OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXulkar Toʻymanova
Asar nomiArosatdagi ayol (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Xulkar Toʻymanova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Arosatdagi ayol (hikoya)
Xulkar Toʻymanova

Xudo haqidagi azaliy bahs-munozara unga ham tinchlik bermasdi. «Ha, tangri bor. U butun borliqning egasi", degan joʻngina iqrorga negadir boʻyin yor bermaydi. Hech qanday ilohiyat yoʻq, deb yoshligidanoq uqdirilgan tushuncha baribir xiragina boʻlib bunga soya tashlab turardi. Muallima oʻzi kabi oliy ma’lumotli, tuppa-tuzuk lavozimda ishlovchilar ham xudoga sigʻinib, undan faqat yaxshilik, omonlik yogʻilishini, oʻt-suv, tuhmat balosi, bevaqt oʻlim roʻy bermasligini tilovchilarning bir qadar koʻpligidan hayratga tushmay iloji yoʻq edi. Agar hamma narsaga qodir Alloh haqiqatan ham mavjud, boʻlsa, nega nopok va fosiq odamlardan dunyoni tozalashga qurbi yetmaydi? Nima uchun kimlardir nogiron, kimlardir boy va yana birovlar juda nochor? Nega olamning qaysidir qutbida urush, suv toshqini, bir chekkasida bogʻu rogʻlar gullagan?

Uning miyasida savollar shu qadar qalashib yotardiki, ularga birma-bir javob topishga aqli ham, shu yoshga qadar toʻplagan tafakkuri ham ojiz edi. Allohning mavjudligi toʻgʻrisidagi diniy qarashlar koʻpincha unga ilmiy talqinlardan ustun emasdek taassurot uygʻotardi. Materiya birlamchi, ong ikkilamchi, degan tushuncha ham shu tufayli vujudga kelgan shekilli.

...Ikki kun ilgari u maktabdan qaytar, qosh qorayib qolgandi, qish avvalida kunlar qisqara boshlaydi, kishilar sovuqdan ijirgʻanib, shom choʻkishi bilan boshpanalariga kirib ketishadi. Muborak hali muz qotib ulgurmagan guzardan ketib borarkan, vujudida odatdagi bamaylixotirlik hukmron edi. Bu yoʻllardan har kuni, har kech yuradi, kunduz qanday boʻlsa, kechasi ham shunday, faqat qorongʻilik, oʻzingni qoʻlga ololsang boʻldi, hech kim seni kuzatayotgani yoʻq.

Ayol tikka yoʻlga chiqib olgach, qadamini tezlatdi, yoʻq, sukunat yoki zimistonlikdan zarracha ham choʻchimasdi, barcha qishloq ayollariga xos fidoyilik, jonsaraklik uni uyiga shoshirmoqda edi. U paltosining tugmalarini yechdi, ikki kiftini nimadir bosib turganini hisobga olmaganda, ruhi yengil edi. Koʻchaning ikki tomonida ham tut daraxtlari savlat toʻkib turibdi. Birdan qarshisida qop-qora koʻppak paydo boʻldi, it avval irillab, uning sumkasini yaladi. Muborak himoya istab, qochishga harakat qildi. Ammo jonvor chaqqonlik qilib, uning oldidan kesib chiqdi va bexosdan tun sukunatini buzib, ustma-ust hurdi. Muborak qaltirar, oyoqlaridan mador ketgan, koʻzlari ham nursizlangandek tevarak-atrofni illa-bazoʻr ilgʻardi. Vajohatli it, tilsiz, hissiz daraxtlar va choʻzilib ketgan yoʻl, boshqa hech vaqo yoʻq. Qichqirish befoyda, ana la’nati itning koʻzlari shunchalik qahrga toʻlib yonib turibdiki, qoʻyib bersa uni gʻajiguday. «E, Xudo, oʻzing asra!» deb takrorladi ichida u, shu daf'ada koʻziga hech narsa koʻrinmasdi. Oʻzini umr boʻyi oʻylantirib kelayotgan savollarga shu tobda negadir javoblar quyilib kelayotgandek edi. Boʻridek uni gʻajishga tayyor turgan maxluqotdan qutulib olsa boʻlgani. «Oʻtir, oʻtir, oʻtirsang-chi!» derdi unga ichki bir nido baralla, shunda xayoliga it tashlanganda shartta yerga oʻtirish kerak, degan oqilona oʻy keldi. Yuragi qinidan chiqqudek urar, it esa unga qarab toʻxtovsiz hurar, aftidan oʻtirgani uchun unga hamla qilishga botinolmayotgandek edi. Oʻljaning kutilmaganda yerga yalpayib oʻtirishi ham itning unini oʻchirolmadi. Muborak bir necha daqiqa joyidan qimirlamadi, maxluq endi hurishini bas qilib, irillab uning tegrasida aylanar, kiyimlarini iskardi, binobarin, hujumning chekinishi uchun imkon yaratilgandi. Agar shu tobda mototsikl tovushi eshitilmaganida, it hali-veri uning yonidan jiladigan emasdi. Ruldagi odam ulardan uch hovli narida yashaydigan Faxri montyor ekan, uni orqasiga mingashtirib oldi va uyigacha eltib qoʻydi. «Xudoning oʻzi asrabdi, tishlab olganda nima qilardingiz, ertagayoq yetti choʻzma qilib, oʻqitib yuboring» dedi u xayrlashayotib.

Muborak oʻsha kech uxlolmadi, xudoga shak keltirishingning oqibati bu, deb battar asabiga tekkan eriga teskari yotib oldi. Fahmicha, eri bu yorti hazili bilan ikkalasi orasidagi ba’zi kelishmovchiliklarni bartaraf etmoqchi edi, aksincha boʻldi. Muborak bu koʻngilsizlikning xudoga sira ham daxli yoʻq, deb balanddan keldiyu, oʻylanib qoldi. Nahotki, qora itni xudo unga dahriyligi uchun jazolash maqsadida yuborgan boʻlsa, aql bovar qilmaydigan gap. Daydib yurgan it, shunchaki yoʻliqib qoldi, buni nahotki xudoning yozugʻi deb baholash mumkin boʻlsa? Ayol koʻngilsiz voqea ta’sirotidan oʻzini xalos etolmas, ayni paytda buni Alloh ravo koʻrgan taqdir koʻrguligi deb baholash erish tuyulmoqda edi. Kimlarningdir haddan tashqari taqvodorligi va bunday odamlarga duch kelganda ularning hamma narsani koʻrguvchi va bilguvchi zot borligi toʻgʻrisidagi qat'iy e’tiroflaridan Muborak hech qachon hayratlanmas edi.

...Talabalik yillarida bir kursdoshi bilan xuddi shu mavzu ustida tortishib, ters boʻlib qolgandi. Namanganlik bu qiz haddan tashqari xudojoʻy boʻlib, ovqatlanishdan avval, yotish oldidan, xullas, oddiy harakatlarda ham «bismillohir rahmonir rahim"degan soʻzni aytishdan erinmas, imtihon yoki sinovga kirishda «Xudo, oʻzing madadkor boʻl!» deb iltijo qilar, bundan xuddi oʻziga gʻayrat-shijoat olgandek boʻlardi. Qizning tangri-taologa sigʻinishi oʻtkinchi yoki rasmiy boʻlmay, hech vaqt unutilmaydigan, hamma narsaga qodirlik toʻgʻrisidagi fikr va tuygʻuga asoslangan edi. U murodi hosil boʻlish-boʻlmasligidan qat'i nazar, ongiyu shuuriga mahkam oʻrnashib olgan oʻsha e’tiqod ta’siridan chiqa olmasdi. Muborak u bilan bitta xonaga tushib qolgani bois dastlab uning xatti-harakatlariga koʻnikolmay, yoshgina qizning bor-yoʻqligi noma’lum boʻlgan parvardigor azmu irodasi qarshisida tiz choʻkmoqqa ham tayyor ekanligidan ajablanib yurdi. Kursdoshi buni sezardi, bir kuni soʻrab qoldi: «Nima, Muborak, siz Xudoga ishonmaysizmi?". «Yoʻq» dedi u uzil-kesil. «Astagʻfurullo deng, xudoga shirk keltirmang. Agar tepangizda yaratgan egam amr berib turmasa, yer yuzida hamma narsa ostin-ustun boʻlib ketishini tasavvur qilasizmi? Oʻzingiz oʻylang, axir siz, biz, yer, suv, osmon, daraxtlar, boringki, oʻn sakkiz ming olam uning amru farmonisiz qanday muvozanat saqlaydi, qanday boshqariladi? Agar Tangri-taollo boʻlmasa, siz bilan biz bu yorugʻ olamda yurarmidik?» dedi kursdoshi kuyib-pishib oʻz falsafasini toʻkib solar ekan. Muborak bu qizning mushohadasini inkor etmadi, ammo oʻz fikrida sobit qolaverdi va qachonlardir fizikada kashf etilgan butun olam tortishish qonuniga bogʻlab, ilohiy kuchning yoʻqligini, faqat u koʻzga koʻrinmas bir sharpa sifatidagina mavjudligini isbotlab berarkan, Ijobatni birgina savol bilan mot qilishga muvaffaq boʻldi:"Siz institutni tamomlab, oʻquvchilarga xudojoʻylikdan ta’lim bermoqchimisiz?» Ijobat indamadi, ammo bu uning Muborakka yengilganidan dalolat bermasdi.

Muborak unchalik koʻp davom etmagan tahsil yillarini Ijobatning oʻsha gaplarini goh tan olgandek, goh rad etgandek oʻtkazdi. «Hali boshingizga biror koʻrgulik tushsin, Xudoga ishonganingizni sezmay ham qolasiz. Ishonmaydigan odamni birinchi koʻrishim!» derdi u har gal Muborakka duch kelganida. Avvaldan bashorat qilingan koʻngilsizlik qachondir roʻy berishi mumkin, buni rad etish qiyin. Bundan uch yil muqaddam otasi toʻsatdan vafot etdi, na ogʻrib yotdi, na tashqaridan biror ta’sir boʻldi, sababi qorongʻi. Qoʻni-qoʻshni va qavm-qarindoshlar «Xudo yuborgan ajal-da, qoʻlimizdan nima ham kelardi, osiy bandalar boʻlsak» deb hamdardlik bildirishdi. Tasodifiy oʻlim Muborakka gʻayri-tabiiy boʻlib tuyular, oliy dargohda ongiga obdon singdirilgan sababsiz hech qanday oqibatning boʻlishi mumkin emasligi xususidagi ilmiy tushunchalar miyasida charx uraverardi. Hech qanday sababsiz bu dunyodan koʻz yumish mumkinmi, bu — aqlga, mantiqqa sigʻmaydigan gap. Balki otasida qon bosimi birdan xuruj qilgandiru, oʻtib ketadi deb e’tibor bermaganmikan? Xoʻsh, Xudoga otasining shirin joni nimaga kerak, u rahm-shafqatli, marhamatini darigʻ tutmaydigan zot deylik, nega qoʻyday yuvvosh bandai-moʻminning umriga chovut soladi? Hayotning yozilmagan qonuni — oʻlimga duch kelganda ziyolilar ham boshi egik turishi, Yaratgan ertadir-kechdir bandalarining umriga yakun yasashini Muborak otasini soʻnggi manzilga kuzatar chogʻda chuqurroq anglagandi. Institutni tamomlagan yoshgina mutaxassis maktab muhitiga koʻnikib, yagona ilohiy zot falakning odamzotga koʻrinmas qavatida amru farmon berib turishini katta-kichik davralarda eshitar, ammo buni haqiqat deb tan olishga hamon ikkilanardi. Muallimlardan birining oʻgʻli olti yoshdan oshishiga qaramay tili chiqmaganligini ham yaratganning koʻrguligi deb bilishardi ular. Ayniqsa, oʻsha oʻqituvchi ich-ichidan ezilar, har qadamda Allohga ishonib qolganini ta’kidlar, nahotki, bolamning peshonasiga gunglik balosi yozilgan boʻlsa, deya iztirobini hammaga oshkor etardi. Chindan ham buni tangrining azmu irodasiga yoʻyayotgan hamkasblarini rad etgulik joʻyali fikrga ega emasligidan Muborak qiynalardi, bahslashmagani ma’qul, ehtimol ular chindan ham haqdirlar... Kursdoshi Ijobat aytgan oʻsha koʻrgulik Komil muallimning boshiga tushganini, bu esa uni ruhan ojiz va magʻlub qilib qoʻyganini ba’zan tan olar, ba’zan tan olmas edi. Hamkasbi ziyoliligiga borib, shoʻrlik oʻgʻlini avval doʻxtirlarga koʻrsatdi, tugʻma gungni davolashga vrachlarning salohiyati yetishmasligi haqida muallim oʻylab ham koʻrmagan. «Chiqmagan jondan umid» deya alamzada ota mulla-eshonlardan najot soʻrardi. Afsuski, ular ham bolaga til ato etisholmasdi. Muborak begunoh va norasida goʻdakkinaning ahvoli-ruhiyasidan ta’sirlangan koʻyi Allohga ishonishiga bir bahya qolgan holatga ham tushdi, lekin miyasining ikkinchi tomonida charx urayotgan buni keskin rad etuvchi tushunchani baribir yenga olmadi. Olamning anglab boʻlmas sirlari koʻp, inson bolasi hech vaqt bu sinoatning tagiga yeta olmaydi. Fanda xudo yoʻq, deb jar soluvchilar qanchalik koʻp boʻlmasin, bunga zid ravishda uning yakkahokimligini yoqlovchilar ham oz emas. Aslida ilohiy kuch sanalmish xudo falakiyotda butun olamni oʻz izmi bilan boshqarayotgandek tasavvur uygʻonishiga sabab oʻsha taqvodorlarning osmonda yerdagidan farqliroq hayot kechishini bilmasligi emasmikan? Fan osmon jismlari oʻrtasida oʻzaro harakat birligi hukm surishini allaqachon isbotlagan. Qor, yomgʻir, doʻl oʻz-oʻzidan emas, balki tabiat hodisalarining bir-biriga bogʻliqligidan yogʻmasmikan?

El yoʻqolsa ham qa’dasi yoʻqolmaydi, odamlarning turmush tarziga singib ketgan urf-odatlarga boʻysunmaslikning mutlaqo imkoni yoʻq, qishloq ahlidan ajralib yurish xosiyatli emas, binobarin, malomatga qolmaslik kerak, degan oʻy Muborakni ahyon-ahyonda bezovta etardi. El bilan ellashib, tillashib, dillashib yashamasang boʻlmaydi. Muallima koʻproq maktabda — oʻquvchilar davrasidagina oʻzini erkin tutar, ularga Alloh-taolo ibtidoiy jamoa tuzumi davrida qashshoq va nochor, bechorahol qabilalar tomonidan oʻylab topilgan ilohiyat ekanini uqdirishga urinar, ba’zan oʻzini bu qadar qiynoqqa solayotgan tushunchaning quli boʻlib qolayotganidan taajjubga tushardi. Bolalar ham qiziq hikoya yoki ertak tinglayotgandek uning nutqiga quloq osishardi. Chaqmoq chaqishi, momoqaldiroq gumburlashi, yer silkinishi, dunyoning qaysidir qit'asida yongʻin yoki suv toshqini roʻy berishi, mashina yoki samolyotlarning halokatga uchrashi insonning allaqanday gunohlari uchun parvardigor tomonidan yuborilgan jazo emasligini, aksincha yer, yulduz, osmon, sun'iy yoʻldoshlar oʻzidagi ortiqcha energiyani vaqti-vaqti bilan chaqmoq va turlicha falokatlar koʻrinishida chiqarib turishini oʻquvchilar hayratga koʻmilib tinglashardi. Muallima yana shunday davom etardi: «Energiya yoʻqdan bor boʻlmaydi, bordan yoʻq boʻlmaydi, faqat bir turdan boshqasiga aylanadi, bu tabiat qonuni boʻlib, hech qanday ilohiy kuch uni oʻzgartira olmaydi". Toʻpori va dovdir, sipo va sodda qishloq bolalarini oʻqitish peshonasiga yozilganidan shukr qilmay boʻladimi? Talabaligida amaliyotni shahar maktablarida oʻtkazishga toʻgʻri kelar, shaharlik mardumchalarning oʻzboshimchaligiga bas kelib boʻlmasdi. Ularning ayrimlari ochiqdan ochiq xudoga ishonishar, boʻlgʻuvsi oʻqituvchining bu mavzuga munosabatini bilish uchun savollarga koʻmib tashlashardi. Muborak oʻngʻaysizlanar, oʻnlab juft koʻzlar qarshisida beburd va obroʻsiz boʻlib qolishidan xavfsirar, ilohiy kuchning yoʻqligi toʻgʻrisidagi ilmiy ta’limotni batafsil toʻkib solar, kechalari mijja qoqmay qalin kitoblarni varaqlab chiqish evaziga hosil boʻlgan magʻizli fikrlarni oʻquvchilarga tortiq etardi. U uch yil mobaynida amaliyotni shu tariqa oʻtkazdi, tengqurlari oʻquvchi va oʻqituvchi orasida vujudga kelishi mumkin boʻlgan turli ziddiyatlar haqida gapirishar ekan, unda aynan shu masalada tortishuv roʻy berishini kursdoshlaridan sir tutishga majbur edi. Xayriyatki, bu yillar koʻz ochib yumguncha oʻtib ketdi. Muborak gʻala-gʻovur shahri azimni tark etib, kindik qoni tomgan yurtga qaytib kelganida, bir holatdan nihoyatda ajablandi: shahar fan, madaniyat, san'at taraqqiy etgan, ya’ni taraqqiyot avj olgan makon boʻlishiga qaramay, yaratganga sigʻinuvchilar koʻproq ekan. Qishloq odamlari ongida ham ehtimol, Allohga sigʻinish u oʻylagan darajadan ziyoddir, har nechuk bu masalada ularni ayblash kerak emas, negaki bu yerda ma’rifat maskani sifatida birgina maktab, nari borsa, kutubxona ishlaydi. Hashamatli kinoteatr yoki muzey, soya-salqin istirohat bogʻlari aholi istiqomat qiladigan gavjum shaharlarga xos. Agar oltmish oltinchi yilda poytaxti azimda tabiiy ofat — zilzila roʻy bermaganida, toʻridan goʻri yaqin qariyalargina Allohdan oʻzlariga umr soʻrab yolvorishardi, bu aniq. Ijobat aytganidek, kutilmagan, xayolga kelmagan musibat koʻpning boshiga shoʻri-gʻavgʻo solib, ilohiyotga ishontirib qoʻyadi. Olimlarning ta’kidlashicha, tabiatdagi bunday favqulodda hodisalar har oʻn bir, oʻttiz besh, qirq bir, toʻqson sakkiz va nihoyat yetti yuz ellik yilda takrorlanib turarkan, buni fanda aylanish qonuniyatlari deyishadi. Ulkan shaharda tabiatning bu xuruji oʻz-oʻzidan sodir boʻlmagan, tabiiy ofat qandaydir qonuniyatlar bilan chambarchas bogʻliq, ha, xuddi shunday.

Muborak inson ruhiyatining koʻp narsaga qodirligini, voqelikdan olingan taassurot dastavval bir sidra koʻngildan kechishini oddiy haqiqat deb bilar, ochigʻini aytganda, oʻylash, fikrlash, ta’sirlanish kabi holatlar ham bizga parvardigor tomonidan ato etilgan qobiliyat deguvchilarni rad etishga tayyor edi. Axir inson oʻz ongi, aqlu tafakkuri bilan olamni anglaydi-ku? Qanday qilib uni Alloh boshqarsin? Ayrimlarning fikricha, odamning tanasi Alloh tomonidan qurilgan imorat emish. Bunga aql bovar qilmaydi, axir har bir insonni otasi, onasi yaratadi-ku?

Hayotning tasodifga toʻlaligini qarang, qaerdan ham qora it unga yoʻliqa qoldi? Shifoxonada yotib davolanishini majbur qilib qoʻygan doʻxtirlar bilan bahs boylashishi foyda bermayapti. Ularning fikricha, Muborakka tashlangan it quturgan boʻlishi ham mumkin ekan. Unga tashxis qoʻyib, bir necha kunlik muolajani buyurgan doʻxtir afsuslangannamo bosh chayqab shunday dedi:
— Ayol boshingiz bilan tunda nega yolgʻiz yuribsiz, hayronman! Yaxshiyam tishlab olmabdi, xudo bir asrabdi sizni.
— Zarillikka yurganman-da, doʻxtir! Bu voqeaning xudoga nima aloqasi bor?
— Juda aloqasi bor-da, singlim. Yaratgandan beamr birovning oyogʻiga yoki qoʻliga tikon kirmaydi. hammamizam yaratganning osiy bandalarimiz. Bizga institutda xudo yoʻq, deb ta’lim berishgan, lekin men yuz foiz xudoga ishonaman. Yaxshi ishimizning mukofoti, nomaqbul ishimizning jazosi bor. Har qalay oʻn sakkiz ming olamni yaratishga sizu biz ojizmiz!
— Axir tabiat ham yaratuvchi-ku, nahotki yer,suv, togʻu toshlar xudoning amri bilan vujudga kelgan, desangiz.
— Boʻlmasam-chi, xuddi shunday, Muborakxon. Siz gʻirt ateist ekansiz-ku, bunchalik ham boʻlmang.
— Ikkilanib yurgandan koʻra yo ishonish, yo ishonmaslik kerak.
— Toʻgʻri, demak siz ishonmaydiganlar xilidan ekansiz-da, men esa aksincha... E, qoyil, umrim bino boʻlib, sizday qat'iy fikrli odamga birinchi marotaba duch kelishim, xuddi yevropaliklarga oʻxshaysiz-a, vaholanki siz fan doktori yoki katta amaldor emassiz, oddiygina muallima... hayronman!
— Nima qipti, odam oʻz fikri bilan yashashi kerak!
— Har kimning oʻz fikri borlikka bor-a...— doʻxtir suhbatdoshiga sinchkovlik bilan tikilib, uning fikrini tasdiqlasa-da, gapining davomini aytolmay toʻxtab qoldi.
— Nimanidir aytolmayapsiz...
— Siz bilan bahs boylashishning foydasi yoʻq ekan!
— Men nechta ukol olishim kerak?
— Kindigingizdan qirqta ukol olasiz, chidashga majbursiz, aks holda...
— Aks holda quturib ketishingiz ehtimoldan xoli emas, demoqchisiz.
— Xudo asrasin!

Muborak qarshisida turib vallomatlik qilayotgan shifokorning soʻnggi soʻziga javoban hech nima deyolmadi. Doʻxtirning oq-sariqqa moyil yuzida xavotirga asos boʻladigan ifoda aks etdi. Bitta-yarim oq oralagan quyuq, qora qoshlari pir-pir uchdi, pastki labini barmoqlari bilan ushlab, nigohini Muborakdan olib qochdi.
—Tinchlaning, biz kuchukning sizga oʻtib ulgurgan mikroblarini allaqachon daf qildik, har qalay quturmagan it boʻlsin-da. Agar juda koʻnglingiz xijil boʻlsa, Baliqchi ota ziyoratgohiga boring-da, nazr-niyoz degandek... It qopganlar, farzand koʻrmayotganlar, bedavo dardga chalinganlar, xullas, gunohkor bandalar oʻsha yerga borib, xudo yoʻliga nazr-niyoz atashadi. Eskichaga ishonmasangiz ishonmang, lekin bundan hech qayoqqa qochib qutulolmaysiz!

Palata shifokori yana nimalar dedi, Muborak eshitmadi, toʻgʻrirogʻi, buni istamay, quloqlarini qoʻllari bilan bekitib, choyshabni ustiga tortib oldi. Bu qanday holat, adogʻi, cheki-chegarasi yoʻq savollarga javob topish mumkinmi oʻzi?

... Masjid binosi bu yerdan — maktabning orqa tomonidagi katta tosh yoʻldan aniq koʻrinardi. Naqshindor ustunlardan yogʻilgan yorqin jilolar bu goʻshada sirli va ilohiy muhit hukm surayotganidan dalolat beradi, tip-tiniq chashma va undagi katta-kichik baliqlar jozibador tuyulmoqda edi, yalangʻoch daraxtlar sovuqda gʻaribgina boʻlib koʻzga tashlanadi. Simtoʻsiqdan sal nariroqda sukunatga choʻmgan qabriston yastanib yotar, unda-bunda yodgorlik lavhalari oʻrnatilgani kishiga qandaydir xotirjamlik baxsh etardi. Qor barxanlari orasiga yashiringan maysalar koʻzni qanchalik quvontirmasin, ochiq qabrlar kishini shunchalik vahimaga solardi. Bejirimgina moʻynalik paltodagi ayol masjidga oyogʻi tortmayroq ketib borar, agar u shu tobda muqaddas ziyoratgohga nima uchun ketayotganini xayolidan oʻtkazmaganida, hadiksirashi hali zamon chekinmasdi. Ayol koʻzlarini ohista yumdi, qora it xuddi yonginasida izma-iz yurgandek yon-veriga qaradi, xayolida jonlangan ekan. Shu atrofdagi xonadon bolalari hali u masjidga eltuvchi yolgʻizoyoq yoʻlda koʻrinishi bilanoq ajabsinib qarab turishardi. Aftidan, ular koʻhlikkina ayolning bu joyga qadam ranjida etishidan ajablanishmoqda. Koʻk choponi ustidan belbogʻ oʻragan qotma kishi — qorovul shekilli, belkurak bilan masjid hovlisidagi qotib qolgan muzni oʻyardi.
— E, qizimey, senga qaysi bemazaning iti tashlanib yuribdi,— qorovul uning arzini tinglab, afsus bilan bosh chayqadi.— Quturganmikan, deb gumonsirayapsan-da, boʻlishi mumkin. Qaysi yili qishlogʻimizda bir xotin toʻydan qaytayotsa, sayoq it unga qarab huribdi. Shoʻrlik qoʻrqib ketibdi, it battar quvarmish. Shunda ayol it quvganda birdan oʻtirish kerak, degan aqidani eslab oʻtirib olibdi. Kuchuk uni iskab-iskab nari ketibdi, Baliqchi otaga kelib, kiyim-kechaklarini nazriga qoʻshib, xudo yoʻliga tashlab ketdi, hech balo qilmadi.

Egnidagi qimmatbaho paltosini, ichidagi kiyimlarini bu yerga tashlasa, qanday ketadi? Qancha nazr olsa olsin, lekin kiyimlariga koʻz olaytirishgani nimasi, qishning oʻrtasi boʻlsa, buning ustiga paltosi qimmatbaho. Chol uni anoyi deb oʻylayapti shekilli, kerak boʻlsa, u oladigan nazrlar hech qanday xudo yoʻliga tashlanmasligini, aksincha, yulgʻichlikning bir turi ekanligini isbotlab beradi.
— Ota, bu... egnimdagi kiyimlarimni tashlasam, qanday ketaman? Axir pul bersam boʻlmaydimi?— dedi Muborak botinmayroq. U qorovuldan tasdiqlovchi javob eshitarman deb oʻyladi, cholning yuzida istihola yoki andisha sezilmadi.
— It iskagan kiyimlarni kiyishni oʻzingga ep koʻrasanmi, qizim? Axir quturish balosidan omon qolganingning oʻzi baxt-ku, xudo koʻrsatmasin, quturib ketsang, kiyimning senga nima keragi bor?

Muborak Baliqchi otaga oʻzini yetaklab kelgan qoʻrquv tuygʻusining mumkin qadar tezroq daf boʻlishini istar edi, shu lahzada bu alagʻdalik uni oʻziga butkul ogʻdirib oldi. Bu olatasir tuygʻudan batamom qutulishni istagan sayin aksi boʻlayapti. Qora it yurganda, turganda va uxlaganda ham uni tinch qoʻymas, koʻz oʻngida irillar, ovloq va kimsasiz joyda tanasini burda-burda qiladigandek damba-dam seskanib ketardi. Ziyoratgoh qorovuli hozircha pul bilan qanoatlanadigan boʻldi, ammo ertagayoq itning tumshugʻi tekkan kiyimi bormi, buyumi bormi, quturmasligi uchun oq latta ilingan salqi dorga osib ketishini uqdirdi.

Muborak ertaga yana masjidga kelishini oʻylab, negadir koʻngli yorishish oʻrniga xijil tortdi, qora it hamon oʻzini ta’qib etayotgandek atrofga alang-jalang qaradi. Ayol oʻzidagi bu oniy holat avvalgilaridan endi keskin farq qilayotganini anglagandek boʻldi...

Chor-taraf oppoq qor qoʻynida, qir-adirlar ortidan tobora balandlayotgan oftobga qarolmay ayolning koʻzlari qamashdi...