OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXurshid Davron
Asar nomiAlgʻul (Mirzo Ulugʻbek)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Dramaturgiya
Mualliflar
   - Xurshid Davron
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Fojialar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm101KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Algʻul (Mirzo Ulugʻbek)
Xurshid Davron

Ishtirokchilar:

Mirzo Ulugʻbek – Movarounnahr podshohi, 54-55 yoshlarda
Abdullatif Mirzo – Mirzo Ulugʻbekning toʻngʻich oʻgʻli, Balx viloyati hokimi, 25 yoshlarda
Abdullaziz Mirzo – Mirzo Ulugʻbekning kenja oʻgʻli, valiahd, 20 yoshlarda
Ali Qushchi – Mirzo Ulugʻbekning suyukli shogirdi, mashhur olim, 36 yoshlarda
Xoja Nizomiddin – devonbegi, 45-50 yoshlarda
Xoja Burhoniddin – shayxulislom, 45 yoshlarda
Shamsiddin Muhammad Miskin – qozikalon, 60 yoshlarda
Shoh Vali Bahodir – amir, 45 yoshlarda
Bobo Husayn Turkistoniy – amir, 45 yoshlarda
Mironshoh qavchin – amir, Samarqand dorugʻasi, 50 yoshlarda
Sultonshoh barlos – amir, 50 yoshlarda
Ona – amir Vafodorning onasi, Ulugʻbekning enagasi
Toʻyjon – xonanda ayol, 24-25 yoshlarda
Talabalar, shaharliklar, mulozimlar

Pesadagi voqealar 1449 yilning kuzida, bir kun davomida boʻlib oʻtadi.


Birinchi Parda

Birinchi Koʻrinish

Qadimiy Samarqandning Chorsu maydoni. Bozor yaqinligi seziladi. Gʻala-gʻovur dam pasayib, dam kuchayib eshitiladi. Ba’zan yaqindan oʻtib ketgan ot tuyoqlari ovozi keladi. Maydondan oʻtib turgan yoʻlovchilarning ayrimlari bir yerda toʻxtab, gaplashib qoladilar.

Birinchi shaharlik: Podshohimiz koʻp aziz vaqtlarini yulduz sanashga behuda sarf qilmoqdalar. Siz ta’rif qilgan oʻsha rasadga qamalib olib, allaqanday… zijmu derlar, bir baloni tuzmak ila muttasil mashgʻuldurlar. Mamlakatda ne boʻlayotganidan esa mutlaq bexabarlar. Bu ishning oqibati, bilmadim, ne boʻlgusidur.
Ikkinchi shaharlik: Oqibatini koʻrib turibmiz. Soʻnggi bir-ikki yilda necha karra tahlikada qoldik.
Uchinchi shaharlik: Sultonimiz falakiyot sirlarini tafakkurlari ila tadqiq qilurlar, sayyoralar yoʻlini hisoblab bilurlar.
Ikkinchi shaharlik: E qoʻying, oʻsha yulduzlarni... Oʻsha Mirrixu Utorudning sizu bizga ishi yoʻq! Yoʻlchiga yoʻl koʻrsatgan Zuhro ham tashvishimizda yoʻlboshchi boʻlolmas, madad bermas, yupanch berolmas.
Birinchi shaharlik: Men sultonimiz tadbirli, oqil, ulusga mehribon zot ekanliklarini inkor etolmayman. Ammo men uchun zamin, oyu yulduz harakati emas, tegirmon toshining harakati muhimroqdur.
Uchinchi shaharlik: Rost soʻyladingiz, soʻnggi yillarda mamlakat qayta-qayta gʻoratda qoldi. Ammo podshohimiz har safar jiddu jahd ila yogʻiyni saltanatdan soqit qilmishlar…
Birinchi shaharlik: Har safar mamlakat oldingidan koʻra kuchliroq talofatga uchramayaptimi? Ayting, taqsir?!
Ikkinchi shaharlik: Podshohimiz esa osmondan tushmay-dilar! Hozir ulamoyu umaroning koʻpchiligʻi podshohga zid, alarning gʻazab va intiqom tigʻlari oʻtkirlashgan. Yaqin orada qonli gʻavgʻolar boʻlishini sezib turibman.
Uchinchi shaharlik: Taqsir, gumoningiz behuda. Qirq yil hukmfarmolik qildilar, bu yogʻigʻa ham egam panohida saqlagay, inshoolloh…

Shovqin-suron kuchayadi. Odamlarning harakatida tashvish alomatlari zohir boʻladi. Suhbatlashib turgan shaharliklardan biri yugurib oʻtayotgan tanishini toʻxtatadi.

Ikkinchi shaharlik: Ha, mulla Mirgʻiyos, buncha hovliqasiz, tinchlikmi?
Toʻrtinchi shaharlik: Shahzoda Abdullatif podshohgʻa qarshi isyon boshlamish!
Uchinchi shaharlik: Yo alhazar!
Birinchi shaharlik: Ana aytmadimmi? Oʻgʻilningʻ otagʻa qarshi isyon boshlagani men soʻylagan gʻavgʻolar ibtidosi emasmi?
Ikkinchi shaharlik: Yo Rabbim, endi nima boʻladi?
Birinchi shaharlik: Bu yogʻi nima boʻlishini aytaymi? Qop koʻtarib bozorga yugurmoq lozim.
Uchinchi shaharlik: Hozir qopni gapirasizmi?
Birinchi shaharlik: Olti farzandingiz bor, taqsir. Agar hoziroq qop koʻtarib bozorga chopmasangiz, ertaga oʻzingiz qopga tushgaysiz.

Suhbatdoshlar toʻrt tomonga shoshilib tarqaladilar. Yolgʻiz qolgan birinchi shaharlik bir lahza oʻyga choʻmib turadi-da, oʻz-oʻziga gapirgancha shoshib chiqib ketadi.

Birinchi shaharlik: Avomga oyu yulduz harakati emas, tegirmon toshining harakati muhimroqdur, desam ishonishmaydi…


Ikkinchi Koʻrinish

Milodiy 1449 yil kuzi. Shohruh vafotidan keyingi talotumlar oqibatida boshlangan hokimiyat uchun kurash avjiga chiqqan. Shahzoda Abdullatif mirzo otasi – Movarounnahr hukmdori Mirzo Ulugʻbekka qarshi bosh koʻtargan payt.
Samarqand yaqinidagi Koʻhak tepaliklari. Tepaliklar oralab oqadigan Obi Rahmat arigʻi yoqasidagi balandlikda naqshinkor rasad binosi koʻzga tashlanadi. Binoga ancha shikast yetgan.
Rasad etagidagi bogʻ va Chilsutun koʻshki. Subhi azon. Hali atrof qorongʻi.
Olis-olislardan azon chorlovi elas-elas eshitiladi. Jimjit-likda xavotir va vahima yashirin.
Bogʻ oʻrtasidagi shiyponda Mirzo Ulugʻbek bilan Ali Qushchi bomdod namozini ado etishmoqda. Nihoyat, ular oʻrinlaridan turadilar.

Ali Qushchi: Assalomu alaykum, ustoz.
Ulugʻbek: Vaalaykum assalom.

Ali Qushchi joynamozlarni olib taxlaydi va chetga qoʻyadi. U bu ish bilan andarmon paytda Mirzo Ulugʻbek oʻyga botgancha osmonga tikiladi.

Ulugʻbek: Bu dunyoda inson tafakkurini mudom ravnaq topishiga sabab boʻladigan ikki narsa bor: bu yulduz toʻla falaku (qoʻli bilan chap koʻksiga ishora qilib) mana bu yerdagi yurak… Falakdagi sobitu sayyoralar asrorini bilmak nechogʻliq mashaqqatli boʻlsa, yurakni bilmak, uni anglamak ham shunchalik imkonsizdur… Nechun quvonganda ham, qaygʻu chekkanda ham birdek bezovtalanadi? Nega oʻtkinchi hoyu havaslarga ermak boʻladi? Nega aldanadi?.. Nega aldaydi, Ali?..

Ali Qushchi:

Yagona birlikka egadur olam,
Bu birlik, shubhasiz, yurakdadur jam.
Falak sirlarini kashf eta bilib,
Yurak asrorini bilolmas odam.

Ulugʻbek: Haqqast shunday! Men falakning koʻp jumboqlarini anglab yetdim, lekin mana bu yerdagi (U yana chap koʻksini mushtlaydi) bir parcha goʻshtni anglayolmadim!.. Nega oʻgʻlim menga xiyonat qildi?! Ul ham yuragidan bexabarmu, Ali?
Ali Qushchi: Qismatga iloj yoʻq, ustoz… Qismat beomondur!
Ulugʻbek: Qismat ham falakday beomonmu? Qismat beomonligi falak nihoyasizligi kabi dahshatlidur. Yoʻq, bu hadsizlik meni dahshatga solmaydi, uning sirini bilolmasligim qoʻrqitadi, xolos…
Men kimman?.. Qanday yashashim kerak?..

(Sukut choʻkadi.)

Ulugʻbek: Huv, anavi yulduz Baytul Javzodur… Xuddi gʻazabga mingan Abdullatif koʻzlariga oʻxshaydur!
Ali Qushchi: Shomliklar ani Iblis koʻzi demishlar.
Ulugʻbek: Haqqast, Ali!.. Beruniy hazratlarining kitoblarida oʻqiganim bor… Iblisning koʻzi! Bagʻoyat toʻgʻri oʻxshatish.

(Yana oʻrtaga sukut choʻkadi.)

Ulugʻbek: Iblisning koʻzlari chaqnab turgan mana shunday subhi azonda «Segoh»ni tinglagim keladi. Toʻyjon xonish qilgan «Segoh»ga quloq tutib oʻtirgan kezlarim yuragimni kaftimga olib tomosha qilgandek boʻlaman.
«Segoh» alamimga, sirqirab ogʻrigan jonimga oʻxshaydur! Algʻul yulduzini bilursan, Ali.
Ali Qushchi: Filhaqiqat, Algʻul gʻalatidur. Uch kun yonib, soʻngra soʻnadi-da, yana paydo boʻlub, avvalgidek porlab turaveradi.
Ulugʻbek: Koʻksimdagi iztirob ana shu Algʻulga oʻxshaydur, Ali!.. U goh soʻnib qolgandek boʻladi, soʻngra yana jonimda ogʻriq qoʻzgʻaydi… Kun kelib Algʻulning mubham siri ayon boʻlgusidur… Ammo… ammo bu iztirob, bu ogʻriq siridan bexabar oʻtishdan qoʻrqaman.

(Yana jimlik.)

Ulugʻbek: Ali, janozam oʻqiladigan payt, mabodo boshimda boʻlsang, ayt, «Segoh»ni chalsinlar…
Ali Qushchi: Qazoyi qadar haqida gapirmang, qiblagoh. Hali, Allohga shukurkim, koʻp yashaysiz.
Ulugʻbek: Yuragimda motam bor, Ali! Boshimga kelgan har baloni koʻtarmoqqa rozimen. Lekin tuqqon bolam boshimga tigʻ bila kelaturganiga qandoq chiday? Ayt, jigarim, ayt, nima qilay?!
Ali Qushchi: Bular oʻtkinchidur! Inshoolloh, yaxshi kunlar kelgay.
Ulugʻbek: Shul mudhish voqea sababidan koʻnglimga vahima tushdi-yu, umrim barq yangliq oʻtganini angladim. Qolgan ishlarni bitirmakni Alloh nasib etarmikin?
Ali Qushchi: Bizga va’da etgan ishlarni bitirmay qayga borursiz. Biz etagingizni qoʻyub yubormasmiz, ustoz!

(Sukut.)

Ulugʻbek: Hushyor boʻl, Ali, bugun tunda gʻalat hodisa boʻlur: bir burjda yetti sayyora davra quradi. Oqibatda kuchli shamol koʻtarilgay, daraxtlarni ildizi bilan qoʻporib uchurgay, eski binolarni vayron qilgay… Ammo baribir yuragimda gʻalayon qilayotgan boʻronchalik boʻlmas. Bu gʻalayon vujudimni boʻshliq aro, zamin bilan falak oʻrtasida, toju taxt havasi-yu, ilm ishtiyoqi, otaligu podshohlik oʻrtasida uchirib yurar… Na yerga qulab parchin-parchin boʻlgayman, na yulduzlar koʻksimga xanjar boʻlib botgaylar…

(Devonbegi – Xoja Nizomiddin kiradi.)

Devonbegi: Haq taolodin sultonim himmatlarini buyuk, qudratlarini ziyoda qilishini tilayman!
Ulugʻbek: Taqsir, tagʻin Abdullatif mirzoga maktub joʻnatmak taraddudida keldingizmu? Minba’d bu gapni aytmang…
Devonbegi: Maktub joʻnatmak maslahatidan qaytganim yoʻq, onhazrat. Ammo, hozir huzuringizga boshqa maqsadda keldim. Amringizga binoan saltanatda, uning hududidan tashqarida yuzaga kelgon vaziyatni mulohaza etdim, xufiyalar yetkargan xabarlarni tartibga soldim.
Ulugʻbek: Xoʻsh?!
Devonbegi: Dashti Qipchoqda ahvol notinch, Abulxayrxon Movarounnahrda roʻy berayotgan har bir hodisani ziyraklik ila kuzatmoqda. Moʻljali, mabodo mirzo bila urush boshlasangiz, fursatdan foydalanib yana yagʻmo qilmoq. Yana xon bila ba’zi amirlaringiz orasida xufiya aloqalar borligi xususinda gumonlar mavjuddir.
Ulugʻbek: Hushyor boʻlingiz, gʻaflatda qolib pushaymon boʻlmay-lik!
Devonbegi: Hirotda ham notinchlik. Abulqosim mirzo inisi Sulton Muhammad mirzo bila padaringizdan qolgan mulkni deb jangu jadalni hanuz toʻxtatmaganlar. Yana ma’lum boʻldiki, Abdullatif mirzo bir muddat avval Abulqosim mirzoga yashirin noma yoʻllab, ani sizga qarshi gij-gijlashga uringan…
Ulugʻbek: Oqpadar!..
Devonbegi: Sulton Abusayid mirzo ham gʻimirlab qoldi, aning xatti-harakatlarida itoatingizdan chiqishga urinishlar zohir boʻlmoqdadur.
Ulugʻbek: Abusayidni qoʻying, shahzoda xususida yana qanday xabar bor?
Devonbegi: Mirzo Jayhunni kechib, Termizni ishgʻol qilgani xabarini aytgan edim, hozir ham ildamlik ila yoʻl bosishdan toʻxtamaydur.
Ulugʻbek: Sarhaddagi qoʻshunlarni kuchaytiring, Kesh bila Kitobdagi amirlar hushyor boʻlsunlar!
Devonbegi: Podshoh hazratlariga yana bir noxush xabarni yetkazish qulingizning zimmasiga tushdi.
Ulugʻbek: Soʻzlagin!
Devonbegi: Bugun tunda amirlaringizning bir nechasi dorussaltanani yashirin tark etib, shahzoda tomonga yoʻl olmishlar.
Ali Qushchi: Munofiqlar!

(Mirzo Ulugʻbek devonbegi yana nimanidir aytolmay taraddud-lanayotganini sezib, battar bezovtalanadi.)

Ulugʻbek: Yana…
Devonbegi: Dashti Qipchoq yoʻlida navkarlarimiz Abulxayrxon dargʻohiga qochib borayotgan bir kishini qoʻlga olmishlar.
Ulugʻbek: Abulxayrxon dargohiga?! Kimni?!

(Devonbegi biroz taraddudlanadi.)

Ulugʻbek: Kimni dedim?!
Devonbegi: Amir Vafodorni!
Ulugʻbek: Vafodorni?!
Devonbegi: Ha, a’lohazrat.
Ulugʻbek: Qaerda u?
Devonbegi: Koʻksaroyda, amir Mironshoh navkarlari qoʻlida!
Ulugʻbek: Oh, Abdullatif, Abdullatif, sening xato yoʻlga kirganing boshqalarni ham oʻz komiga tortmoqda. Oʻrtadagi ixtilofdan har badniyat kimsa borki, fursatni gʻanimat bilib, foydalanishga urinmoqda. Ammo, yoningdagi – sen ishongan kishilar munofiqlik qilsalar dahshat ekan! Axir bir koʻkrakdan men bila barobar sut emgan koʻkaldoshim xiyonat yoʻliga oʻtgan ekan, boshqalar nima qilsinlar?! Men bila barobar bibim Saroymulkxonim dargohida tarbiyalangan, volidasi – suyukli enagam har ikkimizni oq yuvib, oq taragan boʻlsa-yu, mana oqibati… Soch-soqoliga oq tushganda shu ishni qiladimi?! Sarhadlarda bahodirligʻ qilayotgan oʻgʻillari-yu, nabirala-ridan uyalmadimi?..
Xoja Nizomiddin, shayxulislom bilan qozikalon janoblari keldilarmi?
Devonbegi: Ular amringizga muntazirlar, a’lohazrat.
Ulugʻbek: Huzurimga chorlang!

Devonbegi chiqib shayxulislom xoja Burhoniddin bilan qozikalon Shamsiddin Muhammad miskinni boshlab kiradi. Ulugʻbek ularni ehtirom bilan kutib oladi.

Shayxulislom: Podshohi zamon, dini islomning koʻmakchisi, olamni zabt etgan Sohibqiron Amir Temur Koʻragonning koʻz nuri Sulton Ulugʻbek Koʻragon davlatlariga Alloh taolodan ravnaq tilaymiz!
Qozikalon: Inshoollohu taolo!
Ulugʻbek: Poyqadamingiz bosh ustiga.
Shayxulislom: Silqigan koʻzlaringizdan bu kechani ham uyqusiz, behalovat oʻtkarganingizni koʻrib turibmen.
Ulugʻbek: Mavlono Burhoniddin, siz bir kechani aytasiz. Butun umrni shunday farogʻatsiz oʻtkazdik-ku. Mudom tahlika, mudom jangu-jadal, mudom bemehrlik!
Shayxulislom: Xudo xohlasa, barchasi oʻnglangay. Oyning oʻn beshi qorongʻi, oʻn beshi yorugʻ, deydilar.
Ulugʻbek: Peshonamizga yolgʻiz qaro bitiklar, qaro soʻzlar yozilganga oʻxshaydur, hazratim.
Shayxulislom: Peshonadan shikoyat qilmoq islom podshosiga yarashmagay.
Qozikalon: Xudoyim sizga quvvat bersun.
Ulugʻbek: Siz menga quvvat tilaysiz, men ersam halovat istaymen, halovat…
Shayxulislom: Bizni chorlagan ekansiz, shunga keldik.
Ulugʻbek: Har nechuk soʻz boʻlsa, iddaosiz oʻrtaga tashlab, aql va insof bilan hal etmoq uchun sizni chorlagan edim.
Soʻylangiz, gumroh farzandimiz fitnasini daf etmoq uchun ne chora buyursak ekan?
Qozikalon: Oʻz padariga tigʻ koʻtargan zurriyot, inshoolloh, Haq taoloning qahriga yoʻliqur, davlatpanoh!
Shayxulislom: Mulki Movarounnahr taqdiri, saltanat roʻzgʻori sizning ilkingizdadur. Sizning muborak xotirangiz bu hodisalar xususida ne fikr bayon etsa, biz andin bosh tortmagaymiz.
Ulugʻbek: Ammo men sizning muborak xotirangizda ne fikrlar bordur, bilmoqchiman… Soʻylangiz.
Devonbegi: Janoblariga ma’lum boʻlsunkim, biz sultoni-mizni necha kundan buyon shahzodaga maktub joʻnatmakka da’vat qilurmiz. Ammo a’lohazratlari bunga aslo koʻnmaslar… Vaqt esa ziq, har soniya oltinga teng.
Ulugʻbek: Yoʻl yoʻqotgan farzandimga nima deb maktub bitaman! Qahri tahdid qilaymu, yalinaymu?.. Yo oldin unga maktub bitmagan edikmu?!
Qozikalon: Oʻz qiblagohining irodasi farzand uchun farzi ayndur. Aning irodasiga bosh egmagan farzand ustidan hukm chiqarmoq padar uchun ham farz, ham qarzdur, davlatpanoh!
Shayxulislom: Eng avvalo jazoni oʻylash emas, bu falokat oldini olmoq kerak, tokim uning dahshatli changaki davlatingizni qaqshatmasun! El-ulusga ozor bermasun!
Ulugʻbek: Qanday qilib? Aqlli kengash bering!
Shayxulislom: Aqlli kengash shulkim, Xoja Nizomiddin aytqonlaridek, Abdullatif mirzoni aqlga, insofu vijdonga chaqirasiz, uning koʻnglida mehru oqibat uygʻotishga harakat qilasiz.
Ulugʻbek: Demak, siz ham maktub bitmakka da’vat etasiz?!
Shayxulislom: Ore, olampanoh!
Ulugʻbek: Demak, yurishga hojat yoʻq?
Shayxulislom: Aslo!
Ulugʻbek: Ammo noqobil farzand yaxshi tilaklarimizni qabul etmasa-chi? Unda nima qilgaymiz?
Devonbegi: Mehru oqibatingizni rad etsa, unda idrok etmoqdin ojiz farzand boʻyniga tayoq urmoq otaning vazifasidur.
Shayxulislom: Ammo aslo qilich urmoq emas!
Ulugʻbek: Unda siz shahzodaga maktub bitmak chorasini koʻringiz.
Shayxulislom: Bu savob ishni barpo qilmoq uchun kamina har qanday mashaqqatdan yuz oʻgirmasman.

(Qozikalon sukutda.)

Ulugʻbek: Qozikalon janoblari, nechun siz sukutdasiz?!.
Qozikalon: Ish maktub bilan tuzatmoq haddidan oshibtur, deb qoʻrqaman. Shahzoda bamisoli kamondan uzilgan oʻqdur, ani toʻxtatmoqqa qogʻoz emas, qalqon lozimdur…
Ulugʻbek: Davom etingiz…
Qozikalon: Ma’lumingizki, men harb kishisi emasman, ammo har ikki tarafning kuchini, har yoqdagi sharoitni uzoq mulohaza etdim. Taraddudga aslo hojat yoʻq. Hayallamay zafar bayroqlarini koʻtarishingiz lozim!
Shayxulislom: Aslo bunday qilmang, a’lohazrat… Mavlono Muhammad Miskin, ilmpesha podshohimiz…
Qozikalon: Ilmpesha podshohimiz toju taxtni ilm kuchi bila emas, qilich bila olganlar, uni yana qilich bila poyidor qilishga harakat qilmoqlari darkor!
Shayxulislom: Bu yerda qilichning hojati yoʻqdur!
Qozikalon: Ammo saltanat tamalini qulatmoqqa koʻtarilgan qoʻllarni kesmoq zarur!
Shayxulislom: Butun olam tigʻlari harakatga kelgan chogʻdayam, agar Alloh taolo xohlamasa, bironta tomir ham qirqilmagay!
Qozikalon: Hazrati paygʻambarimiz oʻrnatgan shariat charogʻisiz biror kishi oʻz aqliga najot koʻchasini topar deb oʻylamang. Xuddi shuningdek, agar sultonning haybati oʻz mulkini himoya qilmasa, bu saltanatda hech kimsa tinchlik-xotirjamlik bilmagay.
Ulugʻbek: Chora… chora aytingiz.
Shayxulislom: Oʻgʻlingiz gunohini adlu avf suvi bila yuvmoq, davolamoq zarurdur. Boʻlgusi muomalada qilichga emas, adolat kuchiga suyanmoq mirzoni gumrohlikdan qaytarar deb inonurman!
Qozikalon: Qur’oni Karim «Urush ochganlarga qarshi urush ochmoqqa ijozat etilur, negakim ular yoʻldan ozganlardur» deb buyurar. Yagona chorasi yo jang qilmoq, yo mirzoni dunyodan olib tashlamoq lozim!
Shayxulislom: Astagʻfurulloh!
Ali Qushchi: Alloh taolo bunday kunni hech bandasining boshiga solmasun!
Ulugʻbek: Xudoyim oldida ne gunoh qilgan ekanman?!
Qozikalon: Tojdor boʻlmoqni tilagan bosh oʻlumdan qoʻrqmaydi, degan naql bor. Farzandingiz oʻz oʻlimini boʻyniga olgan boʻlmasa, bunday kufr ishga – oʻz tuqqon padariga tigʻ koʻtarishga jazm etarmidi? Yoʻq, olampanoh, yagona chorasi: yo jang qilmoq, yo shahzodani dunyodan olib tashlamoq!
Shayxulislom: Ikki daf’a aytgan boʻlsangiz-da, hanuz quloqlarimga ishonmasman. Qozikalon janoblari, nahotki sizning ogʻzingizdan chiqdi bu gap?!
Qozikalon: Balki siz boshqa chorasini aytursiz!
Shayxulislom: Men chorasini aytdim.
Qozikalon: Siz aytgan tadbir bila ish baribir bitmaydi. Saltanat taqdiri hal qilinar ekan, na gunoh ish boru, na muqaddaslik bor, na begonalik boru na ota-bolalik bor. Hazrati Rasulullohning «La arhama bayn-ul mulki», ya’nikim «Podshohlar oldida hech kimning qavmi-qarindoshligi yoʻqdur», degan muborak hikmatlarini unutdingizmu, taqsir?!. Shunday ekan, men uchinchi daf’a takrorlashdan ham qaytmasman: yagona chorasi yo jang qilmoq, yo Abdullatif mirzoni dunyodan olib tashlamoq!
Devonbegi: Ishni maktub bila bitirmoq haddi oʻtgan boʻlsa, a’lohazrat jang qilishni istamasalar, oʻylashimcha, soʻnggi choradan… albatta, hech iloji qolmagandan keyin foydalanmoq lozimdur.
Ulugʻbek: Bu qanday soʻnggi chora ekan?
Devonbegi: Davlatpanoh, muborak dilingizni xira qiladigan boʻlsa-da, aytaman. Qabul qilish, yo rad etish ixtiyoringizda…
Ulugʻbek: Xoʻsh?!
Devonbegi: Shahzodani istalgan onda saranjom qilmoq uchun uning orqasiga soya ergashtirib qoʻygan edik.
Ulugʻbek: Nega mening xabarim yoʻq, Xoja Nizomiddin?!
Devonbegi: Siz bunga aslo izn bermas edingiz, a’lohazrat, ammo saltanat amalini oʻylab, shahzoda qingʻir yoʻlga kirayotganini sezgan mahaldayoq shu chorani qoʻllagan edik.
Ulugʻbek: Haddan oshibsiz, Xoja Nizomiddin!.. Xufiya vazifa kimga topshirilgan?!
Devonbegi: Shahzoda yonidagi xos navkarlardan biriga.
Ulugʻbek: Agar ul nobakor zarracha xatoga yoʻl qoʻysa, oʻz imkonidan ortiq ish tutsa, siz javob bergaysiz!
Devonbegi: Men anga kafilmen!
Ulugʻbek: Boshingiz bila kafilsiz! Shahzoda boshidan bir moʻy sababsiz toʻkil­guday boʻlsa, sizning qoningiz toʻkilgay!..
Qozikalon: Davlatpanoh, aql bila ish koʻradigan boʻlsak, biz aytqon choradan boʻlak oʻzga chora yoʻqtur!
Ulugʻbek: Ha, aql insonlar yoʻlini yoritgan charogʻdur. Ammo ba’zan charogʻ nur sochgani bilan ovloq burchaklar qorongʻi boʻlib qolaberadi. Yorugʻlik qanchalik urunmasin, soyani yanchib tashlashdan ojizdur. Insonning aqli ham shunday: yorqinroq nur sochgani sayin shubhalar soyasi ham shuncha quyuqlashadi. Faqat qalbdan taralgan, ishonch, mehru oqibat sochgan ziyogina bu shubhalarni tarqata oladi.
Qozikalon: Siz rahmu shafqat timsolisiz, davlatpanoh. Biroq… Biroq siz shahzodaga hozir farzandga emas, saltanat dushmaniga qaraganday qaramogʻingiz, shunga yarasha ish tutmogʻingiz lozim.
Ulugʻbek: Oh, ne savdo bu! Axir u mening farzandim-ku, Xoja Nizomiddin! Nega meni farzandimni mahv etmoqqa da’vat etasiz. Axir men ham insonman!
Qozikalon: Biz hammamiz insonmiz, ammo siz eng avvalo saltanatu ulusning taqdiriga mas’ul podshohsiz!
Ulugʻbek: Mayli, bizdan jabru zulmingizni ayamangiz. Adlu adolat yoʻliga jonimni fido qilmoqqa hamisha tayyorman, ammo men eng avvalo insonman, undan soʻng podshoh!
Men sizni aql va insof bilan kengash bermoqqa chorlagan edim, aslo bunday qiynoq uchun emas!

(Sukut.)

Allohu akbar, agar yulduzlar karomati yaqin oʻrtada roʻy bermasa, agar shahid ketmasam, farzandimga toju taxtni oʻz qoʻlim bila topshirgayman. Agar izn bersa, madrasada mudarrislik qilgayman yoxud rasadda mashgʻul boʻlgayman… Izn bermasa, egnimga eski palos ilgayman, darvish boʻlub uzlatga chekingayman, bu dunyo azoblaridan xalos boʻlgayman!
Devonbegi: Gʻazab vaqtida aytilgan soʻzning oqibati afsusu nadomat boʻlgay, onhazrat!
Ulugʻbek: Butun umrim afsus-nadomat emasmu, Xoja Nizomiddin?! Yoʻq, endi men sohibi taxt emas, sohibi dil boʻlmoqni istayman! Arosatda qolgan jonimni qutqargayman! Endi bizga bir burda non, bir qumgʻon sovuq suv boʻlsa, kifoya. Bu toju taxt, bu dabdaba, bu fitna-yu, makr – barchasi hirs bandalariga buyursun!
Shayxulislom: Davlatpanoh…
Ulugʻbek: Yoʻq, mavlono Burhoniddin, yoʻq… Men angladim, maktub bitmak darkor emas! Agar maktub bitgan taqdirimda ham, toju taxt deb emas, rasadda yo madrasada bir hujrani deb yalingayman!
Shayxulislom: Xiyonatkorlar oʻz chohlariga oʻzlari tushgaylar, davlatpanoh. Inshoolloh, tez kunlarda saltanat tahlika-yu, ofatlardan qutqarilur. Faqat siz bardam boʻling!

(Sukut.)

Ulugʻbek: Ali, rasadni ziynatlagan usta bobo tirikmu?
Ali Qushchi: Bobo Qambar olamdan oʻtganlariga uch yil boʻlubtur, oʻgʻillari usta Abdulgʻaffor barhayot.
Ulugʻbek: Odam yuboring, huzurimizga chorlang! Rasadni ta’mir etmoq uchun nimaiki zarur boʻlsa, aytsun, shoshilinch ish boshlasun!
Ali Qushchi: Bosh ustiga, ustoz, bugunoq odam yuborurman.
Shayxulislom: Hozir rasadni oʻylaydurgon zamonmu, a’lohazrat?!
Ulugʻbek: Fursat gʻanimat!
Shayxulislom: Haqqast rost, a’lohazrat, fursat gʻanimatdur! Yongʻin oldi olinmasa, butun yurt zarar topgay. Siz yolgʻiz oʻgʻlingizni gʻalamislik yoʻliga kirgan deb oʻylaysizmu? Yoʻq, a’lohazrat, aslo bunday emas!..
Ulugʻbek: Nega toʻxtadingiz, davom etingiz…
Shayxulislom: Sizning gʻanimlaringiz gʻimirlab qoldilar. Ayrim munofiqlar turli-tuman yerlarda gap sotib, sizga gʻoyat vahm gunohlar taqmoqdalar.
Ulugʻbek: Biz qanday gunohlar qilgan ekanmiz?
Qozikalon: Agar ijozat bersalar, aytamen. Illo, men bu xususda siz, a’lohazratlariga aytmoqni qasd qilgan edim.
Ulugʻbek: Ayting, Muhammad Miskin janoblari, ayting.
Qozikalon: Davlatpanoh, aytaman bu soʻzlarni aytmoq mening burchimdur. Yashirmayman, oʻsha gapni tarqatayotganlar atrofingizda, ham madrasalarda saboq beraturgon mudarrislar dinimizga rahna soluvchi, musulmonlarning e’tiqodiga shubha tugʻdiruvchi ilmlarni tarqatmoqdalar, qani dinu diyonat, demoqdalar!
Ali Qushchi: Igʻvo bu, igʻvo!
Ulugʻbek: Bas, Ali, bas!.. Qozikalon janoblari, yolgʻiz alar shunday demoqdalarmu yoki oʻzingiz ham shu xulosadamisiz?!
Qozikalon: Alarning gaplarida ozmu koʻpmu haqiqat bordur.
Ulugʻbek: Aflotun, Arastu, Ibn Sino, Beruniy kabi donishmandu hukamolar fikrlarini talqin etish dini islomiyaga shakkoklik deb bilinsa, madrasalarda ilm nomiga nima qolur?
Ali Qushchi: Ilmparvarligi bilan shuhrat chiqargan bir podshoh poytaxtida bu qadar jaholat!
Qozikalon: Tiyiling, mavlono, hali sizga gapirishga izn berilganicha yoʻq! Qolabersa, oʻsha gaplarning chiqishiga siz ham sababchidursiz!
Ulugʻbek: Bu holatga toqat qilib boʻlmaydi! Ilmning, hikmatning haqiqiy durlarini johillar mufsid fikrlar deymishlar! Men ilmi diniya bilan bir qatorda mantiq, hikmat, ilmi hay’at, riyoziyot kabi inson zakovatining muborak ne’matlari-la toliblar koʻngillarini tafsiya etmoqni istadim, xolos!
Qozikalon: Inson koʻnglini yolgʻiz Xudoning kitobi tafsiya etajak!
Ulugʻbek: Haq gapni aytdingiz! Inson koʻnglini sof etgan oʻsha kitob-da: «Albatta, Allohdan olim bandalarigina qoʻrqadilar!» oyati bitilmaganmi? Iymon ilmi inson zakovati yoʻlini toʻsmaydi. Inson zakosi, u tufayli yuzaga chiqqan ilmu taraqqiyot Alloh taolo yaratgan olamdagi moʻ‘jizalarni kashf etadi!
Qozikalon: Kamina adab doirasidan ortiq gapirgan boʻlsam, uzr… Ammo aytmoqchimankim, islom davlatida, dinimizning istinodi boʻlgan sizdek podshoh zamonida majusiylaru butparastlar tomonidan yozilgʻon kitoblar oʻqitilayotganiga izn bermaslik kerak!
Ulugʻbek: Axir Paygʻambari islom: «Garchi Xitoyda boʻlsa ham ilm olishga intilinglar!» deganlarini unutdingizmu? Yo bu hadisi muborakni ham rad etasizmu?! Jaholatning timsoli boʻlmish ayrim kimsalar har qanday ilmni mufsid derlar…
Men noqobil farzandim isyonidan koʻproq jaholat isyonidan qoʻrqamen. Johillar oʻz zaharlarini obi hayot deb koʻrsatadilar, xalqni chalgʻitadilar, millatni chohga sudraydilar. Ammo ilm ham, haqiqat kabi loyamutdur.
Shayxulislom: Zamon, davlatpanoh, hamma illat zamonda!
Ulugʻbek: Yoʻq, ayb zamonda emas! Hamma illat jaholatda! Insoniyat paydo boʻlibtikim, inson yuragi uchun ikki kuch: ma’rifat bilan jaholat jang qiladi.
Shayxulislom: Bu tuhmatlarni tarqatayotganlar shatranj taxtasidagi piyodalardur. Orqada qudratli donalar bordirkim, qazoi-qadar singari beomondurlar!
Ulugʻbek: O, Iblis koʻzlari!
Qozikalon: Davlatpanoh, padaringiz xoqoni sayid Shohruh Sulton bagʻoyat shariatparvar, taqvodor podshoh edilar. Saltanatdagi barcha ishlar haddan oshmagan edi. Siz esa darvozalarni katta ochib qoʻydingiz.
Ulugʻbek: Ochgan boʻlsak, adolat, ilmu urfon eshiklarini ochdik, jaholat tambalarini olib tashladik.
Dini islomiya ilmni ulugʻlaydi, olimning qadrini koʻtaradi, ilmni Allohni tanimak yoʻli deb biladi. «Mavtul olimi – mavtul olami», – olimning oʻlimi olamning oʻlimidur! Bu islomning buyuk hikmati emasmu?! Ilmni, olimni bundan ortiq qadrlash bormu, roʻyi ochunda?! Musulmon uchun bundan oliy, bundan sharafliroq vazifa yoʻqtur. Inson zakosi yengilmasdur!
Qozikalon: Ammo siz yengilib oʻtiribsiz!
Ulugʻbek: Men hali yengilganim yoʻq!
Qozikalon: Ammo bunday kayfiyat bilan gʻolib boʻlolmassiz!
Ulugʻbek: Agar oʻgʻlim meni magʻlub etsa, podshohni, otasini yenggan boʻladi, minba’d ilmni emas!
Qozikalon: Ammo sizning magʻlubiyatingiz baribir ilmning magʻlubiyatidur. Axir, ul qanday ilmki, sohibiga koʻmak berolmasa, qudrat berolmasa. Siz zij tuzib, ming oʻn sakkiz yulduz holatini mutammakkin etdingiz. Ammo hozir sizga ular emas, ming oʻn sakkiz navkar foydaliroq, yolgʻiz ular koʻmak bera olgay!
Ulugʻbek: Haq gapni aytdingiz! Hozir menga na yulduzlar, na kitoblar yordam bera oladi. Ammo baribir olamda adolat, ma’rifat, haqiqat qaror topgusidur! Alloh insonni ulugʻ qilib yaratmish, bunga misol: maloiklarning unga ta’zim qilganlari. Ammo bugun ham johillar bamisli Iblis yangligʻ inson oldida, uning tafakkuri oldida bosh egishni istamaslar! Ular yolgʻiz Iblis koʻzlaridan taralgan sovuq shu’lani tan olurlar!
Qozikalon: Davlatpanoh, bu yerda turib aytilgan soʻzlar davlatingiz mustahkam boʻlsun degan niyatda aytildi. Ani qabul qilish ham, rad etish ham humoyun haddingizga havola!
Ulugʻbek: Mavlono Muhammad Miskin, agar bizning haddi-mizda boʻlsa, bilingiz: terimni shilib olsalar roziman, ammo haqiqatni, ilmni badnom etmoqqa rozi emasman!
Qozikalon: Bu gaplarni aytishdan murod saltanatni sizga olim deb emas, podshoh deb berib qoʻyilganini unutmaslikni eslatmoqdur, a’lohazrat.
Ulugʻbek: O Xudoyim, yelkamdagi bu yuk qachon yengillasharkin? Qachon?!
Koʻkaltoshim… amir Vafodor menga xiyonat qilmish… Oʻtgan tunda Abulxayrxon huzuriga qochib borayotganida sarhadda turgan navkarlar tomonidan qoʻlga olinmish…Xoja Nizomiddin!..
Devonbegi: Hozir Koʻksaroy zindonidadur. Oʻz aybini ochiq boʻyniga olibdur.
Qozikalon: Vafosizliq qadar qabih badnomlik yoʻqtur!
Shayxulislom: Tangri bir – ahdu paymon bir! Ahdga vafosizliq qilganni jazosiz qoldirmang.
Qozikalon: Tuz haqini unutganni Allohning oʻzi ham jazosiz qoldirmagay…
Ulugʻbek: Jazo ham, hukm ham sizlardan… Agar u baxtiqaroga najot yoʻli boʻlsa, oʻsha yoʻlini; agar najot chorasi yolgʻiz jazo boʻlsa, oʻsha chorani ham aytingiz.
Shayxulislom: Siz oʻzungiz koʻkaltoshingiz bila soʻzlash-dingizmu?
Ulugʻbek: Yoʻq, men unga yuzma-yuz boʻlmoqni istamaymen. Koʻz-koʻzga tushganda uni ayayman deb qoʻrqamen. Shul sababdan hukmni ham siz aytingiz. Sizning hukmingiz adolatli boʻlgay!
Qozikalon: Isyonchining ham, xiyonatchining ham jazosi hamisha oʻlim boʻlgan! Shariati Mustafoning talabi shu!
Ulugʻbek: Demak hukmingiz: oʻlim!
Qozikalon: Oʻlim!
Ulugʻbek: Xoja Nizomiddin, siz ayting!
Devonbegi: Sohibqiron bobongiz: «Yolgʻiz xiyonatnigina kechirmang!» deganlarini unutmang, demishlar, davlatpanoh.
Ulugʻbek: Shayxulislom janoblari, siz nima deysiz?
Shayxulislom: Men ham bobongiz hikmatini ayturmen. Ulugʻ sohibqiron aytganlarki: «Biror kishiga nisbatan qanchalik qahrlanma, yuragingda uni avf etmoq istagi boʻlmasa – sen podshoh emas, oddiy jallodsan, xolos. Oʻldirish yo jazolash emas, podshohlarning kasbi avf etmoqdur».
Ulugʻbek: Naqadar dono soʻzlar!
Qozikalon (Shayxulislomga): Bu hikmatni qay maqsadda aytganingizni angladim, taqsir. Ammo Abdullatif mirzo isyoni-yu, amir Vafodor kirgan vafosizligʻ yoʻlining oldini olish uchun avf lozimmu? Amir Vafodorni qatl etmak bila shahzodani insofga chaqirishni oʻylaylik! Hammaning koʻz oʻngida osib oʻldirish kerak, tokim har badniyat koʻrub dahshatga tushsun!
Ulugʻbek: Oʻgʻlimnimu yoki amir Vafodornimu?
Qozikalon: Davlatingiz qonun-qoidalari oldida shohu gado barobardur, a’lohazrat!
Shayxulislom: Ma’lumingizkim, Ibrohim sallollohu alayhi Alloh yoʻlida farzandi boʻlmish Ismoil alayhissalomni qurbon qilmoqchi boʻlganlarida Alloh taolo uning tigʻini qaytargan.
Qozikalon: Taqsir, bu ishni Xudo yoʻlida emas, saltanatning barqarorligi uchun qilmoq joizdur. Agar shunday boʻlmasa, saltanat ham, raiyat ham ofat changalida qolgusidur.
Shayxulislom: Har narsa Allohga ma’lum, har narsa Alloh taolo ilkida!
Qozikalon: Hal qilishni Allohning oʻzi sizu bizga topshirgan ishlar ham bor!
Shayxulislom: Haqqast rost, taqsir. Ammo siz aytganingiz boʻlmaydi. Islom podshohiga oʻgʻil oʻldirgan, koʻkaltosh oʻldirgan degan dogʻ tushadi.
Qozikalon: Davlatpanoh, shunday yoʻrigʻ topmoq kerakkim, saltanatingiz parchalanmasun, farzandingiz isyon yoʻlidan chekinsun! Ammo amir Vafodorni baribir jazosiz qoldirib boʻlmaydi.
Ulugʻbek: Nima qilay?.. Ayting!
Qozikalon: Oʻlimga topshiring!
Shayxulislom: Taftish qilmoq kerak!
Devonbegi: Oʻlim!
Ulugʻbek: Oʻlim?!. Ha, oʻlim!.. Men bu hukmni tasdiq etaman va minba’d oʻzgartirmasman! Agar oʻzgartirsam, podshohlik ogʻochiga oʻzum bolta urgan boʻlaman, yana bir karra oʻz ojizligimni tan olgan boʻlaman!..
Menga bunday qarama, Ali. Sen meni amir Vafodorni oʻlimga buyurdi, deb oʻyladingmu? Yoʻq, Ali, men xiyonatni oʻlumga buyurdim, xiyonat yoʻliga kirgan nodon farzandimni insofga chaqirmoq uchun shunday qildim!
Ali Qushchi: Ammo siz hamisha «Men zolim emas, olim podshoh boʻlmoqni tilaymen!» der edingiz-ku, ustoz?!
Ulugʻbek: Ammo taxt olimniki emas, zolimniki ekan, Ali! Men yengildim, Ali, yengildim. Zolimlik olimlikni magʻlub etdi. Oʻlimni najot deb bilganim uchun magʻlub boʻldim, Ali!
Sen menga bunday qarama… Mungligʻ koʻzlaringni yerdan uz, mendan-da uz, osmonu falakka tikil, Ali… Yulduzlarga tikil. Boʻlmasa sening yuraging ham xuddi menikidek tosh qotadi, shunda sen ham oʻlimni najot deb oʻylaysan. Yoʻq, ket bu yerdan, ket, Ali... Mungligʻ koʻzlaringni olib ket…

(Ali Qushchi chiqib keta boshlaydi.)

Ulugʻbek: Yoʻq, toʻxta… Toʻxta, Ali, meni yolgʻiz qoldirma! Hazrat Sa’diy «Yo podshohlik qil yoki odamlik» deganida haq ekan, jigarim! Haq ekan!

( Tashqarida shovqin koʻtariladi.)

Ulugʻbek: Nima gap? Nima shovqin?

(Devonbegi tashqariga chiqadi.)

Ulugʻbek: Nahot bizdan meros boʻlib avlodlarga yolgʻiz adovat qolgʻay?! Nahot podshohlar hayotining tub magʻzi – toju taxt hirsi, zindon, kishan, fitna, quvgʻin, qatagʻon boʻlsa?! Nahot sohibqiron bobom yaksarhad etgan mamlakat bizdan keyin yana parcha-parcha boʻlgay?!
Shayxulislom: Mamlakatni bahodur oʻgʻlonlar toʻkkan qonlar birlashtirgay!
Qozikalon: Mamlakatni ayovsiz toʻkilgan xiyonatkorlar, qoʻrqoqlar, fitnachilar qoni, shu tufayli yuzaga chiqqan dahshatu qoʻrquv birlashtirgay, shunda uni na oʻt, na suv buza oladi!
Ulugʻbek: Mamlakatni adolat, yolgʻiz adolatgina birlashtirgay!

(Devonbegi qaytib kiradi.)

Ulugʻbek: Nima gap, Xoja Nizomiddin?
Devonbegi: Amirlar keldilar. Avzoyilari buzuq, kayfiyatlari sovuq… Amir Vafodorning volidasi ham huzuringizga kirmoq tilaydi.
Ulugʻbek: Shoʻrlik enagam!
Shayxulislom: Enagangiz xiyonatkor farzandiga imdod tilab kelgan ekan, hukm aytildi! Amirlar ra’ini biling, ularning arzini tinglang.
Ulugʻbek: Shoʻrpeshonaga nima deyman?!
Qozikalon: Xiyonati uchun oʻlumga buyuruldi, deysiz, davlatpanoh, xiyonati uchun!
Devonbegi: Amirlar kelsunlarmu?
Ulugʻbek: Yoʻq, enagamni olib kiringiz… Meni yolgʻiz qoldiringiz…

(Hamma chiqib ketadi. Amir Vafodorning onasi kiradi.)


Uchinchi Koʻrinish

Mirzo Ulugʻbek va Ona

Ulugʻbek: Poyqadamingiz bosh ustiga, ona…
Ona: Alloh sizni panohida asrasun, podshohim!
Ulugʻbek: Podshohim demangiz, bolangizman. Omon bormusiz, ona?
Ona: Yurt tinchmu, shoh oʻgʻlim?
Ulugʻbek: Tinch, ona, tinch… Faqat…
Ona: Yurt tinch – onalar tinch, shoh oʻgʻlim… Ishonchim sizdan, yolgʻiz umidim sizdan… U dunyoyu, bu dunyo sizdan roziman…
Ulugʻbek: Axir, siz hali… Nega bu yaqin orada saroyga kelmadingiz?
Ona: Podshoh bolam, men endi saroyga zinhor qadam bosmayman. Balki bu soʻnggi kelishimdur…
Ulugʻbek: Yo bizdan koʻnglingiz qoldimu? Garchi bunga sabab ham bordur.
Ona: Sizdan emas, hokimiyat deb atrofingizda tunu kun zahar sochgan ilonlardan koʻnglimni oldirib qoʻydim. Sizni tez-tez koʻrgim keladi, ammo bezovta qilishga haddim sigʻmaydi.
Ulugʻbek: Qadamingiz hamisha boshimiz ustiga, ona!
Ona: Podshoh oʻgʻlim, bobongiz xizmatini qilgan ne-ne bahodurlar, bibingiz dargohini toʻldirgan ne-ne oqilalar olamdan oʻtdilar. Ulardan yolgʻiz men qoldim… Yoshim saksonga yetganda, umrimning eng taxir davri boshlangay deb oʻylamagan edim…
Ulugʻbek: Nechun, ona, nechun?
Ona: Shuncha yil umr koʻrganim avval xudoyimdan, soniyan sizning farzandlik mehringizdandur. Lekin endi boshingizga tushgan falokatni eshitib qon yigʻlayman. Axir, bolam, ota-bola xusumatida gʻolib taraf boʻlgaymu? Qaysi tomon yengilsa, qaysi tomon gʻolib kelsa ham baxtsizlik keltirmagaymu?
Ulugʻbek: Axir, bu noqobil oʻgʻil muomalaga koʻnmasa, nima qilay?
Ona: Noqobil oʻgʻil… Noqobil oʻgʻil haqida gapirib bagʻrimni kuydirmang, ular haqida keyin aytamen… Hozir men siz haqingizda gaplashishga keldim, bolam.
Ulugʻbek: Men haqimda?.. Men haqimda hamma gapni bilasiz-ku, ona!
Ona: Bilaman, podshoh bolam, bilaman. Chap yelkangizda qaro xol borligini bilaman. Oʻng qoshingizda bilinar-bilinmas chandiq izi – qilichbozlikdan nishona borligini bilaman… Aql-idrokingiz el-ulusga nima berganini bilishni istaymen!.. Bibingiz bilan sizni mudom zolim podshoh emas, olim podshoh boʻlishingizni niyat qilar edik… Bibingiz niyatlarini koʻrolmay, olamdan oʻtib ketdilar, shukur, men koʻrdim… Ammo, shoh oʻgʻlim, koʻnglimning bir chetida sizning kamolingizdan faxrlanish hissi boʻlsa, bir chetida…
Ulugʻbek: Gapiring, ona, gapiring… Bir chetida nima?
Ona: Bir chetida mana shu kamolot yoʻlida siz bergan, berayotgan, berishga majbur boʻlgan qurbonliklar haqligiga shubham bor!
Ulugʻbek: Shubha?! Nega, ona?.. Siz qanday qurbonliklar haqida gapirasiz?
Ona: Osmonni kuzataman deb yerda boʻlayotgan koʻp narsalardan bexabar qolmadingizmu, bolam?.. Yana bilmoqchiman, onalar yuragi iztirobdan ingraydi-yu, nega hokimiyat hirsidan mast farzandlar yuragida rahmu shafqatdan asar yoʻq? Aytingiz, podshoh bolam, nega sizga xiyonat qiladilar – podshoh boʻlganingiz tufaylimu yoxud olim boʻlganingiz uchun?
Ulugʻbek: Ular menga emas, insoniylikka xiyonat qiladilar. Ular jaholat bilan chiqisholmaganim, vahshiylikni rad qilganim uchun, insonga ato etilgan ilohiy aql tuhfalari ila el-ulusni bahramand qilmoqchi boʻlganim uchun xiyonat qiladilar.
Ona: Bunday tuban gʻarazga toju taxt sabab emasmi, bolam?
Ulugʻbek: Ha, ona, haqqast rost!
Ona: Shunday ekan, toju taxt deb oʻzingizni qurbon qilishingiz ravomu?
Ulugʻbek: Oh, onajon, bu toju taxt yuki yelkamni qanchalik ezayotganini bilsangiz edi! Uni xoinu johillarga topshirsam, balki oʻzumni qutqarurman… Ammo el-ulus, butun mamlakat jaholat domiga tushishidan qoʻrqaman. Bostirib kirgan yogʻiyni haydab chiqarmoq uchun yillar kerakdur, ammo jaholatni yengmoq uchun necha zamonlar lozim boʻladi. Taxtda oʻtiribmankim, tinim bilmay gʻaraz bilan, jaholat bilan, zulmu adovat bilan olishaman, jang qilaman! Ammo dahshati bu emas… Eng dahshati zulmga qarshi zulm qilmoqdur!
Ona: Men ham shunday qildim, bolam, men ham…
Ulugʻbek: Siz nima qildingizki, zulm boʻlsa… Siz mehrdan yoʻgʻrilgansiz…
Ona: Oh, bolam…
Ulugʻbek: Yillarkim, mana shu mehru oqibat, muhabbat panohida orom olmoq boʻlamanu bahramand boʻlolmayman… Muhabbat ham, sadoqat ham qon bilan boʻyalgan, otaning ham, farzandning ham yuragiga ana shu shafqatsizlik changali botgan…
Ona: Onaning ham…
Ulugʻbek: Yoʻq, onajon, yoʻq, ona yuragi hamisha begʻubor, hamisha shafiqu mehribon… Men nima qilishimni bilmay qoldim, onajon… Bunday roʻyisiyohliklarni koʻrishdan jangu jadalda izzatona oʻlim topsam yaxshi emasmidi?
Ona: Unday demang, bolam, unday demang! Siz avval mening yoshimga yeting… Keyin oʻlimni oʻylaysiz…
Ulugʻbek: Bu oʻtkunchi dunyoga hech kim ustun boʻlolmagan. Dorulbaqo chorlamoqda meni, ona!
Ona: Niyatni yaxshi qiling, shoh oʻgʻlim!.. Ilohim, ota-bola ikkovingiz ham ketimda qolingiz, dogʻlaringni koʻrgulik qilmasun… Mening dogʻim oʻzumga yetarli… Mening dogʻim yuragimning ich-ichida. Farzand dogʻi sizni emas, meni oʻldursin. Hammasini oʻzimga oldim, bolam, oʻzimga oldim…
Ulugʻbek: Soʻzlaringiz gʻalati, ona, anglamoq mushkul…
Ona: Anglamaganingiz, yaxshi, bolam, anglamaganingiz… Balki mendan nafratlanarsiz, mendan yuz oʻgurarsiz…
Ulugʻbek: Nechun unday deysiz? Siz menga qilgan yaxshiliklar uchun nafratlanaymu? Sizga doim farzanddek oqibat koʻrsatish niyatidaman…
Ona: Menga qilgan inoyatlaringiz bir farzand oqibatidan ustun. Bergan oq sutimdan mingdan-ming roziman. Ammo oʻgʻlim…
Ulugʻbek: Vafodor…
Ona: Vafodor… men undan judo boʻldim.
Ulugʻbek: Vafodor hali zindonda… Uning jazosi oʻlim deb topildi… Ammo men… bergan oq sutingiz hurmati…
Ona: Yoʻq, bolam, yoʻq!.. Bergan oq sutimni xiyonatga almashmang. U qaro etgan sutimni oʻrtaga solmang...
Ulugʻbek: Hali taftish qilurman… Aybi boʻlmasa, isbot keltirsa, ozod qilurman…
Ona: U ozod boʻldi…
Ulugʻbek: Kim ozod boʻldi? Kim, ona?
Ona: U ozod boʻldi… Oʻgʻlim ozod boʻldi…

(Ona yigʻlab yerga choʻkadi. Xuddi shu palla Devonbegi hovliqib kiradi.)

Devonbegi: Davlatpanoh, mudhish xabar!
Ulugʻbek: Tagʻin nima boʻldi?
Devonbegi: Amir Vafodor…
Ona: Oh, bolam!..
Ulugʻbek: Amir Vafodorga nima boʻldi?
Devonbegi: Xudo rahmat qilsin!
Ulugʻbek: Vafodor…
Devonbegi: Uni zaharlabdilar…
Ulugʻbek: Kim? Qachon? Kim bu ishga jur’at etdi! Shoshilinch taftish boshlang! Soqchilarni qiynoqqa solib ersa-da, bu ishni kim qilganini aniqlang!

(Devonbegi onaga tikiladi, nima deyishni bilmay taraddudda qoladi.)

Ulugʻbek: Nega turibsiz? Amrimni eshitmadingizmu? Boring, yer tagidan boʻlsa ham qotilni topib bu yerga keltiring!
Ona: Shoshmang, podshohim… shoshmang, bolam… Soqchilarni qiynoqqa solishga shoshilmang! Vafodorni… bolamni… men oʻzim… oʻzim…

(Ulugʻbek unga ajablanib qaraydi...)

Ulugʻbek: Nima?.. Nima dedingiz, onajon?!.
Ona: Vafodorni… men oʻzim oʻldirdim. Mana shu qoʻllarim bilan unga ovqat pishirdim, mana shu qoʻllarim bilan zahar soldim.
Ulugʻbek: Yo Allohi Karim, bu qanday yozugʻing boʻldi?!.
Ona: Yolgʻiz tilab olgan oʻgʻlim… Bagʻrimdan koʻchgan bolam… Bu azobga davo bormu, bolam?.. Bibingizga qay yuz bilan roʻpara boʻlgayman?!. Nahotki zulmning jazosi faqat zulm boʻlsa?!.
Ulugʻbek: Nechun?.. Nechun bunday qildingiz, ona?
Ona: Nima qilay edim, bolam? Ogʻasi boʻlmish sizga, yurtiga, tuz-namak bergan xonadonga xiyonat qilgan, ota-bobosi tuprogʻini yogʻiyga sotmoqchi boʻlgan farzand jonini tilab yalinay edimu?
Ulugʻbek: Bu ishni qilmang edi, ona!
Ona: Bilaman, bolam, bilaman, hatto ilonlar ham bolalarini oʻlumdan qutqarmoq uchun oyoqlar ostiga sudralib boradilar. Hatto yirtqich boʻri ham oʻz bolasiga oʻlim tilamaydi. Ammo men… men… men…
Ulugʻbek: Bu qandoq hol, qandoq ahvol boʻldi, onajon?
Ona: Nabiralarim saltanat sarhadlarida jonfidoyilik qilib turibdilar. Ular otalari qilmishini bilmasinlar, betlari qaro boʻlib turmasinlar deb shunday qildim! Bolam sharmanda boʻlmasun, jallod qoʻlida oʻlimdan qoʻrqib talvasaga tushmasun, hech boʻlmasa oʻlumini qoʻrqmay kutib olsun deb shunday qildim, bolam! Axir, hayot yolgʻiz nafas olishdan iboratmu, sharmandalikdan oʻlum afzal emasmu?!. Ammo men qilgan ishni siz qilmang… Oʻgʻlingizni avf eting… avf eting… Oh, bagʻrimdan koʻchgan bolam!


Ikkinchi Parda

Toʻrtinchi Koʻrinish

Birinchi koʻrinishdagi manzara. Sahnada shahzoda Abdullaziz paydo boʻladi, koʻzlari bezovta chaqnaydi, ruhi parishon.

Abdullaziz: Qaerga bormayin, hamma: «Podshoh boʻlasanmi? Podshoh boʻla­sanmi?» deb shivirlayotganday… Yolgʻiz qolsam ham kimdir «Sen podshoh boʻlasanmi?» deb aytganday boʻladi. Qulogʻimga tinmay shu soʻzni aytadi. Hadeb shu gapning oʻzi takror boʻlgani boʻlgan:
Yoʻq, men valiahd boʻlishni ham istamayman, podshoh ham… Qoʻrqaman… Abdullatif baribir terimga samon tiqadi. Sogʻ qoʻymaydi…

(Ulugʻbek kiradi, bir muddat oʻgʻlining holatini kuzatadi. )

Ulugʻbek: Abdullaziz! Nelarni pichirlaysan? Nechun rangingda rang yoʻq?
Abdullaziz: Padari buzruk!

(Abdullaziz yugurib kelib, tiz choʻkib otasiningʻ etagini oʻpadi. Ulugʻbek uni koʻtarib, koʻzlariga tikiladi.)

Ulugʻbek: Nechun buncha titraysan? Nechun yuragimga dahshat solasan?
Abdullaziz: Padari buzruk, men valiahdlikni minba’d istamayman! Abdullatif valiahd boʻla qolsun! U baribir meni oʻldiradi! U sizni ham sogʻ qoʻymaydi…

(Ulugʻbek jahl bilan Abdullazizni oʻzidan itaradi.)

Ulugʻbek: Ne deding, badbaxt?!. Aqling mahzunligini bilardim… Ammo bunchalik ojizligingni bilmagan ekanman!
Abdullaziz: Otajon, tavallo qilaman, Abdullatif valiahd boʻlsun!.. Shunday qilmasangiz, u baribir payt poylab...
Ulugʻbek: U senga ogʻa boʻladi-ku, padarqusur!
Abdullaziz: Valiahd deb tan olinganini eshitsa, balki yoʻlidan qaytar, padari buzruk?!
Ulugʻbek: Evoh, peshonam shunchalar qaromu?!.
Abdullaziz: Har safar Hirotdan Samarqandga kelganda, mendan koʻz uzmay, bigiz qilib sanchgani-sanchgan edi. Valiahd boʻlganimdan keyin esa koʻzlaridagi bigiz xanjarga aylandi. Bu xanjar tunu kun qonimni tilaydi.
Ulugʻbek: Oʻzungni tut, shahzodai valiahd!
Abdullaziz: Men undan qoʻrqaman, padari buzruk!
Ulugʻbek: Besh oʻgʻlonimdan ikkingiz qoldingiz. Ammo netaykim, biringiz xiyonatkor, biringiz qoʻrqoq! Bir-biringizga suyanib ish koʻrasiz degan umidim bor edi!
Abdullaziz: Meni valiahdlikdan xalos eting, otajon! Mendan rahmu shafqatingizni ayamang… U meni oʻldiradi!..
Ulugʻbek: Adashgan ekanman! Zaifliging tufayli erkalay-erkalay seni shu holga solgan men oʻzum! Abdullatif mendan uzoqda oʻsdi… Mehru e’tiborni oʻzgalardan oldi va oʻzi ham oʻshalarniki boʻlib qoldi. Buni angladimu seni… qanchalik muruvvat qilsam, shunchalik meniki boʻlasan deb yonimdan jildirmadim. Ammo, netaykim, bu safar ham adashibman!
Abdullaziz: Men sizni jonimdan ortiq yaxshi koʻraman, otajon!
Ulugʻbek: Agar shunday boʻlsa, oʻzingni tut! Mening yonimda tur, shijoatli boʻl!
Abdullaziz: Ammo Abdullatif…
Ulugʻbek: Abdullatif ham insofga kelar, oʻgʻlim.

(Devonbegi kiradi.)

Devonbegi: Shayxulislom bilan qozikalon sizga muntazir. Kelsinlarmu?
Ulugʻbek: Chorlang.

(Devonbegʻi chiqadi.)

Ulugʻbek: (Abdulazizga) Gʻaribligingni koʻrmasunlar. Bor, ularning koʻziga koʻrinma…

(Abdullaziz shoshib chiqadi. Devonbegi Shayxulislom, Qozikalon, Ali Qushchini boshlab kiradi.)


Beshinchi Koʻrinish

Ulugʻbek, Shayxulislom, Qozikalon, Devonbegi, Ali Qushchi

Shayxulislom: Shunday qaltis vaziyatda bir qari xotun bilan bebaho vaqtingiz hayf ketmadimi, a’lohazrat?
Ulugʻbek: Siz qari xotun deganingiz bibim Saroymulkxonim bila meni tarbiya qilgan, oq sut bergan enagam boʻladi. Men uning idroki, uning jasorati qarshisida ojizligimni sezdim, soʻzlaridan hikmat uqdim.
Qozikalon: Ammo sizning bu tadbiringiz amirlarni ranjitganga oʻxshaydi. Alarni emas, xiyonatkor amir Vafodorni tuqqan xotinni tinglaganingiz amirlarga ogʻir botdi, a’lohazrat!
Ulugʻbek: Dini islomiya paygʻambari: «Avval onangga javob qil» deganlar. Shu sababdan men dastavval onaga javob qildim, qozikalon janoblari! Siz aytmoqchi, bu qari xotin eng avvalo Onadur. Yolgʻiz xiyonatkor oʻgʻliga emas, menga ham onadur! Yana angladimki, u jasoratga ham onadur! Siz aytgan oʻsha diydiyolar, uning koʻzlaridan oqqan achchiq koʻzyoshlar shul Vatan diydiyosi, shul Vatan koʻzyoshlaridur… Koʻksidagi ogʻriqlar shul Vatan iztiroblaridur, uning tilidan koʻchgan la’natlar shul Vatan qargʻishlaridur, duolari esa shu yurt duolaridur! Amir Vafodor menga xiyonat qildimi, yoʻq, eng avval mana shu onaga xiyonat qildi! Shu sababdan ham uni shu ona jazoladi!
Devonbegi: Ammo… ammo amirlar bagʻoyat ranjidilar, biz kerak boʻlmay qoldikmu, dedilar!
Ulugʻbek: Yana nima dedilar?
Devonbegi: Ular kengashu mashvarat qilishning vaqti oʻtdi, endi ishning natijasi yolgʻiz qilich bilan boʻlgay, deb siyosat qilmoqdalar.
Ulugʻbek: Sohibqiron bobomizning «Davlat ishlarining toʻqquz ulushi kengashu tadbir, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilgay» degan hikmatlarini unutdilarmu?
Qozikalon: Davlatpanoh, ammo hozir davlat ishining toʻqquz ulushi xavf ostida, qolgan bir ulushi ham qilich himoyasigʻa muhtojdur!

(Oraga sukunat choʻkadi. Nihoyat Ulugʻbek «chorlang» degandek Devonbegiga ishora qiladi. Devonbegi chiqib, amirlar: Bobo Husayn Turkistoniy, Sultonshoh Barlos, Shoh Vali, Mironshoh qavchinlarni boshlab kiradi.)


Oltinchi Koʻrinish

Ulugʻbek, Devonbegi, Shayxulislom, Qozikalon, Ali Qushchi, Amir Bobo Husayn Turkistoniy, Sultonshoh Barlos, Amir Shoh Vali, Amir Mironshoh Qavchin

Shoh Vali: Yaratgan egamdan Iskandari zamon boʻlmish sultonimiz Ulugʻbek Koʻragon hazratlariga inoyatlar, davlatlariga omonlik tilaymiz!
Ulugʻbek: Amir Shoh Vali, muddaoga oʻtingiz…
Shoh Vali: Biz, bizning ota-bobolarimiz ulugʻ jaddingiz sohibqiron Amir Temur Koʻragon hazratga, ul beqiyos zot avlodlariga, shul qatorda sizga, eng avvalo sizga sadoqat bila xizmat qilganlar, xizmat qilyapmiz. Saltanat istinodi ham…
Ulugʻbek: Maqsad, amir shoh Vali, maqsad?!.
Shoh Vali: Bosh ustiga, olampanoh!.. E’zozu ikromning, siylashlarning ham cheki bor. Mirzo Abdullatif haddidan oshdi, koʻngli taxt tusab qoldi, fikri buzuqliqqa yuz tutdi. Siz esa unga pandu nasihat, maktub yoʻllashdan boshqa chorani koʻrmaysiz… Ikkilanasiz!
Sultonshoh: Ikkilanish boʻlajak magʻlubiyatdur, podshohim!
Mironshoh: Tuqqon otaga qoʻl koʻtargan farzand farzandmi, a’lohazrat? Andoq farzand bahridan oʻtgan yaxshi, boridan-yoʻgʻi durust!
Shoh Vali: Fikri buzuq shahzoda shiddat bila bostirib kelmoqdadur. Qoʻlida qilichi yalangʻoch. Qilich koʻtargan odam esa bahona qidirmaydi. Yo oʻldirsalar, yo bandi etsalar, toʻxtaydi, xolos…
Qozikalon: Mirzo Abdullatif ehtiyotkorlikni bilmaydigan, serzarda, dagʻal yigit, or-nomusi ham oʻziga yarasha. Oʻylamay-netmay ish tutadi. Necha marta ani Balxdan ixroj etmak lozimligini goh ishora, goh ochiq, yashirmay fahmingizga yetkurgan edik. Tinglamadingiz! Hatto raqiblaringiz bila yashirin til biriktira boshlaganini bilib ham, koʻrmaganga oldingiz!
Shoh Vali: Emdi shuncha gapdan keyin ham bizning qoʻl qovushtirib oʻltirganimiz toʻgʻri kelmas, podshohim!
Mironshoh: Sizning taraddudingizni ojizlik alomati deb bilgan ayrim amirlar Samarqandni xufiya tark etib, shahzoda huzuriga ketmoqdalar.
Ulugʻbek: Nima qil deysiz?
Shoh Vali: Gumroh shahzodani toʻxtatmoq, adabini bermoq kerak!
Ulugʻbek: Xoja Nizomiddin, siz ayting…
Devonbegi: Maktubni kecha joʻnatmoq zarur edi. Endi…
Qozikalon: Yana maktub! Pandu nasihatning vaqti oʻtdi, davlatpanoh!
Sultonshoh BARLOS: Quturgan sher kabi bosib kelayotgan shahzodagʻa soʻz kor qilariga inonurmisiz!
Ulugʻbek: Agar adolat bila ish tutsak kor qilgay!
Mironshoh: Quturgan daryoni band bilan, quturgan tuyani kamand bilan, quturgan dushmanni jang bilan toʻxtatarlar, adolat bilan na daryoni, na dushmanni, hatto na tuyani toʻxtatib boʻladi. Oʻgʻlingizni ham yolgʻiz qilich toʻxtatishi mumkin!
Shoh Vali: Huzuringizga davlatingiz omonligi deb keldik, podshohim! Oqpadar shahzoda…
Ulugʻbek: Men hali oʻgʻlimni oq qilganimcha yoʻq…
Shoh Vali: Abdullatif mirzo sizni toju taxtdan soqit qilib, oʻzi podshoh boʻlmoqchi! Ota tirik ekan, qachon oʻgʻil podshoh boʻlgan? Biz bunga aslo yoʻl qoʻymasmiz! Biz sizning sadoqatli amirlaringizmiz. Shundoqmu?!
Mironshoh: Ha, taqsir, shundoq! Biz bu yerga sizni deb keldik, podshohim!
Ulugʻbek: Meni deb kelgan boʻlsangiz bilib qoʻyingiz: men farzandim qonini toʻkishni istamasman! Yaxshisi toju taxtdan voz kechaman!
Shayxulislom: Podshohim, achchiqqa erk bermang.
Qozikalon: Aslo bundoq soʻylamang a’lohazrat!
Ulugʻbek: Minba’d menga bu haqda gapirmang! Agar siz…

(Ulugʻbek amirlarga yaqinlashib, ularga qattiq tikiladi.)

Agar siz oʻgʻlim bilan jang qilishni istasangiz, boringiz, jang qilingiz! Ammo meni farzandimga tigʻ koʻtarishga majbur qilmangiz!..
Yoʻq, yaxshisi, boringiz, qochqin munofiqlar ortidan shahzoda oldiga boringiz, birgalikda boshimga kelingiz! Axir sizni bilmaymanmi? Mana siz, amir Shoh Vali, Sulton Ulugʻbek podshohliqqa yaramaydur, yo podshohlik qilsun, yo yulduz sanasun, deb suxandonlik qilganingiz yolgʻonmu?! Yoxud siz, amir Sultonshoh, oʻz farzandlarini eplolmagan kishi qandoq podshohlik qilsun, deb aytganlaringiz-chi?!
Sultonshoh: Astagʻfurulloh! Podshohimizga ravshan boʻlsunkim, bundoq majzum soʻzlar bizga tamoman yotdur. Sizning ham hukm-farmoliqda, ham ilm bobida yaktoligingiz hamisha boshimiz ustida boʻlgan!
Shoh Vali: Sizga bunday igʻvoni yetkurgan kimsalarning niyati sodiq qulingizga tuhmat qilmoqdan oʻzga narsa emas!
Ulugʻbek: Sizga men emas, mulk talashadigan, qilichini qiniga solmaydigan pod­shoh kerak! Maqsadingiz jangu jadal bahona davlat orttirish, hamyoningizni qap­paytirish!
Shoh Vali: Onhazrat, asossiz nadomatlar qilmang!
Sultonshoh: Allohga ming qatla shukurkim, qilichimiz zoʻri bilan davlatingizni saqladik, xazinangizni toʻldirdik!
Shoh Vali: Siz, podshohim, xazinani rasad xarjiga, madrasa-yu, toliblarga sarflaysiz. Saltanat asosi boʻlmish qoʻshinni unutasiz! Oqibatda mudom talofotdasiz!
Sultonshoh: Abulxayrxon yagʻmosi tufayli mamlakatingiz vayron, xazinangiz choʻgʻi past. Bu yoqda nomard farzand isyoni… Shunga qaramay, rasad ta’mirini oʻylaysiz, Qohira-yu Bagʻdoddan, Hindu Xitoydan qimmatbaho anjomlar, kitoblar xarid qilish bilan ovorasiz!

(Ulugʻbek yalt etib, Ali Qushchiga qaraydi.)

Ulugʻbek: Ali, usta Abdulgʻafforni da’vat etdingizmi?
Ali Qushchi: Usta Abdulgʻaffor zarur narsalar roʻyxatini tuzmakdalar. Soniyan amringizga binoan kotiblar ham bosqin paytida oʻt ketgan kitoblarni jadal ta’mir etmoqdalar…
Sultonshoh: Yana kitob?!. Kitob bitmak, kitob oʻqimak kishini ojiz qiladur, koʻnglini yumshatadur. Toju taxt, saltanat esa abadul-abad kuch kimda boʻlsa, oʻshanga musallamdur. Jahongir bobongiz «Kuch adolatda!» deb aytganlarining hikmati ham shul emasmu?
Ulugʻbek: Shon-shavkatli bobomning aytganlari kuch emas, adolat haqidadur. Har qanday kuch adolatsizdur, har qanday adolat qudratlidur – mana bobom oʻgitining asl hikmati!
Yana shuni bilingkim, amir Sultonshoh, odamlar uchun eng faxrli ish kitob bitmak, kitob oʻqimakdur. Illo, qalam yodgorligi oʻlmasdur, abadiydur! Biz ham, siz ham kun kelib bir hovuch tuproqqa aylanamiz, lekin kitoblar abadiyan odamlarga hayotni oʻrgatuvchi murabbiy boʻlib qolajaklar!
Qozikalon: Murabbiy deysiz… ammo, siz necha ming jild kitob oʻqigan podshohning ustiga eng dono hukamolar sabogʻini olgan, kitobxon shahzodaning bostirib kelayotganiga nima deysiz? Yo uning murabbiysi kitob emasmu? Kitob, albatta! Ammo, boshqa kitob – mana shu zamon kitobi! Mana shu zamon aning murabbiysidur!
Shoh Vali: Davlatpanoh, dunyoning jilovi kuchning qoʻlidadur. Osmondagi yulduzlarni oʻrnidan qoʻzgʻatib boʻlmaganidek, bu nizom ham oʻzgarmasdur! Joningizni qurbon qilgan taqdirdayam, bu dunyo, bu davr qonunlarini oʻzgartirolmaysiz!
Ulugʻbek: Men buni anglab yetganman, amir Shoh Vali. Azal-abad kuch kimda boʻlsa, kim inson qonini daryo-daryo oqizsa, boshqalarni qul qilsa, xoʻrlasa – oʻshani maqtaydilar. Jangu jadallarni shijoat deb biladilar, ota oʻgʻilni, bobo nevarani oʻldiradi, odam-odamni xoʻrlaydi, tiz choʻktiradi, bandi etadi – moziydan to hanuzgacha tiriklikning mazmuni, hayotning lazzati mana shunda degan hikmatlar toʻqiladi.
Shoh Vali: Aslida ham shundoq emasmu, davlatpanoh? Bularning barchasini qoralab, la’nat tamgʻasini bosishga urinish, hamma joyda xayru baraka, hamma ishda adolat boʻlishini istamoqdan manfaat bormu? Axir, bu inson vahshiy maxluqot ekanligini, urush esa uning hayot tarzi ekanini unutgan kishilarning kasbi emasmu?
Ulugʻbek: Demak, sizningcha haqiqiy kuch-qudrat zoʻravonlikdami? Lekin dunyoda boshqa kuch ham bor: bu yaxshilik, bu adolat kuch-qudrati! Bunga erishish qiyinroq, murakkabroq! Ezgulik uchun, adolat uchun urushdan koʻra koʻproq matonat hamda sa’i-harakat lozim.
Men kuch-qudratni, adolatni ilmda koʻraman. Ha, amir janoblari, ilm ham adolatdur. U oʻz adolati bila soʻqir koʻzlarga ziyo bagʻishlaydi, johil dillardan zulmatni quvadi, xastaga davo, adashganga najot beradi.
Sultonshoh: Siz ilmu urfonda yagonasiz, shuhratingiz yetti iqlimni tutgan. Ammo shu ilmingiz, oʻzingiz aytgan kuch-qudratli, adolatli ilmingiz shahzoda qoʻshuni yoʻlini toʻsa oladimu?
Ulugʻbek: Mening ilmim, bobolarimiz ilmi insoniyatni falokat yoʻliga boshlagan jaholat, qon va istibdod yoʻlini toʻsadi!
Sultonshoh: Onhazrat, bu gaplarni anglamoq bizlarga bagʻoyat mushkul!
Ulugʻbek: Sizning aqlingiz faqat qilich koʻtarmoqqa yetadimi, amir Sultonshoh!
Sultonshoh: Yetti otam haqqi, bu nadomatni kutmagan edim, davlatpanoh! Agar qilich koʻtargan boʻlsam, davlatingiz shavkati uchun qildim. Aqlim shunga yetibdimi, Allohga shukurlar boʻlsun! Aytmoqchi emas edim, ammo aytishga majburman: davlatingiz ravnaqi mana shu qilich zarbiga bogʻliq!
Shoh Vali: Unutmang, podshohim, tarix ham avval tigʻ bilan, keyin esa qalam bilan yoziladi. Qilichlarimiz soyasida kitoblar bitdingiz, zij tuzdingiz, rasad tikladingiz. Nafaqat siz, saf tortsalar, bir qoʻshun boʻlgʻusi hukamolaringiz, toliblaringiz, qolaversa saltanatda bir xas borkim, barchasi mana shu qilichlar panohidadur!
Ulugʻbek butun suhbat davomida sukut saqlagan Amir Bobo Husayn Turkistoniyga qaraydi
Ulugʻbek: Siz nechun sukutdasiz, nega kelganingizdan buyon ogʻiz ochmaysiz, amir Bobo Husayn? Nega siz jimsiz, nega qilichingizni madh etmaysiz?
Bobo Husayn: Men qilichim zarbasini yaxshi bilaman, shahriyor!
Ulugʻbek: Soʻylangiz, sizdek mardi maydon gapirmasa, kim gapirsun?!
Bobo Husayn: Amirlar qilichni ayturlar, ammo yurakni, idrokni unutib ayturlar.
Ulugʻbek: Qilich va yurak… Qilich va idrok! Qiziq?!. Soʻylang, amir, soʻylang...
Bobo Husayn: Ha, shahriyor, saltanatning xoru xasi shu qilichlar panohida, ha, tarix avval qilich bilan, keyin qalam bilan yozilgan, ha, madrasalar ham, rasad ham shu qilichlar qudrati tufayli bunyod boʻlgan. Ammo saltanat yolgʻiz qilichlar zoʻrligi bila emas, aqlu zakovat bila barakot topajak! Qilichni ham yaratgan shu zakovat, shu tafakkur. Ammo u qilichni oʻzini himoya qilish uchun yaratgandur!
Yana shu narsa ma’lum boʻlsunkim, qilichim yuragim amriga tobe boʻlganidek, men ham sizning idrokingizga bosh egurman. Men Sulton Ulugʻbek Koʻragon davlatigina emas, uning tafakkuri ham himoyaga muhtojligini yaxshi bilaman!
Shoh Vali: Maqsaddan chalgʻidik, podshohim. Ikki yoʻldan birini tanlamogʻingiz shart! Yo qoʻl qovushtirib, qismatingizni oʻgʻlingiz ixtiyoriga topshirmoq. Yoinkim qilich birlan shahzoda yoʻlini toʻsgaysiz. Shu yoʻlni tutsangiz, biz sizga sadoqat bilan xizmat qilgaymiz, amringizdan zinhor bosh tortmagaymiz, nimaiki buyursangiz, «Bosh ustiga!» deyishdan nariga oʻtmagaymiz.
Ulugʻbek: Yo bosh egib, changu gʻuborga qorishib yotmoq, yo gʻazablangan iblis koʻzli ilon yangʻligʻ ayovsiz nish urmoq – taqdirimda koʻringani shumi? Ikkisidan birini tanlashim kerakmi?
Shoh Vali: Ha, olampanoh!
Shayxulislom: Podshohimizning istagi qaergacha yetsa, biz ham oʻsha yergacha borurmiz.
Ulugʻbek: Quloq solingiz. Barchamizga dahshat solayotgan bu xavfdan men aslo chetda qolmoqchi emasman. Ha, men podshohman. Ammo men oʻsha badbaxtga otaman…
Qozikalon: Saltanat ishida koʻngli boʻshlik yaramaydi, olampanoh?!
Ulugʻbek: Nahotki maktub joʻnatmak bilan ish bitmasa? Qalamning ishini qilich qilolmas, deydilar.
Qozikalon: Ha, davlatpanoh, qilich kesmaganini qalam kesadi. Ammo endi kech, shahzoda daryoni kechib oʻtdi.

(Ulugʻbek Devonbegiga qaraydi. Devonbegi ham «endi kech» degandek bosh chayqaydi.)

Ulugʻbek: Nahotki, kech… Nahotki?!.
Shoh Vali: Lochinning ucharga madori qolmasa, chumchuqqa masxara boʻlgay. Davlatpanoh, haddidan oshgan shahzodaga kuch-qudratingizni koʻrsatib qoʻying. Hali qilichingiz oʻtkir.
Ulugʻbek: Qilichim oʻtkir boʻlsa-da, oʻz sopini kesolmagay, amir!
Mironshoh: Ammo bir qinga ikki qilich sigʻmas, a’lohazrat!
Shoh Vali: Yarani silab-siypamaslar. Tigʻ bila kesib tashlaydilar. Shunday qilmasalar, u butun vujudni zaharlashi mumkin. Shahzodaga soʻz kor qilmas, tigʻ kifoya!
Sultonshoh: Xalqning «Shamol kuni chaqirma, zoe ketar ovozing» degan hikmati bordur. Endigi pandu nasihat zoe ketgan ovozingiz boʻlgay!
Ulugʻbek: Axir, butun umrim shamol ichida kechdi-ku, amir Sultonshoh! Shamol toʻxtaydigan kun bormu oʻzi bu zamonda?!. Siz ham shu fikrdamisiz, amir Bobo Husayn?!
Bobo Husayn: Men ham jang qilmoq fikridaman, ammo yolgʻiz Abdullatif mirzo adabini bermoq maqsadida emas, bundoq isyonlarga yoʻl qoʻymaslik, Vatanni qaro kunlardan asrash maqsadida!
Ulugʻbek: Butun tarix oldida, butun el-ulus oldida, doʻstu dushmanga masxara boʻlub, sharmandaligu tavqi la’natni boʻyinga olib, ota-bola toju taxtni deb maydonda yoqa boʻgʻishamizmu? Xusumat, adovatu ta’ma deb bu muborak zaminni qonga boʻyaymizmu?
Shoh Vali: Xiyla nohaq qon toʻkilur, ammo iloj yoʻq!
Bobo Husayn: Behuda qon toʻkmakdin gunohi azim yoʻq! Ammo jang qilib isyon yoʻlini toʻsmasak, qoʻl ostida miltirab turgan boshqa buzgʻunlik gulxanlari ertaga yongʻinga aylanur!
Ulugʻbek: Xiyla nohaq qon toʻkilur deysiz, amir Shoh Vali?! Siz uchun bu mardonalik, qahramonlik, ammo men uchun yuzsizlikdur. Vaqt gʻanimat deb butun yomonliklarni namoyon etishga oshiqmangiz! Adolat uchun hali muddat bor! Oʻgʻlimning qilichi boʻynimga urilguncha muhlat bor!
Shoh Vali: Xiyla qon toʻkilur deganimni malomat qilmang, olampanoh! Axir, dunyoning oʻzi qatli om maydoni-ku?! Har bir daqiqada oʻnlab, yuzlab, minglab odamzot abadiyan koʻz yumib turishini nahotki bilmasangiz?! Buning uchun kim aybdor? Arsai ofoqning har bir siqim tuprogʻi qotillik qonini shimgan, saltanat, podshohlik borkim, devori qon… inson qoni bilan qorilgan! Bu oqsoch dunyo qismat daftariga oʻz hikoyalarini qon bila uzluksiz yozib turadi. Butun olam boʻylab yugurgan qon daryolari siqilgan anor suvlari yanglig tomchi-tomchi boʻlib hayot kosasiga toʻxtovsiz quyulib turadi.
Ulugʻbek: O, amir Shoh Vali, soʻzlaringiz butun fikru xayollarni, butun atrofni qonga boʻyaydi! Inson oʻz qoniga botgani sayin, iblisning dahshatli qahqahasi, istehzoli kulgusi shunchalik ortar, shunchalik avjiga minar!..
Oʻgʻlimni qaytar menga, qaytar, iblis koʻzi!
Nega daryodan oʻtding, Abdullatif, nega oʻtding?
Mironshoh: Yoʻlini hech kim toʻsolmaydiganday vajohat yasab kelmoqda!
Shoh Vali: Dovul haydagan bulutlar kabi hirs, adovat haydagan odamni ham toʻxtatib boʻlarmikan?!
Qozikalon: Oʻgʻlingizning qilichi yalangʻoch!..
Ulugʻbek: Oʻgʻlim emas, jaholat… Jaholat ustimga bostirib kelmoqda! Oʻ`limning emas, jaholatning qilichi yalangʻoch!..
Daryoning bu tomoniga oʻtishga haqqing yoʻq edi, nega oʻtding? Nega?!.
Qaerdasan, Abdullatif? Qulogʻingning bir chekkasi bilan boʻlsa ham bu bepoyon kecha quchogʻidagi iltijolarimni eshitayotgan boʻlsang, menga sado ber, «Ota, men shu yerdaman!» deb ayt!

(Ulugʻbekdan boshqa hammani qorongʻilik yutadi va sahnada Abdullatif Mirzo paydo boʻladi.)


Yettinchi Koʻrinish

Ulugʻbek, Abdullatif Mirzo

Abdullatif: Men shu yerdaman, padari buzruk!
Ulugʻbek: Nima qilib qoʻyding, nodon farzand?
Abdullatif: Men daryoni kechib oʻtdim, qiblagoh!
Ulugʻbek: Ortingda qolgan koʻhna daryo kabi oʻrtamizda adovat toʻfoni! Xuddi shu daryodek kuchga toʻlgansen, beasovsan, xuddi shu daryo kabi yoʻlingni toʻsishlarini istamassan.
Abdullatif: Qaydan bu adovat, ota? Nechun bu beomonlik? Nechun bu alam, bu uqubat, ota?
Ulugʻbek: Men bilmasmen, oʻgʻlim.
Abdullatif: Bilmaymen, demang, padari buzruk, bilasiz, yaxshi bilasiz! Siz bu yoʻlga oldinroq kirgansiz, men endi qoʻl urgan ishlarga siz oldinroq jazm etgansiz!
Ulugʻbek: Men padarimga tigʻ koʻtarmaganmen, Abdullatif!
Abdullatif: Siz emasmi Mirzo Abubakrni qatl ettirgan, Boyqaro mirzoga ogʻu ichirgan, Amirak Ahmad mirzoni badargʻa etgan?
Ulugʻbek: Men bu ishlarni qilgan boʻlsam, saltanat omonligi, el-ulusning tinchligi uchun qildim. Shunday qilmaganimda, ular boshlagan gʻavgʻolar yurtni xonavayron, saltanatni parokanda qilgan boʻlardi.
Abdullatif: Siz emasmu rasadu madrasa panasida xayol surgan, oqibatda bobomdan qolgan mulkni yagʻmoga tashlab, yogʻiy oldiga tushib qochgan, ammo magʻlubiyat sababini oʻzidan emas, mudom oʻzgalardan qidirgan, boshqalarni xiyonatda ayblayotgan, ayting, padari buzruk?!
Ulugʻbek: Men kimga xiyonat qildim, vafosizlik qildim, Abdullatif?!. Soʻzlaring ayovsiz, gʻazabing qazoi-qadarday qat’iy va cheksiz!.. Sen juda gʻururlisan, oʻgʻlim!
Abdullatif: Axir, men sizning oʻgʻlingizman, qiblagoh! Siz menga ilmi falak, riyoziyotni, gʻazal, kuy bitmakni oʻrgatdingiz. Gʻururni ham sizdan oʻrganganman, xiyonatda ayblashni ham faqat sizdan oʻrgandim!
Ulugʻbek: Men senga otang boshiga qilich koʻtarib bor, deb oʻrgatmagandim-ku! Bu odat qaysi tuzukda bor, oʻgʻlim?!.
Abdullatif: Lekin qaysi tuzukda birovning gʻalabasini boshqaga bermoq bor?!. Tarnob jangida jonbozlik qilgan kim? Men emasmu, padari buzruk?!. Ammo gʻoliblik nishoni kimga berildi? Suyukli oʻgʻlingiz – qoʻrqoq Abdullazizga!
Ulugʻbek: Abdullaziz oʻz jigaring. Men dunyodan ketar boʻlsam, unga ota oʻrnida ota boʻlarsan.
Abdullatif: Sizning xohish-irodangiz ota-bobolar nizomidan zoʻrroqmiki, sharmanda Abdullazizni valiahd ataysiz?!. Qaysi tuzukda yozilgan, aka tirik ekan, ukaning valiahd boʻluri?!.
Ulugʻbek: Shuning uchun tuqqan otangni jarga itarasanmi, oʻgʻlim?
Abdullatif: Sizni jarga itargan men emas, oʻsha mal’un oʻgʻlingʻiz! Valiahd boʻldum deb hirsga berildi, amirlaringiz haramini bulgʻadi. Qoʻlida qilich emas, jom tutmoqni odat qildi. Yigit yolini harb maydonida emas, maishat toʻshaklarida sarf etdi. Nomingizni qaro etgan, sha’ningizni yerga urgan oʻshal murtad emasmu, padari buzruk?!. Yoʻq, men Amir Temur xonadoni sha’nini bulgʻashlariga hech kimga yoʻl bermasmen!
Ulugʻbek: Jismi zaif, aqli mahzun iningga rahm-shafqatingni darigʻ tutma, oʻgʻlim!
Abdullatif: Siz hali unga shu sababdan muruvvat qildingizmi? Shu sababdan uni valiahd etdingizmi?
Ulugʻbek: Ha, oʻgʻlim, ha! Bu qarorga kelgan chogʻimda Abdullaziz ogʻir xasta edi. Oʻyladimki, shunday qilsam, hayotga ishonchi ortar, zaiflashgan vujudi munsarif boʻlgay. Tabiblar muolajati bilan emas, mening shu ahdim bila mahzun yuragi quvvat­li boʻlgay…
Abdullatif: Kimga xiyonat qildim, deysiz! Axir bu xiyonat emasmi?!. Saltanatni zaif, mahzun kishiga bermoq saltanatni ham zaifu mahzun qilmoq emasmi, padari buzruk?!
Ulugʻbek: Sening sohibi ilm boʻlganingga ishonib, farosating bu narsalarga yetsa kerak deb oʻylagan edim. Inchunin, sen mashaqqatlarni koʻp chekkansan, zindonu quvgʻinlar azobini tortgansen… Aqling pishgan deb oʻyladim. Ogʻa-ini etu tirnoq boʻlib ketasizlar degan umidim bor edi…
Abdullatif: Yolgʻiz shularni oʻydingizmu? Yoʻq, aslo… aslo… Siz valiahdlikka meni emas, Abdullazizni koʻrmoqni xohlagan, bu maqsadda mening haqimda turli boʻhtonlarni tinmay qulogʻingizga quygan badniyatlar gapiga uchdingiz! Ular Abdullatif qiziqqon, Abdullatif oʻylamay ish tutadi, Abdullatif unday, Abdullatif bunday deb aytaverib, oxir-oqibatda meni yomonotliq qildilar. Oraga gʻaraz soldilar. Men jangu jadal kechgan paytimda Abdullaziz Bogʻi bihishtda kanizaklar bilan maishat qilganini koʻrib, koʻrmaganga oldilar. Chunki, ular valiahd shahzodaning zaifligi, maishatga oʻchligi – kelajakda ularga keng imkoniyatlar berajagini yaxshi anglardilar.
Ulugʻbek: Iningni qilmishlarini koʻrib, koʻrmaganga olgan oʻsha kimsalar hozir sening yoningda-ku, oʻgʻlim!
Abdullatif: Ha, ular mening yonimda. Erta-indin amirlaringizning hammasi mening yonimda boʻladi! Nima uchun, bilasizmi, padari buzruk?.. (Ulugʻbek jim) Siz podshohsiz, ammo oʻzingizni himoya qilishga majbursiz – bu esa zaifligingiz belgisidur!
Ulugʻbek: Adolat men tomonda, oʻgʻlim, men tomonda!
Abdullatif: Shuning uchun ham yengilasiz, padari buzruk! Sababi, men tomonda kuch-qudrat dagʻdagʻasi! Mening qoʻlimda kuch-qudrat qilichi, sizning ilkingizda adolat qalqoni! Amirlar hech qachon adolatni himoya qilmaganlar, ular kuch-qudrat timsoli – saltanatni hifz etganlar. Kuch men tomonda, demak adolat ham men tomonda deb oʻylaydi, ular.
Ulugʻbek: Sen-chi, sen nima deb oʻylaysan?
Abdullatif: Men oʻylamayman, men hujum qilaman. Men daryodan kechib oʻtdim – mana shu mening oʻylaganim, mana shu soʻrogʻingizga javobim!
Ulugʻbek: Sharmandalikdan qoʻrqmaysanmi, Abdullatif?
Abdullatif: Bu zamonda magʻlublar sharmandadur, gʻoliblar emas.
Ulugʻbek: Shahzoda, unutma: kimki bir narsaga ortiqcha hirs qoʻysa, u oʻsha narsadan halok boʻlajak! Yana yodingda boʻlsinkim, kim gʻolib boʻladi, kim yoʻq – buni yolgʻiz Xoliqi olam biladi!
Abdullatif: Ha, Parvardigori olam barini biladi.
Ulugʻbek: Oʻlimdan shunchalik qoʻrqmaysanmi, shahzoda?
Abdullatif: Yoʻq, padari buzruk, qoʻrqmayman!
Ulugʻbek: Hayot oʻtkinchi, oʻlum esa muqarrar. Oʻlimga tik boqmoqlik – yo nodonlik, yo donishmandlikdur, ammo yolgʻiz izzatli oʻlimgina saodatdur.
Abdullatif: Siz-chi, siz, padari buzruk, oʻlimdan qoʻrqmaysizmi? Qoʻrqasiz! Odam oʻldirishdan ham qoʻrqasiz. Yoʻq, yoʻq, siz… siz oʻz oʻljasini kamon bilan ovlashni suygan sayyodga oʻxshaysiz. Oʻq uzasizu oʻljangizning oʻlim talvasasini koʻrishni istamaysiz!
Ulugʻbek: Bas, Abdullatif, bas!.. Men hamisha agar biror inson hayoti nohaq qurbon boʻlishini bilsam, jonimni tikib boʻlsa ham uni qutqazib qolar edim!
Taqdirni oʻzgartirishga urinma, oʻgʻlim. Axir ikkimiz ham qismatimiz intihosini bilamiz-ku? Yulduzlar nimalarni bashorat qilganidan xabardorsan-ku?!. Ali!

(Qorongʻilikda Ali Qushchiningʻ yuzi yorishadi.)

Esingdamu, Ali, Buxoroda keksa darvesh aytgan soʻzlar? Oʻshanda men qachondir shahid ketajagimdan xabardor edim. Ammo bu chol bundan bexabar, uning koʻzlari soʻqir – yulduzlarni koʻrolmasdi… Chol aytdiki:
Ali Qushchi: Chol aytdiki: «Sen shahid boʻlajaksan!» Siz soʻradingizki: «Meni kim oʻldirur?» Ul soʻqir darvesh aytdiki: «Sheruya!»
Ulugʻbek: Oʻshanda sen hali tugʻilmagan eding Abdullatif… Sendan oldin uch oʻgʻil koʻrdim. Ikkisi erta nobud boʻldi. Keyin Abdurahmon…
Abdullatif: Shoʻrlik Abdurahmon oʻn ikki yil umr koʻrdi. Oʻn ikki yil shubha ostida yashadi. Keyin men dunyoga keldim. Men ham shubha ostiga qoldim…
Ulugʻbek: Yoʻq, oʻgʻlim, yoʻq, bunday emas!
Abdullatif: Bechora Abdurahmon olamdan oʻtganda, uning boshida oʻkirib-oʻkirib yigʻladingiz. Siz yulduzlar bashorat qilgan jinoyat Abdurahmondan boʻlmasligiga uning oʻlimi tufayli ishongach, juvonmarg bolangizdan mehru muhabbatingizni ayaganingiz uchun yigʻlamadingizmu, otajon?
Ulugʻbek: Yoʻq, bolam, yoʻq, bunday emas… Men Abdurahmonni behad suyardim!
Abdullatif: Oʻshanda men murgʻak goʻdak edim. Koʻp narsaga fahmim yetmasdi. Ammo siz shoʻrlik inim jasadi ustida yigʻlar ekansiz, menga boqqan koʻzlaringizda vahima koʻrib, murgʻak yuragim dahshat tuygan edi… Keyin Abdullaziz dunyoga keldi. Abdurahmonning oʻlimi sabab boʻldimi, siz undan mehr-muruvvatingizni ayamadingiz.
Ulugʻbek: Yoʻq, oʻgʻlim, unday emas… unday emas…
Abdullatif: Tugʻilgan onimdan qaro bashorat la’nati ostida yashadim. Bolaligimdayoq qismatimdan oʻkindim. Keyin meni onangizga topshirdingiz, huzuringizdan uzoqqa – Hirotga joʻnatdingiz. Taqdirning qaro yozugʻini qarangki, sizni tuqqan volidangiz, mening bibim kechayu kunduz meni sizga qayradi.
Ulugʻbek: Oh, malika onamiz Surayyo yulduzidek beomon edilar!
Abdullatif: Ammo men sizni behad suyardim, bor vujudim ila sizga intilardim! Inimning boshini silagan qoʻlingiz bilan mudom mani koʻksimdan itardingiz!
Ulugʻbek: Men ham seni suyardim, o baxtiqaro farzandim!
Abdullatif: Munajjimlaringiz tinmay qulogʻingizga shipshidi: «Sizning kushandangiz shu oʻgʻlingiz!» «Zinhor yaqin yoʻlatmang!» deb shipshidi folchilaringiz! Kechir kufrimni, ey Xudoyim, oxir men oʻzim bu soʻzlarga ishona boshladim. Oʻzimni ishontira boshladim bu soʻzlarga, siz meni ishontirdingiz bu soʻzlarga!
Ulugʻbek: Hasrating menikidan ham ogʻir ekan-ku, bolam!
Abdullatif: Ixtiyoriddin qal’asidagi xazinamni tortib olgʻan chogʻingizda oʻrtanmadim, Tarnob jangida nusrat tugʻini menga emas, Abdullazizga berganingizda oʻrtanmadim, mudom shubha ostida yashaganimdan oʻrtandim. Nishopurda xastalanib toʻshakda yotganimda, siz Abdullatif ayyorlik qilyapti, menga qarshi fitna tayyorlayapti, deb yana shubha qildingiz. Zudlik bilan huzuringizga kelishimni talab etdingiz. Meni xasta holimda zambilda koʻtarib borganlarida oʻrtandim. Shunda men dunyo shubhadan iborat ekanligiga imon keltirdim, hamma narsani shubha ostiga oldim!
Ulugʻbek: Shubha bor joyda takabburlik bor. Takabbur boʻlma, oʻgʻlim. Dunyoda adolat, mehru shafqat, ezgulik borligiga ishon.
Abdullatif: Shu narsalarga ishonib oqibatingiz nima boʻldi? Men sizga achinaman, padari buzrukvor. Siz umr boʻyi ishongan ilmu urfon, siz sadoqat qilgan adolat, qoida ojiz boʻlib chiqdilar. Ular mening qilichim, amirlaringiz xiyonati oldida ojiz qoldilar.
Ulugʻbek: Oʻgʻlim, oyogʻing ostiga qara, minglarcha koʻzlar termiladi. Sen ularni toptab oʻtma, koʻzlaring toju taxt shuuridan koʻr boʻlib, ularni xor etma! Bilib qoʻykim, ikkimizning boradigan joyimiz bir, nasibamiz bir hovuch qaro tuproq! Kun kelib, ikkimiz yonma-yon yoturmiz, oʻshanda koʻzlarimga qandoq qaraysan? Oʻshanda menga nimalar deysan?
Abdullatif: Ha, padari buzruk, borar joyimiz ham, qismatimiz ham bir. Ammo men endi yoʻlimdan qaytmayman. Xudo bir – ahdu paymon bir! Endi peshonamizga ne bitilgan boʻlsa, oʻsha boʻladi. Men sizga qarshi bosh koʻtargan ekanman, ne qilaykim, qismatim shu ekan. Men ila jang qilasizmu, qonimni oqizasizmu, bu sizning ixtiyoringiz! Men daryodan kechib oʻtdim, men yoʻldamen, ota!

( Abdullatif gʻoyib boʻladi.)

Ulugʻbek: Abdullatif! Oʻgʻlim…

(Sahna yorishib yana oltinchi koʻrinishdagi manzara paydo boʻladi.)


Sakkizinchi Koʻrinish

Ulugʻbek, Shayxulislom, Qozikalon, Devonbegi, Ali Qushchi, Shahzoda, Abdullaziz, Amir Bobo Husayn Turkistoniy, Amir Shoh Vali, Amir Sultonshoh Barlos, Amir Mironshoh Qavchin.

Shoh Vali: Necha-necha avlodlarning kuch-gʻayrati bilan ravnaq topib, oʻsib kelgan saltanat buyukligi bir beburd tufayli, bir hirs tufayli halokatli quyunlar girdobida kulday sovrulajakmu?! Tanlang, podshohim, yo bizni jangga boshlang, yo bizning javobimizni bering!
Ulugʻbek: Nima siz ham hozirgina oʻzingiz xunini tilab turgan shahzoda huzuriga borasizmu?
Shoh Vali: Yoʻq, aslo! Biz boshqa biron dargohga bosh urgaymiz... Agar shahzoda dorussaltanani ilgiga kiritsa, yolgʻiz bizni emas, farzandu ayolimizni ham sogʻ qoʻymas. Bul ham shar’iy hukmdorga sadoqatimiz uchundur! Shuni bila turib, qoʻl qovushtirib turmoqdan koʻra, oʻzgalar huzuriga borib boʻlsa-da, farzandlarimiz hayotini asrash bizning vazifamiz emasmu?!
Ulugʻbek: Bu nima yozugʻ?.. Hazrati Sohibqiron tuziga xiyonat qilgaysizmu?!.
Shoh Vali: Oʻzga choramiz yoʻq, davlatpanoh.
Ulugʻbek: Xiyonatdan oʻzgʻa chorangʻiz yoʻqmu?.. Ota-bobolarimiz Sohibqironga, biz esa sizga sadoqat bila xizmat qilganmiz, toabad shunday boʻlub qolgay, deganlaringiz qayda qoldi?!. Munofiqlik qilasizmu?
Sultonshoh: Munofiqlar oʻgʻlingiz oldiga qochdilar. Biz esa hanuz dargohingizda bosh egib turibmiz. Ammo siz xizmatimizni, sadoqatimizni rad etmoqdasiz!
Ulugʻbek: Men yuzsizlikni, adovatni rad etyapman, amir Sultonshoh!.. Siz ham ketasizmu, amir Bobo Husayn?
Bobo Husayn: Aslo, shahriyor, aslo! Oʻzgalar egri boʻlsalar, biz ularga ergashmaylik, amir Shoh Vali! Arazu adovatlardan balandroq turaylik. Agar Abdullatif mirzoga xusumatingiz boʻlsa, buning uchun Vatan ustiga, el-ulus boshiga begonalarni boshlab kelmoq kerakmu?
Shoh Vali: Agar shahzodaga xusumatim bor boʻlsa, bu uning oʻz otasiga, shar’iy sultonimizga qarshi yovboshlik qilgani tufaylidur!
Bobo Husayn: Bizning vazifamiz mamlakatni parchalamoq orzusida boʻlganlarni ayamay yoʻqotmoq, podshohimizga sadoqat bilan xizmat qilmoqlik, ahdimizni halol, bir tomchi qonimiz qolgunga qadar oʻtamoq!
Shoh Vali: Biz hali ahdimizdan kechganimiz yoʻq!
Bobo Husayn: Alhamdululloh! Zulm tigʻini ushatmoqqa bel bogʻlaylik. Bugun kudurat, yo mashvarat pallasi emas, bugun shijoat pallasi. Bugun kim shijoatli boʻlsa, oʻsha podshohdur!
Ulugʻbek: Farzand bilan jang qilmoq shijoat emas!
Bobo Husayn: Vatanni saqlamak, uni parchalanishdan hifz etmoq shijoatdur!

(Sukut.)

Ulugʻbek: Nechun yana jim qoldingiz, Bobo Husayn, gapiring…
Bobo Husayn: Men omuzgor emas, sodiq bir qulingizman! Biroq, shu narsa muhaqqaqkim, shahzodaga yurtni bermaslik kerak! Jang qilmoq kerak!
Ulugʻbek: Siz ham farzandim qonini oqizmoqni tilaysizmu?
Bobo Husayn: Ishonchim komil, agar siz toju taxtni oʻz ixtiyoringiz bilan topshirib, evaziga marhamat kutsangiz, adashasiz. Shahzoda bakovullari oxir-oqibat joningizga qasd qilmay qoʻymaydurlar.
Ulugʻbek: Nelarni soʻzlamoqdasiz? Bunga minba’d ishonmasman! Farzandim ayrim munofiqlar igʻvosiga uchib yovboshlik qilmoqdadur. Ammo u hech qachon oʻz padari joniga qasd qilish jur’at etmas! Bunday shubhaga yoʻl qoʻymangiz!
Bobo Husayn: Bu shubha emas, shahriyor, shubha emas!
Ulugʻbek: Oʻrtadagi bu gʻavgʻolar, toʻs-toʻpolonlar bois bizning yuraklarimiz bir-biri uchun tilsimotdek maxfiy qolgandur. Ammo biz bu gina-kuduratga xotima berurmiz. Kerak boʻlsa, unga oʻz ahdimiz bila taxtni ham topshirurmiz! Hech boʻlmasa, qarigan chogʻimizda halovatda boʻlurmiz…
Bobo Husayn: Sizdan jafo koʻrdum deb yurganlar ozmi? Shahzoda taxtga oʻtirishi bilan ular sizdan xun talab qilmasmilar?!. Ulardan yaxshilik kutmak, yerdan turib yulduzlarga qoʻl uzatmak kabi imkonsizdur.
Ulugʻbek: Bu gaplaringiz barchasi shubhayu andishadan oʻzga narsa emas. Yana aytamen: dunyoda diyonat, vijdon, shariat, oqibat degan narsalar ham bor! Ularni hatlab oʻtish osonmas!
Bobo Husayn: Ular daryodan hatlab oʻtgandek, siz aytgan narsalar ustidan ham hatlab oʻturlar! Ularning oʻz adolatlari, oʻz diyonatlari bor! Vijdon deysizmu? Vijdonlari boʻlganida edi, ular shar’iy podshohga tigʻ koʻtarib kelarmidilar? Shariatmu?!. Ular shariatni ham, dini islomiyani ham oʻzlaricha talqin ettirib, manfaatlariga xizmat qildirurlar… Mana bu yerda oʻtirgan shayxulislom bila qozikalon janoblarini ham oʻlimingizga fatvo berishga majbur etarlar.
Shayxulislom: Bizga tuhmat qilmang, amir! Shakkoklikning ham haddi bor!
Qozikalon: Men umrim boʻyi adolatga xizmat qildim. Bundan keyin ham, inshoolloh, shunday boʻlgay! Majbur qilsalar ham, boʻynimga qilich ursalar ham, nohaq qon toʻkilishiga xizmat qiladigan hech qanday qogʻozga muhrimni bosmasman!
Bobo Husayn: Ular bolalaringizni oʻrtaga qoʻyurlar! Koʻz oldingizda ularga azob berurlar va (Qozikalonga qarab) siz… (Shayxulislomga qarab) siz ham muhringizni bosishga majbur boʻlgaysizlar!
Qozikalon: Minba’d! Terimni shilsalar ham men doʻzax azobiga eltuvchi yoʻlga kirmasmen! Kamohuva haqquhu!
Bobo Husayn: Shayton Odam Atomizni ham aldab oʻz yoʻrugʻiga solgan edi. Orada shaytonlar yoʻqmu?!.
Ulugʻbek: Bas, yetar, Bobo Husayn, gʻazabimni qoʻzgʻamang! Ortiq bunday gaplarni aytishdan tiyiling!
Bobo Husayn: Bosh ustiga, shahriyor, bosh ustiga! Ammo soʻnggi bir gapim bor. Eshitsunlar, shahzodaning bu yerdagi quloqlari ham eshitsunlar: agar u sizning joningizga qasd qilsa, Parvardigor haqi aytamen, men uni sogʻ qoʻymasmen! Ul nobakor Nizomiy hazratlari aytgan hikmatni unutmasun:

Shoh boʻlmas otani oʻldirgan odam,
Oshmas olti oydan, agar boʻlsa ham…

Ont ichamankim, shahzoda agar qoningizni oqizsa, aning podshohligi olti oyga ham yetmas!.. Men uni mana shu qoʻllarim bilan oʻldirurman! Va kallasini siz tiklagan madrasa peshtoqiga ilgayman!
Ulugʻbek: Joningizdan qilcha umidingiz boʻlsa, endi tiyiling! Tilingizni kesing, tamom gung boʻling!

(Oraga sukunat choʻkadi.)

Ulugʻbek: Bu mash’um hodisa qarshisida yana mash’um voqealarni bashorat qilasiz… Qonga-qon deysiz, amir Turkistoniy, qonga-qonning javobi halokatdur!
Badniyat kimsalarning maqsadi ravshandur… Agar mening oʻlimim yurtimga xayru baraka bersa, jonimni berishga ming qatla roziman. Ammo qoʻrqamanki, mening oʻlimimni istaganlar saltanatga oʻlim tilamoqdalar…
Bobo Husayn: Davlatpanoh, biz bu yerga vidolashmoq uchun kelganimiz yoʻq. Biz bu yerga sizga sadoqat bilan xizmat qilmoqqa keldik. Agar ishonsangiz, agar sadoqatimizni rad etmasangiz, dunyoning qay nuqtasini orzu etsangiz, oʻsha yerga qadar itingiz boʻlub borurmiz…
Ulugʻbek: Fikran asrlarning uzoq qa’riga nazar tashlasangiz, tarixning oʻzgarmas mantiqini koʻrasiz. Buyuk, shijoatli qahramonlar bir mash’umligʻ tufayli xarob boʻlganlar, ular tiklagan oliy saltanatlar oddiy bir xatodan halokatga uchraganlar, xato yo aldanuv bois toʻkilgan bir tomchi qonga gʻarq boʻlganlar.
Bobo Husayn: Ammo, shu on, shu lahza bir haqiqat ayonki, ona yurtning qismati qora quvvat changalida qolgan ekan, saltanatning, ilmu urfonning, ezgulikning qismati sizning qoʻlingizdadir. Agar Vatan zulm, saltanat adovat, ilmu urfon jaholat changalida qolmasun desangiz, qora quvvatni boʻgʻovga solmoq kerak.
Agar siz tarki amal qilsangiz, bu boʻgʻovlar uzilur, elu yurt, xudo koʻrsatmasun, ne kunlarga qolur!
Shayxulislom: Yurtning falokatli kunlarida alamangiz xayollarni yoddan chiqaring, falokat oldini oling. Amir Bobo Husayn haq gapni aytganini fahmlang, a’lohazrat!
Bobo Husayn: Siz bu haqda gapirmoqni man etdingiz. Ammo qandoq chiday, shahriyor, qandoq jim oʻtiray? Shahzodaning asl niyati toju taxtni olishi bilan sizni oʻldirmoq. Buning uchun koʻp odamlar ishga solingan.
Qozikalon: Amir janoblari, siz bu gaplarni xuddi oʻz qulogʻingiz bilan eshitgandek soʻylaysiz. Agar biror gapdan xabaringiz boʻlsa, ayting…
Ulugʻbek: Men bu boʻhtonga minba’d ishonmasman. Abdullatif nima ishga qodirligini yaxshi bilaman… Yoʻq, amir Bobo Husayn, siz bundoq soʻzlamang mehru shafqatni la’nat bilan tahqirlaman!
Bobo Husayn (qoʻynidan qogʻoz chiqararkan): Mana, sizga shahzoda niyatining dalili!
Ulugʻbek: Nima bu?
Bobo Husayn: Bugun tunda Kesh yoʻlida qoʻlga olingan chopar etigining qoʻnjidan topildi. Ming afsuskim, qoʻlga olingan chopar Koʻksaroyga yetmay oʻldirilgan… Shu bois maktub kimga atalgani sirligicha qoldi.
Ulugʻbek: Choparni kim oʻldirdi?
Bobo Husayn: Noma’lum. Bogʻi Shimol yonidan oʻtayotganda panadan turib otilgan oʻqdan nobud boʻlmish…

(Ulugʻbek Bobo Husayn qoʻlidan maktubni olib, diqqat bilan oʻqiy boshlaydi.Oʻqigani sayin hayajonlanadi.)

Ulugʻbek: Hayhot! Maktubda mabodo Sulton Ulugʻbek shahardan tashqariga chiqsa, qaytib kirishiga yoʻl qoʻyilmasun, deb yozilibdi. Evoh...
Devonbegi: Maktub qalbaki boʻlmasun tagʻin?!.
Ulugʻbek: Yoʻq, aslo, oʻgʻlimning muhri bosilgan.
Sultonshoh: Bu maktub tasodifan qoʻlga tushmasa, ehtimol siz hamon gaplarimizga ishonmas edingiz.
Ulugʻbek: Men hozir ham ishonmasman.
Shoh Vali: Astagʻfurulloh!
Ulugʻbek: Yana bir koʻz tashlay… Ha, bu Abdullatif dastxati, muhr ham uniki! Ammo… ammo oʻgʻlimning bunday yozishi mumkin emas. Nahotki, u saltanatni tanazzulga boshlagan gʻavgʻolarga meni aybdor sanasa?!. Bu oʻgʻlimning gaplari emas!.. Amir Bobo Husayn, nechun bu maktubni bizdan pinhon tutdingiz?
Bobo Husayn: Shubhayu gumon battar ortmasun, dedim, davlatpanoh.
Devonbegi: Maktub dorussaltanadagi amirlardan biriga yozilganiga shak-shubha yoʻq. Siz, amir Mironshoh, bu holga nima deysiz? Shahar dorugʻasisiz, kim shaharga kiradi, kim chiqadi – barchasidan boxabarsiz.
Mironshoh: Oʻlumdan xabarim bor, ammo bu gapdan xabarim yoʻq! Men podshohimga sidqidil xizmat qilganman, bundan keyin ham ahdimni buzmasman!
Ulugʻbek: Men amir Mironshohga inonurman!.. Afsus, chopar oʻldirilgani chatoq boʻlibdi, xiyonatkor kimligini bilmaymiz.
Qozikalon: Esi bor odam hech vaqt ilonga oʻz koʻksidan joy bermas! Ammo maktub shundoq munofiqlar oramizda ham borligiga ishoratdur.
Shayxulislom: Ishorat emas, ayni haqiqatdur! Andishani qoʻyub ayturman: jinoyatning bosh ildizi shu yerda, dorussaltanada ham boʻlmogʻi mumkin.
Ulugʻbek: Agar oʻgʻlimga boʻlgan soʻnggi ishonchimni ham yoʻqotsam, oʻsha zahotiyoq hayotim iplari uzilajak!
Bobo Husayn: Hayotingiz iplarini shahzodaning oʻzi kesmoqqa qasd qilganiga haliyam ishonmaysizmu?!.
Ulugʻbek: Yoʻq, yoʻq… Nahotki, mehru muhabbatning javobi riyokorlik boʻlsa? Oqibat, shafqat boʻlmagan gapu yolgʻizgina berahmligʻ dunyoda hukmronmu? Issiqdan lovillagan yerning bagʻriga obi rahmat boʻlub qoʻyilgan yomgʻirdan soʻng nechun toshdek qotgan zamindan chechaklar unadi? Nechun quyosh tufayli tikanli novdalarda atirgullar ochiladi?
Shoh Vali: Olampanoh, endi barchasi ayon: yo jang qilmoq, yo umr boʻyi attang qilmoq... Afsuskim, a’lohazratga soʻz uqtirish imkonsiz ekan. Shuncha shikoyatlarimiz yelga uchdi.
Bobo Husayn: Unday demang, amir Shoh Vali, aslo unday demang. Adolatparvar podshohimiz gʻoyatda toʻgʻri tadbir topishlariga ishonurman.
Shoh Vali: Shoyad shunday boʻlsa!
Shayxulislom: Shunday toʻgʻri tadbir topishlari uchun Alloh taolodan muruvvat tilaylik. Inchunin, as-salotin zillallohu fil arz, deganlar Mustafo alayhi vasallam hazratlari.

(Hamma duoga qoʻl ochadi. Shayxulislom du qiladi)

Ulugʻbek: (duodan soʻng) Hammaga ruxsat! Tongga qadar javobimni olursiz!
Shoh Vali: Tongga qadar otdan tushmay amringizga muntazir turgaymiz!

Hamma chiqadi. Shahzoda Abdullaziz paydo boʻladi, otasiga qarab turib, bir zum ketish-ketmasligini bilmay taraddudda qoladi. Ulugʻbek ham bir dam oʻgʻliga soʻzsiz tikiladi.

Ulugʻbek: Bor, Sohibqiron bobong mozorini ziyorat qil! Tiriklar soʻzi senga koʻmak berolmasa, zora marhumlar bilagingga quvvat, yuragingga shijoat baxsh etsa… Faqat yigʻlama, mardona bor!

(Shahzoda Abdullaziz chiqadi. Devonbegi kiradi.)

Devonbegi: Davlatpanoh, nechun shundoq qaltis vaziyatda amirlarni ranjitasiz, bir umr sizni qoʻllab kelgan qozikalon bilan tortishasiz, alarga nomaqbul soʻzlarni aytasiz, malomat qilasiz? Qismatingiz, saltanat omonligi shul umaroyu ulamo ilkidadur!
Ulugʻbek: Xoja Nizomiddin, ular soʻyladilar, men ersam oʻyladim. Jonimga gʻalayon tushdi! Qarshimda nihoyasiz choh paydo boʻlgandek tuyuldi. Chohning bir yogʻida amirlarim, bir tomonida farzandim turganini koʻrdim. Oʻzumni esa choh ichida koʻrdim, Xoja Nizomiddin, choh ichida!
Devonbegi: Davlatpanoh, yana bir noxush xabar yetdi.
Ulugʻbek: Ayting, xoja, ayting.
Devonbegi: Keshdan chopar keldi…
Ulugʻbek: Xoʻsh?!.
Devonbegi: Kesh qal’asi shahzoda ilkiga oʻtibtur… Qal’a dorugʻasi Kesh kalitlarini qarshiliksiz topshiribdi!
Ulugʻbek: Biz koʻmakka joʻnatgan qoʻshinchi?
Devonbegi: Jangga kirmay dovon tomon chekinibtur…
Ulugʻbek: Ha, la’nati Iblis koʻzlari!

(Oʻrtaga sukunat choʻkadi.Ulugʻbek oʻyga botib, bezovta yuradi.)

Devonbegi: Onhazratlari farmonlariga muntazirman!
Ulugʻbek: Nima?.. Ha! Amirlarga amrimni yetkazing: tong otishi bilan yoʻlga chiqurmiz… Jang qilurmiz! Iblis bila jang qilurmiz!
Devonbegi: Qaroringiz muborak boʻlsun, sultonim. Inshoolloh, gʻayratingiz samarasiz qolmas. Shu paytgacha dilingiz zim-zimiston tun edi. Endi uzoqda umid shami yondi…
(Devonbegi shoshib chiqadi.)

Ulugʻbek: Yoʻq, endi uzoqda qon, qilich, oʻlum shamchirogʻi yondi… Yer yorilib, uning qa’ridan, Piri Turkistoniy bashorat qilgan Qarish ilon bolalari chiqqanga oʻxshaydi. Yer ostidan sudralib chiqqan yovuz kuchlarning tantanasi boshlanganday – toʻrt tomonimda yovuzlikning vishillashi eshitiladi…
Nahotki, amir Shoh Vali aytganidek, bu oqsoch dunyo qismat daftariga oʻz hikoyalarini qon bilan uzluksiz yozib tursa?!. Yoʻq, yoʻq, ming daf’a yoʻq!
Mening yoʻlim olis. Men yulduzlarni hamroh qilib yoʻl bosaman. Yulduzlar bilan tongotar sarhadigacha – hayot bilan mamot tutashgan yergacha yoʻl bosaman. Alamlarim, xayollarim, shubhalarim oʻsha yerda tarqalib ketajaklar. Mashaqqatlardan iborat hayotimni qora tuproqqa hadya qilaman. Oʻzligimga qaytaman. Ozmi-koʻpmi koʻrgan shodliklarimni, nihoyasiz hasratlarimni, qalbimning najotsiz umidlarini, tiriklikka boʻlgan mehru muhabbatimni poyonsiz zamonlarga, oʻlchovsiz abadiyatga qaytaraman…

(Ali Qushchi paydo boʻladi.)

Toʻqqizinchi Koʻrinish

Ulugʻbek, Ali Qushchi, Toʻyjon

Ulugʻbek: Shu yerdamisan, Ali? Men seni ranjitdim, koʻnglingga ozor berdim. Sen boʻlsang, sahroda adashgan yoʻlchi qalbidagi nursizgina najot orzusiday, mendan uzoq ketmay yuribsan…
Haqiqat bilan yolgʻon oʻrtasida qanday farq borligini bilasanmi, Ali? Yolgʻonni biz yuraklarimizda mehr bila ardoqlab yuramiz, uni saqlab qolishdan ojizmiz, haqiqatni esa qancha nafrat bila quvib haydamaylik, u yana qaytib kelaveradi.
Kel, suyukli farzandim, yonimga oʻtir. Kecha uzoq… Daraxtlar orqasida shikasta oy koʻtarilmoqda. Butun borliq uyquga choʻmgan. Balki Abdullatif ham uxlamayotgandir, balki u ham mana shu oyga boqib turgandir.
Ali Qushchi: Bu yogʻi nima boʻladi, ustoz?
Ulugʻbek: Bu yogʻi yolgʻiz Allohga ayon… Yulduzlarga qara, Ali, qanday chaqnab porlaydilar!.. Badniyatlarning ezgulik yoʻlini toʻsishga urinishlari yulduzlarni oʻchirishga urinishdek bir gap. Ular oʻchgan yulduzdan nom-nishon qolmaydi, oʻchgan yulduz nurini falak qa’ridan qidirishni qanchalik ixtiyor etma, befoyda, deb oʻylaydilar. Yulduz oʻchsa, nuri-shuuri ham oʻchadi deb xayol qiladilar.
Ular bilmaydilarki, hatto yulduz soʻngan taqdirda ham, uning shuuri ming yillar davomida to yerga singib ketmaguncha, porlab, charaqlab turaveradi. Balki kaftimni yoritib turgan mana shu shuur Batlimus, yo Beruniy hazratlari zamonidan yetib kelgandir…
Ali Qushchi: Necha kundan buyon Algʻul koʻrinmaydur. Bu hol nimadan darak beradi, bilmayman.
Ulugʻbek: Algʻul... Algʻul oʻgʻlimning koʻzidadur. Goh nafrat, goh gʻazab oʻtini sochib porlaydur...
Ali, senga aytadigan bir tilagim bor…
Ali Qushchi: Ne tilak boʻlsa, bosh ustiga, ustoz!
Ulugʻbek: Tangri taolo shafoatidan umidim yoʻq emas, ammo… agar achchiq gumonlar haqiqatga aylansa, rasaddagi kitoblarni asrab qolish yoʻlini tutgil.
Ali Qushchi: Xudo xohlasa, bu safar ham sizdan oʻz inoyatini darigʻ tutmas.
Ulugʻbek: Biz bilmaymiz, farzandim, Haq taoloning ixtiyorini bilmoqdan bandasi benasib… Shunday ekan, peshanamga shahidlik bitilgan boʻlsa, kitobu qoʻlyozmalarni ishonchli joyga yashirishga harakat qil.
Ali Qushchi: Men allaqachonlar ularni eng ishonchli joyga qoʻyganman, ustoz. (Ulugʻbekning hayron boʻlib qarab qolganini koʻrib). Ular mening xotiramga jo boʻlganlar…
Ulugʻbek: Balle, Ali, balle! Ammo inson xotirasi joni uzilguncha ustuvordur. Kitoblar esa insoniyatning abadiy xotirasidur. Ular bor ekan, bu xotira abadiy… Ali, jigarim, men senga yuklagan vazifa nechogʻli xatarli ekanini fahmlaysanmu? Alqissa, bu ishda oʻta ehtiyot boʻlishingni maslahat beraman.
Ali Qushchi: Kamina amringizni qaytarishdan kundaga bosh qoʻyishni afzal bilurman.
Ulugʻbek: Yoʻq, Ali, yoʻq, bu amrim emas, tilagim… balki vasiyatimdur. Kundaga bosh qoʻyish oson. Men senga bundan qiyinroq vazifani yuklagayman. Agar biz shubha qilgan voqealar yuzaga chiqsa, mendan voz kech, nomimni qoralashdan qaytma…
Ali Qushchi: Ustoz… Ustoz!
Ulugʻbek: Ha, Ali, ha! Mendan voz kech, nomimni qorala, ammo… ammo kitoblarimni qutqar!.. Unutma, aytilgan, yozilgan soʻz haqiqatdur. Hatto bu soʻzni aytgan, uni qogʻozga bitgan inson undan tonsa ham, voz kechsa ham, haqiqatni yoʻqotib boʻlmaydi.
Men hozir angladim, umr boʻyi battol zamonning qonga boʻyalgan qoʻllarini qon bila emas, ma’rifatu avf suvi ila yuvmakka urinibman. Abadiyat yoʻlini yoritgan yulduzlar sirini bilaman deb, oʻgʻlimning zulm yoʻliga kirganidan bexabar qolibman… Hamma meni oʻlim bilan qoʻrqitmoq boʻladi. Ammo men oʻlimdan qoʻrqmayman.
Ali Qushchi: Oʻlim haqida oʻylamang, ustoz.
Ulugʻbek: Ali, oʻlimni oʻylamoq, undan qoʻrqmoq emas, hayotni sevmoqdur. Inson «Segoh»ni yaratgan ekan, oʻlumni anglaganidur…
Ali, janozam oʻqiladigan payt, mabodo boshimda boʻlsang, ayt, «Segoh»ni aytsinlar…
Ali Qushchi: Qazoi-qadar haqida bugun koʻp gapirdingiz… «Segoh»ni esa hozir ham tinglashimiz mumkin. Toʻyjon amringizga muntazir.
Ulugʻbek: Toʻyjon shu yerdami? Tezroq huzurimizga da’vat et!

(Ali Qushchi chiqib, Toʻyjonni boshlab kiradi.)

Toʻyjon: Podshohim, omon boʻlsunlar!
Ulugʻbek: Keldingmu, qizim Toʻyjon? Hirotdan qaytganingdan buyon xonishingni eshitishga orzumandman. Yolgʻiz qolsam, xayolan qoʻshiqlaringni tinglayman. Ammo seni yonimga chorlashga imkon yoʻq edi. Mana, nihoyat, hamma orom olgan bir paytda, seni uyqudan qoldirib, bezovta qildim. Meni avf et, qizim.
Toʻyjon: Uyquni gapirmang, olampanoh, agar jonim chiqar payt chorlasangiz ham yetib kelgan boʻlardim.
Ulugʻbek: Toʻyjon, sen Samarqandga avval kelganingda hirotlik bir oʻgʻlon haqida soʻzlagan eding. Yodingdamu?
Toʻyjon: Podshohim, ul oʻgʻlonning ismi Alisherdur. Amir Gʻiyosiddinning farzandi…
Ulugʻbek: Ha, esladim, jussasi kichkina boʻlganidan uni Gʻiyosiddin Kichkina derlar. Yuz-koʻzidan nur yogʻilib turgan kishi. Bu haqda ne sababdin soʻraganim boisini bilurmisan? Yaqinda madrasada hamsaboq boʻlgan mavlono Muhammad Olimdan kelgan maktubda ham bu oʻgʻlon tilga olinmish. Mavlono bu oʻgʻlon iste’dodi, aql-idroki charogʻonligini ta’riflab, uni oʻz panohimga olishimni soʻrabdi… Toʻyjon, sen ul oʻgʻlonni yaxshi tanirmusen?
Toʻyjon: Ha, podshohim, volidasi dugonamdur.
Ulugʻbek: Toʻyjon, men ertaga urushga ketyapman… Agar qismatimda bor boʻlsa, men amir Gʻiyosiddin oilasini albatta Samarqandga da’vat qilurman. Agar qismatimda boʻlmasa, agar bu niyatim imkonsiz qolsa, yodingda tut, qizim. Hirotga qaytsang, ul oʻgʻlonga mening soʻzlarimni, mening omonatimni yetkaz. Aytgilkim, dunyoda ikki hokim bor: biri qilich, boshqasi tafakkur. Ular oʻzaro beomon, beayov jang qiladilar. Oxir-oqibatda har doim tafakkur qilich ustidan gʻalaba qozonajak. Yana bilsinkim, gʻalabaga qadar tafakkur necha martalab xoʻrlanadi, necha martalab mahv etiladi. Ammo u hech qachon choʻchimasin, chekinmasun. Yuragini qoʻrquvdan, hirsdan, xiyonatdan asrasin. Bu zamona toshlari qalamini sindirishidan ehtiyot boʻlsun!
Endi «Segoh»ni ayt, Toʻyjon! Shunday aytki, ovozing avjida oʻsha oʻgʻlon siymosini koʻray! Shunday aytki, bu dunyoda zulm, hirs yoʻliga kirganlar dahshatga tushsinlar!

Toʻyjon «segoh»ni kuylaydi. Qoʻshiq boshlanishi bilan kuchli boʻron uygʻongani seziladi. Qoʻshiq avjiga chiqqani sayin boʻron ham kuchayib boradi, butun dunyoni uning vahimasi tutadi.

TAMOM