiz yoshning sassiq balchigʻiga tobora koʻproq botib boraveradi.