OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXulio Kortasar
Asar nomiIblis soʻlagi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Argentin adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sehrli realizm
Mualliflar
   - Xulio Kortasar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMa’suma Ahmedova
Hajm41KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Iblis soʻlagi (hikoya)
Xulio Kortasar

Borib, buni qanday tarzda hikoya qilish mumkinligini bilish kerak: birinchi shaxsdanmi, ikkinchi shaxsdanmi, ehtimol koʻplik sonining uchinchi shaxsidan soʻzlagan ma’quldir yoki shunday toʻqib tashlaysanki, kalavaning uchini hatto oʻzing ham topolmay qolasan. Masalan, faraz qilaylik, mana bunday: «Oy chiqib kelayotganini koʻrib turibman» yoki mana shunday: «Bizning, ularning koʻzlari tub-tubida ogʻriq sezildi», ayniqsa, mana shunisini olsak: «Ular, sargʻish ayol, bulutlar hamon mening, sening, sizning, bizning koʻz oʻngimizda namoyon boʻlmoqda...» Padariga qusur, buning nimaligini kim biladi deysiz!

Yaxshisi – barga borib pivo ichish kerak, mashinka esa oʻz fahmi idroki yetganicha hikoyani yozaversin (axir men birdan mashinkada yozaman-da).

Zoʻr-da, xudo haqqi, bu quruq gap emas, men buni hikoyam «kontaks»ga[1] daxldor boʻlganligi uchun aytyapman; shunisi ham borki, bir mashina boshqasi haqida mendan ham, sen va u, panjaradagi sargʻish ayol va bulutlardan ham koʻproq biladi. Va bularning bari boʻlmagʻur safsata, men yana shuni ham bilamanki, oʻrnimdan turdim, deguncha «remington»im[2] qotib qoladi, ikki barobar qaysarlik bilan turib oladi, goʻyoki toshga aylanadi, bu hol biz faqat harakat payti koʻrib turgan hamma jonsiz jismlarga xos. Qisqasi, hikoyani yozishim kerakka oʻxshayapti. Ikkovimizdan birovimiz yozishimiz kerak, yaxshisi, oʻzim yozganim ma’qul, men oʻlganman, demak, endi mutlaqo xolis boʻlishim mumkin. Modomiki, koʻzlarim osmondan boʻlak hech nimani koʻrmayotgan ekan, demak, mening oʻylashimga, yozishimga (mana, chetlari gezarib, bulut ham chiqib keldi), oʻz xayol-kechinmalarimni titkilashimga hech kim xalal bermaydi. Men oʻlsam-oʻlgandirman, yoʻq, axir tirikman-ku, ha, ha, buning yolgʻon joyi yoʻq, vaqti kelib, bari ravshanlashadi. Nimadandir boshlash kerak, men dastlab voqea roʻy bergan nuqtadan boshladim, ha, pirovardida har qanday hikoya shunday boshlanadi-da axir.

Haqiqatga koʻchganda, umuman, bu haqda nima uchun hikoya qilish kerakligi menga azob bermoqda. Agar biz biror ishni nima uchun qilishimizni oʻzimizdan oʻzimiz soʻrasak va inson bu savolga aniq javob berishi mumkin boʻlsa, masalan, taklif etilgan ziyofatga nima uchun rozi boʻlganligini aytib bera olsa (hozir kaptar, yanglishmasam, chumchuq uchib oʻtdi), qiziq latifani eshitib nima uchun kulgisi qistaganini, nima uchun qotib-qotib kulganligini bilganida edi. Keyin nima uchun ana shu latifani qoʻshni boʻlimdagi oshnalariga aytib berishga sabri chidamaganligini-chi? Nima uchun kishi shu latifani aytmaguncha ishga qoʻli bormasligini aytmaysizmi. Menimcha, hech kim bu savolning tagiga yetolmagan, yaxshisi, kishi aql va vijdonini malomatga qoldirmasdan nima boʻlganligini toʻkib sol-gani ma’qul: axir aslida nafas olish yoki poyabzal kiyishning aybli tomoni yoʻq-ku – bu odatiy hol. Lekin biror kor-hol yuz berguday boʻlsa, aytaylik, poyabzalingga oʻrgimchak kirib qolsa yoki xuddi oyna singanday, oʻpkang gʻalati tasirlab ketsa, – har qanday kishi buni ishxonasidagilarga aytishga tushar yoki doktorga borishga oshiqardi... «Oh, doktor, bilasizmi, nafas olsam...» Ichdan kelgan kulgini bosish uchun ham hikoya qilinadi, vassalom.

Modomiki, shunday ekan, biz tez orada hikoya aytishga kirishamiz, mayli, an’anaviy tartibga rioya qilsak-qila qolaylik. Buning uchun avvalo ana shu uy zinalaridan tushish va bundan roppa-rosa bir oy oldingi yettinchi noyabrga, yakshanba kuniga qaytish kerak boʻladi. Mana, birinchi qavatdan tushamiz, shunda bizni yakshanba va Parij kuzi uchun misli koʻrilmagan quyoshli tong qarshi oladi. Va shunda shahar boʻylab sayr etging, tevarak-atrofni tomosha qilging va suratga olging kelib ketadi! (Biz suratchilarmiz, ya’ni men – suratchiman.) Men hikoya qanday dunyoga kelishini butunlay hal qilib olish hammasidan ham mushkul ekanligini bilaman. Bu haqda aytib oʻtildi, biroq shu gapni yana takrorlashdan hech uyalmayman. Eng qiyini shundaki, aslida hikoya qiluvchi kim ekanligini bilib boʻlmaydi – menmi yoki boʻlib oʻtgan voqeami, yoki boʻlmasa, hozir koʻrib turganim: bulutlarmi, bulutlar, ba’zan – kaptar paydo boʻladi... Ehtimol men shunchaki haqiqatni, faqat oʻzimniki boʻlib qoladigan haqiqatni hikoya qilarman va bu faqat mengagina kerak, ana shu ahmoqona kulgi qistashini bosish uchun kerak boʻlyapti, ha, buni tezroq yoʻqotish kerak – keyin nima boʻlsa boʻlar!

Yoʻq, shoshmasdan hikoya qilmoq lozim – keyin bari oʻz-oʻzidan joyiga tushib ketadi. Agar mening oʻrnimni kimdir egallasa, agar gapirishga gapim boʻlmasa, bulutlar tarqasa-yu, nihoyat oʻrnida butunlay boshqa narsa paydo boʻlsa-chi? (Axir kishi faqat bulutlarni, ahyon-ahyonda-kaptarlarnigina koʻrgan boʻlishi mumkin emas-ku.) Ana shu bari «agar»lardan soʻng men qanday soʻzni qoʻllashim mumkin? Jumlani qanday toʻgʻri tugatish mumkin? Agarda men savol bera boshlasam, hech nima chiqmaydi, yaxshisi, tinchlanib, hikoyani davom ettirganim ma’qul. Kutilmaganda u loaqal bittagina, hikoyani oʻqigan kishiga javob boʻla olar!

Roberto Mishel, yarim fransuz, yarim chililik, malakali tarjimon, boʻsh vaqtlarida esa – havaskor suratchi, Mose-le-Prens koʻchasidagi oʻn birinchi sonli uydan chiqib keldi. Bu shu yilning yettinchi noyabr kuni edi (hozir kamida ikkita bulut chekkalari boʻzarib chiqib kelmoqda). U muttasil uch hafta oʻtirib, Santyago universiteti professori – Xose Norberto Alende qalamiga mansub apellyatsiyaga oid ilmiy ishni tarjima qildi. Parijda shamol kam boʻladi, lekin ahyon-ahyon burchak-burchaklarda halqa boʻlib oʻynashadi, quyun boʻlib koʻkka koʻtariladi, ranj-alam bilan koʻhna uylarning yogʻoch chiypardalariga uriladi, parda ortidagi ayollar oʻzlaricha betayin ob-havodan noliydilar. Oʻsha kuni esa kun chiqqan edi: u shamolni jilovlab, Parij mushuklari va mening koʻnglimni xush qilib, shahar boʻylab nur sochmoqda edi – men endi maza qilib, Sena sohilida sayr qilishim hamda Konserjeri va Sent-Shapelni qanday suratga olish haqida oʻylashim mumkin edi. Soat millari oʻnga yaqinlashmoqda edi, men oʻn birda kun yorugʻ boʻladi, deb chamalab koʻrdim, kuz kunlari uchun eng yaxshi ob-havo. Vaqtni oʻtkazish uchun sekin-sekin Sen-Lui oroli tomon yoʻl oldim, soʻngra sohil boʻylab asta Ke d’Anjuga joʻnadim va bir payt nigohim dangʻillama Otel-de-Lozen imoratida toʻxtaldi. Men shunda albatta Apollinerning[3] oʻzim sevgan misralarini oʻqidim (boshqa shoirni eslasa, yaxshi edi, biroq Mishel... bunaqa qaysarni oʻlib ham topolmaysan!). Birdan shamol tinib qoldi va quyosh ikki baravar moʻlroq nur sochdi (men – havo ikki baravar iliq boʻldi, demoqchi edim, aslida buning uncha ahamiyati ham yoʻq), panjaraga oʻtirib oldim va nihoyat, ana shu yakshanba tongi meni naqadar baxtiyor etganini his etdim.

Azob-qiynoqli Hech nimani yengishning koʻpgina usullari bor, shulardan biri – suratchilik. Lekin suratga olishni bolalik paytlaridan boshlab oʻrgangan ma’qul, chunki qat’iy tartib-intizomga rioya qilmasdan turib, teran nigoh va estetik tarbiya hamda ishonchli barmoqlarsiz – hech narsaga erishib boʻlmaydi. Bu oʻrinda gap umuman navbatdagi xom-xatala materialni zoʻr berib tiqishtiradigan yoki qandaydir muhtaram zotning beoʻxshov sharpasini vaqtida suratga olishga ulgurib qoladigan muxbir ahli haqida ketmayapti. Bu boshqa masala. Gap shundaki, qoʻlingda yaxshi kamera boʻlishi gunoh, lekin ayniqsa quyoshning qisqagina «yalt» etib yaraqlashini, nurining otilgan oʻq singari eski toshdan uchishini yoki sochlari shamolda silkingancha yumshoq bulka bilan bir shisha sut olish uchun yelgan qizaloqni suratga olmay oʻtkazib yuborishing borib turgan gunohdir. Mishel allaqachon suratchi olamga oʻz nigohi bilan qaray olmasligini, bunga oʻzi izn berolmasligini anglab yetgan edi – shum kamera har yerda va hamma joyda kishiga oʻz hukmini oʻtkazaveradi (hozir esa osmonni bulut qoplab kelmoqda, deyarli qop-qora). Lekin Mishel shuni ham aniq biladiki, bordi-yu, koʻchaga «kontaks»siz chiqadigan boʻlsa, bir zumda hech qanday gʻam-tashvishi yoʻq odamga aylanadi – kadrdan tashqaridagi olam ham, diafragmasiz va 1/250 holatdagi fotoapparat ham gʻoyib boʻladi. Ha, mana, hozir ham («hozir» emish, yolgʻon!) panjaraga oʻtirib oldim-da, koʻzlarim bilan qizil va qora kemachalarni kuzata boshladim va qanday qilib yaxshi surat chiqarish uchun kadrga tushirish esimga ham kelmadi, xayol shunchaki meni, vaqtga koʻra harakatsiz odamni atrofimdagi narsalar bilan birga qaylargadir yetaklab ketgan edi. Muhimi – shamolning oʻzi yoʻq!

Soʻngra Burbonlar sohili boʻylab to orol tubiga qadar bordim, bu yerda oʻzim sevgan joy boʻlib, u juda dilkash, toʻgʻrirogʻi, sirli xiyobon edi (sirliligi yashirin ekanligida emas, moʻ‘jazligida edi: aksincha xiyobon daryo va osmonga keng bagʻir ochgandi). Xiyobonda hech kimsa koʻrinmasdi – yagona sevishganlar jufti ham... bu kaptarlarga oʻxshaydi). Ehtimol men ana shu kaptarlardan birini hozir ham koʻrib turgandirman. Bir sakrab, panjaraga oʻtirib oldim, shunda noyabr quyoshi vujudimni oʻz nurlariga chirmab ilitdi, – men kunga goh yuzimni, goh qulogʻimni, goh qoʻllarimni tutdim (qoʻlqopim kissamda edi). Mening sira suratga olish istagim boʻlmadi, – chekdim, shunchaki ermakka. Shu vaqt boʻlsa kerak, koʻzim bir oʻspiringa tushdi.

Men dastlab sevishganlar deb oʻylaganim koʻproq ona bilan oʻgʻilga oʻxshab ketardi, garchand bir koʻrishimdayoq ularning ona-bola emasliklari ayon boʻlgandi, ikkisi biz nazarda tutgan ma’noni anglatardilar, ya’ni ikki kishi – yigit bilan qiz bir-birlariga biqinishib tursalar yoki bogʻdagi oʻtirgʻichda quchoqlashib oʻtirsalar, albatta biz ularni sevishganlar, deb oʻylashimiz tabiiy. Men birdan azbaroyi qiziqqanimdan nima uchun yigitcha shu qadar hayajonda, xuddi hurkib ketgan qulunday yoki tutqun quyonday olazarak ekanligini bilishga jazm qildim... Yigitcha goh ikkala qoʻlini kissasiga solar, goh birini olib, irgʻitguday boʻlib, yuziga tutar, goh qoʻllari bilan sochlarini taraganday boʻlar, goh unday, goh bunday turib olardi. U butun turish-turmushi bilan qochmoqqa chogʻlangan odamni eslatar, har bir harakatida qoʻrquv, qandaydir uyat aralash tahlika zohir edi.

Bu shunchalik aniq-ravshan koʻzga tashlanib turardiki, – mendan nari besh metr masofada va orolda biz uchovimizdan boshqa hech kimsa yoʻq edi, – qattiq qoʻrqib ketgan oʻspirin butun diqqat-e’tiborimni egallab olganligidan dastlab sargʻish ayolni payqamabman ham. Endi hammasini bir boshdan xotirlasam, men oʻshanda basharasini koʻrsatgan onlardan koʻra ularni hozir yaxshiroq koʻrib turibman, shunda yigitchaga nima boʻlganligini fahmlay boshladim, keyin qolib, endi buyogʻi nima boʻlishini koʻrishga ahd qildim (ayol birdan mis flyuger[4] singari boshini burdi, shunda koʻzlari, ha, avval, koʻzlari paydo boʻldi). Shamol ularning soʻzlarini, toʻgʻrirogʻi, shivir-shivirini olib keldi.

Umuman olganda, hayotimda qoʻlimdan keladigani – qarash, lekin qarasang ham, qaramasang ham barcha narsalarda soxtalik alomati boʻladi, negaki tomosha, mushohada ehtiyotsizlik bilan bizni oʻz «men»imizdan narilarga irgʻitib yuboradi, sezmoq – boshqa gap yoki... (Boʻldi-da, yetar, bizning Mishel doimo unisidan bunisiga irgʻigani irgʻigan, unga qoʻyib bersang bas). Undaymi, bundaymi, agar ana oʻsha soxtalik haqida eslanadigan boʻlsa, unda nigohingga, hattoki oʻz koʻzlaringga ishonishing mumkin; muhimi, sen qaraysanmi yoki senga qaraydilarmi, ana shuni hal qilib olish, soʻngra esa narsalardan ortiqcha keraksiz niqobni olib tashlab, bularni oshkor etish, fosh qilish kerak boʻladi. Turgap gapki, bunisi qiyin.

Daryo boʻyidagidan koʻra (soʻngra bari ravshan boʻladi) suratdagi oʻspirin xotiramda koʻproq saqlanib qolgandi, ayolni esa yaxshi eslayman, u hozir ham shunday qarshimda – nozikkina, xushbichim (ikkita notoʻgʻri, keraksiz soʻzlarni qoʻlladim), moʻynali, deyarli qora, deyarli uzun, deyarli bashang mantoda turibdi. Yakshanba tongining butun shamoli oqish va gʻira-shira (yana ikkita notoʻgʻri soʻz) yuzini tutgan tillarang sochlarini toʻzgʻitardi. Ana shu sochlar toʻzgʻishida – qora koʻzlar ajralib turadi, shunday koʻzlarki, ular oldida oʻzingni yolgʻiz, kimsasiz sezasan. Koʻzlar emas, oʻljasiga tashlangan naq ikkita kalxat, yam-yashil botqoqzorda «yalt» etgan chaqmoq deysan. Buni men koʻzlar haqida yozmayapman, shunchaki oʻzim tushunib olgim kelyapti, mana, aytdim: «Yam-yashil botqoqlikdagi ikkita chaqmoq».

Adolat haqqi hurmati, aytish mumkinki, yigitcha binoyiday kiyinib olgandi; qasam ichaman, sariq qoʻlqoplar akasiga, oʻylashimcha, huquqshunoslik yoki ijtimoiy fanlar fakultetida tahsil oluvchi talabaga tegishli ekanligi tayin; ana shu qoʻlqop barmoqlari pidjak choʻntaklaridan juda gʻalati tarzda dikkayib chiqib turardi. Men ancha vaqtgacha uning yuzini koʻra olmadim, yon tomonidan zinhor ahmoq boʻlmagan basharasi sal-pal koʻzga tashlanardi – goʻyo bezovta qush, Fra Filippo[5] rasmidagi farishta, guruchli pudingning oʻzginasi. Koʻz oldimda mana-mana, dzyu-do usullarini koʻrsatishga chogʻlangan, shu tarzda singlisini ham himoya qilgan, allaqanday gʻoyalar uchun yoqalashgan, hatto oʻn besh yoshida, koʻrinib turibdiki, ota-onasi bagʻrida hamma narsa tap-tayyor sharoitda yashaydi, biroq choʻntagida sariq chaqa boʻlmaydi va har safar bir qadah konyak, bir quti sigareta yoki bir finjon qahva xususida gap ketganida bechora tanishlari huzurida koʻzlarini yerga oladi. Ehtimol u bir sinfda oʻqiydigan qizlar haqida xayol surganicha koʻcha sangʻigan, nima qilib boʻlmasin, yangi chiqqan kinoni tomosha qilish uchun yugurishni yoki romanmi, yana urf boʻlgan boʻyinbogʻmi, yanayam yaxshisi sariq va yashil yorliq yopishtirilgan bir shisha likyor sotib olishni orzu qilgan boʻlsa ajab emas. Uning uyida (bu hashamatli uy boʻlishi mumkin: roppa-rosa soat birda tushlik qilinadi, devorga romantik uslubda chizilgan rasm ilingan, nimqorongʻi dahliz va eshik yonginasida soyabonlar uchun taglik qoʻyilgan) onasining umidiga aylanishga majbur boʻlib, dadasidan ibrat olib, saboqlarni yodaki qilib, Avin-onda yashaydigan xolajoniga maktublar bitish bilan vaqt imirsilab oʻtmoqda edi. Mana, sal yursang – koʻchaga chiqasan, sabab, daryo boʻyi shu qadar keng (attang, choʻntakda hemiri yoʻq-da!) tuyuladi. Mana, eshiklariga alohida tamgʻa urilgan, darvoza tagida hurpaygan mushuk choʻnqaygan, oʻttiz frankli qovurilgan kartoshka xaltasi, toʻrt boʻlakka buklangan shahvoniy jurnal turgan shahar nima uchun bunchalik oʻziga tortishi ma’lum boʻladi. Xuddi boʻm-boʻsh choʻntak kabi yolgʻizlik ham, shodon uchrashuvlar ham, hamma narsalarga intilish ham hali oshkor boʻlmagan sirdirki, u shamol va boʻm-boʻsh koʻchalarga oʻxshash buyuk muhabbat hamda erkinlik bilan charogʻon boʻladi.

Bu yigitchaning hayoti menga mana shunday oʻta joʻn hamda oʻsha daqiqalarda ana shu kechirmish kunlari ham zoʻrlik bilan tortib olinganday tuyuldi va hozir esa u tomogʻidan xippa boʻgʻgan ayolninggina soʻzlarini diqqat bilan tinglamoqda edi. (Men hadeb bir narsani qayta-qayta takrorlayverishdan charchadim, hozir osmonda ikkita uvada bulut suzib oʻtdi. Oʻylab koʻrsam, oʻsha tongda bir marta ham osmonga koʻz tashlab qoʻymabman, meni oʻspirin bilan ayol oʻrtasida nima gap boʻlishi mumkin, degan oʻy chulgʻab olgandi, ulardan hech koʻzimni uzolmayotgan edim – faqat qarardim va kutardim, qarardim va ... ) Qisqasi, yigitchaning ahvoli tangligi shundoq koʻrinib turardi, shunda mening bundan yarim soat ilgari nimalar boʻlib oʻtganligini tasavvur qilishim uncha qiyin boʻlmadi. Oʻspiringina, ehtimol, bekorchilikdan sandiroqlab orolning eng chekkasiga adashib kelib qoladi-yu, ayolga koʻzi tushadi va hayratdan ogʻzi ochilib qoladi. Ayol boʻlsa... ayol faqat shuni kutgan, faqat shuning uchungina panjara yoniga kelgan. Balki voqea mutlaqo bunday boʻlmagandir, ehtimol yigitcha oldinroq paydo boʻlgandir va ayol uni balkondan yoki mashina oynasidan koʻrib qolganu, biror bahonani roʻkach qilibmi yoki vaj boʻlmasa ham gaplashish uchun unga peshvoz chiqishga shoshilgandir, chunki ayol oldindan uning qoʻrqqanidan juftakni rostlab, qochib qolgisi kelayotganini va hech qayoqqa ketolmasligini va yana-tagʻin chiranib, oʻzini hamma narsani koʻrishga ulgurgan sarguzasht ishqibozi qilib koʻrsatishini bilgan. Yakuni ham ravshan: hammasi koʻz oldimda sodir boʻlmoqda edi va mening oʻrnimda boʻlgan har qanday odam bemalol oʻyinning keyingi rivojini ham chamalashi, toʻgʻrirogʻi, ana shu noteng bellashuvdagi qiziq holatni koʻrishi mumkin edi. Buning ajoyib tomoni shunda ediki, aynan hozirgi manzara ana shu bellashuv yakuni, uning yechimi ekanligini yaqqol tasavvur qilsa boʻlardi. Yigitcha, ehtimol, yangi uchrashuv uchun bahonani oʻzi oʻylab topadi, soʻngra esa uyi tomon sekin-sekin, sudralib joʻnaydi – u oʻziga ishonch bilan lapanglaganicha – orqasida ayolning masxaraomuz nigohini his qilganicha boradi. Lekin shunisi ham ehtimoldan xoli emaski, yigitcha es-hushidan ayrilganligidan yoki qoʻrqoqligidan hattoki shunga ham jur’at qilolmaydi va xuddi jo-yida qoqqan qoziqday serrayib turadi, ayol boʻlsa, oshigʻining sochlarini hurpaytirib, tutamlab, erkalaydi, yuzlarini silaydi va u bilan soʻz qoʻshmay gaplashadi, qoʻlidan tutganicha uyiga yetaklab olib boradi; negadir soʻnggi daqiqaga kelib, qandaydir tushunib boʻlmas xohishsizlik koʻlanka soladi – afsus!– yigitcha ana shu kayfiyatini yashirib, dadillanadi: ayolning lablaridan oʻpadi va qoʻllari nozik bellardan quchadi... Bularning bari sodir boʻlishi mumkin edi, lekin hozircha bu voqea roʻy bermadi va panjarada oʻtirgan Mishel ana shu yakunlardan istaganini oldindan sezib, zavqlanganicha orolning xilvat burchagida suhbat bilan mashgʻul, shu qadar band sevishganlarni vaqtida suratga olish uchun beixtiyor va bexosdan kamerasini toʻgʻrilay boshladi.

Qiziq, mana shu sahnaga (umuman, hech bir ajablanarli joyi yoʻq: yigitcha bilan ayol, ular ham oʻzlaricha yoshlar-da) qandaydir xavotir soya solib turganga oʻxshardi. Hatto nazarimda, bu xavotir oʻzimning ichimda boʻlganday va suratlar – agar chiqsa, favqulodda oppa-oson haqiqatni ochib tashlaydiganday tuyulardi. Ha, aytmoqchi, men birdan koʻprikda tosh qotgan mashinada oʻtirgan odamni qanday xayollar chulgʻab olganini judayam bilgim keldi. Men uni hozirgina payqab qolganimga ajablanmasa ham boʻladi: axir harakatsiz mashinaning ichida oʻtirgan har qanday kishi harakat va jur’at goʻzalligidan mahrum holda koʻz ilgʻamaydigan darajada gʻoyib boʻladi, shunchaki ana shu notavon yashik ichida yoʻqoladi. Shunday boʻlsa-da, mashina avval-boshdan hech qayoqqa siljimay shu yerda, ana shu ajib dilkash manzaraga xalaqit qilib, aksincha uni poyoniga yetkazib, qaqqayib turardi. Mashina – bu manzarada fonar osiladigan simyogʻoch yoki bogʻdagi oʻtirgʻich singari bir yordamchi detal; shamol bilan quyosh nuri esa boshqa gap: ularda doimo koʻz va teri uchun yangi bir narsa yashiringan boʻladi. Mana, yigitcha oʻz jononi bilan turibdi, ular xuddi qadrdon orolga mutlaqo boshqacha nigoh tashlashim uchun turganga oʻxshaydilar. Ehtimol, mukkasidan tushib gazeta oʻqiyotgan odam ham ularni kuzatayotgan, va, ehtimol, men kabi unga ham hadeb kutaverish, aftidan, yoqmay turibdi... Ayol pisibgina kishi bilmas bir chekkaga siljidi va birdan shunday turib oldiki, oʻspirin u bilan panjara oʻrtasida boʻlib qoldi. Men ularni yonboshlaridan koʻrib turardim. Oʻspirinning boʻyi baland edi, xiylagina boʻlsa-da, baland edi, shu asnoda ayol oyoqlari uchida koʻtarilganday boʻldi, xuddi uning ustiga engashgan kabi (goʻyo havoni xivich bilan qamchilaganday, ayolning qoʻqqisdan kulgisini quloqlarga olib keldi) yigitchani shu yerda hozirligi, tabassumi, qoʻllarini silkishi bilan ezgandan-ezib turardi! Yana nimani kutib turibman oʻzi? Diafragma – oʻn olti, kadr tanlandi, tamom-vassalom, xudoga shukur, anavi la’nati mashina ham yoʻq, mana, bir xildagi soʻlgʻin fonni bezashi kerak boʻlgan daraxt turibdi.

Xuddi ana shu sevishganlar umuman qiziqtirmayotganday, kamerani koʻzlarimga olib bordim, oʻzim esam chehraning oʻzimga kerakli yuz ifodasi, bari jumboqlar yechimi boʻlmish sirli imo-ishoralarni ilgʻab, tutib olishga muvaffaq boʻlishimni bilib turardim, men koʻpgina suratlarda boʻlgani singari avji harakatning keskin oʻzgarayotgan joyini behudaga oʻtkazib yubormasdan ushlab olishim kerak edi, agarda boʻlingan vaqtning jonli lahzasi boy berilsa bormi... Koʻp kutishimga toʻgʻri kelmadi. Ayol ishonch bilan hujumga oʻtdi, shunda yigitcha azobli hamda shirin qiynoq iskanjasida ozodligining soʻnggi ilinjini ham yoʻqotib boʻldi. Koʻz oʻngimda boyagiday shu voqeaning ehtimoliy yakuni gavdalana boshladi (endi osmonda birgina yolgʻiz momiq bulut suzib yuribdi). Men xayolan xonimning yigitchani uyiga qanday olib kelganini koʻrdim (mushuklar va ola-chipor yostiqchalar gʻij-gʻij birinchi qavatdagi uy), bolakayning nochor va ayanchli basharasini, uning qanday dovdirab, sarosimaga tushishini, buni soxta betakalluflik ostiga yashirishga urinishini – goʻyo, bizga shuyam yangilik boʻptimi, deganday harakatini koʻrdim. Men yumuq koʻzlarim bilan (yumuqmidi?) bu manzarani ipidan-ignasigacha yaqqol koʻz oldimga keltirdim: hazilnamo boʻsalar, och binafsharang, ha, ha, karavotga toʻshalgan och binafsharang partoʻshak shundoq koʻz oldimda namoyon, ayol-chi, erkalanib, qoʻllari bilan koʻylagini egnidan yechishga shoshiladi (hammasi xuddi romanlardagiday); shunda ayolning oʻzi uni, moʻmingina, moʻltayib turgan yigitchani yechintiradi, – ularni goʻyo och dolchin tusidagi ma’dandan ishlangan tunchiroqning sargʻimtir nurlari ostida misli ona va bola deysiz. Ke-yinmi – keyin bari xuddi odatdagiday boʻladi, balki, yoʻq.... ana shu choʻzilib ketgan muqaddima qanday rivoj topishini kim biladi – qoʻllarning oshiqich sarosimasi, shiddatli erkalashlar, oʻngʻaysiz, qovushmaslik oqibati nima bilan tugaydi? Balki yigitchaga oldindan takabburona tabassum ostida qarshi zarba tayyorlab qoʻyilgandir, balki bechoragina bola achchiq hayrat ichida murdadek qotib qolar? Balki yolgʻizgina, zaifgina quvonch boʻlar? Bari shunday, bari mutlaqo shunday boʻlishi kerak... Axir shunday mishiqini ham oʻynash qiladilarmi hech? Agarda boshqa kishiga moʻljallangan yovuz oʻyinni tasavvur qilmasdan turib, bu ayolning qanday niyatni koʻzlaganligini bilib boʻladimi?

Mishel ana shunga oʻxshash adabiy xayollar surishga mukkasidan ketgan edi. Hayotda boʻlmagan gʻalati vaziyatlar, mantiqan tushuntirib boʻlmaydigan qahramonlar va allaqanday maxluqlarni ichidan toʻqib chiqarish uning joni dili edi, axir bular hamisha ham gʻashga tegavermaydi-da. Biroq bu yerda vaziyat boshqacha edi: bu ayol uning xayoloti, tasavvurini qoʻzgʻab yuborgan va ayni vaqtda oʻzining har bir harakati bilan buning haqiqat ekanligiga ishora qilmoqda edi. Men bir soniya ham kutmaslikka ahd qildim – quruq tavakkalchilik kimga kerak? Hozir (mening oʻtib ketgan voqealarni huda-behudaga qaytaraverishga moyilligim uchun ham bu haqda uzoq bosh qotirsam kerak), fotoapparatim ob’ekt holatining kuzatuvchisi atrofdagi bari narsalarni – daraxt, panjara, quyoshni qamrab olgan lahzani eslayman. Nihoyat, surat olindi! Shunda ikkovi «yalt» etib menga qaradi, ular nima gapligini tushunib yetganliklarini darrov anglab yeta qolmadim. Oʻspirin – taajjublangan, koʻzlarida soqov savol ifodasi qotib qolgan alfozda edi, ayol esa shunday gʻazablandiki, afti basharasi, faqat basharasigina emas, butun vujudi qahrga toʻlib-toshdi, ular jimitday fotokadr asirlari boʻlib qolganliklaridan qattiq jazavaga tushdi.

Bu haqda ancha batafsil soʻzlab bersam boʻlar edi. Lekin nima uchun? Ayol hech kim begonalarni ruxsatsiz suratga olishga haqqi yoʻqligini aytdi va plyonkani unga qaytarib berishimni talab qildi. Talaffuziga qaraganda, ayol asl parijlik edi; uning quruq, qat’iy ovozi har bir ibora sari koʻtarilib, tobora rang-barang ohang kasb eta boshladi. Umuman olganda, menga – plyonkani qaytarish yoki qaytarmaslikning farqi yoʻq edi, lekin hamma ish yaxshilik bilan bitadi, shuning uchun ham toʻsatdan mening oʻjarligim tutdi va hech kim, hech qachon jamoat joylarida suratga olishni taqiqlamaganligini va aksincha: suratchilik har qanaqasiga ham xususiy, ham davlat muassasalari tomonidan ragʻbatlantirajakligini aytdim. Men bularning barini toʻkib solarkanman, yashirin zavq bilan yigitchaning birdan chekkaga irgʻiguday boʻlib, orqasiga tislanayotganini... kuzatdim va mana, u, qandaydir aql bovar qilmas darajada epchillik bilan oʻzini olib qochdi va yugura soldi. Bechora balki oʻzimni munosib tutib, joʻnadim, deb xayol qilgandir, aslida esa u oyogʻini qoʻliga oldi, mashina yonidan yelday uchib oʻtdi va xuddi tonggi sarin havoda daraxtlardan taraladigan, Argentinada «farishtaning soch tolasi», deb atalmish uzun-uzun iplar singari koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Ana shu oʻrgimchak ini tolasining yana bir – «iblis soʻlagi» degan nomi ham bor, shunda bizning suratchimiz ogʻzidan tupuk sachratib, boʻralab soʻkina ketdi. Shuni aytish kerakki, Mishel oʻzini mardonavor tutdi (bu undan ortiqcha zahmat talab etmadi): u saxovat qilib aytilgan haqoratlarni nazokatli tabassum bilan qarshi oldi va oʻta odob bilan ta’zim qildi. Men birovlarning ishlariga burnini suqadigan ablah, palid va nobakor xususidagi uzundan-uzoq monologdan gʻoyat zerikkanimda birdan mashina eshigining «tars» etgan ovozini eshitdim va ayol yonida bir erkakni koʻrdim – u toʻgʻri bizga qarab turardi. Shundagina mana shu sahnada uning ham oʻz roli borligi «yarq» etib miyamga urildi.

U mashinada bagʻoyat qunt bilan oʻqigan oʻsha gazetani qoʻlidan qoʻymay biz tomon yoʻnaldi. Ayniqsa uning aftini gʻalati burishtirgani yodimda qoldi – bunaqasini osongina unutib boʻlmaydi, – yuzining bujmayishi ogʻzini qiyshaytirib qoʻygan, burushiq basharasini buzib, iz qoldirib oʻtgan edi, muhimi, lablari goh oʻngga, goh chapga qimirlab, qandaydir jonli, gʻayrishuuriy narsa vishillab chiqardi. Bu – oppoq boʻrga belangan, bir tomchi qoni yoʻq, qoqchakak terisi shalviragan, tosh qotgan masxarabozning basharasi edi. Koʻzlari chuqur-chuqur, burun teshiklari – haddan tashqari ochiq, qop-qora, qoshlardan ham qora, sochlardan ham qora, qora boʻyinbogʻdan ham qora edi. Erkak chagʻirtoshlarni xuddi oyoqlarini yara qiladiganday, ehtiyotkorlik bilan bosdi, lok poyabzalining tagcharmi juda yupqa edi – buni men juda yaxshi eslayman, – hattoki maydagina toshdan ham yirtilib ketadiganga oʻxshardi. Nimagaligini oʻzim ham bilmay, darrov panjaradan tushdim. Yana nima uchunligini bilmaymanu, men uzil-kesil oʻlib qolsam ham ularga plyonkani bermaslikka, xavotir, toʻgʻrirogʻi, qoʻrquv, tahlika oshkora namoyon boʻlgan talabchan ovozga boʻsh kelmaslikka qaror qildim. Ayol bilan masxaraboz indamay bir-birlariga qaradilar – biz oʻta ogʻir, chidab boʻlmas darajada mudhish uchburchakni hosil qilganimizcha turardik, ushbu uchburchak buzilishi, hozir-hozir gumburlab qulashiga shak-shubha yoʻq edi. Men negadir ularning yuzlariga qarab turib, qah-qah otib kulib yubordim-da, nari ketdim va anavi maktab oʻquvchisidan koʻra obroʻ bilan joʻnadim, deb umid qilaman. Koʻprikda, koʻprik bilan tenglashib, dastlabki uylar koʻzga tashlanganda orqamga qayrilib qaradim. Ular hamon oʻsha joyda turishar, faqat gazeta yerda yotar, ayol esa panjaraga suyangancha titrab-qaqshab, qoʻllarini toshlar boʻylab yurgizardi – bu qutulish ilinjidagi tutqun odamning odatiy va ma’nosiz harakati edi.

Bari qolgan gaplar shu yerda va yaqindagina – beshinchi qavatdagi uyimda roʻy berdi. Mishel yakshanbada olingan plyonkani yuvib qoʻyganiga ham bir necha kun boʻlgan edi. Sent-Shapel va Konserjeri chindan ham binoyiday chiqibdi. Ikki-uchta sinash uchun olingan kadr-lar xotiramdan koʻtarilayozibdi. Qay moʻ‘jiza bilan jamoat hojatxonasi quvurining eng uchiga chiqib olgan mushuk kadri yaxshi chiqmaganligi shundoq bilinib turardi. Mana, orolda olingan surat – sargʻish ayol va oʻspirin. Negativ a’lo darajada chiqqanligidan Mishel tasvirni yirik planda bermoqchi boʻldi. Yirik plandagisi ham chakki chiqmadi, shunda Mishel uni katta afisha hajmicha kattalashtirdi. Mishel oʻsha lahzada Sent-Shapel va Konserjeri suratlarigina ortiqcha daxmaza boʻladi, deb xayoliga ham keltirmagandi (shuning uchun ham u hozir ajablangandan-ajablanmoqda edi). Butun boshli plyonkadan negadir ayol bilan oʻspirin kadrigina uning diqqatini tortdi. U kattalashtirilgan suratni toʻgʻri devorga oʻrnatdi va birinchi kun tasvirga qarab turib, esladi, toʻgʻrirogʻi, eslamadi, oʻlib boʻlgan haqiqatni xotira bilan (toʻgʻrisini aytsam, bu anchayin gʻamgin mashgʻulot), harakatsiz, qotib qolgan xotira bilan taqqosladim – goʻyoki hamma narsa joy-joyida, hech nima yoʻqolmaganga oʻxshab koʻringan har qanday surat ana shu xotiraga aylanishi mumkin, lekin shunday boʻlsa-da, ana shu Hech nimaning oʻzi tasvir ustidan hukmronlik qilmoqda edi. Mana, ayol, mana, yigitcha, mana, ularning boshlari uzra pana boʻlgan, joyida tosh qotgan daraxt va osmon, oʻz tub mohiyatiga koʻra yagona va aynan bir xil, misli tosh panjara singari aniq-tiniq quyma bulutlar (hozir esa koʻkka bulut suzib chiqdi, u xuddi momoguldurakni yetaklab keladiganga oʻxshab turibdi). Dastlabki ikki kun bemalol yurdim, suratning oʻzi ham, devorga osigʻliq, kattalashtirilgan nusxasi ham menga ma’qul edi va nega qilayotgan tarjimamdan dam-badam uzilib, oʻqtin-oʻqtin ayol yuziga yoki tosh panjaradagi qop-qora dogʻga diqqat bilan tikilayotganim uchun shunchaki oʻzimga-oʻzim hisob berolmasdim. Men ana shunda peshonamga bir urdim... Nima uchun hanuzgacha shunday oddiygina narsa xayolimga kelmadi ekan-a! Agar biz suratni toʻgʻri koʻz oldimizga keltirib tutsak, koʻzlarimiz aniq ob’ektiv holatini takrorlaydi-ku! Odamlar shundoq koʻrinib turgan haqiqat haqida bosh qotirib ham oʻtirmaydilar. Men yozuv mashinkasi qarshisida oʻtirib, tasvirga qaradim – bizni koʻp emas, uch metrcha masofa ajratib turardi, – shunda men oʻsha payt kameram ob’ektivi qarshisidagi singari holatda turganligimni anglab yetdim. Yana nimasi ma’qul? Suratning bari fazilatlarini osongina baholash mumkin, agar diagonaliga qarasang, buning ham oʻz jozibasi, tasodifiy holati borligi ma’lum boʻladi. Toʻgʻrirogʻi, Xose Norberto Alende ispan tilida yaxshilab yozganini fransuz tilida uncha yaxshi ifoda qilolmay qolganimda vaqt-vaqti bilan suratga qarardim – goh ayol qiyofasi, goh oʻspirin, qurigan yaproq, yon tomondan olingan suratni a’lo darajada toʻldirib, unga ma’no berib turgan tosh yoʻl meni oʻziga jalb etmoqda edi. Ishdan dam olgan paytlarim mana shu surat ijodkori boʻlgan oʻsha kungi tongga xayolim ketib qolardi. Ayolning suratga olingan plyonkani qanchalik titrab-qaqshab, achchigʻi chiqib, qaytarib berishimni talab qilganini eslardim, yigitchaning qochib qolgani kulgili, ayni vaqtda oʻsha gʻalati odamning toʻsatdan paydo boʻlishi kishini xavotirga solardi.

Vijdonan aytganda, men ushbu sahnani uncha chiroyli tark etmagan boʻlsam-da, oʻz-oʻzimdan mamnuniyat hosil qilishim mumkin edi. Agar fransuzlar tezob boʻladilar, desalar, mening nima uchun fuqarolik huquqlari, erkinliklar va alohida imtiyozlarni keragida isbot qilolmay, birdan juftakni rostlab qolganligim oʻzimga ham qorongʻi edi. Biroq boshqa tomondan – shunisi eng muhimi, - men yigitchaning vaqtida qochib qolishiga, qutulib ketishiga imkon yaratdim (agarda mening hisobim toʻgʻri boʻlsa, yigitchaning qochganmi yoʻqmi, bunisi noma’lum). Men oʻzim istamagan holda birovlarning ishiga burnimni suqdim, lekin shu bilan birga qoʻrquvdan oʻtakasi yorilgan bolakayning tahlikadan qutulishiga picha boʻlsa-da, yordam berdim. Endi u afsuslansa afsuslanaversin, uyalsa, uyalaversin, oʻzini landavur deb oʻylasa oʻylayversin, keyin bu panjaradan oʻziga gʻalati qaragan ayoldaqalar bilan tanishishdan koʻra durustroqdir.

Mishelda ba’zan oʻta odob-axloqli odam uygʻonardi, u shunda tabiatiga xos boʻlmagan tarzda xunuk, nojoʻya ishlar haqida oʻylayverardi. Demak, tasodifiy olingan surat oʻzining ezgu vazifasini bajaribdi-da. Shuni aytish kerakki, mutlaqo ixtiyorsiz ravishda har bir bandda ishimni toʻxtatib qoʻymoqda edim; oʻsha daqiqalarda ushbu tasvir nima uchun meni bunchalik oʻziga tortayotganligi va nima uchun uni katta qilib devorga osib qoʻyganligim haqida oʻylab ham koʻrganim yoʻq edi... Ehtimol faqat shunda, faqat shunday vaziyatlarda bari yuz berishi muqarrar voqealar sodir boʻlsa kerak.

Daraxtlarning astagina, arang sezilarli shitirlashi meni sira bezovta qilmadi, boshlab qoʻygan jumlamni yana yoza boshladim va uni bemalol muvaffaqiyat bilan tugatdim. Sira ajablanarli joyi yoʻq! Biz odat qilib olgan narsalar – kattakon gerbariy. Chindan ham yirik plandagi, saksonga yetmish hajmdagi surat ekranga juda oʻxshab ketadi, ushbu ekranda ayol tilyogʻlamalik bilan yigitchani suhbatga tortmoqda va ularning boshlari uzra yaproqlari quruqshab qolgan daraxt butoqlari chayqaladi.

Ammo manavi qoʻllarni qarang – bunisi juda ortiqcha! Shunisi qiziqki, men endigina tarjima qila boshlaganimni bilaman: «Donc, la seconde oly rysiddans la nature intrinsyque des difficultys que les sociytys...»[6] – birdan ayolning kafti, barmoqlari asta-sekin birlashib musht boʻlganini koʻrib qoldim. Koʻz ochib yumguncha oʻzimni yoʻqotdim, batamom chala, tugallanmagan fransuzcha jumla, polda mashinka, gʻichirlab qolgan kursi va tuman oʻz holicha qoldi. Oʻspirin butunlay holdan toygan bokschilar soʻnggi zarbani kutayotib qilganiday, boshini magʻlubona egdi. U yoqasini koʻtarib olgan va shu holati bilan asirga, halokat sari oʻzi yoʻl ochib bergan haqiqiy qurbonga yanada koʻproq oʻxshab ketdi... Ayolning qoʻllari yana yozildi va uzun-uzun barmoqlari oʻspirinning betlariga uzaldi. Ayol yigitchaning qulogʻiga nimalarnidir shivirladi, u esa, qoʻrquv ichida, toʻgʻrirogʻi, bezovtalanib, ayolning yelkasi uzra boshini choʻzdi va dam-badam oʻsha tomonga qaradi, qayoqqaligini – Mishel juda yaxshi bilardi – uyoqda mashina va kulrang shlyapali odam turardi. Ular kadrga tushmabdi, xoʻsh, tushmasa nima qipti? Oʻsha odam oʻspirinning koʻzlarida (bunga shubha qilmasa ham boʻladi), ayolning soʻzlari va qoʻllarida, ma’lum boʻlishicha, atigi vositachi rolini ijro etayotgan huzuridagi ana shu ayolning ishtirokida yashamoqda edi. Soʻngra esa men oʻsha odamning ularga yaqin kelganini, ularga qanday nigoh tashlaganini – qoʻllari choʻntagida, basharasida ranjishmi, toqatsizlikmi zohir, - misoli hozir-hozir berilib oʻynagan itiga hushtak chalib, chorlagan qahri qattiq xoʻja-yinni koʻrdim. Shunda men, agar bu oʻrinda «tushundim» iborasini qoʻllash joiz boʻlsa, oʻsha payt boshlangan va albatta sodir boʻlishi kerak boʻlgan ish, beixtiyor va qoʻqqisdan kelib qolib xalal bermaganimda, ehtimoldagi voqea, boʻlishi zarur hodisa, shak-shubhasiz, shu kishilar oʻrtasida roʻy berishi muqarrarligiga tushunib yetdim. Haqiqat, mening tasavvurim namoyon etgan manzaradan ham dahshatliroq edi. Bu ayol panjara yonida yonoqlari qip-qizil beozorgina farishta bilan oʻz ixtiyori bilan turmagan, bolakayning qaltirashi va jur’atsizligidan maza qilib zavqlanmoqchi, vaqtini chogʻ qilmoqchi ham emas. Haqiqiy xoʻjayin mavridi kelishini poylamoqda va hammasi risoladagiday boʻlishiga ishonmoqda edi.

Yangi-yangi qurbonlar izidan bir marta emas, ikki marta emas, koʻp marotaba ayolni joʻnatgan... Keyinmi – keyin voqealar oddiydan ham oddiy kechadi: mashina, uy – bunaqasi emas, boshqacha uy, sharoblar, shahvoniy suratlar va kechikkan koʻzyoshlar. Men bu safar tamoman hech nima qila olmadim, mutlaqo hech nima. Aslida suratchilik menga aslo yordamchi emas, balki dushman ekan, u oshkora qasos oldi – endi nima boʻlishini koʻr, bir maza qil, deganday boʻldi. Men suratni allaqachonlar chiqarib qoʻyganman, oradan soatlar emas, kunlar, haftalar oʻtdi, biz endi bir-birimizdan yiroqda turibmiz, oʻkinch-pushaymonlik koʻzyoshlari allaqachonlar toʻkilib boʻlgan, faqat hasrat va hayrat qolgan, xolos, biz birdan oʻrnimizni almashtirdik, bu odamlar yashamoqdalar, harakat qilmoqdalar, ishlarini hal etmoqdalar va ularning qarorlari oʻzlari tomonidan idora qilinmoqda, men esam buyoqda ana shu kishilar – sargʻish ayol, oʻspirin va erkak kimlar ekanligini bilmasligim, bu haqda xabarsizligim asiriga, men – faqatgina oʻz kameramning ayanchli linzasi, tosh qotgan, harakatlanishga qodir boʻlmagan qandaydir nima asiriga aylanaman. Koʻz oʻngimda roʻy bergan bari voqealar mening ojizligim ustidan shu qadar shafqatsizlik, shu qadar berahmlik bilan kulganday, mazax qilganday boʻldi: men basharasi oppoq boʻr bilan chaplangan masxarabozga yigitchaning qanday nigoh tashlaganini koʻrdim; men bolaning tuzoqqa tushishini, uni pul bilan yoʻldan ozdirishlarini bildim. Men endi – qoch! – deya hayqira olmasligimni – bir lahzada qimmatbaho atirlar ifori va hirs-ehtiros tupugi bilan mustahkamlangan sinchni buzib yuborgan tasodifiy suratga olishday, arzimas boʻlsa-da, harakatim bilan bolani endi qutqarib qololmasligimni bildim. Bu voqealarning bari qandaydir tabiiy sukunatga oʻxshamagan sukutga choʻmgan oʻsha daqiqalarda sodir boʻlgan edi. Nazarimda, men qichqirib yubordim, umidsizlik, ranj-alam bilan hayqirdim, oʻsha lahzada ularga peshvoz,- bir qadam, yarim qadam, yana bir qadam bosib borayotganimni tushunib yetgan edim. Oldingi planda daraxt novdalari mayin silkinmoqda edi, panjaradagi dogʻ ham kadrga tushib qolibdi. Ayol oʻgirildi, shunda uning xavotirli, qoʻrqib ketgan basharasi menga tahdid qildi. Oʻshanda men bir oz chekkaga surildim, toʻgʻrirogʻi, men emas, mening kameram siljidi.Ayolni koʻzdan qochirmay, men, ya’ni kameram, oʻsha odamga yaqinlashdi, u esa sarosimaga tushib, dargʻazab kepatada menga koʻz oʻrnidagi qop-qora, chuqur oʻralari bilan tikildi, shunday tikildiki, naq nimanidir havoga mixlab tashlagisi kelganday boʻldi. Mana, shu yerda, qarshimda, fokusdan tashqarida bir kattakon qush butun suratni toʻsib, oʻtib ketdi. Men bir on oʻzimni baxtiyor sezdim va devorga suyandim – nima boʻlsa ham mening bolakayim qochib qoldi-ku, koʻzdan gʻoyib boʻldi-ku. Soʻngra men uni fokusning oʻzida koʻrishga muvaffaq boʻldim: u oyogʻini qoʻliga olib yugurdi, yoʻq, yugurdi emas, orol uzra qanot qoqib uchdi – uning jingala sochlari shamolda – oʻsha koʻprikka tomon yeldi, hilpiradi. U uchishga oʻrgandi va shaharga qaytishni epladi.

Ikkinchi marta shunday boʻldiki, yigitcha juftakni rostladi, men ikkinchi marta unga yordam qoʻlini choʻzdim va oʻspirinni omonat jannatga qaytarib yubordim. Birdan nafasim ichimga tushib ketdi, shunda men toʻgʻri ular qarshisida toʻxtadim. Yana olgʻa yurishdan ma’no yoʻq – oʻyin oʻynalib boʻldi! Ayol kifti va bir tutam sochi arang koʻzga tashlangan, menga yeb qoʻyguday tikilgan oʻsha odam tushgan yangi kadr shu qadar shafqatsiz ediki, unda oʻsha odamning nim ochiq oʻra kabi ogʻzi, qop-qora tili qanchalik titrayotganini koʻrdim... U qoʻllarini ohista koʻtardi, bir onga fokusning oʻziga tushdi va oldingi planga choʻzdi, soʻngra esa kattakon yaxlit boʻlak singari barini – daraxtni ham, orolni ham toʻsib oldi, men esam borib turgan telbai devonaday hoʻngrab yigʻlab yubordim.

Hozir, ha, hamisha – boshi ham, keti ham koʻrinmaydi – osmonda katta oppoq bulut suzib yuribdi. Men hozir koʻkda bittagina bulut yoki ikkita bulut borligi haqida, yoki soatlab osmon gʻoyat tiniq boʻlishi haqidagina gapirishim mumkin, xolos. Yana devorga ninatoʻgʻnagʻich qadalgan kvadrat qogʻoz bor. Men koʻzlarimni ochib, barmoqlarim bilan koʻzyoshlarimni artganimda dastlab koʻrganim musaffo osmon boʻldi, soʻngra esa bulutlar – chapdan chiqib kelib, asta-asta, goʻyo savlat toʻkkan kabi oʻng tomonga suzib bormoqda edi. Shunday ham boʻladiki, hammayoq kul rangiga, ulkan qora bulutga burkanadi va keyin yomgʻir tomchilay boshlaydi. Bu yomgʻir misli egri chiziqcha-chiziqcha boʻlib yogʻadi, bu xuddi menga oʻzgacha yigʻi, nolaga oʻxshab tuyuladi. Soʻngra kvadrat top-toza boʻlib qoladi – bunga quyosh sababchi boʻlsa kerak – va yana osmonga bulut chiqadi: bitta, ikkita, ba’zan uchtasi birdaniga paydo boʻladi. Goho kaptarlar, goho bitta-ikkita chumchuqlar ham koʻrinib qoladi.


  1. Mashhur yapon firmasi ishlab chiqargan fotoapparat (Tarj.)
  2. Apolliner Giyom (1988–1918) – XX asr boshlarida yashab ijod etgan mashhur fransuz shoiri «Yangi zamonaviy she’riyatning yorqin vakili. Ilk marta adabiyotga syurrealizm atamasini olib kirgan. (Tarj.)
  3. Shamol yoʻnalishi va tezligini koʻrsatib, aniqlaydigan asbob.
  4. Shamol yoʻnalishi va tezligini koʻrsatib, aniqlaydigan asbob.
  5. Ijodi XV–XVI asrlarga mansub italyan rassomi.
  6. Lekin boshqa yoʻli ham bor – qiyinchiliklarning ichki tabiatiga koʻra, jamiyat...(Frans.)