OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifXurshid Doʻstmuhammad
Asar nomiHijronim mingdir mening (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Xurshid Doʻstmuhammad
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm216KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/07
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hijronim mingdir mening (qissa)
Xurshid Doʻstmuhammad

«
Inson qalbining eng nozik, eng daxlsiz, eng erka tuygʻusi – muhabbat! Yozma ijodning eng samimiy, eng sirli va eng jozibali shakli esa – maktub. Muhabbat jozibasiyu cehpini bayon etishda maktubdan koʻra qulay va tabiiy shakl yoʻq.
Aziz kitobxon! Qissadagi maktublarni Siz yozgansiz, ularning bari Sizniki. Ishonavering, qizdir-yigitdir, istagan kishi bunday ishqnomani bitishga qodir. Faqat buning uchun, koʻngil begʻubor sevgi sururiyu bokira muhabbat iztirobini boshdan kechirgan boʻlsa bas.

Muallif
»
«
Hech kima ma’lum emas
holi parishonim mening.

Mashrab
»

Hijronim mingdir mening

1

... asl gavhar qanday boʻlishini bilasizmi? “Dur, yoqut, marvarid” dersiz. Topolmadingnz, topolmaysiz ham. Odamlar odatda oʻzlari yetisholmayotgan, qoʻlga kirita olmayotgan narsalarni shu qadar yaxshi biladilaru, yonginalaridagi boylikning yoki topildiqning farqiga bormaydilar, qadriga yetmaydilar.

Nimaga sha’ma qilayotganimni sezdingizmi? Javohirning asili dur yoxud marvarid emas, aslo, javohirning asili – Siz, Sizning oʻzingiz!..

Sizni birinchi bor uchratganimda qanday ahvolga tushganimni aytay: koʻnglingizga olmangu, Sizga birrov koʻz tashlaganimda manglayingiz, yanogʻingiz, yuzingiz bu qadar oppoqligini koʻrib, ichimda, “Bunday qizning qalbi tong shabadasidek begʻubor boʻladi” deb yuborganman. Qoʻl uzatib, oʻzimni tanishtirmoqqa chogʻlanganman ham, lekin…

Oradan yillar oʻtdi. Bilasizmi, men hech kimdan begonasiramayman, yetti yot begona bilan ham zumda til topishaman. Sizga esa yurak yutib ogʻiz ocholmadim. Suluv chehrangizni emas, suluvlikni koʻz-koʻz qilayotgan – chehrangizdagi nurdek oqlikni koʻrib aqlim shoshib qolgan.

Har kishida to umrining oxirigacha goʻdaklik tuygʻusi saqlanadi. Bilmadim, oʻsha damda goʻdaklik hislarim junbushga keldimi, ilinj, xavotir va armon aralash tushuniksiz bir mayl xayolimga tirgʻaldi: “Men shu oqlikka loyiqmanmi?” degan shubhali savol yuragimga xanjardek botdi.

Oʻsha xanjarni hali-hanuz sugʻurib ololganim yoʻq...

Bu qadar ta’sirchanligimdan hayron qoldim. Yotsam ham, tursam ham – tushimdayu oʻngimda shu savol ta’qibidan qutulolmadim. Oʻzimni harchand chalgʻitmay, soʻradim-soʻrayverdim:

Men shu poklikka loyiqmanmi?

Men shu poklikka loyiqmanmi?

Men shu poklikka...

Aslida tanimagan-netmagan qizga koʻngil qoʻyishni tasavvur qilolmayman, shu bois, men dastavval Sizga nisbatan emas, Sizning yuz-koʻzingizdan, bosiq va doimo yerga tikilgan nigohlaringizdan taralayotgan oqlikka nisbatan juda-juda ojiz, notavon his qilgandim, oʻzimni. Va ana shu, aytdim-ku, tushuniksiz va notavonlikdan xalos boʻlish chorasini izlashga kirishdim.

Xat koʻngil koʻprigi, bu koʻprik ikki kishi uchun bunyod etiladi, unga shu ikki kishidan boʻlak hech kim qadam bosmaydi va unga begona nazar ham tushmasligi kerak. Chunki ikki koʻngil toʻridagi eng bokira, eng erka orzu-armonlar ushbu koʻprik – maktub vositasi-la yoʻllanadi. Parvardigor umr bersa, faqat va faqat Sizga izhor etishim mumkin boʻlgan oʻylarim sira-sira adogʻiga yetmaydi. Samimiyatimni toʻgʻri qabul qilasiz degan umiddaman...

Yoshlikmi yo gʻoʻrlikmi, har qalay ma’suma qizlarga roʻpara kelsam oʻzimcha, “Xudo buning qadriga yetadigan turmush hamrohini uchratsin-da” deya iltijo qilar edim. Odamlarga – tanish-notanishligining farqi yoʻq – hamma-hammaga birdek baxt tilayman. Inson uchun oilaviy baxtdan koʻra ulugʻroq saodat yoʻq. Ayol-qizlar uchun esa, eh-he-e!..

Sizni birinchi bor uchratgan kezlarim oilaning baxtiyorligi shunga bogʻliq deb tushunar edim. Siz kabi qizlar qoʻli kosov, sochi supurgi boʻlib, qadr topmay yashamasligi kerak deb oʻylaganman. Yashirmay, bordiyu, Siz bilan topishish baxtiga muyassar boʻlsam gard yuqtirmaslikka, shohi liboslarga oʻrab, begona koʻzlardan asrab-avaylab, sochidan… qoshidan… boʻynidan… oyogʻining momiq barmoqlaridan aylanib-oʻrgilib, billur va chinni idishlar qatori yasate-eb qoʻyaman deya ahdu qaror qilganman.

Kulmang, oradan shuncha yil oʻtsa hamki, qarorim oʻzgargani yoʻq, aksincha, Sizga nisbatan koʻnglimning tub-tubida tugʻilgan tushuniksiz mayl yuragimning zarbasi qatori doimiy hamrohim, yoʻldoshimga aylangan…

* * *

Xatingizni takror-takror oʻqidim. Kuldim, oʻyga toldim. Javob yozish-yozmaslik mulohazasida boshim qotdi. Nima uchun Sizga xat yozishim kerak?

Savolim ogʻir botmasin.

Yaxshi rassom ekanligingiz, gʻalati-gʻalati suratlaringizni koʻtarib kunda-kunora xonamizga kirib kelishingizni, asarlaringiz haqida hayajonlanib xikoya qilishingizni esladim. Ba’zan kirib, lom-lim demay jimgina oʻtirib, soʻng indamaygina chiqib ketar edingiz, lekin aksari suhbatlaringizga quloq solib oʻtirib, har qanday mavzuda oʻta samimiyat bilan fikr yuritishingizga hayron qolar edim, Ba’zan suhbatingizga aralashgim, koʻnglimda tugʻilayotgan mulohazalarimni aytgim kelar edi, lekin mening oʻylarim Sizning suhbatlaringiz oldida juda joʻn, tinglashga arzimasdek tuyular, uyalib qolaman degan xavotirda tilimni tishlab qoʻya qolar edim.

Yodingizda boʻlsa, oʻshanda ham asil javohir, asil dur, asil gavhar haqida soʻragansiz. Men javob berolmaganman. Mana, yana oʻsha savol...

Javobingiz meni hayronu lol qoldirdi. Uni oʻqib, rosti, sarosimaga tushdim.

Sizga nechun kerak boʻlib qoldi meni duru javohirning asiliga oʻxshatish? Mening chehramdan taralgan (chindan shundaymi?) oppoq nur ne sababdan Sizgagina koʻrina qoldi?

Oʻylab oʻyimga yetolmayapman...

His-tuygʻularimni tahlil etishdan ham toymabsiz. Toʻgʻri, hayotda hech kimsaga yomonlik sogʻinmaganman, biron kimsaning koʻngliga ozor yetkazishdan juda-juda qoʻrqaman. Biroq, Siz ta’rifga loyiq xislatlarni mendagina koʻrdingizmi? Axir Siz begonasiz...

Siz keltirgan suratlar xonamizdagilarning barchasiga birdek yoqmasa yoqmas ediyu, lekin hech kim ularga befarq, loqayd qaramagan. Biz qizlar bir-biridan qiziqarli suhbatlaringizga mahliyo edik. Hammamiz Sizni birdek samimiy hurmat qilardik. Ayniqsa, ayol-qizlarni koʻklarga koʻtarguvchi maqtovlaringiz... nozikta’bligingiz, odobingiz bizlarni hayratga solar, xayrlashib xonadan chiqqan zamoningiz Siz haqingizda gʻiybat boshlab yuborar, oʻzimizcha Sizga munosib kelin topar edik. Faqat rassomlar betayin, gʻalati fe’lli boʻladi degan gaplar goh kulgi, goh jiddiy alfozda suhbatimizga ilashib qolardi. Yashirmay, bunday asossiz ta’nalar ba’zan menga ogʻir botsa-da, ichimdagini sirtimga chiqarmaganman. Bu qadar koʻngli ochiq, mulohazali yigit, kasbidan qat’i nazar, odamning qadriga yetadi, deb hisoblaganman.

Odamning qadriga yeta bilishdan koʻra ulugʻroq saodat boʻlmasa kerak dunyoda! Har qanday oilaning baxti, mustahkamligi er-xotin bir-birovini qadrlay olishi bilan oʻlchanadi. Bu haqdagi fikrimiz bir xil ekan...

Xatni mehr bilan yozibsiz. Samimiy tuygʻularingizni sezdim. Oʻqiyotib, xonamizdagi maroqli suhbatlaringizni koʻz oldimga keltirdim. Koʻnglimga begʻubor yengillik qoʻndi. Shunga ham rahmat...

2

... uncha-buncha odam doʻppisini osmonga irgʻitadigan yangiliklardan quvonavermasligimga ba’zan oʻzim ham ajablanaman. Lekin Sizning xatingizni oldimu!.. Vujudimga titroq yugurdi, oʻqiyapmanu, koʻzlarimga ishonmayman. “Xatimni javobsiz qoldirmas” degan umidim chippakka chiqmadi, shuning oʻzi tengsiz quvonch, men uchun.

Sizlar oʻtirgan xonaga kunda-kunora suratlar olib kelib boshi-adogʻi yoʻq suhbatlarim bilan boshingizni ogʻritganlarimni sira unutmayman. Oʻzim nimalarni vaysaganim emas, Sizning bosh egib soʻzlarimga quloq solib oʻtirishingiz, ahyon-ahyonda birrov qarab qoʻyishingiz sira koʻz oʻngimdan oʻchmaydi.

Ayni suhbatga qoʻshilishingiz mumkin boʻlgan damlarda ham sukut saqlar edingiz, shunday paytlarda aslzoda oilada tarbiya koʻrgan kibor qizlardan boʻlsa-ya degan oʻylar kechar edi xayolimdan. Ahyon-ahyonda toʻsatdan kulib qarar va oʻsha zahoti jiddiy tortar edingiz. Misoli yarq etib yonib-oʻchgan chiroqni eslatar edi, kulishingiz. Bir zumlik tabassumingizdan ichim charogʻon boʻlar edi.

Sezarmidingiz?..

Men esa Sizning momiq barmoqlaringiz, kaftlaringiz, bilaklaringizdan ham chehrangizda boʻlgani kabi sadafdek oppoq nur taralishini kashf etganman. Kashf etganmanu, kechirasiz, Sizning oʻzingizni emas, Sizdan taralguvchi nur sehri va jozibasi sirlarini izlashga ahd qilganman.

Parvardigor ato etgan bu goʻzallikni sezmas edingiz, oʻzingiz. Ilohiy xilqat suratida yaratib, bandalari orasiga tushirib qoʻyilgansizu, hech bir kas koʻngil koʻzini ochib Sizga qaramagan, sezmagan. Siz esa... Oʻzingiz ham beparvo yuravergansiz.

Tasavvur kiling, Sizdagi shu ilohiy tarovatni ilgʻash, undan bahra olish yolgʻiz menga nasib etsa... Shuni oʻyladimu, entikib ketdim...

Baxtmi yo boshqa narsami, moʻ’jizami, bu? Bu yorugʻlikka loyiqmanmi?..

Bilmadim...

Chehrangizdan taralgan oydin nur asiriga aylandim. Bundayin nurni avaylamoq, qadrlamoq uchun esa oʻzim benihoya pokiza, begʻubor boʻlmogʻim shart degan qapopra keldim.

... ne-ne donishmandlar quyosh va oyning, behisob yulduzlarning goʻzalligiga mahliyo boʻlmaganlar! Qiziq, osmon yoritqichlarining jozibasi nimada?

Ular taratayotgan nurda.

Bashariyatning oqilu donolari oʻz umrlarini mazkur nurlar manbaini oʻrganishga, ularning jamoliga yetib borishga baxshida etganlar.

Nega, nima uchun?

Jozib nurlar iloh nazari tushgan jismda jamlanadi, zero, oq-oppoq nurda farishtalar goʻzalligi mujassam topadi. Qalbi charogʻon va goʻzal insonlargina ushbu ilohiy nurni a’zoi badanlariga jo etadilar, shu tariqa moʻ’jizalarga qodir nur toza qalb sohiblari boʻlmish zaminiy xilqatlarning muborak badanlarida aks etadi... Shunday ekan, Sizni duru javohirning asilasiga oʻxshatishimda mubolagʻa yoʻq. Sizdagi ushbu moʻ’jizaga faqat va faqat toza koʻngil, begʻubor nazar bilan qarash mumkin, degan qarorga kelgandim, oʻshanda.

Men Sizdagi oʻzim kashf etgan goʻzallik, hurlik jozibasi haqida oʻy surish uchun qalban poklanmogʻim shart edi. Unga munosib boʻlishga ahd qildim va... shahardan bosh olib ketdim!..

Aytmoqchi, “Nima uchun Sizga xat yozishim kerak?” degan savolingiz ham mayli, “Begonasiz” deganingiz picha ogʻir botdi. Axir soʻzning mazmuniga qarang. Sizni yaxshiroq, koʻproq tushungan va boshqalardan koʻra samimiyroq e’zozlay bilgan kishi begona sanaladimi?.. Xudo Sizga ato etgan goʻzallikni payqagan va uni behad qadrlashga ahdu paymon qilgan odam gunohkormi?.. Uning gunohi Sizni koʻngil koʻzi bilan koʻra olganidami?..

Ayting, hyp qizlargagina nasib etadigan Sizdagi bokira tuygʻular chashmasini ilgʻay olgan odam Siz uchun begonami?..

Niyatim bitta, xolos – Sizga begona emasligimni bildirish! Yoʻq, aslo, juda-juda yaqin odamingizman! Shuni bilib qoʻysangiz kifoya...

* * *

... xatingizni oʻqib, oʻzimni qoʻyarga joy topolmadim. Axir men qiz bolaman. Qizdir, ayoldir – ojiza. Harchand vazmin boʻlmay ehtiros, hayajon, mehr-e’zozga toʻla soʻzlaringiz qattiq oʻylantirdi, hayratga soldi. “Duru javohirning asili”, “Parvardigor ato etgan goʻzallik”, “Ilohiy xilqat”... Bunday ta’rifu tavsiflar har qanday ayol-qizga yoqadi. Faqat men Siz ta’riflaganchalik emasman. Ojizaman. Meni bunchalik ulugʻlayotganingiz boisini tushunolmayapman.

Oʻz suhbatlarim bilan joningizga tekkanman, deb yozibsiz. Bunday emas. Hamxonalarimizning birortasi bunday xayolga bormagan. Men-ku, jon qulogʻim bilan tinglar edim... Toʻgʻri, hayratimni oshkor qilavermaganman, lekin aytayotgan soʻzlaringizning birortasini e’tiborsiz qoldirmaganman.

Sinchkov, ziyrak edingiz. Shundan hayiqar edik. “Xayolparast rassom deymizu, judayam ziyrak” degan edi qizlardan biri. Shuni oʻylab nafasimni ichimga yutib oʻtirganman doim. Siz esa buni kibrga yoʻyibsiz, “Aslzoda oila farzandi”, debsiz. Zinhor unday emas. Qanday qilib men Sizga nisbatan kibrli boʻlishim mumkin?.. Tavba, bu gapingizdan kuldim. Axir Siz qaydayu, men qaydaman... Siz oʻylar surib yashayotgan yuksaklikka koʻtarilish uchun menga yoʻl boʻlsin...

Eslasangiz kerak, gapira turib toʻsatdan, “Meni toʻgʻri tushunyapsizlarmi?” deb soʻrar edingiz. Men Sizga tik qaray olmaganim bois dabdurustdan ismimni aytib murojaat qilar edingiz. Men “Ha, tushunyapman” degan ma’noda bosh irgʻab qoʻyar edim.

Siz hech kimni e’tiborsiz qoʻymagansiz. Ayniqsa, qizlar va ayollarning kayfiyatini zumda ilgʻab olar edingiz-da, sezganingizni sezdirmay oramizda xomushroq koʻringanining koʻnglini chogʻlash yoʻlini topar edingiz. Hammamiz Sizni samimiy hurmat qilar edik, tushunar edik. Hatto, “Sizlarni ikki kun koʻrmasam oʻzimni qoʻyarga joy topolmayman” degan soʻzlaringizni ham toʻgʻri, pokiza dil izhori oʻrnida qabul qilar, bundan boshimiz, osmonga yetar edi.

Erkaklar har bir ayolga Siz singari hurmat, muhabbat, e’tibor bilan munosabatda boʻlishsa edi, dunyoda vaysaqi, hayosiz, farosatsiz ayolning oʻzi qolmas edi, shunday emasmi?..

Xat yozyapmanu, Siz bilan tuzukroq, ochilibroq suhbatlashishdan xijolat boʻlganlarimni eslayman. Hanuz oʻsha fikrdaman. Sizning teran mulohazalaringiz mening joʻn, sayoz fikrlarimni qanday qabul qiladi, degan qoʻrquv sira tark etmagan meni. Toʻgʻrisini aytay, shaxsan mendek oddiy qiz nazarida Siz osmondasiz. Osmonda turib yerdagi oddiy bir ojiza qizga mehr qoʻyibsiz. Osmoningizga chiqolmasam kerak.

Darvoqe, kim kimga begona deb bosh qotirish ortiqcha. Hayotda shunday holatlar yuz beradiki, uning ipidan-ignasigacha muhokama qilish odamga rohatdan koʻra, koʻproq azob keltiradi. Toʻgʻrimi?..

Men Sizni yaxshi bilaman, taniyman, lekin qiz bola tomonidan, “Sizni qadrlayman” yo shu qabilda dil izhori qilish, bilmadim...

Azbaroyi qattiq hurmat qilganimdan xatlaringizni javobsiz qoldirgim kelmayapti. Nima qilarimni bilolmayapman. Takror aytay, men Sizning osmoningizga chiqolmayman. Mayli, Siz meni osmoningizda turib yaxshi koʻra qoling – yomon yaxshi koʻrmang, yaxshi yaxshi koʻring.

Xatni tugatdimu, ikki kungacha uni yonimda asrab yurdim. Yirtib tashlamoqchi ham edim... Siz mendan koʻra mulohazalisiz. Biror xatoga yoʻl qoʻyayotgan boʻlsam, aytavering, toʻgʻri yoʻl koʻrsating...

3

... xatingizni oʻqib yuragim orqaga tortib ketdi. Menga bitilgan xatni ikki kun (ikki kun-a!) saqlab yuribsiz, oʻsha ikki kun mobaynida xayolan ikki yuz ming koʻchaga kirib chiqqanimni tasavvur qilasizmi?!.. Hatto uni yirtib tashlash xayoliga boribsiz.

Bu soʻzlaringizni oʻqib, qanday holatga tushganimni tasvirlab berolmayman...

Oʻsha, shahardan bosh olib ketgancha, bilasizmi, nima bilan mashgʻul boʻldim?

Koʻngil koʻchalarini poklovchi musaffo ranglar va shu ranglar uygʻunligini izladim. Begʻubor, toza ranglar suratini matoga, qogʻozga koʻchirdim... Inson oq rangni sevsa, oq ranglar qurshovida yashasa, butun borliqni, bani basharni oq tusda koʻra bilsa... Men har kim koʻravermaydigan, har kim ilgʻay olavermaydigan musaffolikni nazarda tutmoqdaman...

... qontalash shafaq yotoqqa bosh qoʻygan palla, dara oralab oʻtgan oʻzanda quyuq oʻsgan qamishzorni oraladim. Quyuq va zich oʻsgan, balandligi besh-olti quloch keladigan qamish changalzoridan oralab oʻtish mashaqqat. Boshim, yuz-koʻzim aralash qiyiq oʻralgan. Yorugʻ dunyoda men koʻrmagan-bilmagan narsa yoʻgʻu, qadam bosmaganim qamishzor qolgandek qadam-baqadam oldinga siljiyverdim. Shunda tuyqus oyogʻim ostiga qaradimu... qiygʻos ochilgan tugmacha gullarni koʻrdim!.. Inson nazari tushmagan qamishzor orasidagi gʻira-shirada tugmacha gullar shu qadar oq ediki!.. Ularning oqligini tasavvur qilish va tasvirlash uchun “oq” soʻzi ojizlik qiladi!.. Qopga oʻxshataymi, muzga, paxta yo sutga qiyoslaymi?.. Yoʻq, bularning hech biriga oʻxshamagan oq-oppoq gul yaproqchalari!.. Besh yaproqli, uch yaproqli, kapalak qanotidan-da nozik. Kipriklaring uchi siypasa ozor yetguday!.. Bandi kiprik tolasidan-da nafis...

Kimsasiz toʻqayda qancha vaqt qolib ketganimni bilmadim. Nimalarni oʻyladim, ne mulohazalarga bordim – oʻzimga ham noayon. Hushimga kelsam, mitti tugmacha gullarga yuz-koʻzimni surtgudek choʻk tushib, enkayib oʻtiribman, dimogʻimga ajabtovur yoqimli islar uryapti...

Kim ardoqlaydi tugmacha gullarni?.. Kim koʻradi, kim istab topadi, kim ulardan zavq oladi?..

Mitti yaproqchalarning rangi shu qadar tiniqki, undan sachragan oppoq nur tolasi toʻppa-toʻgʻri qalbingizga yetib, ichingizni yoritib yuboradi.

Siz yetaklab keldingiz meni, bu yerga...

Sizga boʻlgan samimiy muhabbatim boshlab keldi, meni ovloqdagi bu gulyaproqchalar tepasiga...

Koʻzim qamashdi. Tiz choʻkkan koʻyi boshimni koʻtardim. Oʻsha lahzadagi holatimni tasvirlash uchun favqulodda soʻz zargari boʻlishim kerak, men esa...

Zich va quyuq qamishzor oralab oʻtgan qilday yorugʻlik koʻzimga ignaday qadaldi... Botayotgan shafaqning tilla tolasi... Yotogʻiga bosh qoʻyayotgan quyosh... quyuq qamishzor... qamishzor poyida sochilgan simobrang gulyaproqchalar.

E’tibor bering, shu ovloqda chappor urib ochilgan gul yaproqchalarini quyosh nuri istab-topib-etib kelibdi... Kumush nur-la qovushibdi tilla tola, bu yerda... Kun boʻyi olamni yoritib qartaygan Quyosh botar asnosi tugmacha yaproqchalar oqligidan bahra olish umidida qilcha yoʻl ochib oq gullar yotogʻiga tilla tuklarini choʻzibdi...

Gavjum shahar odamlari yonginasida yurgan, oʻsgan, ochilgan gulning farqiga bormaydilar, undan bahra ola bilmaydilar. Men koʻrdim oʻsha gulni, kumushrang gulning oqligini sezdim va... uni tark etdim. Tark etdimu, olis togʻlar qoʻynida, kimsasiz qamishzor poyida ochilgan simobiy gullar chamanzorida Sizning suratingizni koʻrdim, ma’yus va mahzun nigohingizni topdim.

Ichimga oʻt ketdi, jonim, sogʻinch daqiqalaridan bunyod boʻlgan navbatdagi uzu-un kunning soki-i-n-n oqshomi... “Qaytaman!” degan qarordan koʻz oldim charogʻonlashdi. “Aytaman!” degan qarordan ruhimga yengillik indi.

Suyukli diydorga yetish qasdida biron soniya ortiq turolmadim. Ortiq qola olmasligimni anglagan daqiqalarda shahar tomon ravona boʻldim.

Keldim. Xat yozdim. Javob oldim. Va Siz, “Xatni yirtib tashlamoqchi boʻldim” deysiz...

Uch yil togʻu tosh kezib qalbim va shuurim, oʻy-xayolu nafsimni gʻuborlardan poklay-poklay oq rangga koʻngil qoʻydim. Oq rangga mubtalo boʻldim. Dunyoni, odamlarni faqat va faqat oq tusda koʻrishga odatlandim.

Oqlik hayotimning mazmuniga, oʻylarimning mehvariga aylandi. Va kunlarning birida oʻqidim:

Sizni topgunga qadar
Men qanday yashadim?
Yashadimmi?..

Oʻqidimu, shu savol qiyin-qistovga oldi. Savollar iskanjasida qoldi oʻyim. Savollar behisob, javoblar behisob. Ne-ne savollar javobsiz...

Savollarning oʻzi javob.

Savollar karvon tortib keladi, javob topish uqubat. Telba savollarga javob topish mashaqqatidan, telba boʻlmaslik uchun birgina diltortar doʻst koʻmagiga muhtojlik sezadi, koʻngil. Birgina doʻst... Siz...

Sogʻinaman. Xayol changalzorida adashgan sherdek sarson kezgan damlar olis-olisda Sizning mayin, vazmin, oʻychan chehrangiz iztiroblarimga taskin-tasalli beradi...

Tushunyapsizmi?..

* * *

Nimalarni yozdingiz menga? Nimalar deyapsiz? Siz tasvirlagan tuygʻular, eh-he-e!..

Tushuning, men juda oddiy qizman. Menga oʻxshash qizlar son mingta. Kamchiligimni sanayversam (tagʻin yomon koʻrib qolmang!) menga izhor qilgan hayajonlaringiz anchagina soʻnib qoladi.

Men oʻzimni Siz nazarda tutgan e’zozga loyiq koʻrmayman. Men Siz oʻylaganchalik qiyosi topilmas qiz emasman, axir. Tagʻin... bu qadar balandparvoz ta’riflar... kulgim kelyapti. Yigʻlab oldim...

Unday ehtiroslarni qoʻying. Ortiq yozolmayapman...

4

... nega bunchalik qisqa yozdingiz? Yutoqib, bir zumda oʻqidim, nafasimni rostlab olgach, hovliqmay, har soʻzingizni oʻn bora takror hijjaladim. Men Sizdan keladigan xatning bunchalik qisqa boʻlishiga dosh berolmayman. Ehtirosi toʻfon yangligʻ toʻlib-toshayotgan, aytar soʻzi doston boʻlishga tayyor kimsaning tashnaligi ikki enlik xat bilan bahra topadi deb oʻyladingizmi? Mumkinmi shu?..

Unutmang, hech bir banda qandayin e’zoz-e’tiborga loyiq-noloyiqligini oʻzi xolis belgilay olmaydi. Muhabbatli qalb e’zozga loyiq koʻrdimi, bas, unga he-ech qanday kuch toʻgʻanoq boʻlolmaydi.

Muhabbatli qalb inon-ixtiyordan xoli yashaydi. Unga Sizu bizning amru farmonlarimiz kor qilmaydi.

Hoynahoy, bu soʻzlar ham Sizga balandparvoz tuyulayotgandir? Unutmang, sof muhabbat balandparvoz tuygʻulardan tugʻiladi, shu bois uni oddiy va joʻn soʻzlar bilan ifodalash qiyin, xuddi shuning uchun ham zaminiy va jaydari kimsalar ilohiy muhabbat savdolarini toʻgʻri tushunmaydilar.

Tushuna olmaydilar. “Hech vaqt xalqning malomatidan qutila olmassan” deb yozgan-ku!.. Oh, qandayin bokira sevgi malaklari oʻtmishda ne-ne kulgi-mazahga qolmaganlar, abgor va badnom boʻlmaganlar.

Er-xotin bir-birovini qadrlashi oila mustahkamligining asosi, deb yozibsiz. Toʻgʻri. Qanchadan-qancha odamlar qadr-qimmat topishni oliy baxt deb tushunadilar. (Bunga yetishmaganlar qancha!) Bunisi ham toʻgʻri. Ammo-lekin Siz... Sizdek xilqatni qadrlashning oʻzi kifoya emas.

Qadrlash xam koʻngillarni payvandlaydi. Biroq, jonim, muhabbat – qadriga yetish-qadr topishdan-da yuksakroq tuygʻu. A-ancha yuksak... Yuksak tuygʻularga munosib yashamoq uchun ruh yuksalmogʻi kerak. Tushunyapsizmi?.. Ruhning yuksakligi tanning latifligidan quvvat oladi. Qadim kitobdan dalil keltiray, xoʻpmi?.. “To kishining ta’bi latif boʻlmogʻuncha oshiq boʻlmagʻusidur, nedinkim ishq beshak ta’bi latiflikdin paydo boʻlur. Latif ta’bdin latiflik tugʻulur”...

Tong otib qolayozdi. Xayol olib qochdi, oz yozdim.

Qistovga olayotganim malol kelmasin. Oʻzga ilojim yoʻq. Tezroq va koʻproq yozing, xoʻpmi?.. Juda-juda kutaman...

* * *

Avvalgidan ancha noziklashib ketganga oʻxshayapsiz. Shoirtabiat boʻlib qolibsiz. Yozgan soʻzlaringizdan kulmayapman, aksincha, ularni oʻqiganim sayin oʻzimni boshqa kishi nazari bilan tomosha qilyapman. Oʻzimni bunchalik chetdan va xolis kuzatmaganman. Qiziq boʻlarkan...

Siz “kibrli” deb ta’riflagan qiz oʻzidan zarracha qoniqmasligini bilsangiz edi!.. Yozganlarimni oʻqigach, uyqungizdan kechib qogʻoz qoralaganingizga arzimasligimni sezgandirsiz?..

Yaxshi koʻrganingiz, e’zozlaganingiz, mehringizni ayamaganingiz uchun rahmat. Bunday e’zozga munosib boʻlish... xijolat chekyapman.

Sizning nozikta’bligingiz, talabchanligingiz qaydayu men qaydaman!.. Oʻylayverib, charchab ketdim. Qat’iyat, iroda yetishmayotganga oʻxshaydi. Nima qilishimni bilolmayapman. Menga atalgan ehtirosli soʻzlaringizni, e’zozli mehringizni his qilib, yigʻlab oldim...

Xonamizda nimadir haqida soʻzlab bera turib toʻsatdan menga “Har kimni koʻnglingizga yaqin olavermas ekansiz-a?” degansiz. Hayron qolganman. Qayoqdan bilgansiz?.. Nahotki, shunchalik odamovi koʻrinsam?! Axir... aytaveraymi?.. Bosh koʻtarib yuzingizga tik qaramaganman, lekin Sizni koʻnglimga yaqin tutar edim. Nima sababdan shundayligini bilmas, oʻzimga ham izohlab bera olmas edim. Samimiyatingizdan, mehrli ekaningizdan, boshqalar koʻnglidagi nozik kechinmalarni ziyraklik bilan ilgʻab olishingizdan hayratga tushar edim. Oʻsha gʻayrat sekin-asta hurmatga aylana boshlagan...

Koʻnglim toʻridagi pardalar ortida pinhon yotgan bu iqrorimni Sizga oshkor qilmoqchi emasdim, buning zarurati yuq deb oʻylaganman...

Nimalarni vaysayapman?! Sizni xonamizda oʻtiradigan qizlar, ayollar, erkaklar ham birdek hurmat qilishar edi, hamon hurmat qilishadi. Shaharga qaytganingizni eshitishibdi, sevinishdi...

Tushuning, Siz haqingizda men faqat toʻgʻri koʻngilda oʻylaganman. Siz haqingizda salgina boʻlsin nojoʻya xayolga bormaganman. Siz ham meni shunday tushuning. Qattiq hurmat qilganimdan xatlaringizni javobsiz qoldirolmayapman, deb yozgandim-ku... Bunday odob odobsizlikka kirmaydimi?.. Boshim qotib qoldi...

“Xafa boʻlmang” deysiz. Men Sizdan hech qachon xafa boʻlmayman. Men Sizdan xafa boʻlolmayman...

Koʻngildagi gaplarni bayon qilganim sayin ular asl ma’no va jozibasini yoʻqotayotganga oʻxshaydi. Oʻylarim koʻp, hammasini batafsil qogʻozga tushirolmayapman, uzr...

5

...Sizni koʻrishim kerak, oʻzga ilojim yoʻq. Uchrashaylik, suhbatlashaylik.

Bordim, oʻsha xonaga kirdim ham deylik, Siz meni qanday qabul qilasiz? Uch yildan buyon yigʻilib yotgan dard-hasratimni eshitishga toqatingiz yetarmikan?.. Umuman, men bilan yuzma-yuz suhbat qurishga rozilik berasizmi?..

Xayolan ming koʻchaga kirdim. Yashiradigan joyim yoʻq, izingizdan poyladim. Ishxonadan chiqib – ikki ayol, bir erkak hamrohingiz edi – avtobus bekatiga bordinglar. Oramizda “Hoy!” desa eshitgulik masofa, orziqib kutgan lahzalarim, mana, marhamat, yetishdim. Oʻn qadam, besh qadam, uch qadam yursam bas, visol-l-l!..

Kutilmagan ahvolga tushdim, jonim, oyogʻimni yerdan uzolmasam deng!.. Mixlangandek yoki yerdan oʻsib chiqqan odamdek “qilt” etib siljiy olmadim.

Yuragim qinidan chiqqudek gursillay boshladi. Shunchalik hayajon bosyaptimi?! Qizlarga roʻpara kelganda tili tanglayiga yopishib qoladigan oʻsmir emasman-ku?!

Xullas, tikkasiga borib salomlashishga, oʻzimni tanitishga yuragim betlamadi.

Suratingizni chizganman: och koʻkish koʻylakdasiz, oppoq gullari bor, quyuq sochingiz yelkangiz uzra yoyilgan, nafisgina baldogʻingizda yanogʻingizdan taralgan nur aks etyapti. Yanogʻingizdagi moshdek xolingiz hamrohlaridan adashgan yoʻlchidek, xolingizdagi oʻychanlik koʻzingizdagi ma’yuslikdan koʻchgandek, lablaringiz qimtilgan, mendan xafa boʻlgandek...

Suratga tikilib-termilib soatlab suhbat quraman: goh Siz, goh oʻzim boʻlib savol-javob qilaman. Biyron boʻlib ketaman. Koʻnglimni toʻkin dasturxon kabi yozaman. Bir soʻzni oʻn-yigirma bor takrorlayman – ular sira koʻnglimga urmaydi, balki takrorlaganim sayin soʻzlar jozibasi qalbimni yanayam charogʻon qiladi. Sogʻinch, visol umidi, begʻubor va samimiy tuygʻular ayyomiga aylanadi suhbat onlarimiz...

Koʻngilga quvonch baxsh etadigan soʻzlarni aytganim, qogʻozga tushirganim sayin Sizning maftunkor qalbingizga chuqurroq kirib borayotganimni, oʻzimni bamisoli ibodatdan turgan taqvodordek tozaroq his qilayotganimni sezaman. Faqat sogʻinchlarga toʻla iztiroblar ichimning allaqayerlarini toʻxtovsiz kemirayotganini ham aniq-tiniq sezaman...

Noshukrlik gunoh, binobarin, men ham hayotdan, turmushimdan nolimayman. Undan ortiq suratingizga termilib oʻtadigan saodatli damlar visol ayyomiga aylanadigan boʻldi. Visol ilinji azoblayotgan odamning ahvolini tasavvur qilasizmi, tasavvur qilyapsizmi?..

Xatlaringizni necha qaytalab oʻqiyman: “Siz bilan tuzukroq suhbatlashib oʻtirishdan xijolat chekaman. Sizning teran aqlingiz mening joʻn, sayoz fikrlarimni qanday qabul qilarkin degan qoʻrquv bor menda”.

Oʻqidimu, shunday qapopra keldim: endi men oʻsha “joʻn va sayoz” fikrlar gadosiman, jonim!.. Sizdek “erdagi oddiy qiz”ning oqilaligi, pokdomonligi uchun har qanday osmondan tushishga tayyorman.

“Nojoʻya xayol” degan iborangizdan qattiq ta’sirlandim. Bizning oramizda nojoʻya niyat yoʻq. Allohga shukrlar boʻlsinki, Siz bilan meni nojoʻya xayol bogʻlagani yuq, azizim! Nojoʻya xayol bogʻlagan doʻstlikning bahridan kechish va yana nojoʻya maqsadlarga loyiq doʻstlar orttirish naqadar oson! Xudo asrasin... Ammo-lekin joʻyali xayollar jismu joningni chirmovuqdek chirmab olsayu, bu iskanjada jon taslim qilgudek toʻlgʻonsang-da, chorasizlikdan biror maskan topolmasang, nima qilmoq kerak?!

Ayting, axir!.. Ayni kunlardagi dardimga yolgʻiz Siz, Oʻzingiz malham qoʻyishingiz mumkin. Men oʻzgalardan, boshqa qalblardan shifo soʻrolmayman.

Sizni topgunga qadar ...

... Yashadimmi?..

Kulyapsiz-a? “Juda yaxshi yashayapsiz” dedingiz-a?.. Topdimmi?..

* * *

... topdingiz. Uch misrali she’rni qayerda oʻqidingiz? Hammaning havasi keladigan Sizdek odam shunday kayfiyatga tushsa, boshqalar dodini kimga aytsin?.. Oʻzim yurgan yoʻlimda uni beixtiyor takrorlaydigan boʻlib qoldim. She’r oʻqimay qoʻygandim, hozir izlab-istab oʻqiyapman.

Muhabbat – tumshugʻida xat tashigan qaldirgʻoch,

Muhabbat – bolishiga pat tashigan qaldirgʻoch.

Qiziq-a?.. Qaldirgʻochni judayam yaxshi koʻraman. Beozor qush... Vijirlagani-vijirlagan. Xat tashigani, xat oʻqigani shudir-da?! Muhabbatga mubtalo boʻlganki, charx urib uyasiga pat tashiydi. Demak, oila quradi, qaldirgʻoch...

Yaxshi koʻrish, koʻngil qoʻyish insonni valfajr aytayotgan qaldirgʻochdek begʻuborlashtirib yuboradi deyishadi. Nima? Tok navdasiga yonma-yon qoʻnib olib, bir-biriga tinmay vijirlayotgan qaldirgʻochlar kabi biz ham xat olishib yuramizmi? Kulgim kelyapti, kula turib koʻzim yoshlanyapti. Yoshim qurib, boshim qotyapti...

Yaxshi insonsiz, mehribonsiz, koʻnglimga yaqin olsam nimasi yomon?! Samimiy suhbatlar qursam, sirdosh tutinsam...

Uzr, nimalarni yozdim, yozyapman?! Sizdek insonga tortinmay-netmay-a!.. Qay bet bilan bor oʻy-xayolimni toʻkib solaman, qay til bilan bayon etaman?.. Kulgiga qolmaymanmi?..

Joʻn va sayoz fikrlarimni... tavba!.. Sizga aytadigan, yozadigan gaplarimni koʻnglimning bir chekkasida kimdir pusib, “Aytma!” degandek tanbeh berib turadi. “Yozaman!” deb ahd qilamanu, istiholaga botaman. Istiholaga botamanu, beixtiyor yozganlaringizni takror qoʻlga olaman: “Endi men oʻsha “joʻn va sayoz” fikrlar gadosiman, jonim”, “Sizdek yerdagi “oddiy qiz”ning oqilaligi, pokligi uchun har qanday osmondan tushishga tayyorman”, “Ayni kunlardagi dardimga yolgʻiz Siz, Oʻzingiz malham qoʻyishingiz mumkin. Men oʻzgalardan, boshqa qalblardan shifo soʻrolmayman”...

Qancha mehr, qancha muhabbat jo boʻlgan bu soʻzlarga!.. Tasavvur qilyapman... Ozgina irodasizlik qilsam, koʻchaga yugurib chiqishdan, duch kelgan tanish-notanishga oʻzim haqimdagi bu qaynoq soʻzlarni baralla aytib yuborishdan toymasam kerak... Lekin “Aytma!” degan dagʻdagʻa tilimni tutadi. Unga boʻysunaman. Aytmasligim kerak, vazminroq boʻlishim shart. Axir men qiz bolaman...

“Nojuya xayol”ni men oʻylagandek, undan-da chuqurroq, mazmunliroq tushunganingiz uchun rahmat...

6

... “Nojoʻya xayol”ga munosabatimiz bir xil ekan, shuning oʻzi Siz bilan mening qarashlarimiz, qiziqishlarimiz yaqinligini isbotlamoqda. Shunday ekan, joʻyali niyatlar haqida oʻylashimiz kerak emasmi?.. Ehtimol, ushbu yozishmalarimiz joʻyali oʻylar debochasidir. Qaldirgʻochning chugʻuri bevaj boʻlmaganidek, bizni bir-birovimizga valfajr aytishga undayotgan toza niyat ham besabab emas degan oʻydaman.

She’r – koʻngil savdosi. Muhabbat haqidagi she’rlar yolgʻiz qolganda oʻqiladi, nari borsa, ikki dil izhori sifatida quloqqa shivirlab aytiladi. Inson koʻngil qatlaridagi erka va hup tuygʻulari koʻz ochgan lahzalar she’rdan, kuy-qoʻshiqdan tasalli topadi. Muhabbatni qaldirgʻochga oʻxshatgan shoirning she’rlarini men ham yoqtiraman.

Unsiz sogʻinchlarimni oʻqisam ishq xatiday,

Sogʻinchim bitta boʻlsa, hijronim mingdir mani.

Hijron, sogʻinch, qoʻmsash... Kundalik, har lahzalik hamrohlarim mening! Yolgʻiz musichaning “ku-ku”sini eshitsam, osmonu falakda charx urib uchayotgan chinni kabutarning parvoziga tikilsam, tun uyqusiga shaylanayotgan qushlar chugʻuriga quloq tutsam sogʻinch oʻrtaydi, jonni, jonim!.. Nima, nima dedingiz?..

– “Muhabbat – yarmi tilla, yarmi kumush qoʻngʻiroq”.

– Ha, ha shunday. Shunday misrasi ham bor oʻsha shoirning.

– “Sogʻinch – oshiq andalib, vafo oqqush rangdamish

Toki, har parvonaning pokiza armoni ishq”.

– Oʻqing, davomini oʻqing!

– “Sargʻaygan sogʻinchlarim bir qoʻnalgʻa qalb izlar,

Tun gardun qabogʻiga tortganida surma rang”.

– Shunday, jonim: tong – sogʻinch, tun – sogʻinch. “Ichim kuyib borar, yuragim kuyib...” “Osmonga sigʻmayman, yerga sigʻmayman”, Sirdoshing, hasratdoshingga aylangan uzun tunlar allaqaylarda umid gullari ochilar... Tonglar otar... Yana she’r oʻqing, men tinglayin jimgina. Oʻqing, axir, qulogʻim, vujudim ixtiyoringizda.

– “Yoʻq”.

– Yana ikki misra oʻqing.

– “Boʻldi. Boshqa she’r bilmayman”.

– Juda kup she’rlar bilasiz, jonim. Juda yaxshi tushunasiz, she’rni, oʻqiy qoling.

– “Tushunmayman”.

– Tushunmaysiz?.. Hamma dard, hamma sitam tushunganingiz mukofoti, jonim. Tushunish azob... Inson chuqurroq, nozikroq tushungani, his qilgani sayin azobi chuqurlashaveradi, iztirob oʻtida koʻproq kuyaveradi. Oʻylab qolaman: bunday holatlarda tushunmaslik, hissizlik baxt emasmikan?..

Siz she’rni tushunasiz, she’r – koʻngil savdosi, koʻngilning oʻzi, she’r! Tushunchalaringizga topinay, xoʻpmi?..

“Juda yaxshi yashayapsiz” deb kuldingiz-a? Noshukrlik qilmayman, atrofimda toʻla mehr, oqibat, kamim yoʻq. Bu ulkan haqiqatga til tekkizish gumrohlik. Biroq, azizim, hayotda ana shunday haqiqatlardan-da yuksakroq, muqaddasroq haqiqat bor. Bu oliy-samoviy haqiqatni koʻra olish har kimsaga nasib etavermaydi. Uni ikki qalb tutashgan lahzalardagina koʻrish mumkin... Qalb javharlarining yaqinligidan koʻngil koʻzi ochiladi, bu koʻz, bu gunoh samoviy olam haqiqatlarini ravshan koʻradi.

– “va yarmi tilla, yarmi kumush qoʻngʻiroqqa aylanadi”...

– zang chaladi, bong uradi...

– bu qoʻngʻiroq sadolarini juda-juda begʻubor sohibi-sohibalarigina toʻgʻri anglaydilar...

– qayerda, Siz aytmoqchi ta’bi latif oʻsha odamlar? Qayerda?.. Nega bosh chayqayapsiz, ayting, bormi, shunday odamlar?..

* * *

Qarab turib shoir boʻlib qolmaylik!.. Sevgi-muhabbat koʻngillarni shod-charogʻon qiladi, deb eshitgandim, nega men Sizga aks ta’sir koʻrsatyapman? Yoki oramizdagi toza munosabatni hech kimsa toʻgʻri tushunmasligidan qaygʻurayapsizmi?.. Qaygʻurishga arzirmikan?..

Bunday tuygʻular odamlar tomonidan kamdan-kam qadrlangan, deb yozgandingiz, oʻzingiz...

Toʻgʻri topibsiz: hamma birdek anglagan haqiqatlardan-da yuksakroq haqiqat bor, bu – ikki kishigagina ayon haqiqat...

His-tuygʻularimni shu qadar ochilib-chochilib izhor qilayotganimdan xijolatda edim. Bu taxlit xat almashuvlar oqibatida bir-birovimizga oʻrganib qolamiz degan xavotirdaman... Xavotirda yuraveribmanu, oʻrganib ham boʻldim, shekilli?..

Xatingizni kutayotganimni sezmay qolaman... xatlaringizni qayta-qayta oʻqiyman... Sizga izhor qilish uchun ichimda jamlanayotgan soʻzlar qaynab-toshadi, lekin barini yozolmayman, ularni... “Tushunchalaringizga topinay, xoʻpmi?” Bu soʻzlardagi har bir harfga qanchalar mehru muhabbat jo boʻlgani faqat menga, oʻzimgagina ayon. Faqat, oshirib-toshirib ta’riflashlaringizdan hamon lov-lov yonib, xijolat chekaman...

Hijron, sogʻinch, qoʻmsash... totli azoblar baxshida etmaydimi, bu tuygʻular?.. “Toza dard koʻngilni musaffolashtiradi” degan gapni oʻzingizdan eshitgandim, shekil?.. Shunday ekan, totli azoblar ogʻushida koʻngli tozalanayotgan kishiga achinish oʻrinlimikan?.. Sizning mehrga toʻla bir ogʻiz soʻzingiz, faqat mengagina ayon begʻubor nigohingiz meni nechogʻli yuksaltirib yuboradi. Tasavvur qilolmaysiz! Mana, gap nimada!..

7

Sahar chogʻi koʻkda yolgʻiz yulduzni koʻrsam...

Toʻxtovsiz yugurayotgan soat millariga termilsam...

Xazon toʻshalgan soʻqmoqdan oʻtsam...

Kunduzni ogʻushiga olayotgan tunni kuzatsam...

Orom istagida boshni bolishga qoʻysam...

Sizni SOGʻINAMAN...

Tirik jon borki, tinimsiz nimanidir kashf qilib yashaydi. Men sogʻinchni kashf qilyapman...

... yop-yorugʻ xona toʻsatdan qoramtir tus oladi, koʻz oldingdan tuman, tuman emas – quyuq bulut sollanib oʻtadi, oʻtib borayotgan bulut boshing uzra toʻxtaydi – ustingdan kulayotganga, seni mazax qilayotganga oʻxshaydi. Qoʻllaringni almoyi-aljoyi harakatlantirib bulutni tarqatib yuborging, erkin nafas olging keladi, biroq, aksincha, qandaydir yumshoqmi... qattiqmi narsa mushtdek boʻlib koʻksing ichiga kirib olgandek... hiqildogʻingga bir nima qadalgandek... abadul-abad shul alfozda turaveradigandek... tovushing boricha baqirib yuborging keladi. “Dod!” desang, xonaning bir tomonini enlagan keng, yorugʻ deraza chil-chil sinib, jarangi qulogʻingni qomatga keltirsa, mayli, oyna siniqlari tarnovdan shovullab tushayotgan yomgʻir suvidek boshingdan quyilsa... beting, manglaying, lablaring qonga belansa va shisha yomgʻiri orasidan seni shundayin sogʻinch tegirmoniga solib azoblayotgan Suvrat koʻrinsa...

Olam sukunat ogʻushiga choʻmadi, sukunat yutib yuboray deydi. Seni yutib yuborishga hoziru nozir sukunat navosini tinglab orom olging keladi...

Hozirgina deraza oynasi chil-chil sinib tushgan, quyuq bulut boʻronidan musaffolashgan xonada Sizni roʻparamga qoʻyib, nurdek jamolingizga suqlanib suhbat boshlayman... goh Siz – goh oʻzim boʻlib suhbat quraman. Arazlayman, Siz yupatasiz... Ichki choʻntagimdan taxlanib yotgan xatlarni olib bir boshdan oʻqishga kirishaman, “Oʻqimang” deysiz. “Hammasini emas, ayrim joylarini oʻqib beray” deyman. “Men yoʻgʻimda oʻqiysiz” deysiz. Nima deganingiz, bu? Siz hech qachon yoʻq boʻlmaysiz, axir, Siz doim yonimdasiz, Siz mening ichimdasiz...

Deraza yonida chumchuq paydo boʻladi, uzuq-yuluq chirqillab, boshini qiyshaytirganicha munchoq koʻzlarini bizdan uzmaydi. Xatni oʻqishga tutinaman: “Siz menga qadrli insonsiz...”, “Mening koʻnglimga begona emassiz...”, “Hurmat qilardim, endi esa...”

– “Toʻxtang, oʻqimang, ketib qolaman!”

Avzoyingizni koʻrib choʻchigan chumchuq “pir” etib gʻoyib boʻladi. Men esa dilingizga ozor yetkazdim, degan oʻyda xavotirga tushaman. Yuvosh tortaman... “Xoʻp-xoʻp, oʻqimayman” deyman. Siz nima desangiz, “churq” etmay ado etaman. Bu xatlarni Siz yozmagansiz. “Oʻzgaga bermoq esa tushimga kirmas uxlab” deb yozarmidingiz Siz?.. “Tagʻin yomon koʻrib qolmang” deb yozgan odam ham boshqa “Shunaqangi sogʻindimki!..”, “Hech kimni yoʻlatmagan koʻnglimga kirib oldingiz” degan soʻzlar ham Sizga begona. Boshqa kishi, Siz bilan menga mutlaqo begona kishi yozgan ularni. Oʻsha BOShQA kishi Siz bilan men haqimda topib yozganini qarang!..

Eshityapsizmi: “Bizni hech kim bir-birimizni tushunganchalik tushunmaydi...”

Juda toʻgʻri yozgansiz, jonim, boshqalar bizni toʻgʻri tushunmasligini fojiaga aylantirishning hojati yoʻq. Ehtimol, hamma birdek tushunaveradigan tuygʻu boʻlganida, u Sizu bizning koʻngillarimiz mulkiga, qalblarimizni tutashtiruvchi koʻprikka aylanmas edimi?..

Shunday emasmi?..

– “Men ham shunday oʻydaman”...

– Nima dedingiz?

– “Hech nima”.

– Ayta qoling.

– “Oʻzi bitta edi”.

– Oʻzi bitta boʻlgach, gapi ham bitta boʻladi-da!..

– “Tushimda Sizni koʻrdim, Soy ismli ayolni sevib qolibsiz”.

– Ha-ha-ha!.. Soy ismlidir, xoynahoy?

– “Soy ismli ayol ham boʻladimi?”

– “Jatu-um-m” nima degani?

– “Nima?!”

– “Jatu-um-m-m, muskurado-o!” deb kuylaydilar-ku, hindlar.

– “Bilmadim. Soy ismli ayol kim?”

– Soy – soy-da, oqar suv, anhor bor-ku, oʻshani sevib qoldim.

– “Soynimi?”

– Soyni.

– “Soyni sevish... tushunmadim”.

– Lim-lim oqayotgan soy ekan. Suvga tikilib oʻtirdim, oʻy surdim. Bir zamon qarasam, bir gala qiz koʻzalarni suvga toʻldirishdida, izma-iz yurib narigi qirgʻoqdagi yolgʻizoyoq yoʻldan qiyalab yurib yuqoriga koʻtarila boshladi. Ne koʻz bilan koʻrayki, ularning orasida Siz bor ekansiz... hayajondan nafasim qaytayozdi, jonim boricha baqirdim, chaqirdim...

– “Nima deb?”

– Ismingizni aytib chaqirdim.

– “Ismimni nima deb aytdingiz?”

– Aytdim-da...

– “Qani, ayting-chi”.

– Hech kima-a, ma’lum ema-as, holi parisho...

– “E, toʻgʻrisini ayting”.

– Aytaymi?.. “Jonim” dedim, “Xonim” dedim, “Javohirim”, “Oppogʻim”, “Gavharim” dedim...

– “Boʻldi-boʻldi, yetadi. Birortasiyam menga mos kemaydi”.

– Mos kemaydi?! Siz suv olib tepalik tomon yurishingiz hamono soy suvi nur tarata boshladi. Simobiy, kumush rang suv. Yugurdim, oqar suvning sathida yugurib boryapmanu, oyogʻim botib ketmayotganiga hayron ham boʻlmayapman, chunki oʻsha topda suv betida yugurish emas, Sizni soy boʻyida uchratish moʻ’jizaroq edi men uchun, tasavvur qilyapsizmi?!

– “Ha-ha-ha!..”

Suhbatimiz shu yerga yetganda deraza tokchasiga oppoq chinni kabutar kelib qoʻndi. Boʻynini choʻzib, avvaliga choʻchinqirab moshdek dum-dumaloq koʻzlarini bizga tikdi. Kabutar shu qadar oq ediki, azbaroyi, shundayiga ham yorugʻ-charogʻon xona yanayam nurga toʻldi. Jonivor hurkib uchib ketmasin degan oʻyda tovushimni pasaytirdim:

– Kuling, jonim, tushlarimdan zavqlanib kuling. Men esa oʻsha soyning suratini chizyapman...

– “Qiziqsiz-a!..”

– Mashhur raqqosaning oʻnlab suratini chizib tor kulbasiga qator-qator yasatib qoʻygan, qarigan chogʻida shundan oʻzga ovunchogʻi qolmagan taniqli rassomning hayoti ham qiziq edi. Men-chi?.. Sizga ishqim tushdiyu, qiziq boʻlib qoldim. Tushimda ham, oʻngimda ham Siz, Siz, Siz!.. Qulogʻimda– tovushingiz, nazarimda – suratingiz, vujudimda – vujudingiz...

... xontaxta yonida yonboshlagancha uxlab qolibman. Yarim kecha uyqum oʻchdi. Sovuqqotibman. Koʻzimni bazoʻr ochdim. Ne koʻz bilan koʻrayki, yonimda choʻk tushib, tepamda menga qarab oʻtiribsiz. Atlas lozimning choʻgʻday jiyagi koʻzimni qamashtirdi... “Turing, bunday yotmang” dedingiz. Soʻzingizni ikki qilmay, irgʻib qad roslamoqchi edim, koʻngilga oralagan xayoldan yuragim opqaga tortdi.

“Ketib qolsa-chi?”

Koʻzimni ochsam ketib qolasiz, degan xayolda qimir etmay yotaverdim. Sizni tepamda koʻrib shu qadar orom topdimki!..

“Turing”, dedingiz, “Ketib qolasiz-da”, dedim ichimda. Yana uyqu elitdi...

Allamahal choʻchib uygʻondim, tepamda menga termilib oʻtirganingizga qaramay uyquga ketganim uchun oʻzimdan norozilanib, sapchib turdim. Yoʻqsiz... Shoshib hovliga chiqdim. Hovli sahniga, burchak-burchaklariga koʻz yugurtirdim – topmadim. Alamdan ichim oʻrtandi. Shoshib, zinadan pastladim. Shunda, qiygʻos gullagan gilos shoxlaridan-da balandroqda devorga yoyilgandek osigʻliq oppoq matoni koʻrdim. Misoli oq, nurli dasturxon...

Koʻzimni uzolmadim. Sutdek oq mato – dasturxon sathida undan-da oqroq, undan-da nurliroq Sizning suratingiz paydo boʻldi.

Moʻ’jiza edi, bu!..

Ma’yus, munis, dilbar chehra... Turgan joyimda nafas ololmadim, oyogʻimning uchida choʻzildim. Vaznim ye-engil tortdi, Siz tomon koʻtarila boshladim... bi-ir quchoq oppoq nur suzib keldi, keldi va meni osuda ogʻushiga oldi...

* * *

Bunchalik muhabbatga toʻla boʻlmasa, qalbingiz!.. Qattiq koʻngil bogʻlash xosiyatsiz, deyishadi. Xudo asrasin...

Shunchalik yaxshi koʻrasizmi-a?!. Chindan ham, qiziqsiz, men ham qiziq boʻlib qolayotganga oʻxshayman...

Xatingizni oʻqib koʻzlarimga dur toʻla yosh qalqidi, yuragimdan quvonch toshdi. Bizni bir-birimizga roʻpara qilgan Allohga shukrlar qildim.

Sizga tush boʻlib koʻringan manzara mening oʻngimmikan?.. “Oʻngimmikan?” deb tepangizga borgim, qoʻllaringizdai tutgim keldi... Koʻzlaringizda adoqsiz iztirob, adoqsiz sogʻinchni koʻrdim... “Meni sogʻindingizmi?.. Koʻrgingiz keldimi?.. Chindan oʻzingizmi?.. Oq mato sathidagi oq surat boʻlib koʻringan menmi?” deb holi-joningizga qoʻymay soʻrayvergim keldi. Butkul dunyo eshitgulik ovozda qoʻshiq aytgim keldi. Sizning hech kimsa yoʻlay olmaydigan begʻubor dunyoingizga qoʻlingizdan tutib singib ketgim keldi...

Ruhimni chirmab olayotgan bu orombaxsh azob, ilohiy nur meni tobora yuksaltirib, poklantirib, esankiratib qoʻymoqda. Jonu jahonimni e’zozlagan, oppoq ranglarga, oppoq nurlarga, sutdek oppoq ezgulikka belab-burkab tashlagan lahzalarni, ilohiy vujuddan taralgan sehrli soʻzlarni xayolimda qayta-qayta tikladim, esladim va Sizdan qanchalar olisda boʻlsam-da, shunchalar yaqinda ekanligimni his etdim.

... har safar ruhing ortidan xayolan ergashgan koʻyi uning qoshiga otlanar ekansan, ostonasiga qadar zilol suvlar sepib borasan. Zilol suvlar sepilgan yoʻllar zebo goʻshalarga yetaklashini Yaratgandan soʻraysan...

Ijod kishilari xayolparastligi rost-a?.. Loaqal tunda tinch, xotirjam uxlang. Bisotingizdagi barcha haroratli soʻzlarni kunduzi aytsangiz ham boʻladi-yu!.. Xontaxta yonida koʻzingiz ilinibdi, hoynahoy, yupqa koʻrpacha ustida uxlab qolgandirsiz?.. Sovuqqotib uygʻonibsiz. Shundan bezovta boʻlib borgandirman, tepangizga?..

“Adamni yaxshi koʻraman” desam ajablanmang. Har kim uchun oʻz otasi aziz. Lekin men adamning nihoyatda shirinsoʻzliklari, nihoyatda hushyor va behad mehribonliklari uchun ulugʻlayman. U kishi faqat biz farzandlariga emas, hech kimsaga yomon koʻz bilan qaramaydilar, biror kimsaning koʻnglini ranjitmaydilar. Bunday odamlar koʻp emas... Siz koʻ-oʻp jihatdan adamga oʻxshaysiz...

Siz men bilan gʻoyibona suhbat qurib majnunlik qilavermang. Siz tasvirlagan suhbatimizni oʻqib dam kuldim, dam zavqlandim, oʻzimga havasim keldi... Tong otgunga qadar mijja qoqmadim. Xayol surib suhbat qurdim, “Kim bilan?” deysizmi? Shbatdoshimni Siz taniysiz, faqat Siz bilasiz u kishini...

Shunchalar yaxshi koʻrasizmi-a, meni?.. “Oʻlibmanmi, yaxshi koʻrib!” deyapsiz-a?..

8

... ehtimol, Siz ta’riflaganchalik yaxshi odamdirman, lekin har safar xatingizni oʻqiganda oʻzimni yanayam yaxshiroq inson sifatida his qilaman, yanayam yaxshiroq odam boʻlgim keladi.

Siz odamlarni oʻz imkoniyatidan oʻn, yuz karra yaxshiroq odam boʻlishiga da’vat eta olguvchi moʻ’jiza sohibasisiz. Bunday qizlar tabiatida zaminiy quvvatdan koʻra, samoviy sehr kuchliroq boʻladi. Ehtimol, kimlarningdir nazarida Siz hamma ayol-qizlarning biridirsiz, Sizga ham qoʻpollik, qoʻrslik qiladigan erkak topilar (yuzini teskari qilsin!), lekin shuni unutmangki, bir kishining nazarida Siz aslo bunday tuban muomalaga ravo koʻrilmaydigan xilqatsiz!..

... qish chillasi. Tuni bilan yoqqan qor holdan toygan – may-yda-may-yda elayapti. Qor qoplagan tomlar qato-or yotganicha uyquga ketgan va halizamon silkinib uygʻonadigan bahaybat jondorlarga oʻxshaydi. “Jondorlar”ning u yer-bu yeridan quyuq qora tutun burqsib koʻtarilyapti... Tong otsa-da, odamlar issiq uylaridan tashqariga chiqqilari kelmaydi, sovuqning zoʻridan kun ham ming bir uqubatda, erinib yoyilmoqda.

Kimsasiz, tor va uzun koʻchaning oʻ-oʻrtasida bola yetaklagan juvon paydo boʻldi. Bola – oʻgʻil bola shekilli – telpakni koʻziga dovur bostirib kiygan, u yetmaganday, ogʻzi-burni aralash sharf oʻrab bogʻlangan.

Juvonning boshida oq jun roʻmol, issiq koʻylak ustidan qora baxmal nimcha. Guldor lozim. Bir qoʻli bilan oʻgʻlining qoʻlqop kiygan qoʻlidan tutgan, ikkinchi qoʻlini musht qilganicha koʻksiga bosgan. Nimadir gapirib kelayapti shekilli (oyogʻi toyib ketmasin-da!), ogʻzidan bugʻ chiqyapti.

Tomlar, daraxtlarning shir yalangʻoch shoxlari, koʻcha oppoq qorga burkangan. Juvonning qoʻli, yuzi qordan-da oq... Oq jun roʻmoli ostidan yarqirab koʻringan manglayidan taralgan nur shundayiga ham oppoq koʻchani yanada yoritayotgandek.

Tong yogʻdusi shu koʻchada tunaganu, juvon uni yetaklab chiqayotgandek. Ana, yuqoriga, yuqoriga, yana yuqoriga koʻtarilmoqda, hademay oʻzidan taralayotgan nur tolalaridan emin-erkin odim tashlab samo sari yoʻl oladi...

Bola, yoʻq, yogʻdu toʻla tongni yetaklagan juvon – Siz. Qish tongidan oqroq, qor jilvasiday toza niyatlar yetaklagan farishta – Siz. Qirchillama qish tongida hayajondan entikib, vujudidan ter quyayotgan yigitning tirik sogʻinchi – Siz.

Mana, zum oʻtmay men tasvirlagan manzaradan chiqib kelasiz, a’zoi badanimdan koʻtarilayotgan hovur oʻziga qoʻshib koʻtarib ketayotgandek va Sizning vaslingizga yetdim deganda, undan ayro tushadigandek… koʻzlarimdan yosh tirqiraydi. “Sovuqning zoʻridan” deyman ichimda, Siz manzaraning chegarasiga yaqinlashasiz, entikaman, yonginamda paydo boʻlasiz, ogʻiz juftlayman: “S…s…”, salom berolmayman. “S... s-salom”ga juftlangan lablarim orasidan “S... s-sogʻindim” degan soʻz chiqishini, bunday demaslik uchun irodam, qurbim yetmasligini tushunaman.

Yuzma-yuz kelasiz, nigohingizni bir soniya yerdan uzasizu necha kunlardan buyon oʻylab, chamalab, aytmoqqa shay qilib qoʻygan soʻzlarim poʻrtanasini soʻndirasiz... Lom-mim demay yonginamdan oʻtasiz va yuz-koʻzingizdan taralayotgan billuriy nur tolalaridan toʻshalayotgan yolgʻizoyoq yoʻldan osmonga, osmonga, osmo-onga chiqib ketasiz...

* * *

Sogʻinch ham shunchalar azobli boʻladimi? Qanday manzarani hikoya qildingiz? Tasavvuringizdami?.. Men yetaklagan bola kim?..

Koʻngil tubida pinhon tutgan koʻpgina sirlarni oshkor qilishga toʻgʻri kelayapti... Sizni qanchalar koʻnglimga yaqin olishimni yolgʻiz oʻzim bilar edim, faqat oʻzim tushunar edim. Endi esa har kimga nasib etavermaydigan mehr, bokira tuygʻular...

Mayli, oʻsha tor va uzun koʻchadan chiqib borayotgan, chehrasidan taralayotgan billuriy nur oyogʻining ostiga poyondoz boʻlayotgan (chindan shundaymi?) juvon men boʻlay, koʻcha boshida kutayotgan Siz boʻling. Ayriliqning adogʻi – sogʻinch, ayriliqning mevasi – sogʻinch... Siz, men... kumush poyondoz toʻshayotgan tong...

Sizga nisbatan koʻnglim tubida asragan pinhoniy munosabatimni hech qachon sezdirmayman, oshkor etmayman, bu sir meniki, uning begʻubor va samimiyligiga biron kimsa shubha qilmasligi kerak, zinhor unga gard yuqtirmayman deb oʻylar edim. Uni Sizga ham aytmaslikka ont ichgandim, chunki, hatto Siz ham mendagi tuygʻularni, Oʻzingizga boʻlgan mehrni toʻgʻri tushunmaysiz degan xavotir bor edi menda.

Shuning uchun yonginangizdan lom-mim demay oʻtgandirman...

Soʻz bilan tasvirlangan manzarangizni oʻqib oʻzimga havasim keldi. Ilgari boshqalarga havas qilardim, keyingi paytlarda faqat oʻzimga havas qilyapman... Suydiradigan, kuydiradigan soʻzlaringizning hamma-hammasi menikimi? Faqat meniki-a?..

Soʻzlaringizni eshitayotgandek, nigohingizni koʻrayotgandek yigʻladim...

Uyda, ish joyimda, qarindosh-urugʻlarim orasida hamma birdek hurmat qiladi, z’zozlaydi, e’zozlashadi. Faqat Sizchalik emas... Koʻklarga koʻtarguvchi maqtovlaringiz uchun minnatdorligimni qanday izhor etishni bilmayman. “Rahmat” deya olaman, xolos...

Yodimdan koʻtarilay debdi! “Koʻp majnunlik qilmang”, deb yozgandim, unutdingizmi deyman?.. Ertayu kech meni oʻylayvermay, xayollaringizga tin bering. Ertaga yakshanba, hordiq kunlarini ortiqcha oʻy surmay, ortiqcha iztiroblarga berilmay oʻtkazing, xoʻp?..

9

... yakshanbani Siz aytganday oʻtkazdim. Uyga qamalib, ortiqcha iztirob chekmay degan oʻyda tashqariga chiqdim. Jim-jit, daraxt barglari qilt etmaydi, hayron boʻldim, nega borliq sukutda?.. Nimaning xayolini surayapti, qiziq... Birdan allaqayda musicha choʻzib ku-kuladi. Shu qadar nola qildiki, musichaning tovushida shu qadar mung, shu qadar sogʻinch, shu qadar dard borligini birinchi bor ilgʻashim... Sizni esladim... Musicha yana ku-kuladi, azbaroyi hovli jaranglab ketdi, beozor parrandaning boʻgʻiqroq tovushi mening ichimdan eshitilayotgandek boʻldi... Bu tovush Sizni chaqirayotgan, Sizni chorlayotgan edi... Sezyapsizmi, Sizning soʻzingizdan chiqmay ortiqcha iztiroblarga berilmaslikka uringanim sayin Sizni oʻylamaslik, Sizni xayoldan quvib chiqarish epini topolmadim.

Bilasizmi, nega shunday boʻldi? Nafas olmay yashashning iloji yoʻq-ku, toʻgʻrimi? Shunday ekan, axir, Siz har lahza qonimni, ruhimni harakatga solayotgan nafasimning ichidasiz… Menga hayot baxsh etib turgan nafaslarim ichidagi xilqatni qanday qilib unutay, uni xayollarim poʻrtanasidan quvib chiqaray?!

“Rahmat”ingiz qabul. Har yozgan xatingiz – rahmat, xatingizdagi har soʻzu har harfingiz – rahmat. Sizning borligingiz rahmat, men uchun, jonim!..

Adangizni taniyman. Koʻpni koʻrgan, bosiq diyonatli inson ekanliklari qiyofalaridan seziladi. Shunday mehri daryo otaning Sizdek farzandi kimsaga yomonlik sogʻinmasligi tabiiy. Siz boshqalarga zarda qilganingizni koʻrmadim, eshitmadim. Faqat, mehru muhabbatga sazovor boʻlish uchun bu fazilatning oʻzi kifoya emas.

Samoviy tuygʻularni joʻn iboralar bilan ifodalash mushkulligini tushunasiz (yozgandim-a?), degan fikrdaman. Shunday ekan, toʻgʻri qabul qiling, men nazarda tutayotgan muhabbat girdobiga gʻarq boʻlmoq uchun, mening orzuimdagi samoga koʻtarilmoq uchun ming karra ishlov berilgan olmos, dur, gavharning asilasiga aylanmogʻi zarur, qalb! Bashorat qiling-chi: orzuimdagi koʻklarga yuksalish bizga nasib etadimi?..

“Siz osmondasiz” deb yozgan edingiz. Unday emas, men orzu qilgan falakka yolgʻiz chiqish mumkinmi? Yolgʻiz kimsaga nima bor u yoqlarda?

Sizning sehringizga bogʻlangan eng begʻubor tuygʻularimdan tugʻilgan ruhim uchib yurgandir, hoynahoy?.. Oʻzim emas. Men – yerdaman, Sizning yoningizda. Falakning adoqsiz cehpy jozibasiga, foniy dunyo sinoatlariga Sizda topganim – qalb va tan pokligi – oq-oppoq ranglar orqali boqa olganim evazigagina oʻsha osmonlarni ilgʻay olgandirman...

Yolgʻiz qanot qushlar osmon qatlariga uchib yetolmaydilar...

... nafis xitoyi chinni, “Tushirib yubormay!” degan xavotirda kaftlarimda avaylab tutaman. “Tushib ketsa-ya!” – xavotir, qoʻrquv, hayajon... Tushirib yubormay-da!.. Ardoqlashga qudrat ber, Oʻzing!..

Avval yozgan xatlaringizdan birida oʻqidim: “Koʻnglimdagi gaplarni yozganim sayin ular asl ma’nosini, jozibasini yoʻqotayotgandek tuyuladi...” Boshqa yupanchimiz ham yoʻq-ku, axir. Oramizdagi yolgʻiz Allohga ayon rishtalar sehrini saqlash va ardoqlashning maktubdan boʻlak yana qanday chorasi, imkoni bor?

Dil izhori, dil bayoni, dil rozi, xolos...

Yozganim sayin gaplarim qaynab chiqayotganga oʻxshaydi. Yozaveraman. Yozishmalarimiz narvon yangligʻ bizni arsh chamanzorlariga olib chiqadi. Bu – oppoq samimiyat, tongdek begʻybop, norasida goʻdak nafasi yangligʻ halollik narvoni boʻladi...

* * *

Necha kunlardan beri tushimda koʻraman. Telefon har safar jiringlaganda oʻrnimdan irgʻib turaman. Eshik har safar ochilganda “yalt” etib qarayman... Piyoda yurgim keladi... xayol olib qochadi. Suhbatlaringizni eslaymay, yoʻl usti xatlaringizga qayta-qayta koʻz yugurtiraman, bir kulib – bir atrofga javdirayman.

“Uzoq-uzoqlarga ketgisi keladi, odam” degan edingiz. Nazarimda, hozir juda uzoqdasiz...

Tushlarimdan birini aytaymi?..

Xonangizga chaqirtiribsiz. Shoshilib kirdim. Besh-olti notanish qiz xonangizni artib-surtishyapti, bezatishyapti. Shinamgina!..

Sizga koʻzim tushdi. Siz (aytaveraymi?) yap-yangi, choʻgʻdek gilam ustida yonboshlab dam olyapsiz. (Shuncha qizning koʻz oʻngida nima qilib yotibsiz?!) Tepangizga bordim, qara-ab turib qoldim.

– Meni shu ahvolga soldingiz. Kelmay qoʻydingiz, mana, turolmayapman, – dedingiz.

Kayfiyatingiz esa chogʻ, kulimsirayapsiz. Oshiqib, qoʻlimni choʻzdim, barmoqlarimdan qattiq, lekin avaylabgina tutdingiz-da, irgʻib qad rostladingiz.

Qaddingiz sira bukilmasin...

Toʻgʻri tushuning, men Sizga nazokatli, farosatli, behad sohibjamol qizlarni ravo koʻraman. Bordiyu, meni sirdosh tutsangiz-da, oʻshanday qizga koʻngil qoʻyganingizni aytsangiz chin dildan quvongan boʻlur edim. Siz esa... axir oʻzim bilaman, qandayligimni!.. Oʻjarman, injiqligim ham yetarli, yigʻloqiman... Qolganini aytmay, tagʻin yomon koʻrib qolmang. Suyukli boʻlish qanday yaxshi!..

Koʻnglingiz nigohi menga tushdi. Xatlaringiz – Alloh in’om etgan tillolarim mening! Ularni oʻqib, bu baxtdan boshim aylanib, hech kim va hech nima bilan hisoblashmay, andishayu istiholani yigʻishtirib hammaga maqtangim kelaveradi.

Bilaman, Siz bilan mening oramizdagi doʻstlikni, begʻubor ruhiy yaqinlikni hech kimsa toʻgʻri qabul qilmaydi.

Bir-birimizni tushunsak bas, shunday emasmi?.. Samoviy ta’rifu tavsiflar, haroratli ehtiroslar, qoʻsh qanotli qushlar parvozi...

Hamon ikkilanaman, yuragim orqaga tortadi – Siz aytgan osmonga chiqishga imkonim yetarmikan?.. “Bashorat qiling-chi!” deysiz-a!.. Men kaftingizda avaylabgina tutib borayotgan nafi-is xitoyi chinningiz boʻlsam... Xitoyi chinnidan ham bashorat kutadimi, odam?..

Tushirib yubormaysizmi, tagʻin?..

10

... agar har bir odam kimgadir Siz va men kabi koʻngil qoʻysa edi. Koʻngil qoʻya olsa edi – butun insoniyat qavmi orasidagi gina-kuduratlar, ixtiloflar barham topardi. Chunki olamni oq ranglarda, mehr koʻzi bilan koʻra olgan inson nigohida illat qolmaydi. Har kishining goʻzal xulq-atvori koʻpayishiga kimdir sababchi boʻladi. Dunyoga toza koʻngilda qaray bilish, odamlarni katta muhabbat bilan seva olish tuygʻusi ham jonzod yangligʻ tugʻiladi, yuksaladi.

... oʻn uch yoshli bola, tengqurlari qatori koʻcha changitib, toʻp quvib yurgan bolakay tuyqus yon daftar tuta boshladi. Koʻrgan tushini, yegan ovqatini, onasining tanbehlarini, qushlarning sayrashini, kuchukchalarni yaxshi koʻrishini... qoʻshni sinfdagi qizning yurish-turishini yozib borishga odatlandi. Odatlandiyu, doʻstlari singari terlab-pishib yuguravermaydigan, shimining changini choʻtkalab, tuflisini artib-surtadigan, uydami-darsdami – yurgan yoʻlida kitob oʻqish jinnisiga aylandi.

Oʻziga qoʻshni sinfdagi qizning nazari bilan qaray boshlaganini oʻzi ham sezmadi. Yon daftarini qoʻldan qoʻymadi. Murgʻak taassurotlarini, odamlarning bir-biridan ajoyibligini oʻzicha kashf qila boshladi. Gʻayrat, havas, sevinch uygʻondi uning koʻksida... Oʻzini birdan ulgʻayganday his qildi. Faqat undagi olamjahon oʻzgarishdan qoʻshni sinfdagi qiz bexabar, bolaga qanday ta’sir oʻtkazgani – yolgʻiz yaratganga ayon edi.

Bola moʻ’jizaga ishonar, erta yo indin hayotida favqulodda moʻ’jiza yuz berishini intiq kutar, lekin ichida gʻujgʻon oʻynayotgan toʻfonni hech kimsaga, yaqin doʻstlariga-da oshkor etishni istamas edi..

“Moʻ’jiza” uyda – oila davrasida yuz berdi: oʻn uch yoshli bola yon daftarchasini yoʻqotdi!.. Azbaroyi talvasaga tushdi. U qoʻshnining serjun iti boldiridan tishlaganida ham, qatiq olish uchun guzarga borganida ikki naynov ogʻayni shapaloq urib, tepkilaganida ham, ariq yoqasidagi kulbada yolgʻiz yashaydigan telba xotin “Burdalab tashlayman!” deya tishlarini taqillatib quvlaganida ham bunchalik yurak oldirmagan edi.

Yon daftarcha qayoqqa gʻoyib boʻldi? Kim oldi uni? Kimga zarur ekan oʻn uch yoshli bolakayning yon daftarchasi?..

Oqshom ovqatdan soʻng shoshib oʻrnidan turdi, xayoli joyida emasdi uning. Yon daftarchasini yoʻqotganini ogʻiz ochib aytolmadi, uni oʻzi izlashi, topishi kerak. Shart! Topmasa...

– Oʻtiringlar! – dedi otasi hammaga qarata. Akalari, opalari, kennoyisi xontaxta tegrasini toʻldirishdi. – Qani, oʻqi-chi!..

Muddaoni tushunolmay hamma jim, katta akaning qoʻlida... yoʻqolgan daftarcha paydo boʻldi!.. Aka uni oʻqishga tutindi:

– “Katta tanaffus... zvonok chalindi... Klassdan shoshib chiqdim, qarasam...” Xah-ha-ha!..

Bola “yalt” etib akasiga qaradi va oʻsha zahoti qaytib boshini tizzalari uzra solintirdi. Akasi miriqib, qah-qah otib kuldi. Kulaturib daftarchani xotiniga uzatdi. Undagi yozuvlarni ovoza qilishni kennoyi davom ettirdi:

– “Bugun koʻkish koʻylay kiyibdi, yoqasi oppoq. Kecha sariq koʻylak kiygandi. Yurganida etagi chiroyli hilpiraydi... Koʻylaging chiroyli ekan, demoqchi edim, aytolmadim...»

Bu safar dasturxon atrofidagilarning hammalari baravariga kuldi. Kattalar kulgidan oʻzlarini toʻxtatolmagani sayin bola oʻtirgan joyida ezilib, yerga kirib ketaverdi.

“Tarbiya soati” qancha davom etdi, otasi, onasi, aka-opalari nima deb tanbeh berishdi – bolaning qulogʻiga kirmadi. Oʻn uch yoshli bola bamisoli oyoq ostida majaqlanib ezilgan maysaning ahvoliga tushdi. Churq etib tovush chiqarmadi. Uydan hovliga, hovlidan qop-qorongʻi koʻchaga yugurib chiqqandagina, ariqcha yoqasida oʻsgan tolning quyuq zimiston panasiga borib choʻk tushib oʻtirgachgina koʻzi jiqqa yoshga toʻlganini payqadi...

* * *

...oʻn uch yoshli bolaga achinib ketdim. Qorongʻida tol panasida ich-eti ezilib oʻtirgani koʻz oʻngimga keldi. Boshini silab yupatgim, koʻnglini ovlagim keldi. Nahotki, kap-katta odamlar bolalik havasini, uning murgʻak koʻnglida odamlarni yaxshi koʻra olish mayli, tuygʻusi koʻz ochayotganini tushunishmadi?! Axir... mehrni tushuntirish, ifodalash, izohlash qiyin ekan... Odamlar orasidagi hamma-hamma munosabatlar mehr-muhabbatni tushuna olishdan boshlanadi. Mehrli boʻlish qanchalik mashaqqat, qadrlay bilish esa undan-da mushkul.

Sizdan yashirmayman, yashira olmayman: koʻngil qoʻygan kishilarim boʻlgan. Lekin hech kim bilan ochiqchasiga suhbatlashib, koʻnglimda pinhon tutgan izhorimni ham, iztirobimni ham oshkor etmaganman, ayta olmaganman, hatto aytish shart emas deb hisoblaganman. Qanchalar ezilib, qiynalib, sogʻinib yashasam-da, atrofdagilar nazarida befarq va sovuqqon koʻrinib yuraverganman. Endi oʻylab koʻrsam tuygʻularimni, hissiyotlarimni faqat Siz qadrlay bilibsiz, tilga koʻchirishga jur’at etmagan ehtiroslarimni bayon qilishga yoʻl ochibsiz. Shuning uchun ham oramizdagi munosabat “yaxshi koʻraman” mazmunidagi dil izhoridan a-ancha yuksakda deb hisoblayman. Siz ham shunday fikrdasiz toʻgʻrimi? Uni, ayniqsa, Sizdek sezgir odamga izohlash ortiqcha.

Samimiy, begʻaraz, goʻzal munosabat...

Bir paytlar, “koʻngil yoʻli olis” degan iborani tilga olgansiz. Yodingizdami?.. Soʻng tushuntirgansiz. Mana, endi xatlaringiz – koʻngilning har kim ilgʻay ololmaydigan, fahmlolmaydigan eng nozik kechinmalariyu tebranishlari izhori.

Siz oʻn uch yoshli bolaning iztiroblarini yozibsiz. Bu yoshdagi qizlar oʻgʻil bolalarga nisbatan koʻproq narsani tushunib ulguradilar, ziyrak boʻladilar.

Shu yoshimda “Yaxshi koʻrish nima? Odamlar nega bir-birlarini yoqtiradilar?” degan savollarga oʻzimcha javob topgim kelardi. Qizlardan soʻray desam ustimdan kulishadi... Amakim birga oʻqiydigan qizni yaxshi koʻrar ekanlar. Shu gapni eshitganda gʻalati boʻlib ketdim. Suyundim.

Amakimni uylantiradigan boʻlishdi. Buvim qizni koʻribdilar, rozilik bildirdilar. Uyimizdagilar qizning ismini ochiq-oydin tilga olaverishdi. Sal gap ochilsa amakimga qarayman, koʻzlari charaqlab ketganini sezaman... Qani edi, buvimgilar boʻlajak kelin haqida koʻproq gapirishsa-da, men amakimning quvonishlarini kuzataversam...

Biroq, katta amakim toʻyga rozilik bermadilar. Boshqalarni bilmadimu, bu gap meni dovdiratib qoʻydi. Axir men oʻzim tanimagan-netmagan oʻsha qizni allaqachon kennoyi qilib ulgurgan edim...

Oʻzimcha hukm chiqardim: amakim zinhor boshqa qizga uylanmaydilar, axir yaxshi koʻrganini unutish osonmi? Men ne xayoldamanu, amakim... boshqaga uylandilar. Toʻgʻrisi, amakimdan koʻnglim qoldi, shunday boʻlsa-da, u kishini zimdan kuzatishda davom etdim. Amakimning koʻzlarida armon alomatlarini izladim...

Avvaliga kelin koʻzimga xunuk koʻrindi. Gaplashgim ham kelmadi. U kun boʻyi tinim bilmas, yelib-yugurib xizmat qilar, katta-kichikka birdek shirin muomala qilardi. Meni “siz” sirashidan hayron qoldim!..

Bir kuni oshxonaga yugurib kirsam, kennoyim yigʻlayapti!.. Meni koʻrdiyu, shoshib koʻzini artdi, jilmayishga urindi va birdan, “Hech kimga aytmaysiz-a” deb yolbora ketdi. Kennoyimning oppoq paxtadek yuzlariga, mendan yashirayotgan qop-qora koʻzlariga qarab turib, shunaqayam achindimki!..

Kennoyimni yolgʻiz qoʻymaydgan boʻldim. Uyga kirsa – uyga, oshxonaga kirsa – oshxonaga izidan kiraman, qanday boʻlmasin yolgʻiz qoldirmaslikka urindim. Shunaqayam yaxshi ediki!..

Amakim va-aqtli ketib, ke-ech keladilar, kennoyim indamaydi, yelib-yugurib xizmat qilishdan tinmaydi...

Ke-echqurun ikkovimiz gaplashe-eb oʻtirgandik.

– Sizga havasim keladi, – dedi kennoyim.

– Voy, nega? – deb soʻradim.

Kennoyim dam kulib, dam oʻyga tolib a-ancha gapirdi.

– Qizlik kezlarim bir dunyo orzularim bor edi. Kelin boʻlib tushdimu hayotim oʻzgardi. Xayollarim, orzularim oʻzgardi, hatto tovushim boshqacha boʻlib qolayotganga oʻxshaydi... Hech kimga aytmaysiz-a?.. Meni bu yerda hech kim xafa qilmaydi, oyijon, amakingiz ham yaxshi odam ekanlar. Faqat oʻzim koʻnika olmayapman. Ich-ichimdan shunaqayam ezilamanki!.. Koʻngil qoʻya olmaslik... Sizchi, siz faqat sevib turmush quring, xoʻp?.. Men... berkinib yigʻlasam, sal yengil tortaman... Kelin boʻlib tushgan oiladagilarni, shu yerdagi turmush tarzini sevib-ardoqlab yashashim kerak, deb oʻylardim. Mehrim, e’tiborim, koʻnglimdagi bor yaxshi niyatlarimni shu yerga baxshida qilaman, degan oʻydan boʻlak orzuim yoʻq edi. Eng muhimi – odamlarning koʻngliga qarash, mehrli boʻlish kerak deb hisoblaganman, lekin... xayol, orzu-niyat boshqayu, hayot boshqa ekan. Mehr-muhabbatdan koʻra oyoq-qoʻlning chaqqonligi, epchilligi, toliqmasligi zarurroq ekan, oila uchun...

... Kechirasiz, xatim choʻzilib ketdi (Sizga oʻxshab yozmoqchi edim-da!) Inson eng avvalo mehrli, muhabbatli boʻlishi, hamma narsaning yaxshi tomonini koʻra bilishi muhim, deb oʻylayman. Mehrdan yuksakroq tuygʻu bormikan?! Dunyoni halokatdan asraydigan goʻzallik ham mehrda, mehrda, mehrda...

11

...oʻn uch yoshli qizchaning (Siz-a, oʻsha qiz?) – Sizning ziyrakligingizga havasim keldi. Kennoyingizga achindim. Oʻn uch yoshingizdayoq shu qadar ta’sirchan, shu qadar sezgir boʻlgan ekansiz!..

Kulmasangiz bir sirni ochay: Sizlar oʻtiradigan xonaga turli bahonalar bilan kirib-chiqib yurgan kezlarim biron ishga qoʻl ursam, Sizni nazarda tutib, “U nima der ekan?” degan savol bilan oʻzimni tergashga odatlandim. Ba’zan oʻylamay-netmay qilgan ishimni, aytgan soʻzimni sizning hukmingizdan oʻtkazib, xijolat chekkan paytlarim boʻlgan.

Nazaringiz tarbiyachimga aylangan edi, mening.

... besh-olti yillik ichki bir havas, botiniy hurmat duru gavharga, yoqutga aylandi, endi dunyoni shu javohir orqali koʻrishga mahkumman... Osmonlar, odamlar... gullar, goʻdaklar... tunlar, kunduzlar – hamma-hammasini ushbu bokiralik timsolida idrok etish men uchun halovot. Sizga yetisha olmaslik, ayriliq, sogʻinch ruhimdagi goʻzallik tuygʻusini kemiradi... “Begʻubor tuygʻularingiz va ehtiroslaringizga gard qoʻndirmay ardoqlashga imkonim yetarmikan?” degan xavotiringiz asossiz. Imkoningiz yetadi. Buning uchun men majnunona sevgan va ardoqlash orzusidagi Oʻzingizdagi tuygʻular bokiraligiga gard yuqtirmasangiz bas.

Oʻtinchim shu: Sizga, Sizning sha’ningizga qoʻnadigan gʻuborlarga kaftimni, yuzlarimni tutay!..

“Oqila, farosatli qiz boʻlishga, ishonchingizni oqlashga harakat qilaman” degan soʻzlaringizga suyanaman, jonim.

Tushingizda xonamga kirib, meni yotgan joyimdan turgʻazibsiz. Uzr, tepamga Siz kelibsizu, gina qilganimni qarang!..

Yana bir moʻ’jiza: ayni Siz tushingizda tepamga kelgan paytda men... uyimda yotgan joyimda uygʻonib ketdim!.. Zim-ziyo tun. Koʻchadagi simyogʻoch chirogʻi quyuq daraxt shoxlari oralab yotoq xonamni ola-chalpoq yoritgan. Koʻzimni ochdimu, engashgancha menga tikilib turganingizni koʻrdim. Hushimni yigʻib ulgurmay, savol qotdim:

– Urishganimga jahlingiz chiqdimi?

Oʻyladim: “Qachon urishdim?.. Nega, qaysi gunohi uchun urishay, uni?.. Diydoriga yetisholmay yurgan qizni urishish?..” Bosh chayqadingiz.

– Sizdan jahlim chiqmaydi, – dedingiz kulib. – Urishsangiz qaniydi!.. Jon-jon deb quloq solar edim, tanbehlaringizga. Faqat, arzimagan narsalarga asabingizni buzayotganingiz... Asabingizni asrang, demoqchi edim...

Uyqum oʻchdi...

– Arzimagan narsalarmi? – deb soʻradim.

Jimsiz. Gapirmaysiz. “Gaplarim koʻp” deysizu, aytmaysiz. Yoki sukut saqlab, men uchun qandaydir qizlarni ravo koʻrayotgan boʻlmang, tagʻin?..

Kaftimdagi xitoyi chinni naqadar nafis!..

“Suyukli boʻlish qandayin yaxshi!..”

Bunday oʻylar chalgʻitguday boʻlsa sukut saqlashga yoʻl qoʻymayman. Xursanddirsizu sevinchingizni, xafasizu ranjiganingizni, yigʻlaysizu koʻz yoshlaringizni oshkor etmaysiz.

Bizni yaqinlashtirgan samimiyat bu toʻsiqni buzishga ojizmi?.. Qani, oʻsha samimiyat?..

Yoʻq, iztirobga tushganimdan bezovta boʻlmang. Bu iztiroblar qalbni poklaydigan, Sizni yanada suyukli qiladigan, insonni yuz chandon insoniylashtiradigan iztiroblar. Ne-ne odamlar bundayin nozik kechinmalardan bebahra oʻtadilar dunyodan.

– “Menga bera qoling har qancha azoblaringizni!” Nimalar deyapsiz!.. Qalbi ana shunday iztiroblar chashmasida yuvilgan pokiza odamlargina bunday hamdardlikka qodir boʻladilar. Bunday qalb Sohibasiga azoblarimni emas, rohatlarimni, halovatlarimni, sevinchlarim, shukronalarimni, koʻngilning begʻubor goʻshalarida koʻz ochgan arzanda hislarimni ravo koʻraman!..

* * *

...judayam boshqachasiz! Koʻngil tubidagi ehtirosu hayajonlaringizni batafsil tasvirlay olishingizga hayron qolaman. Sizga oʻxshatib yozolmayman.

Sizga men oʻzimni ham loyiq koʻrmam, rosti gap,

Oʻzgaga bermoq esa tushimga kirmas uxlab...

Qalay, shoirlikni eplar ekanmanmi?..

Uzoqroq suhbatlashgim, gapiraverib qulogʻingizni bitirgim keladi, ichim toʻla sirlarga oshno qilgim keladi. Lekin, Sizchalik oʻxshatib gapirolmayman, yozolmayman...

“Dunyoga Sizning nazaringiz bilan qarayapman!” deyapsizmi? Uyaltirmang. Bunday martaba, izzat-obroʻga erishishga yoʻl boʻlsin!.. Siz bilan yuzma-yuz kelib cyhbatlashishga oʻzini loyiq koʻrolmayotgan qiz boʻlsam... Nima oʻylasam, qanday yumushga qoʻl ursam – koʻz oʻngimda Siz paydo boʻlasiz. Qilayotgan ishim Sizning talabchan nazaringizda toʻgʻrimi, Siz qanday qaraysiz?.. Shu savol biror daqiqa xayollarimni tark etmaydi...

Oʻjarligimni aytgandim. Biror narsaga qoʻl urdimmi, bas, undan sira qaytolmayman. Faqat oʻzim qattiq koʻngil qoʻygan kishimgina meni qaysarliklarimdan qaytarishi mumkin. Yaxshi koʻrgan kishim koʻnglidagidek qiz boʻlish – fikri-xayolim shu boʻlib qoladi.

Siz shunday kishimsiz mening... Bu gapni aytishdan istihola qilmayman, qizarmayman. Siz yaxshi koʻrishga arziydigan insonsiz. Qalbimda koʻz ochgan va ochayotgan ilohiy tuygʻular uchun Sizning borligingizga shukr qilaman, men juda-juda baxtli qizman.

Shunchalar yaxshi koʻrishingizga ba’zan hali-hanuz ishonolmayman, Sizning yolgʻondan yaxshi koʻrishingiz ham men uchun barcha haqiqatlardan afzalroq!..

Shu-uncha hayajonlar orasida iztirobni ulugʻlaganingizni tushunolmadim, qoʻying, nima boʻlganda ham iztirob-iztirob-da!.. Qiynalishingizni zinhor istamayman. Asabiylashsangiz oʻzimni aybdor hisoblayman. Men haqimda ortiqcha qaygʻurmang, xavotirlanmang deb mayda-chuyda hasratlarimni aytmay ayaganim qaydayu, Siz iztirobdan mazmun va farogʻat, halovat axtarayotganingiz qayda!..

“Hayotda barcha haqiqatlardan-da yuksakroq, ulkanroq haqiqat bor” deb yozganingiz yodingizdami? Oʻsha haqiqatni koʻra olish bizga nasib etgan ekan, nega endi ortiqcha iztiroblardan ozor chekishimiz kerak?.. Sizning mehrga toʻla soʻzlaringiz, yolgʻiz oʻzimgagina ayon begʻubor nigohingiz meni qanchalar yuksaltirib yuboradi. Tasavvur qiling-a!.. Shunday ulugʻvorlik nasib etgan qiz yo yigit nega endi iztiroblardan ozor chekmogʻi kerak?..

Tushundingiz-a?..

12

“Sizchalik oʻxshatib yozolmayman” debsiz. Aldoqchisiz!.. Axir Siz topib aytgan gaplarni man-man degan shoir-yozuvchining kitoblaridayam uchratmaganman.

Aslida... kitob javoni sotib olmoqchiman. Nima qilsam ekan: fransuzlarnikini olaymi yoki Italiyada ishlangani durustmi? “Kitob javonini nima qilasiz?” deysizmi?.. Siz yozgan eng samimiy, mehrga toʻla soʻzlaringizni jamlayman. Tushundingizmi?

* * *

“Fransuzlarnikini olaymi yoki Italiyada ishlanganinimi?” deb soʻrabsiz. Eng koʻp kitob jo boʻladigan javonni oling, xoʻp?..

Toʻgʻri-da, baribir Sizga oʻxshatib yozolmayman. Sizning xatlaringizga koʻz yugurtira boshlagan zamonim, ularni Siz oʻzingiz shundoqqina yonimda turib oʻqib berayotgandek boʻlasiz. Hayron qolaman!..

Oʻxshashi yoʻq oʻxshatishlaringiz hayratga soladi. Ana shu hayrat menga moʻ’jizadek ta’sir oʻtkazadi. Mehr-muhabbat antiqa moʻ’jizalar yaratadi, deganlari shu boʻlsa kerak-da?!

Men ana shunday moʻ’jizalar qurshovida yashash orzusidaman.

Siz meni oʻzimdan-da yaxshiroq tushunganingiz moʻ’jiza emasmi?! Bir-birimizni bir ogʻiz soʻzda ilgʻab olishimiz hayratga arzimaydimi?! Yolgʻondan boʻlsayam, arziydi, deng!..

13

“Nega meni bunchalik sevasiz?” deb soʻrabsiz.

Savolingizga eng qisqa va oson javobimni aytaymi?.. Sevganim uchun sevaman! Shunday boʻlsa-da, har lahza, har nafas shu savolga javob izlayman. Nechogʻli koʻproq va chuqurroq javob izlasam Siz haqingizda shu qadar shirin xayollarga gʻarq boʻlaman. Bu qadar telbalarcha sevishimni Sizga yanayam ishonarliroq tushuntirishni istayman. Siz hamma-hammasini tushunasiz, his qilasiz va shu qadar irodalisizki!..

Nega sir boy bergingiz kelmaydi?..

Iroda ehtirosni jilovlaydi, jilovlangan ehtiros koʻngil tubidagi tuygʻularning yuzaga qalqib chiqishiga yoʻl qoʻymaydi.

Fe’lingizdagi shu “gʻalati”likni sezganim sayin Sizdan uzoqlashib borayotganga, Sizni yoʻqotib qoʻyayotganga oʻxshayman...

Har safar Sizdan xat kelishini orziqib kutaman. Negadir, “Kelmay qolsa-ya!” degan xavotirda yuragimni hovuchlab yuraman. Xatni koʻramanu, oʻzimni bosolmayman, boshqara olmayman. Egasini sogʻingan itni aytib berganmidim?..

Oʻquvchilik yillarim edi. Koʻchada adashib yurgan kattagina itni zanjirlab olib, hovlimizga bogʻlab qoʻydim. Qimir etmay yotgani-yotgan, tovushi chiqmaydi. Oldingi oyoqlariga tumshugʻini qoʻyib bir nuqtaga tikilganicha, lunjini osiltirib yotaveradi. Razm solib qarasam, tim qora koʻzlari gʻilt-gʻilt yoshlanayotganga oʻxshadi.

Tutqinlik ikki haftaga yetdi. Itning avzoyi oʻzgarmadi. Bergan ovqatimni chimdib qoʻyadi, xolos.

Notanish moʻysafid koʻchamizga ikki marta itini izlab kelibdi. Koʻngli biror narsani sezganmi, uchinchi qayta ham keldi, surishtirdi. Oyim (rahmatli), “Berib yubor, bari bir senga koʻnikmayapti, egasini koʻrmasa oʻlib qoladi” dedilar.

Chol uchinchi kelishida uni hovlimizga boshlab kirdim. Moʻysafid itini koʻrdiyu, “Voh, jonim!” degancha devorga behol suyalib, tovush chiqarmay yigʻlab yubordi.

Itning ahvolini tasvirlay olmayman... Chol itning yoniga kelib tiz choʻkdi, it ingrab yubordi, hovlini jaranglatib vovulladi, odam boʻyi baravar sakrab irgʻishlay boshladi, “hars-hars” nafas olganicha egasining betini, boʻyni, qoʻllari, oyoqlarini yalab-yulqay ketdi!..

Qarasam, hovlining narigi chekkasida onam koʻzlarida yosh, “Aytdim-a, bolam! Jonivorga shunchalik azob berding-a!” deb turibdilar.

...endi, har safar Sizdan keladigan xat sogʻinchida ichim zardobga toʻlib, toqatsizlanganim sayin oʻsha itni eslayman. “Oʻsha itning qargʻishiga uchradimmi yo?” degan oʻylarga boraman.

Sizni hech kimga, hech narsaga ravo koʻrmayman. Men koʻrmayapmanmi, bas, Sizni Siz yurgan joylardan qizgʻanaman, men bilan birga emasmisiz, bas, Sizni mensiz qolgan vaqtlardan qizgʻanaman.

Boshingizni qoʻygan yostiqdan, ustingizga yopingan koʻrpadan rashk qilaman!.. Rashk oʻtida yonganim sayin oʻzimdagi barcha ezgulik va ma’qul fazilatlar faqat va faqat Sizgagina nasib etishini, ularning quvonchini Sizdagina koʻrishni istayman.

Shu emasmikan, muhabbat deganlari?

Sizni sevishimning boisi, izohi ham shu emasmikan?

Bir-birimizdan bexabar, orada shu-uncha koʻrishmay yurib ham oʻylovimiz, fikrlarimiz oʻxshashligidan hayratga tushibsiz. Shu hayratlar qovushtirsin, bizni, jonim!..

Muhabbat deganlari shu emasmi, azizim?! “Koʻnglim juda nozik” deysiz. Oʻsha noziklikka topinay, jonim!..

Oʻsha nafis koʻngil zarracha ozorlanmasligini istayman. Oʻsha nozik koʻngil istaklarini asrab-avaylash, ehtiyotlash, a’zozlash baxtidan benasib ekanimdan ezilaman.

Ajablanmang, men Sizning oldingizda goʻdak boladek his qilaman, oʻzimni. Erkalanib-tantigʻlanib onajonining koʻksiga yuzini bosadigan, nima desa vujudi toʻla ishonch bilan quloq soladigan, ertaklardan chiqib kelgan farishtalarni koʻrganda aqli shoshib qoladigan bolaman...

Siz tufayli hayotni shu qadar moʻ’jizakor, sezhrlarga boy koʻraman-ki!.. Shu bois nima desangiz jon qulogʻim bilan tinglayman, nima desangiz soʻzingizni ikki qilmay bosh egaman, tirnoqcha ranjisangiz – togʻdek yuk ostida qolaman, ich-ichingizdan entikib kulsangiz dunyoda eng baxtiyor odamga aylanaman.

Shunaqaman.

Shunday odam qilib qoʻydingiz meni.

Tagʻin, “Yomonligimni koʻrsatib qoʻyaman” deb yozibsiz.

Koʻrsata olmaysiz! Har qanday odam oʻzida borini koʻrsatadi, Sizga esa Xudo yomonlik ato etmagan...

Sezyapman, Siz munosabatlarimiz yaqinlashib, quyuqlashib ketishini istamayapsiz. Shuning uchun ham yomonligingizni koʻrsatib qoʻymoqchi boʻlyapsiz. Yodingizda tuting, Sizdagi barcha yomonlik men uchun fazilat hisoblanadi. Siz oʻzingizdan meni aynitadigan yomonlik topolmaysiz.

Napoleon Jozefinaga xat yozib, “Eh, oʻtinib soʻrayman, menga oʻz kamchiliklaringni koʻrsat! Bunchalik sohibjamol, bunchayin xushmuomala, nafis va yaxshi boʻlmay qoʻya qol!” deya iltijo qilgan. Azbaroyi qalbidagi sevgi haroratiga dosh berolmaganidan yozgan, yozganu mubtalolik dardidan battarroq azoblangan. Azoblangani sayin esa Napoleon... yoʻq, men pariroʻy maloikalar saltanatidan chiqib kelayotgan va menga tabassum hadya etgan Siz yolgʻizimni kuydirguvchi million oʻpichlar bilan koʻmib tashlagim keladi.

... “Nega meni bunchalik sevasiz?” deb soʻraysiz-a! Savolingizga eng oson va qisqa javobimni aytay: sevganim uchun sevaman...

* * *

Men Siz oʻylaganchalik irodali emasman. Ehtimol mutlaqo irodasizdirman...

Toʻgʻri yozibsiz, koʻngil tubidagi ehtiroslarni jilovlashdan oʻzga ilojim yoʻq. Nega endi sir boy berishim kerak?

Bunday desam, aytmagan sir-asrorim qolmadi, shekilli?..

Balki men Sizni yoʻqotib qoʻyarman, ammo-lekin Siz meni yoʻqotmaysiz, hech qachon yoʻqotmaysiz. Biz bir-birimizni hech qachon yoʻqotmaymiz va... topolmasak ham kerak...

Egasini sogʻingan it hikoyasidan qattiq ta’sirlandim. Ta’sirlandimu, Sizning hozirgi ahvolingizni nima daxli bor, unga? Nahot, bolalik kezlaringizda itga yetkazgan ozoringizdan hozirgacha shu qadar iztirob chekayotgan boʻlsangiz?

Qoʻying, unday demang! Faqat... men ham Sizni oʻsha oʻzingiz tasvirlagan jonivordek sogʻinishimga ishonasizmi?..

Sizni shu qadar sogʻingan qiz Siz meni qizganganchalik qizgʻanmaydi deb oʻylaysizmi!.. Har safar yostiqqa bosh qoʻyayotib yozganlaringiz koʻz oʻngimdan oʻtadi, ovozingiz qulogʻimda shivirlaydi, xoʻrligim keladi... juda-juda sogʻinib ketaman...

Men muhabbatni Siz tasvirlaganchalik bayon qilib berolmayman. Sizning batafsil tasvirlaringizni oʻqib Sizdek sirdoshim borligidan faxrlanaman, boshim osmonga yetadi.

Menga, shu-uncha ehtiros, shu-uncha dil izhori – hamma-hammasi yolgʻiz oʻzimga-ya?!

Sizdek ziyrak odam yomonliklarimni ilgʻamayotganingizga hayronman. Hayron boʻlganim sayin... Qanday yaxshi-ya, seni bequsur koʻrsa, odamlar!..

Doim yozganimdek, Sizdek oʻxshatib tasvirlashga ojizlik qilaman. “Siz tufayli hayotni shu qadar moʻ’jizakor, sehrlarga boy koʻramanki! – deb yozibsiz. – ... Tirnoqcha ranjisangiz – togʻdek yuk ostida qolaman, ich-ichingizdan entikib kulsangiz dunyoda eng baxtiyor odamga aylanaman”.

Xatingizdagi shu soʻzlarni qayta-qayta oʻqidim. Agar Siz Napoleonga, men Jozefinaga aylansak agar Siz fransuz qoʻmondoni kabi million oʻpichlar bilan koʻmib tashlagudek boʻlsangiz, bilasizmi, men nima qilaman?

Xatlaringizning hammasini bir boshdan oʻzingizga oʻqitardim. “Nahotki, meni shunchalar sevasiz-a?” deb ming martalab soʻrayverardim.

14

... xatning oxirini yuz martalab oʻqidim. Ming martalab beradigan savolingizga million martalab javob aytishga hozirman, jonim!..

Darvoqe, yomonligingizni topdim: xatingizni kutgan har kunim – yomonlik! Xat yozmay qoʻyish haqidagi niyatingiz yomonlik!

Bundan battar yomon kunlarni boshimga solmoqchimisiz, yo?!

Sogʻinchning iztirobli daqiqalarida bir kashfiyot qildim: sogʻinch lahzalarini bani bashar koʻnikkan vaqt oʻlchovi bilan oʻlchab boʻlmaydi. Zero, sogʻinchning har lahzasida yuzlab kunlarga tatigulik azob-uqubatlar mujassam topadi.

Ichingizda boʻla turib sogʻinaman, Sizni ichimga jo qilib qoʻyib – izlayman...

Sogʻinch iztiroblari qattiq qisuvga olgan lahzalar roʻparamda Sizning ma’yus va nurdek oppoq chehrangiz paydo boʻladi va yuzimni oppoq, muloyim va mayin shabada erkalaydi. Oppoq shabadani bagʻrimga bosaman, shabadaning ipakdek mayin barmoqlariga betimni tutaman.

Ba’zan xat yozish bachkanalikdek tuyuladi oʻzimga, lekin mendagi xat yozish dardini Siz tushunasiz degan ishonch tasalli beradi har safar. Chunki koʻngilni tushunadigan kishilar odamlarni ham juda nozik va tiniq tushunadilar deb oʻylayman. Koʻngil mayli bilan xat yozish oʻrtasida sehrli qudrat yashiringanga oʻxshaydi. Bu sehrli qudrat odamni tushuna bilish sehri emasmi, jonim?

Odamni bir ogʻiz soʻzda katta mehr-muhabbat bilan ilgʻab olish va unga yarasha pokiza mayl bilan javob bera olish – ehtimol, buni ham muhabbat deya talqin etish xato emasdir! Ilohiy moʻ’jiza, samoviy, ruhiy yaqinlik deganlari shudir?!

Men dunyoga kelib shunday baxtga erishdim. Shuni topdim. Topdim-u... mutassil sogʻinishlar, hijron lahzalari, soatlari, kunlari chekkan azoblarim, xat olgan daqiqalardagi adoqsiz quvonchlar hayotimning mazmuniga aylandi. Aylandi-yu... meni shu koʻylarga solayotgan joni jahonimning vasliga yetolmaslik azobi qalbimni jodiga solib oʻrtamoqda. Qiziq, biz bir-birimizga shunchalik intilsak-da, intiq boʻlsak-da, Xudo sizu meni bir-birovimiz uchun yaratganiga yuzlab, minglab dalilu dalolatlar topsak-da, topisha olmasligimiz, qoʻlimizni qoʻlimizga berolmasligimiz ayanchli emasmi?!

Nahot, Siz yoki Sizga nisbatan koʻnglimda tugʻilgan telba muhabbat faqat va faqat oʻzimning ustimdan kulish uchun yaralgan boʻlsa?! Biron kimsaga lom-mim deb ogʻiz ocholmayman, achchiq-achchiq kulaman, xolos. Sogʻinchning zoʻridan ezilib-kichrayib, holsizlanib qolgan lahzalarda – bedor tunlar yurak dukuridan oʻzga hamroh topolmay alamdan avval oʻzimga malomat toshlarini yogʻdiraman, soʻng Sizni ayblashga oʻtaman. Ayblayman... ardoqlayman... sogʻinaman... Oʻzimni zoʻrlab boʻlsa-da, Sizni eslamaslikka, ismingizu suratingizni xotiramda tiklamaslikka urinaman va harchand uringanim sari... Sizni avvalgidan koʻra qattiqroq yaxshi koʻrib qolaman, avvalgidan koʻproq va tezroq sogʻinaman, Sizga atalgan qaynoq ehtiroslarimni avvalgidan koʻra yonib-toshib izhor etish ehtiyoji ortib boradi...

Jonim! “Yomonliklarimni sezmayapsiz” deb yozibsiz. Men Sizning yaxshiliklaringizga mastman. Men Sizdagi yaxshiliklar bilan yashayapman. Men Sizda koʻrgan yaxshiliklarni yigʻib-yigʻib asrab, yasatib qoʻyaman. “Qayerga?” deysizmi? Yuragimga, yuragimning javonlariga kitob yangligʻ terib qoʻyaman. Koʻnglim toʻridagi kitob javonlari Sizning yaxshiliklaringizga toʻlib-toshib bormoqda. Kitob javonlari esa behisob...

* * *

Sizga shunchalik ozor yetkazayotganimdan qanchalik xijolat chekmay taqdir bizni bir-birovimizga ravo koʻrmaganga oʻxshaydi. Bilmayman, aytolmayman ham: ehtimol bir-birovimizga shu qadar telbalarcha intilganimiz uchun ham yetisholmasmiz?! Layli-Majnunlikning ham cheki-chegarasi bordir, axir?..

Shunday deymanu, sogʻinch lahzalarini hamma koʻnikkan vaqt oʻlchovi bilan oʻlchab boʻlmasligini his qilaman. “Sizning sogʻinchlaringiz mening qaynoq va oʻtli sogʻinchlarim yonida isinib olsin” desam ranjimaysizmi?

Bilasizmi, aytaveraymi?.. Siz bilan yigirma toʻrt soat yonma-yon, ming yil yashasam-da, sogʻinchlarim tugamaydi, men Sizning ichingizda, Siz mening ichimda yashasak-da, sogʻinch meni tark etmaydi.

Fikrlarimiz, qarashlarimiz ikki tomchi suvdek oʻxshashligi meni juda koʻplab marta lol qoldirgan, bu oʻxshashlikni umr boʻyi eslab, xotirlab yuraman... Sizning xayollaringizni ostin-ustun qilgan oʻzimdagi fazilatlarni (rostdan ham bormi, ular?) topib, ardoqlab yashayman.

Menga qolsa, Sizni hech kimga koʻrsatmay yashirib qoʻygim, Sizning mehribon soʻzlaringizga butun vujudim bilan quloq tutib oʻtirgim keladi, lekin...

Xat yozishning sehrini tushuntirishga urinibsiz. Sizning xatlaringizdan koʻra kattaroq quvonchi boʻlmagan odam nahotki xat yozishni bachkanalik deb tushunsa?! Qiziqsiz-a!.. Axir, xat almasha boshlaganimiz qanchalik kashfiyot boʻldi men uchun! Ikkimiz uchun eng ardoqli, ilohiy, goʻzal munosabatlarimiz xotiranomasiga aylanadi, bu maktublar. Shunday emasmi?!

Xatlarni oʻqiganim sayin men oʻzimni yaxshiroq taniyapman, oʻzimni koʻproq topayapman.

Fe’limda Sizga ma’qul fazilatlar topilsa, ularning bari faqat va faqat Siz tufayli, deb bilaman. Shuni unutmasangiz bas!..

Qaysi bir xatimda adamni yozgandim. Adamni qanchalik hurmat qilishimni hech kimga ogʻiz ochib aytgan emasdim, negadir u kishi haqlarida Sizga koʻp-koʻp yozgim kelaveradi.

Adam bilan suhbatlashsam mutlaqo boshqacha odam boʻlib qolaman. Hech qanday fikrlarini rad etmayman, adam zarracha ranjishlarini istamayman. Adamning koʻngillari ozor topmasligi uchun hatto juda-juda toʻgʻri mulohazalarimdan-da voz kechishga tayyor turaman. Adamning sevinchlari uchun oʻzim eplolmagan, istamagan yumushlarni-da zarracha ikkilanmay, osongina bajaraman.

Qanchalik urinmay, hayotda boshqa biror kishiga nisbatan bunchalik fidoyilik qilolmasligimdan hayratga tushardim. Buni qarangki... xayolimda eng yaxshi tuygʻu va istaklarimni shu kishiga ravo koʻradigan boʻldim... Siz bizdan ketayotganingizda men Sizni emas, oʻzimni yoʻqotib qoʻyganman. Tasvirlab boʻlmas holatlar, munosabatlar qaytib takrorlanmasligini oʻylab, yuraklarim opqaga tortib ketgan.

Har bir odamni hech kimsa oʻzi tushunganchalik tushunolmaydi deb oʻylardim, Siz meni oʻzimdan koʻra chuqurroq tushunishingizdan aqlim lol qoldi. Hatto aytmagan, aytolmagan fikr-oʻylarimni-da ilgʻaysiz-a! Meni hech kim Siz tushunganchalik tushunmaydi, yaxshi koʻrmaydi. Ammo-lekin, bu tushunish, bu koʻngil yaqinligi Sizu menga faqat yaxshilik va quvonch keltiradi deb oʻylaysizmi?..

Afsus, bunday emas... Negaligini men izohlab berolmayman. Koʻnglimning tub-tubida umrbod Sizni ardoqlab oʻtishimni unutmasangiz bas... Bilaman, Sizsiz, Sizning haroratli maktublaringizsiz kunlarim juda-juda gʻariblashib qolgan boʻlur edi. Men bunday gʻariblikka dosh berolmayman. Har lahza, har qadamimda Sizning totli xayollaringiz, goʻzal orzularingizga qorishiq e’zozlaringizni, sogʻinchu iztiroblaringizni his etib yashayman.

Ha-ya, qalbingizdagi javon qanchalik koʻp boʻlmasin, xavotir olmang, u javonlarga arzirli soʻzlarni oʻzim topib beraman, oʻzim!..

Ehtimol, bizning roʻyobga chiqmagan muhabbatimiz maktublarda boqiylikka aylanar? Muhabbatning oʻzidan koʻra u haqdagi dostonlarning boqiyligi shundan emasmi?..

Sogʻinch koʻngilning uygʻoqligini sinaydi, deb yozgan edi bir shoir. Sogʻinch – azob, iztirob, armon, ammo, bari bir borligi yaxshi...

Shunga koʻnikkanimiz ma’qulga oʻxshaydi... Keling, bir oz bardoshli boʻlaylik, irodamiz koʻnglimizning tizginsiz mayllarini qoʻlga olsin. Meni behad hurmat qilganingiz uchun ham soʻzimni yerda qoldirmaysiz degan umiddaman. Sevib, sogʻinib... ayriliqqa bardoshli gavharingiz...

15

... xatingizni oʻqib oʻtirib, derazadan boqqa termilgancha uzoq vaqt oʻyga toldim. Jim-jit, qup-quruq shoxlar tarvaqaylab oʻsgan. Bogʻ koʻnglim kabi huvillagan... Daraxt shoxlari “Mening gunohim nima?” deya samoga choʻzilgan panjalarga oʻxshaydi. Xatda yozganlaringiz asta-sekinlik bilan jonimni yondirayotganga, kuydirayotganga, oʻrtayotganga oʻxshaydi...

Ayting, menga tushuntiring, ne sababdan layli-majnunlik qilmasligimiz kerak? Qaysi gunohlarimiz uchun taqdir bizni qovushtirmasligi lozim? Nega? Shunday ekan, nima sababdan u bizni topishtirdi, qalblarimizni bunchayin yaqinlashtirdi?!

Men Sizning biror ogʻiz soʻzingiz e’tiborsiz qolishini istamayman. Buning uchun har qancha azoblarga tayyorman. Yana cheksiz-chegarasiz choʻlu biyobonlarga-da, bosh olib ketishga tayyorman. Ke-etaman qolaman... Sizdan xat kutmay yashash azobiga koʻnika boshlayman. Tushunayapsizmi, agar Sizga kerak boʻlsa men ayriliq azobiga ham roziman...

* * *

...iltimos, tushuning, Sizni azoblarga qoldirib ketish niyatim yoʻq. Sizni azobga qoʻyib oʻzim xotirjam yura olmayman. Oʻylayapsizmi?..

Takror boʻlsa ham yozay: Siz yaxshi koʻrib qolgan qalbimdagi eng toza, eng shirin, eng aziz tilaklarim faqat Sizniki. Sizni butun umr sogʻinib, izlab, chorlab, qoʻmsab yashayotgan bir inson borligini unutmang, xoʻp?

Sizga azob tugul, gʻubor qoʻnishini ham ravo koʻrmayman.

Oramizdagi maktubiy yaqinlik nazarimda umr boʻyi vujud-vujudimni yuvib-taraydi, poklaydi...

Sizga yozganlarim ich-ichimda qaynab-toshgan eng ezgu niyat va ehtiroslarimning oʻndan, ehtimol, yuzdan biri, lekin Siz mening bayon etmagan tuygʻularimni ham ilgʻab olishingizni istayman.

Bir-birimizga yoʻllagan maktublarimiz men uchun eng totli tush boʻlib qoladi, bu “tush” men uchun rohat-farogʻat, halovat koʻchasiga aylanadi, yolgʻiz oʻzim biladigan, hech kimsani yoʻlatmaydigan boshpanam.

Bilaman, Sizni koʻpchilik hurmat qiladi, yaxshi koʻradi. Mayli, ularning soni koʻpaygandan-koʻpaysin, ammo Siz yolgʻiz meni .... ......, xoʻp?

Qadamingizga baxt, omad, shodlik va yaxshiliklar toʻshalsin!..

16

... Qadamimga toʻshalgan yaxshilik gullarining yarmini Sizga atadim, jonim!.. Bu gul soʻqmogʻining adogʻida bizni... bepoyon choʻlu biyobon kutayotgandek... Tasavvur qilayapsizmi? Choʻl. Na uy, na odam, na giyoh, na-da tirik jon! Siz bilan men yo-yolgʻiz... Osmon tiniq, moviy yopinchiq...

– Yopinchiqmi? Osmon-a?..

– Feruza rang yopinchiq.

– Cheki?.. Muhabbatli e’zozning cheki-chegarasi boʻladimi?

– Chegarasi yoki me’yori oʻlchansa muhabbat boʻladimi?

– Boshqalar tugul, sevishgan qalb sohiblarining oʻzlari ham oshiq-ma’shuqlik choʻqqisi sari yerdan nechogʻli uzoqlashib ketganlarini oʻzlari ham bilmaydilar.

– Bilmaganlari uchun ham oʻzlari zabt etayotgan choʻqqining qayerida halokat kutib turganini sezmaydilar.

– Muhabbatning halokatiga aksari yerdagi odamlar sabab boʻladilar.

– Ikki sevishgan qalb egasi ruhan yuksaladi, xolos, ular jisman odamlar orasida qoladilar-ku!

– Eng mushkuli ham shu emasmi?.. Ruhan yuksaklikda, jisman zaminda yashash...

– Yon-tevarakdagi odamlar hammani zamin oʻlchovlari bilan baholaydilar.

– Sevishganlarni ham.

– Olimu shoirni ham! Rassomu sozandani ham!..

– Va istagan daqiqada har qanday nozik qalb, ehtiros bandalarini har qanday yuksaklikdan tortib tushiradilar.

– Bizni ham...

– Biz ham odamlar orasida yashaymiz-da...

– Qani, atrofimizda hech zogʻ yoʻq-ku?

– Koʻngil koʻzlari bilan qarasak, ha, hech zogʻ yoʻq. Koʻngil koʻzi koʻr boʻlur, deganlari shu, zero, koʻngil koʻzi muhabbatga limmo-lim boʻlur.

– Boʻlak hech narsa koʻrinmas...

– Sizni koʻryapman-ku?..

– Men – muhabbat!..

– Men ham muhabbat!..

– Men ham faqat Sizni koʻrayapman...

– Muhabbat tufayli men oʻzimni topdim!..

– Oʻzimni tanidim...

– Jonim oʻrtandi...

– Sogʻinchdan, jonim!..

– Sogʻinch – iztirob!..

– Koʻngil uygʻoqligi!..

– Hijron-chi, hijron?..

– Men Sizni unutmayman...

– Pinhon sirimiz Allohga ayon...

– Oʻzi bizni topishtirdi, bexabar qolarmidi?!

– Yaxshiyam Siz borsiz!..

– Siz ham!..

– Tirnoqcha ranjisangiz – togʻdek yuk ostida qolaman, quvonib kulsangiz dunyoda eng baxtiyor kimsaga aylanaman.

– Yana ayting...

– Yuz karra, ming karra aytaman, umr boʻyi aytaman, jonim!..

– Baxtli kishilargagina nasib etadi bundayin sevgi!..

– Baxtli kishilargagina tatiydi, bundayin sevgi!..

– …

– Chora yoʻq, demoqchimisiz?.. Chorasizlikdan chora izlay-izlay chora topaman. Oʻzimni Sizning ichingizdan, Sizni oʻzimning ichimdan topaman...

– Bari bir, sogʻinaman...

– Sogʻinchning har lahzasi necha oylarga teng...

– Kunning yigirma toʻrt soati birga boʻlsam, yigirma beshinchi soatda sogʻinayotgan boʻlaman...

– Goʻdak bolaning koʻz yoshidek bokira sogʻinch!.. Sizdan uzoqlashib borayotganga, Sizni yoʻqotib qoʻyayotganga oʻxshayman...

– Hech qachon yoʻqotib qoʻymaysiz!..

– Xatlaringiz qoʻlimga yetib kelishini orziqib kutaman, nihoyat, xatni qoʻlimga tutib, koʻzimga surtib oʻqishga tutinaman va xatning tugab qolishini oʻylab yuraklarim ezilib ketadi...

– Men ham shu ahvolga tushaman...

– Sizni Siz bilan birga boʻlmagan vaqtlarimdan qizgʻanaman. Boshingizni qoʻygan yostiqdan, ustingizga yopingan koʻrpadan rashk qilaman...

– Boshimni har safar yostiqqa qoʻyganda Sizni eslayman, xoʻrligim keladi...

– Bir-birimizdan bexabar holda bir narsa haqida bir xil oʻylaydigan, bir xil fikrlaydigan darajada koʻngillarimiz yaqinlashib ketganidan Sizga va oʻzimga havasim keladi.

– Nega bunchalik yaxshisiz?! Bilmaysizmi? Men bilaman: men yaxshi koʻrganim uchun shunchalar yaxshisiz!.. Yo, boshqachami?.. U holda oʻzingiz ayting, nega bunchalar yaxshisiz?

– Kuydirguvchi million oʻpichlarga koʻmib tashlagim kelgani uchun ham yaxshiman... Asl goʻzallikdan bahramand etganingiz uchun ham yaxshiman... Faqat bu Goʻzallikni e’zozlash baxtidan benasib ekanligimdan ezilaman…

– Unday demang, Sizning e’zozlaringiz umrim boʻyi qalbimni charogʻon etib turadi. Adoqsiz e’zoz! Aytingchi, e’zozning cheki boʻladimi?

– Cheki boʻlsa, Sogʻinchni ham izohlash chorasi topilardi, sogʻinch ham beadad makon, axir.

– Visol – halovat, sevgi – gʻayrihalovat.

– Ha, visol – halovat, biroq visolda Sogʻinch boʻlmaydi, Sogʻinch – hijronda, hijronda – iztirob, iztirobda esa muhabbat!..

– Asal-l-l!.. Siz bilan men yol-lgʻiz, osmon yopinchiq... Qaysi rangni yoqtirasiz?..

– Siz yoqtirganni...

– Oqnimi?..

– Oqni...

– Oppoq hayajon!.. Quchogʻimni ochaman, quchoq toʻla gul!.. Bir quchoq gul isidan mast boʻlaman, entikaman, gir-gir aylanaman, aylanaveraman...

– Koʻngil ishi...

– Boʻysunmas, qoʻrqmas. Koʻngil xohishidan tugʻilgan, dillarni chirmab bogʻlagan muhabbatgina odamni shunchalar hushdan ayiradi. Bunday muhabbat ruhoniy xohish sanaladi...

– Bunchalar nozik his etmoq uchun benihoya qattiq seva bilmoq kerak!..

– Layli-Majnun boʻla bilmoq kerak, seva bilmoq kerak. Seva bilmoq...

– Ketaylik...

– Ketayapsiz. Oq koʻylak, oppoq malak. Bir quchoq gul uzoqlashmoqda. Visol uzoqlashmoqda. Kumush nurlar, kumush hislar, sadaf gullar oppoq sogʻinchga aylanmoqda. Visol hijronga aylanmoqda. Hijron iztirobga...

– Sogʻinch – armon, iztirob, bari bir borligi yaxshi...

– Siz – malika, men – gʻulom-m...

– Qoʻying...

– Toʻxtang. Ketmang. Qalblar Allohning iznida-a!..

– ...

– Siz, men yolgʻiz... feruza osmon ostida...

... cheksiz-chegarasiz, tep-tekis zamin. Choʻl. Na uy, na odam, na giyoh, na qimirlagan jon. Moviy osmon yopinchiq. Havolarda oppoq sogʻinchga qorishgan hijron qoʻshigʻi taraladi:

Gavhar ekay desam, gulxonang qani?..

Yashab oʻtay desam, koshonang qani?..

Koshonang qani?.. Gulxonang qani?.. Qani... qani... qani-i-i-i?..

1996 yil.

Men — Sensiz, Sen — Mensiz

“Hijronim mingdir mening” qissasi davom etadi va...

Qadrdonim! Hayotimning ajoyib va masrur-moʻ’tabar kunlarining birida baxtli tasodif tufayli Seni uchratganim, oʻsha lahzaning oʻzida qalbimda yuz bergan toʻfon piravordida ta’rifiga til ojiz muhabbatga aylangani, hayotimni ostin-ustun qilib yuborgan ushbu moʻ’jizakor tuygʻu izhori Sen tarafingdan javobsiz qolmagani, mehr-muhabbatimiz ilohiy doʻstlik, intiqlik va oshuftaliklar izhoridan nariga oʻtmagan maktublarda qolgani, harchand istamaylik, hayotning achchiq haqiqatlari na koʻngil mayllari, na-da orzu-havaslar bilan ham hisoblashmasligi, buning oqibatida maktublarda qolgan armonli muhabbat tafsiloti “Hijronim mingdir mening” nomli asarimizda jamlanganiga ham talaygina fursat oʻtdi. Ha, shunday, “Hijronim...” har ikkimizning dil izhorlarimizdan dunyoga kelgani uchungina emas, balki mening maktublarimda Sening, Sening nomalaringda esa mening hayajonlarimiz, kechinmalarimiz, ta’riflashga til ojiz ehtiroslarimiz qoʻshilib-chatishib ketganini faqat Sen va mengina teranroq, toʻkisroq va ravshanroq tushunamiz, anglaymiz, qadrlaymiz. Shu boisdan ham, “Hijronim...”ning davomi boʻlmish ushbu qissadagi hech bir jumla va soʻzni, tasvirlangan ruhiy holatlarni faqat meniki deya olmaganimdek, ularning hech birini faqat Seniki ham deya olmayman. Zero, ularning unisi seniki, bunisi meniki deya “meros” talashish BIZga ato etilgan ilohiy muhabbatga nisbatan xiyonat boʻlur edi!..

Jonim! Lahzalar, daqiqalar, soatlar va kunlarga qoʻshilib umr ham oʻtib bormoqda. “Hijronim...” oʻtgan umrimizning eng saodatli va totli onlaridan yodgorlik boʻlib qoldi. Men ushbu yodgorlikni sira qoʻlimdan qoʻymayman, uni yuzlab marta varaqlashdan, duch kelgan sahifasidan ming birinchi daf’a huzur qilib oʻqishdan toliqmayman. Sen necha yillar burun yoʻllagan xatlaringni xuddi bugun, hozirgina qoʻlimga yetib kelgandek oʻzgacha ishtiyoq bilan, soʻzlarini yutoqib, ma’nolarini, ma’nolar zamiridagi ehtirosu hayajonlarni entikib- entikib, sogʻinib-sogʻinib oʻqiyman.

Sening izhorlaring menga, faqat va faqat menga atalganini oʻylaganim sayin oʻzimni yanayam baxtiyorroq his qilaman, yuksak martabaga erishgan insondek koʻnglimni ajib bir ulugʻvorlik qamrab oladi, binobarin, eng hurram kunlarimda ham, ezgin holatlarga tushgan chogʻlarimda ham “Hijronim...” mening yagona suhbatdoshim, ovunchogʻim va sirdoshimga aylanadi. Ovloq goʻshalarga bosh olib ketaman, ajabtovur va betakror yozishmalarimizni ovoz chiqarib takror va takror oʻqiyman. Maktublar mutolaasi koʻngildagi oʻsha yoshlik va joʻshqinlik davri iztiroblarini yangilaydi. Iztiroblar qanchalik armonli boʻlmasin u tuygʻularni, tuygʻuga qoʻshib insonning oʻzini yangilaydi, yoshartiradi, bahor yomgʻiri yangligʻ shuurni yuvadi, begʻuborlashtiradi. Va bilasanmi, shunday damlarda ikkalamiz birgalikda tasvirlagan begʻubor tuygʻular hamma-hammaga nasib etsa, shu orqali odamlarning har biri oʻzini a’lo tuygʻular tufayli oʻzlarini yanayam ulugʻvorroq, yanayam baxtliroq, har qachongidan a’loroq his etsalar, shuning sharofati ila odamlarning qalblarida koʻkdagi quyoshdan kam boʻlmagan har kimning oʻz oftobi porlasa deya orzu qilaman.

Tabiiy, har koʻngilning oʻz qoʻshigʻi bor. Shunday esa-da, bizning nomalarimiz odamlarni yaxshilikka, goʻzal insoniy mehr-muhabbat, mehr-oqibat maqomlariga yuksaltirishiga ishonaman! Chunki har safar Sening nomingni dilimda takrorlaganimda, har safar Sendan kelgan bir ogʻiz jumlani, dil izhorini oʻqiganimda olam koʻz oʻngimda yashnab ketadi, hamma odamlar, hamma-hamma narsalar – butun olam faqat va faqat yaxshi boʻlib koʻrinadi koʻzimga, nazarimda dunyoda yomon niyatli odam qolmagandek, odamlar faqat va faqat ezgu orzu-niyatlardagina dunyoga kelgandek tuyuladi. Vujudim chinnidek qilib artilgan oynadek shaffoflashadi, bisotimda yomongina emas, dillarga zarracha ozor yetkazishi mumkin boʻlgan soʻz qolmagandek his qilaman oʻzimni va shunday kayfiyatni duch kelgan odamga, ODAMLARGA ulashgim keladi!..

Ba’zan hayot oʻta zerikarli tuyuladi, kunlar, oylar umrlar bir- biridan gʻarib, bir-biridan daqqi, joʻn va befayz oʻtadi. Seni ilk daf’a uchratganimda, aytdim-ku, ichimda yuz bergan... toʻfonmi, ofatmi... nima uchun qiyosi yoʻq mana shunday nurli tuygʻuni ofatga oʻxshatishim kerak?! Axir... men sevgan adiblardan birining, kechikkan muhabbat ofatning oʻzginasi, degan gapi yodimga tushaveradi. Muhabbatning butu-un sururidan bahra olishga intilish, sogʻinch va ayriliq azoblariga toqat qilishga urinish odamni oʻzini oʻzi mazax qilishning oʻzginasi deya ilova ham qilgandi oʻsha donishmand adib. Lekin... oʻsha alloma hayot boʻlganida men uning tillotus soqolidan tutib hamon aytganlaring toʻgʻri boʻlsa, hamon shunchalar achchiq haqiqatni anglagan boʻlsang, muhabbatga giriftor boʻlmaslik chorasini ham topib berasan, deya maydon oʻrtasiga sudrab chiqqan boʻlur edim!.. Afsus, boʻlar ish boʻldi, men qoʻlga tushib boʻldim, naq giribonimdan ilindim, toʻrtala oyoqlari bilan qopqonga tushgan jondordek oʻzimni qayerga qoʻyishni, boshimni qaysi devorga urishni, qaysi osmonlarga qarata uv tortib nola chekishni bilmayman! Dod solay desam, qip-qizil mayna boʻlishim tayin!.. Qochib ketaymi? Oʻzimni yuqori qavat derazasidan tashlab yuboraymi? Doʻppimni yonboshga olib qoʻyib oʻzimni-oʻzim boʻralatib soʻkaymi?..

Savol koʻp edi, savolni istagancha yogʻdirishim mumkin edi, bunga qurbim yetardi, men umr boʻyi oʻzimga-oʻzim lak mingta savol bergan boʻlsam kerak, zero, umr boʻyi savollar ostida yashadim, togʻ-togʻ savollarni yelkamda koʻtarib yurdim, ularning ozmunchasi javobsiz qolib ketdimi?! Yuzlab savollarning birortasiga javob topolmagan kunlarim, lahzalarim boʻldi, javobsiz savollar koʻpaygani sayin oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qolardim, nahotki, shu qadar ojizu notavon boʻlsam, shunchalar noshudlik iskanjasida qolib ketgan bandamanmi, degan oʻylarda ich-etimni kemirardim va har safar ertaga yana tong otadi-ku, bu kun ham oʻtar-ku, degan taskin va ilinjda ertangi yorugʻ kundan umidvor shukronalik bilan boshimni bolishga qoʻyardim.

Nihoyat... buni qaraki, mening nazarimdagi shukronalik yaratgan egamiz tomonidan noshukrlik sifatida qabul qilinganmi, bilmadim, har qalay, minba’d tavbalar qilayki, meni qiynab yurgan savollar ham bir boʻldiyu, uning oʻrniga... Yoʻq, toʻxta, avvaliga rosa suyundim, chamamda iltijolarim allohga yetgandek edi, chunki ajoyib kunlarning birida oʻzimni-oʻzim adoqsiz savollarga koʻmib yurish odatidan xalos boʻldim! Ma’nili-ma’nisiz, tayinli-tayinsiz, javobli-javobsiz savollar shuurimdan sirgʻalib uchib chiqdi, oʻzimni yelkamdan ezib turgan togʻdan xalos boʻlgan qushday ye-engil his qila boshladim, faqat... faqat uning oʻrnini oʻzim hali-hali anglab yetmagan, hali-hanuz oʻzim-oʻzimga tushuntirib bera olmaydigan, sehrlarga toʻla, boshdan-oyoq moʻ’jiza tuygʻu egalladi! Aql boshdan uchdi, ixtiyor ilkimdan chiqdi, hush noxushlik izmiga oʻtdi!..

Qanday voqea yuz berganini aytib beray-a?..

Jonim! A’zoi badanimning qaysidir puchmogʻida tibbiyot olami uchun noma’lum bir a’zo paydo boʻldi desam ishonaver. Uning vujudimning qaysi ovloq va koʻz ilgʻamas qoʻnalgʻasida joylashganini ham aytolmayman desang! Basharti butun boshli tabobatchilar izdihomi ichimga qoʻshin tortib, uni, ya’ni insoniyat qavmiga noma’lum oʻsha a’zoni izlagan taqdirida ham topolmasliklari muqarrar!.. Faqat shunisi shak-shubhasizki, oʻsha noma’lum a’zo bosh miya va yurak singari vujudimdagi eng muhim a’zolardan biriga aylandi. Hatto ichimdagi barcha a’zolar xuddi bosh miyaga boʻlgani singari, unga qaram, uning izmida, uning ra’yiga mahkum, uning amriga muntazir boʻldi-qoʻydi. Uning oʻzi esa guldan nozik, goʻdak bolaning koʻz yoshi yangligʻ bokira, bagʻoyat ta’sirchan desang!..

Men Senga harchand ta’riflashga urinayotganim vujudimdagi koʻz koʻrib, quloq eshitmagan a’zo haqida hech kimsaga ogʻiz ochib aytganim yoʻq, uni koʻz-koʻz qilish niyatim ham yoʻq, uni faqat Senga oshkor etayapman. Sengagina nomini aytaman, xoʻpmi, asalim. Qulogʻingga shivirlab aytaman, aytaveraymi?..

Uning nomi – muhabbat!!

Xullas desang, hayrat-hayajon yoʻldoshimga aylandi. Lak ming savolga tatigulik savollarning qiroli izimdan ta’qib etishga tushdi. Yoʻq, izimdan ta’qib etibgina qolmadi, balki u ichimga, qalbimga, shuurimga uya qurib oldi. Ana shu uya men uchun muqaddas vatanga, olamning markaziga aylandi. Nazarimda butun insoniyatning taqdiri mazkur uyada hal boʻladigandek, oʻn sakkiz ming olamning mavjud yo mavjud emasligi ham “muhabbat” deya atalguvchi shu uyadagi kayfiyat, “ob-havo”ga bogʻliqdek edi.

Nahotki?!

Ushbu birgina soʻz meni istagan koʻyga sola boshladi. Uning izmidan chiqib keta olmadim. Kuldim, sevindim, xavotirlandim, sarosimaga tushdim. Hayot haqidagi oʻylarim, insoniylik a’moli, taqdir, iymon va axloqqa doir tasavvurlarim ostin-ustun boʻlib ketdi. Kurrai zamin ikki hissa kengayib ketgandek, kengayganida ham men uning mutlaq xojasiga aylanib qolgandek tuyulardi. Bamisoli yer yuzida ikki banda — Sen va men qolgandek edik, goʻyo tevarak-atrofimizda boshqa he-ech zogʻ yoʻqdek, boʻlgan taqdirda ham ularning borligi ham, oʻy-qarashlari ham biz uchun mutlaqo ahamiyatsiz, keraksiz, e’tiborga arzimas nimarsalarga oʻxshab tuyulardi. Demak, hayotning moʻ’jizalari tugagan emas, uning aql-idroklarni lol qoldirguvchi hayratangiz in’omlari toʻlib-toshib yotibdi, binobarin, istagan bandasini istalgan daqiqada qaddini togʻ yangligʻ yuksaltirishi, istalgan soniyalarda mubtalo va devonavash qilib qoʻyishi hech gap emas!..

Nima, ishonmaysanmi, ishonmayapsanmi, deb soʻrayman oʻzimdan-oʻzim. Ishonmadim emas, axir voqea koʻcha-koʻyda emas, kino ekranlarida emas, ishqiy romanlarda emas, balki mening ichimda yuz berdi, mening ichimda davom etmoqda, u biro-on lahza toʻxtagani yoʻq, shunday ekan, ishonmay qayoqqa ham borardim, uni kimga ham doston qilardim!..

Men yuz bergan voqeaga ishonganimga ishonolmayotgan edim...

Sendan yashirmayman, jonim, Seni ilk safar uchratgan va vujud-vujudim oʻsha qaynoq (qaynoq ham gapmi?!) haroratdan qaynab-toshgan damlardagi voqeani qanchalik anglamagan, tushuna olmagan boʻlsam hali-xanuz uni anglab yetmadim, tushunolmadim deb oʻylayman. Oʻylaganim, mulohazalar ummoniga gʻarq boʻlganim sayin har safar Seni... Sizni... Sen bilan oramizda yuz bergan VOQYeANI anglash, tushunish sari bir qadam yaqinlashgandek his qilaman oʻzimni.

Men hayotda bor ekanman
Oʻylasam, sen bor uchun.
Koʻksim ichra qalb urar,
Tun-kun oʻzingga zor uchun.

Nahotki, shu oddiygina toʻrt misrada bizning hayotimiz, taqdirimiz, oʻsha kunlardagi kechinmalarimizga daxldor haqiqat bayon etilgan boʻlsa?! Agar chindan-da, shu taxmin toʻgʻri chiqsa, hamonki uni chin dildan tasdiqlasak, haqiqatdan ham yuz bergan moʻ’jizani anglash sari bir qadam qoʻygan, sehrli moʻ’jiza sandigʻining bitta oltin kalitini qoʻlga kiritgan boʻlamiz!..

Biroq, doʻstim, muhabbat shu qadar sehrlarga boy tuygʻuki, uni tushunish sari bir qadam qoʻyganingdan quvonib ulgurmasingdan u sendan yana ikki qadam uzoqlashadi, topgan moʻ’jizakor oltin kaliting jaranglatib ochgan qulfni zulfindan boʻshatib ulgurmasingdan yanada sirli, yanada hayratlanarli qulflar koʻz oldingda namoyon boʻladi.

“Hijronim...”ni eslaylik. Xatlaringizni oʻqib boshim aylanib qoldi, hech kim va hech nima bilan hisoblashmay, andishayu istiholani yigʻishtirib hammaga maqtangim kelaveradi, deb yozganding. Va oramizdagi toza va begʻubor munosabatni hech kimsa toʻgʻri tushunmasligi, negaki, hamma birdek anglagan haqiqatlardan-da yuksakroq haqiqat bor, bu ikki kishigagina ayon haqiqatdir degan xulosaga kelgandik.

Chindan ham, jonim, aytdim-ku, oramizdagi bu sehrlarga limmo-lim tuygʻularni oʻzimiz tushunib, anglab yetishga aqlimiz ojizlik qilayotgan ekan, uning sinovlariga dosh berib-berolmay sarxush va sarkash ahvolda yurgan ekanmiz, uni boshqalar qanday qilib tushunadilar?! Qanday qilib uni qadrlaydilar? Qadriga yetadilar?.. Qolaversa, ustozlarimizdan biri yozganidek, sevgi odamni goʻzallashtirib yuboradi, sevgan va sevilgan odamning chiroyiga chiroy qoʻshiladi, ularning qalblaridagi baxtiyorlik aytgan soʻzlarida, qarashlarida, bosgan qadamlarida barq urib turadi. Shu boisdan ham sevishganlar odamlarning nazariga tez tushadilar, ular haqlarida mish-mishlar bolalaydi, unga havas va hasad qiluvchilar koʻpaygandan-koʻpayadi! Chunki bunday baxt kamdan-kam kishilargagina nasib etadi...

Jondil! Yana OʻShA lahzada yuz bergan VOQYeAlardan yozsam degandim. Yoʻq, demagin.

Senga birinchi bor koʻzim tushganida “Bu qiz bilan suhbatlashishning iloji boʻlarmikan?” degan oʻy koʻngilni tilib oʻtgan. Yurish-turishim, gap-soʻzim, qadam olishimgacha hammasini Sening nazaringdan oʻtkazadigan boʻlganman. Unga yoqarmikan, degan oʻydan ich-etimni yeb yurganman.

Qiziq, nima sababdan oʻsha paytga qadar bironta qiz yo ayolga bunday e’tibor qilmagandim? Ularning qarashlari, mulohazalari bilan qiziqmagandim? Bu esa... qarab qolarmikan, biror soʻz aytarmikan? Sariq chaqaga olmayotgan boʻlsa-chi?! Nega bunchalar beparvo?..

Yoʻq yerdan gap topib xonasiga kiraman, U esa yerdan koʻz uzmaydi, qisqa va uzuq-yuluq javob bilan kifoyalanadi. Nazarimda sen men bilan gaplashishga arzimaysan degandek boʻlaveradi. Alamdan jon oʻrtanadi.

Har safar yuz bir bahona bilan yuzma-yuz kelaman, gap ochaman va natija oʻsha-oʻsha: yana bir karra magʻlubiyatni tan olib izimga qaytaman. Shunday damlarda U oʻtaketgan aslzoda, oqbilak va shunga yarasha magʻrur qiz boʻlib koʻrinadi. Toʻgʻri-da, axir koʻzingni kattaroq ochib qara deyman oʻzimga-oʻzim, chehrasiga, jamoliga razm solib qara, u aslzoda boʻlmay kim boʻlsin?! Shunday martabaga munosib va loyiqligini biladiki, oʻzini shunday tutayapti!.. Nima boʻlganda ham, bu qiz turgan yuksaklikka chiqib boʻlarmikan?..

Ushbu oʻy-xayol umidsiz bir ohangda ich-etimni kemiradi, taqdirga tan berib, baland dorga osilmay qoʻya qolay deyman va... zimdan Unga nigoh tashlayman. Opppoq, koʻz qamashadi! Sadaff!.. Aql shoshadi...

Oq rangni ilgari ham yoqtirar edimmi yoki?.. Ne sababdan uni bunchalar yoqtirib qoldim? Oʻzim Senga koʻplab martalab hayqirib, shivirlab, pichirlab aytgan SABAB uchunmi? Faqat shuning uchunmi?

Yoʻq, faqat shuning uchun emas. Balki barcha-barcha orzu-havaslarimiz, intilishlar, erkalashu erkalanishlarimiz, bir-birimizga dunyodagi e-eng yaxshi tilaklarni sogʻinishlarimiz – barcha-barchasi ana oʻsha asosiy SABABdan rang olgani, ya’ni niyatlarimizning bari parqu bulutdek, chanoqni toʻldirib loʻppi-loʻppi ochilgan momiq paxtadek oq-oppoq ekanligidan!..

Shunday emasmi, jonim?.. Nima boʻlgan taqdirda ham bunga Sen... Siz... Sen sabab boʻlding, jonim!..

Odamni bir koʻrishda yoqtirish mutlaqo tasodif boʻlishi ham mumkin. Toʻgʻri, tasodifiy hodisalar zumda unutiladi, xayoldan parishon boʻlmagan taqdirda ham es-hushli odam zumda aqlini yigʻib oladi, biroq men lahzada yuz bergan bu tasodif iskanjasiga ilindim, zero, bir emas, yuz qarashda ham, ming qarashda ham Sen men uchun moʻ’jiza boʻlib qolaverding!.. Bundayin tasodif zamirida inson aqli yetadigan ozmuncha mantiq, ozmuncha qonuniyat va ozmuncha haqiqat yotarmikan?!
— Aql bilan ish tutaylik...

Koʻzingni olib qochib shunday deganing yodingdami?

Bu gapning zamiridagi ma’noni tushunolmay koʻp iztirob chekdim. Nima demoqchi? Hali boshlanib ulgurmagan gʻoyibona mehrli munosabatlarimizni bas qilaylik demoqchimi yoki?.. Va javob topdim. Marhamat, aqlligim, aql bilan ish koʻraylik, aqlning hukmiga quloq solaylik, lekin ayni shunday lahzalarda qani aql? Nechun u koʻmakka yetib kelmayapti? Aksincha nega u tutqich bermayapti? Qanday qilsak uni qoʻlga tushira olamiz? Qoʻlga tushirib... Shu haqda oʻylay-oʻylay oʻzimcha bir haqiqatni kashf qildim: aqlning haqiqatda aqli bor ekan, u kamsuqum, u insofli, diyonatli, u mehribon, u dono. Shuning uchun ham u oʻz ojizligini payqagan joydan zumda gʻoyib boʻladi. Oʻzini pesh qilib koʻngillarni xijil qilmaydi, odamni uqubatga qoʻymaydi. Otasiga xazor tashakkur oʻsha aqlning!..

Qolaversa, Sen bilan yana bir jumboqqa oydinlik kiritib olaylik: aql oʻgʻrisi kim? Kim kimni aqldan ozdirdi?.. Bu savolga roʻy-rost javob bera olasanmi?! Ochiqroq aytsam, ayibingni tan olasanmi?..

Ах, это девушка
Меня с ума свела.
Разбила сердце мне,
Покой взяла...

Bolalikdan xotira ushbu qoʻshiqdan topgandek boʻlyapman savolning javobini. Chindan ham, shunday emasmi, jonim?..

Sen esa aqldan ozgan bechora odamdan donolikni, ehtimol man-man degan daholar eplolmagan jasoratni talab qilmoqdasan. Sening talab va istaklaringga soʻzsiz-nesiz boʻysungim keladi va afsuski...

Bogʻ qoʻynida ikki daraxt,
Bir-biriga intizor –

deb kuylangan qoʻshiqni yuz martalab tinglayman, tinglab turib Senga qarata,

{{poem|:Sen bir daraxt, men bir daraxt deb yuboraman.

Ikkovimizni daraxtga qiyoslasam ranjimaysanmi?

Vaholanki, daraxt joydan-joyga koʻchib yurolmaydi, ular oyoqlari yerga kishanlangan bandining oʻzginasi. Biz-chi, biz ham bandi, alloh in’om etgan ishq bandilari!

Hoynahoy, bu bandixonadan qutilish chorasi topilar, insoniyat oʻtmishidan bunga koʻplab misollar keltirish mumkin, faqat boshqa bir haqiqatni ham unutmaylik: qanchadan-qancha bandilar bandixonalardan qochish chogʻida jon taslim qilganlar...

Chora qani, kim topadi uni?
Sogʻinch-ch toshi ezadi dilni!..

Xullas, oramizdagi muhabbat hurmatga aylana bormoqdami yoki muhabbat olovi alanga olmoqdami?! Buyuk Eynshteyn va rus aslzodasi (aslzoda-ya!) Margarita Konenkova oʻrtasidagi ishq savdosi singari “...ix strastь narastala medlenno i postepenno, i ostonovitь yee biʻlo uje nevozmojno...”

Ikkimiz ham kutmagan tarzda ahvolimiz “nevozmojno”ga aylanib ulgurganini sezmadik ham, va kunlarning birida, esingdami, birga-birga, boshimizni boshimizga qoʻyib, bir sahifaga tikilib-termilib oʻqiganimiz:

Ey, doʻst!
Ot kimniki – minganniki,
Toʻn kimniki – kiyganniki,
Olgan – olganniki emas,
Qiz kimniki – suyganniki.

Yodingga tushdimi, yayrab kulganing?.. Tabassum-la, “Topgan she’ringizni qarang!” deya erkalanganing?..

Sevgan kim? Sevilgan kim?..

Yo, rabbim! Nadomatlar boʻlsinkim:

Тебе не вырваться
из семейного круга.
Это наше общее
Несчастье...

Bunday haqiqatlardan kelib chiqadigan chorasizlik vujudni larzaga soladi! Pushkin shoʻrlik qanday ruhiy iztirobda yozgan bu satrlarni, bilmadim, lekin uning nolasiga hamohang zardali iddao buyuk Dostoyevskiyda uchraydi. “Tavqi la’natga uchragan xudobexabar oilalarda mehr-muhabbat boʻlmaydi... Muhabbatdan benasib joyda fahm-farosat ham yoʻq...” deb yozadi u. Shoirning alami ham, adibning zardasi ham oʻz yoʻliga, lekin muhabbat zabt etilgan koʻngil sohiblari har qadamda hushyorroq, fahm-farosatliroq boʻlishni oʻylab qolishlari, ya’ni muhabbat ularning tarbiyachisiga aylanishi koni haqiqat! Bundan, muhabbatsiz odam tarbiyachisi yoʻq odam degan ma’no ham kelib chiqmaydimi?..

Muhabbatdan muhabbat boʻlur paydo,
Muhabbatsiz kishidan qoch, Huvaydo!..

Xullas, bizda ham ayni shunday holat yuz berayotgan, ya’ni, muhabbat va hurmat haroratli va soʻnmas alangaga aylanib borayotganini e’tirof etmasdan oʻzga ilojimiz yoʻq edi...

Tush koʻrdim: gʻaroyib va muhtasham binoga kirib bordim. Yorugʻ, charogʻon, osuda. Xonadan xonaga oʻtyapman, Seni izlab-istab, tinimsiz olazarak alanglayman, lekin topolmayapman, topish umidi soʻngani sayin yuragim orqaga tortib, ichim huvillab qolyapti. Xavotirlana boshladim.
— Sabohat qani? Sabohat qani, deyapman?

Birdan yonimda bir gala erkak va ayol paydo boʻldi. Ular orasidan menga kulimsirab qarab turgan Saodatga koʻzim tushdi.
— Voy, bu-bu, namuncha! Sabohat shu yerda, ana, chiqyapti, — dedi u ayyorona kulimsirab va qizarinqirab.

Men shoshilib Saodat koʻrsatgan tomon oʻgirildim. Mana, hozir Seni koʻraman!.. Hayajonning zoʻridan nafasim tiqildi.

Uygʻonib ketdim... Allamahalga dovur totli xayollar ogʻushida yotdim. Tong boʻzara boshlaganida xayollarimga oppoq qor joʻr boʻldi. Bir maromda yogʻayotgan qor uchqunlari ichimni yoritishi barobarida olamni oqqa burkay boshladi.

Koreyslarning “Qish sonatasi”ni, undagi qor fantaziyasini, filьmga ishlangan musiqaning sehrini eslaysizmi?.. Siz ham oʻsha filьmni sevib tomosha qilgan edingiz. Shu kunlarda har tong chogʻi men Siz bilan oppoq qor choyshabi toʻshalgan oʻsha munis bogʻlarda qoʻl ushlashib yuribmiz. Boraveramiz, boraveramiz, yoʻlimiz sira ado boʻlmaydi, har kunimiz shunday boshlanishini, shunday oqlikka burkangan muhabbat yoʻli bir umr davom etishini istaydi koʻngil... xayolda...

Men qanday insonni sevishimni endi bildingizmi?!

... Yetti kecha-kunduzdirki, qor tinmadi. Goh laylak qor yogʻadi, goh gʻalvirdan elanayotgan un misol yerga toʻshalayotgan qor uchqunlari koʻz ilgʻamas zarraga aylanadi.

Qor uchqunlariga qoʻshilib xayol yogʻadi, unga termilib charchamaysan kishi. Necha yil-necha zamonlardan buyon tinmay yogʻayotganga oʻxshaydi qor, yana koʻp yil-koʻp zamonlar tinmaydigandek!

Qor atay meni sinamoq uchun ham shuncha kundan buyon tinim bilgani yoʻq. Meni hisobdan adashtirmoqchi u. Men esa mijja qoqmadim, koʻzim ochiq, qor uchqunlarini sanamoqdaman. Hisobdan adashadigan anoyi yoʻq, sanashda davom etmoqdaman. Buning nima zarurati bor deb e’tiroz bildirma. Qor yogʻishdan charchasa-charchar, men uning uchqunlarini, zarralarini sanashdan zinhor charchamayman, toliqmayman. Chunki ukpardek momiq va men suygan oqdek oq har bir qor uchquni mening Senga boʻlgan muhabbatim izhori sifatida yogʻmoqda! Begʻubor mehr, samoviy sevgi yogʻmoqda samodan! Sengagina atalgan mehr, muhabbat, sevgi!..

Bolalik chogʻlarimdan qor yogʻishini sehrli hodisadek tomosha qilishni yoqtirardim, mana, Sizga qoʻshilib bu muhabbatim yanada oshgandan-oshdi. Tunda bexosdan uygʻonib, shoshib hovliga chiqaman, tevarak-atrofga qarayman, nazarimda men tabiatning bu ajib oq choyshabidan zavqlanmay uxlaganim uchun qor mendan oʻpkalanib, erib ketgandek tuyuladi va bir zumda sevinib ketaman! Chunki yeru koʻk hamon oppoq, shunaqangi oppoq ediki!.. Tomlarni, yoʻllarni, daraxt shoxlarini qoplagan kumushdek oqlikni koʻrib turib oq rangni yaxshi koʻruvchi, uni ardoqlashdan charchash nima ekanligini bilmaydigan Doʻstimni yanayam yaxshi koʻrib ketdim, koʻnglim yorishdi, piyoda yurib uzundan-uzoq koʻchadan chiqib boryapmanu Sizni oʻylayapman, Sizni koʻrgim kelyapti, mavzudan qat’i nazar, farqi yoʻq, Siz bilan suhbatlashaversam, sira vaqt oʻtmasa, yoʻlning adogʻi koʻrinmasa!..

Suhbatlaringizga sira toʻymayman, chunki qalbingiz, tuygʻularingiz, muhabbatingiz ushbu qor singari begʻubor, simobiy. Qoyilmisiz, men mana shunaqa Insonni yaxshi koʻraman!..

Haftaning oxirgi kuni ertalabdan ustaxonamga yetib keldim. Ijodxonamga kiramanu, necha kunlardan buyon meni kutib toqati-toq boʻlgan ishlarni ado etishga kirishaman.

Shu oʻy-shu xayolda xonamga kirdim, bir necha oy burun boshlab qoʻygan qoralama chizmalarim roʻparasiga oʻtirgancha xayolga toldim. Oʻrnimdan turib, deraza oldiga bordim. Tashqari sovuq. Mening ichimda, koʻkragimning allaqayerlarida bamisoli oʻt qalanganu, alanga tobora a’zoi badanimni qizdirayotgandek, alanga harorati hademay boshimni ichlariga qadar koʻtariladigandek, otash taftini bosishning yagona chorasi bor, u ham boʻlsa, hoziroq, shu onning oʻzida ustaxonamda Sening paydo boʻlishing, vassalom! Kirib kelsangu, oh, jonim, deb yuborsam! Seni oʻtqazgani joy topolmay qolsam! Peshvoz turib, sochlaringni uchidan oyogʻingning uchlarigacha toʻyib-toʻyib qaynoq oʻpichlarimga burkab tashlasam. Sen gapirmoqchi boʻlsang, men esa ogʻiz ochishingga yoʻl qoʻymasam, oʻpichlarimdan nafaslaring qaytib ketsa!
— Toʻxtang!.. Shoshmang!... Voy, ichingizdan olov chiqyaptimi? — desang, xavotirda kaftlaringni yuzimga bosib.

– Ha, sogʻinch ichimni sahroga aylantirdi, u sahro oʻt-otash ogʻushida! – desam.

– Vahimachi! – deb kulsang, meni erkalasang. Erkalansang.

Ikki hatlab borib, hovliqqancha eshikni ichkaridan qulfladim. Nazarimda, sen yonimdasanu, tuyqus biron kimsa ustimizga kirib qoladigandek, diydorlashuv onlariga zavol yetadigandek xavotirda edim!..

Eshikni qulfladimu, shartta ortimga oʻgirildim, Sening yoningga uchib boraman, oʻzimni bagʻringga otaman, quchoqlaringga singib ketaman!..

Xonam koʻchadan-da sovuq, nafasimdan izgʻirin ufurar, har bir buyum va ashyolarni oʻz didimga yarasha tanlagan va olib kelib yasatib qoʻygan ustaxonam shu topda koʻzimga befayz va gʻarib koʻrinib ketdi. Bu – butun hafta mobaynida Sendan maktub ololmaganim, loaqal nomalar vositasi-la visolingga yetisholmaganim oqibati, asorati edi, yagonam!

Qish faslini juda yaxshi koʻraman. Sokin, tinch, oʻylash, xayol surish uchun fursat topsa boʻladi, balki shuning uchunmi, bilmadim... Esingizdami, ukalarimni bogʻchaga olib ketayotganimda sovuqda kutib turganingiz... Boshqa bir kuni ertalab meni kuta-kuta sovuqda muzlab qolganingiz... Oʻshanda Sizni koʻrib koʻzlarimga ishonmagandim... Munosabatlarimizda xudoga shukrki, zarracha gʻubor yoʻq, boʻlmaydi ham. Sizni har kuni tushimda koʻryapman, har doimgidek kulib turasiz... Bilaman, hamisha bandsiz, hamma ishlaringiz Oʻzingiz oʻylagandek unumli, omadli boʻlsin.

Esingdami, meni koʻpincha xayolparastlikda ayblar eding. Bunday ayblovlaring menga yoqardi. Chunki ayblovlaringning barchasi haqqi rost. Axir, oʻzing oʻylagin, muhabbat hukmron koʻngil uchun xayolparastlikdan koʻra sadoqatliroq, tabiiyroq holat, kayfiyat boʻlishi mumkinmi?! Nitshe boboning, “Sevgida andekkina telbalik bor!” degan gapi juda xush yoqadi menga. Faqat, mening sevgimda telbalik andekkina emas, bir dunyo boʻlganini ham hisobga olib qoʻyishimiz kerakmasmi! Axir olamlarga tatiydigan telbalik mujassam edi mening sevgimda!..

Har bir xalqning oʻz ona tili boʻlgani kabi nazarimda har bir sevishgan qalbning oʻz tili, oʻz lahjasi boʻladi. Bu tilga faqat ikki kishi tushunadi, bu tilni faqat ikki bapayvand qalb ardoqlaydi, ana shu pinhoniy sevgi tili bu juft uchun ona tilidek muqaddas hisoblanadi!

Yana bir haqiqatni angladimki, ikki sevishgan dil sohiblarigagina qadrli axloqiy qadriyatlar vujudga kelarkan, shu boisdan uning umumadaniy va umumaxloqiy qadriyatlar qiyosida koʻpchilik tomonidan e’tirof etilmasligi tamoman mantiqli, tabiiydirki, bu hol hamma zamonlarda ham muhabbatga mubtalo koʻngil egalarining boshlariga adoqsiz kulfatlar, musibatlar solgan.

Bu gaplarni zinhor oʻz axloqsizliklarimizni xaspoʻshlash uchun aytayotganim yoʻq. Dargʻazab odamning yoki boodob odamning ogʻzidan ham tuyqus haqoratli soʻzlar chiqib ketishi mumkin, buning uchun shosha-pisha uni sazoyi qilish, uning ustidan mutlaq hukm chiqarishga – unga tavqi la’nat yogʻdirishga shoshmaslik kerak deb oʻylayman. Zero, hukm chiqarish hamisha tushunishdan osonroq, tushunish esa hukm chiqarishdan koʻra mushkulroq hisoblangan. Tushunish sabr-bardosh, farosat, donishmandlikni talab qiladi, hukm chiqarish uchun esa kuch boʻlsa kifoya!..

Jon!

Men Senga, Sening qoʻling bilan bitilgan soʻzlarga shu qadar oʻrganib qolganmanki, azbaroyi Sen bilan bogʻliq boʻlmagan hech narsa koʻngilga sigʻmaydi, tatimaydi. Kunda qancha-qancha odamlar bilan muomalada boʻlaman, turfa davralarda ishtirok etaman, lekin ularning barcha-barchasida suratim yurganini, mohiyatim, siyratim esa Sen tomonda, yanayam aniqroq yozsam, Sening yoningda, Sening ichingda ekanligini sezib-bilib turaman.

Qoʻl ishga bormaydi, nima qilarimni bilmay gangib yuraman. Aslida bunday odat oʻsmir yoshidagi yigit-qizlarda koʻproq kuzatiladi. Men esa!..

Yoki Senmi meni oʻsmirga aylantirib qoʻygan?! Senmi meni oʻsmirlik tuygʻularimga qaytadan bogʻlab qoʻygan?!

Senmi meni sehru jozibalar olamiga oshno etayotgan?!

Faridaoyni taniysan-a? Ajoyib shoira. Hamma kitoblarini oʻqiganman! Kuni kecha yangi kitob qoʻlyozmasini keltirdi. Boʻlajak kitob uchun bezaklar ishlab berishimni soʻradi. Jonim bilan qabul qildim. Bitta-ikkita misralarini oʻqimasimdan kitobni qanday bezashni chamalashga kirishib ketdim.

Eshitgin, oʻqib beraman:

Telefon jiringlar, jim...
Xoʻrsinadi, allakim...
Baxtliman, qanday!..

Faridaoydek dilbar shoirani oʻgʻriga chiqarsam xitoy chinnisidek nozik dili ranjimasmikan?! Qaramaysanmi, oʻzini, mening dilimga tinchlik bermayotgan tuygʻularni aynan tasvirlabdi. Koʻzlarining tubida, lablarining chekkasida muloyimgina kulimsirab turishi sira koʻz oʻngimdan ketmaydi. Endi bildim, shu qarashida dilingdan tilingga koʻchmagan sir-asrorlaringni oʻqib olarkan! Faridaoy — Oʻgʻrioy!.. Qaydan bildi ekan ichimdagini?! U bilan sirlashmagan boʻlsam?! Shoira-da, alla safar koʻrishganimizda (tabiiy, oʻsha damda ham xayolim Senda boʻlgan) koʻzlarimga gʻalati sinchkovlik bilan tikilgandek boʻlgandi-ya!..

Qoʻngʻiroq qilsam, Sen u yoqda xoʻrsinib, kutib oʻtirgan boʻlsang, goʻshakni koʻtarsangu, yutoqib, sevinib-entikib gaplashsak!.. Telefon ham diydor! Qani edi!.. Afsus, sogʻinish etadi davom...

Sogʻinch dilini oʻrtayotgan odam nimani oʻylasa, qoʻlini qayerga uzatsa oʻsha sogʻinchga, sogʻinayotgan odamiga borib taqalaveradi. Undan, ya’ni Sendan chalgʻitadigan kuch va bahona topilmaydi! Nima demay, nima koʻrmay, nima tutmay Sen, Sen, Sen!..

Ajabo, senga tosh haqida,
It haqida soʻylasam ham,
Ishqim oshkor boʻlaveradi...

Buni ham shoiraning yangi qoʻlyozmasidan oldim, oʻzidan ruxsat soʻramadim, chunki u mening hech kimga oshkor etmagan sir-asrorimni soʻramay-netmay yozib kitob qilyapti-ku, men uning kitobidan koʻchirsam nimasi gunoh, nimasi ayb?!

Qadrdonim! Mehrlarga limmo-lim xatlaringiz uchun rahmat, Sizni judayam yaxshi koʻraman!.. Siz menga, men Sizga yoʻllaydigan maktublarda bitilgan har bir soʻz yurak-yurakdan chiqadi, ularning nomi – samimiyat. Ularning har biri mehr bulogʻidan suv ichgan. Va hayotbaxsh suvlarni bir-birimizga ilingan... Qanday moʻ’jiza-a, qadrdon?.. Shunday daqiqalarda Sizni ming yildan buyon koʻrmagandek holatga tushaman, sogʻinaman...

Bunchalar qisqa yozmasang?! Tashna odam ogʻziga angishvonada suv tutgandeksan, goʻyo! Sening bundayin “kamgap” maktublaringni oʻqiganda saraton issigʻida bir nafaslik shabada betimni silab-siypab oʻtgandek boʻladi, “Oh!” deya entikkancha qolaveraman...

Bir kun, ikki kun, uch... besh kundirki, xat-xabar yoʻq. Bunchalar shafqatsizlikka qodir inson sha’niga qanday qilib ardoqli ta’riflar yoʻllash mumkin?! Sen mendek gʻaribu gʻuraboga qandayin noyob va nodir, aziz va laziz qalb sohibasini doʻst qilib qoʻyganingni bilasanmi, oʻzi? Undagi meni aqldan ozdiruvchi sehru jodular qudratini his etasanmi?

“Hech qanaqasiga gʻaribu gʻurabo emassiz” deysanmi? Toʻgʻri aytasan. Sening maktubingni koʻzlarimga surtgudek oʻqiyotgan lahzalarimda men shohga, shahonshohga aylanaman! Muhabbat qasrining qiroliga! Mendan qudratliroq, mendan baxtliroq odam boʻlmaydi unday soniyalarda!

Sen bilan diydor va visol onlaridagina shunday...

Kiftimning chap yelka qismida ogʻriqli nuqta paydo boʻldi. Bovujud, kimdir xanjarning uchini botirayotganga oʻxshaydi.

Senga yozishga arzimaydigan gaplar.

Shunga qaramay, ke, yozsam, yozaqolay. Sendan yashiradigan sirim yoʻq, axir.

Chap yelkamda paydo boʻlgan ogʻriqli nuqtani davolatishimni, shifokorlar huzuriga borishimni tayinlabsan. Gʻamxoʻrliging, meni oʻylab tashvishlanganingni oʻqib, hatto shu dardga mubtalo boʻlganimga ham sevinib ketdim. Nazarimda oʻnta shifokorning maslahatlaridan koʻra Sening bir ogʻiz lutfing men uchun oʻn karra shifobaxshroqdir! Shu boisdan ham, Sen tavsiya qilgandek, oqshom yotar chogʻida u nuqtani yoʻqotishga qaratilgan bir talay muolajalarni ado etdim. Nazarimda ogʻriq muloyim tortgandek boʻldi, gʻoyib boʻlgandek ham tuyuldi. Shunda... ogʻriq ikki kuragim orasiga koʻchdi. Xuddi oʻsha nuqtaga shafqatsiz tigʻ botirilmoqda. Ba’zan umurtqa boʻgʻinlariga zugʻum qilayotgandek, uning orasiga zahar purkayotgandek achishib ogʻriq beradi...

Xullas, de, “voqea” qanday yuz bergan boʻlsa, aynan yozaman, jonim, faqat mening ustimdan kulmasang bas. “Nuqta” ashaddiy koʻchmanchi chiqib qoldi: dam oʻng kurak tomonda, dam soʻl – dam oʻng biqinda, dam gardanda, dam yana chap yelka uchida paydo boʻladi, degin. Meni kalaka qilayotgandek, ustimdan kulayotgandek, men bilan maynabozchilik oʻynayotgandek. Butkul gʻoyib boʻlishdan esa darak yoʻq.

Mana shunday kunlarning birida chinakam olamshumul kashfiyot sodir boʻldi: bu oʻy qayerdan keldi, esimda yoʻq, lekin nima boʻldiyu, kiftimda tinim bilmay koʻchib yurgan ogʻriqli nuqtalar boʻylab xayolan chiziq tortdim. Hayhot! Chiziqlardan qanday soʻz paydo boʻlganini bilasanmi?! Aytaymi? Ishonasanmi, ishqilib?!

Sogʻinch!!!

Ishonmasang mana, marhamat, oʻzing oʻqi, oʻqi: SOOOGʻIIINChCh!!!

Hayratdan esim ogʻib qolayozdi! Koʻzimga ishonmay, qayta-qayta oʻqidim. Sen ham oʻqigin dedim. Baralla ovoz chiqarib va juda teran his qilib “Sooogʻiiinchch!” deb oʻqigin!..

Buni qaraginki, necha kundan buyon menga sogʻlik-salomatlik tilayapsanu, dardning davosi oʻzingda ekaniga e’tibor bermabsan, asalim. Kimning sogʻinchi tufayli jonim oʻrtanayotganini aytishim shart emas deb oʻylayman. Shunday emasmi, jonim?..

Sogʻinch shu qadar sehrli bir tuygʻuki, u bir-biriga mushtoq qalblarni tutashtirib turadi, umid iplarini eshadi, nechogʻli iztirobli boʻlmasin, sogʻinch qalblarni tozalaydi, toblaydi, doʻstlikni, mehr- muhabbatni ayovsiz sinovlardan oʻtkazadi.

Sogʻinch yuraklarni oʻrtaydi, u – quloqni kar, koʻzni soʻqir, aqlni siyqalashtiradi. Hardamxayol qilib qoʻyadi odamni! Istagan koʻyiga soladi! Uning azobli oʻyinlariga har kim ham dosh beravermaydi. Sogʻinch izmidagi odam surunkali bedavo dardga yoʻliqqan kimsadek sirtidan bardoshli koʻringani bilan ichidan zil ketgan boʻladi. Suvrati qoladiyu, siyrati abgor boʻladi. Asta-sekin siyratdagi abgorlik suratga koʻchadi. Muttasil sogʻinch azobida yurgan odamning koʻzlaridan nur soʻnadi. Nigohlaridan mazmun yoʻqoladi.

Yuragini, jigarini bir chekkadan kemirib adoi tamom qilayotgan sogʻinch xastaligiga mubtalo odam oʻzini chalgʻitish uchun nimalar qilmaydi deysan! Fikri-yodi oʻzini chalgʻitishda boʻlganidan u oʻzini ovutish maqsadida tinim bilmay allaqanday yumushlar bilan mashgʻul boʻladi, lekin shunday damlarda ham xayolining bir chekkasini tark etmaydi sogʻinch. Chunki uning uchun sogʻinayotgan kishisining diydoriga yetishish orzusidan muqaddasroq, muhimroq va a’loroq murod- maqsad qolmaydi.

Sogʻinayotgan odam mudom yolgʻiz qolishga intiladi va yolgʻiz qoldi deguncha yuragi qinidan chiqib ketgudek talvasaga, vahimaga tushadi. Qanday boʻlmasin yolgʻiz qolishga harakat qiladi va... yolgʻiz qoldi deguncha yuragi tahlikadan yorilguday ahvolga tushadi — yolgʻizlikdan qoʻrqadi!

Goʻdak bolalar otasi yo onasini uch-toʻrt kun koʻrmay qolsalar ichikadilar: ishtahalari yoʻqoladi, sababsiz yigʻlayverishadi. Boʻshashib, holdan toyadilar. Befarq boʻlib qoladilar. Kechagina qoʻldan qoʻymay oʻynayotgan oʻyinchoqlariga ham qayrilib qaramay, gʻingshiyveradilar.

Sogʻinayotgan odam bundan battarroq ahvolga tushadi...

Koʻngilning tub-tubida gʻujgʻon oʻynaydigan bezovtaliklar talotoʻpidan xalos etadigan moʻ’jizakor qudratli shifo faqat Senda bor deb bilaman. Sening bir ogʻizgina lutfing, bir nafaslik visoling-vaslingdan koʻra oʻzga najot yoʻq men uchun.

Seni sogʻinmaslikka oʻzimni majburlagan damlarim boʻladi. Oʻzimni chalgʻitaman, sogʻinmayman, sogʻinmayapman!.. Sogʻinmayapman... deya baralla ovoz chiqarib aytaman oʻzimga va “qadrdon” degan soʻz tilimga yopishib qoladi. Qadrdon, qadrdonim... Bu soʻzning ma’no-mazmuni faqat sendan qadr topaman, qadrimni sendagina koʻraman degan ma’noni anglatadi, chamamda. Seningcha ham shunday emasmi?

Qadrdonlikning ham darajasi, maqomini topsa boʻladi. Deylik, bizning qadrdonligimiz darajasi kuniga oʻnlab, yuzlab xat yozishga, telefon orqali har soatda bir-birimizni yoʻqlashga loyiq! Zero, bir kun koʻrmasam bir kun, ikki kun koʻrmasam ikki kun... yuz yil koʻrmasam yuz yil sogʻinaman seni, asalim! Koʻrish, diydorlashish nasib etsa Seni koʻrmagan, senga yetisholmagan kunlarim, daqiqalar hisobidan sogʻinayotgan boʻlaman. Seni ichimga yashirib qoʻysam ham, oʻzim ichingga kirib yashirinib olsam ham sogʻinaman!

Shunaqaman!..

Mana, muhabbatimizning oʻlchami, darajasi!..

...tush koʻrdim: ikkalamiz qoʻl ushlashib ketyapmiz, yelkamga boshingizni qoʻyib oldingiz. Roʻparadan tanish-notanishlar qatorlashib kelishyapti. Uyat-nomusdan oʻzimni qayerga qoʻyishni bilmay qoldim. Siz boshingizni koʻtardingiz, tanish-notanishlar bizga “talofot” yetkazmay oʻtib ketishdi. Boshingizni yana yelkamga qoʻydingiz.

Oʻgirilib qaray deyman, koʻzingizga boqib nimalardir degim keladi. Biroq, hatto tushimda ham oramizdagi qadrdonlik rishtalari sogʻinch rishtalarini uzishga ojiz ekanligini sezib turaman...

Ba’zan Sizni sogʻinib yashashimga ishonmasligingizdan hayratga tushaman. Sogʻinchlarimni ichimga yutib, ezib, qiynab yashayotganligimni bilasiz-ku, toʻgʻrimi? Ayol kishi oʻzini oʻylashga, oʻz hissiyotlariga quloq solishga haqqi yoʻq. Faqat... sogʻinchdan oʻrtanib yashayotganini bildirib qoʻyishi mumkindir?..

Aslida shunday gaplarni yozish-yozmaslikni ham oʻylab qolaman, lekin maktublaringizni oʻqiganimda koʻnglim yomgʻirdan keyingi kundek yorishib ketadi. Chiroyli yomgʻirni sogʻingandek, maktublaringizni sogʻinaman. Yangisi yetib kelgunicha avvalgilarini qayta-qayta oʻqiyman. Maktub yozib toliqmaganingiz uchun ham rahmat! Dunyodagi bor yaxshiliklarni Sizga ravo koʻrib qolguvchi doʻstingiz!

Sira koʻngilni tark etmaydigan tuygʻu haqida soʻrab qolishsa, xursand boʻlib ketasan kishi va darhol javob ham qaytarasan.
— Siz uchun eng ta’sirli soʻz qaysi?
— Mening bu savolga javobim tayyor: sogʻinch!..
— Nima sababdan bunday xulosaga kelgansiz?
— Har kuni, har lahzada, har nafasda joni-jahoni sogʻinchdan oʻrtanib yurgan koʻngil sohibi uchun bundan oʻzgacha xulosa boʻlishi mumkinmi?!

Bugun Seni, bugun Seni
Koʻrmasam boʻlmas...

Yasha, hofiz! Faqat bugun emas, har lahza, har dam Seni koʻrmasam boʻlmas!..

Surunkali xastalik bemorni holdan toydirgani kabi surunkali sogʻinch uqubatlaridan odamda hatto sogʻinmoqqa ham hol qolmaydi...

Sen unda yolgʻiz,
Men bunda yolgʻiz,
Oʻrtamizda telefon sarson,
Simlar kular, simlar yigʻlaydi,
Maktublar ham uradi giryon...

Oniy lahzada tizginsiz xayol qayoqlarga olib qochmaydi! Nazarimda... shunday kunlar keladiki, sogʻinch uqubati shu qadar oyogʻining ostiga olib ezgʻilaydiki!.. Kunlarning birida oʻzimni mutlaqo boshqarolmay qolaman! Hamma-hamma narsani unutib, hech narsaga qaramay-netmay uyingga boraman, darvozadan kiraman va...

– Shunday gaplaringizni eslaganda qoʻrqib ketaman...

– Sen-ku, xayolingda qoʻrqarsan, men esa shunday kun keladiki, ana oʻshanda oʻzimni butkul boshqarolmay qolaman. Tushunyapsanmi, oʻzimga kuchim yetmay qoladi. Qurbim-qurbatim adoi tamom boʻladi. Ana oʻshandagi holat koʻz oʻngimda gavdalanaveradi-gavdalanaveradi. “Qanday holat?” deysanmi?.. Darvozang taraqlab ochiladi, uy eshigining tavaqasi sinib ketgudek kesakiga uriladi va... uy ichiga bi-ir holatdagi majnunbashara, savdoyi, dalli-devona kirib boradi!..

Sogʻinch, alam, xijron iztirobi shu koʻyga solgan boʻladi oʻsha devonani... meni...

Sogʻinchni shaklga solib chizgim keladi, uning rang-tusini topishni oʻylayman. Mening sogʻinchim bilan Seniki shakl-shamoylda, rang-tusida farqlanadimi? Nimasi bilan bir-biriga oʻxshaydiyu, nimalari bilan oʻxshamaydi? Qiziq savol-a?! Qani, ayt-chi, Sen sogʻingan damlarda qanday holat yuz beradi?.. Misol uchun menda... yelib-yugurib qilayotgan barcha ishlarim (uning qandayligidan qat’i nazar) birdan mazmunsiz matohga aylanadi... Hech kim bilan gaplashgim kelmaydi... miyamning ichi boʻm-boʻsh, atrofim boʻm-boʻsh, koʻzimga tashlanayotgan har qanday manzara gʻarib, xonada turibmanmi, bepoyon tabiat qoʻynidami – tasavvurimdagi olam torayib ketadi... Hech narsani his qilmay qoʻyaman, aqlim ishlashdan toʻxtaydi, hatto olayotgan nafasim ham bema’nilikday tuyuladi va juda-juda olisda, koʻz ilgʻamas yiroqlikda bitta nur, bir dona dur, mitti yulduz yangligʻ bir dona gavhar oʻziga chorlaydi... Qanot chiqarsamu, uchib ketsam!.. Qurbim yetsayu, yugurib yetsam!.. Yoʻlimda uchragan har qanday toʻsiqni sezmay tikkasiga bosib-buzib oʻtib boraversam!..

Kim bilsin, Sen bilan mening talqinimizda sogʻinch... hijron... deb atalgan tushunchalarni ofat yoki baloi azim deb atash ham mumkindir?..

U qayerda boʻlmasin xonaga — yo ishxonaga, yo uyiga oshiqadigan odat chiqardi: goʻyo uyda yo xonada biron narsasini unutgandek!.. Goʻyo uyda yo xonada yoʻrgakdagi bolasi yolgʻiz qolib ketgandek!.. Goʻyo uyda yo xonada elektrga ulangan dazmol oʻt olib ketadigandek!.. Goʻyo uyda yo xonada sharros buralgan suv joʻmragi ochiq qolgandek! Oshiqadi. Hech kimga qaramaydi, birov roʻpara kelsa, salom-alikni nasiya qiladi, uni koʻrganlar hayron boʻlishadi, “kap-katta odam namuncha yosh boladek yugurgilab yurmasa” deb ketidan bosh chayqab qarab qolishadi, u esa halloslab, chopqillab, eshikka yetar-etmas choʻntagidagi kalitni paypaslaydi, topadi. Oyogʻi ostonaga yetmay qoʻlini choʻzganicha kalitni eshik tirqishiga suqadi! Ichkariga kiradiyu, hovliqib, yutoqib... qadrdon suvratlarni stolga yoyadi... Xalloslaganidan bazoʻr nafas rostlaydi, ogʻir, lekin maroqli tin oladi. Birma-bir, birma-bir, yana va yana suratlarning ichiga kirib ketguday tashnalik bilan ularni tomosha qiladi. Gaplashadi. Savol-javob, savol-javob, kuladi-kuldiradi, ich-ichidan kelayotgan xoʻrsiniqni bosish koʻyida labini, tilini tishlaydi...
— Uzr, Seni yolgʻiz qoldirdim... — deya oʻpadi... Yuziga, koʻziga surtadi...

... Ertasi ham, indini ham U yana va yana oʻsha alfozda uyi yoki ustaxonasi tomon qoqila-suqila yashindek uchib kelayotgan boʻladi, Uni bu ahvolda koʻrganlar kap-katta kishining goʻdaklarcha, telbalarcha tuygʻularini yashirolmay chopqillab ketayotganini koʻrib jilmayib qoʻyishadi. Ayrimlarining xayolida, “Tavba, zavqi, sogʻinchi shu qadar boʻlsa, uni shu ahvolga solgan mahbubasi qanday boʻldi ekan?..” degan oʻy kechadi... Unga havaslari keladi — koʻrsatmayman, koʻz tegadi, deydi U tap tortmay. Zero, sogʻinchdan oʻrtangan jon tap tortishni bilmaydi. Dilidagini yashirolmaydi.
— Qayerdasaaannn???!!!!! — deya oh chekadi, nola qiladi. Tap tortmay takrorlayveradi: — Qayerdasaaannn???!!!!!

Tun-kun tiladim visol xudodin,
Hijronni yubordi ul samodin...

— Ayt-chi, men Seni tushunamanmi?
— Tushunmaysiz.
— Tushunmaymanmi? Hech qancha tushunmaymanmi?!
— Mana mashi-incha: jimjilogʻimning uchichalik tushunasiz, xolos.
— Shuning uchun ham oʻsha jimjilogʻingning uchiga sigʻinaman, yolgʻizim!!!

Derazamning roʻparasida bir tup daraxt yaproqlari oltin tusida sargʻayibdi. Hademay oltin yaproqlar ham yer bilan bitta boʻlib toʻkiladilar, xayol ma’yus tortadi. Har safar derazadan qaraganimda boshqa daraxtlarga emas, boyagi boshi “oltin” daraxtdan koʻz uzolmayman, shunda daraxtning nozik navdalari men yaxshi koʻrgan, men harchand ardoqlasam-da toʻymaydigan Jimjiloqqa oʻxshab ketadi!.. Ha, oʻsha noooziik, opppoq, har safar labimga bosganimda yutib yuborishdan hayiqadigan Jimjiloq!..

Mening ardoqli jimjilogʻim!..

Kun peshindan ogʻdi. Kayfiyatim chakki emas. Har safar sogʻinchlarim bayon etilgan maktublarimni Senga joʻnatganimdan keyin oʻzimni yengil his qilaman. Mana, hozir, oʻzingni emas, negadir jimjilogʻingni oʻylab... “oʻynab” oʻtiribman. Tiqilinch avtobusda borayotgan emishman, avtobus siltanib ketibdi, muvozanat saqlash maqsadida shoshib qoʻlimni choʻzib temir tutqichni tutib oldim. Shunda... nogahon koʻrsatkich barmogʻim boshqa tomondan choʻzilgan qoʻl jimjilogʻining ustiga tushibdi!.. Barmogʻimni koʻtardimu, nigohim notanish jimjiloqning uuchida toʻxtadi. Hayron boʻlib qoldim, bunaqa jimjiloqni koʻrmagandim, uch yoshli norasida goʻdakning jimjilogʻidek oppoq, muloyim, yumshoq... Koʻzimni uzolmadim desang!..

Qanday yumushlar bilan bandsan, jon?

Men ardoqlaydigan momiq qoʻllaring — barmoqlaring... jimjilogʻing bilan qanday yumushlarga unnalding?.. Ardoqla, avayla, axir, ularni, asalim!

Qalbini ishgʻol qilgan boʻlsang-da, qoʻli, barmoqlari... jimjilogʻini tutib turgan esang-da, U seniki emasligiga iqrorlik jonni oʻrtaydi, jon!..

Nima bu, ogʻayni, huda-behudaga noxushlik, tushkunlik? Undan qutilish epini topilmasang, bu dardning sababi, sababchisining nomini tilga ololmasang...

Bularning bari bediydor, bevisol, demak, behuda va zoye oʻtgan kunlarning alamlari, asorati ekanligi muqarrar, jigarim!..

Xatlarim yetib bordimi? Ularni ochgan barmoqlaringni koʻzimga surtay, asalim. Xat almashinuvini visol debsan, nahotki, buni astoydil, chin dildan aytayotgan boʻlsang?! Nahotki, noma visol oʻrniga oʻtsa?! Yupanch boʻla oladimi, shu varaqlar, bizga? Sogʻinchning hurmati shumi?

Mening yozganlarimning hech biri Sen uchun hech qanday yangilik emas, bilaman, ikki marta takrorlangan xabarning yangiligi qolmaydi, lekin mening million martalab aytgan izhorlarim mening million yangiliklarimdir...

Menga jimjilogʻining uchichalik mehri boʻlgan, lekin jimjilogʻining uchichalik oʻzini baxshida qilolmayotgan jigargoʻshamni alloh panohida asrasin!..

Xat javonim toʻlib ketibdi, rahmat Sizga qadrdonim! Biri-biridan goʻzal, oʻxshatishu tashbehlarni rosa topasiz-da, oʻziyam! Rassomlikka qoʻshimcha shoir boʻlishingiz ham mumkin edi.

Namuncha, jimjiloqni “til”dan qoʻymabsiz?! Xatlaringizni oʻqiyapmanu, nuqul jimjilogʻimga qarab kulgim qistaydi. Shuuncha yil yashab oʻzimning jimjilogʻimga Siz aytgan, Siz ta’riflagan nazar bilan qaramagan ekanman. Bir qarasam oddiygina, bir qarasam... qoʻying, odamni xijolat qilmang!.. Xijolat boʻlyapmanu, sevinayotganimni ham nima qilaman yashirib?! Tagʻin Sizdek inson topgan, mehrini qoʻshib ta’riflagan soʻzlariga men qandayiga qarshi chiqishim yoki ularni rad etishim mumkin?!

Men unday qilolmayman...

Darvoqe, yoʻq, jimjiloqning uchichalik Siz meni yaxshi koʻrasiz. Mening yaxshi koʻrishimni esa, eh-he-e, Siz tasavvur ham qila olmaysiz!..

Qadrdonimdan yangi-yangi tashbehlar kutib...

Uch kun safarda boʻldim. Xonamga qaytib keldimu, shosha-pisha xatlar javoniga yopishdim. Tezroq! Tezroq! Salgina hayallasam nafasim qaytib ketadi, boʻgʻilib qolaman!..

Mana, javonni ochdim! Ana, ochildi! Jonim-m! Boshpanam! Sening bir ogʻiz soʻzing men uch kun mobaynida safarda yurib eshitgan yuz ogʻiz hamdu sanolardan, maqtovu xushomadlardan ming karra aziz va a’lo ekanligini bilsang edi!

“Xudo xohlasa” dedingmi? Toʻxta! Bir zum quloq sol, jonim!

Axir xudo xohlaganki, biz gʻoyibona boʻlsa-da, bir-birimizga dil-dilimizdan bogʻlanib-chirmalib yuribmiz, bu yaqinlik sururi va azoblarini totib yurganimiz sababchisi ham yaratganning oʻzi emasmi? Sogʻinishlar, ayriliq azoblari, sogʻinch uqubatlari kimning xohishi? Qanday qilib bu ne’matga shak keltirishimiz mumkin? Shunday emasmi, asalim?

Senga qanday dil izhorimni bayon etar ekanman, ularning bari-barchasi eng toza ilohiy, samoviy muhabbat iztiroblari, ehtiroslari deya qabul qilasan degan umidda...

Ba’zan oʻylab ketaman: kim bilsin, bizni iztiroblarga toʻla ana shu sogʻinch bogʻlab turibdimikan? Adoqsiz sogʻinch qudrati shunday boʻlar ehtimol?.. Bir-birimiz tomon qanchalar intilmaylik sharoit va boshqa sabablar oramizdagi jarlikni shunchalar chuqurlashtirib yubormoqda... Lekin faqat Sen va mengagina ayon boʻlgan bebaho ilohiy tuygʻu... men uni yonboshga uzalasiga yotqizilgan 8 raqamiga oʻxshataman, bu raqamning ikkita xalqaqoʻli bor, biri meni, ikkinchisi esa Seni qoʻltiqlab olgandek! U shunchalar mahkam tutganki, qoʻyib yuborishiga zinhor koʻzim yetmaydi: halovatimiz ham, rohatu azoblarimiz ham ana oʻsha XALQAQOʻL ixtiyorida, izmida!

Qiziq, oʻsha xalqaqoʻl tiklansa 8 boʻladi! Ikki 8 yonma-yon yozilsa “Men seni sevaman” degan ma’no chiqadi... Shuning uchun ham qoʻshaloq 8 raqamini bir juft qilib, yoʻq-yoʻq, MING juft qilib sevgimni izhor qilgim keladi jonimmm, halovatimmm!..

Ha, sogʻinch haqidagi barcha izhorlaringiz toʻgʻri. Bunchalar jonni oʻrtamasa, bu tuygʻu!.. Nazarimda koʻngildagi barcha-barcha kechinmalarimni sogʻinch tuygʻusi orqali bayon etishim mumkindek tuyuladi. Nima boʻlgan taqdirda ham Siz bir narsani unutmang, Sizni juda-juda sogʻinib yashaydigan va jonidek yaxshi koʻradigan, Sizga dunyodagi barcha yaxshiliklarni sogʻinuvchi, yurgan yoʻlida faqat Sizni oʻylovchi oqibatli ogʻayningiz bor...

Abduvali degan birodarim bor. Shoir. Barcha dabdabapardoznavislardan koʻra shoirroq! Topib yozadi. Kechaginda bir she’rini oʻqidim. Rosa mening dilimdagini topibdi, baraka topgur! Oʻqib beray:

Negadir sen meni yoʻqlamay qoʻyding...

— Oʻqiyveraymi?.. Eshit:

Negadir mensiz ham yashashing mumkin,
Koʻzing qirgʻogʻida tingan havasim...

— Eshityapsanmi?
— Yoʻq, eshitmayapman. Yolgʻon gaplarni eshitmayman!

Sen goʻyo baxtlisan, topganday nurni,
Mugʻambir oshyonda yupanching borday.
Shunda ham yuzingda (ochay bir sirni)
Tilamchi koʻzlarim soʻzlari borday.
Beshbattar boʻlmaydi... bundan ziyoda,
Hapriqib ketaman...
Sochlaring isi –
Dimoqqa urilar hidli ziyoday,
Yoyilib, yurakka taqalib, toʻzib...
Sevgilim, sen meni yoʻqlamay qoʻyding...

Tushning moʻ’jiza ekanligiga juda koʻp marta iqror boʻlaman. Sizni hayotda uchratmasam-da, tushimning eshiklari Siz uchun ochiq, Siz buni bilasiz va kunda-kunora kirib kelaverasiz bu eshikdan. Tushim necha soniya davom etadi bilmadim, lekin har safar koʻnglimning bir chekkasida “Ishqilib uygʻonib ketmay-da!” degan xavotirli oʻyda yotaman. Tushim juda qisqa davom etishini sezaman va shosha-pisha Sizga sogʻ-omon boʻling-da, toliqib qolmang-da, deya tilaklarimni aytaman. Siz ularga quloq solmaysiz, Siz mendan koʻz uzmay tikilib-termilib turaverasiz. Termilgan nigohlaringiz tubidagi sogʻinchni his etaman, oʻrtanaman, oʻzim-da, sogʻinaman!..

Sogʻinch quloqni kar, koʻzni koʻr, aqlni siyqa qiladi. Bunday ayanchli holatga tushmaslikning birdan-bir yagona chorasi esa VISOL! Sogʻinchning hurmati, sogʻinchning mevasi, sogʻinchning sajdagohi ham VISOL!

Necha yilki, yoʻq oromim, yigʻolmayman hushimni,
Har soniya, har lahza sogʻinch oʻrtar koʻksimni...

Mashhur she’r va qoʻshiqlarni oʻzlashtirishga usta boʻlib ketibsiz-a!

Butun dunyo xususiylashib ketayotgan bir paytda bir necha misrani xususiylashtirish gunoh boʻlmas! Qolaversa, ularni avval oʻzimniki qilib olaman-da, soʻng Senga taqdim etaman. Ishonamanki, oʻsha mashhur she’r va qoʻshiq mualliflari buning uchun meni sazoyi qilishmaydi, chunki ular hassos iste’dod egalari sifatida muhabbatning moʻ’jizalarga boy muqaddas tuygʻu ekanligini yaxshi tushunishadi.

Yaxshiyam Siz borsiz! Shuning oʻzi men uchun ulkan baxt! Iltimos, bir narsani zinhor unutmang: Sizni oʻylaydigan, sizni doim koʻrgisi keladigan qadrdoningiz bor. Sogʻinch ogʻriqlari oldida bu ogʻriqlar bilinmaydi ham, sogʻinchlaringizni sevaman, sogʻinchlaringizga suyanaman...

Iztirobga toʻyingan tuygʻu — sogʻinch... Senu menga umrbod hamroh, yoʻldoshdir — sogʻinch... Qiyomatli doʻstim, inim, singlim, akam... onam- jigargoʻsham — sogʻinch!..
— .... ........

... - ..?
— ... ... ..... ........!

– Iya, toʻxta, menga qara! Yuraging urmayaptimi?

– Siz kaftingizni koʻksimga bosib turibsiz-ku, yuragim urishining hojati yoʻq-da!

– Meniki esa orom olyapti...

– Sizning yuragingiz orom olayotgan boʻlsa, men yuragimning urmasligigayam roziman...

– Bizning muhabbatimiz yuraklarni toʻxtatish uchun emas, uzoqroq, oʻynoqiroq va shiddatliroq dukurlashi uchun boqiy emasmi?

– Haqiqiy muhabbat boqiy boʻlmaydi, deyishadi-ku?

– Desalar deyaversinlar, bunday gapning mavjudligi bizning muhabbatimiz uvol ketishiga bahona boʻlolmaydi.

– Bahona topilmagan taqdirda ham oqibati aniq-ku...

– Nima deyapsan? Ochiqroq gapirsang-chi?

– Qiziqsiz-a... Oʻzingiz tushungan odamsiz. Yana men nima deb tushuntiraman?.. Qoʻying, boshqa mavzuda suhbatlashaylik.

– Nima, muhabbat haqida suhbatlashish bizga yarashmaydimi? Yoki biz sevgi iztiroblariga arzimaymizmi? Yoki...

– Nimalar deyapsiz?... Menga qolsa...

– “Menga qolsa” deysanu, Senga qolganda...

– Muhabbat haqidagi gaplaringizni jon qulogʻim bilan tinglayman. Sira jonimga tegmaydi. “Seni jonimdan yaxshi koʻraman”, “Ertayu kech seni xayolimdan chiqarolmayman” degan soʻzlarni eshitishni xohlamaydigan ayol boʻlmasa kerak, dunyoda?! Lekin...

– Nima, lekin? Qoʻysang-chi, oʻsha lekinni! Mani shuuncha ehtirosimni bitta lekinga qurbon qilib yuborasanmi?

– Oʻzimning ehtiroslarim-chi?

– Sen juda vazminsan, ogʻirsan. Ehtiroslaringni jilovlashingga hayratga tushaman, ba’zan esa yorilib ketay deyman. Men ming oʻtdan chiqib, ming choʻgʻga botib, entikib nimalar deymanu, Sen hech narsa boʻlmagandek...

– Hech narsa boʻlmadimi? Ehtirosga ehtiros qoʻshilmasa...

– Ha, ha, gapir. Gapiraver, jonim!

– Yetadi. Boshqa gapirmayman.

Tilimizda “hali” degan soʻz bor. Uni har kim oʻzicha tushunadi, nazarimda. Misol uchun, esingdami, “haliroq koʻrishamiz” yoki “haliroq qoʻngʻiroq qilaman” degancha uch-toʻrt kunlab dom-daraksiz ketar eding. Vaholanki, men uchun “hali” bir daqiqa, bir soniya! Sen uchun esa... mana shu emasmi, oddiy fashizm?!

Bir kun, ikki kun... uch, toʻrt kunlab oʻtadi hamki, “hali”dan darak boʻlmaydi, meni adoi tamom qiladigan “hali”! Goʻyo men goʻdak bolangmanu Sen onamsan, aldagani bola yaxshi, deganlaridek...

Telefonda bir daqiqagina gaplashardigu, shu bilan suvga choʻkkan toshdek jim boʻlib ketardik. Goʻyo shu uchrashuv, diydorlashuv oʻrniga oʻtadigandek! Shu bilan oramizdagi ikkovimizni ham oʻrtab yurgan sogʻinchning hurmatini joyiga qoʻygandek!.. Vaholanki, men Sen bilan bir umr gaplashsam ozlik qiladi! Sen esa bir daqiqa oʻtar-oʻtmas xayrlashishga tushasan, yagonam, erkam!!

Koʻrisha olmaslik oʻn azob boʻlsa, koʻrishgan taqdirda ham dildan suhbat qura olmaslik ming azob!..

Koʻpincha hayron qolaman: men jonim oʻrtanib izhori dil qilganim-qilgan, Sen esa xotirjam. Suhbatimizni eshitmay uzoqroqdan kuzatib turgan odam, “Bu yigit juda zerikarli narsani vaysab qizning boshini qotirvordi-ku” degan taxmin qilishi muqarrar. Nahotki, izhorlarim kor qilmayotgan boʻlsa? Nahotki, oʻzingni shu qadar ogʻir-vazmin tuta olasan? Yuraklar dalva-dalva boʻlib ketay deydiyu, Sen esa bu qadar sovuqqon?!

Hoynahoy, shu bois Senga bir gapni ming bora takrorlasam kerak? Senga uqdirishga, isbotlashga urinsam kerak? Mening iztiroblarim aks sado kutaverib alhol oʻzi holdan toysa kerak?..

Nitshening “Oʻzaro juda chuqur hurmat-e’tiborni men nikoh deb bilaman, nikohlanganlar bir iroda egalaridir” degan gapini koʻp oʻylayman. Ushbu gapni ma’qul koʻrsak, undan chiqdi, biz oʻn, yuz karra nikohlangan hisoblanmaymizmi?! Axir bizning oramizdagi hurmat-e’tiborga man-man degan mehr-oqibatli er-xotinlar ham havas qilsalar arzimaydimi?!

Shu kabi soʻzlarimni, iqrorlarimni yuz, ming, million martalab aytaman, aytaveraman. Oʻlgunimcha aytaman. Chunki Senga aytar soʻzlarim hali lim-lim, Sen esa jim-jim...

Ha, favqulodda sovuqqon, hislaringni pinhon tuta bilguvchi, istasang-da, namoyon etishdan oʻzingni tiya bilguvchi... axir, hamon muhabbat chin boʻlsa, doʻstlik rost boʻlsa, yorilib ketmaydimi, odam?! “Ha, ha, men ham... men ham!..” deya yuraklarini yorib, ochib tashlamaydimi, barini?! Barcha-barcha oriyatu andishalarni unutib, oʻylab topilgan bema’ni odob-axloq me’yorlarining bahridan oʻtib, ayt, gapir, axir!.. Toʻkilib-toʻkilib, sochilib-sochilib, ochilib-ochilib, entikib-entikib, yaratgan egam ato etgan inja tuygʻular erkatoyiga aylanib-aylanib ayt!..

Yoʻq, Sen jim, Sen vazmin, Sen...

Shunday damlarda yana va yana ehtimol meni aldab, yosh bola qilib yurgandir-da, degan dahshatli oʻylarga boraman. Meni oʻrtayotgan tuygʻularning tozaligidan foydalanib qolayotgandir-da, deya yuraklarim battar eziladi. Ana oʻshanda yana oʻzimga dalda beraman, oʻzimni qoʻlga olaman: mayli, basharti u meni goʻdak qilayotgan boʻlsa ham, men tuygʻularimning begʻuborligi bilan uning aldovlarini rostga aylantiraman. Basharti meni kalaka qilayotgan boʻlsa, men uning kalakalari zamiridagi muhabbat gʻunchalarini avaylab parvarish qilaman. Bu gʻunchalar... ertaga qanday gul boʻlib ochilishi noayon, illo men Uning hatto mana shunday makkorliklarini-da (nimalar deyapman?!) sevaman!.. Men Uni zinhor ayblay olmayman, Unga nisbatan shubha-gumonlarimni quvib solaman!..

Men hozirga qadar Unda birorta koʻngil qoldirarli nuqson topmadim. Necha safar iymondan ayirguday shubha-gumonlar girdobiga gʻarq boʻlgan damlarimda ham Uning sehrli va qadrdon “Assalomalaykoʻm”ini eshitgan zahotim shubhaning u qora koʻlankalari roʻyo misol tarqab ketgan. Undan koʻnglimni tamom sovutib yuboradigan xususiyatni atayin izlagan damlarim boʻldi, shunday xususiyatni topguday boʻlsam oramizdagi inja munosabatlarga barham berilishiga bahonai sabab boʻlarmikan, degan xayollarda yurgan paytlarim boʻldi, biroq, izlashlar-izlanishlarning bari behuda ketdi (Shu emasmi, iztiborlarimizning ilohiyligi?!), yoʻq, behuda ketdi desam yolgʻon aytgan boʻlaman — aksincha har safar shunday xayollarga borganimda unga yanayam qattiqroq bogʻlanib qolayotganimni, unga boʻlgan muhabbatim har qachongidan avjiga chiqayotganini sezdim...

Bilaman, Sen ushbu satrlarni ham xuddi hech narsa boʻlmagandek, “Ha, endi odatdagi gaplar-da” deb oʻqirsan, bunga nihoyatda joʻyali bahonalar topib, uni juda oddiy va tabiiy holat deya izohlarsan!
— Nahotki, koʻrishmay ketsak? Keyin nima boʻladi?!!!
— Pirovard natija boshqacha boʻlishi ham mumkin emas-da, qaytamiz? Axir hammasi ayon boʻlgach...

Mana, Sening falsafang! “Boshqa nima ham boʻlardi?!! Ma’lum narsa-ku!..” Mantiqan olganda juda toʻgʻri, ammo-lekin, hay, Inson, axir Sen bilan mening oramizdagi munosabat hech qanday mantiqqa sigʻmaydi (Demak, sevgini mantiqdan tashqaridagi holat deb izohlash ham mumkin ekan-da!). Mayli, Sen millionlab oilalarga oʻxshab, hamma qatori yashab yuraver, ya’ni, bu yorugʻ dunyodan yashaganga oʻxshab oʻtib ketaver, darhaqiqat, hech bir risolaga sigʻmaydigan gʻayrimantiqiy DOʻSTLIK koʻchasiga kirib nima qilasan?! (Eh, tuygʻularim va oʻylarimni oʻz nomi bilan yozolmayapman-da!) Axir, tushungin, Sen oddiy ayol emassan-ku! Bizning munosabat shu qadar sovuqqon va shu qadar boodob muomalalardan aancha yuksakdagi ajjoyib va betakror, faqat Sen va mengagina xos boʻlgan voqea-ku!.. Qarasang-chi, anglasang-chi, qadrdonim!..

... nimalarni yozdim?! Nahotki, shu darajaga boryapman? Odob- axloqqa til tekkizdim-a?.. Nahotki, muhabbat iztiroblari odob - axloqdan-da ustunroq, axloq-odob me’yorlaridan tashqaridagi favqulodda hodisa boʻlsa?! Ey, falak, izmingdaman!..

Ustma-ust yoʻllagan xatlaringizni shoshib-yutoqib oʻqib chiqdim, rahmat, sizga, mehribonim. Nahotki, begʻubor va musaffo munosabatlarimiz orasiga shunchalar shubha-gumon oralagan boʻlsa?! Men tushunolmay qoldim. Ilohiy muhabbatlarimizdan mast boʻlib yuraveribmizu, bu yoqda gʻirt insoniy, zaminiy, odamning, betakror his-tuygʻularning qadr-qimmatini yerga uradigan, poymol etadigan allaqanday tuban tushunchalar ham yoʻlimizda pusib, poylab turishi mumkinligini unutibmiz-da!.. Ayrim fikrlaringizga qoʻshilmayman. “Jon” degan soʻzingizga qoʻshilaman, chunki Siz mening jonu jahonimsiz, demak, men ham sizning joningizman. Shunday emasmi?..

Men Sizni oʻzimning juda yaqin kishimsiz deb hisoblayman, shu bois ba’zan hayron boʻlmang, oʻzimni chegaralab turamanu, ba’zan... aldoqchi debsiz, yoʻq, aslo Sizni aldashni istamayman, ehtimol Siz oʻylagandek hissiz, mehrsizdirman... yana koʻpmi shunday “fazilatlarim”? Marhamat, aytavering, sanayvering, faqat, Sizga ham qoyil qolmadim, sevib qolgan odamingizni qarang!.. Bilasizmi, men koʻpincha oʻzimdan xafa boʻlganimda, shuuundoq Inson meni yaxshi koʻrib qolgan ekan va men ham shuuundoq insonni yaxshi koʻribmanmi, demak... xullas, oʻzimga qoyil qolaman. Siz boʻlsangiz... Sizning mehringiz chek-chegarasiz. Doim oʻzingizni ham oʻylang deysizu, Siz oʻzingiz faqat meni oʻylaysiz, shunday emasmi?.. Siz ham oʻzingizni oʻylang, xoʻp. Siz men uchun juda-juda kerakli inson ekanligingizni koʻplab marta his qilaman... Boshqa hech bir inson bilan bunday holatga tushgan emasman!..

Ushbu e’tirofimga ham ishonmaysizmi?..

Nihoyat, koʻpdan buyon bir armonim ushaladigan fursati keldi: yurtimizdan olislarda turib Senga maktub yoʻllasam degan orzuim bor edi. Mana, oʻsha fursat: afsonalarga boy Dehlida martabali davralarda yuribmanu, koʻngilga qil sigʻmaydi. Tasavvur qilasanmi, bor irodamni, botiniy qaysarligim, bolalikdan qolgan shoʻxliklarni — barini... Seni eslamaslikka safarbar qildim. Eslamayman, xorij safari ekanidan qat’iy nazar Senga atab hech qanday sovgʻa-salom izlamayman, chunki Seni eslamayapman, eslamayman, deya ahd qildim. Meni goʻdak boladek aldab, koʻnglida borini emin-erkin ravo koʻrmaydigan ...ni nima uchun men yeru koʻkka ishonmasligim kerak?! Oʻzimni ayovsiz koyishga tushaman: Uning senga qarab qolgan joyi yoʻq-ku, tentak!.. Sening mehringga zor emas-ku, shuni ham koʻrib-sezmasang, bunchalik goʻl boʻlmasang?! Bir oʻyinchoqqa, ermakka aylanib yurganingni koʻr odam koʻrmasligi mumkin, xolos!.. Shunchalar ham sodda boʻlasanmi?!

Ha, shuning uchun ham oʻylamayman! Qani, loaqal bir hafta, yurtdan olisda eslamay, oʻz ishingni, tashvishingni tortib yurib koʻrgin-chi! Qara, ana, afsonaviy hind diyori!..

Ming yillardan buyon necha million shohu-gadoni oʻziga maftun etgan Hindistondasan, axir! Shu moʻ’jizakor diyordan-da sehri zoʻrmi, Uning?!

Yoʻq, zoʻr emas, kuni kecha dilimni vayron qilgan “oʻsha”ni eslamaslikka qurbim yetadi. Faqat, koʻpdan buyon koʻnglimga tugib yurgan orzuim-armonim hurmati soʻnggi marta xat yoza qolay......

... Yoʻq, eslamayman dedimmi, bas, xotiram maydonlarini oʻz holiga qoʻyaman. Qachongacha oʻzimni ezib, ezgʻilab yuraman?! Qani, xayollaringni oʻz holiga qoʻy, bandai gʻofil!

Eslamayman!..

Agra yoʻli uzoq, tasodif va sarguzashtlarga boy. Koʻz oʻngimdan yelib oʻtayotgan manzaralar har qancha xayolni chalgʻitishga arziydi.

Eslamayman. Hamrohim suhbatga chorlaydi. “Ha”, “hm”dan nariga oʻtmayman, chunki... men bandman: Seni eslamaslikka harakat qilyapman. Shunga ont ichganman. Ahdimga sodiq qolaman!..

Agraga yetdik. Ana, Tojmahal, afsonaviy Tojmahal! Ilohiy sevgi obidasi!.. Uzoqdan koʻzga tashlangan ilk taassurot – tiniq osmondagi oq bulutdek oppoq rang!.. Men sevgan, jonimga jon bagʻishlaydigan rang!.. Nega, qayerdan sevib qolganman, bu rangni?..

Toʻxta, nima qilaman bunday savolga tutib oʻzimni!.. Ana, qara, tomosha qil, hayratlan! Roʻparangda Tojmahal qad rostlab turibdi! Oppoq!.. Uf-f!..

Nima uchun oppoq? Sadaf yangligʻ oq rangning hikmati nimada ekan? Sehri, jozibasi nimada? Ehtimol ilohiy sevgining rangi oqdir?.. Ilohiy tuygʻular qanotida Seni farishta yangligʻ samolarga olib chiqaman, xayolan... Oʻzim he-e yerdan oyoq uzolmasam-da, Seni, Siz farishtamni koʻklarga koʻtaraman, koʻtarganim sayin Makkatilloga ilk safar qadam ranjida qilgan bandai moʻ’min singari koʻzlarimdan duv-duv yosh toʻkiladi, baxtiyorlik va shodumonlik yoshlari...

Nima deyapman? Kimni eslayapman? Subut bormi, menda?!

Aytdim-ku, eslamayman, deb! Es-la-may-man-n!..

Kun, izidan tun oʻtdi. Yana kun, yana tun... Yana... “Seni eslamayman!” degan gap biron daqiqa (!) xayolimdan yiroqlashgani yoʻq, ya’ni, har daqiqa Sendan butkul yuz oʻgirishga ahd qildim va oʻylab koʻrsam... biron lahza, eshityapsanmi — biron soniya dilimdan ariganing, tilimdan uzilganing yoʻq!..

Ana oʻshanda bir ulkan haqiqatni angladim: shu-uncha yillar mobaynida qalbimda osmonoʻpar Tojmahalni bunyod etgan ekanmiz!.. Uni faqat birgina inson — Sen vayron etishga qodir eding — shu qadar sovuqqonlik bilan vayron qilding-ki!.. Bir ermak deb, istalgan daqiqada itqitib yuborishga tayyor oʻyinchoq-matoh deb his qildim, oʻzimni, sevgimni...

Chil-parchin boʻlgan Tojmahalni qayta tiklab boʻlarmikan?..

Bundan buyongi umrim ana shu Tojmahal xarobasi ichida oʻtadiganga oʻxshadi...

Singan dil qirq yilda butun boʻlolmaydi, deydilar Oydin opa.

Yuragimning bir darzi bor,
Qirq chegachi ulolmas...

Oʻylay-oʻylay bir qarorga kelgandayman: munosabatlarimiz rishtasini jarrohlik tigʻi bilan boʻlsa-da, har qanday shafqatni unutgan holda qirqib tashlash, shu yoʻl bilan hamma-hammasidan bir yoʻla voz kechish kerak, vassalom! Faqat bunday jarrohlik usuli hayot ato etmaydi, balki hayotni barbod etadi...

Bunchalar tushkun kayfiyatda yozdingiz maktublarni? Nahotki, Sizni zarda qilishga majbur etgan boʻlsam?! Axir dunyoda Sizni oʻylaydigan, Sizni judayam yaxshi koʻradigan bir mehriboningiz borligining oʻzi baxt emasmi? Men uchun esa Sizning sogʻ-salomat, tushkunliklarga berilmay shodon kayfiyatda yurishingizning oʻzi ulkan baxt. Siz ham mening necha yuzlab bedor tunlarimning aybdori ekanligingizni bilasizmi? Mening hozirgi sharoitimda Siz bilan doʻst tutinib yurishimning oʻzi qahramonlik emasmi? Siz shunday deb oʻylamaysizmi?..

Nima qilmoq kerakligini bilganimda shu choqqa qadar oʻzimni ham, Sizni ham qiynab yurmasdim. Bilmadim... Ammo jarrohlik zinhor shart emas! Nima deganingiz bu?! Xatingizni oʻqib qoʻrqib ketdim! Bunday xayollarga bormaylik, qadrdon!..

Bizning Tojmahalni ikkovimiz bunyod etdikmi, uni hech kim buza olmaydi, axir uni hech kimga koʻrsatmaymiz-ku, el-yurtga koʻz-koʻz qilmaymiz-ku! Shuunday sevgi koshonasini buzishga... bunday shafqatsizlarcha buzgʻunchilikka Sizu men qodir emasmiz!.. Sizga ich-ichimdagi koʻp gaplarni oshkora aytolmayman. Meni soʻzsiz anglay olishingizni juda-juda iltimos qilaman.

Yanayam ochiqroq gapirishga majbur qilmaysiz degan umiddaman...

Jon! Xatlaringga javob bermaganim, ya’ni ularni Senga yoʻllamaganim, bu Senga xat yozmadim degani emas. Yozaman, tinim bilmay yozaman, faqat ba’zan ularni joʻnatishdan oʻzimni tiyaman...

Sogʻinchlarimni bayon etishdan charchadim desam oramizdagi ilohiy tuygʻu chirqirashini istamayman, aslo! Charchadim demasam Senga necha martalab takrorlashim kerak, ahvolimni?!

Va yana, xudo biladi, nechanchi marta oʻzimcha ont ichaman, soʻzlar beraman: boʻldi, bas, deyman va oʻsha zahoti... qasamlarni unutaman... Chunki, chidolmayman, koʻrgim, suhbatlashgim keladi.

“Tavakkal qilib, taqdir bilan oʻynashayotganga oʻxshayman” degan gapingni takror-takor oʻylayman. Oʻzimdan nafratlanaman. Axir men esimni yigʻib olishim, Senga boʻlgan mehr-muhabbatim haqqi uchun ham ogʻirlikni men zimmamga olishim kerak-ku!

Uh-h, necha martalab jazm qildim bunga?! Xatlaringga javob qaytarmagan lahzalarda qanchalik azob chekkan boʻlsam, bilasanmi, shunchalik quvonaman ham. Hamma-hammasini toʻxtatish uchun bir qadam qoʻydim-ku, degan, seni va oʻzimni xatarlarga qoldirib yashashga chek qoʻyamiz, endi, ana, oʻzimni tiydim, qoyil, uddaladim, deyman. Sendan koʻnglimni qoldiradigan nimalarnidir topgan boʻlaman, oramizdagi sirdoshlik va doʻstlik rishtalaridan kelib chiqishi tabiiy boʻlgan talablarga javob berishni istamayotganing, xullas, oʻzimcha asoslar topaman, har ikkimiz million martalab gaplashgan, ya’ni koʻrishmaslikka koʻnikkandek boʻlaman va... va... bilasanmi, menga qancha azob-uqubatlar evaziga tushayotganini, bu oʻzimni tiyishlar?!

Bilasanmi, shularni, jonim?! Tasavvur qilasanmi?..

Sendagi aqlli sovuqqonlik, tuygʻularingni menga toʻla ravo koʻrmasliging ham havasimni keltiradi, ham meni va eng toza tuygʻularimni haqoratlaydi, ham meni senga begonalashtiradi...

“Seni shunchalar sevadigan odaming borligi baxt emasmi” qabilidagi gaplaring tasalli emas, yaraga sepilgan tuzdek ta’sir qilishini nahotki bilmaysan, doʻstim?

Sening xotirjamliging, halovoting haqqi, ilohiy aqidalarimiz haqqi... ilohiy ne’matimizni uvol qilishga majburmiz (buning uvoli qanday tutadi, bilmadim). Boshqa chorasi yoʻq. Aksincha, koʻngilda pinhon iztiroblarga dosh berish ilojsiz, chorasiz ahvolga solib qoʻymoqdaki, unga quloq tutmaslik baxt emas, tuzatib boʻlmas baxtsizlik, bebaxtlik keltirishidan juda-juda xavotirdaman...

Qoʻrqaman. Chunki men inson sifatidagi barcha orzu - havaslarimning choʻqqisida bitta ulkan niyat Seni baxtli koʻrish orzusi hamisha hilpirab turadi. Uni hech bir banda (hatto Sen ham!) tortib ololmaysan, u faqat oʻzim bilan yashaydi va faqat oʻzim bilan ketadi...

... Xatlaringiz nega tushkun, deb soʻragan eding, buni Sen bilmasang, kim biladi? Kunlarimning, oʻylarimning... umrimning qanchasi mahzun oʻtishini hisoblay olasanmi?..

Menga bediydor, bevisol kunlarni ravo koʻrgan yagonamga adoqsiz ehtiromlar bilan...

Nima qilmoq kerak, degan savol haqida bosh qotirishga yuragim chidamaydi. Chunki javob topolmasligimni, har safar shu savolni eslaganimda oʻzimning juda-juda ojizligimni his qilaman. Axir nima qilmoq kerakligini bilganimda edi, oʻzimni ham, Sizni ham qiynab yurmasdim. Bilmadim...
— Hozircha uchrashmay turaylik, — deding. Oʻylanib qoldim.
— Mayli, — dedim, — Sen nima desang — shu. Men rozi. Lekin sira chidolmasam, dunyo koʻzimga qorongʻi boʻlib zimistonga aylanaversa, qoʻlim ishga bormasa, oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qolsam nima qilay? Boshimni qayoqqa uray? Maslahat ber.
— Uch-toʻrt kun chidasangiz koʻnikib ketasiz...

Ana, xolooss... Uch-toʻrt kunda koʻnikib ketar ekanman?! Boshlanishiga chidasam, koʻnikib ketar emishman!..

Shu qadar oson ekan-da, koʻnikish?! Shu qadar oson boʻlsa, shuuncha vaqt ne-ne azob-uqubatlarni boshdan kechirmadim?! Ne-ne iztiroblar alangasida qovrilmadim?! Necha qayta qoʻl siltadim, qonimga tashna holga tushganlarimda necha qayta “Bas!” deya oʻzimcha qasamlar ichdim! Oʻzimni haqoratlar qildim. Oʻzimni irodasizlikda... boshqa-boshqalarda aybladim. Qani, iloji topilsa! Qani, oʻrganib ketsam! Qani, koʻnika qolsam?!

Nimaga, qanday qudratli va sehrli ogʻuga duch kelganman, oʻzi, qismat?! Nima qilmoqchisan, ne koʻylarga solmoqchisan, taqdir?! Qoʻysang-chi, meni oʻz holimga!..

Sendami gunoh? Mendami?

Sen-da, men-da bir bandamiz, axir. Parvardigor shu koʻylarga solmadimi, bizlarni, azizam? Shu dardga mubtalo qilgan oʻzi-ku! Shakkoklikka yoʻyma, iltimos, axir har ikkimiz hamisha oʻzimizni tiyib-tizginlab kelmadikmi?! Lekin...

Seni xayolimdan yashirolmasam...
Yuragimdan sugʻurib irgʻitib yuborolmasam...
Senga ergashib borolmasam...
Qismatimni bogʻlolmasam...

— Yaxshi emas. Mumkin emas. Ehtimol, gunoh...

Xayollar-ku, sarson boʻldi,
Bevatan,
Sarson boʻldi, sevgimizdek,
Gunoh ham...

Ingliz adibi Charlz Dikkens hayotidan oʻqib beray, eshitgin:

Yesli biʻ tolьko Ellen dala yemu nadejdu! On davno uje brosil biʻ vse: opostiʻlevshiy brak, poryadkom naskuchivshiye literaturniʻe trudiʻ, London... No miss Ternan lishь vejlivo prinimala yego pokrovitelьstvo, ne dvigayasь v svoix chuvstvax dalьshe xolodnavatoy, xotya kak budto biʻ i iskrenniʻy drujbiʻ. I, negoduya na samogo sebya, on slal yey podarki, sladosti, polushutliviʻe-poluliricheskiye zapiski, nadeyasь na to, chto rano ili pozdno dobьetsya yee snixoditelьnosti, i odnovremenno boyasь etogo. Yesli Ellen yego razocharuyet, yemu bolьshe nechego budet jdatь ot jizni. I on uje ne smojet etogo perejitь.

Sevgi ilohiy tuygʻu. Gunoh deymizmi, boshqami — Sen-u men bandamiz, ojiz, notovon banda! Qanday qilib ilohiy tuygʻuga bas kelamiz, uni yengamiz?! Rad eta olamiz?..

Oʻylab koʻrgin, doʻstim: ehtimol Yaratgan egamizning oʻzi bizni bu goʻzal va betakror tuygʻuga mubtalo etgandir?! Bu bir sinov tegirmonidir?.. Bu sinovga “ha” desak ma’qulmi yoxud “yoʻq” desak? “Yoʻq” desak — oʻn balo, “ha” desak — yuz balo! Bundayin chorasiz sinov har kasga in’om etilmaydi, har koʻngilga ravo koʻrilmaydi, axir. Demak:

Oʻzing-ku, bu koʻyga mubtalo etgan
Nechun azoblarga giriftor etding?..
Qay yon savob, qay yon gunoh, bilmadim
Muhabbat maydonida oʻyinchoq etding...
Oʻyinchogʻim oʻyinchoq,
Ne qilayin menga boq!..
Mumkin. — Mumkin emas.
Mumkin. — Mumkin emas.

Bu ikki sarhad orasida yashash, bu ikki sarhad orasida ma’qul yoʻl topib yashash naqadar uqubat! Yoʻlning “Mumkin” degan tomoniga oʻtsang, “Mumkin emas” degan sado keladi, “Mumkin emas” deb nomlangan yoʻlkasiga oʻtsang, “Mumkiin” degan sas chalinadi quloqqa. Boshingni qayonga urishni bilmaysan, qalb va ehtirosga boʻysunasan, jasorat va matonat qoʻlingdan tutadi — axir Sen odamsan! Insonsan! Bu ulugʻ martabaga sodiqlik xiyonat emas, bundayin betakror martaba har bandaga ham nasib etavermaydi, bu ilohiy moʻ’jizani asrab-avaylamoq kerak! Shart!

Biroq, mumkin emas...

Bir haqiqatga aminman, jonim: shu yashab oʻtgan UMRIMIZ mobaynida menga qanchalik ranj-alam yetkazgan boʻlsang, bari “Mumkin emas”ning oqibati. Nechogʻli quvonch, baxtli onlar hadya etgan boʻlsang bari-barchasi “Mumkiin”ning quvonchi, saodati!..

Tushunaman, tushunishga harakat qilaman, asalim!..

Senda emas alamim... Tavba!!!

Mumkin — joziba, ehtiros, sururli entikishlarga esh xavotir, tahlika...

Mumkin emas — bexavotirlik, xotirjamlik, sokinlikka esh hissizlik, gʻariblik, befayzlik...

Qaydasan, jasorat? Qaydasan, shiddat?!
— Mumkinmi? Yoʻqmi?
— ...
— Ayt, mumkinmi, yoʻqmi?
— Bilmadim...
— Aniq ayt, aytaqolsang-chi!..
— Yoʻq, aniq javob yoʻq, aytolmayman... Oʻzingiz aytgandingiz -ku, ikki karra ikki...
— Yaxshi, esingda ekan. Ikki karra ikki toʻrt deya qat’iy xulosa chiqarishning oʻzi razolat! Bosqinchilik! Yovuzlik! Fashi...
— Boʻldi, boʻldi!.. Indamasa, juda oshirib yuborasiz-da, ikki karra ikki qayerdayu, razolat, fashizm qayerda?!
— Shundaymi? Sen ham shunday deb oʻylaysanmi? Shundaymi?!
— ...
— U holda ayt, ayt ikki karra ikki necha boʻlishini? Toʻrt, deb qutilmoqchimisan? Shu ham javobmi? “Toʻrt” deysanu, hayotning butun jumboqlariga javob topdim deb oʻzingni, meni, jumla-jahonni aldaysanmi?!
— Xoʻp-xoʻp. Siz haqsiz, biz qaydan bilamiz, biz ham xom sut emgan bandalarmiz-da, axir. Shunday emasmi? Ikki karra ikkining javobi qancha ekani ham yaratganning oʻziga ayon. Uning oʻzi istagan koʻyiga solib oʻynatayotgan ekan, aytdim-ku, biz oʻyinchoq bandalar qaydan topamiz aniq-konkret javobni? Konkret javob gunoh, konkret javob gunohi azim!.. Shundan qoʻrqamiz, qaytar dunyo deymiz, oqibatini oʻylab yuragimiz uvishadi. Chunki bandamiz.

Ojiz banda ekanligimiz sababli ham qoʻrqayapmiz, koʻngillarimiz maylining tozaligini, begʻuborligini toʻgʻri baholay olmayapmiz, qadrlay olmayapmiz.
— Ayt, jonim, shunchalar mushkulmi bir qadam qoʻyish?
— Hamma gap ana shu bir qadamda-da! Biz qoʻydik-ku, shu qadamni, maktublarimizning har biri oʻzicha bir qadam. Shunday emasmi?
— U holda nima uchun yetisholmaymiz, diydorimizga toʻyolmaymiz?
— Unday demang, axir oʻzingiz aytgan edingiz — biz bir birimizning ichimizdamiz. Siz mening, men Sizning ichingizda turib maktublar yoʻllaganimiz-yoʻllagan. Qiziqligini qarang! Birov eshitsa ichagi uzilguday kulsa kerak?!

Tuban hirs qurbonlari va qullari qoʻrqsinlar gunohlardan! Muhabbatsiz yostiq bulgʻayotganlar qoʻrqsinlar! Qalbini zang va mogʻor bosganlar koʻproq oʻylasinlar qaytar dunyoni!..

Sen bilan mening oramizda bokira, goʻzal va toza hislardan oʻzga nima bor axir?..

Allohning tabarruk nomi bilan koʻngildagini izhor qilar ekanman, zinhor Unga shak keltirganim yoʻq deb oʻylayman, zero, Senga atalgan tuygʻularimning bari ilohiy, osmoniy muhabbat izhorlaridir...

Birovlar eshitsa kuladi debsan. Oʻzimning ahvolimga oʻzim kulganim-kulgan. Haqiqatan ham oʻzimiz topdik-ku, bu olamjahon tashvishni!.. Hech kim bizni unga roʻpara qilmadi, mubtalo etmadi. Tashvishning sevinchlari ham, azob-uqubatlari ham oʻzimizniki! Qoʻygan “qadam”larimiz ham oʻzimizniki, ularni endi ortga qaytarishga ojizmiz.

Hech bir jon yashab oʻtgan umrini ortga qaytarolmaydi. Kechagi kun — kecha, bugungi kun — ertaga afsona. Va har banda borki, oʻtgan kunlarini oʻylab, armon va orzular, sogʻinch va yupanchlar qanotida suzadi. Hayotning mazmunlarga toʻlaligini har kim oʻz tarozisi bilan oʻlchaydi. Tasavvur qilgin, bordiyu, umrimiz varaqlarida ikkovimizni qovushtirgan ushbu TARIXIMIZ boʻlmasa?! Naqadar ayanchli, naqadar gʻarib, naqadar zerikarli! Axir, oʻylay desang, oʻylaguday, sevinay desang sevinguday, olamga jar solay desang arziguday, koʻz-koʻz qilay desang maqtanguday tuygʻularimiz, ehtiroslarimiz, sogʻinchlarimiz, iztiroblarimiz, arazlarimiz bor! Erkaliklarimiz bor!..

– Yashadingmi? Yashadikmi?

Bu savolga javobimiz bir:

– Ha, yashadik! Biz yashadik!

– Yaxshiyam, Sen borsan!..

– Yoʻq, yaxshiyam, Siz borsiz!..

– Sen borliging uchun men borman!..

– Yoʻq, Siz...

– Jim. Bir marta xoʻp deya qol, jonim!..

– Xoʻp... xoʻp...

Fet:

Утро дишит у него на груди...

Bunchalar aniq, bunchalar dilbar tasvir! Bir asr muqaddam yashab oʻtgan shoir qayerdan bilgan Sening koʻksingda tonglar nafas olishini, tonglar koʻksingdan rang olishini?! Naq moʻ’jizaning oʻzginasi emasmi bu, yagonam?! Bu ta’rif mening dilim toʻridagi arzandadan-arzanda tuygʻu, shoir Fet esa oʻsha tuygʻu ummonidan olgan rang timsolida she’riy surat chizgan, xolos...

Uch-toʻrt kun sabr bilan barcha sogʻinch iztiroblaridan xalos boʻlish imkoni boʻlganida...

... bahorning birinchi kunini shunchalik intiqlik bilan, toʻngʻich farzandi tugʻilishini intiq kutayotgan boʻlgʻusi onaning ahvolida yurarmidim, ogʻayni?!

Avval, “Hozircha uchrashmay turaylik”. Xoʻp, roziman. Soʻng... “hozircha uchrashmasak koʻnikib ketasiz”... Qanday damlarda aytilyapti bu soʻzlar?

Bahor ayyomining ilk kunida! Moʻ’jizalar, muhabbatlar, ehtiroslar, jozibalar qaynab-toshadigan, muhabbatli qalblar bir-birlariga boor erkaliklarini beminnat hadya etadigan fasli ayyomda-ya?!

Asqad Muxtor, “Eng yomoni – bahorda oʻlish” deb yozgan edi. Sirli-sehrli shabadalar faslida (tagʻin birinchi kunida-ya!) visolga barham berish, diydorga toʻgʻanoq boʻlish esa — bosqinchilik, qotillikning oʻzginasi!.. Johillik!

Ha, bahorning ilk damlarida aytilgan bu singari soʻzlar Sen va meni bir necha yillardan beri koʻklarga koʻtarib kelayotgan, hayotimizning, umrimizning mazmun-mohiyatiga aylangan dildagi eeng inja tuygʻularga suiqasd!.. Muhabbat koʻchasidagi qotillik!..

Men bahorning birinchi kunini intizor kutgan edim, Sen esa...
— Xayolparastsiz!..

Juda toʻgʻri, xayolparastman, men xayol odamiman. Xayol men uchun real voqelikdan koʻra realroq! Men uchun reallik mana shu xayollarim! Men shu xayollarimga sigʻinaman, unga topinaman. Chunki bu xayolning ichida Sen borsan!.. Sen boʻlmagan, Seni uchratolmaydigan reallikdan koʻra, oʻsha xayolot ming chandon afzal!.. Men tark etolmaydigan, xayollarim ipidan toʻqilgan oltin saroy bu!..

Bugungi ayyom bilan tabriklayman. Siz yaxshi koʻrib qolgan, qalbimdagi eng toza, eng shirin, eng ezgu tilaklarim faqat Sizniki. Sizni butun umr sogʻinib, izlab, chorlab, koʻrgisi kelib, yana sogʻinib (yonimda boʻlsangiz-da!) yashayotgan bir inson borligini unutmang, xoʻp?

Sizga ozginagina hafachilik, qiyinchilik u yoqda tursin, hatto chang-gʻuborni ham ravo koʻrmayman.

Oramizdagi yaxshi yaqinlik nazarimda butun vujudimni yuvib, poklayotgandek...

Sizni umrim boʻyi sogʻlom, xush kayfiyatda, yanada yuksak hurmat-e’tiborda koʻrib bir paytlar koʻrgan “tushlar”imni (Siz bilan oramizda qanday munosabatlar yuz bergan boʻlsa, ularning bari men uchun tushga oʻxshaydi) eslab magʻrurlanib yuray...

Sizni hamma yaxshi koʻradi, mayli, ularning soni faqat koʻpaysin. Ammo siz yolgʻiz meni .... ......, xoʻp?

Doimo “hamma ishim joyida, sogʻ-salomatman, tinchman, kayfiyatim a’lo, faqat ozginagina seni sogʻindim, xolos” degan mehrli soʻzingizni eshitish nasib etsin menga.

Sizga esa har bir qadamingizda uchrayotgan shodlik, omad, baxt, yaxshilik, mehrdan hayratlanib, entikib yashash nasib etsin.

Yana bir karra erka va arzanda bahor ayyomi muborak boʻlsin. Ilohim, hamisha sogʻ-salomat boʻling, chehrangizdan tabassum arimasin! Oramizdagi samimiy mehr-oqibat, sadoqat umrboqiy boʻlsin. Yomon koʻzlardan asrasin! Borliq tabiat bahor faslini kutgandek, bahorga mushtoq boʻlgani kabi bir-birimizga ilhaq boʻlib yashaylik!.. Intizorlik tark etmasin bizni!..

Begʻubor muhabbatimiz olamining Malikasi boʻlmish doʻstim, azizam, qadrdonimni bahor ayyomi bilan qutlayman! “Sizni ham” dedingmi?.. Men uchun Seni koʻrgan damlarim BAHOR!..

“...Tiʻ moya svyazь s nebom”... yoʻq, bu dilbar izhorni Gersen suyukli rafiqasi Natalьyaga yoʻllamagan, men, men Seni shunday ta’riflayapman, jonim!..

Koʻngilga moʻ’jizalarga boy tuygʻularni baxsh etguvchi bahorning ilk kunlari “Gersen” qadrdonimga niyat qildim: bir-birimizni koʻrganda, koʻzimiz-koʻzimizga tushganda koʻnglimiz bahordek yashnashi doimiy boʻlsin, bu goʻzal va ajib holat, kayfiyat bizni hech qachon tark etmasin!..

Koʻngildan kechgan, kechayotgan va kechadigan barcha-barcha siru asrorni ovozimni boricha qoʻyib olamga jar solgim keladi ba’zan. Shunda yengil tortsam kerak degan xayol kechadi, biroq yengil tortarman ham, keyin-chi, keyin nima boʻladi? Menga insoniylik qiyofasini bagʻishlab turgan botiniy sir-asror — quvvat nima boʻladi? Bor kuch-quvvatdan judo boʻlmaymanmi?.. Yaxshisi...

Kimning dilida bir gʻami pinhon boʻlmas,
U misli tirik murdadir, inson boʻlmas.
Bor, dard soʻra, bedardlik illatdir,
Bir dardki, unga sira darmon boʻlmas...
Darmon yoʻq, Birodari aziz, darmon...
Bir dardki, bedarmon...
Qorongʻu kechada koʻkka koʻz tikib,
Eng yorugʻ yulduzdan Seni soʻraymen.
Ul yulduz uyalib, boshini bukub,
Aytadir: men Uni tushda koʻramen.
Tushimda koʻramen – shunchalar goʻzal,
Bizdan-da goʻzaldir, oydan-da goʻzal!

— Ajoyib she’r, menga ham yoqadi.

Koʻzimni olaman oy chiqqan yoqqa,
Boshlayman oydan-da Seni soʻrmoqqa.
Ul-da aytadir: bir qizil yanoqqa
Uchradim tushimda, koʻmilgan oqqa (!).
Oqqa koʻmilganda shunchalar goʻzal,
Mendan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!

—Oy emas, Siz — goʻzal!.. Yana eshitgin:

Erta tong shamoli sochlarin yoyib,
Yonimdan oʻtganda soʻrab koʻramen.
Aytadir: bir koʻrib, yoʻlimdan ozib,
Togʻ va toshlar ichra istab yuramen!
Bir koʻrdim men Uni – shunchalar goʻzal,
Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal.

— Toʻgʻrimi? Topdimmi?
— Bilmadim...
— Bilmasangiz, mana, yana quloq soling:

Ul ketgach, kun chiqar yorugʻlik sochib,
Undan-da soʻraymen Sening toʻgʻringda.
Ul-da oʻz oʻtidan bekinib, qochib
Aytadir: bir koʻrdim, tushdamas, oʻngda.
Men oʻngda koʻrganda shunchalar goʻzal,
Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!

— Boʻldi, oʻqimay qoʻya qoling. Shoirning xayoli, bu!.. Sizu bizga daxli yoʻq.

Men yoʻqsil (!!) na boʻlib Uni suyibmen,
Uning-chun yonibmen, yonib-kuyibmen,
Boshimni zoʻ-oʻ-oʻr ishga berib qoʻyibmen,
Men suyib... men suyiiib... kimni suyibmeeen?..

— Ovozingizni boricha qoʻyib ayting. Aytaqoling!
— Aytaman ham. Mana, eshit:

Men suygan Suyukli shuuuunchalar goʻzal,
Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzalll!!!

She’rni oʻqib tugatdimu, beixtiyor oʻng yanogʻingdagi xolingni oʻpib olganimni sezmay qoldim. Bu holat shu qadar zumda sodir boʻldiki, hatto Sen ham uni payqab ulgurmading. Yoki men shu qadar chin dildan oʻqigan she’rni... ha-ya, uni kim yozgan deding?! Shoirning xayoli dedingmi?.. Qaysi shoirni nazarda tutyapsan? Men-ku, uning muallifi, ishon, Choʻlpon — men, men – Choʻlpon, men ta’riflagan goʻzal esa — sen, sen, sen!!!

Muhabbat, nazarimda, insonning eng avvalo oʻziga, koʻngliga, tuygʻulariga quloq solishdir.

Sizgina kayfiyatimni soʻraysiz, faqat Siznigina qiziqtiradi mening tashvishlarim, xonamning, uyimning issiq-sovugʻidan tortib men bilan bogʻliq barcha ikir-chikirlargacha... Va beixtiyor Sizga javob berish asnosida men oʻzimga, kayfiyatimga ahamiyat bera boshlayman.

Juda qiziq-a?

Hayotingda bu oniy lahzalar boʻlmasa-chi? Yashasa boʻlar ekan. Faqat oʻzing, koʻngling, tuygʻularing ustidan chiziq tortib... Men ozgina yashab koʻrdim. Va juda qiynaldim...

Esingizdami, “Sen bilan xayolan soatlab gaplashaman” derdingiz. Men ham Siz bilan yolgʻiz qoldim deguncha suhbatlashadigan odat chiqardim. Ba’zan bu holatdan oʻzim ham hayratlanaman. Siz bilan xayolan suhbat qurmasam, eslamay qoʻysam Sizni yoʻqotib qoʻygandek boʻlaman. Yoʻqotib qoʻydim va dovdirab, esankirab qoldim. Axir oʻzim emasmidim, shunday boʻlishi kerakligini uqtirgan, doim shunga harakat qilgan?!

Endi esa Sizsiz juda gʻarib edim men, juda yolgʻiz edim men.

Azizim,
Ne uchun maysa emasmiz?
Yellar esganida suykalib oʻtgan.
Ne uchun, ne uchun
Daraxt boʻlmadik,
Ildizi, shoxlari chirmashib ketgan?

Bu she’rni men Sizga bir kunda ming martalab oʻqib beraman. Eshitiladimi, Sizga?.. Eshitasiz-a?..

Ha, men Sizsiz yashab koʻrdim, juda qiynalib, ezilib, shunga majburligimni oʻzimga uqdirib...

Oʻsha kunlari men munosabatlarimiz haqida koʻp oʻyladim va koʻnglingizga faqat va faqat ozor yetkazganimdan siqilib ketdim. Lekin mendan ranjishingiz, qattiq hafa boʻlishingiz mumkinmikan?

Men yelkamdan togʻdek ezib turgan burchimni unutmadim. Unutolmayman ham ekan.

Sizga boʻlgan mehrim, muhabbatim esa ba’zan (koʻpincha) hamma-hammasidan ustun chiqadi, buni Siz bilasiz deb oʻylayman.

Men Sizning cheksiz e’tiboringizga, ehtirosli muhabbatingizga, adoqsiz mehringizga loyiq boʻlolmadim.

Yolgʻizlik haqida yozganlaringizni oʻqiganda hayron boʻlaman, nima sababdan Siz oʻzingizni bunchalar yolgʻiz his qilasiz deb oʻylaganim-oʻylagan. Va loaqal shunday damlarda yoningizda boʻlgim, Sizni yolgʻizlik azoblaridan xalos etgim keladi, biroq... Axir yolgʻiz qolgan taqdiringizda ham joningizga oro kira olmasligim, biror ogʻiringizni yengillashtira olmasligim aniq-ku? Achchiq haqiqat-ku, bu!.. Hayotingizdagi eng unutilmas va quvonchli kunlarda yoningizda boʻlib Sizning baxtiyor shodumonliklaringizga sherik boʻlgim keladi, quvonchlaringizni Siz bilan birga baham koʻrgim keladi, va yana biroq, deyishdan oʻzga ilojim yoʻqligini qanday izohlaymiz? Bemalol borib tabriklay olmasam, boshqa yaqinlaringiz qatori koʻnglimdagi izhorlarimni emin-erkin toʻkib sololmasam?..

Achchiq haqiqat boʻlsa-da, tan olishimiz kerak, biz juda-juda yaqinmiz va bir-birimizdan juda-juda olisdamiz ham...

Toʻgʻrimi? Siz hayotimdagi eng yorugʻ kunsiz, eng yorugʻ nursiz!

Bergan azoblarim, ozorlarim, uchrasholmagan kunlarim, aytolmagan iqrorlarim — hamma-hammasi uchun meni kechiring. Koʻnglingizni ogʻritishni hech qachon istamayman va doim Sizni hafa qilib qoʻyaman.

Mayli, koʻrisholmasak-da, men uchun sogʻ boʻlsangiz, koʻnglingizda xotirjamlik boʻlsa, musavvirlik ijodxonasida toliqmasangiz, yaxshi kayfiyatda yursangiz boʻldi.

Sizga dunyoda mavjud boʻlgan hamma-hamma yaxshiliklarni, ezguliklarni, menga atalganini ham taqdim etaman, tilab qolaman.

“Bizni nima bogʻlar?” soʻrama mendan.
Bilmayman, nimani izlayman sendan.
Bilganim, bu — bir sir.
Bilganim, chindan
Seni sogʻinaman...
Seni... sevaman...

Nima sababdan nomalar bu qadar hasratli, tushkun va iztiroblarga toʻla deysan. Javobi aniq: yoʻlimizning nihoyasida chiroq yoʻq, shu’la koʻrinmaydi. Piravord oqibatning... Tushimda mana shu yozganlarimni tugatibmanu (ehtiroslarni tugatib boʻlarmishmi?!), Sening huzuringga oshiqib-hovliqib yetib boribman. Tezroq, olib borgan zahotim qoʻlimdan olar-olmas oʻqishga kirishib ketasan, dam ovozingni chiqarib, dam ichingda, dam kulib, dam oʻyga tolib, dam koʻzlaringning namlarini artib, bosh koʻtarmay oʻqishga kirishasan deb oʻylabman. Qoʻlingga qalam olib, dil nomalarimizni toʻldirib, boyitib, yanada jozibaliroq qilib yuborasan deb kutibman. Va olib borsam, Sen, bilasanmi, nima deding? Yoʻq, oʻqimayman, oʻqishim shart emas, deb teskari qarading!.. Nima boʻldi? Qanday ofat yuz berdi?! Kurrai zamin aylanish oʻqidan chiqib ketmadimikin?.. Axir men... Axir men necha yil, necha oy va necha kunlardan buyon ana shu daqiqani, ana shu lahzalarni kutib, umidlarimni bogʻlab, insoniyat hayotida favqulodda voqea sodir boʻlishiga umidvor bir telba koʻyida yozdim-ku?! Mendan xafa boʻlmang, oqibati shunday boʻlishi kerakligini necha qayta aytganmiz-ku, deding. Tushunasiz deding. Men he-ech narsani tushunolmayotgan edim oʻsha topda. Gung edim, soqov edim, bexush edim!.. Nahotki, dedim ichimda, nahotki, oqibati oqibatsizlik boʻlsa, deya takrorlayverdim. Nahotki oʻsha oʻzimiz tan olgan oqibatni betimga solish uchun shu kun, shu lahzalar tanlangan boʻlsa?!

Menda gap qolmadi, soʻz qolmadi, qaray desam koʻzimda nur qolmadi... Tushga nimalar kirmaydi, deb tasalli izlaydilar, biroq hatto tush tangrisi ham bunday zulmni bandasiga ravo koʻrmasa kerak?! Xullas, piravord oqibatning bari koʻngillar roziga zid, zid, zid... Bu ahvolda tushkun boʻlmay na iloj?.. Biroq, Sening ikki enlik maktubing kun boʻyi tund va xufton kayfiyatni bir lahzada charogʻon qilib yuborish qudratiga egaligini hech nima bilan oʻlchab boʻlmaydi. Buning savobi, ya’ni mazlum koʻngilga bir lahzalik quvonch bagʻishlashi!.. Yaxshiyam borsan! Yana yuz yil bor boʻlgin, quvonchim!..

“Hijronim...”da mahallamizga tushgan bir kelinchak haqida yozgandim. Esingizda-a?.. Nogahon oʻshani uchratib qoldim. Negadir koʻzimga anchayin mahzun koʻrindi. Adashmagan ekanman, surishtirgan edim, hasrat xaltasi ochilib ketdi.

– Kasal boʻlib qolganda inson eng avvalo gunohlari haqida oʻylarkan, — deb hasrat qila ketdi u. — Men sodir etgan birdan-bir (nazarimda) katta gunoh muhabbatim edi... Buning aybini men hech kimga agʻdarolmayman, chunki bu bedavo dardga birinchi boʻlib men oʻzim mubtalo boʻlganman. Xullas, oʻshanda, agar yaqinlarim, farzandlarim baxtidan boʻlib tuzalib ketsam, bu gunohimni hech qachon takrorlamayman, doimo toat-ibodatda oʻtaman deb allohga soʻz berdim. Ahdimning ustidan qanchalik chiqqanim faqat allohga va oʻzimga ayon... Yaqinlarim uchun yashashim kerak, yaqinlarim mening aziyat chekishimni koʻrmasligi kerak, deb xudodan soʻradim. Kasalxonaga borganimda “bunday operatsiyadan keyin toʻrt yilgina sogʻlom yashadim” degan gaplarni eshitib yigʻlab yubordim.

Toʻrt yil muddat zimmamdagi eng muqaddas vazifalarimni, burchimni ado etishga yetarmikan, deb hisob-kitob qilaverdim, qilaverdim. Hisob-kitobimning adogʻi koʻrinmas, bordiyu, moʻljalim, taxminlarim xato chiqsa yordam soʻrashim mumkin boʻlgan yakkayu yagona insonni topgandek boʻlardim va shundan ichimda yilt etib chiroq yongandek boʻlardi...

Odam ertaga, hatto bir lahzadan keyin nima boʻlishini bilmaydi-ku, menga esa toʻrt yil juda-juda oz muddat boʻlib tuyulardi.

Hech kim avvaldan kasali davosiz ekanini bilmasligi kerak ekan. Chunki inson hamma narsaga befarq, orzu-umidsiz, maqsadsiz boʻlib qolarkan. Yashayapsanu, ammo koʻngil boʻm-boʻsh, hech narsa seni qiziqtirmaydi. Bunaqa paytda har qanday taskin-tasalli bema’ni koʻrinadi koʻzingga. Bularning barchasini oʻzim boshimdan oʻtkazganim uchun ham shunchalik dadil aytayapman, uni hech kimga aytmagandim, sizga koʻnglimni ochdim...

Avvaliga ayolning hasratlari zamiridagi ma’noni ravshanroq tushunmagandek edim, buni payqadi-da, soʻng birdan dam kulib-dam koʻz yoshlarini artib yanayam ochilib-sochildi:
— Oʻzim ming xayolda operatsiyaga kirib ketayapmanu, xayolim qurgʻur koʻnglimni ishgʻol etgan oʻsha insonda! Dam oʻgʻil-qizlarimni oʻylayman, dam oʻsha odam izimdan kirib kelayotgandek orqaga oʻgirilib qaraganim-qaragan! Menga faqat oʻsha inson dalda berishga qodirdek!.. Oʻzimni koyiyman, chalgʻitaman, koʻzim oʻlgur esa derazada... Oʻzi, bilmadim, qayerda, lekin qaynoq mehri yuragimning allaqayerlariga oʻt qalab isitib turgandek, qoʻrquvlarim arib, operatsiyaga kirdim...

Mana, muhabbatning qudrati, sehri, oʻyinlari...
— Shuuncha hikoyani eshitib olib, nima maslahat berdingiz U ayolga?

– Hech narsa... Kulib qoʻya qoldim. Havasim keldi, oʻylanib ham qoldim... Oʻzingiz aytgandek, ikki karra ikkining javobi...

Bizning diydorimiz – eng buyuk ato,
Bizning diydorimiz – ilohiy taqdir...
Axir ikkimizga zor edi dunyo
Sevgi nimaligin bilmoqlik uchun!

Xat – bu, suhbat. Suhbatga chorlov, dilkash, sirdosh suhbat istagi, iltijosi. Toʻgʻri tushun, bunday xatlar bir kunda yozilmaydi, takror yozilmaydi. Va har qanday sodda va goʻl erkak yozmaydi ham. Behis va beyuraklari esa bunday nomalarning koʻchasiga ham yoʻlamaydi. Bunday xatlar, ehtimol, hayotda bir marta yozilar?..

Kim bilsin, boshqa yozmasam ham kerak... Axir koʻp gapirasan-ku, “Bas qilishimiz kerak!” deb. Toʻgʻrisi, tilimga koʻchmagan esa-da, mening koʻnglimdan koʻplab martalab oʻtgan mulohazalar bular. Ikkovimizga in’om etilgan bu ilohiy tuygʻuga qarshi borolmadim, undan oʻzimni va Seni bebahra etgim kelmadi... Uvolidan qoʻrqdim...

Sevgining uvoli qanday boʻladi? Sevgining uvoli tutgan odam qay ahvolga tushadi?.. Ke, shu haqda bir oʻylab koʻraylik. Ilohiy muhabbat uvoli tutgan koʻngil nimadan tasalli topadi? Kim yoki nima beradi, u tasallini?.. Va shu arosatda umr kechirishni yashash deb atash mumkin boʻladimi?..

Senu mening boshimizni tosh qotirgan bu kabi sarkash savollar javobini kim oʻylaydi? Kim bular haqida qaygʻuradi?

Bizning muhabbatimiz — Senu mendan bunyod boʻlgan farzand. Osonlik bilan topdikmi uni, ozmuncha iztiroblar chekdikmi?.. U oʻz-oʻzidan voyaga yetib qoldimi? Va endi osongina, va eng boʻlmagʻur va arzon sabablarni roʻkach qilib voz kechib ketaveramizmi? Farzandi arjumandini yetimxonaga tashlab ketayotgan bemehr ota yo ona yangligʻ...

Yaratgan egamizning marhamati ila yana tong otdi, biz bandalariga yana bir kunduz ne’matini in’om etdi. Yaxshi yotib turdingmi? Nima, ish yumushlaring shunchalar koʻpmi? Odatdagidek shoshilyapsanmi? Vaqting ziqmi?.. Oshiqma, shoshilib borgan joyingga shoshilmay ham yetasan. Shoshilib bitirgan ishingni shoshmay turib ham bitira olasan yoxud shoshganda bitmagan ish shoshmagan taqdiringda ham bitmasligi mumkin. Omon ogʻam yozgan-ku: fursating yetmaydi doim, hech qachon yetgan emas!.. Hayotning qalampirmunchoq taqilgan haqiqati bu. Mudom shoshilib, mudom behalovot odam xotirjam sevishi-sevilishi mumkinmi?.. Shoshqinch va behalovot dunyoning sevigisi shunday boʻladimi yoki?.. Tushunmayman... Yoʻq, loaqal sevgi-muhabbat tuygʻulari bu telba zamon shiddatining qurboniga aylanmasligi kerak.

Umrning oʻlchami xudoning izmida. Turmush savdolari, roʻzgʻor tashvishlari tubsiz oʻpqondek tortib ketaveradi odamni, ayniqsa Sendagi yaqinlaringga oʻzingni unutar darajadagi kuyunchaklik nechogʻli tahsinga sazovor boʻlmasin, jonim, oʻz joning va qadring — oʻz halovoting haqida ham vaqti-vaqti bilan qaygʻurib turgin. Men soʻnggi nafasimga qadar Allohdan Senga sogʻliq tilayman, yolboraman. Sening isming yoniga hech bir xastalik nomi qoʻshib aytilishi mumkin emas. Ishon, menga, yolgʻizim! Oʻzingni oʻylamasang, meni oʻyla, men uchun, muhabbatimizning boqiyligi uchun ham sogʻ-salomat boʻlishing kerak, yagonam!.. Axir mening muhabbatim — oʻzimning vujudimga, qalbimga sigʻmay, toʻlib-toshgan ehtirosu hayajonlarning eng dilkash, jondil doʻstimda, ya’ni Senda davom etishi deganidir, mening ichimga sigʻmagan eng bokira, eng masrur tuygʻularimning Sengagina ishonganimdir, Sendan halovot topganimdir!

Sen men uchun qanchalar aziz va mukarram ekanligingni tushuntira olyapmanmi, asalim?..

Inson biron lahza oʻz koʻngli, oʻz qalbiga quloq tutishi, xayoliy quvonch va sevinchlari toʻlqinida suzib yurishi ham kerak-ku!.. Shu taqdirdagina inson... Aytolmayapman, yozolmayapman... Balki shartta koʻzni yumamiz, koʻngil mayllarini unutamiz-da, juda-juda koʻpchilik jonivor-bandalar qatori “risoladagidek” yashab ham oʻtarmiz. Sen ham osuda, baxavotir yashaysan shunda, mening arz-dodlarim Seni ortiq notinch qilmaydi, chalgʻitmaydi, boshingni qotirmaydi...

Xoʻp degin, jonim. Koʻnglingga ma’qul goʻzal manzaraga termilib, bir lahza tin ol. Hamma narsani, butun borliqni unut (mendan boshqasini albatta!). Turmush tashvishlarini xayolingdan soqit qil. Oʻzingning naqadar moʻ’jizakor, latofatli, sehrlarga boy, oppoq, begʻubor, goʻzal, aqlli, farosatli, jozibador... SUYuKLI, qadrdon inson ekanligingni his qilgin, e’tirof etgin! Jon, doʻstim, yupanchim, jozibam, xoʻp degin. “Xoʻp boʻladi!” emas, “Xoʻp boʻladi, akajonim!” deb aytaqol.

Aytingmi? Deding-a? Ozorim, azobim, oʻjarim, iztirobim... sogʻinchim!..

Я Вас люблю, хоть я бешусь,
Хоть это труд и стыд напрасный,
И в этой глупости несчастной
У Ваших ног я признаюсь!
Мне не к лицу и не по летам...
Пора, пора МНЕ быть умней!
Но узнаю по всем приметам
Болезнь любви в душе моей:
Без Вас мне скучно, – я зеваю;
При Вас мне грустно, – я терплю;
И, мочи нет, сказать, желаю;
Мой ангел, как я ВАС люблю!

Xoʻ-oʻp, aka, jonim... Xat yozishniyam qotirib yuborasiz-da! Sizning ehtiroslaringiz oldida Pushkinning misralari ham gʻarib koʻrinyapti. Ha, endi boshqacha yozish ham mumkin emas-da, menga, toʻgʻrimi? Qalay, kim ekanligimni Siz istaganday his qila boshlayapmanmi? Har bir insonning oʻziga xos, hech kimga oʻxshamaydigan goʻzal jihatlari bor. Faqat uni koʻra olish, qadrlay bilish kerak. Siz meni oʻzim ham tanimaydigan darajada kashf etib yubordingiz. Buyam bir baxt. Yaxshiyam Siz borsiz!..

Doʻstim! Jonim! Tirik jon borki, dunyodan nimadir olib yashaydi. Tiriklikning hikmati shunday. Banda ham layoqati, omadi, mehnatiga, iste’dodiga yarasha dunyoda nimadir orttiradi. Men ham, ehhee, ozmuncha boylik orttirdimmi?! Sanab odogʻiga yetolmayman. Biri biridan noyob, biri biridan totli, biri biridan arzanda. Yetkazganiga beadad shukr, hech kimdan ta’ma kutmadim, Alloh beraridan qismadi. Yana ming bora shukr. Biroq topganlarimning barcha-barchasi torozining bir pallasiga qoʻyilsayu, ikkinchi pallasida mening nomalarimda sochilib yotgan (toʻgʻrirogʻi, bayon etishga harakat qilingan) Quvonchim, Iztirobim, Yagonam, Oppogʻim, Asalim, Armonim, Gavharim, Rohatim, Halovatim, Noyobim, Nodirim... barcha ta’riflarga til ojiz, shular qoʻyilsa, posangi qay tomon ogʻadi?

Bu savolga men boʻlib, mening tilim, mening dilim boʻlib javob ber, oʻtinch!..

Oʻzimni tergashga tushaman: shuuncha gaplarni, armonu hasratlarni yoʻllashdan murod nima? Sening bu kitobiy iztiroblaringga kimning koʻzi uchib turibdi? Oh-vohlaring oʻquvchisini topadimi-yoʻqmi, hali?

Topadi, oʻquvchim aniq, koʻzim ochiq ekan u koʻz oʻngimda, aqlim ishlayotgan ekan aqlimning ichida, yuragim tepib turgan ekan yuragimning toʻrida, tomirlarimda qon aylanib turgan ekan qonimning jilgʻalarida, bir soʻz bilan aytganda U — ichimdagi Odam! U ichimni zabt etgan, ishgʻol etgan. Ichim U bilan limmo-lim!.. Ichimning egasi ham U. Taqdirim chiziqlarini oʻzi istagan, koʻngli tusagan tomon tortib borayotgan ham U.

Axir taqdir yaratganning izmida emasmi?

Yaratgan egam meni U orqali oʻz izmiga olgan. Alloh taoloning oʻzi Uni mening ichimga joylab qoʻydi, men Uni ichimdan haydab chiqarishning uddasidan chiqolmadim, qurbim yetmadi. Men — ichi ishgʻol etilgan odam. Ixtiyori tamom Uning inon-ixtiyoriga koʻchgan odam.

Bunday fikrlash gunoh emasmi, axir...

Qoʻygin, meni qiynamagin, oʻtinaman, ichi istilo etilgan, oʻzi bandi olingan odamning yelkasiga gunoh yukini ortmay qoʻya qol, ortiq qiynama, unga ortiq azob berma...
— Axir, shu ahvolda oʻzingiz azoblarga qolib ketyapsiz-ku?
— Azoblarimga til tekkizma, shu azoblar — mening rohatlarim, halovatlarim... Unga til tekkizma, chunki ular men uchun muqaddasdan-muqaddas ichimdagi Odamga daxldor...

Bilasanmi, jonim, xatlarimda bayon etilgan dil izhorlarini bir boshdan, ketma-ket oʻqish shart emas, chunki ular judaa katta qismat, taqdir… roman sochmalari. Lavhalari. Manzaralari. Peyzajlari. Sahnalari. Etyudlari. Parchalari. Rezgilari. Boblari. Fasllari. Qismlari... Yana nima deb ta’riflay, oʻzing ayta qol, shakarim? Kayfiyatingga qarab, bitta-bittalab oʻqib koʻrgin, koʻrgin-u mulohaza qilgin, Oʻquvchim. Mayli, oʻzingga xos boʻlgan sovuqqonlik bilan, mayli, menga xos boʻlgan qaynoq ehtiros bilan, mayli, butun dunyoni, barcha bordi-keldilarni unutib oʻqigin. Bilaman, ular turlicha ta’sir qiladi, lekin oʻtinchim bitta — zinhor beparvo oʻqimagin, chunki ularning bari, hatto bitta harfigacha, bitta belgisigacha tasodif emas, bejiz emas. Ularning bari bamisoli kardiogramma apparatida suratga tushirilgan yurak zarbalarining oʻzginasi!..

Zulmat osmonida chaqnagan chaqmoq izlarini eslatguvchi kardiogramma chiziqlari uzun-qisqa boʻlishi, egri-bugri boʻlishi, uzuq-yuluq boʻlishi mumkin, lekin zinhor-bazinhor yolgʻon boʻlmaydi, ular yurakning qoq markazidan oʻtgan iztirob chiziqlari, shuning uchun ham ularni beparvo yo ishonchsizlik bilan oʻqima, asal oʻquvchim, xoʻpmi?..

Yana shuni unutmaginki, bu uzuq-yuluq, kalta-kulta chiziqlarni pishiq-puxta qilib ulansa, bilasanmi, qayerga olib boradi? Bilasanmi? Bilasanmi, qaysi yurak chiziqlariga tutashib ketadi? Ayt, bilasanmi shularni, his qilasanmi, munisam?!

Agar Sen bilmasang, nima qilib yozib oʻtiribman, bu hasratlarni, oppogʻim?!



Aytgandim-ku, shoirlar oʻgʻri, aks holda iztirobga toʻla koʻnglimni tomosha qilib turgan odamdek quyidagi baytni bitarmidilar?!

Bizni goʻdak bilib oʻynadi taqdir,
Ustimizdan kulib oʻynadi taqdir,
Qoʻllaring ushlashga qoʻymadi taqdir,
Ikki vujuddagi bitta odammiz.

Axir:

Sensiz ma’nosizman, sensiz kimman, kim?
Yarim oy bulutga berkinadi jim,
Yuragim nimtadir, ey goʻzal yarmim,
Ikki vujuddagi bitta odammiz.
Sinov bu, deymiz-da, bu koʻhna savdo,
Dunyoni unutsin, dedimi Xudo,
Qiyomatni kutsin, dedimi Xudo
Ikki vujuddagi bitta odammiz...

Ikki vujudni bir odamga aylantirishga qodir muhabbat — samovotning tuhfasi. Muhabbat — boqiylik umidi...

Maktublaringiz koʻnglingiz kabi begʻubor, goʻzal. Hozirgina rosa chiroyli yomgʻir yogʻib oʻtdi. Hamma yoq top-toza, tip-tiniq. Siz bilan suhbatlashsam, maktublaringizni oʻqisam koʻnglim ham yomgʻirdan keyingi kundek yorishib ketadi. Yaxshiyam Siz borsiz, mendek beoqibat doʻstingizga maktub yozib toliqmayotganingiz uchun ham rahmat.

Sizga dunyodagi bor yaxshiliklarni ilinib...

Mehribon doʻstim. Tush hayotning davomi, toʻgʻrimi? Tushda kechgan umrlar deb bejiz aytmagan-ku, adibimiz. Shuning uchun, qolaversa, aksariyat tushlarim Siz bilan bogʻliq boʻlgani, Siz bilan faqat tushimdagina erkin, bemalol uchrashish, suhbatlashish mumkin boʻlgani uchun ham men ularni ardoqlayman. Kechaginda... har doimgidek meni yana bir bor hayratda qoldirdingiz. Qandaydir gavjum zal. Toʻymi, tantanami, bilolmadim. Lekin kazo-kazolar yigʻilishgan. Hammaning e’tibori Sizda. Soʻz aytdingiz. Negadir hayajonlanib, yuragimni hovuchlab oʻtiribman. Men qay xayoldamanu, Siz boshqalarga e’tibor ham qilmay menga qarab-qarab qoʻyasiz!.. Tavba!.. Bir mahal, qay koʻz bilan koʻrayki, Siz men tomon yaqinlashib kelyapsiz, qoʻrqib ketdim. Hayron boʻlib qoldim. Nima qilmoqchisiz?.. Nima deysiz menga oʻsha yerda?! Mana, yonimga yetib keldingiz va... shuncha e’tiborli kishilar koʻz oʻngida men bilan qoʻl olishib koʻrishdingiz. Koʻrishmagan taqdiringizda ham men oʻsha vaziyatda Sizni juda yaxshi va toʻgʻri tushunardim, yonimga kela olishingizni xayolimga ham keltirmagandim va... hayratda qoldim! Qoyilman! Ya v shoke, deydi ruslar bunday damlarda!.. Qoʻrqib ketganimdan nima qilayotganimni bilmay qoldim. Yonimdagi dugonamning tizzasida turgan katta guldastani olib Sizga tutqazdim.Siz esa xuddi shunday boʻlishi tabiiydek, gulni oldingiz-da, uni baland koʻtarib hammaga koʻz-koʻz qildingiz!..

Uygʻonib ketdim. Kuniga ming bora koʻnglimdan oʻtkazadigan “mumkin emas”lar va yana ming bir mayda tashvishlar bilan kuymalanib yurgan, hech bir tomondan Sizga munosib boʻlmagan ayolga shuuuncha mehr, aql bovar qilmas e’tibor koʻrsatasiz-a!.. Men tushimda boʻlsa-da, juda baxtli ayolligimni his qildim oʻsha topda... Koʻnglimdan kechgan, kechayotgan bor goʻzal tuygʻular sababchisi ham Sizsiz.

E’zozu mehrga toʻla maktublaringizga loyiq koʻrganingiz uchun, hamma-hammasi uchun rahmat, olisdagi eng yaqin Doʻstim! Menga boʻlgan munosabatingizning begʻuborligidan hayratlanaman va doimo shunday boʻlib qoladi deb umid qilaman, toʻgʻrimi? Chunki meni yaxshi koʻrgan Insonning oʻzi dunyodagi eeeng pokiza, samimiy, qalbi judayam goʻzal!..

Sizga bir dasta emas, ming- ming, million dasta gul berishga tayyor...

Eng yaqindagi eng yaqin doʻstingiz.

Qoʻngʻiroq qilolmaganing uchun uzr soʻrabsan, uzuring koʻzimga toʻtiyo. Men har kuni, har soat va har daqiqada kutayotgan boʻlaman tillo qoʻngʻiroqlaringni! Eng dono tasallini topganmiz-ku: har bir ishimiz xohish va imkoniyat uygʻunligining farzandi...

Maktubingiz uchun rahmat. Goʻzal niyatlarni oʻqib Sizdek doʻstim borligidan koʻnglim koʻtarildi. Siz koʻnglimga juda yaqin, mehribon, qadrli kishimsiz. Ishoning, hamisha shunday boʻlib qoladi.

Dildoʻst! Mabodo Sening nomingga xat bormay qoʻysa bu mening sha’nimga isnod, nomus! Axir men borman-ku, hayotman-ku, nima uchun Senga (Senga-ya?!) xat bormasligi kerak?! Vaholanki, har soat, har daqiqada Senga atalgan mingta, millionta dil izhorlarim qalashib yotadi, ularni qogʻozga tushirib ado qilolmayman, bilasan-ku!.. Bordiyu, xat mutlaqo bormay qoʻysa, demak, men yoʻqman!...

Vaholanki, men borman, Sen borsan, doʻstligimiz bor!.. Mehr- oqibatimiz bor!

Har hafta gazetalarda chiqadigan munajjimlar bashoratiga koʻz yugurtiraman. Bilaman, Sen unday narsalarga ishonmaysan, lekin xuddi qadrdonimning ahvolidan xabar topayotgan odamdek jonim xapriqib qarayman. Kechagi safar Seni “Oʻzini yolgʻiz his etayapti” deb yozibdi. Ichim oʻyilib, oʻpirilib tushdi. Sening yolgʻizlik iztirobida qoldirish... Mumkin emas, zinhor!!!

Ikki yorti yurak birlashgan joyda yolgʻizlik qolmaydi.

Tushunyapsanmi?..

Chindan ham munajjimlarga ishonmaymanu, lekin oʻtgan hafta oʻzimni judayam yolgʻiz his qildim. Hozir hammasi joyida. Xuddi sezgandek yozgan goʻzal va nafis maktubingiz uchun rahmat. Ha, Siz aytgandek ba’zan atrofdagilardan koʻngil toʻlmasligi odamni qiynab yuboradi. Bir-birimizdan koʻnglimiz toʻlishi esa... shu boʻlsa kerak-a bizni hech ayrilishimizga yoʻl bermayotgan tuygʻu, toʻgʻrimi, Qadrdonim?..

Odatda odamlarni tugʻilgan kuni bilan tabriklashadi. Biroq sen tabriklayotgan odamni dunyoga keltirgan Insonni nima uchun qutlamasligimiz kerak?!

Onalar yilda bir marta emas, farzandlari nechta boʻlsa, shuncha marta tugʻilgan kunni nishonlashga haqlidirlar.

Har bir onaning toʻlgʻoq tutgan onlarda vujudidan otilib chiqqan har bir “oh” va “uh” uchun har bir erkak dunyoga dod solib oʻz ayolidan uzr soʻrasa arziydi desam ajablanmaslik kerak!.. Zero, ona toʻlgʻogʻi... muhabbatga oʻxshab ketadi: muhabbatning quvonchlari, iztiroblari, uqubatlari, uyalish va yana, bilmadim, allanimalariga...

Yangi tugʻilgan chaqaloqning jannati isidek samimiy va begʻubor niyatlar bilan!..

Yo, parvardigor, oʻzinggagina tavbalar qilamiz!.. Oʻtinamiz, rahmingdan benasib etma!.. Faqat, doʻstim, qanchalar achchiq boʻlmasin, yozishmalarimiz bu qadar ayanchli tugallanmasin. Axir tuganmas muhabbat moʻ’jizasi ham ilohiy in’om edi-ku, biz uchun! Shuning shukronasini ham unutmaylik, mehribonim!

Oradan oylar, xali juda koʻp-koʻp yillar oʻtadi, shunday kunlar, lahzalar keladiki, maktublarimizni Sen qayta-qayta qoʻlga olasan, yod boʻlib ketgan sahifalarni yana va yana takror-takror oʻqiysan, ana oʻshanda... Parvardigor menga ato etgan jonajon Doʻstimning koʻnglida, dilida bir yorugʻlik, bir nurli kayfiyat paydo boʻladi... Shirin, totli va sirli xotiralar xayollarni olib qochadi... Insonning umri, shaxsiy-intim kechinmalar haqidagi ziddiyatlarga toʻlib-toshgan adoqsiz oʻylar men oʻzimnikiga aylantira olmagan goʻzal qalbning oʻzgacha dukurlashiga sabab boʻladi...

Eh-he-e, men uni yozguncha... necha-necha bedor tunlar, iztiroblarga toʻla ehtiroslar, hadsiz-hududsiz orzu-umidlar...

Lekin, biron lahza boʻlsin bir tuygʻu meni zinhor tark etmaydi, bu — dilimdagini yetarlicha tushuntira olmadim!.. tushuntira oldimmikan?!. yana yozsam, yana gapirsam - yozaversam, gapiraversam, holi-joniga qoʻymasam, mendan boshqani oʻylamasa, turmushning oʻtkinchi tashvishlariga chalgʻimasa!.. Axir oramizdagi eng begʻubor, eng toza tuygʻulardan bahra olib yashashga xaqlimiz-ku! Qolaversa, men ming karra takrorlashdan charchamayman: Sen bandasining imkonida boʻlgan hech narsaga muxtoj boʻlmasliging kerak, Sen har on, har qadamda alloh Senga ato etgan jozibaga yarasha e’zozlanmogʻing, qadrlanmogʻing, ehtiromlanmogʻing shart!..

Dilimdagini ayta olayapmanmi, izhor eta olayapmanmi, jonim?..

Eng oppoq tuygʻularini oyogʻing ostiga poyondoz qilish orzusidan kechmagan, kecholmaydigan, aslo kechishni xayoliga keltirmaydigan...

Eng olisdagi eng yaqin Doʻst!..

Jonim! Ivan Turgenevning nasrdagi nazmlaridan koʻchirmani mening tilimdan eshitayotgandek oʻqigin, xoʻpmi?..

{{nw|Когда меня не будет, когда всё, что было мною, рассыплется прахом, – о ты, мой единственный друг, о ты, которую я любил так глубоко и так нежно, ты, которая переживешь меня, – не ходи на мою могилу... Тебе там делать нечего.

Не забывай меня... но и не вспоминай обо мне среди ежедневных забот, удовольствий и нужд... Я не хочу мешать твоей жизни, не хочу затруднять ее спокойное течение.

Но в часы уединения, когда найдет на тебя та застенчивая и беспричинная грусть, столь знакомая добрым сердцем, возьми одну из наших любимых книг и отыши в ней те страницы, те строки, те слова, от которых, бывало, – помнишь? – у нас обоих разом выступали сладкие и безмолвные слезы.

Прочти, закрой глаза и протяни мне руку... Отсутствующему другу протяни руку твою.

Я не буду в состоянии пожать ее моей рукой – она будет лежать неподвижно под землею... но мне теперь отрадно думать, что, быть может, ты на твоей руке почувствуешь легкое прикосновение.

И образ мой предстанет тебе – и из-под закрытых век твоих глаз польются слезы, подобные тем слезам, которые мы, умиленные Красотою, проливали некогда с тобою вдвоем, о ты, мой единственный друг, о ты, которую я любил так глубоко и так нежно!..

Nimalarni yozdingiz? Qayerdan topdingiz bu bu gaplarni? Nahotki, Siz menga shunday ayriliqni ravo koʻrsangiz, jonim?! Axir... yigʻlab yubordim. Axir men zinhor bunday xayollarga bormaganman, oʻyimning bir chekkasiga ham keltirmaganman, bunday sovuq va qora xayollarni, Siz esa... qoʻrqib ketdim. Parvardigorning oʻzi asrasin, bunday kunlardan, mehribonim! Xoʻp, deng, Siz ham xudodan soʻrang, iltijolar qiling. Begʻubor doʻstligimiz haqqi-hurmati Oʻzingiz va men uchun yolborib soʻraylik, qadrdonim!..

Sendan xabar kutib koʻzlarim toldi.
Bogʻimizda olcha gulladi...

Yillar oʻtar, Sen bilan men tanimagan-bilmagan navqiron yigit-qiz bu yozishmalarimizda qolgan tuygʻular izhorini ajib taassurot bilan oʻqishiga ishonaman. Yana shunga aminmanki, jinsi va yoshidan qat’iy nazar, nomalarimizni oʻqigan insonning koʻnglida parvardigor bizga ato etgan ajib bir yorugʻlik, nurli bir kayfiyat paydo boʻladi. Ularni shirin, totli va sirli xayol-xotiralarga oshno etadi. Adoqsiz va muhimi, hukmlardan holi oʻylarimiz oʻsha noma’lum oʻquvchimizning qalbiga goʻzallik, ezginlik olib kiradi, koʻksidagi zarbalarning oʻzgacha ohangda urishiga sababchi boʻladi. Qalbi bunday kayfiyat, bunday xayajon, bunday mehr-muhabbat bilan toʻlgan inson hayotda zinhor yomonlik, yovuzlikni bilmaydi, uning nazarida hamma-hamma goʻzal, dunyo goʻzal, hamma hammaga mehrli, butun olam yaratgan egamizning arzandasi, erkasi boʻlib koʻrinadi. Bunday odamlar faqat yaxshilik uchun tugʻiladilar, jumla-jahonga yaxshilik sogʻinadilar, yaxshilikka topinadilar...

Men shunday ulugʻ martabaga Sen, Sen tufayli erishdim!

Qoʻlimga qalam olarkanman, biron lahza koʻz oʻngimdan Sening chehrang nari ketgani yoʻq, goʻyo Sening roʻparangda turib yuzma-yuz suhbat qurayotgandek, sadafdek oppoq chehrangdan yogʻayotgan billur nur nurafshon etib turgan yuragimdagi kechinmalarni Sen bilan baham koʻrayotgandek, hatto... hatto ilohiy Haq poyida tavba qilayotgan moʻ’min singari yurak qonlarini siyohga aylantirdim.

Kel, oqibatli Doʻst, begʻubor tuygʻularimiz qissasiga gʻoyatda oddiy, lekin bagʻoyat yuksak maqomdagi soʻzsiz savol-javobimiz nuqta vazifasini oʻtasin:
— .... ........
— ... - ..?
— ... ... .... ........!..

1996 – 2010 yillar.