OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXulio Kortasar
Asar nomiMixlab tashlangan eshik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Argentin adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sehrli realizm
Mualliflar
   - Xulio Kortasar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMa’suma Ahmedova (rus tilidan)
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mixlab tashlangan eshik (hikoya)
Xulio Kortasar

«Servantes» oteli unga koʻplarga ma’qul kelmaydigan jihatlari – nimqorongʻiligi, jimjitligi va xilvatligi bilan yoqib tushdi. Kemada tasodifan yoʻliqqan bir yoʻlovchi unga ushbu otelni maqtagan hamda musofirxona markazda joylashganligini aytgan edi; shunday qilib, Petrone Montevideoga kelib qoldi, toʻgʻri ikkinchi qavat xolliga olib chikadigan vannali nomerni oldi. U taxtaga osigʻliq kalitlarga koʻzi tusharkan, otelning deyarli boʻm-boʻsh ekanligini payqadi. Turuvchilar choʻntaklariga solib joʻnamasinlar uchun har bitta kalitga kattakon mis raqam ilingan edi.

Lift shundoq jurnallar hamda telefonlar roʻyxati qoʻyilgan peshtaxta yonganasida, u qoʻngan xona eshigidan atigi bir necha qadam narida toʻxtardi. Suv juda issiq kelarkan, ba’zan qaynab ketayozadi, bu esa dim va gʻira-shira xonaga bir oz boʻlsa-da, jon bagʻishlaganday boʻladi. Jajjigina darcha shundoq musofirxonaga tutash kinoteatr binosi tomiga olib chiqadi, ahyon-ahyon u yerda kaptar sayr qilib qoladi. Vannaxona kishining bahridilini ochar, derazasi ham kattaroq edi, lekin shunisi ham borki, bu yerga kirishing bilan koʻzing devorga tushadi, oynadan koʻzga tashlangan bir parcha osmon ham bu manzaraga noloyiq koʻrinadi. Mebel unga ma’qul tushdi – qutilar va tokchalar moʻl, kiyim ilgichlar ham koʻp – bunaqasi kamdan-kam uchraydi.

Otel boshqaruvchisi – daroz, oriq, kalbosh – tilla gardishli koʻzoynak taqqan odam aksariyat urugvayliklar kabi uning ham ovozi baland edi, gapirganida jaranglab ketardi. U ikkinchi qavat juda tinch-osoyishtaligi, faqat qoʻshni xona bandligi hamda nomerda istiqomat qilayotgan ayol xizmatdan kech qaytishini aytdi. Petrone kelganining ertasi kuni qoʻshni ayol bilan toʻqnashib qoldi; uni kattakon tangani ushlaganday qoʻlida oʻynagan kalit raqamidan tanib oldi. Porte[1] ularning ikkovidan kalitlarini oldi, taxtaga ildi va ayol bilan xatlar haqida gaplashdi. Petrone razm solib, ayolning yoshgina va koʻrimsiz ekanligi va shu yerlik ayollar kabi yaxshi kiyinmaganligini sezdi.

Uning taxminiga koʻra, qadama naqsh yetkazib beruvchilar bilan shartnoma tuzish uchun bir haftacha vaqt ketardi. Kechga borib u narsalarini olib, joyladi, qogʻozlarini taxladi, vannaga tushdi va bir aylanib kelay, deb koʻchaga chiqdi, soʻngra idora tomonga yoʻl oldi. Qahvaxonadagi yengilgina mayxoʻrligu bir xonadondagi ziyofat bilan oʻtgan muzokaralar qoq yarim tunga qadar davom etdi. Uni otelga soat ikkilarda olib kelib tashlashdi. U azbaroyi charchaganidan birpasda dong qotib uxlab qoldi. Soat toʻqqiz deganda oʻrnidan turdi, koʻzlaridan hali uyqu ketmagan daqiqalarda yarim kechasi uni qandaydir goʻdak yigʻisi bezovta qilganiga xayoli ketdi.

Ketishi oldidan birpas porte bilan gaplashdi (porte nemischa talaffuzda gapirardi), undan avtobus yoʻnalishlari hamda koʻchalar nomlarini soʻrab olgach, nomeriga chiqadigan xollni loqayd koʻzdan kechirdi. Uniki va qoʻshni nomer eshigi oʻrtasiga qoʻyilgan tagkursida Venera Milosskayaning gʻaribona nusxasi turardi. Sal nariroqda, hammayoqdagiday kreslo va jurnal stollari qoʻyilgan yon tomondan mehmonlarga moʻljallangan moʻ‘jazgina xonaga oʻtilardi. Odamlarning gangir-gungir ovozlari tingach, sukunat goʻyo hovuchlab sochilgan kul singari mebellar va pol kataklariga toʻkilib, singib ketardi. Lift sabrsizlik bilan qaldir-quldur qilar, xuddi shunday gazeta ham tajang shitirlar yoki gugurt «chirq» etib chaqilardi.

Yigʻilish kechga borib tarqadi. Petrone 18 iyul koʻchasi boʻylab sayr etdi, soʻngra Mustaqillik maydonidagi qahvaxonada tamaddi qildi. Hamma ishlari koʻngildagiday ketmoqda, ehtimol, u oʻzi chamalaganiday, Argentinaga ertaroq qaytishi ham mumkin edi. U Argentinada chiqadigan gazeta va bir quti ingichka qora sigaralardan sotib oldi-da, otelga joʻnadi. Otel yonidagi kinoteatrda ikkita tanish film ketayotgan ekan, ammo uning kino koʻrish tugul, biron yoqqa borishga ham istagi boʻlmadi. Boshqaruvchi u bilan soʻrashdi-da, yana choyshablar kerak emasmi, deb soʻradi. Ular gaplashib oʻtirdilar, chekishdilar va xayrlashdilar.

Petrone yotish oldidan yonida olib kelgan qogʻozlarni tartibga soldi, keyin erinchoqlik bilan gazeta koʻra boshladi. Mehmonxona jimjitligi kishini ziq qilib yuborardi; ahyon-ahyon Soriano koʻchasidan oʻtgan tramvaylar taraqa-turugʻi bir lahzaga ana shu jimlikni buzardi-yu, yana atrofga toshday ogʻir sukunat choʻkardi. Petrone xotirjamgina, yoʻq, toqatsizlik bilan gazetani savatga uloqtirdi va loqayd koʻzguga qaragancha yechindi. Ancha eskib qolgan koʻzguli javon qoʻshni nomerga kiriladigan eshikni toʻsib turardi. Petrone bu eshikka koʻzi tushib, nega uni oldinroq payqamaganiga hayron boʻldi. U shunda ushbu bino otel uchun moʻljallanmaganligini angladi: bunaqa oddiy mehmonxonalar uchun ilgari idora va xonadon boʻlgan binolardan foydalaniladi. Ha, u qoʻngan joy borki (u safarga koʻp chiqardi), hammayoqda shunday berk eshiklar uchrardi, ba’zan eshiklar hech narsa bilan yashirilmagan, ba’zan esa javon, stol yoki kiyim ilgich bilan toʻsilgan boʻlardi, bu xuddi koʻkraginimi, qorninimi qoʻllari bilan yashirgan ayol holatini eslatardi. Baribir yashirsang-yashirmasang, eshik joyida turar, javon ustidan qaqqayib koʻrinib turardi. Qachonlardir shu eshikdan kirishgan, yopishgan, «tars» etkazib ochishgan, unga hayot bagʻishlashgan, hozir ham uning tavaqalari devorga oʻxshamay, oʻzining eshik ekanligini bildirib turardi. Petrone ana shu eshik ortidan – boshqa javon qoʻyilgandir, deb faraz qildi, balki qoʻshni ayol ham ana shu eshik haqida oʻylayotgandir, deb oʻyladi.

U horib-charchamagan boʻlsa-da, dong qotib uxlab qoldi va shu yotishida uch soat uxladi, biroq yuragida qandaydir gʻulgʻula bilan biror noxush voqea yuz berganday uygʻonib ketdi. Turib, chiroqni yokdi, soatga qaradi – ikki yarim boʻlibdi, yana chiroqni oʻchirdi. Shunda qoʻshni nomerda chaqaloq yigʻladi.

Avvaliga hech nimaga tushunmadi, hattoki quvonib ham ketdi – demak, kecha unga bola yigʻisi tinchlik bermagan ekan-da. Hammasi ravshan, yanglishmabdi, endi bemalol uxlayversa boʻladi. Lekin shu payt xayoliga boshqa fikr keldi; Petrone asta oʻtirib oldi-da, chiroqni yoqmay, diqqat bilan quloq tutdi. Ha, yigʻi oʻsha yoqdan, eshik ortidan eshitilmokda edi. Yigʻi eshik tirqishlaridan oʻtib, karavot oyoqlariga kelib urilmoqda edi. Bu nimasi boʻldi? Uyoqda qanaqasiga bola boʻlsin, boshqaruvchi aytdi-ku axir, oʻsha nomerda birgina ayol bor – uning ham kuni ishxonada oʻtadi. Balki ayol biror qarindoshiningmi yoki dugonasiningmi bolasini oʻzi bilan birga olib kelgandir... Kecha-chi? Hozir u kecha ham aynan shunday, goʻdak nolasidan boshqa hech bir narsaga oʻxshamaydigan yigʻini eshitganligini angladi: goʻyo biror joyi ogʻriyotganday, ingillagan, uzib-uzib, xoʻrsinib arzi dod qilgan goʻdak ovozi edi bu. Balki goʻdak bir necha oylik boʻlgandir – odatda yangi tugʻilgan chaqaloqlar bigʻillab yigʻlab, qotib qoladi. Petrone nima uchundir goʻdakni – albatta oʻgʻil bola deb, nochorgina, nimjon, arang qimirlaydigan, burishib-tirishgan chaqaloq deb tasavvur qildi. Mana, u kechalari zorlanadi, oʻzi kasal, birovning e’tiborini tortmaygina asta ingillaydi. Agar ana shu eshik boʻlmaganida edi, bola haqida hech kim hech nimani bilmasdi – bolaning ohu nolasiga hech qanday yurak dosh berolmaydi, buni ta’riflab ham boʻlmaydi.

Petrone nonushta qilib, sigara chekarkan, yana bolaga xayoli ketdi. Aloq-chaloq oʻtgan tunlar kunduzi ishlashga xalaqit beradi, yana-tagʻin yigʻi uni kechasi ikki marta uygʻotib yubordi. Ikkinchi marta avvalgisidan battarroq boʻldi: ayolning – juda past, joʻrttaga qilganday, aniq-tiniq ovozi – yanada xalaqit berdi. Goʻdak ovozi bir daqiqaga tindi, yana qisqa-qisqa ingroq rasmana achchiq arzi dodga aylandi. Yana ayol tushunarsiz soʻzlarni pichirladi, jismi-joni azobda boʻlgan, hayot yo oʻlim talvasasida yotgan chaqalogʻini bari onalar kabi obbolab, ovutdi, duo qildi, jonini qoʻygin, deya Xudodan soʻradi.

«Hammasi joyida, ammo-lekin boshqaruvchi meni boplab laqillatibdi», deb oʻyladi Petrone xonadan chiqarkan. Bu yolgʻon uni azbaroyi gʻazablantirib yubordi, buni yashirib ham oʻtirmadi. Biroq boshqaruvchi hayratidan yoqa ushladi.

– Bola deysizmi? Yanglishmayapsizmikin. Mehmonxonamizda emizikli bolalar yoʻq. Yoningizdagi nomerda – yolgʻiz xonim turadi, men buni sizga aytgandim-ku axir.

Petrone darrov javob qaytarmadi. Bu ikki narsadan biri boʻlishi mumkin: yo haftafahm boshqaruvchi nayrang qilyapti, yoki bu yerning akustikasi qoʻpol hazil qilib, u bilan oʻynashyapti. Suhbatdoshi xuddi bularning bari uning ham gʻashiga tekkanday, zimdan koʻz qirini tashladi. «Ehtimol meni qoʻrqqanidan boshqa nomerga oʻtkazinglar, deb talab qilishga jur’at qilolmayapti, deb xayol qilayotgandir», – deb oʻyladi Petrone. Qat’iyan barini inkor qilib turishsa, gapingni ma’qullatishdan foyda yoʻq. Petrone yelkasini qisdi va gazeta soʻradi.

– Balki tushdir, – dedi u. Buni gapirishga, umuman, tushuntirib berishga toʻgʻri kelgani unga yoqmadi.

Kabareda kishi oʻlguday xit boʻlib, zerikdi, dasturxon atrofida oʻtirgan ikki mezbon mulozamati juda sust boʻldi, shu sababli Petrone charchadim, deya bahona qildi-yu, mehmonxona tomon ravona boʻldi. Shartnomaga ertasi kuni imzo chekadigan boʻldilar: umuman olganda, u ishlarini bitirdi.

Vestibyul shunday jimjit ediki, u oʻzi ham bilmagan holda oyoqlari uchida yurdi. Karavotda oqshomgi gazeta va uyidan joʻnatilgan maktub yotardi. U xotinining dastxatini tanidi.

Petrone uyquga yotishdan avval javonni va undan tepada turtib chiqib turgan eshikni uzoq koʻzdan kechirdi. Agar javon ustiga ikkita chamadon koʻyilsa, tamom, devor koʻzdan yoʻqoladi, keyin ovozlar ham uncha eshitilmaydi. Bu paytda, avvalgiday, sukunat hukm suradi. Otel uyquga ketgandi; narsa-buyumlar ham, odamlar ham uyquda edi. Lekin koʻngli bezovta Petrone uchun bari nimagadir ishora qilganday – bu yerda qandaydir noxushlik borday, hamma ham uxlamayotganday, ana shu sukunat zamiridan nimanidir kutayotganday tuyulib ketdi. Ichidagi ta’rif qilib boʻlmas qoʻrquv uyga ham, odamlarga ham koʻchib oʻtayotganga oʻxshardi, ular ham oʻz nomerlarida biqinib, uxlamay oʻtiribdilar. Qanday tentaklik-a!

Soat uchda bola yigʻisini boshladi, Petrone bunga uncha ajablanmadi. U qaddini bir oz koʻtardi, balki qorovulni chaqirsammikin, deb oʻyladi – bunaqa sharoitda uxlab boʻlmasligiga u guvoh boʻla qolsin. Bola asta yigʻlar, ovozi arang eshitilardi, goho bir oz jimib qolardi, biroq Petrone yigʻi hozir yana avjiga chiqishini bilardi. Oradan oʻn-oʻn ikki soniya imillab oʻtdi, bir on nimadir xir-xir qildi, keyin zaifgina chiy-chiy ovoz birdan quloqni teshib yuborguday bigʻilladi.

Petrone chekdi va ayol chaqalogʻini tebratib ovutsin, deb devorni asta chertsammikin, deb xayol ham qildi. Shunda birdan ayolga ham, boshqaruvchiga ham ishonolmasligini tushunib yetdi – ajablanarli tomoni shunda ediki, u boshqaruvchining aldaganiga ham ishonmasdi. Bolasini sabot bilan ovutib, asta koyigan ayol ovozi goʻdak yigʻisini bosib ketardi. Ayol chaqalogʻini allalab, ovutmoqda edi, shunda Petrone uning karavotcha tepasida qanday oʻtirgani yoki belanchak tebratayotgani, yo bolasini qanday bagʻriga olayotganini tasavvur qildi. Lekin u boshqaruvchining ishontirib aytgan soʻzlari his-tuygʻular guvohligining ustun chiqishiga olib kelganligini sira aqliga sigʻdirolmayotgan edi. Vaqt oʻtmokda, goʻdak zorlanishi goh tinib, goh bu nola ayolning pichir-pichirini bosib ketmoqda edi. Petronening nazarida, bu – maynavozchilikka, bir oʻyinga, yovvoyilarcha bema’ni oʻyinga oʻxshab ketdi. Shunda u pana-panada qoʻgʻirchoq oʻynaydigan befarzand ayollar, ularning jiyanlari yoki jonivorlarni yaxshi koʻrib, shular bilan ovunishlaridan koʻra xatarli boʻlgan, onalikni ixtiyor etgan, shunga intilgan, xayoliy, yolgʻondakam onalik haqida eshitgan gaplari, mishmishlarni xotirladi. Ayolning oʻzi, oʻzginasi zorlanyapti, nola qilyapti, ingrayapti – bola esa yoʻq. U yoʻq bolani allalab, belanchak tebratyapti, u boʻm-boʻshliqni allayapti, chinakamiga koʻzyosh toʻkyapti, axir shunday ayol riyokorlik qila olarmikin – uning koʻnglida qaygʻu, boʻm-boʻsh xonada qaygʻu boʻlsa, beparvo oqarib kelayotgan tongni qaygʻu bilan qarshi olsa...

Petrone chiroqni yoqdi – uxlayolmadi – keyin oʻyladi: nima qilsa boʻladi? Butunlay ruhi tushib ketdi, ana shu oʻyinga, soxtalikka roʻbaroʻ kelib ham ruhi tushmasinmi? Bu voqea ana shu tong otishi oldida roʻy berdi, bu voqea haqiqat va ayni paytda toqat qilib boʻlmas darajada yolgʻon edi. Buning tagiga yetish uchun devorni taqillatish kamlik qilardi. U hali uyqudan uygʻonganicha yoʻq, garchand yaxshi uxlolmagan boʻlsa-da, birdan astagina chang eshik qolib, javonni surayotganini payqadi.

U oyoq yalang, pijamada – xuddi mingoyoq kabi butun badani bilan eshikka qapishib oldi va chang bosib yotgan qaragʻay ogʻoch tavaqalarga lablarini bosdi va xuddi anavi koʻrinmas chaqaloq kabi chirillab yigʻlab yubordi. U yanada qattiqroq hoʻngrab yigʻladi, yigʻlayverib, nafasi ogʻziga tiqildi, yigʻlayverib qotib qoldi. Birdan bir lahza ichida shippaklarning sharaqlashi va boʻrondan darak bergan, goʻyo tarang tor uzilgan kabi ayol kishining hayqirib yuborgan oniy faryodi qulogʻiga chalindi.

Soat oʻnlardan oshgach, porte yonidan oʻtdi. Bundan oldinroq, soat toʻqqizlarda u porte hamda yana bir ayolning ovozini eshitdi, yana allakim devor ortida narsalarni surdi. Hozir lift oldida safar qutisi va ikkita katta chamadonga koʻzi tushdi. Boshqaruvchi, aniq dovdirab qoldi.

– Uyquga qondingizmi? – deb soʻradi u shunchaki xizmat yuzasidan, oʻzining e’tiborsizligini zoʻrgʻa yashirib.

Petrone yelkasini qisdi. Surishtirib, bilishining hojati yoʻq, baribir ertaga ketadi.

– Bugun tinch uxlaydigan boʻldingiz, – dedi boshqaruvchi narsalarga imo qilib, – qoʻshningiz bir soatdan keyin joʻnab ketyapti.

Boshqaruvchi javob kutdi, shunda Petrone uni nigohi bilan ma’qulladi.

– Shu yerda tuppa-tuzuk yashab turuvdi, mana – ketyapti. Ayollarga tushunib boʻlmaydi oʻzi.

– Toʻgʻri, – dedi Petrone. – Ularni tushunish qiyin.

Garchand u soppa-sogʻ boʻlsa-da, koʻchada chayqalib ketdi. U achchiq qahva hoʻplarkan, ishlarini unutib, yop-yorugʻ kunduzni ham sezmay, hamon oʻsha haqda oʻylamoqda edi. Qoʻshni nomerdagi ayol uning, Petronening dastidan qoʻrquvdan talvasaga tushib, ketib qoldi. «Bu yerda tuppa-tuzuk yashab turuvdi...» Ehtimol kasaldir, ammo – beozor edi bechora. Ayol emas, uning oʻzi ketishi kerak edi aslida. Ayol bilan gaplashib koʻrish, kechirim soʻrash, qolishga koʻndirish, birovga miq etmaslikka soʻz berish kerak. U orqasiga qaytdi, toʻxtadi. Yoʻq, bunday qilsa, telbalik boʻladi, ayol uning soʻzlarini toʻgʻri tushunmaydi. Yana-tagʻin ishbilarmonlar bilan uchrashuvga boradigan vaqti ham boʻldi – ularni kuttirib qoʻyish noqulay. Battar boʻlsin, bilganini qilmaydimi menga desa. Qip-qizil jinni. Boshqa otelni topadi-da, yoʻq chaqalogʻini allalab oʻtiraveradi.

Tun yana uni azobga qoʻydi, jimjitlikka-ku, toqat qilib boʻlmadi. U qaytishida beixtiyor kalitlar taxtasiga qaradi, unda qoʻshni nomer kaliti koʻrinmadi. Toʻsigʻi ortida esnab oʻtirgan porte bilan birpas gaplashib, nomeriga keldi, uxlay olishiga uncha koʻzi yetmay, stolga oqshomgi gazetalar va yangi detektiv kitobni qoʻydi, chamadonini joyladi, qogʻozlarini tartibga soldi. Havo issiq boʻldi, u derazani lang ochdi. Ozoda, sarishta toʻshak unga noqulay tuyuldi. Nihoyat atrofga sukut choʻkdi, u tarashaday qotib uxlashi mumkin edi – lekin uxlolmadi: toʻshakda uyoqdan-buyoqqa agʻdarildi, osoyishtalik – oʻsha, oʻzi shunday ustomonlik bilan erishgan, shunday intiqom bilan qaytarib berilgan sukunat uni endi ezgandan ezmoqda edi! Achchiq, istehzoli ovoz qulogʻiga, goʻdak yigʻisisiz uxlay olmaysan ham, uygʻonolmaysan ham, deya shivirladi. Yigʻi yetishmayotgan edi, oradan bir oz vaqt oʻtdi, u mixlab tashlangan eshik ortida zaif, qadrdon ovozni eshitdi, shunda qoʻrquv aralash, qochish istagiga hamohang – ayolning aldamaganligini angladi, chaqalogʻim nihoyat yigʻisini bas qilarmikin, deya bolasini allalab, ovutib, belanchagini tebratgan ayol haq boʻlib chiqdi, ular – endi uxlab qoldilar.

«Yoshlik» jurnalining 2010 yil, 1-sonidan olindi.


  1. Mehmonxona shveytsari.