OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXursandbek Toʻliboyev
Asar nomiGʻamgin she'r sogʻinchi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Xursandbek Toʻliboyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gʻamgin she'r sogʻinchi
Xursandbek Toʻliboyev

«
Chaqin boʻlma,
boʻlma guldirak,
erdan koʻp ham uzoqlab ketma.
Ovozingni yirtmagin bekor,
erni quchma – quloching yetmas.
Undan koʻra biror odamning
makoni boʻl – irmoqli, soyli,
shamollarni toʻsgan togʻi boʻl,
osmoni boʻl, yulduzli, oyli.
»

Har kuni bu kitobni qoʻlimga olarkanman, hali biron she’rni oʻqimay turib, yuragimga «eng gullagan yoshlik chogʻida» oʻzining insonlik va ijodkor fitratini anglab yetgan shoirning nurli, va ma’yus chehrasi, siymosi koʻz oʻngimda jonlangandek boʻlaveradi. Ichimdan kuyina boshlayman, «gʻamgin she’r» izlab, qisqa va uzun, hech qanday qoliplarga sigʻmaydigan satrlarga koʻzim tushadi, fikrlarim oʻtkirlashadi, hayotga, atrof-javonibga boshqacha bir nigoh bilan qaray boshlayman. Nega shunday? Bu mahzun kayfiyat bir mening borligʻimda uygʻonaveradimi? Sabablarning oqibati bilan qiziqsinib doʻstim Gʻofurjonga sim qoqaman. Aytingchi, «gʻam soʻzin elimdan avvarloq aytdim, baxt soʻzin aytaman eldan keyinroq» deganida Shavkat Rahmon yana nimalarni nazarda tutgan edi? U shoshilmay javob bera boshlaydi: «Bu she’r yozilganida shoir juda yosh edi, u paytlar mamlakatimiz oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritmagandi, shu sababli uning koʻnglidagi mahzun kayfiyat she’rlariga ham koʻchgan, elining baxtli, osayishta kunlarini koʻrgandan keyingina quvonchli, baxt haqida aytaman, deganida shularni nazarda tutgan boʻlsa, ajabmas!» Men ham doʻstimning fikrlariga qoʻshilaman, chunki bu fikrlar oʻz isboti bilan aytilyapti... Keyin shoirning kitobini oʻqishga shoʻngʻiyman. Har bir satri haroratli, har bir satri jasoratli, joʻmardlik bilan bitilgan. Shuning uchun ham mening shu topdagi kayfiyatimga juda-juda mos va ruhiy yaqindir deb, oʻylayveraman. Oʻylarim adogʻsiz, tuygʻularim shoirning tuygʻulari kabi yiriklasha boradi. Menga nima boʻlyapti deyman turib-turib, axir bu roʻ‘bi maskunda ehtirosdan ham yuksakroq tuygʻular bor boʻlishi mumkin-ku? Nega men shoir she’rlarini sevib mutolaa qilgim kelaveradi. Bizlarni bogʻlab turgan – koʻngil rishtasining, kitobdagi hayot va undagi oʻtkir soʻzlarning mohiyatida ne sir yashirin? Bilmayman, bilishni istaganim sayin ozod tuygʻularning xumori boʻlib qolaveraman...

Shavkat Rahmon – oramizdan erta ketdi, mazmunli hayot, uch yuz sahifalik «saylanma»dagi koʻngil tarjimasi, yurak va aql munozarasi, tuygʻularidagi ochiq, yashirin samimiyat, goh oʻz talpingan ideallaridan ham balandda turgan shaxs qismati... orzu-umidlari, yashashdan maqsud ne ekanligini, el-yurtni sevish saodat, BUYUK saodatligini tushuntirayotgandek. U yashashi kerak edi, degim keladi. Na chora, oʻlim haq deya ozurda qalbimizni ovutmoq uchun oʻylab topamiz shunday soʻzlarni... shunday soʻzlarni aytib, bir-birimizni soʻzsiz tushungansimon tasalli beramiz... u oʻtkir soʻz yozib qoldirdi koʻngil daftari – she’riyatimizga. Shuning uchun ham bu insonimning olovli, qilichday keskir satrlariga mahliyo boʻlaveraman. «Kim deya borliqdan soʻrayman har gal, makon jim, zamon jim Parvardigor jim». Nega jim? Sukutning boisi nima? Nega sukut ham juda uzoq choʻzildi? Uning sukutgohini parchinlab, biron mard yoʻqmi soʻz aytadigan?! «Bor deya borliqdan soʻrayman har gal, ammo tilim lol, aqlim lol, qoyani koʻrib». Qoyaga talpinganim kabi talpinaman axir, uning she’riyatiga ham... Fidoyi boʻlish, har bir ishda mas’uliyatli yashash saodati har kimga ham nasib qilavermaydigan xislat ekanini faqat uning ijodini oʻqiy boshlaganimdan buyon anglab qoldim. Shungacha, dunyoning sirlaridan bexabar ekanman. Ayniqsa, shaxs va ijodkor qismatidan...

Shavkat Rahmon – har kuni yodimda va yonimda men-la qadam tashlayotgandek, yoʻq boshqacha aytadigan boʻlsam, yoʻlimni topolmay yurganimda toʻgʻri yoʻl koʻrsatayotgandek, xaloskor ruh kabi oʻz ziyosini sochayotgandek, sochib saodat manzili sari yetaklab ketayotgandek... tuyulaveradi. Rosti, men uning koʻngil mulki – «borliq va yoʻqlik orasi - she’riyatiga» oshino tutindim. Uka tutindim. Chunki shunday qilsamgina oʻz maqsadlarimga yetajagimni fahmlab qoldim. Ozod ruh, ozod soʻz, ozod VATAN!!! Shoir sogʻinchi va yuragining allaqaerida shu zaminga uni bogʻlab turgan rishtaning aynan oʻzginasi emasmikin – hurlik! U bunga osonlikcha erishmadi, olis oʻlkalarga safar qildi, yetti yot begona «til»ni oʻrgandi, sogʻligidan judo boʻldi, koʻplab tuygʻularini qurbon berdi, she’r madad berdi unga, she’r shifo tiladi! Borligʻini bir boshqacha hol chulgʻasa ham, MARDONA chiqdi maydonga:
- YOVGA TERS QARAGAN MUSULMON EMAS!!!

Shoir goh sevinch yoshlari koʻz soqqalariga qalqib chiqib, goh armonlari orzuga doʻnib, «Sendanda ulugʻroq narsa yoʻqligin, sochim oqarganda angladim, Vatan!» Qanday olov soʻzlar bu! Qanday nidolar edi! Inson mohiyatiga safar emasmi? Vatanni anglash! Yurtni sevish! Ijodkorlik qismat ekan, shu qismat chegarasining qadriga yetgan bor, yetolmay gʻaflatda qolib ketgan bor... lekin chinakam ijodkor uchun VATAN qadridan, VATAN ozodligidan ortiqroq baxt va shodlik boʻlmasa kerak! Shunday pogʻonaga chiqqunga qadar, bir umr baxt soʻzin aytmay yashagan va oʻz koʻzlari bilan koʻrgan baxtni aytish – BUYUK SAODAT ekanligini nihoyatda jozib satrlarga joylay olgan shoir «aqllidir, kulliydir»(Rumiy). Yuzlab shoirlar oʻtdi, minglab shoirlar oʻtdi, oʻtkir soʻz qolmasa hech narsa qolmasligini endi-endi mazmuniga yetgandekman, yetib qadam tashlagandekman... Yozgan she’rlarimni tandirga tashlab, anov «lov-lov olovga» qarab sochgim keladi, kuli koʻkka sovirilsin, yo turib gilga aylansin!!!

«Shavkat Rahmon degan
bir oʻjar shoir,
bir kuni qaytadan yaraladimi?» –

degan misralaridanoq insonimning mukammal, komil inson ekanligini anglash mumkin. Negaki, «yuragi yonishdan toʻxtamagan»(U.Hamdam), eng muhim soʻzlarini faqat she’r degan bitta bayroq ostiga yaxshilab muqim joylay olgan shoir nidolari haqiqatdan ham JASORAT va MARDLIK, INSONLIK va IJODKORLIK qismatining yaxlit, uygʻun namunasi emasmi?! Buni bir boshqacha tarzda idrok qilib, ifoda etsak – tili-yu, dili, amali-yu, amoli bir ekanligiga shahodat boʻlamiz.

Taqdir ajoyibotlari koʻp va turfa xil. Lekin shunday insonki bor, oʻzi haqida maqtov eshitsa dili ozorlanadi, «uning uchun ijod muhim, shu bois ham maqtovlarni unchalik xush koʻrmaydi» deganlari naqadar toʻgʻri. Shavkat Rahmon ana shunday yuksak iste’dod egasi, maqtovdan, unvonu martabadan baland koʻtarila olgan, «qobiqni yorib chiqib» saodat eshigiga yetishgan, vatanparvar shoir edi. Lekin ayni kuy avjida uzilgan tor, kuy avjida singan koʻngil... Yana qancha soʻz qoldi botinida aytilmay, «shiftga qarab yozilgan»larini kimlar oʻqib berarkan... U soʻnggi bor oʻlim toʻshagida, shiftga boqib, tasavvuridagi osmonga boqib nima demoqchi edi? Afsus, nadomatlar boʻlsinkim, uning yosh umriga zomin boʻlgan oshkoralikning «jallod»lari hozir ham hayot! Shoir buni bilganidek «Hozir ham pana-panaga berkinib olgancha, igʻvodan, gʻiybatdan kutar baraka...»

Shavkat Rahmon – qisqa umr yoʻli, sharafli va unitilmas yoʻl! Abadiyat oralab – oʻziga soʻqmoq ochgan, oʻziga oʻzi javob beraoladigan, bizga hech hisob bermaydigan zahmatli yoʻl, ogʻriqli yoʻl! Manzili – she’r, xayrixohi – she’r! U vatandan olib vatanga berdi, Alloh ato etgan iste’dodiga xiyonat qilmadi, chinakam mardlik, komillik alomati bu! Soʻzlarni sevdi, chin va goʻzal soʻzlarni koʻz qorachigʻiday avaylab-asradi, koʻz tumor qilib yuragiga ilib qoʻydi. Shunday haroratli yurakdan, hissiz va tuzsiz she’r chiqishi mumkinmi? Yoʻq albatta! Chunki, uning borligʻida – chin soʻzlar makon qurgan edi. Shu sababli shoirni chin soʻzlari ham tashlab ketmadi, ketolmadi, istaklar birlashgan makonda – baxt va shodlik bahori barq urib ochildi, erta gulladi, erta toʻkildi, qishning sovuq va xazonlariga aylanmadi, aksincha, «yashil edi qantar oyida»...

Bu roʻ‘bi maskunda ijodkorki bor, hamisha bezovta, behol, lekin bu chinakam iste’dod, chinakam talant egalariga Tangri taoloning sharaf bilan bergan – goʻzal dardlari. Shunday sharafli, ogʻriqli yoʻlning azoblarini totgan, kechalari uxlamay, oromini oʻgʻirlagan tuygʻular toʻfonida toʻlgʻongan ShAXS, INSON edi u. Ha, boshqacha ifodalab boʻlmaganidek, boshqacha yashashni istamagani kabi... u koʻz yoshlarini koʻrsatmay «mangu yigʻlaydigan koʻzim koʻksimda» deya doʻstiga yukinib soʻz aytadi. Aytish ham bir saodat ekanligini, sharaf va burch darajasidaligini teran his etadi. Topingan ruh – she’riyatida, she’r bagʻridagi umidda, umid bagʻridagi – hayotda edi. Shu sababli ham XX asrning «barmoq bilan sanarli shoirlari qatoridan» joy oldi. Abadiyat oralab, Oʻshdan chiqdi, Vatanini alqadi, uni butun borligʻi bilan sevdi, oʻsha sevgisini uch yuz sahifalik birgina kitobiga manguga muhrlab ketdi... Istagan sahifasini ochib oʻqib koʻring, bunga shubha qilmaysiz, qaytamga ijodkor qalbiga teranroq kirib borasiz-da, «Vataningizni yuragingizning eng chuqur joyiga yashirib qoʻyasiz». Uni koʻrsatish u yoqda tursin, soʻz bilan aytishdan qizgʻonasiz...

Odam uzoq yashar, judayam uzoq,
agar doʻsti boʻlsa suyanadigan,
agar doʻsti boʻlsa har qutlugʻ sahar
bahaybat quyoshday uygʻonadigan.

Bu satrlardan ham teran ma’no, oqibatni bashorat qilish qobiliyati, oʻz davridan yigirma yil oldini sezishi, juda olislarni koʻzlagan maqsadlar istagi, roʻyoga aylansa-da, xuddi bir goʻzal tush ta’birini soʻylayotgandek, soʻzlab hikmat aytayotgandek tuyulgani kabi... shoir talpingan IDEAL aslida ham shudir, koʻngil doʻsti gʻarib boʻlmasa boʻldi demoqchidek... Uzun oʻylar surishining asl sababi ham shudir balki... bu oʻylar «Uygʻoq togʻlar» bilan bir suhbat boʻldi, chinakam jasoratli suhbat...

Men yana kitobni varaqlab, uning har bir satrini koʻzlarimga surkab oʻqiy boshlayman, olis-olislardan birda sevinch, birda mungli kuy taralayotgandek, taralib yurak-bagʻrimni tigʻlayveradi... Safarda topgan ma’nolarimni toblay boshlayman, olis safarga chiqqan yoʻlovchi misol, kitobdagi she’rlarni yod olaman, xuddi eng zarur buyumimni yoʻqotib qoʻymaslik istagida... Afsus, bu she’rlar yurak bilan oʻqiy desang, yuraging hapriqadi, aql bilan mutolaa qilsang, aqling shoshiblar qoladi, har ikkisini uygʻun holda oʻqishga tushsang bardoshing yetmaydi, chunki kamida Shavkat Rahmon kabi yuragingda jasorat, jasoratga yarasha mardlik, mardlikka yarasha – soʻz kerak boʻladi! Ana shundagina – «Shavkat Rahmon degan bir oʻjar shoir, bir kuni qaytadan yaralib» gʻamgin she’rlarini qulogʻingga sabo kabi shivirlab ayta boshlaydi...

26.11.2012 y.