OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXulio Kortasar
Asar nomiDahshatli tushlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Argentin adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sehrli realizm
Mualliflar
   - Xulio Kortasar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMa’suma Ahmedova
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dahshatli tushlar (hikoya)
Xulio Kortasar

Kutish kerak, hamma shunday deyapti, bunday hollarda hech narsaga tushunib boʻlmaydi, doktor Raymondi ham Mechaning yoshida bundan battarroq boʻlishi mumkin, shuning uchun ham kutish kerak, deyapti, kutish kerak, senor Botto, ha, doktor, lekin qizim mana, ikki haftadirki, uyqudan uygʻonmayapti, ikki haftadirki, u xuddi oʻlikday yotibdi, doktor, bilaman, senora Luisa, bu komaning klassik holati, nima ham qila olardi kishi, faqat kutish kerak. Lauro ham doktor aytganiday qildi, kutdi, har kuni fakultetdan qaytarkan, eshikni ochish oldidan bir lahza joyida toʻxtab qolar va: mana, bugun Mecha aniq uygʻonadi, koʻzini ochadi va onasi bilan gaplashib oʻtirgan boʻladi, deb xayol qilardi; yigirma yoshdagi qiz shunday oʻlib ketavermaydi-ku, axir, aniq – u hozir oʻrnidan turgan-da, karavotiga oʻtirgancha onasi bilan suhbatlashib oʻtirgan boʻladi; lekin kutish kerak ekan, oʻgʻlim, hammasi boyagi-boyagiday, doktor kechga tomon keladi, qoʻlimizdan nima ham kelardi, hamma shunday deyapti. Biron nima yeb olsangiz-chi, doʻstim, onangiz Mechaning yonida oʻtirib turadi, siz tamaddi qilib olishingiz kerak, axir, imtihonlarni ham unutmang-da, biz u yoqda televizorda yangiliklarni koʻrib oʻtiramiz. Bari oʻtdi, faqat Mecha oʻzgarmadi, kun ketidan kun oʻtdi, u hamon boyagi-boyagiday yotadi, karavot tana ogʻirligidan egiladi, Mechaning nozikkina vujudi bukiladi, u rokka raqsga tushardi, tennis oʻynardi, lekin mana, necha haftadirki, ezilib yotibdi va boshqalarni ham ado qilmoqda, bu ogʻir virus kasalligi, koma holati, senor Botto, oldindan biron narsa deb boʻlmaydi-da, senora Luisa, unga qarab turing, qizingizning bundan qutulib chiqishiga yordam bering, bu yoshda odam kuch-quvvatga toʻla, yashashga ishtiyoqi ham kuchli boʻladi. Axir u oʻziga-oʻzi qaraydigan ahvolda emas, doktor, hech nimani bilmaydi, u xuddi – e, xudo, oʻzing kechir, nimalar deyayotganimni oʻzim ham bilmayman.

Lauro ham koʻrib turganlariga ishongisi kelmas, bularning barini Mecha oʻyin qilayotganga oʻxshar, uning ana shunaqa ahmoqona qiliqlari koʻp edi, goh xuddi sharpa singari zinapoyada kiyim-boshini almashtirar, goh qalamdonini toʻshagi ostiga yashirib qoʻyar, boʻlar-boʻlmasga kulaverardi; aka-singil bir-birlariga shunday «tuzoq» qoʻyishardi, bolalik paytlarida bekinmachoq oʻynaganlari... Ogʻir virus dardiga chalinib qoldi-da boyaqish, bir kun kechqurun harorati ham tushgandi, ogʻrigʻi ham qolgandi, birdan hammayoq suv quyganday jimjit boʻlib qoldi, terisining rangi xuddi kul singari gezarib ketdi, qiz ohista va uzun-uzun nafas ola boshladi. Doktorlarning oʻzlarini xotirjam tutishlari, apparatlar, har xil analizlardan soʻng, Mechaning vahimali hazili hammani qoʻrqitib yubordi, soat sayin u barimizni oyoqqa turgʻizdi, donya Luisaning chorasizlikdan qilgan faryodlari alamli yigʻi, gʻam-gʻussa bilan almashdi; otam ham yangiliklarni koʻrmay, gazeta oʻqimay, onamga taskin berardi, shunda u tinchlanardi; Lauro fakultetga kelganida, yigʻilishga kirganida koʻksidagi gʻazabi tarqardi; har safar u markazdan qaytayotganida nimagadir umid qilardi: Mecha, mana shu qiligʻing uchun hali mendan koʻrasan, uyatsiz, nima qilganing bu, deb ichida yanardi. Uyda xotirjamlik – Mechaga qarovchi hamshira nimanidir tikib oʻtirar, itni amakisiga berib yuborgandilar, doktor Raymondi hamkasabalari bilan kelmadi, vaqt tunga oqqanda bir kirib oʻtdi va deyarli turmadi ham, aftidan, u ham kun sayin bizni ezayotgan, bizni kutishga koʻniktirayotgan Mechaning ogʻirligini his qilgan edi, ha, birgina kutish qolgandi, xolos.

Mudhish tushga oʻxshash bu gʻussa donya Luisa termometrni topa olmagan va qoʻqqisdan kelib qolgan sanitar ayol koʻcha muyulishidagi dorixonadan boshqasini olish uchun yugurgan oʻsha oqshomda boshlangan edi. Bu gap shuning uchun aytildiki, termometr shundaygina yoʻqolib qolmaydi-da, harorat oʻlchagich kuniga uch martalab kerak boʻlib turgandan keyin nima boʻlardi, ular Mechaning karavoti yonida baqirib gapiraveradigan boʻlib qoldilar, oldingiday shivirlab gaplashishga endi hojat qolmagandi, chunki Mecha baribir hech nimani eshitmaydi, koma holati qiz tanasining bari his etish a’zolarini falaj qilib tashlaganligiga doktor Raymondining ishonchi komil, uning huzurida istagan narsalarni valaqlash mumkin, baribir Mechaning beparvo yuzida hech qanday ifoda sezilmaydi. Koʻcha muyulishidan otishma ovozlari quloqqa chalingan, hattoki picha olisroqda, Gaon koʻchasi tomonda oʻq ovozlari eshitilganda ham termometr haqida gaplashayotgan edilar. Ular bir-birlariga qarab qoʻydilar, Mechaga qarayotgan hamshira shunchaki yelkasini qisdi, chunki otishma ularning kvartali va shaharning har qanday mavzesi uchun odatiy hol boʻlib qolgandi, donya Luisa yana termometr haqida bir nima demoqchi boʻldi, shunda Mechaning qoʻllari qimirlab ketganini koʻrib qoldi. Bir soniyagina, biroq ularning ikkalovi ham darhol sergak tortdilar va birdan donya Luisa baqirib yubordi, hamshira uning ogʻzini qoʻllari bilan pana qildi, senor Botto xonasidan chiqdi, shunda uchalovi Mechaning butun badani boʻylab qanday qaltiroq turganini koʻrdilar, xuddi kaltakesak «lip» etib, qiz kiftlaridan oyoqlari tomon yugurib kirib ketganday boʻldi, yopiq qovoqlar ostidagi qorachiqlar qimir etganday, yengilgina seskanish qiz basharasini burishtirib yuborganday boʻldi, xuddi Mecha noliganday, biron nima degisi kelganday, pulsi tezlashdi-da, yana asta oʻzining harakatsiz holatiga qaytdi. Telefonda – Raymondi, umuman, hech qanday yangilik yoʻq, dedi, garchand Raymondi bu haqda eshitishni ham xohlamasa-da, yuraklaridagi umid ortdi, xudojon, qani edi shunday boʻlsa, qani edi ana shu turma azobi tezroq tugasa. Lekin bu hol yana va yana qaytalanaverdi, oradan bir soat oʻtib, yana shunday boʻldi, goʻyoki Mecha azobli tush koʻrayotganga oʻxshardi, bosinqirash yana va yana takrorlandi, qiz ulardan qutulolmadi, ularni nari haydolmadi, ana, uning yoniga oʻtiring-da, tinchlantirishga harakat qiling, Mecha hech nimani qabul qilmayapti, uni nimadir ezyapti, balki uzundan-uzun tush koʻrayotgandir, hech bilib boʻlmayapti, uni oʻzing asra, xudoyim, uni bunday tashlab qoʻyma. Lauro oʻqishdan qayt-di va xudoga iltijo qilayotgan onasining yelkasiga qoʻlini qoʻydi-da, karavotga oʻtirdi.

Kechqurun yana doktorlar kelishdi, elektrodli va soʻrgʻichli yangi apparatlarni qizning bosh va oyoqlariga yopishtirdilar, Raymondining ikki nafar shifokor ogʻaynilari mehmonxonada nimalar haqdadir uzoq bahslashdilar, yana kutish kerak, senor Botto, ahvol oʻzgarmagan, yaxshilik tomonga oʻzgarishi haqida oʻylashga hali erta. Lekin u tush koʻryapti, doktor, tush, oʻzingiz koʻrdingiz-ku, bu yana takrorlanadi, u nimalarnidir his qilyapti va shundan siqilyapti. Bularning bari asabdan, senora Luisa, bu hali hushiga keladi, degani emas, sizlarni ishontirib aytamanki, kutinglar va bularga ahamiyat bermanglar, qizingiz hech narsani his qilmayapti, bilaman buning qanday azobligini, agar siz uni hamshira bilan xoli qoldirsangiz, yana ham yaxshi boʻlardi; picha dam olishga harakat qiling, manavi dorilarni ichib oling.

Lauro yarim tungacha Mechaning yonida oʻtirdi, ora-sira imtihonga kirish uchun yozib olgan qogʻozlarini qarab chiqdi. Sirena tovushlari eshitilganda, Lusero bergan telefon raqamiga qoʻngʻiroq qilishi kerakligi yodiga tushdi, biroq uydan qoʻngʻiroq qilib boʻlmas, sirena tovushlaridan soʻng koʻchaga chiqish haqida gap boʻlishi mumkin emas edi. U Mechaning chap qoʻli barmoqlari ohista qimirlayotganini koʻrdi, yana qovoqlar ostidagi qorachiqlar harakatga kelganday tuyuldi. Hamshira: boravering, kutishdan boshqa qoʻlimizdan nima ham kelardi, dedi.

«Lekin u tush koʻryapti-yu, - dedi Lauro, - qarang-a, tush koʻryapti». Bu hol koʻchada sirena uvlashidan uzoqqa choʻzilmadi: xuddi Mechaning qoʻllari nimanidir izlayotganga, barmoqlari choyshab ostidan najot istayotganga oʻxshab ketdi. Donya Luisa darhol bu yerda hozir boʻldi, uning uyqusi qochgan edi. «Nega doktor Raymondi bergan dorilarni ichmadingiz? – deb soʻradi hamshira achchiqlanganini yashirolmay. «Oʻsha dorilarni topolmayapman-da, - faromushxotirlik bilan javob qaytardi donya Luisa, – anuv tunchiroq ostidagi javonda turgandi, lekin u yerdayam koʻrinmayapti». Hamshira dorini qidirishga ketdi, Mecha yana barmoqlarini qimirlatdi, Lauro bilan onasi bir-birlariga qarab qoʻydilar. Ular – mudhish tush davom etayotganligini, uning uzluksiz choʻzilganligini bilib turardilar, koʻngillaridagi xayrixohlikka, hamdardlikka oʻxshagan tuygʻu bilan qizni uygʻotgilari, hammani azobdan xalos etgilari kelardi. Biroq qiz oʻqtin-oʻqtin barmoqlarini qimirlatgancha uxlayverdi. «Men dorilarni hech qayerdan topolmadim, – dedi hamshira, – biz hammamiz shunchalik parishonmizki, bu uyda nima qayoqda turganligini hech kim bilmaydi».

Ertasi Lauro uyga kech qaytdi, senor Botto stadiondan qizgʻin reportaj olib borilayotgan televizordan koʻzini olmay shunchaki uning nega kech qolganligini soʻrab qoʻydi. »Joʻralarim bilan oʻtirdik», deb javob qaytardi Lauro nimadan oʻzimga sendvich tayyorlasamikin, degan oʻyda. «Ajoyib gol boʻldi, – dedi senor Botto, – takroriy koʻrsatayotganlari yaxshi boʻldi-da, chempionlarning bari harakatlarini koʻrib olasan kishi». Aftidan, Lauroni urilgan gol qiziqtirmayotganga oʻxshardi, u polga oʻtirgancha taom yedi. «Nima qilayotganlaringizni bilasizlarmi, bolalar, – deya soʻzlandi toʻpdan koʻzini olmay senor Botto, – ehtiyot boʻlish kerak-da». Lauro koʻz qirini tashlab, hayratdan qotib qoldi: otasi birinchi marotaba shunaqa sharhni oʻziga ep koʻrgan edi. «Xotirjam boʻling, qariya», – dedi u otasi gapni koʻpaytirmasligi uchun oʻrnidan turarkan.

Hamshira tunchiroqni yerga qoʻydi. Mecha keng, yumshoq divanda arang koʻzga tashlanardi, donya Luisa yuzidan qoʻllarini oldi, Lauro onasining peshonasidan oʻpdi.
– Hech qanday oʻzgarish yoʻq, – dedi donya Luisa.– Hamisha birday yotibdi, oʻgʻlim, – dedi donya Luisa. – Qara, qara, uning lablari titrayapti, xudoyim-ey, qachongacha choʻzilarkin-a, bu?..
– Oyi.
– Bunday boʻlishi mumkin emas, Lauro, bu tush qizimni qanchalik qiynagandan-qiynab tashlaganini, shuning uchun ham u sira uygʻonmayotganligini hech kim menchalik bilmaydi, tushunmaydi.
– Bilaman, menam tushunaman. Agar biron nima qilishning iloji boʻlganda edi, Raymondi allaqachon qilgan boʻlardi. Bu yerda shunday oʻtiraversangiz, unga yordam berolmaysiz, borib yoting. Tinchlantiruvchi doridan iching-da, uxlang.

U onasini oʻrnidan turgʻizib, eshikkacha kuzatib qoʻydi. «Bu nimasi ekan-a, Lauro?» – toʻsatdan onasi toʻxtab qoldi. «Hech nima, oyijon, qayerdadir otishma boʻlyapti, oʻzingiz bilasiz-ku». Ha, endi kech boʻlib qoldi, u onasini yotogʻida qoldiradi-da, doʻkonga tushib, oʻsha yoqdan Luseroga qoʻngʻiroq qiladi.

Lauro oʻzi yaxshi koʻradigan moviy kurtkasini topolmadi, ehtimol onam uni oʻsha yoqqa ilib qoʻygandir, deya dahlizdagi bari javonlarni titib tashladi, – axiri topolmay qoʻliga ilashgan pidjakni egniga kiydi, havo salqin edi. Koʻchaga chiqish oldidan bir daqiqaga Mechaning oldiga shoʻngʻidi, gʻira-shirada singlisiga yaxshilab razm soldi, ana shu mudhish tushni, teri ostida sirli sirpangan titroq qoʻllarni his etdi. Tashqaridan yana sirena tovushlari eshitildi, shunaqa kech koʻchaga chiqishning keragi yoʻq edi aslida, biroq doʻkonni yopib qoʻyadilar, u qoʻngʻiroq qilolmay qoladi. Mechaning koʻz qorachiqlari qimir-qimir etdi, xuddi qovoqlari ostidan qaragisi, akasiga oʻgirilib tikilgisi kelayotganga oʻxshab ketdi. Lauro singlisining peshonasi uzra qoʻllarini yurgizdi; unga qoʻl tegizish qoʻrqinch-li edi, xudo koʻrsatmasin, bilmasdan tegib ketsang, mudhish tush yana zoʻrayib ketishi mumkin. Qovoqlar ostida qorachiqlar uyoqdan-buyoqqa oʻtardi, Lauro birdan orqasiga tislandi; nimagaligini bilmadi-yu, biroq har qaraganida, Mecha qovoqlarini ochib, unga qarashi, ket, deya haydashi mumkinday tuyuldi, xayoliga kelgan bu fikrdan oʻzi ham qoʻrqib ketdi. Agar otasi hali uxlamagan boʻlsa, mehmonxonadan qoʻngʻiroq qilishga urinib koʻradi va asta shivirlab gapiradi, biroq senor Botto sport sharhlovchisining soʻzlarini tinglayverdi. «Ha, bu haqda koʻp gap sotyaptilar, – xoʻrsindi Lauro. – Endi ertaroq turish kerak-da, fakultetga ketmasdan oldin Luseroga qoʻngʻiroq qilish kerak». Xona oʻrtasida koʻzi hamshiraga tushdi, u yotoqxonadan qoʻlida yaltirab turgan allaqanday narsani – shpritsnimi, qoshiqnimi koʻtarganicha chiqib kelmoqda edi.

Vaqt uzundan-uzoq kutishlar, uyqusiz tunlar, ozgina mijja qoqib olish umididagi kunduzgi uyqu bilan oʻtayotgan edi; donya Luisani chalgʻitish yoki boʻlmasa, senor Botto bilan domino oʻynash uchun qarindosh-urugʻlar, doʻst-joʻralar keti uzilmay kelib turardilar; Mechaga qarovchi ayol yana almashdi – oldingisi bir haftaga Buenos-Ayresga ketadigan boʻlib qolibdi; xonadan-xonaga olib oʻtilaverganidan birov qahva finjonlarini topolmasdi; Lauro ilojini qilsa, uyga birrovga kirib oʻtar, istaganida ketardi; kelishidan oldin azaliy odaticha telefon qiladigan Raymondi endi oldindan qoʻngʻiroq qilmay ham keladigan boʻlib qoldi; salbiy oqibatga olib keladigan hech qanday alomat yoʻq, senor Botto, bu shunday jarayonki, unga faqat dalda boʻlib turish kerak, xolos, men uni zond orqali ovqatlantiryapman, kutish kerak. Qizim tush koʻrgani koʻrgan, doktor, unga qarang, Mecha endi deyarli uxlamayapti. Xavotir olmang, senora Luisa, oʻzingiz bir tasavvur qiling-a, uning tushlari – bu tana a’zolarining ta’sirlanishi, bularning barini tushuntirib berish qiyin, bunday hollarda boshqa omillar harakatga tushadi, biz tush deb oʻylagan narsani u anglab yetyapti, degan xayolga bormang, bunday holatda shunchalik yashash qobiliyati va ana shu retsidivlar – yaxshi alomat hisoblanadi, menga ishonsangiz-chi, axir men qizingizni juda diqqat bilan kuzatib boryapman-ku, siz dam olishingiz kerak, senora Luisa, buyoqqa keling, qon bosimingizni oʻlchab qoʻyay.

Fakultetda roʻy bergan voqealardan soʻng, Lauroning markazdan qaytishi borgan sari qiyinlashib bormoqda edi, u toʻsatdan paydo boʻlib qolar, uni Mechadan koʻra koʻproq onasi xavotirga solardi, uyda bir daqichacha turar, ahvol oʻsha-oʻsha ekanligini bilar, qariyalar bilan gaplashar, jilla boʻlmasa, ularni vahimali xayollardan picha chalgʻitish uchun gaplashadigan mavzusini oldindan oʻylab qoʻyardi. Har safar Mechaning karavotiga yaqinlashganida, yana qudratli kuch uni oʻziga tortar, Mecha shundoq yaqinginasida, – goʻyo chaqirayotganga, barmoqlarining tushunarsiz imo-ishoralari bilan ich-ichidan nigoh tashlayotganga oʻxshardi, charm qoplangan devorga urilgan tovush singari bu da’vat azobli va ma’nisiz edi. Ba’zida Mechani tutqanoq tutar, shunda Lauro birdan bir narsani: singlisining yonida turib, unga tikilganida qiz onasi va hamshiradan koʻra akasini yaxshiroq sezayotganligini his etdi, hozir aloq-chaloq tush eng qoʻrqinchli lahzasiga koʻtariladi, yaxshisi, tezda juftakni rostlab qolgan ma’qul, axir uning biror yordam berish qoʻlidan kelmasa, Mecha bilan gaplashishdan ham ma’no yoʻq, tentakkina singlim, boʻldi-da endi, qani bir koʻzingni och-chi, tezroq shu qiligʻingni bas qil. Mecha, esi past singiljonim, ustimizdan shunchalik ham kulasanmi, yetar, jinni qiz, boʻlmagʻur komediyangni bas qil-da, yaramas, tur oʻrningdan, men senga shunchalik koʻp narsalarni gapirib beramanki, oʻzing hayron qolasan, sening hali hech nimadan xabaring yoʻq, uyimizda qanday qiyomat qoʻpganligini bilmaysan, men senga bularning barini gapirib beraman, Mecha, oʻzim senga aytib beraman. Lauro tahlikaga tushdi: balki ovoz chiqarib, biron soʻz aytmasdan Mecha tomon egilish kerakdir, lekin hamshira bilan donya Luisa uni sira yolgʻiz qoldirmaydilar, uning esa singlisiga aytadigan gaplari shunchalik koʻpki, nazarida Mecha ich-ichidan, yopiq qovoqlari ostidan choyshabida ma’nisi harflarni chizayotgan barmoqlari bilan akasiga murojaat qilayotganday tuyulib ketdi.

Payshanba kuni edi – bugun qanday kun ekanligini atrofdagilar bilishlari uchun emas, buning ularga qanchalik ahamiyatga egaligi uchun ham emas, buni hamshira oshxonada qahva hoʻplay turib aytdi va shunda senor Botto televizorda yangiliklarning maxsus soni namoyish qilinishi kerakligini, donya Luisa esa – singlisi Rosario qoʻngʻiroq qilganligini, payshanba yoki jumada kelishini eslab qoldi. Lauroning imtihonlari boshlanganligiga shubha yoʻq edi, u uydan sakkizda chiqib ketgan va xayrlashmagan, mehmonxonada, xavotir olmanglar va kutmanglar, ehtimol kechki ovqatga kelolmasman, deb xat qoldiribdi. Aytganiday, u kechki ovqatga kelmadi, yana hamshira donya Luisani ertaroq yotishga koʻndirishga muvaffaq boʻldi, senor Botto teleoʻyinlar seansidan soʻng derazadan qaradi, Plas Irland tomondan ora-sira pulemyot ovozlari quloqqa chalindi, keyin birdan hammayoq jimjit boʻlib qoldi, toshday ogʻir sukunat, koʻchada patrul mashinasi ham koʻrinmasdi, yaxshisi, uxlashga yotgan ma’qul, anavi ayol kech soat oʻndagi teleoʻyinning hamma savollariga javob berdi, – juda kallasi oʻtkir ekan, antik tarixdan shunchalik koʻp narsalarni bilarkanki, xuddi Yuliy Sezar davrida yashaganga oʻxshaydi, nima boʻlgandayam madaniyat sohasida maoshni koʻproq toʻlaydilar, bu senga kim oshdi savdosida bolgʻa urish emas. Hech kim butun tun boʻyi eshik ochilmaganligiga, Lauro uyga kelmaganligiga e’tibor bermadi, ertalab hamma u navbatdagi imtihondan soʻng uxlayotgandir yoki nonushta oldidan dars qilib oʻtirgandir, deb xayol qildi. Faqat soat oʻnlarga borib, Lauro uyda yoʻqligini bilib qoldilar. «Xavotir olma, – dedi senor Botto, – tayin, u doʻstlari bilan oʻtirgan». Ayni shu payt donya Luisaning hamshiraga Mechani yuvintirish va uning kiyim-boshlarini almashtirishga yordam berishi kerak edi, yonida issiq suv va odekolon, paxta va choyshablar turibdi, peshin ham boʻldi, gʻalati, haliyam Laurodan darak yoʻq, Eduardo,u hatto qoʻngʻiroq ham qilmadi, hech qachon bunday qilmasdi, esingdami, kursni tugatganlaridan soʻng oʻtirish qilganlaridayam, bizni xavotir olishmasin, deb toʻqqizda telefon qilgandi, axir Lauro oʻshanda yoshroq edi-ku. «Bolakay shu imtihonlarni deb naq es-hushini yoʻqotayozdi, – dedi senor Botto. – Mana, koʻrasan, u roppa-rosa soat birdagi yangiliklarga yetib keladi». Biroq soat birdagi, sport yangiliklari hamda tartib muhofazasi kuchlarining oʻz vaqtida aralashuvi tufayli bostirilgan yangi qoʻporuvchilik harakati haqidagi xabar ham oʻtib ketdi-yu, Lauro kelmadi, hech qanday yangilik yoʻq, havo harorati asta-sekin pasayarkan, togʻli tumanlarda yomgʻir yogʻarkan.

Hamshira donya Luisa tomon yoʻnalganda, soat sakkiz boʻlib qolgan, ayol hamon tanish-bilishlarga qoʻngʻiroq qilar, senor Botto, agar xabar topsa, telefon qilishi kerak boʻlgan komissariatdagi doʻstining qoʻngʻirogʻini kutar, betinim donya Luisadan telefonni band qilib turmaslikni soʻrar, biroq xotini yozuv daftarchasidan tanishlar raqamlarini izlar va ehtimol Lauro Fernando amakinikida qolgandir yoki yana navbatdagi imtihonini topshirish uchun fakultetga qaytgandir, deya birvarakayiga hammaga qoʻngʻiroq qilaverardi. «Baraka topkur, telefonni oʻz holiga qoʻy, – deya yana undan oʻtindi senor Botto.– Nega axir tushunmaysan, bolakay ayni shu payt uyga telefon qilayotgandir, telefon boʻlsa hamisha band, sen uning... avtomatdan telefon qilishini istayotgan boʻlsang, agar oʻsha telefon-avtomatning abjagʻi chiqmagan boʻlsa, baribir boshqalarning ham qoʻngʻiroq qilib boʻlishini kutib turadi». Hamshiraning qistovi bilan donya Luisa Mechaning oldiga keldi, qiz birdan boshini chayqay boshladi, boshini hadeb uyoqdan-buyoqqa silkitaverganidan, peshonasiga tushgan sochlarini ham yigʻishtirishga ulgurib boʻlmay qoldi. Zudlik bilan doktor Raymondiga xabar qilish kerak, kechqurun uni topish qiyin edi, lekin soat toʻqqizda doktorning xotini uning hozir kelib qolishini aytib qoʻngʻiroq qildi. «Kelishi qiyin boʻladi, – dedi hamshira dorixonadan bir quti ampula bilan qaytib kelarkan.– Nima sababdanligi noma’lum, butun kvartalni oʻrab olishibdi, eshityapsizmi sirenaning ovozini». U endigina Mechadan uzoqlashgach, qiz kallasini uzoq va qaysarlik bilan silkita ketdi, donya Luisa senor Bottoni chaqirdi, yoʻq, hech kim hech nimani bilmaydi, bolakayning koʻchadan oʻtib kelolmayotganligi aniq, ammo Raymondini oʻtkazib yuborishadi, axir u oq xalatda-ku.
– Gap bunda emas, bunda emas, unga biror narsa boʻlganligini koʻnglim sezib turibdi, shu paytgacha hech kim hech narsani bilmasligi mumkin emas-ku axir, Lauro doim...
– Qara-qara, Luisa, - dedi senor Botto, – qara, panjasi, qoʻli qimirlayapti, u birinchi marta qoʻlini qimirlatyapti, Luisa, balki...
– Bu ilgarigisidan ham yomonroq, Eduardo, sira tushunging kelmayapti, Mecha haliyam gallyutsinatsiya[1]da, u oʻzini himoya qilyapti, nimadandir... Rosa, unga biror nima qiling, men hozir, yoki yaxshisi, Eduardo, telefon qil, ulardan soʻragin-chi.

Senor Botto mehmonxonada telefon raqamini terdi va toʻxtab, goʻshakni joyiga ildi. Aslida Romero, ha, Romero Lauro haqida nimaniyam bilishi mumkin, yaxshisi, yana bir oz kutgan ma’qul. Raymondi kelmadi, uni muyulishda ushlab qolishgan, balki u biror tushuntirish berayotgandir. Rosa ortiq Mechaga dori yuborolmadi, bu ancha kuchli tinchlantiruvchi vosita, yaxshisi, doktor kelguncha kutish kerak. Donya Luisa Mechaning yumuq koʻzlariga xalaqit qilayotgan sochlarini yigʻishtirish uchun egilarkan, birdan orqasiga qalqib ketdi. Rosa uni oʻtqazish uchun arang kursi qoʻyishga ulgurdi. Gaon koʻchasi tomondan eshitilgan sirena ovozi kuchaygandan-kuchaydi, Mecha qovoqlarini nim ochdi, bir necha hafta goʻyoki yopiq parda ortida yumilib yotgan nigohi derazadan koʻrinib turgan bir parcha tiniq osmonda qotib qoldi, soʻng asta donya Luisaning yuziga oʻtib oldi. Donya Luisa qichqirib yubordi, qoʻllarini koʻkragiga qoʻydi-da, baqirdi. Rosa chorasiz ahvolda, senor Bottoni chorlagancha, Luisani olib ketishga urindi, senor Botto keldi, Mechaning oyoq tomoniga ruhsiz oʻtirdi va qiziga tikilib qoldi, goʻyo bari qizning nigohida jam boʻlganga oʻxshar, uning nigohi donya Luisadan senor Bottoga, hamshiradan osmon chekkasiga oʻtdi, qoʻllari sekin-asta qorni tomon koʻtarildi, chayqaldi, vujudi ogʻriqdan, siqilishdan qaltiray boshladi, chunki qiz hozir sirenaning tobora kuchayayotgan na’rasini, eshikka urilayotgan zarbalardan butun uy larzaga kelayotganini, komanda hayqiriqlarini, avtomatlardan otilayotgan oʻq ovozlaridan daraxtlarning qasir-qasur qulayotganini, donya Luisaning faryodini, qochishga uringan olomon ur-yiqitini eshitayotganga oʻxshar, bari xuddi uning uygʻonish vaqtiga, ana shu mudhish tush poyoniga yetgan va Mecha nihoyat haqiqiy, ajoyib hayotga qaytishi mumkin boʻlgan vaqtga toʻgʻri kelgan edi.


  1. Gallutsinatsiya – yoʻq narsalarning koʻzga koʻrinishi va eshitilishi.