OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Xulio Kortasar. Avtobus (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXulio Kortasar
Asar nomiAvtobus (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Argentin adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sehrli realizm
Mualliflar
   - Xulio Kortasar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMa’suma Ahmedova
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Avtobus (hikoya)
Xulio Kortasar

– Agar malol kelmasa, qaytishingizda menga «Oila»ni ola keling, – deya iltimos qildi senora Roberta kresloda chayqalarkan.

Klara siljima stolchaga dorilarni terib qoʻydi va xonani birma-bir koʻzdan kechirib chiqdi. Hamma narsa joyida, Matilda senoraga qarab oʻtiradi, oqsoch nima qilish kerakligini oʻzi biladi. Endi ketaverish, kun boʻyi to tunga qadar bemalol yurish mumkin, dugonasi Klarani kutayapti, dugonalar miriqib gaplashadi, radio tinglashadi, soat besh yarimda shokoladli konfetlar bilan shirin choy ichishadi.

Soat ikkida, xalq hali muassasalarga yopirilib kelmagan mahal Vilya-del-Parkda biror kimsa koʻrinmas, koʻcha huvillab turar va yop-yorugʻ edi. Klara poshnalarini shaxdam taqillatganicha daraxtlarning uzun-uzun soyalari orasidan yoʻliga koʻndalang boʻlgan noyabr quyoshidan quvonib, Tinagast va Samudodan tushib keldi. Qiz San-Martin va Nogoyya muyulishida 168-avtobusni kutarkan, boshi uzra chumchuqlar patillashib urishayotganini eshitdi, Florensiya uslubida ishlangan ibodatxona minorasi unga qip-qizil va boshni aylantirguday baland tuyuldi. Yonidan soatsoz don Luis oʻtdi, unga ta’zim qildi, bu bilan ilk bora qizning kelishgan qaddi-qomatiga, qaymoqrang koftasining oppoq yoqasi va ayniqsa, yangi boshmoqlarda chiroyli koʻringan oyoqlariga baho berganday boʻldi. Xilvat koʻchadan avtobus gʻizillab keldi va peshindan keyingi jimjit muyulishda ulov toʻxtatgan yagona yoʻlovchi qizga eshiklarini ocharkan, zarda bilan pishqirdi.

Klara hamyoni keraksiz mayda-chuydaga toʻlib ketganligidan kerakli tangani darhol topa qolmadi. Miqti konduktor kalta, besoʻnaqay oyoqlarini kerganicha bardosh bilan xoʻmrayib kutib turdi. Klara ikki marta: «Menga oʻn besh peso[1]lik», – dedi, – konduktor boʻlsa, xuddi ajablanganday, unga tikilib turaverdi. Soʻng unga pushtirang patta uzatdi, shunda Klaraning yodiga bolalikdagi she’r misralari tushdi, taxminan mana bunday: «Ke, pattangni ber, pushti yoki havorang, unga dovur qoʻshigʻingni ayt, bir koʻray». Qiz miyigʻida kuldi, qayerga oʻtirsamikan, degan oʻyda chekkaroqdan, ehtiyot eshigining oldiginasidan joy topdi, derazaga yaqin oʻtirgan odamlar ichida soddadillik bilan quvongani kabi u ham bundan quvondi. Shunda Klara konduktor yana undan koʻzini uzmay qarab turganini payqadi. Avtobus muyulishga yetganida, koʻprikka yaqin joyda burilishi oldidan Klaraga haydovchi ham qarab qoʻydi – orqasiga qayrilib qaradi va nigohlari uni qiyinchiliksiz topdi, chunki qiz bir burchakka tiqilib olgandi. Haydovchi oriq, sochlari sargʻish boʻlib, turqi och odamni eslatardi. Haydovchi konduktor bilan nimalarnidir pichirlashdi, ikkalovi yana Klaraga, keyin bir-birlariga qarab qoʻydilar va avtobus odatdagiday bir silkinib olib, Chorroarin boʻylab gʻizillab ketdi.

«Jinnimi oʻzi bular», – deb oʻyladi Klara xavotirlanib. Qiz pattani hamyoniga solarkan, katta chinnigul dastasini koʻtarib olgan ayol uning oldiga kelib oʻtirganini koʻrdi. Ayol gullar uzra boshini koʻtardi, xuddi yashil buta-devordan moʻralagan sigir singari Klaraga munis nazar tashladi. Klara koʻzgusini oldi va qosh, lablarini koʻzdan kechira boshladi. Shunda nimadir gardanini qitiqladi, u yana birov surbetlik bilan menga tikilyaptimi, deya jahli chiqib, zarda bilan boshini koʻtarib qaradi. Klaradan iikki santimetrlarcha narida, egniga yoqalari kraxmallangan koʻylak kiyib olgan, qoʻlida koʻngilni behuzur qiladigan qoʻlansa isli dastorgul dastasini tutgan bir cholning koʻzlari yaltirab turardi. Avtobusning eng oxiridagi uzun va yashil oʻrindiqda oʻtirganlarning barining koʻzi Klarada edi, xuddi unga bir nima ilashganu, bu narsa ularni hayron qoldirgan va gʻashlarini keltirayotganga oʻxshardi, qiz oʻziga tikilgan nigohlardan, dimogʻiga urilgan gullar isidan oʻzini yoʻqotayozdi, muhimi, nazarida, mana-mana, bu hozir shunchaki hazil bilan tugaydiganga oʻxshardi; masalan, burniga qorakuya tegdi, deylik. Lekin burniga hech nima tegmagan, top-toza edi; endi ana shu teshib yuborguday nigohlar unga kulgili tuyulmay qoldi. Nazarida Klaraga odamlar emas, gullar tikilayotganga oʻxshab ketdi.

U oʻzini juda noqulay his etdi, oʻrnidan sirpanganday sal surildi va oldidagi oʻrindiqning eskib, sitilib ketgan orqasiga, ehtiyot eshigining richagiga va: «Tutqichni oʻzingizga tortib, oʻrningizdan turing», deb yozilgan yozuvga tikilib qoldi – harflar negadir soʻzlarga unchalik qovushmayotganga oʻxshadi. U shu tariqa xotirjam oʻtirish imkonini qoʻlga kiritdi. Avtobusdagilarning yangi chiqqan yoʻlovchi qizga qarashining sira ajablanarli joyi yoʻq, gullar qabristonga olib borilishi tabiiy-ku axir – hammaning qoʻlida guldasta boʻlgani juda yaxshi. 168-chi Alvear kasalxonasini ortda qoldirib ketdi, Klaradan oʻng tomonda Estrelyaning yaydoq yerlari yastanib yotar, loy-balchiqqa belangan toʻriq otlar boʻynilarida uzilgan arqonni sudraganlaricha yurardi. Hattoki quyosh ham bu manzarani bezay olmagan boʻlsa-da, Klara koʻzlarini derazadan ololmayotgan edi, faqat ikki marta koʻz qiri bilan yonidagilarga tezgina, hadik bilan qarab qoʻydi. Qip-qizil atirgul va karnaygullar, sal nariroqda esa – jirkanch, soʻlib qolgan, koʻkimtir dogʻ-dugʻli, xira pushti, kir kelingullar turardi. Ikkita deraza narida oʻtirgan yoʻlovchi ( unga bir qarab, bir qaramasdan oʻtirdi, mana, yana qarayapti, endi qaramayapti, yoʻq, yana qarayapti), qandaydir mijigʻlangan narsaga zich qilib bosilgan deyarli qora chinnigullarni ushlab oʻtirardi. Oldinda, yonboshda ham, – boʻyi yetgan qirgʻiyburun qizlar birgina sunbulagul va moychechak dastasini koʻtarib olgandilar; garchand qizlar unchalik kambagʻal koʻrinmasalar-da (egnilaridagi jaketlari yaxshigina, qat-qat yubka, tizzasigacha keladigan oppoq paypoq kiyib olgandilar), qoʻllaridagi guldastalari nochor koʻrinardi, qizlar Klaraga tepadan kekkayib qaradilar. Shu surbet mishiqi qizlar odamdan koʻzlarini olar endi, deb Klara ham ularga qaradi, biroq toʻrtta qorachiq unga teshib yuborguday tikildi, konduktor ham Klaradan koʻzini uzmadi, chinnigul koʻtarib olgan odam ham nazar soldi, bu gullardan gardani qizib ketayozdi, yoqasi kraxmallangan chol ham burni yerga tekkuday, engashib unga tikildi, yonidagi oʻspirinlar ham ulardan qolishmadi, – mana, Paternal bekati, kim oʻn pesolik patta olgan boʻlsa, tushsin.

Hech kim tushmadi. Bir odam avtobusga chaqqonlik bilan irgʻib chiqdi va yoʻlida qoʻllariga qarab, uni kutib turgan konduktor qarshisiga kelib, turib oldi. Yoʻlovchi oʻng qoʻlida chaqa, chap qoʻli bilan pidjagini tortib toʻgʻriladi. Yangi yoʻlovchi oʻziga tikilgan nigohlarga e’tibor bermay, bir oz taraddudlanib qoldi, keyin Klara uning: «Oʻn besh pesolik», deganini eshitdi. Xuddi Klaraga oʻxshab, u ham oʻn besh pesolik patta oldi. Biroq konduktor unga patta bermadi. Aksincha yangi yoʻlovchi axiri konduktorning oʻziga qarab turganini payqab, chin koʻnglidan: «Oʻn besh pesolik, deyapman-ku!» – demagunicha undan koʻzini uzmay tikilib turaverdi. Soʻngra yoʻlovchi pattani oldi va konduktor qaytimini qaytargunicha chinnigullar yonidagi boʻsh joyga «lip» etib oʻtib oldi. Konduktor yigitga besh sentavo qaytarib berdi, xuddi yoʻlovchining boshi qiziqtirayotganday, unga tepadan qaradi; lekin yoʻlovchining koʻzi qora chinnigullarda edi. Guldasta egasi yangi yoʻlovchining qarab turganligini payqab, bir-ikki marta unga tezgina qayrilib qaradi va tez oʻgirildi, ular hali oʻzaro til topishga ulgurmaslaridan bir-birlariga qaradilar. Sunbulagul koʻtarib olgan qizlar Klaradan va avtobusga yangi chiqqan yigitdan koʻzlarini uzmay qonini qaynatdi. 168-chi qabriston devori boʻylab oʻtayotib, hamma unga va Klaraga qaradi – koʻproq yangi chiqqan odamga tikildi, bu odamlar yigitni va uni, Klarani ham nigohlari bilan tutib, qoʻlga olganday va ularga, ikkita surbet bir boʻldi endi, deganday qarash qildilar. Shunaqayam bema’nilik boʻladimi, kap-katta qizlar – anavilar-chi, yoshlari bir joyga borib qolganiga qaramasdan gul opketishyapti, oʻzlariga yarashadigan ishni qilishsa boʻlmaydimi, tagʻin tikilib qarashlarini-chi! Klara yangi chiqqan odamni ana shu nigohlardan himoya qilgisi keldi, unga nisbatan yuragida singillarcha iliqlik paydo boʻldi. «Ikkovimiz ham oʻn besh pesolik patta oldik!» – degisi keldi, – aynan shu narsa ularni yaqinlashtirgandek edi. Yigitning qoʻllariga nuqib, unga maslahat bergisi, yorilgisi keldi: «Ularni qarang, shunaqayam bezbet boʻladimi, gullari orasidan ham qarashyapti-ya, ahmoqlar!» U Klaraning yoniga oʻtirsa, yaxshi boʻlardi; biroq yigit – garchand basharasiga qaygʻu-gʻam ajindan chiziq tortgan boʻlsa-da, hali yosh edi, – dastlab duch kelgan joyni egalladi. Klara ham kulib, ham xijolat tortganicha manavi qizlar va kelingul koʻtarib olgan xolaning nigohlariga bardosh berishga qaror qildi; ana endi yana chinnigulli odam qizga ma’nosiz, xira, xuddi koʻpiktosh singari tussiz nigoh tashladi. Klara unga tik qaradi, nazarida vujudi boʻm-boʻsh boʻlib qolganday boʻldi, shunda birdan avtobusdan tushib ketgisi keldi (nima uchun axir? Qoʻlida guli boʻlmagani uchunmi?). Klara yangi yoʻlovchi ham oʻzini noqulay his etayotganini sezdi, – yigit uyoq-buyoqqa alangladi va orqa tomonda oʻtirgan toʻrtaloviga hamda dastorgul koʻtarib olgan cholga koʻzi tushdi. Cholning nigohi Klara tomonga oʻtdi, uning lablari, iyagida bir on toʻxtab qoldi. Oldinda konduktor ham, qizlar ham, kelingulli xola ham diqqat bilan tikilib turardilar; shunda yangi yoʻlovchi goʻyo ularni tiyib qoʻymoqchiday oʻsha yoqqa oʻgirilib oldi. «U bechoraning ham guli yoʻq ekan», – degan bema’ni oʻy keldi negadir Klaraning xayoliga. Yigit nima uchundir himoyasiz koʻrinar, oʻzini har tomondan oʻrab olayotgan sovuq alanga kabi nigohlardan koʻzlari bilan oʻzini-oʻzi mudofaa qilmoqchiday boʻlardi.

168-chi tik qiyalikda, qabristonning qator tizilgan ustunlariga yetay deganda, ikki yoʻl ayrilishida tezlikni yanada oshirdi. Qizlar oldinga oʻtib, eshikka yaqin turib oldilar: ularning izidan dastorgul, atirgul, kelingullar saf tortdi. Qolganlari orqada tiqilishdi va Klara derazasi oldida anqigan chuchmal islardan koʻngli ozdi, lekin ichida shuncha odam tushib ketayotganidan quvondi. Boshi uzra qora chinnigullar paydo boʻldi; yangi yoʻlovchi yonidagi odamni oʻtkazib yubordi va qovushmaygina, yonboshi bilan Klaraning oldidagi boʻsh joyga choʻkdi. Uning afti angori tuzukkina edi, ochiqkoʻngil ham oddiy koʻrinar va koʻrinishidan, chamasi, dorixonadami, buxgalteriyadami yoki hattoki konstruktorlik byurosida ishlardi. Avtobus asta toʻxtadi, eshiklari bir siltanib, ochildi. Yangi yoʻlovchi hamma tushib boʻlsin, keyin odamga oʻxshab oʻtirsa boʻladi, degan oʻyda kutib turdi. Klara ham unga oʻxshab, toqat qilib kutdi va ichida chinnigullar, kelingullarni tezroq tusha qolishsa edi, deya shoshirdi. Eshik ochiq edi, ammo hamma yoʻlda turib olganicha yangi yoʻlovchi bilan Klaradan koʻz uzmasdi – tushmasdan, xuddi yer tagidan shamol turib, butun guldastani chayqatganday tebrangan gullar orasidan ularga moʻralardilar. Nihoyat atirgullar, chinnigullar ham, orqa oʻtirgʻichdagi guldastalar ham, qizlar ham, dastorgullarini olib, chol ham tushib ketdi. Faqat avtobusda Klara bilan yangi yoʻlovchi qoldi va 168-chi moʻ’jazroq, dilkashroq, tussizroq boʻlib qoldi. Klara sevinib ketdi va garchand atrofda joy koʻp ekanligiga qaramay, yangi yoʻlovchi uning yoniga kelib oʻtirganligidan ajablanmadi. Yigit oʻtirdi va ular boshlarini egganlaricha qoʻllariga qaradilar. Qoʻllar, shunchaki qoʻllar, oddiy, boʻm-boʻsh, guli yoʻq qoʻllar.
– Qabriston! – qichqirdi konduktor .

Klara ham, yonidagi qoʻshnisi ham qat’iy nigohlari bilan tushunarli javob qaytardilar: «Bizning pattamiz – oʻn besh pesolik». Ular bunday demadilar, faqat xayollaridan oʻtdi, boʻldi-da!

Biroq eshik yopilmadi, konduktor ularning oldiga keldi.
– Qabriston! – dedi u ularga nimalarnidir uqtirmoqchi boʻlganday.

Yigit konduktorga qaramadi, Klaraning esa unga rahmi keldi.
– Men Retirogacha boraman, – dedi qiz pattasini koʻrsatib. «Ke, pattangni ber, pushti yoki havorang». Haydovchi ularga qarayman, deb oʻtirgan joyidan tushib ketay dedi; konduktor jur’atsizlik bilan orqasiga oʻgirildi-da, qoʻlini silkidi. Yana eshiklar siltandi – hech kim avtobusga chiqmadi, –168-chi xuddi zanjirini uzganday, olgʻa yeldi, shunda Klara qoʻrqqanidan yuragi orqasiga tortib ketdi. Konduktor yaltiroq tutqichni ushlab, kabina oldida turganicha ularga ma’noli tikilib turardi. Ular ham Dorrego muyulishiga yetguncha konduktordan koʻzlarini uzmay ketaverdilar, bir payt Klara, yonidagi qoʻshnisi old tomondan bu qiligʻi koʻrinmasligidan foydalanib, astagina kaftini uning qoʻllariga qoʻyayotganligini sezdi. Kafti mayin, issiq edi, Klara qoʻllarini tizzasi tomonga surdi-yu, ammo qimirlamadi. Oyna ortida shamol hushtak chaldi.
– Shuncha odam, – dedi sekingina yigit. – Hammasi tushib ketdi.
– Ular qabristonga kelishayotgan edi, gullari bilan, – izoh berdi Klara. – Shanba kunlari koʻp borishadi.
– Albatta, lekin har holda...
–Ha, gʻalati. Sezdingizmi?
– Sezdim, – dedi yigit.– Siz ham shunday holatga tushdingizmi? Shunday boʻldi, koʻrdim.
– Juda gʻalati. Hozir hech kim chiqmaydi.

Shofyor shlagbaumga yaqinlashib, shartta toʻxtadi. Ular avtobusning keskin zalpidan oldinga qalqib ketdilar va bu silkinishdan yengil tortganday boʻldilar. Avtobus xuddi kimningdir bahaybat gavdasi singari silkindi.
– Men Retirogacha boraman, – dedi Klara.
– Men ham.

Konduktor joyida uzoq turib qoldi – shofyor bilan janjallashdi. Soʻngra shofyorning (ular tomonga qarayotganlarini yashirgancha) oʻzlari tomonga kelayotganini koʻrdilar; konduktor uning izidan kelmoqda edi. Klara shofyor bilan konduktor yonidagi hamrohiga tikilib qolganlarini, yigit esa xuddi jang oldidan qilgani singari qaddini rostlayotganini sezdi. Yigitning oyoqlari qaltiradi, qizning kiftiga tegib turgan yelkasi seskandi. Shu payt poyezd vahima bilan chinqirdi, koʻkni qop-qora tutun qopladi. Vagonlarning taraqa-turugʻi bari ovozlarni va ulardan ikki qadam narida – goʻyo sakrashga chogʻlanib, pastga asta engashgan shofyorning soʻzlarini ham bosib ketdi. Konduktor shofyorning yelkasidan changallab oldi-da, soʻnggi vagon temirlarni jaranglatgancha ularning yaqinginasidan oʻtib ketguniga qadar koʻtarilib turgan shlagbaum tomonga qoʻlini niqtadi. Shofyor lablarini qisdi, tez joyiga oʻtirdi va 168-chi jahl bilan oʻrnidan qoʻzgʻaldi, bir silkinib, temir yoʻlni kesib oʻtdi, soʻng qiyalikka koʻtarildi.

Klarani hamrohining mushaklari boʻshashdi va joyidan sal pastroqqa siljidi.
– Bunaqasini sira koʻrmaganman, – dedi yigit oʻziga-oʻzi soʻzlanganday.

Klara yigʻlab yuboray-yigʻlab yuboray dedi. Yigʻlash oson, ammo buning sira keragi yoʻq edi. Qiz buni oʻylamayotgan edi, u qoʻrqinchli hech gap yoʻqligini, aytish mumkinki, boʻm-boʻsh avtobusda, bittagina hamrohi bilan ketayotganligini tushungan, umuman olganda, faqat qoʻngʻiroqni bossang boʻldi, duch kelgan burchakda tushib qolsang boʻladi. Ha, shunday ketayotganining ham yomon tomoni yoʻq, faqat avtobusdan qanday tushaman, yigit qoʻllaridan qoʻllarimni qanday sugʻurib olaman, degan oʻy qizni qiynamoqda edi.
– Men qoʻrqyapman, – dedi shunchaki Klara. – Loaqal gunafsha taqib olganimdayam mayli edi!

Yigit qizga, uning joʻngina koftasiga koʻz tashladi.
– Men ba’zida koʻylagim tugmasi ilgagiga yasmin qadab qoʻyardim, – dedi yigit. – Bugun shoshdim-da, ulgurmadim.
– Attang! Umuman- biz Retiroga ketyapmizku-ya.
– Albatta, Retiroga.

Ular gaplashib ketdilar. Gapimiz uzilib qolmasin tagʻin, deb gapiraverdilar, gapiraverdilar, nima haqda soʻzlashayotganlarining ahamiyati ham yoʻq edi.
– Derazani ochmaysizmi? Juda dim boʻlib ketdi.

U qizga taajjub bilan qaradi; aftidan, yigit junjikayotganga oʻxshardi. Konduktor shofyor bilan gaplashib olib, ularni zimdan kuzatmoqda edi. 168-chi yoʻlda biror marta ham toʻxtamadi, endi Kanning va Santa-Fe muyulishiga burildi.
– Bunisi ochilmaydi, – dedi yigit. – Koʻryapsizmi, faqat biz tomondagisi ochiq emas. Bu yerda ehtiyot eshigi bor.
– A! – dedi qiz.
– Balki boshqa joyga oʻtiraqolarmiz?
– Hojati yoʻq. – Qiz uning qoʻlini siqdi, turishiga qoʻymadi. – Yaxshisi, tinchgina joyimizda oʻtiraveraylik.

– Boʻlmasa, boshqasini, oldidagisini ochamiz.

– Yoʻgʻ-e, kerak emas, qoʻying!

Yigit, qiz yana gapirmoqchidir, deb oʻyladi, lekin Klara negadir gʻujanak boʻlib, oʻsha yoqqa, ularga achchiq qahr-gʻazab bilan nigoh tashlanayotgan oldinga qaramaslik uchun ham hamrohining yuziga tikildi. Yigit qizning tizzalariga ikkinchi qoʻlini qoʻydi, Klara ham oʻz qoʻllarini yaqin olib bordi, endi ular barmoqlarning bir-biriga tegishi bilan, kaftlar harorati bilan gaplasha boshladilar.
– Men judayam parishonxotirman, – dedi jur’atsizlik bilan Klara. – Hammasini oldim, deb oʻylaysanu, baribir nimanidir esdan chiqargan boʻlasan.
– Axir bu esimizda yoʻq edi-da.
– Ha, mayli. Oʻsha odamlarning hammasi, ayniqsa, anavi qizlarning bizga qanday ajablanib qaraganlarini koʻrdingizmi, oʻlayozdim-a!
– Menam, – deb qizning gapini ilib ketdi yigit. – Esingizdami, ularning bari xuddi kelishib olishganday, bizdan koʻzlarini uzmadilar-a!
– Ha-ha! Topganlari betayin gul-ku, kerilganlariga oʻlaymi!
– Chunki bizga boshqalar ham ajablanib qarashdi-da, – dedi achchiqlanib yigit. – Ayniqsa, chinnigullari mijigʻlangan anavi qushburun cholni aytmaysizmi. Oldin oʻsha chol boshladi-da, keyin boshqalar ham qarashga tushdi. Orqadagilarni-ku, koʻrmadim. Fahmlayapsizmi, hammasi-ya?..
– Hammasi, – deya javob berdi Klara. – Men buni darrov tushundim. Oʻzim Nogoyya bilan San-Martin muyulishida chiqdim. Uyoq-buyoqqa razm solsam, hammasi birdan mendan koʻzlarini uzmay qolishdi, deng.
– Xayriyat-e, tushib ketishdi!

Puyeyrredon. 168-chi birdan taqqa toʻxtadi. Baland uychadagi yoʻlni tartibga soluvchi mulat xuddi xudoga iltijo qilganday, qoʻllarini xoch qilib, keng yoydi. Shofyor oʻrnidan asta tushdi, konduktor uning yengidan tortmoqchi boʻldi, biroq shofyor bunga qoʻymadi va bir yigitga, bir qizga qaraganicha avtobus ichida yura boshladi. U qaddini rostladi, nam lablari titradi. «Yoʻlni boʻshat!» – deb qichqirdi konduktor gʻalati ovozda. Avtobus ortida oʻnlab mashinalar gudok chalib hayqirdi, shunda shofyor alam bilan joyiga qoʻrqa-pisa oʻtirdi. Konduktor dam-badam bir Klaraga, bir yonidagi yigitga nazar tashlaganicha shofyorning qulogʻiga nimalarnidir shivirladi.
– Agar siz boʻlmaganingizda... – asta dedi Klara. – Agar siz boʻlmaganingizda, men bir amallab tushib ketgan boʻlardim.
– Siz axir Retiroga ketyapsiz-ku, – dedi taajjublanib yigit.
– Ha, men mehmonga ketyapman. Baribir, tushib qolgan boʻlardim.
– Men oʻn besh pesolik patta olganman, – dedi yigit. – Retirogacha.
– Men ham. Yomon tomoni, keyingisini kutishga toʻgʻri kelardi-da...
– Albatta, keyin unisiga chiqib boʻlarmidi-yoʻqmidi, xudo biladi.
– Ehtimol. Hozir biror joyga borish qiyin boʻlib qoldi. Metroda nimalar boʻlganini eshitdingizmi?
– Dahshat! Bir joyga boraman, deb yoʻlga chiqsang, ishlagandan koʻproq charchaysan.

Yashil, yorugʻ havo mashinani toʻldirdi, yoʻl-yoʻlakay muzeyning qizgʻish devorlari, soʻngra – huquqshunoslik fakultetining yangi binosi lip-lip etib oʻtib ketdi, shunda 168-chi tezroq marshrutini tugatishga sabri chidamaganday, Leandro Alem boʻylab uchib ketdi. Ikki marta tartibga soluvchi yoʻlni toʻsdi, ikki marta shofyor sakramoqqa chogʻlandi, ikkinchi martasida ham konduktor uni qoʻymadi, oʻrtada turib olganicha, xuddi ogʻriqdan silkiganday, gʻazab bilan boshini chayqadi. Klara tizzalarini koʻksiga bosdi, hamrohi uning qoʻllarini qoʻyib yubordi, shunda qiz yigit qoʻllarining suyaklari turtib chiqqanligini va unda yoʻgʻon tomirlar boʻrtib turganligini koʻrdi. Klara hozirga dovur erkak qoʻllarining bu qadar kuchli nafrat bilan mushtga aylanganligini koʻrmagan edi, qiz qoʻrqqanidan indamay qoldi, ana shu ogʻir mushtlarga boʻysundi. Shunda qiz hozir biror joyga borish qanchalik mashaqqat boʻlib qolganligi haqida, May maydonidagi turnaqator navbatlar haqida, odamlarning qanchalik vahshiylashib ketganliklari, hozir qanchalik sabr-toqatli boʻlish kerakligi haqida ezmalanib gapiraverdi, gapiraverdi. Qiz birdan jim boʻlib qoldi, shunda ular temir yoʻl panjarasini koʻrib qoldilar. Yigit hamyonini chiqarib ichini tita boshladi, uning barmoqlari titradi.
– Ozgina qoldi, - dedi qiz qaddini rostlab.– Yetib qoldik.
– Ha. Burildikmi, tez oʻrningizdan turing-da, tushing!
– Boʻpti. Maydonning oʻzida.
– Mana-mana. Bekat – nariroqda, Ingliz minorasida. Siz oldin tushasiz, keyin – men.
– Farqi yoʻq.
– Yoʻq, men – keyin tushaman, shunday qilish kerak. Burildik deguncha, men sizni oʻtkazib yuboraman. Tezroq qimirlang, zinaning pastiga tushib oling. Men orqangizda turaman.
– Yaxshi, – dedi Klara yigitga bezovtalanib qarab.– Rahmat.

Shunda ular qanday oʻrinlaridan turishni hamda eshikkacha boʻlgan masofani chamalaganlaricha reja tuzishga kirishdilar. Ular muyulishga yetganda, avtobusdan «lip» etib, sakrab tushish osonroq boʻladi, deb moʻljal qildilar. 168-chi maydonning oʻzida, oynalarini dirillatganicha, bor tezligi bilan burildi. Hamrohi oʻrnidan irgʻib turdi, Klara zinada bezovta boʻlib turib qoldi, yigit orqasidan uni pana qildi. Qiz qattiq qaltiraganicha eshikka, qora yoʻl-yoʻl rezina tasmasiga va oynadagi kir kvadratlarga qaradi; u boshqa hech nimani koʻrgisi kelmayotgan edi. Yigitning ogʻir-ogʻir nafasi uning sochlariga tegmoqda edi. Birdan avtobus bir silkindi-da, yonboshiga surilib, toʻxtab qoldi – eshik ochildi-yu, haydovchi qoʻllarini oldinga choʻzganicha, avtobus oʻrtasida yugurdi. Bu orada Klara pastga, maydonga sakrashga, tushishga ulgurgan edi, orqasiga oʻgirilib, hamrohining pastga sakrayotganligini, avtobus eshiklari qahr bilan yopilganini koʻrdi. Qora rezina tasma haydovchining qoʻllarini, oppoq, tik barmoqlarini qisib qoldi. Oynadan konduktor ning rulga qorni bilan yotib olganicha, shofyorni chiqarib yubormaslik uchun eshikni yopadigan richag tomon intilgani koʻrinib turardi.

Hamrohi Klaraning qoʻlidan ushlab oldi va ular bolalar bilan muzqaymoq sotuvchilariga epchillik bilan chap berib, maydondan oʻtdilar. Ular indamay, bir-birlariga qaramasdan ketmoqda, biroq xursandliklaridan titramoqda edilar. Klaraning koʻzlari oʻt-oʻlanlarni ham, toʻgarak gulzorni ham elas-elas ilgʻar, itoat bilan yigit izidan borar, yoqimli shabada yuzlariga urilmoqda edi. Devor tagida gul sotilmoqda edi. Klaraning hamrohi xarrakda turgan gul savati qarshisida toʻxtadi va kapalakgullardan ikki dastasini tanlab oldi. Yigit Klaraga guldastalardan birini, soʻng – ikkinchisini uzatdi, hamyonini chiqarib, gul uchun haq toʻladi va qizdan oʻzining gulini oldi. Ular yoʻlda davom etdilar (yigit qizning qoʻlidan ushlab olmadi), endi ikkalovining ham qoʻllarida gullari bor, shundan baxtiyor edilar.


  1. Peso – Argentina pul birligi.