OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXursandbek Toʻliboyev
Asar nomiDengiz hayqirigʻi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Xursandbek Toʻliboyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dengiz hayqirigʻi (hikoya)
Xursandbek Toʻliboyev

Rahmat bobo negadir soʻnggi paytlar nevarasi Ja’far bilan qirgʻogʻidan ajralib, yuzlab chaqirim olislab ketgan dengiz boʻylarini sayr etishni odat qildi.
— Yoshlik paytlarim, mana shu Orol dengizining qirgʻoqlarida oʻtgan, -dedi nevarasining qoʻlidan ushlab. Ja’far boʻlsa bobosining har bir gap-soʻzini diqqat bilan tinglardi. Bobosi til tagiga nosqovogidan bir otim tashlab ham, bemalol gapirib ketaverardi…Juda koʻp narslarni bilgisi kelgan oʻn yashar Ja’far bu safar ham bir nimani bilgisi keldi. Shu paytgacha oʻqituvchisidan soʻrab, koʻngli toʻlmagan savolini bugun sahroyi kabirga aylangan saksovullarning shovullashi, uchayotgan barxanlar ham eshitsin degandiek bobosiga yuzlandi:
-Bobo, dengiz qachon toʻladi?

Shu payt Raxmat boboning egnidan sovuq suv quyilgandek, atrofga qaradi. Til tagidagi hal boʻlgan nosini chap tarafiga tufurib tashladi. Nevarasining bu ogʻir savoli butun vujudiga oʻtmas pichoq bilan urgandek ta’sir etdi.
— Bilmadim, bolam. Men ham shu savollar iskanjasida qiynalib yashayapman. Umrimning oʻttiz yili oʻtib ketibdiki, hali-hanuz oʻsha sening savolingga javob topolmayapman. Nega? Nima uchun? Bu yogʻi yolgʻiz Yaratganga ayon. To tirik ekanmiz biz xudoning bandalari umid bilan yashashga mahkumdirmiz. Ha-ha, oʻgʻlim. Chiqmagan jondan umid deb, shunga aytsa kerak-da dono xalqimiz. Men ham yoshlik paytlarimga bir qaytgandek boʻlyapman hozir. Rahmatboy bobongdan juda koʻp narsalarni eshitgan edim. U Orolning qirgʻoqlarga urilib, aks-sado berib, yana kaytib ketayotgan toʻlqinlarga oʻxshab gapirardi. Dengiz baliqchisi edi. Bizni baliqchilik bilan kamolga keltirdi. Juda koʻp savdolarni boshidan kechirgan ekan. Men oʻsha aytganlarini eshitib, juda qoʻrqmas, botir boʻlib ketardim gohida. Akulalar xaqida ertaklar, afsonlar aytib berardi.

Ja’far bobosining ogʻzidan Akula degan soʻzni eshitiboq soʻzini boʻldi:
-Bobo, akulani koʻrganmisiz?
-Ha oʻgʻlim. Ikkinchi jahon urishidan oldin edi bu voqea. Yanglishmasam oʻttizinchi yillar boʻlsa kerak. Men oʻshanda yetti yashar jujuq edim. Rahmatboy bobom boʻlsa yaqin oʻrtogʻi Sarsenboy bilan birgalikda tong sahari ketib, tuzogʻiga akulaning kichkina bolasi ilinibdi. Olib kelishgach, sahargi choyda aytib qoldi bobom. Avval men uni koʻrishga juda qoʻrqqanman. Rahmatli onam bilan birga tashqariga chiqqanmiz. Kuzning endigina erinchok yogʻdularida, yaproqlar yaltirab, qoʻyosh sekin koʻkka koʻtarilayotgan edi oʻsha payt. Hovlimizning qibla tomonida baliq qoʻyadigan maxsus xona bor edi. Oʻsha joyda uzanasiga tushib, tishlarini tirjaytirib, oʻlib yotgan ekan. U akulaning bolasi boʻlsa ham juda bahaybat edi…
-Uni nima qilganlar bobomiz?!
-Bozorga sotib, bizlarni qishdan omon chiqishimiz uchun arpa, joʻxori olib kelgan ekan.

Raxmat bobo nevarasiga yoshlik lahzalarini xotirlab aytgan gaplaridan keyin birdan jimib, oʻz xayollari bilan mashgʻul boʻlib ketdi. Magʻribdan shiddat bilan esib kelayotgan shamol, saksovul shoxchalarini egib oʻtardi. Salqin izgʻiringa qoʻshilib uchayotgan qumlar, koʻzlarni toʻldirib qoʻyishga ham qodirdek edi…

Koʻk gumbaz uzra ahyon-ahyonda yoyilishib, kezib yurgan darbadar, tartibsiz tim qora bulutlar shamolning vajohatini tushungandek, bir-birlariga ulana boshladi.

Birdan momaqaldiroq oniy lahzada butun borliqni larzaga soldi. Chaqmoq chaqdi. Suvsirab yotgan qum va sahro oʻt-oʻlanlari tashnalik bilan osmonga boqayotgandek edi goʻyo…

Shu payt yomgʻir tomchiladi. Vaqt oʻtgani sayin badtar kuchaygandan-kuchayar edi. Raxmat bobo va nevarasi Ja’far qoʻl ushlashib, tez-tez odimlab, uylari tomon ravona boʻldilar…

…Qamishzorlar kimsasiz biyobonda, xuddi chiyaboʻri, tulki kandaydir yovvoyi yirtqich kezib yurgandek nagʻma chalib shitirlardi. Olis-olislarda yarmigacha qumlarga botib yotgan har xil kema, qayiqlarni yirtqich, yovvoyi qushlar, qargʻalar makon tutib, qishlaydigan boshponasiga aylantirgan edi. U yoqlarga hech kim bormas va boraolmas edi. Chunki, zaharli qum ilonlaridan qoʻrqar va qandaydir yirtqich qashqirlar ham izgʻib yurardi-da. Chiyaboʻrilarning uvalashi, sokin, tinch uyquda yotgan qishloq ahlini uygʻotib yuborordi. Ular ogʻilxonalarga bostirib kirib, necha marta tovuqlarning boshiga suv quyib ketgan edi. Raxmat bobo bularning barchasini bilar edi. Himoyani yaxshilab qoʻygandi-da. Yoshi saksonni qoralagan Raxmat bobodan juda koʻp narsalarni oʻrgansa boʻladi. U qariligiga qarmay sergʻayrat edi. Hatto nevaralarining ikki kunda qiladigan ishlarini bir zumda ishlab tashlardi. Suyagi mehnatdan qotgan-da, boboning…

Ular uylariga kirgach, nevarasiga issiq choy damlashni buyurdi Raxmat bobo. U juda charchagan edi. Jismonan emas, aqlan. U oʻtmish xotiralarini eslab, otasining saxovatpeshaligi, bir burda nonni topib yedirish uchun uch kunlab dengiz sohilidan beri kelmay, baliqchilik qilib yotganini goh sogʻinch, goho alam bilan eslardi…

U xontaxta atrofiga oʻtirar ekan, devorga osigʻliq turgan turmush oʻrtogʻi, Saragul momoning katta portretiga koʻzi tushdi. Koʻzi tushdi-yu, bir chuqur xoʻrsinib ham qoʻydi. Kim biladi ayolining oʻychan, tikilib turgan koʻzlari yuragiga, qalbi shuuriga, birga oʻtkazgan shirin xotiralarni solib yuborgandir balkim…

Nevarasi Ja’far bir zumda oʻchoqqa oʻt qalab, choyni vaqir-vuqur qilib qaynatdi.

Dasturxonga qoʻyar ekan soʻngsiz xayollar ogʻushida yotgan bobosiga qarab:
-Bobo, choy tayyor. Issiq –issiq iching juda charchadingiz. Hozir oyim maktabdan darsi tugasa kelib qolar. Bir nima pishirib beradi. Dadam bugun navbatchilikda qolsa kerak, kecha ketayotib shunday degandi. Men maktabga ketdim,-dedi papkasiga yarim burda nonni va ikki konfetni choʻntgiga solarkan Ja’far.
-Mayli, Rahmat ulim. Yaxshi oʻqi xoʻpmi?
-Xoʻp, bobo, aytganingizdek oʻqiyman,-dedi-da Ja’far tashqariga zipillab chopib chiqib ketdi.

Shu orada Raxmat bobo dasturxon chekkasida chordora qurib oʻtirdi. Va, issiq choyni uch marotaba qaytardi-da, choynak ustiga qizil matohdan tikilgan dokani yopib qoʻydi…

…Bir ozdan keyin kelini Aysuluv maktabdan qaytib keldi. Apil-tapil kiymlarini almashtirdi-da, tushki ovqatni tayyorlashga oshxonaga oʻtib ketdi…

…Kunlar shu zaylda oʻtar edi. Qishning qahratonli, izgʻirin, sovuq kechalari ortda qolib, barchani birdek sogʻintirib qoʻygan koʻklam kirib kelmoqda edi. Moʻynoqlik dexqonlarning birdan-bir orzusi: dasturxondagi ovqatdan keyingi fotihasida ham, biror safarga otlanayotgan odamga oʻqilayotgan duosidayam, xullas kalom ikki kaft bir-birga tekkanida «iloxim, bu yili suvimiz moʻl-koʻl boʻlsin» deya yaxshi niyat qilardilar.

Chindan ham shunday-da. Tiriklikning, mavjudlikning asosini suvsi tasavvur etib koʻring-chi.?! Aslo mumkin emas!

Barchasi Yaratganning qoʻlida, -derdi Raxmat bobo har sahar dasturxonning atrofida choy ichayotgan nevarasiyu, oʻgʻliga, keliniga qarab…

…Ahyon-ahyonda osmonga boʻy choʻzib turgan tollarda, endigina chiqayotgan kurtaklarining ajib hidlari butun qishloqni tutib ketdi. Bolalar chillak oʻynashar, laylak uchirishar edi. Oʻzlarida yoʻq sevinch bilan bolalagining qaytib kelmas laxzalarida davri-davron surishardi…

…Navroʻz bayrami ham oʻtdi. Negadir Raxmat boboning soʻnggi paytlari toblari tez-tez qochib, qoladigan boʻldi. Doʻxtirlar kelib koʻrishganidayam, bu axvolni qarilikka yoʻyishdi. Hech qanday dori –darmon ta’sir etmasligini, faqat va faqat xudodan sabr-bardosh tilashdan boshqa choralari yoʻq ekanligini kelini Aysuluvga qishloq vrachlik punkti shifokori Mahmud aka shunday tayinlab ketdi…

…Na chora? Oʻlim haq, dedi nevarasining yumshoq qoʻllarini ushlagancha Raxmat bobo.
-Nega? Nima uchun? Siz hali koʻp yashaysiz bobo. Meni tashlab ketmang. Men… Men sizsiz qanday… oxirgi gapini aytolmay qoldi. Unsiz koʻzlaridan yoshlar oqdi Ja’farning. Ja’far yigʻlab, miq etmasdan bobosining gapini eshitib oʻtirardi:
-Oʻgʻlim, bilaman, sen meni ayab, asrab, yaxshi qarab kelding. Seni koʻrganimda doimo saxovatpesha otam esimga tushadi. U kishilar ham xuddi senga oʻxshab, musichadek beozor, koʻngilchan inson edilar. Bizlar ularning bosib ketgan izichalik boʻlolmadik. Murodim hosil boʻlib, sizlarni qoʻlimdan kelganimcha tarbiyaladim. Onangga, dadangga doimo mehribon boʻlgin. Shunday qilsang oʻzingga ham yaxshi. Kelajakda yurt koriga yaraydigan farzand boʻlgin. Sening doimo qiziqib soʻraydigan savolingga esa tushlaringga kirib javob berman bolam. Ha, ha oʻshanda meni vujud sifatida yoʻqotasan. Seni doimo ruxim qoʻllaydi. Men sen bilan birgaman. Oʻgʻlim, meni tushun, soʻnggi vasiyatimni ketar jafosi aytmasdan bu foniy dunyoda koʻzim yumilmagay…

Raxmat bobo shu tobda chuqur «uh» tordi. Nafasini rostladi. Ja’farning panjalaridan mahkam ushlab soʻzida davom etdi:
— Men… men bugunmi, ertagami bu dunyodan oʻtib ketaman. Sen hali yoshsan. Dengiz boʻylaridagi suhbatlarimizni eslagin. Oʻshanda yuzlab chaqirim olislab ketgan boʻlsayam dengiz qirgʻoqlarini aniq, tiniq chizib koʻrsatganman senga. Bir kun kelib oʻsha qirgʻoqlar oʻz asliga qaytadi, ulim. Orol toʻlib, suvni isrof qilmasdan, sizlar, aziz nevaralarim qadriga yetinglar. Oʻshanda meni eslab, dengizning pishqirgan toʻlqinlaridan bir hovuch suv olginda, qabrim tepasida oʻsib, qurib yotgan boʻlsayam yovvoyi oʻt-oʻlanlar ustidan quygin. Oʻshanda mening bu dunyodagi soʻnggi armonib ham ushalgy ulim. Bu ish fakat va fakat sening qoʻlingdan keladi, -dedi-yu, Raxmat boboning qoʻli sovub nevarasining yumshoq kaftidan shilp etib ajraldi…

Qoʻrqib ketgan Ja’far bobo, bobojon deya qichqirib yubordi…

…Raxmat boboni ham soʻnggi manziliga elitishdi. Butun qishlok ahli toʻplanishib borib qabrga qoʻyib qaytishdi…

Ja’far bobosi olamdan oʻtgach, hech kimi yoʻq odamdek, oʻzini yolgʻiz his etardi...

Bobosini xotirlash uchun iziga Moʻyinoq laqabli itini ergashtirib qirgʻoqlari yuzlab chaqirim olislab ketgan, choʻkayotgan dengiz sohilllari tomon borardi. Bobosi bilan qurgan suhbatlarini sogʻinch bilan eslar edi… Yuragining bir burchagida, bobosining armonli vasiyati turardi. Bu vasiyat uning butun vujudini tergov qilar, Orol kachon toʻladi ekan deya, koʻz oldi-da takrorlanar edi: «meni eslab, dengizning pishqirgan toʻlqinlaridan bir hovuch suv olginda, qabrim tepasida oʻsib, qurib yotgan boʻlsayam yovvoyi oʻt-oʻlanlar ustidan quygin. Oʻshanda mening bu dunyodagi soʻnggi armonib ham ushalgay ulim»…

…Izgʻirin shamolning vajohatiga qoʻshilib olis –olislardan qandaydir ma’shum sado kelardi: «Men borman, hali zamon qaytib kelman…meni kutinglar…» Bu hayqiriq sohillarini unutib ketgan dengiz tomonidan eshitilib qamishzorlarni kesib oʻtib, qumlarga qoʻshilib yarmi botib yotgan kemalarning temir suyaklariga urilib aks-sado berardi…

Bu achchiq hayqiriqni balandlikda, izgʻirinli yelga tik boqib turgan Ja’farning qalbidan boʻlak hech kim eshitmas…eshita olmas edi…

2010