OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Xulkar Toʻymanova. Bola (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXulkar Toʻymanova
Asar nomiBola (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Xulkar Toʻymanova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bola (hikoya)
Xulkar Toʻymanova

Uch-quyrugʻi yoʻq, deb ta’riflanadigan bu shaharning chekka mavzelaridan biridagi koʻp qavatli uylar xuddi egizaklardek bir-biriga oʻxshash. Bola bu uylarning qanchalik darajada oqilona tiklangani haqida koʻp marta xayolga berilar, ammo oʻylab oʻyining tagiga yetolmasdi. Quvurlardan oquvchi issiq va sovuq suvning ehtiyojga yarasha bir tekisda oqib turishiyu va yana qaergadir gumdon boʻlishi bolaning nazarida, eng donishmand odam oʻylab topgan ish boʻlib, tasannoga arzirdi. Ular yashaydigan uy bir xonalik, balkoni ham shunga yarasha tor-tanqis, ortiqcha buyumlar saqlanadigan tokchadan boshqa hech narsa koʻzga tashlanmaydi. Uy yonida temir panjara bilan aylantirilgan kaftdekkina yer boʻlib, onasi har yili pomidor, har xil koʻkat, ekib qoʻyar, ammo parvarish harchand yaxshi boʻlmasin, yolchitib hosil olishmasdi. Harna-da, bolam, sotib olganga pul chidarmidi, oʻzing uchun oʻl yetim, derdi onasi uni shu maydonchada ishlashga majbur qilib. Toʻgʻrisini aytganda, bola onasining fikriga koʻp ham qoʻshilolmasdi: yoz kelib, bozorlar meva-chevayu sabzavotga toʻlib ketsa, pomidoru koʻkatlar suvtekin boʻlib ketadi. Qishlikka yetadigan qilib, ul-bul tayyorlamoqchi boʻlganlarga tagʻin ham tushib berishadi. Bola shu buyradekkina joyda kuymalangani uchun atrofdagi tengqurlaridan uyalar, koʻpincha ularning davrasidan oʻzini olib qochardi. Ayniqsa, ularning tepasidagi uch xonalik uyda yashovchi Sarvar ismli undan bir sinf yuqori oʻqiydigan bolaga yuzma-yuz kelgulik qilmasin. Dadasining kolbasa ishlab chiqaradigan tsexi bor, tagida mashina, har kuni sumka-sumka narsa koʻtarib, uyiga kirib ketadi. Sarvar singlisi bilan hali ananas, hali naycha bilan simiriladigan sharbat koʻtarib chiqadi. Jur'at Sarvarni koʻrishi bilan bolkon tomonga oʻtib ketadi. Qoʻshni bolaning egniga qimmatbaho kiyimlarni ilib olishi, oʻzini oʻzgalardan, ayniqsa, undan yuqori koʻrsatishga intilishi Jur'atga ogʻir botardi.
— Namuncha shu agarotingda ishlayverasan, tonnalab kartishka oladigan dehqonday ter toʻkasan-a? Undan koʻra koptok tep, valiybol oʻyna, hali bolasan-ku, katta odamlarga oʻxshab roʻzgʻor tashvishiga koʻmilib qolgansan-ey,— deb qolardi ba’zan Sarvar oʻzini donolarcha tutib.

Jur'at indamaydi, biladiki, Sarvar bilan oʻzi orasida yer bilan osmoncha farq bor, shu bois u bilan munozara qilishning foydasi yoʻq.

Ochigʻiini aytganda, Sarvar ulgʻayayotgan oila bilan ularniki orasidagi tafovut nafaqat yeb-ichish, kiyinishda, balki umumiy bir muhitda, fikrlashda ham kuzatilar, Jur'at ba’zan toʻla-toʻkislik, ma’murchilik hukm suradigan qoʻshnilari oilasiga oʻzi tugul onasining ham havas qilishini sezib qolardi: «Qaniydi, otang hayot boʻlsa, Sarvarning dadasiga oʻxshab mol-dunyo topmasa ham sogʻ-salomat yursa, bizdan baxtli oila boʻlmasdi»;.

Oʻshanda Jur'at qadimiy shaharga ziyorat uchun ketgan otasining allaqaysi mashinada qanday qilib halokatga uchraganinini anglaydigan yoshda emasdi. Xotirasi faromush bermasa, hali uch yoshga yetmagandi, undan keyingi singlisi ham, onasining qornida boʻlib, keyinchalik dunyoga kelgan ukasi ham bu achchiq haqiqatning tagiga endi yetishmoqda. Onasi ular bergan savollarga koʻpincha umid va ishonch uygʻotib, «Dadang uzoqqa ketgan, bir kuni »;lop« etib kelib qoladi»; derdi. Kim bilsin, onasi oʻzga kishiga turmushga chiqishini nazarda tutib shunday deganmi yoki ularning ruhiyatini yaralagisi kelmaganmi, har qalay dadasining olamdan oʻtib ketganini sir tutardi. Jur'at yil sayin ulgʻayib, ketidan uni quvib yetayotgan singlisi va ukasini boqishga bir oʻzi ojizlik qilayotgan onasining mushkulini osonlashtirish haqida oʻylar, ammo qanday qilib — buning ilojini topolmasdi. Koʻcha supurgani uchun beriladigan arzimas maoshni onasi shoʻrlik qayoqqa tortqilashni bilmas, pul bilan bogʻliq muammolar esa toʻlib-toshib yotardi: kitob, daftar, oziq-ovqat, goho issiq jonlariga isitma tushib, dori-darmon, ba’zan toʻy-ma’rakalar uchun ham xarajat lozim boʻlardi.

Bola oshxonalari derazasidan chiqarilgan shlangni joʻyaklarga toʻgʻrilab, joʻmrakni buradi. Bir hafta oldin ekilgan pomidor va qalampir koʻchatlarini shu kecha-kunduzda sugʻorishmasa, butun harakatlari chippakka chiqadi. Dastavval koʻchatlarni idishda suv olib kelib sugʻorishdi. Ekinlar nahorda tetik tursa-da, kun qiziy boshlagach, shalpayib qolishardi. Onasi bugun bir shimdirib sugʻormasang, bularning «odam»; boʻlishi qiyin, deya tayinlagandi. Jur'atning fikru oʻyi maktabda ham shu boʻldi, ammo shlangdan suv oqizsa, qoʻshnilar norozi boʻlishi aniq, shundan xavotiri bor. Shlangdan juyaklarga jildirab endi suv oqa boshlagan ediki, ularning tepasida yashaydigan kampirning diydiyosi boshlanib qoldi:
— Ey, sыnok, zakroy vodu, a ya stirayu, tы meshaesh, napor voobshe malo.

Jur'at qoʻshnining zardasidan sergak tortib, yuqoriga qaradi. Sochini qizgʻish rangga boʻyab olgan kampir qoʻllarini dahaniga tirab, Jur'atning nimadir deb javob qaytarishini kuta boshladi. Bola «Siychas»; dedi-da, chopqillab uyiga kirib ketdi. Bir parcha yerning olamcha tashvishi qursin, koshkiydi onasi uni xijolatga soluvchi holatlarni tushunsa, oʻzi ishda boʻlgani uchun Jur'atning qoʻshnilar oldida oʻngʻaysiz holga tushishini qayoqdan ham bilsin? Mana, aytgan ishi chala qoldi, onasiga nima deydi endi? Yaxshisi, chelakda sugʻoradi, hech kimga malollik tugʻdirmaydi, onasi ham xursand.

* * *

...Bu dunyoni bozorga oʻxshatgan shoirlarning gapi rostga oʻxshaydi. Birov bilan birovning zarracha ishi yoʻq, har kimning holi-qudrat tortadigan oʻz tirikchilik aravasi bor, turmushning toshdan qattiqligi kattalarga-ku kundek ravshan, ammo aynan shu haqiqatga duch kelgan tengqurlari kabi Jur'at qam kun sayin,oy sayin fikran tiniqlashib borayotgandek edi. Bola ta’tilga chiqqach, qanday qilib boʻlmasin, pul ishlab topish, jilla qursa, oʻzining ehtiyoji uchun zaruriy kiyim-kechak, oʻquv qurollari xarid qilishni moʻljallamoqda edi. Axir onasi bechora roʻzgʻorning qay tomoniga koʻndalang boʻlsin, hali u, hali bu, cheki-chegarasi yoʻq gʻalvalar. Onasi uning pista, qurut sotish haqidagi taklifini rad etgach, bola oʻylagan rejasi chippakka chiqqanidan diltang boʻldi. Onasining fe’l-atvoriga u tushunmaydi, axir koʻmaklashishga urinsa, bundan mamnun boʻlmaydimi?
— Qoʻy, bolam, sira hojati yoʻq, qoʻshnilarni oldida meni nomuslarga oʻldirasan-ku, buning ustiga pista oʻlgur hamma yoqni iflos qiladi, oʻzim farrosh boʻlmasam ham mayliydi. Pista chaqqanlarni koʻrsam tutaqib ketaman!

Jur'at botinib, bir soʻz aytolmadi. Ta’til boʻlishini kutadi, eng yaxshisi shu. Shaharda nima koʻp, bozor koʻp, yaxna choy sotadi. Oʻtgan yili sinfdoshi Mansur eng katta ulgurji bozorda yaxna choy sotib, oʻzining butun kamu koʻstlarini toʻgʻrilab olibdi. Bu yil ham shuni choʻtlayapti, oʻzida shunday niyat borligini sir tutdi, menga taassuf solyapti, deb oʻylashini istamadi. Ta’til kelaversin-chi, bir gap boʻlar, aytgancha, hali bu ishga onasi rozi boʻlarmikan, gap shunda.
— Nima qilayapsan, Jur'at, hali juda erta-ku, birpas uxla.

Jur'at onasini qaytib bezovta qilgisi kelmay, oshxona eshigini ohista itararkan, tozalab yuvilgan butilkalarga avval togʻoradagi suvdan soldi, soʻng rang berish uchun qaynoq choydan bir piyolacha aralashtirib, polga tikka-tikka qilib qoʻyaverdi. Shu tariqa bola bir yarim litrlik oʻnta butilkani yaxna choyga toʻlatib, ikkita sumkaga beshtadan joyladi-da, stulga oʻtirdi: endi tamaddi qilib olishi kerak. Bola muzlatgichdan saryogʻ olib, bulka nonga yoqdi va shirinchoy qilib, apil-tapil simirdi-da, boshiga shapkasini bostirib kiydi. Hali bozorga yetib boraman deguncha kamida bir soat kerak, boz ustiga yuki yengil emas, oʻn besh kilo. Kecha u olti butilka choy olib chiqqandi, hash-pash deguncha pullab boʻldi, hozir jazirama, odam har daqiqada suv ichsin, ayronu qimiz simirsin, tashnalik chekinmaydi. Xudo xohlasa, oʻnta butilka ham bir pasda oʻz xaridorini topib ketsa kerak, yuz soʻmdan sotsa, bir yarim ming soʻm, axir har kuni shunchadan jamgʻarib borsa, oʻn kunda oʻn besh ming soʻm. Ammo... manzilga yetguncha boʻlaricha boʻladigan koʻrinadi, hali hech qancha odimlamay, ikkala qoʻlining kafti ham qiyilgudek qizarib ketdi. Eh-he, ulgurji bozorga yetgunicha uch chaqirim bordir-ov, shunisi alam qiladiki, bu yoʻllardan na avtobus, na tramvay yuradi, taksini esa falon pulga yollash kerak, bundan ne naf, ikki oyogʻidan koʻra ma’qulroq ulovning oʻzi yoʻq. Bir soatda boʻlmasa, ikki soatda yetar, shoshib qayoqqa ham borardi, bozor qizigan paytda ishi yurishadi, savdogarlar uning yaxna choyini talashib-tortishib xarid qilishadi. Bola qaytishda yengil boʻlishini oʻylab, yastanib yotgan bedazor chetidan odimlab borardi. Uning koʻz oldi tinib ketdi, yam-yashil oʻtloq nimagadir sap-sariq tusda tovlanib, koʻngli ozdi, shu ahvolda bozorga qanday yetib borarkin? Bola onasi zoʻrlab uzatgan bulochkani olmaganiga afsuslandi, toʻgʻrisi Jur'at, shuni ham ukalariga ilindi, men bozorda bunday yeguliklarning yuz xilini koʻramanu, olib yerman, deb oʻyladi. Bola erinibgina, xuddi yelkasidan kimdir zilday yuk bilan bosib turgandek arang yurib ketmoqda edi. Sumkadagi butilkalar goʻyoki uni yerga kirgizib yuboradigandek boʻlib, oxiri bola ularni bir-biriga tirab, maysazor ustiga qoʻydi. Qaniydi, hozir huv oʻsha bozorda boʻlib qolsa, xayolparastlik yaxshi-da, amalga oshmagan ishni yolgʻondakam, orzu qilganingday bajarib qoʻya qolasan.

Bugun — uchinchi kun, bola shundan mamnun ediki, onasi choy sotishiga qarshilik qilmadi. Koʻcha-koʻyda, ariq ichida, bekatlarda, xullas, oyoq tagida dumalab yotgan butilkalar bolaga xuddi qadrli matohek koʻrinar, quchoq-quchoq qilib, katta qopda uylariga keltirardi. Choy sotilgan butilkalarni qaytib soʻrashga birinchidan iymanar, ikkinchidan, oʻsha odamni izlab topish ham amri-mahol edi.

Ulkan oqimda kimdir u yoqqa, kimdir bu yoqqa oshiqar, gʻala-gʻovurda bola oʻtgan-ketganning diqqatini jalb qilgisi kelmay uni qiynayotgan butilkalarni tez-tez egasiga topshirgisi kelardi.
— Kep qoling, yaxna choylar bor. Ichsangiz, mazza qilasiz, sotamanu ketaman, butilkasi yuz soʻmdan,— Jur'at tomogʻi yirtilgudek boʻlib baqirar, bozorga kirib chiqayotganlarning, bu yerda rosmana xoʻjayin boʻlib olganlarning diqqat-e’tiborini oʻziga qaratib, qoʻlidagi choy toʻldirilgan limmo-lim butilkalarni koʻz-koʻz qilardi. Choychaqa topish ilinjida chiqqan bu bola oʻziga eng qulay va gavjum joyni tanlaganidan hech kim uning yonidan befarq oʻtib ketolmasdi. Qolaversa, choy eng arzon ichimlik boʻlib, oldi-sotdi uchun bozorga kirganlarning arzimas pullari evaziga oshirilar, biror kishi narx-navosi ustida talashib-tortishib ham oʻtirmasdi. Bir-biriga surkalib, turtinib, nimadir xarid qilish maqsadida rasta aylanib yurganlar bolaning yonidan oʻtib, soʻrab qolishardi:
— Choy qanchadan, uka?

Shunda bola epchillik bilan toʻldirilgan butilkani ularning qoʻllariga tutqazardi:
— Atigi yuz soʻmdan, iching, chanqovingiz bosiladi.

Choy soʻraganlar hech qanday e’tirozsiz butilkani olishar, shunda bola gul-gul yonib, baqirishda davom etardi:
—Kep qoling, muzdaygina choylar bor. Ichsangiz darmonda, ichmasangiz armonda, bor-yoʻgʻi yuz soʻmdan.
—Choyingdan ber,— suratli mayka kiyib olgan qorindor kishi bolaga yaqinlashdi.
— Mana, aka, yuz soʻmdan.
— Namuncha qimmat, senam ja oʻzingcha delovoysanu,— haligi kishi butilkani qoʻliga olib, qulqillatib icha boshladi. Chanqovi bosildi shekilli, peshonasidagi terni roʻmolchasi bilan sidirib artdi.

Bola xursand boʻlib ketdi, navbatdagi xaridorni istagandek, atrofga alang-jalang qaradi. U yaxna choy uchun juda kam xarajat sarflanishini, lekin oz-ozdan pul yigʻishning mashaqqatlarini oʻzidan boshqalar unchalik his qilmasligini oʻylab, goho tajangligi ortardi.
— Ma,— barzangi shimining choʻntagidan bir hovuch pul chiqardi-da, ellik soʻmni ajratib unga uzatarkan, pisanda qildi:— Ellik soʻmam teshib chiqmaydi.
— E, aka, koʻtarmaydi,— bolaning kayfiyati darhol oʻzgardi, oʻz moʻljalidagi narxga sotmasa, nima foydasi bor, choy solingan butilkalarni sillasi qurigandek koʻtarib kelganini mana bu nusxa tushunarmidi?
— Tagʻin tortishganini qarang, tur, yoʻqol, zumrasha, senga pul ishlashni kim qoʻyibdi? Koʻtarmasa tuyogʻingni shiqillat, nima, sen choyingni optomdan sotib olganmisanki, ustiga oʻzingni dolyangni qoʻshib sotsang...
— Aka, unaqa demang, menam zarillikdan...
— Mushtdaygina boʻp muncha qaysarsan, mijozlaringni norozi qilsang, ishing yurishmaydi bola, bilib qoʻy!
— Narxi yoqmasa, ichmang edi,— janjalga aralashdi rastalarga turli matolarni yoyib qoʻygan jikkakkina kishi.
— E, siz aralashmang, bu bola sizga kim, qarindoshingizmi?— hamon otdan tushsa ham egardan tushgisi kelmasdi barzangining.
— Gap qarindoshchilikda emasu, endi shu bolayam muhtojlikdan chiqqan-da, uka. Hammamiznikiyam tirikchilik...
— Mayli, qoʻyavering amaki, — bola oʻziga xayrixohlik qilayotgan kishiga bir nazarini soldi-da, haligi ziqnaning aftiga qaytib qaragisi kelmay nari ketdi.

Bolaning tinka-madori qurib ketsa-da, choylari tugab, sumkasi boʻshagani uchun oʻzini qushdek yengil sezdi. Shoʻrtigining orqa choʻntagidagi qoʻldan qoʻlga oʻtaverib, gʻijimlanib koʻrki ketgan bir talay yuz soʻmliklarni olib sanay boshladi: bir ming toʻrt yuz soʻm. Bola pullarini taxlab, yana choʻntagiga joyladi, oʻzini oʻzi ragʻbatlantirgandek pichirlab, yashavor, deb qoʻydi. Endi uyga ravona boʻlishi mumkin, u yoʻl-yoʻlakay uchragan yeguliklar — somsa, kabob, gummaga suqlanib qarar, ammo azbaroyi puli kamayib qolishini istamaganligidan indamay oʻtib ketishga majbur edi. Ayniqsa, shokoladu pechenelarning turi koʻpligini aytmaysizmi? Savdogarlarning yirik-yirik pullarni sanab, jamlab sumkaga joylashlarini tomosha qilarkan, bola ular kabi daromadi moʻl boʻlishini orzu qilardi. Shundoqqina uning yonidagi rastaga joylashgan qotmagina, qiltiriq gavdasiga mos boʻlmagan keng bichiqdagi futbolka kiyib olgan kishi sigaretani ustma-ust tortarkan, har daqiqada «Dollar olamiz, dollar»; deb oʻtgan-ketganlarga nigoh tashlardi. Bola hali bu yerning koʻzga koʻrinmas qonun-qoidalari mavjudligini bilmas, bu makonga koʻpchilik pul ishlab topish, ikkinchi toifadagilar esa oʻz ehtiyojlariga yarasha nimadir xarid qilish uchun qadam ranjida etishlarini idrok etardi, xolos. Oʻzi ham shulardan biri boʻlib, kechgacha uncha-muncha pul ishlab topishni choʻtlamoqda edi. Hech qursa, shu pulga sumka kelar. Bir tovuqqa ham suv, ham don deganday... Ha, buning uchun nafsini koʻp narsadan tiyishi kerak. Koʻngli tusagan narsani olaversa, jamgʻarma toʻplashi qiyin. Kechagi, oʻtgan kungini qoʻshib hisoblasa, ajabtovur summa, onasi qogʻozga oʻrab, koʻzdan panaroq joyga olib qoʻyarkan: «Faqat oʻzingga ishlatasan, Jur'at. Har kuni besh yuz, olti yuzdan yigʻib borsangam, bir oyda ancha boyib qolasan!»; deb uni ruhlantirib qoʻydi. Bugun onasi uning shuncha pul bilan kirib borganidan boshi koʻkka yetsa kerak. Bola bozor darvozasi atrofida uymalashib turgan toʻdaga oʻzini urdi: lotoreya oʻyini ekan, hali bunaqa oʻyinda oʻz omadini sinab koʻrmagandi, bir xayoli besh yuz soʻmga chipta sotib olib, oʻchirib koʻrmoqchi boʻldi, yutuq chiqsa-ku nur ustiga nur, aksi boʻlsa-chi? Bunday oʻyinlar «manaman»; degan boyvuchchalar uchun chiqarilgan, yutuq nasib etmagan taqdirda ham sarflagan puliga afsuslanmaydi. Yaxshisi, och qorni, tinch qulogʻi, uyga ketadi.

Oftob sezdirmaygina tikkaga koʻtarilar, har kim oʻz tashvishi bilan andarmon bozorda odam uncha-muncha siyraklashgandek edi. Bola negadir ortiga bir qayrilib qaradi, boshidagi oq kepkasini hoʻllab olsa, issiqdan oʻzini ancha himoya qilgan boʻlardi-ya. Ammo qani oqar suv, bozorning chor tarafi panjara bilan oʻralgan, moʻ'jazgina doʻkonlarda issiqdan noligan savdogarlar oʻtirishardi. Bozorning sharqiy qismidan loyqa suvlari toʻlqinlanib anhor oqardi. Bola turtinib-surtinib oʻsha anhorga borib kelguncha ancha vaqt ketishini oʻylab, fikri oʻzgardi: oppoq kepkasi loyqa suvda battar boʻladi. U chanqadi, tili tanglayiga yopishgudek edi, muzqaymoq yeb olsa zoʻr boʻlardi-ya, ammo buning uchun yuz soʻmdan voz kechishi kerak, e yoʻq, pulining barakasi uchadi. Hademay maktab boshlanadi, bu yil singlisi ham birinchi sinfga chiqadigan, sumka, daftar, qalamu kiyim-kechak unga ham lozim. Eh, qaniydi qop-qop puli boʻlsa, egnidagi choklari tikila-tikila idrab turgan mayka-shoʻrtiklarini ham yangilab olardi. Qoʻshni bola Sarvarga oʻxshab bashang kiyinib yursa, u ham mensimasdan muomala qilishini yigʻishtirarmidi?

...Jur'at uyga yetib kelganida, onasi kartoshka archiyotgan ekan, peshvoz chiqib, hol-ahvol soʻragan boʻldi:
— Eson-omon keldingmi, bolajonim? Choylaringni oʻtkazdingmi, ishqilib, muncha rang-roʻying bir holatda, qorningam rosa ochiqib ketgandir?
— Amalladim, oyi, qornim piyozni poʻsti boʻlib ketsayam, hech narsa yemadim...
— Voy bolajonim-a, biror narsa olib yesangam mayliydi, oʻzingni munaqa qiynama. Joningdan aylansin, pul boʻlsa topilar, sogʻligingni yoʻqotsang qimmatga tushamiz.
— E, oyi topganimni yeb-ichaversam, pul yigʻolmayman, har qalay sizga yordam bergim keladi-da, oyi!
— Oʻzim oʻrgilay aqlliginamdan, meni oʻylama, bolam. Sizlar uchun yashayman, axir,— dedi onasi uning peshonasidan oʻpib. Shunda bola onasining oq-sariqqa moyil yuzida aks etgan ifodaga roʻpara boʻlishdan negadir choʻchib, nigohini chetga burdi.
— Dadam boʻlganida bizam boshqacha yashardik, a, oyi?
— Albatta, bolam, lekin shu koʻrgan kunimizga ham shukr. Bizdanam qiynalib yashayotganlar bor, axir besh qoʻl baravar emas.

Ona-bolaning suhbatiga shu bilan nuqta qoʻyilgandek boʻlib, biri oshxonaga, ikinchisi uyga oʻtdi. Bola koʻrpachaga choʻzilarkan, ogʻzini katta ochib esnadi, soʻng qoʻl-oyoqlarini taranglashtirib kerishdi. Koʻz oʻngida bozordagi ayqash-uyqash manzaralar birin-ketin jonlana boshladi. Yuzingda koʻzing bormi demasdan, uni haqorat qilgan haligi barzangining qiyofasi hadeb koʻz oʻngiga kelaverdi. Katta odamlarga kichkina boshi bilan aql boʻla olarmidi? Boshqalar yuz soʻm uchun talashib-tortishib oʻtirgani ham yoʻq, u boʻlsa oʻzining naqadar xasis ekanligini koʻrsatdi-qoʻydi. Bolaning koʻzlariga shiringina bir mudroq keldi, vujudi toliqish tufayli uyquga mayl sezmoqda edi.

... Bola qaerdandir paydo boʻlgan melisaning ovozidan sergak tortdi, ozgʻingina jussasiga titroq yugurdi, miyasidan yashin tezligida «Qamab qoʻyadi endi»; degan fikr oʻtdi. Oʻgʻrilik ustida qoʻlga tushgan kishidek koʻzlarini qaerga yashirishni bilmay kalovlandi. Bankasidagi oxirlayozgan choyni toʻkib tashlagisi, bankani esa chil-chil qilib sindirgisi keldi.
— Ha bola, sen nima qilib yuribsan?

Bola melisaning qutqusidan qaltirab ketdi:
— Oʻzim...
— Oʻzingga oʻzing ruxsat bersang, ja zoʻrsanu. Balogʻat yoshiga yetmaganlar bozorda savdo qilishi mumkin emasligini bilasanmi oʻzi?
— Yoʻq...
— Ota-onang bormi?
— Oyim bor...
— Otang-chi?
— Avariyada...
— Yolgʻon aytma, seni ota-onang pishiqlab joʻnatgan, hozir odamlar ustasi farang boʻlib ketgan.
— Uka, qoʻying, shu bolaga tegmang, oʻgʻirlik qilayotgani yoʻq-ku!

Bola tetiklanib, sal nariroqda toʻnkarilgan yashik ustiga oʻtirib olib, qurut, pista sotayotgan kampirga yuzlandi. Oʻzini himoya qilayotganlar topilgani uchun qaddini gʻoz tutdi.
— Oʻgʻirlik qilish shartmi, xolajon? Boʻyi bir qarich boʻp bozorga chiqishni kim qoʻyibdi bunga. Qonun buni ta’qiqlaydi, yoshing nechchida oʻzi?
— Oʻnda...
— Tem bole, oʻn uch, oʻn toʻrtda boʻlsang ham mayli ekan!...

Birdan chor-atrof qorongʻilashib ketdi, bola qoʻrquvdan entikib yigʻlamoqchi boʻlar, ammo baxtga qarshi tovushi ichidan chiqmasdi. Taajjub, bu qanday holat? Goʻyoki oʻzini oʻzi boshqarishga qodir emasdek Jur'at koʻzlarini zoʻrgʻa ochdi va beixtiyor:
— Oyi, pullarim qani, pullarim?— deb qichqirib yubordi.
— Voy oʻlay, voy oʻlay, nima boʻldi senga, terlab ketganingni qara-ya, bolam?— oshxonadan yugurib uning yoniga kirgan ona farzandidagi favqulodda holatdan koʻzlari hayratga toʻlib toshdi.
— Tushimmi, oʻngimmi, meni melisa tutib olib, bor pulimni olib qoʻydi, shunga soʻrayapman, oyi,— bola tahlikali holatdan hamon oʻziga kelolmas, roʻy bergan noxushlikni oydinlashtirib olishga zoʻr berib urinmoqda edi.
— Ha, shundoq demaysanmi, bolaginam-a, qoʻrqitib yubording-ku, tush koʻribsan, ana pullaring joyida turibdi...
— Rostdanmi?
— Voy, ana ishonmasang turib qaragin, uch yarim ming soʻm pulingni boyagina sanab, anuv qutichaga solib qoʻydim.

Onasi shunday deya sekingina shkafni ochdi-da, ukasiga keltirilgan tufli ichidagi pullarni unga koʻrsatdi. Bola yengil tin oldi, xayriyat oʻngi emas, tushi ekan va oʻrnidan qoʻzgʻolib, onasiga yuzlandi.
— Halol pulga hech kim hech qaerda chang sololmaydi, bolam. Axir bu peshana tering evaziga topilgan pul-da.

Bola koʻrgan tushining ta’siri xuddi tuman kabi tez tarqaganidan sakrab yubordi....