OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXursandbek Toʻliboyev
Asar nomiEvrilish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Xursandbek Toʻliboyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Evrilish (hikoya)
Xursandbek Toʻliboyev

Ishdan ketganimga uch kun boʻldi. Oʻtgan uch kunim menga uch yildek tuyuldi. Shu oraliqda – oʻtgan fursatlarda na koʻchaga chiqdim, na bir tanishlarga sim qoqdim, na yonma-yon xonada turadigan doʻstlarimni yoʻqladim, umuman oʻsha paytdagi kayfiyatim koʻpchilikka qoʻshilishga, ular bilan yayrab-yashnashga unamasdi, rozi boʻlay demasdi ham va bunga oʻzimni tashqariga chiqishga ming turtkilamayin baribir, befoyda! Siqilardim, kechirilmas xato qilibmanu oʻzimni oʻsha boʻlgan voqeada ayblay boshladim. Aybimga iqror ham boʻldim. Bunda mening bir oʻzim aybdor emasdim. Ichimda yana kimdir berkinib olganu men uning nayranglariga oʻynardim.

Xonamda oʻltirib, sotib olinganicha taxlam boʻlib turgan gazeta jurnallarni varqlay boshladim. Qisqasi, ulardan ham zerikdim. Oʻqiganlarim koʻnglimdagi savollrga javob topib berolmasdi chogʻi, «e, bularning hammasi safsata bir nimarsalar» deya joyiga uloqtirdim. Xonam betartib, buyumlar ayqash-uyqash, saronjomlikdan asar ham yoʻq. Sirtdan kuzatgan odamga bu yashashim uzlatga chekingan, dagʻal dunyoning barcha havaslaridan qoʻlini yuvib, qoʻltiqqa urgan darveshning hayotini eslatardi… Shu payt Yusuf alayhisalomning istarasi issiq, goʻzal chehrasiga oʻxshash aft-angorim esimga tushib ketdi. Koʻzgu qaerda edi? Koʻzguga ham qaramaganimga ancha boʻlgan. Soch-soqolimni olgayotganimda oʻzimning nigohlarimga unchalik e’tibor bilan qaramasdim-da! U paytlari oʻzimning xayolot dunyomda yashardim. Miyamda zoʻr san’at asarining xamirini qorib, oʻz idealimdagi qahramonlarim bilan shivir-shivir suhbatlar qurardim. Qismatiga bitilgan baxtni va baxtsizlikning asl sabablari nimalarda ekani xususida tillashardim. Mana, hozir esa koʻzguga qarashga, oʻz yuz-koʻzlarimga sinch nazar solishga, e’tibor ila kuzatishga botinimda ehtiyoj sezib oʻtiribman. Buning sababini ham tuzukroq bilmayman. Nimgadir baquvvat mushakmlarimni oʻynoqlatib, kuchim nimalarga qodiru nimalarga ojiz ekanini bilishga ehtiyojmandman. Koʻzgu ham sinib kuli koʻkka uchganmi, ishqilib izlay-izlay xonamdan siniq bir boʻlagini topdim. Irim-sirimga ham botinimda ishonch bor edi. Tagʻin siniq koʻzguga qarasang baxtsiz boʻlib qolarkansan. Kim aytgan edi bu gapni? Eslayman, onamdan eshitib edim ilk bor. Endi esa yoshim bir joyga yetib, oqni qoradan, yaxshini-yomondan ajratib, farqiga fahmim yetib turgan gulgun davrimda irim-sirimga ishonib oʻtiribman. E’tiqodimga suyansam ham, ichimdagi nimadir yoʻrigʻidan chiqolmay, bir umr arosat botqogʻida qolib ketadigandekman.

Ishdan ketishim menga juda koʻp muammolarning bolalashiga zamin hozirladi. Chunki ishimni oʻzim yaxshi koʻrardim. Musahhihlikning miridan-sirigacha bilishga oshiqardim. Qisqasi, oʻz kasbimni sevar edim. Meni moddiy masala - pul-sul unchalik qiziqtirmasdi. Ishlashimga yashrasha haqini berishardi u yerdagilar. Biroq eng achinarlisi va dahshatlisi esa ishdan ketgach hayotimning ma’nisi yoʻqoldi. Menga hayot arzimas bir matoh kabi tuyuldi. Mehribonchiliklarim va sahovatpeshaligim oʻrnini qandaydir kuch oʻziga asir etdi-yu, shu tobda botinimda lohaslik, hamma narsaga bir boshqacha koʻz bilan qarash, koʻz yoshi toʻkib oʻtirgan odamni uchrtasam, shunchaki «yigʻi-sigʻi» deya qabul qilar, shafqatsizlarcha munosabatda boʻlgim kelardi. Nima uchun? Savol bersam ham, uchi-keti yoʻq, mulohaza yuritsam ham xos ism topolmay – aniq mantiqni tushunolmay qoldim. Birodar, koʻrdingizmi bittagina ish sabab, bir inson hayoti vulqon kabi bodrab, ostin-ustun boʻlib, omonat umr kemasi chayqalib, boshqa bir tomonga na’ra tortgancha suzib keta boshladi. Bir ish shunchalik insonni oʻzgartirib yuborishini oʻsha payt yurak-yurakdan his etib koldim…

Endi nima qilish kerak? Uzlatga chekingan darvesh yoki chilla oʻtirgan taqvodor kabi uydan chiqmay yolgʻiz xonamga qamalib oʻtiraveraymi? Shundagina hayotim oʻz-oʻzidan yana asl holatiga qayta boshlaydimi? Bilmayman. Bilganim esa menga doim pand beradi. Balki shu sababli bilimliligim, haqiqatning yuziga tik boqib, ikkiyuzlamasilik qilmasdan «qanday boʻlsam, shunday koʻringanim uchun» meni ishdan ketishimga sabab boʻlgandir, deb oʻylab qolaman. Boʻlmasa nima boʻlishi mumkin. Tarozining ikki pallasiga tortib koʻrsam, barcha ayb oʻzimning haqqirostligimda boʻlib chiqaveradi. Rahbarga yoqish uchun ikki bukilib ta’zim bajo bergim kelmasdi deng, boshkalar kabi iltifot yuzasidan boʻlsa ham «arstist»lik qilish san’atini eplolmasdim. Bu ham bir bahona boʻlib qoʻshilgan boʻlsa kerak-da? Tagʻin oʻylanaman: omadli yigit edim-ku? Istaram issiq, koʻrgan chiroyli ayollar, qizlarning nigohidan menga moyilligini sezib qolardim. Xuddiki, bir yoqimli gap aytsam boʻldi, izimga ergashib xonamgacha kelishi aniq. Bunga shubha ham qilmasdim. Sevgan qizim ham ilk bor tanishganimizdayoq koʻngli tushib qolganini, bitta nigohim bilan yuragini zabt etganimga iqror boʻlib aytib bergandi… Endi esa sinik va aftoda, haqir va zabun holimda oʻsha paytlardagi unutilmas xotiralarni eslab, ich-etimni yeb oʻtiribman…

Men endi oʻshanday ishni qaerdan topaman? Bir ketgan joyingga yana gʻurur va nomusingni yigʻishtirib, asl yuzingni pardalar ortiga yashirib, mugʻombirlarcha iltifot koʻrsatib borish kerakmi?! «-Yoʻq», deydi ichimdagi oʻsha gizli. Bunday paytlarda oʻsha ichimdagi «allakim» yoʻldan qaytaradi. «Borma, u yerda insonlik martabang baribir bir pulga aylanadi. Sen kim eding! Kim boʻlding?» deydi ikkinchi allakim. Shuncha yil ishlaganim bir yon boʻldiyu, ishsiz yashay boshlaganim bir taraf. Qishloq olis emasmi, qaniydi oyimning yillar zahmatidan ajin oralagan yuzlariga toʻyib-toʻyib qarasam, dillashsam, hasratlashsam edi. Bu borada ham imkonsizman. Masofa – ming chaqirim! Bir yarim kun yoʻl bosish kerak poezdda. Telefonda ikki-uch daqiqadan naryogʻiga oʻtmaydi suhbatimiz. Ustiga-ustak ishdaligim paytida vaqt ham topolmasdim. Endi-chi, umuman hech kim bilan gaplashgim kelmay qoldi... Koʻrdingizmi doʻstim, sizning oldingizda botinimdagi sirlarni roʻy-rost aytayapman. Aslida insonlikning asl chehrasi oʻsha nuqtada ayon boʻlar, kim bilsin? Negadir menga shunday tuyulmoqda…

Tashqariga chiqay desam – kuz. Havo salqin. Darxtlar shir yalangʻoch. Qaydan zavq olishimni ham bilmay karaxtman. Osmon qat-qat bulut. Ikki kunda bir yomgʻir sevalaydi. Xonamga kamalib oʻtirdim. Zavqimning esa kun-kundan pushti kuyib boryapti. Hech narsaga dil chopmaydi. Ishtaha ham yoʻq. Bir burda nonni botirib bir piyola choy ichaman. Qornim toʻygach, suratlarni tomosha qilaman. Bekorchilikning ham adogʻi yoʻq ekanki, nima qilaringni bilmay qiynalaverasan ekan. Ishdan ketishim bilanoq, miyamda pishitib yurgan asar ham qaergadir uchib sob boʻldi. Xayollar, xayollar uni olis-olislarga sudrab ketdi. Boʻm-boʻsh qoʻl va yurakning «oh»ini tinglaydingan bironta mard yoʻq!

Nihoyat uchinchi kun. Quyosh oʻz uyiga ravona boʻlgan lahzalar edi. Tumba ichini kavlashtirdim. Non ham tugabdi. Derazadan sekin moʻraladim, goʻyoki bu nigohimni birov sezib qoladigandek. Tashqari – kuzning namxush havosi dimogʻimga urildi. Shu alfozda qaerga borish kerak? Doʻkon ham turar joyimga bir chaqirim narida. Koʻchaga chiqishim bilan hayotimga ma’ni kirarmidi. Yoki olis yulduzlarni tomosha qilib, qismatdan nolish aylagan nigohimni koʻk gumbazning yuziga qadashim kerakmi? Shu lahzada miyamga bir fikr chatnab keldi. «Ey, nolon boʻlmasang-chi? Ichkarida oʻz yogingga, oʻzing qovurilib shu alfozda – darveshona oʻtiraverasanmi? Tur oʻrningdan, tashqariga chiq. Oʻzingni salqin kuzning bagʻriga tashla. Toki botiningni qitiqlayotgan, bir dam orom bermasdan tinchingni oʻgʻirlayotgan bezovtayu behollikka oʻrin qolmasin. Tur!», – dedi ichimda kimdir.

Men uning farmoniga quloq tutib egnimga jemperimni ildim. Marmar zinani bir-bir odimlab tashqari chiqarkanman, choʻntagimga qoʻl suqdim. Bir qisim pul gʻijimlangan qogʻoz kabi oʻrogʻliq turardi. Erinmay yoʻl-yoʻlakay sanab bordim. Doʻkon tomon ketarkanman, olis-olisdagi jimir-jimir yulduzlar nigohimni oʻziga maftun etdi. Esladim. Bir paytlar bundan roppa-rosa oʻn yil ilgari birinchi va soʻnggi muhabbatim bilan tanishganimda ham shu koʻk gumbaz uzra jimirlayotgan yulduzlarga qarab izhori dil qilgandim. U esa meni jim tinglardi chogʻi, yumshoq oppoq bilagidan ushlab bagʻrimga bosganimda ham miq etmadi. Bir nima degisi kelardiyu mening sal gapdan xafa boʻlib, sirkam suv koʻtarmasligimni bilgani uchunmi qarshilik koʻrsatmadi. Olis osmon – minglab, milliyonlab yulduzlar oʻsha kuzning oʻrtalarida noyabr oyining toʻrtinchi sanasida uchrashgan paytimga guvohi shohid edi. Bugun negadir sevgilimni eslab qoldim. Yoʻl yurardim vaqt oʻtmaydi emas, oʻtardi. Men boryotgan manzilim qaer va nima ish bilan ketayotganimni unutib qoʻyibman. Shu koʻyi ancha yoʻl bosib qoʻyibman. Tabiatning yumshoq qoʻynida ulgʻaygan qishloq bolasi emasmanmi, borligʻimda ikki hol: vujudning shavqi hamda koʻngilning istagi ortgandan-ortib, meni oʻz izmida sudrab ketardi…

Olis osmonga qarab yana baqirgim kelardi. Oʻtkinchi oshiq-mash’uklarni koʻrib, tilimni tishlab qolardim. Ichimga shavqu zavq bagʻishlagan lahzalar men uchun oltindan ham qimmatdek boʻlib ketdi. Yana qornim ochiqqanini unutibman, non olish qaerda kandaydir istirohat bogʻining oldidan chiqib qoldim. Odamlar gavjum edi. Har kim oʻz-oʻzi bilan ovora. Men esa yolgʻiz bir oʻzim - zavqimning izmida devonavash edim. Keyin bir paytlar anchayin toliqqanimni xis etdim. Ishdan ketganim va bir necha kunlik uzlatda yashaganim, keyin yana tashqari chiqib, Xudoning ishidan hayratlanib sevinganim hayotimga ma’ni bagʻishladi. Xotiramning qa’r-qa’riga singib ketgan unitilmas tarix – ilk tanishuv va uchrashuvdan keyingi aytilgan izhoridil butun borligʻimda hazin kuy yangligʻ chalinardi. Men oʻsha kuyning quchogʻida erkalanrdim. Qaytishda doʻkonga birrov kirib, bir boʻlka non va qaymoq xarid qilib olgach, yana yoʻlda olis osmonga koʻz tikdim. Endi esa har bitta yulduz oʻsha paytdagi, ya’ni bundan oʻn yil ilgari M.ga aytilgan izhori dilni ovoz chiqarib shivirlayotgandek edi. Xonamga kirarkanman, M.ning oʻychan va ma’s chehrasi, oppoq yumshoq qoʻli, qovun tilimidek lablari koʻz oldimdan oʻtardi. Uni xayollarim bilan erkalardim chogʻi, ishdan ketdim nima qayta kirdim nima? Ikkisi ham menga hech-da qizigʻi yoʻqdek tuyular, meni bunday soʻlgʻinlik a yolgʻizlikdan qutqargan koʻcha va bogʻ, osmon toʻla yulduzlarga ta’zim qilib, «iltifotimni qabul et», deya kuymalanadim…

Yana bir hol: xonam derazasini ikki qanotini ham kengroq ochdim. Tashqarida kuz. Daraxtlarning omonat shovullashi. Osmonda yulduzlar jimiri hammasi shu lahzadagi kayfiyatimga juda-juda mos edi. Ichimdagi lohaslik va behollikdan asar ham qolmagan, qaytamga sevgilimning yoniga tezroq qush kabi uchsamu uning birinchi tanishuv kechadagi kabi tilim-tilim lablaridan toʻyib-toʻyib oʻpgim va yana bagʻrimga bosib uzun sochlarini silagancha erkalagim kelardi…

2011